PAYARIQ TUMANI

PAYARIQ TUMANISamarqand viloyatidagi tuman. 1926-y. 29 sent. da tashkil etilgan (markazi Chelak qishlogʻi boʻlgan). 1953-y. P. t. ning bir qismidan Narimonov tumani tuzilgan. 1959-y. da Narimonov tumani Payariq tumaniga qoʻshilgan (markazi Narimonov qishlogʻi). 1991-y. da Payariq tumanidan Chelak tumani ajralib chiqqan. 2001-y. da yana P. t. bilan Chelak tumanlari birlashtirilib, ular negizida Payariq tumani tashkil qilindi (markazi Payariqsh.). P. t. oʻrtacha 610 m balandlikda. Shim.-gʻarbdan viloyatning Qoʻshrabot, gʻarbdan Ishtixon, jan. dan Oqdaryo va Jomboy tumanlari, shim. dan Jizzax viloyatining Forish, shim.-sharqdan Gʻallaorol tumanlari bilan chegaradosh. Mayd. 1,29 ming km2. Axrlisi 182,9 ming kishi (2003). Tumanda 2 shahar (Payariq, Chelak), 6 qishloq fuqarolari yigʻini (Guliston, Koʻkdala, Koʻltoʻsin, Sanoat, Choshtepa, Qorasuv) bor. Tuman markazi — Payariq sh.

Tabiati. Tuman hududi Nurota togʻ tizmalarining jan. da joylashgan. Relyefi shim. da togʻlar, adirlar, togʻ oraligʻi botiqlari, jan. qismi tekislikdan iborat. Tuproqlari, asosan, och boʻz tuproq, togʻ etaklarida toʻq boʻz tuproq, jigarrang va qoʻngʻir togʻ-oʻrmon tuproqlari.

Yovvoyi oʻsimliklardan shuvoqshoʻra aralash efemerlar, bugʻdoyiq va togʻchalachoʻl oʻsimliklari oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, chiyaboʻri, quyon, jayran, jayra, gekkon kaltakesagi, toshbaqa, sariq ilon, echkemar, koʻrsichqon, tipratikan, kalamush, qushlardan soʻfitoʻrgʻay, chumchuq, chugʻurchiq, zargʻaldoq va b. uchraydi. Iqlimi keskin kontinental. Yillik oʻrtacha t-ra 13,4°, yanv. ning oʻrtacha t-rasi — 1,2°, iyulniki 27°. Eng yuqori t-ra 45°, eng past t-ra —28°. Vegetatsiya davri 196 kun. Yillik oʻrtacha yogʻin 312 mm, asosan, qishda va bahorda yogʻadi. Togʻlardan oqib tushadigan mayda soylar bahor oylarida Sagʻanoqsoyga borib quyiladi. Jan. tekislik qismidan Zarafshon daryosining irmoqlari — Qorasuv va b. mayda soylar oqib oʻtadi. Ekinlarni sugʻorishda Zarafshon va b. daryo hamda soylardan foydalaniladi.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, turkman, qozoq, tojik, rus, tatar va b. millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2ga 142 kishi.

Xoʻjaligi. Tumanda paxtachilik bilan birga don yetishtirish va chorvachilik muhim tarmoqlardan hisoblanadi. Tumanda «Baltimor» RossiyaAmerika qoʻshma korxonasida konserva, kompot, tomat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Qurilish oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Paxta tozalash, gʻisht z-dlari bor. Kichik, xususiy korxonalar faoliyat koʻrsatadi. Tumanda shirkat, fermer xoʻjaliklari mavjud. Q. x. da foydalaniladigan yerlarga paxta, don, kartoshka, sabzavot va poliz, yem-xashak ekinlari ekiladi. Mevazor, tokzor va tutzorlar bor.

Tuman xoʻjaliklarida qoramol, qoʻy va echki boqiladi.

Payariq tumanida 98 umumiy taʼlim maktabi, 2 musiqa, 3 sport, 1 futbol maktablari, 2 adabiyot va til markazi, Chelak sanoat-transport, Payariq, Al Buxoriy q. x. kollejlari mavjud. Markaziy kutubxona va uning 61 tarmogʻi, 2 bolalar, 1 maxsus kutubxona, markaziy madaniyat uyi, shahar, 24 qishloq madaniyat uylari, 3 avtoklub, xalq teatri ishlab turibdi.

Tumandagi markaziy kasalxona va uning Chelak, N. Azizov, Oxunboboyev, Navoiy, Oqqoʻrgʻon, Koʻltoʻsin hududiy boʻlimlari, 2 tez tibbiy yordam boʻlimi (jami 565 davolash oʻrni), 2 poliklinika, 30 qishloq vrachlik punkti, 47 feldsher-akusherlik punktida 284 vrach, 1825 oʻrta va kichik tibbiy xodim ishlaydi. Tuman hududidan Samarqand — Payariq — Qoʻshrabot yoʻllari orqali Navoiy, Jizzax viloyatiga, Samarqand — Chelak — Mitan orqali Qoʻshrabottumani hamda Navoiy viloyati yoʻnalishi boʻyicha avtobuslar qatnaydi.

Tumandagi tarixiy va meʼmoriy yodgorliklar ichida eng yirigi Imom alBuxoriy yodgorlik majmuidir (q. Buxoriy yodgorlik majmui). Payariq sh. ning shim. qismida Tohir shayx maqbarasi va masjidi bor. Chelaktepa, Shoʻrtepa, Uchtepa, Yigirmatepa, Ernazartepa, Qorovultepa, Moylitepa, Yoʻltepa kabi tepaliklar saqlanib qolingan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x