Sulola. Dolimovlar shajarasi. Toshmuhamedov To‘lagan Rasulovich


Post Views:
109

Toshmuhamedov To‘lagan Rasulovich – Zohida ammam va Toshmuhammad pochchaning eng katta o‘g‘li, Dolimbek hoji nabiralarining eng kattasi bo‘lib, sho‘rolar davrida Dolimbek farzandlari va nabiralari orasida birdan-bir katta lavozimlarda ishlagan injener, olim, davlat va jamoat arbobidir. U 1920 yili tug‘ildi. Otasi Toshmuhammad Rasulboy o‘g‘li ma’rifatli savdogarlardan bo‘lib, onasi Zohida Dolimbek qizi o‘qimishli ayollardan bo‘lgan. Dahshatli 30-yillarda sho‘ro hukumati tomonidan otasi Toshmuhammadning mol-mulki, do‘konlari tortib olinib, o‘zi nogiron bo‘lib qolgach, (nogiron bo‘lib qolmaganda, sho‘ro hukumati uni ham uzoq Sibirga surgun qilgan bo‘lardi) katta oila mashaqqatlari ikki o‘g‘li – To‘lagan va Qutbiddin zimmasiga tushdi. Mustahkam irodali To‘lagan ham ishladi, ham o‘qidi. 1935 yili o‘rta maktabni tugatib, O‘rta Osiyo Industriya institutining tog‘ geologiyasi fakultetiga o‘qishga kirdi. Talabalik yillarida ko‘p vaqtini tog‘asi Subutoy Dolimov kutubxonasida o‘tkazar edi. U o‘zbek maktabini tugatgan bo‘lishiga qaramay, rus guruhida o‘qidi, rus tilini mukammal egalladi. O‘qish jarayonida unga ayniqsa tog‘alari Ziyodbek va Sultonbek yaqindan yordam berdilar, vaqti-vaqti bilan o‘qishini nazorat qilib turdilar. Ilmga chanqoq To‘lagan hatto ularning kiyimlarini kiyib katta bo‘lgani haqida faxr bilan ko‘p gapirar va ularning yordamini katta hurmat bilan tilga olar edi. Institutni 1941 yili muvaffaqiyatli tugatdi va “tog‘ injeneri” mutaxassisligiga ega bo‘ldi.

To‘lagan Toshmuhamedov 1941 yili yer osti qazilma boyliklarini aniqlash va qazib olish injeneri sifatida SHo‘rob shaxtasining “Tojiko‘l” trestiga ishga yuboriladi va u shu yerda qazilma boyliklarini topish va qazib olish bo‘yicha yetuk mutaxassis darajasiga ko‘tariladi. 1941 – 1943 yillarda u SHo‘rob shaxtasida uchastka boshlig‘i lavozimida ishladi. 1943 yildan T.Toshmuhamedov “Sredazshaxstroy” bilan birgalikda “Uzbekugol” trestining 9-shaxtasi qurilishiga o‘tkaziladi. Bu tashkilotda uning tog‘ injeneri va favqulodda tashkilotchilik qobiliyati namoyon bo‘ldi. 1945 yilning avgustidan “Uzbekugol” tresti boshlig‘i o‘rinbosari vazifasiga tayinlanadi, 1948 yildan esa “Sredazugol” kombinati tomonidan “Uzbekugol”ning texnik ishlab-chiqarish bo‘limiga boshliq etib tayinlanadi. 1952 yili “Uzbekugol” trestining bosh injeneri, 1954 yildan mazkur trest boshqaruvchisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatadi. Shu 1954 yildan To‘lagan Rasulovich O‘zbekiston hukumati tavsiyasiga binoan sobiq SSSR Ko‘mir sanoati vazirligidan SSSR Gosgortexnadzorning Sredazgortexnadzor bo‘limiga boshliq etib tayinlanadi. Bu o‘sha davrda yosh injener uchun ittifoq miqyosidagi katta lavozim edi. 1958 yildan bu tashkilotning qayta tashkil etilishi munosabati bilan 38 yoshli To‘lagan Rasulovich O‘zbekiston Gosgortexnadzor (Davlat tog‘ ishlari texnik nazorati) Qo‘mitasining birinchi raisi lavozimiga o‘tkaziladi va 1981 yilgacha, nafaqaga chiqqunga qadar shu lavozimda faoliyat ko‘rsatadi.

T.R.Toshmuhamedov kon ilmining bilimdon amaliyotchisi bo‘lish bilan birga, uning nazariy asoslariga ham katta ahamiyat bergan olim sifatida 1959 yili “Primeneniye щitovыx sistem razrabotki na moщnыx pologo padayuщix plastax” mavzusida geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qildi. Bir necha yillar Abu Rayhon Beruniy nomidagi politexnika instituti (Texnika universitet)da Davlat imtihon komissiyasi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. To‘lagan Rasulovich O‘zbekiston Tog‘ ishlari texnik nazorati Davlat Qo‘mitasini hamda boshqa texnik nazorat qo‘mitalarini shakllantirish va rivojlantirish, ular uchun malakali mutaxassislar tarbiyalab yetishtirishda katta faoliyat ko‘rsatdi. Uning xalq va Vatan oldidagi xizmatlari hukumat tomonidan turli mukofotlar bilan taqdirlangan. Tog‘-kon sanoatini rivojlantirishda va ijtimoiy-siyosiy sohalarda erishgan yuksak ko‘rsatkichlari uchun 1950 yilda “Hurmat belgisi”, 1971 yili “Mehnat Qizil Bayroq”, 1981 yili “Xalqlar do‘stligi” ordenlari va turli medal hamda faxriy yorliqlar bilan mukofotlangan. To‘lagan Rasulovich 1970 yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan injener” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi. 1960-yillarda O‘zbekiston Oliy Soveti ikki chaqiriq deputati sifatida ham faoliyat olib bordi.

To‘lagan Rasulovich shakllantirgan va uzoq yillar davomida rahbarlik qilgan O‘zbekiston Davlat tog‘ ishlari texnik nazorati Qo‘mitasi hamda boshqa Davlat qo‘mitalari va vazirliklar xodimlari o‘rtasida avvalo mustahkam irodali, talabchan, shu bilan birga, o‘zgalarning dardiga, qayg‘usiga befarq qaray olmaydigan rahmdil inson sifatida ham katta e’tibor qozondi. To‘lagan Toshmuhamedov 1942 yilda asli samarqandlik Zuhraxon Rahimovaga uylandi. Ular Dono, Ra’no, Fazliddin va Zayniddin ismli ikki qiz va ikki o‘g‘il ko‘rishdi. Fazliddin otasi kabi injener bo‘lib yetishdi, hozirda O‘zbekiston Respublikasi Gosgortexnadzor Qo‘mitasida rais muovini lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

To‘lagan Rasulovich Toshmuhamedov 2002 yili, Zuhra kelinoyi 2005 yili vafot etdilar, ular Zayniddin buva qabristoniga dafn etilganlar.

Davomi bor…

Ulug‘bek Dolimov
«Ahli irfon»

Toshkent, «Akademnashr», 2015

https://shosh.uz/uz/sulola-dolimovlar-shajarasi-toshmuhamedov-to-lagan-rasulovich/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x