Sovchi “kompaniya”lar

“Sevgilingizni toping. Qizlar A, yigitlar M harfini… raqamiga yuboring”. Manzil, ism, shahar, telefon raqami…

Xoʻsh, shunday SMSlar nima maqsad bilan abonentlarga yuborilmoqda?..

 

Uylanganiga koʻp boʻlmagan hamxonam tungi soat oʻn birlarda kim bilandir shunday zavq bilan gaplashardiki, avvaliga uning suhbatdoshi oʻzining ayoli deb oʻyladim. Yoʻq, adashgan ekanman. U ayoli bilan emas, aksincha boshqa, yangi “kelin”ning gap-soʻzlaridan ilhomlanayotgan ekan…

“Onasini koʻrib, qizini ol”, degan naql bor. Ajabki, xalqning ming yillik tajriba chigʻirigʻidan oʻtgan maqollar ham vaqti kelib eskirarkan. Hayron boʻlmang, hazrati Sohibqiron Amir Temurning naslu nasabini surishtirib, keyin kelin qilish kerak, degan oʻgitlariga bugun koʻpchilik beeʼtibor. Axir, soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishib, turmush qurganlar haqida eshitaverib, bu kabi “mayda zarra”chalarga koʻp ham ahamiyat bermay qoʻydik. Chunki “sevgi” baribir “sevgi”da! Buning nimasi yomon?! Agar kimgadir bu “Virtual hayotdagi qiz yoki yigit istaganingdek boʻlib chiqmasligi mumkin”, deb koʻring-chi. Taskin shuki, virtual hayotdan baxt qidirganlar har holda boʻlajak umr yoʻldoshining suratini (agar surat oʻziniki boʻlsa) koʻrib, jillaqursa ovozini eshitib, bir-birini topadilar. Ammo ayrim kompaniyalarning buzuqlikka eltuvchi tanishuvlarni taklif qilayotganiga nima deysiz? Asl mohiyati odamlarning vaqti bilan pulini oʻmarishga qaratilgan SMSbozlik loyihasining oxiri tubsiz jarlik emasmi?

Bir gal qoʻl telefonimga SMS xabar keldi. Oʻqib na kulishni, na yigʻlashni bilmay qoldim. Mana oʻsha SMS: “Yangi doʻstlar, balki, bir umrlik yoʻldosh topishni xohlaysizmi? Ovozli chat… raqamiga qoʻngʻiroq qiling va maroqli suhbatlardan bahramand boʻling. 1 daqiqasi 0.003 soʻm”. Nahotki, bir umrlik yoʻldosh topish atigi 3 soʻmga tushsa?! “Arshin mololan”dagi “Bir kalla qand, uch soʻm pul…” ham bundan ancha koʻpga tushishi aniq! “Bir kalla qand…”dan ham arzonroq xarajat evaziga oila “qurish”ning imkoni topilgan, shekilli.

Xoʻsh, bu xizmatlar nima uchun deysiz?! “Sontent-provayder” xizmati vakillari nimaga daʼvo qilmoqda? Axir, biz, oʻzbeklarda shu paytgacha kelin topishni sovchi degan uchinchi odam doʻndirib kelayotgandi-ku. Agar “xolis xizmat egalari”ning maqsadi sovchilik boʻlsa, mayli edi. Shu oʻrinda bir maqol. “Kosa tagida, nimkosa”…

XXI asr – texnologiyalar, axborot asri. Uni keng imkoniyatlar asri, desak ham toʻgʻri boʻladi. Ammo shuncha ijtimoiy tarmoqlaru tobora taraqqiy etayotgan mobil aloqa vositalari kamlik qilganday endi har bir abonentga qizlarni yigitlar bilan, yigitlarni qizlar bilan tanishtirib qoʻyish taklifi bildirilgan SMSlar ham kelyapti. “Sontent-provayder” xizmati yoshlarning vaqtini bekorchi narsalarga jalb etayotgani qiziq. Bugun yoshlarning boʻsh vaqtidan samarali foydalanish masalasi siyosat darajasiga koʻtarilgan bir paytda bu kabi chalgʻituvchi omillar yuksak maqsadlarimizdan chalgʻitmaydimi? Axir, hozirga kelib kompyuter oʻyinlari, internet degan imkoniyatlar maydonchasi yoshlarning ozmuncha vaqtini oʻgʻirlayaptimi? Buning ustiga, turmush qurish niyatida yurgan yigit-qizlarning maslahatgoʻylari – ota-ona, amaki-togʻa, amma-xolasi bor. Ular duch kelgan raqamni duch kelgan “kompaniya”dan olib, tanishib, turmush quraveradi, deb oʻylaysizmi? Aslo! Xoʻsh, unda muammo nimada, degan savol tugʻiladi. Muammo – bebaho vaqtimizning oʻgʻirlanishida! Aslida eng dahshatli oʻgʻri – vaqt oʻgʻrisi. U vaqt bilan birga porloq kelajakni-da oʻgʻirlaydi. “Sontent-provayder” xizmatlari orqali tushayotgan takliflardan foydalanuvchilar esa topgan raqamlarining sohib yoki sohibalari bilan shunchaki koʻngilxushlik yoki vaqtini oʻtkazish uchungina tanishishadi, boz ustiga, tanishuvlar shaharchasidan olingan telefon raqami sohibalarining aksariyati esli-hushli qizlar boʻlib chiqmasligi tayin. Chunki es-hushi joyida boʻlgan qiz yoki yigitning bunday tanishuvlarga zarurati qolmaydi.

– Xizmatlar talabdan kelib chiqib joriy qilingan, – deydi Oʻzbekiston “Sontent-provayder”lar uyushmasi boshqaruvi raisi Kamoliddin Erkaboyev. – Bu har qaysi abonentning oʻz xohishi bilan boʻladigan jarayon. Shunday ekan, biz odamlar istagini taqiqlab qoʻya olmaymiz. Istagan kishi istagan sahifasini internet orqali faollashtirishi mumkin. Agar siz aytgandek, chatda haqoratli soʻzlar ishlatilsa, portal nazoratini olib boradigan xodimlarimiz shu paytning oʻzida chatni yopadi. Va haqoratlagan abonentning telefon raqami blok holiga keltiriladi. Natijada oʻsha abonent egasi bu sahifaga qayta kira olmaydi. “Sontent-provayder”larni joriy qilishdan asosiy maqsad foydalanuvchilarga xizmat qilishdir.

– Xizmatlarni oʻrganish boʻyicha oʻtkazilgan monitoring jarayonida shu narsa maʼlum boʻldiki, mazkur portallarda suhbatdoshlarning bir-birlari bilan odob-axloq normalariga zid soʻzlashuvlari, soʻkinishlari va buning oqibatida dahanaki bahslarning kelib chiqayotgani koʻp uchramoqda, – deydi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari vazirligi axborot xizmati mutaxassisi Shuhrat Sattorov. – “Sontent-provayder” tomonidan taqdim etilayotgan koʻngilochar xizmatlar yoshlar ijtimoiy ongiga salbiy taʼsir koʻrsatib, ularni milliy-madaniy anʼanalardan uzoqlashtiradi, odob-axloq, maʼnaviy qadriyatlarga nisbatan bepisandlikni shakllantiradi.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-moddasi talablariga muvofiq, shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish, haqorat qilish tegishli javobgarlikka sabab boʻladi. “Sontent-provayder”ning turli xizmatlar koʻrinishidagi tadbirkorlik faoliyati qonun bilan taqiqlanmasa-da, jamiyatimizda qaror topgan axloqiy negizlarga teskari boʻlmasligi lozim. Shu bois vazirlik huquqni muhofaza qiluvchi organlar, “Sontent-provayder”lar, mobil aloqa operatorlari bilan hamkorlikda amaldagi qonunchilik talablari asosida bu kabi xizmatlar faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tegishli tadbirlar olib borish boʻyicha ish boshlanganini maʼlum qilamiz.

 

Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonuni 5-moddasi talablariga koʻra, yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri – yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan himoya qilishdir.

 

Mobil aloqa kompaniyalari abonentlarning koʻnglini “shod” etish maqsadida “Sontent-provayder” (“Sontent” inglizchadan tarjima qilinganda “mamnun”, “xursand”, “shod qilmoq” maʼnolarini beradi) qisqa raqamli xizmatlarni joriy qilgan. Bunda foydalanuvchiga turli xil elektronnomalar keladi. Masalan, “Sevgilingizni toping. Qizlar A, yigitlar M harfini… raqamiga yuboring”. Manzil, ism, shahar, telefon raqami…

 

Demak, SMSlarni abonentlarga yuborish va kishilarning maʼnaviy dunyoqarashiga putur yetkazuvchi chorlovlar targʻibotining asl aybdori kim? Mobil aloqa kompaniyalarimi yoki tashkilot bilan hamjihatlikda ish olib borayotgan “Sontent-provayder” xizmatchilarimi?

Yo boʻlmasa “turli xil imkoniyatlar eshigi sizga ochiq” degan nayranglarga aldanayotgan foydalanuvchilarmi?

 

Bunday SMSbozligu tanishuv portallari kishilarni ezgulikka chorlasa, maʼnaviy dunyosini yana-da boyitsa, hech qanday eʼtirozga oʻrin qolmas edi. Ammo virtual muloqotlarda ezgulikning soyasi ham koʻrinmayapti, nazarimizda. Shunday ekan, oʻz dunyomizni oʻzimiz qorongʻu qilmaylik. Virtual dunyodagi doʻstlar bilan oʻtkazadigan qimmatli vaqtimizni real hayotimizdagi va koʻnglimizdagi yaqinlarimizga, oila aʼzolarimizga ajrataylik. Toʻgʻri emasmi?!

 

Shohrux SAIDOV

 

“Mahalla” gazetasi, 2018 yil 3-sonidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/sovchi-kompaniya-lar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x