Toshkentnoma. Kirish. Har bir so‘zda yashirin tarix


Post Views:
925

Toshkent o‘zining 2200 yillik tarixi davomida o‘z o‘rnini bir necha marta o‘zgartirib, har safar yangi-yangi nomlar qoldirgan. Uning daha, darvoza, mahalla va ko‘chalariga berilgan nomlar ma’lum ma’nolarini ifoda etadi. Mahalla va mavzelarining ko‘pi ayniqsa, darvozalari allaqachon yo‘qolib ketgan. Ammo ular tarix uchun, fan uchun yo‘qolgan emas. Ular xalqimiz tarixini o‘rganishda bebaho xazinadir.

Ko‘chalar, ariqlar, maydonlarning nomlarida turli lingvistik qatlamlar namoyon bo‘lgan – sug‘d, turk, arab, eron nomlari bor. Bularning hammasi tarix! Taniqli rus olimi N.I.Nadejdin «Yer – bu toponimlar yordamida insoniyat tarixi bitilgan kitobdir», — degan edi.

Qo‘yilgan savolning asl ma’nosini tasavvur qilish uchun gapni o‘zimizning Chirchiq vohasi tarixidan boshlasak. Bobur o‘zining «Boburnoma» nomli asarida bu daryoni Chir-suy deb tilga olgan. Sir-chiq, ya’ni Kichik Sir (Kichik daryo) deb izohlash mumkin.

Zardushtiylarning qadimiy va muqaddas kitobi «Avesto»da Sirdaryo havzasidagi mamlakat «Turon», aholisi esa «turlar» deb yuritilgan bo‘lsa, Sosoniylar shohi Shopurning Zardushtiylar ka’basidagi 262 yildagi qoyatosh yozmalarida Chirchiq vohasi Choch nomi bilan atalganligi eslab o‘tiladi.

Eramizdan avvalgi II asrlarda va eramizning boshlarida u eng boy suv resurslariga, yer osti boyliklariga, yaylov va ekin maydonlariga boy bo‘lgan eramizgacha bo‘lgan III va eramizning IV asrlarida Qanqa va Qushon davlatlariga qarar edi. Choch vohasida joylashgan Qanqa yodgorligi bilan bir qatorda zamonaviy Toshkent ham o‘z tarixini 2200 yil oldin boshlagan. Bu ma’lumotlarlar 2000-2002 yillarda Toshkentning shahar madaniyatini arxeologik jihatdan o‘rganish natijasida aniqlandi. Bu yillarda Jun kanali bo‘yidagi Shoshtepa yodgorligidan qo‘lga kiritilgan yangi ilmiy ma’lumotlar qadimda Sirdaryoning qurib borayotgan quyi qismlaridan aholining Toshkent vohasiga ko‘chib kelishini isbotlab berdi. Toshkent vohasida miloddan oldingi IX-VII asrlardan beri istiqomat qilib kelgan o‘troq dehqonlar madaniyatining Sirdaryo hududlaridan kelgan aholining shaharsozlik madaniyati aralashuvi natijasida milloddan oldingi II asrda Chochning ilk shaharlari – Qanqa va Shoshtepa paydo bo‘ldi.

Shahrimizning Chilonzor tumanida Erkin, Yunusobod tumanida Shibli, Uchtepa tumanida Qa’ni shuningdek, Sebzor dahasi ro‘yxatlarida Qang‘li ko‘cha kabi mahalla va turarjoy nomlari uchraydi.

Turkiy xalqlar bir guruh qabilalar uyushmasining umumiy nomi qang‘li deb atalgan. Ular miloddan avvalgi III asrlarda Sirdaryo bo‘ylarida yirik Qang‘ davlatini barpo qilganlar. Aholisini esa qang‘lilar deb atashgan. Hozirga Oqqo‘rg‘on tumani hududida miloddan avvalgi III milodning XII asr boshiga oid shahar xarobasi Qang‘tepa deb ataladi. Qadimgi Xitoy yozma manbalarida Qanqa, Qang‘yuy, Xarashkat nomlarida kelgan Qang‘ davlatining poytaxti bo‘lgan. O‘rta asrlarda Xarashkat shahri Choch viloyatida Binkat (Toshkent)dan keyin ikkinchi shahar hisoblangan.

20 ga yaqin qabilalar uyushmasida Qang‘li, Qa’ni kabi yirik qabilalar Chipli, Irkin kabi urug‘lar hozirgi Toshkent shahri hududida yashagan. Vaqtlar o‘tishi bilan Chipli-Shibli, Irkin-Erkin ko‘rinishini olgan.

Keyinchalik (VI—VII asrlarda) Choch g‘arbiy turk hoqonligi tarkibiga, so‘ngra arab xalifaligi tarkibiga kirgan. Tabiiyki, bu o‘zgarishlar nafaqat iqtisodiy hayotga, balki atamalarga, tilga, ma’naviyat va madaniyatga bevosita ta’sir etgan.

2200 yildan ortiqroq tarixga ega bo‘lgan Toshkent shahrining bizgacha yetib kelgan yozma manbalariga to‘xtalsak: Beruniy o‘zining «Hindiston» nomli asarida Toshkent nomining kelib chiqishi haqida so‘z yuritib, «tosh» so‘zi turkcha bo‘lib, «shosh» ko‘rinishini olgan. «Toshkent – toshli qishloq demakdir», — deb izohlaydi. U vohaning nomiga ham to‘xtalib, uni poytaxt nomi Shosh (arab.—ilgarigi Choch) bilan ham bog‘laydi. Shahar tarixini o‘rganuvchi olimlar shu fikrni o‘zlariga asos qilib olganlar. Joy nomlarining aksariyati ko‘hna tarixning mahsuli bo‘lib, bu nomlarning paydo bo‘lishi, yaratilishi, nomlanish sabablari haqida xalq orasida ko‘plab afsona va rivoyatlar, xayoliy talqinlar yaratilgan. Xalq orasidagi rivoyatlardan biri, shaharni qo‘l ostiga olgan bahodir Tosh nomi bilan bog‘laydi. Ko‘pincha afsona va rivoyatlar mazmunida ratsional ma’no va xalq fantaziyasining real asoslari yotadi. Toshkent haqidagi dastlabki ma’lumotlar miloddan avvalgi II asr – milodning V asrlariga mansub Xitoy manbalarida ham uchraydi. Ularda Toshkent viloyati qadimda «Shi» deb ham nomlangan. «Choch» so‘zining xitoycha talaffuz etilishi natijasida hosil bo‘lib, «Shi» toponimi xitoychada «Tosh» ma’nosini anglatgan.

Turkiylar so‘g‘d hokimlari o‘rniga turk a’yonlarini qo‘yganlar. Choch vohasi hokimi Tosh deb atalgan (xitoy transkripsiyasida Shi). Afsonada so‘g‘d eli yerlik hokimining o‘limi tasvirlangan bo‘lib, Dele ismli turkiy bilan almashtirilgani va u o‘zini Tosh deb atagani hikoya qilinib, «Toshning shahri», ya’ni «Toshkent», xitoy yilnomalarda esa «Xan-Chje-Shi» deb yuritilgan. Shu atamalarning o‘zida turlicha bo‘lgan so‘zlar – kent (fors tilida) va tosh (turukiycha) so‘zlar borligini ko‘ramiz. Kent so‘zi “shahar”, “qishloq” degan ma’noni bildirishni bundan 1000 yillar burun Narshaxiy, Beruniy, Mahmud Qashg‘ariy asarlarida qayd etib o‘tilgan edi. Bu so‘z juda qadimiy so‘z bo‘lib, qand, kent, kat, kan ko‘rinishlarida uchraydi. Samarqand, Parkent, Pskent kabilar. Bu terminlar kelib chiqishi haqida professor V.V.Bartold – bu so‘z Eroniylardan Turkiy xalqlarga o‘tgan bo‘lib shahar, qishloq degan ma’noni bildirishini asarlarida aytib o‘tgan edi.

Shahardagi nomlar turli davrlar mahsulidir. Asrlar osha “xiralashgan”, “g‘ubor bosgan” qadimiy nomlardan biri Afrosiyobdir. Shahrimizdagi Mingo‘rik tepaligi XIX asr oxirlarigacha shaharliklar orasida Afrosiyob tepaligi nomi bilan mashhur bo‘lgan. Shuningdek, Chig‘atoy mahallasidagi qadimgi Jarariq bo‘yida ham Afrosiyob tepaligi bo‘lgan. Bu tepaliklar Turon mamlakatining qadimiy afsonaviy shohi Afrosiyob (turkiy ismi Alp Er To‘nga) nomi bilan atalgan degan rivoyatlar yurardi. Jarariq bo‘yidagi Afrosiyob tepaligini Shoh nishin – “Podsho o‘tiradigan joy”, “taxt” deb ham ataganlar.
Yusuf Xos Xojib “Qutadg‘u bilig” nomli asarida Alp Er To‘nga degan nomni ham quyidagi misralarda tilga oladi:

Turk beglari orasida oti belgilig,
To‘nga Alp Er edi, quti belgilik.
Bilimi buyuk, hunar(lar)i talay,
Bilimli, zakovatli, xalq orasida sarasi.

Shuningdek, uning tojiklar orasida Afrosiyob degan nom bilan shuhrat qozonganini ham aytib o‘tadi. Bundan ma’lum bo‘lishicha, Afrosiyobning asl nomi Alb Er To‘nga bo‘lgan degan xulosaga ham kelish mumkin.

Turkiy xalqlarning bu qahramoni haqida Mahmud Qoshg‘ariy “Devonu lug‘otit-turk” nomli kitobida Afrosiyobning qizi Qaz Kazvin shahrini qurganligi, shuningdek, uning eri Siyovushning o‘ldirganligi haqida ma’lumot berib o‘tadi.

Poytaxtimizning nomi qadimiy xitoy yilnomalarida II asrda tilga olinganligi ma’lum. Ungacha Yuni deb nomlanganligi (bu nom ma’nosi aniqlanmagan) qayd qilingan. VI-VII asrlarda Shosh o‘zining ark va shahristoniga ega rivojlangan yirik shahar bo‘lgan (mahalliy aholi o‘rtasida uning qoldiqlari Afrosiyob tepaliklari nomi bilan mashhur bo‘lgan).

IX asrga kelib, avvalgi o‘rnidan 4—5 km shimoli-g‘arbroqda yangi shahar vujudga keldi. Bu yangi shahar arab manbalarida Binkat deb tilga olindi. Mahmud Qoshg‘ariy asarlarida Binkat «Tarkan» shaklida ham uchraydi. Yozma manbalar va arxeologik tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, Binkat shaharning Sebzor, Ko‘kcha va Beshyog‘och hududlarida, aniqrog‘i Xadra, Eskijo‘va va Chorsu mahallalari oralig‘ida joylashgan. Shahar arki alohida devor bilan o‘ralib, 2 ta darvozasi bo‘lgan, biridan rabodga, ikkinchisidan shahristonga chiqilgan. Ark ichida hokim saroyi, zarbxona va qamoqxona joylashgan bo‘lib, ark devoriga tashqaridan jome masjidi tutashgan. Shahriston arkka qaraganda katta hududni egallab, u ham devor bilan o‘ralgan. Shahristonning Abul Abbos, Gumbaz, Qasr nomli uchta darvozasi bo‘lgan. Darvozalardan biri hozirgi Abror Hidoyatov nomli teatr binosi oldida joylashgan. Shahristonda hunarmandlarning mahallalari, amirlikning qarorgohlari, mulkdorlarning ko‘shk va qo‘rg‘onlari, savdo do‘konlari bo‘lgan. Shahristonning Gulbozor mahallasida butun Turkiston va Xurosonda piri murshidlardan biri darajasiga ko‘tarilgan, nomi butun islom dunyosida ulug‘langan Xoja Ahror Valiy hazratlari tomonidan jome masjid va madrasasi qurdirilgan (XV asr). Shahristonning janubiy-g‘arbida keyinchalik Ko‘kaldosh madrasasi qurilgan.

Shaharning asosini XIX asrga qadar Ko‘kcha, Sebzor, Beshyog‘och va Shayxontohur dahalari tashkil qilgan. Dahalarning nomlari esa shu hududlarga xos bo‘lgan xarakterli tomonlarini bildiradi.
Har bir daha ko‘plab mahallalardan tashkil topgan bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan ularning soni ham o‘zgarib turgan. Masalan, ularning soni XVIII asrda 150 ta bo‘lgan bo‘lsa, XIX asrda 200 tagacha, XX asr boshlarida esa 250 taga yetgan.

Mahallaning shahar atrofidagi yerlari mavze deb atalgan. Har bir mahalla o‘zicha uyushgan va ichki hayoti mustaqil bo‘lgan. Uning o‘z oqsoqoli, masjidi bo‘lib shu mahalla aholisining to‘planib munozarali masalalarni bafurja hal qiladigan choyxonasi ham bo‘lgan. Har bir mahallaning nomlanishi o‘sha joylarning xarakteriga xos va kasbi koriga mos bo‘lgan.

Shahar tarixining ilk davrlarida sug‘orish oson bo‘lgan yerlarda yangi mahallalar vujudga kela boshlagan. Shahar atrofidagi dehqonchilikka yaroqli yerlarning umumiyligi va birgalikda mehnat qilish sharoiti mazkur yerlardagi aholini birlashtirgan hamda ularini muayyan jamoaga aylantirgan.

N.G.Mallitskiy o‘zining “Toshkent mahalla va mavzelari” nomli asarida Toshkentning 260 ta mahallasining va 170 ta mavze mukammal ro‘yxatini keltirgan. Aniqroq bo‘lishi uchun biz ham ushbu ro‘yxatni to‘laligicha kichik tuzatishlar bilan qayd etishni lozim topdik. Kitobda tarixiy va madaniy ahamiyatga molik ayrim mahalla va mavzelarning nomlanish tarixini yoritishga harakat qildik.

Biz quyida tarixiy va madaniy ahamiyatga molik bo‘lgan:
– Toshkent daha va mahallalari,
– Toshkent suv tarmoqlari,
– Toshkent bozorlari,
– Toshkent obidalari,
– Toshkent hududida o‘tmishda yashagan va hozirda istiqomat qiluvchi ba’zi elatlar,
– Xalq o‘tmishining turli tarixiy bosqichlari,
– O‘zbek xalqining urug‘ va qabilalarining o‘tmish davrlardagi ko‘chishi (migratsiya) jarayonlarini ifoda qiluvchi toponimlar haqida qisqacha ma’lumot berishga harakat qilamiz.

Ma’lumot uchun: Toponimika o‘zi nima? Toponimika – geografik nomlarning etimologik ma’nosini o‘rganadigan fan bo‘lib, mahalla, ko‘chalar, maydonlar, suv o‘zanlari, cho‘qqi va voha nomlarini o‘rganishda bizga juda katta yordam beradi. Shuningdek, shaharlarning hosil bo‘lish tarixi, aholisining kasb-kori, ularning etnik mansubliklari va bir qancha ma’lumotlarni o‘z ichiga qamrab oladi

Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/toshkentnoma-kirish-har-bir-so-zda-yashirin-tarix/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x