Қибрай тумани


Post Views:
106

Qibray tumani – Toshkent viloyatidagi tuman. 1933 yil 1 dekabrda tashkil etilgan (1933–91 yillarda Orjonikidze tumani, 1991 yildan Qibray tumani). 1962 yil 24 dekabrda Kalinin (hozirgi Zangiota) tumani bilan birlashtirildi. 1964 yil 31 dekabrda qaytadan tuzildi. Janubi-g‘arbdan Toshkent shahri, janubdan Yuqori Chirchiq, sharqdan Bo‘stonliq, g‘arbdan Toshkent tumanlari, shimoldan Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,56 ming kv.km. Aholisi 186,6 ming kishi, asosan, o‘zbeklar, shuningdek, qozoq, rus, tojik, tatar va boshqalar ham yashaydi (2008). Tumanda 2 shaharcha (Qibray, Salor), 12 qishloq fuqarolari yig‘ini (Baytqo‘rg‘on, Yonariq, May, Matqobulov, Oqqovoq, Salor, Tuzel, Chinobod, Yangiobod, O‘nqo‘rg‘on, Qiziltut, Qipchoq) bor. Tuman markazi – Qibray shaharchasi.

Tuman viloyatning shimoli va shimoli-sharqida, Chirchiq daryosi vodiysida joylashgan. Relyefi shimoli-sharqiy qismida qir va adirlardan iborat. Yer yuzasi shimoli-sharqqa tomon balandlashib boradi. O‘rtacha balandligi 300–400 myetr. Janubiy tomonidan Chirchiq daryosi, shimolidan Bo‘zsuv, Zax va Xonim kanallari, o‘rta qismidan Katta Qorasuv kanali oqib o‘tadi. Tuproqlari, asosan, bo‘z tuproq. Iqlimi kontinental. Iyulning o‘rtacha temperaturasi 27-29, yanvarniki -2. yozda eng yuqori temperatura 41-42 ga yetadi, yanvarda eng past temperatura -29. Vegetatsiya davri 210-220 kun. Yillik yog‘in 300-400 mm. Yovvoyi o‘simliklardan turang‘il, terak, jiyda, do‘lana, tol, yulg‘un, qamish, yantoq va boshqalar bor. Chirchiq daryosining qayirlarida yovvoyi hayvonlardan quyon, suv kalamushi, sichqon, g‘oz, o‘rdak, qirg‘ovul, loyxo‘rak, so‘fito‘rg‘ay, suvilonlar, ondatra yashaydi.

Tumanda 10 yirik sanoat korxonasi, 34 qo‘shma korxona, 2400 ga yaqin kichik va o‘rta biznes subyektlari, Toshkent issiqlik elektr mavzezi, GESlar kaskadi, meva-sabzavot konservasi va pivo-alkogolsiz ichimliklar korxonalari, g‘isht zavodi, “Toshkent” parrandachilik xo‘jaligi, tuxum yetishtirish bo‘yicha sanoat ishlab chiqarish birlashmasi, “Afsar”, “Karvon” QK va boshqalar bor. Qibray tumanida don, kartoshka va sabzavotlar, ozuqa ekinlari ekiladi. Bog‘ va tokzorlar, issiqxona xo‘jaliklari bor. Tumanda qoramol, qo‘y va echki, parranda boqiladi. Tuman Toshkentga qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlari yetkazib beradi.

Tuman hududida 13 ilmiy-tyexnika, loyiha-konstruktorlik va tajriba tashkilotlari ishlab turibdi. 51 umumiy taʼlim maktabi, 7 kollej, 1 litsey, 44 maktabgacha tarbiya muassasasi faoliyat yuritadi. Toshkent agrar universiteti, 4 musiqa maktabi, kutubxona va klub muassasalari (jumladan, madaniyat uyi, saroylar), stadion, suzish havzasi, 6 kasalxona, 35 qishloq vrachlik, ambulatoriya va qishloq davolash maskani, feldsher-akusherlik punkti aholiga xizmat ko‘rsatadi. Bolalar sanatoriysi, “Bo‘ston”, “Botanika”, «Umid gulshani», «8 Mart», “Turon”, “Navbahor”, “Qibray” sanatoriylari, “Energetik” mavsumiy dam olish uyi va boshqalar bor. Tuman Toshkent shahri bilan avtobus va elektrlashtirilgan tyemir yo‘l transporti orqali bog‘langan.

“Toshkent” ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/qibray-tumani/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x