Toshkent islom institutining tashkil etilishi


Post Views:
965

Mamlakatimizdagi diniy bilim yurtlari – madrasalar qadim tarixga ega bo‘lib, ularning dovrug‘i butun musulmon olamiga tarqalgan. Masalan, “Islom dinining qubbasi” hisoblangan Buxoro shahrida XX asrning boshlarida 130 ta madrasa faoliyat ko‘rsatgan. Lekin sho‘ro hukumatining dahriylik siyosati, dinga qarshi kurash, barcha masjid va madrasalar yopib yuborilishi natijasida 1928 yilga kelib O‘zbekistonda diniy ta’lim tizimi batamom to‘xtatildi.

Ikkinchi jahon urushi davrida sho‘ro tuzumining diniy siyosatida keskin o‘zgarish kuzatildi. 1943 yilning oktyabrida Toshkent shahrida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlarining diniy boshqarmasi tashkil etildi. Mazkur Diniy boshqarma faoliyati O‘rta Osiyodagi beshta sho‘ro respublikasi – Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistonni qamrab olgan bo‘lib, diniy ta’lim bilan bog‘liq asosiy jarayonlar aynan O‘zbekistonda kechdi.

Islom instituti

Buxorodagi “Mir Arab” (1945 yildan boshlab bugungi kungacha) va Toshkentdagi “Baroqxon” (1945-1961 yillar) madrasalari, Toshkent oliy ma’hadi  (1971 yildan boshlab bugungi kungacha) sobiq ittifoqning musulmon tashkilotlari uchun mutaxassis tayyorlab beruvchi rasmiy diniy o‘quv yurtlari edi.

Mustaqillik diniy ta’lim rivoji uchun ma’no va mazmun jihatdan tubdan farq qiluvchi imkoniyatlar ochib berdi. Barcha diniy bilim yurtlari uchun davlat ta’lim standartlari bilan muvofiqlashtirilgan o‘quv dasturlari tuzildi, amaldagi qonunlar asosida dunyoviy va diniy fanlar uyg‘unligi ta’minlandi.

Bugungi kunda diniy ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar izchilligini ta’minlash, sifat va saviyasini yanada oshirish, istiqbol rejalarini belgilash uchun yaqin o‘tmish tajribasini tadqiq va tahlil etish muhimdir.

Toshkentda 1943 yilning 20 oktyabrida yirik kurultoy bo‘lib o‘tdi. Unda sobiq ittifoqning turli joylaridan ulamolar ishtirok etishdi. Asosiy masala O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasini tashkil qilish masalasi bo‘lib, maxsus hay’at tuzildi. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining raisi etib Shayx Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon tayinlandi va u kishiga “mintaqadagi besh ittifoqdosh jumhuriyatlarning muftiysi” unvoni berildi. Shu bilan birga besh jumhuriyatning qozilari saylandi va O‘zbekiston qozisi etib Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon tayinlandi.

Institut 1971 yil 1 oktyabrdan faoliyat ko‘rsata boshlagan. O‘tgan yillar mobaynida sobiq Ittifoqdagi yagona bu diniy oliy o‘quv yurtida Markaziy Osiyo va Qozog‘istondan tashqari Shimoliy Kavkaz, Rossiya, Ozarbayjon, Tatariston, Afg‘oniston, Yaman, Vetnam, Bulg‘oriya kabi yurtlarning talabalari ham ilm olishdi.

Institut oliy ma’lumotli islomiy mutaxassislar, imom-xatiblar, odobnoma bo‘yicha va arab tili mudarrislari tayyorlaydi. Institut tashkil topgan yillarda bor-yo‘g‘i yigirma talaba o‘qigan bo‘lsa, hozir ikki yuzdan ziyod ilm toliblari tahsil ko‘rishyapti. Institutda din asoslari, Islom huquqshunosligi va tarix fakultetlari, shuningdek, diniy fanlar, ijtimoiy-gumanitar fanlar, xorijiy tillar kafedralari ishlab turibdi. Xotin-qizlar Islom bilim yurtlari uchun malakali mudarrisalar tayyorlash maqsadida ayollar guruhi ham ochilgan.

Asrorqul Mavlonqulov, Shamsuddin Boboxonov, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Muhammad Latif Juman, Bahodir Murtazo, G‘ulomqodir Mirzayoqubov Abduqayyum Azimov, Ayubxon Hamidov oliy ma’had rektorlari bo‘lishdi. Hozirda Misrning «Al-Azhar» universiteti bitiruvchisi, tarix fanlari nomzodi, dotsent Haydarxon Yo‘ldoshxo‘jayev institutga rahbarlik qilmoqda (2013).

Manba

https://shosh.uz/uz/toshkent-islom-institutining-tashkil-etilishi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x