Ummu Sulaym

DO`STLARGA ULASHING:

Jannatga kirdim. Qadam tovushlarini eshitdim. Qarasam, oldimda Rumayso turibdi.
Hadisi sharif
Tanishuv
Bu jannati ayol kim bo‘ldi deysizmi? Ansoriya. Xazraj qabilasining Najor urug‘idan. Asl ismi Rumayso. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan o‘rtalarida dindosh birodarliqdan tashqari qondoshlik ham bor: Najor urug‘i Payg‘ambarimizning otalari Abdullohga tog‘a bo‘lar edi.
Bi’ru Mo’una jangida Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) yonlarida jang qilib shahid bo‘lgan yetmish qorining biri -Harom ibn Milhonning singlisi. Uboda ibn Somitning ayoli Kibris fathida shahidlik topgan Ummu Harom binti Milhonga egachi. Va… mashhur sahobiy Anas ibn Molikning (roziyallohu anhu) volidai mukarramasi.
Ilk turmush
Ummu Sulaym Molik ibn Nazr bilan turmush qurgan edi (Anasni (roziyallohu anhu) shu turmushidan ko‘rgan). Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) da’vatlari yetganida madinaliklar orasida birinchilardan bo‘lib Islomni qabul edi.
Shundan keyin oddiy bir muslima sifatida yaxshiliklar tilab, eri Molikni Islomga chaqirdi. Ammo Molik ibn Nazrning johilligi tutdi, xotinidan qattiq g‘azablandi. Oilasini tashlab, Shomga ketdi va ko‘p o‘tmay o‘sha yerda halok bo‘ldi.
Shunda Ummu Sulaym:
«O’g‘lim Anas ulg‘ayib, majlislarda o‘tiradigan bo‘lmagunicha turmushga chiqmayman», deb so‘z berdi.
Yillar o‘tdi. Anas ulg‘aydi. U onasining haqqiga: «Ey Alloh! Onam tarbiyamni chiroyli qildi. Ajrini O’zing ziyoda yetgin», deb duolar qildi.
Ona-bolalar
Ummu Sulaym o‘g‘li Anasning tarbiyasi uchun ko‘p qayg‘urdi. Islom dini ta’limotlarini murg‘ak qalbiga quyib bordi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga kelganlarida esa, o‘g‘lini u zotga (sollallohu alayhi va sallam) batamom topshirdi. Anas uchun Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) xonadonlari madrasa, Sarvari Olamning o‘zlari muallim bo‘ldi. Bu haqda Anas (roziyallohu anhu) shunday rivoyat qiladi:
«Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga keldilar. Men o‘n yoshda edim. Onam qo‘limdan tutdi-da, Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga olib bordi. U zotga qarata:
«Ey Rasululloh! Shahrimizga tashrifingizni qutlab, sovg‘a-salom bilan kelmagan biror erkak yo ayol qolmadi. Faqat men qoldim. Sizga o‘zgacha sovg‘a qilmoqchiman. O’g‘lim Anas sizga tuhfa bo‘lsin. Sizga ma’qul kelganicha xizmatingizni qilsin», dedi. Men Nabiyga (sollallohu alayhi va sallam) o‘n yil xizmat qildim. U zot meni biror marta urmadilar, so‘kmadilar, koyimadilar, hatto qovoqlarini solib qaramadilar».
Ummu Sulaym qachon o‘g‘li bilan ko‘rishsa, albatta, Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) chiroyli xizmat qilishni tayinlar edi. Bir safar ona-bola yo‘lda uchrashib qolishdi.
— Qaerga ketayapsan?- deb so‘radi Ummu Sulaym.
— Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) bir hojatlarini ado etgani. Lekin bu ish sir.
O’g‘lining qat’iyatidan xursand bo‘lgan ona:
— Bolam, Nabiyning sirlarini doim shunday saqla, — deb uqtirdi.
Qaysi ona farzandiga yaxshilik tilamaydi, deysiz. Hamma onalarimiz qatori Ummu Sulaym ham o‘g‘liga barakotlar yog‘ilishini juda-juda istar edi. Va bu borada u boshqalardan ko‘ra yaxshiroq yo‘l tutdi. Bir kuni u Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam):
«Xodimingiz Anasning haqqiga Allohga duo qiling», deb o‘tindi. Payg‘ambarimiz:
 «Parvardigoro, Anasning moliga, bolalariga va yana O’zing ato etgan boshqa narsalariga baraka ber», deb duo qildilar. Shu duo ijobatidan Anas (roziyallohu anhu) uzoq va barakali umr kechirdi, yuzdan ortiq o‘g‘il-qiz va nevaralar ko‘rdi…
Eng katta mahr
Anas ulg‘aygach, Ummu Sulaymga Abu Talha ismli boy-badavlat, ammo Islomga kirmagan bir kishi sovchi yubordi.
— O’g‘ling Anas katga bo‘lib qoldi, majlislarda o‘tiradigap, so‘z aytadigan bo‘ldi, — deb niyatini bildirdi. Ummu Sulaym unga qarata:
— Ey Abu Talha, men sen bilan bajonidil turmush quraman. Sendek xaridorning qo‘li qaytarilmasligi kerak. Ammo afsuslar bo‘lsin, sen mushriksan, men muslimaman. Mening senga turmushga chiqishim joiz emas, — deb javob qildi.
Abu Talha:
— Bu ne safsata, Rumayso? Mening oltin-kumushlarim qayoqqa-yu, sen qayoqda?! Nimalar deyayotganingni o‘ylab ko‘r, — dedi. Va qatiyat bilan aytilgan javobni eshitdi:
— Menga oltin ham, kumush ham kerak emas. Sen na eshitadigan va na ko‘radigan, na biror hojatingni ravo etadigan narsaga ibodat qilasan. Ey Abu Talha, falon qabilaning qora qul duradgori ishlab bergan yog‘ochga ibodat qilishdan uyalsang-chi! Agar sen Islomni qabul etsang, sening musulmonliging mening nikoh uchun oladigan mahrim bo‘ladi. Menga boshqa narsa kerak emas!
Ummu Sulaymning kelinlik uchun olinadigan boyliklarni o‘zga bir insonning imoni deya «qurbon berishi» Abu Talhaning vujudiga titroq soddi. Bunday taklifni rad etishga javob topolmadi. Alloh subhonahu va taolo davlatli va hech kimga so‘z bermagan bir johil bandani Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) jannatda ko‘rdim, deb bashorat bergan ayol sababidan hidoyatga boshladi.
— Mening Islomimga kim guvoh bo‘ladi? — deb so‘radi Abu Talha.
— Rasulullohning o‘zlari. U kishiga borib ayt, — dedi Ummu Sulaym.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalar bilan o‘tirgan edilar. O’zlari tomon kelayotgan Abu Talhaga ko‘zlari tushib, marhamat qildilar:
— Abu Talha huzuringizga peshonasida qashqaday ko‘rinib turgan Islomi bilan kelmoqda.
Shunday qilib, Abu Talha Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida musulmon bo‘ldi. Keyin Ummu Sulaymning gaplarini aytdi. U zot Ummu Sulaym bilan Abu Talhani o‘sha shartga muvofiq nikohlab qo‘ydilar. Odatda ayollar o‘zlari uchun tayyorlanadigan seplarga, mahriga beriladigan oltin-u kumush taqinchoqlarga jiddiy e’tibor berishadi. Ammo bizning qahramonimiz Ummu Sulaym bu borada ayol zotiga qiyomatga qadar bir xayrli ibrat qoldirdi. Sobit Banoniy bu haqda: «Ummu Sulaym olgan mahrdan kattaroq mahr olingani ma’lum emas», degan edi.
Sadoqat va sabr namunasi
Ummu Sulaym Abu Talha bilan saodatli hayot kechirdi. Alloh taolo ularni shirintoy bir o‘g‘il bilan siyladi. Abu Talha o‘g‘liga shu qadar mehr qo‘ydiki, uni hech kimga ishonmas, hayotini suyukli farzandisiz tasavvur etolmas edi…
Alloh taolo mahr bobida Ummu Sulaym sababidan bir ibrat qoldirgani kabi, muslima onalar uchun uning hayotida yana bir namuna bo‘lishini iroda qildi.
To‘satdan uning go‘dak o‘g‘li kasallikka chalindi. Bu hol Abu Talhaning fikru xayolini mashg‘ul etdi. U Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga borib-kelib turar, kelgan zahoti o‘shining ahvolini so‘rar edi. Ana shunday kunlarning birida o‘lim bu ma’sum go‘dakni ularning bag‘ridan uzib oldi. Abu Talha Nabiyning(sollallohu alayhi va sallam) yonlarida edi. Sho‘rlik ona ne qilsin? Ko‘zining oqu qorasini, jigar porasini yo‘qotdi! Hammamiz bilamizki, onalar bunday holatda o‘zlarini yo‘qotadilar, dod-faryod qiladilar, yoqalarini yirtadilar…
Ummu Sulaym bu o‘rinda ham Momo Havo qizlari ichida mumtoz ekanini ko‘rsatdi. Avval bolani yuvdi, kafanladi, xushbo‘y narsalar sepdi, ustiga kiyim yopib qo‘ydi. So‘ng Anasga (roziyalohu anho) bolaning vafoti haqida hech narsa demaslikni tayinlab, Abu Talhani chaqirib kelish uchun yubordi.
Abu Talha kelishi bilan o‘g‘lining ahvolini so‘radi. Ummu Sulaym:
 «Uxladi. Xudodan so‘raymanki, shoyad shu uyqusi rohatli bo‘lsa», deb javob qildi.
Abu Talha xotinining bu javobidan:
«Bola sog‘ayib qolibdi», deb gumon qildi. O’sha kuni u ro‘za tuggan edi. Iftorlik qildi.
Barakotli kecha
Tun kirdi. Shunda ham Ummu Sulaym qalbidagi mahzunlikni bildirmadi. Xushbo‘ylanib, ziynatlanib, erining yonida bo‘ldi. Tunni birga o‘tkazishdi…
Tong otdi. Eri masjidga otlanar ekan, Ummu Sulaym sekin gap boshladi:
— Abu Talha, agar bir kishidan omonat olinsa, so‘ng egasi u narsani so‘rasa, olganlar uni qaytarmaslikka haqlari bormi? — deb so‘radi.
-Yo‘q, omonat egasiga qaytariladi. Bermaymiz deyishlariga haqlari yo‘q.
Shunda Ummu Sulaym maqsadga ko‘chdi:
— Alloh bizga omonatga o‘g‘il bergan edi. Endi o‘sha omonatini qaytarib oldi…
Abu Talha:
«Inna lillahi va inna ilayhi roji’un» (Biz Allohnikimiz va biz Unga qaytajakmiz), dedi. Boshqa hech so‘z ayta olmadi. Chiqib, Rasulullohning huzurlariga bordi. Namoz o‘qidi. So‘ng kecha shom arafasida o‘g‘li vafot etganini, bundan bexabar tunni xotini bilan o‘tkazganini bayon qildi. Hazrati Payg‘ambarimiz(sollallohu alayhi va sallam) shunda:
— Bu kechangizni Alloh barakotli qilsin, — deb duo qildilar.
Alloh Rasulining duolariga osmon eshiklari ochildi. Suyukli farzandlarini yo‘qotgan bu oilaga Alloh taolo Abdulloh ibn Abu Talhani berdi. Abdullohni esa, to‘qqizta farzand bilan siyladi. Hammalari hofizi Kur’on bo‘lishdi. Ayniqsa, to‘ng‘ichi Ishoq ibn Abdulloh yirik faqih darajasiga ko‘tarildi…
Ushbu hikoya muhtaram onalarimizga, aziza opa-singillarimizga dunyo va oxirat saodati sari oydin yo‘lni ko‘rsatadi, deb umid qilamiz. Zero, Payg‘ambarimiz (sollallahu alayhi va sallam):
 «Jannat onalar oyoqlari ostidadir», deganlarida ana shunday pok va sabrli ayollarni nazarda tugganlar.
 «Qahramon mo’mina ayollar» kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2005) olindi.
 
Rumayso (r.a) Rasululloh (s.a.v) “Menga jannatda Abu Talhaning ayoli Rumayso” ko‘rsatildi deya, jannatiy ekanligi bashorati berilgan madinalik ansoriya ayoldir. KunyalariUmu Sulaym. Rasululloh (s.a.v) ning da’vatlari Madinai munavvaraga yetganda  Rumayso (r.a) birinchilardan bo‘lib iymonga kelgan edilar.
U ayol Xazraj qabilasining Banu Najjor urug‘idan bo‘lib, bu urug‘ning Rasululloh (s.a.v)ga ona tarafidan qarindoshchilik rishtalari bor edi. Rumayso (r.a)  dastlab, madinalik Molik ibn Nazir degan kishi bilan turmush qurgan. Bu turmushlaridan Payg‘ambarimiz (s.a.v)ga ham xodimlik, ham boqma farzandlik, ham shogirdlik qilish baxtiga musharraf bo‘lgan, eng uzoq umr ko‘rgan mashhur sahoba Anas ibn Molik (r.a) dunyoga kelgan.
Shundan keyin oddiy bir muslima sifatida yahshiliklar tilab, eri Molik ibn Nazirga islomni taklif kilganida u xotinidan kattik g‘azablandi, oilasini tashlab, Shom yerlariga ketdi va ko‘p o‘tmay o‘sha yerda vafot etdi. Erining vafotidan so‘ng  Rumayso (r.a)ga  og‘ir kunlar boshlandi. Chunki endi oila tashvishi va farzandining nafaqasi ayol boshi bilan o‘ziga kolgan edi. Erining vafotidan so‘ng Rumayso (r.a) “O‘g‘lim Anas ulg‘ayib, balog‘atga yetmaguncha turmushga chiqmayman”, deya ahd kildi. Chunki agar turmushga chiksam,o‘gay ota  o‘g‘limning tarbiyasiga etibor bermasligi mumkin, degan andishasi bor edi. Rumayso (r.a) yagona farzandiga chiroyli odob berib tarbiyaladi.
Anas (r.a)shunday go‘zal odob sohibi bo‘lib ulg‘aydiki, yoshligidan boshlab, onasining hakkiga: “Yo Alloh, onam menga chiroyli tarbiya berdi. O‘zing unga ulug‘ ajr savoblar bergin!” deb doimo robbisiga yolvorib duo qilar edi. Rumayso (r.a) o‘g‘li Anasni tarbiyalar ekan, uning murg‘ak qalbiga islom dini ta’limotlarini go‘zal tarzda quyib borar edi. Payg‘ambarimiz (s.a.v) Madinaga kelganlarida esa,barcha madinalik ansoriya ayollar rasululloh (s.a.v)ga har xil sovg‘a salomlar bilan chiqishsa, bu dono ayol o‘g‘ilchasi Anas ibn Molik (r.a)ni olib bordilar va u zotga “Ey Rasululloh, madinalik ayol va erkaklar sizgasovg‘alar, turli hil tuhfalar bilan kelishmoqda menda esa hech narsa yo‘q, men bu narsaga qodir emasman biroq mana bu o‘g‘limni sizni xizmatingizga olib keldim, o‘g‘lim sizga ham, o‘g‘il ham, xodim va ham shogird bo‘lsin, ma’qul kelganicha xizmatingizni qilsin”, dedilar. Shunda Rasululloh (s.a.v): “Hadyalar ichidagi eng go‘zal hadya mana shu bo‘ldi”, dedilar. Chunki  Rasululloh (s.a.v) bolalarni juda ham yaxshi ko‘rar edilar.
Anas ibn Molik (r.a)ga nubuvvat xonadoni eng go‘zal tarbiya maktabi bo‘ldi, unga Sarvari koinotning o‘zlari muallim bo‘ldilar. Bu hakda Anas (r.a) bunday rivoyat qiladi:“Payg‘ambarimiz (s.a.v) Madinaga kelganlarida men 10 yoshda edim. Bir kuni onam qo‘limdan tutib, Rasululloh (s.a.v) huzurlariga olib bordilar va u zotga: “Ey Allohning Rasuli! Shahrimizda tashrifingizni qutlab, sovg‘a – salom ila kelmagan erkak yo  ayol qolmadi. Sizga boshqa sovg‘a berolmayman, shu o‘g‘lim Anas sizga maqul kelganicha xizmatingizni qilsin”, dedi.  Men Rasululloh  (s.a.v)ga o‘n yil xizmat qildim. U zot meni biror marta urmadilar, so‘kmadilar, koyimadilar,hatto biror marta qovoqlarini solib ham qaramadilar”. Anas (r.a)ning yoshligida Rumayso (r.a)ga Madinaning obro‘li va boy kishilaridan ammo hali musulmon bo‘lmagan bir kishi sovchi yubordi.  Rumayso (r.a) qilgan ahdini bildirib, uning sovchisini rad etdi.
Anas ibn Molik (r.a)ulg‘ayib,voyaga yetganida Abu Talha yana sovchi qo‘yib: “ O‘g‘ling Anas katta bo‘lib qoldi, majlislarda o‘tiradigan va so‘z aytadigan bo‘ldi”, deb oldingi taklifini eslatdi. Rumayso (r.a) unga: “Ey Abu Talha, men sen bilan turmush qurardim chunki sen nasabi toza, obro‘li kishisan, ammo afsuski sen bilan meni o‘rtamizni to‘sib turadigan bir narsa bor, usiz hech bir maqsadlar ro‘yobga chiqmaydi”, dedi.Buning sababi nima? –deb so‘radi Abu Talha. Sen mushriksan, men esa muslimaman. Meni senga turmushga chiqishim joiz emas”, deb javob kildi. Abu Talha: “Bu qanday ham noloyiq gap, ey Rumayso? Mening oltin-kumushlarim qayoqda-yu, sening aytayotgan bu gaping qayoqda?! Nimalar deyotganingni o‘ylab ko‘r”, dedi.
Rumayso (r.a) jiddiy turib: “Menga oltin ham, kumush ham kerak emas. Sen na eshitadigan va na ko‘radigan, va na biror hojatingni ravo etadigan narsaga ibodat qilasan. Ey Abu Talha, yog‘ochga ibodat qilishdan uyalmaysanmi! Agar sen islomni qabul etsang, sening musulmonliging nikoh uchun oladigon mahrim bo‘lsin. Menga boshqa narsa kerak emas!” dedi. Odatda arab ayollari o‘zlari uchun tayyorlanadigan sarpolariga, mahrga beriladigan oltinu kumush taqinchoqlarga jiddiy etibor berishar edi. Ammo qalbi imon nuri ila to‘lib toshgan buyuk sahobiya ayol Rumayso (r.a) bu borada ayol zotigago‘zal ibrat qoldirdilarki, bu holat to qiyomatga qadar islom olamida o‘chmas oltin satrlarda bitilgan namuna bo‘lib qoldi. Rumayso (r.a) o‘zining kelinlik uchun mahr sifatida olinadigon boyliklarini o‘zga bir insonning imoni uchun “qurbon qilishi” bu jasorat va shijoat Abu Talhaning vujudiga titroq soldi. Bunday taklifni rad etishga javob topaolmadi va javob topish ham amri mahol edi. Alloh taolo beqaror davlat, o‘tkinchi sharaf sohibi bo‘lgan Abu Talhaga bir ayolni  robbisini tanishiga, imondek buyuk nemat sohibi bo‘lishiga bir so‘z bilan aytganda hidoyatga tushishiga sababchi  qildi. Abu Talha mening islomimga kim guvoh bo‘ladi?deb so‘radi.
Rasululloh (s.a.v) o‘zlari guvoh bo‘ladilar. U kishiga borib ayt,-dedi Rumayso (r.a). Shunday qilib, Abu Talha Rasululloh (s.a.v) huzurlarida musulmon bo‘ldilar.U zotga Rumayso (r.a)ning so‘zlariniaytdi. Shu vaqtning o‘zidayoq o‘sha shartga muvofiq Abu Talha bilan Rumayso (r.a)ning nikohlari o‘qildi.
Rumayso (r.a) qachon Rasululloh (s.a.v)ni ko‘rsalar o‘g‘li Anas (r.a)ning xaqlariga duo olar edilar.Kunlarning birida Rumayso (r.a) Rasululloh (s.a.v)ning oldilariga borib; “Xodimingiz Anasning haqqiga duo qiling”, deb so‘radi. Payg‘ambarimiz (s.a.v) “Parvardigoro! Anasning moliga, bolalariga va yana o‘zing in’om etgan boshqa ne’matlaringga baraka ber”, deb duo qildilar. Shu duoning ijobati tufayli Anas ibn Molik (r.a) uzoq umr ko‘rdi. U zotning farzandlari, nabiralarining soni yuzdan oshib ketdi. Rumayso (r.a) Abu Talha bilan baxtli-saodatli hayot kechirar edilar, bu borada Alloh taolo u ikkisiga ko‘z quvonchi va dil sevinchi o‘g‘il farzand ne’matini ato ztdi.
Abu Talha o‘g‘liga shu qadar mehr qo‘ydiki, uni hech kimga ishonmas, hayotini bu o‘g‘lonsiz tasavvur ham qilaolmas edi. O‘g‘ilchasi to‘satdan kasallikka chalindi. Bu hol  Abu Talhani esankiratib qo‘ydi, u ko‘chada o‘z ishlari bilan yurar ekan, uyiga kelgan zahoti o‘g‘lining holidan xabar olar edi. Shu zaylda davom etayotgan kunlarning birida ajal bu ma’sum go‘dakni ularning bag‘ridan yulib oldi. Ana shu vaqtda Abu Talha Rasululloh (s.a.v)ningoldilarida edi. Sho‘rlik onaizor ko‘zining oqu-qarosi, yuragining bir parchasini yo‘qotdi! Hammaga malumki bunday vaqtda onalar bu alamga bardoshberaolmay, dodu faryod soladilar, o‘zlarini ko‘tarib uradilar.Rumayso (r.a) shunday alamli onlarda ham butun ayollarga dars va namuna bo‘ladigon go‘zal sabr sohibasi ekanini ko‘rsatdi.Hali jannat hidi ketmagan go‘dakning yuzlaridan to‘yib-to‘yib o‘pdi, keyin go‘dakni yuvib, kafanladi, xushbo‘y narsalar sepdi va go‘dakning guldek yuzlariga boqib onalik mehri jo‘shib ko‘zlaridan achchiq-achchiq yoshlar to‘kdi.
Mehribon otasi Abu Talha kelishidan oldin bolaning ustiga choyshab yopib qo‘ydi.So‘ngra o‘g‘li Anas (r.a)ga ukasining vafoti haqida otasiga hech narsa demaslikni tayinlab, Abu Talhani chaqirib kelish uchun yubordi. Abu Talha kelishi bilan o‘g‘lining ahvolini so‘radi. Rumayso (r.a) o‘g‘ilchamiz “Uxlab qoldi.Xudodan so‘raymanki, shoyad shu uyqusi rohatli bo‘lsa”, deb yosh va g‘amli ko‘zlarini yashirdi. Abu Talha xotinining bu javobidan; “Bola sog‘ayib qolibdi”, deb gumon qildi. O‘sha kuni Abu Talha ro‘za tutgan edi. Birgalashib iftor qilishdi. Tun kirdi. Shunda ham bu sabrli soliha ayol mahzunligini bildirmadi.Xushbo‘ylangan va ziynatlangan holda erining yoniga kirdi va kechani birga o‘tkazishdi. Tong otgach eri masjidga otlanar ekan, Rumayso (r.a) asta sekin gap boshladi. “Ey Abu Talha, agar bir kishi birovdan omonat olsa, so‘ng uni egasiga qaytarmaslikka haqqi bormi?” deb so‘radi. “Yo‘q, omonat egasiga qaytariladi. Bermayman deyishga aslo haqqi yo‘q deb javob berdi eri. Rumayso (r.a) maqsadga o‘tdi. “Alloh taolo  bizga omonatga o‘g‘il bergan edi. Endi esa ana shu omonatini qaytarib oldi”, dedi. Abu Talha: “Inna lillahi va inna ilayhi roji’un” (Biz hammamiz Allohnikimiz, va yana uning huzuriga qaytamiz), dedi. Boshqa hech qanday so‘z aytolmadi, qandayin ham so‘z aytaolsin. Chiqib to‘g‘ri Rasululloh (s.a.v)ning huzurlariga bordi. Namoz o‘qidi va kecha shomda o‘g‘li vafot etgani, o‘zi esa kechani ayoli bilan o‘tkazganini aytdi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Parvardigoro! Bularning bu kechasini barokatli qilgin”, deb duo qildilar. Sarvari koinotning bu duolariga osmon eshiklari ochildi. Jannat rayhoni bo‘lmiz go‘daklarini yo‘qotgan bu zotlarga mehribonlardan-da mehribon bo‘lmish Robbul alamin Abdulloh ibn Abu Talhani ato etdi. Abdullohga esa, to‘qqizta farzand berdi, bularning barchasi hofizi kalomulloh bo‘ldi. Bulardan to‘ng‘ich o‘g‘li Ishoq ibn Abu Talha esa buyuk faqih darajasiga yetdi, bularning barchasi onaning go‘zal sabri, eriga itoati va musibatga sabrli bo‘lishi hamda Allohning Rasulini duolarining barokotidan edi.
Poshshaxon Eshonxon qiziMuslim.uz
“Jannatga  kirdim. Qadam tovushlarini eshitdim. Qarasam,  oldimda  Rumayso turibdi”-dedilar  Rasululloh sollollohu alayhi vasallam.
 Bu jannatiy ayol, sabrda tengsizligini kelgusi ummat ayollariga isbotlab bergan.  Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga hizmatni sharaf  bilib, o‘g‘liga Rasulullohni sirlarini doim saqlagin deya uqtirgan. Ajib tabiatli, mahrini Islom qilib olib tarixda o‘zidek qimmatli mahr oluvchi ayollar bo‘lishiga undagan sahobiya ayol (Rumayso) Ummu Sulaym roziyallohu anho
Rumayso roziyallohu anho, qarindoshlikda Najjor urug‘i  bilan Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga tutashadi. Madinalik aslzoda ayollardan. Islom nafasi Madinaga borgan ilk onlarida iymonga kirgan va muslimalar qatoridan joy olgan.
Turmushlari Anas roziyallohu anhuning otasi Molik ibn Nazr bilan boshlangan. Ammo Molik islomni qabul qilmay ularni tashlab Shomga ketadi va o‘sha yerda vafot etadi. Shundan so‘ng Ummu Sulaym roziyallohu anho Anas roziyallohu anhu ulg‘ayguncha turmush qurmaydilar. Anas roziyallohu anhuni  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hizmatlari uchun beradilar  va qattiq tayinlaydilarki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qalbing bilan hizmat qilgin deya. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iltimos Anasning haqqiga duo qiling deganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga:
-“Allohim Anasning moliga, bolalariga, va yana O‘zing ato etgan barcha narsalarga Baraka bergin”-  deb duo qilganlar.
Abu Tolha hali musulmon bo‘lmay Ummu Sulaym roziyallohu anhuga sovchi qo‘yadi.  Ammo Ummu Sulaym roziyallohu anho unga
—  Albatta men senga turmushga chiqardim ammo, sen musulmon emassanda ey Abu Tolha, deydilar.
Shundan so‘ng Abu Tolha ey Rumayso bu ne hol? Mening oltin-kumushlarim qayoqdayu  sen qayoqda deydi.  Ummu Sulaym roziyallohu anhu esa:
— Menga oltin-kumushlar kerak emas. Sen na eshitadigan, na ko‘radigan, falon qabilaning quli bo‘lgan duradgor  yasab bergan yog‘ochga ibodat qilishdan uyalsangchi! Agar sen Islomni qabul etsang, men oladigan mahrim shu bo‘ladi. Men sening oltin-u kumushlaringdan kechaman- deydilar.
Shu on Abu Tolha o‘zidan uyaldi Alloh qalbiga Islomni tarixga ibrat, ummmatga o‘rnak qilarli holda joylab qo‘ydiki, bu yerda Ummu Sulaymning shijoatini  eslab ibratlanaveramiz. Chunki Abu Tolha aslzoda, boy va qavmining oliy nasab kishilaridan edi. Agar u istasa qavmi unga qizlarini berishga rozi bo‘lar edi.
Sadoqatda va sabrda ham bir o‘rnak edi  Ummu Sulaym roziyallohu anhoning hayoti. Abu Tolha bilan o‘g‘il ko‘rgan edilar. Ammo bu go‘dak bir kun hastalanib qoldi. Shu kunlarda esa Abu Tolha roziyallohu anhu g‘azotga ketishlari kerak edi. Ummu Sulaym roziyallohu anhu uni qalbini hotirjam qilib g‘azotga jo‘natdi. Ammo farzandlari  Abu  Tolha qaytgan kecha vafot  etdi. Kelgan onidayoq farzandining holini so‘ragan Abu Tolha roziyallohu anhuga;
— U  uxladi, duo qilamanki shoyad uyqusi rohatli bo‘lsa- dedilar Ummu Sulaym roziyallohu anho.
Bu sabr va matonatni, ummat  ayollarining mumtoz etiladigan ajib hilqatini ochib bergan ayolni hamon tarix sog‘insa ajab emas. Ha Ummu Sulaym roziyallohu anho o‘sha kecha jufti charchab kelganini bilar, unga hizmatni azadan afzal ko‘rgan, undan duo olishni kechiktirmagan ayol edilar. Shu kechaning tongi otganda Abu Tolha roziyallohu anhuni uyg‘otar ekanlar:
—  Ey Abu Tolha, turing hammani janozaga chaqiring, omonat egasiga qaytarildi. Alloh bizga o‘g‘ilni omonat bergan edi. Endi o‘sha omonatni qaytarib oldi…
Bu gaplar ummat ayollariga ibrat o‘laroq tarixda qolgandir. Sabrda ajib bir namuna, iymonda sobit, juftining hizmatiga oshiqqan ayol. Ayni shu vaqtda esa joni og‘rib dunyoga keltirgani,  yuragining parchasi jasadiga  ko‘rpa yopib erining charchog‘ini chiqargan ayoldir Ummu Sulaym roziyallohu anhu.  Rasululloh sollollohu alayhi vasallam bejiz uni duo qilmagandilar. O‘sha kecha Alloh ularga baraka berdi va ko‘p o‘tmay ular Abdulloh ismli o‘g‘il ko‘rishdi.
Orifaxon Yunusxo‘ja | Muslim.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x