Turdi Farogʻiyning “Yod mandin kim berur…” muxammasi haqida

Yod mandin kim berur: yaxshi zamonlar koʻrdiman,

Rind sarxayli-yu[1] xush ayshi damo-dam surdiman,

Halqayi ushshoqda[2] bazm-u majolis qurdiman,

Mushti xokam[3] davr-u davronlar(ni lekin) koʻrdiman,

Xush dimogʻ etgan mayi sofi – hariflar[4], durdiman[5].

 

Qilmadim shukronayi, soldurdi tufroq oshima,

Qolmadi juz[6] dard-u gʻam hamdam, musohib[7] qoshima,

Haq oʻzi rahm aylagʻay ohi sahar koʻz yoshima,

Tafriqa toshini yogʻdurdi zamona boshima,

Xonumon ovora selobi havodis[8] surdiman.

 

Nozili[9] hukmi qazo hech kim rad-u manʼ etmadi,

Barcha boʻyniga solan bu rishtani qatʼ[10] etmadi,

Ahli hole topmadim boshdin balo dafʼ etmadi,

Kulfat-u gʻurbatni turluk sunnati rafʼ etmadi[11],

Xor-u beqadramki mundin ortinib, jabrandiman.

 

Voqife yoʻq[12], bu musofirligʻda mandin ne oʻtar,

Baski yuz koʻyi bila roʻzi[13] kelib, roʻzi ketar,

Oʻzmagʻay mundin balo-yu boʻlmagay mundin batar,

Aqrabolar suhbatimdin or etar, qoshin chatar,

Salb dillarda[14], nazarlarda karih[15] siprindiman.

 

Yaxshi vaqtlar yod etib, (undin ketib, mundin qolib),

Harza[16] tifli[17] ashkdek[18] ayni nazarlardin solib,

Nosara dirham sifatliq rad qilib, qoʻlga olib,

Dasta farsuda[19], yuzi qaytib, oyoqlarda qolib,

Koʻhna tigʻi tah-batah gʻam zangi tutgʻon kundiman[20].

 

Oh, bu umri kiromi[21] sarfi gʻaflat ayladim,

Gʻussayi behuda asbobi nadomat ayladim,

Bilmadim oʻz aybimi, xalqqa mazammat[22] ayladim.

Shukr shahdin bilmadim, kufroni neʼmat ayladim,

Zaxmi nishi roʻzgor ahlini talx-u tundiman[23].

 

Hukm jori2[24], soʻz qabuli, bir dun dargoʻsh[25] edim,

Ahli davlatlar bilan yor-u harif, hamdoʻsh[26] edim,

Hoy-hoyi bazmlarda shahd noʻsho-noʻsh[27] edim,

Xush zamonlar yuz qazoni boshida sarpoʻsh[28] edim,

Bu zamon yavgʻon qozon ostida qolgʻon yundiman[29].

 

Charxi dun[30] qildi manga javr-u jafolar behisob,

Gardishi davron berur har lahza yuz ming pech-u tob,

Har sori yeldim-yugurdim suv sonib mavji sarob,

Tashna lab, gardi kudurat[31] zeri poyinda[32] xarob,

Bahri davlatdin yiroq gardanshikasta[33] moʻndiman.

 

Kasrati[34] yoʻqluq, tamaʼ kettirdi qadr-u qiymatim,

Yuz sarigʻliq yerga urdi obroʻ-yu izzatim.

Gʻayrdin izhori matlab ayladi dun fitratim[35],

Aql zoyil[36], umr kam, besh oʻldi dard-u mehnatim,

Davlat urgan pushti po, baxti (qaro suprindiman).

 

Man kimam, gumnom-u[37] nokom-u[38] jahon ovorayi,

Diyda namnok-u[39] giribon chok-u[40] bagʻri porayi,

Noqabuli marhami, nosur[41] bitmas yorayi,

Bekasi, mushti xasi, bir bandayi bechorayi,

Sobiram, roʻzi qazo, tiyri balogʻa[42] koʻndiman.

 

Xeshman, darvish miskin, mustahiq[43] devonadin,

Bahramand et iltifot-u himmati mardonadin,

San turub loyiqmidur, qilmoq tamaʼ begonadin,

Qiblagoho, mandin ikroh[44] etma er mayxonadin,

Joʻsh pur xum sof maysan, man gʻubor-u durdiman.

 

Yuz farozidin[45] ozib, tushdum nishibi[46] qirqqa,

Xavf-u biym-u vahm arosinda qaribi[47] qirqqa,

Dona[48] deb pobast[49] oʻlub, domi[50] firibi qirqqa,

Voy, yuz ming voy, yuz boʻldim firibi qirqqa,

Hokimi Dizzax[51] mutiʼu payravi jurqundiman[52].

 

Turdi ijodida uning muxammaslari alohida mavqega ega. Tanqidiy-satirik yoʻnalishiga qaramasdan, ularda avtobiografik unsurlar ham oz emas. U zamonasida sodir boʻlayotgan hodisalarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan va kuzatayotgan kishi timsolida namoyon boʻladi.

 

Yod mandin kim berur: yaxshi zamonlar koʻrdiman,

Rind sarxayli-yu xush ayshi damo-dam surdiman,

Halqayi ushshoqda bazm-u majolis qurdiman,

Mushti xokam davr-u davronlar(ni lekin) koʻrdiman,

Xush dimogʻ etgan mayi sofi – hariflar, durdiman.

 

U toʻgʻridan toʻgʻri: “… yaxshi zamonlar koʻrdiman”, – deb taʼkidlaydi. Ayni paytda, “rindlarning sarxayli”, “xush aysh”larni “damo-dam” (muntazam, uzluksiz) koʻrganligi bilan faxr-u iftixor ham etadi. Oʻziga mehr koʻrsatganlarning davrasida “bazm-u majlis qurgan”ligini ham taʼkidlaydi.

Eʼtibor berilsa, Turdining tavsifidagi hayot oʻtgan zamon bilan aloqadorligini his etish mumkin. Turdining tili xalqona, oʻtkir, shuning uchun taʼsirchan hamdir. U qiynalib ketdim demaydi, balki: “Oshimga tufroq soldirdi”, – deydi. Tushkunlikka tushgan, qiyinchiliklar girdobida yashayotgan shaxs fojiasining tasviri navbatdagi baytning asosiy mohiyatini tashkil etadi:

 

Qilmadim shukronayi, soldurdi tufroq oshima,

Qolmadi juz dard-u gʻam hamdam, musohib qoshima,

Haq oʻzi rahm aylagʻay ohi sahar koʻz yoshima,

Tafriqa toshini yogʻdurdi zamona boshima,

Xonumon ovora selobi havodis surdiman.

 

Turdi oʻz zamonasining kishisi sifatida bularning barchasini taqdir hukmi deb biladi. Ayni paytda, bularning barchasini oʻzgartirishi mumkin boʻlgan kishilarning mavjudligini ham inkor etmaydi. Faqat bu toifadagilarning istaklari boshqacharoq ekanligidan afsuslanadi:

 

Nozili hukmi qazo hech kim rad-u manʼ etmadi,

Barcha boʻyniga solan bu rishtani qatʼ etmadi,

Ahli hole topmadim boshdin balo dafʼ etmadi,

Kulfat-u gʻurbatni turluk sunnati rafʼ etmadi,

Xor-u beqadramki mundin ortinib jabrandiman.

 

Turdi mazkur sheʼrni yozilayotgan paytda oʻz tugʻilgan joyida emas, boshqa oʻlkalarda yashashga majbur boʻlgan. Kunlarning qiyinligini, vaziyatning ogʻirligini “boʻlmagay mundin batar” ifodasi koʻrsatib turibdi.

 

Voqife yoʻq, bu musofirligʻda mandin ne oʻtar,

Baski yuz koʻyi bila roʻzi kelib, roʻzi ketar, 163

Oʻzmagʻay mundin balo-yu boʻlmagay mundin batar,

Aqrabolar suhbatimdin or etar, qoshin chatar,

Salb dillarda, nazarlarda karih siprindiman.

 

“Yaxshi vaqtlar yod”i Turdini bezovta qiladi:

 

Yaxshi vaqtlar yod etib, (undin ketib, mundin qolib),

Harza tifli ashkdek ayni nazarlardin solib,

Nosara dirham sifatliq rad qilib, qoʻlga olib,

Dasta farsuda, yuzi qaytib, oyoqlarda qolib,

Koʻhna tigʻi tah-batah gʻam zangi tutgʻon kundiman.

 

Koʻrinib turganidek, “tifli ashk” – koʻz yoshining eng kichik boʻlagi singari nazarlardan qolmoq inson uchun mazza emas. Bu holat amaliyot uchun yaroqsiz holatga kelib qolgan tanga pulga oʻxshaydi. Hech kimga kerakli joyi qolmagan kunda ham mana shu oʻxshatishlardan birini tashkil etadi.

Lirik qahramon oʻz umrining shunday oʻtayotganidan rozi emas. Uning nazarida, “umri kiromi” gʻaflatdagilargagina sarf boʻlib ketmoqda. “Gʻussayi behuda” afsus va nadomatlar bilan toʻlib-toshmoqda. Bularning barchasi band yakunidagi “Zaxmi nishi roʻzgor ahlini talx-u tundiman” degan xulosa uchun asos boʻlmoqda:

 

Oh, bu umri kiromi sarfi gʻaflat ayladim,

Gʻussayi behuda asbobi nadomat ayladim,

Bilmadim oʻz aybimi, xalqqa mazammat ayladim.

Shukr shahdin bilmadim, kufroni neʼmat ayladim,

Zaxmi nishi roʻzgor ahlini talx-u tundiman.

 

Xotiralar qaʼriga kirgan sari alam va iztiroblar shiddati ham zoʻrayib, kuch olib boraveradi. Kechagi imkon va imtiyoz hamda bugungi imkonsizlik va mavhumiyat sheʼrxon koʻz oldida qiyoslab beriladi:

 

Hukm jori, soʻz qabuli, bir dun dargoʻsh edim,

Ahli davlatlar bilan yor-u harif, hamdoʻsh edim,

Hoy-hoyi bazmlarda shahd noʻsho-noʻsh edim,

Xush zamonlar yuz qazoni boshida sarpoʻsh edim,

Bu zamon yavgʻon qozon ostida qolgʻon yundiman.

 

Keyingi bandda lirik qahramon iztiroblarining manbalarini kashf etish davom etadi. Ular orasida “charxi dun”, “gardishi davron”, shuningdek, taqdirning buqalamunliklari ajralib turadi. Bularning oqibati – ruhiy-maʼnaviy iztiroblar ham shu banddan oʻrin olgan:

 

Charxi dun qildi manga javr-u jafolar behisob,

Gardishi davron berur har lahza yuz ming pech-u tob,

Har sori yeldim-yugurdim suv sonib mavji sarob,

Tashna lab, gardi kudurat zeri poyinda xarob,

Bahri davlatdin yiroq gardanshikasta moʻndiman.

 

Bunday balo-yu qazolarning shoir shaxsiyatiga taʼsiri, bu fojialar mohiyatini tasvirlash, kitobxon koʻz oldida yanada yaqqolroq gavdalantirib berishga intilish davom etadi:

 

Kasrati yoʻqluq, tamaʼ kettirdi qadr-u qiymatim,

Yuz sarigʻliq yerga urdi obroʻ-yu izzatim.

Gʻayrdin izhori matlab ayladi dun fitratim,

Aql zoyil, umr kam, besh oʻldi dard-u mehnatim,

Davlat urgan pushti po, baxti (qaro suprindiman).

 

Fojia jarayonlarining inkishofi, ularning aniqroq va kuchliroq tavsif va tasviri uchun yana yangi ranglar izlanadi. Bunda shaxs qiyofasida, ruhiyatida sodir boʻlayotgan oʻzgarishlarga eʼtibor tortiladi:

 

Man kimam, gumnom-u nokom-u jahon ovorayi,

Diyda namnok-u giribon chok-u bagʻri porayi,

Noqabuli marhami, nosur bitmas yorayi,

Bekasi, mushti xasi, bir bandayi bechorayi,

Sobiram, roʻzi qazo, tiyri balogʻa koʻndiman.

 

Navbatdagi band Turdining iltijolari bilan boshlanadi. Aslida, uni Yaratganga murojaat deb izohlash ham mumkin:

 

Xeshman, darvish miskin, mustahiq devonadin,

Bahramand et iltifot-u himmati mardonadin,

San turub loyiqmidur, qilmoq tamaʼ begonadin,

Qiblagoho, mandin ikroh etma er mayxonadin,

Joʻsh pur xum sof maysan, man gʻubor-u durdiman.

 

Yakunlovchi bandda hodisalarning sababi, asl mohiyati ochilgandek boʻladi. Bu mojarolarning ostida Qirq urugʻining boshliqlari turganligi ravshanlashadi.

 

Yuz farozidin ozib, tushdum nishibi qirqqa,

Xavf-u biym-u vahm arosinda qaribi qirqqa,

Dona deb pobast oʻlub, domi firibi qirqqa,

Voy, yuz ming voy, yuz boʻldim firibi qirqqa,

Hokimi Dizzax mutiʼu payravi jurqundiman.

 

Aytish kerakki, Turdi yashagan davrda ijtimoiy hayotdagi vaziyat nihoyatda ogʻir, inson uchun nomunosib va nomuvofiq edi. Uning qalbini larzaga solgan narsa shu ediki, bundan nomunosib hayot tarzining sababchisi ham begonalar emas, ayni bir millatga mansub boʻlgan jamiyat aʼzolarining oʻzaro noittifoqligi, boshliqlarning manmanligi-yu, koʻpchilikning boshini birlashtirishdek ulugʻ va moʻtabar ishga noqobilligi edi.

 

“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.

 


[1]  R i n d  s a r x a y l i – rindlar sardori; mayparastlar davraboshisi.

[2]  H a l q a y i  u sh sh o q – oshiqlar halqasi.

[3]  M u sh t i  x o k a m – bir siqim tuproqman.

[4]  H a r i f – doʻst, ulfat.

[5]  D u r d – quyqa.

[6]  J u z – boʻlak, boshqa.

[7]  M u s o h i b – suhbatdosh.

[8]  H a v o d i s – hodisalar.

[9]  N o z i l – tushirilgan, yuborilgan.

[10]  Q a t ʼ  e t m a d i – kesmadi.

[11]  R a f ʼ  e t m a d i – oʻrtadan koʻtarmadi, yoʻqotmadi.

[12]  Vo q i f e  y oʻ q – xabardor yoʻq.

[13]  R oʻ z – kunduz.

[14]  S a l b d i l – dildan tongan, inkor etgan.

[15]  K a r i h – jirkanch.

[16]  H a r z a – behuda.

[17]  T i f l – bola.

[18]  A sh k – koʻz yosh.

[19]  F a r s u d a – eskirgan; horgʻin.

[20]  K u n d – oʻtmas.

[21]  K i r o m – aziz.

[22]  M a z a m m a t – yomonlash, tergash, uyaltirish.

[23]  Ta l x – u  t u n d i – achchiq.

[24]  J o r i – joriy; yuruvchi, oʻtuvchi.

[25]  D a r g oʻ sh – quloqda.

[26]  H a m d oʻ sh – yelkadosh.

[27]  N oʻ sh o – n oʻ sh – ichho-ich.

[28]  S a r p oʻ sh – qopqoq.

[29]  Yu n d i – yuvindi.

[30]  Ch a r x i  d u n – teskari, tuban dunyo.

[31]  K u d u r a t – gʻam.

[32]  Z e r i p o y – oyoq osti.

[33]  G a r d a n sh i k a s t a – boʻyni egik.

[34]  K a s r a t – moʻllik.

[35]  F i t r a t – tugʻma tabiat.

[36]  Z o y i l – soʻnish.

[37]  G u m n o m – nom-nishonsiz.

[38]  N o k o m – nochor, baxtsiz.

[39]  D i y d a  n a m n o k – koʻzi yoshli.

[40]  G i r i b o n  ch o k – yoqasi vayron.

[41]  N o s u r – bitmaydigan yara.

[42]  T i y r i  b a l o – baloning oʻqi. 

[43]  M u s t a h i q – loyiq.

[44]  I k r o h – jirkanish.

[45]  F a r o z – balandlik.

[46]  N i sh i b – pastlik.

[47]  Q a r i b – yaqin.

[48]  D o n a – don, yemish.

[49]  P o b a s t – oyogʻi bogʻlanmoq.

[50]  D o m – tuzoq.

[51]  D i z z a x – Jizzax.

[52]  J u r q u n d i – anqov, lallaygan; gunohkor.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/turdi-farogiyning-yod-mandin-kim-berur-muxammasi-haqida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x