Shoʻri ishqing boshima oxiyri savdo keltirar

Xurshidbonu NOTAVON

( XIX asr)

 

GʻAZALLAR

 

Oʻzini ishq oloviga urib dilshod parvona,

Ajab bir bora yonmoqdan oʻlur ozod, parvona.

Har oqshom koʻrdi majlisdaki, shamʼ agʻyorga yordur,

Shu vajdan kasbi soʻzonlik qilur bunyod parvona.

Senga ey shamʼ, malomat qildilar maʼshuq oldinda,

Agarchi xirmani umring boʻlur barbod, parvona!

Dema, maʼshuqa beparvo, u shamʼga yuz malomatdan

Uzib jon tasbeh yangligʻ, vafodan shod parvona.

Bilib shamning vafosin, jismu jonin oʻt aro otdi,

Gʻami hijron dami vuslatda etdi yod parvona.

Jafoi hajridan jongʻa yetib, shavqi visol birla

Erib shamʼ gulxanida, etmadi faryod parvona.

Yonar chun Notavon xasta mudom ishqning olovida,

Sabur oʻl, ayla odat shevai ustod, parvona!

 

* * *

Bu dardim bilguvchi yoʻqdir bu holatda, bu holatda,

Dilimda hasratim koʻpdir bu furqatda, bu furqatda.

Nechun ahvolimi bilmas, u mohi mehribon kelmas,

Nechun dodimga evrilmas bu muddatda, bu muddatda.

Ketubdir toqatim tizdan, tamom soʻndi ziyo koʻzda,

Nechun koʻngil uzur bizdan bu gʻurbatda, bu gʻurbatda!

Degil yori vafodora, lutf etmasin u agʻyora,

Karam qilsin mani zora bu xiffatda, bu xiffatda!

Yiqarman charxi osmonni, buzarman yeru vayronni,

Yoʻliga tikmisham jonni, bu mehnatda, bu mehnatda.

Koʻzimda intizorim bor, dilimda iztirobim bor,

Raqiblar yor, men agʻyor bu gʻaflatda, bu gʻaflatda.

Vatandin mosuvo boʻldim, soʻrogʻingda ado boʻldim,

Shirin jonim uvol boʻldi bu hasratda, bu hasratda.

Meni tashlab firoqingda, hamisha ishtiyoqingda,

Umrning shomi chogʻinda bu usratda, bu usratda.

Adashdim hajr togʻinda, bukildim gʻam yotogʻinda,

Xayol husning soʻrogʻinda bu soatda, bu soatda.

Hushim ul yor ila ketmish, yuragim ishq oʻti olmish,

Vujud ham Notavon qolmish bu zillatda, bu zillatda.

 

* * *

Koʻngil qonin koʻzumdan novaki gʻamzang ravon aylar,

Masaldur mardum ichra: “Mast oʻlan albatta qon aylar!”

Koʻngil, bilkim, u chashmi mast oʻlub aslo xato etmas,

Sira yoʻq shubha gar qon etmak oʻlsa, qonga-qon aylar.

Agar qoshu koʻzing qahr aylasa, ey, mohi nav, bir dam

Koʻngulda fitnalar paydo boʻlur, har dam figʻon aylar.

Nihoniy boqmogʻingdan iztirobi koʻnglum afzundur,

Na jodudirki, har on kashfi asrori nihon aylar?

Uchib murgʻi dilim qoʻnmish sari zulfi parishona,

Balo sarmanzilinda, koʻr, na gʻofil oshyon aylar?

Yuzing girdida zulfing kufra mengzar, tutdi imonni,

Haram ahlini kim bundoq ganjga posbon aylar?

Sabo zulfing nasimin gar taratsa vodiyi Chinga,

Xoʻtan sahrosini mushkin etib, anbarfishon aylar.

Raqibim koʻrmasin bir qatra, yo rab, jomi ishratdan,

Ki, mandin besabab ul mastu shoʻxi sargaron aylar.

Degaylar: dardi ishqing odam oʻldirmas, bu koʻp sozdur

Va lekin amr aylar, men kabi zor Notavon aylar!

 

* * *

Shoʻri ishqing boshima oxiyri savdo keltirar,

Bu mushaxxasdiki, ishq oshiqqa gʻavgʻo keltirar.

Tori zulfingdur meni boʻyla giriftor aylagan,

Neki kelsa boshima, zulfi mutarro keltirar.

Qoshu koʻz, novaklaring chun fitnakashlar bir boʻlib,

 

Oʻq otib, tigʻlar chekib, har biri daʼvo keltirar.

Gul yuzing koʻrmak agar mumkin oʻlurdi bir nafas,

Har safar koʻrmak uni nuri mujallo keltirar.

Koʻnglimi gʻorat etur onchaki zulfing torlari,

Rumgʻa misli habashi lashkari yagʻmo keltirar.

Vaslidan oʻzga murod yoʻq borsa oshiq koʻyiga,

Bilki, Majnunni biyobon mehri Laylo keltirar.

Oʻylama, Yusufni Yoqub yuzini takror koʻrar,

Koʻz bogʻlab kirsa bozorga, Zulayho keltirar.

Misr bozorida Yusufni Zulayho oldi naqd,

Naqdi jon oshiq uchun qoʻlda muhayyo keltirar.

Sidqi qalb birlan nisor etmish eding jon naqdini,

Notavon bul kun xabar: qatlingga farmo keltirar.

 

* * *

Sahargoh nogahon koʻrdim dili zorim nihon yigʻlar,

Sirishki ol ila har dam chekar ohu figʻon, yigʻlar.

Savol berdim: ne boisdur falakka yetdi afgʻoning,

Toʻkar xuni jigar chashming, oqar har yon ravon, yigʻlar?

Koʻngil ogoh oʻlub mendan, dedi: – Bodi sabodan soʻr!

Sarosima qolib oshiq, chekar oh, alʼamon yigʻlar.

Sabodin soʻrdim ahvoliniki, ey har nedan ogoh,

Ne voqedur, kuni qora boʻlib dil notavon yigʻlar?

Mudom bodi sabo, koʻrdim, base dilgiru nolondur,

Takallum yoʻq bayon etsa, qolibdur bezabon, yigʻlar!

Tutilmish nutqi guftori, dedi: – ey, Notavon xasta,

Nechuk sharh aylayin holimki, jumla insu jon yigʻlar!

 

* * *

Kezardim bogʻu gulshanni, parishon hol ila, koʻrdim:

Urib bodi xazon, sarvin quritmish, bogʻbon yigʻlar.

Tilim tanglayda qotdiyu tarahhum etdim ahvoli,

Koʻzimga tor oʻlib dunyo, damodam jismu jon yigʻlar.

Falak toʻfoni sindursa agarda gul butogʻini,

Ki, payhon oʻlsa gul bargi, etar bulbul figʻon, yigʻlar!

Sorgʻardi ravnaqi gulshan, oʻchibdur ziynati bogʻning,

Ketib tobu tarovatdan, gul yigʻlar, gulsiton yigʻlar.

Yiqilsa charx toqidan, boʻlursa dahri dun vayron,

Bashar toqat topur qaydan, zaminu osmon yigʻlar!

Ilohi koʻrmasin koʻzlar, yomon kundir balo kunlar,

Gʻamu kulfat jafosidin jame piru juvon yigʻlar.

Adadsizdir gʻamim, sharhin bayon etmoq emas mumkin,

Yoz ey, mustavfai aʼlam, mudom ahli jahon yigʻlar!

 

* * *

Ey, guli savsan, seni bir notavon uzmish magar,

Bir mahi oliy maqoma bandivon uzmish magar?

Subhi sodiqda kirib kim bu qasrga beizn,

Tarsaki solmish yuziga bogʻbon, kezmish magar!

Chunki bu gulshanda sargardon kezgan behisob,

Shul sababkim posbonlar xush nishon tizmish magar?

 

Rangu boʻyingdan muzayyandir bisoti bazmi gul,

Xomayi naqqoshi qudrat gulsiton chizmish magar?

Bu qadar lutfu nazokatkim saning husningdadir,

Shavqu ilhom birla vasfing Notavon yozmish magar!

 

* * *

Kajravishdir bu davron, afsus,

Bevafodur jahonu jon, afsus!

Ne yomon dogʻ ekan farzand dogʻi,

Boshima tushdi imtihon, afsus.

Koʻzim qoldi yoʻlida qon yigʻlab,

Boʻldi ul marduming nihon, afsus.

Nomehribon oʻldi ul menga,

Boʻldi xok ila mehribon, afsus.

Koʻzim nuri, ey hosili jonim,

Chekarman sensiz alʼamon, afsus.

Seni lab tashna yod qilganimda,

Koʻzim yoshi joʻydek ravon, afsus.

Yiqildi sarv qadding yer parchin,

Senga tol boʻldi soyabon, afsus!

Izzatu johu davlat ichra seni

Koʻrmadim aslo komron, afsus.

Xijil sendin umed, orzu, havaslar,

Boʻlmading hech shodumon, afsus.

Seni ogʻushladi muzday qaro yer,

Mening kuydi dilimda qon, afsus.

Ajal yuldi aning tar gʻunchasini,

Qoldi sargashta Notavon, afsus.

 

* * *

Yana, yorab, ne gʻamgindur manim bu shod oʻlan koʻnglum,

Ramuzi ishqdan ogoh oʻlub, ustod oʻlan koʻnglum.

Koʻribdur: yori agʻyora boʻlubdur mahvu nazzora,

Qilibdur koʻksini pora manim obod oʻlan koʻnglim.

Nechunki vaʼdani buzding, nechun zanjirni uzding,

Ne vajdan dasht aro kezding, manim barbod oʻlan koʻnglum!

Firoqing roʻzi mahshardur, sarosar mehnatu gʻamdur,

Qaro zulfingdek darham[1]dur manim ozod oʻlan koʻnglum.

Boqing bu Notavon zora, kuni baxti kabi qora,

Kezar Majnundek ovora manim noshod oʻlan koʻnglum!

 

* * *

Boʻlmisham dahri balo ichra bu kun devona man,

Bormadim mayxonaga, sindirmadim paymona man.

Vaʼdalardan kechmadim, ahdu qasamni buzmadim,

Shul sabab, nomehribonim, boʻlmisham afsona man.

Tarki gulzor etmisham, bulbul kabi men, ey raqib,

Oqibat bir goʻsha ichra kelmisham afgʻona man.

Ishq ruxsorinda bir dam vasli-la shod boʻlmadim,

Toʻrt taraf qiblam boʻlib, tushdim ajab hijrona man.

Ram yukin chekmaqdin, ey dil, bir dam ozod boʻlmadim,

Garchi jahd etdim, na hosil, yetmadim jonona man.

Tushlarimda sen kelibsan qulbai ehzonima,

Ul zamon nazr ayladim jonu dilim qurbona man.

Koʻrmagim dushvordir, billoh senikim, ey raqib,

Zulfiga bogʻliq dilim, qoʻygil, tushay zindona man.

Davru davron teskari aylandi, koma yetmadim,

Dushmanimdir bilmasam kim, netmisham davrona man?

Boru yoʻgʻimdan qolon yolgʻizgina jonim edi,

Notavon, oxir dedim: sarf aylayin mehmona man!

 

Ozarbayjon va fors tillaridan Oydin HOJIYEVA tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–3


 

[1] D a r h a m – chigal.

https://saviya.uz/ijod/nazm/shori-ishqing-boshima-oxiyri-savdo-keltirar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x