Shakar qoʻshib qovurilgan kepak

Yoxud dabdabasiz baxt boʻlmaydimi?

Oʻzbek ayollari orasida birinchi rassom, birinchi kimyogar, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Beruniy nomidagi davlat mukofoti sohibi, Oybekdek buyuk yozuvchining rafiqasi Zarifa Saidnosirovaning “Oybegim mening” deb nomlangan xotira kitobini har oʻqiganimda qalbim hayajonga toʻladi: “Muhabbat, fidoyilik deb mana buni aytadilar, rafiqa shunday boʻlishi kerak-da!” degan xayol koʻnglimdan oʻtaveradi. Zarifa opaga nisbatan havasim ortadi.

Oybek bilan Zarifa Saidnosirova 1924 yilda texnikumda oʻqib yurgan yillari tanishadi va bir-biriga koʻngil qoʻyadi. Keyinchalik Oybek Leningradda, Zarifa opa Toshkentda oliy oʻquv yurtida oʻqishini davom ettirgan chogʻida, bir-biridan uzoqda boʻlishsa-da, muhabbat rishtalari qattiqroq bogʻlanadi. Ayriliq sinovlari ular sevgisini toblaydi.

1929 yil yozida ularning nikoh toʻyi boʻladi. Dabdabasiz, oddiygina, xarajat va chiqimlardan xoli. Ushbu oʻrinda bu ikki buyuk insonning toʻyi tasvirini hozirgi kundagi ayrim toʻylarimizdagi dabdababozlikka, kelin-kuyovlarimizning haddan oshiq qimmat kiyimlar tanlab, toʻydan keyin mushkul ahvolga tushib qolishlariga ibrat sifatida keltirib oʻtmoqchiman.

“… 29 iyun kuni edi. Har kuni kiyib yuradigan yozgi oq repis kostyumimni yuvdirib, dazmollab kiydim. Oybek ham kundalik kiyimda, ammo yuraklarimiz sevgi va sevinchga toʻla. Xadraga ZAGSga bordik. Yangi kiyim-kechak, toʻy-hasham, uy-uskunani sira oʻylamaymiz, xayolga ham keltirmaymiz.

…Hovlimizda juda shirin, shoʻxlik qaynab-toshgan tantanali bir ruhda toʻy oʻtkazildi. Oybekning qarindoshlari, mening qarindosh va dugonalarim qatnashdi, ortiqcha odam yoʻq edi”, deb yozadi Zarifa Saidnosirova.

Har kuni kiyib yuradigan kiyimi bilan kelin boʻlishga hozirgi qizlarimiz ishonisharmikan, koʻnarmikan? Aslida shohona kiyimlar, koʻz qamashtiradigan dabdaba muhabbat va baxtni belgilamaydi-ku?!

Bir tanishim yolgʻiz oʻgʻlini aqlga sigʻmaydigan darajada sarf-xarajat qilib uylantirdi. Ammo oradan hech qancha vaqt oʻtmay yoshlar ajralib ketdi…

Maʼlumki, Oybek “Navoiy” romanini urush yillarida yozadi. Ocharchilik, qiyinchiliklarga qaramay, kecha-kunduz tinimsiz yozilib, asar Navoiyning 500 yillik yubileyiga yaqin tugallanadi.

“… Oybek yozib oʻtirardi. Men ham yozibmi, oʻqibmi oʻtirardim.

– Zarifa, qornim och, juda ochiqdim, – deb qoldi Oybek. Men nima deyishni bilmayman, indamadim, javob qilolmadim. Negaki uy qup-quruq edi.

– Biror narsa yoʻqmi? – soʻradi Oybek.

Oʻrnimdan turib shkafni axtardim. Hujradagi xurmacha, xaltalarni tekshirdim. Bir hovuch yirik kepak, bir-ikki qoshiq shakar topdim, soʻng xurmachaning tagini sidira-sidira bir qoshiq yogʻ oldim. Primusda kepakni qovurib, soʻng unga shakar aralashtirib dasturxonga tortdim. Oybek hazratlari nomi menga ham nomaʼlum boʻlgan bu taomdan bir-ikki marta qoshiq uchida olgan boʻldi…

– Ertalab bolalarga berarsan, – deb menga boqib jilmaydi-da, yana yozuvga kirishdi”.

Bu lavhalarni oʻqir ekanman, “Oybegim mening” kitobi shaxsiy hayotga daxldor xotiralardangina emas, balki hayot murakkabliklarini qanday yengish, eru xotin turmushda qoʻsh hoʻkiz, odamiylik, bagʻrikenglik, farzandga, ota-onaga mehrni oʻrgatuvchi asar ekanligiga ishondim.

Oybek ijod bilan qanchalik band boʻlmasin, ota-onasidan xabar olishga, farzandlariga mehr ulashishga vaqt topar, beva-bechoralarga xayr-ehson qilishni unutmasdi. “… Oybekning otasi Toshmuhammad aka ikkinchi xotini va toʻngʻich oʻgʻli Isamuhammad bilan turar edi. Oybek otasini ham, oʻgay onasini ham, akasi va opa-singillarini ham tez-tez yoʻqlar, ular yashayotgan uyga meni ham surgab borardi”

“Bozorda bir ayol eskigina gilamni sotish uchun yoyib oʻtirgan ekan. Oybek toʻxtab narxini soʻradi va ayol aytgan narxga sotib oldi. Nariroqqa borgach, “Bu eski gilamni nima qilasiz”, dedim. – Qoʻyaver, ayol bechora juda pulga muhtojga oʻxshaydi, – dedi”, deb xotiralarda keltiradi Zarifa opa.

***

“Oybek koʻchalarda ham koʻpincha xayolga berilgan holda atrofni unutib yurardi. U mana shu yurishlarida ham qaysidir asarini miyasida pishitar, oʻzicha jilmayib, qoʻl harakatlari ham qilardi. Bir kuni tramvayga chiqsam Oybek oʻtiribdi, yoniga borib oʻtirdim, sezmadi. Oxirgi bekatga yetganimizda ham oʻrnidan qimirlamadi.

– Turing endi, yetdik, – dedim yelkasiga sekin qoʻlimni qoʻyib.

– A? Qachon chiqding? – soʻradi u taajjublanib.

U ana shunday bir jahonga arziydigan ajabtovur tabiatli, boshqa dunyodan kelgan kishi edi…”, deb eslaydi yozuvchining rafiqasi.

Oybekdek ijodkorlar faqat adabiyot uchun tugʻilgan boʻlsa kerak. Doʻsti va shogirdlarining guvohlik berishicha, bir oʻtirganda kichik bir dostonni tugatib ketavergan. Xususan, shoir Mamarasul Boboyev oʻz xotiralarida Oybek toʻgʻrisida bunday odilona soʻzlarni yozgan edi: “Oybek juda zoʻr ishlardi. Charchash nima ekanligini bilmasdi. “Hamza” dostonini bir haftada yozdi, desam ishonmassiz. Bu mening koʻz oldimda boʻlgan voqeadir”.

Oybek umrining oxirida ogʻir kasalga chalinadi, atrofida boʻlgan turli tazyiqlar oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Uning niyatlari juda katta edi. Temur, Bobur haqida roman yozishni maqsad qilgandi. Debocha sifatida “Temur” va “Bobur” dostonlarini boshlagan, ammo tugatish nasib etmadi.

…Tong oqarib qolgan, xoʻrozlar qichqirmoqda. Kitobning oxirgi satrlarini oʻqiyapman. Uni nashrga tayyorlagan adabiyotshunos olim Naim Karimov “Ushbu xotiralar orqali kitobxon sevimli yozuvchisining qanday inson boʻlganini bilsa, buning nimasi yomon”, deydi. Darhaqiqat, buyuk insonlar hayoti kelgusi avlod uchun ibrat namunasidir.

…Oppoq tong otdi, hayhot, bu umr –

Oʻtdi bir daryo, yo bir tutam nur.

(Oybekning oxirgi sheʼridan).

 

Boʻston RAHMONOVA

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/shakar-qoshib-qovurilgan-kepak/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x