Turkiston Muxtoriyati zamondoshlar qarashlarida


Post Views:
26

Milliy davlatchilik qurilishi masalasiga yondoshish, Turkistonning to‘la muxtoriyat olish g‘oyasini ilgari surish milliy gazeta sahifalarida 1917 yil aprel oyidan boshlab ko‘zga tashlanadi.

1917 yil aprelida bo‘lib o‘tgan Turkiston musulmonlari I qurultoyining tub maqsadi ham mamlakatni qanday idora qilish hamda milliy hukumat tuzishga hozirlik ko‘rish edi. Gazetalarning aprel, may oyi sonlarida berilgan maqolalarda 1917 yilning 1 may kuni Moskvada chaqirilgan I Umummusulmon syezdi, kun tartibiga qo‘yilgan masalalar: Butunrossiya musulmonlar kengashining tuzilishi, musulmonlarning Taʼsis majlisda qatnashishi, madaniyat, fan, din, joylardagi boshqaruv va boshqalar xususida ham so‘z yuritildi.

1917 yilning yoziga borib, diniy islohotlar, ayollar masalasi, Rossiya bilan Turkistonning davlat tuzilmasi kabi bir qancha masalalardagi fikrlar qarama-qarshiligi natijasida Sho‘roi islomiya tashkilotidan Sho‘roi Ulamo jamiyati ajralib chiqdi. Bu bo‘linishga qaramay, har ikki guruh ham Turkistonni mustaqil davlat sifatida boshqarilishi tarafdorlari edilar. 1917 yilning 21 iyulida esa Qozonda II Butunrossiya musulmonlari syezdi ochildi. O‘n kun davom etgan ushbu syezdda asosiy masalalar qatorida milliy muxtoriyatni vujudga keltirish masalalasi ham muhokama etildi. Shu yilning kuziga borganda Turkistondagi milliy demokratik harakatlarda siyosiy kuchlar o‘rtasida birlashish jarayoni kuzatiladi. 1917 yilning 17-20 sentyabr kunlari Sho‘roi Ulamo tashabbusi bilan Toshkentda chaqirilgan Turkiston va qozoq musulmonlarining qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkistonning deyarli barcha hududlari hamda Ural va To‘rg‘ay viloyatlaridan besh yuzga yaqin vakillar qatnashdi. Qurultoyning Turkiston Muxtoriyati tuzishga qaror etganligi matbuot sahifalaridagi asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.

Milliy mustaqillik uchun ana shunday siyosiy harakatlar avj olgan bir vaqtda Oktyabr to‘ntarishi bo‘lib o‘tdi. Biroq, bu to‘ntarishdan keyin ham kutilgan natijalarga erishilmadi. Yaʼni, bolsheviklar hukumati milliy siyosatda ko‘plab jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ydi: ular markaziy hokimiyat rahbarlar tomonidan eʼlon qilingan hujjatlarga qarama-qarshi bo‘lgan qarorlarni eʼlon qilib, chor hukumatining Turkistonda olib borgan mustamlakachilik siyosatinining bevosita davomchilari sifatida siyosat olib bordilar. Ular ham o‘lkada o‘zlarining hukmronlik siyosatlarini saqlab qolishga harakat qildilar. Bu ayniqsa, 1917 yilning 15-21 noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan ishchi, dehqon, soldat deputatlarining III syezdida o‘z aksini topdi. Syezdda o‘lkani boshqarishda musulmonlarning ishtirok etishi noloyiq deb topildi. Buning sababi bolsheviklarning fikricha, “sho‘rolar hokimiyatiga mahalliy aholi munosabatining noaniqligi va ular orasida proletar sinfiy tashkilotining yo‘qligi”da edi.

Mahalliy aholi o‘zining ijtimoiy-siyosiy huquqlaridan, milliy davlat qurilishida ishtirok etish imkoniyatidan mahrum qilindi. Bularning barchasi turkistonliklardagi milliy-ozodlik to‘g‘risidagi shiorlarga bo‘lgan ishonchini so‘ndirdi. Turkiston Muxtoriyati davridagi o‘lkada mavjud ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy munosabatlarga, ayniqsa, sovetlar hokimiyati tomonidan amalga oshirilgan siyosatga norozilik kayfiyatlari o‘sha davr zamondoshlari qarashlarida aks ettirilgan bo‘lib, mualliflarning ko‘pchiligini Turkiston o‘lkasining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlarida bevosita ishtirok etgan davlat va jamoat arboblari, mahalliy ziyolilar tashkil etadi. Ular o‘zlarining nutq va maqolalari, asarlari, xatlari orqali o‘lkadagi milliy demokratik davlat qurilishi, uning istiqboli, bolsheviklar hukumatining bu boradagi siyosati hamda undagi kamchiliklarni tahlil qilishga harakat qilganlar.

Dastlab Turkiston Muxtoriyatining tashkil topishida bevosita ishtirok etgan jadid namoyondalarining bu masalaga qarashlari haqida fikr yuritmoq joiz. Turkiston taraqqiyparvarlarining aynan Turkiston Muxtoriyati tarixi masalalariga bag‘ishlangan maqolalarini ko‘pchiligi ularning o‘z hisoblaridan ochgan milliy matbuot sahifalaridan o‘rin olgan. Birgina “Ulug‘ Turkiston” gazetasining o‘zida muxtoriyat tashkil topgan paytdan bostirilgunga qadar bo‘lgan davr mobaynida 30 ga yaqin, “Hurriyat” (Samarqand) gazetasida 15 ga yaqin, “El bayrog‘i”da 10 ga yaqin, “Al-Izoh”, “Al-Isloh”, “Izhor-ul haq” va boshqa milliy jurnallarda ham bir necha ijtimoiy-siyosiy maqolalar chop etilgan.

Turkiston taraqqiyparvarlari Turkistonda kelgusida tuziladigan milliy davlat shakli, uning Rossiya bilan munosabati va aloqalari masalalari yuzasidan fevral inqilobidan keyinoq qizg‘in bahslar yuritdilar. Ayniqsa, davlat tuzilmasi shakli borasidagi bahslar qizg‘in kechdi. Ular Turkiston o‘lkasi batamom musulmon respublikasi bo‘ladimi yoki Rossiya federatsiyasi tarkibida muxtor bo‘ladimi kabi savollarga javob berishga harakat qildilar. Ziyolilarning bir qismi federatsiya yo‘lini tanlagan bo‘lsa, boshqa bir qismi to‘la mustaqil bo‘lish yo‘lini maʼqul topdilar. Xususan, 1917 yilning 16-21 aprel oyida Toshkentda o‘tkazilgan Umumturkiston musulmonlar I syezdida Munavvar qori Abdurashidxonov, M.Cho‘qayev va S.Maqsudiylar o‘sha vaqtda “milliy hududiy muxtoriyatga erishish kerak emas, chunki musulmonlar yer-suv ishlarini boshqarishni o‘zlari uddalay olmaydilar, shuning uchun madaniy-maʼrifiy masalalarda muxtoriyatga erishish kerak”, deb hisobladilar. N. Yavushev esa Turkistonga muxtoriyat berish zarur, deb hisobladi.

Turkiston jadidlarining yo‘lboshchisi hisoblangan, milliy davlatchilik g‘oyalarini rivojlanishiga beqiyos hissa qo‘shgan M. Behbudiy Turkiston musulmonlari o‘z shariat va odatlariga muvofiq tirikchilik qilishlari, o‘lkada yashovchi barcha xalqlar manfaatlari hisobga olinishi zarurligi haqida fikr yuritar ekan, u Rossiya tarkibidagi muxtoriyat masalasini ko‘tarib chiqdi. Hatto Rossiya tarkibida turib ham mustaqillikka erishish mumkin, deb hisobladi. Uning fikricha, Rossiya musulmonlari uchun Rossiya poytaxtida bir musulmon markaziy idorasi vujudga keladi, rus, yahudiy va boshqalar qo‘shilgani holda Turkiston hukumati taʼsis etilib, mazkur hukumatning o‘z parlamentarizmi bo‘lishi lozim edi. Shunday qilib, mustaqil vakolatli o‘lka hokimiyatning oliy organlari, boshqaruvi va sud mexanizmlari, o‘z davlat tuzilishini barpo etishga kirishgan taraqqiyparvarlar boshqaruvning respublika shaklini, davlatning tuzilishi jihatdan muxtoriyat shaklini tanladilar. Ustivor maqsad qilib, demokratik huquq va erkinliklar berilgan, konstitutsion jihatdan kafolatlangan demokratik jamiyatni shakllantirish belgilandi.

Taraqqiyparvarlarning milliy davlat barpo qilish borasidagi orzu‑niyatlari qiyinchilik bilan bo‘lsada, ro‘yobga chiqdi. Sho‘roi islomiya, Turk Adami markaziyati, Ittifoq va boshqa firqalar tashabbusi bilan 1917 yilning 26-29 noyabr kunlari Turkiston o‘lka musulmonlarining Favqulodda IV qurultoyida o‘lkadagi dastlabki milliy demokratik davlat – Turkiston Muxtoriyati eʼlon qilindi.

Muxtoriyatchilarning milliy davlatchilik g‘oyalari birinchi navbatda xalqni maʼrifatli qilish, mamlakatni ilg‘or rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shish uchun milliy kadrlar yetishtirish, iqtisodiyot, fan va madaniyatni rivojlantirish, ijtimoiy, diniy va milliy kelib chiqishidan qatʼiy nazar butun mamlakat uchun demokratik huquq va erkinliklar berish kabi tamoyillarga tayangan holda faoliyat olib bordilar.

Turkiston aholisini murakkab siyosiy vaziyatlar taʼsirida vujudga kelgan iqtisodiy tanglikdan olib chiqish vazifasi muxtoriyatchilarning birinchi galdagi vazifalari qatoridan o‘rin oldi. Shuni nazarda tutib yangi saylangan hukumatga tez orada Turkistonning Taʼsis majlisini chaqirish, g‘alla va oziq-ovqat hamda birinchi darajada zarur bo‘lgan narsalar bilan xalqni taʼmin etish va shu maqsadda Janubiy-sharqiy ittifoq bilan vaqtinchalik muzokara qilish, muxtoriyat uchun moliyani vujudga keltirish, milliy armiyani tashkil etish, Turkistonda bo‘lgan turli millatlarning huquqini taʼmin etish kabi bir qancha masʼuliyatli vazifalar yuklatildi.

Muxtoriyat eʼlon qilingach, Turkistondagi deyarli barcha milliy matbuot sahifalarida bu quvonchli voqea haqida maqolalar, xabarlar ketma-ket bosib chiqarildi. Qurultoy ishini o‘lkada faoliyat olib borgan «Svobodniy Samarkand» (Ozod Samarqand), «Turkestanskiy vestnik» kabi rusiyzabon gazetalar ham o‘z sahifalarida muhokama qilib bordi.

Qurultoy tomonidan qabul qilingan qarorlar asosan butun Turkiston xalqining manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan edi. Har bir fuqaroning huquqi kafolatlanishi, Turkistonda yashayotgan boshqa millatlar ham Turkiston Muxtoriyatining teng bir huquqli aʼzosi sifatida kelajagi taʼminlanishi ko‘zda tutilgani ham milliy matbuot sahifalarida alohida taʼkidlab o‘tildi. Qurultoyda ko‘rilgan asosiy masalalardan yana biri – yangi tuzilgan milliy hukumatning “Janubiy-Sharqiy ittifoq”qa munosabati masalasi edi. Sovet davri tadqiqotlarida mazkur syezdning ittifoqqa qo‘shilishi to‘g‘risidagi qarori uning “aksilinqilobiy” mohiyatini ochib berishda muhim asoslardan biri sifatida xizmat qildi. Hozirga qadar bu masala yetarli darajada o‘rganilmagan.

Qurultoyning Taʼsis majlisi chaqirilgunga qadar mazkur ittifoq bilan vaqtinchalik shartnoma tuzishga qaror qilganligiga qanday omil sabab bo‘lgan? Bu savolga «Svobodniy Turkestan» gazetasidan o‘rin olgan B. Yelchiyevning “Turkiston Muxtoriyati va Janubiy-sharqiy ittifoq” nomli maqolasi birmuncha aniqlik kiritadi. Maqola mazmunidan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, qurultoy “Janubiy-sharqiy ittifoq”qa sovet tarixchilari yozganidek, “sovet hokimiyatiga qarshi kurashishda aksilinqilobiy kuchlar bilan birlashish maqsadida” emas, balki o‘lkada kechayotgan qiyin iqtisodiy vaziyatni oldini olish maqsadida, undan chiqish yo‘llarini hisobga olib, unga aʼzo bo‘lish haqidagi qarorni qabul qilgan.

Xullas, milliy gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalar, yoritilgan muammolar xilma-xil bo‘lishiga qaramay, ular birinchi navbatda xalq ongida o‘zlikni anglash, madaniyat, bilimni o‘stirishga asosiy eʼtiborni qaratgan edilar. Ularda muxtoriyat hukumatining vujudga keltirilishi xalqning asriy bir orzusi natijasi sifatida katta xursandchilik bilan qarshi olinganligi aks ettirildi, tashkil topgan yangi hukumat ravnaqi xususida qizg‘in fikrlar yuritildi. Turkiston bolsheviklari esa xalqni bunday g‘oyalaridan uzoqlashtirish maqsadida turli yo‘llarni izlab topdilar. Birinchi navbatda ko‘plab milliy matbuot nashrlari faoliyati tugatildi va sovet matbuotiga eʼtibor qaratildi. Bu davrda biror qalamkashning sovet matbuotida ishtirok etishi o‘sha yozuvchining uslubi, mohirligi, qalami o‘tkirligiga qarab emas, balki uning umuman tutgan yo‘liga qarab, uning o‘z taʼlimoti bilan ishchilar ommasiga qanday foyda keltirishiga qarab fikr yuritilishi lozim edi.

«Наша газета», «Туркестанская искра», «Советский Туркестан», «Новый путь» kabi nomlar bilan faoliyat yuritgan sovet matbuoti muxtoriyatning aksilinqilobiy mohiyatini ochib berishda bolsheviklarga dastlabki qurol vazifasini o‘tadi. Ayniqsa, 1917 yil aprel oyida tashkil topgan «Nasha gazeta» bu yo‘lda alohida xizmat ko‘rsatdi. «Noviy put» gazetasi ham Turkiston Muxtoriyatini boy va rus avantyuristlari tomonidan eʼlon qilingan hukumat, sifatida baholadi. Mazkur gazeta sahifalari Turkiston musulmonlarining Favqulodda IV o‘lka qurultoyiga umummusulmon ishchilar, musulmon mehnatkash proletariatidan vakillar kiritilmaganligi sababli bu qurultoy umummusulmon syezdi bo‘la olmasligini alohida taʼkidlab ko‘rsatdi.

Bolsheviklarning “adolatparvar”, “xalqchil” hukumatiga katta umid bog‘lagan milliy ziyolilar ularning asl qiyofasi namoyon bo‘lgach, maqolalar orqali o‘z noroziliklari bilan chiqa boshladi.

Taraqqiyparvarlarning tuzilajak milliy davlatning iqtisodiy jihatlari xususida qarashlari qanday edi?

Ular kelajakda chet davlatlarga qaram bo‘lmagan, boy davlat bo‘lishi uchun milliy muxtoriyat har jihatdan moddiy va iqtisodiy quvvatga molik bo‘lgandagina taʼmin eta olinishi, buning uchun esa eng avvalo ehtiyojga molik birinchi darajada bo‘lgan narsalarni ortig‘i bilan Turkistonning o‘zida yetishtirishi, zavod va fabrikalar qurish, sug‘oriladigan yerlardan unumli foydalanish, chet el texnikasi bilan tanishish, milliy hazinani tashkil etish, moliyani isloh qilish, soliq va zakotlarni bir intizomga solish zarurligi ni taʼkidladilar.

1917 yilning 15 dekabrida esa sovet hukumatining Yer va sug‘orish tizimlarini natsionalizatsiya qilish to‘g‘isida Dekreti qabul qilindi. Dekretga binoan barcha xususiy banklar (transport va tashqi savdo ham) musodara qilindi, davlat zayomlari bekor qilindi.

1918 yil yanvar oyining ikkinchi yarmidan bolsheviklarning talon-tarojliklari boshlanib ketdi. Muxtoriyat hukumati imkon qadar tirishsada, I Jahon urushi, ochlik va qimmatchilikning taʼsiri, muxtoriyatchilarning iqtisodiy vaziyatni yengillashtirishga qaratilgan tadbirlariga to‘sqinlik qilardi. Bundan tashqari muxtoriyatchilar oldida milliy armiya tashkil etish vazifasi ham bor edi.

Turkiston Muxtoriyati eʼlon qilingan tarixiy o‘lka musulmonlarining Favqulodda IV qurultoyida Turkistonda yashovchi millatlarning huquqlarini saqlash maqsadida milliy qo‘shin tashkil qilish ham muhokama etilgan asosiy masalalar qatoridan joy oldi. Muxtoriyat tashkilotchilari o‘zlarining har bir nutq va maqolalari orqali turkistonliklardan milliy askar tashkil etishga daʼvat etib bordilar. Bolsheviklarning muxtoriyatga bo‘lgan munosabati milliy armiyani yana-da mustahkamlashni taqozo etardi.

Bolsheviklar milliy qo‘shin tashkil etilishini ham aksilinqilobchilik harakat deb baholadi va imkon qadar taʼqib ostiga olishga harakat qildilar. Buni anglagan taraqqiyparvarlar ochiq-oydin tanqidiy fikrlarni bildirdilar. Biroq, Turkiston o‘lka sovetlarining 1918 yil 23 yanvarida bo‘lib o‘tgan IV syezdida Qo‘qondagi hukumatni tarqatib yuborish haqida qaror qabul qilindi. Shu davrdan boshlab vaziyat yana-da chigallashdi: 31 yanvardan eʼtiboran Turkiston Muxtoriyatining askari bilan bolsheviklar orasida qurolli to‘qnashuv boshlandi. Xullas, Turkiston aholisi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangan, ularning orzu-istaklari zaminida vujudga kelgan Turkiston Muxtoriyati yetmish ikki kungina umr ko‘rib, bolsheviklar tomonidan bostirildi.

Mazkur fojea va uning salbiy oqibatlariga oid qarashlarni 20 yillar o‘rtalariga qadar bo‘lgan davrda ko‘plab uchratish mumkin.

Xullas, Qo‘qon shahrining vayron qilinishi, Turkiston Muxtoriyati hukumatining ag‘darib tashlanishi hamda hokimiyatni bolsheviklar tomonidan noqonuniy ravishda qo‘lga kiritilishi ham zamondoshlar tomonidan turlicha baholandi. Shu o‘rinda Turkistondagi milliy harakat yo‘lboshchilaridan biri Ahmad Zaki Validiy To‘g‘onning 1920 va 1923 yillarda Turkistondan V.I. Lenin nomiga jo‘natilgan ikki xatini keltirish o‘rinli. Ularda bolsheviklarning Sharq, shu jumladan Turkiston xalqlariga nisbatan olib borilayotgan milliy siyosati tahlil etilib, bunday siyosat ikkiyuzlamachilik, yolg‘on, bo‘xton asosida, adolatsiz olib borilayotganligi, bolsheviklarning siyosati sovet hukumati tomonidan 1917 yil 20 noyabrda eʼlon qilingan murojaatnomasini inkor qilib, millatlarning o‘z taqdirlarin o‘zi belgilash huquqini amalda yo‘qqa chiqarganligi taʼkidlab o‘tildi. Fitrat esa adolat va sadoqat bilan eʼlon qilingan muxtoriyatni bolsheviklar tomonidan nima sababdan qabul qilinmay turganligi haqida ajablanib yozsa, M.Cho‘qayev milliy davlat qurish imkonini berishga umid bag‘ishlagan 1917 yilgi inqilobdan aldanganligini taʼkidlaydi.

Xoji Muin ham yuqoridagi fikrlarni taʼkidlagan holda, bolshe­viklarning o‘z maslaklarini qabul etmagan millatlarga hurriyat va istiqlol bermaslik, istiqlol tilagida bo‘lgan har millatlarning mamlakat idorasini sovetlar qo‘liga topshirish, mamlakatning barcha boyliklari, yer, mol-mulk umumiy deb ular ixtiyoriga topshirilish, agar bu tilaklar bajarilmasa hech bir millat hurriyati tasdiq bo‘linmaydi, degan talablariga qarshi chiqdi. Shu bilan birga muallif bolsheviklarning bu g‘ayritabiiy tilaklari, buzuq g‘arazlarini Rossiyada bo‘lgan hech bir millat qabul qilmagan ini taʼkidlaydi.

Matbuot sahifalarida muxtoriyatni bostirilishi, uning oqibatlariga oid munozaralar, maqolalar berib borilishi muxtoriyat bostirilgandan keyin ham bir qancha vaqtgacha davom etdi. Masalan, S.A taxallusli taraqqiyparvar Mayus bo‘lmaslik kerak maqolasi orqali Turkiston xalqiga Turkiston Muxtoriyatining bostirilishi bu dunyoda bo‘layotgan urushlar oldida bir namuna shaklida ekanligi, bundan umidsizlikka tushmaslik kerakligi hamda turkistonliklar uchun saodat yulduzlari yaqin kunlarda kelishini uqtiradi.

“X. Ali taxallusli zamondoshlardan biri esa Kim aybli? maqolasida muxtoriyatning qonli bostirilishida aybdor kim ekanligini ochishga harakat qilib, shunday yozadi: …Kim aybli bo‘lur? islomiyatni kufrlar changalidan, razolatdan, safolatdan, jaholatdan qutqaruv umidinda umum Turkiston vakillari syezdinda (Xo‘qand 27 noyabr) nafsi shaxsiyalari qurboni o‘lmasdan xaqli yerli muxtoriyat eʼlon qilgan erlarmi? Yo bo‘lmasa muxtoriyat olingiz, umuman musulmonlar birlashingiz deb Isrofil so‘zini taratgan oliy marhamatli tovarish Troskiy ila Lenin afandilar айблими?…. Musulmonlarni o‘zlari orasindan nedovolniy burjuaziya avtonomiyasi deb Petrogradga telegramm berilishiga sababchi bo‘lgan ehtiromli ulamoi jamiyatlari ayblimi?… Bizlarni bu o‘rinsiz taʼnalarimizga Xudovandoi Karimni qahri kelib bir juzʼiy falokatlar ila boshimizga Xo‘qand fojealaridan yomonroq falokat va balolarni yog‘dirmasa edi….

Keyingi yillarda, yaratilgan baʼzi adabiyotlarda bu boradagi qarashlarda ancha o‘zgarish kuzatiladi. Bunga o‘sha davrdagi ularga nisbatan bo‘lgan tazyiq oqibati, siyosiy vaziyat mahsuli sifatida qaramoq kerak. 20-yillarning o‘rtalaridan ziyolilarga, xususan jadidlarga munosabat o‘zgara boshladi. O‘tmishning har bir hodisasiga sinfiy-siyosiy yondashish kuchaydi. Fanda ham boshqa sohalar kabi soxtakorlik, tarixni inqilob va yangi tuzum manfaatlariga moslab yozish tamoyili paydo bo‘ldi. Shunga qaramay, shu davr mahalliy matbuot sahifalarida sovetlar tomonidan olib borgan mustamlakachilik siyosatiga doir berilgan birmuncha xolis baholarni uchratish mumkin. Jumladan, o‘sha davr kishisi M.Isayev bolsheviklarning mustamlakachilik ruhini yo‘qota olmaganliklari sababli Turkiston xalqi ularga nisbatan ishonchsizlik ko‘zi bilan qarayotganliklarini, Usmonxon tahallusidagi yana bir zamondosh bolsheviklarning beboshliklari haddan oshib ketganligi, ular oktyabr to‘ntarishidan so‘ng millatlar ustidan hokimlik o‘rnatmoqchi bo‘lib, zo‘rlik bilan ozodlikka olib chiqishga uringan va bu yo‘lda talov, nomussizliklarni amalga oshirganliklarini yozadi. Bunday qarashlar S.Shumskiy hamda A.Kuzminlarning maqolalarida ham o‘z ifodasini topgan.

Turkiston Muxtoriyatining siyosiy ahamiyati va uni bolsheviklar tomonidan bostirilishini o‘lkadagi yevropalik siyosiy arboblar qanday baholagan? Bu baho 1918 yilning 23 fevralida Toshkent sovetining ishchi, soldat va dehqon deputatlarining Qo‘qon voqealariga doir va sotsialistik armiya degan masalaga bag‘ishlangan yig‘ilishda o‘z aksini topgan. Unda bolsheviklarning Turkiston Muxtoriyatini bostirish ishi yakunlarini muhokama qilinib, turli mazmundagi nutqlar tinglandi. Yig‘ilishda internatsionalistlar fraksiyasi vakili, menshevik A.Vaynshteyn hamda Skobelev shahri hokimi sifatida faoliyat olib borgan V.D.Doriomedovlar bolsheviklarning Turkiston muxtoriyati bilan bog‘liq siyosatidagi kamchiliklarni ochiq oydin tanqid qilib chiqdilar. Mazkur yig‘ilishga majlisga raislik qilgan I.O.Tobolin esa internalistlar fraksiyasi tomonidan sotsialistik hukumatning Turkiston Muxtoriyati hukumatiga nisbatan shafqatsizligi to‘g‘risidagi tanqidlarga javoban kim kimni yengishi hal bo‘layotgan davrda shafqatsizlikning bo‘lishi tabiiy bir hol, – deb hisobladi. Bunday qarashlar boshqa yana bir qancha zamondoshlar xotiralarida ham o‘z ifodasini topgan.

Xulosa qilib aytganda, Turkiston muxtoriyatini vujudga kelishida bevosita ishtirok etgan va guvohi bo‘lgan zamondosh kishilarning mahalliy matbuot sahifalaridan o‘rin olgan maqolalari va asarlari mazkur harakatning asl tarixini yaratishda muhim ahamiyatga ega. Ularda mazkur harakat sovetlarning mustamlakachilik siyosati oqibatida kelib chiqqanligi, sovet hukumatini mahalliy aholi qo‘llab-quvvatlanmagani, aksincha, ular o‘lka taraqqiyparvarlari orqasidan borganligi, muxtoriyatni zo‘rlik bilan tugatilishi esa bolsheviklarga qarshi harakatlarni paydo bo‘lishiga olib kelganligi haqidagi umumiy qarashlar o‘rin olgan. Turkiston muxtoriyati tarixining asl manzarasini aks ettiruvchi mazkur manbalar esa uzoq yillar davomida ilmiy isteʼmolga kiritilmadi.

Salima MADYAROVA t.f.n.,
O‘zR FA Tarix instituti

O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyatining o‘rni va roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari,
2017 yil 12 oktyabr

https://shosh.uz/uz/turkiston-muxtoriyati-zamondoshlar-qarashlarida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x