Xemingueyning yoshlar bilan Xeylidagi suhbati

Savol. Janob Xeminguey, badiiy ijodni qanday boshlagansiz?

Javob. Menda har doim yozishga ishtiyoq kuchli boʻlgan. Ijodiy faoliyatim maktab gazetasiga xabarlar tayyorlashdan boshlangan. Dastlabki mustaqil izlanishim ham publitsistika bilan bogʻliq. Oʻrta maktabni tamomlagach, Kanzas-Sitiga yoʻl olib, u yerdagi “Star” gazetasiga oddiy muxbir boʻlib ishga joylashdim. Oʻsha paytlar kim qayerda jinoyat sodir etgani, qachon va qanday qilib buni amalga oshirgani toʻgʻrisida yozardig-u, lekin hodisalar sababi – nega? – haqida hech toʻxtalmasdik.

Savol. “Qoʻngʻiroq kimga chalinar” deb nomlangan romaningiz xususida soʻramoqchiman. Asar voqealari kechadigan Ispaniyada boʻlganingizni bilaman, biroq oʻsha joyga qanday muddao yetaklab borgani qiziq?

Javob. Fuqarolar urushini yoritish uchun Shimoliy Amerika gazetasi uyushmasi tomonidan muxbir sifatida yuborilgandim. Qolaversa, respublikachilarga bir nechta sanitar mashinalarini olib borganim ham esimda.

Savol. Biror asar yozishga kirishganingizda, deylik “Chol va dengiz”ga, uning gʻoyasi qanday paydo boʻladi?

Javob. Qissadagi baliq voqeasiga oʻxshash hodisaga duch kelgan kimsa haqida eshitgandim. Uning baliq bilan olishuvi davomida nimalar kechganligini menga soʻzlab berishgan. Keyin yigirma yildan beri oʻzim yaxshi taniydigan odamni ana shu vaziyatda tasavvur qilib koʻrdim.

Savol. Oʻz uslubingizni qanday shakllantirgansiz? Ijodiy ishga kirishayotib, uning talabgirligi, yaʼni tijoriy muvaffaqiyatini koʻzlaysizmi?

Javob. Aslida hayotni borligicha, qanday boʻlsa shunday tasvirlashga koʻproq intilaman. Baʼzan bundan ham qiyinroq ish yoʻqday tuyuladi menga. Gʻaliz yozganligim ham rost. Ayni shu “sifatim”ni mening alohida uslubim deb baholashdi. Eʼtibor berilsa, bari xatolarim va gʻalizliklarimni payqash juda ham oson, lekin ularni mening uslubim sifatida koʻrishadi.

Savol. Bitta asarni yozib tugatish uchun Sizga qancha vaqt kerak?

Javob. Bu endi asarga va ishning qanday ketayotganiga bogʻliq. Yaxshi kitob taxminan bir yarim yil ichida yoziladi.

Savol. Ijod qilish uchun kuniga necha soat bagʻishlaysiz?

Javob. Oltida turaman va oʻn ikkidan oʻtguncha ishlashga harakat qilaman.

Savol. Tungi oʻn ikkimi?

Javob. Yoʻgʻ-e, kunduzgi.

Savol. Omad yuz oʻgirgan vaqtlar ham boʻlganmi?

Javob. Agar ish koʻngildagiday ketmasa, omadsizlik bilan har kun toʻqnash kelasan. U faqat endigina ijodni boshlagan chogʻlaring seni chetlab oʻtganday koʻrinishi mumkin. Chunki oʻsha payti nimaiki yozsang, benazirday tuyuladi, oʻzingni yaxshi his etasan. Goʻyoki qalam tebratishdan osoni yoʻqdek va buni huzurlanib bajarasan. Biroq shunday kezlari kitobxondan koʻra oʻzingni koʻproq oʻylaysan. Yozganlaring unga ham aytarli zavq bagʻishlamaydi. Keyinchalik, kitobxon uchun yozishni oʻrganganingda, ijod mashaqqati oldingidek oson koʻrinmaydi. Bora-bora har qanday yozilgan narsadan xotirangda faqat uni qogʻozga tushirish qanchalik qiyin kechganligi haqidagi hissiyot qoladi.

Savol. Endigina qalam tuta boshlagan yoshlik chogʻlaringiz tanqiddan qoʻrqqanmisiz?

Javob. Qoʻrqadigan narsaning oʻzi yoʻq edi. Avvaliga asarlarim hech qanday daromad keltirmagan. Shunchaki bilganimcha ijod qilardim. Risoladagiday yozayotganimga ishonchim komil edi. Asarlarim kimgadir yoqmagan taqdirda ham, men uchun bu ahamiyatsiz koʻrinardi. Chunki yozganlarim bir kuni chinakamiga qadr topishini bilardim. Shundan boʻlsa kerak, tanqid meni qiziqtirmagan, u bilan deyarli toʻqnash kelmaganman. Adabiyotdagi dastlabki qadamlaringda seni payqashmaydi. Bu yosh qalamkashlarning baxtli qismatidir.

Savol. Muvaffaqiyatsizlikni oldindan ham koʻra bilasizmi?

Javob. Agar shunday boʻlganida, rostdan ham ishlar oʻnglanmasdi. Albatta, omad ketgan taqdirda nima boʻlishini oʻylab, oʻzingga hisob berasan va imkon qadar bunday vaziyatga tushmaslikka urinasan. Aqli bor inson boshqacha yoʻl tutolmaydi ham. Lekin har qanday ishga kirishilganda, odatda, muvaffaqiyatsizlik haqida oldindan oʻylamaysan.

Savol. Qaysidir asaringiz yoki yozmoqchi boʻlgan narsangizni deb tahdid qilishganmi?

Javob. Boʻlmasamchi, kitoblarim chiqqanidan keyin bir necha bor oʻlim bilan qoʻrqitishgan.

Savol. Deylik biror asarga kirishsangiz, uning butun rejasini avvaldan tuzib chiqasizmi yoki faqatgina taxminiy qaydlar bilan cheklanasizmi?

Javob. Unisi ham, bunisi ham emas, men shunchaki yoza boshlayman. Badiiy asar – bu mavjud bilimlaring asosidagi fantaziyadir. Baʼzan xotiradagilarni tiklashga uringandan koʻra, yaxshi oʻylab topilgan voqea ancha ishonarli chiqadi. Agarda yozuvchilar oʻz davrida badiiy adabiyot bilan shugʻullanishmaganida ulardan ajoyib uydirmachilar yetishardi.

Savol. Kitoblaringiz soni nechta?

Javob. Adashmasam, oʻn uchta. Toʻgʻri, bu unchalik koʻp emas. Ammo har bir kitobim ustida uzoq mehnat qilaman. Shu bilan birga, uzluksiz yozish odatim ham yoʻq. Oʻzim uchun maroqli boʻlgan biror narsa bilan shugʻullanish maqsadida ishni chetga surib turaman. Qolaversa, tinimsiz urushlar sabab, badiiy ijoddan uzoq vaqtgacha uzilib qolardim.

Savol. “Alvido, qurol!” romaningiz uchun qancha vaqt ketgan?

Javob. Asarni qish chogʻi Parijda boshlaganman, erta bahor Kuba va Floridadagi Ki-Uestda, soʻng oʻsha kezlari qaynonam bilan qaynotam yashaydigan Arkanzasdagi Pigotda davom ettirdim. Keyin Kanzas-Sitiga – oʻgʻillarimdan biri tugʻilgan joyga koʻchib oʻtdik. Nihoyat, kuz payti Vayoming shtatidagi Bigxornda romanni yakunladim. Dastlabki qoralamani sakkiz oy deganda qogʻozga tushirgan boʻlsam, yana besh oy uni qayta koʻchirib chiqishga ketdi. Jami oʻn uch oy.

Savol. Yozgan biror narsangizdan koʻnglingiz toʻlmay, boshlab qoʻygan asaringizga hech qoʻl siltaganmisiz?

Javob. Baʼzan hafsalam pir boʻlgan, lekin hech qachon ishni tashlab qoʻymaganman. Nachora! Ijoddan-ku oʻzingni olib qochish mumkin, ammo undan bekinishning iloji yoʻq.

Savol. Qahramonlaringizni chorasiz holatga qoʻyasizmi?

Javob. Unday vaziyatda qoldirmaslikka harakat qilaman, aks holda oʻzing ham ana shunday ahvolga tushib qolishing hech gap emas.

Savol. Afrika haqidagi hikoyalaringiz anchagina. Bu qitʼani nega bunchalik yaxshi koʻrasiz?

Javob: Manzur keladigan yurtlar bor va umuman jining suymaydigani. Menga Afrika chindan ham yoqadi. Hozir turgan hududimiz – Aydaxoda Afrika va Ispaniyani yodga soluvchi joylar mavjud. Mana shuning uchun ham bu yerda koʻpgina basklar2 oʻrnashgan.

Savol: Koʻp mutolaa qilsangiz kerak?

Javob: Shunday, har vaqt nimalardir oʻqiyman. Ish kunidan soʻng yozgʻilar haqida oʻylashni xohlamayman va mutolaaga kirishaman.

Savol: Uchratgan odamlaringizni asar personajiga aylantirish uchun alohida oʻrganasizmi?

Javob: Atay shu maqsadda kishilarni qidirishga urinmayman. Odatdagidek, hayot meni qayerga uloqtirsa, oʻsha yerda hozirman. Shunday narsalar borki, ularni koʻngling istab bajarasan, boshqalarini esa majburligingdan. Har ikki holatda ham hayot seni keyinchalik qalamga oladigan insonlaring bilan toʻqnashtiradi.

Savol: Asarlaringiz boʻyicha ishlangan kinofilmlar Sizga yoqadimi?

Javob: Har galgidek, ularning barisi rasvo. Gollivud filmlari orasida menga faqat “Qotillar” maʼqul boʻlgan. “Chol va dengiz”dan boshqasini oxirigacha koʻrolmaganman. Uni ham shaxsan nazoratim ostida suratga olishgan.

Savol: “Alvido, qurol!”ni yozishga nima turtki bergan?

Javob. Goʻdakligimdayoq Italiyaga borib qolganman, u yerda meni urush oʻz domiga tortdi.

Savol. Kinoga kirib turasizmi?

Javob. Ha, koʻp filmlar koʻrganman. Soʻnggi yillardagi kartinalar orasida hammasidan ham “Kvay daryosidan oʻtgan koʻprik” va “Dunyo boʻylab 80 kun” maʼqul keldi. Ikkinchi filmning voqealari avvaliga qiziqarsiz va sokin kechadi, biroq keyinroq uning alohida bir jihatini his etasan: u asta-sekin orzuga aylanib boradi. Bunday betakror hissiyotni faqat yaxshi filmgina uygʻota oladi.

Savol. “Alvido, qurol!”ning suratga tushirilgan talqinini koʻrganmisiz?

Javob. Oxirgisinimi?

Savol. Ha, Rok Xadson ijrosidagini.

Javob. Ochigʻi, koʻrmaganman, lekin, bilishimcha, film ijodkorlari romanni yoʻqqa chiqarishgan.

Savol. Ularga ekranlashtirish huquqini berganmisiz?

Javob. Bunga mendan hech qim ruxsat soʻramagan. Film uchun ham bir tiyin olmaganman.

Savol. Asar yozib boʻlganingizdan soʻng, uni qayta oʻqiysizmi?

Javob. Ha. Bugun toʻrtta bobni qayta oʻqib, takror koʻchirib chiqdim. Avvaliga xuddi bahsdagidek joʻshib yozasan, keyin biroz hovuringdan tushgach, tuzatishlar kiritasan.

Savol. Yozishga bir oʻtirganingizda odatda qancha vaqt ketadi?

Javob. Olti soatdan koʻp emas. Bundan oshadigan boʻlsa, toliqib qolasan va borgan sari yomonroq yoza boshlaysan. Biror asarga kirishganimda yakshanbadan tashqari har kuni ishlashga harakat qilaman. Faqat oʻsha kuni yozmayman, negadir yakshanbada hech narsa chiqmaydi. Urinib koʻrgan taqdirimda ham bundan baribir joʻyali biror ish bitmagan.

 

Ernest Xemingueyning “Keksa gazetchi yozadi…” (Moskva: “Progress”, 1983) kitobidan olindi.

 

Rus tilidan Aziz Matyoqubov tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2017–6

https://saviya.uz/hayot/suhbat/xemingueyning-yoshlar-bilan-xeylidagi-suhbati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x