Turk sultoni, rus imperatori va Buyuk Britaniya bosh vaziri bilan ko‘rishgan toshkentlik qozi


Post Views:
526

Tariximizda biz bilmagan qozilardan yana biri Said Yoqubxon to‘ra Said Nizomiddin o‘g‘lidir. Said Yoqubxon to‘ra 1823 yilda Toshkentda tug‘ilgan, avval madrasada mudarris, keyin qozi va qozi-ul quzzot (qozilarning rahbari, Oliy sud’ya degan ma’nolarni bildiradi) lavozimlarida ishlagan, naqib unvoniga ega bo‘lgan. Said Yoqubxon to‘ra Qo‘qon xonligi va Yoqubbek Badavlatning “Ettishahar” davlati tarixida muhim o‘ringa ega shaxs hisoblanadi.

Qo‘qon xonligi tarixida elchilikka tayinlangan nufuzli shaxslar, diniy ilm egalari ko‘plab uchraydi. Shu jumladan, dastlab Said Yoqubxon to‘ra 1858 yili Qo‘qon xoni Mallaxonning turk sultoniga yuborilgan Mirzajon Afandi elchiligida kotib lavozimida Istambulda bo‘lganligi usmonli arxivlarda bayon etilgan.

1864 yil kuzida Qo‘qon xonligining nufuzli shaxslaridan biriga aylangan Said Yoqubxon to‘ra Qo‘qon xonligi amirlashkari Mullo Aliqulining turk sultoniga yuborgan elchiligiga rahbar sifati tayinlanadi hamda 1865 yil aprel oylarida Xiva, Eron orqali Istambulga yetib keladi. Toshkentning ruslar tomonidan 1865 yilda bosib olinishi va Qo‘qon xonligidagi vaziyat chigallashishi natijasida Said Yoqubxon to‘ra Istambulda 2 yilga yaqin qolib ketadi, 1867 yilda Orenburg orqali Qo‘qonga qaytib keladi.

Usmonli arxivining 1868 yilgi hujjatlari ichida “Qozikalon Sayid Yoqubxon Said Nizomiddin o‘g‘li” muhri bosilgan arznoma mavjud bo‘lib, mazkur hujjatda Said Yoqubxon to‘ra Qo‘qon xoni Xudoyorxon va Qashqar hukmdori Yoqubbek Badavlatlarga bosqinchilarga qarshi kurashda yordam berish so‘ralgan, usmonli arxividagi boshqa hujjatda esa Qo‘qon xonligiga yuborilgan kiyim va qurol – aslahalar uchun usmonli g‘aznasidan mablag‘ ajratilganligini ko‘rish mumkin.

1869 yilda Said Yoqubxon to‘ra usmonli turk imperiyasi bosh vaziri Mehmed Rushdu poshshoning qabulida bo‘ladi, Yoqubbek Badavlatning Sharqiy Turkistondagi muvaffaqiyatlari haqida so‘zlab beradi hamda usmonli turk imperiyasining Yoqubbek Badavlatning “Ettishahar” davlatiga qiziqishini uyg‘otadi. Natijada vaziyatni o‘rganish uchun usmonli g‘aznasidan ajratilgan mablag‘ evaziga Said Yoqubxon to‘ra Misr, Hindiston orqali Qashqarga yuboriladi. O‘rni kelganda aytib o‘tish joizki, Said Yoqubxon to‘ra Yoqubbek Badavlatning uzoqroq qarindoshi bo‘ladi.

Yoqubbek Badavlatning 1872 yilgi hamda 1875 yilgi usmonli turk imperiyasiga yuborilgan elchiliklariga ham Said Yoqubxon to‘ra rahbarlik qiladi. 1875 yilgi elchilik yakunida Said Yoqubxon to‘ra Qashqarga Sankt – Peterburg orqali qaytadi. Natijada 1876 yilda u Rossiya imperatori Aleksandr II, harbiy vazir D. Milyutin bilan hamsuhbat bo‘ladi.

1877 yilda Qashqardagi harbiy – siyosiy vaziyat og‘irlashadi, natijada muammoni diplomatik yo‘llar bilan uchun Yoqubbek Badavlatning topshirig‘iga ko‘ra, Said Yoqubxon to‘ra Hindiston, Istanbul orqali Londonga qarab yo‘lga chiqadi.

Xuddi o‘sha paytda Xitoy tashqi ishlar rezidenti Kuo Sung tao (ingliz manbalarida Kuo tsung tao) ham Londonga keladi. Natijada Said Yoqubxon to‘raning ingliz hukumati yordamida Xitoy qo‘shinining Sharqiy Turkistonga bostirib kirishini oldini olish bo‘yicha muzokaralar boshlashiga imkoniyat tug‘iladi. Londonda Said Yoqubxon to‘ra ser Duglas Forsayt va ser Tomas Uaydlar ko‘magida Buyuk Britaniya siyosiy elitasi bilan muzokaralar olib boradi. Jumladan, kelgusida 3 marotaba bosh vazir, 4 marotaba tashqi ishlar vaziri lavozimda ishlaydigan Robert Solsberi (o‘sha vaqtda Forin Ofisda Hindiston masalalariga mas’ul) bilan ko‘rishadi.

Muzokaralar 1877 yil 23 mayida boshlanadi. Said Yoqubxon to‘ra o‘zining shaxsiy fazilatlari, chuqur bilimi va diplomatik tajribasi tufayli, muzokaralarga muvaffaqiyatlarga erishadi. Biroq, ser Tomas Uayd (o‘sha davrdagi Angliyaning Pekindagi mas’uli) qo‘llab-quvvatlovi va kafilligi ostida boshlangan ikki tomonlama hamda to‘g‘ridan – to‘g‘ri muzokaralar Xitoy qo‘shinlari “Ettishahar” davlatiga bostirib kirib, Turfon shahrini 16 may kuni bosib olganligi, Yoqubbek Badavlatning 1877 yil 25 may kuni vafot etganligi to‘g‘risida 1877 yil 16 iyul kuni xabar kelgandan so‘ng to‘xtatiladi.

Shunday qilib, Said Yoqubxon to‘raning so‘nggi elchiligi o‘z nihoyasiga yetadi. Said Yoqubxon to‘raning keyinchalik Kashmirda yashaganligi haqida ayrim rus manbalarida ma’lumotlar mavjud.

Xulosa qilib aytish mumkinki, aslida qozi bo‘lsa ham, yurti uchun og‘ir vaziyatlarda Said Yoqubxon to‘ra diplomatik faoliyatda katta muvaffaqiyatlarga erishgan, uning shaxsiy fazilatlari esa o‘sha davrning ko‘pchilikning (N. P. Ignat’ev, D. Milyutin, D. Forsayt va boshqalar) e’tirofiga sabab bo‘lgan hamda Said Yoqubxon to‘raning hayoti hali chuqur o‘rganishlarni talab etadi.

Mirkomil Mirmaqsudov,
O‘zbekiston tumanlararo iqtisodiy sudi raisi

https://shosh.uz/uz/turk-sultoni-rus-imperatori-va-buyuk-britaniya-bosh-vaziri-bilan-kurishgan-qozi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x