Sufyon ibn Uyayna

DO`STLARGA ULASHING:

Sufyon ibn Uyayna Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rmagan, ammo u zot va sahobalar haqida ko‘p eshitib ulg‘aygan edi.

U asli kufalik bo‘lib, bir kuni ka’bani tavof etish uchun oilasi bilan birga Makkaga keldi. Haramga yetishgach, kattalar “Kim yuklarga qarab turadi?” deb maslahatlashishdi va bu ishga kichik Sufyonni tanladilar. O‘zlari Ka’bani ziyorat qilib, namoz o‘qigani kirib ketdilar. Sufyon yuklarni qo‘riqlab o‘tirgan vaqtida Xijoz ulamolaridan bo‘lgan bir shayxga ko‘zi tushdi. Ilm toliblari shayxni o‘rab olgan, bir nimalar haqida so‘rardilar. Shayx ham namoz o‘qish uchun Haramga kirmoqchi bo‘ldi. Lekin eshagini tashqarida qarovsiz qoldirib ketolmasdi. Shu payt yuklar yonida o‘tirgan yosh bolaga ko‘zi tushdi. “Manavi eshakni ushlab tursang, namoz o‘qib olardim”, dedi u.

Bola esa bunday shart qo‘ydi: “Menga Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) hadislaridan aytib berasiz”. “Sen hadisni nima qilasan?” deb so‘radi shayx. Sufyon: “Hadis aytib bermasangiz, eshagingizga qarab turmayman”, deb javob berdi. Shayx yodlash qiyin bo‘lgan sakkizta hadisni aytdi, so‘ng namozga kirib ketdi. U namozdan chiqqach bolaga: “Ey o‘g‘ilcham, meni namozga kechiktirib, hadis eshitganing senga nima foyda berdi?” deb so‘radi. Sufyon: “Men ularni sizga aytib beraman”, dedi va sakkizta hadisni bir dona harfini ham qoldirmasdan aytib berdi. Shayx bolaning zehniga qoyil qoldi. Chunki unda hadislarni yozib oladigan hech narsa yo‘q edi. Shayx sevinib: “Sening joying ostonada emas, balki ilm halqasidadir”, dedi.

Shunday qilib, Sufyon hadislarni o‘rganishga kirishdi. Yigirma uch yoshida Harami sharifning muhaddisi bo‘ldi.

Kunlarning birida masjidga kelgan bolaga ba’zilar bepisand qarashdi. Sufyon ularga: «Bundan oldin sizlar ham xuddi shunday edingiz. So‘ng Alloh sizlarga saxovat ko‘rsatdi. Ey Nazr, agar meni bolaligimda ko‘rganingda edi… Bo‘yim besh qarich, yuzim xuddi tangadek edim. Ko‘ylagim kichkina, yengim kalta, etagim sonimgacha, oyoq kiyimim sichqonning quloqlaridek edi. Shunga qaramay Zuhriy, Amr ibn Dinor kabi ulamolar meni yonlariga olishdi. Ostonadan kirganimda ular: “Kichik shayxga yo‘l beringlar”, deb aytishardi».

“Hidoyat” jurnalining 2012 yil, 9-sonidan olindi

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x