Assalomu alaykum, Javlon!
Oʻylab koʻrsam, Siz bilan faqat tadbirlardagina yuzma-yuz kelgan ekanmiz: oldiniga kitob festivalida, keyin Milliy kutubxonada oʻtgan qaysidir anjumanda. Maʼruzangizni tinglay turib, soʻzga ustaligingizni payqagandim. Ammo “hikoya yozadi” deb oʻylamabman hech. Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqda “Ayol” nomli ajoyib bir hikoyaga koʻzim tushgach, bu Sizning “ish”ingiz ekaniga avvaliga ishonmadim. Boʻyinbogʻ taqqan xushbichim, xushaxloq va ayni damda men bilgan oʻsha soʻzamol yigitchani minbardan tashqarida tasavvur etishim biroz qiyin kechdi. Fikrlarimni bir joyga jamlashga, ehtimol, mana shu “maʼruzachi” xalal berdi. Biroq “Ayol” hammasini oʻrni-oʻrniga keltirib qoʻydi. Kunlik toʻlov ortidan roʻzgʻor tebratayotgan, hali paxta, hali kartoshka, hali piyoz va kunjut oʻtogʻida kuymalanib, qoʻllari qorayib, yorilib ketgan Ayolni tanigandekman. Tanbal eri esa kun boʻyi uyda. Ana shu erning qiyofasini hikoyada hech bir sifatu boʻyoqsiz chizgan oʻrningiz bor: “… ishkomdan yana uzum oldi-yu, yuvmasdan ogʻziga soldi”. Shu holatning oʻzi, nazarimda, er haqida tasavvur hosil qilishga yetib ortadi. Boshida menga bayonchilikday tuyulgan jumlalar hikoya oxirida sirini ochdi va taslim qildi-qoʻydi.
“Ayol” taʼsirida boshqa ijod namunalaringizga ham qiziqish uygʻondi va ulardan bir nechasini internetdan “sugʻurib” oldim: “Ozodlik”, “Mustabidning hasharotlari”, “Soʻyla, daryo, soʻyla”, “Lobar, Lobar, Lobarim mening”, “Qizlar bilan uchrashuvlarim”, “Turdi Karvon qizi hamda Abdulla”, “Assalamu aleykum yoxud Myanma fojiasi”, “Oppoq qorlar, onam va koinot”, “Ikki yoshning uchrashuvi”.
Teatrga doʻsting bilan borma, deyishadi. Negaligini bilasizmi? Tomosha ikki doʻst bahsiga aylanib ketarkan. Odam tinchgina oʻtirib, mundoq spektakl koʻrgandek boʻlmaskan. “Qizlar bilan uchrashuvlarim”ni shunday holda oʻqidim, desam toʻgʻri tushuning. Matndan koʻnglim toʻlmagan paytlarda qoʻlim tahrirga yugurib, oddiy oʻquvchiligimni unutib qoʻyaman. Mana bu joyini bunaqa qilsa boʻlarkan, deb oʻzimcha matnni qirtishlagan kishim boʻlaman.
Xoʻ-oʻ-oʻp, endi “qizlar bilan uchrashuvlaringiz”ga toʻxtalsak. Hikoya deb atalayotgan ushbu ijod namunangizda, nazarimda, publitsistik ruh hukmron. “Masalan”, “nihoyat”, “aslida”, “har holda” kabi kiritmalar talaygina. Ularni qayta ishlashga hafsala qilmaysizmi yoki koʻzingiz qiymaydimi? Xullas, kamtahrirsiz. Izohu “chaynab berish”lardan tamoman voz kechishingiz tarafdoriman. Misol uchun, “Qizlar bilan uchrashuvlarim”dagi boshlangʻich ikki xatboshi. Bir qarashda oʻta muhim. Ming bor maʼzur tuting, ular koʻrichakning oʻzginasi – olib tashlagan bilan organizm faoliyati toʻxtab qolmaydi. Hikoyani “Men ham boʻydoqman, mening ham yoshim yigirma yettida” satridan toʻppa-toʻgʻri boshlab ketilsa ham, yutqiziq boʻlmaydi. Qaytanga, oʻqishlilik darajasi oshadi.
Galdagi masala – mantiqiy tahrir. Hikoyadan: “Hayotning qizigʻi qolmaganday edi. Koʻzimga nuqul eski shahardagi jin koʻchalar, axlat idishlar, quvurlarda mogʻor bosgan suv va unda achib-sasigan oʻlik mushuklar koʻrinadigan boʻlib qolgandi. Xullas, jurʼatsiz va ishonchsiz, umidsiz oʻsmir edim”. Nazarimda, “axlat”, “quvur”, “mogʻor”, “achib-sasigan”, “oʻlik mushuk” kabi toʻqima ifodalar bilan oʻquvchini hikoya ichiga tezroq olib kirishga uringansiz. Hayotdan koʻngli sovigan, jurʼatsiz oʻsmirni shu yoʻl bilan tanitmoqqa oshiqqansiz… Biroq bu jihatdan “Ayol” boshqacha – toʻkis edi.
Yigitning bosh prokuror qizi bilan uchrashuv sahnasida shunday debsiz: “Qiz badavlat qonun himoyachisi emas, koʻproq buyuk rassom boʻlishni orzu qilgan oddiy tasviriy sanʼat oʻqituvchisining qizini eslatardi”. Rosti, miyamda zigʻircha tasvir jonlanmadi: na qizning oʻzi, na oʻqituvchi va na buyuk rassom. Chunki ifoda tugal shakl topmagan.
Farmatsevt otaning qizi bilan uchrashuv sahnasini olaylik. Gap izini gap quvib, yigit: “Aniq sohaga badiiy adabiyot qanday qudrat bagʻishlashini bilasizmi?” deydi. Shu soʻroqni yigitning oʻzi oʻz ogʻzi bilan aytayotganiga nechogʻlik ishonasiz? “Aniq soha”, “badiiy adabiyot”, “qudrat bagʻishlash”. Hikoyangizda maqola hidini keltirib turadigan publitsistik yoʻsinlar, sunʼiy gap qurilishlari koʻp. “Qizlar bilan uchrashuvlaringiz”ni jurnalistik aytimlardan tozalab, nasr sathiga olib oʻtish kerak…
“Ozodlik”. Mana bunisi endi boshqa gap. Oʻqishli hikoya. Yozishda uzoq bosh qotirganingiz seziladi. Togʻa, jiyan, mahbus, tergovchi, qorovul – barining zuvalasi obdon pishitilgan. Ehtimolki, hikoyani qayta-qaytalab tahrirga tortgansiz. Harakat-holat aniq. Oʻziga xos tashbehlar topgansiz. Meni xat yozishga undagan bosh sabablardan biri asli mana shu – oʻxshatishlar! Ular muallifning, yaʼni Sizning kuzatuvchanligingizni koʻrsatadi. Manzarani yorqin va toʻlaroq ilgʻashga koʻmaklashadi.
“Ozodlik” hikoyasi misolida fikrimni davom ettirsam. Mahbusga it azobini berayotgan tergovchi tilidan: “Nima qildinglar buni, gʻajib-ezib tashladinglarmi? Ustiga suv sep, qara, qirgʻoqda qolgan baliqday ogʻzini katta ochishini…” deb keltiribsiz. Suvga tashna baliq – asosli tashbeh. Ammo gap qurilishida juzʼiy kamchilik bor. Buni eʼtiborga olsangiz ham, olmasangiz ham boʻladi. “Qirgʻoqda qolgan baliqday ogʻzini…” boʻlib oʻqilayapti. Urgʻu “ogʻiz”ga tushgan. Bittagina tinish belgi (koʻp nuqta) bilan olam guliston: “Ustiga suv sep, qara, qirgʻoqda qolgan baliqday… ogʻzini katta ochishini”. Yoki inversiya (gap boʻlaklari tartibini oʻzgartirish) payidan boʻlish kerak edi: “… qara, ogʻzini katta ochishini… qirgʻoqda qolgan baliqday”.
Yana bir oʻrinda tergovchining xotini Galya haqida yoza turib, negadir unga “choʻchqaday semiz va qoʻpol boʻlsa-da, bola tarbiyasiga jiddiy qaraydi” deb tavsif bergansiz. Grammatik jihatdan gap toʻgʻri shakllangan, biroq mantiq tizgini yoʻqotib qoʻyilgan. Kishining oriq yo semizligi tarbiya mezoni boʻlolmaydi. Bu bilan oʻzingiz bilmagan holda, oʻquvchiga “Ozgʻin va yumshoqtabiat odam tarbiyaga jiddiy qaraydi”, degan xulosa berayapsiz. Shu bois matnda, ayniqsa, yuklama bilan bogʻlangan qoʻshma gaplarda eʼtiborni susaytirmang. Mantiqiy tahrir bogʻ-rogʻni begona oʻtlardan xalos etgandek gap. Aks holda, bogʻni payhon qilganingiz qoladi. Sizning bogʻda esa turfa gullar bisyor. Lekin unda-bunda gullar boʻyini qiyayotgan begona oʻtlar ham yoʻq emas.
“Mustabidning hasharotlari” hikoyasida bosh muharrirni “koʻzlari biroz qisiq, yuzlari burishgan, peshonasi keng, kamgap, miqtigina” deb tasvirlabsiz. Sifatlarning barchasi tashqi qiyofani chizishga yoʻnaltirilgan. Faqat “kamgap” bundan mustasno. Nima sababdan uni ushbu qatorda koʻrishni istadingiz, boisi tushuniksiz. Hikoyalaringizga shu nuqtai nazardan qayta koʻz tashlab, nuqta-vergulini joyiga keltirsangiz, chiroyi ochilardi.
Meni hammasidan ham koʻproq quvontirgani nima, bilasizmi, joʻra? Obrazlaringiz oyogʻi yerdan uzilgan odamlar emas. Barining aytar soʻzi bor, barisi maʼnili. “Lobar, Lobar, Lobarim mening”, “Soʻyla, daryo, soʻyla” hikoyalaringiz teng-toʻshlar ijodi orasida yarq etib koʻrinib turibdi. Jamiki qahramonlaringiz boshini bir joyga qovushtirishning vaqti keldi, deb oʻylayman. Internet, gazeta-jurnallar oʻz yoʻliga, kitobingizni chop etishga unnang. Toki “Ayol” qadr asli neligin odamlarga koʻproq tushuntirsin; “Ozodlik” kirib borgan uy qalbida shukrona tuysin; “Ikki yoshning uchrashuvi”dan biz tengilar oʻz-oʻzini tanib olsin… Dilga yorugʻ tuygʻular baxshida etishdan charchamang!
Akmal MUROD
“Yoshlik” jurnali, 2017–11
https://saviya.uz/ijod/nasr/tasvir-va-mantiq-uygun-bolsa/