Qogʻozdagi qand hikmati

yoxud Oftoboyimning burungi emas, bugungi zamonda aytganlari

 

Qizimni taniysizlar-a? Julqunboy degan yozuvchi kitobida yozgan-ku! Ana oʻsha Kumushbibi – mening qizim, qogʻozdagi qanddek asrab, kiprigimda oʻstirganim u. Hech bir kamchiligi yoʻq, aqlu fazli havas qilarli, odobiyu axloqi benazir qiz. Bilsangiz, yozuvchi taʼriflagan husni ham aslida ichki goʻzalligining namoyoni…

Xullas, ana shunday ham fozila, ham oqila qizni tarbiyalash mumkinmi, u faqat kitoblarda boʻladi, deguvchilarga ikki ogʻiz gapim bor.

 

OTALARGA

 

Oʻzbek oilasida ota qizi bilan ona orqali gaplashadi. Qizining qanday muammosi bor, unga nima lozim, nimani istaydi-yu nimani qilishi mumkin – bariga ona vositachi boʻlib, otadan izn tilab beradi. Buning boisi – ota qiziga hamma gapniyam ochiq aytishni lozim topmagani, uni ortiqcha koyib, tanbeh beraverishni oʻziga ep koʻrmaganidan. Oʻgʻil bolaning yoʻrigʻi boshqa: u qotishi, hayot sinovlariga mardona turib berishi, oilasiga qoʻrgʻon boʻlishi kerak. Qiz bola esa guldan-da nozik, shabnamday musaffo xilqat. Ota uni avaylab oʻstirgani holda hatto gard yuqtirishni istamaydi, shu bilan birga, uning tarbiyasini oʻz rafiqasiga ishonib topshiradi. Ammo bu – otaning qizi bilan ishi yoʻq, degani emas. Ota tarbiyasi unga juda-juda zarur. Shunchaki, pandu nasihat, tergov-qistov bilan emas, aksincha, qizini namuna bilan tarbiyalashi lozim otalar. Oʻziga yarashiqli salobati, qadr-qimmati, erkaklik gʻururi, otalik mehri bilan. Zamonangiz psixologlarining kitoblarida koʻzim tushdi: aytishlaricha, qiz bola goʻdakligida ilk marta kuchli jins vakilini otasi timsolida tanir ekan, ulgʻaygan sari xayolidagi turmush yoʻldoshini otasiga oʻxshagan qiyofada tasavvur qilar ekan…

Endi oʻzingizga savol berib koʻring: qizingizni, qogʻozlarga oʻrab, oq qandday asrab-avaylab yurganingizni oʻzingizga oʻxshagan kishiga ishonib topshirarmidingiz? Bu savolning javobini oʻz xatti-harakatingizu feʼlingizdan izlaysiz endi. Qarab koʻring-chi, qizingiz sizni qay holatda koʻproq koʻrayapti: uyga ishdan horib boʻlsa hamki, qoʻyni-qoʻnjingiz toʻlib, koʻzingizda mehr, ishonch bilan kirib kelayapsizmi yoki topganingizni minnat qilib, ogʻzingizdan bodi kirib-shodi chiqqanicha, mast-alast holda kirayapsizmi? Oqshomlari uyda qiladigan ishingiz, mashgʻulotingiz nima? Telefon deganlarining yuziga termulib yo televizordan koʻz uzmay oʻtiribsizmi yoki bolalaringizu ularning onasi bilan suhbatlashishni odat qilib, birgalikda biror foydali mashgʻulotga kirishganmisiz? Darvoqe, qizingizning koʻz oʻngida uning onasi bilan qay tariqa muomala-madoradasiz? Qizingiz onasiga aytayotgan vazminona, erkaklarga xos qisqa, qatʼiy, ammo muloyim ohangdagi gaplaringizni eshitadimi yoki boʻlmasam, eng qoʻpol, sharmsiz soʻzlar bilan haqoratlaganingiznimi?

Agar shu savollarga javobingiz ijobiy boʻlsa, marra sizniki. Ertaga qizalogʻingizga toʻgʻri tarbiya berganingiz uchun rahmat eshitasiz, jannat eshiklari siz uchun ochiladi. Agar aksi boʻlsa… xulosani oʻzingiz qiling.

 

ONALARGA

 

Qush uyasida koʻrganini qiladi. Ursa – eti qotadi, soʻksa – beti. Buni koʻp eshitgansiz-a? Sohibingiz savollarga javob izlayotgan bir paytda siz ham bir oʻzingizga razm soling. Qizingiz – sizning baxtingiz, xudoyim uni sizning takroringiz qilib yaratdi. U sizga oʻxshashni istaydi, chunki siz uning eng sevimlisi, eng yaqinisiz. U sizda nimalarni koʻrayapti? Uy tutishingizdan tortib, soʻzlayotgan soʻzingizgacha mitti nigohlar kuzatuvida ekanligini bilasiz-a? Qanday serial koʻrayotgan boʻlsangiz, kim bilan, qaysi mavzuda gurunglashayotgan boʻlsangiz ham qizingiz yoningizda. U ulgʻaygani sari tashqarining taʼsiriga koʻproq tusha boshlaydi. Siz yangi zamon odamlari bu davrga “oʻtish davri” deb nom qoʻyib olgansiz. Mana shunday paytda qizingizga koʻproq keraksiz. Seriallaru telefondagi suhbatlarni yigʻishtirib, uni tinglashga, kuzatishga vaqt sarflashingiz lozim. Bizning davrimizdagi onalar bunaqa paytda nima yaxshiyu nima yomonligini qizlariga osongina tushuntirardilar. Tashqari hovliga kamroq chiqarib, yot koʻzlardan pana qilib, ichkarining toʻla sohibasiga aylantirishga urinardilar. Qizlar ham buni osongina oʻrganardi. Biroq sizning zamoningiz boshqa-da. Tashqariga chiqmasin, deb boʻlmasa, oʻsha “tashqari”ning oʻzi telefonu kompyuterga osilib, uyingizgacha kirib kelaversa. Nima qilolasiz?

Birga oʻylaylik-chi. Bugun qizingiz internetni sizdan yaxshiroq biladi. Kiyinish, yurish-turish haqida ham uning qarashlari boshqacharoq. U ilgarilab borayapti. Siz esa turgan joyingizda qimirlamay turgandaysiz. Qizginani yaxshi-yomonligi nomaʼlum yangiliklaru oʻzgarishlar sari qoʻyib yuborib, oʻzingiz oʻsha joyingizda oʻtiraverasizmi endi? Yo u bilan birga-birga yurasizmi? Shu ikkinchisi maʼqulroq. Biling – u nimani koʻrayapti, nimani oʻqiyapti, nimani tinglayapti va bularning har biri haqida oʻz fikringiz, oʻz taassurotingiz boʻlsin. Avloniy degan maʼrifatparvar yozgani kabi “boshi paxmoq, qoʻli choʻltoq” ona boʻlolmaysiz, bunga sizning haqqingiz yoʻq. Namuna boʻlish uchun ham oʻz ustingizda oʻlib-tirilib ishlayvering. Internetni ham oʻrganing, modani ham biling. Toki qizoyimga toʻgʻri nima, notoʻgʻri nimaligini tushuntirishda tilingiz uzun boʻlsin, soʻzingiz ravon aytilsin. Qoʻlingizda qizingizni “tashqari”ning hujumidan asraydigan qalqoningiz boʻlsin. Bu – sizning bilimingiz, boshqa narsa emas.

Ayrim onalar, ayollarning kitob desa ensasi qotadi. Ammo eng yaxshi tarbiyachi – kitob. Uyingizda qizlar tarbiyasiga doir asarlar boʻlsin, jillaqursa. Kimlarning, qanday asarlari, deysizmi? Mirzakalon Ismoiliyning “Qizlar daftariga”, turk maʼrifatparvari Aliy Nazimoning “Qizlar tarbiyasi”, Tohir Malikning “Odamiylik mulki”, Rizouddin ibn Faxruddinning “Ahlu ayol” degan kitoblari bor. Shularni olib keling. Oʻzini topmasangiz, elektron nusxasini qizingizning oʻziga internetdan izlating. Birga oʻqing. Bilimli, aqlda, ibo-hayoda mukammal, toʻgʻri pardoz va kiyinish odobini chuqur bilgan qizlargina zamonaviy xonimlar boʻla olishini tushuntiring kitobdagi misollardan.

Qizingiz ertaga millatning onasi boʻlishini shunda anglar, qizlar tarbiyasida boʻshliq qolmas ehtimol…

 

KOTIBA oqqa koʻchirdi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/qogozdagi-qand-hikmati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x