SULAYMONOV Hamid Sulaymonovich

SULAYMONOV Hamid Sulaymonovich (1910.5.5 — Toshkent — 1979. 8.6) — adabiyotshunos, matnshunos. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1964). Filol. fanlari d-ri (1961), prof. (1971). Moskva kinematografiya in-tini tugatgan (1932). Toshkent ped. in-ti oʻqituvchisi, kafedra mudiri va ToshDU dotsenti (1935—50). 50y. larda qatagʻonga uchragan. 60y. larda oklangan. Oʻzbekiston FA Til va adabiyot in-ti sektori mudiri (1962—67). Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi (1967 — 69) va Qoʻlyozmalar in-ti (1978—79) direktori. Asosiy ilmiy faoliyati Alisher Navoiy lirikasining tekstologik tadqiqotlariga bagʻishlangan. Navoiy qoʻlyozmalari bibliografiyasini tuzgan (1946—47) va shoirning «Badoye ulbidoya», «Navodir unnihoya» devonlari qoʻlyozmalarini topib (1959), ular shoir tomonidan tuzilganligini isbotlagan. «Xazoyin ulmaoniy» tanqidiy matnini tuzgan va nashr ettirgan (1958—60). «Devoni Foniy» qoʻlyozmalarini (Fransiyadan) topib, fotonusxa asosida nashr ettirgan (1965). Hofiz Xorazmiyning 2 j. li «Devon»i fotonusxasini Haydarobod (1975, Hindiston)dan Toshkentga olib kelib (1977), soʻz boshi yozib chop ettirgan (1980). Xattotlik va kitobat sanʼatiga oid ilmiy asarlar yozgan. «Boburnoma»ga ishlangan rasmlar» (1959), «Navoiy asarlariga ishlangan rasmlar» (1980, F. Sulaymonova bilan hamkorlikda), «Amir Xusrav asarlariga ishlangan rasmlar» (1983, F. Sulaymonova bilan hamkorlikda) albomlarini tuzgan va chop ettirgan. Toshkent, Andijon, Qoʻqon, Samarqand, Jizzax sh. dagi adabiyot muzeylari hamda Qoʻlyozmalar in-tining tashkil etilishiga rahbarlik qilgan. Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1979). Toshkent sh. dagi koʻchalardan biriga Sulaymonov nomi berilgan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x