Sham va boʻron

Ustoz munaqqid Ibrohim Gʻafurovga maktub

 

Ibrohim Gʻafurovning badiiy olami va fikriy teranligi bir-biriga shu qadar omuxtalashib ketganki, baʼzan uni badiiyat faylasufi yoxud falsafaning shoiri deging keladi.

 

Najmiddin KOMILOV

 

Yuqoridagi sarlavha “Dil erkinligi” kitobingizdan olingan. Undagi maqolalarning biri shunday nomlanadi. Bunda qanday ramziy maʼno yuklaganingiz haqda oʻylab qoladi odam: sham kichkinagina xonani yoritadi. U shuning uchun yonadi. Toʻgʻrirogʻi, shu maqsadda yondirilgan. Dunyo miqyosida oladigan boʻlsak, oʻsha xonani yurtimizga, xalqimizning urf-odat va anʼanalariga mengzasak, shamning bir maromda taralayotgan yogʻdusiga qarab qayerdadir boʻron ham borligini tuyasiz. Boʻron chegara bilmaydi. Uning “xona”mizga yoʻlamasligini, shamning hech qachon oʻchmasligini maʼrifat egalari taʼminlaydilar.

Ibrohim aka, Sizni ana shunday zotlardan deb bilaman. Talabalik yillarimda oʻqiganimning taʼsirimi, 80-yillargacha yozilgan asarlaringiz dovrugʻi haqda koʻp oʻylayman. Ijodkorlar nazaringizga tushish va tushmaslikni istashardi. Istaydiganlar – maqtovga sazovorlar, istamaydiganlar – tanqidni xush koʻrmaydiganlar edi. Ayniqsa, dastlabki “Yonar soʻz”, “Goʻzallikning olmos qirralari” kitoblaringiz qoʻlma-qoʻl boʻlib oʻqilgan.

“Goʻzallikning olmos qirralari” kitobingizda Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulom, Asqad Muxtor, Pirimqul Qodirov kabi yozuvchilar bilan asarlari orqali dillasharkansiz, maqsadni aniq qoʻyasiz. Ularning fazilatlarini boshlovchi yozuvchilarga namuna sifatida koʻrsatasiz. Chunonchi, Abdulla Qahhor yaratgan igʻvogar “hi-hi” obraziga nisbat berasiz. Yozuvchining dialog tuzishidan uning nazmga maylini ilgʻaysiz:

“ – Savodingizni ancha chiqarib qoʻyishibdimi?

– Kim?

– Bilmasam. Domlangiz, domlalaringiz.

– Mening domlam yoʻq. Domlam – ikki koʻzim…”

Nimaiki yozsangiz, “hayot jozibasi badiiy asar jozibasiga koʻchishi” kerakligiga ahamiyat berasiz. Jozibasiz “adabiyotda quyosh oʻrnini kapalak egallaydi”, asar “izm-izm”larning pardoz qutichasiga aylanadi” deb kuyunishlaringiz boisi endi ayon boʻlmadimi? Quyoshga aylanmoqchi boʻlgan qanchadan-qancha parvonalar haqiqat otashida jizgʻanak boʻlib ketmadi, deysiz. Lekin oʻzini bilgan kapalaklar hamon bogʻlarning koʻrki. Chunki oʻzlikni bilish samimiyat bilan bogʻliq. Shu maʼnoda badiiy adabiyotda samimiyatni jozibaning joni sifatida koʻrishni istab yozasiz: “Shum bola”ning kompozitsiyasi sadafga, ichki mazmuni durga oʻxshaydi”.

Naqadar haq gap…

Siz sevib ishlatadigan soʻzlardan biri – bahramandlik. Chindan, bu soʻz shu qadar chuqurki, bunda hayotning insonga, insonning hayotga taʼsiri koʻrinib turadi. Buni shunday izohlaysiz: “Hayotdan bahramand boʻlmagan adabiyot hech qachon adabiyot sanalmaganday, adabiyotdan bahramand boʻlmagan hayot ham yuksak madaniyatga molik hayot deb hisoblanmaydi”.

“Prozaning shoiri” kitobingiz muqaddimasida “safbasta” degan soʻzni ishlatasiz. Bu bilan Said Ahmad prozasidan Oybekdagi “xattiy porloqlik va lirizm”, Abdulla Qahhordagi “loʻndalik va oʻtkirlik”, Abdulla Qodiriydagi “plastik taʼsir tuygʻusi” taʼsirlarini izlaysiz. Atay Qodiriyni sanoqning oxiriga qoldirasiz. Chunki mazkur ijodiy ocherk shoʻrolar gʻoyasi hali hukmron boʻlgan bir davrda nashr etilgan. Shunga qaramay, Said Ahmad asarlarini ulugʻ adibning “Obid ketmon”i bilan qiyoslaysiz. Bunda nozik bir ishora bor: Said Ahmad asarlari Qodiriy olamining hali bir ostonasida turibdi, “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”gacha hali ancha masofa bor. Xullas… “Obid ketmon”dagi “Quyosh bilan ham kurashaman” bobiga ahamiyat qaratarkansiz, adibning “atangan” va “aqlovar” soʻzlaridan dilingiz yorishadi. Nafaqat Qodiriy qahramonlari, uning oʻzi ham millat ravnaqiga atangan, el uchun fido boʻlish yoʻlida aqlovar shaxs boʻlganidan faxrlanasiz. Said Ahmad ham u yaratgan maktabning “ildizlari, ildizlaridan quvvatlanadigan anʼanalari, ilgʻor anʼanalaridan oʻsib chiqadigan yangiliklar”idan toʻla bahramand boʻlishga imkoniyati yetajagini mahorat bilan aytasiz. Bildirilgan fikr ichida yana “nimadir” deyish usulingizga amal qilib kitob davomida ham Qodiriy uchun yana sahifalar ajratasiz. Dunyo tan olgan yozuvchilar – Gogolning Oʻrta Rossiyani teran tasvirlagani, Amerika yozuvchisi Folkner asarlarida Amerika janubining timsoli sifatida Yiknopatofa oʻlkasini yaratgani, Hemenguey Ispaniyani, Afrikani, Parij koʻchalarini sevgani, Sholoxovning Don shoiri ekani, Dostoyevskiyga Peterburg ilhom bergani va nihoyat sanoqni Abdulla Qodiriy uchun Margʻilon va Qoʻqon ilhombaxsh muhit boʻlgani bilan yakunlaysiz. Demak, oʻsha “nimadir” Qodiriyning ular darajasidan qolishmaydigan adib ekaniga urgʻu berish boʻlgan.

Kitobda Said Ahmad yaratgan “mehnat eʼtiqodiga aylangan kishilar” siymosi haqda fikr yuritib, yozuvchilar ahamiyat berishi shart boʻlgan xislatlar – voqea quruq pand-nasihatga asoslanmasligi, syujet qaʼrida “oliyjanob didaktika” yotishi lozimligi, sevgining “tanlovchi tuygʻu” ekanini kitobxon his qilishi kerakligi, har bir xalq oʻz milliy qadriyatlari bilan yuksalajagi haqda mulohaza yuritasiz: “Niyatdagi porloqlikni aks ettirish porloqligiga koʻchirish” kerakligini uqtirasiz. Bu fikrlar oʻsha davrda nafaqat Said Ahmad, balki barcha ijodkorlar uchun juda zarur edi. Bugun ham oʻz qadrini yoʻqotgani yoʻq. Chunki bu mulohazalarda, oʻz iborangiz bilan izohlaganday, “aytmay aytish” sanʼatidan foydalanilgan.

Bir ifoda yoʻlingizga talabalik yillarimda mahliyo boʻlganman. Taʼsiringiz ostida yozgan maqolamni oʻqigan adabiyotshunos olim Sobir Mirvaliyev buni sezgan. Koyigan meni. Hojiakbar Hamidovning xushovoz xonandaligi, agar Faxriddin Umarovga ergashmaganida yana bir oʻziga xos zoʻr ijrochi paydo boʻlishi mumkinligini misol qilgan. Baʼzan bir oʻrinda, gohida butun boshli maqolangizda koʻrinish beradigan oʻsha usulingiz shundan iboratki, bir soʻz yoki jumladan ritorika yoʻnalishida foydalanasiz. Undan allanechuk ohang yasab mazmun-mohiyatga sayqal berasiz. Masalan, “Qalb haroratini hayot harorati yaratadi. Hayot haroratini xalqning harorati belgilaydi”. “Harorat” soʻzi ikki jumlada toʻrt bor takrorlansa-da, erish tuyulmaydi kishiga. Yoki “Matonat va ezgulik” maqolangiz mohiyatiga adabiy qahramon timsolidagi “Men” barqarorlik baxsh etgan. Fikr mashinasini boshqargan: “MEN voqealarni tarixchi kabi hikoya qiladi”, MENning faoliyati voqealarga kuchli emotsional talqin baxsh etadi”, “MEN voqealarga ishonch uygʻotadi”, MENning koʻz qarashi qiziq”, “MEN qishloq yoʻlidan bormoqda”.

Bu va bunga oʻxshash tasvir imkoniyatlaringiz ijodiy faoliyatingizda ravnaq pillapoyasidan koʻtarildi. Tarjima asarlaringiz, nasriy nazm – mansuralaringizga ham salmoq bagʻishladi.

“Lirikaning yuragi” – keng qamrovli adabiy tadqiqotlaringizdan biri. Kitobda zamonaviy shoirlar Gʻ. Gʻulom, H. Olimjon, U. Nosir, A. Muxtor, E. Vohidov, A. Oripov, O. Matjon, O. Hojiyeva, H. Xudoyberdiyeva, R. Parfi, X. Davron singari shoirlar ijodiga murojaat qilingan boʻlsa-da, ora-orada qadimgi yodnomalar – “Avesto”, “Injil”, “Panchatantra”, “Dhammapada”, “Ekklesiast”, “Ketsalkoat” kitoblari, Pablo Neruda, Nozim Hikmat, Jak Prever, Bartolt Brext asarlarida qoʻllanilgan badiiy vositalar tahliliga bagʻishlangan maqolalarni ham kiritgansiz – balandga koʻtarilib olib pastga nazar tashlagansiz. Qiyosiy tahlil asoslaridan foydalanganingiz yaxshi samara bergan. Qadimgi adabiy manbalarimiz yaltiroqlikdan, balandparvozlikdan xoli boʻlganini isbotlar ekansiz, oldingizga savol qoʻyasiz: “Koʻraylik-chi, bugungi shoirlar uchun eng muhim narsa nima ekan?” Endi nomdor, zamonamiz peshqadam shoirlarining sheʼrlarini shunday yuksak darajali manbalar bilan qiyosan qilgan tahlillaringizning avvalo ularning oʻziga, keyin yosh ijodkorlarga qanday taʼsir etganini tasavvur etish qiyin emas.

“Lirikaning yuragi”dagi deyarli barcha maqolalar vaqtli matbuotda eʼlon qilingan. Masalan, quyidagi fikringizni olaylik: “Andrey Voznisenskiy “Faqat hissiyot goʻzal” degan gʻoyani oʻrtaga tashladi. Men uning bu soʻzlarini tahrir qilib, “Faqat mehr goʻzal, faqat muhabbat goʻzal” deyishni istardim”. Isteʼdodli shoir Muhammad Yusuf sizni nihoyatda hurmat qilardi. Siz haqingizda toʻlib-toshib gapirganiga koʻp bora guvoh boʻlganman. Endi-endi oʻylasam, oʻshanda Muhammad aka shu mulohazangizdan taʼsirlanib “Mehr qolur, muhabbat qolur” degan goʻzal sheʼrini yozgandir, oʻzining sodda va samimiy sheʼriyati anhorida yana bir toʻlqin hosil qilgandir, ehtimol. Demoqchimanki, kitoblaringizdagi adabiy mulohazalaringiz juda koʻp yosh ijodkorlarning ilk sheʼrlari, kitoblarini adabiy muhokamalarga tavsiya etib, matbuotda yoritilishiga koʻmaklashish – ularga amaliy yordam berishlaringizday ahamiyatli va unutilmasdir. Chunki mushohadalaringiz badiiy tafakkur, mehru muhabbat, shu bilan birga ajoyib andisha va yuksak did mevasidir. Chunonchi: “Shoir olam ichida emas, olamlar ichida yashaydi va olamlar hosil qiladi”, “Xarakter oʻz qimmat va mohiyatini faoliyatda ochadi”, “Bu odamning nimadan, nega “temir” boʻlib qolganligi maʼlum emas”, “Koʻchamizda beton qoradigan tashkilot bor. Shu minora tepasiga “Eng muhimi, bolalar, qalban qarimaslikdir” deb yozilgan. Har safar unga koʻzim tushsa, quvvai jismimda qiyinchiliklarni yengib oʻtishga tabiat tomonidan berilgan kuch qanday boʻlmasin ortganday boʻlib tuyuladi”. “Muhabbat – uyqudan uygʻotib yuborgan sheʼriyatning goʻzal sadolari” (Zulfiya sheʼriyatiga nisbatan), “Maʼlum bir qonuniyatlar qoʻlni bogʻlamagandan soʻng istagancha suxandonlik qilish mumkin deb qarovchilar yoʻq emas” (sarbast, erkin sheʼr janrlarida ijod qiluvchilarga nisbatan), “Shoir xuddi ogʻzida qovun bilan tamshanib soʻzlayotgandek…”, “Soddalik talantga ergashib yuradi”…

Usmon Nosirga bagʻishlangan “Lirikaning yuragi” maqolangizda Abdulla Alaviyning bir sheʼrini toʻliq keltirasiz. Unda shunday quyma satrlar bor: “Bu kechaning yumshoq ipak kulgisi”, “Qoʻshiq aytgan sharsharakni oʻpaman”…

Mazkur maqolada uning zamondoshidan misol keltirish orqali bir haqiqatni asoslaysiz: Usmon Nosir, baʼzilar aytganday “osmondan” tushgan shoir emas, mavjud adabiy muhitda shakllangan, u ham kimlardandir va nimalardandir taʼsirlangan, ilhomlangan. Umid va umidsizlik orasida umr kechirgan. Yoʻqsa dermidingiz: “Sheʼr qidirayotgan odamda boʻladigan hamma ziddiyatlar unga ham xos edi”. Faqat “sheʼri mehriga berkingan”. Bu shoir tarjimalari muhokamasida ham koʻrinadi. Pushkin, Lermontovdan qilgan tarjimalarining baland saviyada ekanligini taʼkidlarkansiz, baʼzi kamchiliklarini ham asoslab berasiz. Tarjimalarni asl matn bilan soʻzma-soʻz, mantiqma-mantiq solishtirib tahlil qilasizki, toki bunday kamchiliklar boshqa tarjimonlarda uchramasin.

Usmon Nosirning adabiyotdagi oʻrni, uning tuygʻu shakllanishi borasidagi yutuqlari iqtidori ustida chekkan zahmatlari bilan bogʻliq ekanligini uqtirib, ilmiy mushohada va badiiy talqin mushtarakligida fikringizni “Nil va Rim” misolida shunday izohlaysiz: “Men bu qadar obrazlari ogʻir zarbli sheʼrni kam oʻqiganman, bunday sheʼrlar katta shoirlarda ham sanoqli boʻladi”, Usmon Nosir “kuyib tushgan har qanotdan bir jon topadi”, “oʻlik koʻzlar oynasida yillar, odamlar qichqiradi, ularning bosgan qadamlari eshitiladi. Nil bu – qullar toʻkkan yosh, yeru osmon qullar faryodidan larzada, qul uchun erk qulf, xayol qulf, xudo qulf, uning kosasida suv, xaltasida non, rangida qon, koʻzida koʻz, belida bel yoʻq. Sheʼr shu istibdod tagiga oʻt qoʻyib, magʻrur firʼavnlar haykali qarshisida buyuk ozodlik obidasini qurgan, spartaklar avlodi, gomerlar shogirdi boʻlgan nasl nomidan qonxoʻrlik, xorlikka laʼnat oʻqiydi”.

Darhaqiqat, shunday asarlar boʻladiki, kitobxonini oʻzi topadi. Bizni qaysidir adabiy manba oʻziga chorlamadimi, demak, ikki tomonning qaysi biridadir kemtiklik bor. Siz doimo adabiy asarlarni shu holatda koʻrmaslik tashvishini qilgansiz: “Xalqimizning forobiylari, xorazmiylari, beruniylari, sinolari, navoiylari, huvaydoyu mashrablari bor edi. Lekin ular yaratgan hayotbaxsh kitoblar asrlarning tokchalarida qimirlamay yotar edi”.

Endi ahvol oʻzgardi. Siz singari ziyolilarning orzusi ushaldi: tokchadagi kitoblar polapon qushlarday qanot chiqara boshladi.

Adabiyotshunos tanlagan tahlil vositasi adabiy muhit, jarayonga xos boʻlsagina, taʼsiri sezilsagina, ahamiyat kasb etadi. “Oʻrtoq shoir” ilmiy risolangiz ana shu jihatdan oʻz vaqtida koʻpchilikda juda katta taassurot qoldirgan. Chunki tahlil ortida publitsistik sheʼrda badiiy salmoqni saqlagan, tarixni poetik jonlantirgan, hayotni falsafiy nazarda koʻra olgan Shayxzoda turibdi. Buning ustiga, ijodiy mahorat poydevorini Shayxzoda salohiyati orqali “hayotdan, yillardan, tajribalardan, insoniyatning ulugʻlaridan orttirilgan saboqlar va ulardan tugʻilgan oʻzlik” deb bilasiz. Shoir qoʻllagan badiiy vositalar – oʻxshatish, tashbeh va metaforalardan avvalo oʻzingiz zavqlanasiz. Chunonchi: “Miyaning suratxonaga oʻxshatilishi Shayxzodaning eng goʻzal va ayni choqda ilmiy izlanishlaridan biridir:

Fikr kiyar xayol libosin,

Oʻxshar suratxonaga miya”.

Darhaqiqat, shoir baʼzi satrlari bilan tasavvuringizni elakka oʻxshatib qoʻyadi. Biroz chalgʻiysiz. Mohiyatni anglaganingizdan keyin gap elak ichidagida emas, ostidagi tozalangan unda ekanligi ayon boʻladi. Masalan, “Safar va yoʻl va kema” misrasini oʻqib, nega “va” bogʻlovchisini ikki marta qoʻllagan, deb oʻylaysiz. Aslida birinchi bogʻlovchi quruqlikdagi jarayonga, ikkinchisi suv olamiga tegishli. Shoirning oʻziga xos ifoda usuliga oʻzingizni moslagach, bogʻlovchilarning hech birini olib tashlash mumkin emasligini bilasiz.

Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi”, “Mirzo Ulugʻbek” dramalari ham adib dunyoqarashini obdon oʻrgangan holda tahlilga tortilgan. Ikki dramada bir mantiqiy bogʻliqlik bor. “Jaloliddin Manguberdi”da oʻgʻil otaning oʻsal dunyoqarashi tufayli yovni tamomila yengolmaganiga ishora qilinadi: “Tarixiy maʼlumotlar shoirning adabiy muddaosi uchun kalit va kalitchalardir”. Shayxzodaning “Mirzo Ulugʻbek” dramasida ham shu “kalit va kalitchalar”dan foydalanganini kuzatarkansiz, asarda keltirilgan Mavlono Tarxoniyning baytiga murojaat etasiz:

Tushgani band ichra boʻldim ul pari devonasi,

Koʻk saro – fonusdur, ul shamu, men parvonasi.

Bu satrlardan taʼsirlangan Ulugʻbekning baytdan oʻz taqdiriga moslab xulosa chiqargani, “Fojiali bir nasiba borga oʻxshaydi”, deb oʻkingani va bu ichki holatni Shayxzoda chuqur his qilganiga ahamiyat qaratasiz. Bu bilan ikki dramani bogʻlaydigan bir gʻoya – ota va oʻgʻildagi taqdir almashinuviga diqqat qilasiz: birida ota – Xorazmshoh, ikkinchisida oʻgʻil – Abdulatif gʻaddor zamon oʻyinchogʻiga aylanadi.

Umuman, “Oʻrtoq shoir” risolangizda Maqsud Shayxzoda sheʼrlaridagi timsollar shakllanib, orolanib tarixiy asarlariga badiiy-gʻoyaviy barkamollik bagʻishlagani har tomonlama asoslab berilgan.

Gapni “Dil erkinligi” kitobingizdan boshlagandik. Undagi “Sham va boʻron” topilma iborangizning bir ramziy maʼnosiga toʻxtalgan edik. Endi shamga boshqa bir mazmun ham berib koʻraylik. Kitob erkinlik shabadalari esa boshlagan kunlarda nashrdan chiqqan. “Dil erkinligi” azaliy orzularimizday, ota-bobolarning otashin nafasiday taassurot uygʻotadi. Bu nafas “xona”miz – ona yurtimizga toza havoday jonbaxsh ekanligiga ishora qilib, mazkur adabiy toʻplamga tarixiy hikoyalar, ulugʻ bobolarimizning orzu-armonlarini ifodalovchi mansuralar va badialaringizni kiritgansiz. Dili hamisha erkin holda yashab oʻtgan Mashrab haqda yozish tasodifiy emasdek tuyuldi. Kitobning “Ozod nafas” bobidagi “Gala” hikoyangizni oʻqib, kitobxon sizni tamomila unutadi. Koʻz oʻngiga Mashrab keladi: “Karomatingdan oʻrgilayin-o… daraxt necha yil oʻsib oʻtni oʻz tanasida yigʻib borgan. Olovga aylanmoq uchun hozirlik koʻrgan… har qayda tiriklik bor, u doim uch alangaga aylanadi. Avvalgisi koʻk alanga. Bu sening shavkat va qudratga yetishgan chogʻlaring. Keyingisi sariq alanga. Bu sening munkayib shavkat va qudratdan ajralgan payting. Uchinchisi, boʻz alanga. Bu shamol xokingni koʻkka va yerga sovurishidir?!”

Istiqlol yillarida ham ijodingiz gurkirasa gurkiradiki, aslo susaygani yoʻq. “Hayo – xaloskor”, “Mangu latofat” nomli toʻplamlaringizni adabiy jamoatchilik, soʻz shaydolari iliq kutib olishdi. Shu toʻplamlarda zukko munaqqid, donishmand adib, soʻz sehrini sezuvchi mohir tarjimon koʻz oldimizda yaqqol namoyon boʻladi. Aytish mumkinki, ushbu toʻplamlar bilan adabiyot olamida badia janrining mavqei ancha koʻtarildi.

Kitoblaringizni sinchiklab oʻqigan kitobxon hikmatga doʻngan jumlalaringizdan zavqqa toʻladi. Hayot, hayotdan olib yozilgan asarlar ummonidan nozik didingiz topib chiqqan nodir mulohazalaringiz koʻp. Bularning egasi boʻlish uchun boshqa qator kitoblaringizni oʻqib, uqmoq joizdir.

 

Ilhom AHROR

 

“Yoshlik”, 2017 yil 9-son

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/sham-va-boron/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x