Qanot juft boʻladi

Talaba edim. Qishda, muzgʻalakda sirpanib ketdim-u, oʻng qoʻlim sindi. Bir oydan ortiq zilday gipsni boʻynimga osib yurdim. Darsga borsam – yozolmayman, uyga kelsam – emin-erkin ovqatlana olmayman. Kiyinish – undan azob. Yorugʻ dunyo koʻzimga tor koʻrinib, asablarim qaqshar edi. Oʻshanda sogʻlik dunyodagi eng bebaho neʼmat ekanligini, tik oyoqda yurish, gurunglarga qoʻshilish, yaqinlaringni bagʻringga bosa olishning oʻzi katta baxt ekanligini anglagandim.

Toʻshakka mixlanib qolgan, nogironlik aravachasi ham ulovi, ham oyogʻiga aylangan yoki turli sabablar bilan es-hushidan ayrilgan insonlar bilan uchrashuvga borar ekanman, boshimdan oʻtgan rutubatli kunlarimni esladim.

Oʻzimcha oʻylayman: ular ham boshqalar kabi sogʻlom tugʻilib, oilasi, yaqinlari bagʻrida soppa-sogʻ, emin-erkin, baxtiyor hayot kechirishlari, farzand koʻrishlari mumkin edi. Biroq Yaratgan ularga boshqacha sinovni ravo koʻrdi. Sinov oʻlaroq ularning yaqinlarini ham imtihondan oʻtkazdi. Nogiron yaqini uchun kimdir umrini bagʻshida etdi, etmoqda. Kimdir “ortiqcha tashvish”dan osongina qutuldi: davlat qaramogʻiga topshirdi.

Davlat koʻngli oʻksik bu insonlarga oilasi berolmagan mehr, osh-ovqat, kiyim-kechak, issiq joy, muolaja taqdim etdi. Nogironlar ham uning sogʻlar kabi teng huquqli fuqarolari.

Yangiyer shahrida joylashgan “Muruvvat” nogiron ayollar internat uyi yurtimizning turli shaharu qishloqlaridan kelgan jismi va ruhiyatida shikastaligi bor 140 jonni oʻz bagʻriga olgan. U yerda taqdiri azal yetaklab kelgan moʻtabar yoshdagi keksa onaxon ham, umrining ayni goʻzal onlarini boshidan kechirayotgan oʻn toʻqqiz yoshli qizlar ham bor. Biri oʻzbek, biri rus, birovi koreys… Dard, iztirob, sogʻinch, yolgʻizlik ularni birlashtirgan. Ularga shu goʻshada oʻz nomi bilan Muruvvat koʻrsatiladi.

 – Bemorlarimizning koʻpchiligi xayoliy hayotida yashaydi. Biri sogʻayib, turmush qurish niyatida boʻlsa, boshqasi toʻrt muchasi butunlar kabi yurishni, qiynalmay gapirishni, eshitishni orzu qiladi. Ularning dardlarini his qilmaslik aslo mumkin emas, – deydi internat uyi direktori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Nafisa Sharipova. – Vazifamiz bu nurli, lekin mashaqqatli yoʻlda ularga har tomonlama yordam berish. Davolash, koʻnglini koʻtarish. Suyanchiq boʻlish. Shukrki, xodimalarimizning hammasi bu sharafli vazifani sabr-bardosh, yuksak masʼuliyat va katta mehr bilan uddalayotir. Mabodo, orasidan tili yoki qoʻli “dagʻal” xodim chiqib qolsa, jazosi tayin: bu yerdan qadami tiyiladi.

Bugun mazkur muruvvat uyida bir yuz yigirmadan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda. Terapevt, nevropatolog, ginekolog, stomatolog kabi shifokorlar, fizioterapevtlar, hamshira va oshpazlar, kutubxonachi va nazoratchilardan iborat ahil jamoa bemorlar xizmatida. Maqsadi bir – bemorlarning jismoniy va ruhiy ahvoli yaxshilansa, hayotga qiziqishi ortsa, bu dunyoda oʻz oʻrnini topib yoki his etib, oʻksinmasdan yashasa.

Internat rahbarining soʻzlariga qaraganda, bemorlarga koʻrsatiladigan barcha xizmatlar, dori-darmonlar bepul. Kuniga toʻrt mahal ovqatlanadi, sayrga chiqadi, yuvinib-taranib, televizor koʻradi yoki kitob oʻqiydi.

Muruvvat uyida doimiy yotoq rejimidagi ayollarga ham koʻzimiz tushdi. Nafisa opaning aytishicha, bunday bemorlar alohida parvarishga muhtoj. Baʼzilarining jagʻ suyagi yaxshi rivojlanmagani uchun ovqatni juda sekin yeydi. Xodimlar yarim soatmi, bir soatmi – to ular toʻyib ovqatlanmaguncha yonidan jilmaydi. Tanovvuliga koʻmaklashadi. Bunday keng sharoit va doimiy gʻamxoʻrlik samarasida sogʻayib, oilasi bagʻriga qaytganlar ham bor.

 – Shifokor badantarbiyaga ruxsat etgan bemorlar bilan har kuni ertalab mashgʻulot oʻtkazamiz. Koptok, arqon, xalqa, hodalar bilan turli oʻyinlar oʻynaymiz, – deydi fitness murabbiyasi Xabaroy Shomansurova. – Jismonan chiniqish tanadagi dardlarni yengishga, qolaversa, ruhiyatning yaxshilanishiga katta yordam beradi.

Choshgohda bemorlarning koʻpchiligi hovliga chiqadi. Mayin musiqa taraladi… Nafisa opa izoh beradi: “Bemorlarimizni musiqa terapiya orqali davolashga ham harakat qilyapmiz. Nafi juda katta. Asablarni tinchlantiradi. Kayfiyatni koʻtaradi”.

Bemorlarning ayrimlarini suhbatga tortdik. Ismlarini oʻzgartirish sharti bilan taklifimizga rozi boʻlishdi.

 

Yulya:

 – Onam bolaligimda qoʻgʻirchoq yasashni oʻrgatgan edi. Shu-shu qoʻgʻirchoq yasash sevimli mashgʻulotimga aylangan. Har gal qoʻgʻirchoq yasaganimda, onamni eslayman. Bagʻrida oʻtkazgan kunlarimni qoʻmsayman.

Qoʻgʻirchoq yasash uchun menga ip-igna shart emas. Ozroq mato va ichini toʻldirish uchun konfet qogʻozi boʻlsa bas. Yasagan qoʻgʻirchoqlarimni bu yerdagi dugonalarim, shifokorlarimizga sovgʻa qilaman. Hatto, “asarlarim” koʻrgazmaga ham qoʻyildi. Juda sevindim. Qoʻshiq aytishni ham yaxshi koʻraman. Maylimi, sizga ham aytib bersam?

Yulya qoʻshiq boshlaydi. Ona haqida, yolgʻizlik haqida, sogʻinchlarga toʻla qoʻshiq…

Shunda bu maskanga kelgan har bir mehmon bemorlar uchun katta quvonch hadya etishini his qildik. Qizning samimiy gaplari, bolalarcha begʻubor orzularini eshitib, oʻylaganlari roʻyobga chiqishini, aravachaga mixlangan bemajol oyoqlariga jon ato etishini Yaratgandan iltijolar qilib soʻradik.

 

Nodira:

 – Jizzaxdanman. Men – oilamizdagi olti farzandning kenjasi. Onam ancha oldin vafot etgan. Hamma aka-ukalarim uyli-joyli. Men ham turmush qurgandim. Afsuski, oʻxshamadi. Homilalarim ketma-ket nobud boʻldi. Oxiri ajrashdim. Ota uyimga qaytdim. Lekin sigʻmadim. Akam, yangam chiqishtirmadi. Bora-bora urish-janjallardan, asablarim charchadi. Uydan boshim oqqan tomonga chiqib ketadigan boʻlib qoldim.

Biror kor-hol boʻlishidan qoʻrqqan otam bechora yigʻlab-yigʻlab, meni shu yerga olib kelib tashladi. Bir yilcha boʻldi. Lekin shu vaqt ichida otam bir martagina yoʻqladi, xolos. Baʼzan nahot umrim oxirigacha shu yerda qolib ketsam, nahot jigarlarim meni butunlay unutgan boʻlishsa, deya oʻylanib qolaman. Men ham boshqalar kabi baxtli yashashni, turmush qurib, farzandli boʻlishni istayman.

Yaxshiyamki, bu yerda psixolog va shifokorlar bor. Meni tushkun kayfiyatdan, yomon oʻy-xayollardan chalgʻitishadi. Dalda va umid berishadi.

 

Malika:

 – Maktabda ingliz tilidan saboq berardim. Keyin bir xorij kompaniyasiga tarjimon boʻlib ishga kirdim. Bir kuni toʻsatdan qulogʻimda shangʻillash boshlandi. Avvaliga eʼtibor bermadim. Bora-bora shovqin koʻpaydi. Shifokor koʻrigidan oʻtsam, miyamda shikasta borligini va dardim jiddiyligini aytishdi. Eslab koʻrsam, bir marta samolyotda boshimga sumka tushib ketgan edi. Oʻshaning oqibatida miyada oʻzgarish yuz bergan. Soʻng onam bilan shu yoʻnalishdagi shifoxonalarni qidirdik va bu yerga kelib qoldik. Kelganimga bir yildan oshdi. Onamni sogʻinishimni inobatga olmasa, qolgan barchasi uyimdagidek. Dori-darmon va muolajalarning yaxshi taʼsirini sezyapman. Yana oʻz ishimga, oilamga qaytishni juda-juda istayman.

Bemorlarning mungli qarashlarini koʻrib, bolalarcha samimiy soʻzlashlari, orzu-umidlarini eshitib, yuragingizga xanjar botayotgandek boʻlaveradi. Shu tobda sehrgarga aylanib, biroviga aql, biroviga oyoq, yana biriga sogʻlom vujud ato etgingiz keladi…

Yaxshiyamki, muruvvat uyi kabi maskanlar, mehridaryo insonlar bor. Mehrga zor yaqinidan vaqtini qizgʻanayotgan, bir ogʻiz shirin soʻzi, mehr-eʼtiborini undan darigʻ tutayotganlar ham yoʻq emas.

Ulugʻlar yozmishlarki, inson qush kabidir. Yuksaklarga parvoz qilmogʻi uchun unga quvvat bagʻishlaydigan ikki qanot zarur: Mehr va Oqibat!

Oqshom muruvvat uyidan chiqqanimizda uning derazalaridan nur taralib turar edi.

 

Goʻzal MALIKOVA,

“Hurriyat” muxbiri,

Sirdaryo viloyati

 

uzhurriyat.uz

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/qanot-juft-boladi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x