Taqdirni bashorat belgilaydimi?

Yaratganga behisob shukr, yangi – 2018 yilga ham eson-omon yetib keldik. Bu yil taqdirimizga qanday yaxshiliklar bitilgan ekan, shaxsiy hayotimizda qanday muvaffaqiyatlarga erishar ekanmiz, buni bilmasak-da, umid qilaveramiz. Harakatdan toʻxtamaymiz, intilaveramiz, chunki koʻnglimizda ishonch (iymon, eʼtiqod, umid) bor.

Oldinda nima yuz berishini bilmaganimiz – qanday yaxshi! Bu bizni yangi orzu-umidlarga ilhomlantiradi, hayotga, kelajakka nekbin nigoh tashlashga undaydi.

Biroq odatda har hafta yoki har oy avvalida, ayniqsa, har yangi yil arafasida boshlanajak yil qaysi muchalda tugʻilganlar uchun qanday tuhfalar hadya etarkin deya oylik, yillik bashoratlarni oʻqiydiganlar, kelgusi rejalarini shunga qarab tuzadiganlar ham topiladi. Aslida, muchal va burjlarning inson taqdiriga taʼsiri borasida fan nima deydi, dinimizda qanday koʻrsatmalar bor? Shular haqida maʼlumot toʻplab, eʼtiboringizga havola etishni lozim topdik…

 

MUTAXASSISLAR OʻRTASIDAGI BAHS…

 

Inson azaldan oʻz taqdirini anglashga intilib yashagan, turli davrlarda olib borilgan izlanishlar baʼzan bir-birini toʻldirsa, baʼzida inkor qilgan. Manbalarning guvohlik berishicha, oʻtmishda baʼzi kishilar muchal va burjlarga doir qonun-qoidalarga amal qilib, hayot kechirgan. Harbiy yurishlardan tortib, davlat boshligʻining hokimiyat tepasiga kelishi, katta-katta qurilishlar, nikoh marosimlari aniq munajjimlar hisob-kitobilariga qarab, amalga oshirilgan. Bugun ham bu mavzudagi tadqiqotlar davom etyapti. Soha mutaxassislarining biri burj va muchal bor-yoʻgʻi xom bir faraz desa, boshqasi burj inson his-tuygʻularini, muchal esa tafakkur darajasini belgilab beradi, ikkalasining birlashuvi yordamida kishining xulq-atvorini aniqlash mumkin, deydi. Daniyalik olimlar oʻn besh ming kishi ishtirokida oʻtkazgan tadqiqotidan soʻng shunday xulosaga kelishgan: insonning shaxsiy xususiyatlari uning tugʻilgan yili va kuni bilan hech qanday bogʻliq emas. “Burjning taʼsiri degan gap aslida bir afsona, – deydi tadqiqot rahbari, professor Peter Xartmann. – Unga asoslangan bashoratlar esa – oddiy makulatura”.

Rossiyalik ayrim mutaxassislar bu fikrning faqat bir qismiga qoʻshiladi: munajjimlar bashoratining bari koʻngilochar, puch gaplar, xolos, ammo sayyoraning inson dunyoga kelgan vaqtdagi joylashuvi uning shaxsiga maʼlum maʼnoda taʼsir etadi. “Burj kishi xarakterining maʼlum qirralari, aytaylik, temperamentini belgilashda rol oʻynaydi, – deydi ulardan biri, astrolog Vasilisa Volodina.

Boshqa bir astrolog Grigoriy Kvasha esa: “Mashhur kishilar biografiyasini oʻrganar ekanman, amin boʻldimki, sayyoraning joylashuvi, shubhasiz, kishi tafakkuri, xulq-atvorini belgilaydi. Masalan, koʻp taniqli kashfiyotchilar Qoʻy yilida tugʻilgan. Jahondagi 120 nafar buyuk dramaturgning 60 nafari Sichqon yilida, buyuk sarkardalarning aksariyati Tovuq yilida dunyoga kelgan. Yana qanday isbot kerak?” deya oʻz fikrini ilgari suradi.

Maʼlumotlarga qaraganda, AQSH, Rossiya davlatlarida fazoga parvoz qilayotgan kosmik kema guruhlarini shakllantirishda ularning muchal va burjlarining oʻzaro muvofiq kelishiga alohida eʼtibor qaratiladi. Negaki, ular bir necha oylab birgalikda hayot kechiradilar. Ularning jismoniy, psixologik va maʼnaviy jihatdan bir-birlariga mos kelishi bajaradigan ishlarining samarasiga taʼsir etadi. Ayni paytda Yevropa mamlakatlari, Yaponiyada oila quruvchilar ham ilmi nujumga asoslangan holda ish tutishlari haqida qaydlar bor. Yurtimiz olimlari olib borgan izlanishlar ham shuni tasdiqlaydi:

– Olam yagona tizim boʻlib, undagi barcha narsa va hodisalar oʻzaro chambarchas bogʻliq, – deydi siyosiy fanlar doktori Kamoliddin Yunusov “Muchal va burjlar: tolenoma” kitobida. – Koinotda kechadigan, amal qiladigan butun olam tortishish qonuni, gravitatsion hodisalar oʻz navbatida yerda, jamiyat hayotida ham amal qiladi. Yaʼni odamlar bir-birlari bilan oʻzaro jismonan tortiladilar yoki aksincha, bir-birlaridan qochadilar. Ilmiy tilda bu simpatiya va antipatiya deyiladi. Hozirgi vaqtda muchal va burjlarga oid bilimlardan, olingan natijalardan pedagogika, psixologiya, tibbiyot, sotsiologiya, siyosatshunoslik, biznes, jismoniy madaniyat kabi sohalarda samarali foydalanib kelinmoqda. Oʻtkazilgan sotsiologik soʻrovlar natijasiga koʻra, muchal va burjlar inson hayotida muhim oʻrin tutishi maʼlum boʻldi. Oilaviy ajralishga olib keladigan omillardan 86-90 foizi er-xotinning muchal va burjlari oʻzaro muvofiq emasligi, 10-14 foizi esa boshqa sabab boʻlib chiqayotir…

Michigan (AQSH) universiteti psixologi Berni Silverman ushbu fikrni butunlay inkor qiladi. U 2978 ta juftlik va 478 nafar turmushidan ajrashgan kishi hayotini oʻrgandi. Qarangki, hech qanday, ijobiy ham, salbiy ham astrologik bogʻliqlik topmadi. Yana, yulduzi yulduziga toʻgʻri kelmagan er-xotinlar kabi bir-biriga mos tushgan juftliklar orasida ham ajralib ketish hollari uchragani maʼlum boʻldi.

Astronomlar Jorj Kalver va Kristina Yenna astrologlarning soʻnggi oʻn yil davomidagi bashoratlarini hayotiy real voqealar bilan qiyoslab koʻrganda, ulardan bor-yoʻgʻi 10 foizi toʻgʻri chiqqan.

 

“BURJLARGA ISHONISH ShIRKDIR”

 

Insonning butun hayoti uchun dastur qilib berilgan muqaddas kitoblar va diniy ulamolarimiz bu haqda nima deydi?

– Muchal yilini belgilash va hisoblash turkiy xalqlarning qadim zamonlardan beri kelayotgan urf-odatlari jumlasidan boʻlib, Islom dinidan avval paydo boʻlgan, – deydi Yunusobod tumani bosh imom-xatibi Rahmatullo Sayfiddinov. – Muchalning shariatga hech qanday daxli yoʻq. Bu haqda Qurʼonda ham, hadisi sharifda ham biron nima aytilmagan. Undan qaytarilgan yoki man qilingan joyi ham yoʻq. Abu Hanifa Imomi Aʼzam mazhabi xalqlarning urf-odatlarini inobatga olishini nazarda tutganda, muchal yoshini belgilash va “uning muchali falon” deyishning zarari yoʻq. Ammo falon hayvon yili unday boʻladi, bunisida bunday boʻladi, deyish notoʻgʻri. Sababi, gʻaybni, kelajakni faqat Alloh biladi.

Burjlarga ishonish esa shirkdir. Osmon jismlari va ularning joylashuv burjlariga qarab kishilar taqdirini aniqlashni Islom dini harom sanagan. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: kim yulduzlardan ilm iqtibos qilsa, sehrdan bir shoʻba iqtibos qilgan boʻladi. Ziyoda boʻlgani ziyoda boʻlaveradi, deganlar”. Yaʼni munajjimlik ziyoda boʻlsa, sehr ham, gunoh ham ziyoda boʻladi. Ayni mana shu harom qilingan narsa hozirgi kunda nihoyatda avj oldi. Gazetalar kundalik, haftanomalar haftalik, oynomalar oylik, undan kattaroqlari yillik bashoratlarni, kelajakda boʻladigan ishlarni oldindan aytib berish daʼvosi bilan hammani laqillatishga urinmoqda. Bular kishilarda turli boʻlmagʻur his-tuygʻular, shumlanishlar, ikkilanishlar tugʻilishiga sabab boʻlayotir. Munajjimlikning na dinga, na ilmga, na taraqqiyotga aloqasi bor. Shariatimiz qoralagan va musulmonlarni chetlanishga buyurgan yulduzlarga qarab fol ochish va buni insonlar taqdiriga bogʻlash yolgʻon ekanini hozirgi zamon yetakchi olimlari va mutaxassislari ham isbotlab berishyapti. Mana, masalan, Rossiya ob-havoni oʻrganish markazining sayyoralar harakati va geliogeofizik tekshiruvlar laboratoriyasi mudiri Nikolay Sidorenko shunday deydi: “Maʼlumki, quyosh kuzda osmon ekvatorini kesib oʻtadi va bu nuqta “kuz tengkunligi” deb ataladi. Astrologlar (munajjimlar) esa buni burjlar belgisiga koʻra “Tarozi” deb atashgan. Lekin gap shundaki, tengkunlik belgisi, quyoshning turishi va burj belgilari bundan ikki ming bir yuz yil muqaddam astrologiya gullab-yashnagan Bobil va qadimgi Yunonistonda amalga kiritilgan edi. Quyoshning yulduzlarga nisbatan oʻrni almashib turgani bois bu yil quyosh Tarozi yulduzlar turkumiga odatdagidan bir oy kech kirdi. U asl oʻrniga qaytib borishi uchun yana 25700 yil kerak boʻladi. Eski munajjimlar aynan mana shu “kechikish”dan bexabar boʻlgan. Hozirgilari esa buni bilsa-da, hamon eskicha hisob-kitobdan foydalanishmoqda”.

Yana bir olim, rossiyalik nazariyotchi fizik, Nobel mukofoti sohibi, akademik Vitaliy Ginzburgning bu haqdagi fikriga eʼtibor bering: “Menga nima uchun astrologiya bilan olishib qolding, bunga sal yengilroq qarayver, bashoratlarni chop etishsa, nima boʻpti, axir, bular shunchaki hazil-ku, deyishadi. Lekin inson ana shu hazilu uydirmaga ishonib, uning taxminlari bilan yashasa, butun hayotini barbod qiladi-ku! Boshqasi uning ana shu ojizligi orqasidan jaraq-jaraq pul ishlaydi. Shu ham hazil boʻldimi?! Oʻtmish ajdodlarimizning astrologiya bilan shugʻullanganlarini tushunsa boʻladi. Ilgari odamlar sayyoralar harakatini bilishmas edi. Toʻrt yuz yil muqaddam ulugʻ falakiyotchi Iohann Kepler goroskop tuzib, shundan pul ishlagan. Lekin oʻshandan buyon ilm-fan oldinga ulkan qadamlar tashlab rivojlandi. Sayyora va yulduzlar taqdirga hech qanday taʼsir oʻtkaza olmasligi allaqachon isbotlangan…”. Akademikning bu gaplariga qoʻshimcha qilishning zarurati boʻlmasa kerak…

Mazkur qarashlardan har kim oʻzi xulosa chiqarib olar, olimlarning ayrimlari taʼkidlagani kabi ilmi nujumning taqdirga maʼlum maʼnoda taʼsiri ham bordir, lekin bir narsa aniq: inson hayotini izga soluvchi eng muhim omil mukammal tarbiya ekani allaqachon tasdigʻini topgan.

 

Xolida FAYZIYEVA

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/taqdirni-bashorat-belgilaydimi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x