Xorxe Luis BORXES
I
Koʻzgu va ensiklopediyaning oʻxshashligi tufayli men Ukbarni kashf qildim. Ramos-Mexiada, Gaona koʻchasidagi uyning yoʻlak adogʻida koʻzgu tashvishli jimirlar, ensiklopediya esa kishini chalgʻitish uchun The Anglo-American Cyclopedia deb nomlangan edi (Nyu-York, 1917). U 1902 yilgi Encyclopedia Britannicaning soʻzma-soʻz, ammo ancha kechikkan qayta nashri edi. Bu voqea besh yil chamasi avval sodir boʻldi. Oʻsha oqshom menikiga Bioy Kasares mehmon boʻlib kelgan va biz romanni birinchi shaxs nomidan qanday yozish kerakligi haqida bahslashib, uzoq oʻtirib qoldik. Fikrimizga koʻra, roviy bu kabi roman sahifalarida baʼzi bir voqealar haqida atayin soʻzlamas va yo ularni buzib koʻrsatib, turli xil qarama-qarshi talqinlarga yoʻl qoʻyardi; oʻz navbatida bu hol baʼzi – juda ozchilik – oʻquvchilarning beshafqat va yo bachkana mohiyatni tushunib yetishlariga koʻmak berar edi. Yoʻlak adogʻida bizni koʻzgu kuzatib turar va biz koʻzgularda allaqanday mudhishlik bor ekaniga eʼtibor qildik (yarim tun chogʻi bunday kashfiyotlar muqarrar). Shunda Bioy Kasares Ukbar yeresiarxlaridan birining soʻzlarini esladi: “Koʻzgu va qoʻshilishlar jirkanchdir, illo ular odamlar miqdorini kupaytiradi”. Men ushbu koʻhna hikmat manbaini soʻradim – bu The Anglo-American Cyclopediada, Ukbar haqidagi maqolada bosilgan, deb javob qildi Bioy. Bizning uyda (jihozlari bilan ijaraga olgan uyimizda) shu nashrning bir nusxasi bor edi. XXVI jildning soʻnggi sahifalarida biz Upsal haqidagi maqolani, XXVII jildning dastlabki sahifalaridan “Ural-Oltoy tillari” toʻgʻrisidagi maqolani topdik. Ukbar haqida esa lom-mim deyilmagan edi. Biroz xijolat boʻlgan Bioy koʻrsatkich-jildlarni qoʻliga oldi. U turli talaffuzlarni saralab behuda urinardi: Ukbar, Ugbar, Ookbar, Oukbar… Ketish oldidan aytdiki, Ukbar Iroq va yo Old Osiyodagi allaqaysi bir viloyat edi. Tan olishim kerak, men bir qadar oʻngʻaysizlangan koʻyimcha uning fikrini maʼqullagan boʻldim. Xayol qildimki, nom-nishonsiz bu mamlakat va ism-sharifi yoʻq bu yeresiarx Bioy shosha-pisha toʻqib chiqargan narsalar edi va u – kamtarligi tufayli – shular vositasida oʻz jumlasini asosli qilib koʻrsatmoqchi boʻlgandi. Yustus Pertes xaritalaridan biriga besamar tikilish oqibatida bunga ishonch hosil qildim.
Ertasi kuni Bioy menga Buenos-Ayresdan qoʻngʻiroq qildi. Ensiklopediyaning XXVI jildiga kiritilgan Ukbar haqidagi maqola qarshisida turganini aytdi. Unda yeresiarxning ismi koʻrsatilmagan, ammo garchi adabiy nuqtai nazardan ancha boʻsh boʻlsa-da, harqalay, qariyb oʻsha soʻzlar bilan ifoda etilgan taʼlimotning bayoni bor: “Qoʻshilish va koʻzgular – jirkanchdir” – “Copulation and mirrors are abominable”. Ensiklopediya matnida shunday deyilgan edi: “Ushbu gnostiklardan birining nazarida bu dunyo sarob yoki (aniqrogʻi) nedir botil makon edi. Koʻzgular va bola tugʻishlar jirkanchdir (mirrors and fatherhood are hateful), illo mavjud narsani koʻpaytirib, chor-atrofga tarqatadilar”. Men bu maqolani koʻrmoqchi ekanligimni aytdim. Bir necha kundan soʻng Bioy uni olib keldi. Men hayratdan yoqa ushlab qolgandim – Ritterning “Oʻlkashunoslik”, “Erdkunde” deb atalgan mufassal koʻrsatkichlarida “Ukbar” degan nomga ishora ham yoʻq edi, axir.
Bioy keltirgan kitob chindan ham Anglo-American Cyclopedianing XXVI jildi edi. Uning qoʻshimcha muqovasi va gʻilofidagi tartib soʻzlar aynan bizning nusxamizdagi kabi (Tor-Urs) edi, biroq uning sahifalari 917 ta emas, balki 921 ta edi. Xuddi mana shu qoʻshimcha sahifalarda (oʻquvchi fahmlaganidek) soʻzlikda koʻrsatilmagan Ukbar haqidagi maqola bor edi. Biz keyinroq jildlar orasida boshqa tafovutlar yoʻqligini aniqladik. Ikkovi ham (aytib oʻtganimdek) Encyclopedia Britannica oʻninchi jildining qayta nashri boʻlib, bu kitobni Bioy “kimoshdi” savdosida xarid qilgan ekan.
Biz maqolani sinchiklab oʻqib chiqdik. Bioy eslatgan jumladan boshqa hayratga soluvchi maʼlumot yoʻq edi. Boshqa hammasi qatʼiy tartibga solingan, uslubi jihatidan shu nashr ruhida va, tabiiyki, zerikarli edi. Qayta oʻqiyotib esa aynan shu qatʼiy uslub soyasidagi jiddiy noaniqlikka eʼtibor qildik. Joʻgʻrofiy boʻlimda eslatib oʻtilgan oʻn toʻrt nomdan faqat uchtasini, bir ishora tarzida matnga kiritilgan uchta nomni qidirib topdik – Xuroson, Armaniston va Arzirum. Tarixiy ismlardan esa faqat bittasini: koʻproq majoz maʼnosida keltirilgan qallob va afsungar Smerdisni. Maqolada goʻyoki Ukbar sarhadlari koʻrsatib oʻtilgan, ammo manzillari butunlay notanish edi – mazkur viloyatning daryolari, jarlik va togʻ tizmalari. Masalan, janubiy sarhadda Soyi Xaldun botigʻi va Aqso daryosining deltasi joylashganligi, ushbu delta orollarida boʻlsa yovvoyi otlar oʻtlab yurishi haqida oʻqib qoldik. Bu 918-betda aytilgan edi. Tarixiy boʻlimdan (920-bet) maʼlum boʻldiki, oʻn uchinchi asrda kechgan taʼqiblar oqibatida dindorlar orollarda jon saqlaganlar, u yerlarda hali-hamon bu odamlar yaratgan tosh lavhlar saqlanib qolgan va baʼzan ularga tegishli tosh koʻzgulari ham uchrab turadi. “Til va adabiyot” boʻlimi ixcham boʻlib, faqat shu narsa eʼtiborni jalb qilardi: unda aytilishicha, Ukbar adabiyoti xayoliy yoʻnalishga ega hamda doston va afsonalari hech vaqt voqelikni aks ettirmas va balki Mlexnas va Tlyon nomli xayoliy mamlakatlarni tasvirlar edi… Toʻrtta kitob sanab oʻtilgan boʻlib, garchi ularning uchinchisi – Sayles Xeyzlem: “Ukbar nomli mamlakat tarixi” – “History of the Land Called Uqbar”, 1874–Bernard Kuorich kitob doʻkonidagi koʻrsatkichlarda qayd etilgan boʻlsa-da, biz ularning birortasini hali-hamon topa olganimiz yoʻq. Roʻyxatdagi birinchi kitob – “Kichik Osiyodagi Ukbar mamlakati haqida maroqli va mutolaaga loyiq maʼlumotlar” – “Lesbare und lesenwerthe Bemerkungen ober das Land Ugbar in Klein Asien”, 1641 yil, deb belgilangan va Yogann Valentin Andree tomonidan yozilgan edi. Qiziqarli hol: oradan bir necha yil oʻtgach, men bu ismni tasodifan De Kuinsida (“Asarlar”, oʻn uchinchi jild) uchratib qoldim. Maʼlum boʻlishicha, bu ism XVII asr boshlarida xayoliy rozenkreyserlar jamoasini tavsif qilgan nemis ulamosiga tegishli edi. Keyinchalik boshqalar uning tasavvur mahsulini chindan ham hayotga tadbiq etdilar.
Oʻsha oqshom Milliy kutubxonaga yoʻl oldik. Turli xil xaritalaru manbalar roʻyxatlari, joʻgʻrofiy jamiyatlar jurnallari va sayyohlar esdaliklarini behuda titkilab sarson boʻldik – hech kim va hech qachon Ukbarda boʻlgan emasdi. Bioy qoʻlga kiritgan ensiklopediya umumiy koʻrsatkichida ham bu nom tilga olinmagan. Ertasi kuni Karlos Mastronardi (u ham bizning izlanishlarimizdan voqif edi) Korriyentes va Talkuano kitob doʻkonida “Anglo-American Cyclopedia” jildlariga duch keldi… Doʻkonga kirib, XXVI jildni soʻradi. Tabiiyki, unda Ukbar haqida ishora ham yoʻq edi.
II
Janubiy temir yoʻl tarmogʻida xizmat qilgan muhandis Gerbert Esh haqidagi allaqanday ojiz, tobora xira tortib borayotgan xotira Adrogadagi mehmonxonada, baravj butazorlar aro va koʻzgularning xayoliy tublarida hali-hanuz muqim. Hayotlik chogʻida u koʻpchilik inglizlar singari arvoh kabi deyarli koʻrimsiz yashab oʻtdi; oʻlimidan soʻng u endi hatto avvalgi arvoh ham emas. U norgʻul va ozgʻin, bir vaqtlar mallarang boʻlgan siyrak choʻqqisoqolli va, fahmlashimcha, befarzand soʻqqabosh edi. Quyosh soatlari va bir tup eman daraxtini tomosha qilish uchun (uning oʻzi bizga koʻrsatgan suratlarga koʻra xulosa qilyapman) u bir necha yil oralatib, Angliyaga borib kelardi. Otam u bilan doʻst tutingandi; taʼbir joiz boʻlsa, ularning bu doʻstligi sof inglizcha edi, oʻzaro eʼtiroflardan voz kechib, tez orada suhbatlarsiz ham davom qiluvchi doʻstliklar sirasidan edi. Ular kitob va gazetalar bilan oʻzaro oʻrtoqlashishar, shaxmatda dona surishar, ammo bularning barchasi sukut pardasiga oʻralgan boʻlardi… Men uni mehmonxona yoʻlagida riyoziyotga oid kitobni qoʻlida tutgan koʻyi osmonning betakror boʻyogʻiga tikilgan qiyofada eslayman. Bir kun oqshom biz oʻn ikkilik hisob tizimi haqida soʻzlashib qoldik (bu nazariyaga koʻra, oʻn ikki xuddi oʻnday yoziladi). Esh aytdiki, u hozir aynan shu ish bilan, qayta hisoblash orqali oʻn ikkilik jadvallarni oltmishlik jadvalga aylantirish bilan mashgʻul edi (bunga koʻra, oltmish oʻn raqamiday yoziladi). Bu yumush Riu-Grandi-du-Suldagi bir norvegning buyurtmasi ekanini ilova qildi u. Biz sakkiz yildan buyon tanish boʻlsak-da, u yoqlarda boʻlganini biror marta tilga olgan emasdi… Biz choʻponlar turmushi haqida, “kapangalar” va sharqdagi baʼzi qariyalar hali-hamon “gaucho” deb talaffuz qilib yurishgan bu brazilcha soʻzning kelib chiqishi haqida suhbat qurdik. Va – Oʻzi kechirsin! – oʻn ikkilik hosilalar haqida qaytib ogʻiz ochmadik. 1937 yilning sentyabrida (biz bu vaqtda mehmonxonada emasdik) Gerbert Esh boʻyin tomirining yorilishidan qazo qildi. Qazosidan bir necha kun avval uning nomiga Braziliyadan muhr bosilgan quti kelgan, ichida ancha salmoqli bir kitob bor edi. Esh uni qahvaxonada qoldirgan joyidan ancha oylar oʻtib topib oldim. Men uni varaqlay boshladim va birdan sarosimaga tushdim – hayratimni tasvirlab oʻtirmayman, zero, gap mening tuygʻularim haqida emas, balki Ukbar, Tlyon va Orbis Tersius haqida borayotgan edi. Islomning taʼlim berishicha, allaqaysi bir oqshom, Kechalar Kechasi deb ataluvchi allaqaysi bir oqshom falakning yashirin darvozalari lang ochiladi va koʻzalardagi suvlar yanada lazzatli tortadi; men oʻsha darvozalar qarshisida ham bu oqshomdagi kabi hayratga tushmagan boʻlur edim. Kitob ingliz tilida yozilgan edi, hajmi 1001 sahifa.
Malla charmli gʻilofda qiziqarli yozuvni oʻqib qoldim, u qoʻshimcha muqovada ham takrorlangan: “Tlyonning birinchi ensiklopediyasi. XI jild. Xlayer-Jangr” – “A First Encyclopaedia of Tlön, vol. XI. Hlaer to Jangr”. Nashr etilgan vaqt va joy koʻrsatilmagan, birinchi sahifa bilan rangli jadvallardan birini toʻsib turgan xitoy qogʻoziga quyidagi yozuvlari boʻlgan zangori shakl muhrlangan edi: “Orbis Tertius”. Yashirincha nashr qilingan allaqaysi bir ensiklopediya sahifalarida xayoliy mamlakat haqidagi qisqa bayonni oʻqib qolganimdan buyon oradan ikki yil kechdi va, mana, endi tasodif menga ancha qadrli va chindan salmoqli narsa ato etdi. Mana, men endi butun boshli nomaʼlum sayyoraning tarixi, meʼmorchiligi va tafovutlari, afsonalarining qoʻrquvlari va zabonlarining kuylari, hukmdorlari va dengizlari, toshlariyu qush va baliqlari, riyoziyoti va olov-otashlari, ilohiyotga oid va metafizik aksil talqinlari jo boʻlgan koʻlamdor va tartib bilan tuzib chiqilgan kitobga ega boʻlgan edim. Bunda hamma narsa aniq, ravon, pand-nasihat va yo masxara qilish niyatidan holi tarzda bayon qilingan edi.
Men hikoya qilayotgan oʻn birinchi jildda avvalgi va keyingi jildlarga ishora qilingan. “N. R. F.”da eʼlon qilingan va klassikaga aylanib ulgurgan maqolasida Nestor Ibarra ayni shu boshqa jildlarning mavjudligini inkor etadi; Esekiyel Martines Estrada bilan Driyo la Roshel uning gumonlarini toʻla muvaffaqiyat bilan rad qildi. Ammo astoydil qidiruvlar hozircha natija bermayotgani ham rost. Ikkov Amerika va Yevropa kutubxonalarini benaf agʻdar-toʻntar qilib chiqdik. Izquvarlikdan iborat mana shu qoʻshimcha yumushlardan charchagan Alfonso Reyes hatto yetishmayotgan kitoblarni qayta yarata boshlashni barchamizga taklif qiladi: panjasiga koʻra arslonni tiklash, ex ungue leonem. U buning uchun “tlyonchilar”ning bir avlodi yetarli boʻlishini hazil aralash hisoblab chiqdi. Ushbu dadil xulosa bizni asosiy muammoga olib qaytadi: Tlyonning ixtirochilari aslida kimlar? Bu joyda koʻplik sonini qoʻllash zarur edi, negaki yakka-yolgʻiz ixtirochi haqidagi, nomaʼlumlik va kamtarinlik zimistoni aro ter toʻkayotgan allaqanday cheksiz va tanho Leybnits haqidagi faraz bir ovozdan rad qilindi. Bu goʻzal yangi dunyo, brave new world – nomaʼlum daho rahbarligi ostidagi munajjimlaru oʻsimlikshunoslar, musavvir va muhandislar, metafizik va shoirlar, kimyogaru riyoziyotchilar, ahloqshunos va geometrlar… yashirin jamiyatining ijodi, deb oʻylash haqiqatga yaqinroq. Mana shu turfa ilmlardan boxabar odamlar behisob, ammo xayol qilishga qobillar ozchilikdir va bu xayolni qatʼiy tartibli rejaga boʻysundira oluvchi odamlar hisobi bundan-da kamroq. Ushbu reja shu qadar koʻlamdorki, har bir ishtirokchining ulushi olomon ichra adashgan chivin kabidir. Dastlab boshda Tlyon bu – boshdan oyoq tartibsizlik hamda tasavvurning bemasʼul toʻpolonidan iborat, deb xayol qildilar. Endi maʼlum boʻlishicha, Tlyon bu – yaxlit dunyodir va garchi xomaki tarzda boʻlsa-da, uni boshqarib turuvchi ichki qonunlari ishlab chiqilgan. Ommabop jurnallar ularning oʻzlariga xos ishtiyoq bilan Tlyonning hayvonot olami va qir-adirlarini omma mulkiga aylantirdi – fikrimcha, shaffof qoplonlar va qonxoʻr minoralar barcha odamlarning diqqat-eʼtiboriga loyiq emas. Tlyondagi dunyoqarashlar majmuasini bayon qilish uchun atigi bir necha daqiqa soʻrayman.
Yum aytgan ediki – men bu fikrga qoʻshilaman – Berklining dalil-isbotlari hech qanday eʼtirozga yoʻl qoʻymagani kabi, zigʻircha ishontira olmaydi ham. Ushbu mulohaza bizning yerga nisbatan toʻla-toʻkis haqiqatdir, Tlyonga nisbatan esa toʻla-toʻkis yolgʻon. U sayyora xalqlari tabiatan idealistlardir. Ularning tili va ular tilining hosilalari – din, adabiyot, metafizika – dastlabki idealizmni taqozo etadi. Ularning nazarida olam – buyumlarning makondagi toʻplami emas, balki turli-tuman alohida xatti-harakatlarning turfa xil majmuasidir. Tlyon uchun makondagi emas, balki vaqtdagi davomiylik xos. Tlyonning taxmin qilinayotgan – “hozirgi zamon” tillari va lahjalari oʻsib chiqqan bobo tili, Urspracheda otlar mavjud emas. Unda faqat adverbial maʼnoga ega boʻlgan bir boʻgʻinli soʻz yasovchi qoʻshimchalar (yoki oldqoʻshimcha) koʻrinishidagi aniqlovchili shaxssiz feʼllargina mavjud. Masalan: “oy” soʻziga toʻgʻri keladigan biror soʻz boʻlmagani holda “oylamoq” yoki “oylantirmoq” tarzida oʻgirish mumkin boʻlgan soʻzlar mavjud. “Daryo uzra oy koʻtarildi” jumlasi “xlyor u fang aksaksaksas mlyo” boʻlib jaranglaydi yoki boʻlmasa, soʻzma-soʻz tarjima qilinsa, mana bunday: “yuqori uzra doimiy oqim oylandi”.
Yuqoridagi soʻzlar janubiy mintaqa tillariga taalluqli, shimoliy mintaqa tillari (bularning bobo tili haqida oʻn birinchi jildda juda oz maʼlumot berilgan) feʼlning emas, balki sodda sifat asosiga qurilgan. Ot sifatlarni yigʻib borish yoʻli bilan hosil qilinadi. “Oy” emas, balki “qop-qora-dumaloq yuzasidagi havolangan yorugʻ” yoki “osmon” oʻrniga “mayin-zangor” deyishadi va yo xohlagan boshqa birikmani ishlatishadi. Biz tanlab olgan misoldagi sifatlar birikmasi, chindan ham, mavjud jismga mos keladi – ammo bunday qilish aslida umuman shart emas. Ayni shu mintaqa adabiyotida (Meynong voqeligidagi singari) poetik niyat talablariga binoan bir lahzada paydo boʻlib, gʻoyiblikka yuz tutar xayoliy buyumlar hukm suradi. Baʼzan ular bir lahzalik vaqtga bogʻliq boʻladi. Ikki sifatdan – koʻrinuvchi va eshitiluvchi belgilardan – iborat narsalar mavjud: shafaq rangi va qushning olis qichqirigʻi. Koʻp belgilardan iborat narsalar mavjud: quyosh va suzuvchi koʻksiga qarshi suv – yumuq qaboqlar ortidagi gʻira-shira zangori shuʼla, daryo oqimi va yo tush quchogʻiga oʻzini baxshida qilgan odamning tuygʻulari. Ikkinchi darajali ushbu jismlar boshqalari bilan birikishi, baʼzi bir qisqartma soʻzlar yordamida esa butun bir jarayon deyarli adoqsiz boʻlishi mumkin. Bitta dona ulkan soʻzdan iborat mashhur dostonlar mavjud. Muallif yaratgan “poetik obʼyekt” bu soʻzda yaxlit holga keltirilgan. Gapning ot boʻlagi borligiga hech kimning ishonmasligi oqibatida qiziq jumboq kelib chiqdi – shimoliy mintaqaning fuqarosi har bir ularning (otlarning) miqdori cheksiz, deb hisoblaydi. Ushbu mintaqa tillarida hind-ovroʻpa tillarining barcha otlari hamda koʻplab boshqa narsalar ham mavjud.
Mubolagʻasiz aytish mumkinki, Tlyonning mumtoz madaniyati bor-yoʻgʻi bitta ilmdan – ruhiyotshunoslikdan iborat boʻlib, boshqa barcha fanlar unga boʻysunadi. Aytib oʻtganimdek, bu sayyora odamlari dunyoni makonda emas, balki vaqt davomiyligida sodir boʻluvchi moddalar harakatining majmuasi sifatida tushunadilar. Spinoza oʻzining cheksiz ilohiga koʻlam va tafakkur sifatlarini loyiq koʻradi; birinchi sifatning (faqat baʼzi holatlarga xos birinchi sifatning) ikkinchi sifatga (koinotning bekamu koʻst ayniyati hisoblangan ikkinchi sifatga) qarama-qarshi qoʻyilishini Tlyonda hech kim tushunmagan boʻlur edi. Boshqacha qilib aytganda, makonga tegishli allaqanday bir narsaning vaqtda davom qilishini ular xayollariga ham keltirmaydilar. Ufqda koʻringan tutun, kuyib yotgan dala va keyin mana shu yongʻinga sabab boʻlgan chala oʻchirilgan papirosning namoyon boʻlishi gʻoyalar birikmasiga misol tarzida izohlanadi.
Mana shu yalpi monizm yoki idealizm har qanday fanni noraso qiladi. Allaqaysi bir hodisani tushuntirish (yoki aniqlash) uchun uni boshqa bir hodisa bilan bogʻlash lozim; Tlyon fuqarolarining qarashlariga koʻra, bu kabi aloqa jismning navbatdagi holati hisoblanadi va, oʻz navbatida, bu holat avvalgi holatni oʻzgartirish va yo izohlashga qodir emas. Har qanday tafakkur holati hech qanday oqibatga olib kelmaydi: hatto shunchaki nomlash holati – yaʼni, id est turlarga ajratish – orqali xatoga yoʻl qoʻyiladi – asl nusxa buzib koʻrsatiladi. Shu vaziyatlardan kelib chiqaroq, Tlyonda fanlar va hatto oddiy mulohaza ham boʻlishi mumkin emas, deya xulosa qilish mumkin edi. Ammo qizigʻi shundaki, fanlar behisob u yerda. Falsafiy taʼlimotlar ham shimoliy mintaqadagi otlarning koʻyiga tushgan. Har qanday falsafa, hech shubhasiz dialektik oʻyin, allaqanday Philosophie des Als Ob – Xuddi Guyo falsafasidir, degan haqiqat falsafiy majmualarning koʻpayishiga olib keldi. U yerda turli-tuman aql bovar qilmas falsafalar oʻpqoni yaratilgan boʻlib, ularning qurilishi aksariyat hollarda joziba va shov-shuvga asoslangan tarzdadir. Tlyon metafiziklari haqiqat tugul, uning qarindoshiga ham intilmaydilar – ular taajjubga soluvchi narsani izlaydilar. Ularning fikricha, metafizika – fantastik adabiyotning bir tarmogʻidir. Har qanday tizim aslida borliq barcha jihatlarining allaqaysi bir muayyan jihatga boʻysunishidan boshqa narsa emasligini ular juda yaxshi bilishadi.
Hatto “barcha jihatlar” iborasi ham yaramaydi, zero, bu bilan hozirgi zamon va oʻtgan zamonlarning aqlga sigʻmas birligiga ishora qilinadi. Qolaversa, koʻplik soni – oʻtgan zamonlar – ham nojoiz, zero, bu bilan oʻzgacha tasavvurning aqlga sigʻmasligiga goʻyoki ishora qilingan boʻladi… Tlyon falsafiy oqimlaridan biri oxir-oqibatda vaqtni ham inkor etdi: bu donishlarning mulohazasiga koʻra, hozirgi zamon noaniqdir, kelajak boʻlsa, u haqda hozirgi zamon bagʻrida oʻylangan fikr tariqasidagina voqelikdir. Yana boshqa bir oqim aytadiki, “barcha zamonlar” oʻtib boʻldi va bizning hayotimiz, shu holicha, yakuni tomon beomon oʻtib borayotgan muqarrar jarayonning elas-elas xotiralari va yo jilla qursa, pajmurda inʼikosidir. Yana bir oqimning faraz qilishicha, jahon tarixi – bizning barcha hayotlarimiz tarixi, hayotlarimizning mayda-chuyda tafsilotlari tarixi yashirin jahon tarixi – iblis bilan til biriktirgan allaqaysi ikkinchi darajali xudo tomonidan muttasil qayd qilib borilgay. Yana birining fikricha, dunyoni baʼzi belgilari ahamiyatsiz boʻlgan kriptogramma – maxfiy noma bilan qiyos qilish mumkin va uch yuz kechada bir sodir boʻlar hodisagina chin haqiqatdir. Yana birovi – biz bu yerda uxlab yotar ekanmiz, oʻzga dunyoda bedor yuramiz, shu tariqa har bir odam ikki odamdan iboratdir, deya ishontiradi.
Tlyondagi hech bir taʼlimot materializm kabi ashaddiy munozaralarga sabab boʻlmagandi. Baʼzi faylasuflar uni ham – koʻproq ehtirosga berilib – bir jumboq tarzida izohlaydilar. Ushbu aql bovar qilmas taʼlimotni anglash oson boʻlsin uchun oʻn birinchi asr yeresiarxi toʻqqiz dona kumush tangadan iborat jumboq oʻylab topdi. Ushbu benazir topishmoqning koʻplab talqinlari boʻlib, ularda tangalar va topildiqlarning turlicha miqdorlari koʻrsatib oʻtiladi; bu talqinlarning eng mashhurini keltiraman.
“Seshanba kuni kimsasiz yoʻldan oʻtib borayotib, X toʻqqiz dona mis tangalarni yoʻqotib qoʻyadi. Y payshanba kuni shu yoʻldan chorshanba kuni yogʻib oʻtgan yomgʻir tufayli biroz zang bosgan toʻrt dona mis tanga topib oladi. Z juma kuni yoʻldan uchta tanga topadi. Oʻsha kuni ertalab X oʻz uyi yoʻlagidan ikkita tanga topadi”. Yeresiarx bu voqea orqali topib olingan toʻqqiz dona tanganing mavjudligini, yaʼni borliqda uzluksizligini isbot qilmoqchi edi. U taʼkidlaydiki, “Ayni tangalarning toʻrttasi seshanba bilan payshanba oraligʻida, uchtasi seshanba bilan juma oqshomi oraligʻida, ikkitasi esa seshanba bilan juma kuni ertalab oraligʻida mavjud emasdi, deb oʻylash bemaʼnilik boʻlur edi. Ular vaqtning mana shu uch boʻlagi har bir daqiqasida – jillaqursa inson anglay olmas qandaydir yashirin holatda – mavjud edi, deb oʻylash haqiqatga yaqinroq”.
Ushbu jumboqni taʼriflashga Tlyonda amalda boʻlgan til yaroqsiz edi – koʻplar baribir hech vaqoni tushunmadi. Sogʻlom mantiq tarafdorlari dastlab boshda bu choʻpchakning chinligiga ishonmaslik bilan qanoatlanishdi. Ularning taʼkidicha, bu taomil bilan mustahkamlanmagan va qatʼiy mantiqiy mulohazaga yot ikki yangi soʻzdan – “qidirib topmoq” va “yoʻqotmoq” feʼllaridan – gʻayrioddiy tarzda foydalanishga asoslangan gʻirromlikdir, illo bu feʼllar mantiqiy taomilga zid ravishda dastlabki toʻqqiz tanga bilan keyingi toʻqqiz tanganing ayniyligini nazarda tutadi. Ushbu sogʻlom tafakkur homiylari yana eslatib oʻtadilarki, har qanday ot (odam, tanga, payshanba, chorshanba, yomgʻir) faqat ramziy maʼnoga egadir. “Chorshanba kuni yogʻib oʻtgan yomgʻir tufayli biroz zang bosgan” qabilidagi makkor tasvir fosh etilgan edi. Bu jumlada seshanba bilan payshanba oraligʻidagi tangalarning uzluksiz mavjudligini hali isbot qilish lozim edi. Bu shunday tushuntiriladi: “oʻxshashlik” bilan “ayniylik” butunlay boshqa narsalardir, shundan kelib chiqaroq, toʻqqiz odam qatorasiga toʻqqiz kun davomida kuchli ogʻriq changalida boʻlganlari nazarda tutilgan bir maʼnisizlik yoki faraz qilingan hodisa – reductio ad absurdum ishlab chiqildi. Mana shu ogʻriq har vaqt bir xildir, deb taxmin qilish bemaʼnilik emasmi? – savol qoʻyishadi ular. Alalxusus, ayni mantiq bilan qurollangan bu muhtaram jamoa jumboq oʻylab topgan yeresiarxni kufrda aybladi, ularga koʻra, yeresiarx faqat bir narsani – ilohiy “borliq” sifatini oddiy tangalarga ravo koʻrishday kufr niyatni koʻngliga tukkan edi, boz ustiga, yeresiarx koʻplik shaklini goh inkor etib, goho eʼtirof qiladi. Buning uchun shunday dalil-isbot keltiriladi: bordi-yu oʻxshashlik ayniylikni nazarda tutsa, u holda toʻqqiz dona tanga yakka-yagona bitta tangadir, deb oʻylash ham lozim edi.
Raddiyalar hali adogʻiga yetgan emasdi. Muammo taʼriflab berilganidan soʻng oradan yuz yil oʻtgach, bizning yeresiarx singari zoʻr qobiliyatli, biroq izchil anʼana tarafdori boʻlgan boshqa bir donishmand favqulodda dadil farazni oʻrtaga tashladi. Uning ancha puxta taxminida taʼkidlanishicha, yakka-yolgʻiz zot mavjud, mana shu yaxlit zot mohiyat-eʼtibori-la olamdagi barcha xilqatlarning har biridir va, oʻz navbatida, barcha xilqatlar ilohning tana aʼzolari hamda niqoblaridan oʻzga narsa emas. X – Y va Z dir. Z uchta tanga topib oladi, chunki bularni X yoʻqotib qoʻyganini eslaydi; X yoʻlakdan ikkita tanga topadi, chunki qolganlari ham topilganini eslaydi… Oʻn birinchi jilddan maʼlumki, ushbu idealistik taʼlimotning uzil-kesil gʻalabasi uchta asosiy sabablar bilan bogʻliq edi: birinchisi – fikrlovchi mavjudotni tanho voqelik deb biluvchi taʼlimotga (solipsizmga) nafrat; ikkinchisi – ruhiyotshunoslikni ilmlar poydevori sifatida saqlab qolish imkoniyati; uchinchisi esa – xudolar mavqeini saqlab qolish imkoniyati. Shopengauer (ehtirosli va musaffo Shopengauer) “Parerga und Paralipomena” – “Aforizmlar va maksimalar”ning birinchi jildida shunga yaqin taʼlimot yaratdi.
Tlyon geometriyasi oʻzaro biroz farqlanuvchi ikki ilmdan – koʻz bilan koʻrishga va his qilishga asoslangan geometriyalardan iborat. Bizning geometriya bilan baqamti boʻlgan ikkinchisi birinchi geometriyaga boʻysundirilgan. Nigohiy geometriya nuqtalarga emas, balki buyum yuzasiga asoslangan. Baqamti chiziqlardan bexabar ushbu geometriyaning uqdirishicha, bir joydan boshqa joyga harakatlanib koʻchayotgan odam atrofidagi buyumlar shaklini muttasil oʻzgartiradi. Tlyon arifmetikasining asosida cheksiz sonlar tushunchasi yotadi. Bunda asosiy eʼtibor katta va kichik tushunchalarga qaratilgandir. Bu tushunchalarni bizning riyoziyotchilar > va < belgisi bilan ifodalaydilar. Biznikilarning Tlyondagi hamkasblari aytadilarki, hisob jarayonining oʻzi miqdorni oʻzgartirib, uni noaniq hisobdan aniq hisobga aylantiradi. Bir necha odam aynan bitta miqdorni hisoblab, bir xil natija chiqarishlari ruhiyotshunoslar nazarida gʻoyalar birligi yoki xotira oʻtkirligiga misol tariqasida tushuniladi. Tlyonda tafakkur obʼyektining yagona va manguligi esa bizga maʼlum.
Adabiy tamoyillarda ham yagona obʼyekt gʻoyasi hukm suradi. Muallif juda kam hollarda koʻrsatib oʻtiladi. U yerda “qallob plagiat” tushunchasining oʻzi yoʻq: mavjud barcha asarlar zamondan tashqari va ismi nomaʼlum yagona muallif asaridan oʻzga narsa emasligi kunday ravshan. Baʼzan esa tanqidchilarning oʻzlari mualliflarni oʻylab topadi: buning uchun ikki turli asar tanlab olinib – masalan, “Dao De Szin” va “1001 kecha” – ularni bitta adib nomi bilan bogʻlaydilar, soʻngra ushbu ajabtovur homme de lettres – qalamkashning ruhiyati xolis va jiddiy tarzda tadqiq etila boshlanadi.
Ularning kitoblari ham bizniki kabi emas. U yerning adabiyoti yakka-yagona voqeani takomillashtirib borish bilan mashgʻul. Falsafada hamisha tezis va antitezis, har qanday taʼlimotning qatʼiy amalda boʻlgan “parast” va ham “aksil” tushunchasi mavjud. Oʻz bagʻrida inkor etuvchisi boʻlmagan kitob Tlyonda notugal sanaladi.
Idealizm hukm surgan zamonlar voqelikka taʼsir qilmasdan qolmadi. Tlyonning eng qadimiy viloyatlarida yoʻqolgan buyumlarning ikki hissa koʻpayishi muntazam uchraydi. Aytaylik, ikki odam bir dona qalamni izlaydi, birinchi odam topib olib, lom-mim demaydi: ikkinchi bir odam boshqa qalamni, avvalgi qalam singari chinakam, biroq bu odamning tasavvuriga koʻproq mos keladigan boshqa qalamni topadi. Ayni ikkilamchi buyumlar “xryonirlar” deyilib, ular birmuncha beoʻxshov boʻlsa-da, foydalanishga ancha qulay. Yaqin vaqtlargacha “xryonirlar” xayolparastlik va xotira sustligining tasodifiy mahsullari edi. Ular endigina yuz yildan buyon rejali ravishda ishlab chiqarilayotganiga ishonish qiyin, ammo Oʻn birinchi jild bunga guvoh. Dastlabki urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi. Biroq shunday boʻlsa-da, modus operandi, ishlab chiqarish uslubi eslab oʻtishga loyiq. Davlat tasarrufidagi qamoqxonalardan birining boshligʻi daryoning eski oʻzanida qadimiy qabriston borligini mahbuslarga eʼlon qilib, kimki arzigulik buyum topsa, uni ozod etishni vaʼda qildi. Qazish ishlari boshlanishidan bir necha oy avval ular topishlari lozim boʻlgan buyumlar suratini koʻrsatishdi. Ushbu dastlabki urinish umid va badnafslik ishga xalal berishini namoyish etdi: belkurak va choʻkich bilan bir hafta ter toʻkilgach, tajriba oʻtkazilayotgan vaqtdan ancha avvalgi davrga mansub, zang bosgan gʻildirakdan boʻlak hech qanday “xryon”ni topib boʻlmadi. Maxfiy tutilgan tajribani keyinroq toʻrtta kollejda takrorlashdi. Dastlabki uchtasida hech bir ish chiqmadi, toʻrtinchi kollej oʻquvchilari esa (bu kollej boshqoni qazish ishlari boshlangach, toʻsatdan qazo qildi) oltin niqob, koʻhna shamshir va koʻksida yozuvi boʻlgan, yashilga moyil shohona sovutni qazib oldilar va yo bunyod etdilar. Yozuvni esa hech oʻqib boʻlmadi. Qidiruvlarning tajriba ekanidan boxabar guvohlarning ishga yaroqsizligi shu tariqa ayon boʻldi… Ommaviy qidiruvlar butunlay teskari xususiyatli buyumlar tugʻdirayotgan edi: oʻshandan buyon qazish ishlarini alohida, hattoki tadoriksiz olib borishga kelishildi. “Xryonirlar”ni rejali ishlab chiqarish (Oʻn birinchi jildda shunday deyilgan) arxeologlar ogʻirini yengil qildi: endi kelajak singari boʻysinuvchan va yuvvosh tortib qolgan oʻtmishga ham jilo berib, uni hatto oʻzgartirish mumkin boʻlib qoldi. Eʼtiborga loyiq misol: ikkinchi va uchinchi darajali “xryonirlar”da, yaʼni boshqa bir “xryon”dan kelib chiqqan “xryonirlar” bilan “xryon” “xryon”dan kelib chiqqan “xryonirlar”da dastlabki “xryon” xatolarining kuchayishi koʻzga tashlanib qoldi; beshinchi darajali “xryonirlar” “xryon”ga juda oʻxshab ketadi; toʻqqizinchi darajali “xryonirlar”ni ikkinchi darajali “xryonirlar” bilan adashtirib yuborish mumkin; oʻn birinchi darajali “xryonirlar”da esa asl nusxalarda ham boʻlmagan musaffolik mavjud. Ammo bu jarayon davriydir, yaʼni oʻn ikkinchi darajali “xryon”dan buzilish boshlanadi. “Xryon”dan shaklining ajoyib va sofligiga koʻra har qanday “ur” ustun turadi: “ur” – ishontirish orqali bunyod qilingan, yoʻqlik bagʻridan umid koʻmagida olib chiqilgan buyum sanaladi. Soʻzlab oʻtganim ajoyib oltin niqob – bunga yorqin misol.
Tlyondagi buyumlar ikki hissa koʻpayadi, ammo shuningdek, ularda yana bir xislat bor: odamlar xotirasidan koʻtarilgach, ashyolar tobora xira tortib, belgilarini yoʻqota borishga moyil. Oʻtmishdan misol – har kuni allaqaysi bir gadoyning oyoqlari tegib turgach mavjud boʻlgan, u qazo qilgach esa koʻzdan gʻoyib boʻlgan ostona. Baʼzan oʻziga oshyon qurgan qushlar yoki qirchangʻi ot amfiteatr xarobalarini mangu yoʻq boʻlishdan saqlab qolgich edi.
Salto-Oriyental, 1940.
Post-skriptum, 1947.
Yuqorida bayon qilingan badiani men 1940 yilda “Fantastik asarlar antologiyasi”da chop etilgan holicha – bir necha tashbeh va mana endi yengiltaklik boʻlib tuyulayotgan hazilomuz xulosani hisobga olmaganda – qisqartirishlarsiz keltiryapman. Oʻshandan buyon qanday voqealar boʻlib oʻtmadi deysiz!.. Ulardan ayrimlariga toʻxtalaman.
1941 yil martida Gerbert Eshga tegishli Xinton risolasi sahifalarida Gunnar Erford qoʻli bilan bitilgan maktub topildi. Maktub zarfida Ouro-Preto pochta muhri boʻlib, sahifalarda Tlyon sinoati toʻkis tushuntirib berilgan edi. XVII asrning birinchi yarmiga mansub allaqaysi oqshom Lyuserna va yo Londonda ushbu ajabtovur loyihaga ilk bor asos solingan, mutlaqo yangi oʻlka oʻylab chiqarish maqsadida birlashgan maslakdoshlar yashirin jamiyati taʼsis etilgan edi (uning aʼzolari qatorida Dalgrano, keyinroq Jorj Berkli ham bor edi). Ancha mubham dastlabki dasturga koʻra “germetik ilmlar”, xayriya va kabbala (tilsimot ilmi) nazarda tutilgandi. Andreening maroqli asari ayni shu ilk davrda yaratildi. Kengashish va tahlillar bilan oʻtkazilgan bir necha yildan soʻng butun boshli mamlakat oʻylab chiqarish uchun bir avlod kifoya qilmasligi jamiyat aʼzolariga ayon boʻldi. Tadbirni davom ettirish uchun jamiyatning har bir aʼzosi oʻziga shogird tanlab olishiga kelishildi. Bu kabi merosxoʻrlik tartibi samarali boʻlib chiqdi: ikki asrlik quvgʻindan soʻng ushbu firqa Amerikada qayta tiklandi. 1824 yil Memfisda (Tennesi shtati) jamiyat aʼzolaridan biri xonanishin korchalon Izro Bakli bilan hamsuhbat boʻladi. Hikoyani istehzo aralash tinglab boʻlgach, ushbu rejaning kamtarona koʻlamini kulguga oladi. Amerikada mamlakat oʻylab topish bemaʼnilikdir, dedi Bakli va bira-toʻla butun boshli sayyora oʻylab topishni taklif qildi. Mazkur ulugʻvor gʻoyaga u yana bir taklif, oʻz nigilizmi mahsulini ilova qildi: ushbu bemisl reja mutlaq sir tutilmogʻi lozim. Ayni oʻsha mahalda Encyclopedia Britannicaning yigirma jildi bosmadan chiqqandi, Bakli xayoliy sayyoraning tartibga solingan mana shunday qomusini yaratishni taklif qiladi. Oltin zaxiralariga boy togʻlarni, kemalar bilan toʻlib toshgan daryolarni, buqa va bizonlari oʻtlab yurgan yaylovlarni, bu sayyora zanjilariyu islovatxona va dollarlarini koʻngilga siqquncha tasvirlayverishsin, ammo shart shuki, “Bu asar loʻttiboz Iso Masih izmida yurmasin”. Bakli Xudoga topinmas, ammo ojiz bandalar ham butun boshli olam yarata olishlarini mana shu yoʻq Xudoga isbot qilmoqchi edi. Bakli Baton-Rujda 1828 yil zaharlanib oʻldi; 1914 yili jamiyat oʻz izdoshlariga – ularning nafari uch yuz edi – Tlyon Birinchi Ensiklopediyasining soʻnggi jildini topshiradi. Bu nashr maxfiy edi: uni tashkil qilgan qirq jild (insonlar qoʻli bilan bitilgan eng ulkan asar) ancha mufassal boshqa bir nashr uchun, ingliz tilida emas, balki endi Tlyondagi tillarning birida yozilishi kerak boʻlgan boshqa bir nashr uchun asos boʻlib qolishi lozim edi. Ushbu xayoliy dunyo sharhi Orbis Tertius deb nomlangan boʻlib, Gerbert Esh – Gunnar Erford gumashtasi va yo jamiyat aʼzosi sifatida – uning yaratuvchilaridan biri edi. Oʻn birinchi jildning yuborilishi Esh jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi edi, deb taxmin qilishga asos beradi. Boshqa jildlar taqdiri qanday kechgan? 1942 yildan qiziqarli voqealar sodir boʻla boshladi. Dastlabkilarini aniq-tiniq eslayman va, ehtimol, bu voqea ilk debocha ekanini his etgandim oʻshanda. Bu voqea Laprid koʻchasidagi chorbogʻda, magʻribga qaragan baland boloxona qarshisida sodir boʻldi. Knyaginya de Fosini Lyusenj xonim nomiga Puatyedan kumush idishlar olib kelindi. Ajnabiy muhrlar bilan ziynatlangan quti tubidan goʻzal buyumlar paydo boʻla boshladi: Utrext va Parijdan yuborilgan, jonivorlar surati naqshlangan turli oshxona jihozlari, bu jihozlardan ham koʻra nafis choy qaynatgich. Ushbu mudroq jonzotlar ichra qiblanamo sinoatli titrar edi. Qiblanamo knyaginyaga tegishli emasdi. Uning zangor mili ohanrabo maydoni tomon intilgan, qabariq poʻlat sirtiga naqshlangan harflar esa Tlyondagi alifbolardan biriga taalluqli edi. Shu tariqa xayoliy dunyo chin dunyoga ilk bora bostirib kirdi. Meni tashvishga solgan tasodif bois ikkinchi voqeaga ham shohid boʻldim. Bu – oradan bir necha oy oʻtgach, Kuchilya-Negradagi bir yemakxonada yuz berdi. Amorim ikkimiz Santa-Anadan qaytib kelayotgandik. Takuarembo daryosi oʻzanidan chiqishi oqibatida biz u joylarning abgor mehmonnavozligini boshdan oʻtkazishga (va toqat qilishga) majbur boʻldik. Xoʻjayin sharob meshlari qalashib yotgan xonaga biz uchun joy hozirladi. Biz oʻringa yotdik, ammo devor ortidagi mast hamsoya goh uzoq va bejamdor soʻkinib, goh esa bachkana qoʻshiqni uvlab kuylagan koʻyi tongga qadar uyqu bermadi. Biz, tabiiyki, hech tinmagan bu ovozlarni yemakxonada siylangan musallas kasridan deb bilgan edik… Hamsoyani ertalab yoʻlakda jonsiz holda topishdi. Xirildoq ovoz bizni chalgʻitgan edi – marhum hali aroqxoʻrlik ilmidan jiddiy saboq olmagan yosh yigit boʻlib chiqdi. Uning belbogʻidan bir necha tanga va shashqol donasi kabi kattalikdagi yaltiroq maʼdan konus tushib qoldi.
Bir bolakay konusni olib qochishga behuda urinardi. Uni oʻrta yashar odam bazoʻr koʻtara oldi. Men uni bir necha soniya kaftimda ushlab turdim: esimda, ogʻirlikka toqat qilib boʻlmas edi, konusni olib qoʻyishgach, yana birmuncha vaqt vaznini his etib turdim. Kaftimda esa aniq bilinib turgan gardish izlari qoldi. Bu qadar gʻayrioddiy vaznga ega moʻjaz buyum koʻngilda gʻashlik va xavotir uygʻotar edi. Kimdir birov uni tezoqar daryoga uloqtirishni taklif qildi. Bir necha peso evaziga Amorim uni xarid qildi. Marhum haqida esa u “sharqiy sohildan” ekanidan boshqasi maʼlum emasdi. Oʻsha jajji, vazmin konuslar (er yuzida nomaʼlum maʼdan) Tlyondagi ayrim dinlarda iloh timsoli boʻlib xizmat qiladi.
Mana shu joyda hikoyaning oʻzimga taalluqli boʻlagiga nuqta qoʻyaman. Qolganlari esa barcha oʻquvchilarim xotirasida (va balki umid va yoki qoʻrquvlarida) yashaydi. Faqat yana ayrim misollarni esga solish kifoya. Bashariyatning koʻlamdor xotirasi ularni toʻldirib, ravnaq ettirishiga aminman. 1944 yili bir odam Memfis kutubxonasida (Nashvill, Tennesi shtati) “The American” gazetasini tadqiq qilayotib, Tlyon Birinchi Ensiklopediyasining barcha qirq jildini topib oldi. Oʻsha kashfiyot tasodif edimi va yoki hanuzga dovur yashirin boʻlgan Orbis Tertius sohiblarining ijozati bilan roʻyobga chiqarilganmidi, degan masala atrofida hamon munozaralar tingan emas. Keyingi faraz haqiqatga yaqinroq chamasi. Oʻn birinchi jildning baʼzi bir aql bovar qilmas taʼkidlari (deylik, “xryonirlar”ning koʻpayish xususiyati) Memfisda topilgan nusxada tashlab oʻtilgan yoki bir qadar yumshatilgandi. Bundan kelib chiqaroq shunday taxmin qilish mumkin – ayni tuzatishlar ushbu yangi dunyoni chin dunyoga imkon qadar yaqin tasvirlash rejasiga koʻra amalga oshirilgan edi. Buyumlarning Tlyondan turli mamlakatlar boʻylab tarqalishi, aftidan, bu rejani yakunlashi lozim edi… Haqiqat shuki, jahon matbuoti “topilma” atrofida katta shov-shuv koʻtardi. Darsliklar, antologiyalar, taqriz va oʻgirmalar, Bashariyat Buyuk Asarining mualliflar bilan kelishilgan va yo oʻgʻrincha qayta nashrlari yer yuzini toʻldirib yubordi. Bu jarayon hali-hamon toʻxtagan emas. Voqelik bir zumda turli nuqtalarda chekina boshladi. Albatta, voqelik aslida ham yon berishni tusab qolgan edi. Atigi oʻn yil avval odamlar xayolini oʻgʻirlash uchun bir-biriga baqamti va qatʼiy tartibli tuyulgan tushunchalar, aytaylik, dialektik materializm, aksilsemitizm va yo fashizm kifoya edi. Shunday ekan, har sohasi tartibga solingan yangi sayyoraning – Tlyonning jozibasiga uchish, uning mufassal va ravshan manzarasiga koʻngil qoʻyish hech gap emasdi. Axir, voqelik ham tartibga solingan-ku, deb eʼtiroz bildirish befoyda. Ha, balki shundaydir, ammo u ilohiy qonunlarga koʻra tartib qilingan – buning tarjimasi esa shu: atrofimizda kechayotgan va biz koʻnikkan voqelik anglab yetish imkonsiz noinsoniy qonuniyatlarga koʻra tartib qilingan. Tlyon esa – bu labirint, u insonlar oʻylab chiqargan labirint, u insonlar anglab yetishlari haqqi barpo qilingan labirint.
Tlyon bilan aloqalar va unga koʻnikish biz yashab turgan dunyoni yoʻldan ozdirdi. Tlyonning xushbichimligidan esini yoʻqotgan insoniyat bu uygʻunlik farishtalarining emas, balki shatranj ustalari niyatining mahsuli ekanini tobora yoddan chiqarayotir. Tlyonning (farazlarga asoslangan) “dastlabki tili” maktablarga bostirib kirdi, Tlyonning barkamol (va hayajonli manzaralarga toʻla) tarixini oʻqitish oʻsha tarixga, bolalik yillarim ustidan hukmron boʻlgan oʻsha tarixga koʻlanka tashlab ulgurdi; odamlar xotirasidagi odatiy oʻtmishni boshqa bir oʻtmish, biz qallob ekanidan ham bexabar boshqa oʻtmish siqib chiqarmoqda. Numizmatika, dorishunoslik va arxeologiya oʻzgarishlarga yuz tutdi. Oʻylashimcha, biologiya va riyoziyotni ham shu qismat kutayotir… Yer yuzasi boʻylab tariqdek sochilgan tanho donishmandlar shajarasi dunyo tusini oʻzgartirib yubordi. Ularning ishi davom qilayotir. Bordi-yu bashoratlarimiz roʻyobga chiqsa, yuz yillardan soʻng kimdir birov Tlyon Ikkinchi Ensiklopediyasining yuz jildini topib oladi.
Va oʻshanda sayyoramizdan ingliz tili ham, farangi va ispan tili ham gʻoyib boʻladi. Dunyo – Tlyonga aylanadi. Menga esa baribir, men Adroga qoʻnoqxonasining sokin panohi ostida Braun “Dafn koʻzasi”ga yozilgan Kevedo ruhidagi badiaga (uni chop ettirmoqchi emasman) ishlov berish bilan mashgʻulman.
Rus tilidan Sharifjon AHMEDOV tarjimasi.
“Yoshlik”, 2017–12
https://saviya.uz/ijod/nasr/tlyon-ukbar-orbis-tertius/