Toshkent-2200. XIV–XV asrlar manbalarida Toshkent shahri va viloyati haqida ma’lumotlar


Post Views:
727

Toshkent shahri va viloyatining o‘rta asrlardagi tarixi yozma yodgorliklarda ma’lum darajada o‘z aksini topgan va XIV–XV asrlar manbalarida ham bu haqda ozmi-ko‘pmi ma’lumot uchraydi; ko‘proq tarixiy asarlarda, u yoki bu voqyelik bayonida so‘z yuritiladi va ular mazmun jihatdan ancha tarqoq. XIV–XV asr boshlariga oid davr uchun Amir Temur saltanati va XV asr birinchi yarmi uchun Mirzo Shohrux hukmdorligi xususida so‘z yuritilgan tarixiy asarlar muhim o‘rin egallaydi. XV asr ikkinchi yarmi uchun tarixiy asarlar bilan bir qatorda, o‘sha davrga tegishli vaqf hujjatlari, agiografik va boshqa turli mazmundagi asarlardan ma’lumot olish mumkin.

XIV asr ikkinchi yarmidagi kechinmalarda Toshkent haqida ma’lumotlar Mo‘g‘uliston xoni Tug‘luq Temurxonning Movarounnahrga yurishi, Amir Temurning yurtni mo‘g‘ullar istilosidan ozod qilish uchun olib borgan kurashlari, o‘lkaning mudofaa quvvatini oshirish va Xitoyga boradigan savdo yo‘lini tiklash maqsadida Mo‘g‘ulistonga yurishlari voqyealari bayonida qayd etilgan.

Amir Temur bevosita Toshkent shahrining o‘zida ham bir necha marta bo‘lgan. Shaharni qo‘rg‘on bilan o‘rab , unga o‘n ikkita darvoza o‘rnatgan, safarlaridan birida betob bo‘lib, to tuzalguniga qadar ushbu shaharda qolgani ham ma’lum.

Sohibqiron kechinmalari orasida 766/1365 yili Toshkent bilan Chinoz oralig‘ida yuz bergan “Loy jangi“ voqyealari Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida ayniqsa batafsil yoritilgan [Sharafuddin Ali Yazdiy. Zafarnoma (fotofaksimil nashr). Nashrga tayyorlovchi, so‘zboshi, izoh va ko‘rsatkichlar muallifi A.O‘rinboyev. Toshkent, 1972. 110b–113a varaqlar]. Unda, bir tomondan, Amir Husayn va Amir Temurning birgalikdagi lashkari va ikkinchi tomondan, Mo‘g‘uliston xoni Ilyosxojaxonning lashkari, may oyi bo‘lishiga qaramasdan qattiq yomg‘ir yog‘ib yerlar loy bo‘lgan og‘ir bir sharoitda jangga kirishadilar. Sohibqiron Amir Temur lashkarning so‘l qanotida mardonavor hujumlar olib boradi va dushmanni mag‘lub qilib, chekinishga majbur qiladi. Biroq Amir Husaynning kaltabinligi va uning boshchiligidagi lashkarning sustkashligi tufayli, ular g‘alabani boy beradilar va jata lashkari ustun keladi.

Shu davrda Toshkent viloyatida kechgan muhim voqyealardan biri – bu Amir Temur tomonidan Shohruxiya shahrining barpo etilishidir. Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida yozishicha, sohibqiron Amir Temur o‘z vaqtida Chingizxon lashkari tomonidan butunlay xarob qilingan Fanokant (Banokat) o‘rnida yangi shahar barpo etishini buyuradi. Uning qo‘l ostidagilar mazkur farmonga muvofiq yangi shahar qurib, uni mustahkam qo‘rg‘on bilan o‘raydilar va o‘sha atrofda yashovchi aholini u yerga ko‘chiradilar. Amir Temur mazkur shaharni o‘g‘li Mirzo Shohruxga atagani sababli, u “Shohruxiya” degan nom bilan shuhrat topadi [Sharafuddin Ali Yazdiy. O‘sha asar. 466b–467a varaqlar].

Toshkent viloyatida Ohangaron vodiysi, Sayxun (Sirdaryo) sohillari va Farak (Chirchiq) daryosining quyi havzasida o‘tloqlar, to‘qayzorlar ko‘p bo‘lganligi sababli, ko‘pincha sohibqiron Amir Temur o‘z lashkari bilan qishlovni shu yerda o‘tkazgani ham ma’lum. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida 800 (1397) yilning qishida, Amir Temur Toshkent viloyatining Chinos (Chinoz) qishlog‘ida qishlab turganida, bu yerga Xitoy podshosi elchilari kelib Sohibqiron huzurida bo‘lgani, tortiqlar keltirganlari, yaxshi qabul qilingani va qaytishga ruxsat etilgani haqida yozilgan [Sharafuddin Ali Yazdiy. O‘sha asar. 295a varaq]. Ali Yazdiy “Zafarnoma”sidagi bu xabar Amir Temur davlati bilan Xitoy o‘rtasidagi elchilik munosabatlari tarixidan so‘zlovchi o‘sha davr musulmon manbalaridagi yagona ma’lumotdir.

Bu haqda xitoy manbalarida ham qayd etilgan. Amir Temur saltanati yillari Xitoyda, asosan, Min sulolasining dastlabki vakili imperator Chju Yuanchjan (boshqa ismi Tayszu, laqabi Xunu, 1368–1398) hukmronligi vaqtiga to‘g‘ri keladi. Xitoyning XIV-XVII asrlar oralig‘idagi tarixi ancha mukammal aks etgan solnoma – “Min shi lu” (“Min sulolasi imperatorlari hukmronligi haqidagi haqqoniy xotiralar”)da tarixiy kechinmalar yilma-yil yozilgan bo‘lib, unda 1388–1398 yillar oralig‘ida Xitoyga Movarounnahrdan to‘qqiz marta elchilar kelganligi va shundan 1395 yilgacha bevosita Amir Temur nomidan olti marta elchilar tashrif buyurgani qayd etilgan [Buriyev O., Kolganov A. Ob odnom uchastke Velikogo shelkovogo puti // Na sredneaziatskix trassax Velikogo shelkovogo puti. Tashkent: Fan, 1990. S.107; Karimova N.A. Vzaimootnosheniya narodov Sentralnoy Azii i Kitaya v XIV-XVII vv. Tashkent, 2005. S. 106].

Xitoyning Amir Temur va Temuriylar davlati bilan elchilik aloqalarida, asosan, ikkita diplomat – Fu An (vafoti 1429) va Chen Chenning xizmatlari katta. Chunki ular o‘z safar xotiralarini yozganlar va bu ma’lumotlar xitoy solnomalariga kiritilib, qimmatli tarixiy manba bo‘lib qolgan. Chunonchi xitoy solnomasi “Min shi”da yozilishicha, Xitoy imperatori 1395 yili Fu An boshchiligida Samarqandga Amir Temur huzuriga elchilar yuborgan va ular orqali imperator muhri bosilgan maxsus maktub ham yo‘llagan [Karimova N.A. O‘sha asar. 106-107 – betlar]. Boshqa bir solnoma – “Min shi lu” da esa, Fu An boshchiligidagi elchilar 1395 yili Xitoydan qaytayotgan Amir Temur elchilari bilan hamsafar bo‘lganlari aytilgan [Watanabe Hiroshi. An Index of embassies and tribute missions from Islamic countries to Ming China as Recorded in the Ming Shih In Classified According to Geographic Asia // Memoirs of the Research depatrment of the Toyo Bunko. – Tokyo. 1975. N 33. P.285-347]. Mazkur elchilik yuqorida Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida Xitoydan tashrif buyurgan va Amir Temur Toshkent viloyatida, aniqrog‘i Chinozda turganida qabul qilgan elchilar vaqtiga birmuncha mos keladi. Demak, XIV asr oxirlarida Movarounnahr bilan Xitoy o‘rtasida anchagina muntazam savdo-elchilik aloqalari bo‘lgan va uning shimoliy bir tarmog‘i Toshkent shahri va viloyati orqali o‘tgan. Toshkentning mazkur savdo-elchilik aloqalarida muhim o‘rni bor.

Amir Temurning Xitoyga yurishi va O‘trorda vafoti voqyealarida ham Toshkent viloyati lashkarining bir qanoti qishlov uchun o‘rnashgan joy sifatida ma’lum.

XV asrning birinchi yarmi, ya’ni Mirzo Shohrux saltanati va Mirzo Ulug‘bekning Movarounnahrda hukmdorligi kechinmalari, Halil Sultonning qisqa muddat Samarqand taxtida o‘tirib, bu o‘lkani boshqargani va unga qarshi yuzaga kelgan ichki ziddiyatlar bayonida Toshkent shahri va viloyati tilga olingan. Bu yerlar Mirzo Ulug‘bek tasarrufida bo‘lgan. Xuddi shu yillarda Temuriylar davlatining xalqaro munosabatlari, jumladan, Xitoy bilan savdo-elchilik aloqalarida Toshkent va karvonlarning Sirdaryodan o‘tishida asosiy joy sanalmish Chinoz hamda Shohruxiya Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim savdo shaharlari sanalgan.

XV asr ikkinchi yarmida Movarounnahrda boshqaruv tizimi Amir Temurning boshqa o‘g‘li Mironshoh avlodlari, aniqrog‘i Sulton Abusaid va uning o‘g‘illari hukmiga o‘tadi. Unda Toshkent viloyati dastlab Sulton Abusaid, uning vafotidan keyin, avvaliga katta o‘g‘li Sulton Ahmad mirzo (vaf. 899/1493-1494), so‘ngra kichik o‘g‘li, ya’ni Farg‘ona hukmdori Umarshayx mirzo (vaf. 899/1493-1494) tasarrufida edi.

Xuddi shu davrda Mo‘g‘uliston xoni Tug‘luq Temurxon zurriyotidan bo‘lmish Yunusxon (873/1468-1469 – 892/1486-1487) temuriy hukmdor Sulton Abusaidning sa’y-harakati bilan Mo‘g‘ulistonda xonlik taxtini egalladi [Mirza Muxammad Xaydar. Tarix-i Rashidi /Vvedeniye, perevod s persidskogo Urunbayeva A., Djalilovoy R.P., Yepifanovoy L.M. Primechaniya i ukazateli Djalilovoy R.P., Yepifanovoy L.M. Tashkent, Fan, 1996. S. 107-111]. Shundan so‘ng mazkur davlatning siyosiy mavqyei kuchaydi. Yunusxon uchta qizini Abu Saidning uchta o‘g‘li – Sulton Ahmad mirzo, Sulton Mahmud mirzo, Umarshayx mirzoga turmushga bergani esa, o‘z navbatida Temuriylar va Mo‘g‘uliston hukmdorlari o‘rtasida qarindoshlik rishtalari yangilanishi va mustahkamlashuviga olib keldi.

“Boburnoma” dagi ma’lumotlarga ko‘ra Sulton Ahmad mirzo Toshkent, Shohruxiya va Sayromni egallab, keyinroq uni Umarshayx mirzoga beradi [Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. Nashrga tayyorlovchilar: Porso Shamsiyev, Sodiq Mirzayev. Toshkent, 1960. 75-bet. 3 Mirza Muxammad Xaydar. Tarix-i Rashidi. S. 139-140]. Keyinchalik Shohruxiya uchun nizo kelib chiqadi; 890/1485 yili Temuriy shahzodalar – Andijondan Umarshayx mirzo va Samarqanddan Sulton Ahmad mirzo, shuningdek Mo‘g‘uliston xoni Yunusxon Toshkentdan yo‘lga chiqib, Shohruxiyaga keladilar. Ulardan har biri Shohruxiyani egallashni va Toshkent viloyatida o‘z mavqyeini kuchaytirishni maqsad qilgan edi. Temuriylar saltanati ma’naviy hamda siyosiy hayotida muhim o‘rin egallagan Xoja Ahror Valiy Samarqanddan yetib kelib, uchala hukmdorni o‘z huzuriga chorlaydi va tomonlarni yarashtirishga erishadi; 890/1485 yili Shohruxiyada tuzilgan ushbu sulh shartiga ko‘ra Toshkent viloyati Yunusxonga beriladi. Mazkur voqyea mavlono Sayid Muhammad Qozining (vaf. 922/1516) “Silsilat ul-orifin” asarida batafsil yoritilgan, deb yozadi Mirza Haydar3. Bu voqyea Ali Safiyning “Rashahot ayn al-hayot” asarida ham qayd etilgan. Darvoqye, Toshkent shahri Xoja Ahror Valiyning tug‘ilib- o‘sgan joyi sanaladi va o‘sha davr vaqf hujjatlarida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, keyinchalik ham uning Toshkent viloyatida vaqf joylari – qishloqlar, ekin yerlari, bog‘lar va boshqa ko‘chmas mulklari bo‘lgan. Mazkur vaqf hujjatlarida Toshkent viloyati hududida bir qancha joy nomlari ham sanab o‘tilgan va ular tarixiytoponimik tadqiqot nuqtai nazaridan ahamiyatlidir.

Yunusxon vafotidan (892/1486-1487) so‘ng, 893/1487-1488 yili Umarshayx mirzo va Sulton Ahmad mirzo Toshkent viloyatini qaytarib olish uchun qo‘shin tortadilar. Umarshayx qo‘shini Toshkent viloyatidagi Ushtur qo‘rg‘onini egallaydi. Sulton Mahmudxon lashkar tortib, qattiq jangdan so‘ng, qo‘rg‘onni qaytarib oladi (892/14861487) [Mirza Muxammad Xaydar. Tarix-i Rashidi. S. 143].

Shu yili Samarqanddan Sulton Ahmad mirzo Toshkentga yurish qiladi. Shohibek (Shayboniy) uning lashkarida edi, u o‘z qo‘shini bilan Sulton Mahmudxon tomonga o‘tib ketadi. Sulton Ahmad mirzo yengilib, Samarqandga qaytadi va uning Toshkent viloyatini olish uchun harakati amalga oshmaydi [Mirza Muxammad Xaydar. Tarix-i Rashidi. S. 143-144].

Toshkent viloyati o‘sha paytdan boshlab, to Shayboniylar hukmronligi o‘rnatilgunga qadar, Mo‘g‘uliston tarkibiga kirgan. Uni dastlab Yunusxon, vafotidan keyin esa o‘g‘li Sulton Mahmudxon boshqargan. Boshqacha qilib aytganda, Toshkent shahri qisqa muddat, aniqrog‘i 890 / 1485 – 908 / 1502-1503 yillar oralig‘ida, xonning qarorgohi shu yerda bo‘lgani uchun, Mo‘g‘ulistonning siyosiy-ma’muriy poytaxti maqomini oldi [Mirza Muxammad Xaydar. Tarix-i Rashidi. S. 377]. Sulton Mahmudxon yurish qilib Turkiston shahrini egallagach, mazkur ma’muriy–hududiy birlikning chegarasi shimoli-g‘arb tomonga kengayib, Sirdaryoning quyi havzasini ham qamrab olgan. Toshkent shahrida Zahiriddin Bobur ham bo‘lgan. Aniqrog‘i “Boburnoma” da 907/1501-1502 yil voqyealari bayonida Zahiriddin Bobur Toshkentga ulug‘ xon tog‘asi Sulton Mahmudxon huzuriga yordam olish niyatida kelgani va ma’lum vaqt shu yerda yashagani aytilgan.

Zahiriddin Bobur 1511 yili oxirgi marta Movarounnahrni olishga jazm qilib, bahorda Hisorni, yozda Buxoroni, oktyabr boshida Samarqandni egallaydi. “Tarix 917/1511 da Samarqandni oldim” [Zahiriddin Bobur. Boburnoma. Toshkent, 1960. 237-b], – deb yozadi Bobur bu haqda. Mazkur siyosiy o‘zgarishlarda Toshkent viloyati ham Bobur ixtiyoriga o‘tgan va u Toshkent shahrini boshqarishni amir Ahmad Qosim ko‘hbarga, Sayromni – Kattabekka topshirgan. Biroq 1512 yil bahorida Ko‘li Malikdagi jangda Ubaydulla Sulton boshliq shayboniylardan yengiladi va Hisor tomon chekinadi. O‘sha yilning kuzida G‘uzor va Qarshini egallashga muvaffaq bo‘ladi, lekin kuzda G‘ijduvondagi jangda yana mag‘lub bo‘lib, uzil-kesil Kobulga qaytadi. Bobur Samarqanddan ketgach, shayboniylar lashkari Toshkentni qamal qiladi va Bobur tarafdorlari shaharni tashlab ketishga majbur bo‘ladilar [Mirza Muxammad Xaydar. Tarix-i Rashidi. S. 347].

Keltirilgan ma’lumotlardan XIV–XV asrlar manbalarida Toshkent shahri va viloyatining o‘ziga xos siyosiy holati, ma’muriy maqomi, iqtisodiy ravnaqi va xalqaro mavqyei bo‘lgani ko‘rinadi.

O. Bo‘riyev

Manba: Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, «Fan» nashriyoti, 2009

https://shosh.uz/uz/toshkent-2200-xiv-xv-asrlar-manbalarida-toshkent-shahri-va-viloyati-haqida-ma-lumotlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x