Tuxumdon faoliyati buzilishi

Har bir ayolda hayz o‘ziga xos tarzda kechadi. Ba’zilarda u har uch haftada sodir bo‘ladiyu uch kunda to‘xtaydi. Boshqalarda oyda yoki hatto 35 kunda bir kelib, 5-7 kun davom etadi. Variantlar juda ko‘p, ammo bir qonuniyat bor: hayz sikli 21 dan 35 kungacha oraliq ichida takrorlanishi, uzog‘i bilan 7 kundan oshmasligi kerak. tuxumdon faoliyati buzilishi Yana bir jihat: hayz bir xil oraliqda (masalan, har 21, 28, 32 kunda) kelishi lozim. Bir oy 21 kunda kelib, 5 kun davom etsa-yu, keyingi oy 32 kunda kelib, bir haftaga cho‘zilsa, bu me’yor emas. Shuningdek, hayz ko‘rmagan kunlaringiz juda ko‘p ajralmalar kelsa, bu ham hushyor tortish uchun sabab bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, hayz kunlari qattiq og‘riqlar bo‘lishi, bosh og‘rishi ham yaxshi alomat emas, demak, organizmda qandaydir muvozanat buzilgan.

Hayz siklidagi buzilishlar

Yoshlikda, ayniqsa, o‘smirlik paytida hayz davrining o‘zgarib turishi tuxumdonlar hali balog‘atga yetmaganidan dalolat. Tuxumdonlar maxsus gormonlar ishlab chiqaradi, ular esa butun ayol organizmining ishini yo‘lga soladi. Agar tuxumdonlar hali zaif bo‘lsa, hayz davri ham izga tushmaydi. Shu sababli ilk oy boshidan keyingi ikki yil davomida hayz davrining “o‘ynab turishi” — odatiy hol.

Gormonlar va ayollik latofati bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Qiz bolaning tuxumdonlari ishi to‘la izga tushmaguncha qomati ham o‘g‘il bolalarniki kabi “tep-tekis” bo‘lib turaveradi. Ba’zida aksincha: tuxumdonlar xuddi kattalarniki kabi juda faol ishlaydi. Unda qiz bola xuddi balog‘atga yetgandek ko‘rinadi. Mutaxassislarni bu unchalik quvontirmaydi. Chunki bir gormonning me’yordan ortiqligi boshqasi (masalan, bo‘y o‘stiruvchi gormonlar)ning yetishmasligidan dalolat bo‘lishi mumkin. Ammo vahima qilmang, hozir tibbiyot bunday nomutanosibliklarni oson bartaraf eta oladi. Vaqtida bolalar ginekologiga murojaat etsangiz kifoya. Ammo bizning g‘alati odatlarimiz bor: hech kim “Qizim hayz ko‘rmayapti” yoki “Hayz davri mo‘tadil emas” deb ginekologga murojaat etmaydi-da, keyinchalik “Qizim tug‘mayapti” deb kelishadi. Hammasi yoshlikdan boshlanadi axir!

Onalar, qizingiz hayz ko‘rishni boshlashi bilan unga “hayz kundaligi” tutishni o‘rgating va uni o‘zingiz nazorat etib boring. Kundalikka har oy hayz ko‘rganining birinchi va oxirgi kunini qayd etsa, kifoya. U yog‘iga xulosani o‘zingiz (yoki mutaxassis yordamida) chiqarib olaverasiz.

Mutaxassislar tuxumdonlar faoliyati buzilishi har qanday yoshda kuzatilishini aytishadi. Ya’ni u o‘smirlikda ham, reproduktiv davrda ham, klimaks payti va hatto undan keyin ham uchrashi mumkin ekan.

Qalqonsimon bez va hayz davri

Qalqonsimon bez ham hayz davriga ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zida ginekolog birinchi ko‘rikdayoq hamma gap qalqonsimon bezda ekanini anglaydi. Chunki odatda bunday ayollarning terisi quruq, qon bosimi past, tomir urishi sust bo‘ladi. Ular xotira zaifligi, diqqatni jamlay olmaslik, hayz esa uzoq vaqt oralig‘ida kelib, ko‘p qon ketishi bilan kechishidan shikoyat qilishadi. Agar mutaxassis hayz davridagi muammolarga qalqonsimon bez faoliyatining izdan chiqishini sabab qilib ko‘rsatsa, uni me’yorga soluvchi preparatlardan buyuradi.

Ko‘r-ko‘rona parhezdan ehtiyot bo‘ling!

Ko‘pincha tuxumdonlar faoliyati buzilishi turli infeksiyalar, surunkali kasalliklar, tuxumdon o‘smalari tufayli yuzaga kelishi mumkin. Agar ayol uzoq safarga otlansa, hayz muddatidan oldinroq yoki keyinroq kelishi mumkinligini e’tiborga olishi lozim. Chunki organizm iqlim o‘zgarishiga (stress va haddan ortiq charchoqqa ham) aynan shu tarzda munosabat bildiradi. Ammo hayz davri muammolari biron yangi parhezni boshlaganingizdan keyin yuzaga kelsa, o‘ylab ko‘ring: demak, organizmingizni unga zarur qandaydir narsadan mahrum etayapsiz. Odatda yosh qizlar birdaniga ozish maqsadida umuman hech nima yemay qo‘yishadi. Natijada o‘sayotgan organizm oqsillar, minerallar, vitaminlardan mahrum bo‘ladi. Parhezni ham o‘ylab, organizmning holati va ehtiyojlarini e’tiborga olgan tarzda amalga oshirish kerak.

Ginekolog qabuliga tashrif

Albatta, hayz davringizda o‘zgarish sodir bo‘lsa, buni avvalo o‘zingiz sezasiz. Faqat hafsalasiz bo‘lmang. Bordiyu ishingiz, tashvishlaringiz ko‘pligidan avvalgi hayz sanasini unutib qo‘yishdan qo‘rqsangiz, maxsus taqvim tutib, belgilab boring. Bir necha oy davomidagi kuzatishlaringiz zarur ma’lumotni beradi. Shifokor esa maxsus tahlillarni (qon, peshob) buyuradi. Ultratovush tekshiruviga yuboradi va aniq tashxis qo‘yadi. Agar sizga tuxumdonlar faoliyati buzilishi tashxisi ko‘yilsa, qo‘rqmang. Buni davolasa bo‘ladi. Hatto shifoxonaga yotmay, uy sharoitida shifokor tavsiyalari asosida zarur dorilarni qabul qilib tursangiz, hammasi iziga tushib ketadi.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Nargiza MAGZUMOVA.


Hayz siklingizni nazorat qilishni istaysizmi? Homiladorlik uchun unumdor kunlarni bilib, homiladorlikni rejalashtirishni istaysizmi? Unda “Lalu — ayollar kundaligi” mobil ilovasini bepul yuklab oling!

Ilova sizga hayz siklingiz xarakterini tushunib, uni kuzatib borishingizda, ovulyatsiya kunini aniqlashda, homiladorlikni rejalashtirishingizda yordam beradi.
Bundan tashqari, ilova orqali hayz oldi sindromi haqida bildirishnoma olish, sikl buzilishi, fertil kunlar kabi holatlarni prognozlash va kuzatib borish, ginekologiya sohasiga oid maʼlumotlar olish imkoniyati mavjud.

Hoziroq bepul yuklab oling


0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x