Shoshlik muhaddislar faoliyatidan


Post Views:
324

Toshkent shahri va vohasi O‘rta Osiyodagi ko‘hna o‘lkalardan bo‘lib, uning tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, «O‘zining ko‘p ming yillik tarixi davomida Buyuk Ipak yo‘lidagi bu shahar kommunikatsiya jihatidan Mag‘ribu Mashriqni, janub va shimolni tom ma’noda bog‘lovchi muhim manzil, Turon, Turkiston, O‘rta Osiyo zaminidagi buyuk markaz sifatida ma’lum va mashhurdir»[1]. Shuning uchun Toshkent vohasi tarixi qadimdanoq ko‘plab tarixchilar[2], sharqshunoslar[3], geograflar[4], tadqiqotchilar[5] e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelgan.

Chirchiq daryosining serunum va obod markaziy qismiga joylashgan Toshkent O‘rta Osiyoda qad ko‘targan qadimiy shaharlardan biri bo‘lib, u ikki ming yildan ortiq tarixga ega. Toshkent shahri o‘zining shu yigirma asrlik o‘tmishi davomida tashqi bosqinchilarga qarshi olib borilgan ne-ne jangu jadallarni va ne-ne o‘zaro qonli urushlaru qo‘zg‘olonlarni ko‘rmadi. Shahar necha bor vayron bo‘ldi, yana qayta-qayta qad ko‘tardi. U necha bor tiklanibgina qolmay, uning nomi ham bir necha marta o‘zgardi[6]. Toshkentning ko‘hna nomlariga doir masalalar fanda turli soha olimlari tomonidan o‘rganilgan va aniqliklar kiritilgan.

O‘rta Osiyodagi Xorazm, So‘g‘d, Farg‘ona, Shosh vohasi va boshqa shaharlar G‘arb bilan Sharqdagi mamlakatlarni bir-biriga bog‘lovchi Buyuk Ipak yo‘lida joylashganligi ma’lum. Shuning uchun ular madaniy jihatdan birmuncha rivojlangan o‘lkalardan sanalgan. O‘z navbatida, ko‘hna Shosh (ayrim manbalarda Choch deb yuritiladi) ham O‘rta Osiyodagi yirik madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan.

Ma’lumki, Shosh vohasi tarixi va madaniyatining qadimgi davrlariga oid bir qator izlanishlar arxeolog va tarixchi olimlar tomonidan olib borilgan. O‘zbekistonlik olim va tadqiqotchilarning izlanishlari natijalari qator ilmiy-ommabop adabiyotlarda o‘z aksini topgan[7].

Shosh vohasi arxeologiyasi va topografiyasi hamda uning islomgacha bo‘lgan davri tarixi, madaniyatiga doir masalalar o‘rganilgan. Biz o‘rta asr arab manbalari bilan ishlashda X—XII asrlar voha ma’naviy-madaniy muhitining ayrim jihatlari, ya’ni ba’zi shoir va tabiblar faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Bu davrda Shoshda islom ilmlari bilan bir qatorda, tabiiy, ijtimoiy fanlar ham rivoj topgan. Voha ilm-fan taraqqiyotida islom madaniyatining ahamiyati beqiyos.

YAqin Sharqda arab davlati — xalifalikning vujudga kelishi hamda islom dinining qator mintaqa va mamlakatlarga tarqalishi natijasida musulmon o‘lkalari o‘rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalar rivojlana boshladi.

Madaniyatimiz taraqqiyotida o‘rta asrlar (IX-XII) katta rol o‘ynadi. Bu davr O‘rta Osiyo xalqlarini dunyo madaniyatida mashhur qildi. Shuningdek, «madaniyat namunalari bilan almashuv, o‘zaro ma’naviy ta’sir kuchaydi. Qadimgi hind, eron, arab, yunon madaniy boyliklari qorishib, adabiyotlarda «musulmon madaniyati» deb nom olgan yangi madaniy qatlam vujudga keldi»[8].

O‘rta Osiyoda musulmon madaniyati bilan bir qatorda ilm-fan ham rivojlandi. Bunga esa Movarounnahrning Xuroson, Hindiston, Xitoy, arab mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalari yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi asosiy omillardan bo‘ldi. Mashhur geograf olim Ibn Xurdodbeh o‘zining «Kitab al-masalik val-mamalik» («Mamlakatlar va yo‘llar to‘g‘risida kitob») asarida Movarounnahr va Xurosondagi ko‘plab shaharlar hamda Hindiston, Xitoy, Eron kabi o‘lkalarni bog‘lovchi bir necha yirik savdo yo‘llari, ularning masofasi va ahamiyati haqida ma’lumotlar keltirgan[9].

Akademik M.Xayrullayev yozganidek, islom madaniyati adabiyot, san’at, fan, falsafa, axloq, urf-odat, ta’lim tarbiya kabilarning barchasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. O‘rta Osiyo xalqlarining boy madaniy an’analari nafaqat bu yerdagi, balki boshqa muzofotlardagi musulmon madaniyati rivojiga ham katta ta’sir ko‘rsatdi.

Ayrim manbalarda yurtimizda, umuman, O‘rta Osiyodagi madaniyat rivojini islom dini bilan bog‘lash odati mavjud. Aslida esa, «ming yillar davomida jahon savdo yo‘llar chorrahasi — Markaziy Osiyo mintaqasida o‘ziga xos boy madaniyat mavjud bo‘lgan. O‘rta asrlarda ilg‘or madaniyat, ilm-fan xuddi aynan Markaziy Osiyo hududida rivojlanishi va keyinchalik Bag‘dod akademiyasining shakllanishida hal qiluvchi rol o‘ynagani tabiiy holdir»[10].

O‘rta asrdagi sayyohlar, olimlar va muarrixlar X—XII asrlarda O‘rta Osiyo Sharqdagi boshqa mamlakat va o‘lkalar ichida ham iqtisodiy, ham siyosiy, ham madaniy jihatdan rivojlangan mintaqa bo‘lganligini e’tirof etishgan.

Ma’lumki, IX—XII asrlarda Movarounnahr butun musulmon olamida ilmiy-madaniy jihatdan eng rivoj topgan o‘lka sifatida mashhur bo‘lib, bu yerda qadimiy an’analar bilan arab, fors, qisman hind hamda qadimgi yunon ilmiy-madaniy an’analari qorishuvi asosida islomiy, falsafiy va tabiiy ilmlar — astronomiya, matematika, tibbiyot, kimyo dorishunoslik, jug‘rofiya kabilar rivoj topdi.

Darhaqiqat, o‘sha davrlarda Sharqda islom ilmlari bilan bir qatorda ijtimoiy, tabiiy fanlar ham rivojlangan. Bu haqda shveysariyalik mashhur sharqshunos Adam Mets[11]ning «Musulmon renessansi» asaridan ma’lumotlarni olish mumkin. Mazkur asar IX—X asrlarda musulmon sharqida yuz bergan madaniy rivojlanishning tarixiga bag‘ishlangan. Umuman olganda, u IX—X asrlardagi Sharq fani va madaniyatini yorituvchi noyob qomus hisoblanadi. Shuningdek, amerikalik mashhur fan tarixchisi Jorj Sartonning «Fan tarixiga kirish» nomli fundamental ishi qimmatli ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgani barcha mutaxassislarga ma’lum va u fan tarixi bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchilar uchun foydali asarlardan biri sanaladi.

IX—XI asr musulmon madaniyatidagi umumiy madaniy yuksalish Movarounnahr va Xuroson olimlari ijodida o‘zining yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. Ellinistik davrning oxirlarida fan va madaniyat o‘chog‘i Misrning Iskandariya shahriga to‘g‘ri kelsa, musulmon madaniyatining «oltin davri» hisoblangan IX-XI asrlarda fan va madaniyat rivoji Xuroson hamda Amudaryoning ortidagi o‘lka — Movarounnahrga yoki zamonaviy istilohbilan aytganda, O‘rta Osiyoga ko‘chib o‘tdi.

O‘sha davrlarda O‘rta Osiyodan Muhammad al-Xorazmiy (783— 850), Ahmad al-Farg‘oniy (tax. 798—865), Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy (810—870), Muhammad at-Termiziy (824— 892), Abu Nasr al-Forobiy (873—950), Abu Rayhon al-Beruniy (973-1048), Ibn Sino (980-1037), Mahmud az-Zamaxshariy (1075—1144) kabi yirik allomalar yetishib chiqdiki, ularning benazir aql-zakovati ona-zamin dovrug‘ini olamga yoydi…[12]

Movarounnahr nafaqat o‘zining ilmiy salohiyati, balki moddiy ne’matlarga boyligi, iqtisodiy quvvati bilan rivojlanganligi tarixiy manbalarda e’tirof etilgan. Jumladan, mashhur geograf olim Istaxriy (vaf. 957) shunday yozadi: «Movarounnahr islom olamidagi eng boy mintaqa hisoblanadi… Bu yerda kishilar yiliga bir necha marta hosil oladilar va agar qurg‘oqchilik bo‘lsa, ularning yig‘ib olgan mahsulotlari yana bir-ikki yilga yetadi. Sug‘d, Ustrushona, Farg‘ona, Shosh va boshqa hududlarda mevalar shunchalar ko‘pki, ular bilan hattoki, jonivorlar boqiladi»[13].

Shunday qilib, X—XII asrlarda Buxoro, Samarqand, Nasaf, Termiz, Xiva, Shosh va boshqa shaharlar butun musulmon Sharqidagi madaniy markazlar qatorida mashhur bo‘lgan. Shoshda ham adabiyot, tilshunoslik, mantiq fanlari bilan bir qatorda hadis, fiqh ilmlari ham rivojlangan.

Ko‘hna Shoshda hadis ilmi rivojlangan va bu yerdan yetishib chiqqan muhaddislar nafaqat Shosh vohasida, balki islom dunyosining turli markazlarida ilmiy faoliyat olib borishgan va shuhrat qozonishgan.

O‘z navbatida, Shosh vohasida hadis ilmining rivojlanishida o‘rta asrlardagi an’anaga muvofiq Samarqand, Buxoro, Xiva, Nasaf, Termiz, Marv kabi turli shaharlardagi madrasalarda faoliyat ko‘rsatgan olimlar o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik muhim ahamiyat kasb etgan.

Imom Abdulloh ibn Abu Avona Shoshiy, Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Homid Shoshiy, Abu Sa’id Iso ibn Solim Shoshiy, Abu Muhammad Ja’far ibn Shuayb Shoshiy, Abu Ishoq Ibrohim ibn Xuzaym Shoshiy, Abu Ali Hasan ibn Sohib ibn Hamid Hofiz Shoshiy, Abullays Nasr ibn Hasan ibn Qosim Shoshiy Tunkatiy, Abu Ishoq Ibrohim ibn Xuzaym ibn Qumayr ibn Hoqon Shoshiy kabi ko‘plab muhaddislar islom dunyosining turli shaharlaridagi madrasalarda hadis ilmidan saboq berishgani, kutubxonalarda turli diniy bilimlarning ayrim masalalari bo‘yicha munozaralar o‘tkazilgani arab manbalarida zikr etilgan.

Xususan, marvlik yirik muarrix Abu Sa’d Sam’oniy (1113—1167) «Ansob» («Nasabnoma») asarida Toshkentni «Sayxun daryosi ortidagi, turklar bilan chegaradosh shahar bo‘lib, u «Shosh» deb ataladi» deya ta’riflagan. Shuningdek, Sam’oniy bu yerdan ko‘plab imomlar yetishib chiqqanligi, Abdulloh ibn Avona Shoshiy shular jumlasidan ekanini birinchilar qatorida qayd etgan. Imom Abdulloh ibn Abu Avona Shoshiydan buyuk muhaddis Imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriy, Ja’far ibn Muhammad Firyobiy va boshqalar hadis ilmidan ta’lim olishgan. Uning jiyani Abu Ali Fazl ibn Abbos Shoshiy ilm talabida Marv va Iroqda bo‘lib, Ali ibn Hojar, Ahmad ibn Hanbaldan hadis ilmini o‘rgangan. Abu Ali Fazl ibn Abbos Shoshiydan Shosh ahli ta’lim olgan. U 899 yilda vafot etgan.

Mashhur tarixchi Abu Bakr Xatib Bag‘dodiy (vaf. 1071) o‘zining “Tarixi Bag‘dod” kitobida yozishicha, Abu Sa’id Iso ibn Solim Shoshiy Bag‘dodga kelib, ulug‘ muhaddis va faqih Abdulloh ibn Muborak rivoyat qilgan hadislarni yozib olgan. Shoshlik muhaddisdan sunniy mazhab asoschilaridan biri Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal, mashhur olim Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdulaziz Bag‘aviy va boshqalar hadis rivoyat qilishgan.

Ko‘rinib turibdiki, Shosh vohasida hadis ilmi rivojlangan. Vohada yashab, faoliyat ko‘rsatgan muhaddislar nafaqat yurtimizda, balki turli Sharq mamlakatlarida ham shuhrat qozongan.

[1] Karimov I.A. Poytaxtimiz — muqaddas ostonamiz // Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot — pirovard maqsadimiz. -T.: O‘zbekiston, 2000. 8-jild. -B. 293

[2] Masson M.Ye. Proshloye Tashkenta: Arxeologo-topograficheskiy i istoriko-arxitekturnsh ocherk // Izvestiye AN UzSSR. -T., № 2. -S. 106-107; Drevnosti Tashkenta / Otv. red. Ya.G.Gulyamov. -T.: Fan, 1976. -S. 131

[3] Bartold V.V. Tashkent // Sochineniya: V 9-ti t. -Moskva, 1965. -T.Z. -S. 499-502

[4] Muhammad Solih. Tarixi jadidayi Toshkand (Toshkentning yangi tarixi). Ikki jild. O‘zR FA Sharqshunoslik instituti. Qo‘lyozmalar fondi. Inv. № 7791; Yana qarang: Hasanov H. Sayyoh olimlar. -T.: O‘zbekiston, 1981

[5] Dobrosmtslov A.I. Tashkent v proshlom i nastoyashem. -T., 1912; Shoniyozov K.Sh. Toshkentning tarixiy toponomiyasi haqnda. O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar. -1982. -№ 7; Sodiqova N.S., Buryakov Yu.F. Qadimgi va hozirgi Toshkent. -T.: Fan, 1965. -B. 68.; Muhammadjonov A. Qadimgi Toshkent (tarixiy va arxeologik lavhalar). -T.: Sharq, 2002

[6] Qarang: Muhammadjonov A. Qadimgi Toshkent (tarixiy va arxeologik lavhalar). -T.: Sharq, 2002. -B. 3

[7] Qarang: Drevniy Tashkent / Pod. red. I.Axrarova. -T.: Fan, 1973. -144 s; U istokov drevney kulturы Tashkenta. -T.: Fan, 1982. -199 s; Buryakov Yu. F., Qosimov M. R., Rostovsev O.M. Toshkent oblastining arxeologik yodgorliklari. -T.: Fan, 1975. -120 b.; Buryakov Yu.F. Toshkent vohasining qadimiy karvon yo‘llari. -T.: Fan, 1978. -94 b.; Drevnosti Tashkenta/ Otv. red. Ya.G.Gulyamov. -T.: Fan, 1976. -131 s; Mukminova R.G. O‘zbekistonning o‘rta asr shaharlari tarixidan lavhalar. -T.: O‘zbekiston, 1973. -20 b.; Mukminova R.G., Filanovich M.I. Tashkent na perekrestke istorii. -T.: Fan, 2001.-116 s

[8] Xayrullayev M.M. O‘rta Osiyoda ilk uyg‘onish davri madaniyati. -T.: Fan, 1994. -B. 11

[9] Qarang: Ibn Xordadbek. Kniga putey i stran. -Baku, 1986. -S. 63—66

[10] Sulaymonova F. Sharq va G‘arb. -B. 194

[11] Qarang: Mets Adam. Musulmanskiy renessans / Per. s nemetsk., predisloviye, ukazateli D.Ya.Bertelsa. -M.: 1977. -474 s

[12] Abduhalimov B.A. «Bayt al-hikma» va O‘rta Osiyo olimlarining Bag‘doddagi ilmiy faoliyati (IX—XI asrlarda aniq va tabiiy fanlar). -T.: Toshkent islom universiteti, 2004. -B. 8—9

[13] Abu Ishoq Ibrohim ibn Muhammad Forisiy Istaxriy. Kitob al-masalik val-mamalik. -Tehron, 1922. -B. 227—228

Ne’matullo MUHAMEDOV

SHOSH VOHASI OLIMLARINING ILMIY-MA’NAVIY MEROSI

«Toshkent islom universiteti» nashriyot-matbaa birlashmasi,
Toshkent — 2007

https://shosh.uz/uz/shoshlik-muhaddislar-faoliyatidan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x