Samimiy, ishchan soʻz ehtiyoji

Maʼrifatli dunyoda allaqachon Soʻzning oʻrni tan olingan, muqaddas kitoblarning birida “Avvalo Soʻz yaralgan” tarzidagi ilohiy kalom ham mavjud. Bugungi muhokama shu atrofda aylanar ekan, umuminsoniyat aqidalarini eslab qoʻyish foydadan xoli boʻlmaydi, deb oʻylayman. Zero, shunday kalimalar borki, ularni muttasil takrorlab turish shart, shunda kishilardagi imon salomatligi, eʼtiqod barqarorligi, maslak mustahkamligi, burch masʼuliyati bundan quvvat oladi. Birinchi Prezidentimizning “Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga, kelajakka eʼtibor” asarlaridagi “Bugungi murakkab va tahlikali zamonda yozuvchining bashariyatning ertangi kunini oʻylab, odamlarni ezgulikka, insof-diyonat, mehr-oqibat va bagʻrikenglikka daʼvat etishga qaratilgan haroratli soʻzi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda” degan purhikmat fikrlarida ham soʻzning ahamiyati bugungi kunda yanada oshganligi alohida taʼkidlanmoqda.

Soʻz ahlini qaysi shaklni istifoda etishiga qarab, shoir, yozuvchi, dramaturg singari kasb atamalari bilan yuritish urf boʻlgan. Shular qatorida maqolanavis (publitsist) ham bor. Shoir yoki yozuvchilik ilohiy inʼom boʻlishi mumkin, biroq publitsistlik ijtimoiy hodisa, haqiqiy publitsistlar hayot qozonida qaynab voyaga yetadilar. Demak, shoir yoki yozuvchi boʻlib tugʻiladilar, publitsist boʻlib yetishadilar. Shoir yoki yozuvchi butun odamzotning baxti boʻlsa, publitsist millatning, xalqning baxti. Balki shoir yoki yozuvchi osmondagi oy yoki quyoshdir, oʻzini shunday chogʻlar, publitsist bir kulbani yoki bir qalbni yoritib turgan shamchiroqdir. U oppoq qoʻlqoplar, oppoq paypoqlarda duxoba toʻshalgan yoʻlaklarda yurmaydi, balki korjoma kiyib, shaxtaga tushadi, choʻponlarning toʻshagida uxlaydi, bazmlarda raqs tushadi, qoʻrqinchli tibbiy amaliyotlarni kuzatadi, xullas, xalqning qatorida boʻladi, u – xalqniki. Albatta, unda kasbga ishtiyoqdan tashqari tugʻma shoirlik yoki yozuvchilik iqtidori boʻlsa, bu chinakam baxt, xalqning, sohaning baxti, nodir hodisa.

Bu borada bir istisno bor: shoir martabasi hazrat Alisher Navoiy darajasi bilan oʻlchansa, yozuvchilik kamida Lev Tolstoy boʻyi bilan tengdir yoki dramaturgiyada Shekspirdan oʻzmagan odam bu sohada hech ish qilmadim, desa ham boʻladi. (Albatta, bu bir maksimalist odamning fikri). Lekin publitsistlik shunday bir xokisor sohadirki, gohida uning parametrlarini ilgʻamaydilar ham. Qaysidir yalangdavron ijodkor bir vaqtlar maqolanavislikni “qora ish” deb atagan. Bundan xafa ham boʻlmaslik kerak, hayratga ham tushmaslik lozim, chunki dunyoqarash, tushuncha, tasavvur shu darajada boʻlgan. Lekin naqd haqiqat shuki, mabodo, xalqimiz Abdulla Qodiriy yoki Usmon Nosir darajasidagi publitsistlarga ega boʻlganda, ijtimoiy taraqqiyotning yanada yuqori bosqichida turgan boʻlardi, ehtimol. Afsuski, doim bu sohaga qora ish deb qaralgan, yozilgan qoralamalar muttasil mutalgan, shu tufayli qalam tutgan muxbirning mustaqil shaxs boʻlib voyaga yetishiga yoʻl qoʻyilmagan. Oʻz maslagiga, fikriga, nuqtai nazariga ega boʻlgan ijodkorgina umumijtimoiy darajada fikrlay oladi, maʼlum tabaqa yoki guruh emas, butun jamiyatni, uning barcha tabaqalarini beparvo qoldirmaydigan masalalarni koʻtarib chiqa oladigan kasb mahoratiga ega boʻladi, yaʼni u ShAXS boʻlib shakllanishi darkor. Katta shaxs boʻlmay, kichik publitsist ham boʻlish mumkin emas. Chunki xohlaysizmi, yoʻqmi, jamiyatni ijtimoiy fikr yuksaltiradi. Fikrsiz jamiyat bir toʻda boqimandalarning tartibsiz yotoqxonasiga aylanib qoladi. “Fikrlayapman, demak, yashayapman”, bu ibora koʻp tomonidan aytilgan boʻlsa ham, ming yillardan buyon yashab kelayotganining siri shunda. Bu haqiqat allaqachon tan olingan.

Bugungi globallashuv, texnika, informatsiya asrida ijtimoiy ongga faol taʼsir etadigan vositalar qatorida, taajjubki, adabiyotning publitsistika janriga ehtiyoj oshmoqda, u badiiy adabiyotning yetakchi sohasiga aylandi. Maʼlumki, hozir oʻquvchilar qandaydir toʻqib chiqarilgan syujetlarning ifodasiga emas, balki real hayotda roʻy bergan aniq voqeaning badiiy talqiniga koʻproq qiziqadilar. Axborot olamida hozir hujjatlilik birinchi oʻringa chiqdi. Ozarbayjon yozuvchisi Chingiz Abdullayev har yili oʻnta va undan koʻp roman yaratadi. Ularning asosida bitta siyosiy detektiv yotadi va shu atrofida u yozuvchi sifatida oʻz dunyoqarashini bayon etadi. Chingiz Abdullayev allaqachon 160-jildini nashr etdi va bu borada Jorj Simenopni quvib yetmoqchi. Oddiy dalil: demak, odamlar uning kitoblarini oʻqishayapti va u yozayapti. Bu dunyo adabiyotidagi eng soʻnggi jiddiy manzara. Qaysi janrlar koʻproq oʻqilayapti, tarzida ijtimoiy kuzatuvlar oʻtkazilganda ham hozir kitobxonlar koʻproq triller, detektiv va memuarlarni oʻqishi maʼlum boʻlgan. Demak, badiiy adabiyot oqimi shu tomonga ketayapti. Bu holni biz ham koʻzda tutsak, yaxshi boʻladi. Bir paytlar buyuk Lev Tolstoy “Menimcha, zamonlar oʻtishi bilan adiblar umuman badiiy asarlar toʻqib chiqarmaydilar, balki hayotda kuzatgan muhim va qiziqarli voqealarni hikoya qilib beradilar” deb bekorga aytmagan ekan.

Xullas, axborot makonida bizning milliy adabiyotimiz, jurnalistikamiz ham harakatda davom etmoqda va ularning oʻz taraqqiyot tendensiyalari, oʻz yoʻli bor. Bular shakllangan qadriyatlarga, tajribalarga asoslangan. Bu, albatta, yaxshi holat, biroq tezkor zamon koʻp ham konservator boʻlavermay, yondashuvlarni modernizatsiya (isloh) qilish, munosabatlarga zamon ruhini olib kirishni taqozo, hatto talab etmoqdaki, bu borada maslahatlashib oladigan koʻplab masalalar bor. Hozircha bu ulkan yumushni galga qoldiraylik-da, boʻladigan, boʻlib oʻtgan voqealardan gaplashaylik.

Hech kimga sir emas, yurtimizda ulkan oʻzgarishlar yuz bermoqda, qisqa davrda imperiyaning xomashyo omboridan zamonaviy sanoatga (masalan, avtomobil ishlab chiqarishni olaylik) ega, umuman, dunyo mezonlariga mos industrial mamlakatga aylandik. Albatta, bu yutuqlar oʻz-oʻzidan qoʻlga kiritilgani yoʻq, bu muvaffaqiyatlarning zamirida muhtaram Yurtboshimiz tomonidan ishlab chiqilgan bunyodkorlik rejalarini amalda tatbiq qilayotgan millionlab yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati mujassam. Shu oʻrinda tabiiy savol tugʻiladi: ana shu ulkan yaratuvchilik jarayoni badiiy publitsistikada qanchalik aks etayapti?

Bir maqolaga yozilgan kuzatuvda lutf qilinadi: “Domla Saydi Umirov har gal “Tafakkur”ga maqola keltirganda, uni allanechuk iymanish bilan qoʻlimizga tutqazadi…”. Shu bitta gap orqali jurnaldagi muhitni ilgʻab olish qiyin emas. Demak, bu joyda samimiyat, mualliflarga alohida iltifot va, albatta, masʼuliyat (yaʼni, tanlov va talab) bor. Ana shunday jamoa yana koʻproq yaxshi ishlar qila olishi mumkindek, biroq imkoniyatlaridan toʻla foydalana olmagandek tuyuladi, nazarimizda. Negaki, jurnalda hamma qiziqib, izlab oʻqiydigan chiqishlar kam, holbuki, bunday mavzular tiqilib yotibdi. Olaylik, maʼnaviy-axloqiy mavzuda hech kimni beparvo qoldirmaydigan maqolalar yozish mumkin. Masalan, narkomaniya haqida juda bong urilayapti, biroq nega “Pulmaniya” haqida shunaqa kuyinchaklik bilan fikr yuritish mumkin emas? Axir, bizning qadriyatlarimizda shakllangan, taomilga kirgan yondashuvlar, boylikning meʼyori, sarf-xarajatlari yuzasidan mezonlar bor-ku! Bizda azaldan “Bolani pulga oʻrgatma” degan taomil amal qilgan… Narkomaniya bir shaxsni abgor qilsa, pulmaniya butun jamiyatga tashvish tugʻdirishi maʼlum boʻlib qoldi chamasi. “Isitmasini yashirsang, kasali oshkor qiladi, kasalini yashirsang, oʻlimi oshkor qiladi” degan gap bor. Menimcha, oxirgi hukmni kutib oʻtirmay, baʼzi masalalarda tezlashish lozim.

Kitob nashr etish boʻyicha oʻziga xos tajriba shakllandi, koʻplab publitsistlarning kitoblari, hatto saylanmalari chop etilmoqda. Bu oʻrinda ularni sanab oʻtirish shartmikan, u nashrlarning aksariyati mualliflarning koʻshishi, saʼy-harakati bilan amalga oshirilyapti. Gohida tayoqning ikki uchi borligi unutib qoʻyiladi, yaratilgan oʻngʻay sharoitlar kim uchundir oʻzini yuzaga chiqarish imkoniyati boʻlsa, kim uchundir oʻzini targʻib qilish vositasiga aylanib qoldi. Yuzaga kelgan erkinlik muhitini koʻplar toʻgʻri qabul qilmay, anarxiyaga yoʻl qoʻyilgani va kitob nashr etish borasida ahvol ancha jiddiylashgani hammamizga maʼlum. Vaziyatni izga solish uchun olib borilgan saʼy-harakatlar kitob chop etishga ham taʼsir etgani bor gap.

Umuman olganda esa kitob nashr etishning maqbul bir tizimini ishlab chiqish kerakka oʻxshaydi. Axir qariyb 30 million aholisi bor mamlakatda baribir kimlardir kitob oʻqigisi keladi, kimlarning qalami yozishdan toʻxtamaydi. Hozircha esa ahvol uncha koʻngilli emas, hatto bu yumushning yechimi yoʻq darajada. Masalan, qoʻlyozma Yozuvchilar uyushmasiga olib kelinadi, tegishli kengash aʼzolaridan kimdir u bilan tanishib, bosishga tavsiya etadi. Shundan keyin biror nashriyotga xat yoziladi. Albatta, bu bosqichlar silliq oʻtmaydi, kutishlar, boshqa bosh ogʻriqlar, hatto nashriyotning moʻtabar direktoriga yozilgan xatga kim imzo chekkani maʼqulga oʻxshash muammolar girdobidan oʻtib, qoʻlyozma nashriyotga boradi. Bu yerda sahifa qilinadi, korrektura ham oʻqiladi, endi chop etishga ketayotganda birdan direktor muallifga oʻz shartini eʼlon qiladi: “Xarajatini yuz foiz toʻlaysiz”. Mabodo Yozuvchilar uyushmasining tavsiyasini eslatsangiz, bu muassasaga nisbatan shunday ibora ishlatiladiki, quloqlaringiz shangʻillab ketadi. Hammasi barbod boʻladi, faqat direktorning “Men ikki yuz kishini boqishim kerak” degan figʻoni falakda yangrab qoladi. Shu bilan barcha siporishlar, mulozamatlar barham topadi, kitob chiqmaydi. Masala oʻz-oʻzidan ravshan, kitob nashr etish borasida aniq yechimlar darkor.

Agar oʻtgan yillarga solishtirganda koʻzga tashlanadigan yangi tendensiyalar nimadan iborat, degan savol qoʻyiladigan boʻlsa, javob uncha xursand qilmaydi. Taraqqiyotda ham matbuotning oʻrnini temir yoʻl transporti yoki meditsina bilan tenglashtirganlar. Yurtimizda amalga oshirilayotgan olamshumul ishlarda bugungi matbuot shu darajada faol ishtirok etayaptimi, degan savolga javobni esa hamma birgalikda axtarishi kerak. Qarang, qanchalab tonna qogʻoz sarflanadi, minglab kishilarga maosh toʻlanadi, yuzlab mashinalar xizmatda, biroq uning samarasi jamiyat hayotida sezilayaptimi? Nechun, nimaga? Bozor iqtisodiyoti sharoitida har bir tiyin ishlashi, samara keltirishi lozimligini hisobga oladigan boʻlsak, bu koʻndalang tushgan savolning yechimi topilishi darkor va shart. Mustaqillik yillarida yangi qadriyatlar shakllandi, yangi mezonlar paydo boʻldi. Ana shu izdihomda kim hushyor boʻlsa, davr savollariga labbay deb, maydonga chiqqan boʻlsa, ular ancha oʻzib ketishdi, hatto jamiyatning yetakchi kuchiga aylanishdi. Masalan, fermerlar, tadbirkorlar, boshqa mulk egalari yangi davr kishilaridir. Ana shu ijtimoiy jamoada matbuot ahlining oʻrni qanday, degan masalada birinchi navbatda shu soha kishilari bosh qotirishi lozim. Yutuq ham, kamchilik ham oʻsha soha kishilarining saʼy-harakati mahsuli, illatni ichkaridan, oʻzidan izlagan mardlik boʻladi. Agar bu borada amalga oshirilishi shart boʻlgan yumushlar koʻzga tashlanayotgan boʻlsa, bu harakatga, milliy uygʻonishga ertaroq kirishish lozim. Zero, qalam ahlining, soʻz ahlining oʻrni har doim faqat oldingi qatorda boʻlishi tan olingan.

“Jahon adabiyoti” jurnalida Chingiz Aytmatovning “Yuzma-yuz” qissasi toʻla variantda eʼlon qilindi. Asar juda fojiali tugaydi: oxirida parda koʻtariladi, kimning kimligi ayon boʻlib qoladi. Hamma umidlari sarob boʻlgan, ikki yetimni zor qaqshatib, tirikchilikning soʻnggi ilinji boʻlgan boʻgʻoz sigirni oʻgʻirlab soʻygan eridan nafratlangan Saida sotqinlikni fosh qiladi. Saida bemavrid orttirgan bolasini opichlab, eri, vatan xoini Ismoil berkinib yotgan gʻorga soqchilarni boshlab boradi. Talvasaga tushgan xoin qishloq oqsoqoli Mirzaqulni otib tashlaydi, oʻzi ham qoʻlga tushadi. Ayol umri oʻtgan dargohga qaytib bormaslikka ont ichgan, aslida koʻchada qolib ketdi. Qishloqning tayanchi, qarovsiz elning otasi boʻlib qolgan oqsoqol oʻlib yotibdi. Ona vafot etgan, beva Toʻtioy va bolalari rizqi uzilib, zor qaqshab qoldi. Xullas, borliq zulmat ichida. Goʻyo hayot tugagan. Shunda beixtiyor “Endi nima boʻladi?” degan savol tilga keladi. Shunda hammasi yana boshidan boshlanadi. Yana uncha-munchada koʻzga tashlanavermaydigan, aslida dunyoni qoʻlida tutib turgan XALQ maydonga chiqadi. Oʻlikni koʻmadi, vatan xoinini jazolaydi, badar qolgan juvonga boshpana beradi, oʻksik bolalarni onasi bilan panohiga oladi. Xalq ana shunday kuch. Biz ham xalqni, xalqimizni unutmaylik. Yuvosh, nondek aziz, goʻdakdek xokisor xalqimiz bor. Balki u andishalilidir, balki u soddadir, balki haqiqatan ham huquqini talab etmas, lekin biz, oʻsha xalq vakillari kitob koʻrganmiz, shahar koʻrganmiz, dunyo koʻrganmiz. Hammamiz xalqimiz uchun nimadir qilish quvvatiga egamiz. Shu yumushga kamarbasta boʻlaylik, xalqimizga xizmat qilaylik.

 

Hakim SATTORIY

 

“Ijod olami”, 2017-1

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/samimiy-ishchan-soz-ehtiyoji/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x