Taniqli shoir Yoʻldosh Eshbek bilan suhbat
Savol:
– Siz shoirsiz. Nasr haqida, ayniqsa, Abdulla Qodiriy ijodi xususida biror narsa yozishni istaganmisiz?
Javob:
– Xohlash… juda xohlaganman. Bora-bora (yillar davomida) bu istak maqsadga aylanib qolgan, ha qolgan, chunki har gal yozishga otlanar, taraddudlanar va nihoyatda qoʻrqardim… Faqat nima uchun deb soʻramang, soʻrasangiz-da, javobim bitta, goʻyo hamma mening bu holimni (noʻnoqligimni) tushunadigandek. Yozsam yozajak narsam yozilgandan keyin, yozmasam yozmagan narsam yozilmagandan keyin, yaʼni yozilmagani sababli butkul tinchimni yoʻqotadigandek… yoʻqotardim ham, yoʻqotadi ham: qanday chiqarkin, qanday chiqdiykan, kabi xavotirlar. Bu qoʻrqoqlik emasa-da, qoʻrquv! Mana shu narsa yozadiganlarni adib (shoir-yozuvchi) va butkul ijod ahlini adoi tamom qilsa kerak deb oʻylayman. Balki xatodir, lekin men shunday oʻylayman va oʻzim bu tuygʻudan, bu yoʻldan ozod damlarimni eslay olmayman. Bu juda iskanjalidir. Nihoyat, nogahoniy taklif va sizning savolingiz. Keling, marhamat qiling! Suhbatning qiziqarli chiqishi koʻp jihatdan savolga bogʻliq (buni bahona tarzida qabul qilsangiz ham roziman).
Shunday qilib menga avvallar A. Qodiriy juda sirli adib va buyuk inson boʻlib tuyulardi. Hozir ham shunday. Balki undan ham ziyoda ulugʻ. Avvallar Qodiriy haqda hamma narsa aytib boʻlingandek koʻrinardi. Hozir ham shunday. Lekin shu bilan birga ul daho zotning sinov va sinoatlarga toʻla hayoti va ijodida har gal nimadir, qandaydir sir qolayotgandek boʻlardi. Hozir ham shunday. Va nimadir u zot haqida yozgim kelar, bunga jurʼat etib etmaslik orasida, bir holda yurgandek edim. Hozir ham shunday. U zotning asarlaridagi quyma jumlalar, jozibali, goʻzal til va rangin ohang, yorqin tasvir yoʻsini, tafakkur tarzi (buni magʻrib va Ovroʻpada olimlar strukturalizm deyishadi chogʻi, bu bir metod) qiziqtirardi. Va lekin asarning oʻquvchida hosil qilgan fikrini nima deyishardi, bilmasdim. Hozir ham bilmayman. Tafakkur yuksak maqomdir. Barcha oʻquvchi mutafakkir darajasiga yetmasa-da, har qalay fikrlaydi, yoshlar fikrlashga oʻrganadi, oʻylari miqyos kasb etadi. Umuman oʻquvchi xalqni adabiyot boshqaradi. Adabiyotda shunday yaxshi maʼnodagi magik xususiyat, yaʼni sehrli taʼsir kuchi mujassam. Shuning uchun tarixda baʼzi hatto shoʻro zamonida ham badiiy adabiyotni hukmdorlar yoqtirishmagan va josus, aygʻoqchi, jallodlarini adib (shoir, yozuvchi)ning juda yaqinidan tanlashgan. Mamlakat erksizlik zindoniga aylantirilganda, ota-bola, aka-uka bir-biriga sotqinga aylantirilganda, ezgulikka oʻrin qolmadi deb oʻylanganda zindonda koʻpgina yaxshi odamlar hatto shunday oʻylab qolishi ham mantiqqa zid emas, lekin umidga teskari. Barcha darchalar qattiq, mahkam yopilsa-da, bir tuynuk miltillab qoladi. Bu adabiyot. Umidni shunday ogʻir damda, zindonda uni tarbiyalab, bepoyon-buyuk erkka eltadi. Insonni, millatni zindon baxtiyoriga aylantiradi. Men Qodiriyni, oʻsha paytdagi oʻquvchilarni shunday baxtiyorlar degim keladi.
Savol:
– Tafakkur nima?
Javob:
– Koʻngildagi, hayotdagi yaxshi-yomon narsalarni, hodisalarni koʻrib yaratganning qudratini oʻylash va shukur qilishdir. Qodiriy qahramonlari, oʻzi ham yovuzlik, zulm ichida yashagan boʻlsalar-da, ular (ning qalblaridan va yuzlari)dan shukr nuri taralib turadi. Chunki inson, banda yaxshi va yomon kunlarda ham shukr qilishi kerak.
Savol:
– Bu borada, yaʼni tafakkur tarzida gʻarb yozuvchilaridan farqimiz bormi?
Javob:
– Albatta, bor. Yoʻq, avval biroz izohlamasam meni ayblashlari mumkin. Albatta, azaliy-abadiy tuygʻular vasfi, mehr-muhabbat, nafrat-adovat tasviri esa-da, badiiy saviya joyida, koʻpgina gʻarb yozuvchilari asarlari zamirida shukr tuygʻusi sezilmaydi, baʼzilarida umuman yoʻq. Bu soʻzim koʻproq zamonaviy adabiyotga taalluqli. Tafakkurning sharti esa shukrdir. Yaxshi-yomon kunda yashamoq sharti shukr. Avvalo, koʻpchilik tushunadigan tafakkur tarzida ikki millatdan hatto eʼtiqoddosh adib ham farqlanishi mumkin. Bu boshqa masala. Gap yuqorida eslatganimiz yuqori darajadagi ibodatga aylangan, ibodatga teng fikrlash haqda ketmoqda. Bu ibodatga tafakkur etib boriladi.
Savol:
– Mumtoz adiblarimizdan kimlarni shu maqomda deb hisoblaysiz, shu roʻyxatga A. Qodiriyni ham qoʻshsa boʻladimi?
Javob:
– Bu xatning boshida Hazrati Yassaviy va A. Qodiriy turadi.
Savol:
– Tushunishimcha, demak, bizning va musulmon sharqi mutafakkir adiblari tafakkur tarzi “yadro”si shukr, gʻarb adiblari uchun esa bu shart emas.
Javob:
– Bu savolingizga qisman javob berdim. Nima uchun qisman? Chunki bu murakkab, uzoqroq va uzunroq tadqiqotni talab etadi. Qisqaroq bir tarzda javobimni yanada oydinlashtirishga harakat qilaman. Gʻarb va Rossiya mumtoz adib (shoir va yozuvchi)lar, masalan, Pushkin, Tolstoy, Gyoteda boʻrtib koʻrinadi. Gʻarbda ham, bizda ham A. Qodiriydan keyin kuchli adiblar asarlari mavjud esa-da, bu holat sezilmaydi. Siyosiy, ruhiy (psixologik) sabablari borki, bu ham alohida mavzu. Chamasi mumtoz adiblar shukr tuygʻusi ichida yoki yonida umid tuygʻusi borligini chuqurroq bilgan yoki bu haqiqiy isteʼdod uchun tabiiy hol boʻlganki, muhimi asar milliyligi va umuminsoniyligi hatto yuksak badiiy saviyasini, yetukligini taʼmin etgan, adibni oʻquvchini iloh va ilohiyat bilan bogʻlab turgan. Barcha buyuk asarlarning tabiati shunday – ishq, iltijo, umid, shukr. Faqat zohiri kurash, hayajon, ichki talosh, isyonlardan, olamdan, olam elidan shikoyat.
A. Qodiriyning asosiy qahramonlari oyatu hadislarni, mumtoz shoirlarni yaxshi bilishadi, hayotlariga tatbiq etishadi. Qahramonlari yaxshi biladi degan soʻz Qodiriy yaxshi biladi demakdir. Otabekni kitob bilan, Anvar va Raʼnoni sheʼr aytishgan holda va boshqa holu korlarida esa shukronalar bilan toʻlib toshganini koʻramiz. Kumushning onasiga xatini “Alhamdulillah!” bilan boshlaganini eslang. Holbuki, turmushi tinch, bir tekis deb boʻlmasdi.
Savol:
– Fano nedir?
Javob:
– Lugʻaviy maʼnolari tugash-tugalish, vafot etmoq, baqosizlik. Istilohiy maʼnosi yoʻq boʻlish, bu maʼnaviy daraja, bu yoʻq boʻlishda jism ishtiroki muhim emas, yaʼni yoʻq boʻlish maʼnaviy jihatdan dunyodan uzilish, dunyodan uzilish esa jisman emas, dunyoga koʻngul qoʻymaslik, muhabbat bogʻlamaslik, xalq ichra Haqni oʻylash, sevish, Haq sifatlar va xulqlar bilan xulqlanish va sifatlanish. Bu tasavvufda eng yuksak bir maqom; fano fij – shayx, fano fir – rosuldan soʻng fano fillah – bu komillik degani. Kishi (bad)nafsini tamom yoʻq qilib, baqoda bor boʻlishidir. Bu komillik shubhasiz, el-yurt, millat-vatan uchun xizmat qilishdir. Millat – vatan esa taraqqiyga komil zotlar bilan(gina) kiradi. Oʻtkinchi, yoʻlovchi kabi kamtarinlik kasb etgan maʼnolari bilan birga hazrati Navoiyning Foniy taxallusini ham baqoda fano boʻlish deb tushunamiz, baʼzan aytilganidek, turk adabiyotida boqiy, fors sheʼriyatida oʻtkinchi deb emas. Turk va jahon xalqlari adabiyoti va tarixidagi boqiyligining asosiy sababi fano maqomiga koʻtarilganida deb yaxshi gumon qilamiz. Yoʻqsa, yuqori (dagi) misralar tugʻilmasdi. Mavzudan chetlab ketmadikmi?
Savol:
– Yoʻq. A. Qodiriy qahramonlarida shu harakatlar koʻrinadimi? Tasavvufga aloqasi bormi? “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” karomatmi? Shunday boʻlsa, Qodiriy nomiga “hazrat” qoʻshilsa joizmi? Umuman Qodiriy ijodiga, xotirasiga munosabatimiz qay holda? “Zindon baxtiyorlari” gʻalatiroq, bir-biriga zid tushunchalar emasmi?
Javob:
– Hurmat qilgan hurmat koʻradi. Buyuk zotlar bizning maqtovlarimizga zormas, bu oʻzimiz, yoshlarimiz, el-yurtimiz uchun kerak. Bunday hurmatli munosabat davlatimiz tomonidan ado etildi, davlatimiz rahbari tomonidan bildirildi. A. Qodiriy nomiga bogʻ, koʻcha, oliygohlar berildi. Endi soha olimlari, adiblar gʻayrat koʻrsatishi, ijodidagi ishoralar, pinhon nuqtalar ustida toʻxtalishi, xotirlashi, suhbatlar uyushtirishi, kechalarini oʻtkazish juda muhimdir. Bu borada taniqli olim Bahodir Karim ishlari eʼtibor va eʼtirofga sazovordir.
Haqiqatda “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” horiqulodda hodisadirki, bir qancha yillardan buyon oʻquvchilarni maftun etib keladi, hayratlarga soladi, xatarli yillarda qoʻlma-qoʻl oʻqiladi, shunday xavfli zamonda Qodiriy ijodi namunalarini oʻqish jinoyat boʻlgan bir paytda koʻngli goʻzallikka maftun, goʻzallik bilan hayot kechirgan xalq baxtiyor boʻlmay kim baxtiyor boʻlsin? Zindon baxtiyorlari deganimning maʼnisi bu. Zindon mamlakatning chiqishi – erki yoʻq edi, erksiz millat koʻngli tashnaligini Qodiriy asarlari sugʻorib turardi. Hozir ham, erkin zamonlarda ham shunday. Bu badiiy asar goʻzalligining qudratidir. A. Qodiriy romanchilikning piri, Navoiysi, raisi, podshosi. Demak, shohga shohona munosabat lozim. Oʻsmir chogʻlarim roman (“Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”)larning faqat ishqiy sarguzashtlariga maftun edim, yaʼni faqat ishqiy asar boʻlib tuyulardi, ularning ijtimoiy-siyosiy jihatlariga, bu jihatlarning chuqurroq nuqtalariga eʼtibor etmasdim. Ammo baribir bugun ham bu asarlar haqida
L. Aragon shoshilibroq, yaʼni tezroq “Jamila” xususida “dunyodagi eng goʻzal sevgi dostoni” demaganida ham kimdir Qodiriyning ikki romani haqida aytgan boʻlardi. Chunki Otabek – Kumush, Anvar – Raʼnolar Layli – Majnun, Vomiq – Uzro, Tohir – Zuhra, Alpomish – Barchin qatoriga koʻtarildi. Hatto sevimlilik jihatidan eng yaqin bir manzilga aylanib qoldi, desam bu ulugʻ (qahramon)lar xafa boʻlmas va ularning ulugʻligiga hech futur, zarar yetmas. Qodiriyning bu qahramonlari bilan butun turk xalqlari, Buyuk Turk Dunyosi faxrlanadi desak yanglishmaymiz. Chunki bu haqda ularning samimiy eʼtiroflari bor adiblarning, olimlarning… Shundan kelib chiqib bu ikki roman “Dunyodagi eng goʻzal vatan qoʻshigʻi” deyilsa oʻrinli. Chunki bu qahramonlar bilan birga Yusufbek Hoji, Mirzakarim Qutidor, Toshkentning qipchoq qushbegisi (Normuhammad edimi), Sultonali va ayniqsa, Hasanali barcha turk xalqlari faxrlanadilar, ular “Qipchoq – qora chopon” deya odam ajratmasdan beshafqat zamonda inson nomidan nafaqat koʻrsatadilar, keng maʼnodagi vatan farzandlariga, vatan obraz (timsol)lariga aylanadilar. Bu asarlar, bu qahramonlar keng kitobxonlar, turli qatlam oʻquvchilar koʻnglini zabt eta oldi. Bu kamdan-kam adibga nasib etadigan baxtdir. Demak, A. Qodiriy inson sifatida qiyinchiliklar va fojealarga duch kelgan boʻlsa, adib sifatida buyuk saodatga muyassar boʻldi… va aksincha… balki aksinchadir. Albatta, Qodiriy va bosh qahramonlari aro yaqinlik, oʻxshashlik mavjud (Bu deyarli barcha buyuk adiblar xususida avvaldan aytilgan soʻz). Otabek shahid, Qodiriy shahid, Anvar shoir, Qodiriy shoir, Yusufbek Hoji valiy, bunday deyishga jurʼatlanishimizning sababi romanda Otabek: “ – Tushunmagan Toshkand xalqini Azizbekning makriga uchkanidan, eng oxirida… – asarlanib toʻxtab oldi, – manim shu holgʻa tushmogʻimni karomat qabilida soʻzlab, menga bir muncha nasihatlar ham qilgʻon edi” (101-bet, Gʻ. Gʻulom nashriyoti, 1994). Va Yusufbek Hoji maktubidan aloqador parchani keltiramiz: “Azizbek fotiha berdi. Xalq urush hozirligʻigʻa kirishdi. Ana, oʻgʻlim, bizning xalqning holiga yigʻlashni ham bilmaysan, kulishni ham! Har holda Toshkand ustiga yaqin qonliq bulutlar chiqdi, ishning oxiri nima bilan tinchlanar – bu bir Xudogʻagʻina maʼlumdir. Boshqa soʻzlardan ham ortiqroq esingga shuni solib oʻtayki, siyosat toʻgʻrilarida oʻylanibroq soʻzla! Arzimagan sabablar bilan talaf (nobud, Y. Eshbek) boʻlgʻan jonlarni hamisha koʻz oldingda tut! Sen bilan menim koʻngillarimizdagi yaratuchigʻagʻina maʼlum boʻlib, ammo Fargʻonada meni Azizbekning sherikidir, deb oʻylashlari va seni bir fitnachining oʻgʻli, deb tanishlari ehtimoldan yiroq emasdir, shu jihatlarni mulohaza qilib oyogʻ bos!
…mendan Hasanaliga salom ayt! Addoi otang Yusufbek Hoji, Toshkand, 27 dalv oyida 1264-nchi yilda yozildi”.
Endi oʻzingiz oʻylab koʻring, shoir va shoirtabiat, avliyo va avliyosifat qahramonlar ichki dunyosini, maʼnaviy olamini – koʻnglini mahorat bilan, betakror tadqiq eta olgan Qodiriy kim?! “Oʻtkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” karomat boʻlmasa, nima?!
Savol:
– Nega gʻarb ilmida ilmi gʻariba qoʻllanmaydi, bizning olimlar nuqul “xorijiy” atamalarni ishlatishadi?
Javob:
– Bilaman, siz mana endi Qodiriyni ham mutasavvufga chiqarib qoʻyishmoqda deya tugʻilajak eʼtirozlarning oldini olish uchun va ochqichni oʻzimizning (qadimiy, mumtoz) atamalardan izlash zarurligiga ishora etmoq uchun beryapsiz, fahmimcha, bu alohida keng mavzu, boshqa suhbatlarimizda imkon qadar toʻxtalamiz. Oʻz mavzumizga qaytamiz. “Kelmadi”ni biz tasavvufiy gʻazal deymiz, gʻazalga “Munojot” ism berilishi ham fikrimizni dalillab turibdi. Baʼzilar tushunchasicha soʻfiyona asar faqat oxirot va uxroviy hodisalar haqda boʻlishi kerak, u holda Dante eng ulugʻ soʻfiy boʻlgan boʻlardi. Bunday emas, koʻpgina tasavvufiy asarlar dunyo voqealari haqida
Qul Xoja Ahmad toat qil,
umring bilmam necha yil,
Asling bilsang obi gil,
yana gilga ketaro, –
deganday boʻladi.
Bu dunyoda boʻlguvchi voqealar. Tasavvufiy asar boʻlishning shartlari bir talay, muhimi oʻquvchiga Haqni zikr ettirishi, shu asosda Haqni anglatish. Hazrati Navoiy yuqorida keltirilgan bandda yigitlikda tavba qilgan yaxshi, qarilikda boda ichishdan tarsoliq yaxshi deydi, soʻng:
Qoriliqda ikki ishtin kishi bor elga aziz,
Biri zuhdu birisi xalq aro
nopaydoliq.
Ey Navoiy, qariding goʻja tutib, toat qil,
Boʻlmayin xor desang aylama
bazm oroliq.
Hazrati Navoiy dunyoviy may haqda bitmoqda, lekin gʻazal soʻfiyona, yaʼni tasavvufiy asarlardan. Soʻfiylik faqat janda kiyib yurish (bu ham bor, maʼlum bir davrdagina, hatto kibrni oʻldirmoq, nafsning adabini bermoq uchun boy esa-da, baʼzan tilanchilik qilishgan) dashtu sahrolarda yoqa yirtish emas, balki komillikka erishib, insoniyatga foyda keltirishdir. Giyohvand, badmast holda komillik daʼvo qilish emas. Yusufbek Hoji hayotida Hazrat Yassaviy va Hazrat Navoiy asarlaridagi gʻoyalarga amal qiladi va bu gʻoyalarni imkon qadar amalga oshiradi – Toshkent bekligi (birozdan soʻng xon degan soʻz)ni rad etadi. Bundan tashqari koʻnglida ochqichi bor oʻquvchi asardan koʻpgina tasavvufiy unsurlar va dalillar topa oladi. Endi sizga savolni oʻzim beray. Xoʻsh, Qodiriy tasavvufni bu ikki asarida maqsad qilib olganmi? Bizningcha, bu koʻngil qaʼrida kechgan, murakkab davrda yaratganga bogʻliq munosabatlarini qahramonlariga yuklagan. Gap bunda emas, gap asarning koʻngilda Haq zikrini paydo etishida, goʻzallik, ulugʻlik urugʻlarini ekishida. Ikki koʻngul ishqi haqiqiy boʻlgach, majoziy ishq chekinadi. Bular dunyo timsoli Zaynab va Abdurahmonlardir. Dunyoda Zaynablar, Abdurahmonlar, Xushroʻylar yaxshilikka roʻyxushlik bermaydilar, nafaqat roʻyxushlik bermaydilar, balki qarshi kurashadilar, faqat devor ortidan. Chunki yuzma-yuz kelishdan ojizligini sezadilar. Lekin ular mutlaqo ojizlar emas. Dunyo borki, Zaynab, Homid, Abdurahmonlar Otabek, Kumush, Anvar, Raʼnolarga zahar sochish, oshlariga ogʻu tomizish bilan ovvoralar (Bunga iloj, doru, davo, najot qayda? Barcha soʻfiyona asarlar shu savolga javobdir). Va shu tariqa qurbon berishlariga sababchi boʻladilar. Shu tariqa ajabki, ularga oʻxshash yangi xalq farzandlari maydon egallashiga ham beixtiyor sababchi boʻladilar. Chunki bularning ishqi haqiqiydir. Ishqlari mahbublariga, ahliga, xalqiga, ota-onasiga, Haq va Xoliqigadir. Shu yerga kelganda “Oʻtkan kunlar” va “Mehrobdan chayon”ni oʻqiganimda qolib ketayotgan nihonlik sekin ochilayotganday boʻladi. Bunga Qodiriyning oʻzi ishora etadi: “Kumush yana bir kulib qaragʻandan keyin uydan chiqdi. Otabek endi tamom oʻzini bosib olgʻan, endigi yurak urishi faqat haligi farishta tomongʻa oshiqibgʻina edi. Oʻzi yolgʻiz qolgʻandan soʻng nimaga boʻlsa iljaydi va Hasanaliga ilgarigidan ham quyuqroq muhabbat sezdi. Shu daqiqadan boshlab kechiradigan masʼud kunlarini tasavvurdan ojiz va Zaynab toʻgʻrisida oʻylab ham qaramas, boshqa gap esiga-da kelmas edi” (323-bet). Bizning Qodiriy va u zotning ijodiga boʻlgan muhabbatimiz ham…
Bas, moʻminning moʻminga ishqi haqiqiydir, aslo majoziy emas! Sinchiklab oʻqilsa bunday ishora va dalillarni uchratish, koʻrish mumkin. Gap faqat dalilda emas, gap faqat koʻngul sezishida ham emas, gap dalil bilan koʻngul sezishida yoki koʻngul sezishi bilan dalilda! Sohir raqam, sehrli ochqich, sirlar kaliti yoki sirli kalit shudir! Bu shifrmi, kodmi, semiotikami bilmadim, lekin bu ilmi gʻaribadir. Ilmi asrordir. Bu soʻngsizdir. Uni bildim degan zot yoʻqdir. Ammo yaxshi gumon qilamiz. Va Navoiydek, Qodiriydek zotlarga bu ilmdan ulushlar nasib etgan boʻlsa, yor boʻlgan boʻlsa hech ajab emas.
Savol:
– Shunday qilib bu romanlarni soʻfiyona deyishga jurʼat etamizmi?
Javob:
– Yoʻq. Jurʼat etmaymiz. Men bu asarlar karomat – horiqulodda hodisa dedim. Tasavvuf boʻlmay nima deganimda tasavvufiy unsurlarga ishora etdim, nasib etganicha dalilladim. Tasavvufiy unsurlar seziluvchi barcha asarlar shu sohaga aynan daxldor degani emas, bu koʻpchilik boʻlib kelishib oladigan soha emas, balki har kimning qarashiga bogʻliq hodisa. Bu asarlar karomatligi mening nazarimda aniq, toʻrtta “Tazkirotul avliyo” kitoblarida zikr etilishicha, barcha karomat sohiblari tasavvufga mustahkam aloqali zotlardir.
Hatto shoʻro davrida ham baʼzi adiblar (masalan, Gʻ. Gʻulom)ning bu yoʻlda boʻlgani toʻgʻrisida ahlioilasidan, ixlosmandlaridan eshitganmiz. Lekin A. Qodiriy toʻgʻrisida qoʻlimizda aniq bir maʼlumot yoʻq.
Savol:
– A. Qodiriy asarlarining ijodingizga taʼsiri, ulardagi soʻz qoʻllash xususiyatlari haqida fikringizni bilishni istardik?
Javob:
– Mashqlarimizga taʼsir xususida sizlar bilasiz, sizlar aytishingiz odobga muvofiq, shunday boʻlsa-da, men taʼsir etmagan deb aytmayman, boshqalarga taʼsiri xususida soʻzlash mumkin. Taʼsirsiz adabiyot boʻlmaydi. Qodiriyning oʻzlari ham shubhasiz taʼsirlangan. Adabiyotning boshqa bir ismi Taʼsirdir. Bizning tengdoshlarimiz ham oʻsmirlik chogʻlarida u zotning qahramonlariga taqlid qilishardi. Bu juda goʻzal edi. Hatto baʼzi yozuvchilarimiz Qodiriy ijodi taʼsiri bilan muvaffaqiyatga erishar, baʼzilar ochiqroq, baʼzilar sezdirib-sezdirmay taqlid etishar, joy, zamon, makon oʻzgargani bilan taʼsir yoʻlidan chiqib ketish mushkul boʻlardi. Kuchli taʼsirlanishning ham bir jihati yoki bir jihatdan taqliddir. Umuman taqlid ham tabiiy. Lekin bu tabiiylikning foydasi kam, taʼsirlanish taqlid doirasi ichiga koʻproq kirib ketgan boʻlsa ham. Keyinroq modernizm, postmodernizm sari yuzlandilar. Yaxshi asarlar yuzaga keldi. “Mehrobdan chayon”, “Oʻtkan kunlar” mumtoz maqomida, yuksakligicha, betakrorligida qoldi. Taqlidning yana bir nomi bor – takror. Taʼb takrordan ranjiydi. Koʻz, quloq, qoʻyingki, koʻngil zada boʻladi va beixtiyor modernizm yoʻlida ketayotganni anglab qoladi. Gap oqimi, metod, janrda emas, realizm yaxshi, fantastika, modernizm yomon degan gap yoʻq, mukammal baʼzi asarlarda bularning barchasi mujassam hatto (chunki gap isteʼdodda). Masalan, hazrat Navoiy asarlarida anʼanachilar modernchilarga, modernchilar anʼanachilarga biroz boʻlsa-da, ola qarovchilar bor, shuning uchun bu xususda tortishuvlarning samarasi oz.
Bolaligimda bir adabiyotchi hazrati Navoiy “fil”ni “pil” shaklida ishlatganini aytib, bayt oʻqidi. “E, Navoiy ham oʻzimizdan ekan-ku” deb yubordim. Gurr kulgi koʻtarildi. Shevamiz shunday.
Bu kulgu meni bugunlar ham quvonch, ham qaygʻuga soladi. Bu qaygʻu til (lar)imiz (Buyuk Turk Tili) oʻzimiz kabi bir-biridan uzoqlashganday boʻlsa, bu quvonch – buyuk shoir va yozuvchilarimiz ijodida sheva va lahjalarimizning saqlanib qolganidir. Qodiriy ijodi bu borada ham saboq maktabidir. Mazkur romanlardan misollar keltiraman; tomoq yemoq, havli, avliya, kuyav, kundan afandi, domad, xush kelding, safod kelding, zihirmoy, ketman, jilinib (isinib) kabi soʻzlarning koʻpchiligi qahramonlar soʻzlashuvida emas, muallif matnida kelishi yana toʻlqinlanib “Qodiriy ham oʻzimizdan ekan!” deb yuborishimga sabab boʻladi. Qahramonlar, kichik qahramon (personaj)lar “chay”, “ena” deb soʻzlaydilar. Baʼzilar “qaynuka” deyishadi, bu “qayn-uka” deyishdek, chunki “qayn”ning ichida “uka” bor. Qodiriy esa toʻgʻridan-toʻgʻri “qayni” deb ishlatadi. Chunki koʻp joylarimizda shunday qoʻllanadi. A. Qodiriy goh “koʻynak”, goh “koʻylak” singari baʼzi soʻzlarni turli koʻrinishda ishlatadi. Biz bir xil… Yo oʻsha davrlarda bolalar insho yozishmaganmikan?
Savol:
– Adabiy suhbatlarda “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”da anʼanaviylik ziyoda, asar voqealari ezgulik gʻalabasi bilan tugaydi, yovuzlik-chi, degan soʻzlar eshitilib qolardi…
Javob:
– Qanday qarashga bogʻliq, bu asarlar zohirida yovuzlik-ezgulik kurashi aks etadi, qaysi gʻolib yoki magʻlub ekani oʻquvchining mushohada qilishiga qoladi. Anvarning ona shahridan, xalqqa katta foyda keltirayotgan lavozimidan ayrilishi, garchi bu oʻzining soʻfiylarga yaqin qarashlari sabab ruhiy qiynoqlardan ozod boʻlishni xohlasa, intilsa ham. Otabek va Kumush hayoti xotimasini qarang… fojiaviy emasmi?! Albatta, fojiaviy, gʻam-gʻussaga toʻla. Qahramonlar hayotini oʻylab qaygʻuga choʻmgan oʻquvchilar adibdan rozi, asarga maftun, adibdan mamnun boʻladilar.
Kitobiy esa-da, javobimiz bor – asarlar mahzun tugasa-da, ezgulik yovuzlik ustidan gʻalaba qozonadi. Bu adabiy suhbatchilar soʻzi bilan zohiran bir boʻlsa-da, mohiyatan har xil. Ikki asarda ham asosiy qahramonlar xalq timsoliga (hatto vatan timsoliga) aylanadi – aslo adolatsizlikdan rozi boʻlmaydi. Makr, kibr, xunrezlik, yovuzlik va bosqinchilikka qarshi kurashadilar. Kurashadilar – gʻalaba shu! Bizningcha, boshqa gʻalabalar, boshqa magʻlubiyatlar muvaqqatdir. Doim oʻrinlar almashadi, almashib kelaveradi. Kurashlar davom etaveradi. Qodiriyning buyuk saboqlaridan biri ham shu!
Savol:
– “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”da badnafslik masalasi, umuman nafsga eʼtibor qanday?
Javob:
– Nafs yomonliklarni yoʻqotishga harakat, oyat-hadislarga muhabbat, xotirjamlikka, goʻzal xulq va odobga erishish kabi tasavvuf shartlari Qodiriyning asosiy va asosiymas, bosh va boshmas qahramonlarida ham koʻrinadi. Yusufbek Hoji xonadoni ahli, xususan, Otabek – Hasanali munosabatlari (Hasanalining Otabekdan iznsiz sovchilikka borib Kumushni bitirib kelishi va boshqa munosabatlar) xoʻjayin-xizmatkor munosabatlaridan ziyoda millatimiz mehr-oqibatini koʻrsatadi. Haqiqatan bosh qahramonlar chinakam millat vakillariga aylanadi va millatimizga xos eng oliy fazilatlarni namoyon etadiki, bu asl Qodiriy saboqlaridir. Anvar yuksak lavozimni istamaydi, chirkin muhitdan nafsini uzoq tutgisi keladi, biroq xalqqa yordami tegayotgani uchungina tishini tishiga qoʻyib chidaydi, yonidagilar esa mansab istaydi, Anvar ustidan yumaloq xat – iftiro uyushtiradilar, bu betimsol imomi Aʼzam manoqiblarini ham chuqur oʻrganganliklari va nafsini pokiza tutish bilan oʻzgalarga itoat boʻladi.
Agar yaxshi-yomon kishilarning sovugʻi (yaʼni sovuqlik) haddan oshib ketsa, soʻljayib qoladilar, issiqlari haddan oshsa, quturadilar, xunrezlik, odam oʻldirish ovunchoqqa va oʻyinchoqqa aylanadi, koʻnikma, odat boʻlib qoladi, dushmanini oʻzidan nodon fahmlaydi, olamda bundaylar hozir ham borligini, hatto koʻpayotganini hisobga olsak, Qodiriy saboqlarini ham doim hisobga olib borishimizga toʻgʻri keladi. Bu issiq-sovuqlik nima? Bu insondagi moddiy-jismoniy, ruhiy-maʼnaviy quvvat yoki quvvatsizlik. Boshqacha til bilan aytsak, oq, qora koʻngullar ishi yoki koʻngullarning oq, qora ishi… Bu inson vujudida, koʻnglida qolib ketmaydi, sarf etiladi. Xudoyorxon va Musulmonqullar qamchisidan qon tomadi, xalqni doimiy qoʻrquvda, iskanjada, kaftida qattiq tutishni gʻoyaga aylantirib nafslarini ajdarning ogʻziday ochib yuboradi, oqibatda bu “ajdar” ularni yamlab-yamlamay yutib yuboradi. Qodiriy badnafslikning halokat ekanini yuksak badiiy boʻyoqlarda chizib koʻrsatadi, nasihat qilmasa, bu tasvirlarning oʻzi buyuk nasihatdir, saboqdir. Badnafslar nafsi poklarga, nafsi toʻqlarga oshkor va zimdan urush ochadilar. Musulmonqul kibr timsoli, qoʻrboshi paytdan foydalanib pora undirish payida, nafs esa hech toʻymas sifatga ega, toʻymaydi yo boʻkadi, yo qarmoqqa ilinadi, yo nahangning ogʻziga bus-butun kirib ketadilar. Homidda ham badnafslik, ham hasad, ham kibr, ham buzuqlik mujassam. Hayotda baʼzi kambagʻallar boylarga hasad qiladilar, ammo kibr qilmaydilar. Hasad kibrni emas, kibr hasadni tugʻdiradi, tugʻadi. Kibr – hasadning ota-onasi. Battol, Homidlar, qoshini terib yuruvchi Abdurahmonlar Mirzo Anvar, Mirzo Sultonalilarning, Usta Olim, Usta Farfilarning oyoqqa turib, oʻzlarini tutib olishlarini koʻrolmaydilar. Chunki birovni oʻzidan past, haqir koʻrish kibrdir; shu yalangoyoqlarga kunimiz qoladimi, yoʻqotish kerk! Badnafslik, hasad, kibr tufayli hatto urugʻlar, millatlar aro urushlar kelib chiqadi. Millat orasiga, millatlar orasiga nizo urugʻini sochib, orani sovutadi, dushmanga aylantiradilar. Nafsi poklar ibodatlarini toza, toʻkis ado etadilar, millatni ahli jipslashtirishga, davlat va jamiyatni quvvatlantirib, mustahkamlashga gʻayrat koʻrsatadilar. Bu “Silsilai oliya”ning Naqshbandiya xalqasi yoʻliga juda oʻxshab ketadi: “Dil ba yor, dast ba kor”. Albatta, bu ikki roman soʻfiylar hayotidan hikoya qilmaydi, sof bosh qahramonlarning hayot tarzlari tasavvuf shartlariga muvofiq keladi demoqchimiz. Tasavvufning shartlari koʻproq. Bu moʻtabar romanlar gʻirromlik ham badnafslikdan kelib chiqishi haqida saboq beradi va oʻyga toldiradi.
Savol:
– Bek kim? “Bek yigit-chi?” Otabekka “Bek”, “beg aka” kabi murojaatlarni qanday tushunamiz? Qodiriyga shunday murojaat qilishganmikin?
Javob:
– Lugʻatlarda bek – hokim, saroy ayonlari, podshoga yaqin kishilar. Qishloq, shahar, viloyat hokimlari. Qadimda podshoh va xonlarga nisbatan ham qoʻllanilgan. Oʻgʻuzxon, Oʻgʻuzbek (keyinchalik “gʻi” tushib Oʻzbek holiga kelgan va nevarasiga ham Oʻzbek deb ismini bergan. Baʼzilarning “oʻzbek” soʻzi isboqar, izboqar soʻzlaridan kelib chiqqan deya totemlarga bogʻlashi haqiqatdan koʻp yiroq, nomlanishidan qatʼiy nazar oʻzbeklar Oʻgʻuzxondan avval ham mavjud edi, omon bilan yer, odam bilan it qadar). Baʼzi amaldorlarga berilgan unvon. Baʼzilarga meros boʻlib oʻtgan unvon. Qoʻshimcha qilardikki, turk xalqlaridagi urugʻ va shu urugʻ nomi, bu katta bir urugʻning tarmogʻi, ota-bobolari katta amaldor oʻtgan. Demak, sulola nomi hamdir.
Istilohiy maʼnolari: maʼnaviyatli-maʼrifatli, hamiyatli, madaniyatli, bir soʻzli, qoʻrqmas, oʻz joyini, oʻz yurtini qoʻruvchi, yaqinlariga, eliga posbon. Shu xislatlarga ega yigitni “bek yigit” deyishadi, xalq orasida jasur, saxiy, tanti, joʻmard, oriyatli yigitlarga aytiladi, shuningdek, jonon yigit, yigitlarning sultoni, yigitlarning guli ham deyishadi.
Qodiriyga bu nom bilan murojaat qilishganmi, yoʻqmi, bilmadim. Bu nomni, bu unvonni agar Qodiriy koʻtarmasa, boshqa koʻtarolmaydi. Chunki Qodiriy koʻp asrlik maʼnaviyat sultonlarining birigina emas, eng koʻzga koʻringani – Ulugʻ Bekdir!
Shuningdek, Qodiriydek zotlarga ota-onalar yaxshi havas bilan, umid bilan bolalarini shunday ismlaydilar. Bu yaxshi. Biroq baʼzilar yoshlari bir joyga borib qolgach, nomlari koʻpchilikka tanilib, koʻnikilib boʻlgach, ismini yoki qoʻshimchasini oʻzgartirib, oʻchirib “bek”ni qoʻshib oladilar, natija bulki, oʻchirilgan qoʻshimcha baribir koʻrinib turaveradi. Biroq noumid shayton, Oʻzbeklarning barchasi beklardir.
Savol:
– Siz adabiyot insonni kamol toptirishiga, koʻngliga ezgulik, ulugʻlik urugʻlarini ekishiga, insoniyatni qandaydir boshqarishiga ishonasizmi?
Javob:
– “Qandaydir” emas, toʻppa-toʻgʻri (maʼnoda) boshqaradi, agar goʻzallik, ezgulik urugʻini koʻngil (sahrosi, zamini)ga adabiyot ekmasa, boshqa narsa ekolmaydi. Hatto dinu diyonat, iymon ham adabiyot orqali mustahkamlanadi. Yoshim yetmishga yaqinlashmoqda, necha yilki, meni Hazrati Yassaviy, Hazrati Navoiy, Ergash Jumanbulbul, Choʻlpon, Q. Muhammadiy, A. Qodiriy boshqarib keladi. Bu zotlarning har biri oʻz yoʻli (janri)ning piri, ruhlarini shod qilaylik. Adabiyot insoniyat (koʻngli)ni boshqaradi. Qoʻrqitib boshqaruvchi tizimlar mavjud boʻlgan, biroq muvaqqat. Chunki xalq va adabiyot buyukdir. Qodiriyda yuz Anvar, ming Otabek kuchi boʻlgani aniq. Albatta, bu soʻzimning ichida nadomatimiz bor. U bevafo dunyoni, baytul jafoni juda erta tark etdi. Va juda erta koʻngil uyiga mardona kirib bordi, zabt etdi. Fath etdi. Sheʼr yozganini eshitmaganimizda ham shoirligʻini bilgan boʻlardik, asarlarida shoirona ruh balqib, yolqinlanib, porlab turadi, uni shod etaylik!
Suhbatdosh: Abdumurod TILOVOV
“Ijod olami”, 2017–6
https://saviya.uz/hayot/suhbat/uluglik-ifori/