Uch oyoq boʻri izidan

“Toʻqson – bir kunimcha yoʻqsan”.

 

Bizda qariyalar qish-qirovli kunlarni toʻqson kun, deb hisoblashadi. Qirq besh kuni – chilla, qolganida qantar ogʻadi, yerdan hovur koʻtarilib, qor turmaydi. Baʼzi hisobdonlar “toʻqsonga” yana oʻn kun qoʻshib “yuz bitdi, hisob bitdi” qilmaguncha koʻngli qurchimaydi. Qish Xudoning qahri, deganicha bor ekan. Oʻzi qishni maqtab boʻlmaydi. Ayniqsa, bu yilgisini… Soʻkmoqchi boʻlib ogʻiz juftlashing hamona lablaring bir-biriga xoʻrozqand yalaganday chippa yopishadi. Koʻrgulik-da…

Xullaski, bu fasl yo yoʻlidan adashdi, ishqilib haddidan oshdi, goʻyo toshqin daryo misol qirgʻogʻidan toshdi.

“Navroʻz”dan keyin “yuz bitdi” oʻtsayamki, yana yigirma kun bosib-bosib, ust-ustiga qor yogʻsa boʻladimi?

Hisor va Zarafshonning tutashgan nuqtasidan Qibla tomonga kamon oʻqi misol tortilgan choʻqqili togʻ etaklariga enadigan katta-kichik daryolar boʻyida yastangan qishloq va ovullar yoppasiga qor tagida qolib ketganga oʻxshardi.

Chilla davomida oftob “yilt” etib boʻyini koʻrsatmadi. Daryo suvi osma qovun poʻchogʻiday qalin muzladi. Shimoldagi kabi muzni teshib suv olish mumkin. “Qantar”dan keyingisi ortiqcha boʻlib, charvoning holiga maymun yigʻladi. Qishga jamlangan xas-xashakdan urvoq ham qolmadi. Qoramol degani oʻzini-oʻzi yeb, “koʻtaram” boʻlib qoldi. Tappa yotgani qaytib turolmas ekan. Talafot ustiga talafot. Eng yomoni yaqin-yiroqqa olib boradigan yoʻllar yopilib qoldi. U paytlar hozirgiday texnika qayda! Xoʻjalik ixtiyorida boʻlgan zanjirli, rezinoyoq traktorlar tirkamasi bilan zoʻr-bazoʻr qatnab turadi. Qishlogʻimizda esa Jabborqul deganning yakkayu yagona Gaz – 69 “Villis” mashinasi bor. Uning “oldi” ishlagani uchun qorni yorib, bozor-oʻcharga qatnab turadi. Jabborqul oʻttizdan oshgan, miqti gavdali, “Villis” mashinasi kabi kuchga toʻlgan, tinib-tinchimas, ustiga ustak, yigʻinchoq mardum. Yoʻldami, choʻldami boʻlak-soʻlak temir-tersak koʻrib qolsa, chumoliday chiranib uyiga tashiydi. Boz ustiga garaj mudiri emasmi, ehtiyot qismlarni goh oshkor, goh yashirin mashinasiga yuklab olib ketib, omborxonasini toʻldirib yuborgan. Hatto hech kimda yoʻq “Lukkivoy” mashinasi uchun zaxira motor qilib qoʻygan. Balki, shuning uchun ham qattiq qishda uning kuni tuqqan.

 Qorning koʻp yoqqani odamlarning charvosi qatori uyli-uysiz togʻ jonzotlarining ham shoʻriga shoʻrva toʻkdi. Togʻ malikasi kakliklar ovozini ham taxmon toʻla koʻrpa-yostiq kabi qavat-qavat boʻlib yoqqan qor butunlay yutib yubordi. Och qolgan kakliklar noziktaʼbligini, izzat-­ibosini unutib, hovlilarga kirib keldi, kimga toʻy, kimga aza, degandek. Togʻdagi gʻajir burgutlar toʻda-toʻda boʻlib, oʻlaksa mollar ustida bazmi jamshid qilishadi. Ularga ogʻaynichalish boʻrilar ham bayram das­turxoniga hayallamay yetib kelishadi. Faqat kunduzi emas, tunda ularga navbat tegadi. Boʻri oʻlaksa yemaydi, degani choʻpchak. Uch-toʻrt kunlab och qolganida yer titkilab, qoʻngʻiz terib yeb, sassiq kekirdak boʻlib yurgan boʻrilarni koʻrganlar bor.

 Ayni shu qishda chakana qoʻy-echkilar dalaga chiqolmay, qoʻtonda bos­tirma atrofida qamalib qolishdi. Och boʻrilar esa yarim tunda qoʻtonga bostirib kirib, besh-toʻrtta shoʻri qurigan qoʻyni boʻgʻizlab, kart dumbasini gʻartcha-gʻartcha tishlab uzib ketishmoqda. Deyarli hammaning hovlisida bitta-ikkitadan arlonmi, qanchiq iti bor. Zormanda koʻppaklar kun botishi hamona tezakxona toʻriga kirib olib mizgʻigani-mizgʻigan. Tundagi tala-toʻp xabarini erinchoq oʻt oʻchiruvchilar kabi hammadan keyin biladi. Bilgani hamono dumini likillatib togʻ tarafga qarab bir-ikki hurib qoʻyadi. “Agar men boʻlganimda boshqacha boʻlardi”, deganday.

Qishning oʻrtalarida togʻ ortidan kelib qolgan uch oyoq boʻri hammaning ogʻziga tushdi. Eng yomoni, uch oyoq yarim tunda yolgʻiz oʻzi keladi. Qoʻtonning tomini teshib, yoki tirqishdan kirib olgan shumshuk boʻri kuchi yetgancha qoʻy boʻgʻizlab, qaytishda birontasini yelkalab ketolmaydi. Bir tomoni yarimjon, yoʻrtolmaydi. Shu ketishida manziliga yetib ham borolmaydi. Odamlar keyinroq bilishdi. Uch oyoq alamzada. Oʻch olish istagi uzzu-kun jism-jonini yondirib turadi. Hisob-kitobga qaraganda yuz xonadondan elliktasining qoʻtoniga boʻri darisa, teng yarmisida uch oyoqning izi qolgan. Yana bilishdiki, bu urgʻochi boʻri. Yoldor boʻrilar naslidan. Balki bu eng soʻnggisidir. Nima boʻlsayam u bizning togʻda yakkayu-yagona. Boʻri makonda adashib tugʻilgan shekilli. Boshi va oʻmgani katta, quloqlari kamon uchiday, burilgan tomonga sanchilaman deydi. Beli va oyoqlari uzun, koʻkish akbar boʻri.

Shu yil kech kuzda qoʻshni Sazagʻon qishlogʻilik Nortoy mergan (otboqar)ning qopqoniga tushib, keyingi chap oyogʻidan ajralgan. Hamma oʻzi bilan oʻzi ovora. Koʻkyolning kalta boʻlib qolgan va hamon qon toʻxtamay turgan oyogʻini kim ham davolab, yogʻoch oyoq yasab berardi? Shoʻrlik ona boʻri oʻz tilida qargʻana-qargʻana pana oʻngirda oʻn-besh, yigirma kun ingrab yotib, yarasini yalay-yalay zoʻr-bazoʻr qotirib oldi. Omon qolgan boldir suyagi paraxa boʻlib singan. Uning bitib ketishi uchun ham nari borsa qirq kun oʻtishi kerak. Buncha kun yotishga sabri chidolmadi. Likillab oʻz toʻdasi tomon yurdi. Zoʻr-bazoʻr toʻdani topib, hidlashdi. Ularning har biri goʻyo achingan boʻldi. “Endi biz bilan ov qilolmaysan, toʻda boshi ham boʻlolmaysan”, deganday iddao bilan nari ketishdi.

– “Bundan koʻra oʻlganim yaxshi”, – deya ezildi ona boʻri. Yolgʻizlik faqat Yaratganga yarashadi.

Bevaqt yolgʻizlik girdobiga tushib qolgan Koʻkyol uzzu kun uvullab nola qildi, hamrohlarini chaqirdi. Uning munojoti na Xudoga na qavmlariga yetib bordi. Qaydadir uzoq samo qaʼridan ajdodlar ruhidan elas-elas ovozlar qulogʻiga chalindi-yu, har qancha urinsa ham, ularning nima deganini anglay olmadi. Uzoq tentirab, gandirak­lab, boshi oqqan tomonga yurdi…

Men Koʻkyolni oxirgi marta ayni tungi soat 11 lar chamasi qishloq adogʻidagi, yoʻl yoqasida – molxona pastidagi uyum qor ustida kattakon qoramol gavdasi ichiga bosh suqib, jigar – bovur yeb yotganida koʻrdim. Mashina chirogʻi gavdaga tushgani hamona bosh koʻtargan Koʻkyol qonli basharasini bir koʻrsatdi-yu, shart burilib, oʻzini qorongʻulik qaʼriga otdi. Ha, bu oʻsha uch oyoq. Hamrohim ham buni tasdiqladi. Unga ham ziyon bergan shekilli, boloxonador qilib soʻkindi ham.

 Oradan bor-yoʻgʻi ikki kun oʻtib tunda ishdan qaytayotgan Jab­borqul (Zavgar – garaj mudiri) “Villis” mashinasi bilan uch oyoqni urib ketib, bostirgan. Mantirovka – loʻm bilan boshiga urib oʻldirgan. Uyiga opketib terisini shilib, tayyorlov idorasiga topshirib yuborgan. Bungayam qanoat qilmay ikki xoʻjalik raisidan ikkita chuvalang dumli qoʻy undirgan. Ularning barisi boʻlgan gap.

 Endi bu yogʻiga erinmay Koʻkyolning bosib oʻtgan yoʻllari boʻylab yuramiz. Qani, togʻ ortida nimalar boʻldiykan?..

 Koʻkyol degani bor-yoʻgʻi oʻn besh yil burun Shovuz choʻqqilari belidagi xilvat Boʻrimakonda toʻrt egizakning soʻnggisi boʻlib, koʻzlari yumiq tugʻilgan, hammadan burun koʻzi ochilgan, ona boʻri birinchi boʻlib unga koʻkrak tutganidan maʼlumki, uning bir boshqa xislati bor.

Boʻri makon degani gadoy topmas joy. Chor tarafi qalin dov-daraxtlar, tikanli butazor. Qop-qorongʻu jar va oʻngirlar qaʼridagi vahimali soy boʻlib, soy ichi boshdan oyoq qalin va uzun pufakli qamishzor. Vahimali musiqa chiqarib, tebranib yotadi. Qashqir yoki qarshiquloq degani qayda yotib, qayda turadi? Qayerdan kirib qayerdan chiqadi. Turgan turmushi jumboq.

Aytishlaricha, boʻri uyalarini ayniqsa, bolalaganda yoldor ilonlar qoʻriqlar ekan. Na bir ovchi, na bir yoʻqchi choʻpon-choʻliq, boʻrilik soyga kirish tugul, moʻralab qarashga ham botina olmaydi. Unga olib boradigan soʻqmoq yoʻllar ham Boʻriqoʻrgʻonga yetar-yetmas taqa-taq yopilib qoladi. Chor taraf nayzasimon uchlik payraxa toshlar bilan oʻralgan. Qoʻrgʻonning na eshigi, na tuynugi bor. Xuddi ataylab dudama xanjar-pichoqlar bilan oʻrab qoʻyilgan kabi.

Eng qizigʻi, bu makonning boʻrilari choʻqqiga tushgan qor parchalari har ikki tomonga teng boʻlinib bemalol enib ketgan kabi boʻrimakonliklar ham togʻning har ikki qanotidan siytiqib pastga tushib, emin-erkin ov qiladi.

Xullaski, boʻriqoʻrgʻonning nodir bolasi akbar boʻri Koʻkyol ham togʻning goh u tarafida, goh bu tarafida paydo boʻlib, yayrab-yashnab, salkam oʻn besh yilcha davru-davron surdi. Munosib juftini topib, beli buralib, ustma-ust toʻrt-beshtadan bola koʻrdi, suydi, sevildi.

Bolalarini iyib emizdi, ovga oʻrgatib huzurlandi. Ular orasida boʻlarmon boʻrivachchalarni koʻrsa, ich-ichidan quvondi. Qaynovi kamlarini tejab-tergadi. Muhimi ov paytidagi sabr-toqat, zarur boʻlsa bir chimdim makkorlik qilishni ham ipidan ignasigacha oʻrgatdi.

Olaylik, semiz yoki oriq gavdali oʻljani ogʻiz toʻldirib, katta-katta yutasan. Uni bir chetda koʻzdan panada chuqur kovlab, yutganingni qayta qusib, koʻmib qoʻysang sirkalanib, maromiga yetib pishadi. Koʻngling tusaganda borib yesang mazza qilasan, iliging toʻladi. Yoki hammayogʻi berk qoʻy qoʻtoniga kirolmasang, tomni tesh. Buniyam iloji topilmasa, qoʻton devorini duming kirguday qilib tesh-da, undan dumingni suqib likillat. Buni koʻrgan qoʻy-qoʻzi yuragi yorilib, tipirchilab qoladi. Bezovta hurkadi. Bitta-yarimta besabr qoʻy-qoʻzi koʻpincha echki-uloq  sakrab qoʻton devoriga chiqadi-da sen tomonga sakraydi. Tomogʻidan mahkam boʻgʻasan. Oving oson boʻladi. Togʻdagi gʻajir-burgutlar bilan oshno tutininglar. Ular osmonda qanot qoqib yurib, uzoqdan turib ham yerdagi jonliqning bejon boʻlganini hididan sezib, hammadan oldin xabar topadi. Naq oʻsha oʻljaning ustiga pasayib, aylanib uchib qoladi. Ularni koʻrganing hamono, oʻsha tarafga loʻkillab chopaver. Sherik boʻlasan.

Tishlaring orasiga urvoq goʻsht kirib qolsa, gʻashingga tegadi. Baribir oʻzing kovlab chiqarolmaysan. Shunday paytda tishlaring orasini koʻrsatib indamay yotsang gʻajirlar darrov tushunadi.Tish­laring orasiga kirib qolgan goʻsht boʻlaklarini tozalab terib, yeb qoʻyadi. Ana senga beminnat dastyor. Yaxshimi, yomonmi ular sening sheriging. Eng zaruri, odam bolasidan hazar qilinglar. Ular boshda biz kabi toʻrt oyoq boʻlgan, emaklab yursa ham keyinchalik qaddini koʻtarib olgan, qoʻlida qora kosovday oʻq otar quroli boʻladi. Hay-hay ularning yotgan qopqoniga tusha koʻrma! Yoʻlingda bir boʻlak luqmani koʻrsang, boʻyningni choʻzma! Shartta aylanib oʻt! Qayda yursang ham boʻriliging unutma! Odam bolasi bilan oʻchakishma!

 Bolalariga shunday deb taʼlim bergan Koʻkyolning oʻzi ham Nortoy mergan bilan oʻchakishmaganda, uning qattol qopqoniga tushib bir oyogʻidan ajrab, yarimjon holida Jabborqulning Loʻkkivoy mashinasi oyoqlari ostida yanchilib ketmagan boʻlarmidi? Aslini olganda Nortoy otboqarni ham behudiga yozgʻirib boʻlmaydi. Avvaliga ikki toychogʻini boʻgʻizlab ketgani uchun oʻsha Koʻkyolning enasini yoʻqlab yurdi. Keyin qasdlanib izidan tushdi. Yovuzlik qildi. Oʻsha gadoytopmas boʻriqoʻtonga oʻgʻri mushukday pusib kirib, Koʻkyolning naqqina toʻrt bolasini olib chiqib, xurjuniga solib opkeldi. Boʻrivachchalarni gʻingshiganini koʻring.

 Ana endi Koʻkyol quturib ketdi. Har tunda toʻdasini ergashtirib kelib, birgina Nortoyning emas, qoʻni-qoʻshnilarning ham qoʻy-echkilarini qirib ketadigan boʻldi. Axiyri bunga chidolmagan qoʻni-qoʻshnilar Nortoynikiga bos­tirib kirib, hovlisida yashirib yotgan boʻrivachchalarni shu yerning oʻzida otib tashlashdi. Keyin qopga solib, ikki qir naridagi oshuvga olib chiqib koʻmib yuborishdi. Isiriq tutatib, hidlarni yoʻqotishdi. Baribir Koʻkyol pajmurda bolalarining jasadlarini topib oldi. Ularni yalab-yulqib, tunni tongga uladi. Yaratganga munojot qilib, osmonga boʻynini choʻzib, shunday uvilladiki, togʻu toshlar larzaga kelib, osmon gumbazida chaqmoq chaqqan kabi chandiq tushdi. Bu nolakor uvilloq Nortoyning qulogʻiga ham yetib turdi. Ammo eti junjikmadi. Issiqqina koʻrpa ichida uyoqdan buyoqqa toʻntarilib ketidan ovozli yel chiqarib, oʻsha ovozga mos xurragini davom ettirdi. Koʻkyol esa Sazogʻon taraflarga qadam bosmaydigan boʻldi. Nortoy mergan “bor-e“ deb qoʻl siltab ketsa boʻlardi. Nomardning yoʻlini tutdi. Otasi Hayit mergandan qolgan eski boʻri qopqonlarni otga oʻngarib chiqib, bir oʻtar boʻri yoʻllariga qoʻyib tashladi. Agar Koʻkyolni qoʻlga tushirsam naqd otamning qilganini qilaman, deb maqtanardi u. Har maqtanganda oʻng bilagidagi shapaloqday qora xolida oʻsgan yunglarini chap qoʻli bilan silab-siypab qoʻyardi. Hayit mergan bir gal katta boʻrini qop­qonga tushirib, boʻyniga zanjir solib qishloqqa yetaklab kelgan. Uyma-uy olib yurib, bir tutam yungigacha yuldirib, choʻpon-choʻliqdan, irim-sirimchidan choy-chaqa undirgan. Lekin Hayit mergan Nortoychalik nafsi oʻpqon, borib turgan surbet va manman emasdi. Buni qarangki, kunlardan birida shaharlik boyvachcha Nortoyning uyiga yegulik-ichkilik tuguncha bilan keldi. Ikovlon shakarguftorlik qilishdi. Ikkita aroqni gazaksiz ichishgach, boyvachcha yorildi:

– Ako mergan, agar urgʻochi boʻrining terisini shilib, andomi bilan kesib bersangiz, men uni tumor qilib qoʻltigʻimga osib yuraman. Buyogʻi mening foydamga. Sizga esa ikki hoʻkizning pulini beraman, kelishdikmi, qoʻlni tashlang!

 Boya aytganimday, Nortoy otasidan oshib tushdi. Otboqarlikda “kattasini maydalab” boyib ketdi. Binoyiday sogʻ-sandal, xushroʻygina xotini ustiga xotin oldi. Sal kunda bir suruv bola-baqraning qurshovida qoldi. Ularning ham rizqini Xudo beradi, hademay kattasi kichigini boqadi, davrimni suray, deb oʻz nafsining quliga aylanadi. Yarim palla tarvuzday qorinchasi kattarib, maʼraka qozonday boʻldi. Bitta shirvoz qoʻzi yoki uloq goʻshtini toshtamirga solib, chala-chulpa pishirib hech kimni sherik qilmay ikki juft aroq bilan pok-pokiza tushirib, tovushqonni tirik yutgan ilon kabi toʻlgʻanib, ikki-uch kun qoq yerda agʻanab yotadigan boʻldi. Oxirida yilqilarni yigʻib, toʻdalash, qopqonlarni koʻrib kelishga ham yaramay qoldi. Bu orada boʻri qopqonning zoʻri ish qildi. Koʻkyol keyingi oyogʻidan poʻlat qopqonga ilindi. Jon holatda rosa urindi. Ancha joygacha ogʻir temir va zanjirli kundani sudrab bordi. Laʼnati kunda orqadan sudralib borib, bora-bora ikki tosh orasiga qisilib qoldi. Avval oʻlmasang, ana endi oʻl! Xuddi shu payt uzoqdan odam qorasi koʻrindi. Koʻkyol kuchanib tortdi, boʻlmadi. Akbar boʻrining tiriklay qoʻlga tushgisi yoʻq. Alam ustida bir ing­radi-yu, qopqonga ilingan oyoqni oʻz tishlari bilan avaylamay uzib tashladi. Boʻrini oyoqlari boqadi. Qolgan uchovigayam ming shukur. Biroq qochsa qutulolmaydi. Quvsa yetolmaydi. Uning Koʻkyolligi qoldimi? Uzilgan oyogʻiga qoʻshilib, Nortoyning nafsi oʻpqoniga tushib ketdi. Nochor va gʻarib boʻlib, oʻtgan tunu kunida Nortoy semizni shunday qargʻadiki, bu qargʻishni odamzot tiliga tarjima qilib boʻlmaydi. Yoʻlini topib oʻzbekchaga oʻgirsang va yozib chiqsang ham Nortoyu Jabborqulga oʻxshaganlar oʻqimaydi. Falokat bosib oʻqisa ham uqmaydi. Biroq bitta yupanch bor. Uyam boʻlsa Xudoga solmoq. Men qilaman oʻttiz, Xudo qiladi toʻqqiz. Shu toʻqqiz ham oʻttizni yamlamay yutadi. Bir enaning ikki emchagini emib kattargan yer farzandlari bir-biroviga , oʻz-oʻziga xiyonat qilgani yomon-da…

Oʻsha yili Nortoy otboqar otdan yiqilib, umurtqasi uzilib, bir umrlik toʻshakka mixlanib qoldi. Oʻzicha, buyam bir tasodifda deb oʻylab, tavba-tazarru qilgani yoʻq. Ogʻziga tutqazganni pishillab yeb yotibdi. Faqat shu tuvak tutgani yomon.

Tinib-tinchimagan Jabborqul esa loy yoʻldan mashinasi bilan toyib, jarga quladi-yu, xayriyat, joni omon qoldi. Hammadan zoʻr “Villis”ni tiklab boʻlmadi. Ketini qisgan boy boʻladi, degan naql boʻrilarga aytilgan shekilli, doim dumini chotlari orasida olib yuradi. Sirayam ketini koʻrsatmaydi. Shuni sezdimi, Jabborqul ham ketiga “poʻstak bogʻladi”… Hozircha, tovba-tazarruga oʻrin yoʻq.

Bugunga kelib oʻsha togʻlar avval oʻrmon xoʻjaligiga keyin qoʻriqxonaga aylandi. Ermakka chumchuq otadigan merganchalarning behujjat miltiqlari yigʻib olindi. Ayovsiz kesilgan dov-daraxtlar tanasidan durkun novdalar oʻsib chiqdi. Bir paytlar Oqtovga arazlab ketgan qobonlar qaytib kelayotir.

Faqat Yaratganning hukmiga amal qiladigan Koʻkyolning bolalari esa bexavfu xatar yuribdi. Akbar boʻrining gʻamli hikoyasi esa oʻtmishga aylangan.

 

Gʻozi RAHMON

 

2018 yil yanvar, Toshkent

 

“Ijod olami”, 2018/1

https://saviya.uz/ijod/nasr/uch-oyoq-bori-izidan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x
()
x