Togʻlar orasida

Men, bir necha yilki – eshitganda dostonni eslatuvchi, afsonaga yoʻgʻrilgan, ertak singari sarguzashlarga boy oʻsha voqeani unutolmay yashayapman. Ota-onamning havoyi qiziqishi, dunyoni oʻzgartirishga boʻlgan ishtiyoqi va shuhratga oʻchligi meni – sakkiz yoshimda, yangi yildan bir hafta oldin, maktabimdan javob olib, qoshlari koʻzlarini yopib turgan amakining mashinasiga mindirib qishloqqa joʻnatgani hali-hanuz esimda. To qishloqqa yetgunimcha, “Men suratlarimga shunday sehr joylaymanki, koʻrganlar kartina hayrat barmoqgʻini tishlab qolishadi”, degan otamning doʻrilloq ovoziyu xuddi shu viqorning aski onamning ham, “Ha, biz hali tasviriy sanʼat tarixida oʻzgarish yasaymiz”, deyishi qulogʻim ostida jaranglab turgandi. Oʻshanda, ularning – uch kun oʻtib bu orzulari amalga oshayotgan, chet el safariga ketayotgan bir paytda – aeraportga xabar borib – mening yoʻqolib qolishimni – izimdan toqqa borishini bilishmagan edi. Maktabda yangi yil uchun tayyorlagan sahna koʻrinishimiz, mening yoʻlbars timsolida sahnaga chiqishim, sinfdoshim oppoq kiyinib yuradigan Laziza bilan doʻstlasholmay qolishim, alam qilib yoʻl-yoʻlakay yigʻlab borganim, qaytib kelganda oʻsha oppoq – qorqizni eslatuvchi qizaloqning boshqa tumanga koʻchib ketganini, bir necha kun garangsib, keyin unutib yuborishimni, oliygohga kirgach biz tasodifan uchrashib qolishimizu va bir umrga taqdir ipimiz bogʻlanishini bilmaganman oʻshanda. Men sanʼatshunoslarning taʼbiricha – kelajagi porloq yosh rassomlarning kichkina arzandasi edim.

Ulagʻaygan saring, jism bilan qurquv ham ulgʻayar ekan, koʻzi berkilib qolgan ayrim tuygʻularing nish urarkanu lop etib yuraging sathiga qalqib chiqarkan va oʻsha olis yillar seni qamrab olgan qoʻrquvni yetaklab kelarkan. Endi, endi oʻylab qolaman: bolalikda qoʻrquv boʻlmas ekan-da, yoki aql nishona bermasmikan. Agar shunday boʻlsa, nega odamlar aqlli, dono boʻlay deb bir umr oʻqishadi. Bilimdon qoʻrqoq boʻlgandan koʻra, nodon botir boʻlgan afzalmasmi? Odam diyonatsiz aqlli boʻlsa koʻp balo-qazolar yogʻilishi, insoniyat boshiga minglab kulfatlar solishi mumkin-ku axir. Ha, diyonatsiz aqlli boʻlish – bu yomon. Bomba, qiruvchi samolyotlar, oʻq, miltiq – bularning bari oʻsha aqlli kishilarning ixtirolari emasmi? Ex-xe, bularni sanab adogʻiga yetolmaysan. Olamning, odamning taqdirini oʻzgartirib yuborgan, Birinchi, Ikkinchi jahon urushlarini, tinch-osoyishta kunlarga chang solayotganlar – oʻsha aqlli kishilarning tafakkur mevalari emasmi? Koʻz oʻngingda togʻdan qulab tushayotganmi, mashina ostida qolib ketganmi, yoki bir gala boʻrilar orasida talosh boʻlayotgan kishiga yordam – bu nodonlik emas. Bu – botirlik, mardlik ham deyiladi. Lekin bu harakatni tentaklik, xoʻjakoʻrsinga qilingan ish, oʻzini koʻrsatish deydiganlar ham, afsuski, talaygina. Rosti, oʻsha payt bu qadar mulohazalarga bormaganman, oʻylashga vaqtim ham, aqlim ham yetmagan, faqat qandaydir kuch meni muqarrar oʻlim changalidan qutqarib qolgan. Uning kimligi, zoʻrmi, notavonmi, koʻrmi, kalmi yo choʻloqmi, buni bilmaganman, tushunganim – u qahramon, tamom. Meni boʻrilar changalidan qutqarib qolgan qahramonni bir vaqtlar odamlar qishloqdan haydab yuborganiniyam bilmaganman.

Osmonga yelkasini tirab turgan togʻlar, shovillagan shamollarga bosh tebratib qolayotgan bogʻlar, kamar bagʻrini yorib kirib borayotgan yoʻlda oldinga harakat qilayotgan mashinada ketarkanman, “Nega oʻshanda yigirma besh yil oldin kelganimda bularga eʼtibor bermadim”, deya ajablanganimda, xotinim, “Sakkiz yoshli bola yigʻidan boshqa nimani bilardi”, deb kulib yubordi. E, rost, oʻshanda bu yoʻllardan yigʻlab oʻtgandim-ku… Xax, bolalik, bolalik, yigʻidan boshqa nimaniyam bilasan…

Mashina tezlashar, otam tinmay tabiat haqida kimdandir eshitgan gaplarini aytar, laylaklar baland uchsa qimmatchilik boʻlarmish, burgut oʻzini qoyaga urarmishmi-yey… kulib qoʻyaman va shiringina boʻlib uxlabyotgan yetti yoshli oʻgʻlimni boshini silayman.

Chamasa besh chaqirimlar yurgach otam mashina oynasini ochdi va Suvqaynarning mayin shabadasi yuzimga urildi…

***

Togʻ…

Shu birgina soʻz meni yigirma ikki yil bagʻriga chorladi, tushlarimga kirdi, oromimni oʻgʻirlab, butun vujudimni qamrab oldi. Goh bobom boʻlib jilmayib boshimni silar, gohi urchugʻ yigirayotgan momomday mayus turmiladi, boʻrilarday uvillaydi, Yoʻlchi mergan boʻlib koʻzimga qattiq tikiladi, Karomat opa boʻlib tayogʻini sermaydi, Kamol darozga oʻxshab kaftini ogʻziga karnay qilib baqiradi, Shokir boboday pichirlaydi va eng dahshatlisi gʻordagi odam boʻlib quchogʻini katta ochadi-da, bular – mening bolalarim, deya viqor bilan gapiradi. Keyin yeru osmonni oʻq sadosi bosib ketadi. Itlar yugurib hurib qolishadi, boʻrilar uzundan-uzun uvullayveradi. Men sovqotib ketaman…

Yigirma ikki yil muqaddam sakkiz yoshli bolakay shu toqqa kelgan edi va haligacha davom etayotgan afsona, aynan oʻsha bola kelgan kunning uchinchi tunida sodir boʻlib oʻtgandi.

Oʻshandan keyin boʻrilar xoh chilla boʻlsin, xoh boshqa payt qishloqqa yaqin yoʻlamadi, deyisharkan togʻliklar.

Qishloqqa kiraverishda yassi kamar oldida toʻplanib turgan odamlarni koʻrib mashinani toʻxtatdik…

“Yoʻlchi mergan olamdan oʻtibdi”, dedi otam odamlar bilan koʻrishib, nima gapligini surishtirib qayta mashinaga oʻtirarkan…

Yoʻlchi mergan olamdan oʻtibdi…

 

Yigirma ikki yil nega qishloqqa kelmadim? Merganning oʻlimini kutibmi yo… Nega menga hech kim aytishmadi: menga nima boʻlgan? Nega meni shuncha yil toqqa yuborishmadi. Bolaligimdan otam ham, onam ham bir gapni koʻp takrorlardi: seni boʻrilar ogʻzidan tortib olganmiz… Tamom. Buni bilardim, qorongʻi xonada kimdir menga suv bergan, ikki bolakay ham bor edi. Keyin bir kishi kirib kelgan. Dehqonchilik haqidayam gapirgandi soʻng bizlar ham odam, begona emasmiz, uxlayver, deya, bolalarini bagʻriga bosganiyam esimda. Biroq men u yerga qanday keldim va uyga kim olib keldi meni? Mana, shu savol meni yigirma ikki yil hamrohim boʻldi. Otam bilan onam meni oʻsha mudhish voqeani unutsin, deb qilmagan ishlari qolmadi: sportga berdi, chalgʻir ekanman, musiqadan muallim yolladi, sanʼat oʻsha kunni unutishga yordam berarkan, turli-tuman oʻyinchoqlar bilan xonamni toʻldirdi: zora chalgʻisam, til bilgan xor boʻlmas, deb xorij tillarini oʻrgatdi, hatto yozgi taʼtillarda ham ilojini qilib chet elga joʻnatishardi. Oʻzim istagan oʻqishimni tamomlagach, sevgan qizimga uylantirdi-da, chet elga oʻqishga joʻnatdi. Ularning yagona maqsadi – meni toqqa boshqa yubormaslik. Tamom. Nima qilib boʻlsayam, togʻdan yiroq yursam, xayolimga keltirmasam, oʻylamasam va toqqa boraman, deb oyoq tirab olmasam boʻldi. Otam bilan oramizda shunday suhbat boʻlib oʻtdi: Men seni XXI asrning odami boʻlishingni istayman, zamonaviy, oʻqimishli, bir soʻz bilan aytganda intelektual. Togʻ, deb gapida davom etdi, kenglik, ulugʻvorlik, yurakni oʻstiradigan joy, sen unga maftun boʻlsang, barini unutasan, oʻsha yoqqa qolib ketasan. Oʻzingiz aytganingizdek, menga oʻsha bagʻrikenglik kerak, yuragimning torligi, oʻzimga ishonchimning yoʻqligi uchun ham toqqa borishim kerak, axir mening ajdodlarimning qadami oʻsha tomonlarda, soʻng ular yashagan joylarni oʻz koʻzim bilan koʻrishni istayman, dedim men. Otamning yoniga har doimgidek maslakdoshi – onam qoʻshilib, meni fikrimdan qaytarmoqchi boʻldi. Oʻzining toqqa borib uning rasmini chizaman degani, lekin, shaharni aks ettirganini, otam, shahar boʻlibdi-ku, deb kulganini aytib, u yer hech qiziq emas, undan koʻra, mana, farzandlik boʻlding, xotining bilan biror mamlakatga sayohatga bor, dedi uch kun tugʻilib hali ismiyam qoʻyilmagan bolamni eslatib. Zoʻr, dedim, bolam togʻni koʻrishi kerak, birinchi farzandim koʻrmadi, lekin bunisi borishi shart, deb qatʼiy qarorimni aytdim. Uzoq tortishuvdan soʻng, oqibat, qor yogʻdi izlar bosildi, oradan shuncha yil oʻtdi, esidan chiqqan degan oʻy bilan, mana oʻttizga kirganimda meni toqqa olib kelishdi.

Biroq men birinchi kunidayoq oʻsha voqea bilan qiziqdim…

Xoʻsh, menga nima boʻlgan?..

 

***

Oʻsha kecha boʻrilar uzoq uvlagan: eshaklarning hangrashiyu itlarning hurishi shunday vahima solganki, odamlar bir muddat qoʻrqib ham qolishgan. Kimdir miltigʻini, birovi ketmon, tayoq olib koʻchaga chiqishgan. Boʻrilar hamon Qiyalikning qirrasida turar, qochishni xayoliga ham keltirmas, aksincha yana uzundan-uzun uvlaganda, kimdir ogʻilidan boqimga bogʻlagan hoʻkizini chiqarib soʻygan-da, bir putini daryoga uloqtirgan, kelgan balo shunga ursin, deb odamlarni tinchlantirmoqchi ham boʻlgan. Koʻchaga barcha erkaklar yigʻilgan, osmonga oʻq otishgan, kimdir togʻarani doira qilib chalgan, boshqalari baqirgan.

Oradan biroz vaqt oʻtib, nihoyat boʻrilar azaliy makoni – toqqa qarab qochishadi. Qochmadi, asta-sekin ketdi, degan ekan keyinchalik Shoniyoz tanti. Shundan soʻng, odamlar birin-ketin uylariga tarqalgan va boʻlib oʻtgan voqealariga biroz qoʻshib-chatib, gapirgan, albatta, oʻzlarini qahramon qilib, ayollarining havasini keltirmoqchi boʻlishgan. Bobom ham oʻsha maqtangan odamlarning biri boʻlib, ostona hatlab uyiga kirishidanoq momomga, haliyam zoʻr ekanman, odamlarni oʻsha tomonga oʻzim boshlab bordim, chiqsam bari boshini egib turgan ekan, hoy, bandalar nimadan qoʻrqasizlar, qani ortimdan, deb Qiyalikka qarab yuruvdimki, boʻrilar qocha boshladi. Ha, qochishdi. Ular qancha och, yirtqich boʻlmasin – baribir, odamdan qoʻrqadi. Odamning koʻzida nuri Muhammad boʻladi, deb Shokir qora naql oʻqidi, boʻlmagan gap, agar uning degani rost boʻlsa, nega men borguncha bitta boʻriyam oʻrnidan jilmadi, deb oyogʻini sandalga solib achchiq choyni xurillatib hoʻplagan. Momom bobomning oʻsha eski maqtanchoqligini bilar, qarigach bu odat kasallikka aylanib borayotganini ham zimdan kuzatib, biror chora topolmay yurar, ertasi qoʻshni kampirdan, – ering haliyam qoʻrqoq ekan, bir chekkaga borib oʻtiribdi, – deyishini bilmas, lekin cholining maqtanchoqligini, xuddi koʻz qayerdaligini bilganday aniq bilar ekan. Yana boshlandi deb, qishki mashgʻuloti – paxta chigitlash davom ettiravergan. Bobom bu yil qimmatchilik boʻladi, goʻshtning narxi koʻtarilib, dehqonlarning ekin-tekiniga unum boʻlmaydi, deya kichkina boshini qimirlatib, moshgurich soqolini ham silab qoʻygan. Mallatob gʻilofdan pichogʻini olib, chinni piyolaga obdon qayragan, sochiq bilan uch-toʻrt marta artib, pechka ostida issiqdan biroz bujmaygan olmadan olib erinmay, ishtaha bilan artgan. Keyin qaysi bir yili ikki oʻrtogʻi bilan ovga borganini maroq bilan hikoya qilgan. Kiyikni yaralaniyu ortidan quvib tutgani, osmonda uchib ketayotgan kakliklarni sochma bilan bitta qoldirmay yerga tutday toʻkkanini ham qistirib oʻtgan. Keyin negadir xayoli chalgʻibmi, boʻrilar och – bu yil qimmatchilik boʻladi, – deb takrorlagan. Mana, koʻrasan kampir, – degan bobom, olmani tishsiz milki bilan chaynar ekan, – bu yil bir qoʻy narxiga bitta non beradi, ha, xuddi shunday boʻladi, boʻrilar sezgir keladi, ular bekorga muncha uzoq uvlamaydi, deya yana bir balolar haqida gapirgan. Erta kim qoʻy soʻyarkan, ikki kilo dumba olib keling, manti qilamiz, degan momomga, xoʻp, tong otsa esimga solasan, deb oʻzi tashqariga chiqmoqchi boʻlgan. Kech boʻldi, yotsangiz-chi, yer muzlagan, yiqilib yana bir balo boʻlmang, deb momom bobomni qaytarmoqchi boʻlgan. Qoʻzilardan xabar olib kelay, muzlab qolgan boʻlmasin tagʻin, deb bobom osma chiroqni olib qoʻyxona tomon yoʻnalgan. Momom uning ortidan javrab-javrab qolavergan. Qarigandayam mol-hol deydi, bu tushmagur, deb momom ancha vaqt oʻziga oʻzi gapirgan.

Qoʻyxonaga kirgan bobomning baqirganidan butun qishloq uygʻongan va oldin-ketin, uzun qisqa, kimdir tayoq, biri miltiq, ayrimi pichoq, qoʻlida sham, osma chiroq, gulxan yoqib qoʻyxona tomonga yugurishgan. Xuddi shu paytda momomning esiga tushib qolganman – shoshib ichkari, men yotadigan uyga yugurgan. Mening osma karovatim boʻsh boʻlgan, ana shunda momom ham dod solganu hushsiz yiqilgan. Odamlar bobomga yordamga shoshilgan, qoʻltigʻidan tutib ayvonga olib kelgan. Kimdir yuziga suv sepgan. Nima boʻldi, deb soʻraganlarga bobom, yosh boladay jovdirab, – qoʻzimni boʻrilar olib ketibdi, – degan. Yana shu payt kimdir momomni izlagan va ichkari uydan hushsiz holda topishgan. Meni kelganimni biladigan odam bu qoʻshnimiz – Yoʻlchi mergan edi. U oʻrnim boʻshligini bilgan va meni ham boʻrilar olib ketganini ohista, deyarli pichirlab, lekin qaltirab aytgan. Mana shunda odamlar bilishganki, ularning qahramonliklari juda qimmatga tushgan, boʻrilar shunchaki ketmagan, balki, bir haftalik qoʻzichoq bilan sakkiz yoshli meni olib ketishgan…

Men va qoʻzichoqning yoʻqolgani maʼlum boʻlgach, avvaliga odamlar bir qalqib tushgan: Shokir ota, qoʻshnini uyiga chiqqandir, deb tasalli bermoqchi boʻlayotganda, meni izlab qoʻshni uyiga chiqqan xabarchi, yoʻq, koʻcha boshidan tortib buyogʻi Tegirmonga dovur soʻradim, hech kimning uyida yoʻq ekan, degandan soʻng tarvuzi qoʻltigʻidan tushib, oy toʻlibdi-ya, deb toʻngʻillagan emish. Bolani boʻri olib ketgani aniq, debdi Karomat opa. Indamasa, bu kishi ayol boshi bilan, yana tayogʻini sudrab boʻrining ketidan boradi, deb Ismat alkash tirjayipti. Karomat opa tayogʻini sermagan ekan, oʻrtadan oʻtayotgan Shokir otaning yelkasiga tegibdiyu gurs etib yerga qulabdi. Oʻlaman, oʻlaman, deya oyogʻini qimirlatarmish. Ikki kishi otani uyiga olib ketibdi. Bu, toqqa bormaslik uchun, boʻrining otidan qoʻrqib, bahona qildi deyishibdi odamlar. Karomat opa tishini gʻichirlatganini hamma eshitibdi. Yoʻq, boʻri odamni olmaydi, balki, avragandir, eskilarning aytishicha ilon, ajdar, boʻri odamni avrarmish, ilonning vishillagani, boʻrining uvlagani qulogʻiga xuddi ismini aytayotganday eshitilarmish, keyin odam esini yoʻqotib ergashib ketaverarmish, degan Mardon akaga, ey, lofchi, oʻchir ovozingni, boʻlmagan gap, ellikka kirgan boʻlsam, bunaqangi tayinsiz, tutiriqsiz gapni birinchi eshitishim, deb atrofga qarab, odamlar gapini eshitayotganiga ishonch hosil qilib, bola, boʻrining ketidan ketmagan, balki, qoʻzichoqni izlab ketgandir, deya tomdan tarasha tushganday qilib Yoʻldosh laylak javob beribdi… Odamlar bir muddat jimib qolibdi, keyin kimdir, xoʻsh, mayli, siz sari boraylik, qoʻzichoqni izlaydimi, buzoqni axtaradimi, mayli deyapman-ku, deya biroz asabiylashib davom etibdi: bola qayoqqa ketgan oʻzi. Bizga uning nimani quvib ketganimas, qayoqqa ketgani muhimmasmi, debdi deyarli baqirib. Mendan oʻtib kim baqirar ekan, deya Kamol daroz boʻyni choʻzib oʻsha tomonga qarabdi, keyin qiroat bilan shunday debdi: hozir, tepalikka chiqib hamma odamlarni toʻplayman, keyin bolani soʻraymiz… Senga Xudo boʻydan berib, aqldan qisgan-da, shu vaqtda odamlarni uygʻotish, bu qip-qizil tentaklik-ku, undan koʻra ertalab qidirib koʻrsak-chi, deb Bahri kaltayam maslahat solibdi. Ha, toʻgʻri aytasan, kaltajon, ertalab boramiz-da bolaning axlati va yirtilgan kiyimini yigʻishtirib kelamiz. Hamma ovoz kelgan tomonga qarabdi, bu kishi Yoʻlchi mergan ekan. Boʻlinglar, kimki ishtonini hoʻllamasa, ketdik, toqqa boramiz, men jondorning inini bilaman, deb darvoza tomonga yuribdi. Odamlar avvaliga ham hayron, ham sarosimada tikilib turibdi, shunda Karomat opa, yuragida yoli bor kishi ergashsin, boʻlmaganlar, yotaversin katagiga, debdi doʻrillab. Odamlar, shu ayol borsa, biz bormasak, erta biror yarimta eshitsa, xoʻp kulgiga qolamiz-ku, deganmi, yoki bobomga chindan rahmi kelganmi, yo boʻlmasa, tomosha qilishga zavqlanibmi, nima boʻlsa-da, hamma merganga ergashibdi. Sen, qaytaver, bilaman, botir ayolsan, lekin bolalaring yolgʻiz-da, deb mergan Karomat opani yoʻldan qaytarmoqchi boʻlibdi. Shu shaharlik bolakayning oʻrnida mening bolam ham boʻlishi mumkin edi-ku, deb opa ahdidan qaytmabdi. Hay, unda oʻzing bilasan, deb mergan toqqa – oqarib yotgan choʻqqiga burgut koʻz qarash qilib va ketdik boʻlmasa, deb tezlashibdi.

Oʻsha kecha tun sutday yorugʻ ekan. Ikki kun oldin yogʻib, hali erimagan qorni shamol esib qotirgan va tunning oydinligi shundan, deyishibdi yoʻlda borayotganlar. Kecha shunchalik sovuq ediki, avval burnimga nina qadalayotganday boʻldi, bora-bora toshdek qotdi, keyin menda oldin burun boʻlmaganday taassurot qoldirdi, degan ekan, oʻsha kecha toqqa borib, keyinchalik shaharda bir oy davolanib chiqqan Kamol daroz. Merganning yuragi otning kallasiday bor-ov, deyishibdi sovuqdan qunishib borayotgan togʻliklar. Qaranglar, xuddi sayri bogʻ etganday ketib borayapti-ya, yuragida yoli bor, yoʻlbarsga tik qaraydigan yigit, deb shularni aytadilar-da, deya merganning toza maqtovini keltirishibdi. Mergan boʻlsa ortga qaramas, oʻsha burgut nigohi bilan togʻni koʻzlab borar, gʻarch-gʻurch ovoz poshnasi ostidan qochib chiqar, qor parchalari ortga – Karomat opaga qarab otilarkan. Olmalik deb ataluvchi balandlikka chiqishganida, shamol kuchayibdi. Bu yerlarda, – debdi, anchadan beri jim kelayotgan, vaqtida ilmi urfon izlab Buxoroyu Samarqand tuprogʻini yalagan Chori domla, – sarotonda ham sovqatasan. Shamol sochingni ortga qayirib, nafasingni qisib tashlaydi. Bolaligimda otam bilan bu yerlarga oʻtinga kelardik. He, u paytlar mana bu koʻrinib turgan nishablik – chakalakzor edi-da, lekin, otam ishning koʻzini biladiganlar xilidan boʻlib, ikki bolta urar-urmas, qani bek bolam, eshakni keltiring, qaytamiz derdi. Men to eshakni olib kelganimcha otam – toʻplagan oʻtinlarini taxlab qoʻyar, shoshilmasdan eshakka ortar, keyin biz qishloqqa qaytardik. Qarang, oʻsha paytlar sersavol ekanman-da, otam, koʻp gapirgandan koʻra tezroq yursangiz-chi, deb meni kutib turardi. Otamdan orqaga qolib ketvergan boʻlsam kerak-da. E, domla, sen hoziram sersavolsan, debdi yuzing koʻzing demay bobosi tengilarni ham sensiraydigan Gʻaybi putuzun. (puti uzun). Odamlar maza qilib kulishibdi, domla jim boʻlgan qolgan ekan, shoʻrlik. Shunda kimdir, tez yuring, yana orqaga qolayapsiz, deyishibdi. Endi seni kutib turadigan otang yoʻq, yetib olmasang, boʻri oyogʻingdan tortadi-da, ketadi depti yana Putuzun. Meni otam senlamasdi, bu laylakning gapini qarang, debdi qoʻshnisi Bahrom qassobga. Endi koʻrayapsizmi, dovdur-sovdur yuribdi-da, mayli koʻnglingizga yaqin olmang, hali hisobni tenglashtiramiz, deb dalda bergan boʻlibdi qassob. Buncha sovuq boʻlmasa, deb Kamol daroz burnini ushlab koʻrarmish. Toshdek boʻlibdi, deb yonma-yon kelayotgan sherigiga qarab kulibdi. Gulxan yoqib, biroz isinib olsak-chi, debdi kimdir. Shunda mergan, tez-tez yursanglar qiziysanlar, jondor gulxandan qochadi, keyin bolani topib boʻpmiz, deb qadamini tezlatibdi. Endi uning oyogʻi ostidan otilgan qor parchalari toʻgʻri Karomat opaning yuziga sachrarkan. Chillaning sovugʻi odamni ikki soatda oʻldirishi hech gap emas. Agar harakat qilinmasa, tana tarnovdagi sumalakday qotib qoladi, deb mergan odamlarni oldinga undabdi.

Ular Olmalik doʻngligidan oʻtib Egar qoʻra degan yoqalama yolgʻigʻoyoq yoʻlga tushib olishibdi. Bu yoʻl shunaqa ekanki – narigi tomondan kimdir kelib qolsa, albatta biri orqaga qaytishar to – kenglikka dovur yoʻl berishar ekan. Ikki kishi yonma-yon sigʻmas ekan bu yoʻldan. Bu yoʻlni oʻlim soʻqmogʻi ham deyisharkan togʻliklar. Aytishlaricha bobomning bolalik yillarida ikki yigit oʻzaro nizoga borib qolishadi. Birining otasi Stalin degan odamning yugurdagi boʻlib, qishloqda nima gap boʻlsa, kim oʻldi, qachon, nima uchun, nega, qayerda, kimlar bor edi, kim u, degan bir qancha savollarga javobgar shaxs ekan oʻsha odam. Ikkinchi yigitning otasi yuz chogʻli odam bilan bularga qarshi chiqadi, avliyosifat bir odam oʻlganida mitingmi, pitingmi, nutqmi shunga oʻxshash nima qilasan, deb marhumning oʻgʻlini toza tinka madorini quritadi. Otam bir umr toat ibodat qildi, qanday qilib janozasiz koʻmaman, deb atrofdagilarga najot koʻzi bilan qaraydi. Birovdan sado chiqmaydi. Otang, namoz oʻqigani uchunam shunday qilasan, boʻlmasa borsa kelmaslarga surgun qilib yuboraman, ana oʻshanda koʻrasan toat-ibodat qanaqa boʻlishini, sening bu harakating quyosh nuridan uzun va toʻgʻri siyosatimizga qarshi, seni boqayotgan mamlakatga nonkoʻrlik, tuzkoʻrlik emasmi, deb oʻdagʻaylaydi. Shunda bir odam oʻrnidan turib, seni otang onang bilan birga boʻlib gʻusl qilmagan, valadi zino deymiz, sen – undan oʻtib tushgan bir dayussan. Oʻz ona xalqingga qilgan bu ishingni qani kim kechirar ekan… Keyin olomonga qarab, bugundan boshlab kimki shu nusxa bilan salom-alik qilsa, osh-qatiq boʻlsa, bir dasturxonda non yesa – oʻzim oʻldiraman, ming bir qiynoqqa solib oʻldiraman, deydi. Ana oʻshanda, ur-toʻpolon boʻladi, marhumni janoza oʻqib, koʻmib, endigina uyga qaytayotgan odamlar, koʻchada askarlarga duch keladi. Qishloqda qiyomat qoyim qoʻpadi, dod solgan kim, oʻzini toʻgʻri kelgan uyga urgan kim, tavba qilgan kim. Boyagi janozani oʻqitgan odam yolgʻizlanib qoladi va xalqning koʻz oʻngida uni otib oʻldiradilar. Keyin hamma dayusdan kechirim soʻrab, boshimiz ham siz, xudomiz ham siz deb tiz choʻkadilar. Ana shundan soʻng ne balolar kelgan hammasini shu dayus yetaklab kelgan. Kimnidir qizini bir oʻnboshiga, birovning suluv xotini yana bir yuzboshiga beraveradi. Oqibatda ori bor odamlar bunga toqat qilomay toqqa qochib ketadilar. Bundan ruhlangan dayus harakatda – barakat, deb “olamshumil” ishlarni endi kengaytirib, soliq, yoʻl poʻli, choy puli qilib xalqning qaynab turgan qora qazonini ostidan oʻtinni oladi qoʻyadi. Odamlar eshakday ishlab, itday kun koʻradilar. Dayus davradoshlari, oxurdoshlari kundan kun koʻpayar, aksi urganini qonun, kekirganini buyruq, deb olamga jar soladilar. Ogʻilini kuradik, bogʻini obod qildik, devorini urib berdik, bir kamimiz oyogʻini yalash qoldi, degan Axror uchqur ertasiga nom-nishonsiz gʻoyib boʻlgan ekan. Shunday qora kunlar boʻlgan ekan-da. Odamlar hatto xotiniga ham ishonishmay qoʻygan ekan, oʻsha kezlari.

Bir kun qishloqqa qora sharpalar oralab qoladi. Vahima, qiy-chuv, qoch-qoch boshlanadi. Ertalab maʼlum boʻlishicha, dayusni chavaqlab daraxtga osib ketgan emish… Ana endi tomoshaning zoʻri boʻlib oʻtgan: qishloqda shunchalik koʻp odam kelganki, oyoq bosishga joy qolmagan edi, degandi bobom, faqat oʻzigagina yarashadigan lofchiligidan foydalanib.

Ana shu ikki yigit oʻsha dayus va uni chavaqlagan Xoliq polvonning avlodi boʻlgan. Oʻsha kungi voqeadan keyin uni hech kim koʻrmagan. Aytishlaricha, qarib oʻz ajali bilan oʻlgan emish. Uni yaqindan bilganlar esa, yoʻq, u oʻz ajali bilan oʻladigan odam emas edi, u oʻzini oʻtgayam, suvgayam otardi, odatlarga odatlanmagan bir balo boʻlganini, uni yo boʻri gʻajib tashlagan yoki yoʻlbars hamla qilgan, derkanlar. Negadir, men uni yoʻlbars bilan olishib, qattiq jarohatlanib, tabib topolmay, keyin oʻzini qoyaga urib oʻldirgan deb oʻylayman, degan ekan Yoʻlchi mergan. Ha, mergan tabiatni yaxshi biladi, odam tugʻilib oʻsgan tabiatidan ayro boʻlishi mumkin emas, deya uning gapini maqullabdi Moʻmin tegirmonchi.

Oʻsha ikki yigit oʻzaro nizoga borib yigʻinlarda, toʻy-hashamlarda toʻpolon qilar ekan. Bundan bezor boʻlgan qishloq, bir kun ikkoviniyam chaqiribdi-da, agar zoʻr boʻlsalaring, rostdanam urishmoqchi boʻlsalaring, ana Olmalik bilan Egar qoʻra orasida bir yoʻl qilinglar. Biring u tomondan yoʻl ochib kel, biring bu tomondan bor, toʻqnashgan joylaringni, mana biz borib oʻlchaymiz, kim koʻp yoʻl ochgan boʻlsa, oʻsha gʻolib boʻladi, deb ikkisini toqqa chiqarib yuborganmish…

Oradan bir hafta vaqt oʻtib borishsalar… yoʻl solingan, lekin ular yoʻq emish. Kechgacha qidirib biror nishona ham topisholmabdilar. Keyin odamlar maʼyus boʻlib qishloqqa kelibdilar. Kim gʻolib boʻlgan ekan, degan savolga javob bermaganlar. Maslahat berganlar chuqur qaygʻuga botishgan, vijdoni qiynalgan, ikki boʻz bolani oʻldirib yubordik, deb toza ich-etini yeyishgan, shuning uchun, oʻzlaricha gʻolibning kimligini aytmaslikka qasam ichishgan, degan xulosaga kelibdi qiziquvchi odamlar va bu voqeani unuta boshlabdilar. Bobomning aytishicha, ular haliyam tirik, boʻriga aylanib ketgan emish. Chunki, har yili bir boʻri qishloqni aylanadi. Lekin, ziyon yetkazmay ketadi. Menimcha, bu oʻsha Xoliq polvonning oʻgʻli, ha-ha, shunday, boʻlmasa, och boʻri nega molga tashlanmaydi. Oʻzim koʻrganman, shu koʻzlarim bilan koʻrganman, esingdadir, eshakni qidirib borganimda, bir boʻri endi olaman, mana, olaman deb turgan ekan, xuddi shu payt yana bir boʻri paydo boʻldi va sherigi qochib ketdi. Keyin men eshakni haydab kelaverdim. Izimdan to Qoʻlquduqqagacha ergashib kelgandi oʻsha boʻri, degan ekan momomga deyarli baqirib…

…Odamlarning aksariyati koʻnglidan shu xayollar kelibdi ajal soʻqmogʻidan oʻtayotganlarida. Qoch oʻlding, deb baqirgan Gʻaybi putuzunni taʼzirini bermoqchi boʻlgan qassob sal boʻlmasa jarga tushib ketay debdi. Hali shoshmagin, havorga boray enangni koʻzingga koʻrsataman, deb qassob qattiq tahdid qilibdi. Enam oʻlganiniga oʻn yildan oshdi, agar koʻzimga koʻrsatsang, bir umr xizmatingni qilardim, deya Gʻaybi hammani kuldiribdi. Anavi koʻrinib turgan archalarning pastki tomonida boʻrining ini bor, – debdi Mergan Egar qoʻraga yetganlarida. Qaysi bir yili deydi Yoʻldosh laylak, merganning moli yoʻqoldi, shuning orqasidan kuni oʻtib turuvdi-da, sagʻirni. Izlab ketdi mergan. Ikki hafta deganda ikkita boʻribachcha bilan keldi. Aytishicha, ona boʻrini tutib ketini tikkan ekan. Shunda u ogʻriqqa chidolmay uzoq-uzoqlarga ketar ekan-da, mana shunaqa, har baloni biladi, debdi u boʻrining inini qayerdan biladi degan baʼzi bir kimsalarga. Ular bir muddat oʻsha tomonga tikilib qolishadi soʻng shaxd bilan, bir qarorga kelib, jangga otilgan askarday yuradilar. Yoʻq, boʻlishi mumkin emas, degan ekan mergan inga yetib borgach, betoqat boʻlib. Boʻrilar inini oʻzgartirmasligi kerak edi, nega ular bu yerga kelmagan, yo men adashdimmi, deb atrofga sinchiklab koʻz yugirtirgan. Shu chogʻ kimdir, ana u tomonga qaranglar deya pichirlagan. Lekin uning ovozini hamma eshitgan. Gulxan yoqinglar, tez, boʻlmasa barimizni qirib tashlaydi, deb baqirgan Yoʻlchi mergan. Biz juda qoʻrqib ketgandik, degan ekan Kamol daroz kasal boʻlib yotganida koʻrgani borgan odamlarga, ishonmaysizlar, ellikdan ortiq boʻri, xuddi paykalda yurgan dehqonday bamalol biz tomonga kelishardi. Men umrimda boʻri koʻrgan emasman, biroq bu bitta emas – bir toʻda edi. Agar bizga tashlansa, bir burdadan tegsak kerak, degan oʻy oʻtgandi xayolimdan. Endi oʻylab yotibman: har bir qishloqda bitta boʻlsayam botir odam boʻlar ekan, ha boʻlishi shart ekan, boʻlmasa, bizdek qush yuraklar, e, nimasini aytay, Mergan akani juda yaxshi koʻrib ketayapman. U… Faqat u birinchi boʻlib osmonga oʻq uzdi va bizga qarab, kimni miltigʻi boʻlsa, boʻriga qaratinglar, miltiqning ogʻzida oʻt boʻladi, dedi. Miltigʻi borlar shunday qildi, yoʻqlar qaltirab turaverdi.

Yurayotganimda bilmagan ekanman, biz atigi sakkiz kishi ekanmiz, degan ekan Qassob, hey bir zamonlar oʻtgach, goʻsht doʻkonining oldida tova toshdan qilgan oʻrindiqlarda oʻtirgan odamlarga qarata. Jondorlar ellikdan ortiq edi-yov. Qirda keti bilan oʻtirib bizga tikilib turardi. Oʻshanda tun sutday yorugʻ edi, men ularning ingichka quloqlarniyam koʻrib turardim va yonginamda kimnidir ishtonini hoʻllab qoʻyganini ham sezdim. Kim edi u deb soʻraganlarga, ey, nima qilasizlar, marhumning ortidan gapirish yaxshi emas, derkan. Odamlar oʻsha kecha toqqa kim borganiyu ulardan qaysi biri oʻlganiniyam yaxshi bilisharkan va aqlliyu lekin qoʻrqoq edi-da, pichirlab qoʻyisharkan.

Keyin meni Karomat opa oʻsha Egar Qoʻradan to qishloqqacha koʻtarib kelganini aytar ekan. Hech kimga bermadi, qoʻyinglar ayolning bagʻri issiq boʻladi, bola sovqatgan, debdi mergan oʻshanda…

***

Meni Karomat opa koʻtarib kelgan ekan, lekin kim qutqarib qolgan? Yigirma ikki yillik savol yana qalqib chiqdi: kim u? Meni kim qoʻtqarib qoldi. Koʻzimni ochganimda qorongʻu yertoʻladami, quduqdami bir joyda edim. Kimdir, qorongʻuda kimligini bilmasdim, erkakmi, ayolmi his qilmasdim oʻshanda. Faqat kimdir menga nimadir tutqazib, ichib ol deb ishora qilgandi, tangadek yorugʻlik tushmaydigan qorongʻulik ichida. Bu nima deb soʻraganimda, ichsang, otday boʻlib ketasan, deb kulib, hoy, beri kelinglar, deya kimlarnidir chaqirgandi. Bular – mening bolalarim, Farhod, Kumush deb bolalarini men bilan tanishtarayotganda xonaga qozonning hajmicha keladigan yorugʻlik tushib, yuzlari qoramtir bir odam kirib keldi. Qoʻrqib qolgan, biroz oʻtib oʻziga keladi deb odamning savoliga javob berdi. Odam negadir menga qaramay burchak – qorongʻulik tomonga oʻtib ketdi, biroz fursat oʻtib nimanidir terisini ustimga yoparkan, qoʻrqma, bizam odamlarmiz, toʻgʻrimi, deb menga suv bergan kishidan gapini tasdiqlatib olgach, qor qalin tushdi bu yil, dehqonchilik yaxshi boʻladimi, deyman, qani, beri kelinglar-chi, dedi tik holatda turgan bolalariga qarab. Ular – quchogʻini ochgan odamga qarab yugurib qolishdi. Keyin hushimni yoʻqotgan boʻlsam kerak, qolgan voqealar esimda yoʻq. Koʻzimni ochganimda bobomning uyida issiqqina sandalda yotardim. Atrofimda tizilib turgan tanish notanish odamlar, bobom, momom va boshim tomonda turgan otam, menga tikilib turgan onamga koʻzim tushdi. Yana beixtiyor koʻzimni yumganman. Qiziq, kim meni bu yerga olib keldi? Axir men qop-qorongʻulik ichida, ustimga qanaqadir teri yopilgan, ikkita notanish odam va ikki bolakay bilan birga edim-ku…

Bobom ham meni Karomat opa koʻtarib kelganini, lekin qayerda, qanday topganini hech kimga aytmaganini, biz ham soʻramabmiz, qara, shuni soʻrash esimga kelmabdi dedi. Ha, ular opaning qahridan qoʻrqibmi soʻramagan, muhimi topildi, qayerda, qanday holda topgani muhim emasdek, qizigʻi ham yoʻqdek boʻlgan.

 

Karomat opaning uyiga kirib borganimda opaning tobi yoʻq ekan, koʻrpa-toʻshak qilib yotgan, koʻzlaridan nur qochib, yuzi behad oqargan va kishini beixtiyor seskantirardi.

Men Alpining kimnidir sevib qolganini bilardimu lekin yigit kimligini bilmay garang edim, deb gap boshladi xirillab, oʻzimni tanishtirgach, uzoq soʻrab-surishtirgach, oʻtgan ish oʻtdi, endi nima qizigʻi bor, men bilishim kerak, kimdandir minnatdor boʻlishim, kerak boʻlsa, yaxshilikka munosib javob qaytarishim kerak, deganimdan soʻng gapirishga rozi boʻldi opa. Qiz sob boʻlgandi. Oʻzimcha kimligini bilsam, boʻyniga arqon solib boʻlsayam olib kelib, qizning oyogʻi ostiga uloqtiraman. Kerak boʻlsa, qamab qoʻyaman, kundayam, tundayam yonidan jilmaydigan qilib qoʻyaman, degan niyatda edim. Qishloqda gap tarqalgach, tushundimki, qiz koʻngil qoʻygan yigit katta oxirdan yemish yegan, ancha-munchani mensimaydigan, kimsan Oqilboyning arzandasi ekan. Unga birovning gapi oʻtishi amrimahol, aytgani aytgan, degani degan bir vallomatning bolasi edi u koʻngil qoʻygan yigit. Bir tun Alpini derazaning tiqirlashidan choʻchib tushdim. Men hushyor yotardim. Sekin oʻrnimdan turdim. Ularning hovlisining qorongʻulik tomonidan uyga yaqinlashdim. U… Odil turardi… Men keldim, dedi titrab… Alpida hozir til bitganda gapirardi. Til ham qayoqqadir gʻoyib boʻlgandi. Soʻzsiz turardi u. Yigit qizni bagʻriga bosdi. Senga uylanaman, dedi dagʻal ovoz. Qizdan sado boʻlmadi. Nega indamaysan? Sen chiroyli kulasan, iltimos, yana bir marta kul… Seni shaharga ob ketaman… Toʻgʻri, u yoqlarda togʻ yoʻq. Keyin shamol ham boshqacha esadi. Muhimi birga boʻlamiz-ku… Shu payt kutilgan shovqin bosh koʻtardi. Hovliga Olimning otasi bostirib kirdi. Qiz tuqqanga ming lanʼat! U nido abadiy jazo boʻlib yangragandi. Bu nido tamgʻa boʻlib peshonaga, yoʻq yurakka qadaldi. Ona yerni shapatilab yigʻladi. Yer nega meni koʻtarib yuribsan, deb oh urdi. Oʻgʻil tuqqanga ming lanʼat! Tarbiya berolmagan – oʻzimga yana ming lanʼat, deb ota ham koʻksiga mushtladi.

Biroq bu paytda ular orqa eshikdan chiqib, kimgadir ergashib ketib boʻlgandi. Men ularning ortidan ergashdim. Yulgʻunzorgacha izma-iz bordim, ular toʻxtab qolishdi. Men oʻzimni panaga oldim va kuzata boshladim. Yoʻlboshchi tezroq bu yerdan ketishni uqtirar, Olim ham uning gapini maʼqullar, Alpi boʻlsa nuqul togʻ tomonni ishora qilardi. Xullas, ular toqqa qarab ketishdi.

Ha, shunday, ular shu togʻlar orasida yashaydi, dedi opa mening nahotki odam haliyam togʻda yashashi mumkin degan savolimga javob berarkan. Oʻsha kecha boʻrilar changalida qolib ketganimizda, Mergan bizlarni toʻrtga boʻlib toʻrt tomondan himoya qilishni uqtiragandi. Biz koʻzimni boʻrilardan uzmay ularning harkatini kuzatib turardik. Shu talotoʻpda kimdir Gʻaybini pastlikka itarib yubordi, uning dodlagan ovozi boʻrilarni bizga yana ham yaqinlashtirdi. Mergan jon holatda pastga otilib Gʻaybining oyogʻidan tutib qoldi. Merganning qahridan qoʻrqib barcha unga yordamga shoshildi. Men sayhonlikda yolgʻiz qoldim. Bu voqealar shunchalik tez sodir boʻldiki, eslasam haliyam hayratdan yoqa ushlayman. Jondor bir qadam bossa, bemalol mening boʻgʻzimdan olardi. Biroq shu payt qayoqdandir bir boʻri keldi va jinsdoshlarini tishlab har tomonga irgʻitdi. Boʻrilar chor tarafga qocha boshladi. Shu chogʻ qarshimda bir ayolni koʻrdim. Koʻzlarida mardlik ufurib turardi. Tun sutday yorugʻmasmi, uning hansirayotgani, qoʻllaringni qaltirashini ham aniq koʻrib turardim. Pastdan ha, qassob, men senga qoʻymidim itarasan, degan ovoz eshitildi. Ayol shoshib bolani quchogʻimga berarkan oʻzi ortga tisarildi. Alpi, debman, shosha-pisha. U ogʻzimni yopdi. Uning koʻzida yalinish, hech kimga aytmagin degan xavotir zohir edi. Men uning qoʻlidan mahkam tutdim, yoʻq, dedi u, men hech qachon odamlar orasida yashamayman, iltimos, meni qoʻyib yubor, axir bolalarim, erim meni kutib turibdi, qoʻyvor dedi. Beixtiyor qoʻyib yubordim… bu paytda odamlar pastdan chiqib boʻlishgan, boʻrilar tarqalib ketgan, Alpiyam ketdi. Odamlar bolani koʻrib meni qahramonga chiqarar, maqtar, alqar, biri olib biri osmonga koʻtarardi. Men bir ogʻiz gapirmas, gapirolmas, koʻz oʻngimdan Alpining yalinchoq nigohi ketmas va uning shuncha vaqtlardan buyon togʻlar orasida yashab yurganiga bir ishonib, bir hayratlanardim.

Yoʻlda qaytayotganimizda mergan menga yaqin kelib, koʻrganingni birovga aytma, u togʻ farzandi, shu yerlarda yashab yuraversin, degach angladimki, mergan bilgan, koʻrgan, ha, u oldindan ularning shu yerda yashashini sezgan ekan.

Ayiq oviga borganimda oʻqim xato ketib, polvonning qahriga uchradim. Ayiq sandiqday-sandiqday toshlarni otar, men boʻlsam, oʻzimni panaga olar, bilasan, maymoq toshni toʻgʻri otmaydi, paxmoqligʻi sababmi, otgan toshi yonlab keladi. Xullas, nima qilarimni bilmay garang edim: miltiqni oʻqlay desam, yomgʻirday tosh yogʻilyapti, qochay desam, bilasan, u juda tez chopadi, nima qilarimni bilmay qoldim. Shu chogʻ kimdir oʻq uzdi. Ayiqning qoʻlidagi katta toshi bilan biroz muddat haykalday qotib turdi va gurs etib yiqildi. Ikki gaz chang koʻtarildi yerdan. Men nima boʻlganini anglolmay, garangsib turdim soʻng hushimni yoʻqotdim, koʻzimni ochganimda boshim tomonda shu oʻzimizning Alpi turardi. Qoʻying-e, mergan bova, odamni uyaltirdingiz-ku, men sizni qahramon deb yurardim-a, deb menga suyuq achchiq bir narsa ichirdi. Oʻrnimdan turmoqchi boʻlgandim, mumkin emas, qimirlamang, qoʻlingiz singan, quymichingiz chiqib ketgan ekan, oʻrniga solib zirk bilan bogʻlab qoʻydim, dedi. Biz turgan xona behad qorongʻi – gʻor edi. Oradan chorak soat vaqt oʻtar-oʻtmas bir kishi kirib keldi. Koʻzim qorongʻilikka oʻrgangan emasmi, kelgan kishini tanidim bu – Olim edi. Yelkasidagi kiyikni yerga agʻdararkan, mergan hushingizga keldingizmi, deb boshim sari egildi.

Biz kuygan goʻsht hididan ishtahamiz ochilib ancha suhbatlashib qoldik. Men Alpining homiladorligiyu, Olimning oʻqishni tashlab shu togʻlarda, oʻsha ketgan kundan buyon yashab kelayotganini oʻz qulogʻim bilan eshitdim. Yozda togʻning narigi tomonida oʻtib ketuvdik, bilsangiz u tomonlar, kenglik, choʻl, bepayon dasht. Dehqonlarga yordamlashib biroz roʻzgʻor qildik. Mana, qarang, deya bugʻdoy qoplarini koʻrsatdi. Goʻshtdan gʻam yoʻq, faqat tuzdan biroz qiynalyapmiz. Lekin yaqindan buniyam yoʻlini topdik: bilsangiz terakzorning keta-ketishi totimzor edi-ya. Ha, bu tomonlardayam shunaqa daraxt bor ekan. Qaysi kuni bor mevasini terib keldik. Eʼtibor bermagan ekanman, ituzumda sal kichikroq boʻlarkan-da, ana oʻshani qaynatib suvini ovqatga solamiz. Rostdan ham kiyik goʻshti mazali, hatto biroz shoʻr ekan. Meni bir haftacha davolashdi, tabiatda sehr koʻp, davo koʻp, biz boʻlsak ayovsiz qirayapmiz. Qara, bir hafta ichida qoʻlim ham bitdi, oyogʻim ham asl holiga keluvdi. Men oʻshandan keyin ularning oldiga borib turardim. Bir borganimda Alpining koʻzi yorigan ekan, bir oʻgʻil bir qiz koʻribdi. Yoʻq, degandi Alpi, yur qishloqqa qaytamiz, oʻzingni oʻylamasang ham chaqaloqlarga rahm qilsang-chi deganimda, Xudo umri bilan bergan boʻlsa yashaydi, boʻlmasa, qasrdayam oʻlib ketaveradi. Men u qishloqqa hech qachon bormayman, devdi qaltirab… Shu-shu ov bahona ularga u-bu narsa olib borib turdim. Koʻproq bolalariga kiyim kechak oborardim.

Oʻsha tun Gʻaybining dodlaganidan soʻng beixtiyor koʻzim Alpiga tushdi, meni koʻzlab kelardi. Men jon holatda oʻzimni pastga otdim, chunki oʻshanda hammaning koʻzi menda uni koʻrib qolishlari mumkin edi. Pastda Gʻaybini tortib olgach odamlarga, shu yerda picha kutaylik, deb tutib turdim oʻzim uni sen bilan koʻruvdim, deb hikoyasini tugatdi mergan, deya Karomat opa koʻzlarini yumib jimib qoldi. Ancha vaqt oʻtib, ha, Alpi-ya, nega men senga oʻxshamadim, deb afsuslandi va unga oʻxshash mumkin emas, axir u Alpi edi-da, bizlar boʻlsak, kechikib, malomat qilishga ustamon boʻlib ketgan toʻda olomonlarmiz… Shoʻrlik onasi nima koʻrdi bu tomonlarga kelib, oʻshayoqda oʻlib ketsam boʻlmasmidi, deb koʻp yigʻlar edi, deya koʻzlarini yumib oldi.

Men sekin oʻrnimdan turdim…

***

Joʻralar, degan ekan Yoʻlchi mergan, agar mening muqarrar oʻlimim yaqinlashsa kutib turmanglar – otib tashlanglar derkan. Men qiynalib jon berishni emas, oson, xuddi mening dastimdan nobud boʻlgan qushlar, hayvonlar singari oʻlishni istayman, deya koʻp tayinlar emish. Bobomning aytishicha, har daraning oʻz boʻrisi boʻladi, xuddi qishloqning oqsoqoli, rahbari boʻlganiday. Mergan, derkan bobom hammaga tanish soqolini tutamlab, shu qishloqning eng yoldor odami. Agar bilsanglar yilqining eng zoʻr otini hugur deydilar, mergan shu qishloqning huguri, deb naql qilar ekan.

Yoʻlchi mergan koʻrmagan balo qolmagan; toqqa kiyik oviga borib oʻn ikki kun qolib ketgan, ayiqqa oʻq uzib oʻldirolmagach yetti kecha-kunduz chaqmoq urib gʻor paydo qilgan kamarning orasiga kirib jon saqlagan. (Alpining uyida qolganini qishloqdoshlar bilishmaydi.) Ovchilarning aytishicha, ayiqni bitta oʻq bilan oʻldirish kerak, zinhor unga sochmadan foydalanib boʻlmas, nega deganda, uning yunggi bir qarichga yaqin boʻlarmish. Bu qalinlikdan faqat yolgʻiz oʻqgina oʻta olishi mumkin. Ayiqning eng nozik joylari koʻziyu qoʻltigʻining osti. Ikkisini ham nishonga olish qiyin. Shuning uchun koʻp ovchilar ayiq oʻldirolmay, oʻzlari tilka-pora boʻlib ketganini togʻliklar biroz vahima bilan gapirib yurishadi. Yoʻlchi mergan oʻshanda, ayiqning qoʻltigʻining ostini nishonga olgan, biroq ayiq bir qadam bosmagan, oqibatda qoʻltiq osti ochilmay, merganni dogʻda qoldirgan. Yana qaysi bir yili ikki doʻst togʻ oshib – narigi qishloqqa oʻtishmoqchi boʻlgan. Qishning chillasi. Bu paytda qor qalin boʻladi. Chillada boʻri odamga tik keladi, deyishadi keksa togʻliklar. Oʻshanda ikki doʻst togʻdan osholmay, qalin qor orasida qolib ketishadi. Biri emaklab qishloqqa qaytadi va doʻstining qolgan joyini aytadiyu hushidan ketadi. Keyinchalik oʻsha yigit choʻloq boʻlib qolgan ekan. Oyogʻining qayeridandir kesib tashlagan emish. Toqqa qolgan yigitni topishga butun qishloq chiqishadi: qor belga dovur kelar, otlar botib qoladi, shamol boʻlsa, bemalol odamni kesib ketishi mumkin edi, degan ekan toqqa chiqqanlar oʻshanda. Odamlar aytilgan manzilga yetolmay chuvalishib qolganini, baʼzisini bodi urib yiqilganini, ayrimi sovuqda muzlay boshlaganini, biroq kutilmaganda, Yoʻlchi mergan silliq belbogʻini oyogʻiga bogʻlab tepaga oʻrmalaganiyu aytilgan joyga chiqib yogʻochday qotib qolgan yigitni topganini togʻliklar ancha vaqt ham hayrat, ham qoʻrquv bilan gapirib yurishgan ekan. Ayrim bobomga oʻxshagan lofchilar, Qoplondarada mergan qoplon bilan olishgan, boʻynidagi chandiq oʻshandan qolgan deyishsa, baʼzilari, yoʻq, Oq darada yoʻlbars bilan kurashga tushgan desa, boshqasi, boʻlmagan gap, burnogʻi yili, ayiq ovida qaytdiyu oʻn kun koʻrpa toʻshak qilib yotdi, soʻng yana toqqa ketdi, eslaringda boʻlsa, ayiqni oyogʻidan tortib keluvdi, men merganning tirtigʻini oʻshanda koʻrganman, aniq u ayiq bilan kurashgan, deya yigʻilganlarni jim qilib qoʻyarkan. Mergan haqida qishloqda har xil gaplar yuradi, eng qizigʻi shuki, mergan uylanmagan. Nega uylansin, buningga vatan bormi, erta-mertan shoqolmi, boʻrimi yeb ketadi buni, shunga, bu uylanmaydi. Soʻgʻin bunga kimam qiz berardi derkan Safar kokildor.

Mergan oʻldi ketdi, lekin keyingi paytda togʻdan beri kelmay qoldi, odamlar oʻldirgan hayvonlarining qoni tortayapti, bir kun shu odam toqqa oʻladi, degan ekan bobom dasturxon boshida xuddi sigirimiz kecha kelmadi, yoki eshak arpasining yemay qoʻydi ohanggida. Shu lofchi bobongda bir gap bor, dedi amakim, qara, hech qancha vaqt oʻtmay, mergan togʻda oʻldi. Yaxshiyam choʻponlar bor, gʻajir koʻp aylangach kelib qarashsa mergan miltigʻini koʻksiga tirab oʻlib yotganmish. Kimdir oʻzini oʻzi otgan degan edi, qassob oʻrnidan turib, shu gapingga katta enangni shaftoli qoqini yebsan deb sal boʻlmasa urishib ketayozdi. U oʻzini oʻzi otmagan deydi bobong, miltiq tozalayman deganda, oʻq otilib ketgan. Ha, shunday boʻlgan deb gapini maʼqullatishni yaxshi koʻradigan bobong davom etdi: oʻzi keyingi paytlarda hardam xayol boʻlib qoluvdi. Shu, buni koʻp eshitganmiz, miltiqning ichida oʻq boʻlgan, tozalayman deganu paq etib otilib ketgan desa, yonida oʻysirab turgan Shokir ota otilib turibdi va bobongni boplab soʻkibdi. Mana, qolgan gaplarni oʻzing eshityapsan, lekin nima boʻlgandayam, mergan togʻning odami edi, oʻzini oʻzi oʻldirganmi, miltiq otilib ketganmi, yo biror kishi qasddan qilganmi, bari taqdir – azal. U endi yoʻq. Shunday mohir ovchi, bagʻri daryo odam endi yoʻq. Xuddi oʻzi aytganidan jasadi togʻ boshida qolib ketdi. Bu haqdayam koʻp tortishuv boʻldi, oxiri: togʻda qolishi kerak, deb oʻyladi odamlar. Oʻz joni, jasadi bilan qarzini uzmoqchi boʻlgan, dedi Shokir ota.

Oʻsha sen yoʻqolib qolganda shu mergan odamlarni boshlab borgan-da. Amakim shunday deb, oʻshanda oʻzining oʻqishda ekanligi, boʻlmasa boʻriga meni berib qoʻymasligini qistirib oʻtdi va mening xayolimga bobomdan biroz maqtanchoqlik oʻtibdi-da, degan fikr kelganini bildi chogʻi, mayli-da, muhimi salomatsan-ku, dedi.

U zoʻr qiz edi, bizdan uch sinf yuqori oʻqirdi, dedi amakim xayol surib, Alpi xola haqida nima bilsangiz gapirib bering deganimda. Nega unda u toqqa yashaydi, daganimda, qayerni istasa oʻshayoqqa yashayveradi-da, deb oʻrnidan turib, daraxtning qurigan shoxlarini arralashga tushdi. Men indamasdan uning ishiga tikilib turaverdim, amakim men tomonga bir-ikki qarab qoʻydi, yana ishiga zoʻr berdi, keyin charchadimi, zerikdimi, yonimga kelib oʻtirdi. U shunchalik yaxshimi, dedi. Ha, u judayam yaxshi, dedim, onangdan ham yaxshimi, deb koʻzimga tikildi. Men javob bermay, qoʻlimdagi yogʻoch bilan negadir yerga Alpi deb yozibman, amakim kulib yubordi. Ha, dedi, menam, ha, dedim. Yur seni bir joyga olib boraman, deb yurib ketdi. Men unga ergashdim.

Biz qishloqni kesib oʻtgan daryo yoqalab ketdik. Bir tomonda daryo shovillab oqar, narigi qirgʻoqdan boshlangan, mevasi shoʻr, togʻliklar totim, deyishadi, daraxtlar shamolga tebranib turishardi. Daryoning bu – biz turgan sohilida qator terakli bogʻlar barpo etilan. Oʻrtadagi yoʻl kichik – qum toshlar bilan tekislangan, togʻliklar bu yoʻlni asfalt deyisharkan. Shamol togʻ havosi va suvning zarralarini yuzingizga uradi – taningizga yengilgina salqinlik yugurar, bu yoʻldan, hech boʻlmaganda, kuniga bir marta oʻtish kerak, deyishni yaxshi koʻrarkan togʻliklar. Ayqirib oqayotgan daryoga qarab qolganimni koʻrgan amakim, agar bahorda kelsang, boshing tinib ketadi, suv oʻzani hoʻv, anavi yergacha boradi dedi, kamarning qizgʻish tusga kirgan joyini koʻrsatib. Kechga tomon shunchalik katta boʻladiki, beixtiyor yuragingga vahm oralaydi, dedi hayratimni oshirib. Bolaligimizda anavi koʻrinib turgan kamarlar bor-ku, oʻsha yoqqa borardik. Bir safar dadang, meni shu yerga tashlab ketaman, deb yuragimni yorgan, men, bola boʻlganman-da, rosa yigʻlabman, shu-shu, dadang tilimni qisib yurardi. Ha, umi, u ham shu tomonlarda chopib yurardi, deya Alpi xolayam buyoqlarga kelarmidi, degan savolimga javob berdi amakim. Lekin u boshqacha edi, qandaydir botirmidi-yey, bir kun dadang bilan garov oʻynab, mana shu daryodan kesib oʻtgan. Ha, anavi yerdan oʻtuvdi, deb daryoning eng tez oqar tomonini koʻrsatdi. Nega endi, u yaxshi suzardi, dedi, oqib ketmasmidi, deb soʻraganimda. Amaki, u nega toqqa chiqib ketgan, deb yana savolimni takrorladim. Shoshmay tur, hey, uyoqqa boraylik aytib beraman, deb amakim bogʻlar tugab, cheksiz totimzor tomonga boshladi meni. E, sen-e, katta yigit boʻlib qolibsan-da, a, oʻshandayam oʻn yildan oshdiya, deb savol bergan amakimga yigirma ikki yilu yetti oy boʻldi deb javob berdim. Amakim hayratlanib qarar ekan, rost, shuncha boʻldi, deb nimanidir chamaladi. Ha, toʻgʻri, shuncha boʻlibdi, deya takrorladi.

Dadang bilan Alpi bir sinfda oʻqishardi, deya hikoyasini boshladi amakim. Dadang kelishgan, yuzi oq, qoshiyu sochi qop-qora, xoʻp azamat yigit edi-da, oʻn sakkiz oʻn toʻqqiz yoshlarida. Yashirmayman, akam boʻlsayam, bir necha marta hasad qilganman, keyin bu ishimdan uzoq vaqt qiynalib yurganman. Dadang qaysi koʻchadan oʻtsa oʻsha koʻchaning qizlari betoqat boʻlib qolishar, yigitlar urmoqchi boʻlib toʻdalashar, lekin dadang ham anoyilardan emas, bittasidan ham qoʻrqmasdi, bir oʻzi yoʻlbarsday yuraverardi. Shu bola koʻchamizga oralasa qizlarimiz uxlamaydi, derkan onalar bir-biriga. Bir kuni oʻshanda, kech kuz edi, dadang oʻqishga kirgan, qishloqda ancha obroʻyi baland boʻlib, otam kim bilandir gaplashib paxta terimidan ozod qilganu qishloqqa olib kelgandi. Ikkimiz mana shu totimzorning tepasidagi chakalakzorga oʻtinga keluvdik. Dadang to men ikki eshak oʻtin olguncha qoʻlini boshining ostiga qoʻyib osmonga termulib yotuvdi, boʻl endi, bitta men ishlashim kerakmi, desam, ey, uka, dunyo oʻtayapti, erta qariymiz, bundoq oʻylab koʻrsam, arzirli ish qilmabman, degandi. Men albatta, unda yosh bola edim, bu gaplarni tushunmaganman, shaharda – shu narsalar haqida oʻqitarkan-da, deb oʻylaganman, hatto unga havasim ham kelgan. Uyga kelgach otang ovqatlanmay koʻchaga chiqib ketdi. Uygayam kech qaytdi, otam biror narsa demadi, ha, oʻqigan odamga hech kim biror narsa demas ekan-da, qanday yaxshi, menam oʻqiyman, deya niyat qiluvdim oʻshanda.

Yarim kechasi kimdir derazani chertib qoldi, men uxlamagandim, akam oʻrnidan avval mening boshimga egildi, men pishillab, oʻzimni uxlaganga soldim, u meni uxladi, deb oʻyladi, shekilli, asta derazani ochib tashqariga chiqdi. Men sekin oʻrnimdan turib unga ergashdim, biz orqama oldin qorongʻulik bagʻriga kirib boraverdik. Akam meni bilmas, men ham oʻzimni panaga olib, sezib qolishidan choʻchib borardim. Bir mahal biz qishloqning asfalt yoʻliga boshlaydigan soʻqmoqqa chiqdik. Qiziq, dadangdan oldin yana bir sharpa ham borar, oralari oʻn quloch olis boʻlib ular nimadir gaplashardi. Qanchalik quloq solmay bitta gapiniyam eshitmasdim. Bir mahal dadang sharpaga yetib oldi, men ham ularga ancha yaqinlashib qoluvdim. Ular daryo boʻyiga tushishdi, men katta tosh panasida oʻtirib ularning gapiga quloq solardim. Kelganing uchun rahmat, derdi sharpa, biroz hadiksirab, men nima qilishimni bilmay qoldim, xabaring bormi-yoʻqmi, qishloqda bir dunyo gap-soʻz, onam har kun boshimga yongʻoq chaqayapti, yursam oʻpoq, tursam soʻpoq deydi, dedi sharpa. Sen oʻqigansan, koʻp narsaga aqling yetadi, men nima qilay endi? Oʻzi nima gap, men kecha keldim, bexabarman, degan akamga sharpa deyarli shivirlab, men anavi Olim arzandani sevib qolganman, jinni boʻlishga davur bordim, u boʻlsa nuqul ot minib uyoqqa oʻtadi, buyoqqa oʻtadi. Ha, u hozir oʻqishga ketgan, shu yozda kanikulga kelganida bir balolar boʻlib ketdi. Dadang ikki qadamlar ortga tisarildi, men tosh ortiga deyarli kirib ketdim. Nima boʻldi, deb savol bergan akamga u yigit bilan qiz oʻrtasida boʻladigan ish boʻlib oʻtdi, toʻgʻrisi, oʻzim ham kutmagandim hammasi lahzalar ichida sodir boʻldi deya javob berdi. Xullas, Qodir chavandozning otini minib kelayotgandim, bilsang shu chavandoz meni shogird qilaman, deb onamga ham bir ikki aytuvdi. Onamni bilasan, otdan Azroildan qoʻrqqanday qoʻrqadi. Onam unamagan boʻlsayam, chavandoz meni oʻgʻrincha chaqirib, ma, minib ol, mayli, chavandoz boʻlmasang ham, sovutib ber, deya otning jilovini qoʻlimga tutqazardi. Oʻshanda otni sovutib Shaftolizordan qaytayotuvdim, lop etib oldimdan chiqib qolsa boʻladimi? Oʻzi, oldindan shu bola menga yoqardi, gʻoyibona yaxshi koʻrib yurardim, yuragim shuv etdi, hatto yengilgina qaltiradim ham. Hoy, sen qiz, aytishlaricha zoʻr koʻpkari choparkansan, kurash tushishni ham qoyillatadi, deb eshitdim, shu rostmi, agar rost boʻlsa, bir bellashib koʻrmaymizmi, nima deysan, dedi dabdurustdan. Men avvaliga biroz hayajonlanib turdim-da, keyin yengilsang nima qilasan, dedim. Agar sendan yengilsam, qaytib ot minmayman, dedi u ham. Menga uning bu gapi yoqdi. Otimni chappa qoʻyaman, biror yoqqa ketaman, degandan bu yaxshi emasmi? Yurgagim suv ketgan-da shu bolaga. Biz avvaliga bir marrani belgiladik-da, yarim yoʻlda men roʻmolimni qoʻydim, kim shuni oldin olsa, oʻsha gʻolib boʻladi, deb shartni aytdim. U roziman deb otiga qamchi bosdi. Qara, doim aytganimni qilib yurgan otga bir balo boʻldi, joyida turib qolsa boʻladimi, chuh, deyman, yur deyman, oldinga bir qadamam bosmaydi. U boʻlsa, roʻmolni oldi. Xoʻrligim kelib, labimni shunchalik qattiq tishlabman, qon sizib chiqdi. Endi kurash, dedi, otining jilovini tortarkan. Men qiz boʻlsam ham mardman, buni sen yaxshi bilasan, ahdim qasamday mening. Agar koʻzing tushgan boʻlsa, Shaftolizorning soy tomonida katta havor bor, u oʻsha tomon yurdi. Men unga ergashdim. Qaroring qatʼiymi, dedi u davra aylanarkan, qattiqroq yiqitib qoʻysam, yana yigʻlab yurmaysanmi, deya iltifot ham qilgan boʻldi. Men indamadim, hali koʻramiz dedim ichimda. U nozikkina bola-ku, bir davrada oyogʻini osmondan keltiraman, deb oʻylagandim. U yana meni yengdi. Yengdi… keyin men oʻzimni yoʻqotdim, nima balo boʻlsa oʻshanda boʻldi-da. Oʻzimga kelganimda, osmondan yergan qulagandim, ikki ot, hey, nariroqda oʻtlab turar, Olim boʻlsa, xas bilan nuqul tishini kovlar, men bir ogʻiz gapirolmas, undan meni ovutadigan, koʻngilimni koʻtaradigan bir gapmi, tasallimi kutardim. U boʻlsa jim turardi. Bir mahal, mayli, endi, men ketdim, deb bir sakrab otiga mindi-da, ketdi. Mana, oʻshanga ham uch oylar boʻlib qoldi. Menga bir balo boʻlgan, boshim aylanadi, nimalarnidir yegim keladimi-yey, xullas shunaqa gaplar…

Men sekin oʻrnimdan turdim.

U sharpa – oʻsha Alpi xolang edi…

***

Momomni matalchi kampir, ertakchi momo, biz – shaharlik nabiralari choʻpchakchi buvi, der edik. Yoshligida zap allomat qiz edi-da, oʻziyam degan ekan onamga qoʻshni Sanam momo. Bir oʻzi, – deb gapni davom ettiribdi, – xuddi anavi qirning boshidan oʻtin olib kelardi, bedaniyam shunday bogʻlardiki, annay-munnay yigitlar ip esholmay qolardi. Umr shu ekan-da, odamzod qarir ekan-da, deya boshini chayqab-chayqab qoʻyibdi. Sanam momoni men oʻsha toqqa kelganimda sargʻish kampir, qargʻish kampir, deb ermak qilgan ekanman.

Sargʻish boʻlsam boʻloyin,

Qargʻish boʻlsam oʻloyin…

deb lapar aytarkan, keyin:

Koʻray desam qabatda,

Koʻmay desam tobutda, yoʻq bolam deb soniga shapatilab qolarkan. Bir balo kampir-da, shu dugonangiz, deb onam momomga aytsa, farzand koʻkka ham koʻtararkan, yerga ham tiqarkan, deya mingʻirlagan boʻlibdi.

Onam yana bir safar qishloqqa kelganida, momongni bir allomat qizi bor edi, deya uzundan-uzun hikoyasini boshlabdi momom. Biz uni Alpi der edik. Alpi. Jasurni – Jaska, Baxtiyorni – Baxti deganlaridek uni ham Alpi deya qolardik. Hech boʻlmasa, Zulpi denglar, axir ismim Zulfiya-ku, – derdi oʻn olti yoshga toʻlgan kezlarida. Qayda? Parvo qilmasdik… Sal nozlanib yursang-chi, Alpiga oʻxshamay har balo boʻlgur. Qizning husni – nozida, – derkanboʻy yetgan qizlarining chapani yurishidan ogʻringan onalari, allaqaysi sovchilardan umidlangan koʻyi.

Alpi tengdoshlari orasida chiroyli emas edi. Boʻyi past – jikkakkina. Yana yuzida ham ozgina tirtiq, buyam kamday katta-katta qadam tashlab yurardi. Gapirganda soʻzning yarmini yutib yuborar, nuqul shoshar, qayoqdagi kishining ensasini qotiradigan gaplarni aytaverardi. Bizning bilishimizcha, husniga ishonmagan qizlar tortinchoq, uyatchan boʻlardi, lekin u uyalmas, birovga gap bermas, yana qizigʻi, bittayam dugonasi yoʻq edi uning. Biz yana oʻylardikki, chiroyli qizlar xunuklar bilan dugona boʻlar, yigitlar menga qarasin, degan xudbinona fikr yuritar deb bilardik. Shoʻrlik Alpi xunuklarning ham xunugi edi. Endi, nima ham deymiz: chiroyli qizlarning borligi qanchalik rost boʻlsa, xunuklarining mavjudligi haqiqat ekanini kichik qoʻshni qiz – Alpi misolida bilar edik-da.

U zoʻr kurash tushardi. Asov otga ham minib ketaverardi. Hatto yongʻoq daraxtining uchiga chiqib mevasini terib olardi. Ering bilan garov oʻynab toshqin daryodan suzib oʻtgan ekan. Yana yolgʻiz katta bozorga tushib roʻzgʻor qilardi. Keng tomarqani bir oʻzi agʻdarib kartoshka ekardi. Qoʻllari dehqon yigitlarning qoʻliday dagʻal edi. Ayniqsa, saratonda yuzi, boʻyin, bilaklari kuyib qizgʻish rangga kirardi. Koʻcha-koʻyda koʻrib qolsa, odamlardan ham tap tortmay, ha enamning oshnasi, deb yelkamga bir tushirib qolardi. Qoch-e, yergina yutsin seni, deb yengilgina qargʻab qoʻysam, voy, erkatosh moʻmam, deb bir chiroyli aytardi, esimga tushsa ezilib ketaman… Mana shunaqa ajoyiblarning gʻaroyibi, gʻaroyiblarning ajoyib edi Alpi.

Sen qizni qaysi qora kunga tugʻilgan yigit xotinlikka olarkan, derkan qizining yurish-turishidan norozi boʻlgan onasi. E, ona namuncha. Xudo barchani oʻz tenggi bilan yaratgan. Topilib qolar… Hech kim chiqmasa, ana Xolmat buvaning uyidagi yigit bor-ku, Bunyod shunga tega qolaman. Voy sharmanda, deb onasi tizzasiga shapatilarkan. Sen qiz meni bir kuni tiriklayin goʻrga tiqasan. Qoʻying shu gaplarni, deb onasini quchoqlarkan. Keyin esa: Ona shu yigit menga boshqacha tikiladi-da. Bir kun deng, yelkasiga ketmon bilan boplab tushirdim. Miq etmadi, bechora. Joniyam toshdan ekan… Hay-hay, birovning bolasini nega urasan-a, deb uni koyiganini bir oʻzim eshitganman. Hamma ayb oʻzimda, oʻshanda sal yon bosganimda qizim hozir tengdoshlari qatori shahzodasini kutayotgan boʻlardi, degandi onasi. Erim bilan sevishib turmush quruvdik. Tushimda ham koʻrmagan ikki togʻning orasiga kelin boʻlib borgan birinchi kunimdayoq, dilimda ketaman, degan oʻy tugʻildiyu barchasi shundan boshlandi. Avvaliga qaynonam yoshlikka yoʻydi, vaqt oʻtib koʻnikar, deb indamadi, oxir pichoq suyakka qadalgach, erimning oʻzi uyimga kuzatib qoʻydi. Erim yaxshi inson edi, faqat onasining oʻgʻli edi-da. Oʻshanda qornimda endigina oʻzining borligini bildirib, qimirlab turadigan Alpim bor edi. Men ham bosh egib qaytmadim va oʻzimga-oʻzim soʻz berdim: bolam, unda qizligini bilmasdim, haqiqiy yigit boʻlib ulgʻayadi, vaʼdasi qasam boʻladi. Biroq men qiz tugʻdim, lekin, oʻsha qaysar feʼlim oʻz kuchida qoldi: Alpi oʻgʻilsifat boʻlib ulgʻaydi, deya rosa yigʻlagandi oʻshanda…

Shoʻrlikning baxti ochilsin, yigirma uchga kiribdi, dedim qaynotangga kechqurun, hamma uxlagach, oʻringa choʻzilgan payt. Bunaqa gaplarga panja ortidan qaraydigan qaynotang indamadi. Opangizning qizi Maftun bilan teng-da, jiyaningizning ikkita bolasi bor, deya davom etdim. Qaynatangning kallasi mayda, oʻzi lofchi boʻlgani bilan baloday sezgir odam, nimaga shaʼma qilayotganimni tushundi. Menga sin solib qararkan: Chaynalma, dedi loʻnda qilib. Shu, katta opamning oʻgʻli Abrorga olib bersak… Qanotang indamadi. Biroz vaqt oʻtib nimanidir chamaladi shekilli: qizni baxtsiz qilma… Boʻldi. Lofchi qaynatang hamma gapni aytib boʻlgandi. Shu-shu bu mavzuda boshqa gap boʻlmadi.

Alpi boʻlsa hamon ot minishni qoʻymas, kurash tushishdan charchamasdi. Agar onasi koʻnsa shu qizni koʻpkariga olib ketardim, debdi Gʻofir chavondoz. Oʻgʻil boʻlganida, oʻzimga shogird qilib olardim, deganmish Muslim polvon. Alpiga qolsa ketaverardi. Biroq qishloq joyning gapi katta boʻladi. Onasini oʻylaydi-da.

Oʻshanda noyabrmi, dekabrmi aniq esimda yoʻq, lekin qor yogʻib erigan, eshak oʻldirar oftob chiqqan, bunday kunni oʻqigan ziyoli malimlar oʻlimtik ham deyisharkan, ering shunaqa degandi, bir zamonlar. Osmonda bulut suzib yurardi: bilmayman, sovqotibmi, quyoshgami qaraganman-da, qarasam bulutlar: xuddi Sanam dugonam sholcha yoyib paxta titayotganday, yarmi oq, yarmi uvada boʻlgan paxtaning oʻzginasi, shoshib qolibman. Yo, tovba, yo tovba, deb rosa hayratlanibman-da, qaynotang oʻsha holatimni haligacha aytib yuradi. Yana osmonga qarayman: goʻyo zarang oʻtinning tutinidan yarmi oqish, yarmi qoramtir bulutlar-da. Shoshib, chopib Sanam momongni uyga bordim. Ostona hatlab oʻtganimni bilaman: qotdim, qoldim. Momong sochini yoyib, yerni mushtlab, oyogʻini tap-tap urib yigʻlayapti. Hey, nariroqda, qirmizak olmaga suyanib Alpi turibdi. Ishonasanmi, yana nima uchundir shoshib osmonga qarabman, keyin momongni boshiga: ikkisiyam bir xilmish. Oqarganroq, koʻkimtirroq… Nima deyishniyam bilmay qolibman…

Qishloqda gap yotarmidi? Nariga tomonda esgan shabada bu tomonga dovul boʻlib oʻtadi-ku. Oʻroqchining ham, traktorchiyu ketmonchining ham ogʻzida shu gap: Alpi esini yeb qoʻyibdi. Sen kimu, Oqilboyning oʻgʻli Odil kim? Baʼzi ogʻzi beʼmaza odamlar qoʻpoldan-qoʻpol matal ham toʻqishibdi.

Bechora Alpi, nima qilsin, aybi sevib qolganimi, sevish qachon beri nomus, uyat boʻlib qoldi, degan gap keluvdi xayolimga. Hoy, dugon, nima sen sevmovmiding, baloday yaxshi koʻruvding-ku, hoʻ, oʻsha Sharob sharbatni etagini tutib ketuvding-ku, nimasini sevasan, qip-qizil xotinboz-ku, buning desam, rashking keldimi, kuyib oʻl, deb aytgan sen emasmiding, dedim ichimda. Qanday qora kunda tuqqan ekanman, boshimda bu savdolar ham bormidi, hali, deb onasi sochini yulardi. Shuncha qiynalganim kammidi? Ey, Xudo nega buncha imtihon qilasan, deya nola qilar, Alpi boʻlsa, ona, bas qilsangiz-chi? Qiz bola boʻlib tugʻilganim mening aybimmi? Shundoq boʻlishimni u istadi, deb koʻrsatkich barmogʻini osmonga qadar, endi bu savdolar ham uning yozigʻi, nega buncha kuyunasiz, degannini eshitib shoʻrlik qizga rahmim ham kelgan. Dugonam aqldan ozayozgandi: men ana shundan qoʻrqardim, ha, qizimning qachondir, kimnidir sevib qolishidan qoʻrqardim. Har bir ona qizining suluv, chiroyli, hammadan goʻzal boʻlishini istaydi, men boʻlsam, uni shu xunukligidan xursand, yigitlar eʼtiborini tortmasligidan, Xudoga ming marta shukrona keltirib, oʻzimcha shod boʻlib yurardim. Asragan koʻzga choʻp tushadi, degani shumi, yo boshqa bir karomati bor edimi buning? Oilamni qadriga yetmaganimning jazosimi yo otasizligimi? Ha, shundan boʻlsa kerak, erkagi yoʻq uyda shamol ham shiddatli esadi, deganlari rostmikan?, deb dod solardi Alpining onasi.

Kechqurun qaynatang keldi, ikki kun oldin togʻ ortidagi qishloqqa toʻyga ketuvdi, he, be, yoʻq, qamchi bilan gardanimga ikkita soldi, sizga nima qildim desam, burningni ostida nima gap boʻlayotganini bilmasang, koʻzday qoʻshni boʻlib, koʻz quloq boʻlmasang, he, senday xotinni, tarbiyalagan otangni beliga deb qolsa boʻladimi? Sen deydi, jagʻini takkillatib, qoʻshnichilikni eplamading, non haqi, tuz haqiga xiyonat qilding, deb yana ikki qamchi tushirdi. Badanim zirillab ketdi. Erkagi yoʻq uyga men qanday kiraman, sen tergab tursang oʻlarmiding, deydi lofchi. Koʻchada, deydi, yer yorilmadi, men kirib ketmadim, deydi. Hammani ogʻzida shu gap: esini yeb qoʻyibdi, haddini bilmabdi, yana bir balolar…

Qaynotangni eshitishicha, odamlar, ha, xoʻp sevibsan, sal bundoq teng-tengi bilan degan gaplar bor, desa biri,

tentaklik-da, bundan boshqa oti yoʻq buning, dermish ikkinchisi, zamon aynidi deymiz, lekin odamlarning oʻzi buzilib ketgan, deb aqllilik qilsa boshqasi:

sevgi bu – yengiltaklik, deb faylasuflik qilarkan keyingisi. Yoʻq, men hayronman. Alpiga-da, na chiroy bor, na bir joziba. Hatto noz ham yoʻq, deb xanda otarmish bittasi.

Shuni aytyapman-da, deb boshqasi uni maʼqullarkan. Odil, dermish bir vaqtlar shaharda oʻqib kelgan oliftanamo kishi, shahar koʻrgan bola. Uyoqlarda qanday goʻzal qizlarning borligini bu Alpi qayoqdan bilsin. Samolyotni osmonda koʻrgan qiz boʻlsa. U tomonlarda qizlarning nozi naq joningni sugʻurib oladi-ya, bay-bay…

Keyin, dermish yana boshqasi muhim bir gapni aytayotganday, Alpiyam yigirma uchdan oʻtdi-da. Hech boʻlmasa bir davrimni suray, erta nabiralariga, shu Odil meni sevgan deb maqtangisi kelgandir, deb askiya ham qilisharkan. Bir umr kambagʻallikda yashagan qiz, toʻkin hayot kechiray debdi-da, deb malomat ham qilishibdi.

Oqilboy boʻlsa toza gʻazablanibdi: oʻgʻlimni nomusga qoʻyadigan u qizni qishloqdan koʻchirib yuboraman, debdi oxurdoshlariga. Mening oʻgʻlim, debdi dona-dona qilib, koʻkda uchib yurgan burgut. Endi magʻrur qushga kim ham havas qilmaydi, deya, hatto qoʻpol gaplardan ham aytib hiringlagan boʻlibdi.

Bir ikkita otaxon borib, qizga rahm qiling, koʻzimiz oldida ulgʻaygan, mehnatdan qochmaydi, kambagʻallik ayb emas-ku, keyin oʻgʻlingizni sevsa, desa, oʻgʻlimni sevgan har bir qizni olib beraversam, oqibati nima boʻladi, deb kerilibdi, he, sendaqa dallollarni, deya otaxonlarni quva solibdi.

Odil boʻlsa bir ogʻiz gapirmasmish, joʻralari ustidan kulsa, yuzini burib, yuragi ezilganga oʻxshab azob chekarmish. Agar uylansang, qoʻliga paxta oʻratib yur, yana nozik badanlaring qabarmasin, deyishibdi oʻrtoqlari gurillab. Odil hech narsa demabdi. Odamlar uning bu holatini: shahar koʻrgan-da, musofir boʻlgan, birovning dilini ogʻritishni istamayapti, inchunun qiz bolaning, deb tushingan bolaga chiqaribdi.

Birorta odam yoʻq ediki, Alpidayam yurak bor, uyam kimnidir sevishga haqli-ku, ha, endi koʻngil ishi-da, biz nimayam derdik, qoʻying, sevsa qiz sevibdi, sizlarga nima, deydigan kishi topilmaganidan, qiz bolaning xunugi yoʻq, har birida oʻziga xos bir latofat boʻladi, faqat uni koʻra olish kerak, deydigan yuragida yoli bor odam yoʻqligidan, senlardan koʻra it yaxshi ekan, deyoladigan joʻmard chiqmaganidan, qizning koʻngli – bizning koʻzgumiz-ku, nega unga loy otasizlar, sizlarda insof bormi, deydigan sofdil togʻliklar allaqachon qirilib ketganidan qaynatangni jahli chiqar, bor alamini qamchi bilan mendan olardi…

Yoʻq, dedi, bir mahal urushdan toʻxtab, endi bunaqasi ketmaydi, hozir borib Oqilni oʻngiridan olman-da, chaynalma, uylantirsang ham uylantirasan, uylantirmasang ham uylantirasan, agar unamasang, belingni sindiraman, tishingni qoqib olaman, deyman, degancha koʻchaga chiqib ketdi. Yarim tunda rangi murdaday oqarib ketgan, lablari gezargan, qoshi uchib kirib keldi: u odam emas ekan, aynibdi, iymon koʻtarilibdi, undan, deya, nima boʻldi degan savolimga javob berib. Yoʻq, deydi, Gʻaybi chapaniga olib bersammi, yoki oʻzing olasanmi, deydi it emgan. He, dedim, qizingni ber olaman, dedim, keyin kallamga bir balo bilan tushirdi. Koʻzimni ochsam, terakzorda yotibman. Shu yerdan uyga kelishim, choy-noning bormi, deb dasturxon boshiga choʻzildi.

Oradan uch kun oʻtib Alpi izsiz yoʻq boʻldi: qayoqa ketdi, kim bilan ketdi birov bilmadi. Keyinroq, maʼlum boʻlishicha, Olimni oldiga qochib ketgan degan gap tarqaldi. Oqilboy shaharga tushib oʻn kun yoʻq boʻlib ketdi. Odamlarning yana ogʻzi gʻimirlab qolishdi: Oqilboy endi oʻshayoqlarda yashar emish, palonchaning qizini Olimga olib berganmish, piston kuni toʻyi boʻlib oʻtar ekan, hatto toʻyi oʻtganiyu, yangi hovlisining kattaligiyam ancha shov-shuv boʻldi. Bir kuni oʻn chogʻli azamat kelishdi: ot arava olib kelgan edi ular. Oqilboyning bor koʻch-koʻronini ortdi-da, uyga olov qoʻyib yubordi. Keyin ot, mol, qoʻylarni bir surug qilib haydadi-da, bola chaqasiniyam qoʻshib olib ketdi. Odamlar bir amallab olovni oʻchirdi, lekin kuyib sob boʻlgan edi qasrni eslatuvchi xonadon. Shu-shu Oqiloboy degan kimsa Suvqanardan butunlay koʻchib ketdi…

Hey, bir qancha zamonlar oʻtgach, maʼlum boʻldiki, Olim tag tomiri bilan gʻoyib boʻlgan ekan. Shaharga borib topolmagan ota, qishloqqa qaytishda yuzi chidamagan, maqtanchoq boʻlsayam, juda orli edi, qiztaloq derdi qaynotang. Ha, koʻp zamonlar oʻtib, Olim Alpini olib qochgani maʼlum boʻldi. Qayerga ketgan buyogʻi mana, haliga aniq emas, degan ekan momom Sanam kampirning fotihasiga borgan onamga…

 

***

U Olimni oʻlguday sevar edi, degan ekan onamga, hoʻv, olis bir yili men chet elda oʻqib yurgan kezlarim, otam bilan toqqa borganida Alpining yagona dugonasi Rahima opa. Oʻn toʻrt-oʻn besh yosh orasida edik. Oʻzimizga oro bera boshlagan, yigitlarni koʻrganda qadam olishlarimiz ham ohistaroqmi-yey, nozliroqmi-yey bir balo boʻlgan edi-da bizlarga. Qoshlarimizga oʻsma, koʻzlarimizga surma qoʻyib, “Soy boʻyida turgan yigit”ni aytsak gohi, “Hoy bola, bola, bola, bogʻdan keling, yalangoyoq tomdan keling” deb katta bogʻni boshimizga koʻtarib xanda otamiz, kunaro yigʻilib yigitlarning qulogʻini qizdiramiz, oʻyin-kulgi ajvida, onalarimiz yengilgina koyib qoʻyar, soʻng bizlarga havasi kelib katta daraxt tagida oʻtirib olar faqat oʻzlarigagina maʼlum suhbatini boshlab qolishardi. Alpi bizga koʻpam qoʻshilavermasdi, u yolgʻiz yurar, keyin roʻzgʻorning bor ishi uning gardanida edi. Onasini bilasiz, umri bino boʻlib biror marta Xudoga shukr demagan, bir gʻalati ayol edi. Alpi bilmadim, nima uchundir oʻziga meni yaqin olardi, endi-endi, balki salgina shartakiligim sabab boʻlsa kerak deb oʻylayman. Men sir saqlar edim-da, keyin Alpi menga yoqardi. Ha, u boshqacha qiz edi. Sizga bir gap aytsam ishonmaysiz, biz – oʻndan ortiq qiz dugona boʻlsak-da, kim-kimni yoqtirishini bilmas edik, hech kim bir-biriga aytmas edi, qoʻrqarmidi, uyalarmidi yoki qizlarning oʻzaro tan olishiyam uyat sanalarmidi, xullas, koʻpimiz bir yigitni ham yaxshi koʻrgan boʻlishimiz mumkin. Ha, hozir shunday boʻlgan boʻlsa kerak deyman-da. Gohi Alpiyam boqqa kelib qolardi. Bizlar uni oʻrab olardik, lapar aytmagancha qoʻymas edik, shoʻrlikni. U laparni qaydan bilsin, bilsayam aytolmas, ovozi oʻgʻil bolalarning ovozida doʻrillardi. Uni holi-joniga qoʻymasdik, yerga yiqitib olib rosa taʼzirini berardik. U otilib turardi-da, barimizni toʻgʻri kelgan tomonga uloqtirar, urar, tepar, keyin yolgʻiz tut ostiga borib oʻtirib olardi. Men oldiga borardim. Bu hol koʻp takrorlanardi.

Bir safar boqqa Alpi kirib keldi. Barchamiz unga hayratlanib qarab qoldik. Aytdim-ku, u bir kelsa oylab qorasini koʻrsatmasdi. Biroq u kechayam kelgandi-da. Hammaga bir-bir qaradi-da, doʻrildoq ovozda lapar ayta boshladi:

Suvqaynarning togʻlarida erimaydi qor, erimaydi qor,

Orqasidan chaqirsam ham qaramaydi yor, qaramaydi yor.

Biz hayratda qotib qolgandik. U uzoq kuyladi. Qarang, chiroyli ovozi bor ekan. Qizlar kulib yubordi, u indamadi, bir ogʻizam gapirmay, oʻsha eski joyi tut ostiga ketdi. Men uni oʻlguday yaxshi koʻraman, dedi yoniga oʻtirganimda, bilmayman meni nima jin urdi, bir kunda olisdan boʻlsayam bir koʻrmasam turolmaydigan boʻlib qoldim. Usiz bir minut ham yasholmayman, dedi shivirlab. Men dong qotib qolgan edim. Axir, qanday qilib, qiz boshing bilan sevishing mumkin deya pichirlardim. U boshqacha hech kimga oʻxshamaydi deya davom etgandi. Esingdami, qay bir bir yili toqqa lola sayliga boruvdik-ku, qara, oʻshanda bechorani kamarga tirab rosa kaltaklabman, degandan soʻng u sevib qolgan yigit Olim ekanligini bilibman. Kechagidek esimda, eringiz toqqa tirmashib lolani uzdi-da, pastga otdi, bizlar lolaga tashlandik. Bir zumda dabdalasi chiqib ketdi. Eringiz boʻlsa pastga tusholmay qoldi. Sakray desa ora uzoq, sirpanib tushay desa pasti chuqur jarlik, nima qilarini bilmay qoluvdi oʻshanda. Shunda Alpi hamma qizlarning roʻmoldini yechib oldi-da, tosh bogʻlab tepaga otdi. Ma, biror kovakka yaxshilab bogʻlagin-da, keyin osilib tush deb tepaga irgʻitdi. Eringiz osilib tushdi, biroq bizning roʻmollarimiz tepada osigʻlik qoldi. Shuncha tortamiz qani tushsa. Shunda Alpi kamarga chiqib ularni olib tushgandi. Sen Alpomish ekansan, degan Olimni kamarga qisib boplab taʼzirini beruvdi. Bir amallab ajratib oluvdik. Olimning ogʻzi burni qon, tishi singan nuqul hali mendan koʻrasan derdi. Zamonni qarang Alpi kelib-kelib shuni sevib qolibdi-ya. Men uni ogʻzi burnini qonatgan boʻlsam, u meni yuragimni zardobga toʻldiryapti dedi Alpi hayratomuz ohangda. Tishini sindirsam, u mening qaddimni bukib tashladi. Sevgi, sevgi deydilar, nahotki sevgi shunaqa yomon boʻlsa-ya. Gʻalati boʻlarkan, birdan koʻzim tinib boshim aylanganday boʻladi, keyin cheksiz koʻkalamzorga yotib osmonga termulaman, termulaveraman. Qayoqdandir mayin shabada esib sochlarimni yuzimga uradi, gʻashimni keltiradi, soʻng birdan nozik bir qoʻl ohista yuzimni berkitayogan sochlarimni silab, koʻzimga termuladi. Men uxlab qolaman. Gohi tush koʻrayotganda cheksiz lolazorda yurganday, U mening oldimda basma-bas lola uzib berayotganday boʻlaveradi. Menga bir balo boʻlgan, yursam ham, tursam ham oʻshani oʻylaydigan boʻlib qolganman. Qoʻlim ishga bormaydi, tunda uyqum, kunduzi bir joyda turgim kelmaydi. Ishgayam qoʻlim bormay, xayol surgim kelaveradi. Hozir uyiga bir soatdan koʻp vaqt tikilib turdim, qani koʻrinish bersa, qayoqqadir gum boʻlgan. Ayt, men endi nima qilaman? Qanday yashayman endi, deb hech qachon yigʻlamagan, birovga arz-dod qilmagan va hamisha biz tengdoshlari orasida dardi yoʻq kesak boʻlib kelgan Alpi mening yonimda, yelkasi yelkamga tegib, boshini egib, xuddi, ertaklardagi malikamonand nozikkina boʻlib yigʻlab oʻtirardi. Shoshib dugonalarimga qarabman, hayriyat ular oʻzlari bilan ovora, demak, hech kim koʻrmadi, bilmadi, eshitmadiyam. Hoy, Alpi oʻzingni qoʻlga olsang-chi, odamlar nima deydi, yigʻlama, tentaklik qilma, boʻldi, tur bizning uyga boramiz, qani tur ketdik, deb bir amallab oʻrnidan turgʻazdim. Uyimizda biz uzoq suhbatlashdik, men shu narsani tushundimki, Alpi esini yeb qoʻyibdi. U jinni boʻlib qolibdi. Oradan besh olti yil oʻtib tasodifan kitobga mehrim tushib, bir qancha kitob oʻqigach tushundimki, Alpining sevgisi samimiy va asl sevgi ekan. U shunchaki oʻrganish, yoki havasi ketish emas, balki inson qalbining eng chuqur joyiga kirib boradigan batakror tuygʻu ekan. Ayniqsa, “Kuntugʻmish” dostoni oʻqigach, Orzugul oʻrnida Alpini tasavvur qildim. Afsuski, Orzugul malika edi. Alpi boʻlsa, otasi yoʻq yetim, yana xunikkina bir qiz edi…

Men oʻshanda uni qip-qizil tentakka chiqarib qoʻygandim. Bundan uning dili ogʻridi, biroz tikilib turdi-da, indamay chiqib ketdi. Keyin Alpi yana oʻsha eski holiga qaytdi: dagʻal, shartaki, qaysar…

Boya aytganimday sir saqlay olardim. Oʻrtamizda boʻlib oʻtgan gap sirligicha qolib ketdi. Mana, hozir sizga aytib turibman. Lekin, bilasizmi, men oʻshanda axmoq boʻlmasam, salgina uni tushunsaydim, ozgina eshitsaydim balki u qochib ketmasmidi. Uning eski holiga qaytganini koʻrib, esini yigʻib olibdi deb oʻylabman-da, aslida, u barcha dardini ichigi yutib, lekin muhabbati uchun kurashdan bir odam ham chekinmagan ekan, deya hikoyasini tugatibdi Rahima opa.

Keyin bilasizmi, debdi, deyarli shivirlab, Alpi koʻp doston oʻqirdi. Ayniqsa “Sohibqiron” degan dostonni juda yaxshi koʻrar edi. Bir safar, Oyparchani ikkita kundoshi kuchuk tugʻdi, deb shohga maktub bitganiyu soʻng podsho soʻramay surishtirmay oʻldirib yuboring degani, shunda bir bola kelib toqqa zindonga tashlanglar deb maslahat solganini, haligi tugʻilgan ikki bolani jodugar kampir eriga berib, oʻldirib, qonini kiyimiga surtib kel, degani, er sichqonni oʻldirib, bolalarni sahroga tashlagani, keyin gʻoyib – Xudo tomonidan ularga bir qasr qurilgani va bolalar shu yerda yashagani, yillar oʻtib Oyparcha shoh bilan topishganini aytib beruvdi. Qanday yaxshi-ya, deb davom etuvdi, yillar oʻtsayam, baribir haqiqat sinmadi-ku, shoh topdi-ku, har gal shuni oʻqisam badanim zirqirab ketadi, degandi, deb onam chizgan suratga qarab tikilib qolibdi va yigʻlab: axir bu men bilan Alpi-ku, menga bering, deb yalinishga tushibdi. Soʻraganga rasm oʻrniga joniniyam berishga tayyor onam negadir, oʻshanda suratni berganini menga bu voqeani soʻzlab bergach afsuslandi. Yo borib olsammikan, yoʻq, mayli, dugonasini eslab yuradi deb indamadi.

Alpi benihoya chiroyli kular ekan, uning yagona husni shu edi, yana, u erkak bagʻrining sehriga ilingan, men buni turmushga chiqqach bildim, axir u paytda yosh qizlar edik-da, debdi Rahima onamni kuzatib chiqayotganida…

 

***

Ertasi merganning fotihasidan qaytishda otam, senga bir gapni vaʼda beruvdim, esingdami, deb soʻradi. Nahotki, unutgan boʻlsang, dedi mening ajablanganim koʻrib, esla-chi, degach, amakim bilan gaplashganimni, u menga Alpi xola haqida deyarli barcha gapni aytganini, va ularning doʻstligi haqida ogʻiz ochmagan holda, esladim. Oʻsha men topilgan tunda Yoʻlchi mergan uni imlab bir chekkaga tortib, qulogʻiga nimadir deb shivirlaganiyu bir qalqib ketgani, keyin menga qaragani, va beixtiyor tizzalab oʻtirib qolganini gapirib berdim.

 

Oʻshanda Yoʻlchi mergan, Alpi seni chaqiryapti, ilojini topsang shu kecha borarkansan, deganda, rosti hayratga tushgandim deb hikoyasini boshladi otam. Yoʻq, uni togʻda yashashini bilardim, lekin negadir u men bilan birinchi marta uchrashuvga chogʻlanayotgani edi. Alpi bilan bir vaqtlar gaplashuvdik, deya amakim menga soʻzlab voqeani batafsil gapirib berdi.

Oʻsha tun men shaharga ketuvdim va Olimni olib qaytdim. Men uni yoshligimdan yaxshi koʻrardim, ishon, u menga shunaqangi yoqardiki, soatlab u haqida xayol sursam ham zerikmasdim. Bilmayman, qachon bu baloga duchor boʻlgandim, faqat oʻshani sevishimni, usiz oʻzimni ham hayotimini ham tasavvur qilolmasdim degandi Olim qishloqqa qaytayotganimizda. Ajablanma, esingda boʻlsa, deb davom etdi u, Alpi bilan daryodan kesib oʻtishga shartlashganding, ha xuddi oʻshanda meni bir yashin urganday boʻluvdi. U daryodan oʻtib boʻlgach, oldingga keldi-da, Alpi soʻzida turadi, aytdimi bajaradi, deya badaniga yopishgan koʻylagini bir-ikki tortib, sochini silkitgandi: xuddi shamolda tebrangan sarv daraxtiday. Shu-shu yursam ham, tursam xayolim Alpi boʻldi, qoldi. Oʻsha kungi shartlashuvdan keyin, men oʻzimning yaramasligimni, asragan koʻzga choʻp suqqanimni va oʻz joyimga axlat tashlaganinim tushundim. Muhabbat – ilohiy tuygʻu, men esa uni yerparchin qilgandim. Bilaman, bu pastkashlik edi, undan koʻra meni urganing, soʻkkaning, itday otib tashlaganing, ostonamda paydo boʻlib, Alpi senga salom aytdi, deganingdan ming karra yaxshiroq edi.

U kezlar qishloqda gap toza bolalagan, edi deya hikoyasida davom etdi otam. Kunlar bahs munozaraga boy, kim haqu kim nohaq, u nega sevadi, nega endi bu qadar sharmandalikka boradi ayol boshi bilan va shunga oʻxshash bir dunyo dagʻal gaplar paydo boʻlgandi oʻshanda. Bu holga bobo quyosh jilmayib nurini sochar, oy boʻlsa yuzidagi dogʻni berkitmoqchi boʻlganday bulutlar orasiga berkinar, yulduzlar milt-milt etib, xuddi Alpining dilidagi umid singari kichkina va juda olisda edi. Shamollar shiddat bilan esar, derazaga bosh urib, u uydan bu uyga gap tashirdi. Itlarning qushlarga gʻashi kelib quvar, daraxtlar bolasini uxlatayotgan ona singari tebranardi. Daryo bu hangomani olis-olislarga eltayotgandek shoshib oqardi. Faqat togʻgina Alpining koʻnglini tushungandek, koʻpni koʻrgan otaxon singari sukut saqlab, nimadir demoqchiday osmonga tikilgandi. Ahyon-ahyon yogʻib qoladigan yomgʻir changib ketgan zaminni tozalab, sen xafa boʻlma, men qoʻrqib ketgan yerning yuziga suv sepdim, endi bemalol baxtli boʻlsang boʻlaveradi, degandek yogʻaverardi. Tabiatda kundan-kun yangi nigoh, toza tuygʻular tugʻilardi. Butun borlik buyuk bir sukunatda gʻarq boʻlganday, lekin tez orada nimadir roʻy berayotgan bir kayfiyatda edi. Tun juda uzun edi. Bir yil, balki ming asrga tenglashganday edi oʻsha kezlar.

Men Olim bilan toʻgʻri uylariga bordim. Soat oʻn ikkidan oʻtgan, barcha uyquda, ora-sira itlar hurar, qayoqdandir ukkining ovozi eshitilar, ahyon-ahyon esib qoluvchi shamol sovuqni yuzingga urar va badaning jimirlab ketardi. Olimning xonasiga oʻtayotuvdik, kimdir tomoq qirib, kimsan, toʻxta, dedi baland ovozda. Viqor bilan yurib Oqilboy keldi, hali uxlamagan ekan. Men uni yaxshi koʻraman, usiz yasholmayman, degan Olimning yuziga tarsakib solib yubordi. Sen, dedi dona-dona qilib, burgutsan, burgut. Tushunyapsapnmi, qayoqadagi musichaga oʻziningni teng koʻrasanmi, o, galvars, seni shu niyatda oʻqityapmanmi, deya oʻshqirardi. Olim avvaliga jim turdi, oxiri koʻrinmayotgan dashnomalar haqoratga aylangach chidib turolmadi, bas qiling, dedi ohista, biroq shu sokin ovozda togʻ singari qatʼiy, ayqirib oqayotgan daryodan gʻazab bor edi. Ota, dedi Olim, ehtimol bu soʻz ogʻzimdan soʻngi marta chiqayotgandir, balki bundan keyin bu kalom vujudimni kuydirsa-da, aytolmasman, lekin hozir sizga aytmoqchi boʻlgan gapim: siz shubhasiz meni dunyoga keltirgansiz, tuz-non bergansiz, bu uchun rahmat, agar umrim yetsa qaytaraman, yetmasa qiyomatda beriladigan jazoga ham tayyorman. Siz menga hayot bergansiz, Vatan nima, yaxshilikning yomonlikdan farqi, togʻu toshlarning xususiyati va ming giyohlar haqidayam batafsil hikoya qilganingizni bir umr unutmasligimga ishonaman. Biroq, tushuning, siz menga hamma narsa oʻrgatdingizu insonlarni sevishni, ularga ishonishni oʻrgatmadingiz. Yoʻq, bularni oʻzim ham oʻrganganim yoʻq – Alpi oʻrgatdi. Ha, ugina menga hamma narsadan aziz, kerakli va sevimlidir. Men usiz yasholmayman, usiz oʻlaman, oʻlaman… deb yigʻlab yuborgandi… Oqilboy gangib qolgan, tanasi oyogʻiga ogʻirlik qilibmi, boshi aylanibmi ustunga suyandi va ancha muddat oʻtib, deyarli shivirlab, ket, dedi…

Men ularni – Alpi bilan Olimni toqqa kuzatib qoʻydim…

Otam sovib qolgan choydan icharkan, dastroʻmoli bilan koʻz yoshini artib qoʻydi va mendan hozir uyalmayotganiniyam taʼkidladi. Odam yigʻlab ham turish kerak, yigʻiyam kerak odamzodga, deya sigareta tutatdi.

 

…Oradan vaqt oʻtib yangi yilda uyga kelganimda, onam qoʻshni – Alpilarning uyiga borishimni aytib qoldi. Bayram-da, keyin koʻzday qoʻshni boʻlsak, deya bir maqollarni gapirdi. Qaydam, esi kirdi-chiqdi boʻlib qolgan, xolaning sogʻligʻi yaxshimi, degan savolimga javoban. Ha, Alpi-ya, nimalar qilib qoʻyding, degancha roʻmolining uchini tishladi. Onamning odatini yaxshi bilaman: biror gap aytmoqchi boʻlsa, xuddi mehmonda oʻtirganday oyoqlarini yigʻib, qomatini tik tutardi, hozir ham uning taraddudlanayotganini koʻrib, gapni eshitishga rozi ekanligimni bildirib, yonidan joy oldim.

Qiz tuqqanga ming lanʼat! Tarbiya berolmaganga yana ming lanʼat, degan nido barchamizni qoʻrqitib yubordi va biz otang bilan shoshib tashqariga chiqdik, deya hikoyasini boshladi onam. Alpilarning uyiga Oqilboy kelgan ekan, ogʻzidan koʻpik sachraydi, yonidan bir-ikkita oxirdoshlari. Barcha tomoshaga yigʻilgan. Qiz tuqqaningcha it tugʻsang oʻlarmiding, deb oʻshqirardi. Jahd bilan tepib yubordi, bir qoʻpol soʻzniyam aytdi. Mushtipar ona yerni mushtlab, dunyoda bitta erkak ber, deya faryod koʻtardi…

 

Otam yana sigareta chekdi va oʻgʻlingni ismini nima qoʻyding, deb soʻrab qoldi toʻsatdan. Meni javobimni ham eshitmay, Olim qoʻysak-chi, dedi. Mening roziligimni eshitgach, biz – odamlar ongli mavjudotlarmiz, bu dahshat, judayam dahshat, bilasanmi, nega Olim qoʻymoqchiman, mendan sado chiqmagach, u zoʻr olim boʻlar, edi, matematikadan beshga oʻqirdi, ha, beshga oʻqirdi, deb takrorladi. Shunday zoʻr olimni boy berdi u jamiyat. Ha, Oqilboyning aybi yoʻq bunda, gunohkor faqat jamiyat, ha shunday… Inson – oʻzi yashab turgan muhitdan ayro tushishi mumkin emas. Zerikib ketding-a, ha, oʻshanda merganning gapidan keyin yarim kecha toqqa joʻnadim. Mergan ham hamroh boʻldi. Egar qoʻradan oʻtib, Sakson togʻ tomon burildik. Keyin yarim soatlar tik yoʻldan pastga tushdik va qishlogʻimizdan ham koʻrinib turadigan tekis kamar sari ildamladik. Hoʻ, anavi soyning tepa tomoni, deb mergan tezlashdi.

 

U men bilan quchoqlab koʻrishdi. Ha, ayol boshi bilan shunday qildi. Sen uning kulbasini koʻrgansan, aytib oʻtirmayman. Biz tashqariga harsang tosh ustida oʻtirdik. Oyning nuri qorlarga akslanardi. Gʻir-gʻir shamol esib turardi. Mergan bizdan ancha naridagi – yakka archa tomonga ketgan edi. Oʻsha seni oʻgʻling ekanligini bilmagandim, dedi Alpi pichirlab. Sen uni qayerda koʻrib qolding deganimda, oʻsha kun qaysi sana ekanligi esingda yoʻqmidi, deb savolimga javob bermay koʻzimga tikildi. Ha, esladingmi, dedi mening hayratlanib qaraganimni koʻrib, unutmabsan, xursandman. Har yili yigirma sakkizinchi dekabr – onamning tugʻilgan kuni qishloqqa boraman. Onam bu kunni yaxshi koʻrardilar. Oʻsha tun men qabristonda chiqib – Qiyalik sari kelayotgandim. Birdan boʻrilarning ovozi eshitildi. Ular – shunchalik koʻp ediki, beixtiyor turgan joyimda qotib qopman. Kimdir togʻarani chaldi, yana biri baqirdi, itlar qayoqqadir gum boʻlganmi, bittasiniyam ovozi chiqmasdi. Qancha vaqt oʻtganini bilmayman, yonimdan oʻtib ketgan sharpaning isidan butun badanim shivirlab ketdi. Boʻrida Azroilning bir tuki boʻladi, degan gapni koʻp eshitganman-da, shungami, kalima qaytaribman, keyin qoʻzichoqning ezgin maʼragani qulogʻimga chalindi. Yigirmaga yaqin boʻri meni yonginamdan oʻtib ketayotgandi. Bilsang kerak: yolgʻiz boʻri bir qoʻra qoʻyni qirib tashlashi mumkin, lekin bir toʻda boʻriga bittagina qoʻzichoq ham yetadi: gʻashlanib, bir-biridan qizgʻanib hammasi bir oʻljaga tashlanadi-da. Shunga ular menga eʼtibor berishmadi. Shu chogʻ osmonda olov koʻrindi va miltiqning ovozi butun tevarak atrofga tarqaldi. Bir payt, bola, ha kichkina bola boʻrilarning ortidan ketib borayapti. Avvaliga, jinmi, deb qoʻrqibman, keyin tikilib qarasam, rostdanam, oʻzimizga oʻxshagan bola. Men uni tutib olganimdan soʻng bildimki, u uyqusirab chiqqan ekan. Oʻgʻling uchar ekanda, bu dahshat-a… Uyqusirab nimalar qilib qoʻyishi mumkin… Koʻzi ochiq, lekin xayoli oʻzidamas, hali uygʻonmagan edi. Kim boʻldi, ekan deb turuvdimki, yonginamdan bir balo shuv etib oʻtib ketdi. Hey, nariroqqa borib tushdi-da, tutun isi dimogʻimga urildi. Kimdir oʻq uzgan ekan. Daydi oʻq, deb oʻyladim. Men bolani kiraverishdagi birorta uyga tashlab ketaman, deganimda, yana oʻq uzildi. Endi ortga qaytish xavfli edi: daydi oʻqqa uchishim yoki biror kishi koʻrib qolishi mumkin edi-da. Nima boʻlsa, boʻldi, dedim-da, bolani bagʻrimga bosdim uyga – toqqa yugurdim. Ajal soʻqmogʻidan oʻtuvdimki, boʻrilar galasiga duch keldim. Ular esingda boʻlsa, toʻylarda kurash payti davrani oʻrab oʻtirgan odamlar bor-ku, xuddi shularning oʻzginasi edi. Beixtiyor bolani bagʻrimga qattiqroq bosdim. Boʻrilar menga tikilib turibdi, baʼzisi labini yalab qoʻyadi, ayrimi qimirlamoqchi boʻlayapti. Atrof shunchalik sokin ediki, men har bir boʻrining yurak urishini eshitib turardim. Ular oʻrnidan turib menga yaqinlasha boshladi. Mana, yigirma quloch, oʻn besh, oʻn va besh… yana toʻy yodimga tushdi: oʻn oʻn-besh erkak ichib raqqosani oʻrtaga olganlariday, meni ham oʻrab olishdi yirtqichlar. Yuzimga issiq nafaslari urilardi. Shunda… kutilmaganda tiz choʻkibman-da: bu bolaning otasi kim, onasi kim oʻzimam bilmayman, ehtimol tilab olingan farzand, balki yetimdir. Boʻrilar – siz dasht shohisiz, oʻtinaman, bizni qoʻyib yuboring, bolani eson-omon egasiga topshiray, keyin oʻzim oldilaringga kelaman, mana, meni yeysizlar, faqat hozir emas, faqat hozirmas. Menga vaqt bering, agar qornilaring och boʻlsa, kutib turinglar, hoʻ, anavi tepalikda mening uyim bor, zip etib, bolani tashlaymanu kelaman… Ishonmasanglar ortimdan yuringlar, mayli, oʻsha yerda ikki oʻgʻlim, erim bor. Shu bola oʻlmay qolsin, ona boʻlsam ham, mingdan ming roziman, mayli mening ikki bolamni yenglar, deya nolar qilardim… Boʻrining uvillagan ovozi uzun eshitildi. Meni oʻrab olganlari joyida qotib qoldi, aytsam ishonmaysan, hammasi menga shunaqangi tikilib qarashdiki, badanim seskanib ketdi, qoʻrquv suyak-suyagimgacha yetib bordi. Ular mendan vaʼdaga vafo soʻrayotgandi: bolalaringni yeyman…

Otam ogʻir yuk koʻtarib turgan kishiday terga botib borardi. Ota yaxshimisiz, deganimda, boshini qimirlatib davom etdi:

Meni oʻldirib ketgin, dedi Alpi tap tormay. Ishon charchadim ertaklardan, dostonlardan, bu togʻi toshlardan juda-juda charchadim. Tinchgina oʻlishni istayman. Kallang joyidami, seni qanday oʻldiraman, umuman men odam oʻldirishni… yoʻq-yoʻq, deb ortga tisarildim va quladim. Yuragim shuv etdi. Haliyam bolasan-a, dedi Alpi qoʻlimdan tutib qolarkan, bu yer senga, Suvqaynarning maydoni emas. Bilaman, seni qoʻlingdan chumchuq soʻyish kelmaydiyu odam oʻldirishga yoʻl boʻlsin… keyin yana oʻsha tushkun alpozda davom etdi: oʻlimim oldi, sinfdoshlarimiz bilan toqqa chiqqanimizni, togʻ boshida qolgan yolgʻiz lolani uzganingni, keyin pastga tusholmay qamalib qolganingni, men olib tushganimni, soʻng Olimni toshning panasida olib oʻtib oʻlguday savalaganimni eslashni istayman. Oʻsha toptalgan lola hali-hanuz tushimga kiradi. Oyoqlar ostida barglari toʻkilgan lola hamon meni taʼqib etadi… Mayli sen boraver, kelganing uchun rahmat, baribir sendan qarzdorman. Sen – joʻramsan-ku, deya xanda otdi. Uning kulgusi togʻlarda aks-sado qaytardi. Beixtiyor xayolimdan Olimning, Alpi chiroyli kuladi-da, degani gapi oʻtdi. Ketdi, dedi Olimni soʻraganimda, hozir keladi, togʻning ortida ishi bor ekan, dedi-da, oʻrnidan turdi, boraver, sovqotib qolmagan tagʻin, deb bir sakrab koʻzdan pana boʻldi…

Mergan uning ikki bolasini boʻrilar yeb ketibdi, deganida tok urganday sapchib tushdim. Kecha shunday boʻlgan ekan, archaning ostida Olim bilan gaplashdim. Ular biz ketgach boʻrilar galasining oldiga borisharkan… Men ortga qaytamiz deganimda, mergan yoʻlimni toʻsib: ular allaqachon bu dunyoni tark etishdi, dedi ohista. Oʻldi ular, dedi mergan. Ha, Alpi menga rassomni olib keling, bir gaplashay, u yaramas mening yaqin joʻram edi, undan qarzim koʻp, uzishga umrim yetmaydi, faqat oʻlim oldi gurunglashay deganini aytib berdi. U aytdiki, deb davom etdi mergan, men jamiyatdan uzilgan odamman, yashadim nima, oʻldim nima, birov qaygʻurmaydi, eslamaydiyam. Bolaligimda oʻqigan “Sohibqiron” dostonga ishongan ekanman. Xudo togʻning oʻrtasidan qasr qurib beradi, men Olimning shaharga yashaymiz, deganiga koʻnmay oʻsha ertakka ishonibmi, toqqa olib keluvdim. Xudo qasr qurib qoʻygan debman-da. Keyin bilsam men allaqachon jamiyatga begona boʻlgan ekanman…

Men merganga, dedi otam yigʻlab, ortga qatishimiz kerak, ularni hech boʻlmasa odamlarday koʻmamiz deganimda, sen bolani esing joyidami, bundoq oʻylab koʻr qishning chillasida toqqa kelding, nega oldingdan bitta boʻlsin, boʻri chiqmadi, nega? Seningcha bular bari tasodifmi, yo shunchaki boʻrilar sezmay qolishdimi? Bilsang, men togʻ odamiman, ovchiman, boʻrilar – dashtning hukmdori. Ular mardlik, vaʼdada turish boʻyicha insonlardan ming marta ortiq, seni shuni unutmagin. Ishonmasang anavi tepalikka diqqat bilan qara, koʻrdingmi, oʻsha boʻri boʻladi. Biz to qishloqdan chiqib bu yerga kelganimizcha ular bizni taʼqib etib kelishyapti, agar ishonsang shu qishloqqacha izimizdan boradi. Ular Alpining vaʼdasiga ishonib bizni tinch qoʻyishyapti. Boʻlmasa, Qiyalikka yetmay tilka-pora boʻlardik. Bolalarim joʻramning bitta bolasi uchun fido boʻldi, rassomga aytib qoʻying, uning oʻgʻli mening bolalarim uchun ham yashashi, zoʻr boʻlishi kerakligini unutmasin, degan edi Alpi.

Boʻri uzun uvladi.

Bu oʻzimizning boʻri, yigʻlayapti, dedi mergan. Boʻri oʻz ovulidan ov qilmaydi. Oʻshanda qishloqqa engan boʻrilar – ular togʻning orqasidan kelishgan. Oʻsha kecha oʻgʻlingni izlab chiqanimizdayam shu boʻri uzun uvlab, boʻrilarni quvib solmoqchi boʻlgan, lekin ular batta hujum qilganda Alpi bolangni koʻtarib kelganini koʻrgach ortga tisarilgandi, boʻrilar oʻsha kechasi biz qishloqqa yetmasdanoq Alpining bolalarini yeb boʻlgan edi… hozir uvlagan boʻri shu togʻlarniki, lekin yolgʻiz. Endi boʻrilar galasi bu yerlarga qadam bosmaydi. Ular – vaʼdaga vafo olishdi, endi xotirjam boʻladi, faqat yolgʻiz boʻri oʻzini bir balo qilib qoʻymasaydi, dedi mergan.

Otam koʻz yoshini artarkan, Alpi mana shunaqa vallomat qiz edi. Daryo qancha ayqirib oqmasin – dengizga quyilgach yuvosh tortib qoladi. Alpiyam yurish-turishidan pala-partish koʻrinsa-da, uning qalbi nihoyatda sokin edi. Ha, biz odamlar kundan kun maydalashib borayotgan bir paytda Alpilarga oʻxshagan katta qalblar koʻproq kerak boʻladi. Ular – bizning mudrab yotgan tuygʻularimizni uygʻotuvchi hayqiriq, muzlagan yuragimizni qizdiradigan najot mayoqidir. Ha, deyman, endi oʻzimga-oʻzim, faqat Alpigina sevishga va sevilishga qodir, ugina, avvalo oʻziga, oʻzgalarga, barcha – odamlar shaklidagi olomonga qarshi chiqib, ozod, erkin muhabbat istab togʻi toshga qochib keta oladi.

U paytlar, qiz bolaning sevib qolishi jasorat edi. Yigit boshimiz bilan biz hayiqardik, odamlarning tanayu dashnomlaridan qoʻrqarmidikmi-yey, bilmadim, harholda men buni jasorat deb oʻylaganman. Bu jasorat faqat Alpigagina yarashishini, faqat ugina shu ishga qodirligini oʻshandayoq anglab yetganman.

Ex, Alpi, Alpijon, deya otam hikoyasini tugatdi.

Seni Alpi uchun ham toqqa olib kelmay koʻp qiynadim, bu uchun meni kechir oʻgʻlim, Uni men ham yaxshi koʻrardim, dedi otam hovliga kirayotganimizda…

Nimayam derdim, Alpini sevish uchun ham odamga jasorat kerak edi oʻsha kezlari. Shu narsani otamda koʻp koʻrganman…

Yaqinda otam Alpi – alpning egizagi, endi-endi shunday deb oʻylab qolaman deganda, haq edi…

 

Sanjar Tursunov

https://saviya.uz/ijod/nasr/toglar-orasida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x