Post Views:
169
JAMSHID SHOSHIY
Uning to‘liq ismi Ahmad b. Mahmud b. Ahmaddir. Jamshid Shoshiy o‘z davrining ajoyib olimi va hattoti bo‘lgan. U mashhur olim Taftazoniyda taxsil olgan. Jamshid Shoshiy uning «Talmix fi kashf al-asror at-tavzih» kitobiga hoshiya ham yozgan. Shuningdek, Jamshid Shoshiy allomai Zamaxshariyning «Kashshof an hakoyiq at-tanzil» nomli asarini 759/1358 yili ajoyib nasx xati bilan ko‘chirgan. Jamshid Shoshiy tomonidan yozilgan mazkur Hoshiya va uning tomonidan ko‘chirilgan Zamaxshariy «Kashshof» asarining qo‘lyozmalari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar xazinasida saqlanmoqda.
HAMIDUDDIN TOSHKANDIY
(vafoti 850/1446)
Mavlono Hamiduddin Toshkandiy taniqli olim va shoir o‘tgan, fors va arab tilida asarlar yozgan, ba’zi kitoblarga sharhlar bitgan.
Shunday asarlardan biri O‘zbekistan Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan «Hoshiyat al-hoshiyat at-talvih» degan qo‘lyozmadir (inv. № 3040). Bu ko‘lyozma 982/1574 yilda ko‘chirilgan, 144 varaq.
Ma’lum bo‘lishicha, «at-Talvih» (758/1357 yilda yozilgan) Sa’duddin Mas’ud ibn Umar at-Taftazoniy ta’lifi bo‘lib, O‘zbe¬kistan Respublikasi FASHI qo‘lyozma fondida bu asarning anchagina qo‘lyozmasi mavjud (inv. №7268, 6194, 2958, 5319 va bosh.). Hamiduddin ta’lifi at-Tavtazoniy asariga yozilgan hoshiya sharhidir. Asar arab grammatikasi ustida bahs qiladi.
Yana tarjimai hol sohibining yozgan asarlaridan biri «Sharq ar-risolat fi odob al-bahs» («Odob al-bahs risolasiga yozilgan sharhdir»)dir.
Xo‘ja Xasan Nisoriy o‘zining «Muzakkir al-axbob» asarida Mavlono Hamiduddin Toshkandiy haqida gapirib shunday deydi: «Mavlono Hamiduddin shirinsuxan, suhbati latif, ulfati odam edi, shakarrez she’rlar yozar edi. U kishi Toshkentda vafot etdi. Mana bu ikki bayt u kishiga tegishli:
Nay sadosi haddidan ortsa ta’sir etar ko‘p,
Nay nash’asi o‘zgacha dilda qolar asar ko‘p.
Gulshan aro har gulga qachon nazar solurmen,
Ishq g‘amida loladek bo‘lur dog‘i jigar ko‘p.
ABDULVADUD KOTIB
Uning to‘liq ismi Abdulvadud b. Xoja Abdulvasi’ Shoshiy bo‘lib zamonasining ajoyib hattotlaridan bo‘lgan.
Valiaddin Abdulloh xatib Tabriziy tomonidan 737/1336 yili yozilgan «Mushkot al-masobih» nomli asarini 946/1540 yili chiroyli nasx xati bilan ko‘chirgan. Bu nusxa 555 varaqdan iborat bo‘lib, hozirda O‘zbekistan Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozma asarlar xazinasida saqlanmoqda. Mazkur hattot tomonidan ko‘chirilgan birgina qo‘lyozma bizgacha yetib kelgan. Albatta, Abdulvadud Kotib o‘z hayoti davomida bir qancha kitobatlar qilgan va arab, fors tillarini yaxshi bilgan. Kelajakda uning yangi kitobatlari ham topilishi mumkin.
Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob)
Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/tarixiy-shaxslar-jamshid-shoshiy-hamiduddin-toshkandiy-abdulvadud-kotib/