Sohil yoqalab chopayotgan olapar

Chingiz AYTMATOV

 

Vladimir Sangiga bagʻishlanadi.

 

Rutubatli, izgʻirinli, qop-qorongʻi tun qoʻynida hayhotday yastanib yotgan Oxota dengizi sohillarida tabiatning ikki qudratli kuchi – quruqlik bilan dengiz oʻrtasida azaliy, tinimsiz kurash davom etadi: quruqlik dengizning asov toʻlqinlariga toʻsqinlik qilishga intiladi, dengiz esa quruqlikka hujum qilishda tinim bilmaydi.

Dengiz toʻlqinlari zulmat qoʻynida guvillab, oʻkirib, shiddat bilan qoyalarga kelib urilib, parchalanib ketadi. Dengiz hamlalarini qaytaraverib tosh-metin boʻlib ketgan qirgʻoq xoʻrsinib, uf tortadi.

Olam olam boʻlib yaralganidan buyon, tun kundan tugʻilgan, kun tundan tugʻilgan zamonlardan buyon ahvol shu – ikki qudratli kuch oʻrtasidagi olishuv davom etadi: bundan buyon ham kunu tun, tunu kun, toki yer bilan suv bor ekan, ular abadulabad shunday kurashaveradi.

Kunu tun, tunu kun… Shunday kechalardan yana biri oʻtdi. Dengiz oviga joʻnash arafasidagi kecha edi bu. Bola shu kecha uxlolmay chiqdi. Umrida birinchi marta uxlayolmadi, umrida birinchi marta tunni bedor oʻtkazdi. Qani endi, tezroq tong ota qolsa, dengizga, ovga chopqillab keta qolsa. U nerpa[1] terisi ustida yotarkan, ostidagi yer dengiz zarbalaridan bilinar-bilinmas titrayotganini sezar, koʻrfazdagi toʻlqinlarning bir-biriga urilib, oʻkirayotganini elas-elas eshitar edi. U tun boʻyi sergaklanib uxlay olmadi…

Qadim-qadimlarda ahvol butunlay boshqacha edi. Oʻsha vaqtlarni endi tasavvur qilib boʻlmaydi, qadimgi oʻrdak voqeasi haqida hozir hech kim hech narsa bilmaydi, bilish uyoqda tursin, hatto bu hodisani xayoliga ham keltirmaydi, mabodo oʻsha kadim zamonlarda Luvr degan oʻrdak boʻlmaganida olam allaqanday, boshqacha tarzda tuzilib, hozirgiday, quruqlik suvga, suv esa – quruqlikka qarshi turmagan boʻlardi. Axir, olamning boshlanishida – azal-azallarda – tabiatda quruqlik uyoqda tursin, hatto gard ham yoʻq edi. Butun atrof suvdan, faqat suvdan iborat edi. Suv oʻz-oʻzidan qorongʻi tubsizliklardan, cheksiz girdoblardan paydo boʻlgan, soʻng atrofga tarqala boshlagan. Shundan boshlab, toʻlqinlar toʻlqinlarga urilib, tarafsiz olamning hamma taraflariga oqa boshlagan: suvning qayoqdan kelib, qayoqqa borishini hech kim bilmagan.

Luvr oʻrdak esa, ha, hozir ham har kuni tepamizdan gʻagʻillab toʻdasi bilan uchib oʻtadigan oʻsha oʻrdak ilgari dunyoda yolgʻiz, yakka oʻzi yashardi. U samoda tanho uchib yurarkan, tuxum qoʻyishga ham tangaday joy topolmasdi. Chunki olamda suvdan boshqa hech bir narsa, uya qurish uchun hatto birorta xas ham yoʻq edi.

Luvr oʻrdak qoʻnadigan joy topolmay faryod chekar, chidolmayman, tuxumimni tubsiz girdobga tushirib yuboraman, deb yuragi shuvillardi. Oʻrdak qayoqqa yoʻl olmasin, qay tarafga uchmasin, qanotlari ostida shovullab yotgan toʻlqinlarni koʻrardi – chor-atrofni hadsiz-hududsiz, avvaliyu oxiri yoʻq mahobatli suv qoplab olgan edi. Uchaverib holdan toygan, majolsiz oʻrdak uya qurish uchun butun olamda biror parcha yer yoʻqligiga ishonch hosil qildi.

Shunda oʻrdak suv ustiga koʻndi-da, koʻksidagi patlardan tumshugʻi bilan yulib olib, oʻziga uya kurdi. Xuddi mana shu suzib, qalqib yuruvchi uyadan yer paydo boʻla boshladi. Bora-bora yer kengayib, asta-sekin uning ustida turli jonivorlar paydo boʻldi. Jonivorlar ichida inson hammasidan epchil, abjir chiqib qoldi. U qor ustida changʻida uchishni, qayiq yasab suvda suzishni oʻrganib oldi. Hayvonlarni, baliqlarni ovlashni oʻrgandi, shular bilan tirikchilik qilib, oʻz naslini koʻpaytira boshladi.

Butun olamni koplab olgan suv oʻrtasida quruqlikning paydo boʻlishi qanday oqibatlarga olib kelishini Luvr oʻrdak bilmagan edi. Chunki yer paydo boʻlgan vaqtdan boshlab, dengiz tinchini yoʻqotdi; mana endi oʻshandan beri dengiz – quruqlikka, quruqlik – dengizga karshi jang qiladi. Bular oʻrtasiga tushib qolgan insonga oson tutib boʻlmaydi, u dengiz bilan yer oʻrtasida, yer bilan dengiz oʻrtasida azob chekadi. Odamlar koʻproq yerga bogʻlanib qolganliklari uchun dengiz ularni xush koʻrmaydi…

Tong boʻzara boshladi. Yana bir tun oʻtdi. Yana bir kun dunyoga keldi. Boʻzara boshlagan tong gʻira-shirasida dengiz bilan qirgʻoqning quturib olishayotgani kiyik labidan uchgan hovurday elas-elas koʻzga chalinadi. Dengiz shunday nafas oladi. Dengiz va qirgʻoqning kizgʻin toʻqnashuvlaridan hamisha pagʻa-pagʻa sovuq hovur koʻtarilib turadi. Yastanib yotgan sohil boʻylab, hamma yerda oʻjar toʻlqinlarning shovqini eshitiladi.

Toʻlqinlar oʻjarligini qoʻymaydi, oʻrkach-oʻrkach toʻlqinlar qirgʻoqning muzday yonbagʻirlariga, suv yalab silliqlab yuborgan toshlar uyumiga jon-jahdi bilan, bor kuchi bilan hamla qiladi, keyin esa taqdirga tan berganday xoʻrsinib, majolsizlanib, iziga qaytadi. Ortida oʻtkinchi koʻpiklar va chaykatilgan oʻt-oʻlanlarning chirkin hidi qoladi.

Bahorda okean harakati bilan allaqayerlardan kelib qolgan muz parchalari goh-gohida oʻrkach-oʻrkach toʻlqinlar kuchi bilan qirgʻoqqa chiqib qoladi. Qum ustiga uloqtirib tashlangan bu bevosh muz parchalari darhol dengizning toʻngʻib kolgan ojiz zarralariga aylanadi. Keyin kelgan toʻlqinlar tezda ortga qaytib, ularni ham oʻz ogʻushiga olganicha yana dengiz bagʻriga eltadi.

Zulmat chekinib tong ota boshladi. Qirgʻoq ohista ravshanlashdi, dengiz ohista yorisha boshladi.

Tungi shamol koʻzgʻatgan oq yolli oʻrkach-oʻrkach toʻlqinlar hamon qirgʻoqqa talpinib, shovqin solib turgan boʻlsa-da, dengizning olisdagi teran joylari endi insofga kelganday tinchlanib, koʻrgʻoshin singari xira koʻkish rang tortib, vazmin mavjlanib yotardi.

Dengiz ustidagi bulutlar qirgʻoqdagi tepaliklar sari siljiy boshladi.

Dengizning xuddi oʻsha qismida, Olapar koʻltigʻiga yaqin yerda dengiz tomon yarim orol shaklida qiyalab turtib chiqqan tepalik – qoya boʻlib, u olisdan qaraganda haqiqatan ham sohil boʻylab chopib borayotgan kattakon olapar itni eslatardi.

Yonbagʻirlarida u yer-bu yerda turli-tuman butalar oʻsib, chakalakzorga aylanib ketgan va yozning eng issiq kunlarida ham boshidan qori arimagan qismi shalpaygan kattakon quloqqa oʻxshaydigan, “chotida” – soyada qolgan pastkam joyida ham oq qashqasi boʻlgan Olapar qoyasi dengiz tomondan qaraganda ham, oʻrmondan qaraganda ham olis-olislardan koʻzga tashlanib turadi.

Mana shu Olapar koʻrfazidan erta tong payti quyosh ikki terak boʻyi koʻtarilganda bir nivx qayigʻi dengizga tushdi. Qayiqda uch ovchi bilan bir bola bor edi. Yoshroq va norgʻulroq ikki yigit toʻrt eshkakni eshib borishardi. Qayiq quyrugʻida yuzi qoʻngʻir tus olgan, ozgʻin, kekirdagi turtib chiqqan, manglayi va ayniqsa boʻyinlarini taram-taram ajin bosgan, qoʻllari ham yirik, suyakdor panja boʻgʻinlari yongʻoqday shishib chiqqan keksa ovchi tamaki trubkasini soʻrganicha, rulni boshqarib borardi. Sochlariga oq oralagan, butunlay oq desayam boʻladi. Qoraygan yuzida oqish qoshlari koʻzga aniq tashlanardi. Cholning yoshlanib, qizargan koʻzlari odatdagiday hamisha qisilgan – umr boʻyi quyosh nuri tushib koʻzni qamashtiruvchi suv yuziga qarayverib oʻrganib qolgan, u koʻrfazda qayiqni goʻyo koʻr-koʻrona haydayotganga oʻxshardi. Qayiqning narigi tumshuqqinasida oʻn bir-oʻn ikki yoshlardagi qora koʻz bola sugʻurday choʻnkayib oʻtirib olgan: ahyon-ahyonda kattalarga qarab qoʻyar, joni ichiga sigʻmasdan oʻzini zoʻrgʻa tutib oʻtirar, xoʻmrayib oʻtirgan qariyani koyitmaslik uchun hadeb tipirchilayverishdan oʻzini tiyib turardi.

Bola qattiq hayajonda edi. Hayajondan burun kataklari kerilgan, yuzidagi bilinar-bilinmas sepkillar sirtiga tepib chiqardi. Onasi ham shunaqa, juda xursand boʻlib ketsa yuzidagi sepkillar boʻrtib turardi. Bolaning hayajonlanishiga sabab bor edi. Bugungi ov bolaga atalgan, bolaning dengiz bilan birinchi marta ellashuviga atalgan edi-da! Shuning uchun Kirisk sugʻurga oʻxshab dam uyoqqa, dam buyokka qiziqib qarardi. Bola umrida birinchi marta chinakam ovchilar bilan ochiq dengizga chiqishi, urugʻlariga tegishli rostakam katta qayiqda, katta oʻlja olish maqsadida chinakam katta ovga chiqishi edi. Bolaning oʻrnidan turib ketgisi, eshkakchilarni tezroq eshinglar, deb qistagisi, oʻzi qoʻliga eshkak olgisi, kuchining boricha eshib, dengiz hayvonini ovlagisi, katta ov boshlanadigan orollarga tezroq yetgisi kelardi. Lekin bu goʻdaklarcha istaklar kattalarga kulgili tuyulishi mumkin edi. Shundan hadiksirab, bola iloji boricha sir bermaslikka harakat qilardi. U baxtiyorligini sira yashirolmasdi – qoramagʻiz tarang yonoqlari yal-yal yonardi, hammadan ham uning chaqnab porlab turgan koʻzlarida qalbidagi quvonch va gʻurur sezilib turardi. Oldinda dengiz, katta ov kutardi uni!

Oʻrxon bobo bolaning dilidagini sezardi. U qisiq koʻzlari bilan dengiz ufqiga boqar ekan, shodligini yashirolmay toqatsizlanayotgan bolaning ruhiyatini ham sezib turardi. Cholning koʻzlarida mayinlik balqidi – eh, bolalik ekan-da. Biroq u kulimsirashdan oʻzini tiyish uchun chala yongan tamaki trubkasini bosib-bosib soʻra boshladi. Miyigʻidagi kulgini bolaga sezdirmasligi kerak. Ular oralarida qayiqda oʻtirgan bolani ermak uchun olib ketayotganlari yoʻq-ku, axir. U chinakam dengiz ovchisi boʻlishga chogʻlangan. Bola bu hunarni dengizda boshlab, kachonlardir ehtimol yana dengizda tutatar. Dengiz ovchisining qismati shu: zero dengiz ovidan mushkulroq va xavfliroq ish dunyoda boʻlmasa kerak. Bolalikdan oʻrganish kerak bu hunarni. Shuning uchun ham eskilar “bola – boshdan, hunar yoshdan”, deb bejiz aytishmagan. Yana deganlarki, “Yomon ovchi yoʻldoshin yoʻldan ozdirar”. Shundan ayonki, erkak odam roʻzgʻor tebratish uchun bolalikdan kasb oʻrganishi kerak. Kiriskka ham hunar oʻrganish vaqti keldi. Bolani oʻzlari bilan birga dengizga olib chiqish, uni ovga oʻrgatish vaqti yetdi.

Olapar qoyasidagi Ona baliq jamoasi yashaydigan butun qishloq aholisi bugungi ov safari Kirisk uchun, boʻlgʻusi ovchi va roʻzgʻor boshligʻi Kirisk uchun uyushtirilganini bilishardi. Azaldan shunday erkak boʻlib tugʻilgan har bir odam yoshligidanoq dengiz bilan doʻstlashuvi, ogʻa-ini tutinishi lozim, chunki dengiz uni bilib qoʻysin, odam xam dengizni doʻst bilib hurmatlaydigan boʻlsin. Xuddi shuning uchun jamoa oqsoqoli Oʻrxon boboning oʻzi bosh boʻlib, yana eng yaxshi ovchilardan ikkitasi – bolaning otasi Emrayin bilan togʻasi Milxunni yoniga olib, kattalarning kichiklar oldidagi, bu gal esa kichkintoy Kirisk oldidagi muqaddas, ezgu burchlarini bajarish uchun safarga chiqishdi. Bola shu kundan boshlab, umrining oxirigacha, quvonchli kunlarda ham, kulfatli kunlarda ham dengiz bilan doʻst tutinishi kerak edi.

Kirisk hozir bola, ogʻzidan ona suti ketmagan goʻdak boʻlsa ham mayli, u kelgusida ishga yaraydimi, yoʻqmi, hozir gap bunda emas. Kim bilsin, ehtimol bir kun vaqt kelib yoshi ulugʻlar holdan toyib, keksayib qolganlarida, mana shu bola jamoaning kuniga yarar, uning tayanchi boʻlib qolar. Shunday boʻlishi kerak ham. Avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan azaliy hayot qonuni bu. Hayot shu asosga qurilgan.

Qayiqdagilar shularni oʻylashar, ammo hech kim bu haqda churq etib ogʻiz ochmasdi. Bunday fikrlar odamning dilidan kechadi-yu. tiliga kamdan-kam koʻchadi. Shuning uchun ham Olapar sohilida yashovchi Ona baliq – Suv parisi jamoasining odamlari Kiriskning birinchi ovga chiqishiga unchalik eʼtibor berishgani yoʻq. Aksincha, qabiladoshlar bolaning katta ovchilar bilan dengizga chiqib ketayotganiga ahamiyat bermaganday koʻrsatar edilar oʻzlarini. Goʻyo bu voqea eʼtiborga arzimaydigan edi.

Bolani faqat onasi kuzatib koʻydi. U ham boʻlajak safar toʻgʻrisida churq etmadi, qoʻltiqqa yetmasdanok oʻgʻli bilan xayrlasharkan, “Endi oʻrmonga boraver!” dedi u aniq eshittirib, hech narsadan xabari yoʻqday. Ona dengizga emas, oʻrmon tomonga qarab qoʻshib qoʻydi: “Ehtiyot boʻl, olib kelgan oʻtinlaring quruq boʻlsin, oʻzing oʻrmonda adashib qolmagin!” Ona bu soʻzlarni bolani kinrlar – jin-ajinalardan asrash uchun, yovuz ruhlarni chalgʻitish uchun aytdi. Ona Kiriskning otasi Emrayin toʻgʻrisida ham ogʻiz ochmadi. Goʻyo ovga ota-bola emas, tasodifiy odamlar birga borayotganday edi. Bu ham jinlarni chalgʻitish uchun; jinlar Emrayin bilan Kiriskning ota-bola ekanligini bilishmasin. Chunki otalar bilan bolalar birga ovga chiqishlarini jinlar yoqtirishmaydi. Agar bilib qolishsa, ota-boladan birortasini, halok kilishlari mumkin. Ota yoki boladan birortasi oʻlsa, tirik qolgani vahimaga tushsin, qaygʻursin, azob chekib, ikkinchi dengizga chiqmayman, boshqa oʻrmonga kirmayman, deb qasam ichsin, deyishadi. Kinrlar ana shunaqa yovuz, makkor boʻlishadi, odamlarga ziyon yetkazish uchun har doim payt poylab turishadi.

Kiriskning oʻzi yovuz kinrlardan qoʻrqmaydi-ya. Endi goʻdak emas, axir. Ammo onasi qoʻrqadi, qoʻrqqanda ham bolamga biron falokat yopishmasin, deb juda qoʻrqadi. Kirisk hali yosh, uni halok etish jinlar uchun qiyin emas, deb oʻylaydi. Onaning aytganlarida ham jon bor-da! Eh, nimasini aytasan, bu laʼnati kinrlar bolalarga ozmuncha azob keltirdimi – bolalar ulgʻayib, ovchi boʻlib yetishmasin, deb ularga turli kasalliklarni ilashtirishadi, ziyon-zahmat yetkazib, mayib-majruh qilib qoʻyishadi. Bunday nogiron odamlarning kimga ham keragi bor? Shuning uchun odam ayniqsa goʻdaklikda kinrlardan oʻzini asrashi kerak. Odam ulgʻayib, oyoqqa turib, oʻzligini tanib olganidan keyin har qanaqa jin-pinlardan qoʻrqmaydi. Bunday odamga jinlarning kuchi yetmaydi, ular bunday kuchli kishilardan hayiqishadi.

Ona-bola shunday xayrlashishdi. Ona bir lahza jim qoldi; bu sukunat zamirida onaning tashvishli iltijosi, umidlari yashiringan edi. Shundan soʻng u bir marta ham orqasiga oʻgirilmay qaytib ketdi. Dengiz tomonga biron marta ham qayrilib qaramadi, otasi toʻgʻrisida ham churq etmadi, ota-bolaning qayoqqa borishidan zarracha xabari yoʻqday edi. Qiziq, bir kun avval ularni safarga shaylagan, uch kunlik dengiz safariga oziq-ovqat tayyorlab bergan edi-ku. Endi boʻlsa xuddi ularni tanimayotganday koʻrsatardi oʻzini. Bolasiga biror nima yopishmasin, jinlar biror narsani bilib qolmasin, deb qoʻrqqanidan tashvishlarini yuzaga chiqarmasdi.

Shunday qilib, ona qoʻltiqqa yetmasdan xayrlashdi. Bola esa onasi tayinlaganday, butalar orasida koʻrinmas jinlardan izlarini yashirgan boʻlib, birpas aylandi va shundan soʻnggina uzoqlashib ketgan kattalarga yetib olish uchun halloslab yugurib ketdi.

U birpasda kattalarga yetib oldi. Ular qoʻllarida miltiq, har hil tugun, yelkalarida toʻrlarni koʻtargancha bamaylixotir borishayotgandi. Oldinda jamoa oqsoqoli Oʻrxon bobo, keyinidan gavdali va daroz, keng yagʻrinli sersoqol Emrayin, uning ketidan esa gʻoʻlabirdan kelgan, dum-dumaloq va chayir Milxun chayqalib borardi. Ular ustlariga boshdan-oyoq sovuq va nam oʻtkazmaydigan poʻstinlarini kiyib olgan edilar. Kirisk ularga qaraganda bayramdagiday yasanib olgandi. Onasi anchadan beri uni dengiz safariga shaylab, kiyim-kechak hozirlab yurgandi. Toʻrva hamda ustki kiyimlarining yenglari yaxshilab hoshiyalangan. Aslini aytganda, dengizda bunday hashamning hojati yoʻq. Ammo ona onaligini qiladi-da.

 – Eh-ha, biz seni endi qoldi, qoʻlingdan yetaklagancha uyga olib ketishdi, deb oʻylabmiz, – masxaraomuz hayratlandi Milxun, bola unga yetib olganida.

 – Nega endi? Men umrimda bunday!.. – ranjiganidan boʻgʻilib gapirdi Kirisk.

 – Boʻldi, boʻldi, hazilni ham tushunmaysan, – deb tinchlantirdi uni Milxun. – Xafa boʻlma! Dengizda bir-birimiz bilan gapirishmasak kim bilan gapirishamiz. Yaxshisi, manovini olib yur, – deya bolaga vinchester[2]ini uzatdi. Bola bundan mamnun boʻlib, ular bilan birga shaxdam odimlab ketdi.

Qayiqlarga yuk ortish va qirgʻoqdan siljish vaqti ham keldi. Shunday qilib ovchilar dengiz tomon suzib ketishdi. Biroq agar ov baroridan kelib, boy oʻlja bilan uylariga qaytib kelishsa, unda butunlay boshqacha boʻladi. Ana oʻshanda bolani qanday izzat-hurmat qilishganini koʻrasiz. Yosh ovchini kutib olish bayramga aylanadi, dengiz saxovati haqida qoʻshiqlar aytiladi: dengizning xayol yetmas chuqurliklarida baliqlar va boshqa hayvonlar urchib koʻpayadi, ular kuchli, jasur ovchilarga nasib etadi. Qoʻshiqlarda qabila odamlarini dunyoga keltirgan Suv parisi madh etiladi. Nogʻoralarni zarang daraxtidan yasalgan tayoqchalar bilan urib chalishadi. Oʻyin tushayotganlar ichida eng donosi – shomon, u Yer va Suv bilan suhbatlashadi. Yangi yosh ovchi Kirisk toʻgʻrisida gaplashadi. Ha, shunday, shomon yosh ovchiga hamisha xayrixoh, mehribon boʻlinglar, deb Yer, Suvga iltijo qiladi. Yerda va Suvda shu bola ulugʻ mergan boʻlib yetishsin, u doimo topgan oʻljalarini yoshu qariga odillik bilan ulashib berib tursin, deb duo qiladi. Dono shomon yana zikr tushib, Kirisk ulgʻayib, bola-chaqa koʻrsin, ulugʻ Suv parisi – Buyuk Ona baliq avlodi koʻpaysin, hamisha avlodiga avlod qoʻshilsin, deb duo-iltijo kiladi:

 

Qayda suzib yurasan, ey, Buyuk Ona baliq?

Sening qaynoq pushtingdan – mangu hayot boshlangan.

Sening qaynoq pushtingdan – undik dengiz boʻyida.

Sening qaynoq bagʻringdir – ochunda eng goʻzal joy.

Qayda suzib yurasan, ey, Buyuk Ona baliq?

Xuddi nerpa boshiga oʻxshaydi oppoq siynang,

Bizni boqdi dengizda xuddi shu oppoq siynang.

Qayda suzib yurasan, ey, Buyuk Ona baliq?

Eng devkor, alp erkak suzib borar sen tomon.

Sening pushting, urugʻing gullab-yashnasin debon,

Yer yuzinda avloding unib-koʻpaysin debon…[3]

 

Bayramda oʻyin-kulgi, shovqin-suron bilan shunday qoʻshiqlar kuylanadi. Ana shu bayramda Kirisk taqdirida yana bir muhim voqea yuz beradi. Jazava bilan raqsga tushayotgan shomon ovchi Kirisk taqdirini osmondagi yulduzlardan biriga topshiradi, bolaga “hamisha panoh boʻlgin” deydi. Axir, har bir ovchining oʻziga tegishli, oʻz panohida saqlaydigan yulduzi bor-da. Kiriskning taqdiri qaysi yulduzga topshirilganligini hech kim, hech qachon bilmaydi. Buni faqat shomonu oʻsha nomaʼlum panohkor yulduz biladi. Boshqa hech kim bilmaydi. Osmon toʻla yulduz boʻlsa…

Albatta, bu bayramda onasi bilan singlisi hammadan koʻra koʻproq sevinishadi, hammadan koʻra baland kuylab, hammadan koʻproq raqsga tushishadi. Otasi Emrayin esa hammaning oldida ota deb ataladi, u bundan quvonib, gʻururlanadi. Hozir esa u ota emas. Dengizda ota-bola degan gaplar boʻlmaydi, dengizda hamma birdek, yoshi ulugʻining aytganiga boʻysunishi kerak. Yoshi ulugʻning aytgani aytgan, degani degan. Ota oʻgʻilning ishiga aralashmaydi.. Oʻgʻil ham otasiga shikoyat kilmaydi. Udum shunday.

Aytmoqchi, bayramda yana bir qizaloq – Muzluk rosa xursand boʻlsa kerak. Kirisk u bilan goʻdakligidan birga oʻynab, birga oʻsishgan. Endi ular kamdan-kam birga oʻynaydigan boʻlib qolishdi. Bundan buyogʻiga umuman oʻynashmasa kerak: ovchiga oʻyin qayoqda deysiz.

 

* * *

 

Qayiq toʻlqinlar ustidan bilinar-bilinmas chayqalib, yengilgina suzib borardi. Olapar qoʻltigʻi allaqachon ortda qoldi. Ular uzun burundan oʻtib dengizga chiqishgach, toʻlqinlar bu yerda koʻrfazdagiga qaraganda unchalik kuchli emasligini koʻrishdi. Toʻlqinlar bir meʼyorda tebranib turardi. Bunday toʻlqinlarda suzish ancha oson boʻladi.

Bahaybat terak tanasidan oʻyib yasalgan qayiq ravon, chaqqon suzardi. U toʻgʻri toʻlqinlarda ham, koʻndalang toʻlqinlarda ham rul izmidan chiqmay, bemalol borardi.

Oʻrxon chol oʻchib boʻlgan trubkasini soʻrganicha, qayiqning erkin suzib borayotganidan huzur qilar, koʻnglida muzday suvga toʻsh urgancha olga borayotgan qayiq – goʻyo cholning oʻzi boʻlib tuyulardi; u oʻzini eshkaklarning bir maromdagi harakati bilan, tirgakdan chiqayotgan gʻiychillagan sadoga joʻr boʻlib poyonsiz dengizda suzib ketayotgan qayiq oʻrnida koʻrardi; goʻyo uning oʻzi oʻtkir tumshugʻi bilan qarshidan kelayotgan toʻlqinlarni yorib, suv zarbalari va zarb laridan yengil chayqalib suzayotganday edi. Qayiq bilan birday harakat qilish sezgisi gʻalati xayollarga olib borardi cholni. Uning qayiqdan koʻngli toʻq, hatto juda mamnun edi, axir uni oʻzi randalagan, oʻzi oʻyib yasagan; terakni birgalashib yiqishdi, bir odam uni eplayolmasdi, toʻrt kishiga ham ogʻirlik qilardi bu ish. Lekin uyogʻiga bir oʻzi ishladi – xodani uch yoz kuritdi, yoʻndi, oʻsha vaqtdayoq bilgan edi – umrida yasagan qayiqlari ichida eng yaxshisi shu boʻladi. Chol shu haqda oʻyladi-yu, beixtiyor koʻngli gʻash tortdi: yopiray, ishqilib, bu oxirgisi boʻlmasin-da. Yana bir necha yil yashasaydi. Yana bir necha bor dengiz oviga chiqsaydi. Hozircha koʻz nuri, qalb koʻri borligida yana bir juft qayiq yasasaydi.

Chol shularni oʻylar ekan, xayolan qayiq bilan gaplashardi. “Seni yaxshi koʻraman va senga ishonaman, inim, – derdi u qayiqqa. – Sen dengizning tilini bilasan, toʻlqinlar feʼlini bilasan! Kuchli ekanliging ham shunda-da. Sen munosib qayiqsan, yasagan qayiqlarim ichida eng dilbarisan. Sen ulkan qayiqsan – ikkita laxtak, yana bir nerpa sigʻadi senga. Sen bizga rizq-roʻz berasan. Shuning uchun seni hurmat qilaman. Oʻljalarimizni arang koʻtarib kelayotganingni, hatto yuking ogʻirligidan suvga botay-botay deb qirgʻoqqa qaytayotganingni koʻrib hammamiz seni qanchalar sevamiz. Shunda seni kutib olish uchun sohilga hamma yugurib chiqadi, mening qadrdon qayigʻim, inim!

Agar men oʻlib ketsam ham, sen uzoq yillar suzaver, oʻljaga boy suvlarda suzaver. Agar men oʻlib ketsam, yosh va kuchli ovchilar bilan suzib yuraver. Agar men oʻlib ketsam, ularga ham menga xizmat qilganday xizmat qilaver. Ha, inim, tumshugʻingda boshini likillatib, joni ichiga sigʻmay oʻtirgan anavi bola ham oʻsib, voyaga yetguncha kutgin, sen bilan uzoq-yaqinlarga ovga boradigan boʻlgunicha kutgin. Bolaning gʻayratiga qara, qarshisida suv emas, yer boʻlganda hozir chopqillab borib, qanday ov qilishni koʻrsatardim, deb turibdi uning koʻzlari. Bugun bolaning birinchi marta biz bilan dengizga chiqishi. Axir bir kun chiqishi kerak edi ham. Oʻrgansin. Biz ketamiz. U qoladi. Uzoq yashaydi. Otasi Emrayinga oʻxshasa durust odam buladi. Qandaydir safsataboz boʻlmaydi. Emrayin hozirgi ovchilar ichida eng zoʻri. Zabardast yigit, ishiga puxta. Bir vaqtlar men ham shunday zabardast edim. Ayni kuchga toʻlgan paytim edi. Ayollar meni yaxshi koʻrishardi, men boʻlsam umr boʻyi shunday boʻlaveradi, deb oʻylabman. Lekin hamisha shunday boʻlavermasligini kech tushundim. Yoshlar esa buni tushunishni istashmaydi. Manavi Emrayin bilan Milxun ham qarilikni xayoliga keltirmasa kerak. Hay, mayli. Hali vaqt bor ularga. Eshkak eshishga kelganda ular boplashadi, zalvar bilan eshishadi. Milxun bilan Emrayin bir-biriga mos tushishgan. Ishonsa boʻladigan, chidamli sheriklar. Qayiq oʻz-oʻzidan bemalol suzib ketayotganday tuyuladi. Aslida unday emas. Dengizda axir qoʻl bilan yuriladi. E-he, hali oldinda qanchalab eshkak eshishga toʻgʻri keladi. Xoʻsh, bugun qosh qorayguncha, Uchinchi siynaga yetib borish mumkin. Ertaga erta tongdan to qosh qorayguncha suzib yana orqaga qaytamiz. Goh unisiga, goh bunisiga dam berish uchun navbat almashib, eshkak eshaman. Ammo-lekin eshkaklar bilan butun dengizni chayqaltirib chiqish hazilakam ish emas. Oʻlja bilan qaytsak, bayram qilamiz.

Eshityapsanmi, soʻzlarimga tushunyapsanmi, inim? Sen bizni Uch siyna orollariga olib borasan, katta ov oʻsha yerda boʻladi. Hozir shu yoqqa qarab boryapmiz. Oʻsha yerdagi sohilda, qumloqlarda nerpani koʻramiz. Hademay ular bolalashadi, orollarda toʻda-toʻda nerpa yigʻiladi.

Soʻzlarimga tushunyapsanmi, inim? Tushunasan, albatta. Sen bilan gaplasha boshlaganimda hali dengizni koʻrmaganding, ona qornida yotganday, oʻrmondagi buyuk terakning kornida yotgan eding. Men seni daraxtning qornidan chiqardim, mana endi dengizda birga suzib yuribmiz.

Dunyodan koʻz yumib ketganimda ham meni unutmagin, qadrdonim. Dengizlarda charx urib suzayotganingda meni ham esla…”

Oʻrxon bobo qirgʻoqdagi belgi – Olapar qoyasidan dengiz tomonga qayiqni toʻgʻri yoʻnaltirar ekan, koʻnglidan shu oʻylar oʻtdi. Dengiz safariga chiqqanlarning hammasi Olapar qoyasining ajoyib xosiyati borligi toʻgʻrisida gapirishadi. Havo ochiq kunlari qayiqlar dengiz qirgʻogʻidan qancha uzoqlashsa, Olapar ham shunchalik kattayib, goʻyo ortda qolib ketishni istamay ularning ketidan kelayotganday boʻladi. Qancha uzoqdan qarasang ham Olapar sira koʻzdan yoʻqolmaydi. Qayiq uzoqlashgandan soʻng ham ancha vaqtgacha koʻrinib turadigan Olapar, suvning qaysidir muyulishida birdan koʻzdan gʻoyib boʻladi. Demak, Olapar uyga qaytib ketdi, qirgʻoq juda uzoq-uzoqlarda qolib ketdi desa boʻladi…

Ana shu vaqtda Olapar qaysi tomonda qolganligini, shamol qayoqdan esayotganligini, quyosh qoyaning qaysi tomonida ekanligini eslab qolish, eslab qolganda ham yaxshilab eslab qolish zarur, havo ochiq boʻlsa, bulutlarga eʼtibor berish va shundan soʻnggina dengiz safarini davom ettirish, orollargacha suzib borish kerak. Poyonsiz dengizda yoʻldan adashmaslik uchun xayolan Olaparning qayerdaligini moʻljallab suzish kerak.

Ovchilar taxminan bir kunlik masofadagi orollarga yoʻl olishdi. Kimsasiz, huvillagan, kichik tosh orolchalar qirgʻoqsiz, hadsiz-hududsiz dengiz oʻrtasida uch qoramtir siynaday suvdan turtib chiqib turishardi. Shuning uchun orolchalarni Katta siyna, Oʻrta siyna, Kichik siyna deb atashardi. Ulardan oʻtgandan soʻng, agar yana olislab suzib ketishaversa, okeanga – ummon yoʻliga chiqib qolishar, bu ummonning had-hududini ham, nomini ham bilmas edilar. Mana shu mangu, buyuk, kimsasiz, nomaʼlum, sirli ummon olam yaralganidayoq oʻz-oʻzidan paydo boʻlgandi. Oʻsha qadimgi Luvr oʻrdak in qurish uchun kaftday yer topolmay faryod chekib, charx urib, giryonu sargardon boʻlib yurgan vaqtlarda ham ummon bor edi. Ana shu orollarda, dengiz va ummon sarhadida mana shu bahor kunlari nerpalar bozori qiziydi. Ana shularni deb shu yoqqa otlanishgan, ana shularni deb shu yoqqa kelishayotgan edilar…

Bola dengizni koʻrib, hayratlarga gʻarq boʻldi, dengiz Olapar yonbagʻirlarida oʻynab yurganida tasavvur qilganiday emas ekan. Qayiqda koʻrfaz boʻylab suzib yurganlarida ham dengiz boshqacha koʻrinardi. Bola koʻrfazdan chiqishlari bilan qarshisidagi manzarani koʻrib lol qoldi: dengiz birdan yoyilib, koʻz ilgʻagan va ilgʻamagan samolargacha butun borliqni egallab, olamning yakkayu yagona, poyonsiz bir butun mohiyatiga aylanganida hayratdan hangu mang boʻlib qoldi.

Ochiq dengiz Kiriskni esankiratib koʻydi. Bunaqa manzarani xayoliga ham keltirmagandi u. Atrofda qoʻrgʻoshin tusdagi vahimali chayqalib turgan suvdan boshqa narsa yoʻq, zumda paydo boʻlib, zumda yoʻqoladigan tszkor toʻlqinlar, qora-koʻkish tortgan dahshatli tubsizligu osmonu falakda yengilgina suzib yurgan oppoq bulutlargina hukmron edi olamga. Olam boshdan-oyoq dengizdan iborat edi, cheksiz dengizdan boshqa na qish, na yoz, na tepalik, na sayhonlik – hech narsa yoʻq edi.

Olamni u chekkasidan-bu chekkasigacha suv qoplab olgandi.

Qayiq esa avvalgiday toʻlqinlarga shoʻngʻib hamon suzib borardi. Haqiqiy, katta ovni kutib qayiqda ketayotgan bola oʻz quvonchi va oʻy-xayollari bilan band edi. Ammo u suv va suv yuzida koʻrayotganlariga hozir unchalik eʼtibor bermas, bayramda yurganday diqkatini yigʻolmas, butun vujudi, fikru zikri kutilayotgan oʻzgacha taassurotlar bilan toʻlib-toshgan edi. Boshqa vaqt boʻlganda suv sathini har lahzada ming tusga – nimrang binafshadan qora-koʻkishgacha, qora-koʻkishdan to qayiq koʻlankasidagi timqora ranggacha tovlanayotgan toʻlqinlarning tinimsiz jimirlashi bolaning diqqatini oʻziga jalb etardi; toʻsatdan qayiq yonida paydo boʻlib qolgan, har narsaga qiziquvchan baliqlarni koʻrib, ichiga sigʻmay sevinardi, qayiqka toʻqnashgan bir toʻda baliqlarning tarqalib qochish oʻrniga koʻrqqanlaridan battar bir joyga toʻplanishib, suvdan yuqoriga sakrayman, deb chalqancha yiqilib tushishlari kulgili boʻlardi.

Bola bularning hammasiga unchalik eʼtibor bermas, bular mayda-chuyda narsalar, eng kizigʻi oldinda, deb oʻylardi. Orollarga tezroq yetib olsaydik, tezroq ish boshlasaydik, deb toqatsizlanardi.

Ammo koʻp oʻtmay, bolaning koʻngli gʻashlana boshladi, biroq u buni sezdirmasdi. Ularning qayigʻi yerdan uzoqlashganida, ayniqsa Olapar toʻsatdan toʻlqin mavjlari ortida koʻrinmay qolganida bolaning koʻngli qandaydir xavf-xatarni ilgʻay boshladi. Dengiz xatarli ekanligini, endi dengizga bogʻlanib qolishganligini, buyuk tabiat qudrati oldida oʻzlarining zarraday kichikligini va zarraday ojizligini payqay boshladi.

Bu uning uchun yangilik edi. Shunda u ilgari eʼtibor bermaydigan Olaparning naqadar azizligini tushundi. Olapar qoyasi yonbagʻirlarida choʻchimasdan huzur kilib chopqillab oʻynab yurgan kezlari qayerda ekanligini oʻylab oʻtirmasdi. Olaparning oʻz oʻrnida qanchalik kuch-qudratga ega ekanligini, qanchalik matonatli va saxiy ekanligini, hamisha oʻrnidan jilmay, dengizning har qanday hamlalariga bardosh berib turganligini endi tushundi.

Quruqlik bilan dengizning farqini bola endigina angladi. Odam yerda yurganida yer toʻgʻrisida oʻylamaydi ham. Dengizda boʻlganingda esa mudom dengiz toʻgʻrisida oʻylaysan. Xayolingda boshqa narsa kezsa ham dengizni oʻylayverasan. Shuni anglagach, bola hushyor tortdi. Dengiz doim meni oʻylanglar, deb zoʻrlaydi. Mana shu zoʻrlik ostida qandaydir sirli, qaysar va hokim kuch bor edi…

Shunga qaramay, kattalar xotirjam edilar. Emrayin bilan Milxun hamon bir zaylda, goʻyo bir odamday, baravar qulochlab, baravariga eshkak surishar, toʻrtala eshkak suv yuziga birdaniga tushib tortilganda qayiq yengil va erkin suzardi. Ammo bunday tinimsiz harakat eshkakchilar uchun juda ogʻir ish edi. Eshkakchilar oʻgirilib oʻtirishgani uchun bola ularning yuzlarini koʻrmasa-da, harakatdan boʻrtib chiqqan yelka va bilaklarini koʻrib turardi. Ular ahyon-ahyonda bir-biriga soʻz qotib qoʻyishardi. Toʻgʻri, otasi gohida bolaga oʻgirilib, “Qalay oʻtiribsan?” deganday, miyigʻida jilmayib qoʻyardi.

Ular shu asnoda suzishda davom etardilar. Kattalar oʻzlariga ishonganlaridan xotirjam va tetik edilar. Oʻrxon bobo-ku, pinagini buzmasdi. U hamon trubkasini soʻrgancha oʻtirgan joyida qayiqni boshqarib borardi. Shu zaylda har kim oʻz ishi bilan band boʻlib, olgʻa siljishardi. Toʻgʻri, Kirisk bir-ikki marta, goh Milxun bilan, goh otasi bilan sherik boʻlib eshkak eshishga urindi. Kattalar sen ham eshib koʻr, deb unga eshkaklarni tutkazishardi. Axir, u ham mehnatga oʻrgansin-da. Garchi Kirisk ikkala koʻli bilan yopishib, bor kuchi bilan eshsa-da, bari bir bu ish unga ogʻirlik qildi, uning uchun qayiq ham, eshkak ham zilday ogʻir tuyuldi. Ammo hech kim Kiriskka eplayolmayapsan, deb oʻpkalamasdi.

Olapar qoyasi toʻsatdan gʻoyib boʻlganida, negadir, hammalari jonlanib kolishdi:

 – Olapar uyga qaytib ketdi! – xitob qildi otasi.

 – Ha, qaytib ketdi, – taʼkidladi Milxun.

 – Yoʻgʻ-ye! Toʻgʻri, qaytib ketganga oʻxshaydi, – oʻsha tomonga qaradi Oʻrxon bobo. – Unday boʻlsa ishlar chakki emas. Hoy, Kirisk, – u bolaga quvlik bilan qarab qoʻydi, – Olaparni chaqirsang qaytib kelmasmikin?

Hamma kulib yubordi. Kirisk ham. Soʻng u oʻylanib turib, baland ovoz bilan dedi:

 – Unday boʻlsa orqaga suzishimiz kerak, ana shunda Olapar qaytib keladi!

 – Ho, bilagʻon ekansan! – xitob qildi Oʻrxon bobo jilmayib.

 – Yaxshisi, ke, ish qilaylik. Yonimga oʻt. Dengizga hadeb qarayverma. Qaraganing bilan oxirigacha koʻrolmaysan bari bir.

Kirisk qayiq tumshugʻidan turdi. Oyoq ostidagi narsalarni – bugʻu terisiga oʻralgan ikkita vinchester, nayza, arqon oʻrami, suvli bochka, oziq-ovqat solingan toʻrva va yana qandaydir tugun va kiyim-kechaklarni bosib, qayiqning quyrugʻiga oʻtdi. Qayiq chetini ushlab eshkaklarning dastasi ustidan hatlagancha oʻtar ekan, ovchilarning boʻyniyu yelkalaridan chikkan ter va tamaki hidini tuydi. Uyda otasining kiyimidan shunday oʻtkir hid kelar, otasi ovga ketgan paytlarda esa oyisi uning eski charm kamzulini suyib hidlar, yuziga bosar edi.

Otasi oʻgʻlini bosh irgʻab, yelkasi bilan biqiniga salgina turtib erkalatgan boʻldi, ammo eshkakni qoʻlidan qoʻymadi. Ammo Kirisk otasining beixtiyor erkalatishiga erib ketmadi, qayrilib ham qaramadi. Ha-da, dengizda hamma birday. “Kemaga tushganning joni bir”, deb bekorga aytmaganlar. Dengizda ota, bola degan gap boʻlmaydi. Dengizda faqat dargʻaning gapi – gap. Uning buyrugʻisiz qayiqda biror choʻpni u yerdan-bu yerga olib boʻlmaydi…

 – Oʻtir, mana buyoqqa, – dedi Oʻrxon bobo unga joy koʻrsatib, uzun, sertomir qoʻllarini bolaning yelkasiga qoʻyar ekan. – Ozgina choʻchiding-a? Avvaliga xotirjam oʻtirding, keyin esa…

Kirisk xijolat tortganday boʻldi: demak, Oʻrxon bobo uning qay ahvolda oʻtirganini sezganga oʻxshaydi. Biroq shunga qaramay u eʼtiroz bildirdi:

 – Yoʻgʻay, atkichx[4], sirayam choʻchiganim yoʻq! Nimadan choʻchirdim!

 – Har holda dengiz safariga birinchi chiqishing…

 – Nima boʻpti, birinchi chiqsam? – Boʻsh kelmadi Kirisk. – Men hech narsadan koʻrqmayman.

 – Boʻpti, boʻpti. Men esam, birinchi bor dengiz safariga chiqqanimda, bunga juda koʻp yillar boʻldi, rostini aytsam, qoʻrqib ketganman. Bir vaqt qarasam qirgʻoq allaqachon koʻrinmay kolibdi, Olapar it ham allaqayoqqa qochib ketibdi. Qayoqqa qarasam toʻlqin… Oʻshanda darrov uyga qaytib ketgim keldi. Ana, Umrayin bilan Milxundan ham soʻrab koʻr-chi, birinchi marta dengizga chiqqanlarida qanday boʻlgan ekan?

Ular javob berish oʻrniga tushunganday bosh irgʻab kulib qoʻyishdi-yu, yana eshkakka zoʻr berishdi.

 – Men boʻlsam qoʻrqmadim, – deb gapida turib oldi Kirisk.

 – Demak, botir ekansan, – tinchitdi uni Oʻrxon bobo. – Qani endi aytgin-chi, Olapar qaysi tomonda qoldi?

Kirisk kutilmaganda bir zum oʻylab turdi-da, soʻng qoʻli bilan koʻrsatdi:

 – Hov anov yoqda!

 – Rostdanmi? Negadir qoʻling sal qaltirayotipti-ya?

Qoʻlining titrogʻini bosishga uringan bola sal oʻngroq tomonni koʻrsatib:

 – Anov yoqda! – dedi.

 – Mana endi toʻgʻri aytding! – dedi Oʻrxon bobo. – Agar qayigʻimizning tumshugʻi manavi tomonga burilib turgan boʻlsa, Olapar shunda qaysi tomonda koladi?

 – Anov yoqda!

 – Agar shamol qayiqni buyoqqa burib yuborsa-chi?

 – Anov yoqda!

 – Agar chap tomonga qarab suzsak-chi?

 – Unda mana u tarafda boʻladi.

 – Yaxshi, endi aytgin-chi, qanday aniqlayapsan, axir toʻrt tarafimiz faqat suvdan iborat boʻlsa? – oʻsmoqchilab soʻradi Oʻrxon bobo. – Shuni aytib bera olasanmi?

 – Meni boshqa koʻzim ham bor, – javob berdi Kirisk.

 – Qanaqa koʻz u?

 – Bilmadim. Qornimda boʻlsa kerak. Ana shu qornimdagi koʻzim yumuq tursayam koʻraveradi.

 – Qornida koʻzi bor ekan! – kulib yubordi hamma.

 – Aytganicha bor, – dedi uning gapini maʼkullab Oʻrxon bobo. – Odamda shunaqa koʻz ham boʻladi. Ammo u qorindamas, boshda boʻladi.

 – Mening koʻzim qornimda, – oʻzinikini maʼqullab turib oldi Kirisk, garchi bunday koʻz qorinda emas, balki boshda boʻlishiga ishonayotgan boʻlsa ham.

Oradan sal oʻtib, chol yana Kiriskni sinovdan oʻtkaza boshladi, bolaning dengiz tomonlarini yaxshi bilishiga ishonch hosil qilgach, xotirjam boʻlib oʻzicha gʻudurladi:

 – Yaxshi, qorningdagi koʻzlaring chakki emas ekan.

Maqtovdan koʻngli oʻsgan Kirisk oʻziga-oʻzi savollar berib, ularga oʻzi javob topishga harakat qildi. Dengiz bir oz tinchlanib turgan paytda bu jumboqlarni yechish uncha qiyin emasdi. Kirisk qayerda boʻlmasin, qayerda turmasin, sadoqatli va ulugʻvor Olapar qoyasini oʻylagan vaqtda u har gal xotiridan oʻchmay, beixtiyor koʻz oʻngida paydo boʻlar va bolani oʻziga chorlayotganday qaysi tarafdaligini eslatib turardi. Hatto yonbagʻirlaridagi toʻqayzorlar, yuqoridagi qoyalaru poyidagi qashqa korlargacha, hamisha tinim bilmay toʻlqin urib okkan tik jarliklarigacha goʻyo butun borligʻi bilan xayoliga kelib turadi. Bola Olapar qoyasini koʻz oldiga keltirar ekan, uning atrofidagi boshqa tepaliklarni ham oʻylamasligi mumkin emas edi. Shuningdek, u beixtiyor oʻz uyini ham oʻylay boshladi. Koʻz oldiga qirgʻoqdagi tepaliklar orasidan kichik vodiy keldi, u yerdagi oʻrmon chetida, anhor boʻyida joylashgan manzildagi kesilgan yogʻoch uyumlari, kapponlar, itlar, tovuqlar, baliq qoqlanadigan ilgaklar, moʻridan chiqayotgan tutunlar, odamlarning gʻala-gʻovuri, oyisi va singlisi Psulk paydo boʻladi. Bola ularning shu damda nima qilishayotganini ham ravshan tasavvur etardi. Oyisi, albatta Kiriskni, otasini, dengiz oviga chiqqanlarning hammasini koʻnglidan oʻtkazyapti. Ha, hozir ham shubhasiz ular haqida oʻylayapti. Oʻylayapti-yu, “Yovuz ruhlar fikrlarimni, qoʻrqayotganimni bilib olishmasin”, deb hadiksiraydi. Kiriskni yana kim ham oʻylardi, ehtimol Muzluk oʻylasa kerak. Shu damlarda Muzluk ularning uyiga, goʻyo Psulk bilan oʻynagani kelgan boʻladi. Agar u bilmasdan dengizga, ovga ketganlar toʻgʻrisida gapirib qolsa, oyisi, “Sen nimalar deb vaysayapsan, ularni oʻrmonga oʻtin tergani ketganidan bexabarmisan”, deb koyib berishi turgan gap. Qizaloq birdan xato qilganligini bilib, uyalib jim boʻlib qoladi. Kirisk: “U meni oʻylasa qanday yaxshi boʻlardi”, deb orzu qilar, ammo oʻzi uni deb qizning taʼna-dashnom eshitishini aslo istamasdi.

Qayiq esa hamon avvalgiday, toʻlqinlarga sekin toʻsh urib, yengil suzib borardi. Atrofda kuchsiz toʻlqinlar quyosh nurida mavjlanib, dengiz yuzi koʻpiklanib yotardi. Nivxlar choshgohgacha, hech boʻlmasa, kunbotishgacha birinchi orolga, eng yaqini, Kichik siynaga yetib olishni, ishlari oʻngidan kelsa, ovni boshlab yuborishni moʻljallagan edilar. Soʻng iloji boʻlsa qorongʻi tushmasidan orollardan ikkinchisiga – Oʻrta siynaga yetib borib, tunab qolishmoqchiydi: u yerda qayiqni qoʻyish uchun qulay joy bor edi. Ertasiga ertalab yana dengizga otlanishardi. Shu kunning oʻzida ovlari baroridan kelib, uchta nerpani saranjomlashsa, hayallamay, tongdayoq orqaga qaytishlari mumkin edi. Nima boʻlsayam, kunning birinchi yarmida, quyosh ikki terak boʻyi koʻtarilgan paytdan kechikmay yoʻlga chiqishsa tuzuk boʻladi. Dengizdan qanchalik tez qaytilsa, shunchalik yaxshi boʻlishini hamma biladi.

Oʻrxon bobo shularni nazarda tutib, hamma ishlarning hisob-kitobini olib qoʻygan edi. Uning yordamchilari Emrayin bilan Milxun ham Uch siyna orollariga birinchi borishlari emasdi. Oʻzlari ham ishning koʻzini bilishadi. Eng muhimi – havoning avzoyi yaxshi boʻlsa, shuningdek, hayvonlarni vaqtida topishsa boʻlgani. Qolgani ovchilarning oʻziga, har birining abjirligiga bogʻliq.

Oʻrxon bobo dengiz safariga faqat tirikchilik uchungina chiqmasdi. Toʻgʻri, tirikchilik – tirikchilik, dengiz neʼmatlarisiz yashab boʻlmaydi. Bundan tashqari, dengiz cholni har doim ohanraboday oʻziga tortar, poyonsizligi Oʻrxon boboning dilidagi muqaddas, ezgu oʻylariga erk berardi. Ha, cholning dilida sir saqlaydigan, ezgu oʻylari bor edi. Quruqlikda koʻp narsalarni oʻylashga fursat topilmaydi, mayda-chuyda kundalik tashvishlar vaqtni oladi. Dengizda bu narsalarni oʻylash mumkin, dengizdagina Oʻrxon boboni buyuk oʻylaridan hech kim chalgʻitolmasdi. Bu yerda u oʻzini Dengizga va Osmonga yaqin sezardi.

Cheksiz kenglik qarshisida qayiqda oʻtirgan odamning hech nimaga arzimasligini chol yaxshi tushunardi. Lekin inson oʻylari bilan Dengizga va Osmonga tenglasha oladi. Shu oʻylari bilan u tabiatning abadiy qudrati oldida oʻzining mavjudligini isbotlaydi, shu bilan inson koinotning teranligi va yuksakligiga munosib boʻla oladi. Shuning uchun ham inson hayot ekan, u ruhan dengizday qudratli, ruhan osmonday cheksiz: chunki oʻy-xayolotning cheki yoʻq. Agar inson oʻlsa, uning oʻy-xayollarini boshqa bir inson davom ettiradi, u ham oʻlsa, keyingisi va hokazo, bu hodisa cheksiz davom etaveradi… Shuni anglaganidan chol chidab boʻlmas achchiq qismatga chidash kerakligini his qilib, taskin topar edi.

U hayot bor yerda oʻlim ham haqligiga ishonardi. Oʻzining ham vaqti soati kelib umri tugashini bilardi. Oʻlgandan keyin hammasi bir pul, lekin shunday boʻlsa-da, nima uchundir qalbining toʻridagi ezgu niyatlari, Suv parisi haqidagi gʻaroyib tushlarining abadiyligiga, oʻlganidan keyin ham yashashiga ishonardi. U koʻrgan tushlarimni boshqalarga qoldirishim mumkin emas, tushni birovlarga qoldirib boʻlmaydi, shuning uchun ham ular izsiz yoʻqolib ketmasligi kerak… Ha, yoʻqolib ketishi mumkin emas. Buyuk Suv parisi mangu yashaydi, demak, u haqdagi tushlar ham manguligicha qolishi kerak-ku.

Dengiz safarida chol mana shular toʻgʻrisida juda koʻp oʻylardi. Shunday paytlarda u uzoq sukutga botar, oʻzi bilan oʻzi boʻlib, yoʻldoshlariga bir ogʻiz soʻz kotmas edi. Dengizga boqib, kimga murojaat etayotganini oʻzi ham bilmay faqat bir narsani – buyuk Suv parisi yashaydigan tushlarini asrashni iltijo qilardi. Axir odamning tushlari oʻzi bilan narigi dunyoga ham birga ketishi, u tushlar egasi bilan abadiy birga boʻlishi mumkin emasmi? U bunga javob topa olmagach, iztirobda oʻy surib, “Aslida shunday boʻladi, tushlarimdan abadiy ayrilmayman”, deb oʻzini ishontirishga urinardi.

…Qachonlardir juda qadim zamonlarda, Olapar qoyasi sohilida uch aka-uka yashardi. Toʻngʻichi – ildam, tepaliklarga yugurib chiqadigan, istagan yogʻiga bir zumda yetib boradigan chaqqon yigit edi. U bir bugʻuboqar odamning qiziga uylanibdi, hisobsiz bugʻuga ega boʻlibdi-da, tundra tomonlarga koʻchib ketibdi. Kenja oʻgʻil iztopar va mergan yigit boʻlib, u ham oʻrmonchi odamlardan birining qiziga uylanibdi va tayga tomonlarga koʻchib ketib, ovchilik bilan kun kechira boshlabdi. Oʻrtancha oʻgʻil oqsoq boʻlib tugʻilgan ekan. Erta turib, kech yotsa ham ishi yurishmas, bugʻularni quvib yetolmas va oʻrmonda biror hayvonni tutolmas ekan. Shuning uchun ham tevarak-atrofdagi odamlar unga qizini bermabdi. Akasi bilan ukasi ham uni tashlab ketishibdi. Moviy dengiz boʻyida oqsoq yigit yolgʻiz oʻzi kolibdi. Shu tariqa u mayda-chuyda baliq tutish bilan tirikchilik qila boshlabdi. Ammo bu bilan oʻtgan kun oʻzingizga maʼlum…

Bir kuni tolesiz yigit oʻz qayigʻida dengizga qarmoq tashlab oʻtirgan ekan birdan qarmogʻining ipi yulqina boshlabdi, shunda u ovi baror kelishini his qilib quvonib ketibdi. Asta-sekin torta-torta baliqni qayigʻiga yaqinlashtiripti.

Bir vaqt moʻjizaga koʻzi tushibdi! Qarmoqqa ilingan jonivor ayol qiyofasidagi baliq ekan! U jon-jahdi bilan suvni shaloplatib, har tomonga toʻlgʻanib sapchib kochishga urinibdi. Suv parisining husni jamoli taʼrifga sigʻmas emish. Badani sip-silliq, sutday oydin kechadagi soy toshlari singari kumushday tovlanadi, oppoq siynalarining qoramtir uchlari qaragʻay yongʻogʻiga oʻxshab boʻrtib turar, koʻzlari yashil uchqun sochib porlardi. Yigit Suv parisini dengizdan koʻtarib chiqarib olgan paytda u ham yigitning boʻynidan quchoqlagancha ikkalasi ham qayiqda yotib qolishibdi. Bunday baxtdan oqsoq yigitning boshi aylanib, esankirab qolibdi. Nazarida qayiq birdan osmonga sapchib ketgan emish. Shunda dengiz ham osmonga sapchib, osmon dengizning ustiga yopirilib tushganday boʻlibdi. Soʻng boʻrondan keyin boʻlganidek hammayoq birdaniga jimib qolibdi va Suv parisi shu zahotiyoq qayiqdan sakrab tushib suzib ketibdi. Yigit olgʻa tashlangancha Suv parisini chaqirib, qayta qol deya yalinib-yolvoribdi. Lekin Suv parisi ovoz bermay, dengiz qaʼrida gʻoyib boʻlibdi…

Kimsasiz dengiz boʻyiga tashlab ketilgan bechora oqsoq yigitning boshiga ana shunday savdo tushgan ekan. Suv parisi oʻsha ketgancha qaytib kelmabdi. Oqsoq yigit esa shu kundan boshlab, Suv parisi hijronida telbanamo boʻlib qolibdi. Shu kundan boshlab u kunu tun sohilda koʻz yosh toʻkib Suv parisini izlab yurar, atigi uzoqdan boʻlsa ham bir koʻrsam, deb yalinib-yolvorib soʻrar ekan.

Vaqt-vaqti bilan dengiz toshganda u suv boʻyiga chiqib:

 

Qayda suzib yurasan, ey Buyuk Ona baliq!

 – deb kuylar ekan. Suv qaytganda esa yana:

 

Qayda suzib yurasan, ey, Buyuk Ona baliq!

 – deb kuylarkan.

 

Oydin kechalarda kezar va kuylarkan:

Bu dengiz sogʻinchimdir,

Bu suvlar koʻzim yoshi.

 

Qorongʻi kechalarda kezar va kuylarkan:

Yer esa – yolgʻiz boshim…

Qayda suzib yurasan, ey, Buyuk Ona baliq!..

 

Suv toshganda kezar va kuylarkan, suv kaytganda kezar va kuylarkan… Shu orada qish ketib, izidan bahor ham oʻtibdi. Yoz kunlari baxtiqaro yigit sohilda maymoqlanib, giryon kezib yurar, tizzasigacha asov toʻlqinlarga botib, Suv parisi koʻrinib qolarmikin, sado berarmikin, degan ilinjda dengizga uzoq-uzoq tikilar ekan. Ana shunday kunlardan birida yigit dengizning qirgʻoq yakinidagi sayoz joyida bola yigʻisiga oʻxshash ovozni eshitibdi. Bola emas, hozirgina tugʻilgan norasida chirillab yigʻlayotganday ovoz eshitilibdi. Yigit u yerga chopib boradi-yu, oʻz koʻziga oʻzi ishonmay qoladi – suvning sayoz yerida, toʻlqinlar ichida goh koʻrinib, goh koʻrinmay faryod chekib oʻtirgan qipyalangʻoch chaqaloqqa koʻzi tushadi

Goʻdak: “Mening otam kim? Qani mening otam?” – deb chirqirab yigʻlarmish. Oqsoq yigit buni koʻrib, hayratdan hang-mang boʻlib qolibdi. Chaqaloq esa uni koʻrishi bilan: “Dadajon, men sizning oʻgʻlingizman! Meni bu yerdan olib keting!” debdi.

Qarang, qanday ajoyib-gʻaroyib voqealar yuz bermaydi deysiz! Oʻsha odam oʻz bolasini bagʻriga bosib uyiga olib ketibdi.

Bola tez oʻsib, ulgʻayibdi. Dengizga ovga chiqadigan boʻlibdi. Jasur va kuchli ovchi degan nom chiqaribdi. Tolei baland boʻlib tugʻilgan ekan: dengizga toʻr tashlasa – gʻij-gʻij baliq chiqar, yoydan oʻq otsa, dengiz hayvonining boʻgʻzini teshib oʻtar ekan. Uning shuhrati uzoq-uzoqlarga, oʻrmonlaru togʻlar ortiga ham taralibdi. Oʻrmon qabilasidan boʻlgan esli-hushli bir qizni barcha rasm-rusmlari bilan unga olib berishibdi. Farzandlar tugʻilibdi. Shunday qilib, Suv parisi – Ona baliq avlodi koʻpayib, dunyoga, tarqalibdi. Bayramlarda aytiladigan qoʻshiq oʻshandan kolgan ekan:

 

Qayda suzib yurasan, ey, Buyuk Ona baliq?

Sening qaynoq pushtingdan – mangu hayot boshlangan,

Sening qaynoq pushtingdan – undik dengiz boʻyida,

Sening qaynoq bagʻringdir – ochunda eng goʻzal joy.

Qayda suzib yurasan, ey, Buyuk Ona baliq?

Xuddi nerpa boshiga oʻxshaydi oppoq siynang,

Bizni boqdi dengizda xuddi shu oppoq siynang

Qayda suzib yurasan, ey, Buyuk Ona baliq!

Eng devkor, alp erkak suzib borar sen tomon,

Sening pushting, urugʻing gullab-yashnasin, debon,

Yer yuzinda avloding unib-koʻpaysin debon…

 

* * *

 

Qudratli kuch taʼsirida cheksiz bahribar-ummon tublaridan chiqib kelib, qirgʻoqlarni, maysalarni, qumtepalarni bosib, sehrli ogʻushiga olgan dahshatli suv koʻtarilishi va qaytishidek mana shu tush ham oʻz-oʻzidan quyilib kelaverardi.

Har gal mana shu tushni koʻrganida Oʻrxon bobo uzoq vaqtgacha gangib yurardi. Tushining rostligiga u qattiq ishonardi. Biroq Suv parisi bilan koʻrishganlarini biror jonzotga aytmasdi. Bunday voqea tushida emas, oʻngida, shunday yashab yurgan paytda yuz berganida ham albatta hech kimga aytmagan boʻlardi.

Mana shu voqea cholning tushlariga tez-tez kirib turar, uni ham quvontirib, ham qaygʻuga solib, ruhan azoblardi. Bu tushning ajoyib-gʻaroyib xosiyati shunda ediki, u har gal Oʻrxon boboga oʻzining mohiyati, maʼnolari va ishoralarining teranligi va aql bovar qilmas darajadagi turlanishlari bilan lol qoldirardi. Chol koʻrgan tushlarining hayot bilan allaqanday mavhum, sezilar-sezilmas sirli munosabati haqida oʻy surardi. Bu aloqaning sirli ekanligi va mavhum alomatlari odamni hamisha azobga solardi. Oʻrxon bobo beixtiyor shuni his etdiki, koʻngli har qancha algʻov-dalgʻov boʻlsa ham, u oʻsha tushida koʻrganlarini yana va yana koʻrgisi kelaverar, doimo buyuk Suv parisi visol sogʻinchi bilan yashardi.

Oʻrxon Suv parisi bilan dengizda uchrashardi. Uning paydo boʻlishini kutib, huvillab yotgan kimsasiz qumloq sohilda, botib borayotgan quyoshning soʻnik nurlari shuʼlasida uzoq vaqt kezib yurardi. Biroq qumdagi oyoq izlari koʻrinmasa ham quyosh botib ketgandan soʻng uning harakatsiz koʻlankalari koʻzga tashlanib turardi. Bu koʻlankalar qop-qora qorni eslatardi, yurakni oʻrtovchi, gʻayriinsoniy sogʻinch butun vujudini qamrab olgan Oʻrxon ana shu qop-qora qor ustida giryon kezardi. Vujudi ishq dardi, umid va istak dardi bilan toʻlib-toshar, ammo yaydoq dengiz esa parvoyi falak sukut saklab turardi. Mana shu hayhotday yolgʻizlik olamida na gʻir etgan shabada, na bir inson ovozi, na bir sharpa sezilardi. Chol esa dengizdan koʻz uzmay moʻjizani, parini orziqib kutardi.

Qirgʻoqqa urilgan unsiz toʻlqinlar yoʻliga bodroqday oppoq koʻpiklardan poyandoz solishini koʻrib yuragi gʻam-gʻussaga toʻlardi. Boshi uzra sassiz oqchorloqlar laylakkorday bezovta charx urib uchishardi. Mana shu gang va gung makonda oʻzini qayoqqa sigʻdirishni bilmay, koʻngli ozayotganini sezar, hijronda vaqt oʻtgan sari uning tiyiqsiz, ayovsiz sogʻinchi tobora qalbini oʻrtab, azob berib, kuchaygandan-kuchayib borar edi; hatto tushlarida ham Suv parisini koʻrmasa, ayol oldiga kelmasa yashayolmasligini, yolgʻizlik sahrosida xarob boʻlishini his qilardi. Ana shunday paytlarda u ovozining boricha qichqirib, Suv parisini yoʻqlab chaqirishga kirishar, ammo u oʻz ovozini farqlay olmasdi, chunki bu gʻalati tushdagi hamma narsalarning ovozi oʻchgan va oʻzi ham ovozdan mahrum edi. Dengiz hamon sukut saqlardi. Oʻrxon faqat oʻzining ogʻir-ogʻir, uzuq-yuluq harsillab nafas olishini, oʻz yuragining qinidan chiqib ketguday bezovta dukullashini, chakkalarining nihoyatda loʻqillab, zirqirab aks sado berishini eshitardi, xolos. Mana shulargina uni taʼqib etardi. Bu tovushlar uni asabiylashtirardi, u oʻzining yuragidan chiqqan ovozlardan qayoqqa qochib ketishini bilmay, gʻashlanardi. Choʻkayotgan odam qutulishga qanday jon-jahdi bilan intilsa, u ham Suv parisiga shu qadar ehtiros va telbalik bilan intilardi. Oʻrxon faqat Suv parisigina baxt taqdim eta olishini bilar va u soʻnggi nafasigacha uni kutardi.

Nihoyat, Suv parisi shiddat bilan toʻlqinlar orasidan chiqib yalt-yult etgancha u tomonga qarab suzib kelayotganda birdan tilsiz dunyo soqovligidan qutulib, tilga kirar, olam shovqini koʻchkiday bosib tushar, u olamning yana oʻz holatiga kelganini quvonib, qiyqirib qarshilar, yana borliqni qirgʻoqqa urilayotgan toʻlqinlarning shovullashi, shamolning guvillashi hamda boshi uzra charx urib uchayotgan oqchorloqlarning gʻala-gʻovuri bosib ketardi. U sevinganidan qiyqirib, oʻzini dengizga otar, tezsuzar nahangsimon allaqanday maxluqqa aylanib qolardi.

Suv parisi esa uning kelishini kutib, charx urib aylanar, oʻzini suv ustiga otib, talpinib, toʻlgʻanib, bir lahza havoda muallaq osilib qolardi. Shunday paytda u toʻsatdan dengizga tushib qolgan haqiqiy xipcha bel ayolday aniq koʻzga tashlanardi.

Oʻrxon Suv parisi yoniga suzib borar, soʻng ikkalasi ummon sari yoʻl olishardi.

Endi ular birga suzishar, bir-birlariga tegib-tegmay, tobora shiddat bilan oldinga intilishardi! U xuddi mana shunday lahzalar nasib kilar degan umidda sarhushlik, sogʻinch azobida qovrilar edi.

Mana, nihoyat ular bir-birlarining visoliga noil boʻlishdi. Ular aql bovar qilmas kuch va shiddat bilan tungi okeanning tub-tubidan chiquvchi ajoyib-gʻaroyib shuʼla bilan jimirlayotgan ufqning tayinsiz hududi tomon intilishardi. Ular qarshilaridan tinim bilmay koʻpirib kelayotgan oʻrkach-oʻrkach toʻlqinlarni gavdalari bilan yorib, goh balandga, goh pastga parvoz qilishdan cheksiz lazzat olib oʻqday uchishardi. Ularning yonginasidagi oy esa shoshilayotgan toʻlqinlar tizmasidan ortda qolmay koʻzgu shuʼlasi yangligʻ bir yerda turmasdan ikkalasining izidan mudom kuzatib borardi. Shu lahzalarda yolgʻiz oy bilan yolgʻiz ular – u bilan Suv parisi va cheksiz ummon kengligi hokim edi borliqqa. Olamda faqat ularu faqat ummon bor edi! Mana shu lahzalarda ularning baxtiyorligi, shodonligi arshi aʼloga yetmoqda edi. Bu erk lazzati, visol tantanasi lazzati edi…

Ular shiddat bilan tinim bilmay suzishar, olamda faqat oʻzlariga atalgan olis maskanga tezroq yetib borish, u manzilga tezroq yetib, qovushish ehtirosida sarkash suzishar, nihoyat, chaqinday birgina lahzada hayotning ibtidosiyu intihosining butun lazzatiyu butun alam-achchigʻini totish nasib etadigan manzilga tezroq yetishish orzusida tinimsiz talpinishardi.

Shu asnoda ular tilaklariga tezroq yetishish orzusida jon-jahdlari bilan tinim bilmay, toʻxtovsiz suzib borishardi.

Ular qanchalik tez suzishsa, bir-birovlariga yaqinlashish tuygʻusi shunchalik alangalanib borardi. U charchash nimaligini bilmay, jonholatda suzar, urchish manziliga intilib, butun kuch-quvvatini, eng oxirgi, eng mayda tomchisigacha sarflaydigan losos baligʻiday holdan toyguncha suzar edi. U ishq yoʻlida oʻlimdan ham tap tortmay suzar edi. Sirli Suv parisi esa toʻlqinlar uzra kamalak nurlari yangligʻ suv zarralari buluti orasida silliq badani marvaridday tovlanib, Oʻrxonni hayratga solgancha shiddat bilan olgʻa intilardi. Suv zarralarining zangori va oppoq quyuni orasidagi Suv parisining benihoya goʻzalligidan uning nafasi boʻgʻziga tiqilardi.

Ular sira soʻzlashmas, faqat cheksiz ummonda bir-birlarining suv koʻpiklari va zarralari ichida koʻrinmay ketgan chehralaridan baxramand boʻlish ishtiyoqida sabru toqatlari tugab, istaklari tobora alangalanib, taqdir ularga ravo koʻrgan makon va zamonga kachon yetarkanmiz, deya tinimsiz suzishardi…

Ammo ular oʻsha makonga, oʻsha zamonga sira yetolmas edilar. U yerga yetib borishning vaqt-soati yoʻqqa oʻxshardi…

Koʻpincha Oʻrxonning tushlari nihoyasiga yetmas, toʻsatdan uzilib kolar, bir zumda tumanday tarqab ketardi. Shunday paytlarda u garangsib, taajjubda kolardi. Bundan u chinakamiga xafa boʻlar, nimagadir koniqmaganidan, nimaningdir oxiriga yetolmaganidan uzok vaqt koʻngli gʻash boʻlib yurardi. Goho oradan koʻp vaqtlar oʻtgan boʻlsa ham oʻsha voqeani yana bir boshdan eslar, bularning hammasi nimani anglatishini jiddiy oʻylab qolar, har qalay, bularning hammasida allaqanday maʼno borligini payqar, tushida koʻrganlariga chin dildan ishonardi, bu narsalar aslida oddiy tush emasligini his etar edi. Negaki, odatdagi tushlar baʼzan eslansa ham keyin butunlay unutilib ketardi. Bunday oʻylar hakida u boshini kotirib oʻtirmasdi, chunki tushga nimalar kirmaydi deysiz. Suv parisini esa Oʻrxon hech qachon unutolmas, uni hayotida ilgari uchratgan va hozir ham olamda bor mavjudot deb oʻylardi. Shuning uchun ham qariya har gal tushida Suv parisi bilan uchrashib, kutilmaganda ayrilib qolganidan chinakamiga xafa boʻlardi. Bu uchrashuv va ayriliqlarni u chindan ham yuz bergan voqealar deb bilardi.

Ayniqsa, tushi noxush nihoyalanganda u qattiq iztirob chekardi. U ana shu paytda tushining sirli nihoyasiga hech qanday izoh topolmay chukur gʻam-anduh, qaygʻu-hasratga choʻmardi.

Tushida ular orzudagi manzilga yetay-yetay deb kolishar, olisda qandaydir sohil koʻzga tashlanar edi. Bu – sevgi sohili edi, ikkalasi tezroq u yerga yetib, tezroq bir-birlari bilan qovushish uchun jon-jahdlari bilan intilar edilar. Ana shu sohilga endi yetay-yetay deb qolganlarida birdan suvi tizzadan keladigan sayoz qumloq chiqib qolar va safarlari shu yerda uzilib qolardi. Oʻrxon oʻzini oʻnglab olib yon-veriga qaraganda Suv parisi jonholatda makkor sayozlikdan qutulishga urinardi. Manglayidan sovuq ter quyilayotgan Oʻrxon unga yordam berishga oshiqardi. Ammo yonginasidagi pariga yetib borish uchun bir umr ketadiganday tuyular, yutib borayotgan botqoqlik singari suv tubidan oyoqlarini chiqazolmay, tizzalab emaklar, ammo uvishib qolgan oyoqlari goʻyo birovnikidek unga itoat etmay arang sudralardi. Suv parisi yonginasida, goʻyo qoʻl uzatsa yetadigan joyda boʻlsa ham unga yetolmay iztirob chekardi, nafasi boʻgʻilib, entikib, suv tubidagi yopishqoq oʻt-oʻlanlarga oʻralashib yiqilib tushardi. Ammo goʻzal Suv parisining sayozlikda shaloplab, oʻzini uyoqdan-buyoqqa urib, nafasi boʻgʻilayotganligini koʻrish yanada azob edi. Nihoyat, Oʻrxon bir amallab Suv parisi qoshiga yetib borib, uni koʻksiga bosgancha boshi aylanib, gandiraklab, qirgʻoq tomon yaqinlashar ekan, qizning yuragi parvozda urib tushirilgan yarador qushnikiday qinidan chiqay-chiqay deyayotganini aniq sezib turardi. U parini koʻksiga qattiq bosganicha guyo himoyaga muhtoj zaifa goʻdakni koʻtarib ketayotganday avaylab, ardoqlab borayotganida unga mehri tovlanib, rahmi kelganidan qaynoq koʻz yoshlari tomogʻiga tiqilib qolardi. U Suv parisi oldida hayajon va nomusdan yigʻlab yubormaslik uchun oʻzini zoʻrgʻa tiyib turardi. U Suv parisiga jon-tani bilan berilib nafasini ichiga yutgancha oyoq uchida, ohista-ohista avaylab koʻtarib borar ekan, har lahza uni oʻylardi. Suv parisi esa koʻz yosh toʻkib, unga erk berishni, yana dengizga qoʻyib yuborishini soʻrab yalinib-yolborardi. Suv parisi nafasi boʻgʻilib, soʻliy boshlar, Oʻrxonni keng dengizdan boshqa joyda seva olmasdi. Qizning unsiz yigʻlab, dardli va iltijoli termilayotganini koʻrgan Oʻrxon ham bunga chidayolmasdi. U ortiga qaytardi-da, sayozlikdan oʻtib, asta-sekin dengizning odam botar-botmas yeriga yetganda qizni avaylagancha quchogʻidan ohista boʻshatib yuborardi.

Suv parisi dengiz ostiga suzib ketar, u esa garangsib, yolgʻiz oʻzi qolardi. Oʻrxon uning ortidan tikilganicha hoʻngrab yigʻlayotganida uygʻonib ketardi.

 

Qayda suzib yurasan, ey Buyuk Ona baliq?

Bu dengiz sogʻinchimdir,

Bu suvlar – koʻzim yoshi.

Yer esa – yolgʻiz boshim.

Qayda suzib yurasan, ey Buyuk Ona baliq?..

 

U bu voqeani eslaganda qattiq azoblanardi, chindan ham Suv parisini ushlab kuchogʻiga bosganday va yana uni oʻz erkiga qoʻyib yuborganday boʻlardi. Nega shunday boʻlarkin-a? Axir odam tushida har qanday istagiga erisha qolsa boʻlmaydimi? Bu narsa kimga bogʻliq, bu qanday hikmat, nimaga yoʻysa boʻladi uni? Bu jumboqning siriga tushuna olmagan Oʻrxon oxiri koʻl siltab, Suv parisini unutishga, uni oʻylamaslikka harakat kilardi.

Biroq dengiz oviga chiqishi bilan Oʻrxon oʻzi sezmagani holda yana Suv parisini, u bilan bogʻliq hamma voqealarni oʻylay boshlardi. Oʻsha gʻaroyib tushidagi voqealarni dengizda yana qayta boshdan kechirganday boʻlar, hushyor tortib ajablangancha: “Nega endi hadeb Suv parisini oʻylaganim oʻylagan, aslida boʻlmagan Suv parisini qarigan chogʻimda menga kim qoʻyibdi?” – deb oʻzini-oʻzi koyirdi. Oʻziga-oʻzi tanbeh berarkan, u nimagadir ishonardi: agar Suv parisi boʻlmaganida allaqachon jonidan bezgan boʻlardi, axir qaridi, quvvatdan qoldi, koʻzidan nur, yuzidan chiroyi ketdi, tishlari toʻkildi. Ilgari qanday shuhrat topgan boʻlsa, endi hammasi yoʻqolib, tugab boryapti, bir oyogʻi yerda, bir oyogʻi goʻrda, ammo hamon yuragida oʻti bor, dilidagi orzu-istaklari hamon avvalgiday, shuning uchun ham kishi mana shunday oʻylarga botadi, mana shunday tushlar koʻradi, chunki faqat tushlarida va xayollaridagina odam oʻzini oʻlmas va erkin his qiladi. Orzusida u osmonlarga chiqadi, dengiz tublariga tushadi. Inson shuning uchun ulugʻki, u soʻnggi nafasigacha hayotda nimaiki boʻlsa – hammasini oʻylaydi. Lekin ajal bular bilan hisoblashib oʻtirmaydi, inson qanday yashadi, orzu-xayollarida qanday yuksaldi, qanday tushlar koʻrdi, kim boʻldi, aqli nimalarga yetdi, qanchalik yetdi – ajalning bu narsalar bilan ishi yoʻq. Nega shunaqa? Nima uchun dunyo bunday qurilgan? Mayli, Suv parisi xayol, tush ham boʻlsin, biroq koshki mana shu gʻaroyib tushdan narigi dunyodayam sira ayrilmasa…

Har qalay, nima boʻlsa ham, Oʻrxon Suv parisiga qanchalik ishonsa, dengiz uni tinglayotganiga ham shunchalik qatʼiy ishonardi. Dengizga chiqsa boʻldi: yozilib-yayrab dam olar, emin-erkin fikrlardi. U oʻzining xayollariga gʻarq boʻlganicha, “Suv parisi bilan xuddi shu yerda suzayotgan emasmidik?” – deya oʻz-oʻzidan soʻrardi.

Shunday paytlarda u munshtugiga qaytadan tamaki toʻlgʻizar, tutunini buruqsatib, huzur qilar edi: “Qayerda oʻsarkin bu gʻaroyib koʻkat, – ajablanardi u. – Oʻzi achchiq boʻlsayam koʻngilga taskin beradi… Savdogarlar aytishgan edi, Manchjuriyada oʻsadi, deb. Oʻsha yerdan olib kelisharkan tamakini. Juda uzoq boʻlsa kerak bu Manchjuriya deganlari, ha, juda uzoq bu yer. Bizning odamlardan birontasi ham hech qachon uyoqlarga bormagan… Nahotki oʻsha yerlarda tamaki oʻrmondagi maysa singari oʻsib yotsa. Yopiray! Nimalar boʻlmaydi deysiz bu dunyoda…”

 

* * *

 

Kun peshindan oʻtdi. Shu asnoda u goh birdan ufqning allaqayeridan kelib qolgan bulutlar orasiga kirib ketardi. Goʻyo xuddi oʻsha yoqda havoning avzoyi buzilganga oʻxshar edi. Quyosh bulut orasida yashiringan ana shunday paytda dengizning toʻsatdan rangi oʻchib qorayib, borliq koʻngilni gʻashlantiradigan zulmatga choʻmadi. Goho esa quyosh bulutlar orasidan chiqib, yana bahorgiday saxovat bilan nur sochadi, ana shu paytda dengizda lak-lak jonli shuʼlalar suzilib koʻzni qamashtiradi, odamning dili yana ravshan tortadi.

Kirisk dengizga xiyla oʻrganib, xatto bir oz zerika boshlagan boʻlishiga qaramay, dengiz yuzasining mahobatidan, poyonsizligidan hamon hayratda edi. Har kancha suzishsa ham suvning oxiri koʻrinmaydi. Dengiz har qancha katta boʻlsa ham bola qirgʻoqda yurganida undan bunchalik ajablanmasdi.

Kattalar esa xech nimadan ajablanishmaydi. Ular hamma narsaga odatlanib kolishgandi. Emrayin bilan Milxun hamon ilgarigiday, eshkaklarni suvga unchalik chuqur botirmay, ravon eshib borishardi. Ular tinim bilmas, nafas rostlab olish uchun ham biror zum Oʻrxonni yordamga chaqirishmas, “Qeyinroq, qaytishda, qayiq yukka toʻlganida yordamlashasiz, hozir esa qayiqni boshqarib boravering”, deyishardi. Kekirdagi boʻrtib chiqqan, uzun-boʻyin qari Oʻrxon esa qayiq tumshugʻida, oʻljasini poylayotgan burgutday enkayganicha oʻtirardi. Koʻpincha sukut saqlar, nimalarnidir oʻylar edi.

Qayiq esa avvalgiday toʻlqinlarga toʻsh urib, yengil suzib borardi. Toʻlqinlarning qarshiligi ham avvalgiday bir maromda edi. Shamol ham avvalgiday suv yuzalab esardi. Ular shu zaylda suzishardi…

 – Atkichx! Atkichx! Ana orol! Kichiksiyna! – shodlanib qichqirdi birdan Kirisk bobosining yengidan tortib.

 – Qani orol? – ishonmay soʻradi Oʻrxon kaftini peshonasiga qoʻyib, olislarga qararkan. Eshkakchilar ham ajablanib, bola koʻrsatgan tomonga qarashdi.

 – Orol uyoqda boʻlmasligi kerak, – gʻudrandi chol, chunki bola ular kutmagan, butunlay boshqa tomonni koʻrsatayotgandi.

Bola yanglishmagandi, oʻsha tomonda, olis-olislarda chindan ham dengizda qotib qolgan gʻadir-budur qoʻngʻir-balchiqsimon yuza qimir etmay koʻrinib turardi. U xuddi suv oʻrtasida turtib chiqqan xarsangga oʻxshardi Oʻrxon oʻsha yoqqa uzoq boqib turdi-da:

 – Yoʻq, u orol emas, – dedi nihoyat qatʼiy ishonch bilan. – Kichik siynaga yetish uchun hali toʻgʻriga, kunbotarga qarab suzish kerak. Seni aytayotganing esa butunlay boshqa tomonda. Orol ham emas, – davom etdi chol. – Yoʻq, menimcha, bu – orol emas.

 – Bu suvlarda bunaqa orol yoʻq edi, bunaqa orolni sira koʻrmaganmiz, – dedi Milxun. – Kichik siyna chap tomonda boʻladi, bu esa, bilmadim, nima ekan?

 – Oʻsha narsa tuman yoki bulutmi boʻlmasin yana? – soʻz qotdi Emrayin. – Yoki toʻlqin oʻrkachlarimi desam qimirlamayapti-ku?

 – Shuni aytaman-da, nimaykin? Tuman yo bulut boʻlishi mumkin, yana kim bilsin? Juda uzoqda. Lekin orol emas, – xulosa qildi Oʻrxon. – Mabodo tuman boʻlsa yaxshilikka olib bormaydi.

 – Hechqisi yoʻq, faqat shamol oʻzgarmasa boʻlgani, – eshkakka zoʻr berarkan dilidagini aytdi Emrayin. – Bir joyda turibdi, qimirlamasdan. Lekin u tomonda bizning qiladigan ishimiz yoʻq, nima boʻlsa boʻlaversin…

Kirisk, avvaliga, topgan narsasining nimaligi aniqlanmaganidan xafa boʻldi, ammo koʻp oʻtmay bu voqeani esidan chiqardi.

Ovchilar esa yanglishmagan edilar. Tez orada chap tomonda suv yuziga chiqib turgan Qichik siyna orolchasi koʻrinib qoldi. Endi bunga shubha yoʻq edi. Orolcha chindan ham siynaga – yelinga oʻxshab suv yuziga turtib chiqkan, past-balandliklardan iborat quruqlik ekan.

Orolni koʻrib hamma sevinib ketdi, ayniqsa Kiriskning ogʻzi qulogʻida edi. Xuddi shu payt eng qiziq voqea yuz berdi.

 – Mana yetdik, – deb bolaning telpagini siypaladi Oʻrxon. – Olapar oʻzi uyda qolsayam bizni shu yergacha boshlab keldi. Agar u izimizdan ergashganida choʻkib ketardi, toʻgʻrimi?

 – Boʻlmasam-chi! – tasdiqladi Kirisk cholning gapidagi hazil ohangini payqab.

 – Olapar shuning uchun ham kerakki, u qirgʻoqda qolib, uyimizni qoʻriqlaydi. Shu bilan birga biz doim uni eslab, yoʻldan adashmay, ov joyiga yetib keldik. Qani, ayt-chi: Olapar bizga yana zarur boʻladimi, yoʻqmi?

 – Yoʻq, endi kerakmas! – tagʻin ishonch bilan javob berdi Kirisk. – Endi qayoqqa suzish kerakligini oʻzimiz bilamiz.

 – Sal oʻylab koʻrsang boʻlardi! – koyiganday dedi Oʻrxon. – Axir shunday ziyrak bola oʻylamay gapiradimi?

Dengizdagi olis orolga yetib olishganida Olaparning endi nima hojati borligiga Kiriskning sira aqli yetmasdi.

 – Olaparimizning endi nima keragi bor?

 – Nima keragi bor deysanmi? Uyga qanday qaytasan? Qayoqqa suzasan, qaysi tomonga? Kani, oʻylab koʻr-chi? Tushundingmi endi? Orolning qaysi tomoniga keldik, orol Olaparning qaysi tomonida turibdi – shuni bilsang, qayoqqa yoʻl olish va yana qaytib kelish mumkinligini bilasan.

Kirisk indamay rozi boʻldi-yu, biroq izzat-nafsi yoʻl qoʻymadi shekilli, qizishib, cholni soʻroqqa tuta boshladi:

 – Agar qorongʻi boʻlsa-chi, a? Agar kechasi dengiz oʻrtasida qolsak, hech narsani koʻrib boʻlmasa-chi, a? Unda nima qilamiz?! A? Ana unda Olapar qay tomonda qolganini qayoqdan bilamiz, a?

 – Nima qipti, oʻshanda ham bilsa boʻladi, – xotirjamgina javob berdi Oʻrxon. – Buni osmondagi yulduzlardan bilsa boʻladi, yulduzlar odamlarni yanglishtirmaydi, hamisha toʻgʻri yoʻl koʻrsatishadi. Faqat oʻzing qaysi yulduz kayerda joylashganini bilsang boʻldi. Vaqti kelib buniyam bilib olasan. Sen Luvr oʻrdagi yulduzlar toʻpini bilasanmi?

 – Bilardim shekilli, – ikkilanib javob berdi Kirisk, otasiga qarar ekan. Emrayin oʻgʻlining qiynalib qolganini sezdi.

 – Sal-pal biladi, bir paytlar koʻrsatgandim. Lekin hali yetarli emas. Hali tuzukroq oʻrganishi kerak…

Shu asnoda suzib ular orolga yaqinlashib qolishdi. Qirgʻoqdagi baʼzi xarsanglar va qoyalar koʻzga chalingach, ular qaysi tomonda tyulenlar makoni bor ekan, deya orolning atrofini aylanib oʻta boshlashdi. Kirisk diqqat bilan tikilar, tyulenlar toʻdasini birinchi boʻlib koʻrishni xohlardi. Biroq jonivorlarni koʻrganda tagʻin baqirib yubormagin, deb uni ogohlantirib qoʻyishdi. Oʻrxon oqsoqolning aytishicha, nerpalar – tyulenlar sohilga yaqin joydagi toshlar orasida yotisharkan – ular quyoshda toblanib, isinib olish uchun qurgʻoqlikka emaklab chiqisharkan. Nerpalarning qayerda joylashganini koʻrib olib, soʻng ularni choʻchitib yubormaslik uchun qirgʻoq sari ohista, sharpasiz yaqinlashish kerak ekan. Ammo shuncha tikilsayam, Kirisk hech bir jonzotni koʻrolmadi. Orol qirgʻoqlari kimsasiz, huvillab yotardi. Hammayoqda davr oʻtishi bilan yemirilib ketgan, shakl-shamoyilsiz yovvoyi xarsanglar sochilib yotardi. Orol atrofini biqirlab qaynab-toshayotgan oppoq koʻpikli poʻrtanalar halqaday oʻrab olgandi. Bu oppoq halqa jimirlab, ustini muz qoplagan ayqash-uyqash toshlardan oshib oʻtishga intilardi. Yoʻq, Kirisk orolchada biron nimani koʻra olmadi. Butun atrof faqat qoyatoshlardan iborat, biror jon zotidan asar yoʻq edi.

Milxun jonivorlarni birinchi boʻlib payqab qoldi. Kirisk nerpalarning qayerga yashiringanligini bilib olish uchun uyoq-buyoqqa qaragunicha, qayiq uzoqlashib ketdi. Chunki qirgʻoqdagi jonivorlar qayiqni koʻrib qolmasligi kerak edi.

Keksa Oʻrxon bolaning hech narsa koʻrmaganligini sezib:

 – Biror narsani koʻroldingmi? – deb soʻradi. Bola yolgʻon aytishga koʻngli bormadi.

 – Yoʻq, koʻrmadim, – tan oldi Kirisk.

 – Yana yaqinroq haydanglar, – buyurdi Oʻrxon. – Har xil toshlar orasidagi nerpalarni koʻzing ilgʻab olsin. Aks holda sen ovchi boʻlolmaysan.

Qayiqchilar qaltis boʻlsayam yana boyagi joyga yaqinlashishdi. Nerpalardan bittasi ovchilarni payqab qolsa boʻlgani, hammasi oʻzini dengizga otishi turgan gap edi. Xayriyatki, hayvonlar ovchilarni payqashmadi. Nerpalar tartibsiz, egri-bugri xarsangtoshlardan hosil boʻlgan tabiiy toʻsiq orqasida shundoqqina suvga yaqin joyda yotishardi.

 – Huv, anavi singan tishga oʻxshagan katta toshni koʻryapsanmi? – soʻradi Milxun boladan, – oʻshandan sal narida qizgʻish, muzlagan doʻnglik bor – shularning orasiga qaragin.

Kirisk diqqat bilan oʻsha tomonga tikildi. Bu orada Milxun bilan Emrayin jadal eshkak eshib, qayiqni oʻnglash bilan ovora edilar. Shu orada Kirisk dengiz hayvonlarining quyruqli katta gavdalarini koʻrdi. Hayvonlarning kulrang, olachipor, sip-silliq va yaltiroq boʻyinlari qimir etmasdi. Tajribasiz gʻoʻr odam olisdan ularni toshlar orasidan ajratib olishi mushkul edi.

Shu zahoti Kiriskni hayajon chulgʻab oldi. Ana endi, chinakam dengiz hayvonlariga duch kelishdi! Ana endi chinakam ov boshlanadi!

Shundan soʻng ovchilar qirgʻoqka tusha boshlashdi, bolaning vujudi jurʼat va zavq-shavqqa toʻlib-toshdi. Ha, u shu tobda jasur edi, chunki u hozir oʻzini kuchli va qudratli odamday his etardi. Zavq-shavqqa toʻlganining sababi – ovchilar mardona va abjirlik bilan harakat qilishardi: ular chaqqonlik bilan qayiqni qirgʻoqqa taqab kelishdi. Emrayin bilan Oʻrxon bobo qirgʻoqqa toʻlqin urilayotgan notinch joyda eshkaklarni pastga tirab, qayiqni toʻgʻrilab turishdi, Milxun qirgʻoqqa, shagʻal ustiga sakrab tushdi-da, oʻziga tashlangan arqonning uchini darhol yelkasiga ilib olib, qirgʻoqqa yaqinlashtirdi. Otasi ham shu zahoti miltiqlarni olib, qirgʻoqqa sakrab tushdi. Keyin bolaning oʻzi ham toʻgʻri Oʻrxon cholning yordamida qirgʻoqqa sakrab tushdi va toʻlqin urilganda oyogʻini shalabbo qilgani uchun otasidan sal-pal koyish eshitdi.

Oʻrxon bobo qayiqni toʻlqinlar xurujidan saqlash uchun suv boʻyida qoldi. Emrayin, Milxun va Kirisk uchalovi esa tyulenlar yotgan joyga shoshilishdi. Ular qirgʻoq yoqalab, beixtiyor egilib, oʻzlarini panalab, toʻsiqdan-toʻsiqqa yugurib oʻtishar edi. Kirisk kattalardan orqada qolmay yugurar, yuragi qinidan chiqquday potirlar, shodlik va hayajondan joni ichiga sigʻmay, boshi aylanib ketar edi.

Qani endi shu payt Kiriskni Suv parisi avlodidan boʻlgan odamlar koʻrishsa, uning hayvon oviga katta ovchilar bilan birga yugurib ketayotganiga shohid boʻlishsa! Qani endi uni shu payt onasi koʻrsa, boʻlgʻusi ulugʻ ovchi bilan, urugʻlarining rizq-roʻz keltiruvchisi bilan faxrlansa! Qani endi shu payt qadrdon Olapar sohilidan uzoqda, poʻrtana quturayotgan nomaʼlum sohil boʻylab haybatli qoyalar va xarsanglar orasidan tyulenlar makoniga yugurib borayotganini Muzluk ham koʻrsa! Afsuski, endi Kirisk u bilan avvalgiday birga oʻynay olmaydi, endi Kirisk – ovchi. Miltiqlar faqat Emrayin va Milxunda boʻlsayam mayli, hechqisi yoʻq: otasi, otish vaqti kelganda sengayam miltiq beramiz, deb aytgan edi-ku.

Shunday qilib, ular tyulenlar makoni tomon yaqinlashishdi, soʻng emaklab ketishdi, Kirisk ham emaklab ketdi. Qirrali toshlar va gʻadir-budur muzliklar ustidan emaklab yurish qiyin edi, lekin Kirisk shunday qilmasa boʻlmasligini tushunardi.

Ular ogʻir nafas olib, terga botib, gohida pisib-berkinib, gohida boʻyinlarini choʻzib, atrofni koʻzdan kechirib borishardi. Nihoyat, otish vaqti kelganda, bir yerda oʻrnashib olib, nafas yutib, qotib qolishdi.

Mana shu lahzalarni, bahorning mana shu bir kunini, poyonsiz dengiz oʻrtasidagi mana shu huvillab yotgan togʻ-toshli orolni va undagi allaqanday moʻjiza kuchi bilan chor-atrofga sochib tashlangan mana shu qora-qoʻngʻir, haybatli toshlarni, hali erishga ulgurmay yotgan mana shu yalangʻoch, kimsasiz yerni, uning yonginasidagi otishga shaylanib turishgan otasi bilan Milxunni, oldinda, dengizning shundoqqina yoqasida esa shamollar va poʻrtanalardan yemirilib ketgan, ustini mayda giyoh qoplagan, qingʻir-qiyshiq qoyatoshlar orasida, hech narsadan xabarsiz, xotirjam yotgan tyulenlarning kichik bir podasini Kirisk umr boʻyi eslab qoladi. Bola, nazarida, odamlar uzra, tyulenlar uzra, orol va dengiz uzra goʻyo birinchi oʻq otilishini nafas yutib kutib turganday qotib qolgan, sal-pal xoʻmraygan osmonni umr boʻyi eslab qoladi.

“Ishqilib nishonga tegsin-da!” – oʻyladi u otasi bergan miltiqni yelkasiga taqib olar ekan.

Intizorlik bilan kutilgan shu kisqa lahzalarda u oʻzini mashhur, jasur ovchiday his qilib, gʻururlanib ketdi. Ammo qachon quyosh moʻralab, nurlari bilan bizni sal-pal ilitarkin, degan maqsadda, xarsanglar orasidagi sayhonlikda tor joyga tiqilib olishgan mana shu besoʻnaqay, xoʻppasemiz hayvonlarning jonli boʻyinlari va yagʻrinlarini qimirlatib nihoyatda panohsiz, himoyasiz, ochiq holda yotganligini koʻrib hayratlandi. Ammo boladagi bu holat uzoqqa choʻzilmadi. U oʻzining ovchi ekanligini, odamlar undan oʻlja kutayotganligini, tyulen goʻshti va moyi boʻlmasa odamlar och-yalangʻoch qolishini esladi. Ayni vaqtda: “Birinchi boʻlib otib, oʻzimni koʻrsatishim zarur”, degan fikr miyasidan yalt etib oʻtdi. U dadillanib, otasi oʻrgatganiday, yirik, olachipor katta tyulenning chap qanoti ostini, toʻgʻrisi, qanotining teparogʻi va chaprogʻida joylashgan naq yuragini moʻljalga oldi. Shu payt tyulen biron falokatni his etganday bezovtalanib qoldi. Holbuki, u ovchilarni koʻrmagandi, shamol dengiz tomondan esgani uchun odamlarning hidini olmagan edi. Moʻljallashga nimadir, allaqanday koʻlanka halal berayotganidan Kirisk sal-pal yoniga surilishi kerak boʻlib qoldi. Juda ehtiyotkorlik bilan surilishi kerak edi. Aksiga olib, xuddi shu payt Kiriskning tirsagi ostidan bir tosh siljib ketib, boshqa toshlarga borib urildi-da, hammayoqni larzaga keltirdi. Olachipor katta tyulen uzoqdan gʻingshiganday qisqa-qisqa ovoz chiqardi va butun tyulenlar podasi harakatga kelib, naʼra tortib, oʻkirishib, tezlik bilan birin-ketin oʻzlarini suvga tashlay boshlashdi. Ammo shu payt ularning yoʻlini toʻsganday gumburlash eshitildi, podaning chetida borayotgan yirik tyulenni Milxun otib oʻldirgan, shu bilan boshqa ovchilarni noqulay ahvoldan kutqazgan edi. Kirisk nima kilishini bilmay, gangib qoldi.

 – Otsang-chi, tezroq! – buyurdi Emrayin.

Shu zahoti bolaning yelkasida qattiq ogʻriq paydo boʻldi, kulogʻi tom bitdi. U moʻljalga tegizolmaganidan mulzam boʻldi. Axir uning aybi bilan ov barbod boʻldi-da. Lekin otasi uning qoʻliga oʻoʻ tutkazib, shoshirdi:

 – Oʻqla, tezroq ot!

Ilgari oson ish boʻlib koʻringan oʻqlash va otish (ilgari mashq qilgan vaqtlarida qoyillatardi) hozir juda mushkul boʻlib qoldi. Miltiqni oʻqlagach, dastasi oʻrnidan jilmay turib oldi. Bu orada Milxun suvga tashlanayotgan tyulenlarga karata tizzalab turib yana ikki marta oʻq uzishga ulgurdi. Tyulenlarning bittasi yaralandi. Yarador hayvon suvning boʻyida gir aylanib qoldi. Ovchilar oʻsha yerga yugurib borishdi. Tyulenlar podasi yashirinib ulgurishgan, yarador tyulen esa jon-jahdi bilan suv tomonga intilardi. Odamlar dengiz boʻyiga yugurib kelishganida tyulen suv yuzida qonli dogʻ qoldirib, kurakoyoq panjalarini lapanglatib koʻkish tortib turgan dengizning tubiga botib ketdi. Tiniq suvda tyulenning qoʻrquvdan olaygan koʻzlari va boʻynidan quyrugʻiga qadar och gunafsha rangdagi umurtqa yoʻli aniq koʻrinib turardi. Milxun oʻqlangan miltigʻini pastga tushirdi, endi uni otish foydasiz edi.

 – Qoʻyaver, bari bir choʻkib ketadi – dedi unga Emrayin.

Kirisk esa hansiraganicha, oʻzidan norozi boʻlib, xafa boʻlib turardi. U bugungi ovdan koʻp narsalarni kutgan edi, lekin boʻlmadi. Yana katta ovchi boʻlarmish!

Bola jim boʻlib, shumshayib qoldi, unga shunchalik alam qilardiki, yigʻlab yuborishdan oʻzini arang tiyib turardi.

 – Hechqisi yoʻq, yanagi safar ishing oʻngidan keladi, – deb yupatdi uni Milxun keyinroq, otib oʻldirilgan tyulenning ichak-chavoqlarini olib, nimtalashayotganida. – Mana eidi Oʻrta siynaga boramiz, u yerda ham tyulen deganing tiqilib yotibdi.

 – Juda shoshib qoldim-da, – deb soʻz ochgan edi, otasi uning gapini boʻlib qoʻydi:

 – Oʻzingni oqlayverma. Hech kim onasining qornidan ovchi boʻlib tushmagan. Omon boʻl, otishni bilsang, oʻlja sendan qochib qutulolmaydi.

Kirisk jimib qoldi, lekin hech kim unga taʼna qilmayotganidan koʻngli taskin topdi. Endi u: “Hech qachon otish vaqtida shoshib qolmayman, moʻljalga olayotganimda endi hech narsani oʻylamayman, otam aytganiday, nafasimni chiqarmayman, koʻzim nishonda boʻladi, ana shundan keyingina oʻq uzaman!” – deb oʻz-oʻziga soʻz berdi.

Tyulenning tanasi kattagina, ancha ogʻir va xuddi tirikday badani hali iliqqina edi. Hayvonning toʻshini nimtalayotgan Milxun mamnunlik bilan qoʻllarini ishqalab: “Koʻrdilaringmi, toʻrt enli yogʻi bor, zoʻr!” – deb qoʻydi. Kirisk endi koʻngli gʻashligini unutib, qiziqib amakisiga yordam bera boshladi. Emrayin esa bu orada qayiqni yaqinroq olib kelish uchun Oʻrxon bobo turgan tomonga ketdi.

Biroq u koʻp oʻtmay, tashvishlangancha tezda qaytib keldi:

 – Vaqtimiz ziq, tezroq boʻlinglar! – u hamrohlarini shunday shoshirdi-da, osmonga qarab yana oʻzicha gʻudranib qoʻshib qoʻydi: – Negadir havoning avzoyi menga yoqmayapti…

Ovchilar shosha-pisha oʻljani nimtalab, jigari bilan yuragidan boshqa ichak-chavoqlarini tashlashdi-da, qolganini qayish bilan bogʻlab, qayiq tomon sudrab ketishdi. Kirisk ularning ortidan ikkala miltiqni olib yugurdi.

Qirgʻoqda, qayiq oldida ularni Oʻrxon bobo kutib turardi. Chol oʻljani koʻrib sevinib ketdi.

 – O, Kurng[5] egam, yetkizganingga shukur! Ovimizning boshlanishi chakki emas! – deya u oʻzining ov pichogʻini artib, tayyor qildi. Ovdan keyin eng muhim udum – tyulenning xom jigarini shu yerning oʻzidayoq yeyish edi. Oʻrxon bobo nimtalangan nerpa toʻshi oldida choʻnqayib oʻtirib olib, jigarni boʻla boshladi. Ovchilar oz-moz tuz sepilgan mayin jigar burdalarini huzur qilib chapillatib yamlab yutar edilar. Jigar juda mazali – muloyim, iliq, toʻyimli edi. U odamning tilini yogʻli sharbatga botirib, ogʻizda erib ketardi. Kiriskning orzusi ushaldi – haqiqiy katta kishiday ovda xom jigar yedi!

 – Yutaver, koʻproq yut, – maslahat berardi bolaga Oʻrxon bobo. – Tunda sovuq kuchayadi, junjikib qolasan. Shunday vaqtda odamni isitadigan eng yaxshi narsa jigar. Tagʻin u ming bir kasalga shifo boʻladi.

Rosa maza qilishdi. Taom juda soz boʻldi-yu, darrov chanqab qolishdi-da. Qayiqdagi kichik bochkada suv bor edi.

 – Hozir goʻshtni nimtalashning hojati yoʻq, – dedi Emrayin hamma toʻyib boʻlganida va yana tashvishlanib osmonga qarab qoʻydi.

 – Keyin nimtalasayam boʻlaveradi, – maʼqulladi Oʻrxon bobo. – Choyni kechasi Oʻrta siynaga borganimizda ilitib ichamiz. Hozircha sabr qilib yuklarni orta qolaylik.

Qayiqni jildirish oldidan ovchilar yerni ham toʻydirishni unutmadilar. Tyulen yuragini mayda-mayda boʻlaklab yerga sochib, orol egasidan keyingi ovning ham baroridan kelishini tilashdi. Shu asnoda ular yana dengizga chiqishdi.

Kichik siyna ortda qoldi. Atrofini tund suvlar oʻrab olgan yolgʻiz orol huvillab qolgan, gʻaribona va ayanchli koʻrinardi. Oʻrta siynaga qarab yoʻl olishdi. Qosh qoraya boshladi. Eshkakchilar qorongʻi tushguncha Oʻrta siynaga yetib olib, qayiqni panaroq joyga qoʻyib, tunab kolish maqsadida jon-jahdlari bilan harakat qilishardi. Kichik siyna goʻyo suvga choʻkib ketganday koʻzdan gʻoyib boʻldi, ammo Oʻrta siyna hali-veri koʻrinay demasdi. Yana borliqni suv qoplab oldi.

Ovchilar oʻlja payiga tushishganida dengiz sezilarli darajada oʻzgara boshlagan edi. Toʻlqinlar qalinlashdi. Zichlashdi. Suvning mavji avvalgi yoʻnalishda boʻlsa ham shamolning yoʻnalishi oʻzgargan edi. Qayiq endi avvalgidan koʻra kuchliroq silkinib chayqalmoqda edi. Ammo ovchilar havoning avzoyidan koʻproq xavotirlanishardi. Oʻzi nima boʻlyapti? Odatda yilning bu faslida havo aynimas edi-ku! Allaqayoqlardan uchib kelgan gʻubor olislardagi zulmatli oʻrmonlardan chiqqan yongʻin alangasining tutuniday, butun osmonni qoplab oldi. Tutun garchi osmonni oʻrab olgan va hech kimga hech qanday xalal bermayotgan boʻlsa ham ovchilar gʻashlanib qolishdi.

 – Qayoqdan kelyapti bu balo? – oʻzicha gʻudrandi Oʻrxon bobo atrofga noxush boqar ekan.

Endi ular hozir Oʻrta siyna koʻrinib qoladi, deb zoʻr berib eshkak eshar edilar – Oʻrta siyna hammasidan koʻra qulay va tinch edi-da.

Bu orada havo bir oz ochildi, hatto dengizning narigi chekkasidan quyosh moʻralab qoldi. Bu yorugʻlik aql bovar qilmas moʻjizaga oʻxshar, goʻyo u olamning narigi chekkasidan chiqayotgandek edi. Bu quyoshga bemalol qarash mumkin edi, u koʻzni qamashtirmasdi. Quyosh qontalash tusga kirib, asta-sekin qizarib, alvonlanib, xira ufqqa bota boshladi. Osmonning chiroyi ochilgach, yana dengiz yuziga shuʼla yugurdi, yana osoyishtalik hukm sura boshladi. Odamlar ham darrov xotirjam boʻla qolishdi. Ular endi orolda tinch joy topib, orom olishni xayol qila boshladilar.

 – Ozgina sabr qilsang, oldinda Oʻrta siyna koʻrinib qoladi, – dedi Oʻrxon bobo yonida oʻtirgan Kiriskning yelkasiga qoqib.

Bola allaqachon chanqagan, ammo otasining taqiqlariga soddadillik bilan amal qilardi. Ovga chiqish oldidan otasi chuchuk suv dengiz safarida hamisha kamchil boʻlishini tushuntirgan edi. Safarda uydagiday istagan vaqtingda suv ichish mumkin emas. Hatto uchala orolda ham biror tomchi chuchuk suv yoʻq. Qayiqqa esa ortiqcha yuk ortib boʻlmaydi. Hamma qachon suv ichsa, sen ham oʻshanda ichasan.

Toʻsatdan olisda quyosh koʻrinib, olam yorishgan lahzalarda bola Oʻrxon boboning koʻngli yumshaganligini sezdi.

 – Atkichx! Suv ichgim kelyapti, judayam! – dedi u yigitlarday kulimsirab, otasiga qarab qoʻydi.

 – Shunday degin! – endi esiga tushganday miyigʻida kuldi Oʻrxon bobo. – Haligidaka qoyilmaqom jigardan keyin albatta odam chanqaydi-da! Turgan gap, chanqaydi! Axir, hammamizning suv ichgimiz kelyapti, toʻgʻrimi?

Emrayin bilan Milxun tasdiqlab, bosh irgʻab qoʻyishdi. Kirisk sevinib ketdi, demak, bitta oʻzi emas, hammaning suv ichgisi kelayotgan ekan.

 – Unday boʻlsa suv bilan siylaymiz oʻzimizni, keyin bir chekib olsak ham boʻladi! – dedi Oʻrxon bobo boshqaruvchi eshkakning dastasini oʻz holiga qoʻyib, soʻng qayiqning tubidan kichik bochkani oldi, uni qulayroq joylashtirib, ichi chegalangan tunuka choʻmichga bochkaning ogʻzidan sekin jildiratib suv quya boshladi. Suv muzdekkina, tiniq edi – Olapar qoyasining dengizga teskari tarafidagi buloqdan olingandi. Bu oʻsha, oʻzlarining doimo ichib yurgan tip-tiniq, mazali va suyumli suvlaridan edi. Yozda chayqalgan suv oʻtlari hamda zax yerning hidi kelardi undan.

Kirisk choʻmichni tutib turardi. Bolaning tezroq suv ichgisi kelardi. Choʻmich yarim boʻlganida, Oʻrxon bobo bochkaning teshigini poʻkak bilan yopdi va bolaga qarab:

 – Ichaver! – dedi. – Keyin boshqalarniyam chanqogʻini qondirasan. Chayqatib, toʻkvormagin tagʻin, – ogohlantirib qoʻydi u.

Kirisk avvaliga yutoqib icha boshladi, soʻng sekinlashdi va oxiri suvdan boʻkkan yogʻoch hidi kelayotganini sezdi.

 – Toʻydingmi? – soʻradi Oʻrxon bobo.

 – Toʻydim.

 – Koʻzing aytib turibdi, toʻymabsan. Mayli, aytganing boʻlsin, senga yana ozroq quyib beray. Jigar degani juda kuchli narsa. Yerdaligimizda chelaklab ichsang ham boʻlaveradi, – dedi Oʻrxon bobo yana jildiratib choʻmichga suv quyarkan.

Bola suvga qongandan keyin kattalarning bunday paytlarda aytadigan “Koʻnglim joyiga tushdi” degan gaplarining chin ekanligini his etdi.

Oʻrxon bobo eshkakchilarga ham chorakam bir choʻmichdan suv quyib berdi. Suvli choʻmichni qayiqchilarga Kirisk uzatib turdi. Oʻzi suvga toʻygani uchun bola boshqalarning ham suvga qonib olishini xohlardi. Oʻrxon bobo boshqalarga nima uchun chorakam bir choʻmichdan suv berganligining sababini tushuntira ketdi.

 – Sening hali jussang kichik, ularni koʻrdingmi, qanaqa? Bularni mehnatiyam ogʻir. Eshkak eshgan odam koʻproq chanqaydi.

Emrayin bilan Milxun chindan ham choʻmichni bir koʻtarishda boʻshatib qoʻyishdi, ularga yana ozroqdan quyishga toʻgʻri keldi. Oʻrxon oqsoqol kattalarga taʼna qildi:

 – Bu deyman, ogʻaynilar, ja yuho boʻp ketmanglar. Daryo boʻyida oʻtirganlaringiz yoʻq-ku!

Emrayin bilan Milxun faqat jilmayib qoʻyishdi. Goʻyo, buni oʻzimiz ham bilamiz, lekin nima qilaylik, axir suv ichgimiz kelib tursa, deyishayotganday edi.

Lekin Oʻrxon boboning oʻzi ham oʻz ulushini ichib boʻlib, miyigʻida kulib, bosh chayqadi:

 – Eh-h, daryo boʻyida oʻtirsak yaxshi boʻlardi. Xom jigar degani odamni rosa koʻtararkan…

Soʻng chol munshtugini tamakiga toʻldirib, tutun buruqsatib, xuzur qilib cheka boshladi. Chol umrida oxirgi marta shunday huzur qilayotganini hali oʻzi bilmasdi…

Falokatni birinchi boʻlib Kirisk payqadi!..

 

* * *

 

Shundan sal avval borliqqa ajoyib osoyishtalik choʻkkan, odamlar chanqogʻini bosib, koʻngillari taskin topib, oʻzlarini baxtiyor his etgan edilar.

Birinchi oʻljani qoʻlga kiritishdi, koʻp oʻtmay, orolda bir oz orom olishib, azonda yana katta ovga chiqishadi. Ovdan soʻng, ivirsilab oʻtirmay darhol uyga qaytishadi. Hamma ish koʻngildagidek edi.

Qayiq hamon avvalgiday, toʻlqinlarga toʻsh urib bir maromda sekin suzib borardi. Oʻrxon bobo qayiq quyrugʻida tamakisini tutatganicha dargʻalik qilib oʻtirardi. Shu lahzalarda ehtimol Suv parisini oʻylayotgandir. Emrayin hamda Milxun asosiy ishlari – eshkak eshish bilan band, ular ortiqcha kuch sarflamay qayiqni bemalol, aniq va qoyillatib haydab borar edilar. Kirisk beixtiyor ularning ishiga mahliyo boʻlib qarab turardi. Shu lahzalarda u bolalarga xos allaqanday ichki sezgi bilan goh otasi, goh amakisiga qarab, ularning har biri toʻgʻrisida ayricha oʻy surardi. U Emrayin bilan Milxunni va Oʻrxon boboni butun vujudi bilan sevar, shu payt ular orasida ekanligidan gʻururlanardi.

Kirisk bu odamlarning boshqacha boʻlishini xayoliga ham keltirmasdi. Uning nazarida Oʻrxon bobo butun umr xuddi hozirgiday kekirdagi turtib chiqqan, uzun boʻyinli, qoʻllari oʻsimlik ildizlariday sertomir, hamma narsani sezuvchi, koʻzlari mudom yoshlanib turgan chol boʻlganday edi. Uni boshqacha tasavvur qilish mumkinmi axir? Bunday maslahatgoʻy, hammaning izzat-hurmatiga sazovor boʻlgan kishilarsiz ham yashash mumkin boʻlarmikin?

Onasining aytishicha, Kirisk otasiga juda oʻxshab ketarkan. Katta boʻlsa quyib qoʻyganday Emrayinning oʻzginasi boʻladi-qoladi, deydi. Kiriskning koʻzlariyam otasiniki singari qoʻykoʻz, tishlariyam otasinikiday mustahkam, oldingi ikkita kurak tishi bir oz turtib chiqqandi. Yana onasining aytishicha, katta boʻlsa Kiriskning ham otasinikiday qop-qora va dagʻal qalin soqoli boʻlarkan. Haytovur otasini Sersoqol Emrayin deb bekorga aytishmaydi. Kirisk goʻdaklik chogʻlarida, anhorda yalangʻoch choʻmilib yurgan kezlarida onasi singlisining biqiniga turtib: “Kara, qara, xuddi otasining oʻzi!” – derdi. Ikkalasi nimadandir xursand boʻlib, ichaklari uzilguday qotib-qotib kulishar, quvlik bilan shivirlashardi. Onasi: “Kirisk katta boʻlsa, unga xuddi oʻzimga oʻxshagani duch kelsa oʻsha kelin sira xafa boʻlmasdi, koʻngli toʻlardi, buni men bilib aytyapman”, derdi u. “Qiziq, – oʻylardi Kirisk, – kim, nima uchun koʻngli toʻladi? Kirisk otasiga tortgan boʻlsa, nima uchun unga tushgan xotinning koʻngli toʻladi?”

Ana, hozir otasi qayiqning tumshuq tomonida oʻtirib eshkak eshyapti. Soqoli qop-qora, tishlari oppoq. Jussador, keng yagʻrinli, xotirjam, sabr-toqatli. Boshqalarga oʻxshab otasi biror marta unga baqirib, doʻq-poʻpisa qilganligini yoki aksincha, avaylab-ardoqlab, yupatganini eslayolmaydi. Chaqnab turgan koʻzlari haqiqatan ham tip-tiniq, qoʻyning koʻziga oʻxshardi.

Keyingi bir juft eshkak Milxunning qoʻlida; u Kiriskning amakivachchasi, otasidan ikki yosh kichik. Emrayinning ukasiga unchalik oʻxshamaydi, negaki, soqoli yoʻq. Ammo uchlari osilib tushgan moʻylovi xuddi morjnikiga oʻxshaydi. Oʻziyam xuddi morjga oʻxshaydi. Gapni doʻndiradi, bahslashishni yaxshi koʻradi, koʻngliga oʻtirmasa, tepalashishdan ham qaytmaydi. Janjallashganda birovga haqini oʻtkazmaydi. Bir marta sayyoh savdogar bilan jiqqamusht boʻlib qolishgan edi, keyin butun urugʻ-aymogʻi bilan kechirim soʻrab, tovon toʻlab yurishdi. Milxunning oʻzi pakana boʻyli, miqtidan kelgan boʻlsa ham hech kimga soʻz bermaydi, haqiqat boʻlsin, deydi. Gʻirt mast edi oʻshanda. Bunaqa ishga suyagi yoʻq. Koʻpchilik qatori Emrayin ham uni tinchitmoqchi boʻlib rosa qiynalgan. Oʻziniyam ayiqday kuchi bor-da. Kirisk uni aki-Milxun[6] deydi. Otasi bilan ular juda inoq, ovga doim birga borishadi, hech qachon bir-birini dogʻda qoldirishmagan, ikkalasi ham uddaburon ovchilar. Milxunning oʻgʻli hali juda kichik – endigina atak-chechak qilyapti. Milxunning undan kattaroq ikkita qizalogʻi bor. Kirisk ularni doim himoya qilib yuradi, qani birortasi ularga tegib koʻrsin-chi! Kiriskning oyisi ham Milxunning qizaloqlariga jonini beradi. Ular tez-tez Psulk bilan oʻynagani kelishadi.

Biroq ovuldagi qizlar ichida eng chiroylisi – Muzluk! Faqat shunisi chatoqki, boʻyiga yetsa uni qoʻshni qishloqa erga berib yuborisharkan. Uni uzoqqa bermay koʻya qolishsa qanday yaxshi boʻlardi-ya!..

Sohilda yurgan chogʻlarida Kirisk bunaqa narsalarni xayoligayam keltirmasdi. Endi esa, qadrdon uyidan uzoqda mayda-chuyda narsalar ham unga juda muhim va taʼsirli tuyulardi.

Kirisk nogahon uyini eslab, sogʻinganidan koʻngli allaqanday boʻlib ketdi. Olapar qoyasining ortida, daryo atrofidagi vodiysida, dengiz yoqasidagi oʻrmonda joylashgan qadimiy qishloqda yashovchi nivxlar – Suv parisi avlodlarining oldiga ketgisi kelib qoldi. Oyisini shunday sogʻindiki, yuragi orziqib ketdi. Lekin ular hozir qadrdon sohildan, abadiy dengiz yoqalab oʻz ishi bilan abadiy yugurib ketayotgan kadrdon Olapardan juda-juda uzoqda edilar. Xuddi shundayligiga ishonch hosil kilish uchun Kirisk beixtiyor orqasiga oʻgirilib, atrofga olazarak qaradi-yu, birdan kutilmagan manzaraga koʻzi tushib qoldi.

Dengiz ustini, ufqning deyarli yarmini ikkita tutash tilga oʻxshagan quyuq tuman pardasi asta-sekin qoplab olayotgandi. U qoramtir suv yuzasiga yopirilib kelib, goʻyo butun borliqni oʻz ogʻushiga olmoqchiday edi. Tirik mavjudotday, ulkan maxluqday olamdagi barcha narsalarni, odamlarni ham qayiq-payigʻi bilan yutib yuborgudek yovuz niyat bilan yopirilib kelardi. Tuman boya Kirisk koʻrsatgan tomondan, dengiz oʻrtasida nomaʼlum, xira narsa muallaq turib qolgan tomondan bosib kelardi. Endi u xamirday koʻpchib, hech qanday tap tortmasdan, shamol zoʻri bilan qayiq tomonga toʻxtovsiz yaqinlashib kelardi.

 – Qaranglar! Qaranglar! – qoʻrqqanidan qichqirib yubordi Kirisk. Hamma sarosimaga tushib qoldi. Bir lahza oʻz holiga qoʻyilgan qayiq toʻlqinlar orasida pista poʻchoqday chayqala boshladi. Shu zahoti qalin tuman ortidan qudratli toʻlqinning odamni seskantiruvchi gumburlashi eshitildi. Dahshatli toʻlqin quturib, koʻpirib-toshib kelardi.

 – Qayiqni bur! – jon-jahdi bilan qichqirdi Oʻrxon. – Qayiqning tum-shugʻini toʻlqinga qarab bur!

Eshkakchilar qayiqni toʻlqin qarshisiga arang burib ulgurishi bilan poʻrtananing birinchi zarbi qayiqni agʻdarib yuborishiga sal qoldi. Birinchi dahshatli poʻrtana ortidan yana dengiz gʻalayoni koʻtarildi va shu zahoti qalin tuman yetib keldi. Tobora yopirilib kelayotgan tumanning old qismi juda yaqin qolganda mana shu girdobli tirik zulmatning naqadar yovuz kuch bilan, naqadar mashʼum niyat bilan bosib kelayotgani aniq koʻrinib turardi.

 – Shamolning qaysi tomondan esayotganini eslab kolinglar! Shamolning yoʻnalishini unutmanglar! – deya qichqirishga ulgurdi Oʻrxon.

Shu zahotiyoq ularni quyuq zulmat yutib ketdi. Tuman goʻyo togʻ koʻchkisiday dahshat bilan yopirilib, ularni cheksiz zulmat girdobiga gʻarq qilib yubordi. Shu lahzadayoq ular bir olamdan boshqa olamga tushib qolishdi.

Hamma narsa zulmat qaʼriga choʻmib ketdi. Shu lahzadan boshlab na osmon, na dengiz, na qayiq qoldi. Ular endi hatto bir-birlarining basharalarini ham koʻrisholmasdi. Shu lahzadan boshlab ular oʻz tinchlarini yoʻqotgan edilar – dengiz quturayotgan edi. Poʻrtanalar qayiqni dam balandga, dam pastga irgʻitar, dam yuqoriga, dam toʻlqinlar orasida hosil boʻlgan suv oʻralariga uloqtirib tashlardi. Toshqin va chayqalishlardan ovchilarning kiyimlari shalabbo boʻlib, ogʻirlashib ketdi. Lekin, eng yomoni, quyuq tuman ichida qolgan odamlar atrofida nimalar borligini sezishmas va koʻrishmas, dengizda nimalar boʻlayotganligini, nima chora koʻrish kerakligini bilmay garang edilar! Faqat bir narsa, u ham boʻlsa tavakkaliga suzish, qayiq agʻdarilib ketmasligi uchun bir amallab koʻr-koʻrona harakat qilish qolgan edi, xolos. Endi qayiqni qandaydir moʻljalga qarab haydash toʻgʻrisida gap ham boʻlishi mumkin emasdi. Toʻlqinlar qayiqni xohlagan koʻyiga solib, istagan tomoniga eltib tashlashi mumkin edi.

Kirisk ilgarilari ham shunday voqealar boʻlganligini eshitgandi. Ilgarilari ham ovchilar dengizda falokatga uchrashgan. Ilgarilari ham ovga ketgan odamlar izsiz gʻoyib boʻlishganda umumiy motam tutilgan. Ana shu motam paytida Olapar qoyasining yonbagʻirlarida ayollar bilan bolalar bir necha kun gulxan yoqishardi – balki yoʻqolganlar toʻsatdan topilib qolar, deb umid qilishardi. Ana shu vaqtlarda Kirisk ochiq dengizda halok boʻlish naqadar dahshatli, vahimali boʻlishini xayoliga ham keltirmagan edi. U, aksincha, kish faslining mehmonlari boʻlgan, butun olamni sutga chayqaganday oppoq va sokin qilib yuboradigan mana shu beozor tumanlarni yaxshi koʻrardi. Butun olam sehrlanganday oppok sukunatga choʻmib, bir tekis oqlikka oʻralgan ana shu paytlarda yer yuzidagi barcha narsalar havoga parvoz kilib, rang-roʻyi oqarib, arvohga aylanib serrayib kolganday tuyulardi. Ana shu paytlarda bolaning yuragi orziqib ketar, allaqanday afsonaviy manzaralarni koʻradiganday, bayon qilib boʻlmaydigan qoʻrquv va hayajonga choʻmar, ana shu goʻzal ertakka oʻxshash harir tumanlar shu qadar dahshatli kuchga aylanishini tasavvur qilolmasdi. Quturgan dengiz ustidagi bulutning dam sirgʻalib eshilib, dam yoyilib va yana zichlashib qop-qora boʻlib buruqsab borishi ilonning harakatini eslatardi…

Qayiq eshkagini ikki qoʻli bilan mahkam ushlab olgan Kirisk titrab-qaqshab, Oʻrxon boboning oyogʻiga mahkam yopishib oldi.

 – Sen meni ushlab ol! Qattiq ushlab ol! – deb qulogʻi ostida qichqirdi Oʻrxon bobo va bolaga boshqa nima deyishini, qanday yordam qilishini bilmay jim qoldi.

Endi hech kim bolaning ahvolini yengillashtira olmasdi, chunki dahshatli ofat oldida hozir hamma ojiz edi. Hatto, Kirisk dod solib, ota, deb baqirib-chaqirib yigʻlaganida ham Emrayin joyidan jilmagan boʻlardi. Chunki otasi bilan Milxunning zoʻr berib, toʻlqinlarningkoʻtarilishi va pasayishlarini chamalab qayiqni toʻgʻrilab turishlari tufayligina ular choʻkmayotgan edilar.

Toʻlqinlar esa hech narsani ilgʻab boʻlmaydigan tuman ichida qayiqni tobora jadallatib allaqayoqlarga surib ketayotgan edi. Oʻrxon bobo qayiq agʻdarilib tushmasligi uchun bor kuchi bilan rulni toʻgʻrilashga harakat qilar, ammo dengiz borgan sari quturmoqda edi.

Chamasi, tun yarmidan ogʻdi. Tuman ichida qay mahal boʻlganini bilish mushkul edi. Kech kirganini ular qorongʻilikning yanada quyuqlashganidan taxmin kilishlari mumkin edi. Oxiri koʻrinmagan, tinkani quritadigan bu tengsiz va tinimsiz olishuvda ular koʻp vaqtlarni boy bergan edilar. Shunga qaramay, nivxlar hamon umid uzishmagandi: ehtimol, toʻsatdan boshlangan suv ofati yana toʻsatdan tinib qolar, tuman toʻsatdan tarqalib ketar, ana shunda qayoqqa qarab suzish kerakligini bilib olarmiz, deb oʻylashardi. Bir mahal ularning umidi ushalganday boʻldi. Dengiz poʻrtanalari sal tinchidi, tebranishlar, chayqalishlar, suv sochqilari kamaydi. Lekin havoning avzoyi avvalgiday – zim-ziyo zulmatda hech narsani koʻrib boʻlmasdi. Birinchi boʻlib, Oʻrxon bobo dengiz shovqinini bosguday baqirib gapirdi:

 – Men shu yerdaman! Kirisk ham men bilan birga! Eshityapsizlarmi?

 – Eshityapmiz! Biz ham oʻz oʻrnimizdamiz! – xirillagancha javob berdi Emrayin.

 – Shamolning yoʻlini kim eslab qoldi? – ovoz berdi Oʻrxon bobo.

 – Nima foydasi bor! – jahl bilan qichqirdi Milxun.

Chol jimib qoldi. Rostdan ham shamolning qayoqdan esayotganligini bilish foydasiz edi. Shamol ularni qayoqqa surib ketgan, moʻljal kilish mumkin boʻlgan orollar hozir ularga yaqinmi yo uzoqmi? Buni chamalash ham qiyin edi. Ehtimol, ular Siynalardan juda-juda uzoqlashib ketishayotgandir? Balki endi ular Siynalarni sira-sira topib olishmas? Oʻrxon bobo holdan toydiruvchi zulmat va chayqalishlardan ezilib, jimib qoldi. Buyuk Oʻrxon chuqur oʻylarga botib, jimgina oʻtirardi. Faqat bir narsa ularga taskin berardi – yaxshiki, taqdir taqozosi bilan ular qoyali orollarga urilib pachoqlanmay, chetlab oʻtib ketishibdi. Biroq orollarsiz va yulduzlarsiz tun va tuman ichida hech qanaqa yoʻlni aniqlab boʻlmasdi. Oʻrxon bobo biror narsa deyishga ojiz edi. Shunga qaramay, u oradan sal oʻtgach yana qichqirdi:

 – Tlangi-la[7] esayotgan edi! Qayigʻimiz tumshugʻini poʻrtanaga toʻgʻrilaganimizda Tlangi-la esayotgan edi!

Hech kim javob bermadi. Hamma oʻz ishi bilan ovora edi. Oʻrxon yana jimib qoldi. Kirisk cholning oyogʻiga yopishganicha titrab-qaqshab oʻtirardi. Bir ozdan soʻng Oʻrxon eshkakchilarni ogohlantirdi:

 – Kirisk ikkalamiz qayiqqa toʻlgan suvni choʻmich bilan sepib tashlaymiz. Sizlar mahkam boʻlinglar!

U Kirisk tomonga engashdi, qorongʻida paypaslab, bolaning eson-omon oʻtirganini bilgach:

 – Qoʻrqma, Kirisk! Ke, qayiqdan suvni sepib tashlaymiz. Yoʻqsa, ish chatoq boʻladi. Bitta choʻmichimiz bor, mana, topdim. Sen manovi kurakchani ol, har holda yaxshi boʻladi. Ushladingmi? Kurakchani ol, deyapman… – dedi.

 – Ha, atkichx, ushladim. Hali bu uzoqqa choʻziladimi? Qoʻrqib ketyapman.

 – Men ham qoʻrqyapman, – deb yubordi oqsoqol kutilmaganda. – Lekin biz erkaklarmiz, shuning uchun ham ishning ogʻiri bizning yelkamizda.

 – Bunaqada choʻkib ketmaymizmi, atkichx?

 – Choʻkib ketmaymiz. Agar choʻkib ketadigan boʻlsak, mayli, peshonada bori shu ekan. Ke, endi, bir qoʻling bilan meni ushlab turgin-da, ikkinchi qoʻling bilan suvni sepib tashlayver.

Yaxshisi, vaqtida Oʻrxonning esiga tushib qolgan ekan, oz-moz nafasni rostlab olishgandan soʻng qayiqdagi suvni sepib tashlashdi. Suv ozayishi bilan chol qayiqdagi buyumlar orasida yotgan kichkina bochkaga nazari tushdi va uni bolaga koʻrsatdi. Kunduzi ham shu bochkadan suv ichishgan edilar.

 – Kirisk, – dedi u qorongʻida bolaning qoʻlidan ushlab. – Bu yerda kichkina suvli bochkamiz bor. Topdingmi? Esingda boʻlsin, har qanday mushkul vaqtda ham shu bochkachadan ayrilma. Undan ajralganimizdan koʻra oʻlganimiz yaxshiroq. Tushundingmi? Shundan boshqa hech kimga ishonmay qoʻya qol… Eshityapsanmi?

Yaxshiki, chol bu gapni bolaga aytib qoʻydi, yaxshiki, bolani vaqtida ogohlantirib qoʻydi. Tez, orada bu narsa juda-juda asqatib qoldi.

Koʻp oʻtmay dengiz gʻalayoni avvalgidan ham battar vahshatli tus oldi. Goʻyo u tun va tuman ichida hech narsani koʻra olmay qolgan odamlarning nochorligidan foydalanib, qayta hujumga oʻtgan edi. Ilgari bir oz boʻshashgan boʻlsa ham endi quturib, oʻchini olmoqchiga oʻxshardi. Oʻrxon boboning qayigʻi toʻlqinlar zarbidan chirpirak boʻlib, uyoqdan-buyoqqa borib kelardi. Oʻrkachlangan toʻlqinlar qayiqni savalagani savalagan edi. Oʻrxon tizzalab, emaklab choʻmichi bilan har qancha harakat qilsa-da, qayiq ichiga kelib tushayotgan suvni sepib tashlashga ulgurmasdi. Shu payt eshkakchilar birdan jon-jahdi bilan baqirib qolishdi:

 – Tashlanglar hamma narsani! Choʻkyapmiz! Tashlanglar!

Kirisk qoʻrqqanidan hoʻngrab yigʻlab yubordi, ammo uning yigʻisini hech kim eshitmas, hech kim unga eʼtibor bermas edi. Bola qayiqning quyruq tomoniga tiqilib, suvli bochkaga mahkam yopishib oldi-da, uni ostiga bosib yotaverdi. U shu alfozda gʻujanak boʻlib, bochkaga biqini bilan qapishib olgancha titrab-qaqshab yigʻlardi. U, nima boʻlsayam shu bochkani asrab qolish gʻoyat muhim ekanligini tushunardi. U, qayiq bilan birga suvga choʻkayotganlarini angladi. Lekin bari bir shu vaqtda ham Oʻrxon oqsoqol tayinlagan ishni qildi, suvli bochkachani ehtiyot qila boshladi.

Yarmisigacha choʻkib borayotgan qayiqni zudlik bilan qutqarish zarur edi. Milxun hamon aql bovar qilmas darajada eshkak eshib, uning agʻdarilmasligi chorasini koʻrardi. Oʻrxon bilan Emrayin esa qayiqda nimaiki boʻlsa hammasini uloqtirish bilan band edilar. Bundan boshqa chora qolmagan edi. Ikkala miltiq, garpun – nayza, arqon oʻramlari va boshqa narsalar, hatto Oʻrxon boboning tunuka choynagi ham dengizga uloqtirildi. Tyulen tanasini uloqtirish juda mushkul boʻldi. Suvga boʻkib, ogʻirlashib, shilimshiq boʻlib kolgan tyulen tanasi sira qoʻlga kirmasdi. Uni oyoq tagidan koʻtarib tashlash zarur edi. Mana shu hayvonni deb ular dengiz safariga chiqishgandi, endi esa xuddi shuni tashlab yuborish zarur boʻlib qoldi. Ular baqirganlaricha soʻkinib, tor joyda tiqilishib, tyulen tanasini qayiqning chetiga surib kelishga muvaffaq boʻlishdi va nihoyat uni dengizga tashlab yuborishdi. Hatto mana shu kiyomat-qoyimda, dengiz quturib turganda ham tyulen tanasidan holi boʻlgan qayiq yengillashib, oʻzini bir oz oʻnglab olgani sezildi. Ehtimol, xuddi shuning oʻzi ularni suvga gʻarq boʻlishdan saqlab qolgandir…

 

* * *

 

Birinchi boʻlib Oʻrxon bobo hushiga keldi. U huvillab yotgan boʻshlik orasida qayerga kelib qolganlarini, butun atrofni oʻrab olib, boʻzrayib toshday qotib turgan bu ruhsiz narsalar nima ekanligini dabdurustdan anglayolmadi. Bu tuman edi.

Ha, okeanning hammayogʻini tanho oʻzi oʻrab, egallab olgan va harakatsiz qotib qolgan bu sukunat Buyuk tuman edi. Buyuk tuman oʻzining buyuk qatagʻon davrini kechirmoqda edi…

Oʻrxon boboning koʻzlari bir oz koʻnikkach, qorongʻilikda qayiqning chetlarini, soʻng odamlarni koʻra boshladi. Emrayin bilan Milxun oʻz joylarida, eshkaklar oldida choʻzilib qolishgandi. Ular tungi olishuvda tinkalari qurib, holdan toyib, oʻlikday yotishardi. Ular goʻyo jangda halok boʻlgan kishilarga oʻxshar edilar, faqat oʻqtin-oʻqtin chiqayotgan xurrak tovushidangina ularning tirik ekanligini bilish mumkin edi. Kirisk boʻlsa cholning oyoq tarafida bochkaga yopishib, gʻujanak boʻlib yotardi. Bola uyqusida zax va sovuqdan qaltirardi. Oʻrxon bobo bolaga achinardi, ammo qoʻlidan hech narsa kelmasdi.

Tungi qiyomat-qoyimdan gangib qolgan oqsoqol oppoq sochli boshini quyi solgancha qayiq quyrugʻida oʻtirardi. Butun vujudi zirqirab ogʻrirdi. Uzun sertomir qoʻllari qamchiday osilib turardi. Oʻrxon bobo umrida juda koʻp balo-qazolarni, falokatlarni koʻrgan, ammo u bunaqangi qiyomat-qoyim bilan birinchi marta toʻqnash kelishi edi. U hozir qayerda suzib yurishganini, boʻron ularni qayoqqa surib kelganini, yerdan qancha olislab ketishganligini, haliyam dengizda yurishibdimi yoki okeandami – sira tasavvur qilolmasdi. U hatto hozir qaysi vaqtligini ham bilolmasdi. Borliqni egallagan zim-ziyo tumanda kunduz bilan kechani ajratib boʻlmasdi. Lekin har holda dengiz gʻalayoni ertalabga yaqin pasayishini hisobga olganda, hozir kunduzga oʻxshardi. Ehtimol, kun qiyomga kelgandir?

Oʻrxon oqsoqol boshini quyi solishiga sabab bor edi. U, moʻjiza bilan tirik qolishganiga xursand boʻlsa-da, bari bir ahvol chatoqligini his qilardi. Chunki qayiqda endi bir juft eshkak va ozrogʻi ichilgan bir bochkachadagi suvdan boshqa hech vaqo qolmagandi. Qayiqdagi hamma narsani tashlab yuborishgan. Hatto oʻtib ketayotgan savdogarlardan yuztacha moʻynaga ayirbosh qilib olingan miltiqlar ham endi yoʻq edi. Ularni oldinda nima kutayotgani ham nomaʼlum edi.

Toʻgʻri, eshkakchilar hushiga kelishlari bilan endi nima qilish kerakligini birgalashib oʻylab koʻrishadi. Lekin qay tarafga suzish kerakligini kim biladi deysiz? Bu asosiy masala. Undan keyin tunda, agar havo ochiq boʻlsa, yulduzlarga qarab yoʻlni aniqlashga urinib koʻrish kerak. Lekin qancha vaqt suzishga toʻgʻri kelarkin? Qirgʻoqni topguncha kuchlari, vaqtlari yetarmikin? Manzilga yetguncha bardosh berisharmikin?

Tuman-chi, bu qanaqa tuman oʻzi? Dengiz ustida shu qadar qalin, shu qadar uzoq turib qolgan bu qanaqa tuman? Xuddi u bu yerda abadiy oʻrnashib olganga oʻxshaydi. Nahotki hammayoq shunday boʻlsa?.. Nahotki butun olam shunday tuman orasida qolgan boʻlsa?

Shu mahal oqsoqolning tamaki chekkisi, suv ichgisi keldi. Tamaki topiladi-yu, mayli, hoʻl boʻlsayam, ammo munshtugi qayoqda qoldiykin? Suv-chi? Ovqat-chi? Oʻrxon bu toʻgʻrida oʻylashdan ham qoʻrqardi. Hozircha chidasa boʻladi, hozircha hech narsani oʻylamasa boʻladi…

Dengiz suvi sokin jimirlar, hammayoq tinchib, huvillab qolgandi. Qayiq turgan joyida sal-pal chayqalib turardi. Suv uni hech qayoqqa surmas, oʻzi ham hech qayoqqa jilmasdi. Eshkaklar oʻz holiga tashlab qoʻyilgandi. Emrayin bilan Milxunning ahvoli maʼlum – ular shunchalik qattiq charchashgan ediki, eshkaklarni suvdan koʻtarishgayam majollari kolmay, oʻlikday dong qotishgandi.

Qilt etgan shamol yoʻq, butun borliq gʻira-shira qorongʻilikka choʻmgan, harakatdan toʻxtab qolgandi. Dengiz harakatsiz, tuman harakatsiz, qayiq harakatsiz edi… qayoqqa shoshishni ham, qayoqqa suzishni ham bilishmasdi…

Oqsoqol gʻamga botganicha bukchayib uxlab qoldi. Uni birdan Kiriskning ovozi uygʻotib yubordi.

 – Atkichx, atkichx! – deb yulqiladi bola uni. – Suv ichgimiz kelyapti.

Oʻrxon bobo seskanib ketdi, uchala qabiladoshi oqsoqoldan izn soʻrab turishganini sezdi, hozir eng mushkul ish – suvni avaylab ulashish kerakligini angladi…

Tuman hamon qalin va harakatsiz edi. Dengiz hamon sukunat qoʻynida edi.

 

* * *

 

Tunning qolgan yarmini tuman ichida asta-sekin suzish bilan oʻtkazishdi. Ne maqsadda va qayoqqa suzishayotganlarini oʻzlari ham bilishmasdi.

Odamlar hushlariga kelib, qay ahvolga tushib qolganlarini anglashdi, endi bir joyda turib boʻlmasdi.

Shuning uchun ular suzishda davom etdilar. Ehtimol, yerga yaqinlashib, ehtimol, yerdan uzoqlashib borishayotgandir?

Haytovur bir yerda turmay suzyapmiz, harakat qilyapmiz-ku, deb oʻylashardi.

Butun umid havoning ochilib ketishida, tumanning tarqalishida edi. Ana shunda nima qilish kerakligi oydinlashardi.

Har holda tuman tarqab ketsa, kechasi osmonda yulduzlar koʻrinardi. Bor-yoʻq umid faqat yulduzlarda boʻlib qoldi.

Yana bir narsadan umid bor edi – biror orolga duch kelib qolishsa yaxshi boʻlardi-ya. Oʻshanda moʻljallab yoʻl topish mumkin edi.

Hozircha ular maqsadsiz suzishardi, qayoqqa suzishmasin, tumanga peshvoz borishardi.

Shunga qaramay, Oʻrxon oqsoqol qayiqni bir oz sarishta qilib qoʻyish kerakligini aytdi. Oyoq ostida suv shaloplamasligi uchun qayiqdagi suvni oxirgi tomchisigacha tozalashdi. Chol Kiriskni qayiqning quyruq tomoniga, oʻzining yoniga oʻtqazdi – shunday qilsa, bola tezroq isinib, qurinib olardi. U suvni hammaga teng taqsimladi. Birinchi gal hammaga salkam chorak choʻmichdan suv berdi. Boʻronli kechadan soʻng aqalli bir marta toʻyib suv ichib olish kerak edi. Ayni vaqtda Oʻrxon bobo ogohlantirib qoʻydi: bundan buyon faqat u aytgan paytda va qancha quysa, shuncha suv ichilishinigina uqtirdi. U shu soʻzlarni aytarkan, gapining isboti uchun yarmi boʻshab qolgan bochkachani chayqatib qoʻydi.

Kutilmaganda bir narsa ularni juda xursand qilib yubordi. Suv ichish uchun bochkani olishayotganida uning tagida, qayiq quyrugʻining bir burchida qolib ketgan, qoq baliq solingan toʻrvani koʻrib qolishdi. Tyulen teri toʻrvani safar oldida Milxunning xotini qayiqqa solib qoʻygan edi. Oziq-ovqat solingan katta toʻrvani boshqa narsalar bilan dengizga uloqtirishgan, kichkina toʻrva esa Kirisk avaylab saqlab oʻtirgan bochka tagida yashirinib qolib ketgan ekan. Toʻgʻri, kichkinagina toʻrvaga shoʻrtang dengiz suvi toʻlib qolgan, oʻzi tuzlangan baliq yana beshbattar tuzlanib qolganidan ogʻizga olib boʻlmasdi. Shunga qaramay, har holda bu oziq edi. Mabodo ichimlik chuchuk suv yetarli boʻlganida, mana shu shoʻr baliq ham asqatib qolardi.

Lekin hozircha shoʻr baliqni hech kim yemadi, tashnalikni zoʻraytiradi, deb qoʻrqishdi…

Hamma bir narsani – tuman tarqalishini kutardi…

Hayhotday sukunat va sokin tuman ichida faqat eshkaklarning tirgaklari maʼyus gʻiychillagani eshitilardi. Buyuk tuman ichida bu gʻiychillash adashgan va horigan yoʻlovchining: “Bu yer qayer? Bu yer qayer? Qayoqqa yuray?” – deb faryod solayotgan tovushini eslatardi.

Hamma bir narsani – tuman tarqalishini kutardi…

 

* * *

 

Ammo tuman tarqamas, tarqalishni xayoliga ham keltirmasdi. Tuman qilt etmasdi. Goʻyo quruqlikdan tashqari, yerga aloqasi boʻlmagan, rutubatli havodan nafas oluvchi aql bovar qilmaydigan allaqanday maxluq bu yorugʻ dunyoni – Yerni ham, Osmonni ham, Dengizni ham yutib yuborganday edi…

Tuman ogʻushida yana kech kirdi. Kech kirganini faqat atrofda qorongʻilikning yanada quyuqlashganidan sezish mumkin edi. Osmonda birorta yulduz yoʻq, osmonning oʻzi koʻrinmasdi.

Maqsadsiz, shunchaki qayoqqadir suzish maʼnosiz edi.

Osmonda yulduz koʻrinib qolmasmikin, deya hamma orziqib kutar va umid qilardi. Soat sayin shuni kutishardi. Shamol turib qolishini – mana shu uch qatla laʼnati tumanni biror yoqqa haydab yubora oladigan shamol turib qolishini kutganidan mijja qoqishmasdi. Yulduzlarni toʻsib turgan koʻkimtir gumbazning ochilishini soʻrab osmon ruhiga iltijo kilishardi. Shamollar egasini – seryol, hurpaygan maxluqni uygʻona qol, deb iltijo qilishardi.

Lekin hammasi behuda edi. Ularning iltijosiga hech kim quloq solmas, tuman ham tarqalay demasdi.

Kirisk ham yulduzlarning chiqishini kutardi. Ilgari uning uchun osmonda oʻyinchoqday yaltirab turadigan yulduzlar hozir hammadan ham zarur edi. Oʻtgan kechasidan beri koʻrgan kulfatlari uni esankiratib, yuragini olib qoʻygandi. Axir bola qalbi nozik boʻladi, uni bir umrga mayib va majruh qilib qoʻyish mumkin. Ammo qayiqda birga boʻlgan uch erkak umumiy oʻlim xavfini, safarning xatarli oqibatini, quturgan dengiz ofatini yengishdi-ku! Shuning oʻzi bolaning dilida bu gal ham najot yoʻli topiladi, degan umid uygʻotardi. Osmonda yulduzlar koʻrinsa bas, boshimizga tushgan azob-uqubatlardan qutulamiz, deb ishonardi bola.

Faqat bu tashvishlar tezroq tugasaydi, tezroq oʻz joylariga, yerga, Olapar qoyasiga tezroq yetib borishsaydi. Tezroq, tezroq, tezroq… Axir suvsab, och qolishdi, nihoyatda chanqashdi, nihoyatda ochiqishdi, borgan sayin battar chanqashyapti, borgan sayin ochlikdan sillalari quriyapti. Onasining yoniga, qarindosh-urugʻlarining yoniga, uylariga, oʻchoqlari, jilgʻalari, oʻtloqlariga tezroq borish istagi kuchaygandan-kuchayardi…

Falokatga uchraganlar kechasi bilan jon hovuchlab, havoning ochilishini kutib chiqishdi. Biroq hech nima oʻzgarmadi, tuman joyidan siljimadi, osmonga yulduz chiqmadi, dengiz uzra zulmat tarqamadi.

Ular kechasi bilan chanqab, suvsab chiqishdi, zaxlikdan, rutubatdan, sovuqdan junjikib turishsa ham, bari bir tashnaliklari kuchayib borardi. Kirisk faqat men qattiq chanqadim, deb oʻylashi mumkin edi, lekin kattalar ham tashnalik azobini tortayotgan edilar. Ammo bola hammadan koʻra kattiq chanqayotgan edi. Xammadan koʻra suv ichishni koʻproq xohlaganidan xijolatga tushib battar azoblanardi.

Oxiri Kiriskning sabr-bardoshi tugab, ozgina suv soʻragan edi, Oʻrxon oksoqol bermadi.

 – Yoʻq, – dedi u qatʼiy. – Hozir mumkin emas. Sabr qil.

Oʻrxon bobo ularni shoʻr baliq qanchalik chanqatayotganligini bilsaydi: kechga yaqin Emrayin, Milxun va Kirisk ochlikdan sillalari qurib, shoʻr baliqni boʻlib yeyishgan, chol esa oʻzini tiygan edi. Shuning uchun tashnalikdan uchalasining bagʻri yonib ketayotgandi. Shoʻr baliq orqasidan suv ichvorishgan boʻlsa ham, bari bir, sal oʻtmay tashnaliklari battar kuchaydi. Chol esa shoʻr baliqni ogʻziga ham olmadi, chidadi, suv ham ichmadi, suvni tejadi, biror tomchi ogʻziga olmadi. Oʻsha kuni Oʻrxon oksoqoldan boshqalar ikki mahal suv ichishdi. Kechqurun ichganlari juda oz – choʻmichga arang yuq boʻlardi. Bochkachaning tagi esa tobora koʻrinib borardi.

Odam chanqab, suv ichgisi kelib, hadeb shuni intiqib kutaversa sabr-toqati battar tugab boraveradi.

Kechasi bilan shunday azob tortib chiqishdi… Tuni bilan dahshatli tuman tarqamadi. Dengiz ham qilt etmadi.

 

* * *

 

Ertalab ham jilla oʻzgarish boʻlmadi. Kulrang, koʻngʻir tusli tumanning bagʻri salgina oqardi, koʻzga tashlanib turgan masofa salgina kengaydi, xolos. Odamlarning yuz-koʻzlari koʻrinib qoldi. Qayiq atrofida bir necha chaqirimgacha simobday qilqillab turgan ogʻir, vazmin tuman kumush rangida tuslanib koʻrinardi. Bunday koʻlmak singari turib qolgan suvni Kirisk umri bino boʻlib koʻrmagandi.

Qilt etgan shabada, biron-bir oʻzgarish yoʻq edi.

Ammo shu kuni ertalab bola kattalarning afti angorini koʻrib, hangu mang boʻlib qoldi. Uchalasi ham shu kunlar ichida choʻpday ozib, soqollari tikanday oʻsib, koʻzlari kirtayib, oʻlish xavfi ostida qolishganday edi. Har qanday kiyinchiliklarga bardosh bera oladigan otasi ham juda oʻzgarib ketibdi. Faqat soqoli qolganga oʻxshaydi. Lablari koʻkarib, qorayib ketgan. U Kiriskka gapirmasa ham achinib boqardi. Ayniqsa, Oʻrxon oqsoqol oʻzini oldirib qoʻygandi. U yanada bukchaygan, ranglari yanada uniqqan, kekirdagi chikqan boʻyni yanada choʻzilgan, koʻzlari avvalgidan battarroq yoshlangan edi. Faqat maʼnoli boqishlaridan uning avvalgi Oʻrxon oqsoqol ekanligini bilib olish mumkin edi. Uning dono nigohida faqat oʻzigagina ayon va oʻzigagina tushunarli boʻlgan gʻoyat muhim maʼno bor edi.

Kunni eng mushkul ishdan – bir necha kultumdan suv ulashishdan boshlashdi. Suvni Oʻrxon oqsoqolning oʻzi quydi. U bochkachani kultillatib turib, choʻmichga jildiratib, oz-ozdan quyar ekan, qoʻllari qaltirar edi. Choʻmichni birinchi Kiriskka uzatdi. Zoʻrgʻa chidab turgan bolaning choʻmich chetiga tekkan tishlari takillab, suvni birpasda ichib qoʻydi. Faqat bir zumgina tashnaligi qondi, xolos. Tomogʻini namlashi bilan ichidagi oʻtga suv sepilganday boʻldi-yu, lekin choʻmichni qaytarib berishi bilan yana yurak-bagʻri yonib, boshi aylana boshladi. Goʻyo ichidagi vahshiy hayvonning gʻazabini qoʻzgʻatganday boʻldi. Keyin Milxun, soʻng Emrayin ichdi. Ularning suv ichishlariga qarab, bola dahshatga tushdi. Titragan qoʻllari bilan choʻmichni changallab, ichib boʻlib qaytarishar ekan, Oʻrxonning yuziga qarashmasdi. Goʻyo suvning kam qolganiga u aybdorday edi. Oqsoqol oʻziga navbat kelganida, bir tomchiyam quymadi, indamay bochkachaning tiqinini yopib qoʻydi. Bu holdan Kirisk hangu mang boʻlib qoldi. Agar bochkacha uning qoʻlida boʻlganida edi, oʻziga choʻmichni toʻldirib quyib olgan boʻlardi, ichib boʻlib yana quyardi, yana, yana ichaverardi… to yiqilib qolmaguncha ichardi. Aqalli bir marta toʻyguncha ichsin. Keyin nima boʻlsa boʻlar. Oʻrxon oqsoqol esa oʻziga tegishli suvni ham ichmadi. Choʻmichning tagida qolgan ozgina suvdan ham bosh tortdi.

 – Nega unday qilding, atkichx? Hamma qatori oʻzinggayam quyda! – dedi chidab turolmagan Emrayin oʻzini zoʻrlab, xirillab gapirarkan. – Kechayam ichmading. Kemaga tushganning joni bir, oʻlsak hammamiz birga oʻlamiz!

 – Hechqisi yoʻq, – parvo qilmadi Oʻrxon bobo.

 – Yoʻq, bunaqada boʻlmaydi! – ovozini balandlatdi Emrayin za jahl bilan qoʻshib qoʻydi: – Unday boʻlsa men ham ichmayman!

 – Ichadigan narsaning oʻzi yoʻq! Gapirishga ne hojat! – Oʻrxon “yosh bolamisanlar”, deganday miyigʻpda kulib qoʻydi. Soʻng boshini sarak-sarak qilib, bochkachaning tiqinini ochdi, bir-ikki qultum suv quyib bolaga uzatdi. – Mayli, oʻrnimga Kirisk icha qolsin.

Bola hayron boʻlib qoldi. Hamma jim edi. Oʻrxon buva esa choʻmichni bolaga uzatarkan:

 – Ol, Kirisk, ichaver. Oʻylab oʻtirma! – dedi. Kirisk indamadi.

 – Ichaver! – dedi Milxun.

 – Ichaver, – dedi Emrayin.

 – Ichaver, – dedi Oʻrxon bobo.

Kirisk ikkilanib qoldi. Mana shu bir necha qultum suvni shartta ichgisi kelib, ichi yonib, oʻlar holga kelsayam indamadi.

 – Yoʻq! – dedi u bagʻrini yondirayotgan tashnalik istagini arang yengib. – Yoʻq, atkichx, oʻzingiz ichavering, – shu tobda boshi aylanib, koʻzi tinib ketdi.

Bu soʻzlardan Oʻrxon boboning qoʻllari qaltiradi, chuqur xoʻrsindi. Nigohi mayinlashib, bolaga mehr bilan boqdi.

 – Men umrimda juda koʻp, oh, juda koʻp suvlarni ichganman. Sen-chi, hali… koʻp yashashing kerak, – u gapining oxirini ichiga yutdi. – Gaplarimni tushundingmi, Kirisk? Ichaver, ha, shunday boʻlsin, sen ichishing kerak, mendan xavotir olma. Ma. ushla!

Bola bu gal ham bir necha qultum suvni yutib, bir zum tashnaligi qonganday, ichidagi hovuri bor oz soʻnganday, ahvoli sal yengillashganday boʻldi. Bu gal ogʻzida suvning nordon taʼmi qoldi. Lekin hozir buning ahamiyati yoʻq, har qalay chuchuk suv-ku. Chuchuk suv esa tugab borardi.

 – Endi nima qilamiz? – dedi Oʻrxon oqsoqol qabiladoshlariga oʻgirilib qarar ekan. – Suzaveramizmi?

Oraga uzoq jimlik choʻkdi. Hammalari atrofga koʻz tashlashdi. Lekin quyuq tumanda ikki chaqirimdan narini koʻrib boʻlmasdi.

 – Qayoqqa suzamiz? – xoʻrsinib, jimlikni buzdi Emrayin.

 – Qayoqqa deganing nimasi? – negadir kutilmaganda Milxunning jahli chikdi. – Suzaveramiz. Ha, bir joyda turib qolgandan koʻra suzganimiz yaxshi.

 – Suzdik nima-yu, suzmadik nima! – uning soʻzini boʻldi Emrayin. – Bunaqa tumanda qayoqqa suzsang ham bari bir, foydasi yoʻq!

 – Tupurdim tumaningga! – Battar xunobi oshdi Milxunning. – Sening tuman-pumaning bilan nima ishim bor? Tushundingmi? Suzsak suzaylik, boʻlmasa manovi laʼnati kayigʻingning oyogʻini osmondan keltirib, asfalasofilinga joʻnataylik-da, soʻng baliqlarga yem boʻlaylik! Tushundingmi, Soqol? Suzsak suzaylik! A, toʻgʻrimi?

Kirisk gʻalati boʻlib ketdi. U Milxun amakisining yengiltakligidan hijolatga tushdi. Milxun bunaqa baqirmasligi kerak edi, haytovur u otasidan yosh edi. Unga bir balo boʻlganga oʻxshaydi. Yoki bir qayiqdagi nivxlar deb atalgan toʻpga qandaydir darz ketdimi, nima balo? Hamma jim boʻlib qoldi, hamma ezgin, hammaning ichini it tatalardi. Milxunning oʻziyam indamay qoldi. Emrayin boshini quyi soldi. Oʻrxon bobo esa chetga qaragancha oʻtirar, yuzi xuddi borliqni qurshab olgan tumanga oʻxshash sirli edi.

 – Oʻzingni bos, Milxun, – dedi nihoyat Emrayin. – Shunchaki gap kelganda aytdim-koʻydim-da. Bir joyda turgandan koʻra suzgan yaxshi, albatta. Toʻgʻri gapirding, qani ketdik…

Ular yana joylaridan qoʻzgʻalishdi. Yana tirgaklar gʻiychillab, yana eshkaklar suvni shaloplatib, koʻtarilib tusha boshladi. Lekin odamlarning nazarida qayiq siljimayotganday, bir joyda turganday edi. Qayergacha suzishsa ham bari bir butun atrofni quyuq tuman bosgan edi, goʻyo sehr-joduli doiraga tushib kolgan edilar. Xuddi shu narsa Milxunning yana xunobini chiqardi.

 – Sening manovi tumaningga tupurdim, eshityapsanmi, ey Sersoqol Emrayin! – U dargʻazab boʻlib javray ketdi. – Tezroq haydaylik qayiqni! Men shuni istayapman! Tezroq qimirla, hoy Soqol, uxlama, eshityapsanmi? Tupurdim tumaningga!

Milxun javrar ekan, eshkakni yanada keskinroq esha boshladi.

 – Qani, boʻl tez! Boʻl tez, deyapman! – deya qistadi u.

Emrayin bu gal Milxunning jahlini chiqarmaslik uchun indamadi. Aksincha, uning ovsarona “oʻyiniga” qoʻshilganday tez eshkak esha boshladi.

Qayiqning tezligi osha boshladi. U tuman ichida tavakkaliga goh u tomonga, goh bu tomonga jadal suzar, ammo qayoqqa borishayotganini hech kim bilmasdi. Milxun bilan Emrayin esa telbalarcha harakat kilib, jon achchigʻida eshkak eshishar, goʻyo tumanni quvib yetib, cheksiz chegarasidan chiqib ketishga uringanday, shafqatsiz bir jazava bilan harakat kilishardi.

Eshkaklarning kuraklari qiyalab suv sachratib, tez-tez koʻtarilib tushar, qayiq tashqarisida suv shovullardi; ovchilarning tuklari hurpaygan, ter bosgan yuzlari goh pastga, goh balandga koʻtarilar, ular eshkakni suvdan olayotganda yiqilguday gavdalarini oldinga tashlashar, eshkakni suvga tirashgandan keyin zoʻr berib oʻzlarini orqaga tashlar edilar…

Ular h-ha, deb nafas olib, h-ha, deb nafas chikarishar edi; h-ha… H-a… H-ha… H-ha… H-ha… H-ha… H-ha…

Oldinda – tuman, orqada – tuman, butun borliqni tuman qoplagan edi.

 – Xana, xana![8] – koʻzlari yonib, baqirib, hammani tezlashga undardi Milxun.

Avvaliga Kirisk harakat tezlashganidan quvonib ketdi, ammo keyin bu harakatlarning hammasi behuda ekanligini tushunib dahshatga tushdi. Bola tahlika ostida Oʻrxon oqsoqolga qaradi, nazarida hozir chol bu bemaʼni poygani toʻxtatishi kerak edi. Ammo oqsoqol oʻychan koʻzlarini atrofga tikkanicha, hamma narsaga parvoyi falak oʻtirardi. Chol yigʻlayaptimi yoki koʻzlari oʻzi yoshlanib turadimi, bilib boʻlmas, yuzi namlangan edi. Atrofida yuz berayotgan hodisalarni his qilmayotganday, qayiq tumshugʻida miq etmay oʻtirardi.

Qayiq esa tuman qoʻynida qayoqqa borayotganini ham, nima uchun borayotganini ham bilmay, sarson-sargardon turardi.

 – Xana, xana! – jonholatdagi baqiriq atrofga taralardi tuman ichida. – Xana, xana!

Uzoq vaqtgacha shu ahvol davom etdi. Ammo eshkakchilar holdan toyib, qayiq sekinlasha boshladi. Ular hansirashib, boʻgʻriqib, eshkaklarni oʻz holiga tashlab qoʻyishdi. Milxun boshini koʻtarolmadi.

Achchiq haqiqatni shu taxlit anglab yetishdi. Ular tumandan oʻzib ketisholmadi, tuman chegarasidan chiqib ketisholmadi; hamma narsa avvalgiday: hamon ovchilar avvalgiday xavfli, omonat dengiz toʻlqinlarida yurishibdi, hamon oldinda nima kutayotgani noaniq, hamon borliqni quyuq zulmat chulgʻab olgan. Faqat shiddat bilan ketayotgan qayiq yana allaqancha joygacha suzib bordi-da, oxiri bir yerda aylanib toʻxtab qoldi…

Shunaqa oshiqib haydashning nima keragi bor edi? Bu bilan biron narsaga erishishdimi? Nima foyda koʻrishdi? Mabodo bir joyda turishganida nima boʻlardi? Albatta, hech narsa boʻlmasdi.

Qayiqdagi har bitta odam chamasi shular haqida oʻylar edi. Shu payt Oʻrxon oqsoqol tilga kirdi:

 – Endi quloq solinglar, – dedi u vazminlik bilan, chamasi oʻzini koyitmaslikka harakat kilib, chunki u ikki kundan beri hech nima yemadi ham, ichmadi ham. – Ehtimol, bu tuman hali-beri tarqamas. Odatda shunday yillar, shunday voqealar boʻlib turadi. Buni oʻzlaringiz ham bilasiz, dengiz ustida tuman sakkiz kunlab, baʼzida oʻn kunlab turib qoladi. Muddati kelmaguncha kasal tuzalmas, deganlariday tuman dengiz ustidan jilmay qoladi. Bu muddat qachon keladi, buni hech kim bilolmaydi. Agar bu tuman ham shuning singari tez orada tarqamaydiganlaridan boʻlsa, unda holimiz ne kechadi? Qoq baliq ham juda oz qoldi, suv boʻlmagandan keyin, uning kimga ham hojati bor. Suvimiz boʻlsa, mana! – chol shunday deb, bochkachani chayqatdi. Chamasi, bochkacha tagida bir, bir yarim hovuch suv qolgan edi, xolos.

Hech kimdan sado chiqmadi. Chol ham jimib qoldi. Uning nima demoqchi ekanligini hamma tushunib turardi: bundan buyogʻiga kuniga faqat bir marta, oʻshandayam choʻmichning yuqini ichish kerak. Shunday qilganda iloji boricha uzoq chidash, tuman balosini yengish, unga bardosh berish mumkin, deb oʻylashardi. Havo ochilib, yulduzlar chiqib yo quyosh charaqlab ketsa marra bizniki, deb oʻylashardi. Zora, baxtlari chopib, xavo ochilib ketsa, zora yergacha yetib olishsa!

Aslida ham shunday qilmasa boʻlmasdi. Boshqa ilojlari yoʻq edi ham! Lekin aytishga oson – odam qachongacha chidashi mumkin? Goho uydagi gap koʻchaga toʻgʻri kelmaydi, xayol boshqa, hayot boshqa deganday. Azobda qolgan barcha odamlar hoziroq suv ichishni, choʻmich yuqidamas, toʻyib, qonib ichishni xohlar edilar.

Bu mudhish ahvoldan qutulish mushkulligini Oʻrxon bobo tushunardi va shuning uchun ham u boshqalardan koʻra koʻproq iztirob chekardi. Chol hammaning koʻzi oldida qurib, soʻlib borardi. Ichki bir dardning zoʻrligidan qat-qat ajin bosgan yuzi qorayib, battar burishib borardi. Yoshlanib turgan koʻzlarida zoʻriqish va sarosimalik alomatlari aks etardi – bunday iztiroblarga bardosh berish chol uchun juda ogʻir edi. Lekin qurib qolgan daraxtni faqat tomiri zoʻrgʻa tutib turganday chol oʻzini oxirigacha mardona tutardi. Ammo bu hol uzoq davom etishi mumkin emasdi. Odamlarning falokatdan qutulib qolishi uchun zarracha ahamiyatli boʻlgan gapni ham aytib qolish kerak edi.

 – Oʻylashimcha, – soʻzida davom etdi Oʻrxon oqsoqol. – Har lahza diqqat bilan atrofga nazar tashlab, havodan koʻz uzmay turish kerak – toʻsatdan agukuk[9] oʻtib qolishi mumkin. Bunday tuman paytida dengiz ustidan faqat agukuk uchib oʻta oladi. Mabodo, biz biror orol bilan yerning oraligʻida kolgan boʻlsak, qushning uchishidan yoʻlni bilib olishimiz mumkin. Qanday qush boʻlsa ham dengiz ustidan faqat toʻgʻriga qarab uchadi. Agukuk ham xuddi shunday.

 – Mabodo biz orol bilan yerning oraligʻida boʻlmasak-chi? – gʻamgin soʻradi Milxun, hamon boshini quyi solganicha.

 – Unda yerni koʻrolmaymiz, – dedi bosiqlik bilan Oʻrxon bobo. Kirisk aniqlashga intildi. Nega endi agukuk dengiz tepasidan uchadi?

Bunaqa olis joydan uchish qushga zarur keptimi? Ammo undan avval xuddi shu fikrni Milxun aytib qoldi.

 – Mabodo agukuk bizning tepamizdan uchib oʻtishni unutib, boshqa tomondan uchib oʻtishni xohlab kolgan boʻlsa-chi, atkichx? Unda nima qilamiz? – dedi u maʼyuslanib, istehzo bilan.

 – Unda yerni koʻrolmaymiz, – dedi yana bamaylixotir Oʻrxon bobo.

 – Demak, koʻrolmaymiz! – hayron boʻlib gʻazablandi Milxun. – Unaqasigayam, bunaqasigayam koʻrolmas ekanmiz-da! Unday boʻlsa biz bu yerda nega oʻtiribmiz? – gʻazabi toshib joʻldiradi u va birdan qah-kah urib kulib yubordi, soʻng yana dami ichiga tushib ketdi. Hammaning yuragi orqasiga tortib ketdi. Nima kilishni bilmay, sukut saqlar edilar.

Shu orada Milxunning boshiga bir fikr kelib qoldi. U kafti bilan eshkakning tagiga bir urib, tirgagidan chiqarib yubordi. Keyin nima uchundir qayiqning burniga chiqib, qaddini gʻoz tutib, eshkakni langar qilib turib oldi. Hech kim unga hech narsa demadi. U ham hech kimga eʼtibor bermadi.

 – Ey, qanjiq! – gʻazab bilan baqirdi u eshkakni koʻtarganicha tuman zulmati tomonga tahdid solib. – Ey, shamollar Shomoni! Eshityapsanmi? Agar sen qanjiq itning oʻligi boʻlmay, shamollarning egasi boʻlsang, qani sening shamollaring! Yoki iningda oʻlib qoldingmi, qanjiq?! Yo seni har tarafdan aygʻirlar oʻrab olgan boʻlsa, qay biriga orqa oʻgirishni bilmay qoldingmi? Yo hammasiga bir-bir orqa oʻgirib, chaqishib qoldingmi? Shuning uchun ham shamol koʻtarishga qurbing yetmayaptimi? Yoki boʻlmasa biz bu yerda, oʻraning ichiga tushib qolgandek tuman ichida, halokat ostida qolib ketganimizni bilmaysanmi, qanjiq? Yo oramizda yosh bola borligini bilmaysanmi? Bolaning suv ichgisi kelyapti, suv, tushunyapsanmi?! Senga aytyapman, oramizda yosh bola bor, u birinchi marta dengizga chiqqan! – Sen-chi, sen boʻlsang bizlardan qasdingni olyapsan. Axir, bu nomardlik-ku! Agar sen tyulen tezagi boʻlmay, shamollar egasi boʻlsang, javob ber! Shamollaringni yubor! Eshityapsanmi?! Tumanlarni dumingga qistirib olib ket! Eshityapsanmi aytganlarimni? Boʻroningni yubor, qanjiq, eng dahshatli boʻroningni yubor! Tlangilani yubor, qanjiq, senga aytyapman! Mayli, boʻron kayigʻimizni agʻdarsin, toʻlqinlarga gʻarq boʻlib ketaylik, iflos, qanjiq! Eshityapsanmi, senga aytyapman! Tuf senga, ablah! Paxmoq soqolingga tupurdim! Agar shamollarning egasi boʻlsang, boʻroningni yubor, bizni dengizga choʻktir, agar shunday qilmasang, gʻirt qanjiq ekansan! Men ham aygʻirman, yana bitta aygʻir. Faqat men seni… istamayman, mana senga, mana senga, mana, mana, kesib ol, mana, kesib ol deyapman, ol!

Milxun shamollar Shomonini mana shunday shaloq soʻzlar bilan soʻka boshladi. Allaqayoqlarga berkinib olgan Shomon oʻzining qoʻl ostidagi shamollarini qayoqlargadir berkitib tashlaganga oʻxshardi. Milxun shu tarzda yana ancha mahalgacha tomogʻi xirillab, holdan toyguncha shamollar xoʻjasini ham tahqirlab, ham haqoratlab, yana yalinib qichqirardi.

Soʻng u eshkakni zarb bilan dengizga uloqtirib yubordi, oʻzining doimiy oʻrniga kelib oʻtirdi va yuzini qoʻllari bilan toʻsib, hoʻngrab, oʻkirib yigʻlab yubordi. Hamma chorasiz jim qotgan edi, Milxun boʻlsa hiqillab yigʻlab, kenjatoylarining nomini aytib baqirardi. Erkak kishining yigʻlaganini ilgari koʻrmagan va qoʻrquvdan titrab-qaqshab oʻtirgan Kirisk esa koʻzlarida yosh Oʻrxon boboga murojaat qildi:

 – Atkichx! O, atkichx!.. U nega bunday qiladi? Nega yigʻlayapti?

 – Qoʻrqma, – tasalli berdi chol bolaning qoʻllarini mahkam qisib. – Hozir oʻtib ketadi. Hozir bas qiladi. Sen buni oʻylama. Buning senga daxli yoʻq. Hozir oʻtib ketadi.

Chindan ham Milxun asta-sekin tinchib qoldi. Lekin hamon qoʻllarini yuzidan olmas, hamon yelkalari silkinib, xoʻrsinib-xoʻrsinib qoʻyardi. Emrayin qayiqni suvda qalqib yurgan eshkak tomon ohista yaqinlashtirdi, uni olib, yana joyiga, tirgagiga oʻrnatib qoʻydi.

 – Oʻzingni bos, uka, – dedi u Milxunni yupatib. – Gaping toʻgʻri, tumanda azob tortgandan boʻronda qolgan afzal. Lekin hali bir oz sabr qilib turaylik. Balki havo ochilib ketar. Ilojimiz qancha…

Milxun javob bermadi, uning boshi tobora egilib borar, oldiga qarashga qoʻrqadigan jinniday bukchayib olgandi.

Tuman esa hamon pinagini buzmas, okean uzra muallaq turib qolgan, olam dong qotib qolgan buyuk bir zulmat ichida yoʻqolgan edi. Qilt etgan shamol, biron-bir oʻzgarish yoʻq edi. Milxun shamollar Shomoniga qanchalar yalinib-yolvorib, uni qanchalar qargʻab, haqorat qilgan boʻlsa ham u parvo qilmas, goʻyo koʻr va karday edi. Shamollar egasinint jahliyam chiqmas, qimir ham etmas, boʻronniyam chaqirmas edi…

Emrayin bir joyda turib qolmaslik uchun oʻzining oldidagi bir juft eshkakni eshib turar, qayiq sirpanganday, sezilar-sezilmas jilib borardi. Oʻrxon indamas, u oʻz oʻylariga gʻarq boʻlgandi, ehtimol, u yana, ehtimol, oxirgi marta oʻzining Suv parisini oʻylayotgandir?

Qariyaning noxush oʻylarini Kirisk boʻlib yubordi.

 – Atkichx, atkichx, agukuklar nega orollarga qarab uchishadi? – ohista soʻradi u.

 – Darvoqe, shuni aytish esimdan chiqibdi. Bunday qalin tuman tushgan vaqtlarda dengiz ustida faqat agukuklar ucha olishadi. U orollarga oʻlja axtarib boradi, goho tyulenning jajji bolasini olib qochadi. Agukuklarning koʻzi shunaqangi oʻtkirki, u tundayam, yarim kechadayam xuddi kunduzgiday koʻraveradi. Shuning uchun ham uni boyoʻgʻli deyishadi-da. Agukuk boykushlarning eng kuchlisi va eng kattasi boʻladi.

 – Qaniydi meniyam koʻzim oʻshanaqa boʻlsa, – lablari quruqshab shivirladi Kirisk. – Hozir, shu topda qaysi tarafga suzish kerakligini bilib olardim, keyin yerga tezda yetib olardik-da, rosa suv ichardik, ichaverardik… Meniyam shunaqangi koʻzim boʻlganidaydi…

 – Eh, – xoʻrsindi bobo, – har kimsaning faqat oʻz koʻzi bor.

Yana oraga jimlik choʻkdi. Ancha vaqtdan keyin Oʻrxon oqsoqol haligi suhbatni davom ettirganday, bolaning yuziga qarab gapirdi:

 – Hammadan ham senga qiyin boʻldi, toʻgʻrimi? Lekin sen sabr qil. Shu qiyinchilikka bardosh bersang, ulugʻ ovchi boʻlasan. Sabr qil, qarogʻim, suvni oʻylama, boshqa narsalarni oʻylagin. Suvni oʻylama.

Kirisk bu gapga koʻnib, suvni oʻylamaslikka tirishdi. Biroq foydasi boʻlmadi. U harchand suvni oʻylamaslikka urinsayam, battar tashnaligi kuchayib borardi. Ochlik ham qiynardi. Ochlikdan koʻngli ozib, koʻzi tina boshladi. Koʻngli ozganidan, u ham Milxunga oʻxshab, dunyoni boshiga koʻtarib baqirgisi kelardi.

Bu kun shu tariqa oʻtdi. Har lahza havo ochilishini kutishdi, olisdan toʻlqinlar shovqini eshitilib, shabada qoʻzgʻalib, tumanni olamning narigi chekkasiga haydab ketarmikin, yoʻlimiz ochilarmikin, deb har doim umidvor boʻlishdi. Ammo dengiz uzra odamni yutib yuborgudek jimjitlik, balo-qazoday sukunat hukmron edi. Har zamon, har lahza cheksiz tashnalik kuchayganidan odamlarning koʻzlari tinib, boshlari aylana boshladi. Bu juda dahshatli edi: cheksiz okean oʻrtasida turib, bir tomchi suvga zor edilar.

Kech kirganda Milxunning ahvoli yana ogʻirlashdi. U butunlay gapirmas, koʻzlarida hech qanday maʼno yoʻq edi. Tomogʻini hoʻllab olsin deb unga jindakkina suv quyib berishdi. Kiriskning choʻmichga karab moʻltirab turganini koʻrib, Oʻrxon bobo ungayam ozgina suv quyib berishdan oʻzini tiyolmadi. Keyin Emrayingayam. quyishga toʻgʻri keldi. Oʻzi esa biror tomchi ichmadi. Oʻrxon bobo ozgina suvi qolgan bochkachani oʻrindiq ostiga qoʻygach, uzoq vaqtgacha qimir etmay oʻtirib qoldi. Bu safar uning boqishlari oʻtkir va tiniq, endi bu dunyoning ikir-chikirlariga aloqasi boʻlmagan yuksak oʻylarga shoʻngʻiganicha oʻtirardi; hech qanaqa tashnalikni, hech qanaqa boshqa biror narsani sezmas, oʻylamas edi. Goʻyo yolgʻiz lochin qoyada qoʻnib turganday, u qayiq oldida jim, vikor bilan oʻtirardi. U bundan buyon nima qilishini bilar, shuning uchun oxirgi lahzalarda, umrida qiladigan oxirgi ishi oldidan qolgan bor kuchini, irodasini jamlab olgandi. Avji shu tobda tamaki trubkasi yetishmasdi. Chol oxirgi marta Suv parisi toʻgʻrisida oʻylab, tamaki tutatmoqchi edi…

 

Qayda suzib yurasan, ey, Buyuk Ona baliq?

 

Oʻrxon oʻzining kimligini bilar, soʻnggi boʻsagʻa oldida oʻzining qanchalik kuch-quvvatga, qadr-qimmatga ega ekanligini yaxshi his qilardi. Faqat birgina narsa, u ham boʻlsa sovuqdan koʻkarib ketgan Kiriskning keyingi kunlarda hadeb cholning pinjiga yopishib olib, uning himoyasiga, gʻamxoʻrligiga muhtojligi Oʻrxonning oʻylagan xayollarini amalga oshirishdan tiyib turardi. U bolaga ich-ichidan achinardi. Ammo xuddi faqat bola uchungina shunday qilishi zarur edi…

Oʻrxon oqsoqol umrining juda uzoqqa choʻzilgan, gʻam-gʻussaga toʻlib-toshgan oxirgi koʻngilsiz kuni shunday oʻtdi…

Oqshom choʻkdi. Yana bir tun boshlandi.

Lekin bu tun ham ob-havo zarracha oʻzgarmadi. Dengiz ustidagi tuman avvalgiday parvoyi falak, dong qotib qolgandi. Borliqni yana boʻgʻiq oqshom zulmati bosdi. Qetidan aql bovar qilmaydigan darajada uzun, chidab boʻlmas darajada qorongʻi, dahshatli tun boshlandi. Lekin qaniydi tun oraligʻida shamol tursa, mayli, boʻron tursa, toʻfon boʻlsa ham mayliydi, ishqilib, havo ochilib, osmonda yulduzlar koʻrina qolsa! Lekin tunda zarracha oʻzgarish alomati, suvda birorta toʻlqin, havoda birorta epkin yoʻq edi – borliq cheksiz sukunatga, cheksiz zulmatga chulgʻangan edi. Cheksiz zulmat qoʻynida adashib qolgan yolgʻiz qayiq va undagi azob-uqubatdan, ochlikdan, tashnalikdan tinka-madori qurigan odamlar tuman ichida pista poʻchogʻiday bir joyda aylanishar, nomaʼlum qismat va umidsizlik changalidan chiqolmas edilar…

Kirisk qachon uxlab qolganini eslayolmadi. Ammo uyqu elitguncha chidab boʻlmas tashnalikdan koʻngli ozib, uzoq azoblandi. Nazarida uni tirik oʻlik ahvoliga solib qoʻygan tashnalik azoblarining soʻngi yoʻq edi. Faqat suv boʻlsa bas – boshqa hech narsa kerak emas! Ochlik azobi borgan sari ich-ichiga singib, xiralashib, yoʻqolib, sezilmay ketgandi, tashnalik azobi esa, aksincha, tobora yurak-bagʻrini oʻrtab, tobora kuchayib borardi. Tashnalik azobini hech narsa bilan yengib boʻlmasdi.

Kirisk goʻdaklik chogʻlarida bir marta ogʻir kasal boʻlib, isitmadan kuyib-yonib yotganida ham shunaqa ahvolga tushgani, ichi yonib, suv soʻragani yodiga tushdi. Onasi qoshidan bir qadam ham jilmay, parvona boʻlib, yonib turgan peshonasiga hoʻl latta bosib, hech kimga bildirmay yigʻlab olar va allanimalar deb shivirlar edi. Shamchiroqning gʻira-shira shuʼlasida onasi ning tashvishli yuzi arang koʻrinardi. Otasi yoʻq, u dengizga, ovga ketgandi. Oʻshanda Kirisk faqat suv ichishni va otasining tezroq kelishini xohlardi. Ammo ikkala istagi ham amalga oshmasdi. Otasi uzoqda edi, onasi boʻlsa suv ichirmasdi. Suv ichishing aslo mumkin emas, deyardi u. Onasi bolaning qaqragan lablariga hoʻl latta bosar, ammo bu tashnalikni faqat bir lahzaga qondirardi, xolos. Sal oʻtmay, yana tashnalik kuchayib, chidab boʻlmas qiynoqqa solardi.

Onasi yalinib-yolvorib, uni suv ichishdan tiyar edi. Tashnalikka chidasang, kasallik sendan qochadi, deb tushuntirardi.

 – Chidab tur, jonim! – derdi u. – Ertalabgacha yaxshi boʻlib qolasan. Ichingda: “Koʻk sichqoncha, suv bergin”, deb qaytaraver. Ana, oʻzing koʻrasan yaxshi boʻlib qolganingni. Soʻra, jonim, koʻk sichqondan suv soʻra, sichqon albatta yugurib keladi, albatta senga suv beradi… Faqat yaxshilab soʻra…

Shu kecha, bola tashnalik bilan olishib, duo oʻqib chiqdi, koʻk sichqon yugurib kelishini, suv keltirishini kutdi. U tinmay shivirlab, koʻk sichqonga yalinib-yolvorardi: “Koʻk sichqon, suv bergin! Koʻk sichqon, suv bergin!” Butun tun alangayi otash boʻlib alahsirab chiqdi. Hamon: “Koʻk sichqoncha, suv bergin!” – deb yalinardi. Koʻk sichqon tezda kela qolmasdi. U ham: “Koʻk sichqoncha, suv bergin!” – deb yigʻlab, yolvorishini qoʻymasdi. Nihoyat, koʻk sichqon yugurib keldi. Koʻk sichqon salqin oʻrmonda jilgʻa uzra choshgoh paytida gʻir-gʻir esadigan sarin yelday yoqimli va elas-elas koʻrinardi. Uni koʻrish qiyin, u tiniq osmonday koʻm-koʻk, kapalakday uchqur, tutqich bermas edi. Koʻk sichqon kapalakday uchib, yumshoq yungini bolaning yuziga, boʻyniga, badanlariga tegizib, xuzur baxsh etardi. Chamasi, koʻk sichqon Kiriskka suv berdi shekilli, u huzur qilib, uzoq vaqt, toʻygunicha ichaverdi; suv esa kelaverdi, kelaverdi, vaqirlab toshdi, uni boshigacha koʻmib yubordi…

U ertasiga ertalab joni orom topib, garchi oʻzini ancha oldirib qoʻygan boʻlsa ham ruhi ancha tetik boʻlib turdi. Shundan keyin bola suv beruvchi sichqonni, oʻsha kechasi, jon talvasasida yotganda suv keltirib uni sogʻaytirgan koʻk sichqonni uzoq vaqtgacha xotiridan chiqarmadi…

Mana, hozir ham, bola qayiqda tashnalikdan ichi kuyib-yonib borarkan, oʻsha koʻk sichqonni esladi. Qaniydi oʻsha koʻk sichqon yana paydo boʻlib qolsa! Shu zahoti bola yurakni zirkiratuvchi bir sogʻinch va dard bilan onasini esladi, ogʻir damlarda joniga ora kirib, tashnalikdan xalos etuvchi oʻsha koʻk sichqonni yodiga solgan onasini esladi. U ahvoli ogʻirlashib, nafas ololmay qolgan paytida qoshida tonggacha oʻtirib chiqqan onasini eslab oʻkindi. Oʻsha paytda bola atrofida parvona boʻlib jonu jahonini berishga tayyor turgan onasining qalbi qanchalar mehr-muhabbatga va dard-alamga toʻlib-toshganligini aytmaysizmi. Hozir onasining ahvoli ne kechdiykin? Dengiz boʻyiga kelib, ularni kutayotgandir, yigʻlab, boʻzlayotgandir?.. Dengiz esa bari bir unga hech narsa aytolmaydi. Hech kim unga yordam berolmaydi, hech kim dardini aritolmaydi. Faqat ayollar bilan bolalargina hanuzgacha Olapar qoyasining yonbagʻirlarida gulxan yoqib, onasiga dalda berishayotgandir? Shoyad, toʻsatdan baxt kulib boqsa, shoyad dengizda dom-daraksiz ketganlar birdaniga qirgʻoqda paydo boʻlib kolishsa, deb onasini yupatishayotgandir?

Bular esa qayiqda zim-ziyo zulmat ichida giryon kezishar, tungi tuman qoʻynidan xalos boʻlishga intilib, soʻnggi umidlari ham asta-sekin tugab borardi. Yoʻq, bu olishuvda kuchlar aslo teng emasdi – bir yoqda mangu zulmat, olam yaralganidan beri mavjud boʻlgan, Quyosh yaralishidan ham avval mavjud boʻlgan mangu zulmat: ikkinchi yoqda – shalogʻi chiqqan qayiqda tuman qurshovida qolgan toʻrt odam… Okean oʻrtasida suvsiz; oziqsiz, yoʻlchi yulduzlarsiz, zim-ziyo zulmatda qolgan toʻrt odam…

Kirisk umri bino boʻlib, bunaqa zim-ziyo zulmatni koʻrmagandi, tashnalik azobi shunchalik ayovsiz boʻlishini tasavvur qilmagandi. Hushini yoʻqotib qoʻymaslik uchun u suv keltiruvchi koʻk sichqon toʻgʻrisida, qachonlardir suv berib, shifo berib uni oʻlimdan qutqazib kolgan koʻk sichqon haqida oʻylay boshladi…

“Koʻk sichqoncha, suvingdan ber!” – onasi oʻrgatgan mana shu ajoyib soʻzni bola tinmay takrorlay boshladi: “Koʻk sichqon, suvingdan ber! Koʻk sichqoncha, suvingdan ber!” Garchi hech qanday moʻjiza yuz bermasa ham bola hadeb yalinib-yolvorib koʻk sichqonni chakiraverdi. Endi bu – bolaning umid-ishonchi va tashnalikka qarshi birdan-bir chorasi boʻlib qoldi…

 

Koʻk sichqoncha, suvingdan ber!

 

Kirisk hadeb shu soʻzlarni takrorlar ekan, tashnaligini oʻylamaslikka urinib goh mudrar, goh uygʻonib ketardi. Shu vaqt bola bexosdan Oʻrxon bobo bilan Emrayinning uzuk-yuluq gaplarini eshitib, uygʻonib ketdi. Ular nimanidir shivirlashib, uzoq muhokama qilishardi. Bola cholning biqiniga qapishib oʻtirgani uchun uning gaplarini aniqroq eshitardi. Otasining gaplari esa unchalik qulogʻiga chalinmasdi – u nariroqda, eshkaklari oldida oʻtirardi. Oʻrxon bobo ogʻir nafas olib, tomogʻi xirillagancha zoʻrgʻa gapirar edi.

 – Mening senga aql oʻrgatadigan joyim yoʻq, lekin oʻzing oʻylab koʻr, atkichx, – dedi qizgʻin shivirlab Emrayin, boshqalar eshitmasin deganday. – Oʻzing aqlli odamsan-ku.

 – Oʻyladim, obdan oʻyladim, shuni maʼqul koʻrdim, – javob berdi Oʻrxon bobo, chamasi, oʻzining gapini maʼqullab.

Ular bir nafas jim qolishdi. Soʻng Emrayin gap boshladi:

 – Kemaga tushganning joni bir, hammamizning taqdirimiz bir.

 – Taqdir, taqdir, – alam bilan gʻoʻldiradi Oʻrxon bobo. – Taqdirdan qochib qutulib boʻlmaydi, bilaman buni, – nafasi qisilib, xirillagancha gapirdi chol. – Shuning uchun ham uni taqdir deyishadi-da. Xohlaysanmi, xohlamaysanmi, taqdirning bu bilan ishi yoʻq. Oqibati shunday boʻlgach, taqdir bilan bahslashishning nima keragi bor. Hech boʻlmasa, birontamiz omon qolaylik. Oʻzing oʻyla, birdan yoʻllar ochilib ketsa, yer xam koʻrinib qolsa, manzilni koʻzlab jon-jahding bilan borayotganingda, bir-ikki tomchi suv yetmagani uchun hamma halok boʻlsa – alam qilmaydimi?

Emrayin bunga javoban nimadir dedi, yana jimib qolishdi. Kirisk uxlashga urinib, hadeb koʻk sichqonini chaqiraverdi. Nazarida, u uxlab qolsa koʻk sichqon keladiganday edi… Biroq uyqusi kelmadi… Koʻk sichqoncha, suvingdan ber!

 – Milxunning ahvoli qalay? – soʻradi Oʻrxon bobo.

 – Avvalgiday, hushsiz yotibdi, – javob berdi Emrayin.

 – Yotipti degin, – bir oz jimlikdan soʻng yana davom etdi Oʻrxon ota. – Hushiga kelgandan soʻng – unga aytib qoʻyarsan…

 – Yaxshi, atkichx, aytaman, – Emrayinning ovozi titrab chiqdi, buni bildirmaslik uchun zoʻr bilan yoʻtalib koʻydi. – Aytganingday boʻladi, hamma gaplaringni yetkazaman.

 – Uni juda hurmat qilishimni aytib qoʻy. U katta ovchi, ham yaxshi odam. Men uni hammavaqt hurmat kilganman.

Yana jimib qolishdi.

 

Koʻk sichqoncha, suvingdan ber!

 

Keyin Emrayin nimadir dedi, Kirisk uning soʻzini aniq eshita olmadi. Oʻrxon bobo unga javoban dedi:

 – Yoʻq, bari bir kutolmayman. Koʻrmayapsanmi, madorim kolmadi. Yaxshi it oʻligini koʻrsatmas, deganlar. Men anoyi odam emasman! Buni oʻzim bilaman. Tushimda doim Suv parisini koʻrardim. Sening bunga aqling yetmaydi… Men oʻshaning makoniga ketishni xohlayman…

Ular yana allanimalar haqida gaplashishdi. Kirisk suv ruhi – koʻk sichqonni chaqira-chaqira uxlab qoldi: Koʻk sichqoncha, suvingdan ber!

Bolaning oxirgi eshitgani Emrayinning gapi boʻldi. U Oʻrxon boboga yaqinroq surilib, bunday dedi:

 – Esingdami, atkichx, bir yili savdogarlar bugʻular qoʻshilgan chanalar-da kelishib, boltalar va har xil buyumlarni moʻynaga almashtirib ketishardi. Anovi barzangi, malla savdogar aytgandi, allaqaysi olis bir yurtda ulugʻ odam bor ekan, dengizda piyoda yurarkan. Shunday odamlar ham bor-a, bu dunyoda…

 – Demak, oʻsha odam juda ulugʻ odam ekan, ulugʻlarning ham ulugʻi ekan, – javob berdi Oʻrxon bobo. – Bizning eng ulugʻ odamimiz esa – Suv parisi…

Kirisk uxlab qolgan, ammo uyqusidayam allaqanday uzuk-yuluq gaplar shuuriga yetib borardi:

 – Shoshma, ota, bir oz oʻylab koʻr…

 – Boʻldi. Endi yoshimni yashab boʻldim… Yoʻlimdan qaytarma. Madorim qolmadi, chiday olmayman…

 – Shunday qorongʻida-ya…

 – Bari bir emasmi?…

 – Senga aytadigan gaplarim bor hali…

 – Gap hech qachon tugamaydi. Bizlardan keyin ham tugamaydi.

 – Shunday korongʻida-ya.

 – Yoʻlimni toʻsma. Ilojim yoʻq, majolim quriyapti. Kuchim borida oʻzim…

 – Shunday zulmatda-ya…

 – Sizlar bardosh qilinglar, bochkachaning tagida oz-moz suv qolgan… Kimningdir katta, gʻadir-budur va yapaloq kafti qaltiragancha bolaning boshini asta siypadi. Kirisk mudroq ichida boʻlsayam bu Oʻrxon boboning qoʻli ekanligini sezdi. Bu iliq va ogʻir kaft ancha vaqtgacha uning boshida turib qoldi, chol kafti bilan bolani balo-qazolardan himoya qilmoqchiday, bolaning boshini soʻnggi marta eslab qolmoqchiday edi.

 

* * *

 

Kirisk tushida dengiz yuzasidan odimlab ketayotgan emish. Yer bor deb oʻylagan tarafga borayotganmish, oʻsha yerda miriqib suv ichaman, deb borayotganmish. Suv yuzida yiqilmay, choʻkmay odim otib ketayotganmish. Tevarak-atrofda gʻaroyib va gʻalati manzaralar bor edi. Qayoqqa qaramasin, koʻz yetguncha tip-tiniq, yaraqlagan dengiz yastanib yotardi. Dengiz va dengiz suvidan boshqa hech vaqo yoʻq edi. Faqat dengiz va faqat suv bor edi. Bola suv yuzida xuddi yer yuzida yurgandek yurib borardi. Quyosh nurlari tushgan hamma yerda, hamma tomonda toʻlqinlar ravon edi. Toʻlqinlar qayerdan paydo boʻlib, qayoqqa ketayotganini bilib boʻlmasdi.

U dengiz ustidan yolgʻiz oʻzi yurib borardi. Dastlab unga Oʻrxon bobo, Emrayin va Milxunlarning oldiga tushib, qanday boʻlmasin tezroq suvi bor yerni topib va ularni ham chaqirish uchun zir yugurib yurganday tuyuldi. Ammo keyin bu yerda yolgʻiz bir oʻzi qolganligini fahmladi. U qichqirar, odamlarning otini aytib chaqirar, lekin hech kim ovoz bermasdi. Na biron jon, na biron tovush va na biron sharpa bor, edi… Sheriklari qayoqqa gʻoyib boʻlganini bilmasdi. Bundan bola dahshatga tushdi. Ovozi chiqmay qoldi. Hech qayoqda, hech joyda yer koʻrinmasdi. U nafasi ogʻziga tiqilib, holdan toygunicha dengiz ustidan yugurib ketdi. Ammo u hech qayoqqa jilolmay, bir joyning oʻzida turib qolgandi. Toqatsizlanib, ichi yonib, nuqul suv ichgisi kelaverardi. Shunda u tepasidan uchib oʻtayotgan qushni koʻrib qoldi. Bu Luvr oʻrdak edi. Oʻrdak qichqirib uya qurish uchun joy axtarib, dengiz uzra uchib yurardi. Ammo hech qayerda bir parcha quruq yer topa olmasdi. Chor atrofda hadsiz-hududsiz toʻlqinlar shovullardi. Luvr oʻrdak zorlanib, nola qilar va betoqat boʻlardi.

 – Oʻrdakjon! – dedi unga Kirisk. – Yer qayerda? Qaysi tomonda? Suv ichgim kelyapti!

 – Olamda yerning oʻzi yoʻq, hech qayerda yoʻq! – javob berdi Luvr oʻrdak. – Atrofda toʻlqinlar bor, xolos.

 – Qolgan odamlar qayoqda? – bola gʻoyib boʻlgan odamlarni soʻradi.

 – Odamlar yoʻq, ularni izlab ovora boʻlmay qoʻya qol. Ular hech yerda yoʻq! – deb javob qaytardi Luvr oʻrdak.

Kiriskni taʼriflab boʻlmaydigan dahshatli yolgʻizlik va qaygʻu-alam tuygʻusi chulgʻab oldi. U bu joydan boshi oqqan tarafga qochib ketgisi kelar, biroq boradigan joyning oʻzi yoʻq edi, hamma tomonini faqat suv va toʻlqinlar oʻrab olgan edi. Oʻrdak qora nuqtaga aylanib, tobora uzoqlasha bordi.

 – Oʻrdakjon, meni oʻzing bilan olib ket, yolgʻiz qoldirma! Suv ichgim kelyapti axir! – yolvorardi bola.

Ammo oʻrdak ovoz bermasdi, u hali dunyoga kelmagan yerni qidira-qidira, butunlay koʻzdan gʻoyib boʻldi. Quyosh boʻlsa charaqlab, koʻzni qamashtirardi.

Kirisk koʻzlarida yosh bilan uygʻondi, u hamon entikib yigʻlar, najotsiz gʻam-alam va qoʻrquv uni yelkasidan bosib turardi. U yoshli koʻzlarini asta ochib, tush koʻrganligini fahmladi. Qayiq suvda ohista chayqalib turardi. Kulrang tus olib borayotgan gʻira-shira tuman borliqni burkab, qurshab olgandi. Demak, tun oʻtibdi, tong yaqinlashyapti. U qimirlab qoʻydi.

 – Atkichx, suv ichgim kelyapti, men tush koʻrdim, – pichirladi u koʻlini Oʻrxon bobo tomon uzatib. Ammo qoʻliga hech narsa ilinmadi. Qayiq quyrugʻidagi Oʻrxonning joyi boʻm-boʻsh edi.

 – Atkichx! – chakirdi Kirisk. Hech kim javob bermadi. Bola boshini koʻtarib tipirchiladi.

 – Atkichx, atkichx, qayerdasan?

 – Qichqirma! – bir surilib bolaga yaqinlashdi Emrayin. U oʻgʻlini quchoqlab, mahkam bagʻriga bosdi. – Qichqirma, atkichxing yoʻq endi! Chaqirma uni! U Suv parisi makoniga ketdi.

Ammo Kirisk quloq solmadi:

 – Qani mening atkichxim? Qani? Qani mening atkichxim?

 – Boʻldi, yigʻlama. Tinchlan, Kirisk, u endi yoʻq, – ota bolasini ovutishga tutindi. – Sen faqat yigʻlama. U oʻgʻlingga suv ber, deb menga tayinladi. Ozgina suvimiz bor hali. Yigʻini bas qilsang, suv beraman, ichib olasan. Yigʻlamasang boʻlgani. Qarab turgin, hademay tuman tarqaladi, ana shunda koʻrasan…

Kirisk yulkinib, otasining quchogʻidan otilib chiqishga talpinardi. Uning harakatlaridan qayiq chayqaldi. Emrayin nima qilishini bilmasdi.

 – Mana, hozir bu yerdan ketamiz. Mana, qara, suzyapmiz. Ey, Milxun, tur oʻrningdan, tur. Senga aytyapman! Qani ketdik!

Milxun eshkak esha boshladi. Qayiq suvda ohista sirpanganday suzib ketdi. Ular yorugʻ olamni hamon oppoq sutdek koplab olgan tuman uzra yana tayinsiz tarafga maqsadsiz suzib ketishdi.

Yangi tunni ular shunday qarshi olishdi. Endi qayiqda uch kishi qoldi.

 

Koʻk sichqoncha, suvingdan ber!

 

Kirisk bir oz oʻziga kelganidan soʻng Emrayin eshkaklar yoniga oʻtib oldi, ular toʻrt eshkak bilan yana oʻsha tayinsiz tomonga maksadsiz suzib ketishdi. Endi qayiq toʻrt eshkakning taʼsirida tezroq suza boshladi.

Kirisk boʻlsa, Oʻrxon boboning gʻoyib boʻlganligidan larzaga tushib, kemaning kuyrugʻida gʻaribona mungʻayib oʻtirgancha hamon entikib-xoʻrsinib yigʻlar edi. Otasi bilan Milxun ham nihoyatda ezilib ketishgandi. Ular na oʻzlariga, na Kiriskka biror koʻmak bera olishardi. Oʻylab topganlari eshkak eshish boʻldi. Ishqilib, qayiq yurib tursa boʻlgani. Oppoq tuman ichida ularning basharalari qorayib koʻrinardi. Hammalari daf qilib boʻlmaydigan shafqatsiz ofat – tashnalikka hamda ochlikka mahkum etilgandilar.

Ular jim, churq etmay borishardi. Gapirishga qoʻrqishardi ham. Faqat bir ozdan soʻng Milxun eshkakni tashladi.

 – Suvni boʻl! – dedi u Emrayinga gʻamgin boqib.

Emrayin bochkachaga yopishib olib, har bir odamga choʻmichning tubida bir necha qultumdan sirqitib suv quydi. Suvdan noxush qoʻlansa hid kelar, taʼmi buzilgandi. Ammo shu ham juda oz qolibdi. Yana koʻpi bilan uch-toʻrt marta ichishga yetardi, xolos. Hech kim suvga qonmadi, suv ichib hech kimning ruhi yengillashmadi ham.

Yana ogʻir, aqlni ozdiruvchi kutish onlari boshlandi: ob-havo oʻzgaradimi yoki yoʻqmi? Endi hech kimda hech qanday umidbaxsh taxminlar qolmagandi. Ular majolsizlanib, holdan toyib, beixtiyor loqayd boʻlib qoldilar. Tahlikali tuman ichida qayiqda maqsadsiz aylanib, itoat bilan oʻz qismatlarini kutishardi. Taqdirga tan berishdan oʻzga chora qolmagandi. Tuman odamlarni ezib, irodalarini boʻshashtirib qoʻygandi. Faqat bir gal Milxun qattiq soʻkinib, nafrat toʻla titroq ovoz bilan gʻoʻldiradi:

 – Tuman chekinsa – oʻlimimga ham rozi boʻlardim! Oʻzimni suvga tashlardim. Yorugʻ olamning bir chetini koʻrsam boʻldiydi!

Emrayin indamadi, hatto oʻgirilib ham qaramadi. Nima ham deya olardi? Endi u qayiqda qolganlarning yoshi ulugʻi edi-da. Indamay oʻtirishdan boshqa iloj qolmagandi. Qayoqqa ham suzishardi!

Vaqt oʻtib borardi. Qayiq oʻzidan-oʻzi toʻxtab, goh muallaq turib qolar, goh yana joyidan qoʻzgʻalardi.

Soat oʻtgan sari oʻlim xavfi orta borardi – qonmagan tashnalik yoniga jon-tanni yemiruvchi shafqatsiz ochlik ham qoʻshildi. Darmonlari qurib, majolsizlanib borishardi.

Kirisk koʻzlari qisilib, kemaning quyrugʻida yotardi. Boshi aylanib, koʻngli aynirdi, och qorinda ogʻriq turib, nafas olishi mushkullashardi. Tobora tashnaligi oshib, judayam suv ichgisi kelaverdi.

 

Koʻk sichqoncha, suv bergin!

 

Bola suvga qondiradigan koʻk sichqonchani yalinib-yolvorib chaqirar ekan, endi hamma narsani unutishga urinar, Olaparning etagidagi uzoq-uzoqlarda qolgan va endi ertakka aylangan hayotini eslab, najot kutardi.

“Koʻk sichqoncha, suv bergin!” – deb shivirlardi u boshi aylanib. Oʻt-oʻlanga chulgʻangan tepalikda oʻynab, xuddi gʻoʻladek pastga dumalab tushganlarida ham boshi shunday aylanishini koʻz oldiga keltirdi. Eh, juda qiziq, ajoyib oʻyin edi-da. Bu oʻyinda Kirisk hammadan abjir va chidamli boʻlib chiqardi. Tik tepalikka chopib chiqasan-da, u yerdan yonbagʻirlab pastga qoʻyib yuborilgan poʻstloqsiz gʻoʻladek, aylanib dumalaysan. Qoʻllaringni ikki yoningga mahkam qapishtirib olasan. Joyingdan koʻzgʻalish uchun avval oʻzingga-oʻzing koʻmak berasan. Bir, ikki, uch marta umbaloq oshganingdan soʻng uyogʻiga yumalab ketaverasan, oʻzingni toʻxtatib qololmaysan. Mazza qilganingdan rosa xaxolab kulasan, osmon esa goh u, goh bu chekkasi bilan toʻntariladi, bulutlar aylanib, koʻz oʻngingdan lip-lip oʻtadi, daraxtlar aylanib agʻanaydi, hamma narsa oyogʻi osmondan boʻlib ketadi, koʻkdagi quyoshning esa kulaverib ichagi uziladi. Bolalarning shovqini, qiyqiriqlarini aytmaysizmi! Pastga qarab shitob bilan yumalab tushaverasan, tushaverasan, shunda ortingdan yugurib kelayotgan bolalarning goh choʻziq yuzlari, goh bukilgan oyoqlari koʻz oldingdan lip-lip oʻtaveradi, nihoyat, toʻxtab kolasan. Eh! Shunda quloqlaring shangʻillab ketadi. Shundan soʻng eng qiziq, eng nozik joyi keladi. Bir, ikki, uch deyilganda oʻrningdan sakrab turib olib, boshing gir-gir aylanishiga qaramay, yiqilib tushmasliging kerak. Odatda birinchi marta hammayam yiqiladi. Ana kulgiyu mana kulgi! Hamma kuladi, oʻzing ham kulasan. Oyoqda mahkam turmoqchi boʻlasanu oyogʻing ostidagi yer agʻdarilib ketayotgandek boʻladi. Kirisk esa yiqilmasdi. Oyoqda mustahkam turib olardi. Shunga intilardi. Axir, Muzluk doim shu yerda boʻlardi-da! Uning oldida boʻsh-bayov bolaga oʻxshab yiqilishni oʻziga ep koʻrmasdi.

Ayniqsa, Muzluk bilan-tepalikdan kimoʻzarga dumalashganida rosa huzur qilishardi, rosa kulishardi. Qizlar ham tepadan dumalayverardi. Faqat ular qoʻrqoq boʻlishadi, kokillari doim biror narsaga ilashib qoladi. Ammo bu hisob emas. Bunaqa quvnoq oʻyinda albatta biror joying lat yeyishi turgan gap.

Muzluk bilan ular pastga dumalaganlarida, Kirisk bildirmay tirsaklarini ataylab keng yozardi-da, undan oʻzib ketmaslik uchun toʻxtab qolardi. Ular atrofdagilarning qichqirishlari va xaxolab kulishlarini eshitib, bir vaqtning oʻzida pastga dumalab tushishar va “uch”, deb sanalgunicha baravar sakrab oyoqqa turib olishardi. Shunda Muzlukka oyoqda mahkam turib olishga yordam berish, qizni suyab qolish nechogʻliq zavqli ekanligini hech kim fahmlamasdi. Ular bir-birlariga madad berib, beixtiyor quchoqlashib olishardi. Muzluk xursandligidan rosa kular, uning kulgidan choʻchchaygan lablari bolaning ham kulgusini qistatardi; Kirisk ushlab qolsin deb Muzluk hamisha shunday qilar, oʻzini goʻyo yiqilib ketayotgandek qilib koʻrsatar, Kirisk boʻlsa uni ushlab qolib, quchoqlab, oyoqda mahkam turib olishiga koʻmaklashardi. Ana shunda ular allaqanday sirli masrurlik va hurkak bir muhabbat onlarini boshdan kechirayotganliklarini hech kim bilmasdi. Qizchaning yupqa koʻylakchasi ostida yuragi dukurlab urar, ularning badanlari dam-badam bir-birlariga tegib ketar va Kirisk kizning endigina tugilib kelayotgan va taranglashgan siynalariga qoʻli tegib ketganini, shunda qizcha titrab, tezgina uning pinjiga kirib olganini, boshi aylanib ketganidan xumor koʻzlari sirli bir chaqnaganini sezib qolardi. Butun olam – yer va osmondagi jamiki narsalar – ular bilan birga qoʻshilib aylanar, tinimsiz kulgiyu baxtiyorliklariga, cheksiz quvonchga toʻlar edi. Bu naqadar ajoyib saodat ekanligini hech kim xayoliga keltirmasdi!

Faqat bir gal buni oʻzidan bir oz kattaroq, yomon koʻrib yuradigan qabiladoshi sezib qoldi va u ahmoq boshi aylanganidan goʻyo oʻzini oyoqda tutib tura olmayotganday yopirilib kelib Muzlukka yopishmoqchi boʻldi. Muzluk chap bergancha undan oʻzini olib ochar, u boʻlsa boshi aylanib oʻzini yiqilayotgan qilib koʻrsatib, qizning izidan yana yetib olar va uning ustiga oʻzini tashlamoqchi boʻlardi. Kirisk u bilan mushtlashib qoldi. U bola gavdaliroq boʻlganidan bir necha bor Kiriskni urib yiqitdi. Lekin xar holda kurash durang bilan tugadi – Kirisk boʻsh kelmadi va qiz bolaning himoya qilishiga ham ruxsat bermadi. Lekin bu voqea boshqa takrorlanmadi…

Ular oʻynab-oʻynab, terga botib, qizib-yonib, ariqdan suv ichgani yugurib ketishardi. Naqadar masrur lahzalar edi!

 

Koʻk sichqoncha, suv bergin!

Oh, koʻk sichqoncha, suv bergin!

 

Anhor sal nariroqdan oʻtardi. U oʻrmondan oqib kelib, bolalar oʻynaydigan joydan chiqardi. Buloq suvi toshdan-toshga urilib oqib, moviy oʻrmon salqinini oʻzi bilan birga olib kelardi. Qalin oʻsgan oʻt-oʻlanlar shoʻx jilgʻa sohillarini koʻpchitib, bir-biriga yaqinlashtirib qoʻyganday, eng yaqin va gʻovlab oʻsgan oʻt-oʻlanlarning egilib turgan shoxchalaridagi yaproqlari esa suv oqimida yulqinib turardi. Buloq suvi goh oftobda tovlanib, goh qovoq solib osilib turgan qirgʻoq ostiga shoʻngʻib, goh oʻt-oʻlanlarning va tol chiviqlarining orasiga yashirinib, hech narsani pisand qilmay, dengiz tomon tinim bilmay shoshilardi.

Bolalar bir zumda anhorgacha chopib borib, zum oʻtmay, oʻt-oʻlanlarni ikki tomonga surib tashlab, oʻzlarini suvga tashlashardi. Qoʻllarini yuvib, hovuchlab ichishga sabrlari ham chidamay, boshlarini engashtirib, yuzlarini bilqillayotgan, mayin qitiqlayotgan suvga chayib, kiyiklar singari suv ichishardi. Eh, naqadar lazzatli damlar edi!

 

Koʻk sichqoncha, suv bergin!

Koʻk sichqoncha, suv bergin!

Oh, koʻk sichqoncha, suv bergin!..

 

Ular suvga engashib, ariq boʻyida yotishardi. Yelkalari bir-biriga tegib, shoʻx oqimga tutib turgan qoʻllari, goʻyo bir odamnikiday yaqinlashib, qoʻshilib ketardi. Ular lablari bilan suvni ilib olgancha ichishar, ogʻizlarida qultillatib oʻynab, mazza qilib, toʻyib-toʻyib ichishardi. Ular bu yerdan aslo ketgilari kelmas, boshlarini top-toza suvdan koʻtargilari kelmasdi. Tezoqar suvda ular oʻzlarining xira akslarini tomosha qilishar: bir-birovlarining suvdagi kulgili, gʻalati basharalariga nazar tashlab kulishardi.

 

Koʻk sichqoncha, suv bergin!

Koʻk sichqoncha, suv bergin!

Koʻk sichqoncha, suv bergin!

Oh, koʻk sichqoncha, suv bergin!

 

Muzluk shu yotishda buloqdan boshini koʻtarmay, qisiq koʻzlarining qiri bilan qarar, Kirisk ham xuddi unga shu tarzda quvlik bilan jilmayardi. Muzluk oʻzidan chetlatgan boʻlib, uni yelkasi bilan turtar, u ham boʻsh kelmasdi. Shunda Muzluk ogʻziga suv toʻlatib olib, uning yuziga purkardi. Kirisk ham xuddi shunday qilardi: ogʻziga yana ham koʻproq suv olib, bor kuchi bilan Muzlukning yuziga puflab separdi. Tiyiqsiz shoʻxlik va yugur-yugurlar shunday boshlanib ketardi. Ular suvda quvishib, bir-birlarini istaganlaricha shalabbo qilib, qiyqirib, xaxolashib jilgʻani boshiga koʻtarganlaricha uyoqdan-buyoqqa chopishardi…

 

Koʻk sichqoncha, suv bergin!

 

Shu yurish-turishlarini eslar ekan, endi u davrlarning hech qachon qaytib kelmasligini anglab Kirisk azoblanardi. Nafas olishi tobora qiyinlashar, tez-tez qorni sanchib ogʻrirdi. U ogʻriqdan tirishib, unsiz yigʻlar ekan, hamon:

Koʻk sichqoncha, suv bergin! – deb yolvorardi.

U shunday oʻy-xayollar bilan oʻzini chalgʻitishga harakat qilardi. Atrofda hech narsa oʻzgarmasdi. Oppoq tuman qatlami avvalgidek qilt etmay borliqni oʻrab olgandi.

Ovchilar, har biri oʻz oʻrnida, qayiqda chalajon boʻlib, choʻzilib yotishardi. Ularni oldinda nima kutayotgani avvalgidek nomaʼlum edi. Shunda birdan qayiq kuchli chayqaldi va Kirisk otasining qoʻrqinchli xitobini eshitdi:

 – Milxun! Milxun! Nima qilyapsan? Toʻxta!

Kirisk boshini koʻtarib, hang-mang boʻlib qoldi. Milxun qayiqning chetidan engashib, dengiz suvini choʻmichlab olib ichardi.

 – Bas qil! – unga tashlandi Emrayin choʻmichni tortib olmoqchi boʻlib. Lekin Milxun xezlanib, tahdid qildi:

 – Yaqinlashma, Soqol! Oʻldiraman!

U ogʻizga olib boʻlmaydigan bu achchiq namakob suvni ichar, koʻkragi va yenglari suvga botib, kiyimlari jiqqa hoʻl boʻlib ketgan, tomogʻiga tiqilib qolsayam oʻzini zoʻrlab, titroq qoʻllari bilan choʻmichdan ogʻzini olmay ichar edi. Yuzlarining tuklari hayvonlarnikiga oʻxshab tikkayib ketgandi.

Keyin u ichib-ichib choʻmichni qayiqning ostiga tashlab, chalqancha yotib oldi. U xirillab, bazoʻr nafas olardi. U shu ahvolda yotar va hech kim unga hech qanday yordam bera olmasdi. Kirisk qoʻrqib ketganidan gʻujanak boʻlib yotib oldi, tashnaligi battar ortib, qorni burab ogʻriy boshlaganini sezdi. Boshi quyi solingan Emrayin yana eshkakni qoʻliga olib, tumanda qayiqni ohista allaqayoqqa jildirib ketdi. Uning boshqa iloji ham yoʻq edi.

Milxun goh tinchib qolar, goh yana talvasaga tushib titrar, xirillar, chanqoqlik xurujidan tamom boʻlayotgan edi. Biroq oradan maʼlum vaqt oʻtgandan soʻng yana boshini koʻtardi:

 – Yonyapman, ichim yonyapti! – deb u kiyimining yoqasini yirta boshladi.

 – Ayt, nima qilaylik? Qanday yordam beraylik? Anavinda hali bor, – Emrayin bochkachaga imo qildi. – Ozgina quyib beraymi?

 – Yoʻq, – rad qildi Milxun. – Endi hojati yoʻq. Tungacha sabr qilib, keyin rahmatli atkichximiz orqasidan… Ammo sabrim chidamadi. Mayli. Yaxshiki, boshqa nojoʻya ish qilib qoʻymadim. Suvning borini ichib qoʻyganimdan nima foyda bor edi. Paymonam toʻlganga oʻxshaydi. Endi men ham ketaman. Bas, hammasi tamom. Oʻzim, kuchim borida…

Kimsasiz dengiz oʻrtasida, na boshi, na oxiri tayinsiz, na qachon halok qilishi tayinsiz tuman ichida oʻzini asta-sekin oʻlimga mahkum etgan odamning soʻzlarini eshitish dahshatli edi. Emrayin doʻsti va inisi Milxunni bir navi tinchlantirmoqchi, nimadir demoqchi boʻldi-yu, ammo Milxun eshitishni istamas edi. U oshiqardi, oʻz azoblariga bir yoʻla chek qoʻyishga intilardi.

 – Sen, Emrayin, gapirib ovora boʻlma, boʻlar ish boʻldi! – Milxun telbalardek gʻudurladi: – Oʻzim, oʻzim ketaman. Sizlar, ota-bola bilganingizni qilinglar. Shunisi tuzuk. Bu ishim uchun kechiringlar. Sizlar ota-bola, qolinglar, hali ozgina suv bor… Men hozir oshib oʻtaman. – Milxun shu soʻzlarni aytib, oʻrnidan turdi, qayiqning chekkasini ushlab engashdi. Gandiraklab, bor kuchini jamlar ekan, Milxun Emrayinga yer ostidan karab dedi:

 – Menga xalaqit berma, Soqol! Shunisi tuzuk. Menga xalaqit berma. Yaxshi qolinglar. Ehtimol, qirgʻoqqa yetib olarsiz. Men esa hozir… Sen qayiqni darrov haydab ket. Darrov, tushundingmi? Kutib oʻtirma. Yakinlashsang – agʻdarib yuboraman. Endi hayda. Soqol, tezroq hayda. Eshityapsanmi, yoʻqsa, agʻdarvoraman..

 

Emrayin uchun Milxunning doʻqlari va yolvorishlariga boʻysunishdan boshqa iloj qolmagandi. Qayiq sassiz tuman va sassiz suvni kesib, toʻgʻriga suzib ketdi. Kiriskning yuragi qaqshab, yigʻlab yubordi:

 – Aki-Milxun! Aki-Milxun! Unday qilma!

Xuddi shu daqiqada Milxun qayiqdan dadil oʻzini tashladi. Qayiq qiyshayib qalqib ketdi va yana oʻz holiga keldi.

 – Nariroq! Nariroq ketinglar! – baqirdi Milxun muzdek suvda shaloplar ekan.

Tuman darhol uni koʻzdan yashirdi. Hammayoq jimib qoldi, keyin sukunatda suvga gʻarq boʻlayotgan odamning yangroq ovozi, soʻnggi xitobi eshitildi. Shunda Emrayin oʻzini tutolmadi.

 – Milxun! Milxun! – xitob qildi u va hoʻngrab, qayiqni orqaga burdi. Ular darrov orqaga qaytishdi, ammo allaqachon Milxun gʻoyib boʻlgandi. Suv yuzasi goʻyo hech narsa yuz bermagandek boʻm-boʻsh va osoyishta edi. Odam choʻkkan joy qayerdaligini aniqlash mushkul edi.

Shundan keyin ular hech qayoqqa bormasdan, kuni bilan shu yerda qayiqda suzib borishardi. Ularning ikkalasi ham falokatdan qaygʻu-hasratga toʻlib yigʻlashardi. Kirisk otasining yigʻlashini umrida birinchi marta koʻrishi edi. Otasi sira bunday ahvolga tushmagandi.

 – Ana endi yolgʻiz oʻzimiz qoldik, – pichirladi Emrayin, soqoliga tushgan koʻz yoshlarini artib, oʻzini qoʻyarga joy topmay, – Milxun, eh, qadrdonim Milxunim! – shivirlardi u hiqillab.

Kun tugab bormoqda edi. Ularga shunday tuyuldi. Agar qayerdadir quyosh boʻlsa, agar u osmon uzra, dengizlar, tumanlar uzra suzib yurgan boʻlsa, demak, hozir u oʻz yotogʻiga xotirjam bosh qoʻyayotgan boʻlsa kerak. Gʻira-shira qorongʻilik asta-sekin zulmatga aylanib borayotgan qalin tuman ichida esa dengizda bedarak yoʻqolgan yolgʻiz bir qayiq aylanib yurar, unda endi faqat ikki kishi – otayu bola qolgan edilar.

Bundan oldin, kech tushmasdan sal avval, Emrayin nihoyat suv ichish payti boʻldi, degan qarorga kelgandi. Kirisk buni zoriqib kutayotganligi, oʻzini tiyib, lom-mim demay, tashnalik va ochlikka nechogʻliq bardosh berayotganligi sezilib turar edi. Milxunning halokatidan keyin suv ham eslaridan chiqqan edi. Lekin asta-sekin tashnalik yana kuchini koʻrsata boshladi, endi hozirgi tashnalikka boyagi unutilgan tashnalik ham qoʻshilib ayovsiz azob berardi.

Emrayin biror tomchini ham behuda toʻkib yubormaslik uchun juda ehtiyotlik bilan aynigan suvni avval Kiriskka sirqitib kuydi. Bola choʻmichga yopishib, telbalardek bir zumda oʻz ulushini yutib boʻldi. Keyin Emrayin oʻzi uchun suv quyarkan, endi suv bochkachaning tubidagina qolganligini koʻrdi. Otasining qoʻlidagi bochkachaning egilishiga qarab. Kirisk ham buni fahmladi. Emrayin shunday boʻlishi lozimligini avvaldan bilgan boʻlsa ham hayron qolib, rangi quv oʻchdi. Endi Emrayin oʻz ulushini ichishga shoshilmadi. U qoʻqqisdan miyasiga urgan fikrdan larzaga qelib, choʻmichni ushlagancha oʻylanib qoldi. Chanqoqni bosish bu fikr oldida hech gap boʻlmay qoldi.

 – Ma, ushlab tur, – bunday qilishga hojat boʻlmasa-da, u choʻmichni oʻgʻliga uzatdi. Bola uchun suvli choʻmichni qoʻlda ushlab, uni ichishga botinolmaslik – ayni qiynoqning oʻzi edi. Emrayin qoʻllarini boʻshatib, tiqinini mahkam oʻrnashtirdi-da, deyarli boʻsh bochkachani oʻz joyiga qoʻyib qoʻydi.

 – Ich, – dedi u oʻgʻliga.

 – Sen-chi? – hayron boʻldi Kirisk.

 – Men keyin ichaman. Hech narsani oʻylama, ichaver, – dedi xotirjamlik bilpn otasi.

Kirisk darhol yana sassiq suvning bu qultumini ham yutdi. Chanqogʻi unchalik bosilmagan boʻlsa-da, har holda bir oz tetiklandi.

 – Xoʻsh, qalay boʻldi? – soʻradi otasi.

 – Bir oz tuzuk, – minnatdor boʻlib shivirladi bola.

 – Sen qoʻrqma. Esingda tut, odam ogʻziga hatto bir tomchi suv olmasa ham ikki-uch kun yashay oladi. Qiyomat-qoyim boʻlsa ham qoʻrqma.

 – Sen shuning uchun ichmadingmi? – Kirisk uning gapini boʻldi. Emrayin, bu savoldan oʻzini yoʻqotib koʻydi. Soʻng oʻylab turib, qisqa javob berdi:

 – Ha…

 – Odam ovqatsiz kancha yashay oladi? Biz kachondan beri ovqat yemayapmiz-ku?

 – Suv boʻlsa boʻlgani. Lekin sen buni oʻylama. Ke, yaxshisi, picha suzaylik. Ikkalamiz gaplashib olishimiz kerak.

Emrayin eshkaklarni gʻijirlatdi va ular goʻyo turgan joylarida gaplasha olmaydigandek tuman ichida dengizda asta-sekin suzib ketishdi. Ota oʻzini bosib olishi zarur edi. Shunday qilsa, fikrlarini bir joyga toʻplashi, muhim suhbatga tayyorlanishi osonroq koʻchadiganga oʻxshardi. Shuni oʻylashi bilanoq aʼzoyi badani muzlab ketardi. U oʻzi eshkak eshibgina kolmay, oʻgʻliga ham eshkak yoniga oʻtirishni buyurdi. Qayoqqadir suzishning hojati yoʻqligidan, bolaning oʻtirishidan ham hojat yoʻq edi. Bola zilday va ancha katta boʻlgan dengiz eshkaklarini qiynalib eshar edi. U bitta eshkakni eplay olishi mumkin edi, ammo bir juft eshkakni aylantirish hali ogʻirlik qilardi. Ustiga-ustak, Emrayinning oʻzi ham, bolasi ham ancha madordan qolgandi. Xuddi shuning uchun ham ota ishni tezlatishga majbur edi. Vaqt oʻtib borar, vaqt tugab borardi.

Kirisk indamas, ogʻir eshkaklarning birini bogʻdan, birini togʻdan qilib aylantirar, ularga qaramasdi ham. Ammo Emrayin bunga eʼtibor bermas, uni boshqa narsa qiynardi. Oʻgʻliga, mana shu mushfiq goʻdaklarcha nimjon, himoyasiz jussaga razm solarkan, yuragi qonga toʻlganini hozirgina his etdi. Boshqa iloji boʻlmasa-da, gap boshlashga ham jazm qilolmasdi…

Tuman borgan sari quyuqlashib borar edi. Emrayin ogʻir oʻyga botib, hamon qayiq haydar, uning chindan ham vaqt-soati yaqinlashib kolgan edi. U oʻziga-oʻzi qancha dalda bermasin, tabiatan qanchalik baquvvat boʻlmasin, bari bir tashnalik hamda ochlik uning sillasini quritib, yemirib borardi. U koʻngilsiz gapni aytish uchun oʻgʻlini tayyorlashga ulgurishi, kuchdan ketib qolmasdan, irodasi hali oʻz qoʻlida ekanligida bolasiga shu gapni tushuntirib qoʻyishi zarur edi.

Oʻrxon hamda Milxunlardan soʻng u ham qayiqni tark etishga majbur ekanligini sezib oʻtirardi. Oʻgʻlining hayotini saqlab qololmagan taqdirda ham, har holda, umrini salga boʻlsayam uzaytirishi mumkin edi. Bochkacha tubidagi suv qanchaga yetsa, oʻgʻlining umrini shunchaga uzaytirishning birdan-bir iloji shu ekanligini Emrayin tushunardi.

Tuman shu bugun kechasimi yo ertaga tarqaladimi, taxmin qilolmas, mabodo ertami-kechmi ob-havo joʻnashib ketgan taqdirda ham oʻgʻlining holi ne kechadi, u dengizda yolgʻiz oʻzi qolib ketib, jon saqlab najot topa oladimi, yoʻqmi – buni mutlaqo bilmasdi. Bu savolga javob yoʻq edi. Agar dengizda havo ochilib ketgudek boʻlsa, oq tanli odamlarning katta qayigʻi tasodifan uchrab qolarmikin, deb umid bogʻlar edi. Ammo shunday boʻladi, deb oʻzini-oʻzi ishontirishga har qancha urinsa-da, bari bir bu – umuman, amalga oshmaydigan umid edi. Aytishlaricha, oq tanli kishilar qirgʻoqlardan ancha olislardagi okean orqali suzib oʻtishib, shu suvlarda ahyon-ahyonda paydo boʻlib qolisharkan. Oʻzlarining qandaydir ishlari bilan allaqanday olis yurtlardan yana allaqanday olis yurtlarga suzib borishar ekan. Buni Emrayin bilardi. Oʻzi ular bilan hech qachon uchrashmagan boʻlsa-da, bu haqda bilimdon savdogarlardan eshitgandi. Ularning baʼzilari esa goʻyoki oq tanlilarning togʻdek ulkan qayiqlarida suzishgan ham emishlar. Moʻjiza yuz berib, yoʻllar toʻqnashib, oq tanli odamlar okeandagi moʻjazgina oʻyma qayiqni koʻrib qolsalar koshkiydi! Buning amalga oshishiga deyarli umid qilib boʻlmasdi. Biroq shunday boʻlsa-da, umidsiz shayton degandek, birgina shu fikr ularga tasalli berib turardi, xolos.

Emrayin oʻgʻlini tashlab ketishdan avval unga xuddi shu haqda gapirmoqchi edi. Kiriskni shu gapga ishontirish kerak, toki bola soʻnggi nafasigacha, aql-hushdan ayrilmaguncha qayiqda qolsin. Agar suv tugab, ajali yetgudek boʻlsa, u qayiqda oʻlsin, toki Oʻrxon oqsoqol, Milxun va endi shaylangan otasi kabi dengizga oʻzini tashlashga majbur boʻlmasin. Boshqa yoʻl qolmagandi. Shafqatsiz taqdirga tan berishdan boshqa iloji yoʻq edi… Ammo oʻn bir yashar bola quyuq tuman ichida, hadsiz-hududsiz dengizda butun olam bilan yuzma-yuz kolib, tashnalik va ochlikdan asta-sekin oʻlib ketishini oʻylaganida Emrayinning yuragi orqasiga tortib ketardi. Mana shunisiga u aslo rozi boʻlolmas, hammadan ham shunisi ezib yuborardi. Shunda u: “Oʻgʻlimni yolgʻiz qoldirib ketolmayman, u bilan birga oʻlganim maʼqul”, degan fikrga ham borganligini payqab qolardi…

Tez orada hammayoqni yana zim-ziyo zulmat qopladi. Tumanli tunning qop-qora zulmati dengizni yana qamrab oldi. Kunduzi tuman ichida biror yoqqa suzishdan maʼni chiqmaganidek, tunda suzish bundan ham bemaʼniroq ish edi. Qayiq bir joyda ohista chayqalib turardi. Havo oʻzgarishidan darak beruvchi hech qanday alomat koʻrinmasdi. Hayhotday huvillagan dengizdan boshqa hech narsa yoʻq edi.

Ota-bola kechasi qayiqning tubida joylashib olib, bir-biriga mahkam yopishib yotishardi. Tashnalik va ochlikdan azob chekib, har biri endi nima boʻlishini oʻylardi…

Kirisk otasi bilan yonma-yon yotarkan, otasi shu kunlarda juda ozib, holdan toyganini, jussasi kichrayib, zaiflashib qolganligini sezdi. Faqat uning soqoli avvalgidek qattiq botardi.

Otasiga yopishib, unga achinib, koʻz yoshlarini tiyolmay hiqillab yotgan bola ilgari oʻziga maʼlum boʻlmagan azaliy farzandlik mehrini tuydi. U ana shu his-tuygʻularni soʻz bilan ifoda eta olmasdi – bular uning qalbiga, qon-qoniga, yurak tepishiga singib ketgandi. Avvallari Kirisk hamisha otasiga oʻxshashligi bilan faxrlanar, unga taqlid kilar, otasidek boʻlishni koʻngliga tugib qoʻygandi. Endi esa bola shuni anglab oldiki, otasi – uning oʻzi, uning ibtidosi, oʻzi esa otasining davomi ekan. Shu boisdan ham u azob chekar, otasiga xuddi oʻziga achingandek achinar edi. Shuning uchun ham u koʻk sichqonchani chaqirib, oʻziga ham otasiga suv keltirib berishini oʻtinib soʻrardi:

 

Koʻk sichqoncha, bizga suv bergin!

Koʻk sichqoncha, bizga suv bergin!

 

Chidab boʻlmaydigan darajadagi tashnalik azobi soat sari ortayotgan boʻlsa ham ota oʻzi uchun suv tashvishini chekmasdi. Yurak-bagʻri yonib ichiga oʻt tushganday toʻlgʻanaverdi. Boshi gʻuvillab, koʻzi tinib, endi u Milxunning soʻnggi lahzalarda qanchalik azob chekkanini fahmladi. Biroq u bu haqda oʻylamasdi. Suvni oʻylashning, toʻyib suv ichish istagining endi maʼnosi yoʻq edi. Agar oʻgʻli bulmaganida, agar mana shu oxirgi zim-ziyo tunda pinjiga kirib olgan oʻgʻlini tashlab ketishga oʻzini majbur etolganida edi, u allaqachon soʻngsiz uqubatlarga chek qoʻygan boʻlardi. Mayli, oʻgʻlining najot topishiga hech qanday umidi boʻlmasa-da, har holda oʻgʻlining omon qolishi yoʻlidagi oxirgi chora deb, uning umri oz boʻlsa-da, uzaysin deb, oʻziyam sezmagan holda shunga intilardi, uning oxirgi umidi, istagi va aʼmoli shu edi. Xuddi shu maqsadda Emrayin qayiqni tezroq tark etishi zarur edi. Biroq yana oʻgʻlini deb bu ishga jazm etolmas, oʻgʻlini taqdir ixtiyoriga tashlab ketishga yuragi dov bermasdi. Imillash, ishni orqaga choʻzish esa undan ham xatarli edi. Negaki oʻz-oʻziga dalda berishi uchun zarur boʻlgan soʻnggi majoli ham qirqilib bormoqda edi.

Otasining umri tugab borardi…

Buni u oʻgʻliga qay yoʻsinda, qanday soʻzlar bilan tushuntirsa ekan? Sen tirik qolishing uchun tark etyapman seni, deb qanday ayta oladi?

 – Ota! – birdan shivirladi Kirisk goʻyo uning nimalarni oʻylab oʻtirganini payqagandek va otasiga yana ham mahkamroq yopishib, koʻk sichqonchaga yolvordi:

 

Koʻk sichqoncha, bizga suv bergin!

Koʻk sichqoncha, bizga suv bergin!

 

Emrayin tishini-tishiga bosib, alamdan ingrab yubordi-yu, ammo hech narsa deya olmadi. U fikran oʻgʻli bilan vidolashar, vidolashgan sari soʻnggi qadamga jazm etishga qiynalardi. Uning boshidan kechirgan butun hayoti bugungi kechaga muqaddima ekanligini Emrayin endi anglab yetgan edi.

Nazarida oʻz umrini oʻgʻli orqali uzaytirish uchungina dunyoga kelgan va xuddi shu boisdan ham halok boʻlayotgan edi. U oʻgʻli bilan unsiz vidolasharkan, shu haqda oʻylardi. Emrayin oʻzi uchun shuni kashf etdiki, u soʻnggi lahzalargacha umrini oʻgʻlida davom ettirish uchun yashapti. Agar u ilgari bu haqda oʻylamagan ekan, demak, oʻylashga sabab ham boʻlmagandir.

Avvallari ham shu fikr yashin kabi miyasidan lip etib oʻtib qolardi. Hozir shu fikr bilan bogʻliq bir voqea yodiga tushdi va bu fikrning maʼnisiga endi tushundi. Oʻshanda rahmatli Milxun va boshqa qabiladoshlari bilan birga oʻrmonda azim bir daraxtni kesishayotgan edilar. Daraxt qulay boshladi, xuddi shu payt u tasodifan ulkan daraxt agʻdarilayotgan tomonda turgan edi. Azamat daraxt yon-veridagi jamiki narsalarni bosib-yanchib agʻdarilayotgan edi. Shunda hamma baravariga baqirib yubordi:

 – Qoch!

Emrayin kutilmaganda oʻzini yoʻqotib qoʻydi, ammo endi kech edi: naq osmonu falakdan qasir-qusur etib shovullagancha yam-yashil oʻrmonning bir boʻlagini yuqoridan uzib olib agʻanayotgan daraxt asta-sekin naq uning ustiga yopirilib tushayotganini koʻrdi. U shu damda ham faqat birgina narsa – farzandi Kiriskni oʻylardi. Bolasi oʻsha kezlari hali norasida, peshonasiga bitgan yolgʻiz farzandi edi. Qizi Psulk hali dunyoga kelmagan edi, u shu lahzada ham shubhasiz oʻlim ostonasida faqat birgina narsani, oʻzidan keyin olamda qoladigan farzandi Kirisk ekanini oʻyladi. Boshqa narsalar toʻgʻrisida oʻylashga ulgurmadi ham. Daraxt yaprogʻi chang-toʻzon koʻtarib uning yonginasida dahshat solib quladi. Shunda hamma yengil tortib, qiyqirib yubordi. Emrayinning hech yeri shikastlanmay omon qolgan edi.

Hozir Emrayin shu voqeani eslab, oʻgʻlining dunyoga kelishi tufayli ham oʻzining shunday odam boʻlib yetishganini, hayotidagi eng ezgu va eng kuchli tuygʻu xuddi shu otalik tuygʻusi ekanligini angladi. Buning uchun u farzandlaridan va avvalo, Kiriskdan minnatdor edi. Emrayin Kiriskka xuddi shu haqda soʻzlab bermoqchi edi, lekin oʻgʻlini bezovta qilgisi kelmadi. Busiz ham bolaning ahvoli ogʻir edi…

Otasining umri oxirlab kolgan edi…

 

Koʻk sichqoncha, bizga suv bergin!..

Koʻk sichqoncha, bizga suv bergin!..

 

Otaning umri oxirlab qolgan edi.

Uning koʻzi qiymayotgan yana bir-ikki totli xotiralari qolgan edi, u bulardan umidini uzolmasdi. Garchi vaqt siquvga olayotgan boʻlsa-da, shularni yodiga tushirmasdan turib ajal quchogʻiga oʻzini tashlashi qiyin boʻldi. Endi u doimo yodida saqlab yurgan xotiralari bilan vidolasharkan, qayiqni tark etish vaqti kelganligini unutmadi…

U xotiniga dastlabki kunlardanok mehr qoʻygandi. Ajablanarlisi shunda ediki, xotini uyda oʻtirib oʻylagan narsalarni u ham dengizga chiqqan paytda oʻylagan boʻlardi. Ular birga yashayotgan dastlabki kunlardanoq shunday edi, U dengizga chiqqan vaqtida oʻylagan narsalarni xotini ham oʻylagan boʻlib chiqar, xotinining nima haqda oʻylaganini esa u ham bilardi… Olisdan bir-birlarining fikrlaridan bunday xabardorlikni ular sir tutishar, bu boshqalarga sir boʻlgan yaqinlik baxti edi.

Kirisk hali tugʻilmagan, ammo gumonining dastlabki alomatlari koʻrinib qolgandi. Bu alomatlar tasdiqlanishi ham, tasdiqlanmasligi ham mumkin edi. Emrayin dengizdan qaytib kelgan zahotiyoq xotinidan:

 – Oʻgʻil boʻladimi? – deb soʻradi.

 – Sekinroq, kinrlar eshitib kolishadi! – dedi qoʻrqib ketgan xotini va shu zahotiyoq koʻzlari xushbaxtlikdan porladi. – Qayoqdan bila qolding?

 – Oʻzing bugun shuni oʻylagansan. Oʻgʻil boʻlishini judayam xohlaysan, toʻgʻrimi?

 – Oʻzing-chi?

 – Sen nimani oʻylagan boʻlsang, men ham shuni oʻylashimni yaxshi bilasan-ku! Men ham xuddi shuni oʻylovdim.

 – Sen shuni oʻylaganing uchun men ham shu hakda oʻylaganman, oʻzing ham oʻgʻil boʻlishini judayam xohlaysan-ku, toʻgʻrimi?…

Shunday boʻldi. Oʻylaganlari toʻgʻri chiqdi… Kirisk hali tugʻilmagandi, biroq xotinining oy-kuni yaqinlashib qolgan edi. Yakin-orada xotinining koʻzi yorib qolishi mumkin edi. Oʻsha kunlari xotini uning eskirib, ming yamoq boʻlib ketgan charm sholvorini kiyib yurardi. “Sen ovga ketganingda, – derdi u, – erkak ruhi doim uyda boʻlsin deb shunday qilyapman, yoʻqsa, yangi mehmon yaxshi oʻsmay qoladi”. Oʻsha kezlari eski charm sholvorini kiyib yurgan xotini uning koʻziga juda chiroyli va juda jozibali koʻrinardi. Dunyoda eng chiroyli va eng jozibali ayol edi uning nazarida.

Ularni ota-ona qiladigan odam farzand edi-da. Farzandni oʻylashib yurgan kunlari ajoyib, tashvishli hamda masrur kunlar edi!

Nihoyat Kirisk tugʻildi…

Endi shu farzandi bilan, unga aloqador jamiki narsalar bilan vidolashuv payti keldi.

Yana esladi: Kirisk katta boʻlib qolganida, bir kuni onasining jahli chiqib, “Sen yoʻqligingda bunchalik qiynalmasdim”, dedi.

Bola juda xafa boʻlib ketdi.

Otasi dengizdan qaytib kelganida:

 – Men tugʻilmaganimda qayerdaydim? – deb soʻradi u xarxasha qilib. Rosa kulgi boʻldi… Er-xotin indashmasdi-yu, faqat koʻzlari kulib turardi. Ayniqsa, Emrayin javob berolmaganidan, nima qilishni bilmay dovdirab kolganidan, bola yoʻqligida qayerda ekanligini tushuntirib be-rolmaganidan xotini mazza qilib kulardi.

Endi esa ota oʻgʻliga: xali olamga kelmaganingda sen menda, mening qonimda, belimda eding, shu qon belimdan onangga oqib oʻtdi va sen menga oʻxshash boʻlib dunyoga kelding va hozir gʻoyib boʻlarkanman, senda qolaman, bolalaringning bolalarida qayta-qayta tugʻilaman, deb aytib bergan boʻlarmidi…

Ha, u shunday degan boʻlardi, oʻlimi oldidan xuddi shuni aytib ketsa, baxtiyor boʻlardi. Ammo endi hammasi tugayotgandi. Uning urugʻi dunyoda qolmayotgandi. Farzandining koʻpi bilan yana bir-ikki kunlik (bundan ortiq emas), umri qolganligini ota yaxshi bilardi. Uning nazarida eng dahshatli falokat va eng dahshatli baxtsizlik xuddi shunda edi – oʻgʻlini deb qayiqni tark etishida emas…

Emrayin pirovardida: “Umringning qolgan kunlari Oʻrxon bobo va aki-Milxunlarni minnatdor boʻlib yodga olib turgin”, deb oʻgʻliga tayinlagisi ham kelardi. Endi bu odamlar yoʻq, birorta odam ularni eslaydimi-yoʻqmi – ularga buning endi farqi yoʻq, ammo sen oʻzing uchun ularni dilingda saqlashing lozim. Hatto oʻlim oldidagi soʻnggi daqiqalarda ham oʻzing uchun ularni dilingda saqlashing kerak. Oʻlayotganingda ham yana shu odamlarni oʻzing uchun yodlab oʻlish kerak.

Ammo oʻylab-oʻylab, nihoyat, “bularga ehtimol, oʻgʻlimning aqli yetar”, degan qarorga keldi…

 

* * *

 

Kirisk uygʻonganida, oʻtgan tunlardagiga koʻra uncha sovqotmay uxlaganini sezdi. Ustiga otasining kamzuli yopib qoʻyilgandi. Bola koʻzini ochib, boshini koʻtardi – qayiqda otasi yoʻq edi. U qayiqni koʻzdan kechirib, birdan seskanib tushdi-da, dahshat bilan oʻkirib yigʻlab yubordi, tumanli dengizning kimsasiz sahrosini alamli qaygʻuga toʻldirdi. Uning umidsizlik va dard-alamga toʻla faryodi uzoq vaqtgacha tinmadi. U holdan toyguncha rosa yigʻladi, keyin xirillab, qayiq tubiga yiqildi va boshini qayiq devoriga ura boshladi. Bu faryod uning otalar oldidagi qarzi, uning mehr-muhabbati, uning qaygʻusi va marsiyasi edi.

Bola qayiqning tubida boshini koʻtarmay, koʻzlarini ochmay yotardi. Endi uning uchun umidvor boʻladigan hech narsa qolmagan, oʻzini qoʻyarga ham joy topolmasdi. Atrofni avvalgidek gʻira-shira tuman koplab olgan va faqat bu gal dengiz qayiqni turgan joyida uyoqdan-buyoqqa tebratib turardi.

Kirisk oʻzining uxlab qolganidan oʻkinib hoʻngrab yigʻlardi, uxlab qolmaganida otasiga tish-tirnogʻn bilan yopishib olib, uni qoʻyib yubormagan boʻlardi, ular birga oʻlib ketganlari, tashnalik va ochlik azobidan tezroq birga oʻlib ketganlari yaxshi boʻlardi. Shunda u bu dahshatli cheksizlikda tanho oʻzi qolib ketmagan boʻlardi. U kechasi qoʻqqisdan qayiq qattiq silkinib ketganini sezmay qolgani uchun, uygʻonmagani, oʻrnidan sakrab turib, qichqirmagani uchun oʻkinib-oʻkinib yigʻlardi. Otasining dengizga oʻzini tashlashiga yoʻl qoʻyarmidi? Undan koʻra, otasi bilan birga mana shu zim-ziyo girdobga oʻzini otsa boʻlmasmidi!

Bola xoʻrsinib-xoʻrsinib yigʻlab, aʼzoyi badani zir qaqshab, sekin-asta mudray boshladi. Ogʻir musibat qarshisida chekinib turgan tashnalik endi alamini olgandek yana yangi kuch bilan xuruj qila boshladi. U hatto tushida ham suvsizlikdan sillasi kurib, azob chekayotganini sezib yotardi. Tashnalik uni holdan toydirib azoblab, boʻgʻib tashlayotgan edi. Shunda u uyqusiraganicha bochkacha tomon sudralib borib, unga koʻl uzatganda tiqinning boʻshroq turganini va yonida choʻmich ham borligini koʻrib qoldi. U choʻmichga suv quyib, hech narsani oʻylamasdan qimtingan lablarini ochib, qaqrab ketgan tomoqlariga tiqilguncha sipqara boshladi. Suvdan yana quyib, yana ichgisi keldi, biroq oʻylanib turib, oʻzini tiya oldi. Suv oz-ozdan yana ikki marta ichishga yetardi, xolos…

Keyin u gʻamga botganicha, otasi uni nega indamay tashlab ketgani haqida oʻylay boshladi. Otasi bilan birga choʻkib ketish unga osonroq boʻlardi. Endi yolgʻizlik va dahshat uning qoʻl-oyoqlarini bogʻlab, chirmab tashlagan qayiqdan oʻzini suvga otishga yuragi betlamaydi… Bari bir u kuchini yigʻib olgach, oʻzini suvga tashlashga ahd kildi…

Kun yarimlab kolgan boʻlsa kerak, extimol, peshindan oshgandir. Tumanning ochilib borayotgan tusiga qarab, Kirisk shunday xulosaga keldi. Demak, quyosh tikkaga kelgan boʻlsa kerak. Biroq okean uzra muallaq turib qolgan Buyuk tuman qatlamini hali quyosh nurlari yorib oʻtolmasdi. Tuman siyraklashib, qurigan oʻtin tutuniga oʻxshab, koʻkish rangga kirib bormoqda edi. Ammo bari bir yigirma-oʻttiz chaqirim narida, atrofida chayqalib turgan qop-qora suvdan boshqa hech vaqoni koʻrib boʻlmasdi.

Suzib boradigan joyning oʻzi yoʻq edi, eshkaklarni ishga solishga ham quvvati yetmasdi. U otasi hamda Milxunning qayiq yondoriga batartib oʻrnatib qoʻyilgan eshkaklariga maʼyus nazar soldi. Qayiq endi tumanda oʻz holicha, nomaʼlum yoʻnalishda harakat qilib qalqib turardi. Hamma tomondan bolani yolgʻizlik qurshab olgan, atrofda yurakni muzlatib yuboruvchi mudhish bir dahshat hukmron edi.

Kechga borib yana hadeb suv ichgisi kelaverdi. Uning ochlik va zaiflikdan boshi aylanardi. Qimirlagisi ham, atrofiga oʻgirilib qaragisi ham kelmasdi. Qayoqqa ham qarardi, nimani ham koʻrardi. Hatto bochkacha yoniga yetib olish ham malol kelardi. U tizzalari bilan sal emakladi-da, holdan toyib toʻxtab qoldi. Kirisk hademay butunlay harakatsiz qolishiga koʻzi yetdi. U qoʻlini yuziga yaqin olib keldi-yu, koʻrqib ketdi: qoʻli burundiq bolasining qurigan terisidek ozib, kichrayib ketgandi.

Bu gal u keragidan ortiqroq suv ichdi. Endi bochkachaning eng tubidagina suv qolgandi, yana bir marta ichsa boʻldi, tugaydi. Suvdan bir qultum ham qolmaydi. Lekin endi bari bir emasmi. Ammo yana suv ichgisi, qonib-qonib suv ichgisi kelardi. Ochlik azobiga koʻnikdi-yu, qornidagi ogʻriq bosilmadi, aksincha tinchlik bermay sirqirab ogʻriy boshladi.

Bola necha bor hushidan ketib, necha bor oʻziga keldi. Qayiq oʻz holicha, u yerdan-bu yerga koʻchib, jonlanib kolgan oqimlarga ergashib, tumanda suza boshladi.

Bir payt u oʻzini dengizga tashlashga jiddiy qaror kildi. Ammo madori yetmadi. Tizzalab turib, qayiqning chetiga osilib qoldi. Qoʻllarini qayiqdan nariga choʻzdi, ammo oʻz tanasini qayiqdan uloqtirishga qurbi yetmay, osilganicha qoldi. Keyin esa shunchalik toliqdiki, bochkada qolgan suvni ichishga ham urinmay qoʻya qoldi.

U qayiq ichida qapishib yotgancha suv beruvchi sichqonchasini chaqirib unsiz yigʻlardi:

 

Koʻk sichqoncha, menga suv bergin!..

 

Biroq koʻk sichqondan darak yoʻq, u boʻlsa battar suv ichgisi kelaverdi. Shunda yana ariqda yalangʻoch boʻlib choʻmilishgan oʻsha kezlar yodiga tushdi. Oʻshanda u yetti yoshlardan oshmagandi. Oʻsha yili yoz issiq keldi. Oʻrmon yoqasida rosa kun qizdirardi. Bolalar oʻrmonda meva terishar, choʻmilishardi. Onasi ham, singlisi ham choʻmilishardi. Ular boladan unchalik uyalishmasdi. Ikkovlari yechinishdi, bugʻdoymagʻiz sonlari bilan suvni toʻlqinlatib, sachratib, kaftlarini siynalariga qoʻygancha buloqqa seskanib-seskanib tushishdi. Ular bir-biriga suv sepishib allaqanday baqirib-chaqirishardi. U esa ariq boʻylab chopib, balandlikdan oʻzini suvga tashlaganida ular, ayniqsa onasi rosa kulishgandi. “Qara, qara, – derdi onasi singlisiga, – judayam oʻxshaydi-ya, xuddi oʻzi-ya!” Ular shoʻx-shodon pichirlashib, xandon otib kulishib, yana allanimalar deyishardi… Adogʻi yoʻq jilgʻa suvi shitob bilan oqardi, undan toʻyib-toʻyib ichish va istagancha choʻmilish mumkin edi…

 

Koʻk sichqoncha, menga suv bergin!

 

U oʻzini yana oʻsha ariq boʻyida turgandek his qildi. Goʻyo u yana saraton jaziramasida choʻmilayotganmish. Mana, u qirgʻoq boʻylab yugurib keldi-da, oqimga oʻzini tashladi, ammo oqimning salqinligini sezmadi, U suv emas, qandaydir bir nomaʼlum narsa, suv desang suvga oʻxshamaydi, xuddi tumanning oʻzi. U tumanda choʻmilyapti. Bunaqa suvda eti jimirlashib ketyapti. Onasi boʻlsa kulmaydi, aksincha, yigʻlayapti, “Qara, kara, u judayam oʻxshaydi unga”, – deydi u kimgadir va yana yigʻlaydi, oʻksinib yigʻlaydi. Uning shoʻrtaʼm koʻz yoshlari bolaning yuziga oqib tushayotir…

 

* * *

 

Tunda Kirisk toʻlqinlarning chayqalishi va shovqinidan uygʻonib ketdi. Bola zaif chinqirib yubordi, u osmonga qarab, yulduzlarni koʻrdi! Shuncha kundan buyon birinchi marta yulduzlarni koʻrishi. Ular zim-ziyo osmonda, balandda, dengiz ustidan suzib oʻtayotgan bulutlar orasida porlab turardi. Hatto bir necha bor bulutlar orasidan shitob bilan suzib oʻtgan oyni ham koʻrdi.

Bola oʻzini yoʻqotib qoʻydi: yulduzlar, oy, shamol, toʻlqinlar – hayot, jonlanish boshlandi. Garchand tuman pardasi hali shundoq turgan boʻlsa-da, qayiq shunday qalin tuman orasidan oʻtganda hammayoq yana gʻira-shira zulmatga choʻksa-da, bu hol uzoq davom etmadi. Buyuk tuman qoʻzgʻalib, junbushga kelib, shamol va toʻlqinlardan chekinib, olamga tarqab, yoyilib borardi.

Bola koʻzlarida yosh bilan yulduzlarga boqardi. Eshkaklarni qoʻlga olishga madori yetmasdi, yulduzlarga qarab yoʻl topishni, qay tomonga qarab suzishni ham bilmasdi, qayerdaligini va kelajakda uni nima kutayotganini ham bilmasdi. Lekin u bari bir yugurik toʻlqinlarning shovqinini eshitayotganidan, shamol turib, qayiq toʻlqinlar uzra suzib borayotganidan xursand edi.

U sevinch va qaygʻudan, olam yorishganidan, dengiz jonlanib qolganidan yigʻlar, ichishga suvi va biron-bir yemishi boʻlganda edi, ehtimol u yana hayotni sevib qolgan boʻlardi. Ammo u, endi oʻrnidan turolmasligini, kuni bitganini, hademay tashnalikdan oʻlib ketishini sezib turardi…

Qayiq boʻlsa toʻlqinlar yuzalab tobora ildamroq suzib borardi. Qayiq rulsiz va eshkaklarsiz, oqim boʻylab suzib borardi. Dengiz uzra ufq arang koʻrinar, tun qorongʻiligi asta-sekin chekinib, tuman toʻdalari borgan sari kamayib borardi. Shuningdek, yoʻl-yoʻlakay u yer-bu yerda toʻplanib qolgan tuman toʻdalari ham siyraklasha boshladi. Endi avvalgiday sukunat hukm surmayotgan boʻlsa-da, qorongʻilik bolani zeriktira boshlagan edi. Endi tuman ichida qandaydir xayoliy mavjudotlar sassiz uchib yurganday tuyuldi unga. Ular paydo boʻlib, yana shamolda izsiz yoʻqolar, tumanni chok-chokidan soʻkib, har tomonga tarqatib borardi.

Bulutlar orasida oy paydo boʻlishi bilanoq dengiz yuzasi bir zum jimirlab, yarqirab ketar, soʻng yana soʻnib, yana jonlanardi. Bola ohista nur sochayotgan yulduzlarga boqib, oʻylay boshladi: “Ularning qay biri qoʻriqchi yulduz ekan? Qay biri atkichx Oʻrxonning, qaysi biri aki-Milxunning, qaysi biri otam – Emrayinning yulduzi ekan? Sizlar mutlaqo koʻrinmadingiz. Siz, yulduzlar ham, bizlarni tumanda koʻrolmasdingiz. Endi yakka oʻzim qoldim, qayoqqa suzib borayotganimni ham bilmayman. Ammo endi men qoʻrqmayman, negaki osmonda hammalaringizni koʻrib turibman. Faqat kimning yulduzi qayerdaligini bilmayman. Biroq bunday boʻlishiga sizlar aybdor emassizlar. Axir, siz bizni dengizda koʻrmagansiz. Buyuk tuman bizni yashirib turgan edi. Endi yolgʻiz oʻzimman. Ular boʻlsa suzib ketib qolishdi. Uchovlari ham ketib kolishdi. Ular sizni judayam yaxshi koʻrishardi. Sizni judayam kutishdi, qirgʻoqqa yoʻl topib borish uchun sizlarni koʻrishga judayam mushtoq boʻldilar. Yulduzlar hech qachon aldamaydi deb atkichx Oʻrxon aytardi, u menga yulduzlarga karab yoʻl topishni oʻrgatmoqchi edi… Biroq bunday boʻlishiga sizlar aybdor emassizlar. Mening ham kunim bitay deb qoldi, suvim ham qolmadi, tinka-madorim qurib, qayoqqa suzib borayotganimni ham bilmayman… Mening ozgina, judayam ozgina suvim qoldi, men uni hozir ichaman, endi chidolmayman, quvvatim qolmadi. Bugun qoq baliq solinadigan xaltamning bir boʻlagini chaynab koʻrdim. U tyulen terisidan tikilgan. Boshqa chidayolmayman, koʻnglim aynib, ichim agʻdar-toʻntar boʻlib ketyapti… Men hozir oxirgi suvni ichaman. Mabodo boshqa koʻrishish nasib boʻlmasa, yulduzlar, sizlarga bir gap aytay – atkichx Oʻrxon, aki-Milxun, otam Emrayin sizlarni juda yaxshi koʻrishardi. Mabodo ertalabgacha omon kolsam, keyin vidolashaman…”

Tez orada qayiq yana kalin tuman qatlami orasiga tushib qoldi. Yana hamma narsa koʻzdan gʻoyib boʻlib qoldi. Biroq qayiq avvalgiday shamolning kuchi bilan ilgarilab borardi. Kirisk uchun endi hech narsaning ahamiyati yoʻq edi. U butunlay aynib, sasib ketgan suvning soʻngi kultumini ichdi-yu, oʻsha joyda, boʻm-boʻsh bochka yonida, qayiq kuyrugʻida, odatda Oʻrxon bobo oʻtiradigan yerda yotib qoldi. U oʻlimga chogʻlangani uchun endi tumandan ham qoʻrqmasdi. Faqat yulduzlar koʻrinmay qolgandi-da, ular bilan vidolashishga ehtimol ulgurolmasam kerak, deb afsuslanardi… Ahvoli yomonlashgandan-yomonlashib borardi.

U hushsizlanib, alahsirab yotar, oradan qancha vaqt oʻtganini bilmasdi. Ehtimol tun yarimlab kolgandir, ehtimol, tong otib qolgandir? Bir nima deyish mushkul. Dengiz ustini shamolda uchgan tutun singari gʻira-shira tuman koplab olgan edi.

Peshonada bori boʻladi. Bola shu payt qushning ovozini eshitishi ham, eshitmasligi ham mumkin edi. Lekin u eshitdi. Birdan boshi ustida nimadir vizillab, qanotlarini shapillatib tumanda qayiqning ustidan pastlab uchib oʻtib ketganini sezib qoldi. Bola birdan sapchib tushdi va bir zumda bu – qush, qanotlarini keng yoyib uchayotgan katta kuchli bir qush ekanini koʻrishga ulguroldi.

 – Agukuk! – qichqirdi u. – Agukuk! – u qutb boyqushi qayoqqa uchib borayotganini koʻrishga ulgurdi, shamolning qayoqqa esayotganini eslab qolishga ulgurdi. Shamol chapdan, gardanining soʻl tarafidan, chap qulogʻining bir oz orqarogʻidan esardi!

 – Agukuk! – qichqirdi u qush uchib ketgan tomonga qarab qayiqni burgancha.

Kirisk rul eshkagiga mahkam yopishib olib, zoʻr berib tirishar, qolgan-qutgan kuchini arang jamlab, boshqa hech narsaga eʼtibor bermay faqat shamolning yoʻnalishini va qushning uchib ketgan tomonini yodda tutardi. Qutb boyqushi qayerdan qayoqqa uchayotganligi nomaʼlum edi. Oroldan qitʼagami yoki qitʼadan birorta orolgami – bilib boʻlmasdi. Ammo Kirisk Oʻrxon boboning hikoyasini esdan chiqarmagandi – bu qush dengiz ustidan faqat toʻgʻriga qarab uchadi. Agukuk – tunda va tumanda uchadigan eng kuchli qush. Endi Kirisk shu qush izidan borayotgan edi.

Qayiq boʻlsa toʻlqindan-toʻlqinga oshib oʻtardi. Shamol birday esmoqda edi. Tuman siyraklashib, tarqalib borar, osmonning chetlari bir oz yorishib bormoqda edi. Oldinda shundoqqina toʻgʻrisida esa lojuvard osmoni falakda yagona nurli bir yulduz balqib turardi. Kirisk yulduzning xuddi qayiq borayotgan tomonda turganligini payqadi. U yulduzni moʻljalga olib, oʻsha tarafga qarab borish lozimligini fahmladi, chunki agukuk xuddi shu tarafga qarab uchib ketgandi. Bola bu yulduzning nomini bilmasa ham endi u shu yulduzdan koʻzini uzmas va shamolning yoʻnalishini, uning kuchi va epkinini bilib turardi.

“Shamol, esaver, ketib qolma. Noming nima, bilmayman, atkichx Oʻrxon boʻlganida nomingni aytib berardi. Ammo sen menga aka boʻl. Ketib qolma, shamol, oʻzingni boshqa yoqqa olib qochma. Axir, sen qancha xohlasang, shuncha uzoq esaverasan-ku. Shamol, menga madad ber, ketib kolma. Men nomingni albatta bilib olaman, soʻng otingni aytib chaqiraman. Xohlasang, men seni Oʻrxon deb chaqirayin. Atkichxim – Oʻrxonning nomi bilan chaqirayin. Endi seni hamisha Oʻrxon shamol deb atayman. Sen ham meni tanib olasan…”

U hamroh shamolni ana shunday ardoqlab, toʻgʻri yoʻlga boshla, dilimga umid va ishonch ber, deb yalinib-yolvorardi. Koʻzlarini esa oʻzi intilayotgan yoʻlchi yulduzdan uzmasdi: “Seni yaxshi koʻraman, yulduzim, – derdi u yulduzga. – Sen juda baland va uzoqdasan. Sen oldindagi eng katta va goʻzal yulduzsan. Yolvoraman, ketib kolma, bir joyda toʻxtab tur, hech soʻnma. Sen tarafga suzib ketyapman. Sen tomonga agukuk uchib oʻtdi. U orol tomonga uchdimi yo qirgʻoq tomonga uchdimi, bilmadim. Orolga uchgan boʻlsa ham mayli, orolda oʻla qolay. Ketma, soʻnib qolma ey yulduz! Nomingni bilmayman, mendan xafa boʻlma! Nomingni bilishga ulgurolmadim. Nomingni menga otam Emrayin aytib bera olardi. Agar xoxlasang, seni otamning nomi bilan atayman, seni Emrayin yulduzi deyman. Osmonda paydo boʻlganingda sen bilan salomlashib, nomingni shivirlab aytaman. Sen esa menga madad ber, Emrayin yulduzi, barvaqt ketib, soʻnib qolma, bulut orasiga birdan yashirinib olma…”

U oʻzining yoʻlchi yulduziga shu soʻzlar bilan murojaat qilardi. U yana toʻlqinlarga yolvordi: “Toʻlqinlar, siz qayigʻimni haydab boryapsiz, siz hozir qanday yaxshisiz. Men sizlarni aki-Milxun toʻlqinlari, deb atayman. Siz agukuk uchgan tomonga ketyapsiz. Siz xohlagan tarafingizga yumalab keta olasiz-ku, axir. Aki-Milxun toʻlqinlari, ketib kolmang, yoʻldan adashmang. Men eshkak eshib suzib ketar edimku-ya, lekin butunlay holdan toyganman-da. Koʻrib turibsiz-ku, siz qayoqqa xohlasangiz, oʻsha yoqqa suzib ketyapman. Agar omon boʻlsam, hamisha yodimda tutaman: siz Oʻrxon shamoli esgan yoqqa, Emrayin yulduzi tomoniga suzyapsiz, aki-Milxunlar dengizda faqat yaxshilik kilishadi, deb hammaga aytaman! Menga madad bering, aki-milxunlar! Ketib qolmang, meni tashlab ketmang…”

 

* * *

 

Hamma yulduzlar orasida eng uzoq charaqlab turgani Emrayin yulduzi boʻldi. Tongga yaqin u osmonu falakda yolgʻiz oʻzi qoldi. Tongga yaqin u kuchli, sof bir nur bilan lovillab yonib turdi va subhidamning simobrang havosida asta-sekin soʻnib, yana ancha vaqtgacha osmonda nafis, oppoq nurday boʻlib turdi.

Mana shu zaylda tong ham otdi. Keyin dengiz uzra oftob chiqdi. Kirisk ham quvonib, ham qoʻrqib ketdi. Quyoshning chiqishidan quvonib ketgan boʻlsa, dengizning bepoyonligidan qoʻrqib ketdi. Oftob nurlarida jivirlab, moviy tovlanayotgan dengiz deyarli qop-qora tusga kirib, cheksizligidan koʻz ilgʻamas holga keldi. Bola rul eshkagiga jon-jahdi bilan yepishib olib, oʻzi eslab qolgan tomonga, shamolning yoʻnalishiga qarab suzishga harakat kilarli. Bu juda-juda mushkul edi…

U boshi aylanib, koʻzi tinib, hamma narsa chirpirak boʻlib ketganini eslay oldi, xolos…

Qayiq endi oʻz holicha suzib borardi…

 

* * *

 

Bola esini yigʻib oʻziga kelganida, quyosh osmonning narigi chetiga siljib ketgan edi. Kirisk titroq qoʻllarini olgʻa choʻzib, suyanganicha qayiqning quyrugʻidan bazoʻr qoʻzgʻaldi, boshi aylanishi oʻtib ketishini kutib, koʻzlarini yumganicha joyida qotib turdi. Keyin koʻzini ochdi. Qayiq toʻlqinlar osha suzib borardi. Dengiz yuzasidagi chayqalib turgan betinim suv tangachalari koʻz ilgʻagan joygacha jimirlab turardi. Kirisk oldinga nazar tashlab, koʻzlarini uqaladi va hangu mang boʻlib qoldi. Dengizning quyuq yashil oʻrkachida qarshidan unga qarab Olapar chopib kelardi! Buyuk Olapar!

Dengiz chetida kulrang – zangori tusdagi qoya shundoqqina koʻzga tashlanib turardi. Ammo quloqlariyu tepalarigacha oppoq boʻlib turadigan Olapar boshqa hamma qoyalardan koʻra baland boʻlib, uning etagidagi mudom borib-kelib, chayqalib turadigan toʻlqinlar ham aniq koʻrina boshladi. Havoda qirgʻoq boʻylab uchib yuradigan oqchorloqlarning tovushi xam quloqqa chalinardi. Eng avval bolani oqchorloqlar payqab kolishdi. Adashganlarga yoʻl koʻrsatish uchun tepalikning eng yuqorisida tunda yoqilgan oʻtning tutuni oʻrlab turardi…

 

Sohil boʻylab chopayotgan Olapar,

Yakka-yolgʻiz qaytmoqdaman yoningga –

Bobojonim Oʻrxonsiz,

Otajonim Emrayinsiz,

Ogʻajonim Milxunsiz,

Ular qayda qoldi, soʻragil mendan,

Faqat avval suv bergil, o, suv…

 

Bu Kiriskning oʻzi toʻqigan koʻshiqning dastlabki satrlari edi. Bu endi uning umrining oxirigacha aytadigan qoʻshiq boʻladi…

 

* * *

 

… Dengiz toʻlqinlari zulmat qoʻynida guvillab, oʻkirib, shiddat bilan qoyalarga kelib urilib, parchalanib ketardi. Dengiz hamlalarini qaytaraverib, tosh-metin boʻlib ketgan qirgʻoq xoʻrsinib, uf tortardi.

Olam olam boʻlib yaralgandan buyon, kun tundan tugʻilgan, tun kundan tugʻilgan zamonlardan buyon ahvol shu – ikki qudratli kuch oʻrtasidagi olishuv davom etadi: bundan buyon ham, kunu tun, tunu kun, toki yer bilan suv bor ekan, ular abadulabad shunday kurashaveradi…

Kunu tun, tunu kun…

 

* * *

 

… Shunday kechalardan yana biri oʻtdi…

Dengiz uzra Oʻrxon shamoli shovqin solar, dengizda aki-Milxun toʻlqinlari suzib yurar va yorishib kelayotgan osmoni falakning bir chetida Emrayinning nurli yulduzi charaqlab turardi.

… Yana yangi bir kun boshlanmoqda edi…

 

Ruschadan

Asil Rashidov va Mahkam Mahmudov

tarjimasi

 

Poytugʻ qishlogʻi.

1976 yilning dekabri

1977 yilning yanvari.

 

 


[1] Tyulenlar oilasiga mansub dengiz hayvoni.

[2] Miltiq.

[3] Sheʼrlarni shoir Azim Suyun tarjima qilgan.

[4] Atkichx – nivxcha “bobo” degani.

[5] Kurng – nivxlarning oliy tangrisi.

[6] Aki – aka maʼnosida.

[7] Tlangi-la – dengizda janubi-sharqdan esadigan kuchli izgʻirin shamol.

[8] Xana – qani, boʻl tezroq maʼnosida.

[9] Agukuk – qutb boyqushi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/sohil-yoqalab-chopayotgan-olapar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x