To‘lg‘oq – alomatlari, kechishi, to‘lg‘oqni tezlashtirish va dardni yengillashtirish usullari

Homiladorlikning oxirgi uch oyligi ayol uchun eng hayajonli davr hisoblanadi. Tug‘ruq jarayoni yaqinlashgan sari, ayollarda savollar ham ko‘paya boradi. Ulardan eng ko‘p so‘raladigani to‘lg‘oq qanday boshlanadi, ayol kishi nimalarni his qiladi, og‘riq bo‘lmaydimi kabi savollardir.

Aynan mana shu davrda ilk bor farzand dunyoga keltirayotgan ayollar ko‘proq xavotirda bo‘ladilar. Aslini olganda, bu davrda xavotirlanishga asos yo‘q. Salbiy emotsional holat tufayli og‘riq hissi yanada kuchayishi mumkin. To‘lg‘oq – dard haqida kamroq o‘ylasangiz va kamroq xavotirlansangiz, bu jarayonning oson kechishi va asoratlar bo‘lmasligiga erishasiz.

To‘lg‘oq alomatlari
Foto: Getty Images

Ha, albatta og‘riq hissini kamaytiruvchi usullar ham bor. To‘lg‘oq, ayollarda tug‘ishdan oldingi dard haqida ushbu maqolada batafsil ma’lumot beramiz.

Tug‘ruqdan oldingi dardni (to‘lg‘oqni) qanday bilib olsa bo‘ladi?

Homilador ayollarda tug‘ish oldidan yolg‘on to‘lg‘oqlar (mashq qilish uchun) ham kuzatilib turadi. Ular homilador ayolni 20-haftalardan boshlab bezovta qiladi. Yolg‘on to‘lg‘oq ayollarda biroz diskomfort tug‘diradi, u davomli bo‘lmaydi va ko‘p hollarda og‘riqsiz namoyon bo‘ladi. Bachadonning siqilishi va diskomfortdan biroz sayr qilish yoki iliq vanna qabul qilish bartaraf etadi.

Chin to‘lg‘oq (dard) – tug‘ruq jarayoni boshlanishining eng asosiy “xabarchisidir”.

Tug‘ruqdan oldingi to‘lg‘oq qanday kechadi va bu holat nimaga o‘xshaydi?

Har bir ayolda dard kechishi o‘ziga xos ko‘rinishda bo‘ladi. Bu ayol organizmining jismoniy holati va homilaning joylashishiga bog‘liq. Masalan, ayrimlar bel sohasidagi simmilovchi og‘riq, so‘ngra og‘riqning qorin va chanoq sohasiga ko‘chganligini aytishadi.

Boshqalar esa, to‘lg‘oq tutgandagi og‘riq hayz ko‘rgandagi og‘riq kabi sezilishini aytishgan. Dard tutgan vaqtda og‘riq kuchayib boradi, bunda bachadon qattiqlash “tosh kabi” bo‘lib qoladi, buni oson aniqlash mumkin, qo‘llar bilan bachadon sohasi palpatsiya qilinishi kifoya.

Yuqorida sanab o‘tilgan barcha belgilar yolg‘on to‘lg‘oqqa ham xos. Unday bo‘lsa, chin to‘lg‘oqni qanday farqlab olsa bo‘ladi, degan savol tug‘ilishi tabiiy holat, albatta. Chin to‘lg‘oq boshlanganligini va tug‘ish jarayoni yaqinlashganligini bildiruvchi umumiy belgilar mavjud, ular quyidagilar:

  • Belgilarning doimiy bo‘lishi;
  • Ularning bezovta qilishi chastotasi ortib borishi;
  • Vaqt o‘tishi bilan og‘riqning kuchayib borishi.

Avvaliga homilador ayol to‘lg‘oq belgilarini uzoqroq vaqt oralig‘ida his qiladi. Bunda og‘riq kuchsiz bo‘ladi. Keyinchalik, dard kelish oralig‘i kamayib boradi, og‘ri hissi esa kuchayib boradi.

Umumiy belgilardan kelib chiqqan holda to‘lg‘oq (dard) jarayonini 3 ta fazaga bo‘lish mumkin:

  • Boshlang‘ich (latent, yashirin);
  • Aktiv;
  • O‘tib ketuvchi.

Boshlang‘ich davr – o‘rtacha 7-8 soat davom etadi. Bunda bachadon siqilishi 30-45 sekundda davom etadi. Dard oralig‘i esa 5 daqiqa atrofida. Bu davrda bachadon bo‘yni 0-3 sm ga kengayadi.

Aktiv davrda 3 soatdan 5 soatgacha davom etadi. Dard 60 soniyagacha davom etib turadi. To‘lg‘oq takrorlanish oralig‘i har 2-4 daqiqada. Bu davrda bachadon bo‘yni 3-7 sm ga kengayadi.

O‘tib ketuvchi davr eng qisqa davr hisoblanadi. Homilador ayolda bu davr 0,5-1,5 soatgacha davom etishi mumkin. Dard bo‘lishi uzoq muddat ushlanib turadi, 70-90 sekundgacha. To‘lg‘oq takrorlanish oralig‘i har 1 daqiqada bo‘ladi. Bachadon bo‘yni 7-10 sm ga ochiladi.

Avvallari farzand dunyoga keltirgan ayollarda ham to‘lg‘oq 3 davrga bo‘linadi. Faqat bunday ayollarda dard kelish davri qisqa va osonroq kechadi.

To‘lg‘oq boshlanganda nima qilish kerak?

Homilador ayolda to‘lg‘oq boshlanganda – xavotirlanmasligi lozim. Qulayroq joyda o‘tirib olish va to‘lg‘oq davrlari va ularning davomiyligi, takrorlanish oralig‘idagi vaqtni aniqlab olish kerak. Ularni qayd etib, yozib borish zarur. Ayol o‘y hayolida – to‘lg‘oq og‘riqliroqmi yoki tug‘ishmi degan fikr bo‘lmasligi lozim. Qo‘rquv tufayli og‘riq yanada kuchayishi mumkin.

Agar to‘lg‘oq muddati qisqa bo‘lsa va uning takrorlanish oralig‘i uzoq bo‘lsa (20-30 daqiqa) tug‘ruq jarayoniga hali erta. Ayol kishida tayyorgarlik ko‘rish, tez tibbiy yordamga murojaat etish uchun biroz vaqti borligidan dalolatdir.  Oralig‘i 5-7 daqiqa bilan takrorlanib keladigan to‘lg‘oq boshlansa, darhol tug‘uruqxonaga borish kerak bo‘ladi.

To‘lg‘oqning boshlang‘ich davri bir necha soatlarni tashkil etsa ham shifoxonaga borish zarur, chunki tug‘ruq oldi suvi (qog‘onoq suvi) erta kelishi ham mumkin, bunday vaqt ayol kishi ginekolog nazorati ostida bo‘lgani yaxshiroq.

To‘lg‘oq va tug‘ruq jarayonini qanday qilib chaqirish mumkin?

Ko‘pchilik ayollarda tug‘ruq jarayoni homiladorlikning 37-40 haftalarida ro‘y beradi. Ammo, ayrim holatlarda homiladorlik 41, 42 va hatto 43 hafta davom etadi. Albatta, ayollar bu vaqtda xavotirga tushishadi, asabiylashishadi, tezroq farzandini dunyoga keltirishni istashadi, lekin bolakaylari dunyoga kelay demaydi.

Homilaning o‘limi platsenta (yo‘ldoshning) muddat o‘tganligi sababli kelib chiqishi mumkin. Bolakay uchun kislorod va ozuqaviy moddalar yetib bormaydi. Shu sababli ko‘pchilik ayollarni qiziqtiradigan savol – qanday qilib dardni chaqirsa bo‘ladi.

Salbiy oqibatlardan qochish uchun sun’iy ravishda to‘lg‘oq chaqirsa ham bo‘ladi, biroq buni faqatgina shifokor-ginekolog bajaradi. Ayol kishida hech qanday patologiya yo‘q va qog‘onoq suvi toza bo‘lsa, tug‘ish jarayonini tezlashtirish shart emas. Barchasi o‘z vaqtida bo‘lgani yaxshi. Agar qandaydir bir o‘zgarishlar sezilsa, shifokor darhol tug‘ruq jarayonini tezlashtiradi va sun’iy ravishda to‘lg‘oq chaqiradi.

To‘lg‘oqni mustaqil ravishda ham chaqirsa bo‘ladi. Masalan, vertikal (tik) holatda ko‘proq turish, yurish, harakatlanish, bunda ayol kishi charchab qolmasligi va asabiylashmasligi kerak.

To‘lg‘oqni chaqirishning yana bir usuli ko‘krak bezi so‘rg‘ichlarini massaj qilishdir. Bunday massajni homiladorlikning 37-haftalaridan boshlash lozim. So‘rg‘ich massaj qilinishi natijasida organizmda oksitotsin gormoni ko‘p ajralib chiqadi, bu gormon ta’siri ostida bachadon qisqarishi kuchayadi hamda so‘rg‘ichlar bolakay emishi uchun tayyorlanadi.

To‘lg‘oqni qanday qilib yengillashtirish mumkin?

Shifokorlar maxsus preparatlar yordamida to‘lg‘oq va tug‘ruq jarayonida og‘riqni kamaytirishlari mumkin. Ammo, anesteziya muolajasini o‘tkazish kerak emas. Chunki, anestetik preparatlar bolakayga va ayol organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

To‘lg‘oq va tug‘ish vaqtida og‘riqni kamaytirishning eng oson va xavfsiz usuli – to‘g‘ri nafas olishdir. Shu yo‘l bilan ayol kishi tinchlanadi. Dard boshlanganda ayol kishi nafas chiqarishi kerak, hayolida nafas bilan birgalikda og‘riq ham “chiqib ketyapti” deb tasavvur etishi kerak. Biroz shovqin solsa ham bo‘ladi, bu ham to‘lg‘oqni yengillashtiradi. Tug‘ruq jarayoni stress bo‘lganligi sabab bu kabi mashqlar esdan chiqib qolmasligi uchun, homilador ayol oldindan mashq qilishi lozim.

O‘z umr yo‘ldoshingiz yoki yaqin qarindoshlaringiz tomonidan belning pastki qismini yengil massaj qilinishi ham to‘lg‘oq vaqtidagi og‘riq hissini kamaytiradi. Bu usul juda ham samarali. Chunki, bachadonga boradigan nerv tolalari aynan bel sohasidagi umurtqalar orasidan o‘tadi.

Psixologik kayfiyat ham muhim rol o‘ynaydi. Faqat va faqat yaxshi narsalar haqida o‘ylash kerak, yaqin vaqtlar ichida o‘zingizning shirindan shakar farzandingiz dunyoga kelishi haqida o‘ylash ham og‘riqni kamayishiga yordam beradi.

Bir to‘lg‘oq o‘tib ikkinchisi kelishini kutib o‘tirmaslik kerak. To‘lg‘oq oralig‘idagi vaqt ayol kishining dam olishi uchun imkondir. Agar homilador ayol keying to‘lg‘oqni ham kutib o‘tirsa, dard kelganda tez charchab qolishi mumkin.

Xulosa o‘rnida

To‘lg‘oq (tug‘ruqdan oldingi dard) – bu tabiiy fiziologik jarayon. Barcha homilador ayollar bu kabi holatdan o‘tishadi. To‘lg‘oq qanday boshlanadi – mana shu savol ko‘pchilik ayollarni qiziqtiradi. Dard kelgandagi hislarni aniq aytib berish qiyin, sababi ular barcha ayollarda o‘ziga xos kechadi. Ba’zilar to‘lg‘oqdagi og‘riqlarni hayz ko‘rgandagi og‘riqlarga o‘xshatsa, ba’zilar ichaklardagi muammolar kabi og‘riq bo‘lishini aytishadi.

Har qanday holatda ham og‘riqlardan qo‘rqmaslik kerak. Barcha og‘riqlar shiringina farzandingiz dunyoga kelganidan keyin unutilib ketadi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x