Palaxmon toshlari

Istiqlolni orzulab oʻtganlar xotirasiga hamda

mustaqilligimizning 20 yilligiga bagʻishlanadi

Muallif

 

Oʻlsam, yuzimni Vatanim tarafga qaratib koʻminglar

Muhojir vasiyati

 

Birinchi qism

 

QOCHISH. ANDIJON – QASHQAR

 

I

Dastlabki kundanoq Beknazarning ichi xotiniga ilimadi.

Kelinchakning husni-malohati binoyidek edi: qosh-koʻzlari qora, yuzlari nafarmon rangli, boʻyi ham Beknazarga mos, xullas, chetdan qaraganda kuyov-qayliq bir-birlariga juda munosib, uzukka koʻz qoʻygandek edi. Ammo…

Beknazar Shohistaning dakkisidan keyin qizlarga deyarli tikilib qaramas, gʻururi poymol etilgan oʻsha alamli damlarni eslasa, hanuz yuzi oʻz-oʻzidan qizarib, qizib ketaverardi.

U sinfdoshi Shohistani yoqtirib qolgandi…

Qizga zimdan tikilib-tikilib qoʻyardi-yu, bet kelib gapirolmasdi. Bir kuni dilidagini qogʻozga bitdi-da, xoliroq joyda Shohistaning kamzuli choʻntagiga sezdirmay solib qoʻydi. Ertasigacha qanday javob yozarkin, deb oʻylanib, rosa hayajonlandi. Yuragi gupurib, maktabga barvaqt joʻnadi. Sinfda hech kim yoʻq edi. Shiddat bilan kirib kelgan Shohista Beknazarning yonida toʻxtadi-yu, choʻntagidan xatni chiqardi va uni mayda-maydalab yirtib “oshiq”ning partasiga sochib yubordi, soʻng sumkasini oʻz partasiga zarda bilan tashladi-da, yana tez-tez yurib chiqib ketdi. Beknazar oʻsha paytda yer yorilsa kirib ketishga rozi edi… Lekin qiz mardlik ham qildi – noma haqida birovga ogʻiz ochmadi, yigitning oʻziga ham qaytib hech nima demadi. Beknazar darslarga mukkasidan berildi-yu, qaytib hech qayoqqa qingʻaymadi, qizlarga yaqin yoʻlamadi.

Akasiday boshini ikkita qilib, boʻyniga olaxurjunni ilib qoʻyishlaridan choʻchigan Beknazar Andijondagi oʻqituvchilar tayyorlash institutiga oʻqishga kirishni moʻljalladi. Biroq Darmonqul aka uni shashtidan qaytardi.

– Qamalayotganlar, taʼqib-tazyiqqa, quvgʻinga uchrayotganlarning hammasi oʻqiganlar, ilmu ziyo egalari boʻlyapti, hozirgi zamonda ilm pand beryapti, xolos. Ammo hunardan odam hech qachon firib yemaydi. Ota kasbini egallagan esa ikkala dunyodayam kam boʻlmaydi, – dedi u.

Beknazar qiblagohning amri vojib deb uqqan solih farzandlar sirasidan edi, arra-teshani olib, uning yoniga kirdi.

– Faqat, otamga ayting, meni uylanishga shoshiltirmasin, – dedi u onasiga.

Aslida padari buzrukvor ham toʻy qilishga oshiqayotgani yoʻq, ularning qoʻllari yupqaroq edi. Yigit yigirma beshga yaqinlashganda qiyin-qistov bilan boʻyin egdi. Koʻngli hamon chopmasdi. Bejiz bezillamagan ekan…

Katta oʻgʻilni xorijga ketgan amakiga qarashli, asosiy qismi musodara qilingan hovlining bir chetidagi qiytiq yerga naridan-beri tom solib chiqarishgan. Uyda boʻyi yetib qolgan bir singil bor – onaizor otaning poytesha chopib topgan puliga koʻz tikib oʻtirar, roʻzgʻorga ajratilgan mablagʻdan ham chegirib bir nimalar olib, qizining sep sandigʻiga tashlab turardi.

Beknazar xos xonaga uyalib-tortinibgina kirdi. Goʻshangadan kuchli atir hidlari taralardi. Lampa chiroqning xira shuʼlasida ohorli koʻrpalar shundoqqina yerga toʻshalgan va sirli tuyulayotgan oʻrinni koʻrib hayajonga, sarosimaga tushgan kuyov bolaning shuuri esa oʻzga tashvishlar bilan band edi.

Anʼanaga koʻra, birinchi oqshom oʻsha gʻaroyib, sehrli oʻringa moslashish, visol tuni arafasidagi ruhan tayyorgarlik kechasi boʻlishi lozim. Lekin tashqarida hali gʻala-gʻovur batamom tinmagan. Dahlizda kelin-kuyovlarning hissiyotlarini junbishga keltirish maqsadida oʻzlarining erga uzatilgan kuni boshidan oʻtkazgan holatlar xususida baland ovozda valaqlashib oʻtirgan taftishchi – yangalarning salobati bosdimi, qoidaga xilof, nojoʻya harakat sodir etib qoʻyishdan choʻchidimi, kuyov bola joyning narigi chetida teskari qarab, koʻrpaga burkangan holda, nafasi qaytib, pishillab yotgan kelinchak tomon surilishga jurʼat qilmadi. Boz ustiga bir necha kundan beri toʻy tashvishlari, tashkiliy yumushlar bilan u yoqdan bu-yoqqa chopib toliqqan, vaqt esa ham allamahal boʻlib qolgan edi. Yuragi gupillab-gupillab pasaydi.

 

* * *

Ertasiga kun boʻyi oʻrtoqlari bilan qoʻshnilarnikida dam olishdi. (Bu ham bir taomil-da!). Toʻyxonadan goʻsht va boshqa yemishlar olib chiqib, maishat qilishdi. Uylanganlar oʻzlarining toʻylari, visol oqshomidagi ajab, qiziq kechmishlari toʻgʻrisida gapirib, kuyov bolaning koʻngliga dam gʻulgʻula, dam hayajon solib, joʻyali ham qitmirona yoʻl-yoʻriq, maslahatlar berib oʻtirishdi. Kechga tomon Beknazarning yuragi gursillab ura boshladi. Bugun u oʻz nikohiga qabul qilgan, xotin degan bir umrlik mahram va hamdamni bagʻriga, panohiga olmogʻi, shu bilan eʼtiboran yigitlik imtihonidan oʻtib, oʻzga bir dunyoga qadam qoʻymogʻi zarur… U kechagidan sal beriroqda, yaqinrogʻida yuzini shiftga qaratgan koʻyi koʻzlarini yumib, lablarini qimtib yotgan kelinposhshaga koʻrpa ostidan asta qoʻl choʻzdi. Qizning seskanib-sapchib ketishi, oʻzini nari tortishini kutgan edi, kelinchak salgina titrandi, xuddi bunaqa goʻshangalarni avval ham koʻrgan-u, badaniga erkak panjasining tegishi oddiy holday, vaholanki, uning uchun ham bu ilk sinov va umridagi ilk hayajonli, eng hadikli, eng zavqvor tun edi. Yigit kelindagi bu holat uning tabiatan sovuqqonligidanmi yo befarqligidanmi – tushunolmay hayratda edi. Yana sinamoq uchun qizning u yer-bu yeriga goʻyo beixtiyor barmoq tekkizib koʻrdi. Kelinchak oʻzini jiddiy, sipo tutishga, kuyov qoʻlining huquqiy xatti-harakatlariga qarshilik koʻrsatmaslik uchun qitigʻi, sezgilarini kuch bilan jilovlab yotganga oʻxshardi. Beknazar shunday xayol qildi. Shu bilan birga uning ichiga ilonning bolasiday gumon oʻrmaladi. Nahotki?.. Sharob va masʼuliyat tufayli qoʻzgʻalgan ehtiros oloviga goʻyo suv sepildi. Ishtiyoq otliq gijinglagan samanning shashti pasaydi. Shirin, xushomadli soʻzlar, muloyim silab-siypalashlar ilinjida yuragi hapriqayotgan qiz esa, balki yigit harakatlarining sustligidan, uning mizojidan xavotirlangandir, axir kelinchaklar ham erta-indin dugonalari va boshqalar nazariga, muhokamasiga tushishini biladilar va oʻz qayliqlarining dangalligi, chapdastligi, bahodirligi bilan… gʻururlanishni xohlaydilar-da… “Yoqmadimmikin?..” degan hadik yuragini nashtarday tilib oʻtdi, aʼzoi badani qizidi, nazarida yuzlari lovullab ketayotgandek, iyagigacha tortilgan koʻrpani yondirib yuboradigandek tuyulib, koʻrpani sal tushirdi. Lekin miq etmasdi, albatta kuyov soqovday jim boʻlgach, kelin nima ham derdi? Biri shiftga, ikkinchisi devorga qarab, koʻzlarini yumganicha, goʻyo bir-birovidan uyalgandek, bir-biriga tegib ketishdan avaylangandek, nafaslarini ichiga yutib yotishardi.

Kechaning qolgan qismi, dahlizdagi yangalarning shivir-shivirini hisobga olmaganda, deyarli sokin, osoyishta oʻtdi. Balki “sokin”, “osoyishta” soʻzlari bu oʻrinda u qadar joiz emasdir, zero, kelinposhsha ham, kuyov toʻra ham qariyb tonggacha chala qoʻzgʻalgan, qoniqmagan hissiyotlar olamida beorom, xayollarning har xil koʻchalarida kezib chiqishgandir.

Nihoyat, uzoqqa choʻzilgan tun ham chekinib, tong yorisha boshladi. Qoidaga koʻra, kuyov chimildiqli xonadan erta sahar turib chiqib ketishi lozim, lekin u oʻy surib yota-yota azonga yaqin uxlab qolgan edi, kelinchak ham, yangalar ham uni uygʻotishga istihola qilishardi. Bir payt koʻzini ochdi-yu, apil-tapil oʻzini tashqariga urdi. Uylari orqasidagi ariqchada yuz yuvayotgan edi, yon qoʻshninikida tom yopayotgan hazilkash usta Boqi “Qulluq boʻlsinmi, kuyov bola?” deb gap soldi. Beknazarning qulogʻi chimillab, butun vujudidan alanga chiqib ketganday boʻldi-yu, oʻzini eshitmaganga olib, darvoza tomon shitob yurdi. Koʻchada doʻstlari kutib turishgandi. Ulardan biri “boʻrimi, tulkimi?” deb soʻradi jilmayib.

Beknazar asabiy qoʻl siltadi.

 

* * *

Bugun endi ogʻaynilardan birinikida oʻtirishdi.

“Qani, gapir-chi, nima boʻldi oʻzi?” – deya qiyin-qistovga olishdi, har xil askiyalar qilishdi.

Beknazar qanday sabab, vaj koʻrsatishga hayron edi. Kelinchakning miq etmay, pismayib yotishi borasida gapirib yuboray-gapirib yuboray deb ogʻiz juftladi-yu, “arpa un bahona…” deya battar kulishlarini oʻylab, tilini tiydi. Hayajonlanganini roʻkach qildi.

– Boʻpti, mayli. Baʼzan shunaqayam boʻladi. Qizlardan uzoq yurganingni oqibati-da, – deyishdi. Dadillik uchun ham issiqlik… deb, konyak ichirishdi. Chindan ham Beknazarning ichi qizidi, xayolida unda togʻni ursa tolqon qilgudek shijoat, kuch paydo boʻldi, noxush taassurotlar chekindi, jahdga uyqash mayl uygʻondi.

Chimildiqda esa yana kechagi, oʻtgan kungidek anvoyi hidlar anqirdi, lekin oʻz ogʻzidan may isi burqsib turgani bois, Beknazarga uncha taʼsir qilmadi. Kallasida ustaning ertalabki tagdor va tigʻdor savoli aylanardi. Ahdi qatʼiylashdi. Lekin… Kechagidan ham gʻalati holat yuz berdi. Kuyovning oʻz taxminlariyu “tajribali” oʻrtoqlarning bashoratlari tasdigʻini topmadi: kelinchak tomonidan qoʻrqish, choʻchish niqobidagi iboyu andisha maqomida koʻrsatilajak qarshiliklarni yengish, mudofaani daf etish uchun uzoq va qizgʻin jang olib borishga, tavsiya etilgan hujum usullarini qoʻllashga ham hojat boʻlmadi. Taajjubu hayronlik girdobida qolgan yigit tonggacha gumonu ishtibohlar dunyosida izgʻib, unsiz toʻlgʻonib chiqdi. Soʻng esa oʻzicha mushohada yuritib bir fikrga keldi: “xonim” tezroq kuyovning “xasmiga aylanib olish” niyatida monesizlik, taslimchilik yoʻlini maʼqul koʻrgan, avvaldan shu choraga oʻzini tayyorlagan boʻlsa kerak…

Xullas, keyingi kuni yangalar tarqalishdi, qudalar tarafga xushxabar ketdi. Beknazarning koʻngliga ham yorugʻlik tushdi, ammo… Mayl, ishtiyoq nimagadir qayta avjlanmadi, sustligicha qoldi. Holbuki, qiz oʻsha kundagi oʻz musallamligini keyinchalik gap orasida boshqacha izohlab oʻtdi. Yaʼni, kelinposhshaga ham turmush koʻrgan dugonalari chimildiqda yuz berajak voqealar toʻgʻrisida hazil-chin aralash gapirib, uni pishiqtirib qoʻyishgan, xususan ortiqcha tannozligu uyalish bilan kuyov bolani qiynamaslik, koʻzda tutilgan ish tezroq amalga oshmasa, yigitning nomus oʻtida qovurilib, oshna-ogʻaynilari oʻrtasida izza tortishi, natijada qizdan sovib qolishi mumkinligi, kuyovning qayligʻiga qanchalik mehr-muhabbat qoʻyishi kelinchakning aynan oʻsha ilk visol chogʻlarida oʻzini qanday tutishiga, yigitga baxsh etajak zavqu sururga bogʻliqligini uqtirishgan, “qoʻyinga kirish kechasi koʻngilga ham kirish kechasidir”, deya taʼkidlashgan ekan. Shuningdek, masʼul shaxslar – yangalar ham “bu ish”ning xamirdan qilni pichagina qattiqroq sugʻurishday gapligi, ochiq – chiroy bilan, xushlashib qovushish kelgusidagi totuvlikning asosiy garovi ekanligini Rashidaning qulogʻiga qayta-qayta quyishgan edi. Qolaversa, yolgʻiz qiz toʻrt aka-uka orasida, ular bilan tortishib-turtishib, koʻrpada, qorlarda dumalashib ulgʻaygani bois, qitigʻi ham erta kunda barham topgan, binobarin, erkak bilan ayol tanasining ilk bor bir-biriga tegishidan hosil boʻladigan uchqunlar allaqachon sezilmay chaqnab soʻngan, bu borada bilib-bilmay yigitning ragʻbatini qaytarib qoʻymaslik yoki unda shubha uygʻotish xususida qaygʻurish esiga ham kelmagandi. Oʻzining eʼtiroficha, visol tunida u avvaliga gʻaroyib bir olamga tushib qolganday hayajonlanib yotgan-u, soʻng yuqoridagi pandu oʻgitlar quloqlari ostida qayta jaranglay boshlagach, oʻzini qoʻlga olgan va mayli, rizoligini soxta sapchishlaru titroqlarsiz, sukut bilan izhor aylamoqqa jazm etgan. Zero, oʻzining ham suyib tekkan yorini ranjitish, izza torttirish niyati yoʻq edi. Shuningdek, u tuni bilan koʻzlari eshik tirqishida boʻlgan yangalaru quloqlarini ding qilib kutishayotgan mahalla ayollari, qarindosh-urugʻlar, “uloq”ni oldirib yuborib dogʻda qolgan qizlar oldida yuzi tezroq yorugʻ boʻlishini istagandi.

Bu iqrorni ham kelinchakning tilidan sugʻurib olish oson kechmadi: u damduz edi. Ishlarni indamay qilaverar, birov bir nima soʻrasa “ha” yo “yoʻq” soʻzi qimtilgan lablari orasidan arang sirgʻalib chiqar, oʻzicha minbaʼd gap qoʻshmasdi. Qaynona – qaynsingil – ovsinlar bilan suhbatlashib oʻtirishni ham xush koʻrmasdi. Ovqat mahalida-ku miq etmaydi. Mana shu feʼli koʻpchilikka uncha singmadi. Bosh xususiyati “bulbuligoʻyo”lik boʻlgan ayol zoti olamida bu kamdan-kam uchraydigan noyob hodisa edi.

– “Ichimdan top”niyam ja boʻlakchasidan ekan-a, – derdi Rahima bosh chayqab.

– Ha-ya, yuragi dimlanib, yorilib ketmaydimikin? – qoʻshimchilardi kelinaya.

“Visir-visir”larning mazmunidan xabar topgan qaynota: “Sizlarga qulogʻingizni qoqib qoʻlingizga beradigan boʻlsa yaxshimidi?!” deb tanbeh berardi. Lekin u oʻgʻlining ham kelinchak bilan munosabati sustroqligidan xavotirlanib qoʻyardi. Bu boradagi axborot ham ojizalar orqali yetib keldi: Beknazar koʻngilsiz emish…

– Nima sababdan, shu kamgapligi uchunmi?

Bu savolning javobi aniq emas edi. Ona yelkalarini qisdi.

– Menam hayronman. Soʻrasam, oʻgʻlingiz tuzuk gapirmaydi.

– Hay, sekin-asta ilib qoladi.

Biroq, Beknazarning ilishidan darak yoʻq edi. Eski kitoblar voqeasi dard ustiga chipqon boʻldi.

 

II

Ular oʻrtahol yashashardi. Chunki, ancha yillar burun yurt boylarining mol-dunyolari tortib olinib, oʻzlari Sibir, Ukraina va boshqa olis, sovuq yurtlarga badargʻa etilib, tugʻilib oʻsgan goʻshalaridan izlari batamom quritilgach, birov boyishni havas qilmay qoʻygan. Hamma bir amallab kun oʻtkazish niyati bilangina yashar, hech kim katta daromad keltiradigan “yogʻli” ishlar ketidan quvmas, hatto yirik-yirik rahbar-amaldorlar ham maoshdan oʻzgasini deyarli koʻzlashmas, “poraxoʻrlik” degan soʻz ahyon-ahyondagina quloqqa chalinib qolsa-da, koʻpchilik uning mazmunini ham durust anglamasdi. Keyingi, pora desa oʻzini tomdan tashlaydigan, xalq mulki boʻlgan savdo markazining eskalatorini hech tap tortmay dangʻillama uyiga oʻrnatib oladigan, uch-toʻrt kishidangina iborat oilasi uchun yigirma-oʻttiz xonali, qavat-qavat koshonalardan iborat hovli-joylar qurish borasida kim oʻzar oʻynaydigan mansabdoru ahli bizneslar hali goʻdak yoyinkim onalarining qornida, otalarining belida edilar. Binobarin, farovonlik, obodonlik ham oʻsha siyosatga yarasha: aholi joʻngina, qishloqlarda hatto loysuvoqli, boʻyra bilan yopilgan kulbalarda umrguzaronlik qilishardi. Ikkinchi jahon urushidan keyinroq, elliginchi yillar boshida kattalarda fikr bir oz oʻzgarib, siyosat, boshqaruv tizgini andak boʻshashdimi, odamlar tetiklanib, qurbi yetganlar boshpanalarini sal-sal rostlamoqqa kirishdilar.

Beknazarlarning uylari ham ancha puturdan ketgan edi. Darmonqul aka-ku shunisigayam shukr deb yurardi, illo, oʻgʻillar, xususan har xil xonadonlarni koʻrib yurgan Beknazar Mulla Ahmadali bobolaridan meros qolgan devor – tomlarining xarobligidan nomus qilib, har zamonda mingʻirlab qoʻyishardi. Lekin ular hali oilaning umumiy daromadiga besh tanga qoʻshadigan boʻlishgani yoʻq, poytesha bilan topishgani kundalik roʻzgʻor tebratishga arang yetardi. Darmonqul akaning dilidan boʻzchi belboqqa yolchimas, degan maqol oʻtardi. Ustachilikka toʻlanadigan xizmat haqi choy, non pulidan oshmasdi. U mahallarda savdolashish degan gap yo hunarmandning yo ish egasining xayoliga kelmas, har kim koʻnglidan chiqarganini, ataganini berardi. Usta ham tuz-namagingizga rozi boʻling, deb ketaverardi. Qolaversa, qishloqda asosan mayda-chuyda taʼmirlov ishlari boʻlib turar, yangi bino quruvchilar kam, bunga imkoni borlar ham jurʼat qilishmay, eski deraza koʻzlariga gazeta yopishtirib oʻtirishaverardi.

– Niyatlaring yaxshi, ammo tomni yangilashga pul kerak-da, oʻgʻillarim, – dedi ota axiri muloyimlik bilan. Uning dilida ham orzu-havas, mehnatu mashaqqat bilan oʻtayotgan umrining qolgan qismini koʻrkamroq imoratlarda farogʻat bilan kechirish umidi yoʻq emas edi. U oʻgʻillarimga gapim taʼnaday tuyulmadimikin, degan andishaga borib, qoʻshib qoʻydi: – Mayli, sabr qilib turaylik-chi, Xudo bir yoʻlga boshlar…

Erta bahorda yana Beknazardan fikr chiqdi.

– Qoʻriq ochib, koʻproq sholi eksak… – dedi u bir kuni nonushta chogʻida.

Darmonqul aka “Sen nima deysan?” deganday katta oʻgʻliga qaradi. Xolnazar inisining taklifini quvvatladi.

– Maʼqul, – dedi ota farzandlarining ahdidan, ularning yakdilligidan quvonib.

 

* * *

Qishloqning janub tomonida, Qoradaryo boʻylarida kolxoz foydalanmaydigan bir necha yuz gektar baland-past tashlandiq yerlar boʻlib, odamlar chekkaroq, qulayroq joylardagi chimzor – doʻngliklarni kuchlari yetganicha oʻzlashtirib sholi ekishardi. Beknazarlarning ham ozroqqina sholipoyasi bor, ammo u yerdan chiqqan sholining guruchi tirikchilikni zoʻrgʻa qoplardi. Odamlar choʻchishganidanmi, insof-andisha qilibmi yo soddaliklaridanmi, kattaroq yer ochishga urinishmasdi. Sirasini aytganda, koʻproq ekin maydoni yaratish ham oson ish emas: chimzor – qoʻriqlarning yuzasi yupqa tuprogʻu tagi gʻichirama toshloq boʻlib, ketmon har gal albatta toshga jangillab tegar, har qanday oʻtkir qurol, hatto metin – choʻkichning tigʻi ham yarim, bir soatga yetmay toʻmtoq boʻlib oʻtmaslashgach, marzaga oʻtirvolib, asbobni egov yo qirrali tosh bilan uzoq terib, qayrashga toʻgʻri kelardi. Qisqasi, ish unmas, ketmonchi ikki-uch soatdayoq bezillab, qoʻllari qavarib, ishni bas qilish payiga tushardi.

Oʻsha yili qish choʻzilib ketganidan hadeganda kun isiyvermadi. Keng toʻqayzor – qoʻriq tarafdan salqin shamol esib etni junjiktirar, yalang oyoqlar muzday tosh, maysa-chim ichida qaqshab, uvushib qolardi.

Aka-uka yigirma kuncha ketmon charxlab, chim qoʻporishdi. Kechgacha ikkalasining ham sillasi qurib, tovonlari qirrali toshlarga tegaverib qonab ketar, qoʻltiqlari osti zirqirab, yelkalarini koʻtarolmay qolishar, har kuni kechqurun paxta yogʻini qizdirib tovonlari va qadoqli kaftlariga chilpillatib surkab oʻrik oʻtin choʻgʻiga toblashgach, bogʻlab yotishar, ertalabgacha ogʻriq xiyla bosilardi.

Zahmat va mashaqqatlar besamar ketmadi. Alloh yigitlarning niyatlariga yarasha xirmonga baraka berdi. Lekin koʻklamning surilishi evazigami, kuz injiq, seryogʻin keldi – sholini quritish qiyin boʻldi. Buning ustiga toʻyga hozirlik boshlab yuborildi. Beknazarning jilla qursa, yozga chiqaylik, oldin hovli-joylarni oʻnglaylik, degan iltijolariga quloq osishmadi. Onaizor: “Sen tengilar ikkitadan bola koʻrishdi”, deb yigʻiga tushdi, shundan keyin ota: “Bahor uyga urinib ketsak, toʻy yana suriladi. Shuncha qoʻyib berdik, menam mahalla-koʻydan nomus qilyapman”, deb gapni kesdi. Sholini qizimaguday sergitib[1] qoplab qoʻyishdi. Toʻydan keyin koʻp oʻtmay qor tashladi. Sholini kunda-kunda bir qop-ikki qopdan sandal atrofida aylantirib-aylantirib quritishguncha qish yarimladi.

 

III

1951 yil, koʻklamning ilk pallasi. Taqvim boʻyicha bahor rasman kirgan boʻlsa-da, keksalar taʼbiricha, qishning yana bir hafta – oʻn kunlik haqi bor. Kun yiltillab turganiga qaramay pana-pastqamlarda qorlar hali batamom erib bitmagan, sovuqning zahri ketmagan. Mashriq tomondan esayotgan izgʻirin, xususan, ertalablarda goh pasayib, goh avjlanib, boʻsh-bayov, sust kishilarni junjiktiradi. Lekin qahratondan omon-eson chiqib olganiga shukr keltiruvchi xalqning asosiy qismi tirikchilik tashvishida gʻimirlab, qishloqlarda ham jonlanish boshlangan. Beknazarlar qishi bilan sichqon-kalamushlardan, qush-parrandalardan qoʻrib chiqqan sholini qoʻshni qishloqdagi objuvozda bir hafta yotib oqlashdi va bir necha yakshanba Andijondagi kappon bozoriga (u mahallarda shaharda ham savdo faqat yakshanba kunlari boʻlardi) tashib sotishdi. Oʻshanda yaxshi guruchning narxi nari borsa yuz soʻm[2] boʻlardi, yuz ming soʻmdan ortiqqa pulladilar. Kunlar ham ilidi. Beknazarlar koʻch-koʻronlariyu ashqol-dashqollarini baland soʻriga va uning ostidagi chorpoyaga koʻchirib, eski binolarni buzishga kirishishdi.

Sinch bilan tiklangani tufayli shuvoqlari yorilib nuray boshlagan boʻlsa-da, yiqilmay turgan uyning ikki tokchasi oraligʻidagi guvalalarni choʻkich bilan koʻchirishayotgan paytda boʻyraga oʻralgan bir dasta kitob chiqib qoldi. Ular juda yaxshi saqlangan, semiz-semiz, qoramtir, qizgʻish, jigarrang saxtiyon muqovalariga ham uncha shikast yetmagan, sichqon ham tegmagan, faqat qalin chang oʻtirgan va sargʻayib, burishib, chetlari bir-biriga yopishib ketgan edi.

Hashardagilar – mahallalik turli yoshdagi uch-toʻrt erkak varaqlab koʻrishmoqchi boʻlishgandi, Darmonqul aka “hay-hay”lab, “ular ichida Kalomullo boʻlishi mumkin. Muqaddas kitoblarga betahorat qoʻl tekkizish mumkin emas”, dedi va oʻzi tahorat yangilab kelib, topilmalarni hozirgina yuz-qoʻlini artgan nam durraga oʻrab chorpoyaga olib bordi-da, sandiq ustiga yigʻilgan koʻrpalar qatiga joylab qoʻydi.

Oqshom ota va oʻgʻillar kitoblarni koʻrpa orasidan chiqarib, noyob ashyo kabi qoʻlma-qoʻl qilib, koʻzlariga surtishdi. Zarhalli arabiy harflar nihoyatda zich, ammo kashta misoli chiroyli edi. Unga tikilish, tomosha aylash ham zavqli: koʻngilda tushunuksiz bir tuygʻular uygʻotar, bu tuygʻular afsus-nadomat hislari bilan omixtalashib ogʻriq berardi. Nahotki uch birday odamdan birontasi bu nodir bitiklarni tatalab ham oʻqiy olmasa? Nahotki katta bir xonadon ota-bobolarining ilmi-maʼrifat bulogʻidan butkul bebahra, benasib boʻlsa?

Beknazar bobosidan arab imlosini oʻrganib olmaganini, bu borada gʻirt omi ekanini tuyub, ichidan zil ketdi.

Uy qurilganda Darmonqul aka taxminan oʻttiz yoshlarda boʻlib, devor urilayotganda otasi mulla Ahmadali bilan yonma-yon turgan, boshqa hasharchi-yordamchilar ham bor edi. Lekin kitoblarni guvalalar orasiga kim, qanday urib, suvab yuborganini koʻrmagandi. Bunday xavfli tadbirni koʻpchilik koʻz oldida, guvohligida amalga oshirish ham mumkin emas edi. Demak, ota oʻgʻliga, oʻzgalarga ham bilintirmay, bu ish bilan tunda bir oʻzi shugʻullangan. Darmonqul aka otasining sandalda mutolaa qilib oʻtirishini, ixchamgina, vassajuftli shifti pastakkina xonaning oʻrta tokchasida ustma-ust taxlogʻlik turadigan kitoblarning birdan gʻoyib boʻlib qolganini esladi. Oʻttizinchi yillarda sallaga va eskicha ilmlarga qarshi oʻt ochilganda mamlakat boʻyicha qanchadan-qancha noyob kitoblar daryolarga oqizilib, qabristonlarga koʻmib yuborilgan. Agar bu ehtiyot chorasi ehtiyotsizlikka aylanib, oʻgʻli va nabirasiga shuncha tashvishu aziyat yetkazishini bilganida, balki u ham boshqacha chora qoʻllagan boʻlarmidi…

Shoʻroning dastlabki kunlaridan mamlakatda islom va boshqa dinlarga qarshi boshlangan taqiq va siquv oʻchib-yonib turadigan olov singari vaqti-vaqti bilan kuchayib alanga olar, bu tazyiqlar ham ziyolilarga, ilmlilarga nisbatan eʼlon qilinmagan umumiy hujumga qoʻshilib ketardi. Tazyiqu taʼqiblardan zada xalq ichida faqat keksa yoshdagilar, diniy idora va soha bilan bevosita daxldor kam sonli xudojoʻylargina (ular ham hadik bilan) namoz oʻqishar, qolgan toifa, xususan, yoshlarning toʻqson toʻqqiz yarim foizi namoz, roʻza va boshqa islomiy farzu sunnatlardan tamomila yiroq edi. Yarim foiz moyillar pinhona ibodat qilib, yashirincha (asosan qiz-juvonlar) roʻza tutishardi. Beknazarga bobosi namozni oʻrgatgan edi, lekin u ham oʻqimasdi. Ota oʻgʻillarini sajdaga bosh qoʻyishga undamasdi… Xalqda eʼtiqod parokanda, vijdon erkinligi degan narsaning oʻzi yoʻq edi. Navroʻzni bayram sifatida nishonlash va boshqa milliy qadriyatlar eskilik sarqiti sifatida qoralanardi. “Kommunizm” atalmish xayoliy kelajakni odamlar aniq koʻz oldiga keltirolmas, ammo, har qalay, unga ixtiyoriy-majburiy tarzda ishonuvchilar, xususan, rahbar-amaldorlar ichida ancha topilardi. Voqea yuz bergan pallada qatagʻonning navbatdagi quyuni koʻtarilib, siyosat shamshiri madaniyat va maʼrifat kishilari – millat gullarini yana chilpiy boshlagan edi.

– Endi nima qilsak ekan bu kitoblarni? – oʻychan savol tashladi ota.

– Ertaga qishloq sovetidagi kutubxonaga olib borsam, ehtimol ilmiy asarlardir, – dedi Beknazar.

– Avval imom-domlaga oʻqitib koʻrish kerakmikin?..

Xolnazar ham otasining fikriga qoʻshildi.

Abdujalil domla boʻychan, qovun shakl quyuq soqoli kumushrang, engashib koʻp kitob oʻqib, koʻp toat-ibodat qilganidanmi, bir oz enkayib yuradigan ancha sipo kishi edi. U Beknazarning soʻzlarini xushlamaygina tingladi.

– Meni maslahatim, – dedi u sovuqqonlik bilan, – yoʻqotish kerak, vassalom. Balodan hazar, boʻtam. Agar ulugʻ kitoblar boʻlsa, Xudoning oʻzi kechirsin. Siyosat degani oʻta rahm-shafqatsiz narsa, siyosatchi esa yuzsiz – hech kimni – shohniyam, gadoniyam, olimniyam, ominiyam ayab oʻtirmaydi. Siyosat – bamisoli oʻt, oʻt bilan oʻynashib boʻlmaydi deb qoʻli, tili kuyganlar aytgan. Avvalgi talatoʻplarda qancha-qancha mulla kishilar urilib-surilib, yoʻq boʻlib ketdi. Meniyam, oʻzlaringniyam bir falokatga giriftor qilib oʻtirmanglar. Meni afv eting, boʻtam, dadangizga uzrimni yetkazing. Bu gapni menga aytdingiz, boshqa birovga zinhor ogʻiz ocha koʻrmang. Meni oldimga qay vajdan kelganingizniyam hech kas bilmasin…

 

* * *

Ota-bolalar bir toʻxtamga kelishguncha ikki kun oʻtdi. Uchinchi oqshom, namozgar arafasida darvoza taqilladi. Eshikni ochgani Beknazar chiqdi. Darvozaxonada oʻrta boʻyli, oʻttiz yoshlardagi qizil galstuk taqqan kimsa bilan andak qorin qoʻygan, qoshlari sargʻish, qarashlari maʼnosizdek koʻrinadigan qishloq milisasi turardi.

Beknazar xushlamaygina qoʻl uzatdi. Mehmonlar mezbon bilan naridan-beri takallufsiz qoʻl olishib, uning koʻzlariga tikilishdi. Beknazar ikki qanotli taxta darvozaning ochiq tomonini gavdasi bilan deyarli toʻsib qoʻygandi. Albatta, sharq odobiga koʻra, har qanday mehmon hech qanday savol-javobsiz, surishtiruvsiz, aksincha, tavoze bilan kutib olinmogʻi va sidqidildan hovliga boshlanmogʻi lozim. Lekin keluvchilarning tund qiyofasi, sovuq muomalasidan, xususan, militsiya kiyimidan Beknazarning koʻngli allanechuk xijil tortgandi.

– Xizmat, akalar? – soʻradi u bir unisiga, bir bunisiga sinovchan yuzlanib.

– Ichkarida gaplashsak, – dedi oʻrta boʻyli.

Beknazarning qoshlari chimirildi.

– Nima masalada?

Shu asnoda ostonada ota koʻrindi, u mehmonlar bilan xushhol koʻrishib, ularni uyga taklif etdi. Beknazar “Nima qilyapsiz, ota?” deganday tomoq qirdi. Lekin Darmonqul aka unga eʼtibor bermagach, noiloj oʻzini chetga oldi.

Chaqirilmagan “mehmonlar” tashrifining sababi ayon, masala ravshan edi. Darmonqul aka kitoblarning qayerdan, qanday topilganini yashirmay, boʻyamay soʻzlab berdi, oʻzimiz olib borib bermoqchi boʻlib turuvdik, deb vaziyatni yumshatishga harakat qildi.

– Unda nimaga ikki kundan beri saqlab oʻtiribsizlar? – soʻradi oʻrta boʻyli oʻdagʻaylagan ohangda.

– Qayerga eltishni, kimga topshirishni bilmadik, – dedi Beknazar. Uning gʻazabini yashirib, oʻzini arang tutishga harakat qilayotgani ovozining dagʻalligidan anglashilib turardi.

– Nimaga bilmaysizlar?! Bizga – raykomga olib borib topshirish kerak. Bilishga-ku, bilasizlar, lekin xohlamagansizlar, kim sezib oʻtiribdi, deb oʻylagansizlar. Eshitgandik: sizlar asli avlod-ajdodingiz bilan dindor-taqvodor kishilar ekansiz!

Beknazar bobosini juda yaxshi koʻrardi. Yoshi yetmishga qarab borayotgan qariya melisaxona qamogʻida koʻrganlarining bir uchini chiqargan, qolganini undan-bundan eshitganlari, oʻqiganlari bilan toʻldirib tasavvur qilgach, nafratini kimga, qayoqqa qaratishni bilmay yurar, bobosini oppoq soqoli bilan kun tushmaydigan yer ostida – zax xonada saqlaganlarda keki bor edi. Begunohdan begunoh-a… Aybi – uning ilmi borligi edi.

“Uyidan eskicha kitob chiqibdi” degan chaquv bilan darhol hid oluvchi ikkita “laycha”ning yetib kelishi va oʻzlarini surbetlarcha tutishi, ota-bolani katta jinoyat ustida tutib olishganday oʻdagʻaylashlari dard ustiga chipqon boʻlib, qonini koʻpirtirdi.

– Tuhmat bu. Bir bobom savodli odam boʻlgan, xolos! – Beknazarning vujudi ham, tovushi ham qaltirab ketdi.

– Tuhmat? Hali men senga tuhmatchi boʻldimmi?! – gezardi raykom xodimi. – Sen oʻzi nima ish bilan shugʻullanasan?

Ota “hay-hayla”di:

– Mayli, bularni olib keta qolinglar. – U kitoblarni raykom xodimiga yaqinroq surdi. – Uzr, endi, oʻgʻillarim, aqlimiz noqislik qipti. Uyimiz toʻkilay deb qoluvdi, shuni buzish bilan ovora boʻlib…

– Pulinglar koʻpayib ketdimi? – dedi yana raykom xodimi dagʻdagʻa bilan.

– Devorning orasidan tilla-pillayam chiqqandir, – gap qoʻshdi uchastkovoy. – Bularning bobolari boy oʻtgan.

– Unaqa demang, oʻgʻlim, – dedi Darmonqul aka yoshinqiragan, chetlarini ajin qoplagan jigarrang koʻzlarini moʻltiratib. – Kimligimizni siz yaxshi bilasizu. Boylar avlodi boʻlsak, shu alfozda oʻtirarmidik… – U qoʻllarini yozib, boshini silkib, hovliga ishora qildi.

Raykom xodimi atrofga birrov nazar tashladi. Darhaqiqat, tomorqada diqqatga arzigulik narsa yoʻq edi. Oʻsha yillardagi qishloq xonadonlariga xos manzara: bir tarafda ostida ikki-uch quchoq xas-xashak uyulgan, tomiga besh-oʻn bogʻ gʻoʻzapoya bosilgan, tol xoda ustunlarini qurt yegan ikki yoni va oldi ochiq bostirma, boshqa tomonda – shoxlari tarvaqaylagan, tanasi eshilib, poʻstlari archilib ketgan qari behi yonida bir oyogʻi kalta odamday qiyshayib, tagidagi katakda olachipor makiyon gʻilmayib yotgan gʻarib tandir koʻzga tashlanardi, xolos. Uylar buzilayotgani sababli, koʻchishga tayyorlanayotgan xonadon kabi hammayoq besaranjom, ivirsiq edi.

Raykom xodimi kitoblarning u yoq-bu yogʻini agʻdarib, ichlarini ochib koʻrgan boʻldi-da (Darmonqul aka bu betahoratning bepisandligi, beadabligidan ijirgʻanib oʻtirdi), sanay boshladi.

– Bir, ikki…, yetti… Nechtasini yashirib qoʻydinglar?

Ota kalovlanib qoldi. Zugʻumchilar xatti-harakatini qovogʻini uygancha jimgina kuzatib, gapga aralashishdan oʻzini zoʻrgʻa tutib oʻtirgan Beknazar chidamadi.

– Nima, bizga ishonmayapsizlarmi? – U ovozini boyagidan ham koʻtarib, raykom xodimiga tikildi.

Darmonqul aka oʻgʻlining biqiniga sekin nuqidi.

– Xabar ol-chi, choy damlashdimikin?

Beknazar oʻrnidan turib, baland soʻri tomon jildi. Raykom xodimi uning ortidan bir qarab qoʻyib, yana otaga yuzlandi.

– Toʻgʻrisini ayting.

Darmonqul aka soqolini tutamladi.

– Oppoq soqolim hurmati…

– Soqolingizni pesh qilmang bizga, soqol echkidayam bor.

Otaning dili ogʻridi.

– Dasturxonda oʻtiribmiz. Yashirganimiz yoʻq, yashirish niyatimiz ham yoʻq, bori shu, oʻgʻillarim.

– Kapitan, kitoblarni roʻyxatga oling.

Kapitan yiltillab ketgan qora charm sumkasidan qogʻoz, ruchka olib, yozishga shaylandi.

– Qanaqa kitoblar oʻzi bular, Darmon aka?

– Bilmaymiz, bolam, men ham, oʻgʻillarim ham arabchani oʻqiyolmaymiz.

– Oʻqishni bilmasanglar nimaga ushlab turasizlar?.. Nima deb yozaman? – Militsioner sherigiga qaradi.

– Sonini, rangi-tusini yozing. Akt tuzing. Otaga qoʻl qoʻydiramiz.

– Men qoʻl qoʻyib beraman, – dedi choy koʻtarib kelgan Beknazar kapitanga yondoshib.

– Ikkalangiz ham imzo chekasiz, – dedi raykom xodimi. Ajabo, diydasi sovuq, qarashlari hissiz, soʻzlash ohangi ham oʻzgarmas – birday edi. – Siz, yigitcha, – davom etdi u koʻrsatgich barmogʻini Beknazarga bigiz qilib, – ertaga tushdan keyin mening huzurimga borasiz. Kitoblar diniy boʻlmasa, qaytarib beramiz.

 

IV

Kitoblarning xatlab ketilishi-yu, bu voqeaning oqibatlari Darmonqul akani ham, Beknazarni ham jiddiy tashvishga solganicha yoʻq edi. Balki, har biri oʻzicha har xil xayollarga borgan boʻlsa-da, bir-birini choʻchitmaslik andishasi bilan, gap gapga qovushmagan nonushtadan soʻng hech narsa yuz bermaganday, yana ishga tushish taraddudida turishuvdi, koʻcha eshik shiddat bilan ochilib, darvozaxonada Beknazarning amakisi, yaʼni otasining kichik ogʻasi Xalil aka (kattasi oʻttizinchi yillarda oʻziga toʻqroq, qoʻlida sal jiri bor oʻrta hol quloq sifatida xatga tushib qolgach, xorijga chiqib ketgan, ayni vaqtda Saudiya Arabistonida yashardi) koʻrindi, u eshikni ehtiyotkorlik bilan zich yopdi-da, xuddi izidan birov tushganday, shipillab kela boshladi. Ota-oʻgʻil unga peshvoz chiqishdi.

Xalil akaning bezovtaligi, nimadandir hadiksirayotgani qarashlaridan ham ayon edi.

– Keling, aka, – dedi Darmonqul aka soʻriga omonat oʻtirishgach, tinchlikmi, degan maʼnoda.

– Kecha uyinglarga raykomdan, melisadan odam keldimi? – soʻradi pastroq tovushda Xalil aka bir ukasiga, bir jiyaniga hayrat va taʼna nigohini tikib.

Darmonqul akaning rangi-quti oʻzgardi – kutilmagan, xijolatli xabar eshitgan yo koʻngliga bir gʻulgʻula tushgan mahalda uning qoramagʻiz yuzi koʻkimtir tusga kirardi.

– Qayerdan eshitdingiz? – savolga savol bilan javob berdi u.

– Kechqurun Turdi teripurushning choyxonasiga chiquvdim. Oʻsha yerda qulogʻimga chalindi. Nima boʻluvdi?

Darmonqul aka yuz bergan hodisani batafsil aytib berdi va shundaymi, qoʻshimchang yoʻqmi, deganday Beknazarga qaradi. U otasining soʻzlarini tasdiqlaganday, bosh tebratib qoʻydi.

– Oʻgʻling raykom vakilini yoqasidan olibdiymish?, – Xalil akaning yuzida yana kinoya va achinish aks etdi. Beknazarning qorachiqlari gʻazab bilan chaqnadi, tishlari gʻichirladi, keyin xuddi qorni birdan qattiq mijib qolganday, afti burishdi.

“Yo, alloh!” – xitob qildi Darmonqul aka, axir kechagi voqea ustida oʻzlaridan boshqa hech kim yoʻgʻidiyu…

– Yoʻq, men birgaydim, bunisi gʻirt boʻhton, aka. – Darmonqul aka “ozgina aytishib qoldi” demoqchi boʻlib, fikridan qaytdi. – Qaysi uying kuygur vaysadi sizga?

– Hammaning ogʻzida shu gap. Hovliga kirmaysizlar, deb darvozani yopvolganiyam yolgʻonmi?

Beknazar choʻk tushib oʻtirgan joyida yana bir qoʻzgʻalib qoʻydi, gʻijindi, izoh berishga ogʻiz juftladi-yu, kattalar oldida oʻzini tutishni lozim koʻrdi. Mish-mishlarda ozgina boʻlsa-da asos borligi uchun ichida oʻzini yanib, sekin uh tortdi.

– Ana xolos, – dedi ota ham suyukli farzandiga qayrilib. Uning bu qarashidan “Ana, koʻrdingmi, nima qilib qoʻyding?!” degan mazmunni anglash mumkin edi. Soʻng u yana akasiga yuzlandi.

– Yolgʻon, aka, yolgʻon. Beknazar shu darajada… – Darmonqul aka johil yo nodon emas-ku, demoqchi boʻldi. Biroq bu iboralar jigargoʻshasiga ogʻir botishidan choʻchidi, – odamovimas-ku.

– Bilmadim, rostmi, yolgʻonmi, koʻchada shu gap yuribdi. Xoʻsh, endi nima qilmoqchisizlar?

– Hech narsa. Hali, tushdan keyin Beknazar aytgan joylariga borib koʻrsin-chi.

– Oʻz ixtiyori bilan ajdahoning komiga boshini tiqib beradimi? Otamizni nima koʻyga solishgani esingdan chiqdimi? Sal boʻlmasa hammamiz qaqshab qolay devdigu!..

– Menam birga borib kechirim soʻrasammikin? – dedi xavotirlangan Darmonqul aka.

– Tutab yotgan oʻtinga kirasin sepib-a?

Ota boʻshashib, koʻzlarini ayanchli javdiratdi.

– Nima maslahat berasiz boʻlmasa, aka?

– Maslahat? – Xalil aka ham bu yogʻini oʻylamagan ekanmi, yo miyasida bir yoʻl-yoʻriq rejasini pishirib kelsayam, aytishga ikkilandimi, toʻxtalib qoldi. – Menam dabdurustdan bir narsa deyolmayman. Sizlarni ogohlantirib qoʻyyapman, xolos, yana oʻzinglar bilasizlar. Har qalay, yaxshi bir chora topish kerak. Ammo ishni puxta bitiringlar. – Xalil aka shoshib turgan odamday piyoladagi choyni katta bir xoʻpladi-da, – xoʻp, men ketdim boʻlmasa, – deb, yuziga naridan-beri fotiha tortdi-yu, soʻridan tushdi.

Amakini kuzatishgach, ota-bola yana soʻzsiz chorpoya chetiga oʻtirishdi. Endi ikkalasining ham koʻz oldida kechagi vakillarning tund basharalari, xayollarida “Kitoblar diniy boʻlmasa, qaytarib beramiz” degan quruqqina soʻzlari aylana boshlagandi. Diniy boʻlmasa, ularni devor orasiga urib berkitib tashlasharmidi? Albatta, vakillar ham kitoblarning qanaqaligini fahmlashgan. Demak, ularning “qaytarib beramiz” degani shunchaki vahima qilmaslik niyatida aytilgan gap.

 

* * *

Darmonqul akaning boshi qotdi. Shu kecha tonggacha mijja qoqmadi. Kim chaquvdiykin oʻzi? Bularni yomonotliq qilish kimga, nimaga zaril boʻldiykin? Axir bu kitoblardan ikki-uchta qoʻshni xabardor edi, xolos. Yo, Abdujalil domla… Yoʻgʻ-ey, oʻlibdimi… Balki… Eshqul agentning ishidir bu… Rostdan, endi nima qilish kerak? Akasi bejiz kuyukmayapti. Ikki birday odam xatga tirkab ketishdi-da. Buning ustiga Beknazar qoʻrslik qilib, ularning gʻashiga tegib qoʻydi. Haqiqatda chakki gapirdi. Bir ayblari ikki boʻldi. Oʻgʻli tushmagurning oʻjarligi qolmadi – qolmadi-da. Mabodo, mabodo… Unga biron kor-hol boʻlsa, shoʻri quriydi-ku. Suyangan oʻgʻli shu-ya. Yoʻq, bir koʻngilsizlik yuz bersa, bu alamga chidashi qiyin, qiyin… Undan koʻra…

Nihoyat bir toʻxtamga keldi. Beknazar qishloqdan, yurtdan ham chiqib ketishi kerak, vassalom.

– Rostdanam muomalang anovi shapka kiyganlarga xush kelmadi, oʻgʻlim, – dedi u salmoqlab. – Faqat “qulluq”, “xoʻp boʻladi”ga oʻrgangan kattalar gap qaytarganni yoqtirishmay, qoʻpollikni koʻtarishmaydi. Amakingning jon koyitganicha bor. Qisqasi, bu ishning yaxshilik bilan tugashiga meniyam koʻzim yetmay qoldi. Bunaqa savdolar elimizda yangilikmas. Biz shuni oʻylamabmiz, bolam, endi birdan-bir choramiz shu.

Amakiyu otaning gaplari shunchaki vahima emasligiga Beknazarning ham aqli yetib turardi. Bunday gʻavgʻoni bobosi mulla Ahmadali boshidan kechirgan. NKVD degan joyda olti kun yotgan. Olchoqlar diliga xudo insof, shafqat solganmi, “Masjidga qadam bosmayman, namoz oʻqimayman” mazmunida tilxat yozdirib, hartugul qoʻyib yuborishgan. Barvasta, baquvvat odam bir hafta ichida ozib, rang-roʻyi bir ahvolga tushib qolgan edi. Tuzuk-quruq yemish berishmas, uydan olib borilgan ovqatlarni ham oʻzlari tinchitib qoʻya qolisharkan shekilli, ichkariga kiritishmas ekan. Unda Beknazar yosh edi. Bobo milisa hibsxonasining ranju gʻurbati “mazasini” totib koʻrgach, Darmonqulga namozni jamoat deb oʻtirmay, uyda, iloji boricha pinhona oʻqiyver. Allohning oʻzi shohid, zamon bilan hisoblashmaslikning, hukumat yoʻrigʻiga yurmaslikning iloji yoʻq, deb tayinlay boshladi. Oʻzi ham namozlarni uyni ichidan berkitib oʻqiydigan boʻlgan edi. Holbuki, u oʻshangacha nabiralarini ham besh vaqt ibodatga, islomning besh farzi va boshqa vazifalarini ado etmoqqa undardi. “Dahriylar davlatining siyosati koʻchada, idoralarda hukmrondir, illo, uyda, qalbda ibodati islomiya boʻlmogʻi zarur”, deya taʼkidlardi. “Bu riyoga, ikkiyuzlamachilikka kirmaydi. Parvardigor eʼtiqodni saqlash uchun chora axtarganni xush koʻradi”, derdi. Milisaxonadan zax, qoʻlansa hidlardan dimogʻi achishib, yuragini mogʻor bosganlarning hissizligi, berahmligidan ozurda boʻlib, populdirigʻi pasayib chiquvdi. Uning shahdini batamom qayirib tashlashgan edi. Shundan soʻng oqsoqol oʻgʻliga arab tili, alifbosidan saboq berish fikridan ham qaytgan, hatto uni Darmonqori oʻrniga Darmonqul deb atay boshlagan, boshqalarni ham shunga oʻrgatgan, uni avvalgiday maʼraka-marosimlarga yetaklamay, Qurʼon tilovat ham qildirmay qoʻygan. Darmonqul aka ham bolalariga namoz, roʻza toʻgʻrisida umuman gapirmasdi, oʻzi imi-jimida sajdaga bosh qoʻyib, roʻza tutib yurardi. Mana, endi bu falokatga yoʻliqib oʻtirishibdi. Bobosi “Arboblar bilan oʻynashish – och yirtqichning gʻashiga tegish bilan teng”, der edi-ya. Beknazar bu gapni endi esladi. Eslab magʻzini chaqa boshladi. Lekin bir oʻzining jonini qutqarib, boshqalarga etak siltib joʻnavorish insofdan emas-ku…

– Sizlarsiz qayoqqa ketaman, ota? Qochsak, hammamiz birga qochaylik.

– Yoʻq, oʻgʻlim, – bosh chayqadi Darmonqul aka. – Onang bilan biz oshimizni oshab, yoshimizni yashagan, toʻrimizdan goʻrimiz yaqin odamlarmiz. Akang – royish. Sen dangalroq, shitobroqsan. Biz qochib qayergacha borardik, qayta senga tushov boʻlamiz.

– Unda menam hech qayoqqa bormayman. Men ketsam, sizni qiynashlari mumkin.

– Ja bunchalikka borishmas. Seni soʻrab kelishsa, yolgʻonni xudo kechirsin, sizlarning idorangizga ketgan boʻyicha daragi yoʻq, bizam xavotirlanib oʻtiribmiz deymiz.

– Shu gapga ishonishadi deb oʻylaysizmi, ota?

– Keksa odamning gapiga ishonishadi, oʻgʻlim. Bizdan xavotirlanma. Akangni hovliga koʻchirib kelamiz. Sen koʻp qiyinchilik bilan katta boʻlgansan, xudoga shukr, hamma havas qiladigan yigit boʻlib yetishding. Qoʻlimdan kelganicha seni elga qoʻshdim. Ogʻzingda oʻrischa boʻlsayam ilming, qoʻlingda hunaring bor. Faqat seni uylashda onang ikkimiz bir oz adashdik shekilli…

– Opam[3] nima derikin? – dedi Beknazar otasining soʻzini boʻlib.

– Unga oʻzim yotigʻi bilan tushuntirib aytaman.

Xoʻp, ota-ku masalaning jiddiyligini anglagani uchun ayriliqqa dosh berar, lekin oʻgʻilginasi, nuridiydasining kechalari koʻchadan, guzardan qaytishini kutib, ovqat, choyini issiq oʻrab, darvoza zulfinining shiqirlashiga quloq tutib oʻtiradigan koʻngilchan onaizorning judolikka sabri, bardoshi yetarmikin? Oʻzi-chi, nima gapi, istagi boʻlsa tortinmay ayta oladigan gʻamguzori diydorini koʻrmay, uning yoqimli, tasallibaxsh soʻzlarini eshitmay qanday chidaydi?..

– Yoʻq, sizlarni baribir tashlab ketmayman, ketolmayman! Qamashsa, qamashar…

Darmonqul akaning koʻz oldiga xizmatchi-xodimlari qoʻrs, badqovoq, allaqanday yoqimsiz hidlar anqiydigan, boʻyoqlari oʻngsiz, sovuq, tor xona devoridagi qora panjara va uning ortida ozib-toʻzib soʻrraygan, yuzlari ichiga botgan, soqollari oʻskin Beknazarning tirqishdan moʻltirab qarab turgan siyoqi keldi-yu, aʼzoi badani titrab ketdi…

Ha, ota-bobosining bir vagon mol-dunyosini inʼom etgan fidoyi mansabdorlarga-yu, umrini, butun kuch-quvvatini xalq ishiga tikkan olimu ulamolar, fozilu fuzalolarga zarracha rahm-shafqatni ravo koʻrmagan yuzsiz hukumat oddiy bir kambagʻalning sodda-bayov, toʻporigina farzandini ayab oʻtirarmidi. Yoʻq, ulardan roʻshnolik, marhamat kutmoq – borib turgan nodonlik, gumrohlikning oʻzginasi.

– Tavba de, jon bolam. Bular shunchaki qamab qoʻyishmaydi, tepkilab yo och qoldirib qiynashadi, mayib qilishadi. Qanchadan-qancha ilmli, sal-pal savodi bor odamlar begunohdan-begunoh otib tashlandi, qanchasi surgunga joʻnatildi. Bittasi qaytib keldimi? Juvonmarg boʻlib ketishingni istamayman, oʻgʻlim. Qayerda yursang ham, sogʻ-omon boʻlsang, bas. Allohning musulmonlarga rahmi kelib, zamonlar charxi aylanar, inshollo… Podsholar yangilansa, davlatning tuzumi, siyosatiyam oʻzgarib qolar, unda qaytib kelovrasan. Yurtdan bosh olib ketganlar koʻp, ularam dilida bir kuni qaytamiz, degan umid bilan joʻnashgan. Ularning ayrimlari bilan topishvolsang ajabmas. Azim hoji, Noraliboylarni Qashqarda deb eshitaman, oʻshalar senga yoʻl-yoʻriq koʻrsatishib, yordam berishar. Ularni choyxonalardan, ustaxonalardan[4] surishtirasan. Alloh yoʻlingni ochib, Makatilloga yetib borsang, bilasan, Roʻzmat amaking oʻsha shaharda, orqavorotdan kelgan xabarlarga qaraganda oʻziga xiyla durustmish. Unda, bizniyam koʻnglimiz xotirjam tortadi. Taqdir nasib qilib, hoji boʻlib qaytsang, nur ustiga nur. Ishqilib, qaysi bir tarzda tinchligingni bilib tursak, bas. Peshonamizga bitilgan boʻlsa, bizni akang bilan tepalab-tepalab koʻmarsizlar. Sendan boshqa tilagimiz, tamamiz yoʻq, zinhor xijolat chekmagin.

Beknazar yana ancha oyoq tirab turdi, akamni aytib kelay, kengashaylik, deb koʻrdi. Darmonqul aka koʻnmadi, u toʻngʻichi fikridan qaytarishga harakat qilib, boshqa yoʻl koʻrsatib, ishni buzib qoʻyishidan hadiksirardi. Ota uchun hamma farzand birday aziz, lekin nimagadir kenja oʻgʻil boʻlakcharoq, yurakka yaqinroq boʻladi chogʻi. Oʻzbeklarda aynan ana shunisi ota-ona bilan birga yashaydi, padari buzrukvor unga suyanch sifatida qaraydi – bu tugʻma bir tuygʻudir. Darmonqul aka ham Beknazarni joni-dilida koʻrar, unga bir tikan sanchilganchalik ozor yetishini sira-sira xohlamasdi, undan koʻra ayriliqqa sabr qilish osonroq, maʼqulroq. Har qalay, oʻgʻlim ozod, salomat yuribdi degan oʻy odamga taskin beradi-ku. Beknazar ham oʻziga hayot bagʻishlagan mehribonining izzat-ikromini joyiga qoʻyishga urinar, ustachilikda yurishgan paytlarda unga iloji boricha yogʻochning yengil tomonini, ishning qulay joyini roʻpara qilish, ogʻirroq, qiyinroq yumushlarni oʻziga olish payida boʻlardi. Qiblagohini shu qadar eʼzozlab, avaylaydigan, qobil, solih oʻgʻlonga havasi kelgan kishilar Darmonqul akaga “Biz ham oʻgʻil oʻstirdik, deb yurgan ekanmiz-da, farzand tarbiyasini sizdan oʻrganish kerak ekan, usta”, deyishardi.

– Yaratganning bizga koʻrsatgan karami bu, ming qatla shukr, hammamiznikigayam insof bersin, – deb qoʻyardi ota ham gʻururini yashirmay va zimdan iftixor bilan dilbandiga bir nigoh tashlab qoʻyardi. – Ha, ishqilib koʻz tegmasin…

Oʻz qishlogʻiyu bir shaharni biladigan, bir kecha ham xonadonidan oʻzga joyda tunamagan Beknazarning birdaniga manziliyu muddati noayon darbadarlikka “mahkum” etilishi uning koʻngliga faqat oila aʼzolari, yoru doʻstlaridan, boshqa yaqinlaridan ayro yashash, ularni sogʻinib zoriqish tashvishinigina emas, qanday yurtu ellarda tentirab, tili oʻzga qanday kimsalarga javdirab, koʻmak oʻtinib yuramanikin, degan hadikni, sarosimani ham solmoqda edi. Axir, odam bolasining oʻz tugʻilgan goʻshasidan oyoq uzib ketaverishi oson emas-da.

– Agar bu yerda qolib, – yuziga tund avzo berib gapirdi ota, – dangalchiligingga borib yana bir ish koʻrsatsang, ularni battar oʻchashtirib[5] qoʻyishing mumkin. Unda hammamizga qiyin boʻladi, yara pasodga aylanadi. Qochsang, seni yoʻq desak, “ana keladi – mana keladi” bilan kunlar oʻtadi, yomon niyatlilar hovuridan tushadi. Bolta tushguncha kunda dam oladi, oʻgʻlim. Meni, onangni oʻylasang, aytganimga kir, kegin[6] pushaymon yeyishning foydasi yoʻq.

Beknazar hamon ikkilanar, bir toʻxtamga kelolmay iztirob chekardi. Tavakkal desa, vijdoni qiynaladi – axir qilgʻilikni qilib, juftakni rostlab yuborsa, xudo biladi, otasi bilan akasining boshiga qanday kunlarni solishadi? Xoʻp demasa, ota xohishi. Qolaversa, padari buzrukvorining kuyinib tushuntirishlaridan soʻng uning yuragida ham gʻimirlayotgan gʻulgʻula kuchaydi. Bobosining gaplari quloqlari ostida jaranglab, ota iltijosini quvvatlaganday boʻlardi: “Hibsxonasi shu boʻlsa, qamoqxonasi qanaqa boʻlarkin? Qarimisan, yoshmisan, odammisan, itmisan, ochlikdan oʻlyapsanmi diyishmasakan. Xuddi sen ularning arpasini xom oʻrib qoʻyganday, oʻqrayib, turtib oʻtishovradiykan. Odamni ja xor qilib, xoʻrligini keltirishvoradiykan…” Ha, na iloj, ota amri – xudo amri, uch-toʻrt oy koʻzdan gʻoyib boʻlib turib, qaytib kelaman, deb oʻyladi Beknazar ichida. Ota-bola vaqtincha Oʻshdagi, Beknazarning hatna toʻyida pichma qoʻy yetaklab kelishgan va sovrinning “idishqaytdi”si – latta-sarpo vajidan ranjib, arazlab ketishgan, oʻsha boʻyi oʻlim-yitimdan oʻzga mahallarda deyarli bordi-keldi qilmay qoʻyishgan oʻgay amma va pochchanikidan panoh topishni maslahatlashishdi.

– Agar oʻng kelib qolsa, Qashqarga joʻnavorovrasan, – dedi Darmonqul aka oʻgʻlining yelkasiga qoʻl tashlab. – Shunday qilganing maʼqul. Oʻsh – bir qadam, ishonib boʻlmaydi… Kelinni olib ketasanmi?

Savolning befoydaligi maʼlum edi. Lekin ota har ehtimolga qarshi soʻrab qoʻyishni lozim topgandi.

Beknazar indamay boshini quyi soldi.

– Mayli, oʻgʻlim, agar istasa, bizminan yashab turovrar, – dedi Darmonqul aka mujmalgina.

– Sizlarni diqqat qilmasmikin, ota? Yaxshisi, boshini ochib qoʻyish kerakmikin? – dedi Beknazar past ovozda, padarining norozilik alomati aks etishi mumkin boʻlgan nigohiga koʻzi tushib qolishidan choʻchiganday, boʻynini yanada egib.

Darmonqul aka taraddudlandi. Qanday boʻlarkin? Yaxshi niyat bilan kelin qilishuvdi. Qiz bechorayam bularning ostonasiga umid bilan, yuragida bir dunyo orzu-havaslar bilan qadam bosgan. Qudalar nima deyisharkin?..

 

* * *

Safardan qachon qaytishim maʼlummas, shuniychun siz otalaringiznikiga ketovring, – dedi Beknazar kelinchakka diydasini qattiq qilib. Juvonning qorachiqlari hayronlikdan, xavotirdan kengayib ketdi, ogʻzi ham lang ochilganicha qoldi. Kuyov nigohini yosh, yangi, lekin bagʻridan iliqlik qochgan qayliqning yuzi, koʻzidan chetga qaratdi. U garchi begunoh Rashidaga achinsa-da, oʻz xulosasidan afsuslanmadi, “toʻgʻri qilyapman”, degan fikr kechdi xayolidan. Erning umr yoʻldoshiga “uyingga ketaver” demoqligi shariat, islomiy nuqtai nazardan taloq hukmidadir. Islom taʼlimotida oila mustahkamligi oliy, muqaddas hisoblangan va u “taloq” degan juda kuchli, keskin qonun bilan himoyalangan. Ana shuning uchun ham ilgarilari musulmonlar xonadonlarida qoʻydi-chiqdi, ajralishlar nihoyatda kam boʻlgan, bu chora, yaʼni taloq hukmi oʻzga tadbir qolmagan paytlardagina, boz ustiga, darajasi bilan qoʻllangan. Hozir ham ayni oʻsha ilojsiz payt edi.

Sirasini aytganda, zamona zayliga muvofiq, boshqa aksariyat yoshlar kabi diniy aqidalarga Beknazar ham ikkilanibroq qarar va ularga amal qilavermasdi. Lekin hozirgi masalada otasi koʻrsatgan yoʻl-yoʻriq unga joʻyaliday tuyuldi. Tabiiyki, oʻsha mahalda Beknazarning zavjai ojizasi koʻngliga “Pushti panohim meni qoʻyib yubordi, javobimni berdi” degan xayol kelmagandi, u faqat sovuq yangilikdan – safar muddatining noaniqligidan esankirab qolgan edi (kuyovining xomush va oʻychan yurishlari sababini shunga yoʻyib andak taskin ham topdi). Ammo, juvonning chaqaloqligida Juravoy soʻfi tomonidan azon aytilgan quloqlari bilan eshitgan noxush jumlalar magʻzi-mohiyatini uning ota-onalari chaqib anglamoqlari kerak. Lekin qudalar ham moʻmin, royish odamlar. Rashida ularga boʻlgan gapni aynan yetkazolmadimi yo umidli dunyo debmi, qizlarini kech kuzgacha – qariyb besh oy qoʻyib berishdi. Rohila opa kelinining shahdi past, gʻamginligini koʻrib, rahmi kelganidan uning siqilgan yuragini yozish choralarini sidqidildan izlar – mahalladagi toʻy-maʼrakalarga (odatda Rashida bunaqa izdihomlarga yurishni ham uncha xush koʻrmasdi) Rahimani qoʻshib, zoʻrlab chiqarar, “Otangiznikiga borib, bemalol yayrab kelavering” deb joʻnatardi. Biroq qizning oʻz hovlilarida ham chehrasi ochilmas, bir-ikki kun turgach, bezovta boʻla boshlar, nazarida Beknazar kelib, uning yoʻqligidan astoydil xafa boʻladiganday tuyular va zudlik bilan bu yoqqa chopardi. Uyga kelgach, tarvuzi qoʻltigʻidan tushib, qalligʻining javondagi koʻylak va boshqa ichki kiyimlariga yuzini bosar, u bilan birga bosh qoʻygan yostiqlarni quchoqlab, badanining izlari qolgan choyshablarni paypaslab – silab, charos koʻzlaridan yosh toʻkib uzoq-uzoq oʻtirardi. U Beknazarni yaxshi koʻrar, unga tegib, koʻp qizlarni armonda qoʻyganidan boshi osmonda edi. Shuning uchun kuyovining unga nisbatan beparvoligi, erkalatib – suyavermasligini uning sal odamoviroqligi, tili qattiqligidan, qizlarga befarqligidan koʻrar, yaqin boʻlib ketishlariga juda-juda ishonardi. Beknazarning undan oʻzini tortibroq yurishini sezib-sezmaganga olar, illo uning raʼyini aslo qaytarmas, sadoqatli posbon, sodiq xizmatkorday mudom koʻziga qarab, amriga muntazir turardi. Zero, u xotin zoti erning har qanday xohishiga hamisha hoziru nozir boʻlishi kerak degan hadisga amal qilishga, shu yoʻl bilan uning koʻngliga kirishga urinardi. Beknazar esa qayligʻining vafoli, itoatli yostiqdoshga xos fazilatlarini qadrlagan holda, unga ilimagani, iliy olmayotganidan oʻzi ham qaygʻurardi. Yuqoridagi hodisa shu jihatdan uning ishini “oʻnglaganday” boʻldi.

 

* * *

Beknazarning tuyqis “safari”ga onaning munosabati, hayrati kelinnikidan kam boʻlmadi. Erkaklarning oʻzaro visir-visiridan, allanechuk bezovta alfozlaridan Rohila opa xavotirga tushuvdi. U ham harakatchan, tirishqoq Beknazarini jon-dilida koʻrar, unga mehri baland edi, nuridiydasining undan ikki sinf yuqori, hammahalla oshnasi Shahobiddin bilan kechalari ayvon tomida oy yorugʻida kitob oʻqib yotishlarini oʻzicha baholab, “Hay, Xolnazar (er-xotinning bir-birovini toʻngʻich farzandlarining ismi bilan atash odati yaqin-yaqingacha ham bor edi), bu boladan bir kattakon chiqadi-yov, shunisidan koʻramiz shekilli” derdi quvonchini, gʻururini ichiga sigʻdirolmay. “Inshoollo, aytganing kelsin”, deb duo qilardi Darmonqul aka. Beknazarning katta oʻqishga kirmaganiga ona qanchalar kuyingan, ota esa: “Qoʻyovur, oʻgʻling oʻris ilmida (boyoqish dunyoviy ilmlarni shunday anglardi) olim boʻlmasa ustachilikni qoʻlimdan olar”, deb zoʻrgʻa ovutgan edi. Tomdan tarasha tushganday, “Beknazar safarga joʻnayapti” degan gapdan u ham Rashidaga oʻxshab gangib, sarosimalanib, ovozi ham chiqmay qoldi. “Qanaqa safar, qayoqqa?” – soʻradi u bir ozdan keyin nafasini rostlab. Kitoblar mashmashasi, rayondan keluvchilar tashrifining sababi ayollarga mumkin qadar yumshatib aytilgan, Beknazar “Mening uzoq yoʻlga otlanayotganimni onamizga zinhor ayta koʻrmang”, deb kelinni pishiqtirgan edi. Zaifa zotining koʻngliyam, tiliyam boʻsh boʻladi-ku, bir pasda mahalladagi xotinlarga hasrat xaltasini toʻkib, hamma yoqqa ovoza qilib yuborishi hech gap emas-da.

– Podadan oldin chang koʻtarma, qoʻshnilar yugurib chiqishmasin, – uqdirdi Darmonqul aka muloyimlik bilan. – Oʻgʻling dunyoning narigi tomoniga ketayotgani yoʻq, Busora opamizning tobi qochib, ayttirvoripti. Xabar olib, besh-oʻn kun qarashib keladi. Bechoralarning bolasi yoʻq, pochchayam qarib qolgan. Shuniychun sal uzoqroq turishiyam ehtimol.

Bu xonadonda ham oʻsha paytlardagi aksariyat musulmon oilalaridagi kabi otaning soʻzi – soʻz, amri vojib edi. Binobarin, Rohila opa ortiqcha diydiyoning foydasizligini yaxshi bilardi. Unsiz nolasi, xoʻrsinigʻi pasayib, koʻz yoshlari tinguncha yuzini Beknazarning keng kiftiga bosib turdi. U erining tasalli soʻzlari yoʻliga, uni ovutish uchun aytilganini, ota-oʻgʻilning xufiyona tadbir-tadoriklarida gʻayri bir taraddud, reja yashirinligini onalik hissiyotlari bilan tuyardi. Qolaversa, Rahima koʻchadan ancha-muncha mish-mishlar topib kelib onasiga bir uchini chiqaruvdi. Beknazar suyukli singilginasiga onalariga bildirmaslik sharti bilan olisroqqa ketayotganini shipshib qoʻygan edi.

 

* * *

Rashida qaynsinglisi bilan tayyorlashgan ust-bosh, non, turshak va boshqa mayda-chuydalar solingan ikkita tugunni erining qoʻliga tutdi. Xuddi shu paytda Beknazar unga otasi shama qilgan gaplarni oʻzini sovuqqonlikka solib aytdi. Odamning yuzi issiq, bir koʻrpada yotgan tanmahramiga koʻngilsiz xabarni, judolik daragini, ayniqsa “javob” maʼnosidagi ishorani yetkazish naqadar ogʻir! Kelinchak bundan yarim soatcha avval toʻsatdan yoʻl anjomlarini hozirlashni buyurguncha ham jufti halolining safarga aynan bugun joʻnashi va boshqa niyatidan voqif emas edi. U odatdagiday, shu oqshom ham uylariga barvaqt kirib, bor koʻrpa-yakandozni toʻshab, qalin joy solib qoʻyuvdi. Fayri shuuriy ravishda oʻringa bir qarab qoʻygan Beknazar gapini tugatar-tugatmas, boyadan beri anqayib turgan Rashida shartta orqasiga oʻgirildi-da, joy chetiga choʻkkalab, kaftlarini yuziga bosganicha yigʻlab yubordi. Uning koʻz yoshlari ayriliq qoʻrquvi, iztirobining ifodasimi yo oʻzi tutilib-tutilib tiliga chiqargan soʻzlarning alam – achchigʻimi – yigit anglamasdi. Erkak ogʻushining naqadar huzurbaxshligini tuyib, qayligʻiga qattiq koʻngil bogʻlagan hamda yoshligiga borib, hayotning, yashashning nashʼu namosi, ayollik rohati, baxti baxtiyor yostiqdoshlikdan iborat ekan, degan xulosaga kelib ulgurgan juvon oʻsha qimmatli boylikdan, taqdir ato etgan bemisl neʼmatdan ajralib qolayotganidan tahlikaga tushib, birdan oʻzini yoʻqotib qoʻygan, gʻam oʻtida qovurilardi. U chayon chaqqanday sapchib oʻrnidan turdi-da, erining boʻyniga osilib, yuzini uning tomogʻi ostiga ishqay ketdi. Bir ozdan keyin esa yana baralla xoʻngray boshladi. Beknazar uning changak kabi mahkam qisib olgan qoʻllarini yelkalaridan boʻshatmoqqa urindi.

 

* * *

Beknazar hovliga chiqqanida oila aʼzolari chorpoya yonida tik turgancha asta-asta gaplashishardi. Faqat Rahima chorpoyadan nariroqdagi loysuvoqli yeroʻchoqqa gʻoʻzapoya qalardi. Atrof qorongʻi boʻlsa-da, yigit gulxan yorugʻida singlisining yuzlari choʻgʻday qizarib, boʻgʻriqib ketganini koʻrdi. Akasiga koʻzi tushgan qiz oʻchoqdagi qumgʻonni qop-qora dastmol bilan koʻtarib oldi-da, biqinidagi alyumin togʻoraga agʻdardi. Idishga bugʻ orasidan qaynoq suv bilan birga bir nechta tuxum shaloplab tushdi. Rahima togʻorachani yonboshlatib qaynoq suvni toʻkib yuborgach, tuxum ustiga sovuq suv quydi, keyin tuxumlarni bir qiyiqqa tugib shoshib keldi-da, boʻxchalardan biriga joylashtirdi. Beknazar bu paytda akasi Xolnazarning quchogʻidan ajralib, otasi bilan bagʻirlashmoqda edi. Novchaligi uchun uning boshi padari buzrukvoridan tepada turardi – u amakilariga tortgan edi. Qiblagohining issiq ogʻushidan chiqar ekan, uning koʻzlarida yosh gʻiltillayotganini ilgʻab, koʻngli buzildi, xoʻrsiniq tomogʻida gʻilqillab turib oldi. U onasiga yopishdi. Oʻgʻlining keng qoʻyniga singib ketgan ushoqqina jussali Rohila opa oshkora, faqat tovushini baland koʻtarmasdan yigʻlardi, shu holatda u jigarporasini qoʻyib yuborishni xayoliga ham keltirmayotganga oʻxshardi. Uning yonida esa Rahima Beknazarning zabardast yelkasiga boshini qoʻyganicha obidiyda qilar, gavdasi bilinar-bilinmas silkinardi. Tortinchoqqina singiljon qizlarning havasi keladigan shu akasi bilan faxrlanar, unga erkalanardi. Shu akasidan choʻchib, ancha-muncha yigitlar unga tegajoqlik qilishga botinisholmasdi. Beknazar ham esli-xushli maʼsuma qizaloqni xalq dostonlari qahramonlariga oʻxshatib, “Meni Parizod singlim” deb suyar, “Seni hech kim xafa qilmayaptimi, birontasi jigʻingga tegsa, menga aytgin, a”, deya ragʻbatlantirib qoʻyardi. Suyanchi, himoyachisining shundoq zoʻr yigit boʻlishiga qaramay, qayliqdan omadi chopmaganiga u ham achinar, orzulagani – apoq-chapoq, sirdosh boʻlib yurishga loyiq ochiq chiroy kelinoyi uchramaganidan yana afsuslanardi. Bu borada oʻzini ham aybdor hisoblardi. Rashidalar qoʻshni qishloqda yashashgani, birda-ikkida yaqin hamsuhbat boʻlishmagani sabab, uning qanaqaligidan, toʻgʻrisi, bexabar edi. Shuning uchun ikkilanuvdi, lekin oʻsha tomonlik qizlardan tuzukroq surishtirib koʻrish esiga kelmagan ekan. Baʼzida xafa boʻlib, onasiga: “Sizga aytuvdim-a, u qiz akajonimga munosib boʻlmasa kerak deb, quloq solmadingiz”, deb taʼna qilib qolar, Rohila opa esa: “Lekin manaqa feʼli bor demagansan-da, bolam, unisini senam bilmagansan-da, toʻgʻrimi? Umas, bumas, taqdir. Esi-xushi joyida, saranjom-sarishtaykan, shunisiga shukur, keyin-keyin ochilib, damligi yozilib ham ketar…”, deb qizining koʻngil xijilligini tarqatish payida boʻlardi. Beknazar bu haqda hech kimga ogʻiz ochmagan, ogʻiz ochmoqchi ham emas edi. Har nechuk, hamdilligi, hamdardligi uchun sezgir, ziyrak singlisiga nisbatan Beknazarda ixlos, mehr yanada ortgan edi. Hozir u shularni koʻnglidan oʻtkazar ekan, shunday mehribon, gʻamxoʻrlarimni tashlab ketamanmi, degan nadomat, ularsiz kunim qanday oʻtadi-yu, holim nima kechadi, qayerlarda, qancha vaqt izgʻib yurarkinman, ishqilib tezroq qaytib kelish nasib etarmikan, degan tashvish va xavotir qalbini kemira boshladi. Oʻsha badbaxtlarga darvozani lang ochib, kelinglar, kelinglar, akajonlar, deb, qoʻlini koʻksiga qoʻyib tursa boʻlmasmidi? Lekin, baribir it itligini, toʻngʻiz toʻngʻizligini qilaverardi. Qolaversa, Beknazar murosayu madora, mulozamatu iltifot boralarida noʻnoqroq, oʻjarroq edi, dangalchilikni yoqtirardi, dilidagi bir zumda yuziga va tiliga lop etib chiqadiganlar toifasidan edi. Agar shu feʼli pand bermaganida balki joni-jahonlari – volidai azizi va singlisi hozir ohu figʻon chekib, oʻzining ham ichini it tatalab turmagan boʻlarmidi…

Beknazar nima qilay deganday, otasiga iltijoli boqdi, lekin Darmonqul aka bu qarashning maʼnosini oʻzicha tushundi.

– Bas endi, yoʻldan qolyapti, – dedi u va hammani noxush holatdan chalgʻitish uchunmi, “Pichogʻingni oldingmi, Bek” (ota oʻgʻlini koʻpincha, xususan unga mehri tovlangan paytlarda shunday atardi), deb soʻradi.

“Bosmachilik” deb atalgan davrlardan keyin sovuq aslaha sifatida pichoq olib yurish yozilmagan qonunlar asosida bir muncha taqiqlangan boʻlsa-da, ikkinchi jahon urushidan soʻng katta yoshdagi erkaklarning uni chorsi bilan beliga taqishi, yigitlarning esa kamariga bogʻlab, shimining choʻntagiga solib yoki etik qoʻnjiga tiqib yurishlari qayta taomilga kirgan edi. Ancha-muncha pichoqbozliklar yuz berib turishiga qaramay, ota-bobolardan davom etib kelayotgan udum boʻlgani uchunmi, har qalay, bu yarogʻni butunlay man etishni, aftidan kattalar adolatdan deb bilishmasdi.

Keyinchalik mana shu matoh boʻlmaganda boshimga shuncha shoʻrishu gʻavgʻolar tushmasmidiykin, degan gap Beknazarning koʻp bora xayolidan oʻtdi. Ammo oʻshanda u eng kerakli ashyosini yodiga solgani uchun padari buzrukvoridan minnatdor boʻlgan edi. Aslida uning oʻzi ham pichoq taqishni yigitlik martabasi mezonida koʻrardi. Yonboshida – kamarida yarqirab, yurganida soniga tegib turadigan bu qurol erkak kishiga qandaydir salobat, mardona siyoq berardi goʻyo. Darvoqe, sharq xalqlari, jumladan, oʻzbeklar orasida xotin, bosh kiyim, ot va pichoq azaldan gʻurur, or-nomus maqomida yuksak qadrlanib, eʼzozlab kelingan va bu narsalar hech kimga, hatto eng yaqin odamga ham bir jiddiy sababsiz berilmagan. Zamonning, inson dunyoqarashining shu qadar tez evrilishini qarangki, deyarli yarim asr ichida doʻppi, pichoq, ot ham urfdan – iftixor, hamiyat timsolligidan chiqdi… Ayol esa xorijma-xorij tijoratda…

Beknazar otasining soʻrogʻidan keyin “iy-y-i” dediyu uyga qaytib kirdi. Rashida yigʻidan tingan, biroq hamon bolish quchoqlab yotgan edi, erini koʻrdiyu irgʻib turib yana boʻynidan quchoqladi. Yigit garchi bir necha daqiqa burun taloq mazmunidagi gapni aytib qoʻygan, shariat qoidasi boʻyicha endi ular nomahramlarga aylanishgan esa-da, unda mehr-shafqat tuygʻusi uygʻondi, jigʻibiyron bechora, begunoh kelinchakni oʻzidan itarib tashlashga jurʼati yetmadi, toʻgʻrirogʻi koʻngli chopmadi, uni asta bagʻridan ajratib, ikki kiftidan omonatgina tutdi, unda birrov kelinchakning yosh izi qolgan yuzlaridan yengilgina oʻpib qoʻyish fikri tugʻildi, ammo shu zahoti bu ahdidan qaytdi, juvonni oʻziga xiyol tortib, boshiga iyagini qoʻyganicha bir lahza turdi. “Chakki qilyapsan, bu ishing nojoiz endi”, derdi ichida bir ovoz. Rostdan, balki oddiy insoniy dalda, yupatish maʼnosidagi mana shu ayash, rahmdillik izhori keyin Rashidaga umid berib, uni shu xonadonda bir necha oy tutib turgandir. Albatta, u ham koʻp qatori ojizai benavo bir banda, uning ham qalbi, xohish-istaklari, hissiyot va tuygʻulari bor, binobarin, u ham boshqalarday sevib-sevilishga, oila qurib yashashga, oʻzini kimgadir baxsh etishga, baxtli boʻlishga haqli… Nochor, nomukammal mardumlarning saxvu xatolarini toʻgʻrilab, dunyo ishlarini muvozanatga solib turuvchi Parvardigor uni ham tashlab qoʻymas…

Beknazar uy burchagida, devordagi mixda iligʻlik muguz sopli, amirkon qinli pichoqni oldi-da, yoʻl-yoʻlakay uni oʻsha paytda rasm boʻlgan paxtalik fufaykasi ostidan kamariga bogʻlashga tutingan chogʻda, fikri oʻzgarib, sargʻimtir xrom etigining qoʻnjiga tiqib, hovliga chiqdi.

– Yarogʻ – erkak kishining hamrohi, – dedi ota, – faqat uni joyida, yaxshilikka ishlatish kerak.

Xolnazar ona bilan singilni ukasidan avaylabgina ajratdi. Ikki mushtipar ojiza oʻz jigargoʻshalaridan umrbod ayrilishayotganday, bir-birlarini quchib hiqillashardi.

– Qani, qoʻlingni och, duo qilaylik, – ovozini koʻtarib ayolini undadi Darmonqul aka va Beknazarga yuzlanib yirik, qadoqli kaftlarini yozdi: – Alloh panohiga topshirdik. Parvardigor seni faqat yaxshi odamlarga yoʻliqtirsin, oʻzidan boshqaga muhtoj qilmasin. Eson-omon diydor koʻrishguncha… – Ota bir nima yodiga tushganday xotini tarafga bir koʻz tashladi-da, qoʻshib qoʻydi: – Ammang, pochchanglarga bizdan qattiq duo degin, oy borib, omon kel…

– “Qulxuolloahad”ni, “Qulauvzu”ni oʻqib yurish esingdan chiqmasin, bolam, – tayinladi yigʻidan tiyilmagan ona.

– Biz sizni sogʻinib qolamiz, tezroq qayting, akajon, – oʻtinib iltijo qildi Rahima.

– Omon boʻlinglar… – Beknazar qancha harakat qilmasin, onasi oldida oʻzini shunchaki qisqa fursatli safarga ketayotganday qilib koʻrsatishning uddasidan chiqolmayotgandi. U yana Xolnazarni quchoqladi. – Aka!.. – Shu birgina kalom talaffuzida bir dunyo mazmun mujassam edi. Ikki tugʻishgan birodar ayrim ogʻa-inilarga nisbatan ahil edi. Albatta, ular orasida ham kelishmovchilik, ziddiyat chiqib turardi – Xolnazarga otasi Beknazarni avaylab, ogʻir yumushlarni koʻproq bunga buyuradiganday tuyulib, gohida tumrayib olar, erka ukasiga gʻashlanib, bir-ikki kun arazlaganday yurardi. Keyin u singillari Rahimaning ham oʻzidan koʻra Beknazarga hurmati boʻlakcharoqligi, bunga aytmaydigan sirlarini ukasi bilan oʻrtoqlashishini payqab ichida andak kuyayotganga oʻxshardi. Shunga qaramay, undan ajralish ham Beknazarning yuragini simillatmoqda edi. Hozirgi “Aka!..” degan iltijoli xitobda esa oʻkinch, uzr ohangi, ota-onamiz ham, singlimiz ham sizga qolyapti, ularni ehtiyot qiling, mening yoʻqligimni bilintirmang, bu notavon iningizni eslab turing, degan oʻtinchlar bor edi. U kipriklariga sizib chiqayotgan yoshini koʻrsatmaslik uchun yuziga fotiha tortish bahonasida barmoqlarining uchi bilan mijjalarini siypaladi.

 

V

Ikkita tugunni yelkasiga xurjunday osgan Beknazar yarimta oy atrofidagi yulduzlar kechqurungiga nisbatan siyraklashgan, tong yorishgan-yorishmaganini farqlash qiyin boʻlgan, odatda otasi koʻpincha anor sotgani bozorga joʻnaydigan pallada darvozadan chiqdi, shu paytda u oʻzini beixtiyor qalandarlarga mengzadi. Tor koʻchalari shaharga eltuvchi asosiy yoʻl bilan tutashgan joygacha – bir chaqirimcha masofaga piyoda yurish kerak. Atrof sokin, hatto qoʻshnilarning “ogʻzi ochiq” sovligʻi ham maʼramasdi. Bahorning beqaror, salqin shabadasi yigitning yoldor koʻkragiga xush yoqar va bir oz junjiktirardi. Yoz nafasi kelib qolgan boʻlsa-da, hali tunlar uncha isib ketmagan edi.

Bugun yakshanba – bozor. Toʻrtkoʻchada kirakash mashinalar boʻlishi kerak. Chorraha – qishloq markazi, asosiy guzargoh, bozorchilarning bekat – pakkasi ham edi. Qishloq odamlari tomorqalariga asosan anor, behi, uzum ekishadi va koʻpchilik mevalarni qishi bilan saqlab, koʻklamda – ilik uzildi, pul uzildi mahalda sotishga oʻrganishgan. Goʻsht-yogʻ, sabzi-piyoz va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini shahardan olib kelishadi. Beknazarlarning hovlisida ham oʻttiz tupcha anor boʻlib, ulardan besh-olti yuz kilo hosil olishadi. Asosiy ulgurji daromadlari shu. Bir qismini anor pishigʻida, qolganini bahorda pullashadi. Mavsumda arzon, barakasiz boʻladi-da. Ota boyoqish saharga yaqin turib, oqshom xamir qoradigan togʻoraga gumbaz shaklida terib, katta etakka yo dasturxonga tugib-rostlab qoʻygan anorni orqasiga – xuddi bolani opichlaganday choponi etaklarini qayirib, koʻtarib chiqib ketadi. Darmonqul aka bozorga xushi, sabri yoʻq, ham tajribasiz oʻgʻillarining anorni koʻtarasiga, arzon berib yuborishlaridan bezillab, ham ayni uyquga toʻymaydigan davrlarida ularni ijirgʻantirmaslik uchun bozorga oʻzi qatnardi. Doimiy kira qiladigan, shu qishloqqa oʻrgangan tepasi brezent bilan yopilgan, orqasi ochiq bitta yuk mashinasi (uni “kapalik” mashina deyishardi) boʻlib, u ham boshqa joydan kelardi.

Beknazar oʻnqir-choʻnqir yoʻldan xayol surib borarkan, xoʻp, Andijonga-ku yetib olarman, keyin Oʻshga qayerdan, qanday ketarkinman? Ishqilib, hozir kapalik mashina boʻlsin-da, deb gʻudunglardi. Negaki, gohida oʻsha bittayu-bitta kirakash ulov ham kelmay qolardi. Beknazar yorugʻ tushmasdan qishloqdan chiqib, iloji boricha tezroq shaharga yetib olishi zarur edi.

Toʻrtkoʻchada, shoxlari tarvaqaylagan qari tut ostida sakkiz-oʻn chogʻlik, asosan katta yoshdagi kishilar choʻnqaygancha davra qurib gaplashib oʻtirishar, yana ikki-uchtasi tosh yotqizilgan yoʻlda u yoqdan bu yoqqa ohista yurishardi.

– Ha, Beknazar, bozorgami, oqsoqol dam oldimi? – soʻradi yurib turganlardan biri, mahalladosh Erkinboy aka.

– Ha, – qisqa javob berdi Beknazar va boshqalar ham gapga tutib qolmasin, deb tugunlarini bir chetga qoʻydi-da, choʻnqayib oʻtirib oldi.

Nihoyat, “kapalik” mashina keldi, odamlar, togʻora, qoplar oʻrnashdi. Yoʻlga tushdilar. Beknazarning koʻnglida hadik, hayajon, shuurida Oʻshga yetib olish tashvishi, arazlab yurishgan oʻgay amma va pochchalar qanday munosabatda boʻlisharkin, qayerda qoʻnim toparkinman, qochishim toʻgʻri boʻldimi oʻzi, anovi xudobexabarlar otamni kattam singari tergov qilib, u yoq-bu yoqqa sudrab qiynashsa-chi?.. degan, keyin ham yuz martalab takrorlangan savollar aylanar, ular javobsizligi bois, yuragiga gʻashlik solardi.

 

* * *

Qarindoshlar Beknazarni boshda iliq qarshilashdi, biroq ikki-uch kun oʻtib, mehmonning bexos tashrifi sababidan voqif boʻlishgach, uni tezroq joʻnatib yuborish payiga tushib qolishdi. Pochcha bezovtalanib, Qashqar tomonga ketadiganlarni surishtira boshlagan, bu saʼy-harakatlarni jiyanga mehribonchilik, gʻamxoʻrlik niqobiga oʻrab koʻrsatishga urinardi. Beknazar xonadonning halovatini buzganini anglab, “Men Qashqarga oʻtishdan aynidim, oʻylab koʻrsam, uydagilarni tashvishga qoʻyib ketishim toʻgʻri emas ekan, shuning uchun Anjanga qaytaman”, deb chiqib ketdi. Oʻsh soyi boʻyidagi choyxonaga tushdi. Oʻzi kabi boʻydor, yoshi bir joyga borgan, yuz terilari, baqbaqasi bir oz osilgan, lekin gap-soʻzi, qarashlaridan ancha hushyor va dadil choyxonachiga tavakkal deb dil yordi. Pochchasi Oʻshda Beknazarga oʻxshagan qochoqlarni Qashqar tomonlarga yashirin yoʻllar bilan olib oʻtib qoʻyadigan yovqur, devkor yigitlar borligiga shama qiluvdi.

– Ha, shunaqalar bor, – dedi choyxonachi, Beknazarning rost, samimiy gapirayotganiga shubhalanmay va ulardan birining manzilini tushuntirib qoʻydi.

Begmat sor laqabli ovchining hovlisi shaharning magʻrib qismida, Zahiriddin Muhammad Bobur toshdan hujra soldirgan Sulaymon togʻi poyidagi mahallada edi. Beknazarning baxtiga u uyida ekan. Muddaoni bildirish asnosida koʻrgiligini boʻyamay-bejamay gapirib berdi, chunki najotkorga yolgʻon soʻzlashi oʻziga nisbatan ishonch, hurmat ildiziga bolta urish demak-da.

Oʻsha mahalda navbatdagi qatagʻon uyurmasi yana butun ittifoq boʻylab gʻuvullab, har tomonga uchar, yoʻlida duch kelgan ezgulik, ziyo daraxtlarini qoʻporib, chirpirak qilib, tubsiz jarlarga itqitib tashlamoqda edi. Beknazarning boshiga tushgan savdo birgina uning qismati emas, Begmat sor buni yaxshi anglardi. Buni nafaqat unga oʻxshagan xaloskorlar, balki butun xalq bilardi, lekin kim “girdibod”dan nolib hasrat qilsa, yozgʻirsa, holiga voy edi – toʻzon uni ham omon qoʻymasdi. Zero, toʻzon “tashkilotchilari”ga zid bir soʻz demoq – kuyikkan urgʻochi sherning jigʻiga tegish bilan barobar edi. Begmat sor ham alamzadalardan edi. Shaxsiy kutubxonasida Lenin, Stalin toʻmlari toʻla emasligi, aksincha, kommunistik tarbiyaga xizmat qilmaydigan koʻplab kitoblar saqlagani uchun kitobdor togʻasi, butun maʼnaviy boyligi musodara qilinib, oʻzi oʻn yilga kesib yuborilgan edi.

Chegara siyosati qattiq, Qashqar bilan bordi-keldiga ruxsat tugul, hech qanday imtiyoz ham yoʻq, yashirincha oʻtishga uringanlarga jazo shafqatsiz edi. Shunga qaramay, tirik jon iloj qidiraveradi. Tavakkalchilik, yashash uchun qulay shart-sharoit yaratishga intilish, nekbinlik qon-qoniga singib ketgan inson, ertaga yo boshqa joyda besh battar mashaqqatu riyozatlarga duch kelishi muqarrarligini notinch koʻngli sezib tursa-da, ilinj bilan talpinaveradi.

Begmat sor Beknazarga uning yolgʻiz emasligini, ikki-uch kun ichida yoʻlga chiqishlarini aytib, koʻnglini tinchitdi, kutilmagan mehmonni oʻrdak goʻshti bilan siylab, unga qator tushgan pastak uylari chekkasidagi bir xonani ajratib berdi. Beknazarning diliga yorugʻlik inib, oʻzini erkinroq, dadilroq tuta boshladi, unda Qashqarga oʻtib, u yerda otasi aytgan kishilarni uchratishga ishonch uygʻondi. Qishlogʻidan chiqqandan beri uyqusi chala-yarim, behalovat edi, katta bir dovonni zabt etgan, yoʻlining bu yogʻi oydinligiga shubhasi qolmagan kimsadek miriqib kerishdi. Rashida qavat-qavat qilib toʻshaydigan oʻrindan ham huzurliroq, yumshoqroq tuyulgan yupqagina koʻrpachaga choʻzilib, chuqur nafas oldi. Kun botishga qaragan darchadan kirayotgan ancha salqin, ammo yurakka orom beruvchi yoqimli shabadadan badani ham yayradi.

 

VI

Oʻsh – Ergashtom dovon yoʻlida qariyb uch kecha-kunduz yurishdi. Adirlar, dovon, daralar, changalzorlar oralab oʻtgan, asrlar davomida ostki qatlamlari toshday qotib qolgan, ammo yuzasi yogʻingarchilikda sirpanchiq loyga aylanadigan ensiz yoʻl goho narigi boshigacha koʻrinib turganday toʻgʻri, tik, goho ilang-bilang argʻamchini eslatardi. Ular Begmat sor, uning sherigi Osman, Beknazarga taqdirdosh Dadamat va Toshtanboy aka bilan uning nimjon va kasalvand oʻspirin oʻgʻli Alisher – jami olti kishi edilar. Safarga chiqishgan oʻzaro yaqin odamlar singari gurunglashib ketishdi. Osman novcha, qotma, ammo jussasiga nisbatan kallasi kattaroq oʻttiz yoshlardagi qirgʻiz bashara yigit edi. Uni tanishtirarkan, Begmat ovchi “Buning asli oti Usmon, ammo metrika beradiganlar osmonlarga yetib yursin, deb oʻzgartirib qoʻyishgan”, deb hazillashdi. Darhaqiqat, Osmanning boshi hammanikidan baland, oyoqlarining uzunligidan tizzasini tepaga koʻtarib, bukib ot qorniga niqtardi. Begmatning aygʻiri gavdali, koʻrkam boʻlgani sabablimi, Osmanning kulrangga moyil yoʻrgʻasi xachirga oʻxshab koʻrinardi. Begmat sor, aftidan, joʻrasining qahqahasiga ishqibozu, hozir vaziyat taqozosiga koʻra, oʻrinsiz jarangli kulishlarning damini kesishga, ehtiyotlanishga harakat qilayotganday tasavvur uygʻotardi, boshqalarni ham hazil-chin aralash ogohlantirardi. “Qiziq gap, afandi aytish yoʻq. Osman bir xandon ursa, naq hammamiz qoʻlga tushamiz”. Shunga qaramay, diqqinafas boʻlib ketganida yo qadrdon kulgini qoʻmsab qolganida, behadikroq joyda ajibroq gap bilan birodarini bir xaxolatib xumorbosdi qilib olardi.

– Boshqa mahal mayliyu, gezada[7] sovuqdan titrab-qaqshab oʻtiramiz, endi churrak xoʻrakka tushganda qahqaha urib oʻljani uchirvorgani chatoq.

– Oʻzingam tek turmaysan-da, – dedi Osman miyigʻida jilmayib. – Qoʻlim tepkiga borishi bilan, ketiga otma, churrasini moʻljallama, deb odamni kulgisini qistatasan. Oʻlgandan keyin baribirmasmi?

– Yoʻq, baribirmas, churrakchi, – eʼtiroz bildiradi Begmat jiddiylik bilan. – Erkak zoti uchun bunaqa qismat bilan oʻlish juda alamli-da, toʻgʻrimi, birodarlar?

Biroq boshqalarning koʻngliga kulgu sigʻmas, ular oʻz hadik va tashvishlari bilan band edi. Baqaloqroq, ellikni qoralagan Toshtanboy koʻrinishdan oʻn ikki-oʻn uchlar orasidagi (aslida murti sabza urib qolgan) oʻgʻli Alisher bilan ancha yillar muqaddam Qashqarga oʻtib ketgan otasini yoʻqlab borishayotgandi. Bundan uch haftacha ilgari padari buzrukvorining ogʻir betobligi toʻgʻrisida xabar kelgan, Begmatga qarab, hayallashgan edi. Uning fikri-yodini otam tirikmikin, ishqilib diydor koʻrishish nasib etarmikin, degan xavotir chulgʻab olgandi.

Oʻrta boʻyli, qoramagʻiz, oʻttiz sakkiz-qirq yoshlar chamasidagi Dadamat, uning ham azon aytilgan ismi Dadamuhammad boʻlishi kerak, ogʻir – vazminligidanmi, bir oz sust koʻrinar, qarashlari ham sokin edi. Yemagan somsaga pul toʻlagan, yaʼni viloyat taftishchilar boshqarmasida ishlaydigan bir xeshiga yengil mashina olish uchun ismi-familiyasini “berib turishi”[8] oʻz boshiga balo boʻlgan edi. Tuman ichki ishlar boʻlimiga chaqirishib, shuncha sarmoyani qayerdan topgansan, demak, biror quloq qarindoshingdan tilla-pilla meros qolgan, yana mashinani katta foydaga pullagansan, yaʼni chayqovchilik bilan shugʻullangansan, deb rosa tinkasini quritishgan. Dadamat jigarini sotgisi kelmagan, taftishchi unga “Pulni qarindoshlardan qarz koʻtaruvdim, oʻqib, hujjat olgunimcha minib turish uchun boʻlamga berganman deyavering”, deb gap oʻrgatgan. Lekin melisadagilar anoyi emas-da, tergashda davom etishgan, yakka holda doʻpposlatishgan, bir natija chiqishiga koʻzlari yetmay, oxiri ishini sudga oshirib yuborishgan. Voqeaning bunaqa tus olishidan vahimaga tushgan Dadamat qochvorgan va Oʻshga kelib, u ham Begmat sorga yoʻliqqan edi.

Ular oʻsha kuni yarim tunda yoʻlga otlanishdi.

– Tong otguncha aholi qalin yashaydigan ovullardan, Oloydan oʻtib, dovon yoʻliga yetvolishimiz kerak, – dedi Begmat sor.

 

* * *

Kiftiga qalin, oppoq koʻrpa yopilgan togʻ yaqinlashgan sayin izgʻiriq avjga minar, ayniqsa, subhi sodiqda kun chiqishga – qor zahri kelayotgan tarafga qarab yurish uqubatli edi. Quloqlar chimillab, qarogʻlar yoshlanar, burun tuklari qirov bogʻlab tortishar va achishtirardi. Yoʻlovchilar boshlarini yonboshga burib yo badaviylarday yuzlarining koʻzdan tashqari qismini qiyiq bilan oʻrab-chirmab olishadi. Nam tortgan kipriklarini, bir-biriga yopishib qolishidan qoʻrqib, tez-tez pirpiratib yurishga harakat qilishardi. Daxan sal ochilsa sovuq tanglayni, kichik tilni ham chimillatar, shuning uchun hamma lablarini qimtib, miq etmay ketardi. Izgʻirin ustki kiyimlarning peshini shiddat bilan qayirib, boldir, sonlarga urib dirillatadi. Peshlarni kuch bilan tortib, oyoqlarini yopib, qimtib, mahkam bosib olishadi, lekin ulovni niqtash zarur boʻlganda tizzalar koʻtarilib, etaklar yana orqaga qarab uchadi.

Ahvoli ancha ogʻirlashgan Alisher orqasi bilan deyarli otasiga suyalib, inqillab-sinqillab borardi, ota uning yonlarini oʻrab, yengi bilan ogʻzi-burnini ham shamoldan toʻsishga urinardi. Uning qiynalayotganini sezgan hamrohlar oʻsmirni navbatma-navbat oʻz oldilariga oʻtirgʻizib olishardi. Hamon gap gapga qovushmas, barchaning fikri-yodi betob bola va chegaradan oʻtish gʻamida. Oʻsmir hanuz oʻzini dadil tutolmas, mingashtirib borayotgan kishi uni boʻsh qoʻli bilan quchoqlab, ehtiyotlab ketishga majbur boʻlardi. Albatta, yuzasi yupqa muzlagan botqoqli yoʻlda bir ulovga ikkovlon minish oʻngʻaysizlik tugʻdirardi. Ogʻir yuk bilan tobora yuqoriga oʻrlayotgan dovondan yurish eshagu otga ham qiyin – qattiq hansiray boshlagan jonivorlarning tumshuqlari yerga tegay-tegay der, ogʻiz-burunlaridan, yollari orasidan quyuq hovur koʻtarilardi. Hayvon ter hidi bilan uyqash hovur ulov ustidagilarning dimogʻlariga urilib, nafaslarini qaytarar, xususan, Alisherning koʻnglini ozdirardi. Ulovlargina emas, odamlar ham haddan ziyod toliqishgandi. Toshtanboy aka boz ustiga oʻgʻli bilan hammani tashvishga, aziyatga qoʻyishayotganidan iztirob chekar, Alisherni koʻproq oʻzi mingashtirib olish payida boʻlar, ammo sheriklarning ogʻrinishayotgani sezilmas (Beknazar bilan Dadamat ham endi ularga shafqat va xavotir nazari bilan qarashardi), aksincha, ular “Bolaning ahvoli xatarlimas, xudo xohlasa, hademay tuzalib qoladi”, deya otaxonning koʻnglini koʻtarishib, unga koʻproq dam berishga harakat qilishardi.

Rostdan ham oʻsmirning dardi u qadar ogʻirga oʻxshamasdi, har qalay, koʻmakda boʻlsa ham ulovda tikka ketyapti-ku, butunlay yotib qolgani yoʻq-ku. Lekin tashqaridagi buyuq bilan ichidagi haroratning oʻzaro ziddiyati, muvozanat buzilishi oxir-oqibat nimjon va yanada zaiflashgan vujudga salbiy taʼsir oʻtkazdi shekilli, kechga yaqin bolaning afti ogʻriqdan bot-bot tirisha boshladi. Endi uni ichburugʻ ham iskanjaga olgan edi. “Shunisi kamidi”, – oʻyladilar. Dam-badam toʻxtashga toʻgʻri kelar, ota boyoqish oʻgʻlini bir chetga boshlab oʻtardi-da, chakmoni etaklarini kapalak qanotiday yozib, uni nazardan, shamoldan ihotalab turardi.

Beknazarning, balki oʻzgalarning ham nazdida endi Toshtanboy aka ham boʻshashib, soʻlishib borardi, axir kechadan beri tuz totgani yoʻq. Boshqalar ham xijolat boʻlishib naridan-beri, yengil-yelpigina tamaddilanishar, hatto ulov ustida qattiq nonni kusirlatmaslik uchun ogʻizlarida ohista aylantirib, shimib, xiyla yumshatishgach, Begmat va Osmanning belbogʻidagi suvdonlardan yetgan joyigacha muzlatib ketadigan suv xoʻplab, luqmani bir amallab ichkariga surib yuborishardi. Ular ham uch kundan beri issiq taom koʻrishgani yoʻq, ammo Toshtanboy akaga yanada qiyin – uning yoshi oʻtib, ovqatga suyanib qolgan davri.

– Moʻljaldagi manzilga keldik, togʻning eng oʻngʻay joyi shu yer, – dedi nihoyat Begmat sor otini toʻxtatib, qamchi bilan tepaga ishora qilarkan. – Ehtiyot boʻlib, sekin koʻtarilasizlar, togʻdan tushib, yana etakka – kelgan tomonimizga qarab yurasizlar, besh-olti chaqirimlardan keyin chapga – kun chiqish tarafga ketasizlar. Ikki chaqirimcha borasizlar, tomlar koʻrinadi. Qishloq bilan yonbagʻirlik oʻrtasida sim toʻsiq bormi, yoʻqmi, bilmayman, mabodo boʻlsa, hushyorlik bilan oʻtasizlar.

Osmanning taklifi bilan tamaddiga oʻtirishdi. Toshfonarni yoqishib, qotgan kulcha, turshak, mayiz, xullas, hamma bor bisotini belbogʻ – dasturxonga toʻkdi. Begmat bilan Osman ham xurjunlaridan yaxna goʻshtlar olib qoʻyishdi.

– Qorinni yaxshilab toʻydirish kerak, – dedi Begmat sor, – togʻdan oshishga koʻp kuch kerak. Biror soat dam olinglar, keyin tepaga qarab montiysizlar[9]. Yuqoridagi qor beti muzlagan, hazir boʻlasizlar. Bekmirza, Dadamat, ota-bolaga yordam berasizlar.

– Albatta, albatta. Rahmat sizga. – Beknazar nima qilamiz, deganday Toshtanboy akaga maʼnoli qaradi. U boshda xizmat haqi borasida gap ochganda Begmat: “Avval ishni bitiraylik, oʻsha yoqda gaplashamiz”, deb gapni qisqa qiluvdi. Yoʻl-yoʻlakay esiga tushsa, qancha soʻrarkin deb, Beknazarning ichi bir gʻimirlab qoʻyardi. Oʻsha savol kattakon ilmoqday yana koʻz oldida likillay boshladi. Ikki yoʻl boshlovchi, himoyachi bu yoqqa uch kundan ortiq yurishdi, qaytishda yana shuncha yoʻl bosishadi… Yonidagi mablagʻ hisobli, Qashqarga oʻtib, otasi aytgan kishilarni topib, ulardan qarz soʻrashi yo ularning maslahati, yordami bilan mardikor ishlab boʻlsa-da, pul jamgʻarishi mumkin, hozir esa… Otasi bergan pulning hammasini olib kelavermabdi-da. Yoʻq, ularga asqotish oʻrniga bor-budlarini yigʻishtirib joʻnashi insofdan emas edi. Yetmasa, sheriklardan olib turar…

– Xizmatlaringizdan juda minnatdormiz, koʻp ulugʻ ish qildilaring, sizlarsiz bu joylarni topib kelishimiz gumon edi. Bexavotir kelvoldik, – gap boshladi Toshtanboy aka Beknazarning imosidan keyin. – Endi sizlarni rozi qilib qoʻysak, – u boʻxchasini kovlay boshladi. Beknazar bilan Dadamat ham Begmat sorning ogʻziga tikilgancha choʻntakka qoʻl solishga shaylanib turishardi. Osman, unga bu “savdo”ning daxli yoʻqdek, xas-xazonlarni shitirlatib, shundoq yerga beparvogina yonboshladi.

Begmat sor oʻtirgan yerida qaddini rostlab, boshidagi quloqlari ikki yonga osilib tushgan tulki telpagini qamchisi bilan teparoqqa surib, chakkasini qashidi.

– Oqsoqol, qani, bir duo qiling-chi, – dedi u keng kaftlarini ochib. Qorongʻida uning koʻzlari xuddi burgutnikidek chaqnar va kayfiyati chogʻligidan dalolat berardi.

Toshtanboy aka avval dasturxonga fotiha oʻqidi, yegan-ichganlari savobini davradagilarning oʻtganlari ruhiga bagʻishladi, keyin Begmat bilan Osmanning umriyu rizqlariga barakai-azim va hech qachon dogʻ koʻrmasliklari, hamisha Yaratganning panohida, Xizr buva madadida boʻlishlarini tiladi, oʻzlariga esa allohdan eson-omon Qashqar tuprogʻiga yetkazishini, norasidasiga shifo, quvvat ato etishini soʻradi.

– Mana shu duolaringizning oʻzi bizga katta toʻlov. Borliq istak-tilaklaringiz ijobat boʻlib, hammalaringizga oʻz yurtimizga toʻrt muchangiz sogʻ qaytib kelish nasib qilsin. Eshaklarni berardigu, baribir ularminan manavi baland toqqa chiqolmaysizlar…

Tili kalimaga kelmay qolgan Toshtanboy aka taraddudlanib, yonidagilarga yuzlandi. Yetakchining gapi faqat ota-bolaga tegishli deb oʻylashgan Beknazar bilan Dadamat qoʻyinlaridan bir siqimdan pul chiqarib uzatishdi.

– Rahmat sizlarga, ketgan vaqtlaringizga rozi boʻlinglar, – dedi biri.

– Oz boʻlsa, koʻp oʻrnida koʻrasizlar, yaxshiliklaringizni hech esdan chiqarmaymiz, – dedi unisi.

Begmat endi choʻkkalab oʻtirgan hamkorining yelkasiga turtdi.

– Qirgʻizcha soʻyladim shekillig-ov, Osman, manavi joʻldaslarga oʻgirib ber…

Otaxon ham, boshqalar ham yoʻl boshlovchilardan xizmatlariga yarasha haq olishlarini astoydil oʻtinishdi, aks holda, mol-mulklari uchun zakot bermaganday, koʻngillari xijil boʻlib, ishlari yurishmay qolishi mumkinligini biri qoʻyib, biri taʼkidlashardi. Ayniqsa, oʻz jigarlarinikiga ikki kun sigʻmagan va boyagi oʻylaridan mulzam tortgan Beknazar balandroq ovozda, bir Begmatga, bir Osmanga qarab jonlanib gapirardi. Zimistonda yuz-koʻzlardagi ifodani ilgʻash qiyin esa-da, tovushlar jarangi va qoʻl, bosh harakatlari shiddatidan oʻtinch, iltijolar yurakdan chiqayotganini payqash mumkin edi.

Kamgap, boqibegʻam Osman churq etmasdi, aftidan churrakchi Begmat sorning chizigʻidan yurardi. U oʻqtin-oʻqtin kift qoqib qoʻyardi xolos.

– Qaytishda biznikiga tushish eslaringdan chiqmasin, Osman ikkovimiz churrak bilan mehmon qilamiz, – kuldi Begmat va ularga tasalli berganday qoʻshimchaladi: – Yoʻl-yoʻlakay ov qilib ketamiz. Besh-oltita tulki, boʻrsiq-moʻrsiqni oʻlja olarmiz. Xoʻp, endi biz ketdik. Sizlarniyam, bizniyam yoʻlimizni bersin, omin, – u dast tiklanib, otalarday quchoq ochdi.

Eski qadrdonlar kabi, koʻkrak qafaslari bir-biriga botguday bagʻirlashib xayrlashdilar. Kuzatuvchilar otlari boshini kelgan izlariga burishdi, eshaklar ergashdi. Bir zumda koʻzdan gʻoyib boʻldilar, shatir-shutir sharpalar ham tindi. Atrofni sirli zulmat chulgʻadi, bir yoqda mahobatli togʻ, ikkinchi yonda etagini koʻz ilgʻamas yalang choʻl qorayib koʻrinardi.

 

VII

Qashqarda ayrilishdi. Yoʻllari, borajak manzillari har xil, notanish shaharda bir-birlariga koʻmak berishdan ojiz edilar. Toshtanboy aka qiblagohining Yorbogʻ degan joyda yashashini aytib, manzirat yuzasidan hamrohlarini taklif etdi. Beknazar tezroq otasi tayinlagan odamlarni izlab topishi zarurligini bildirdi. Dadamat safarni davom ettirish niyatida, Islomobodga oʻtishni moʻljallayotgandi. Hindistondan ajralib chiqqaniga bir necha yil boʻlgan Pokiston musulmonlar diyori va panohgohi sifatida ahli sunna muhojirlar eʼtibori va koʻnglini torta boshlagandi.

Hamsafarlarni bir necha kunlik yoʻl azoblari bir-birlariga mehrli ogʻa-inilar kabi yaqin qilib qoʻyuvdi. Allohdan yaxshi kunlarda boz diydor koʻrishtirishni tilab, yigʻlab xayrlashishdi. Xiyla oʻziga kelib qolgan Alisher dam Beknazarga, dam Dadamatga koʻzlarini jovdiratib tikilar, uning bolalarcha begʻubor nigohlarida uyalish, xijolat hissi bilan birga minnatdorlik tuygʻusining ham ifodasi mujassamday edi.

Erta qismat qanday kechishini, yana qayerlarda, qay holatda umrguzaronlik qilishni hech kim bilmasdi. Toshtanboy aka padari buzrukvori huzurida uning tuzalishi yo boshqa… munosabat bilan maʼlum muddat turgach yurtga qaytmoqchi edi, lekin oʻsha mahallarda bu ahdni komil ishonch bilan aytib boʻlarmidi?

 

* * *

Beknazarning tasavvuriga juda katta shahar sifatida kirib qolgan Qashqar ancha kichik koʻrindi, aholisi ham siyrakka oʻxshadi. Har qalay, torroq va tartibsizroq bozorni uncha qiynalmasdan topdi. Andijonliklar rastasida qidirganlaridan birini uchratdi, boshqalari savdo ishlari bilan har yoqqa ketishgan ekan. Beknazar musofirlikda kishilar oʻzaro ahil va inoq, mehribon va oqibatli, bir-birlarini qoʻllab-quvvatlash tuygʻusi kuchli boʻlishini dastlab oʻshanda bildi. Har xil sabablar bilan Qashqarga oʻtib oʻrnashib qolgan andijonliklar koʻp, ammo ular orasida kambagʻali kam edi. Beknazar qashqarliklarning Oʻzbekistondan, asosan vodiydan borganlarga (ularning hammasini “anjonliqlar” deyishardi) iliq munosabatdaligidan juda suyundi. Ular musofir birodarlariga mehmonxona yoki ijara uy desa, uni topib berishar va joylashib, oʻzlarini oʻnglab olguncha andijonlik boylar qatori moddiy jihatdan koʻmaklashib turishardi.

Andijonliklar kunduzlari rastalarida, kechqurunlari choyxonalarda, koʻproq bir-birlarinikida toʻplanib gurung qilishar, suhbatni savdo-sotiqdan boshlashib, Xoʻja Ahmad Yassaviy, Yusuf xos Hojib hikmatlari, Bedil ruboiylari, Navoiy, Mashrab gʻazallari mutolaasi va muhokamasiga oʻtishar, nihoyasida gap shoʻro davlatida, xususan, Oʻzbekistonda, shuningdek, Andijonda yuz berayotgan hodisalar, “qama-qama”larga borib taqalardi.

– Shoʻro degani yomon qattol chiqdi-da, bu ketishda xalq qochib, qamalib, qirilib bitadi-yov. Bu baloi azimni xudoning oʻzi daf qilsin, – deya muloqotga yakun yasashardi.

Beknazar bir necha kun yurtdoshlari xonadonida fayzli, latif suhbatlardan bahramand boʻldi. Hamma ehtirom bilan uni toʻrga oʻtqizar, bunday siylovlardan u iymanib, esankirardi. Umrida bunaqa izzat-ikrom koʻrmagandi, charchoqlaru mashaqqatlar ham deyarli unutildi. (Oʻzining “qoʻlma-qoʻl” boʻlishi Azim hojining mulla Ahmadali bobosiga hurmatidan ekanligini keyin angladi u). Ammo negadir bu shaharda qolishga oʻzida kuchli ishtiyoq sezmasdi. Ota tanishlari… baribir jigarmas-da, ular bunga qachongacha gʻamxoʻrlik koʻrsatishardi? Arabistonda esa tugʻishgan buvasi[10] bor… Azim hojiga padari buzrukvorining xohishiga koʻra Saudiyaga bormoqchi ekani, haj amallarini oʻtash orzusidaligini, shunga pul jamgʻarishi lozimligini, mardikorlikka ham roziligini aytib, yoʻl-yoʻriq soʻradi.

– Biz bobongizni, otangizni yaxshi bilamiz, ular imoni but, halol odamlar. Xususan, kattangiz elga muruvvatli, saxovatli inson edi. – Hoji togʻa qoʻynidan semizgina hamyon chiqarib Beknazarga uzatdi. – Bu sizga hamyurtlaringizdan tuhfa, ular, agar shu yerda qolmoqchi boʻlsangiz, hovli-joy masalasida ham yordam qoʻlini choʻzishmoqchi edi.

“Demak andijonliklar meni toʻgʻrimda qaygʻurishib, shunaqa fikr qilishibdi-da”, deya oʻyladi Beknazar va eti dirillab ketdi, yuragi toʻliqib, koʻzlariga yosh keldi. Ammo bu ajoyib insonlarning tortiqlarini shundoq olish oʻngʻaysizligini yuzlari qizarib-boʻzarib aytdi.

– Xudoga shukr, toʻrt mucham sogʻ, bilakda quvvatim bor, ishlab pul topsam… Axir, hajga har kim oʻz mehnati, halol yoʻl bilan topgan sarmoyasini xarjlashi lozim deyishadi.

Hoji togʻa Beknazarga bobosining yuzi – hurmatidan, otasi va oʻzining tabarruk ahdi-niyati haqqi, ajru savoblarga doxillik umidida koʻngildan chiqarib hadya etishayotganini taʼkidladi, agar ularning qoʻlini qaytarsa, ranjishlari mumkinligiga shama qildi.

– Sizlardan oʻla-oʻlguncha minnatdorman, hoji togʻa, – dedi Beknazar qalbidan toshib chiqayotgan hayajonini mumkin qadar bosishga tirishib, – menga issiq qoʻyninglardan joy berdinglar, bundan ortiq, bundan qimmatli hadya boʻladimi? Arabistonga shoshilib borishimning hojati yoʻq. Muhimi, tahlikali yoʻllardan eson-omon oʻtib, bexavotir yerga kelvoldim… Avvali xudo, rizqim qayga, qancha sochilgan boʻlsa, terib yerman. Qoʻlimdan sal-pal yogʻoch-randa ishi keladi, yengil-yelpi, kalta-kulta ish topilsa, shu orada sizlarga ozgina xizmat qilsam, aqalli qoʻllaringizga suv quysam, kattamning[11] ruhi shodlanib, otam oldida yuzim yorugʻ boʻlarmikin?..

Azim hoji uncha toʻla emas, lekin qandaydir salobatli, sochlari kumushrang, quyuq oʻskin qoshi, soqol-moʻyloviga ham oq oralagan, koʻzlari katta-katta, qizil yuzli, ogʻir-vazmin, mulohazali kishi edi. U mehmonning xiyla es-xushli, ota-bobolariga oʻxshab hamiyatli, qatʼiyatli ekanini his etib, xayolan uni alqab, uchlari tekis kuzalgan soqolini qashlagan kabi silab oʻtirardi.

– Obboʻ siz-yey, ancha oʻjar yigit boʻpsiz, – dedi u kulimsirab. Lekin soʻzlash ohangidan, tabassumining samimiyligidan u qadar ranjimaganini, bilaks, bir muncha yumshaganini, yuzlarida mehr alomati zohir boʻlganini tuygan Beknazar yengil tortdi, ichida chiroq yongandek boʻldi.

Hoji togʻani Beknazardagi diyonat, uning mardona oʻtinchi ham rom qilgan edi. Aslida, argʻamchiga qil quvvat deganday, andijonliklar sonining yana bittaga ortgani afzal edi, zero arqonning yanada chiyralishi uchun Beknazar kabi pishiq tolalar ayni muddaodir. Illo, masalaning boshqa nozik, nomatlubroq jihati ehtiyotkorlikni taqozo etardi. Asli Qoʻqon xonligiga qaragan, atigi bir necha yil burun shoʻro imi-jimida Xitoyga oshirib yuborgan bu oʻlkada har bir qochoq, muhojir, har bir notanish kimsa dushman xufiyasi gumonlanmogʻi, kuzatuvchilar, aygʻoqchilar nazoratiga tushmogʻi shaksiz, shuningdek, oʻzlaridan ham kimningdir dilida har bir yangi qoʻshilgan kishi toʻgʻrisida to u sinovlardan oʻtib, ishonch qozonguncha “Uning kelish sabablari, asil maqsadi rostmikin, yuragining tubida oʻzga niyati, zimmasida gʻayri vazifalari yoʻqmikin?”, degan ishtiboh tugʻilishi mumkin, bunga dalillar ham yoʻq emas edi. Lekin dini va tili gʻorat qilingan bir alamdiyda yurtdan oʻt ichidagi ikkinchi mamlakatga panoh, suyanch izlab, ne-ne xavfu xatarlarda arang jon asrab kelgan jabrdiyda vatangadoning hilvirab turgan koʻksidan itarib: “Bu shahardan ham tezroq gumdon boʻlganingiz maʼqul, toʻrt tomoningiz – qibla!” deyishga qay bir vatandosh, qismatdoshning beti chidardi?

Azim hoji Beknazarning ota-bobolarini yaxshi tanigani bois, ular avlodiga gʻalamislik, munofiqlik yotligiga kafillik berishga hozir, ammo buni feʼliyu dunyoqarashi, maqsad-maslagi turlicha kishilarning hammasiga anglatib, isbotlab chiqish imkonsiz-da. Qolaversa, oralarida ham maxsus mahkamalarning har yerda izgʻib yuradigan, oʻz kasbining piriga aylangan, otasini tanimaydigan, tanisa ham ayamaydigan xufiyachi – iskovuchlari tuzogʻi, makri toʻriga ilinib qolganlar, nafs yo boshqa bir tama koʻyida har qanday tubanlik, razillikdan qaytmaydiganlarning mutlaqo yoʻqligiga imoni butkul komil emas edi. Durust, shaharda Azim boyning nufuzi baland, uning qanoti ostidagilar haqida birov nojoʻya gap aytishga botinolmas, ammo bilib boʻlmaydi-da.

 

* * *

Kechga yaqin hoji togʻa ertagayoq oʻz hovlisida bir bostirma va omborxona qurishni boshlashi mumkinligini aytganida Beknazar ham suyundi, ham bir oz taajjublandi. Oʻn toʻrt yoshli Himmat yordamchilikka tayinlandi: “Ajabmas, bungayam ozroq yuqsa, hunar oʻrgansa…”

Beknazarning duradgorlikda koʻzi ancha pishib qolgan boʻlsa-da, shu paytgacha mustaqil tesha ushlamagandi. Eplay olarmikinman degan hadik koʻngliga gʻulgʻula soldi, lekin ustachilik qoʻlidan kelishini aytib xobbonilik[12] qilib qoʻygan, endi taysallash noqulay. Har holda uymas, bostirma-ku, degan xayol unga dalda berdi. Lekin, boylarning bostirmasi, ombori ham oddiy bino boʻlmaydi.

Qurilish bir oyga yaqin davom etdi. Imoratlarning devori urilmadi. “Sinchi tiklanib, tomi yopilib qolsa bas, guvala – kessagini keyin bir hashar bilan urdirib qoʻyamiz”, dedi xonadon xojasi. Beknazar jadalroq harakat qilish lozimligini angladi, tamaddi, nafas rostlash onlarini qisqartirdi. Bir qoʻlligi uchun ish uncha unmayotganday edi. Orada bir kun Toshmiliqqa borib kelganini hisobga olmaganda deyarli hovlidan tashqariga, toʻgʻrirogʻi shaharga chiqmadi, bunga hojat ham, ehtiyoj ham yoʻq edi: yogʻoch-ashyo, asbob-anjom – hamma narsa muhayyo etilardi. Qoʻrgʻon etagidagi moʻjazgina hujra Beknazarga yotoqxona sifatida ajratilgan, shu xonada “shogird” bilan tomoqlanishardi.

Hoji togʻa barvaqt rastaga chiqib ketar, tushlikdan avval yo keyinroq kelib, ishning borishini kuzatar, binokorga tahsin aytardi. Baʼzi-baʼzida kechki ovqatda Beknazar bilan birga boʻlib, Sharqiy Turkistonda ham har xil toifadagi bandai noraso, notavonlar yoʻq emasligi, algʻov-dalgʻovli bu zamonda davlatlararo nizoyu nifoqlar avj olib borayotgani, shunga qaramay, Qashqar bilan Andijon oʻrtasida oʻzaro munosabatlar yaxshiligi, uygʻur xalqining oʻzbeklarga ixlosi va mehri boʻlakchaligi va boshqa mavzularda gapirib oʻtiradi.

Beknazar undan koʻp narsalarni soʻramoqchi boʻlar, biroq tortinardi. Bir kuni Toshtanboy aka va uning shu shaharda yashaydigan otasi haqida oʻsmoqchilovdi, hoji togʻa negadir: “Ha, shunaqa odam bor, lekin avvalroq nojoʻya bir ishlarga aralashib, yuzi yurtdoshlar oldida shuvit boʻlib qolgan”, dedi-yu, tafsilotini ochiq aytmadi. Beknazar shaharga chiqib, Shohi Mashrab kezgan koʻchalarni, bozorlarni koʻrib, mashhur Opoq xoja qabrini, kitoblarda koʻp tilga olinadigan Iydgoh degan saylgohni, minoralari koʻkka boʻy choʻzib turgan qadimiy bino-obidalarni ziyorat qilmoqni, andijonliklarni oʻz ogʻa-inilariday ardoqlaydigan millat kishilari bilan suhbat qurmoqni, qoʻli gul uygʻur – tungoni oshpazlarining taʼrifi Andijongacha yetib borgan totli lagʻmonu boʻlugʻ montilariga oshxonada bemalol oʻtirib, bir toʻymoqni koʻngillar, ammo bu istakni ham oshkor aylamoqqa tortinar, ishni bitirgach, bafurja aylanarman, deya oʻziga tasalli berardi. Galdagi rejalarini xayolidan oʻtkazar ekan, hoji togʻaning qoʻllab, yoʻllab yuborishidan umidvor edi.

Beknazar kunduzlari ish bilan boʻlib, qanday kech kirganini payqamas, charchaganidan kechki ovqatdan keyin koʻpincha tezgina pinakka ketar, baʼzi-baʼzida yoʻl qoʻygan nomaʼqulchiligiyu, yot yerlarda bostirma yopib, qiz bolaning savolidan ham hadiksirab yurgani esiga tushsa, uyqusi qochib, anchagacha xayol surib yotardi. Shunaqa paytlarda Azim hojining soʻzlarini oʻylab, oʻzicha xulosalar yasardi. Nazarida togʻa unga nimalarnidir ochiq aytishdan iymanayotganday, nimalarnidir yashirayotganday tuyulardi. Beknazar, jumladan bir narsaga – kelgan kunlaridagi kabi uni mehmondorchilik va izdihomlarga taklif etmay qoʻyishganiga, bunday maʼraka-marosimlar toʻgʻrisida hoji togʻaning ham indamayotganiga ajablanar, hovli egasining uyga qariyb har kuni barvaqt qaytayotganidan, unday yigʻinlar boʻlmayapti chogʻi, nahotki oʻsha ziyofatlar men uchun uyushtirilgan boʻlsa, degan mulohazaga borib, ham quvonar, ham xijolat chekardi. Lekin gap bundagina emas edi.

 

* * *

Doim havorang roʻmol oʻrab yuradigan xipchagina Poshsha opa eriga nisbatan ancha yosh koʻrinar, millati uygʻurga oʻxshardi. Beknazarda hoji togʻa shu yurtga kelib uylanganmikin, avvalgi oilasi Andijonda qolganmikin, degan savol tugʻilgandi. Lekin ayolning ancha-muncha uygʻurcha lahjani qoʻshishini hisobga olmaganda, sof oʻzbekcha gapirishi uni yanada hayratga solardi. “Shogird”dan ilmoqlashga chogʻlandi-yu, otasiga aytib qoʻysa, nimaga surishtirib qoldiykin, degan xayolga bormasin deb, fikridan qaytdi. Ha-da, unga baribir emasmi, har kimning oʻz ishi, oʻz xohishi. Yigitning koʻnglida taqdirimizda oʻxshashlik yoʻqmikin, degan faraz tugʻilgan, shuningdek, oila hayotining osoyishtaligi ham unda qiziqish, havas uygʻotgan – xonadonda qovoqgirlik, qattiq-quruq gap umuman yoʻq edi.

Shu yil maktabni bitirgan, oʻn olti-oʻn yetti yoshlardagi bodom qovoq Xongul tantiqroq, erkaroq edi, u choyni yangilash bahonasida hadeganda kelib Beknazarni gapga tutar, “Andijon qizlari chiroyli boʻladimi? Sizlarda kelin tushdi toʻyi qanday oʻtadi? Sepiga nimalar berishadi?” kabi soʻroqlarni qalashtirib tashlar, Beknazar javob berishga ulgurmay qolar hamda ishdan chalgʻirdi. Xongul onasining aksi oʻlaroq boʻlagina, oppoq, aksariyat boʻyi yetgan qizlar singari hissiyotchan edi, faqat, yigit uning tap tortmasligidan injir, oʻzini noqulay sezar, “shogird” va beka oldida xijolat chekardi. Himmat uning fikrini uqqanday, “Ustani ishdan qoʻyyapsan, hozir otam kelib qoladi” deya, goʻyo opasiga tanbeh bermoqchi boʻlar, ammo Xongul ukasining eʼtirozi, ogohlantirishlariga qoʻl siltar va labini burib, “Nima, bilgim kelyapti-da” deb, yana Beknazarga ijikilab[13] savol yogʻdirishda davom etardi. Hatto “Uylanganmisiz yo endi uylanasizmi? Sizga qanaqa qizlar yoqadi?” deb soʻrashdan ham toymas, boyoqish yigit terlab ketar, nima deyishni bilmay, oʻzini eshitmaganga olardi. Yaxshiki, qizni onasi chaqirib qolib, joniga ora kirardi. Gohida uning yaxshi kiyingan va oʻziga oro bergan holda paydo boʻlishi Beknazarni yanada esankiratib, xavotirga solardi. Ertalab va kechqurunlari u yotgan xona derazasi yonidan u yoq-bu yoqqa oʻtayotganini payqab, kirib qolmasa goʻrgaydi, deya sarosimaga tushadi. Lekin nafsilamrini aytganda hovli Xongul bilan gavjum va fayzli edi, usiz Beknazar oʻzidek kamgap va hali bola boʻlgan Himmat bilan zerikib, yuragi toza ziqlanishi mumkinligini oʻylab, ichida “Yaxshiyam shuning borligi…” deb qoʻyardi. Faqat, qizning kulchadek dumaloq, oppoq yuzi va qisiqroq koʻzlariga, durkun qaddi-qomatiga tikilib qarashdan tiyilar, xullas, u bilan xush-noxush muloqotlarda oʻzini sipo, beparvo tutishga tirishardi. Qalbidagi nogahoniy hissiyotlarni sovuqqonlik bilan jilovlay olganidan oʻzicha mamnun edi.

Bir kuni Xongul anor rangli yupqa, torgina koʻylak kiyib, beliga allaqanday yaltiroq tasma bogʻlab chiqdi. Balogʻat nishonalari koʻzga yaqqol tashlanib turardi. Beknazar bir qaradi-yu, ishdan boshini koʻtarmay qoʻydi. Qiz odatdagiday, payraxalarni yigʻishtirib, oʻzicha ish qilayotgan kishi boʻlib, yigitning atrofida aylana boshladi. Shunaqa mahalda Beknazar: “Hoji togʻa kirib qolmasa-da”, deb bezillardi. Balki qizning xatti-harakatlarida gʻayricha alomat – maʼno yoʻqdir, uning feʼli oʻzi shundaydir, ehtimol, buni ota-onalari ham bilishar, aksincha, Beknazarning oʻzi u haqda chakki xayollarga borib, behuda tashvishlanayotgandir? Nima boʻlsa-da, yigit unga boshpana, non-tuz berayotgan xonadondagi yolgʻiz qizning bolalarcha sodda muomalalariga nisbatan shunday munosabatda boʻlishni vijdoniy burchi deb bilardi. Ana shu burch, masʼuliyat tuygʻusi uni qizdan mudom nigohini olib qochishga va imoratlarni tezroq poyoniga yetkazishga undardi.

 

* * *

Beknazar xizmati evaziga Azim hojidan zinhor-bazinhor haq olmoqchi emas, iloji boʻlsa togʻa unga boshqa buyurtmachilar topib bersa qancha ish boʻlsa bajarib, moʻlroq sarmoya yiqqach, bu iltifotli, saxovatli odamlardan izn soʻrab yoʻlga chiqmoqchi edi. Ishni yakunlayman deb turgan kuni ertalab xonaga nonushtani Xongul olib kirdi (odatda bunday vazifalarni Himmat bajarardi), u Beknazarning koʻziga parishonroq koʻrindi, balki endi turgani uchun uyqusi yaxshi yozilmagandir, deb oʻyladi, lekin qiz sinchiklaganday tikilayotganini sezib oʻngʻaysizlandi. Xongul poygahda tizzalaganicha, toʻrida chordona qurib, keng oʻmgani xontaxtaning yarmini egallab oʻtirgan Beknazarga choy uzatarkan, piyola xiyol titrayotganday tuyuldi-yu, yigit beixtiyor qaradi – koʻzlar bir soniya uchrashdi.

– Ketib qolasiz ekan-da, yana kelasizmi? – Xongulning ovozida odatiy jarang va shiddat yoʻq, aksincha, ancha yumshoq va qatʼiyatsiz edi. Beknazar piyolani indamay, gʻoʻrasha panjalari qizning latif barmoqlariga tegib ketishidan avaylanib oldi. U Xongul ish oxirlab qolgani uchun shunday deyayotgan boʻlsa kerak, deb oʻyladi. – Qachon ketyapsiz? – soʻradi yana qiz.

– Hoji togʻam nima desa, shu, – dedi mehmon issiq choydan asta xoʻplab.

– Otam menga qolsa, butunlay olib qolardim, ehtimol bir aylanib qaytar deyapti.

– Hmm… – Beknazar gapning tagiga yetganday boʻldi, xayolida Azim hojining jumboqli jumlalari takrorlandi: “Hamma joyning qozisiyu tarozisi bor-da. Sizlardagiga oʻxshab, bu yerdayam hukumat qimirlagan jonga shubhalanib qaraydi…”

Stalinning qoʻllari boshqalarnikidan farqli oʻlaroq ertaklardagi ajdaholarniki kabi bir nechta, balki son-sanoqsiz edi: qonsiragan ikkitasi mudom oʻz qalamravidagi xalqlarning ziyoli, ilmli, aqlli, isteʼdodli vakillari giribonida boʻlsa, yana ikki-uchtasining Yaponiya, Shimoliy Koreyada, Xitoyda oʻlja izlagan ilon kabi paypaslanishini, yana birining esa avvaldan Sharqiy Turkistonda hali u teshikdan, hali bu tirqishdan ajal tayogʻi kabi choʻzilib, Vatan ozodligini orzu qilishda gumon etilganlarni mavhum bir zulumot qaʼriga tortib ketishlarini Azim hoji Beknazarga aytishni lozim koʻrmasdi.

– Endi qayoqqa borasiz? – taʼkidlab soʻradi yana qiz tantiqlanib.

– Qismatim meni shu yerga sudrab keldi, yana qayoqqa tortqilasa, peshonamga yana qanday kunlar yozilgan boʻlsa koʻraveraman-da, Xongul, sizlarnikida xuddi oʻz uyimdagiday mehr-muruvvat koʻrdim, sizam oʻz singlimday boʻp qoldingiz…

* * *

Beknazar jahd bilan ishga kirishdi, ammo saldan keyin qoʻlidagi teshaning sust harakatlanayotganini, xayoli hadeganda ertalabki suhbatga bogʻlanib qolayotganini payqab gʻashlandi. U nima gapligini hoji togʻa aytar, deb kutgan edi, lekin Azim hoji koʻrinmadi, undan hol-ahvol soʻrashga, qolgan ishlarni maslahatlashishga ham kelmadi. Uning barvaqt shoshilib chiqib ketganini Himmatdan bilgach, yuragidagi gʻulgʻula kuchaydi. Toʻgʻri, baribir bu shahardan bir kuni joʻnashi aniq edi, faqat bunday tarzda emas… Nahotki Andijondan qochib kelganini kimdir aygʻoqchilar idorasiga yetkazgan boʻlsa?.. Unda hoji togʻaniyam diqqat qilishlari mumkin, demak, bir ishkal chiqmay turib, joʻnash kerak…

U shomga yaqin soʻnggi mixni qoqib, asbob-uskunalarni Himmatga topshirdi, xonadon egalari bergan ish kiyimlarini yechdi.

Oqshom hujraga Azim hoji kirdi. U yoqdan-bu yoqdan soʻzlashib, oshni yeyishdi. Beknazarning qoʻli laganda-yu, koʻzi, qulogʻi hoji togʻaning ogʻzida edi. Nihoyat, qoʻllar artilgach, mezbon ovoz qilgan edi, Himmat kirib, tagida anchagina palov oshib qolgan havorang gulli xitoyi chinni tovoqni olib ketdi, dam oʻtmay, bir patnis koʻtarib keldi-da, otasiga berdi, hoji togʻa uni Beknazarning oldiga qoʻydi. Patnisda taxlogʻliq yupqa sabzish[14] toʻn, ustida qargʻa shoyi chorsi va toʻrt gulli, Andijonnikiga oʻxshashroq doʻppi bor edi.

– Manavi ishni chiroyli yakunlaganingizga uydagilarning atagani, – dedi hoji togʻa. – Ancha pishib qopsiz, mening moʻljalim toʻrt-besh kun oshigʻroq edi, chaqqon ish qilarkansiz, xudo xohlasa, har joyda noningiz butun.

Beknazar boshini koʻtardi.

– Bularning hojati yoʻq, hoji togʻa, – dedi u xijolat chekib. – Qoʻlimdan shugina ish keptiyu…

– Bu oʻzi arzimagan narsa, vatandosh, aslida ish qilmasangizam berishimiz kerak edi, uyimizga birinchi kelishingiz, qolavursa, eski udumimiz, olmasangiz kelinayangiz ranjiydi. – Xonadon sohibi qoʻynidan bir dasta pul chiqarib, sal choʻzilib, sarpolar yoniga ohista qoʻydi. – Bunisi bizning koʻngildan chiqarganimiz.

Koʻz kosalari kengayib ketgan Beknazar, oʻzini olovdan tortganday, gavdasini orqaga tashladi.

– Uyingizdan joy berdingiz, non-tuzingizni ichdim, meni izza qilmang, hoji togʻa. Busizam sizdan minnatdorman.

– Men sizga ehson berayotganim yoʻq, mulla Beknazar, bu – ona sutiday halol mehnat haqingiz.

Beknazar pulni qoʻliga oldi-da, ozroq bir qismini qayirib qolib, oshigʻini mezbonning oldiga qoʻydi.

– Shu yogʻi yetadi, hoji togʻa, buniyam tavarik deb, irim qilib olaman.

Azim hoji bosh barmogʻi bilan kalta soqolini titib, iyagini qashirkan, Beknazarga jilmayib tikildi.

– Musulmonchilikda katta bir narsa deganda kichikning xoʻp deyishi vojib, mulla. Men sizga ot bilan tuya berayotganim yoʻq, – u pulni yana yigitning oldiga surdi.

Beknazar tagʻin eʼtiroz bildirsam kibrga yoʻymasin degan andishada sukut saqladi. Sirasini aytganda, yoʻlga chiqadigan boʻlsa, pul unga suv va havodek zarur, ammo…

– Qani, dasturxonga fotiha qilaylik, – duoga qoʻl ochdi hoji togʻa. – Aytganday, yangi shogird qalay, boqsa odam boʻladimi? – soʻradi u kulimsirab.

– Albatta, uquvi yaxshi, ishga yopishib kelishiyam maʼqul.

– Unday boʻlsa, ertaga shogird bola ustoziga Qashqarni bir tomosha qildirsin, keyin yana kengashamiz.

Gap mavridi keldi. Beknazar asta tomoq qirib, “Hoji aka…” dedi. Turishga chogʻlanayotgan mezbon qayta choʻkdi.

– Menga bir dunyo pul berdingiz, endi ishlashniyam hojati qolmadi shekilli. Yaxshisi, ertaga shahar aylanaman-u, keyin menga javob bersangiz…

– Muncha tez? – ajablandi xonadon egasi.

– Qashqar ham notinchroqqa oʻxshaydi. Sizga tashvish oshirib oʻtirmay…

Azim hoji sergaklandi.

– Birov sizga bir nima dedimi? – soʻradi u ranjigan ohangda.

– Yoʻq-yoʻq, hoji togʻa, – dedi izza tortgan Beknazar shosha-pisha.

Azim hojining koʻzlari va soʻzlaridagi taranglik yumshadi.

– Hozir notinch boʻlmagan yurt bormi, oʻgʻlim. Manfaat, nafs degan narsalar mavjud ekan, mansab-mavqe, mulk talashish yoʻqolmaydi. Mol-dunyosi bisyor odamga hamma oʻgʻri, qoʻrqoq podshoga hamma gʻayir koʻrinaveradi. Falokat oyoq ostida. Balo yopishaman desa, joyning farqi yoʻq. Shuning uchun siz har xil oʻylarga bormang. Oʻzimizga qarashli yana bir-ikki xonadondan ish daraklab qoʻyganman. – Hoji togʻa soʻzdan toʻxtab, Beknazarga tikildi.

– Boshda aytganimday, otam Arabistonga borishimni tayinlovdi… – dedi Beknazar gapini oʻnglab. – Xayolim oʻsha yoqda…

– Shunday deng, – bosh irgʻadi Azim hoji, – toʻgʻri, bu yorugʻ olamda har bandaga allohning farzlaridan soʻng, birinchi galdagi muhim vazifa, bu – ota rizoligini, duosini olmoq, buniychun albatta, padari buzrukvor tayinlagan yumushlarni soʻzsiz, kechiktirmay, bekami-koʻst ado etmoq lozim. Ahdingiz qatʼiymi?

Beknazar ish boshlagan dastlabki kunlarning birida shularnikida Andijonga qaytayotgan bir savdogar bilan uchrashgan, Azim hoji vositachiligida undan agar malol kelmasa, qishlogʻimizga oʻtib, otamga Qashqarga eson-omon yetib kelib, tanishlarni topganimni, xavotir olmasliklarini aytgach, uydagilarning salomatligini bilib, biron keluvchi orqali ikki enlik xat bitib yuborsangiz, boshim koʻkka yetardi, deb iltimos qiluvdi. Kuni kecha qisqa va ehtiyotkorlik bilan yozilgan, manzili, kimdan va kimgaligi ham koʻrsatilmagan maktub olgan, unda otasining bir oz betoblanib, andak ovoragarchiliklar yuz bergani (demak, gʻalamislar uni urintirib qiynashgan), hozir salomatligi durustligi, qishloqdagi shamol-dovullar pasaygani maʼlum qilingan, ammo Beknazarning ikkilanmay yoʻlda davom etishi kerakligi taʼkidlangan edi. Yigitning koʻngli xiyla joyiga tushgan esa-da, uydagilar meni xotirjam qilish uchun hammasi joyida deb xat bitishni tayinlashmadimikin, degan ishtiboh qalbining bir chekkasida gʻimirlab-gʻimirlab qoʻyardi. Lekin hamyurtidan bor haqiqatni maʼlum qilishini qayta-qayta oʻtingani bois, toʻgʻrisini yozgandir, axir ovoragarchiliklar, otamning betoblangani va shamol-quyunlar pasaygani aniq aytilibdi-ku, deya oʻziga taskin berardi. Unda nimaga safarni davom ettiraverishini tayinlashdiykin?..

– Ha, hoji togʻa, shunday qilganim maʼquldir.

– Unday boʻlsa, bugun-erta men soʻrab-surishtiray, sizga hamroh qoʻshmogʻimiz zarur. Ha, bir gap: olis, nosinashta mamlakatlarga ketyapsiz, kishi musofirlikda oʻz boʻyidan bir kalla pastroq yurgani durust. Ogʻir-vazminlik odatingizni mahkam tuting. Boshidan ancha issiq-sovuqlar, muhojirlik savdolarini kechirgan bir faqir sifatida, azbaroyi sizni tugʻishganimday koʻrganimdan, omadi gapni aytib qoʻyyapman, ogʻir olmaysiz. Uygʻur birodarlarimiz tezlik, jangarilik xulqlaridan oʻz yurtlarida ham koʻpda aziyat chekishadi, lekin bu feʼl ularning qonida bor…

Beknazarning dilidan “Bu odamga nisbatan sarkashlik yo dimogʻdorlik qilmovdim shekilli…” degan xayol kechdi. Faqat bir kuni tomga taxta qoqishayotganda u Himmatga ishonib, bir taxtaning oʻzi tomonidagi chetini bosib, oyogʻi osmondan boʻlib yiqilayozdi. Epchillik qilib toʻsinga osilib qoldi. “Shogird” bolaligiga borib, kulgisini yashirolmadi. Shunda Beknazar hansirab turib, “Bu kuladigan ishmas, uka” dedi va darhol lab tishladi, lekin soʻz oʻq kabi uchib ulgurgan, uni qaytarishning iloji yoʻq edi. Shu voqeani bolakay otasiga oshirib aytuvdimikin? Ha, yana bir kuni hoji togʻani soʻrab kirgan bir kishi (oʻzini tanishtirmadi, ustaning kimligi bilan ham qiziqmadi) xuddi binoni qabul qilib oladigan tashkilot rahbariday, e yoʻq, be yoʻq, bostirmaning u yogʻiga oʻtib qaradi, bu yogʻiga oʻtib qaradi-da, “Tomning shiyponi tikka boʻlib ketibdi, yogʻin-sochin ichkariga urib yuboradi”, qabilida tanbeh berganida Beknazar “Men oʻrgamchik ustaman, hoji togʻaning koʻrsatmasi bilan bilganimcha qilyapman”, deb javob aytgan, shunda ovozi sal dagʻalroq chiqqanga oʻxshovdi. Ehtimol “shogird” tushmagur yoshlik qilib shuniyam otasiga yetkazgandir yo oʻsha kimsaning oʻzi hoji togʻaga bir narsa devdimikin? Yo, bilib-bilmay, manmanlikka, qoʻrslikka yoʻyilguvchi boshqa bir harakatlar sodir etdimikin?..

Albatta, Beknazar izoh berish fikridan yiroq edi.

– Tushundim, hoji togʻa, siz otam qatori yaqin boʻlib qoldingiz, oʻgitlaringiz bosh ustiga…

Koʻp oʻtmay uni xuddi oʻz oila aʼzosini harbiy xizmatga yo uzoq safarga joʻnatayotgandek kuzatib qolishdi.

– Xudo xohlasa, orzu-niyatlaringizni roʻyobga chiqargach, qachondir albatta qaytasiz, inshollo, tagʻin uchrashamiz, – hoji togʻa shunday deya Beknazarni bagʻriga bosdi.

– Boshingiz toshdan boʻlsin, inim, – alqadi uy bekasi.

– Qashqarni yanagi safar kelganingizda yaxshilab tomosha qildiraman, usta, – deya koʻzlarini jovdiratib qoʻl choʻzdi Himmat.

– Ukam chala shogird boʻp qoldi-da… – tortinibgina gap tashladi onasi biqinida turgan Xongul.

 

VIII

Azim hoji topib bergan savdogar-hamrohlar bilan koʻhna Toshqoʻrgʻon shahrida yuanlarini sarroflardan rupiyga[15] almashtirib, Pokistonga yoʻl olishdi. Shu joygacha hoji togʻaning maslahatiga koʻra pana-pastqam joylardan yurib, odamlar koʻziga tashlanmaslikka harakat qilishdi. Garchi hoji aka Beknazarga ruxsatnoma yozdirib bergan boʻlsa-da, aygʻoqchilar shubhalanib, tutib qolishlari mumkin edi. Nisbatan osoyishta hududga qadam qoʻyishgach, u yengil nafas oldi, uni deb poyu piyoda, mashaqqatli kecha-kunduzlarni oʻtkazishgani uchun sheriklardan uzr soʻradi. Nari yogʻiga duch kelgan ulovda – goh xachir aravada, goh har turli tepasi ochiq yuk mashinalarida davom etishdi. Chatral togʻidagi Qoraqurum dovoni juda baland, koʻcha nihoyatda tor: bir yon omonat osilib turganday, mana hozir bosib qoladiganday koʻrinadigan burgut qanot qoyalar, ikkinchi taraf yurak orqaga tortib, seskanib ketadigan darajada tubi yoʻq jarlik. Baʼzi joylarda koʻzlarini chirt yumib olishar, tillari “La ilaha illallah” kalimasiga arang aylanardi.

Gilget va yana bir qancha shahru qasabalar ortda qoldi. Dastlab toʻrt kishi edilar, yoʻl-yoʻlakay goh koʻpayib, goh kamayib borishardi. Hamsafarlar orasida savdogarlardan tashqari haj qilish niyatida Makkayu Madinaga yoʻl olganlar yo boshqa yumushlar bilan bir shahardan ikkinchi kentga ketayotganlar bor edi. Kvettaga nihoyatda qiyinchilik bilan yetishdi. Yoʻllar juda nobop, notinch boʻlib, aksariyat qismi quyuq daraxtzorlar orasidan yo yulgʻinzor choʻllardan oʻtardi. Har qadamda qaysi dara yoki togʻ ortidan qaroqchilar chiqib qolisharkin, degan sarosima, vahima. Bir manzildan ikkinchisiga sogʻ-omon, beshikast yetib olishganidan keyin yelkalaridan togʻ agʻdarilganday yo pulsirotdan oʻtishganday, oʻzlarini qushday yengil va baxtiyor sezishardi. Asli Karochidan Turkiyaning Marsin shahriga yo Bombeydan Saudiyaga paroxodga oʻtirib ketish ham mumkin edi, lekin “Dengiz quturib, kemalar tez-tez halokatga uchrab turadi” degan sovuq gaplar quloqqa chalinar, qolaversa, Bombey uzoq, ayrimlarning hujjatlari ham chatoq edi. Shu sababdan Beknazarning hamrohlari, aylanish esa-da, bexitroq[16] deb shu yoʻnalishni maʼqul koʻrishdi. Beknazarga esa, baribir – qaysi yoʻldan boʻlsa ham ishonchli, sinashtaroq yoʻldoshlar bilan koʻzlagan manziliga yetib olsa bas. Faqat bu olis masofada kalta-kulta ulov va boshqa kutilmagan harajatlarga pul koʻp ketardi. U Azim hojidan ich-ichidan minnatdor edi. U koʻpni koʻrgan odam-da.

Ikki marta qoʻlga tushishdi. Bir – Gilgetdan beriroqda, ikkinchi gal Kvetta bilan Eron chegarasi oʻrtaligʻida – qalin, oʻskin yulgʻinzorli yoʻl yassiroq togʻ bilan tutashib ketgan hududda. Ikkalasidayam koʻngildan chiqarib pul toʻplab berishdi. Qaroqchilarning ashaddiylarini koʻrgan ayrim yoʻlovchilar omadimiz bor ekan, “havaskor” bosqinchilarga uchradik, deb kulishardi. Chegara posbonlariga, qaroqchilarga “hajga ketyapmiz” deyishar, shu dastak ularga qalqon boʻlib, koʻp balo-qazolardan asrardi.

Odam keyin-keyin xatarli yoʻllarda yurishga ham oʻrganib, yirtqich hayvon havfidan, tunovchilar vahimasidan ham uncha choʻchimay qoʻyarkan. Baʼzi joylarda allohga tavakkal qilishdan oʻzga iloj ham qolmas edi. Balki, inson ongi, yuragida qoʻrqinchli narsalarga, tahdidlarga ham qarshilik hissi vujudga kelar.

Oʻsh – Qashqar dovonlarida ancha “pishgani” bois, Beknazar bu yoqdagi mashaqqatlarga chidam va sabot bilan dosh berardi. Kuni boʻyi arava, qattiq mashina oʻnqir-choʻnqir, tosh yoʻllarda selpib-qoqib sillani quritardi. Shunaqa mahalda Beknazar oʻz ahmoqgarchiligi, kalta oʻyligidan ming bora afsuslanib, yuragi battar ezilardi. Lekin bu darbadarlik koʻngil qoʻyolmagan xotini bilan yashash, ikkilanish azobidan, ota-ona oldidagi xijolatchilik uqubatidan xalos etgani uchun ozgina taskin topar, ammo Rashidaga nisbatan achinish tuygʻusi qalbini yana timdalardi. Biroq baribir turmushlari yaxshi boʻlmasligiga imoni komil edi. Ruhiy qiynoqlar oldida jismoniy toliqish, safar azoblari hech ekan, degan xulosaga kelgan edi oʻshanda u.

Jazirama kunlarda, ayozli tunlarda, yomgʻir yogʻib, jala quyib turganda tugunlariyu engillari shilpillab, achchiq sovuq yo garmsel kuchayib nafasni boʻgʻadigan hollarda ham toʻxtamay yoʻl bosishardi. Bir shahardan ikkinchisiga borganda yangi ulovga oʻtirishardi. Ulov topish ham oson emas, baʼzida xachir arava, koʻproq olti gʻildirakli, yon toʻsigʻi pastroq yuk mashinasiga yoʻliqishardi. Haydovchilar har xil: biri qoʻramas[17], ikkinchisi tajang… Yurtdan yurtga oʻtishganda iqlim oʻzgarar, gohida ertalab bir xil, tushdan keyin boshqa xil kiyinishardi. Lekin aksariyat hamrohlarda, shu jumladan, Beknazarda ham libos koʻp emas, borlaridan ter hidi keladigan boʻlib ketgandi. Yoʻl-yoʻlakay yuvib quritishning iloji yoʻq – vaqtdan qizgʻanishar, koʻngillariga ham sigʻmasdi. Faqat bet-qoʻl artadigan durra, dastroʻmol kabi yengil-yelpi narsalarni suv duch kelgan yerda pishib-pishib, mashinada gʻujanak boʻlib oʻtirgan joylarida bosh yo tizzalariga yoyib selgitib olishardi. Egniga ikki yo bir kun avval yechilgan, yoqalari mogʻor yaktakni ilishdan oʻzga chora yoʻq edi. Paypoq, paytava toʻgʻrisida gapirilmasayam boʻladi. Terdan qotib ketgan ust-bosh hidi ayniqsa kun qizigan mahallarda baralla koʻtarilar, kechalari, koʻylakning battar tarashasi chiqib, qovurgʻalarga botar, yomgʻir yoqqanida esa badanga chilpillab yopishgan yogʻday ijirgʻantirardi. Bemalolroq toʻxtashlari tayin boʻlgan qoʻnoqxona yo karvonsaroyda hamma apil-tapil kir chayishga tushardi.

Koʻpincha qishloq, shahardagi musofirxona yo masjidda uch-toʻrt soatgina mizgʻib olishardi. Baʼzan esa, vaqt taqozosiga koʻra yoki mashina buzilib, shundoq choʻlu biyobonda, yulgʻinlarni ostlariga toʻshab, yo daraxt panalarida it yotish, mirza turish qabilida omonat yonboshlab tong ottirishardi. Ayni shunday damlarning gashtli tomoni ham yoʻq emas edi. Bolalikdan qadrdon yulduzlar novdalar, yaproqlar orasidan Beknazarga moʻralab qarashar, goʻyo “Ana shunaqa, biz seni hamma joydan topib olamiz, sen bir yurtdan boshqasiga qochib borarsan, ammo bizdan yashirinib yurolmaysan”, deya dashnom berishar, gohida esa uning hol-ahvoliga achinib, ruhlar kabi “Biz senga hech qachon xiyonat qilmaymiz, boshing uzra panohmiz, qoʻrqma, bizga ishon, bizga suyan…” deyishayotganday tuyulardi. Mana shunday lahzalarda hayot unga jilmayib boqqanday, dilxiralik uzoqlashib, qalbida iliq hislar joʻsh urardi. Biroq, yarim tunda jonga tekkan doʻqillab yurish boshlanardi.

Qashqardan birga chiqqanlar Ravalpindida har yoqqa tarqab ketishgan, Beknazar boshqa yoʻlovchilarga qoʻshilib olgandi. Yangi hamsafarlar orasidan oʻzidan bir-ikki yosh katta Sariqul bilan chiqishib qoldi, ulovda yonma-yon oʻtirib, oʻz boshlaridan kechirgan voqealarni bir-biriga soʻzlab berishardi. Lekin odam gapdan ham zerikarkan. Koʻpchilik ogʻziga tosh solganday jim, mudragancha xayol surib ketishni xush koʻrardi. Endi tamaddi paytlarida yo yangi ulov kutiladigan bekatlarda uch-toʻrt ogʻiz soʻzlashishar, bu qisqa, toʻmtoq muloqotlar mavzui esa yoʻl azobidan nolishu mayda-chuyda hasratdan nariga oʻtmasdi. Boz ustiga, oʻz xohishi bilan, bir olam orzu-havasni diliga tugib dunyo kezishga chiqmagan Beknazar uchun koʻcha va ovullar koʻrksiz-befazilat, “sayohat” maroqsiz tuyulardi. Bir-biridan uzoq-uzoq masofada joylashgan shaharlarning koʻchalari, xiyobonlaridagina xurmo, palma yaproqlari uni tuzsiz oʻy-xayollardan chalgʻitib, mudroq, hafsalasiz koʻzlariga ozgina huzur bagʻishlardi. Ammo bu shaharlar hududi tezgina tugab, yana oʻt-oʻlanlari qovjirab yotgan, yantogʻu burgandan iborat til-zabonsiz dasht, sahro boshlanadi. Maysa-giyoh unmaydigan yalangʻoch, qaqroq yerning narigi tomoniga oʻtib ketganday koʻrinadigan adoqsiz toʻq jigarrang togʻu toshlar, oqmay turgan koʻl suviday, kishi bahri-dilini ochadigan manzara kasb etmaydi. Ichadigan toza oqar suvning kamligi dard ustiga chipqon edi. Ahyon-ahyonda togʻ yonbagʻirlarida, qir sifat daralarda yakkam-dukkam boʻy koʻrsatib qoladigan, terak yo qaragʻayga, pista yo bodomga ham oʻxshamaydigan siyrak bargli soʻppaygan daraxtlar tarovatu latofatdan xoli. Koʻkda ham bir zogʻ uchmas, tabiat jonsiz jismlar majmuiday taassurot uygʻotardi. Gʻarbda choʻgʻday qizil, tandirning ogʻziday oftobning goʻyo bir yoni bilan zaminni yorib kirib ketishi, borliqning zimziyolikka va vahimali sukunatga chulgʻanishi mahzun oʻylar girdobiga tortadi.

Marra esa hali olis edi. Yuk mashinalari nosoz yoʻllarda aravadan salgina tezroq yurardi xolos. Tugʻilib oʻsgan goʻshasidan qancha yiroqlashgan sari Beknazarning yuragi battarroq ezilib, uni orqaga tortar, ana shu sustgina ulov gʻildiragining har aylanishi esa uni aziz diyoridan bir emas, bir necha chaqirim uzoqlashtirayotganday tuyular, oldindagi dovonu manzillarni, kelgusi kun, oylarini mutlaqo tasavvur etolmasdi.

Eron zamini sarhadida, Mirjova bojxonasida bir kecha-kunduz tutib turishdi. Tujjorlarning xalta-xurjunlarini tit-pit qilib yuborishdi. Beknazarda bir necha kiyim-bosh solingan tuguncha, Azim hoji hadya etgan puchchayib qolgan charm hamyondan boʻlak hech vaqo yoʻq edi. Lekin uni ham qayoqdan kelyapsan, qayoqqa ketyapsan, pasportingdagi muhr xira bosilgan, shoʻraviy, deb ancha ensasini qotirishdi. Oʻtkazmay qoʻyishsa-ya, unda qayga boradi, qanday qaytib ketadi? Biron nimaga shama qilishmayaptimikin?.. Epchil, muomalalikkina Sariqul joniga ora kirdi, bojgirlarga hajga borishayotganini aytib, ularning qoʻyniga qoʻl solib… ruxsat oldi. U anchagina ish koʻrganga oʻxshardi, aytishicha, Afgʻonistondan Eronga oʻtish uchun ancha uringan, evini qilolmagach, Pokistonga joʻnagan. Qismat ekan, endi bu tomonlarda aylanib yuribdi. Beknazar u bilan uchrashuvni taqdirning inoyati deb bildi. Zero, har qanday safarda yaxshi hamroh non-suvga barobar.

Eron hududi ham nihoyatda bepoyon boʻlib, uning shaharlari orasi ham Pokiston kabi sahroyu yobondan iborat edi. Zoxidonu Mashhad, Tehronu Qazvin, Zanjonu Tabriz osha Turkiya jumhuriyatiga oʻtib (bu chegarada ham Sariqulning chorasi ish berdi), nihoyat, uning eski poytaxti Istanbulga yetib borishdi.

Oʻsha kuni kechqurun Beknazar oyogʻini choʻzib, tuguniga bosh qoʻyganicha, qadimiy sharqona usulda toʻsin terilgan baland shiftga termilib chuqur-chuqur nafas olarkan, tili oʻz-oʻzidan pichirladi: “Devor ichidan chiqqan uch-toʻrt dona kitob sabab, shuncha sargardon boʻldim, Vatandan, ota-onadan ajralib, dunyoning bir chekasiga kelib qoldim-a…”

 

Ikkinchi qism

 

ISTANBUL. ISHQ BALOSI

 

I

 

Sayyohlar Turkiyaga kirib borishganda quyosh harorati, yer tafti pasayib, shoʻx anhorlar shovqin solishdan charchagan, dov-daraxtlarning oltinrang yaproqlari toʻkilib, oyoqlar ostida pildirab, zorlanib ucha boshlagan, sargʻaygan gul-chechaklar, yoʻl chetlaridagi dilgir maysa-oʻtlarning boshi egilib, oʻylarga choʻmgan, ammo suv, osmon tiniqlashgan, umuman, tabiat moʻysafid qiyofasida, hamma yoqda bosiqlik, sipolik hukmronday edi. Sokinlashgan Marmar dengizi yuzasi kuz shabadasida yengilgina mavjlanib yotardi. Odatda boʻron yo dovul oldidan shunday osoyishtalik yuzaga keladi va koʻpincha odamni gʻaflatda qoldiradi.

Etik gʻajigan chap tovoni azob berayotganini hisobga olmaganda Beknazar ham ancha xotirjam, endi taqdirga tan bera boshlagandi.

Qadimdan, boshqa nomlar bilan atalgan davrlardanoq maʼlum va mashhur Istanbul dongʻining Turon – Turkiston tomonlargacha yetib kelishiga asosiy sabab haj ziyoratini ixtiyor etib karvon bilan joʻnaganlar Makkai mukarrama yoʻlida joylashgan bu moʻtabar shaharga albatta qoʻnib, nabiy Muhammad sallallohu alayhi vasallamning yaqin sahobalaridan biri Abu Ayyub al-Ansoriyning hazrati Ilcha mavzesidagi qabrini ziyorat qilib oʻtishardi. Shu bois, musulmonlar orasida “Istanbul – yarim haj” degan gap yurardi. Eʼtiqodga, eʼzozga javoban qardoshlar qulay sharoit, imkoniyatlar yaratib, yoʻlovchilarni xushhollik bilan kutib olishardi. Takyalar2, musofirxonalar bagʻriga har qancha mehmon jo boʻlishi mumkin edi…

Musofirxonalarning langarxonalik xizmati ham bor edi, yaʼni bu dargohlarda muhtojlarga taom berilgan, boshqa xayriya ishlari amalga oshirilgan. Tavakkaldan yoki kamroq sarmoya bilan muqaddas safarga otlanganlar, savdogarlarning hamyonlari puchaysa tezroq Istanbulga yetib olishga oshiqishgan. Takyalarda ular yordam soʻrashi mumkin boʻlgan yurtdoshlar, hatto yaqin kishilari bilan uchrashib qolishlari ham ehtimoldan uzoq emas edi. Qoʻnimgohlarni oziq-ovqat va boshqa zarur ashyolar bilan asosan xayr-saxovatli boylar taʼminlab turishardi, yaqin-atrofdagi mahallalardan ham oʻziga toʻq xonadonlar savob yoʻlida har turli yeguliklar chiqarib yuborishardi.

Abjir, uquvlilar hammollik yo mardikorlik bilan pul topib, yo kimdandir qarz koʻtarib yoʻlda davom etishar, ayrimlari ishi yurishmay yo oʻzga vajlarga koʻra qoʻnoqxonalarda anchagacha qolib ham ketishardi.

Qisqasi, takyalar nafas rostlash yo xotirjam hordiq chiqarishni xohlovchilar uchun qulay pakka, suhbat, oʻyin-kulgi maskani, gʻariblarga esa jon saqlaydigan dargoh boʻlib, ularning xonalari kabi, xoʻjayinlariyu xizmatchilarining bagʻirlari ham keng edi.

Oʻtmishda ham (shoʻro zamonigacha) hajga eng koʻp oʻzbeklar borishardi, shu tufaylimi, Istanbulning Eski shahar qismida, Uskudar mavzeida uch qavatli, alohida Oʻzbeklar takyasi qurilgan[18], u Sulton Ahmad maydoni va Olti minorli masjiddan atigi bir necha yuz qadam kunbotishda.

Xalqaro yoʻnalishlarda naqliyot, uchoqlar, shaharlarda zamonaviy mehmonxonalar koʻpayib, sayyohlik madaniyati yuksalgach, umumyotoq maqomidagi takya-qoʻnoqxonalarga hojat, eʼtibor susayib, birin-ketin yopila bordi. Jumladan, Oʻzbeklar takyasida ham endi ilgarigiday fayz – bazmi jamshidlar, gavjumliklar yoʻq edi. Shunga qaramay, Istanbulday shahri azimda Oʻzbeklar koʻchasi borligidan Beknazar bagʻoyat gʻururlandi, beixtiyor entikkanida koʻksining kuchli shamolda egilgan daraxt novdalari qayta tiklangandek baland koʻtarilganini yaqqol sezdi. Bu koʻchada, umuman shaharda oʻz muzofotidagi kabi bemalol, behadik yurish mumkinday tuyulib, dilidagi begonasirash, iymanish hissiyotlari ham ancha tarqaldi. Biroq…

Biroq u takyada oshiqlik domiga ilinib, Istanbulda qolib ketishi va ne ranju balolarga giriftor boʻlishini xayoliga ham keltirmagandi…

Shu joygacha eson-omon yetib olganidan mamnun, dengizlar oʻramidagi shaharning ajoyib manzaralarini koʻrgach, yoʻldagi mashaqqatlar koʻz oldidan yiroqlashgan, har ne gʻurbat, jabru jafo yelkadan oshdi, deb xiyla xotirjam tortuvdi. Faqat uzoq va tahlikali masofada ham jisman, ham ruhan toliqqan, kamharakatlikdan boldirlari shishib uvushar, bu ham yetmaganday, oʻng boʻksasiga chiqqan loʻmbozday chipqon yursa-tursa loʻqillab, miyasigacha zirqiratib yuborardi. U sheriklariga (kamayib-kamayib yetti kishi qolishgandi) ikki-uch kun dam olishni, oyoqlarining ishigʻi[19] bir oz qaytgach, yoʻlga chiqishni taklif etdi.

Takyada bir xizmatchi va bir qariyadan boʻlak kimsa koʻrinmasdi. Xonalar boʻm-boʻsh, lekin dim va zax, asrlar davomida turli-tuman yoʻlovchilar badani va nafasidan chiqqan hidlar devoru shiftlarga oʻrnab qolganga oʻxshardi… Beknazar hovlining bir chetidagi serbarg argʻuvon tagiga joy toʻshab oldi.

Hamrohlari shahar aylangani chiqib ketishar, Beknazar esa son-boldirlarini ochib, shapatilab oʻtirar, yarasiga qoʻrga koʻmilgan piyoz bosar yoki qoʻy yogʻi surkardi. Ogʻriq pasayib, koʻzi suzila boshlagach shartta chap yonboshi bilan yotardi-da, dong qotardi. U asli tabiatan uyquchiroq edi. Lekin yoʻlda, koʻpchilikning, xususan, uydagi qora koʻzlari qoshiga oshiqayotgan aravakash va haydovchilarning betoqatligi tufayli uyquga toʻymay qiynalgandi, shu bois endi uyqu azobdan ham zoʻr kelardi. Uchinchi kunga oʻtar kechasi saharga yaqin badaniga tekkan namdan uygʻonib ketdi, ihtilom boʻldim shekilli, deb koʻngli gʻashlandi, gʻusl tashvishini oʻylab, battar ijirgʻandi. Keyin chipqonning yorilganini bilib, ichi yorishdi va shundagina sirqirash ham ancha paysal topganini angladi. Oyogʻi bir muncha dadil bosadigan boʻlib qolgandi, ammo baribir shu ahvolda tagʻin yoʻl yurish qiyinga oʻxshardi.

Buning ustiga hali charchoq ham yaxshi tarqamagandi. Nafsilamrini aytganda, inson vujudi ham quv bir xilqat – andak rahmini yeb, mehribonlik koʻrsatsangiz, u sizdan yana koʻproq imtiyoz va muruvvatlar tama qilaveradi. Ha-da, oldindagi maqsad aniq emas, manzilda ularni hech kim kaftini manglayiga qoʻyib, intizor kutayotgani yoʻq-ku, ikki-uch kun farq bilan borishsa, nimaga kechikdinglar, deb qiyin-qistovga olisharmidi yo shaharga kiritmay qoʻyisharmidi? Aytishlaricha, hali haj mavsumiga ancha bor ekan. Lekin bu yoqda hamyon masalasi ham chatoq-da…

Beknazar qadrdonlashib, koʻngillari yaqin boʻlib qolgan mozori-shariflik, asli ota-bobolari “qoch-qoch”larda Surxon vohasidan Afgʻonistonga oʻtib ketishgan Sariqul koʻmagida sheriklarini tagʻin ikki kungina kutishga koʻndirdi, darddan tuzukroq forigʻ boʻlgach joʻnagan maʼqul-da. Hali oldinda qancha yoʻl, birmas, ikki mamlakat – Shom va Oʻrdun bor, ozgina yurib yana inqillashni boshlasa, undan yomoni yoʻq…

 

* * *

Moʻljalidagi kuni Beknazar barvaqt, hamsafarlaridan avval uygʻondi, oʻzini bir navi yengil sezdi. Bir oz aylanib, ham oyogʻini sinab koʻrish maqsadida tashqariga qarab yurdi. Qoʻsh qanot, oʻyma naqshli darvoza hali ochilmagan edi, u ustanadagi[20] zulfindan zanjirni tushirib, qopqaning bir tabaqasini oʻziga tortdi-yu, ostonaning u betidagi gʻaroyib bir moʻjizaga koʻzi tushib, qoʻlini eshik tutqichidan olishni ham unutganicha, serrayib qoldi. Roʻparasida boshiga yengil pushti roʻmol tashlagan, shahlo koʻzlari charaqlagan, yuzlari oq-sariqqa moyil, qirmizi lablari xiyol ochilib, durri marjon tishlari yiltillab, bir malak siymo turardi. Uning bir qoʻlida tuguncha bor edi. Umrida chehrasi bu qadar chiroyli, maftunkor, qarashlari otashu alanga qizni uchratmagan yigit oʻngimmi yo koʻzimga koʻrinyaptimi degan xayolda karaxt, kiprik qoqish ham esiga kelmasdi. Qiz roʻmolini yuziga qiya qilib yopgani, soʻng oʻsha qoʻlining latif barmoqlari bilan och yashil tusdagi koʻylagi yoqasini xiyol qayirib koʻksiga “tuf-tuf”laganiga nazari tushgan yigit uning roʻyo ham, tush aksi ham emas, hayotiy xilqat ekanligini fahmlab, battar angraydi. Shu asnoda qizning nim kulimsiragan koʻyi “Kun oydin, afandim…” deganini eshitib, unda birdan hayajon junbishga keldi, ichida kimdir taajjub izhor etdi: “Ovozining shoʻxligi, yoqimliligini…”

Aqlu idrokidan ayrilayozgan Beknazar oʻziga keldi, lekin qarshisidagi huriliqoning gapini durust anglamadi. Hoynahoy, yoʻl boʻshatishimni soʻrayapti shekilli, deb oʻzini chetga oldi. Pari ruxsor yonidan chaqqonlik bilan soyaday lip etib oʻtib ketdi. Yigit boshini qayirib, yelkasi osha qaradi. Shitob yurib borayotgan qiz oʻn-oʻn ikki qadamdan soʻng sal sekinlab orqasiga – hali ham qoqqan qoziqday qaqqayib turgan yigitga ilkis nigoh tashladi-da, bino muyulishida koʻzdan gʻoyib boʻldi. Malakning boʻgʻma yoqali uzun, oʻziga yarashgan koʻylagi ostidagi shamshoddek tik qomati, bir oz qimtinib yurishi ham kishini oʻziga mahliyo qilardi. Ammo bir soniyalik maʼsumona tabassumi, sirli boqishi Beknazarni adoi tamom qilgan, u tigʻday oʻtkir nigoh nihoyatda merganlik bilan otilgan kamon oʻqiday, oʻshshaygan musofirning sher oʻmrov koʻkragini osongina teshib oʻtib, qoq yuragiga sanchilgan edi. Bu parivash kim boʻldi? Sahar-mardonlab takkada nima qilib yuribdi? Kimning oldiga keldiykin?..

Xayoli toʻzgʻin yigit qayoqqa, nimaga ketayotganini ham yoddan chiqarib, beixtiyor ichkariga qaytdi. Yuragi borgan sari gupurar, oʻziga nima boʻlayotganini tushunmasdi. Qadami oʻz-oʻzidan tezladi. Uni – uylangan, qisqa fursatda “xotin”idan sovib, loqaydlikni oʻziga oshno tutgan odamni bir lahzada dovdiratib, ayol zoti toʻgʻrisidagi noxush fikrlarini harsangga tekkan oynadek chil-chil qilib, ehtiroslari ilk bora tizgin uzgan boʻydoqqa aylantirib qoʻygan oy yuzli dildor qator tushgan xonalar ayvoni zinasi oldida qoʻlidagi tugunni etagi toʻpigʻiga tushadigan kulrang qabo kiyib, movut taqiya ustidan urinib-oʻnggan salla oʻragan takya xizmatchisiga uzatayotgan edi. Beknazar ularga yaqinlashganda sarosimalanib toʻxtadi, shu damda mohitobon orqasiga burilib, torroq yoʻlakda garangsib turgan yigitning chap tirsagiga kifti bilan bexos, yengil turtilib oʻtib ketdi. Beknazar yurakka yaqin joyiga choʻgʻ tekkanday boʻlib titrandi.

– Bu qiz kim, togʻa? – soʻradi uning holatini kuzatib, miyigʻida kulib turgan xizmatchidan. U oʻz ahvoli-ruhiyatini yashiradigan, uyaladigan alpozda emas edi.

– Qizi qurmagʻur goʻzal-a, – bosh-bosh qildi xizmatchi. – Husndan xudo bergan-da.

– Azonlab kelganiga hayron boʻlyapman, – dedi oʻzini sal bosib olgan Beknazar.

– Koʻpchilikka koʻrinmaslik uchun barvaqt chiqadi. Choʻlpon yulduziga oʻxshaydi.

– Yaqin-oʻrtada yashaydimi?

– Namuncha surishtirib qolding, yigit, oshiq boʻldingmi? Ishq bir olov, senga oʻxshagan pahlavonlarning qancha-qanchasi kuygan bu oʻtda. Sen ulugʻ ibodatga otlangan muslim yoʻlovchisan, musofirsan, koʻnglingni parishon qilma, boʻtam. Baʼdaz, allohga muhabbatgina boqiy va xayrlidir, bandaga muhabbatning xosiyati kam, turgan-bitgani gʻurbat, zero bunda yaratganga siddiqlik boʻlinur.

– Ota-onalari qanaqa odamlar? – soʻradi Beknazar xizmatchining gaplariga eʼtibor ham bermay. Ayni damda uning quloqlari tahdidu oʻgitlarga kar edi.

– Padari buzrukvori Ismoil hoji degan savdogar edi. Misrdan, Hindistondan mol olib kelib sotardi, – dedi xizmatchi nigohini qoʻlidagi tasbehdan uzib Beknazarga qarata. – Bechora qiz volidasi bilan yolgʻiz qolgan. Bu yerda margʻilonlik bir moʻysafid bor, shunga bir nimalar ilinishadi, duo ilinjida.

– Tez-tez kirib turadimi?

– Vaqti-soati yoʻq. Xohlaganda kiradi.

– Ismi nima?

Bu soʻroq javobsiz qoldi.

– Ke, yur, ichingni gʻumillatib ketgan nozaninning noni bilan Hoji otaning xonasida nonushta qilamiz. Ularga savob kerak, oshiqlar duosi mustajob boʻlur. Chunki ular chin dildan tilaydurlar. – Xizmatchi mashriq ufqiga bir nazar tashladi-da, ichkariga yoʻnaldi.

Hali kun chiqmagan, ammo tong ancha yorishib qolgan, Beknazarning belbogʻ yo patularini yelkalariga tashlagan sheriklari uzun-qisqa boʻlib hovli etagidagi quduq tomon borishardi.

Yigit parishonlik bilan bir-bir bosib argʻuvon sari yurarkan, oyoqlari yana zirqiray boshlaganday tuyuldi. Dumaloqlangan oʻrnini yozmay, shundoq sholchaga choʻzildi. Kaftlarini boshi ostiga qoʻyib, moviy falakka tikilgancha xayolga choʻmdi. Beixtiyor bu yerda “nafas rostlash”ni choʻzmoqqa chora axtara boshladi. Turgan gapki, hamrohlari endi unashmaydi, busiz ham uni deb salkam bir haftani yoʻqotishdi, toʻgʻrisi, yana bir-ikki kun turaylik demakka Beknazarning ham yuzi chidamasdi. Ammo joʻnashga ham koʻngli chopmasdi. Oyoq hali yaxshi tuzalmabdi. Bu yoqda boyagi malak siymo koʻz oldidan ketmas, uni yana va yana, loaqal tagʻin bir bora koʻrish ishtiyoqi, istagi fikri-yodini egallab olgan edi. “Qani endi xotin deganing ana shundoq shahdam, istarali boʻlsa – koʻzing ham yayraydi, koʻngling ham…” deb oʻylardi u.

 

II

 

Beknazar muolajani yana maʼlum muddatga davom ettirishga qaror qilganini aytib uzr soʻragandi, hamsafarlari uni ortiqcha qistab oʻtirishmadi. Faqat kimdir: “Bunaqa ekan, boshda aytmaydimi, shuncha kundan beri vaqtimiz, pulimiz bekorga ketdi”, deya toʻngʻilladi. Beknazar ogʻzini doʻmladi-yu[21], oʻzini eshitmaganga soldi. Sariqul boshini tebratib, “Koʻpchilikdan ajrab qolayotganingiz chakki boʻlyapti-da, joʻra, mayli, xudo shifo bersin, tezroq yoʻlga chiqing, Makkai mukarramada eson-omon koʻrishmoq nasib etsin”, dedi va bir necha qadam bosishgach, orqasiga qayrilib Beknazarga bir qarab qoʻydi. Beknazarning ham ichi achishdi – nima boʻlsayam, ularga ancha oʻrganib, Sariqul bilan sirdosh boʻlib qoluvdi, lekin u uzoq ikkilanib turmadi. Zero, uni tutib qolayotgan kuch sehrli va juda qudratli edi. U Sariqulga ketaveringlar, baribir ahdimdan qaytmayman, deganday, keskin bir qoʻl siltadi-yu, ichkari kirib, muk tushib yotib oldi. Uydagilar uni Arabistonga yetib olgan, deb oʻylashayotgandir. U esa, bu yerda uyuridan ajralgan qulunday garangsib yotibdi. Butunlay begona, tagi-tugi nomaʼlum, boz ustiga nomahram qizning yuziyu koʻzini, qaddi-bastini bir koʻriboq, anavi xizmatchi aytganday, mahliyoyu asir, volai telba boʻla qoldimi? Uni shunchaki yana bir martagina koʻrib, husni tavajjuhidan, qorongʻi dilni mashʼaladay yoritib yuboradigan nimgina jilmayishidan tagʻin bir dafʼa bahramand boʻlmoq uchun bir necha oylik hamroh-birodarlarini ranjitib, bu yerda taqdiri nima kechishidan ham tashvish chekmay qolib ketaveradimi, a? Xoʻp, oʻsha goʻzal qizni yana bir emas, bir necha karra koʻrdi ham, xoʻsh, nimaga erishmogʻi-yu, nima oʻzgarmogʻi mumkin? Bir-ikki ogʻiz suhbatlashmoqqa ham musharraf boʻlsin, unga, bir bandai moʻminning, musofir bechoraning jigaridan urib qoʻyganini aytib, arzi hol etsin, xoʻsh, qiz nima deydi, oʻroqda yoʻq, xirmonda yoʻq savdoyi xushtorning tomdan tarasha tushganday muhabbati evaziga qanday muruvvatu iltifot koʻrgizadi? Nima qilardi, nima derdi, “Xom sut emgan afandim, siz oʻzi dunyoning qaysi burchagidan keldingizu, qaysi chekkasiga ketyatuvdingiz? Yashash oshyoningiz qayda qolganu, bizniki qayda turibdi? Muhabbatni oʻyinchoq deb oʻylayapsizmi yo men bilan urdim-qochdi oʻynamoqchimisiz? Yoʻlingizdan qolmaganingiz, meniyam tinchimni buzmaganingiz maʼqulmikin…”, deydi-da. Ehtimol, bunchalik ham deb oʻtirmay, unga Shom, Arabiston tarafni koʻrsatib, adashib qolmasin deb, puxtagina tushuntirib ham qoʻyar… Ha-da, boyning farzandi ekan, qarindoshi huzuriga panoh izlab borayotgan, belbogʻidagi toʻrt tangadan boʻlak hech vaqosi yoʻq oʻtkinchi yoʻlovchini nazariga ilmasligi, uning shaydoligini sariq chaqaga olmasligi mumkin-ku. Nazariga ilganda, oshiqi devonaligini sariq chaqaga olganda nima qiladi? Uni yetaklab ketadimi, qayoqqa, qanday? Makkatillogami yo orqaga qaytadimi?

Hemirisi yoʻq-ku? Yo ichkuyov boʻlib qoladimi?..

Albatta, Beknazarning ongi agar boy qiz kambagʻal yigitni yaxshi koʻrsa, uni qaramogʻi va homiyligiga olishi mumkin, degan iddaodan holi, bu gaplar hozir xayolidan ancha yiroq edi. U faqat bugun tong aro uni aqlu hushidan mosuvo etgan oʻshal jononani yana bir qatla koʻrmoq, uning diydoriga uzoqroq termilmoq (lekin u oʻylamasdiki, chanqagan odam boʻyi, qoʻli yetmaydigan suvga tikilsa, tashnaligi battar ortadi, xolos!), u bilan suhbat qurmoq ilinjida yonardi.

Birdan miyasiga sovuq bir fikr gurziday urildi: u oʻzi qiz bolamikin? Kiyinishi, roʻmol yopinishiga qaraganda kelinchakkayam oʻxshaydi. Boz ustiga yoshiniyam taxminlash qiyin edi.

Maʼlum sabablarga koʻra uylanishga shoshmagan, kuyov boʻlgach esa, qayligʻiga koʻngil qoʻyolmagan yigit bir necha yurtni bosib, qancha shaharu qishloqlardan oʻtib keldi. Qoʻnoqxona, musofirxonalarda oʻrin boʻlmaganida har xil kimsalarnikidan boshpana topib yotishdi. Oʻsha joylarda xizmat qilib yo turli yumushlar bilan oʻralashib yurgan yoki kunlab qolib ketishgan mehmonxonalarda uchragan yuz-koʻzlari ochiq gʻalati tabiatli, hazilkashlikka moyil qiz-juvonlarning hech biriga yigitlik nazari ila suqlanmagan, birontasi uning diqqat-eʼtiborini tortmagan edi. Oʻz qishlogʻida qunduzqosh suluvlar yonidan soch oʻrimlarining birini oldiga tashlab, selkillatib oʻtishganida ham bir moʻyi qimirlab qoʻymasdi. Nega endi bu turk mahvashiga shundoq koʻzi tushdi-yu, yuragi oʻynab, vujudi nest boʻlib qola-qoldi? Uni boʻgʻma ilondek sehrlab oldimi? Dengiz suviga oʻxshagan koʻzlarida jodusi bormikin? Ismi nimaykin? Anovi soʻxtasi sovuq xizmatchi ham, asakasi ketadiganday, aytmadi…

Turk goʻzali haqida tezroq, koʻproq narsa bilgisi kelardi, yana qizdan soʻz ochish maqsadida daroz xizmatchi bilan uchrashishga bir necha bor chogʻlandiyu, har gal andisha etagini qoʻyib yubormasdi.

Bir koʻrishda yoqtirib qolish (lekin bu hali sevgi emas!) koʻp uchraydigan tabiiy hodisa, bu – faylasuflar kuzatuvi va xulosasi emas, oddiy bandalar – mahbublar va mahbubalar kashf etishgan, tan olishgan haqiqat. Bir boqishda jalb etuvchi maftunkor siyrat oʻzicha hech narsa vaʼda qilmas, garchi qarovchining ichi-borini agʻdar-toʻntar etib yuborsa-da, illo, oʻsha kimsaning majnunona tikilishiga javoban hadya etilgan mayin, sirli tabassum misoli tutay boshlagan oʻtinga gugurt chaqilganday boʻlishi, hali shaydolik zahmati va rohatidan xabarsiz bir jonni muvozanatdan chiqarib, har koʻyga solishi mumkin. Ammo, ayni oʻsha, bir-ikki kiprik qoqqulik fursatdagi muloyim va huzurbaxsh nigoh keyinchalik bechora oshiqni oʻz ortidan ergashtirib, chamanzorlardan, bahavo kengliklardan baxt sari, murod sari yetaklamogʻi yoxud yugurtira-yugurtira, oʻz domiga ilintirgach, oʻnqir-choʻnqir changalzorlarda ovorai jahon qilib, adashtirib, tolesizlik jariga uloqtirmogʻi va yo aksincha, goʻzal siyrat sohibasi kimnidir baloga qoldirgan, umidvor qilgan maylli qarashining jabru jafosini tortmogʻi, hatto, iffati, nomusi bilan tovon toʻlamogʻi ham ehtimoldan uzoq emas.

 

* * *

Vaqt tushovlanganday, endi terak boʻyi koʻtarilgan quyosh oʻrnidan jilmay turganga oʻxshardi. Beknazar hovlida u yoqdan bu yoqqa yurar, yana yotib, uxlab fursatni tezlatmoq istar, biroq uyqu koʻzlari bilan arazlashib qolganday, sira kipriklariga yaqin yoʻlamasdi. Yurganda ham, yotganda ham ikki koʻzi ikkala qanoti ham lang ochiq darvozada edi. Xayolida oʻzgalarga osh-non berib, uning esa halovatini olmoqqa qasd qilgan u jonsoʻz sanam tushlikka ham biron narsa koʻtarib kirib qoladiganday…

Oftob tikkaga keldi. Peshin namozidan soʻng Beknazar joynamozda yana xayol surib oʻtirdi, yuzini siypalab, nogoh bir necha kundan beri soqol olmagani esiga tushdi. Tugundan ustarasini topib, quduq yonida apil-tapil iyak qirtishladi, murtini qaychiladi – sheriklariga taassub qilib yoʻlda moʻylov qoʻygan edi.

Kech kirdi. Beknazar betoqatlik bilan kutgan xonimdan darak yoʻq edi. Ha-da, axir takkaga toʻxtovsiz non, ovqat tashiyvermasa kerak…

Shu kuni koʻngli yemak tilamadi. Yarim tunda koʻzi pinakka ketib edi, tong yorishib-yorishmay, kimdir chaqirganday, choʻchib uygʻondi. Yuz-koʻzlarini quduqdan suv chiqarib astoydil yuvdi-da, boʻxchasidan asrab-avaylab kelayotgan boʻgʻma yoqali ohorli oq koʻylagini olib kiydi, suv purkab, kaftlari bilan sidira-sidira gʻijimlarini sal epaqaga keltirgan boʻldi, ustidan jujun kamzulini ildi, chang oʻtirib, oq gullari xiralashgan, nimdosh doʻppisini qoqib-silkidi-da, durra bilan obdan artgach, tizzasiga kiydirib, kerib, anjanchasiga chakkasiga qoʻndirdi. Qoʻnji kaltaroq xrom etigini nam latta bilan artib-tozalagach, oshigʻich borib darvozaning ilgagidan tortdi. Hech kim yoʻqligini koʻrgach, tarvuzi qoʻltigʻidan tushganday, yurak hapriqishi pasaydi, koʻchada u yoqdan bu yoqqa yura boshladi. U yarashiqsiz qiliqlarining yosh oʻsmirlarga xos va nojoʻya ekanligini fahmlar, ammo oyoqlari, dili, koʻzlari ongiga boʻysunmasa, nima qilsin boyaqish. Lekin mabodo hozir qiz roʻparasidan chiqsa, unga nima deyishni, qanday salomlashishni ham bilmas, qolaversa, garchi bu yurt ahli ham turk esa-da, ularning gapini tushunish ancha qiyin edi, ayollarning lahjasi, izhori dil shevasi yanada mushkulroq boʻlsa kerak. Ammo oʻzbeklar takyasiga kirib-chiqib yuradigan qiz balki oʻzbek tilini ham ancha-muncha bilar, anglar…

 

III

 

Nihoyat malak ostonada koʻrindi – quyosh yaraqlaganday. Ayol zotining goʻzalligi, husni deyilganda uning boʻy-basti, yuz tuzilishi, oriq-semizligining oʻrtachaligi, umuman tana uzvlarining oʻzaro mutanosib va bejirimligi, rangining tozaligi, terisining tiniqligi, istarasining issiqligi, yaʼni koʻzlari va lablari burchlarining chiroyli jilmayishga moyilligi nazarda tutiladigan boʻlsa, Beknazar koʻzi bilan qaraganda qizning siymosi, andomi-jussasi ana shu mezon va andozalarga quyulib tushib, qolipdan ortib ham qolgudek edi. Bugun u och zangor tusli, yengi tirsakdan koʻylak va zardoli rang nimchada yanada yashnab, gul-gul ochilib ketgan edi. Qoʻlida kechagicha tugun bilan mayda, tekis qadam tashlab, yoʻq-yoʻq, tuproq yuzida unib-oʻsgan inson bolasi emas, samoviy bir farishta xirom aylab kelardi. Sarasof solgan kishi nigohlaridan sanamning andak besaranjomligini ilgʻashi mumkin edi. Lekin Beknazar hozir nigohlarini emas, lov-lov yonayotgan liboslari-yu, shu liboslarga oʻralgan xushbichim, navrasta qaddini koʻrardi, xolos. Irgʻib oʻrnidan turib, goʻyo aziz bir mehmon istiqboliga peshvoz yurdi va “Salom, xonim!” dedi. Qiz ilkis toʻxtab, yonginasiga kelib qolgan odamga – kechagi koʻrganidan ancha oʻzgargan – tozargan, yashargan, dadillashgan yigitga koʻzi tushdi. Nigohlar bir soniya toʻqnashdi. Beknazarning yuragi yana hadikdanmi, sarosimadanmi, shuvilladi, qilgan gunohi evaziga muqarrar jazo – dakki kutayotgan boladay, oyoqlaridan mador qochdi, chiroyli boqib turgan koʻzlarga tob berolmay kalovlandi.

– Ne deyursiz, hoji ogʻa? – Qoʻngʻiroqday jaranglagan, shevasi ajib bir yoqimli bu ovozning dangal va shoʻxligi Beknazarning hayratini yanada oshirdi, shu bilan birga unga shahd, shahdgina emas, jon ato etdi.

– Men hali hojimasman, endi ketyapman.

– Alloh yoʻlingizni bersin, afandim.

Qizning deyarli aniq, har holda tushunarli soʻzlashi yigitni ruhlantirib yubordi, demak, u bilan bemalol gaplashish mumkin ekan. Biroq, Beknazar Nasriddin Afandi toʻgʻrisidagi gʻaroyib hangomalaru ichak uzdi latifalarni eshitganda qanchalik huzur qilmasin, bu yengilmas, hamisha mot qiluvchi, hozirjavob qahramonning ismi unda gohida quv, gohida lapashang, gohida oʻta bachkana, gohida juda qitmir va mugʻombir, xullas, turlanuvchan shaxsning umumiy nomi sifatida taassurot qoldirardi. Yigit garchi turk goʻzalining dili ozor chekib qolishi mumkinligiga aqli yetib tursa ham raddiyasini bayon etmoqdan tiyilolmadi.

– Rahmat, xonim, lekin men afandiyammasman, – dedi u tovushini bir oz pasaytirib va darhol qizning yuzidagi ifodani uqmoqchi boʻlganday, andishani ham chetga surib, astoydil razm soldi. Aslida u muloqotni uzaytirishning boshqa yoʻlini topolmayotgan edi.

– Unda kimsiz? – Soʻroq ohangida, har qalay, jinday ranjiganlik alomati borligini tuyish mumkin edi. Bunday savolni kutmagan Beknazar bir lahza dovdiradi.

– Joʻngina odam, – dedi u haqiqiy qishloqcha soddalik bilan.

Shahlo koʻzlar pirpiradi.

– Joʻn odam – nechuk odam?

– Shunaqa, oddiy odam, – Beknazar kiftlarini qoqib jilmaydi – topgan gapi oʻziga endi kulgili tuyula boshlagandi.

– Xush qoling, joʻn odam!..

Qiz shunday deb ketmoqqa taraddudlangan edi, yigit shosha-pisha “Xonim, xonim!..” deb uni toʻxtatdi, ichida esa bunday jurʼatu jasoratning qayerdan paydo boʻlganiga hayron edi. Xizmatchining yoʻqligi ham unga dalda berayotgandi.

– Labbay, joʻn odam, – dedi qiz yigitning shoshib qolgani va bechoravash holati nashʼa qilib.

– Yana bir pas turing…

– Xoʻp, bir pas emas, ikki pas ham turay. Soʻzlang!

Beknazarning taajjubi va zavqi ortib, koʻzlari charaqladi. U xususan qizning oʻzbek tilida juda chiroyli gapirishidan xuddi eng mushkul muammosi hal etilganday oʻzida yoʻq edi. Unda hamsuhbatining turkligiga shubha tugʻildi.

– Oʻzbekchani qayerdan bilasiz? – soʻradi u gapni ulash uchun yuzaga kelgan tayyor bahonani qoʻldan chiqarmay.

– Buning tarixi uzoq, afandim, kechirasiz, muhtaram joʻn odam. Boʻldimi?

Beknazar orzusi roʻyobga chiqib, qiz bilan tezgina uchrashgani va poyintar-soyintar savollariga uning malolsiz javob berayotganidan bagʻoyat mamnun, lekin shoshilishda kerakli gaplar esiga kelmayotganday tuyular, oʻzidan koyinardi, ammo aslida qizga nimalar deyishi zarurligini bilmas, dabdurustdan izhori muhabbatdan tushish odobdan emasligiga aqli yetar, bunday qilsa, qizning, shubhasiz, “tentakmi bu…” degan mulohazaga borishidan, ishning pachavasi chiqishidan qoʻrqardi, ayni chogʻda miyasida yana bunaqa imkoniyat tugʻiladimi, yoʻqmi, shuning uchun yotib qolguncha, otib qol qabilida tavakkal qilish kerakmikin, degan fikr aylanib, ikki oyogʻini bir etikka tiqardi.

– Qayerga shoshasiz? – soʻradi u yana shunchaki vaqtni choʻzish niyatida. Qizning javoblari esa juda maroqli edi.

– Shu yerga.

– Nima olib kelyapsiz, nonmi?

– Ovqat.

– Kimga?

– Musofir-muhtojlarga.

– Kamina ham muhtoj, faqat…

– Xoʻsh?

– Ovqat pishirganga.

– Hmm… Oshpazimizgami?

– Oshpazlaring bormi?

– Bor-da.

– Ayolmi, erkakmi?

– Bunga nechuk qiziqib qoldingiz, joʻn odam?

– Hovlinglar kattami?

– Oʻrtacha, nima edi?

– Bogʻbonmi, umuman, erkak xizmatkor kerakmasmi sizlarga demoqchiydim.

– Kerak edi-yu, olib qoʻyganmiz-da.

Beknazar qiz javoblarining hazil yo chinligini anglolmay sal boʻshashdi, bachkanalashib ketmayapmanmi, deb qisindi, ittifoqo boshqa gap yodiga tushib, yana jonlandi.

– Ismingizni bilsak boʻladimi?

– Bilib nima qilasiz?

– Olib ketaman.

Qiz “piq” etib kuldi, atrofga musiqiy jarang taraldi.

– Ismimni-ya? Qayoqqa?

– Oʻzbekistonga, – dedi yigit entikib, qiz jiddiy soʻrayotganday.

Aftidan nozanin musofirning soʻzlarini chindan ham hazil deb oʻyladi chogʻi, kulib soʻrashda davom etdi.

– Oʻzbekistonning ne yeriga?

– Andijonga.

Qizning yuz-koʻzi jiddiylashdi va bir nafasdan keyin yana tilga kirdi.

– Siz Andijondanmisiz?

– Ha.

– Andijonning qayeridan?

– Qoʻqon qishloqdan.

– Iy-e, shunaqa deng… Sizni ziyorat qilish kerak ekan.

Beknazarning koʻzlari qinidan chiqib ketayozdi.

– Siz ham… Qoʻqon qishloqdanmisiz?

– Oltinkoʻl tomondan. Yurtimiz tinchmi? Qanday shamollar uchirdi?

– Qashqargacha siyosat dovuli uchirgani aniq, bu yoqqa sizning shamolingiz uchirib kepti shekilli. Mana, koʻrdingizmi, ismingizni bekorga opketaman, demayapman ekan.

– Shuniychun hovliqyatuvdim deng. Agar yurtimizga boʻlsa, mayli…

“Temirni qizigʻida bos, Bek!”

– Faqat… egasi bilan-da.

Qiz yana chimirilib goʻyo sipo tortdi.

– Endi sal oshirvormadingizmi, afandim. (Qiz bu iborani suhbatdoshining gʻashiga tegish uchun atayin qoʻlladi). – Soʻng labini burdi. – Olib ketarmishlar… qanday qilib olib ketarkin?

– Boshimga koʻtarib yo… qoʻynimga solib, – dedi Beknazar “jilov”ni boʻshatmay.

Qiz qizarindi.

– Rostdan ja tegishqoq ekansiz, a?

– Men jiddiy gapiryapman.

– Ismimni aytmasam-chi?

– Menga shugina himmatniyam ravo koʻrmaysizmi? Yurtdoshlik hurmati shumi?

– Olib ketib qolaman deb qoʻrqityapsiz-ku?

– Avval ayting-chi.

– Olib ketishga arziydimi, yoʻqmi deng.

– Siz odamning koʻnglidagi niyatini bilib olarkansiz, a?

– Ana shunaqa, men bilan hazillashmang.

– Xoʻp, kelishdik, men samimiy soʻrayapman.

– Ismim oddiy – Fazilat.

– Juda chiroyli va maʼnoli-ku. Jamiki yaxshi fazilatlar sizda ekan-da.

– Agar qizlarning yoʻlini toʻsib, gapga solib turaverish yaxshi fazilat boʻlsa, demak, u sizdayam bor.

– Qarang-a, qanday yaxshi fazilatim borikin, deb oʻylab yurardim.

– Bu xislat sizga tez-tez asqotib turadimi?

– Aytyapman-ku, bunaqa fazilatim borligini bilmasidim deb.

– Xoʻp yaxshi, endi olib ketmaysizmi?

– Endi olib ketaman-da, zora kekkayib yurishga arziydigan fazilatim boʻlsa…

Qiz soxta chimirilib, yigitga pastdan tikildi.

– E, attang, boʻlak joʻnroq otni aytmapman-a?

– Qanday ism boʻlsayam baribir sizga yarashaveradi.

– Demak, sizga ismning ahamiyati yoʻq ekan-da?

– Egasi yoqsa, boshqa ot qoʻyib olsayam boʻlaveradi.

– Ismi chiroyli boʻlib, oʻzi yoqmasa-chi, uniyam almashtirib olsa boʻlaveradimi? – mugʻombirona jilmaydi Fazilat.

– Ancha quvga oʻxshaysiz, a?

Yana yolgʻondakam tundlandi qiz.

Oʻshanda Fazilat savol-javoblarni chindan hazil deb oʻylagan (bunaqa hazilkashlar unga takyada ilgari ham uchrab turardi), xayoliga boshqa fikr kelmagan edi.

– Xush qoling, joʻn odam, – u shunday dedi-da, yigit yonidan atir-ifor taratib oʻtib ketdi. Oʻta turib unga kechagidek nim tabassum bilan qiyo boqib qoʻydi. Beknazar bu qarashning maʼnisini uqolmay qiynaldi. “Holingiz shu ekan-ku, yaxshi yigit, gap aylantirishni bilasiz xolos ekan-da”, demoqchi boʻldimikin?

Fazilat zina yonida taraddudlanib turib qoldi.

Beknazar u tomon yurib bordi.

– Hoji otaning oldiga kirgani tortinyapman, manavini berib qoʻyolmaysizmi? – qiz qoʻlidagi tugunga ishora qildi.

– Jonim bilan. Ehtimol bizgayam nasiba tegib qolar. Yo oʻzi bir kishilikmi? Koʻngil uchun boʻlsayam birga baham koʻringlar demaysiz-a…

– Kechirasiz, shu mulozamat esimga kelmabdi.

– Oʻzi shunaqa manzirat bormi bu yerda?

– Yoʻq desayam boʻladi, lekin sizam ja manzirat kutib oʻtiradiganlarga oʻxshamaysiz.

– Shunaqa sulloh koʻrinamanmi?

– Tushunmadim.

– Surroqqa oʻxshaymanmi deyman.

– Yoʻgʻe, oʻlibmanmi oʻz yurtdoshim haqida shunaqa xayolga borib. Xafa boʻldingizmi?

– Yoʻq, xursand boʻldim, dilingizdagini ochiq aytganingizga.

– Kesatyapsiz-a? Savlatingizga qaraganda… nozik ekansiz.

– Musofir odamning koʻngli yarim boʻlib qolarkan.

– Musofir sizmi, bizmi? Mayli, yaxshi boring, yurtdoshlarga salom ayting, – dedi joʻnashga chogʻlangan Fazilat.

Beknazar labini tishladi.

– Men hozircha hech qayoqqa ketayotganim yoʻq.

Qiz toʻxtab, Beknazarga yuzlandi.

– Bu yerda butunlay qolib ketmassiz?

– Taqdir biladi.

– Yaxshi niyat qiling. Hajga bormoqchisiz shekilli?..

Beknazar sustlandi.

– Xudo xohlasa…

Fazilat birdan jilmaydi.

– Qaytishda yana shu yerga tushasizmi? – soʻradi u qandaydir oʻzgacha – erkalangannamo ohangda.

Beknazarning ham chehrasi yorishdi.

– Albatta, lekin hozircha shu yerdaman, yana kelishingizni kutaman, Fazilat, ismim – Beknazar.

– Omon boʻling, Beknazar aka.

Fazilat darvoza yoniga yetganda orqasiga oʻgirildi-da, Beknazarga yana yengil tabassumli nigoh tashladi va ostona hatladi. Yigit nazarida qizning qarashi ishoraliday tuyuldi. Tugunni ayvon chetiga qoʻyib, darvoza sari loʻkilladi. Ostonadan oʻtib, atrofga oshigʻich koʻz yugurtirdi – yoʻlning ikki tarafi ham ancha yergacha aniq koʻrinib turar, ammo Fazilat yoʻq edi. Beknazar taajjub ichra qotdi. Orada kechgan qisqa fursatda qiz qayoqqa gʻoyib boʻlishi mumkin?

Koʻchaning narigi yuzi – kungay tomon ancha pastlik edi, tunuka yo sopol laxtakchali tomlar daraxtzorlar ichidan koʻrinib turar, taxminan bir yarim chaqirim narida Marmar dengizining koʻkimtir suvi chayqalib yotar, bunday soʻlim manzara, huzurbaxsh havo dashtu biyobonlarda suvsizlikda choʻllab, darmonsizlanib, issiqdan nafasi qaytib zada boʻlganlar uchun jonning malhami, koʻzning rohati edi. Beknazarni esa hozir tabiat jozibasi ham, boshqasi ham qiziqtirmasdi, u tevarakka alang-jalang qilib yana bir oz turgach, ruhi tushib ortiga burildi. Shu payt “piq” degan kulgi eshitildi, u keskin oʻgirilib, ovoz kelgan yoqqa qaradi. Fazilat kun chiqish sari chopqillab borardi. Shunda yigitning nazari oʻzidan bir necha qadam narida, yoʻl chekkasida naʼmataksimon toʻp boʻlib oʻsgan, novdalari tebranayotgan qusholmasiga[22] tushdi. Katta-katta odim otib qiz ketidan yurdi. U hozir nima qilmoqchi ekanini mushohada etishdan ojiz edi. Fazilat yigirma-oʻttiz qadamcha chopib borgach sekinlab, ortiga bir qayrilib boqdi, ammo Beknazar qizning yuzi-koʻzidagi ifodani payqay olmadi.

Beknazar hamon yirik qadamlar bilan intilar, qiz bilan oralaridagi masofa qisqarib borardi. Koʻcha nishablik adogʻiga, shundoq roʻparadagi ikki qanotli yogʻoch eshigi qiya ochiq hovliga yetib toʻxtar, shu joydan yoʻl ayri misol ikki yonga davom etardi. Ayni shu yerdan chapdagi daraxtzor siyraklashib, u tarafda ham xonadonlar – yonma-yon qator darvozalar boshlanib ketgan edi. Ohu izidan quvayotgan sayyod singari “sayd”idan koʻz uzmayotgan Beknazar birdan uni yoʻqotib qoʻydi (tezroq yugurishni oʻziga ep koʻrmayotgan edi). Qiz zimdan kuzatib kelayotgan shubhali sharpani adashtirgan kabi yana qaygadir yashiringandi. Yigit koʻcha oʻrtasida toʻxtab, entikkanicha darvozalarga jalanglay boshladi. Oʻsha paytda u diqqatini jamlab razm solganida eshiklardan birining ortida boyagidan yengilroq “piq”illashni eshitardi, lekin u hayajonda, sarosimada va bir oz hadikda (axir, begona shahar, birontasi “Kimsan, nimaga u qizni quvlayapsan”, deb qolishi mumkin-ku!), qolaversa, temirchining bosqoniday urayotgan yuragining tovushi ancha-muncha piqirlashu qiqirlashni bosib ketardi.

Oʻng betdagi darvozalardan biri gʻiyqillab ochildi. Beknazar yashin tezligida oʻgirildi. Oʻyma naqshli qopqaning ichki boʻsagʻasida qirq besh yoshlardagi, yengi, etaklari uzun jigarrang koʻylak kiyib, boshiga koʻkish farang roʻmol solgan xushroʻygina juvon unga ajabsinib qarardi. Yigitning shashti pasaydi, koʻzini olib qochdi, soʻljayib ortiga qaytdi. Oʻshanda “opa” bilan salomlashib qoʻymagani uchun (uni turk ayoli chamalagan edi) keyin anchagacha oʻzidan ginalab yurdi.

Qisqa muddatli, istigʻno va erkalik omuxtalangan holatlar keyinchalik koʻpgina savol-javoblarga asos-bahona boʻldi, savol-javoblar esa ancha mubhamliklarni oydinlashtirdi, oydinliklar ularni bir-biriga yaqinlashtirdi, yaqinlik xiyla mufassal muloqotlar bilan mustahkamlandi.

 

IV

 

Beknazar oʻz elidan bir necha ming chaqirim uzoqda millatdosh qizni uchratib, unga asir boʻlib qolishni qanday sharhlashni ham bilmasdi. Balki bu taqdir taqozosidir, degan fikr lop etib koʻngliga keldi-yu, ongi-shuuridan sira ketmay qoʻydi. U turk goʻzali deb ishongani asil oʻzbek sanami, boz ustiga hamyurt ekanini bilgach, oddiy dengiz toshi deb oʻylagani qimmatbaho laʼl chiqib qolgan javohir izlovchiday, oʻzini qoʻyarga joy topolmasdi. Nazarida eng mushkul muammo hal boʻlganday, oʻrtadagi ulkan, vahimali gʻov-toʻsiq bartaraf etilganday edi. Fazilat xonimning uni oʻziga yaqin olib Beknazar aka deyishi, u bilan bekinmachoq oʻynagani, “qaytishda yana takyaga tushasizmi?” deb soʻragani esa uni bir yoʻla arshi aʼloga havolatib yubordi. Boyaqish doʻppisini osmonga shu qadar qattiq otdiki, yonginasida tarvaqaylab oʻsib yotgan kashtanning eng yuqori shoxlaridan ham oʻtib ketdi; unga desa doʻppisi qaytib tushmasa ham, bu yogʻiga bir umr yalangbosh yuraverishga ham rozi edi.

Fazilat endi takyaga bot-bot qadam ranjida qilardi. Endi uning qoʻlida bir juftgina chevati yoki shunga oʻxshash ixchamgina tugun boʻlardi. Daroz xizmatchi, uning oti Javdar boʻlib, Fazilat Javdar ogʻa derdi, Beknazarning yelkasiga qoqdi: “Axiri shoʻx gʻizolni tuzogʻingga ilintirdingmi deyman, kunda-shunda boʻp qoldi. Ha, anoyimas ekansan sen andijonlik. Lekin ishq degani misli alangai otash, – yana avvalgi gapini takrorladi u, – oʻzingniyam, uniyam kuydirib xarob etmasang, bas. Axir seni yurting koʻp olis. U boy oʻtgan bir savdogarning arzandasi, yolgʻiz onasi uni senga berib qoʻyarmidi? Vaqtinchalik koʻngilxushlikni koʻzlasang, chakki qilasan, bu oʻying xato, u imonli qiz. Sen oʻzi muborak haj safariga otlangan boʻlsang… Bu ishing parvardigorga xush kelarmikin?

Javdar ogʻaning pisandalari Beknazarni bir dovdiratdi, esankiratdi, esini ozgina joyiga tushirdi. Ha-da, oila-roʻzgʻor tashvishlarini keksa padari buzrukvori gardaniga ortib, qachonlardir qishloqdan chiqib ketgan, balki allaqachon mehri ham koʻtarilib, begonaga aylangan qarindoshini orqa qilib Arabistonga qochib borayotgan kimsa yarim yoʻlda tayyor hamrohlardan ajralib, oshiq-maʼshuqlik oʻynab yursa-ya…

U yoqda ota-bola rejalaridan bexabar onaizori eshik tiq etsa sapchib, oʻzidan ketay deb, har lahza zorlik bilan yoʻliga qarayotgandir. Mana, uydan chiqqaniga yuz kundan oshdi, hali Makkai mukarramagacha ancha masofa bor. Darvoqe, qurbon hayiti yaqinlashyapti, demak, hademay haj mavsumi boshlanadi. Yoʻl bilmaydigan musofir dovdirab-sandirab topib borguncha yana qancha kun oʻtadi. Andijonga qachon qaytish nasib etadi – bir xudo biladi. Hali-beri qaytishiyam dargumonov, mana, bundan yigirma – oʻn besh yillar avval shunday savdo bilan yurtdan chiqib ketganlarning birontasi kelmadi-ku, shuncha vaqt mobaynida siyosat oʻzgarmadi, yumshamadi-ku, aksincha, ahvol battarlashib boryapti…

Fazilat oʻzi moyillik bildirgan taqdirda ham, onasi-chi? Bordiyu, onasi ham rozi boʻlsa, nima qiladi, qayoqqa olib ketadi? Makkai mukarramagami? Sichqon sigʻmas iniga, gʻalvir bogʻlar dumiga deb… Axir hozir Qashqarga ham qaytolmaydi-ku, u yerdagi qaltis vaziyatni bildi-ku… Bu – masalaning bir tomoni, ikkinchi muammo – choʻntak… Qayoqqa yurganda ham hazilakam mablagʻ kerakmi, qayerdan topadi? Yanayam, Azim hoji togʻa bergan aqcha bilan shu joygacha yetib keldi, sheriklari bilan ketsa, bir amallab Arabistongayam borib olishi mumkin edi…

Bu xayollarning hammasi ham xom emas edi. Fazilat endi Beknazardan yotsiramas, qusholmasi panasiga, oʻzgalar darvozasi orqasiga berkinib uni gangitmasdi, aksincha, uyigacha kuzatib qoʻyish uchun yigitga izn-ixtiyor berardi. Uylari – oʻsha kuni xushroʻy ayol chiqqan hovli, ayol esa qizning onasi ekan…

Beknazarning vaqti ziq, hamyonining tagi koʻrinib borar, binobarin, qiz bilan bekinmachoq oʻynab yuraverishga imkoni ham chekli edi.

– Men sizni yoqtirib qoldim, – dedi u Fazilatning oʻtli koʻzlariga dosh berib, jiddiy tarzda.

Bunday ibora magʻriblik qizni ortiqcha entiktirib, unga shirin tashvish orttirmas, navjuvonning zimmasiga esa u qadar katta masʼuliyat yuklamas, ular bir necha yillar davomida bir-birini yoqtirib, achomlashib yuraverishlari mumkin, lekin Sharqda, jumladan, oʻzbeklarda “yoqtirib qoldim” degani “sizni sevib qoldim, sizga uylanaman” degan maʼnolarni qatʼiy ifodalaydi.

Fazilatning shoʻxligi qochib, yerga qarab turardi.

– Yaxshi koʻrib qolmadimmikin, deb qoʻrqyapman.

Qiz boshini koʻtarib kulimsiradi. Beknazar qizardi.

– Kulgili gapirdimmi?

– Qoʻrqqan odam qanday yaxshi koʻrarkin, deb hayron boʻlyapman.

– Yurakdan aytyapman.

Fazilat yigitning koʻzlariga sinchkov nigoh soldi.

– Aqldan ham aytyapsizmi, Beknazar aka? Bu joy qayda-yu, Andijon qayda?

Beknazar Fazilatni bir qur chala qizib sovigan, intiq qoni bir qur qoʻzgʻalib qoniqmagan, qoniqishga muhtoj, har lahza qayta koʻpirishga shay qaynoq yigitlik zavqi bilan sevib ulgurgan edi. Beknazar uchun oʻsha damlarda tuzumu siyosatning, zamonu makonning, yaʼni qay davrda, qaysi davlatda va qay holatda umrguzaronlik qilayotganining qimmati, ahamiyati yoʻq, qayga, nima maqsadda safarga otlanganini ham paqqos unutgan, toʻgʻrirogʻi, bu narsalar haqida oʻylashni xohlamasdi. Shuning uchun u dastlab Fazilatning qaysi millat, qanday mazhabga mansubligi bilan ham qiziqmagan, faqat uning turk qavmidan ekanligini taxmin qilgan edi, xolos.

– Bilaman, lekin ixtiyorim oʻzimdamas, – dedi. Qizning tortinmasdan berayotgan savollari unga ruh, madad bagʻishlamoqda edi.

– Bechora ixtiyoringiz kimning qoʻlida? – soʻradi Fazilat odaticha labining bir chetini qimtib. Beknazar talmovsirab taraddudlandi. Endi ogʻiz juftlagan edi, qiz soʻzida davom etdi. – Meni notoʻgʻri tushunyapsiz shekilli. Sizni ota yurtimizdan kepti deb gaplashyatuvdim.

– Fikri-yodimda – siz, – dedi oʻzini ancha oʻnglab olgan yigit. Oʻq kamondan uzilgan, endi uni qaytarishning iloji yoʻq edi. – Kechalari uxlamayapman.

– Arab ertaklarida shunaqa gaplarni oʻquvdim, – dedi Fazilat kesatgannamo jilmayib.

– Kulmang. Baxtimga hamyurt, hammillat ekansiz, agar turk qizi boʻlganingizdayam fikrimdan qaytmasdim.

– Qanaqa fikrdan?

– Sizni yaxshi koʻrish fikridan.

– Yaxshi koʻrish shunaqa osonmi?

– Qiynalayotganimni sezmayapsiz-da.

– Meni qanaqaligimni bilmaysiz-u, ehtimol feʼlim yomondir.

– Toshga sol, baxtingdan koʻr deyishadi.

– Shoʻringizga shoʻrva toʻkilib qolsa – chi?

– Niyatim qatʼiy.

– Sizga faqat oʻz niyatingiz kifoyami?

– Men sizga ishonyapman.

Fazilatning mijjalariga yana tabassum qalqdi, lekin u tezgina jiddiylashdi.

– Lekin men oʻzimga ishonmayman.

– Nimaga? – shosha-pisha soʻradi Beknazar oʻzgacha xayolga borib.

– Onam…

– Onangizni koʻndiramiz.

Qiz bosh chayqadi.

– Oʻlimdan boshqasining chorasi bor, – tobora dadillashardi yigit.

– Bu – oʻlimdan ham qiyin boʻlsa kerak.

– Unaqa demang, noumid shayton. Men sizni hech qachon ranjitmaslikka vaʼda beraman.

– Dadamni dunyodagi eng yaxshi erkak deb oʻylardim, menimcha haqiqatdayam shunday edi. Onam ham uning yuziga tik qaramasdi, lekin ularniyam kelisholmay, “sen-men”ga boradigan paytlari boʻlardi.

– Balki dadangiz yaxshi koʻrmay uylangandir. Bizning munosabatlarimiz boshqacha boʻlishini koʻnglim sezib turibdi.

– Buni oldindan aytish qiyin.

– Tirik yursam, muhabbatimniyam, ahdimniyam chinligini isbotlashga urinaman.

– Ana shu-da. Kim biladi?.. Fazilat soʻzlarim qattiq taʼsir qilmadimikin, deganday suhbatdoshiga yer ostidan koʻz yugurtirdi.

– Xudo xohlasa, umrim uzun boʻladi – siz uchun. Siznikiyam… Xudodan faqat shuni tilayman.

– Odamga umr bilan birga yana koʻp narsa kerak.

Beknazarning dilidan aqli butungina ekan degan fikr oʻtdi. Qizdagi zehn, idrok sarchashmalari – musofirchilik, otasining oʻlimi, onasining oʻgitlari edi.

– Xudo bandaga umr, ong, til ato qilib qoʻygandan keyin qolganiga oʻzi tirishib erishadi-da.

– Taqdir oldindan peshonaga yozilgan boʻladi deyishadi.

– Toʻgʻri, ehtimol siz mening peshonamga yozilgandirsiz. Ehtimol meni shuncha uzoqdan bu yerga ana shu taqdir yetaklab kelgandir.

– Axir siz hajga ketayotgan odam edingiz-ku.

– Ha, lekin sizni koʻrib, sheriklarimdan qolib ketdim, buyam bejizmasdir.

Qiz va uning onasi rozilik berishsa, Beknazar Saudiyaga borib, amakisiga dil yormoqni, undan koʻmak olib kelib, bu yerda baholi qudrat toʻy rasmi-rusmini oʻtkazishgach, Fazilat bilan Qashqarga qaytmoqni, Andijondagi ahvolni surishtirib, vaziyat yaxshi boʻlsa, oʻtib ketishni oʻzicha rejalashtirmoqda edi (Odamzod nimalarni orzu qilmaydi-ya!). U, agar qiz bola qattiq turib olsa, ona koʻnishi mumkin, degan xayolda edi. Bunday toʻxtamga kelishining oʻziga yarasha asoslari bor edi. Ularning qishlogʻidagi bir oila Turkmanistondan, yana biri Ozarbayjondan kelin tushirishgan edi. Kuyovlardan biri – turkmanistonlikka uylangani qiz bilan Toshkentdagi bir institutda oʻqishgan, ikkinchisi harbiy xizmat paytida uchrashib, yaxshi koʻrib qolgan edi. (Armiyadan rus, ukrain yo tatar qizlarini boshlab kelganlar-ku koʻp edi). Oʻsha qizlarning ota-onalari uchun shuncha uzoq yoʻl bahona ham, toʻsiq ham boʻlolmagan-ku. Yigit birdan gurillagan muhabbat otashi-alangasida yonayotgani uchun masalaning bir muhim jihatini inobatga olmayotgan edi: qiz yolgʻizgina onasini tashlab, u bilan borsa-kelmas yoqlarga ketishi mumkinmi va bu adolatdanmi? Tanhogina ovunchidan ham ayrilsa, bechora bevaning hayoti qanday kechadi?

Fazilat hali Beknazar boshidan kechirgan asil savdolardan mufassal xabardor emas, haj qilgach, yurtiga qaytsa kerak, deb oʻylardi.

– Men baribir bir narsa deyolmayman, hatto, oʻylab koʻrishgayam vaʼda berolmayman, – dedi u yigitning tezroq bir qarorga kelishimiz kerak, meniyam baʼzi muammolarim bor, degan iltijosiga javoban. – Toʻgʻri, tugʻilgan joylarimni, qarindosh-urugʻlarimni koʻrgim keladi, lekin…

 

V

 

Otasi qazosidan beri Fazilat uni qoʻmsab, yuragi ezilib, koʻp tunlarni uyqusiz, koʻp kunlarni yigʻlab oʻtkazardi. Yonida onasi borligiga qaramay, oʻzini yolgʻiz va himoyasiz, begonalar orasida vaqtincha yashayotganday, muallaq his etardi… Onasi ham bot-bot ogʻrib qoladi. Nazarida… shuni oʻylab baʼzan dahshatga tushardi. Biron kor-hol roʻy bersa, qayga boradi, nima qiladi?.. U otasidan abadul-abad judo boʻlganiga hali-hamon ishongisi kelmas, qismatning bunday ogʻir zarbasiga mittigina yuragining qanday dosh berib kelayotganiga oʻzi ham ajablanardi. Uning fikricha, dadajonisi bevaqt, barvaqt oʻlmasligi kerak edi, u har doim bir kuni albatta vatanga qaytamiz, deb taʼkidlagani-taʼkidlagan, bu gap Sharifa opaning ham, Fazilatning ham qalbi va ongining qat-qatlariga singib ketgan edi. Qizning nazdida otasi bir kun tirilib keladiganday va ularni, oʻzi aytganiday, Oʻzbekistonga koʻchirib olib ketadiganday tuyulardi. Bu xayol qiz koʻnglining bir chekkasini sham kabi xiragina yoritib turganday edi. Onaning dardi ham qizinikidan ortiq boʻlsa ortiqki, kam emas. Jigargoʻshalaridan, koʻngil yaqinlaridan erta ayrilgan va musofirlik, sigʻindilikning jabru-jafolarini xoʻp tortgan Sharifa xonimning Fazilatdan boʻlak yozilib gaplashadigan, yuragi achishib gʻami-anduhini boʻlishadigan odami yoʻq. Qizning sezishicha, onasi uni avaylab, oʻzini vaqti chogʻday koʻrsatardi. Shaharda Afgʻonistondan, Pokiston tomonlardan kelib qolgan, asli ota-bobolari oʻzbekistonlik oilalar kam boʻlsa ham bor, lekin Fazilatlar ular bilan bordi-keldi qilishmasdi.

Oʻsha paytlarda Istanbulga bir necha yilgina avval kelib oʻrnashgan oʻzbeklar – alamzada vatangadolar bir-birlari bilan ahil va yaqin munosabatda emas edi. Qolaversa, Fazilatning otasi koʻpincha uzoq shahar va mamlakatlarda savdo-tijorat ishlari bilan yurgani sababli vatandoshlari bilan ahyon-ahyondagina, qisqa fursat uchrashar, ularning oʻzaro muloqot-yigʻinlarida ham ishtirok etolmasdi. Inchunin, musofir hamyurt, hamdardlardan ikki-uchtasining boshi bir yerga jamlansa, darhol xalqaro ahvoldan tushishlari, umid koʻzlarini Amerikaga, Olmoniyaga tikib, oʻsha yoqlardan najot kutadigan, asli savodlari haminqadar, ammo qoʻyib bersa, har biri dunyoni ostin-ustin qilish, goʻyo notekis aylanadigan falak charhini bir iz, bir maromga solib qoʻya olish salohiyatiga egadek chiranishlari siyosatdan, hukumat doirasidagi hodisa va masalalardan oʻzini qirq gaz olib qochadigan Ismoil akaning ensasini qotirardi, oʻzlarini har qanday murakkab siyosiy-ijtimoiy muammoni oʻtirgan oʻrinlarida hal qilib qoʻyadigandek tutadigan bu bevatan, darbadar safsatabozlarning kimlarnidir alqab, kimlarningdir goʻriga gʻisht qalashlariga, millionlab qochoqlarga havoda uchib yurgan pashshachalik ahamiyat bermaydigan xorijiy hukmdorlarning goʻyo bularning fikr-mulohazalari asosida ish olib borishsa, olam gulistonu, yer usti jannat boʻlib ketadiganday, takallufsizlik bilan davlatni boshqarish, siyosat yurgizish borasida “oqilona” usullar, yoʻriqlar taklif etishib, chakaklari sitilguday talashib-tortishishlarini eshitib oʻtirishga sira tobi-toqati yoʻq edi.

Bir gal Beknazarning qistovi bilan Fazilat Istanbulga qachon, qanday kelib qolishganini soʻzlab berdi.

Oktyabr toʻntarishidan keyin, shoʻro hukumati davlatni oyoqqa qoʻyib olgach, odamlarni sarak-puchakka ajratishga tushadi. Shoʻraviylar nazdida ishga yaroqli ikki qoʻli va och qornidan boshqa hech vaqosi yoʻq yoʻqsil bolsheviklar sarak, qolganlar esa puchaklar edi. Tadbirkor davlatmandlar, yer-suv egalari, hunarmandlar, savdogarlar, doʻkondorlar, umuman andak qoʻri borlar tabaqasi “quloq” deb qoralanib, mol-mulki musodara etilar, bu ham yetmaganday, oʻzlari tazyiq ostiga olinib surgun qilinardi. Avomning ongi, qalbiga mustaqillik, ozodlik, vatan tushunchalari va tuygʻularini singdirmoqchi, ularga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatmoqchi boʻlgan xalqparvar ziyoli, maʼrifatli kishilar manglayiga “xalq dushmani”, Islom dini arboblari, ulamolar, muftiyu, mudarrislar, arabchadan ozgina xat-savodi borlar, kitob oʻqiydiganlarnikiga “zararli diniy unsur”, “shoʻroga haqsiz” (yaʼni fuqarolik huquqidan mahrum etilgan) tamgʻalari yopishtirilib, qora roʻyxatga tirkalardi. Undaylar oldida ikki yoʻl bor edi xolos: yo boʻyinlarini yuvosh qoʻy kabi sirtmoqqa tutib berish yo qochish…

Bola-baqralari bilan Rusiyaning olis oʻrmonlarida, qahraton izgʻirinlarida qulday ishlab oʻlib ketishlaridan maʼno yoʻq edi. Binobarin, ularga vatan xoinlari degan ayb qoʻyishni adolatdan deb boʻlmasdi. Ular mol-dunyosidan ajralib qolishni istamagan, yo oʻz huzurini koʻzlagan xudbinlar, vatanparvarlik, milliy gʻurur hissini yaxshi tuymagan, dunyoning u yogʻi ham, bu yogʻi ham bir deb oʻylaydigan befarq kimsalar sifatida qoralanishsa, boshqa gap edi.

Shoʻro davlatidan qochib chiqishganlar faqat oʻzbeklar emas, boshqa millat ichida ham tarki vatan ixtiyor etganlar kam emas edi. Bu chora oʻsha davrga, mavjud tuzum va siyosatga nisbatan norozilik, isyonning amaldagi ifodasi edi. Bundan ortigʻi ularning qoʻlidan ham kelmasdi.

 

* * *

Oʻrta osiyolik muhojirlar chetga ikki yoʻnalish – mashriq tarafdan Qashqar (Sharqiy Turkiston) va magʻribdan Afgʻoniston orqali chiqib ketishgan. Har ikki yoʻl ham bir-biridan battar mashaqqatli, xatarli edi. Afgʻonistonga asov poʻrtanalari har qanday Alpomishni koʻrdim demay, yamlamay yutadigan Jayxun daryosidan oʻtilardi. Shoʻroning yuraklari shafqatsiz yirtqichlarniki bilan chatishtirilgan GPUchilari, davlat xavfsizlik mahkamalarining xodimlari, chegarachilar daryo boʻyida kechasiyu kunduzi och boʻrilardek izgʻib, qamishlar orasida pusib yotishardi. Ular zimmasiga oʻsha tuzum siyosatidan, adolatsizlikdan, huquqsizlikdan bezib, uyasi buzilgan qushlar kabi oʻzlarini har tomonga urgan odamlarning qochib jon saqlashlariga ham yoʻl qoʻymaslik vazifasi yuklangan edi. Ular maoshlarini “halollab”, “xojalarining” ishonchini oqlash, ragʻbatga erishish maqsadida masʼuliyatli topshiriqni qoyillatib ado etish uchun astoydil, jon-jahdlari bilan harakat qilishardi. Aygʻoqchi farmonbardorlar daryoga yaqinlashgan qochqinlarga qopqon kabi bexosdan pand berib, qoʻl-oyogʻini bogʻlab, qaytarib ketishar va kerakli joyga topshirishardi. Yarim kechalari ularni bir amallab gʻaflatda qoldirib yo hech kim kutmagan joyda yashirinib turadigan gupsarchilar bilan kelishib, daryodan oʻtib ketayotganlarni ayovsiz ravishda oʻqqa tutishardi. Ha, posbon-poyloqchilar qavmlari, oʻz hammillatlarini ham, ular chol yo kampirmi, yosh kelinchak yo goʻdakmi, tosh yuraklari zarracha achishmay otib tashlashardi. Odam farzandlari orasidan saylab olingan bu jon qaroqchilari ongi, shuuridan, qalbidan rahm-shafqat, achinish hislari qay tarzda sitib chiqarib yuborilganini hech kim bilmasdi.

Iskovuchlar dogʻda qolishgan taqdirda ham “qutildik, endi marra bizniki” deyishga hali erta edi. Hali oldinda Jayxun toʻlqinlari ajdahoday komini ochib, oʻz qurbonlarini kutib, pishqirib yotardi…

1933 yil. Fazilat sakkiz oylik chaqaloq edi. Bobosi boy sifatida siquvga olina boshlagach, qochishga qaror qiladilar. Erta bahor suvlar sovuq mahalida koʻp mashaqqatlar bilan bir necha kunda Jayxun daryosi boʻyiga yetib borishadi. Kechasi qorongʻida gupsarda[23] Afgʻoniston tarafga oʻtishayotganida birdan kuchli afgʻon shamoli turib, hamma yoqni algʻov-dalgʻov qilib yuboradi. Osmon-falakka koʻtarilgan beshik-beshik toʻlqinlar ularning gupsarini oldindagi boshqa bir solga olib borib uradi, ikkala sol ham chayqalib, agʻdarilib ketayozadi, ustilaridagi odamlarning koʻpi, yosh bolalar uchib ketishadi. Fazilatlarning solida oʻn bir kishidan atiga besh kishi qolgan, bobo, ena, oʻrtanchi amaki, uning bir qiz, bir oʻgʻli va yana bir juvon suvga gʻarq boʻlishgan edi. Voqeaning haqiqiy tafsilotidan Fazilat ancha yillardan keyin voqif etiladi.

Sharifa opa mudhish oʻtmishlarini Fazilatga bot-bot gapirib berardi. Qiz, ayniqsa, daryodan oʻtishdagi halokatli voqeani xuddi qoʻrqinchli ertak kabi titrab-qaqshab tinglardi. Shunga qaramay, bolaligiga borib, koʻz koʻrib, quloq eshitmagan u ayanchli hodisalarga kinoga qiziqqandek qiziqardi.

– Qayigʻimiz oldindagi qayiqqa borib urilganda shunday qattiq qarsillagan ovoz chiqdiki, xayolimda xuddi shundaygina boshimiz ustida toʻp otilganday tuyuldi, – derdi berilib ketgan Sharifa opa koʻzlari ola-kula boʻlib, – eslasam, hali-hali yuragim orqaga tortadi. Birpas nima yuz berganini fahmlamay oʻtirdim. Gupsarimiz qoʻpollik bilan tervatilgan belanchakday birdan aylanib ketdiyu, qiyshayib, suvga yonboshlab qoldi…

Ulgʻaygan sari inson qadr-qimmati, umr mohiyatini anglay boshlagach, Fazilatning yuragi u fojeiy tarixni koʻtarmay qoldi. “Qoʻying, gapirmang, odamni ezvoradi”, derdi u koʻziga yosh olib.

– Oʻshanda men otamning quchogʻida ekanman, – hikoyasini davom ettirdi Fazilat, – sol tebranib yonboshlaganda otam munkib yiqilgan, men suvga tushib ketay depman, u jon xalpida bir qoʻli bilan gupsarchini mahkam ushlab, bilagimdan jon-jahdi bilan tortganida chirillab yigʻlavorgan ekanman, keyin ham toʻxtamay bigʻillayveribman. Qirgʻoqda u yoq-bu yogʻimni koʻrishib, qoʻlimning yelkamdan chiqib qolganini bilishibdi. Siniqchi istab davolatishguncha dam-badam dodlab, hammani qiynagan ekanman. Oʻshanda, oʻsha baxtsiz kechada boshqa xeshlarimiz qatori onam ham suvda oqib ketgan.

– Onangiz? – gapni boʻldi Beknazar.

– Ha, onam, – dedi qiz ovozi qaltirab, uning chiroyli, tiniq qorachiqlarini yosh xiralashtirgan edi. – Otam men bilan kuymalanib, boshqa hech kimga qarayolmay qolgan, hamma oʻzi bilan oʻzi, birovga yordam berish toʻgʻrisida oʻylashga ham ulgurishmagan, falokat koʻz ochib yumguncha sodir boʻlgan. Koʻpchilik oʻziniyam eplolmay, suvga shaloplab tushgan, quturgan toʻlqinlar uyurmasi ularni bir pasda qaʼriga yutvorgan… Men onamning yuzini ham tuslolmayman. Otam rahmatli oʻshanda meni qanday tirik olib qolganiga hayronman…

Mozori Sharifda hammasi bir hovlida ijarada yashashardi. Oradan bir oz vaqt oʻtgach, katta amaki va uning ayoli Fazilatning otasi Ismoil bilan oʻrtanchi amakining bevasi Sharifa kelinni oʻrtaga olishib, boʻlar ish boʻldi, peshonamizga yozilgani shu shekilli, endi Fazilatni yetti yot, gʻayri millat oʻgay etagiga solmay, ikkalangiz birga parvarishlanglar Sharifa, harqalay oʻzimizniki, qizaloq ham yetimligini bilmay qoʻya qolsin, deb maslahat berishadi. Ukaning eʼtiroziga, Sharifa kelinning uyalib-ikkilanishiga “Ha, sen boshqa xotin olib, sen boshqa erga tegmoqchimisan? Musofir yurtda senlarga kimning koʻzi uchib turibdi”, deya oʻdagʻaylashadi, bizning qarorimiz shu, boshqa iloj ham yoʻq deyishadi. Darhaqiqat, yosh otaning chaqaloq bilan qiynalishi turgan gap edi, axir oʻzi musofir boʻlsa, kimgayam uylanardi, bevatan, darbadar odamga kim ham suyukli qizini ravo koʻrardi? Sharifa kelin ham bir oʻzi erkaklar ichida nima qilishini bilmay boshi qotgan, oʻksib, bevaligidan oʻngʻaysizlanar ham hadiksirardi. Ikkalasi yana bir yilcha bir hovlida boshqa-boshqa tunab yurishadi, bir-birining yuziga tik qaragani botinishmasdi. Keyin… taqdirga boʻysunishdi. Shundayam Ismoilning irodasiga, sabr-bardoshiga tan bergan Sharifa oʻrinni bitta soladi. U ham qizaloqqa xuddi oʻz bolasiday qarab, oq yuvib, oq tarab, yigitning izzat-hurmatini qozongan edi.

– Bu gaplardan men bexabar edim, – deydi Fazilat barmoqlari bilan tepa labining qirida osilib turgan koʻzyoshlarini sidirib tashlarkan, – amakimning xotinini oʻz onam deb bilardim, uning oʻgayligi haqidagi fikr hech qachon miyamga kelmagan, birov aytsayam ishonmasdim. Otam bilan Sharifa kelinaya bu sirni mendan pinhon tutishga kelishishgan boʻlsa kerak, biror marta yo unisi, yo bunisi meni shubhalantiradigan soʻz yo boshqa sababga yoʻl qoʻyishmagan. Biz Afgʻonistonda uzoq – oʻn yilcha bir joyda qoʻnim topmay, hali Qunduz, hali Taxxor, hali Qandaxorga koʻchib, tentirab-dovdiraganmiz. Nimagadir amakim, kelinayamlar bilan boshqa-boshqa boʻlib ketganmiz. Endi, balki bir kunmas-bir kun menga haqiqatni sezdirib qoʻyishlaridan choʻchib shunday yoʻl tutishganmikin, deb oʻylayman. Toʻgʻri, bunday koʻchmanchilik, beqarorlikning boshqa sabablariyam bor edi. Hamma yerdayam bizga yaxshi munosabatda boʻlishavermasdi, qaytaga, yovqarash qiladiganlar koʻp edi. Soʻngra, otam, onamning aytishicha, yurtimizda tez orada oʻzgarish yuz berishidan umidvor ekan, bunaqa tuzum uzoq hukm surmaydi, hammasi yana joy-joyiga tushadi, shunda albatta vatanga qaytamiz, davlatimiz bizga oʻxshagan baxti qarolarni chaqirib oladi, hovli-joy qilsak, ildiz otib bogʻlanib qolamiz deb, ikkilanib yurardiykan. Keyin bilsam, bunaqa koʻngilsizlik, hardamxayollik koʻpchilik musofirlarga xos ekan. Otam Afgʻonistondagi notinchliklar, besaranjomliklardan, ola qarashlardan bezganmi… Es-es bilaman: odamlari koʻzimga tund, gʻalati koʻrinardi. Uylari, kiyimlari xarob edi. Qishlari sovuq, yozda nafasni qaytaradigan issiq shamol, chang-toʻzon koʻp boʻlardi… Xullas, Pokistonga oʻtib ketganmiz. U yoqdayam oldin Peshovar, kegin Ravalpindi degan shaharlarda ikki yildan ortiqroq turgach, Adanaga keldik…

 

VI

 

Qariyb oʻn besh-oʻn olti yil davomida qancha joyga koʻchishgan, eshak arava, qattiq yuk mashinalari va boshqa xil ulovlarda yuk-taqlari ustida gʻujanak boʻlib oʻtirishganicha, yuzlab, minglab chaqirimli toshloq, qum-tuproqli yoʻllarda ogʻzi-burni, quloqlari changga toʻlib, jazirama quyosh nurlari yuz-koʻzlari, badanlariga nayza boʻlib sanchiladigan bepoyon sahrolarda, haybatli, xavfli dovonlarda silkinib-siltanib, ichaklari eshilib ogʻriganlari, qorni ochib, sillasi quriganda koʻngli ozib, qayt qilib yuborganlari, qisqasi, oʻylasa yuragi zuluk chaqqanday chimillaydigan kunlarni qayta eslash, hikoya qilishgina emas, eshitish ham ogʻir edi.

Turkiyaning yirik shaharlaridan biri Adanada ham ikki yilcha umrguzaronlik qildilar. Fazilat qafasda olib yuriladigan yovvoyi qushcha singari bir-biriga oʻxshamagan joylarda hayron, diqqinafas boʻlib, hech kimga elakishmay kunlarni oʻtkazardi… “Yo bironta koʻngil yozgulik sirdosh dugona orttirolmadim” deydi u alam bilan. Istanbulga kelishgach, uch yil odamlarga oʻxshab xotirjam yashadilar. Ammo Ismoil akaning bu shaharda ham muqim bir vatan qilish niyati yoʻq edi. U Misr, Hindiston tomonlardan ayollar jemperi, roʻmol olib kelardi-da, bu yerda olib sotarlarga tezgina, ulgurji oʻtkazib, yana qaytib ketardi. “Umuman otam uyda kam boʻlardi. Shuning uchun uning diydorigayam, mehrigayam toʻymaganman”. Fazilatning nazarida otasining uyda kam oʻtirishiga yana bir sabab – u hanuz Sharifa kelinayadan xijolat tortayotganga oʻxshardi, uni koʻrganda akasi esiga tushib, iztirob chekardi, chamasi. Umuman bu bogʻlanish – oʻz jigarining ayoli bilan bir yostiqqa bosh qoʻyish Ismoil aka hayotidagi chegalab boʻlmaydigan, chegalansa ham baribir yana sitilib ketaveradigan katta darz edi.

Fazilatning ovozi borgan sari pasayar, Beknazar xuddi mungli qoʻshiq tinglayotganday mutaassir bir holatda, nigohini qizning ohista, bir maromda ochilib-yopilayotgan gʻuncha dudoqlaridan uzmasdi.

– Bu yerda bizga yaxshi munosabatda boʻlishsayam, onam ikkimiz oʻzimizni haliyam begona oilada, yot odamlar orasida yurganday, vaqtincha turganday his qilaveramiz, – davom etdi qiz. – Taqdir endi bizni qachon, qayerga uloqtirib tashlarkin, degan fikr miyamizdan chiqmaydi. Ehtimol, otam yoʻqligiga shunday boʻlsa kerak. Mahalla-koʻydagilar bilan ahil, xotirjam kun kechiryapmiz. Haligacha birov musofir-kelgindiligimizni yuzimizga solgani yoʻq. Toʻy-hashamlariga aytishadi. Toʻgʻri, unaqa izdihomlarga koʻproq onam boradi, shuniychun meni taniydiganlar kam, men uch-toʻrtta qoʻshnidan boshqasini yaxshi bilmayman. “Boshqa joylardagiga qaraganda bu yerda xuddi oʻz tugʻishganlarimiz ichida yashayotgandaymiz, mahalladagilar oldida qarzdormiz”, deydi onam. “Nasib qilib, oʻz yurtimizga ketsak, u yoqqa koʻnika olamizmikin”, deb tashvish chekadi. Uku, yoshi ancha kattaligida uydan chiqib ketgan, tanish, qadrdon joylar, qarindosh-urugʻlari bilan topishib olar, lekin men bechora-chi? Men, hatto, oʻzimiz tomondagi bitta daraxt yo giyohniyam koʻz oldimga keltirolmayman, bironta amma-xolamniyam qiyofasini eslolmayman…

Shunga qaramay, yuragining baʼzi-baʼzida oʻsha tarafga talpinganini sezardi, qon tortishi rostmikin, deb oʻylardi u. Otasi qoldirgan daftarni oʻqigach, koʻngli butunlay boʻlindi. Unda qiziqish bilan majburiyat uygʻunlashdi. Ilgarilari qizni hayotimiz qay tarzda davom etarkin, bu yogʻi nima boʻlarkin degan xavotir hech tark etmasdi. Endi qalbi tubida yangi umid uchqunlari yiltillay boshlagan, bu uchqunlar avvalgilariga nisbatan boshqacharoq – qiziqroq va ravshanroqqa oʻxshardi. Xayolining bir chekkasini daftardagi safsar siyoh bilan bosib yozilgan “Oʻzbekiston”, “Andijon”, “Oltinkoʻl” degan nomlar egallab oldi. Albatta, u yurt, u shaharlar haqida otasidan koʻp eshitgandi, Sharifa opa ham bot-bot eslab, xotirlab yigʻlardi, ammo rahmatli otajonisi unga deb, ataylab bitib qoldirgan yozuvlarni oʻqigach (bu yozuvlar ancha burun, Ismoil aka sogʻlom paytida qogʻozga tushirilgan edi), ular butunlay oʻzgacha maʼno kasb etib, boshqacha taʼsir qila boshladi. Koʻpincha kechalari qani endi oʻsha joylar tushimga kirsa deya oʻylab, oʻzicha tasavvur qilib, u nomlarni dilida takrorlab yotardi. Onasining taʼkidlashicha, u yoqlar Fazilat koʻrgan, yashagan hamma shaharlardan, hatto, haligacha koʻp qismini koʻrmagan boʻlsa-da, shu koʻrgan-bilganining oʻzi ham juda ulkan va mahobatli tuyuladigan Istanbuldan ham goʻzal va qandaydir yurakka yaqin emish. Shunday paytda toshdan toshga urilib, sharqirab oqayotgan suvlari tiniq soylar, daryolar, qumriyu bulbullar chagʻ-chagʻlashayotgan yam-yashil, orasta bogʻlar, favvorani eslatadigan majnuntollar, anvoyi gullar chaman boʻlib ochilgan gulzorlar, jambilu rayhon boʻyi taralib turadigan, shoda-shoda mevalari zalvoridan novdalari egilib yerga tegadigan shaftolizoru anorzorlar, anjirzorlardan iborat hovlilar Fazilatning koʻz oldida jonlanar va u beixtiyor entikib qoʻyardi.

– Otam oxirgi marta safardan kasal boʻlib, quruq oʻzi qaytib keldi, – qariyb pichirlab davom etardi Fazilat. – Oʻshanda yoʻlda molini qaroqchilarga oldirib qoʻygan, keyin onamning aytishicha, oʻzi kaltak yeb, jigar-buyraklari zaxolangan ekan… – Qiz gapdan toʻxtadi, uning soʻzlamoqqa holi qolmagandi, birdan baralla hiqillab yigʻlay boshladi, u shu damda tasalli, ovunchga muhtoj edi, lekin umrida bunaqa holatga roʻpara kelmagan Beknazar uni qanday yupatish, nima deb taskin berishni bilmasdi. U apil-tapil atrofga nazar soldi, hech kim yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, qoʻlini Fazilatning orqasidan ohista oʻtkazib, yelkasidan jurʼatsizgina, muloyimlik bilan oʻziga tortdi. Iztirob ichidagi qiz jussasining shamolda egilayotgan novda kabi bir yonga beixtiyor ogʻayotganini payqamadi ham, soniyalardan soʻng bir yelkasining nimagadir suyalib, halovat ola boshlaganini, ikkinchi kiftini esa besoʻnaqayroq, ammo haroratli kaft mehribonlik bilan beozorgina paypaslab-silayotganini sezib qolib oʻzini tortmoqchi boʻldi, ammo tushuniksiz bir tuygʻu, qandaydir sehrli bir kuch qoʻzgʻalishga, qoʻlini qimirlatishga monelik qilar, Fazilat xuddi tushida uchib borayotgan odamday oʻzini idora eta bilmas, bu tush unga juda gʻaroyib, huzurli tuyulardi. Faqat oʻz vujudining yigit gavdasi bilan qachon, qanday qilib bunchalik yaqin boʻlib qolganini fahmlamaganidan taajjubda edi.

 

* * *

Fazilat chiroyli edi. Har qanday sohibjamolning ham qaysi bir joyi yo aʼzosida husni kamoliga zigʻirdakkina boʻlsa-da, soya tashlab turadigan belgi yo alomat uchraydi. Fazilatning yuzi esa har jihatdan raso, toʻkisga oʻxshardi. Odatda xol ustki lab chetrogʻiga, pastki lab ostiga, qoshlardan birining boshlanishiga, burun yoniga tushguchi edi. Beknazar Fazilatniki kabi yuzning qoq oʻrtasiga joylashgan va shu qadar yarashiqli xolni koʻrmagandi. Uning qoshlari esa bir qoʻshiqni yodga solardi:

 

Qoshingga tekizmagil qalamni,

Bir xat birla buzmagil raqamni…

 

Faqat tutashgan joyi xiyol egik va siyrakroq edi, lekin bu siyraklik ham unga nafis joziba bagʻishlardi.

Ilgarilari oʻzbek qizlari turmushga chiqish arafasidagina qosh-koʻziga oro berishardi. Ularning erlik boʻlishgani eng avvalo qoshlarining terilganidan anglashilardi. Farbiylar taʼsirida shu udum yigirmanchi asr oxirlarida barham topdi. Turkiya magʻrib mamlakatlari bilan avvaldan yaqin, demak bu yurtda, bu millatda u taomil ildiziga ancha ilgari bolta urilgan chiqar. Sarasof solib qaralsa, Fazilatning qoshi hali qalamga ham, boshqa anjomga ham oshno boʻlmaganini payqash mumkin edi. Beknazar yuzi hamisha ham ochiq yuravermaydigan qizning aynan qoshlariga sinchiklab tikilish odobsizlikka yoʻyilishi mumkinligini oʻylab, nigohini undan tezgina olardi. Lekin nazarida uning qayrilma qoshlari tabiiy bejirimday, moʻychinak tekkizishning chindan ham hojati yoʻqday tuyulardi. Qolaversa, yigit bu shaharda qiz-ayollarning pardoz-andozi, bezanishlaru orolanishlariga erkaklar munosabati qandayligini bilmas, haqiqatda esa Turkiya buginamas, boshqa koʻp udumlarda ham Ovroʻpaga shiddat bilan intilardi.

Shuningdek, Fazilat tannoz ham emas edi. Aksincha, koʻz-koʻzlanib, eʼtiborni jalb etishga harakat qiluvchilarni jini suymasdi, lekin sirasini aytganda, uning ham nozik ado bilan erkalanishlarga haqqi bor edi, husni-malohati unga shunday imtiyoz va imkoniyat berardi. Qolaversa, qiz dunyoni musofir bir mazluma koʻzlari bilangina emas, baxtiyor mahbuba nigohlari bilan ham koʻrishni, yorugʻ olam zavqu safosidan bahra olishni xohlardi. Biroq ayni shunday faslda shafqatsiz qismat tayanchi va suyanchi – padari buzrukvoridan ayirib, egniga qora kiydirdi, aza libosi esa kishi dilidagi siyohlik bilan uygʻundir. Siyohiy engil va koʻngil bilan erkalik, noz-ishva mos tushmasligi tabiiy, binobarin, Fazilat andishayu ibodan boshqa saʼy-harakatga erk berolmas, bermas edi. Balki uning ham ikki qanot – yoshlik va muhabbat ila parvoz etgisi, vujudiyu tuygʻulari ixtiyorini kuchli shamol izmiga berib, oʻzini osmonu falaklarda koʻrgisi, sirli yulduzlar bilan muloqot qurgisi, ana shu olis sirdoshlariga tolei kulganini suyunchilagisi kelardi. Lekin afsuski u ucha olmas edi, zero, hozircha uning bir qanoti mavjud ediyu, ikkinchisi hali oʻsib chiqmagandi, oʻsib chiqmoqchi boʻlgan qanot esa ayamajizda qolgan kurtak misoli zaif, nozik edi – uni koʻtarolmasdi; u kurtakning amal olishiga, barg yozishiga Fazilatning koʻzi yetmasdi, zotan kurtak parvarishga, oftob – qalb haroratiga muhtoj edi. Shuningdek, qiz dilining tub-tubida avaylab-asrab kelayotgan yana bir istagini quyushqondan tashqari deb hisoblash adolatdan emas edi. Quvonch, yo alamdan hech qayerga, umuman, bu yorugʻ olamga sigʻmay ketgan qiz, ayol, aslida, moʻjazgina maskanga – sevikli kishisining bagʻriga jo boʻlishi tayin. Fazilat ham goho-goho kimningdir keng va issiq koʻkragiga yuz bosib, oʻzini, butun olamni faromush etgisi kelar va bu niyati, murodini hammadan, hatto onasidan ham pinhon tutardi. Zero, u kimga ham erkalanib, boshini kimning ham toʻshiga burkagali haddi sigʻardi? Oʻsha – muloyim tabiatli turk yigitigami? Aslida, u turkka ham uncha oʻxshamaydi, negaki bu millatga mansub erkaklarning bunaqa yuvosh, royishini uchratish dargumon. Illo, otasining muddaosi, oʻzining ham xohish-irodasi boshqacha edi-ku… Qizning xayolida, goho tushlarida kimdir kelib uni olis-olislarga yetaklab ketadiganday boʻlaverardi. Rost, yoshlik va muhabbat degan bir-biridan oʻjar, bir-biridan kibrli va shafqat bilmas ikki kuch borki, ular har qanday istak-xohishni ham, har qanday ahdu irodani ham burnidan ip oʻtkazib, oʻz ortidan ergashtirib huzurlanadi.

 

VII

 

Gʻamgin hikoyaning davomi bundoq edi:

Oʻsha oqshom Fazilat bilan Sharifa opa Ismoil akaning safari shu gal ancha choʻzilib ketgani, (odatda, u oilasidan xavotirlanib tez qaytardi), boshqa har xil mavzularda gaplashib oʻtirib, kech yotishgandi. Yarim kechada darvoza taqilladi. Ona-bola hadik va hayajon ichida borishdi, tanish ovozdan quvonishib, eshikni ochishdi. Otaning mashqi past edi, ichkariga kirishganda, yorugʻda uning rang-roʻyi bir ahvoldaligini koʻrib qoʻrqib ketishdi. Ismoil aka ertalab gaplashamiz, juda charchaganman, deb xotini bilan qizining koʻnglini sal tinchitganday boʻldi. Darhaqiqat, u yotogʻiga kirib jimib qoldi. Uxladi deb oʻyladilar. Fazilat allamahal ingroqdan uygʻonib ketdi, yoniga qaradi: onasi yoʻq. Otasining inqillayotgani aniq eshitilardi, u shosha-pisha xalatini egniga ilib oʻsha tomonga oshiqdi. Sharifa opa erining peshonasiga hoʻl sochiq bosayotgandi. Ismoil akaning yuzlari qizarib-boʻgʻriqib ketgan – isitmasi baland edi. Qisqasi, mushtipar ona-bolalarning yolgʻizgina suyanch-panohlari, valineʼmatlari uzoqqa bormadi, muolajalar kor qilmay, ikki oyga yetmay qarogʻlari mangu yumildi.

– Bechora gapirolmas, yaxshi harakatlanmay qoʻygan qoʻllari ishorasi bilan meni yoniga chorlar, tomiri chiqib, terisi yupqalashib qolgan nimjon kaftlarini boshimga tekkizib, sal-pal silar, kipriklaridan yirik-yirik yosh tomardi. Shu ahvolda onamga imo bilan meni koʻrsatib, ogʻzini xiyol ochib, oʻzicha nimanidir uqdirardi. Onam ikkimiz tiz choʻkib, bagʻrimizni karavot chetiga bosgancha, otamning qoqsuyak bilaklarini silab, unga tasalli bermoqchi boʻlardig-u, lekin oʻzimiz hiqillashdan tiyilolmasdik, tomoqlarimizga xoʻrsiniq tiqilib, bir narsa deyolmasdik.

Otam deyarli qimirlamas, shiftga takilganicha, koʻpincha koʻzlarini yumib yotardi. Avvaliga ishtahasi tuzuk edi, keyin birdan ovqat yemay, doriyam ichmay qoʻydi. Onam ostiga tuvak qoʻyardi. Men qarayin desam, hech yaqinlashtirmasdi. Endi oʻylab, rahmatli ana shundan nomus qilib qiynalganmidiykin deyman. Yo, tuzalib ketishdan umidini uzganmidi, tuz ham totmas, onam qoshiqda ovqat tutsa, boshini sarak-sarak qilib, panjasini “kerakmas” degan maʼnoda sal-sal qimirlatardi. Menimcha, uning biron joyi qattiq ogʻrimasdiyam, ortiqcha ingramasdi.

Fazilat otajonisining jon berishi arafasida undan koʻz uzmay moʻltirab yotgani, mijjalaridan ikki yonga simobday dumalab quloqlari ichiga kirib ketayotgan koʻzyoshlarini eslasa yuragi eziladi. Oʻshanda Ismoil aka ikki ojizani arosatda tashlab ketayotganidan qaygʻurarmidi yo yakka-yagona farzandi, koʻzining oqu qorasiga “Sen shoʻrpeshonaning baxtingni koʻrolmadim, endi mensiz holing nima kecharkin”, degan soʻzlarni aytolmay azoblanayotganmidi yo charxi kajraftorning shevasidan dogʻ oʻlib, vatanga qaytib borish nasib etmagani alam qilayotganmidi – Fazilat bilolmasdi, u chidamay tashqariga chiqib ketardi – mehribon padarining shunchalar xuni biyron boʻlishiga, chekayotgan mislsiz iztiroblariga bardosh berolmasdi. Aslida qizni ham “Endi biz kimlarning qoʻlida, kimlarning koʻziga sargʻayamiz?” degan sarosima, qoʻrquv dahshatga solib qoʻygan edi.

– Shunday qilib otamdan ayrildim. Kattagina hovlida onam ikkimiz sovuqqotgan musichalarday qoʻnishib, dildirab qoldik. Onam meni yeru koʻkka ishonmaydi, guzarda yo qoʻshnilarnikida sal hayallasam istab chiqadi. Otamdan qolgan qoʻr bilan bir yilcha oziq-ovqat, kiyim-kechakdan qiynalmay yashadik, keyin tortila boshladik. Onamga xazinamizning choʻgʻi pasaydimi desam, sir bergisi kelmay, yoʻq, senga sep qilyapman deydi. Ilchada otamning savdogarlikdagi sherigi bor. Ular Istanbulga bizdan oldinroq kelishgan ekan, otamga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, tijoratga yetaklagan, safarga koʻpincha birga chiqishardi. Onam avvaliga biron yerda ishlashni ham moʻljallovdi, lekin meni oʻylab, fikridan qaytdi. Otamning ogʻaynisiyam “Qoʻying, sizga toʻgʻri kelmaydi, men birodarimizga sizlardan xabar olib turishga vaʼda berganman” debdi. U kishi baʼzan-baʼzan mayda-chuyda joʻnatadi. Otam rahmatli bizni tayyoriga oʻrgatib qoʻygan ekan, nima qilsagikin, deb onam ikkalamizning boshimiz qotadi, qoʻlimizdan bir ish kelmaydi. Birov ham qachongacha yordam berardi. Hovlini sotsak, ixchamroq, oʻzimizga yarasha joy topib, oshganiga kichikroq doʻkon olsakmikin, deydi onam. Men sotuvchilik qilamanmi desam, “Oʻylab gapiryapsanmi, qizim, otangning feʼlini bilarding, sen doʻkonda oʻtirsang, u goʻrida tik turadi-ya, menga boʻlaveradi, yoshim oʻtib qoldi, ham ermak – uyda zerikib oʻtirgandan koʻra, ja boʻlmasa, birovga ijaraga bersak ham uch-toʻrt tanga daromad kelib turar”, deydi bechora.

Fazilat toʻliqib soʻzlarkan, hasrati bayoni dam sayin ravonlashib, ayni chogʻda gʻamgin tus olib borardi. Umrida bir suhbatda buncha koʻp va buncha hayajon bilan gapirganini eslolmasdi. U Beknazarga oʻxshab dardi-shikvasini boʻlmay, hayratlangan koʻzlari bilan hamdardlik bildirib, jimgina tinglab oʻtiradigan qaygʻudoshga koʻpdan muhtoj edi. Uchrashganiga hafta, durustroq tanishganiga uch kungina boʻlgan yigitning, umuman olganda, begonaligini, nomahramligini, bu holatda koʻrganlar u haqda har xil fikrga borishlarini oʻylamas, balki oʻylasa ham, parvoyiga keltirmasdi. Siynasi alamga, ayriliq, yetimlik iztiroblariga, musofirlik oʻkinchlariga toʻlib ketgan edi. Gapirgan sari ichi-bori kengayib, qalb tubidagi majhul, ogʻir tuygʻular oʻrnini yengil entiktiruvchi hissiyotlar egallab borar, ichidagi bir kimsaning “Bu odam buncha sergap qiz ekan deb uyat qilmayaptimikin” degan tanbehiga ham quloq osmas edi. U uzoq yillardan beri koʻrishmagan sirdosh dugonasiga yurak zardobini toʻkib solishga, koʻnglini boʻshatishga oshiqayotganday edi. Faqat u boshini quyi egib, boya Beknazar takya oldidagi qusholmasidan sindirib bergan novdaning mayda barglarini gʻayrishuuriy ravishda chirt-chirt uzib yerga tashlar, hamrohining yuziga qaramaslikka harakat qilardi. Lekin ayni vaqtda, musofirlik dostonini aytayotgan pallada yigit unga yaqin va qadrli bir kishiday tuyulayotgandi. Hikoyadan toʻxtagach, “bor-yoʻgʻi bir haftalikkina tanish kimsa” bilan oʻrindiqda bir-biriga juda yaqin oʻtirishganini birdan payqab qolganday, hushyor tortib, bir oz jilarkan, hamsuhbatining kayfiyatini, fikrini uqmoqchi boʻlganday, yer ostidan nazar soldi. Chuqur xayolga choʻmib, qissagoʻyning boshidan kechirganlarini oʻzicha taroziga solib oʻlchayotgan Beknazar birdaniga toʻfonga uchragan oʻz taqdir kemasining holati, nisbatan kam mashaqqatli qisqa darbadarligi boshqalarning achchiq yozmishlari, oʻn yillab davom etgan sarson-sargardonliklari oldida holva ekanligini tuyarkan, Oʻsh – Qashqar – Istanbul yoʻllarida koʻrgan ancha-muncha qiyinchiliklardan noliganini oʻylab xijolat chekar, ota-onalari bilan deyarli yarim dunyoni aylanib chiqib ham roʻshnolik, huzur-halovat koʻrmagan, yayrab-yashnamagan, aksincha, qismatning yangi-yangi, turfa sinovlariga toʻqnash kelgan bu dilporaning koʻngliga ozor yetkazib qoʻyishdan ehtiyot boʻlish lozim ekan, deya uqtirardi oʻziga oʻzi.

Ayni vaqtda yoshgina joni bilan shuncha jabru jafo tortsa-da, qaddi bukilmagani, husni-malohati chekilmagani, ruhi choʻkmaganiga, aksincha, shaddodlik, hazilkashlik fazilatlarini saqlab qola olganiga qoyil qolardi. Darhaqiqat, Fazilatning shoʻxchan feʼl-atvorida, durkun badanida, nurli chehrasida, qirmizi lablarida balogʻat pallasidagi tiyrak qizlar kabi yashashga, oʻynab-kulishga, huzurlanishga ishtiyoq, muhabbatga, erkalab-erkalanishga mayl yoʻq emasligini, faqat bu hoyu-havaslar, andishayu hayo – pardasi ortida yashirinligini chamalash mumkin edi. Ha, parvardigor unga sinovlar bilan birga sabr-toqatni, bardoshni, eng muhimi – joʻshqin yoshlik shijoatini, oʻktamlikni ham saxovat bilan ato etganga oʻxshardi. Fazilat shu borada onasidan ustunroq koʻrinardi. Sharifa opa toʻrt devor orasidagi bir xil kunlarning oʻtishi maroqsizligidan, yuragi siqilib tars yorilguday boʻlishidan zorlanib qolsa, qiz unga tasalli berishga urinar yo “Yuring, otamni qabrini bir ziyorat qilib kelamiz”, deb qoʻyarda-qoʻymay Ilcha mavzeiga boshlab ketardi.

Beknazar oʻzini gapga chechanlardan hisoblamasdi. Oʻzicha Fazilatni zeriktirib yo bilib-bilmay, nomanzur, noravo narsalarni laqillab, qovun tushirib qoʻyishdan choʻchirdi. Shu bois, Fazilatning roviyligidan, oʻziga faqat odob bilan tinglash masʼuliyati tushayotganidan ichida xursand edi. Lekin ortiqcha kamtarlik manmanlikdir deganlariday, ogʻizga mum solib oʻtiraverish hamisha ham fazilat sanalavermaydi-ku, ayniqsa, suyukli mahbuba bilan muloqotda. Axir qiz bolaga xush yoqadigan, yaʼni, masalan, uning Shirinu Zuhro kabi goʻzal, oqilaligini aytib, mehrini tovlaydigan, oʻzi haqida yaxshi inson va haqiqiy oshiq kabi taassurot uygʻotib, qizning qulfi-diliga kalit topish ham kerak-ku. Shuning uchun yigit butun vujudi quloqqa aylanib, Fazilatning yuziga tikilgan boʻlsa-da, xayolan soʻz bisotini titkilab, qizning izzat-nafsi va oʻzining manfaatiga mos iboralarni tanlardi.

Nihoyat, Fazilat tin oldi.

– Oyning oʻn beshi qorongʻi boʻlsa, oʻn beshi yorugʻ, – gap boshladi Beknazar. – Siz ota-onangiz bilan bu yorugʻ olamning bor azob-uqubatlarini tortib, hamma imtihonlaridan oʻtib boʻpsizlar, inshoollo, endi sizlar uchun oyning yorugʻ kunlari boshlanar. Xudoyam endi sizlarga rahm qilar. Shoyad, dardlaringizga ozgina malham boʻlib, zahmatlaringizni yengillatishga meniyam ozgina nafim tegsa… – Beknazar toyib ketganini fahmlab, toʻxtalib qoldi. Fazilat uning koʻzlariga savol alomati bilan tikildi. – Odamlar qanaqa qahatchilik, ocharchiliklarga yo boshqa kulfatlarga giriftor boʻlmaydi deysiz, – davom etdi yigit. – Siz oʻzingizni jahon kezib, tomosha qilib yurgan bir sayyohatchiday tasavvur qiling: tugʻilgan shahri yo qishlogʻidan boshqa yerni koʻrmay, kurrai zaminda Istanbulday goʻzal shaharlar borligidan bexabar oʻtib ketayotganlar qancha – koʻlmak suvga oʻxshab! Ota-onasiz, yetimxonalarda oʻsib-ulgʻayayotganlar kammi? Siz har holda shu yoshingizgacha otangiz bilan birga yashagansiz. Oʻzingiz aytganday, mehribon bir ayol sizni tuqqan onangizday avaylab, koʻnglingizga qarasa… Eng muhimi – kattagina hovli-joylaring bor ekan. Hindistonda milyonlab odam uyi, aqalli boshpanasi yoʻq, koʻchada tugʻilib, koʻchada oʻlarmish. Endi, bu – bir kam dunyo. Insonning hamma orzu-umidlari roʻyobga chiqishi qiyin, baribir nimadir yetishmay turaveradi, lekin qiz bola uchun husn yarim baxt deyishadi. Chiroylisiz, sezilib turibdi: aqli-xushingiz ham birovdan qarz oladigan darajadamas, salomatligingiz joyida – bular juda katta davlat, Fazilat, shukr keltirib, yana yaxshi kunlarni kutib yashasangiz arziydi, ajabmas… Faqat… – Beknazar maʼnoli jilmayib qoʻydi. – Faqat, bir xil chiroyli qizlarga oʻxshab baxt qushingizni mensimay, beparvolik bilan uchirib yubormasangiz – olam guliston.

– Qani oʻsha baxt qushi? – oʻsmoqchiladi qiz kulimsirab. Yigit moʻljalni toʻgʻri olgan edi.

– Shoʻring qurgʻur boshingizga qoʻnishga jurʼat qilolmay, atrofingizda parvona…

Fazilat yon-veriga alanglab, “baxt qushi”ni qidirgan boʻldi.

– Qani, koʻrmayapmanu?..

– U sehrli qush, koʻzga koʻrinmaydi, xonim.

– Koʻrinmasa, boshga qoʻngani qanday bilinadi, afandim, – tegajogʻlik qildi qiz ham.

– Uni yurak sezadi.

– Mening yuragim hech narsani sezmayapti-ku.

– Bilib qoʻying, Fazilat, baxt qushining koʻngli juda nozik, sezib turib sezmaganga olishsa, birpasda ranjib qoladi.

– Keyin uchib ketib, boshqa chiroyliroq qizning boshiga borib qoʻnadimi?

Beknazar kaftlarini tizzasiga urib xandon otdi. Bu gal u oʻzining magʻlubligi ustidan kuldi.

– Qoyil, Fazilat, mot qildingiz, – dedi u ikkala qoʻlini koʻtarib. – Asiringizman.

– Yoʻq, men jiddiy soʻrayapman, – dedi Fazilat oʻzini goʻllikka solib, ammo u lablarini arang qimtib turardi, chidamadi, kulib yubordi. – Juda oson yengilarkansiz, har doim shunaqamisiz?

– Umrimda bunaqa magʻlubiyatga uchramaganman.

– Magʻlubiyat alami juda achchiq deyishadi, a?

– Men ham shunaqa deb oʻylardim, lekin odam oʻz ixtiyori bilan asirga tushsa, boshqacha boʻlarkan…

Xullas, oʻsha kuni Fazilat Beknazarga koʻrgan-kechirganlarining bir qismini muxtasar gapirib berdi. Olamda bandasidan xufiya saqlaydigan sir-asrori yoʻq, koʻngli va hayoti qatlarini hech bir istiholasiz, hech bir istisnosiz ochib yuboradigan inson topilmasa kerak – xususan, mahbubayu mahbublar orasida. Fazilat ham oʻz shaxsiga daxldor ayrim qaltisroq hodisalarni oshkora etishni joiz deb bilmadi. Masalan, oʻn uch-oʻn toʻrt yoshlaridayoq durkungina, oppoqqina qiz boʻlib, yigitlarning suqli koʻz tashlay boshlagani, Ravalpindida ijarada yashashayotganida mahalladosh bir mardumning Mazohid ismli toʻygan qurtday semiz, telvatobroq oʻgʻli har xil narsalarni bahona qilib ularnikiga tez-tez kiradigan boʻlib qolgani, bir kuni shom paytida darvozaxonalarida roʻpara kelib, uni eshikning bir qanoti orqasiga – qorongʻi burchakka qisib, barra qoʻzichoqqa tashlangan och boʻriday tarmashganini, shunda qattiq qoʻrqib ketgani, xuddi bevaqt nomusidan ajralgan qizday alam bilan, toʻliqib-toʻliqib yigʻlagani va uyga kirib, titrab-qaqshab voqeani onasiga aytib bergani haqida lom-mim demadi. Otasi gʻazabini yashirib, sipolik bilan bolasiga tanbeh berib qoʻyishni soʻraganida oshqovoq kallali qoʻshni xunuk ishshayib, “Oʻgʻlimizning havasini qoʻzgʻagan boʻlsa, demak qizingiz yetila boshlabdi-da, birodar, bundan quvonmoq kerak, hademay qaynota boʻlasiz, nevara koʻrasiz…” deydi.

Ismoil akaning muskullari titrab, mushtlari tugiladi, lekin muhojirligi yodiga tushib, gʻazabini yutadi. Shundan keyin Turkiyaga joʻnab yuborishadi. Adanada xotini oʻlgan, oʻgʻil-qizli bir boyvachcha Fazilatga ogʻiz solganida u hali oʻn oltiga ham toʻlmagan, ammo kelishgan qaddi-qomati rosmana koʻz tortadigan boʻlib qolgan edi. Ismoil aka Sharifa opaga xuddi ayollarday zorlanib, “Bu noinsoflar musofirni odam oʻrnida koʻrishmaydi, qancha yashasang ham, baribir kelgindi hisoblashadi, bularga nima desak boʻlaveradi, deb oʻylashadi. Yaramas goʻrsoʻxtaning gapini qaraya, gʻunchaday qizimni erka-tantiq arzandalariga ona qilib berarmishman, hah, hammomni havas qilgan tuya-yey… Qisindining qismati shu-da…” deya xoʻp asabiylashgan, koʻzyoshlarini toʻxtatolmay koʻchaga chiqib ketib, yana koʻchishga ulov topib kelgan edi. Holbuki, Adanada oʻrnashib qolgan turkistonliklar anchagina boʻlib, ular orasida yaxshilari ham kam emas edi. Biroq Ismoil aka aslida bir yerda uzoq turolmas, koʻchishga, joyni yangilashga qandaydir bahona boʻlsa kifoya edi. Ammo “hammomni havas qilgan tuya”ning xurmacha qiligʻi “qandaydir” vajlar sirasiga kirmasdi, albatta.

Shuningdek, Fazilat bu shaharda – Istanbulda mahalladosh turk yigiti bilan endigina boshlanayotgan gʻayri oddiy munosabatlari onasining tanbehi bilan tezgina barham topgani toʻgʻrisida ham indamadi. Aslida har qanday ona qiziga birov xushtor boʻlsa, boshqalarga anglatmasa-da, ichida quvonishi sir emas. Lekin… Sharifa opa oʻshanda otaning oʻlimidan bir necha kun oldin aytgan vasiyat maqomidagi oʻgitlarini eslatib, Fazilatni ogohlantirgan, qiz hali u qadar gurillab yonishga ulgurmagan hissiyotlari olovini qiblagohi sogʻinchiga toʻkilgan koʻzyoshlari ila oʻchirib olishga muyassar boʻlgan, shu-shu mahalliy yigitlarning nazari-eʼtiboridan oʻzini olib qochadigan, chorshaf[24] tutib yuradigan boʻlgan edi. Takyaga kirib turishining yana bir sababi ota istagi va vasiyatiga binoan oʻzlari taraflik risoladagi bir yigitni uchratish xayoli edi, buni ona ham anglar, uning fikri, tilagi ham shu, lojaram, qizning u yerga tashrifini taqiqlamas, aksincha, ozmi-koʻpmi demay, ovqat, non berib oʻzi uni oʻsha musofirxonaga yoʻllar, illo, ikkisi ham qalblaridagi pinhoniy niyat va eʼtimodlarini sirtdan bir-birlariga sezdirmaslikka harakat qilishardi. Binobarin, Beknazarning yoʻliqib qolishi, ayniqsa, uning hamyurt ekanligi, toʻgʻrisi, ikkala ojiza koʻngillari tubidagi oʻksik xohish, ilinjni qoʻzgʻatib qoʻygani rost, lekin avvalo zohiran dilovar bu oshiqning nomai aʼmolini, moddiy ahvolini aniqlab, uning feʼl-atvorini, ahdi qatʼiyligini sinovdan oʻtkazish kerak va yana bir nozik muammo bor edi: axir Fazilat shuncha yil boqqan, mehr bergan odamini begona yurtda yakka-yolgʻiz qoldirib, bir erkakning etagidan tutib ketavermaydi-ku. Faqat qaltis jihati shundaki, bu haqda birinchi boʻlib qiz yo uning onasi tilidan shama, soʻz chiqishi ravo emas, balki kuyovlikka daʼvogarning fahmu farosatiga umid bogʻlab turishga toʻgʻri kelardi. Boʻlajak kelin soʻnggi chora sifatidagina shu gapni shart sifatida oʻrtaga qoʻyishi mumkin. Boshqa bir chigal jumboqni esa nimagadir ona-bola eʼtibordan soqit qilishayotgandi, vaholanki u oʻta jiddiy, hal qiluvchi ahamiyatga molik edi…

– Meni onangiz bilan tanishtirib qoʻymaysizmi, – dedi Beknazar.

– Nima deb aytaman?

– Vatandoshimiz ekan, siz bilan koʻrishib, suhbatlashmoqchi deysiz, vassalom. Menimcha, yoʻq demaydi, axir uniyam hamyurtlari bilan gaplashgisi, dardlashgisi kelar.

– Unda men onamning oʻzidan bir soʻrab koʻray.

Ertasiga ertalab Fazilat bilan birrov uchrashganida qizning kayfiyati chogʻ koʻrindi. Ayol kishi, yot erkak bilan yuzlashishdan bosh tortishi mumkin degan xavotirda edi yigit.

Hayajonga tushdi, tugun endi yengilgina yechiladiganday, u oʻylagan gʻov-toʻsiqlarni koʻtarib tashlash qalovi topilganday, Sharifa opa qizini unga qoʻshqoʻllab tutqazadiganday, terisiga sigʻmasdi. Koʻzlariga fotiha berayotgan ona siymosi koʻrinib ketdi. Beixtiyor qoʻllarini Fazilatning yelkalariga qoʻydi, qiz zalvorli kaftlarni olib tashlash uchun yigitning bilaklaridan tutdi va shu yoʻsin bir lahza tinib qoldi, soʻng gavdasini orqaga tortdi.

– Hayajonlanmang, Beg aka, hayajonlanmang. Eslatib qoʻyay: uyimizga men bilan birgamas, bir oʻzlari tushga yaqin qadam ranjida qilganlari maʼqul. Oʻzlarini urintirib qoʻymasinlar, ortiqcha ovoragarchilikning hojati yoʻq, musofir odamsiz… Kulmang, rostdan aytyapman.

 

* * *

Shu kuni quyosh har qachongidan ham charaqlab chiqmoqda, uning alvon shafagʻi yoʻl chetida tarvayib oʻsgan, tongning yengil shabbodasida nafis tebranayotgan argʻuvonu akaslarning uchlarida jilva qilardi. Havo yengil, yoqimli edi. Beknazar oʻzini har kungidan tetik, bardam his etardi. Jarlik tarafdan kelayotgan saharxez qushlar navosi unga yanada koʻtarinki kayfiyat bagʻishlardi. U butun mehrini, sarmastligini anglatmoq uchun Fazilatga yurak-yuragidan jilmayib qarardi.

Qizga boʻlgan intilish zamirida qanday kuch, qanday hissiyotlar joʻshayotganini Beknazarning oʻzi ham anglay, farqlay olmas edi – uni bir koʻrishda lolu hayron aylagan husni-malohatiga shaydolikmi yo vujudining bir puchmogʻida lava koʻtarilishi oldidan yuz beradigan togʻ osti titrogʻiga oʻxshash ehtiroslar tugʻyonimi yoki yurak oʻrtanishlari bilan bogʻliq chinakam muhabbatmi? Darvoqe, u Fazilatning nimasiga, qay bir jihati, fazilatiga ishqiboz boʻlyapti oʻzi? Agar chiroyi uchun desa, bir chiroylini koʻrdi-ku. Xotini Rashidaning ham surati binoyidekkina edi, siyrati, gʻalati feʼl-atvorlarini bir yostiqqa bosh qoʻyib, jismi-jonlari tutashgandagina ayon sezdi-ku. Odam olasi ichida deb, buning ham ishq alangasini, koʻngil haroratini suvday oʻchiradigan bir jihati chiqib, bosh qashib qolmasmikin? Tagʻin shunday hol sodir boʻlsa, endi u shubhasiz bir choh yoxud arosat sahrosining qoq oʻrtasiga tushadiki, uning alami, dogʻini qancha tortishi faqat xudoga ayon. E, eng muhimi – til-zabonli, ochiqqina ekan, bas, boshqa har qanday nuqsi-qusuriga chidash mumkin.

Darhaqiqat, muhabbat mijgʻovlikni yoqtirmaydi. Ikkilanuvchilarga chin oshiqlik zavqi begona. Har qalay, boʻlajak mahbubayu mahbub nigohlari dastlab toʻqnashganda har ikkalasining yuragi kuchalasimon[25] tutay boshlaydi, keyin har koʻrishganida koʻzlardan sachragan uchqunlar, soʻzlar ohangidan taralgan epkin kuchalalarni yalligʻlantirib, alanga oldiradi.

 

VIII

 

Hayotda eng uzoq choʻziladigan vaqt suyukli kishing bilan dastlabki visol oraligʻidagi bezabon va berahm onlardir. Bunday fursat oʻzining sanoqdagi mohiyatini yoʻqotib, masofaga aylanadi, bu masofa yoʻlga chiqayotgan xushtorga benihoya olisday, faqat va faqat yuqoriga oʻrlab boradiganday, yuragini hapriqtiraveradi. Sharifa opa bilan koʻrishuvgacha boʻlgan muddat ham Beknazarni oʻshandan kam intiqtirmadi. U oshiqqan sari oyogʻiga tosh bogʻlagan vaqt millari imillab siljiyotganday, baʼzida bir nuqtada qotib qolganday tuyulardi. Yigit juda muhim ijtimoiy masala boʻyicha yuqori doirada, baland nufuzli masʼul shaxs bilan muzokara olib borish taraddudidagi mansabdor kabi bezovtalanardi. Chindan ham kutilayotgan uchrashuv koʻp narsani oydinlashtirmogʻi kerak. Fazilatni chin onaday gard yuqtirmay ulgʻaytirgan ayolning muomalasidan yigitga, uning qizi bilan tanishuviga munosabatini – xayrixohmi yo norozimi – bilib olish uchun tayyor imkoniyat bu. Agar opa iliq kutib olsa, ochilib gurunglashsa, bu ham shunga yarasha nazokat bilan muomala qiladi, yoʻq, agar aksincha hol yuz bersa, yaʼni uncha roʻyixushlik bermasa yo bepisandroq qarasa, unda ortiqcha iltifot kutib, yaltoqlanib oʻtirmaydi. Lekin har holda uning koʻnglini ilitishga, yumshatishga urinadi. Axir birinchi koʻrishishdayoq, dastlabki “muzokara”dayoq hamma muammoni oʻz foydasiga hal qilishga intilish asosiy rejaning pachavasini chiqarib qoʻyishi ham ehtimoldan holi emas. Shuning uchun yaxshisi, tilini tiyib, suhbat jilovini mezbonga berish va gapning daromadi qayoqqa burilishini ogʻir-bosiqlik bilan kuzatib oʻtirgani maʼqulmikin? Savollariga javob qaytaradi, zarur boʻlsa, soʻz qoʻshadi. Mabodo opa uning diliga oʻtirishmaydiganroq biron narsa desa ham eʼtiroz bildirmaydi. Azim hoji togʻa aytganday, qiziqqonlik qilmaydi, bilʼaks, ishni buzib qoʻysa, keyin oʻrniga tushmasligi mumkin. Soʻnggi afsus-nadomatning foydasi yoʻq. Agar muddaosiga erishish – sevgi sharobidan qonib sipqorish nasib etsa, u holda vatangadoligi, quvgʻinligi bilan bogʻliq mashaqqatlaru koʻngilsizliklar, koʻrgiliklar unutilib, azoblari yengillab ketadiganday, yurak oʻrtanishlari malham topadiganday tuyulardi Beknazarga. Istanbulda Fazilatga ilk bor nazari tushgan lahzalardan eʼtiboran goʻyo uning haqiqiy yigitlik mavsumi boshlangan, taqdir shamoli uni beqoʻnim uchirib yurganiga oʻkinish ham susaygan edi… Balki, qiz ham shu kunlarda ruhiyatida gʻalati bir oʻzgarishlar sezib, hayajonlanib yurgandir? Bir umr yot tuproqlarda, gʻayri, koʻngilsiz bir erkak bilan qolib ketish xavotiri, tashvishi balki uning oromiyu halovatiga raxna solib kelar. Ehtimol endi u yurtdosh, millatdosh, boz ustiga mehr-muhabbat toʻla koʻzlariyu soʻzlari bilan unga oʻz vatani vasli va baxtli hayotni vaʼda qilayotgan bir shunqor yigitni yetkazgani uchun parvardigorga shukronalar aytayotgandir…

Ha, onajon! Oʻgʻlingizni bolaligida “shunqorim” deb erkalatardingiz. Shunqor burgutchalik boʻlmasa-da, ancha-muncha xavf-xatarni pisand etmaydigan jasur ovchi qush. Suyumligingiz esa, sichqonningmi, kalamushningmi “shitiri”dan yurak hovuchlab, bir qanot qoqqanicha Qashqarga, undan bir tupkaning tagiga – Istanbulga qoʻnib turibdi. Endi zora, shu yerdan huzuringizga haqiqiy jufti bilan qaytsa!..

Beknazar u yoq-bu yogʻini tuzatib chiqayotgan edi, hovlida Javdar ogʻa uchrab, “Ha, yoʻl boʻlsin, oshiq toʻra?” deb hazillashdi.

– Bir aylanib kelay, yotovrib zerikdim, – dedi u hovliqqanini sezdirmaslikka tirishib.

– Kuning koʻchada oʻtyapti shekilli, – maʼnoli jilmaydi xizmatchi bosh chayqagancha Beknazarni ortidan kuzatib.

Yoʻl-yoʻlakay doʻkondan batonli non, qand-qurs oldi, axir Fazilat ming toʻgʻri maʼnoda ovora boʻlmang degani bilan (ehtimol sinamoqchidir) oʻzbekchilikda, birinchi marta borayotgan hovliga, ayniqsa, ayol kishi bor xonadonga ikki qoʻlni burunga tiqib kirilmaydi-ku.

U tanish darvozani bukilgan koʻrsatkich va oʻrta barmoqlari orqasi bilan qoqarkan, yuragining ham ana shu tovushga monand, undan tezroq va besaranjomroq urayotganini eshitardi. Eshik tezgina ochilib, qarshisida odmigina kiyingan Fazilat koʻrindi va mehmonning dimogʻiga mushki anbar hidi urildi. Qizning chehrasi ham tiniq – bu alomatlar yaxshilikdan dalolat edi. Beknazarning bahri-dili yashnab ketdi.

– Mana, qulingiz ostonangizga bosh urib keldi, – dedi u kulimsiragancha, kitoblardagiday boʻsh qoʻlini koʻksiga qoʻyib, xiyol egilarkan.

Fazilat kulib yubordi.

– Rosa hadisini opsiz-ku.

– Nimasini aytasiz, tuni bilan mashq qilib chiqdim.

– Bechora, mijja qoqmaganingiz sezilib turibdi, koʻzlaringiz qizarib ketibdi.

– Koʻzlarim uyqusizlikdanmas, hozir hayajondan, xijolatdan qizardi.

– Lekin unchayam hayajonlanayotgan kishiga oʻxshamaysiz.

– Manavi yerimga qoʻlingizni qoʻyib koʻrganingizda bu gapni sirayam aytmagan boʻlardingiz, – dedi Beknazar oʻng kaftini chap koʻksiga bosib.

Fazilatning shaytonligi tutdi.

– Qoʻlimni u joyingizga qoʻysam bir yoʻla agʻanab tushmang, odamni oʻsal qilib.

– Poyingizga agʻanasam oʻzimni juda baxtiyor sezardim, Fazilat.

– Shunaqa deng, qani, ichkariga marhamat boʻlmasa.

Qiz mehmonni shigʻil mevalari och yashil barglar orasida quyma oltinday tovlanayotgan daraxtlar oraligʻidagi gʻisht terilgan yoʻlakdan boshladi. Beknazar bu tansiq mevaning norinj – apelsin ekanligini Eron zaminidan oʻtayotganida bilib olgan edi. Lekin haligacha rang-tusi koʻzni oladigan bu ajoyib neʼmatga ogʻzi tegmagandi, mazasi qanaqa ekan, degan fikr kechdi xayolidan.

Atrofga nigoh tashladi. U hali turk uy-joylarining ichiga kirib koʻrmagan, bu borada tasavvuri ham yoʻq edi. Hovli oʻziga toʻq xonadonni eslatardi: kenggina, chor tarafi pishiq gʻishtli baland devor bilan oʻralgan, kun chiqish va janub tomonda derazalari yirik-yirik, salobatli uylar, boraverishda esa boloxonali soʻri boʻlib, ancha oldinga chiqib ketgan. Sahn va yoʻlaklarga gʻisht bosilgan, har yer-har yerga manzarali – qilich bargli palma va gilos ekilgan, umuman hovli sarishta, fayzli edi.

Soʻri oldida etagi, yengi uzun siyohrang baxmal koʻylakli, chogʻgina och jigarrang durrani boshiga chambarak qilib oʻrab, ustidan harir, sharfsimon roʻmolni omonat tashlagan, Fazilatga nisbatan boʻychanroq ayol kursi suyanchigʻiga qoʻllarini qoʻyganicha iyagini xiyol qayirib turardi. Beknazar tomogʻiga bir nima tiqilganday yutindi, yuzi, ichi qizidi. Opa oʻsha – Fazilatni quvalab kelgan kuni ostonada koʻringan xushroʻy ayol edi. Uning qosh chimirib qarashida boyvuchcha xonimlarga xos andak viqor va sirlilik borday tuyuldi, lekin bu dastlabki taassurot edi.

Yaqin borishganda opa ham mehmon tomonga ikki-uch qadam yurdi.

– Assalomu alaykum, – deya boʻynini salgina bukib salom berdi yigit. Uning ovozi, lablari titrayotgandek edi. Endi u hayajonining Fazilat oldidagi esankirash, toʻlqinlanishdan boʻlakcharoq, kuchliroqligini payqadi. Basavlatgina boʻla turib oʻz ichidagi gʻulgʻulasimon bir nimarsani jilovlay olmayotganidan izza tortdi, lekin nimarsa garchi koʻzga koʻrinmas, qoʻlga ilashmas boʻlsa-da, har qanday fil kelbatli bilan ham mutlaqo hisoblashib oʻtirmaydigan, hatto, Alpomishu Farhodlarga boʻy bermay, ularni xohlagan izmiga solib, azza-bazza dovdiratgan yovvoyi kuch edi. Zero, u – hayajon shunchaki xabarchi, elchi emas, balki muhabbat homiysi, ramzan aytganda, tansoqchisidir. Odatda, tansoqchilar har qanday odamni sarosimaga solib, vahima uygʻotadigan siyoqli va sirli boʻladilar. Beknazar yana bir narsadan hayratlandi: garchi oʻzlari tomonda ayollar paranji, chachvon degan narsalarni tarix ortiga deyarli butkul uloqtirishgan boʻlsa-da, Qashqaru Pokistonda, Eronu Turkiyada xotin-qizlarni nuqul qora yo toʻq jigarrang chodrada uchratib oʻrgangani uchun Fazilatning onasini ham, garchi kuni kecha uni ochiq koʻrgan esa-da, hijob yopingan holda tasavvur etgan edi. Aksariyat xotinlar erlari oʻtgandan keyin oʻzlarini erkin tuta boshlaydilar. Opa ham… Yoki Beknazarni hali yosh yigit ekan, undan qochmasa ham boʻlaveradi, deb oʻylagandir. Balki ichki bir tuygʻu yurtdosh kimsa bilan yopinchiqsiz koʻrishishga undagandir. Yo balki favqulodda diqqatga molik tashrif egasini yaxshiroq kuzatish zarurati, taqozosiga koʻra…

– Va alaykum assalom, xush kepsiz, – dedi opa. Uning och pushti lablariga nim tabassum qalqqan edi. – Qani, yuqoriga chiqaylik. – U qoʻli bilan boloxonaga ishora qildi.

Ikki yoni ihotali taxta zinalardan yuqoriga koʻtarilishdi. Pastdan ancha mahobatli koʻringan, chor tarafi toʻq yashil rangga boʻyalgan, yogʻoch panjarali boloxonaning ichi u qadar keng emas edi. Muhimi, oldi shimolga – Marmar tomonga qaragan boʻlib, yengil chayqalib turgan moviy dengiz yanada aniq koʻzga tashlanar, oʻsha yoqdan bodi sabo esardi. Ana shu yengil epkin Beknazarning qizigan vujudiga salqinlik ufurib, koʻngil hapriqishlari damini kesganday, sal oʻzini rostlab, musohabaga chogʻlanib oldi.

Chogʻqina toʻgarak xontaxtaga billur qanddonlarda Beknazar nomini bilmaydigan pishiriq-yeguliklar, olma, norinj oz-ozdan, ammo did bilan qoʻyilgan edi.

– Choy ichasizmi, qahvami? – soʻradi mezbon.

Beknazarning dilidan “soʻrab berisharkan-da” degan gap oʻtdi. Birini aytish – tanlash odob doirasidan tashqari, deb oʻyladi u.

– Baribir… unaqa ovoragarchilikning hojati yoʻq. – Yigitning ovozidan uning tortinayotgani, soʻzlari uncha yopishmayotgani anglashilardi.

Opa pastda uning ishorasini kutayotgan Fazilatga choy va qahva buyurdi. Beknazar bittasini aytsam boʻlarkan deb oʻngʻaysizlanib, bir qimirlab qoʻydi. Gapni kim boshlashi maʼqulligini mushohada qilib oʻtirgan edi, opa joniga ora kirdi.

– Xoʻsh, mehmon uka, qayerlardan soʻraymiz? Bu shaharga qanday kelib qoldingiz?

Opa suhbatni qovushtirish uchun Beknazarga oʻngʻay savol berdi. Albatta, Fazilat onasiga “tanishi” haqidagi ayrim maʼlumotlarni yetkazib ulgurgan boʻlishi kerak.

Beknazar koʻrgan-kechirganlarini qisqa gapirib berdi. Soʻng bir ehtiyotsizlikka yoʻl qoʻyganini fahmlab qolib, oʻzini koyiy boshladi: Eh, xomkalla! Axir qochoqligi, yurtdan quvilgan jabrdiydaligini ayon etish bilan oʻz niyat-maqsadi yoʻliga xitoy devoriga teng gʻov-toʻsiq qoʻydi-ku! Ona: “Bu uysiz bedana Fazilatni qayerlarda sarson-sargardon qilib olib yurmoqchiykin”, deb oʻylamaydimi?! Shuningdek, u oʻzi sezmagan holda jiddiylashib, soʻzlari qatidan iztirob va alamzadalik, kimlargadir nisbatan qahr uchqunlari sachrar edi. U oʻzini sipo, malolsiz va nekbin tutishi lozimligini unutib qoʻyayotganidan ichida oʻkinib, gapning paynovini oʻzi tomonga burishga urindi.

– Aslida, uncha vahimali voqeamas ediyu, otamga hech tushuntirolmadik. Sutdan ogʻzi kuygan odam qatiqni ham puflab ichganday, bobomiz qamoq zaxini hidlab chiqqani uchun bezillab, meni qoʻyarda-qoʻymay, uydan chiqarib yubordi. Hech boʻlmasa uch-toʻrt oy aylanib, ilojini qilsang, Makkatillodagi amakingni koʻrib kel, deb tayinladi. Menimcha u mashmashalar allaqachon tinchib ketgan boʻlishi kerak. Qashqardaligimda uydan xat olganman, unda hammasi joyida, sen, xudo nasib qilsa, haj ziyoratini oʻtab, amakingni koʻrib kelaver deyishgandi. – Beknazar gapimni qanday qabul qilyaptiykin, degan maʼnoda ora-chura opaga qarab-qarab qoʻyar, lekin uning yuzida hech qanday oʻzgarish yuz bermaganini koʻrib davom etardi. – Bundan yigirma yillar burun, dindorlar taʼqib qilina boshlanganda maʼraka-marosimlarga borib yurgan bir amakim, oʻzidan hadiksirab, Arabistonga joʻnavorgan ekan. Taqdir-nasibmi, oʻsha yoqda qolib ketgan. U qoʻrqdimi, xijolat boʻldimi yo borgan joyi maʼqul tushib qoldimi, haytovur qaytmadi, keyin, bola-chaqali boʻlib, yukiyam ogʻirlashdi nazarimda… – Beknazar gap orasida pastda bir narsalar koʻtarib u yoqdan-bu yoqqa oʻtib yurgan Fazilatga panjara oraligʻidan bot-bot qarab qoʻyar, lekin qiz oʻzini atayin beparvo tutayotganday, boloxonaga nazar tashlamasdi. Yigit ichida ranjidi. Koʻngil qurgʻur nimalarni xohlamaydi-ya, axir boʻy yetgan qiz kechagina tanishgan va uyiga birinchi marta qadami tegib turgan, oftobda qatiq ichishmagan kap-katta erkak bilan onasining oldida koʻz urishtirish oʻynasinmi? Unga tabassumlar hadya etib, boʻshashmang deganday imo-ishoralar qilsinmi? Domangirlik ham evi bilan-da.

Opa Beknazarga ham, uning amakisiga ham achinish bildirdi, oʻzlarining ham shular qatori ekanini aytib, tasalli berdi.

– Boshqa yurt odamlari har qancha yaxshi, mehribon boʻlishmasin, baribir oʻzimiznikiga oʻxshamas ekan. Oʻzimiznikilarning ancha-muncha achchiq-tirsigʻiyam oʻtmasidi, begonaning sal gʻalatiroq, qattiqroq gapi taʼnaday, kamsitganday tuyulaveradi, oʻzingiz ham ularga botadigan, jahlini chiqaradigan gap gapirib qoʻymadimmikin, deb xijolat boʻlib turasiz. Eng yomoni, biz Fazilatning otasini tuproqqa berib, aro yoʻlda qoldik, endi qismatimiz nima kechishiniyam bilmaymiz. – U kipriklariga sizgan tomchilarni roʻmolining uchi bilan artdi. Garchi, birinchi muloqotni obidiyda bilan boshlamoq, notanish, nosinashta mehmonga dardu hasratini dasturxon qilib yozmoq nojoiz, noqulay esa-da, Sharifa opa, harqalay, ayol kishi edi. Bu koʻrgiliklarni baland kayfiyatda insho etib ham boʻlmasligini Beknazar yaxshi bilardi. Binobarin, ikki hamyurt, ikki millatdosh, ikki musofirning mushtarak taqdirlari haqidagi hikoyalari ularni bir-biriga ruhan yaqinlashtirdi, ikkisining ham qalblari bir qorongʻilashib, yana yorishdi, oradagi yotsirash, istihola pardalari koʻtarilib, bir-birovining yuziga xuddi avvaliy yaqinlar kabi dadil qaray boshladilar. Birdan Beknazarning miyasiga “Fursatni boy berma” degan gap kelib, ohista oʻsmoqchiladi.

– Birga-birga yurtga qaytmaymizmi, opa?

Sharifa opa qoʻl siltadi.

– E, ukajon, yurtga qanday qaytamiz? Siz-ku, erkak kishisiz, qolaversa, oʻz uyingiz bor, biz ayollar urugʻ-aymogʻimizdan, bor-budimizdan ayrilib chiqib ketganmiz, endi nima deb boramiz, qayga, kimnikiga sigʻamiz?

– Unaqa demang, opa, qarindoshlar bordir, boʻlmasa, mana, bizning hovlilar keng, keyin xudo bir yoʻlga boshlar, – dadillandi yigit.

Opa miyigʻida kuldi.

– Oʻzingizniki yetarli-ku, yana ikkita darbadar-vatangadoning dardi-tashvishini qanday koʻtarasiz, uka?

Fazilat ixchamgina yaltiroq patnischada ikki stakan choy va bir finjonda qahva olib chiqib, xontaxtaga qoʻydi. Opa stakanlardan birini oʻziga oldi-da, patnisni yigit tomonga surdi. Beknazar Turkiyada choyni katta choynaklardan quyib ichmasliklariga ajablanmay qoʻygan edi. U oʻzini nihoyatda sipo tutayotgan qizning ortidan zimdan kuzatib qolarkan, qirrali stakandagi qop-qora choyga bir qaradiyu, quloqli oq chinni finjonga qoʻl uzatdi.

– Qizi tushmagur choyni oʻtkir damlab yuboribdimi?

– Yoʻq, yaxshi, – dedi yigit qahvadan asta hoʻplarkan. U opaning sezgirligiga qoyil qoldi.

– Shirinliklardan tating, esim qursin, gapga tushib ketib… – dedi ayol xijolat boʻlib.

– Rahmat, rahmat, hozirgina nonushta qiluvdim, – qoʻlini koʻksiga qoʻydi mehmon.

Beknazar hali jiddiy mavzuda soʻz ochib qoʻydi, endi ahdidan, gapidan qaytishni xohlamas, qayta olmasdi ham.

– Jon salomat boʻlsa, bir iloji topiladi. Sizlarni men koʻtarib yurarmidim, yer koʻtaradi. Boʻlmasa, bir oila boʻlvolamiz… – U soʻnggi gapni aytishga aytdi-yu, tilini tishladi. Oʻzida bu jurʼat qanday tugʻyon urganiga hayron edi. Chakki ketdi-yov. Tomdan tushgan tarashaday eshitiladigan bu taklif opaga qanday taʼsir qildiykin? Beknazar yer ostidan unga qaradi, lekin ayol eʼtibor bermadimi, yo shunchaki aytdi-qoʻydi-da, deb jiddiy qabul qilmadimi, har holda yuz-koʻzida bir oʻzgarish sezilmadi, munosabat ham bildirmadi. Biroq yigit nima boʻlsa-da, gapni aylantirishni maʼqul koʻrdi. – Sizlar ham bu yerda qachongacha yurasizlar, axir bir kun qaytishinglar bor-ku?

– Endi qaytishimiz dargumonga oʻxshaydi. Akangizni shu yerga qoʻydik, biz ketsak, undan kim xabar oladi, kim is-chiroq qoʻyadi?

Mulohazaning umumiy mazmuni tushkunroq, noxushroq boʻlsa-da, “akangiz” degan ibora mezbonning Beknazarni oʻzlariga beixtiyor yaqin ola boshlaganidan dalolat edi. (Umuman, ayol zoti pinhoniy ragʻbati, raʼyini qanday oshkor etib qoʻyganini oʻzi ham payqamay qoladi). Bu hol shamolda titrab turgan yaproqdagi yashash ilinjidek, bir ogʻiz iliq soʻzga mahtal suhbatdoshda umid paydo etdi. Shuningdek, vaj-dalilning xulosa, taʼkid ohangida emas, muhokama tarzida oʻrtaga tashlashi ham opada yon berishga xohish yoʻq emasligini anglatardi. Bunday paytda eng muhimi, jilovni mahkam tutish.

– Menimcha, agar yurtga qaytsalaringiz, akamizning arvohi qaytaga xotirjam boʻladi, – dedi Beknazar “raqib sustlashganda bor gʻayratni ishga sol” shioriga binoan yanada tetiklanib. – Qabrda odamning faqat ustuxoni qoladi, ruhi osmonga uchib ketadi-ku, ruhlar har yerda hozir, degan naql bor, demak, sizlar qayerda boʻlsangiz, akamizning ruhi oʻsha yerda, atrofingizda yuradi.

Aslida bu Sharifa opaning ham dilidagi gaplar edi, lekin…

– Tilda shunday deganingiz bilan, – opa panjalari uchi bilan koʻksi oʻrtasiga ohista dukillatib ura boshladi, – mana bu yer unamaydi-da. Qolovursa, hali yurtimizda siyosat oʻzgargani yoʻgʻu, mana, oʻzingiz ham… – Bu boyagi ehtiyotsizlikning “tovoni” edi. Odamning ongida koʻpincha dastlab eshitilgan fikr qoladi, keyin uni koʻchirib yuborish qiyin, ammo xato yo oʻziga ziyon keltiradigan tushunchani oʻzgalar xotirasi, tasavvuridan oʻchirib tashlash ilojini qidirish lozim.

– Meni bu yoqlarda yurishim, hali aytganimday, keksa otamning andishasi natijasi xolos. Endi oʻylasam, shu bahona bilan meni akasidan xabar olib kelishga yuborganga oʻxshaydi. – Beknazarning taxminiga asoslar ham yoʻq emas edi. – Enamiz rahmatli otamga “Katta farzandimiz faqat akang boʻlgani uchun bechora seni doim koʻtarib yurardi, beshigingniyam men bilan tengma-teng tebratgan, senda uning haqqi koʻp, u bilan bir iloj qilib xabarlashib turgin”, deb yigʻlar ekan. Enamiz oʻtganini kimdandir eshitgan amakimning aqalli onasining qabri boshiga chiqib duo oʻqishga ham yaramaganidan oʻkinib, yozigʻidan oʻpkalab, yuraklari ezilib-ezilib yozgan xati bizga yarim yildan keyin yetib kelgan. Bizni davlatimiz bilan boshqa mamlakatlar oʻrtasida xat-xabar aloqasi ham shunaqa-da. – Beknazar chalgʻib ketganini fahmlab, uzr aytdi. – Ortiqcha gaplar bilan boshingizni qotiryapmanmi? Men boʻlak narsani aytmoqchiydim. Bizda hukumat, siyosat asosan erkaklardan xavotirlanib, ular bilan olishadi, viloyatimizda bironta ayol qamalgani yo surgun qilinganini eshitmaganman. – U nimanidir eslamoqchi boʻlganday, bir lahza jimib, keyin qoʻshimchaladi. – Yoʻq, agar baribir vatanga qaytishga koʻnglingiz boʻlmasa, unda vatanga yaqinroq Qashqarga borish mumkin. U shaharda tanish, panohiga oladigan yaxshi odamlar bor.

– Bandaning panohiga olgani nima boʻlardi, xudo panohiga olsin, uka. Ha, mayli, buyam bir gap-da. Siz otangizning aytganlarini bajarib, Makkaga boring, amakini toping, hajni oʻtang. Hamma narsayam vaqtida farz. Biz ham Fazilatning otasi bilan hajni koʻnglimizga tugib yurardik, ana, mana deb, yillarni oʻtkazdik, sarmoyani koʻpaytirib olaylik deb hali u shaharga, hali bu davlatga ketaverdi, ketaverdi… Endi oʻylasam, rahmatli umrining qisqaligini sezib, bizga pul gʻamlash harakatiga tushib qolgan shekilli. Demoqchimanki, niyatniyam imkon, sharoit borida amalga oshirib olish kerak ekan.

– Unda hammamiz avval Arabistonga boraylik, – dedi Beknazar yana bir bahona tugʻilib qolganidan suyunib.

– Mayli, bu haqda keyin yana gaplasharmiz, – dedi opa yigitning gapini boʻlib. Shundagina Beknazar masalaga chuqur kirib ketganini angladi. Birinchi safar kelishidayoq shuncha xotirjam oʻtirgani va oʻzini erkin qoʻyib yuborganidan xijolat chekdi, turishga shaylanib, opadan ijozat soʻradi.

Fazilat u bilan zinapoya oldida “yaxshi boring” deb xayrlashib qoldi. Beknazar unga maʼnoli qarab: “Qahva juda mazali boʻpti”, – dedi.

Opa uni darvozagacha kuzatib qoʻydi.

 

IX

 

Ertalab yuzini yuvgach, Beknazar binoning qarshi tarafidagi devor bilan tutash, faqat ustigina yopiq ayvon ostida daladagi qoʻriqchiday soʻppayib turgan katta, rux samovar tomon yurdi. Uning biron narsa yegisi yoʻq ediyu, chanqagandi. Xizmatchiga – kap-katta odamga ish buyurgisi kelmadi. Qolaversa, nima yumush bilandir band boʻlishi kerak edi. Kun botishdagi ayvonga taxlab qoʻyilgan sarjindan olib kelib oʻt qaladi. Oʻtin hadeganda alanga olavermadi. Koʻzlari achishdi. Boshini bir tomonga engashtirib, tagdan jon-jahdi bilan puflay ketdi. Oʻtin u bilan oʻchakishganday, yiltillab-yiltillab, mayda uchqunlar sachratardiyu, yona qolmasdi. Kul toʻzib, ustiga yopirildi, ohorli koʻylak ham rasvo boʻldi deb gʻijindi. Hoʻl oʻtin uning kuchini pisand qilmayotgandi. Ha, oʻtinni yorishga kuch yo aql kerak, uni yondirish uchun esa qalovini topish zarur. Qalovini topsang, qor ham yonadi deyishadi-ya. Demak, bari ish qalovda. Faqat oʻt yoqishninggina emas, boshqa har qanday tadbir, muammoning ham qalovini topish kerak… Yigit tutantiriq uchun ayvondan quruq qiyrachaklarni[26] terib keldi-da, samovar ostidagi qoʻpol oʻtinlarni chiqarib tashladi. Avval maydalarni X shaklida chalishtirib terdi, ustidan yirikroq tarashalarni qoʻydi, keyin olovning tagini – koʻzini ochdi-da, bir parcha qogʻozni yondirib suqdi. Oʻtin chisir-chisir qilib tutasha boshladi. Yolqinning yupqa tillari ilon kabi oʻrmalab, lapanglab oʻtinlar orasiga kirib ketardi. Birpasdan soʻng alanga katta, qattiq oʻtinlarning ham yonini yalab yalligʻlantirdi – olov rosmana yondi – oʻt yoqishning qalovi ana shu edi, Beknazar buni bolaligidan bilardi, faqat ancha yillardan beri oʻchoq yoniga bormagandi, qolaversa, nafasi kuchiga ishongan, puflab oʻt oldirib yuboraman deb oʻylovdi. Lekin koʻngilga oʻt yoqishning qalovini yaxshi bilmasdi, “uni ham izlayman, albatta topaman…” – soʻzlandi u. Toʻgʻri, bu ishga bir vaqtlar ham urinib koʻrgan, ammo topolmagandi. Chunki… unda gʻoʻr edi.

Mana endi, shuncha olis, mutlaqo begona bir shaharda shunday bir dardi bedavoga mubtalo boʻlib, boshi qotib oʻtiribdi. Qatiqni puflab ichib yurgan yigit bugun qaynoq sutniyam kosasi bilan simirishga tayyor. Qashqarda shunday ajoyib hoji togʻaning erkasi Xongulning miqti jussasiga, uning yetilib kelayotgan qizlarga xos xatti-harakatlari, gap-soʻzlariga eʼtibor bermagan, chunki uning biron joyda biron kimsaga ilashib qolish niyati aslo yoʻq edi, axir u qayoqqa joʻnab, qayerda toʻxtashi nomaʼlum bir sayyoh, toʻgʻrirogʻi, uyi yoʻq bir bedana boʻlsa… Oʻzining sargardonligi yetib ortadi-ku, yana bir bechorani yurtma-yurt, shaharma-shahar tentiratib yurishi aqlga sigʻadigan ishmi?.. Ha, u bir begunohning uvoliga qolishdan qoʻrqardi, shu bilan birga choʻntagining sayozligini ham yaxshi bilardi.

U qayerdadir “Oʻn sakkiz yoshga yetib olsang bas, u yogʻiga oʻzingni oʻzing boshqaradigan boʻlib qolasan”, degan gapni oʻqigan yo eshitgan edi. Demak, u falsafa emas, havoyi faraz ekan, bandai notavon oʻziga oʻzi itoat qilolmay qolishi, umr yoʻlida uning oʻziga bogʻliq boʻlmagan, u kutmagan, hayotini butkul oʻzgartirib, har qanday ahdi, soʻzidan qaytishga majbur etadigan voqea-hodisalar har qadamda, har lahzada yuz berishi mumkin ekan.

Qudratli oqim boʻlmish hayot toʻlqinlari odamlarning nafsi, ehtiroslari, hatto, eʼtiqodidan ham kuchliroq, qaysarroq, ayovsizroq, beshafqatroq. Bani bashar bu oqim uchun bir xasday gap, uni xohlasa chirpirak qilib aylantirib oʻynab, xohlasa girdobiga tortib, xohlasa qay bir sohilgami yo oʻrtadagi toshloqqami itqitib, soʻng unga bir bora achinish bilan nazar ham tashlab qoʻymay, oʻz yoʻlida davom etaveradi.

Inson biron jiddiy muammoga duch kelib, uning yechimiga ojiz qolsa, bir necha koʻylakni ortiq yirtgan moʻtabarroq odamning maslahatiga muhtojlik sezadi, nazarida oʻsha tajribagoʻy jumboqning zulfinini yechib, eng toʻgʻri yoʻlni koʻrsatib beradiganday, uning tavsiyasiga koʻra ish tutsa, mushkuli oson, murodi hosil boʻladiganday tuyula boshlaydi. Lekin qani oʻsha xizrnamo xaloskor?..

Beknazar Fazilat xabar olib turadigan Hoji otani esladi. U burchakdagi xonadan har zamonda eski kalishini sudrab chiqib, hovli yoʻlaklarida, birov bilan gaplashmay, tasbeh tutgan qoʻllarini orqasiga qovushtirib, yerga qaraganicha, bahor oftobi lohas qilgan mushuk singari erinchoqlik bilan bir oz aylanib, yana indamay hujrasiga kirib ketadigan ixchamgina jussali kishi edi. Yigitning koʻngli kim bilandir dardlashishni yo loaqal shunchaki gaplashib, oʻzini sal chalgʻitishni tilardi.

U takya xojasidan choynak soʻrab koʻk choyni achchiq damladi-da, bir juft piyola ham olib, oʻsha moʻysafidning kulbai xosi tomon yurdi. Hoji otaga tashqarida ikki-uch bora duch kelgan xolos, Javdar ogʻadan mushtipar otaxonning nimaga, qachondan beri bu takyada goʻshanishin oʻtirishi sababini soʻragan, lekin aniq javob eshitmagan, faqat birov bilan koʻpam osh-qatiq boʻlavermasligini taxminlagan edi. U salom berib kirganida qariya choʻk tushganicha, moʻjazgina xontaxta ustidagi lavhga qoʻyilgan qandaydir kitobni pichirlab oʻqish bilan mashgʻul edi. Boshini xiyol koʻtardi-yu, mutolaada davom etaverdi. Beknazar yana “Assalomu alaykum, ota” dedi. Chol kumushrang gardishli, tutqichlari oʻrniga ip tortilgan koʻzoynagi ustidan ostonada qoʻl qovushtirgancha choynak koʻtarib turgan norgʻil yigitga ajablanib alik olarkan, lavh yonidagi xatchoʻpni paypaslab topib, kitob ichiga soldi, uni yopib, oʻrnidan buralib-suralib turdi-da, quchogʻini ochdi. Soʻng enkaygan koʻyi takror-takror “Keling, keling, xush kepsiz” deb gʻoʻldiraganicha, ostidagi ikki qat yupqa koʻrpachaning bir qavatini yonboshiga, oʻzidan yuqori tarafga tortib, mehmonni oʻtirishga taklif etdi. Beknazar shundoq poygakka, roʻparada choʻkkaladi. Otaxonning qistovlariga ikki qoʻlini koʻksiga qoʻyib, xijolat boʻlmang, yaxshi oʻrnashdim, deb unamadi. Soʻng u bilan hol-ahvol soʻrasharkan, atrofga birrov nazar tashladi. Xona torgina edi. Takya ayvoniga qaragan, toʻrtta oʻrtacha koʻzdan iborat deraza tokchasida shishasining uch qismi qorayib ketgan lampa (maʼlum boʻlishicha, elektr chiroqni kechalari oʻrnidan turib oʻchirib-yoqishni daxmaza deb bilarkan), mushtdekkina sopol choynak va bir piyola, bir yon devor tokchada tartibsizroq qalashib yotgan bir necha semiz-yupqa, uzun-qisqa kitob, mezbon tagidagi bir toʻshak, bir yostiq – bor bisot shundan iborat edi. Eshik biqinidagi devorga qoqilgan mixda cholning boʻyiga mos kaltagina paxtalik qavima toʻn, uning ustida koʻk satin joynamoz, ikkinchi tomondagi mixda esa yoʻl-yoʻl alak dasturxon va sariq sochiq iligʻlik edi.

Hoji otaning boshida qora baxmal doʻppi, egnida boʻgʻma yoqali uzun surrang koʻylak, yuzi jussasiga mutanosib – ixcham, dumaloq, qorasi kam qolgan soch-soqoli kuzalmagan boʻlishiga qaramay, istarali, lekin qarashlarida umidsizlik yo qarilikka tobelikka oʻxshash chuchmal bir ifoda zohir edi.

– Norgʻuladan tortadilarmi? – soʻradi chol.

Beknazar angrayib unga qaradi.

Moʻysafid boshini yarim oʻgirgan holda oʻzidan sal naridagi koʻzasimon, “qorni”dan chiqqan arqonsifat shlang yonida chuvalashib yotgan narsaga – chilimga ishora qildi. Shundagina Beknazar oʻzining ana shu gʻaroyib matohga beixtiyor tikilib qolganini payqadi.

Uning yodiga qishloqlaridagi Yetti hovli mahallasi chekkasida, taxminan mana shu otaxonnikicha hujrada yolgʻiz oʻzi kun kechiradigan, saratonda ham ichiga poxol patak solingan, orqasi yirtiq kattakon kalish, yiltillab ketgan uzun qora toʻn kiyib, belini mahkam bogʻlab yuradigan qop-qora soqolli chuvakkina chol tushgan edi. Uni Xoʻja bangi deyishardi. Xoʻja ismimi yo laqabimi – Beknazar bilmasdi. U nos sotar, Beknazar otasiga nosga borganida koʻpincha poxol ustidan qizil yoʻlli eski, laxtak-luxtak sholcha toʻshalgan xona oʻrtasida ilon oʻynatuvchiday chordana qurgancha, “xur-xur”latib chilim tortib oʻtirgan boʻlardi. Oʻzlari tomonda boshqa bironta chilimkashni uchratmagan. Qashqarda, Azim hojining oʻgʻli bilan shahar aylangani chiqishganida bozordagi bir choyxona ayvonida davra qurib chilim chekib oʻtirganlarni, u zahri qotilni bir-biroviga xuddi tansiq taomni ilinganday yo noyob, nafis moʻjizani taqdim etishayotganday ehtiyotkorlik va tavoze bilan uzatishayotganini koʻrib, ogʻzi ochilib qoluvdi. Hozir Beknazar maxsus lavhga qoʻyib, astoydil kitob oʻqish bilan sassiq tutunni buruqsitib chilim tortmoqlikni bir-biriga uygʻun keltirolmay boshi qotardi. Xuddi dasturxonga asal bilan zahar yonma-yon qoʻyilganday. Uning nazdida umuman bangilar ilmu ziyodan, maʼrifatdan yiroq kaslar edi. Nahotki inson hayotida unisining ham, bunisining ham oʻrni boʻlsa? Yana, hoji odam…

– Oʻshanga toblari qalay deyman? – savol takrorlandi.

– Yoʻq, men chekmayman, ota, – dedi Beknazar mezbonning taklifini rad etayotganidan xijolat tortganday xiyol jilmayib.

– Chakki qilasiz, lekin, aslida toʻgʻri…

Beknazar savol alomati bilan cholga yuzlandi.

– Birpas boʻlsayam, dardingizni yengillashtiradi, gʻamingizni uzoqlashtiradi, lekin oʻrganib qolsangiz, xumorisi yomon.

Beknazar maʼqullab boshini likillatdi.

– Xoʻsh, keling, yigit. Anchadan beri shu yerdasiz, illo, durustroq gaplashmadik. Qayerdan boʻlasiz? Bu yoqlarga qaysi shamol uchirdi?

Beknazar oʻz qissasini qisqacha hikoya qilib berdi.

“Cholga vatandan soʻz ochmang” deb ogohlantirishgan edi, ammo yurtidan mosuvo boʻlgan ikki musofir suhbatida bundan oʻzga qanday mavzu boʻlishi mumkin? “Odamni sogʻinch qiynarkan, yaqinlaringizdan ayriliq dogʻi, darbadarlik yomon ekan”, dedi Beknazar soʻzi nihoyasida.

– Bu hali holvasi, – dedi hoji ota kaptar tuxumiday iyagini oldinga chiqarib chuqur soʻlish olarkan va mitti koʻzlarini bir lahza yumib, yana ochdi. – Har qanday yara bitadi, illo, vatan jarohati tuzalmaydi – uni koʻngil yigʻisidagi namak oʻyib, yangilab qoʻyaveradi, ichingiz tinmay yigʻlaydi – buni oʻzingiz ham har doim sezavermaysiz, bu kuydirgi oʻla-oʻlguncha azob beradi, yurak-bagʻringizni kundan-kunga nimtalab, ilviratib boraveradi, oxiri sizni adoi tamom qiladi. Yolgʻiz boʻlsangiz, oʻligim qaysi yot goʻrda qolarkin, keyin qabrimdan kim xabar olib, qaysi xesh-aqraboim meni eslarkin, kim haqqi-ruhimga ikki oyat qurʼon tilovat qilarkin, degan xavotir ichingizni kalamush kemirganday oʻyib tashlaydi. Siz hali yangisiz, yoshsiz, bunaqa tashvish miyangizni egovlamas ehtimol, siz bir aylanib ota makoningizga qaytarsiz, bu bemaqsad tentirab-dovdirashlar alami-achchigʻini koʻrmaganday ham boʻlib ketarsiz. Iloyim, shunday boʻlsin. Men benavochi, mana shu kulbada oʻlimimni kutib yotibman. – Moʻysafid birdan jimib qoldi, saldan soʻng boʻgʻiq hiqillagan tovush eshitildi. Uning jagʻini, torgina koʻksini qoplagan soqoli silkinar, hoji doʻppisining uzun popugi peshonasining oʻrtasida tebranardi.

Beknazar, rostdan ham oʻsha paytda bu yigʻiyu iztiroblar maʼnisini toʻla anglab yetmagandi, keyinchalik boyaqish qariyaning iyagi, soqoliga qoʻshilib bir siqimgina jussasi ham achinarli tarzda titrayotgan bolalarcha holatini koʻp esladi.

U Hoji otaning yoniga avvalo oʻzini chirmoviqday oʻrab olgan xayollaridan bir oz chalgʻish maqsadida kirgan, vaziyatga qarab boshiga tushgan savdoning bir uchini chiqarmoqchi edi. Moʻysafidning dardi ogʻirligini, unga hasrat xaltasini toʻkish azaga borgan kampirning oʻz zorini aytib yigʻlashiday oʻrinsizligini tuyib, fikridan qaytdi. Aksincha, bu vatan gadosiga taskin berish zarur edi. Lekin Hoji ota xoʻrsiniqsimon bir ovoz chiqardi-da, Beknazarning tasallisini ham kutmay, diydiyosini davom ettirdi.

– Turkistonda vatanimdan boshqa bir yaqinim qolgan-qolmaganini bilmayman, – dedi u yaktaksimon koʻylagining yon choʻntagidan oq durra olib, uning bir chekkasini koʻrsatkich barmogʻi uchiga oʻrab, hamon tiyilmagan koʻzyoshlarini artarkan. – Ehtimol vatan ham kaminani allaqachon unutib yuborgandir. Ota-onasining ogʻir kunida asqotmagan noqobil oʻgʻilga oʻxshagan vafosiz, oriyatsiz farzandni, boshqalarning oʻtda kuyayotganini koʻra-bila turib, ularga yordam qoʻlini choʻzish oʻrniga, oʻz jonini qutqazish maqsadida juftakni rostlab qolgan mardumning kimga nima keragi bor? Menga oʻxshagan yuzlab, minglab fuqarosidan ajralsayam vatanning bir moʻyi qimirlab qoʻymasligi mumkin, illo, kishining vatansiz kun koʻrmogʻi dushvor ekan. Sizning boshingizga hargiz bu kunlar tushmasin, allohga tavallo qiling, bolam, kechasiyu kunduzi vatanimga qaytar, deb tilang… – Hoji ota gapdan toʻxtab, boshini egdi-da, birdan yigʻi aralash xirgoyi qilishga tushdi.

Jahonda mendayin benavo bormikin,

Oʻlmayin jonidan mosuvo bormikin…

 

– Noumid boʻlmang, Hoji ota, – dedi Beknazar ovozi titrab, uning ham dili vayron boʻla boshlagan edi. – Yaratganga oson, bir nafasda dunyoni oʻzgartirib yuborishi hech gapmas. Inshollo, ota yurtingizni koʻrish nasib etar. Qarindoshlar ham bordir, hammasi tirqirab ketishmagandir.

– Tilingizga shakar, oʻgʻlim, lekin… – qariya yana hiqillay boshladi va bolishi ostini timirskilab mushtdan kattaroq eski, kir tugunchani ochib lavh yoniga qoʻydi-da, silab-silab, qoʻllarini koʻzlariga surta boshladi. – Meni vatanim mana, shu bir siqim tuproq… Qazoim qayerda yetsa, mana shu tuproq bilan birga koʻmishsa, uni lahadda koʻksimga bosib yotsam… Xudodan oʻtinchim, yorugʻ dunyodan bir ilinjim shu…

 

X

 

Beknazar battar yuragi siqilib, boʻshashib oʻz joyiga qaytdi. Kelib-kelib dardini shu odamga aytmoqchi boʻlibdi-ya. Hasratidan chiqqan tutun Istanbulni, be, Istanbul nimasi, butun olamni qoraytiraman deydi-ya.

Endi uning koʻzlaridan uyqu yanada uzoqlashgan edi. Argʻuvon butoqlari orasidan milt-milt qilayotgan besanoq yulduzlar ichidan Katta ayiqni, Oltin qoziqni, deyarli bir chiziqda joylashgan uchtalik yulduz turkumlarini elas-elas koʻrdi. Dunyo shu qadar keng (hali uning oyogʻi yetmagan qancha uzoq mamlakatlar bor) boʻlishiga qaramay, osmon juda torday tuyuldi. Oʻsha yulduzlar ularning hovlisi tepasida, hozirgi oʻrinlaridan salgina narida gohida ravshan, gohida xiragina nur taratib turardi. Demak, yulduzlar nihoyatda ulkanligi uchungina emas, doimiy, muqim makonlari borligi uchun hamma joydan koʻrinaversa kerak. Shundoq haddi-chegarasi yoʻq ochunda har bir odam tugʻilib oʻsgan maskanida yashashi zarur. Beknazarga hali vatan qadri uncha oʻtmaganga oʻxshardi, lekin ota-onasi, opa-singillari, yoru doʻstlarini koʻrgisi keldi.

Ogʻir-bosiq, mulohaza bilan ish koʻradigan, farzandlariga juda gʻamxoʻr otajonini oʻylab ketdi. Beknazar uylanmasidan ilgari koʻchadan kech qaytib, deraza yonidan qancha avaylanib, oyogʻining uchida yurib oʻtsa ham, hushyor va sezgir padari buzrukvori “Bek, keldingmi?” deyishini hech kanda qilmasdi. U paytda boshqa hech narsa demas, nonushta ustida “Kechqurun ja kech qaytdingmi?” deb soʻrab qoʻyardi. Ammo buyurgan vazifasini vaqtida bajarmasa yoki nimagadir undan oʻginib qolsa, bir-ikki kun ochilib gaplashmasdi. Shunda Beknazar xatosini oʻnglashga, biron maqtovli ishi bilan koʻnglidagi kuduratni koʻtarib yuborishga harakat qilardi.

Onasi bir oz talabchanroq va tezroq, oʻgʻillari yo qizi koʻchada uzoqroq qolib ketsa, yo ertalab kechroq tursa, yo bir yumushni orqaga sursa, darrov qisdi-basdiga ola boshlaydi. Beknazarga esa: “Ishongan farzandimiz sen-ku”, deb pisanda qilishni yoqtirardi. Minnat uchun emas, gʻururlanganidan, albatta. Lekin mehribonlikda unga teng keladigani yoʻq, juda ilinuvchan, biron toʻy-marakadan qaytganida uyda Beknazar boʻlmasa, unga savatidagi qand-qurs, pishiriqlardan, ayniqsa, u yaxshi koʻradigan qatlamadan olib qoʻyishni zinhor unutmasdi. Xullas, onaizorining unga alohida bino qoʻygani sezilib turar, Beknazar orqavorotdan “Shu oʻgʻlim oʻzimga tortgan” deganini eshitib suyunardi.

Keyin singlisini koʻz oldiga keltirdi – musichaday beozor, halim muomalasi, shirin zabonlik bilan odamning jahlini yozib, koʻnglini eritib yuboradigan, soʻzga chechan singlisini. Oʻqigan ertak, qissalarini shunaqa berilib, batafsil gapirib beradiki, eshitgan kishi oʻzi toʻqiyaptimikin deydi. U bolaligidan kitob jinnisi. “Yoriltosh”ni yod biladi, kim soʻrasa aytib yigʻlatadi. Beknazar koʻpincha mahalla qizlarini ogʻziga qaratib nimanidir hikoya qilayotganini koʻrardi. U sodda, ishonuvchan va taʼsirchan. Beknazar har xil oldi-qochdi gaplarni, quralay koʻzlarini katta-katta ochib, hayratlanib tinglashidan huzurlanardi. Olimlar yozishibdi, endi qizil qor yogʻarmish, bundan buyogʻiga odamlar sekin-asta maymunga aylanarmish, desa ham chippa-chin ishonib, xafa boʻlar va vahimaga tushib qolardi. Fazilatning baʼzi feʼllari – hazilkashligi, yoqimtoyligi unga oʻxshab ketadi. Boyaqish Rahima, Xolnazar akasidan koʻra, Beknazar bilan yaxshi chiqishardi, endi nima qilyaptiykin?..

Akasining feʼl-atvori sal gʻalatiroq: Beknazarni ukam deb ayashni bilmaydi. Bolaligida birontasi bilan mushtlashib qolsa, unga boʻlishish, yonini olish oʻrniga, “Kuching yetmasa, nimaga mushtlashasan?”, deb oʻziga pishang berardi. Akasining yana bir qiligʻidan ichi ogʻrir, lekin indayolmasdi. Ikkalasi tamaddi qilishayotganda Xolnazar non ushatib, yaxshi pishgan boʻlagini oʻzining oldiga, kuygan, burishgan qismlarini Beknazar tarafga qoʻyardi. Keyin otasi bilan onasining ukasiga nisbatan ayricharoq munosabatidan gʻashlanayotganga oʻxshardi. Mabodo onasi Beknazarni maqtasa, bepisandlik bilan eshitmaganga olar yo ijirgʻanib, labini burib oʻtirar yo ukasining qiliqlarini, masalan, qaysarligini aytib, uning bahosini pasaytirishga urinardi. Lekin Beknazar baribir hozir akasini koʻrgisi kelganini, uni sogʻinganini tuyib bir entikdi.

Uning koʻz oldidan yon qoʻshnilari bir-bir oʻta boshladi. Xotini yuzta gap taxlaganda ham nima deyapsan demay, yonboshlagancha pishillab yotaveradigan Maʼdi soʻltamat, saksondan oshib, beli bukchaysayam shudgordan chiqmaydigan Rajab buva, suvolgʻichini Beknazarlar tarafga sekin-sekin, kishi bilmas jildiraveradigan, ha desa, qachondir uy solayotganda qiblasini chiqarish uchun imoratining orqasida, yaʼni Beknazarlar hovlisida qolib ketgan bir suyam qiytiq yerni pisandalab xit qiladigan Nurqoʻzi (Beknazarlar uni Surqoʻzi deyishardi)… Ammo, ular baribir bolalikdan tanish, tashvishli kunda yugurib chiqishadigan, toʻy-toʻrkinda izzat yo xizmatdagi odamlar-da…

Xotinini oʻylab taʼbi tirriqlandi. Oʻzi boshdan koʻngli chopmovdi, nimaga rozilik berdiykin-a? Umuman, nega uylandi oʻzi? Agar hozir boʻydoq boʻlganida Fazilatga tik qarab, ochiq yuz bilan, hatto, Shohistani ham chetlab oʻtib, koʻz ochib yoqtirganim siz, deb dadil aytardi.

Lekin, musofirlikda eng yomoni yolgʻizlik ekan. Yurtma-yurt kezib yurgan darbadarda doʻst qayoqdan boʻlsin! Sariqul bilan ancha kelishib qolishuvdi, undan ham ajraldi. Iqbol, Muslim… Afsuski, ular olisda. Odam zerikkanda, yuragi siqilganda, quvonchini baham koʻrish yo biron maslahatga, tasalli-daldaga ehtiyoj sezganda doʻst zarurligi Beknazarga endi bilinyapti. Oʻsha, bolalik qadrdonlari bilan xayrlashmagani unga juda alam qilar, shuni eslasa har gal yuragini bir nima changakdek qisardi.

Qora kanda degan yerdan keladigan shirin, oynaday tiniq buloq suvlarining qadri oʻtmoqda edi. Yoʻllarda, suvsiz joylarda chanqab, tomogʻi qurigan paytlarda: “Qani endi ertaklardagi kabi koʻzingni bir yumsangu, oʻzingni ana shu ariq boʻyida koʻrsang”, deb koʻp orziqdi. Hozir ham u oʻsha obihayot ilinjida beixtiyor tamshanib, lablarini chapillatdi. Yo, tavba, arzimagan bir ish tufayli yetti uxlab tushiga kirmagan yurtlarda kezib yuribdiya. Endi bu yoqda boshini yangi savdolarga tiqib olgani ortiqcha. Bu bemavrid oshiqlikning oxiri nima bilan tugarkin? Ishqilib, baxayr boʻlsin-da. Hoji otaday kishi vatanim, yurtim deb yigʻlab yuribdi, bu esa… tinchgina oʻtirgan odamlarniyam halovatini buzib, ularning diliga gʻulgʻula solib, ish oshirib oʻtiribdi. Ha-da, oʻzing qochqin bir darbadarsanu, yaxshi koʻrishga balo bormi?! Yana, uylangan boʻlsang, bir bokira qizni boshini aylantirib, sullohlik qilyapsan. Fazilat xotining borligini bilsa, oʻlaqolsayam senga tegishga koʻnmas. Ishqilib, chuchvarani xom sanab qolmagin-da!.. Ha, qani, tong otsin-chi, ehtimol ertaga masala ancha oydinlashar. Fazilat bilan onasi rosa muhokama qilishsa kerak. Zora, bir joʻyali toʻxtamga kelishsa. Onaxonga insof bersin. Boshga tushganini koʻz koʻradi, agar rozichilik bildirishsa, qayda boʻlsayam ishlaydi. Bu yerda endi arra-teshasi ish berarmikin? Bularning tilini yaxshi tushunmasa… Mardikorchilikka ham jon derdi, Qashqarga yetib olgulik pul jamgʻarsa, bas. Endi hajga borishiyam gumon…

 

XI

 

Qorongʻida omad yo omadsizlik sohiliga olib oʻtishi nomaʼlum xilvat, vahimali koʻprikda ketayotganday, yuragini hovuchlab tong ottirdi va yana bir hayajonli kun subhidami bilan yuzlashdi. Yana yulduzlar xiralashgancha bir-bir soʻnib, osmon avval muz rangga, keyin oqish tusga, nihoyat niliy gumbazga aylandi. Fazo chindan yorqin edi, lekin afsuski, bu holatga qarab kunning davomini bashorat qilish qiyin, ehtimol tushga yaqin harorat koʻtarilib, havo dim boʻlar?

Beknazar betoqatlana boshladi. Taxminicha Fazilat tushgacha xabar berishi kerak, shungacha daragi boʻlmasa, unda oʻzi ularnikiga borishni diliga tukkan edi. Biroq, sabri uzoqqa chidaydiganga oʻxshamasdi. Aksiga olib, takyada Hoji otadan boʻlak kimsa yoʻq, bir aylanib kelay desa, yoʻgʻida Fazilat kirib qolishi mumkin. U oʻzini chalgʻitish, vaqt oʻtkazish uchun yana samovarga oʻt qaladi. Garchi koʻngli yegulik tilamasa-da, oqshom ham hech narsa tatimagani sababli oshqozoni tortishib zorlanmoqda edi. Bisotini kovladi – bir hovuch yongʻoq talqoni, mayiz, ozgina qalamcha qilib toʻgʻralgan qoq non bor ekan (bularni Sariqul qoldirib ketgan edi), naridan-beri tamaddilandi. Keyin yurdi, yotdi, turdi, aylandi, yana yonboshladi. Ikki koʻzi darvozada edi.

Nihoyat ostonada yuziga chorshaf tutib, tugun koʻtargan xotin kishi koʻrindi. Qaddi-qomati va eng asosiy belgisi – koʻk libosidan uning aynan oʻzi intizorlik bilan kutayotgani ekaniga zarracha shubha qilmagan Beknazar sapchib oʻrnidan turdi-da, istiqboliga shoshildi. Dastlab nigohi tushganida ilk koʻklamdagi sabza maysani eslatgan oʻsha chiroyli koʻylak bugun yashil olov kabi lovullardi. Beknazar ilgarilari ahamiyat bermaganmi, yashil kiyim ayol zotiga bu qadar yarashganini koʻrmagandi. Umuman u yashilning bunchalar yoqimli, jozibador rang ekanligini oʻylamagan ekan. Demak, yashillik parvardigor tomonidan bahor uchun bejiz tanlanmagan ekan, chunki u ranglar podshosi ekan, degan xulosaga keldi. Lekin Fazilatning qadam bosishi sustroq tuyuldi. Beknazar qizning qoʻlidan tugunni olib shundoq yerga qoʻydi-da, roʻmolini qayirmoqchi boʻldi.

– Hay-hay, nima qilyapsiz, nomahram kishi? – dedi Fazilat oʻzini bir yonga tortib.

– Yuzingizni oching, bir koʻray, – dedi hazildan jonlangan yigit qizning bilagidan tutib.

– Meni sharmanda qilmoqchimisiz? – Fazilat gapi ohangi dagʻalroq chiqqanini sezib bir lahza tindi va mayinroq tovushda qoʻshimcha qildi. – Koʻrgansiz-ku, oʻsha-da.

– Qoʻrqmang, takkada mendan boshqa mushuk ham yoʻq.

– Mushuk birpasda devordanmi, tomdanmi sakrab tushishi mumkin.

– Sakrab tushmaydi, uzoqqa haydab yuborganman.

Fazilat sal boʻshashdi.

– Xoʻp, yuzimni ochish uchun qoʻlimni boʻshatasizmi? – U gulgun jamolini pana qilib turgan qora harir chorshafni qayirib, boshiga tashladi. Beknazar qizning koʻzlariga astoydil tikilib, soʻroqqa chogʻlandi-yu, dilidagi gaplarning muhimrogʻini avval tilga chiqarishni afzal koʻrdi.

– Oʻsha deysiz-a…

– Voy, oʻzgarib qoptimi, nima qipti? – shosha-pisha soʻradi qiz yigitning soʻzini boʻlib.

– Yanayam chiroyli boʻp ketibdiyu…

– E-e, bu kishining topgan gapini…

Beknazar andak bachkanalashganini payqab, jiddiy tortdi.

– Xoʻp, onangiz meni toʻgʻrimda nima dedi?

– Yomon yigitga oʻxshamaydi, lekin odam olasi ichida dedi.

– Siz nima dedingiz?

– Hech narsa, – yelkasini qoqdi Fazilat. – Nima deyishim kerak edi?

– Sal maqtab qoʻymadingizmi?

– Maqtashga loyiq bir ish qildingizmi oʻzi?

Beknazarning tarang tortgan tomirlari yozilib yumshadi. Fazilat hazil-huzulga oʻtdiki, demak, vaziyat u qadar xavfli emas.

– Tezroq asosiy gapni aytib koʻnglimni tinchiting, goʻzalim.

– Hay-hay, maqtov ilinjida tillariga ortiqcha erk bervormayaptilarmi, afandim?

“Afandim” iborasini uning jigʻiga tegish uchun aytganini anglagan Beknazar boz dadillandi.

– Kechasi bilan oʻylab, sizni taʼriflashga bundan munosibroq soʻz topolmadim. Agar turklarda aʼloroq soʻz boʻlsa, oʻzingiz yordam bervoring, xonim afandim.

– Sizga meni maqtang deb iltimos qilmadim shekilli, bey afandim.

– Koʻnglingizga qanday yoʻl topishni bilmayapman-da.

– Qizlar xushomadga laqqa tushadi deb oʻylaysiz-da, a? Bu eski usul.

– Turkiyada shundaydir, bizda hali unchalik emas.

– Koʻcha koʻrganman, tajribam yetarli demoqchisiz-da…

Beknazarning yuragi “shigʻ” etdi. Nimaga shama qilyapti bu shayton qiz, biron narsaning isini payqamadimikin ishqilib… Yoʻgʻ-e, uning nomai aʼmolini qayerdan, kimdan ham eshitardi. Yo onasi oʻzicha tusmollab bir nimalar dedimikin?..

Har qalay, bu “nomai aʼmol”ni hozircha Fazilat bilmay turgani durust, lekin keyin meni aldabsiz deb qattiq ranjisa-chi? Ishonchimni poymol etdi deb oʻylasa-chi? Ha, yoʻq, u gaplarga hali uzoq, podadan oldin chang koʻtarishning nima keragi bor? Mavridi kelganda yotigʻi bilan tushuntirar. Axir u xotini bilan biron kun ham koʻngildan hamsuhbat boʻlgani yoʻq-ku, buni Rashidaning oʻziyam tasdiqlashi mumkin. Har holda, gapni chuvalashtirib oʻtirishning hojati yoʻq, degan fikrda edi Beknazar. Shu tariqa u sirlarning hammasini oshkor etmaslik bobida Fazilat oldidagi “qarz”idan uzildi. Albatta, ikkisi ham faqat yaxshi niyatda shundoq yoʻl tutishdi – tabiiyki, hamma ham oʻzi hurmat qilgan yo hali u qadar ishonchini qozonmagan kimsaga yoqimli, begʻubor koʻringisi keladi. Axir, tuyani yutib, dumini koʻrsatmasdan oʻtib ketadiganlar qancha! Umuman, xotini yo eri yoki boshqa bir yaqin kishisidan maxfiy tutgulik aʼmoli yoʻq kasning oʻzi bormikin bu yorugʻ jahonda? Beknazar shu birgina xijolatchiligini vaqtincha xufiya saqlab tursa zarar qilmas. Axir hadislarda ham oilaviy ishda oʻzaro murosa uchun yolgʻon gapirish mumkin deyilgan-ku.

– Boshqa yoqqa ketib qolyapsiz, Fazilat xonim, – dedi Beknazar oʻzini jiddiylikka olib.

– Nima toʻgʻrida soʻylashyatuvdik oʻzi?

– Asosiy gap…

– U nima gap edi?

– Onangizga aytgan takliflarim…

Qiz kulib yubordi. Uning kulgidan nurlanib, ichi yorishib ketgan koʻzlari shaffof yuzasi oy shuʼlasidan jivirlayotgan chashmani eslatar, unga qaragan nigohning tashnaligi ortardi.

– Esim qursin, asli men sizdan bir narsani bilgani keluvdim. Onam soʻra-chi, bugun joʻnaymizmikin yo ertagamikin deyatuvdi.

– U kishi yoʻlga chiqaveradigan boʻlgan, orqasidan yetib olishimizni tayinlagan demabsiz-da… Odamning ustidan bunaqa kulish yoʻq-da, goʻzal xonim afandim.

– Siz aytganday, bu soʻz bilan ham “afandi” uncha kelishmaydi.

– Yana gapni buryapsiz…

– Menmas, gapning oʻzi burilib ketsa, nima qilay.

– Sabrimni sinab koʻrmoqchi boʻlsangiz, buni boshqa safarga qoldirsak, avval mening hayotim uchun juda muhim narsani bilvolsak…

– Men uchun uncha muhim emasmi? – dedi Fazilat qosh chimirib.

– Mening hayotim deganda siznikiniyam nazarda tutyapman-da, yaxshi qiz.

– E, uzr, afandim, ikkalamizning hayotimiz qoʻshilib ketganidan gʻaflatda qopman.

Fazilat yana chorshafini apil-tapil pastga tortdi. Yopinchiq koʻtarilganda tuman chekinib, xira olam yorishib ketganday, tushirilsa, atrofni boz qorongʻilik chulgʻaganday tuyulardi Beknazarga. U uf tortdi.

– Chodrangiz odamni diqqinafas qilib yuborarkan.

– Sabrga oʻrganasiz, – dedi qiz ovozini pastlatib, – sabrga…

Darvozadan ikki qoʻlida xalta koʻtargan Javdar ogʻa bilan yarashimli engil va turkcha – toʻntarilgan paqirchasimon, jigarrang fas kiygan oʻrta boʻyli, oltmish yoshlardagi sinchkov nigohli kishi kirib kelganida ular hamon yoʻlak oʻrtasida “muzokara” qilishayotgan edi. Fazilat shoshib chetlandi. Garchi, chorshafda boʻlsa-da, Fazilat har nechuk endi bu yerda gʻalat tarzda turish nojoizligini tuyib, ohistagina “Sogʻ boʻling, ogʻa” dedi-da, tashqariga intildi. Beknazar tiqilinchda onasini yoʻqotib qoʻyishdan qoʻrqib izma-iz, qadamini shigʻab borayotgan bolakay kabi qiz ortidan loʻkilladi. Fazilat xuddi arazlagan nozli yor singari tobora ildamlardi. Beknazar sekin-sekin “Fazilat, Fazilat” deb chaqirar, yashindan qochayotganday orqa-oldiga qaramay chopayotgan qizning etaklari hilpirab, tovlanib borayotgan uzun yashil shoyi koʻylagi koʻziga chindan-da alangaga oʻxshab koʻrinar, yaqinlashsa, kuydiradiganday tuyulardi. U Fazilatga yetib olib, yelkasidan tutib toʻxtatishni moʻljallasa-da, katta koʻchadaliklarini oʻylab ikkilanardi. Lekin uzun oyoqlarini atayin mayda tashlab lapanglashi birovni poʻpisa uchun quvalayotganday kulgili koʻrinayotganidan bexabar edi.

Nihoyat, Fazilat keskin toʻxtab, orqasiga oʻgirildi.

– Nimaga halloslab kelyapsiz? Koʻrganlar nima deydi? Bu qiz anavi musofirning bir narsasini oʻgʻirlab qochibdi shekilli deb oʻylashmaydimi, Bek aka?!

– Oʻzingiz namuncha yugurasiz boʻlmasa?

– Haligi kishi – otamning ogʻaynisining tanishi.

– Nima qipti?

– Nima qipti deydi… Qayting, hali oʻzim kelaman. Yoʻq, yaxshisi, ertaga Sulton Ahmadda koʻrisha qolamiz… – Fazilat shunday deb yana shitob yurib ketdi.

Qiz “oq qorning tagiga…” desa ham Beknazar uchib borishga tayyor edi, faqat “ertaga” degan soʻz taʼbini xira qildi. Hoʻx-hoʻ, qachon kech kirib, qachon tong otadi. “Bugun-chi?” degan soʻroq boʻgʻzida qoldi – Fazilat sehrli malakday allaqachon koʻzdan gʻoyib boʻlgan edi. Yana, uchrashuvning vaqti-soati ham belgilanmadi. Aytmadimi, demak, shunaqa mahaldir-da, oʻyladi Beknazar.

Tarvuzi qoʻltigʻidan tushib, takyaga kirdi. Javdar ogʻa bilan “anovi” kimsa hovli toʻridagi chorpoyada gurunglashardi. Yarashiqsiz qiligʻidan, ayol kishining ortidan boʻtaloqday elchiganidan[27] endi xijolat tortdi va tez-tez yurib, hojatxonaga oʻtdi. U yerda uzoq oʻtirdi. “Shubhali” kishining daf boʻlishini kutib, oynali tuynukdan qarab qoʻyar, nazarida mehmon ham uni poylayotganday, shu yoqqa tez-tez nazar tashlardi. Toqati toq boʻlgan Beknazar shartta chiqdi-da, choʻnqaygancha koʻradagi suvda tahorat oldiyu, oq durrasiga artinganicha, hech qayoqqa qaramay, tashqariga shoshildi. Koʻchada Fazilatlar tarafga bir lahza qarab ikkilanib turgach, qarama-qarshi tomonga yurdi.

 

XII

 

Beknazar qaytib kelganida takya egalari koʻchib ketgan hovliday huvillab yotardi. Xizmatchi tagʻin qayoqqa gumdon boʻldiykin? Hoji ota ham yotib, kitob oʻqib zerikmaydigan alomat chol ekan-da… Hovlida koʻrinsa, birpas gaplashardi. Yana oldiga kirishga iymandi, uzoq vaqt yolgʻiz yashagan kishi odam yoqtirmaydigan boʻlib qoladi, deya koʻnglidan oʻtkazdi.

Boz kunni kechkirtirish gʻami tushdi. Sheriklaridan soʻng Beknazar oʻrin-koʻrpasini kunduzi ichkari xonaga koʻchirib, kechasi dam boʻlgani uchun yana tashqariga chiqib yotardi. Argʻuvon osti soʻlim va bahavo edi. Ayniqsa, tong-saharda shimol yoqdagi daraxtzordan taraladigan qushlar navosiga quloq tutib, oʻsha tarafdan esadigan Marmar dengizining namxush epkinidan siynasi yayrab, xayollarga berilish huzurli edi. Uning qadrdoniga aylangan, har kuni qariyb bir vaqtda argʻuvon shoxida paydo boʻladigan musichadan kattaroq bir qoraqush shoshilmay, ogʻir-bosiqlik bilan uzoq sayrardi. Parranda, garchi shundoq boshi tepasida, ovozi juda tiniq esa-da, negadir olis-olislarda kuylayotganday, xonishi qandaydir gʻam-anduhga qorishiqday mahzun eshitilardi. Nega u doim yolgʻiz yurarkin, jufti yoʻqmikin, deb oʻylardi Beknazar. Balki, tovushidagi mungning sababi shundandir… Bu hazin nolani tinglaganida negadir hovlilari orqasidan oʻtadigan, yalpiz atri anqib turadigan ariq boʻyida nozik kaftlari bilan zilol suvni sochib-oʻynab, tush aytayotganday shikastahol oʻtirgan singlisi koʻz oldiga kelardi. Boshini choyshabga burkadi, lekin bir necha daqiqadayoq nafasi qaytib toʻlgʻondi, yuzini ochib yubordi. Bir zumda uni zulmat qaʼriga tortib ketadigan uyqular qayoqqa ketdiykin-a?.. U chuqur xayollar girdobiga shoʻngʻidi. Endi u shu bebosh va betizgin asov toʻlqinlar orasida bir umr quloch otib yurmoqqa tayyor va qodirday his etardi oʻzini.

Beknazar Layli bilan Majnun, Farhodu Shirin toʻgʻrisidagi dostonlarni, sevishganlar haqidagi boʻlak kitoblarni oʻqiganda, “Tohir va Zuhra” kabi kinolarni koʻrganda muhabbatning sehriga, odamga gohida azob, gohida huzur-halovat bagʻishlashiga qoyil qolardi. Illo, bu gʻaroyib moʻjizaning shunchalar mastu mustamand, beorom va betoqat qilishini, sabrdangina emas, iroda, ixtiyordan ham begona aylashi mumkinligini oʻylamagan edi. Yana, muhabbat qissalarida (bunaqa, qissalar u paytlar hali uncha koʻpmas edi) xushtorning koʻkragini zaxga berib yotishi borasidagi gapni oʻqisa, “Yozuvchilar ham ja-a oshirvorishadi-da, koʻkragini zaxga berib oʻtiradimi, bir yoʻla oʻzini biron baland qoyadan qahramonlarcha tashlamaydimi”, derdi piching qilib. Mana, menam yaxshi koʻrganman, lekin oʻzimni tuta oldim-ku, yana men juda yosh edim. Mana, yuribman-ku, chidasa boʻlarkanu. Ha, endi, u kalondimogʻ mahvash koʻngil bermasa, etagiga osilib oladimi, erkaklik gʻururini poymol qilib… derdi gʻashi kelib. Endi bilyaptiki, bekorga “oshigʻu beqarorlik” deyilmas ekan, bu tuygʻu odamni, ayniqsa uning ichini, yuragini beomon qizita boshlaganida, bu kuchli harorat taftini pasaytirish chorasini topolmay qolar ekan.

 

* * *

Beknazar Andijondan Oʻshgacha olib kelgan aravakashni esladi. Uydan chiqib ketgan kuni u shaharning chekkarogʻidagi choyxonalarda amallab vaqt oʻtkazdi-da, Oʻshga qatnaydigan ulovlar bekatiga borib, ot aravaga oʻtirdi. Mashina yoʻq, koʻngli besaranjom, tezroq Andijondan jilib yuborishi zarur. Qorongʻida aravakashning yuzi uncha koʻrinmasdi, toʻgʻrirogʻi uni yaxshiroq koʻrib qoʻyish xayoliga ham kelmasdi. Har holda u kattaroq yoshdagi, oʻrta boʻyli, loʻli bashara, siyrak qora moʻylovli qotmagina kishi boʻlib, darveshlarni eslatardi. Qasmogʻi chiqqan toʻrt gulli doʻppini peshonasining bir tomoniga dol qoʻndirib (goʻyo oʻzicha chapaninamo qiyofaga kirib), girdidan chorsini chambarak qilib bogʻlagan edi.

Yoʻlga tushishganda uzoq-yaqindan itlarning uzun-kalta hurishi, qarisifat qirchangʻi biyaning har zamonda kalta pishqirib, yoʻtalib qoʻyishini, yogʻsiragan tegarchikning gʻichirlashini hisobga olmaganda tun ancha osoyishta, xiyla ichkaridagi qishloq hovlilarida miltillagan chiroq shuʼlalari elas-elas koʻzga tashlanardi.

Beknazarning koʻzlaridan asli uyqu yiroq boʻlsa-da, boshqa yoʻlovchilar qatori oʻzini mudraganga solib, tebranib ketardi. Bir payt qulogʻiga gʻalati bir xonish kirdi. Tinglab, bu kutilmagan “hofiz” aravakash ekanligini bilgach, yana qimtinib oldi. Avvaliga ashula mazmuniga uncha eʼtibor bermadi, u hamon dardi-tashvishi bilan andarmon edi. Shikasta nola yuragini chimillatayotganini payqagach, hamma narsani unutib, yanada astoydil tinglay boshladi. Qoʻshiq hech tugamasdi. Yoʻlning chaqir toshli joylarida gʻildirak gʻitir-gʻitir qilib, xonishning avjini buzardi, xolos (sirasini aytganda qoʻshiqning avji ham yoʻq edi), boshqa mahal nagʻma bir maromda davom etardi. Beknazar bir xil soʻzlar qayta-qayta takrorlanayotganini angladi. Shundan soʻng “na-na-nay”simon xonishdan zerikib, yuragi qisildi. Aravada undan tashqari uch-toʻrt katta-kichik yoʻlovchi (oralarida erkak toʻn yopinib, gʻujanak boʻlib oʻtirgan qizmi, ayolmi ham) bor edi, ammo hech kim miq etmas, hamma qoʻnishganicha aravaning siltashiga hamohang silkinib borardi.

– Bundan boshqa ashula yoʻqmi, togʻa, bir xil plastinkangiz odamni ja-a ezvordi-yu, – dedi oxiri Beknazar chidamay, “pauza”ni poylab turib.

– Bu yorugʻ dunyoda asil qoʻshiqning oʻzi shu, ukam, – dedi kirakash izzat-nafsi ogʻriganday. Biroq bu “ogʻriq” tezda oʻtib ketdi shekilli, bir oz jim ketgach, endi yana ham astaroq gʻingʻirlashga tushdi.

Xullas, oʻshanda Beknazarning xiyla ensasi qotgan, lekin “Kimning aravasiga tushsang, oʻshaning ashulasini aytasan” (“eshitasan” deyish kerak ekan degandi u ichida) maqolini eslab, tishini tishiga qoʻyib kelgan.

Qayta-qayta eshitaverganidan mugʻanniyning nolai afgʻoni xotirasining qat-qatiga oʻrnashib qolgan ekan, oradan shuncha vaqt oʻtgan boʻlsa-da, xirgoyining soʻzlari xayoliga marjonday tizilib kela boshladi. Qoʻshiq matni aslida bor-yoʻgʻi oʻn qatorgina edi.

 

Bu dunyo notugaldir,

Taqdir ipi chigaldir.

Chigallikning chorasi

Qalamqosh bir goʻzaldir.

 

Goʻzallarda vafo yoʻq,

Chin oshiqqa safo yoʻq.

Bu koʻp koʻhna masaldir –

Umr yoʻqki, jafo yoʻq.

 

Ishq dardiga davo yoʻq,

Bundan oʻzga navo yoʻq.

 

Qoʻshiq maʼnosini Beknazar endi toʻlaroq anglab yetdi. Lekin oʻshanda aravakashning nega boshqa ashulalarni puchakka chiqarganini mushohada ham qilib oʻtirmagandi. Ha, aslida u shunchaki ishq nagʻmasi emas, haqiqiy oshiq nolasi, kuygan koʻngil ohi-zori ekan. Bechora devona, shoʻriga shoʻrva toʻkilgan darvesh!.. U ham boshidan koʻp mushkul sinoatlarni kechirgan shekilli-da. Bu ishq balosi podshohdan ham istihola qilmaganiday, notavon gʻarib rahmini yeb oʻtirmaydigan savdo ekan.

Ana shunday xayollar u yoqdan-bu yoqqa shafqatsizlik bilan otayotgan pallalarda Beknazar Fazilatlarnikida aynan oʻsha mavzuda munozara borayotganidan bexabar edi.

 

XIII

 

Takyada savdogar togʻaning tanishini koʻrishi bilan qizning koʻngliga hech kutilmagan qoʻrquv, vahima tushdi. Otasi vafotidan keyin soʻna boshlagan yurtni koʻrish istagi Beknazarni uchratgach, qishdan chiqib jonlangan darranda kabi yana gʻimirlab, tinchi buzilgan edi. Bungacha u oʻzi sezmagan, oʻylamagan holda taqdirga tan bera boshlagan, bepoyon dengizda moʻljalni yoʻqotib, oʻzini oʻlik oqim ixtiyoriga topshirgan qayiqchi singari, umrining davomi qanday kechishini deyarli oʻylamay qoʻygan edi. Avvaliga u Beknazarning niyati, oh-vohlarini ham shunchaki oʻtkinchi havas, orqa-keti oʻylanmay aytilayotgan puch vaʼdalar emasmikin deb xayolladi. Yigit rejalarining roʻyobga chiqmogʻi mushkulday, umuman iloji yoʻqday tuyular, qolaversa, uzundan-uzoq, yurtma-yurt kezilgan yoʻllar, qiyinchiliklarni, ayniqsa, Jayxun daryosidan oʻtishdagi xavfu xatarni oʻylasa vahimaga tushib bezillar, bir qarorga kela olmasdi. Onasining bir kuni: “Otangning anovi ogʻaynisi Zaynulla afandi seni oʻgʻliga moʻljallayapti chogʻi, soʻzlaridan sal sezib qoldim”, degandan keyin Fazilat ham oʻzicha savdogar togʻaning koʻz ostidan bunga sinchkov nazar tashlashlari, uning arzandasi Ziynatbekning esa gʻalatiroq, qiz bolaning yuragini jigʻillatib, hadiklantiradigan qarashlari magʻzini chaqqan (uning oldida chorshaf yopinmasdi), lekin bu borada qayta gap qoʻzgʻalmagani uchun gumonni unutib ham yuboruvdi. Boyagi odamni koʻrdi-yu, negadir oʻsha gap yodiga tushdi. Agar otasi ham, oʻgʻli ham rostdan shu niyatda boʻlsa, ular raʼyini qaytarish qiyin… Unda ilalabad shu yerda qolib ketishlari aniq.

Shaharning Fazilatlar yashaydigan mavzei nisbatan tinch, osoyishta edi, qolaversa, taqdir Sharifa opa bilan qizni har xil sinovlardan oʻtkazib, har qanday qiyinchilikka ham moslashtirib, koʻnikuvchan qilib qoʻygan edi. Zaynulla togʻa safarlarga ketganida uning zavjasi va oʻgʻli baʼzi-baʼzida Fazilatlardan xabar olish uchun ularnikiga tashrif buyurib turishardi. Fiybatchiroq va ziqnaroq koʻrinadigan Laʼli opani Fazilat uncha xush koʻrmasdi. Lekin Sharifa opa qiziga ogʻir boʻlishni maslahat berardi. Har qalay, ular dalda edilar-da. Erkagi yoʻq xonadon ayollariga oson emas. Sharifa opa Fazilatni takyadan oʻzga joyga deyarli yubormas, zarurat yuzasidan doʻkon yo guzarga oʻzi chiqar, doim darvozani ichidan berkitib ol, deya tayinlagani-tayinlagan edi. Boshqa mahal ham eshikni mahkam yopib oʻtirishardi. Ilgarilari Ismoil aka uyda kam boʻlsa-da, har holda koʻngillari toʻq va ishonch bilan yashashardi. Qiblagohsiz – xojasizlikdagi kunlar nihoyatda uzoq tuyulardi. Kun-tunning odatdan tashqari choʻzilib, vaqt oʻtishining qiyinlashuvi aksariyat hollarda umidsizlik, istiqbolga ishonchsizlikdan dalolat beradi. Ona bilan qiz hech kimni kutishmasdi, biron yoqqa borishni moʻljallashmasdi. Ziynatbey oʻzi yo onasi ikkovi qadam ranjida qilishganda, nima boʻlsayam, Fazilatlar hovlisida sal jonlanish yuzaga kelardi.

Ziynatbey degani oq yuzli, boʻyi Beknazarnikidan pastroq, semiz-toʻlaligi kelishgan degan taʼrifga bir oz halal bersa-da, istarali, har holda birov ayb topmaguday edi. Rangini aniq ajratish mahol boʻlgan koʻzlari yirik-yirik, qarashlari oʻtkir, mehrli. Lekin… Fazilatning otasi “baribir bir kuni qaytamiz” degani-degan edi…

– Endi uning qabrini tashlab qayga ketamiz, kim bizni oʻz panohiga, qanoti ostiga oladi, – deb koʻzyosh toʻkardi Sharifa opa.

Otaning yoʻqligi koʻp bilindi, uni eslab ezilishardi. Ayol kishini ojiza deb bekorga aytishmas ekan. Agar Fazilatning oʻrnida oʻgʻil boʻlsa, balki otasini katta doʻxtirlarga koʻrsatarmidi, chet ellarga olib borib davolatib kelarmidi?.. Pushti panohlari boʻlganda kimga tegsayam, qayerda yashasayam mayli edi. Endi bu yot oʻlkalarda umrbod qolgandan koʻra, qiynalishsayam, sarson boʻlishsayam oʻzlari tomonga ketishgani yaxshiydi. Shuning uchun, Zaynulla togʻalar oshkora ogʻiz solmay turib, Beknazar akaning taklifiga rozilik bildirish, bunga onasini ham bir amallab koʻndirish kerakmikin? Axir u ham kelishimli, gap-soʻzi joyida ekan, onasigayam maʼqul koʻrindi-ku. Yoqtirishi ham rostga oʻxshaydi. Uning astoydilligiga imoni komil boʻlsa, onasi ham yoʻq demas. Otasining qabri bu yerda qolsa, na chora, kimlarning qabri qayerlarda qolmaydi. Agar… agar bir kun onasining ham koʻzi yumilsa…(Fazilatning azoi badani uyushgandek chimilladi)… Unda tamom, tugʻilgan makoni, urugʻ-aymogʻini bir bora koʻrish umidi ham chippakka chiqadi! Intilsang-u, intilganingga yetolmasang, bu – qoʻling kalta, oyogʻing shol, tiling ojiz, koʻzing koʻr yashaganday gap-ku. Yoʻq, onasini bir amallab unatish kerak. Beknazar aka bir oila boʻlvolamiz, deb onasiniyam birga olib ketishga shama qildi-ku. Bunaqasi yana uchraydimi, yoʻqmi? Eng muhimi… eng muhimi – oʻzining ham koʻngli chopib turibdi. Bir yigit shunchalik boʻlar-da, qaytaga taqdir u bilan uchrashtirganidan mamnun boʻlishlari kerak.

Fazilat chorpoyada peshin namozini oʻqiyotgan onasi ibodatni tugatishi bilan yoniga bordi, ikkala qoʻli panjalarini bir-biriga kirishtirib, uning yelkasiga qoʻydi-da, ogʻirligini solmay, erkalanganday surkalarkan, chala suhbatlarini yana davom ettirish niyatida hazil bir ohangda soʻz qotdi.

– Hozir-ku ikkalamiz bir-birimizga suyanib, bir-birimizni yupatib yuribmiz, bittamizning boshimiz yostiqqa tekkuday boʻlsa… – u meni nazarda tutyapti deb oʻylamayaptimikin, deb, onasining koʻzlariga xavotir bilan qarab qoʻydi. – Qachongacha qoni qoʻshilmaydigan begonalar koʻziga moʻltiraymiz, onajon?

Sharifa opa gap nima haqda borayotganini hamdard qalbi, taqdirdoshlik tuygʻusi bilan anglab turardi. Rost aytadi, koʻnglidan oʻtkazdi u, yosh boʻlsayam, musofirchilik koʻrdi-da, gaplari butun, koʻp narsaga aqli yetadi. Baxtiga, yaxshiyam shu qizning borligi, xudodan aylansin, u boʻlmasa, bir oʻzi qayerga sigʻardi?.. U oʻziniyu qizining hozirgi turmushlarini, yaqin va uzoq kelajakdagi taqdirlarini kechasiyu kunduzi oʻylagani-oʻylagan, ichidan ezilgani-ezilgan edi, faqat buni mumkin qadar Fazilatga sezdirmas, aksincha, xotirjam, beparvo koʻrinish payida boʻlardi. Baʼzan yarim tunlarda uygʻonib ketib, qaytib mijja qoqolmaydi. Boʻy yetgan qiz bilan oʻzga elda yolgʻiz yashash turgan-bitgani tashvish, hadik edi. Oyogʻining uchida yurganday yuradi, shitir etgan tovushdan choʻchiydi, darvoza bexos taqillasa bir irgʻib tushadi. Sal ilgariroq joy soʻrab keladigan musofirlardan, hovli gavjumroq boʻladi, ham harna uch-toʻrt soʻm roʻzgʻorga yordam deb, vaqtinchalik ijarachilar qoʻyib koʻrishgandi. Onaning oʻzi tortinib qoldi – xuddi birovnikida qoʻshni turganday. Bunisiyam mayliydi, bir safar xotinli kattagina kishi gʻalati qarash qilaverib zeriktirdi, keng yoʻlakdan turtilib oʻtadimi-yey… Qarasa, boʻlmaydigan, tezda dumini tuguvdi. Keyingi gal ikkita qoʻnoqning biri – koʻrinishidan qoʻy ogʻzidan choʻp olmagan, odamning betiga tik qarashga uyaladigan yoshgina goʻrsoʻxta bir kun tunab, ertasiga: “Opa, kechalari zerikmaysizlarmi?..” deb gapni indallosidan boshlasa boʻladimi, kesakdan oʻt chiqqanday. Opaning ogʻzi ochilib qoldi. Bir-ikki Fazilatga ham oʻgʻrincha nazar tashlaganini sezuvdiyu, uncha eʼtibor bermagandi. Oʻsha paytdayoq unga takyaning yoʻlini koʻrsatib qoʻydi. Shu-shu yoshniyam, keksaniyam yaqinlashtirmaydi. Och qornim, tinch qulogʻim. Erkak kishi xoʻrozday gap ekan – makiyon koʻrdi deguncha payiga tusharkan… Choʻloqmi, bukrimi, ering boʻlsin ekan…

 

* * *

Fazilatning boshiga yana har xil savdolar yogʻilmasligi uchun uni uzatishda adashmaslik, bu borada yetti oʻlchab bir kesish, eng zaruri – oʻzidan uzoqlashtirmasligi lozim edi.

Ona xayolan bir kesak bilan ikkita emas, birdaniga uchta quyonni oʻlja tushirmoqni – boʻlajak kuyovning Fazilatga munosib, har jihatdan maqbul va margʻub chiqmogʻini, erining ruhi shod boʻlmogʻini hamda oʻzining sahrodagi yakka qayragʻochday shumtirab qolmasligini orzu qilardi. “Xudo xohlasa, albatta shunday boʻladi, mana koʻrasiz”, deya Fazilat ragʻbatlantirishga urinardi. Ammo opaga xohishlarining toʻkis ushalishi ehtimoldan juda yiroq tuyulardi, shu bois Beknazarning olislardan, boz ustiga aynan oʻz muzofotlaridan kelib, ularning mahallasidagi takyada toʻxtashi, Fazilatni bir koʻriboq yoqtirib qolishini allohning inoyatimikin deb, yigitning xonadoniga kirishiga rozilik bildirgan va u bilan suhbat asnosida koʻnglida umid uchqunlagan edi. Faqat dilidagi gʻulgʻulani sirtga chiqarishdan tiyilib turardi. U kechadan beri Beknazarning gaplarini taroziga solib, oʻylab oʻyining tagiga yetolmasdi, ikkilanardi. Shoshgan odam adashib, aldanib qolishi mumkin. Fazilatning yuziga sinovchan tikildi.

– Sen u yigitning vaʼdalariga ishonyapsanmi, qizim?

– Tuzuk odamday koʻrinyaptiyu. Biz qatori ancha mashaqqat tortibdi, aldamas…

– Baribir sinalmagan ot-da, qizim.

– Qaydam, tepadigan otga oʻxshamaydi.

– Xoʻp, mayli, lekin Oʻzbekiston – Rossiyaning qoʻlida qaram. Oʻzing koʻrib, bilib turibsan, hamma undan bezigan. Oʻzi qochib, boshpana istab yurgan odam, bizni boshqa yoqqa olib ketsa bilmadim-u, yurtga qaytolmasa kerak. Borgan taqdirimizdayam u yerda bizni kim taniydi, sen qanday yashaysan? Toʻgʻri, kindik qoning oʻsha yoqda toʻkilgan, qon tortadi, lekin…

– Boshga tushganini koʻz koʻrar, aya, shunchasiga chidab kelyapmizu… Har holda, ota vatanimizni koʻramizu…

– Rozi boʻlaveraylik demoqchimisan? – yana oʻsmoqchiladi ona.

Fazilat yelka qisdi.

– Otangning qabri-chi? Uning arvohi chirqiramaydimikin, bolam?

Savol ohangi mayinroq, ona ham kalavani uzib qoʻymaslik ehtiyotida ekanligi ayon edi. Faqat u uzoq yillar bir yostiqqa bosh qoʻygan tanmahram hamda volida, shuningdek, katta sifatida yoshlar uncha eʼtibor qilmaydigan, ammo keyinchalik armon boʻladigan muammoni eslatib, taʼkidlab qoʻyishni burchi hisoblardi. Vaqtlar kelib taʼna-malomatga qolishi mumkin-da. Har qalay, u asil ona emas, Fazilatning: “oʻzimniki boʻlganida…” deya alam-afsus chekmasligiga kafolat berish qiyin, garchi u eriga “oʻgay” boʻlmasa-da…

– Oʻtganlar ruhi yaqinlari atrofida yuradi deyishadi-ku, – dedi Fazilat sekingina.

“Voy qizi tushmagur-yey, bunaqa gaplarni qayerdan oʻrgandiykin?..” – oʻylardi ona.

– Bu kunlarimiz ham holva boʻlib qolmasmikin deb qoʻrqaman-da. Bu yergacha qanday yetib kelganimizni oʻylasam, vahimaga tushaman… Beknazar deganing Qashqarni gapiryapti, u shaharda bizning qarindoshimiz yo bir tutqumiz boʻlmasa…

– Yaqin tanishlarim bor deyapti, erkak kishiku, soʻzining uddasidan chiqishiga koʻzi yetib gapiryatgandir… Baribir musofir boʻlganimizdan keyin, bu yerda yashadik nimayu, Qashqarda yashadik nima?.. Yana bunday… imkoniyat tugʻiladimi, yoʻqmi… Mana shuncha paytdan beri birovdan bunaqa taklif eshitmovdik. Eng muhimi, siz bilan birga boʻlamiz. Axir oʻzingiz ham yurtga qaytishni koʻp gapirardingiz-ku… Otam ham…

– Senga maʼqulmi oʻzi, bu yigit? – taʼkidlab soʻradi ona.

– Qaydam… – Qiz yuzini onasining koʻksiga yashirdi.

Musibat keyingi ikki yil mobaynida Sharifa opa bilan Fazilatni bir-biriga yanada yaqinlashtirib, mehribonlashtirib qoʻygan edi. Qiz yuragining tub-tubida mudom gʻimirlab, shashtini qaytarib kelgan “ming qilsayam, baribir oʻz onam emas” degan oʻjar tuygʻu uni butunlay tark etdi. Endi ular oʻzlarini haqiqiy ona-boladan ham koʻra opa-singilday, baʼzida hatto hamroz dugonalarday tutishardi. Aksariyat, onasining pinjiga tiqilib olgan qoʻzichoqday Sharifa opaning koʻksi bilan yelkasi oraligʻiga, goho shundoq yuragi ustiga bosh qoʻyganicha uxlab tong ottirardi Fazilat. Ayrim kechalari esa allamahalgacha dardlashib, bir-biriga taskin berib yotishar, birga kulib, birga koʻzyosh toʻkishardi. Holbuki, endi Sharifa opa Fazilatga ham ona, ham ota edi.

– Ha, shayton, maslahatni pishirib, gapni bir joyga qoʻyib boʻldilaringmi? Aytdim-a, takka desa peshonasi tirishadigan qiz oʻsha yoqqa tanda qoʻyib qoldi deb.

– Men hali unga chuchuk soʻzimni berganim yoʻq, ayajon, oʻlay agar, uyam “sizni yoqtirib qoldim” dedi, xolos.

– Shu bitta gapiga laqqa tushib, taqdirimizni uning ixtiyoriga topshiraveramizmi? Sen-ku, sen… Men unga ortiqcha yuk boʻlib… Qiziq ustida osmondagi oyni vaʼda qilib, keyin boʻlakcha boʻlib olmasmikin?

– Voy ayajonim-yey, gapingizni qarang-a, men hozir unga tegib ketyapmanu… Axir meniyam oʻzimga yarasha kallam bor. Oldin oʻsha Qashqariga boraylik, u yerdagi shart-sharoitni koʻraylik. Ungacha uniyam qanaqaligini bilib, shunga qarab ish tutarmiz. Xudo bir yoʻlga boshlar…

– Bunaqa tavakkal gaplarni qoʻy, qizim. Seni deb hajga borishdanam kechib, shuncha joydan orqaga qaytsayu, u yerga borgandan keyin seni qayerda koʻruvdim desa…

– Nima, aybi bormi, aytaveraman: yoʻl-yoʻlakay bir-birimizni sina-ab boramiz, keyin oʻylab koʻramiz deyman, shu shartimga koʻnsangiz mayli deyman.

Opa kuldi.

– Yoshligingga borasan-da, Fazilat. Yoʻl mashaqqatlari yodingdan chiqdimi deyman. Har xil joylarda tunashga toʻgʻri keladi, chegaralardan oʻtish osonmas. Yuklarimiz boʻladi. Keyin, hazilakam pul ketmaydi, bolam…

Qiz hovlini sotishni eslatib, onasini hovuridan tushirishga, hadigini yengillatishga urindi.

– Agar peshonamizga shu ish yozilgan boʻlsa, xudo yoʻlimizni oʻnglaydi, siz sira tashvish chekmang, ayajon, – deb Sharifa opani mahkam quchoqladi. Nega birdan shunday qilgisi keldi – bilmasdi. U hayajonda edi, xayolida koʻzlarini javdiratib Bek aka turardi…

Taomil yuzasidan Fazilat ertani kutmogʻi lozim edi, biroq, qizga fursat juda gʻanimatday, hali zamon Zaynulla togʻalar tomondan sovchi kelib, ish butunlay chappasiga ketadiganday tuyular va nihoyat onasining salgina (ha, shunday deydi!) moyillik bildirayotganga oʻxshayotganini aytsa, Bek akaning qay holatga tushishini koʻrishga oshiqib, yuragi potirlardi. Albatta qiz tugʻilgan goʻshasini, ilk bor koʻrgan yorugʻ olam manzaralarini koʻz oldiga keltirolmasdi, lekin gohi-gohida qalbining oshyoniga intilgan qushday talpinishini sezardi. Oʻshanaqa paytlarda qachondir, kimdir qoʻllaridan yetaklab olib ketishini orzu qilardi. Balki… oʻsha kimdir mana shu yigitdir?..

U chorshafni boshiga soldi.

– Yana qayoqqa? – soʻradi ona norozi ohangda.

– Oʻsha yoqqa, ertalab odamlar kep qolib, yaxshi gaplasholmadik. Bechora menga mahtal boʻlib oʻtiribdi. Birpasda qaytaman.

– Hoy qiz, esingni yigʻ, – taʼkidladi ona, – “oʻldim-kuydim”iga uchib, hamma gaplarimizni aytib oʻtirmagin tagʻin.

– Xotirjam boʻling, aya!

– Uzoqlab ketmagin!.. – Sharifa opaning bu tayinlovi ohangidan xavotirdan tashqari, uning ham yigitning qatʼiyroq niyat-maqsudini tezroq bilish istagida ekanini chamalash mumkin edi.

 

XIV

 

Fazilat ham Beknazarni gʻoyibdan yuborilgan, onasi ikkovini musofirlik, mazlumlikdan qutqaruvchi xaloskor bilib, unga qiziqishi, moyilligini gʻayriixtiyoriy chora ilinji deb oʻylayotgan edi. Hozir qiyalikdan koʻtarilib borarkan, takya darvozasi yonida, pastak kursichada shu tarafga qarab oʻtirgan kimsaga koʻzi tushdiyu, yuragi allanechuk orziqib, beixtiyor qadamini tezlatdi. Qiz qorasini koʻrsatishi bilan yigit ham oʻrnidan dast turib shu tomonga talpindi. Demak, chorshafi ostidan ham uni tanidi. Fazilat Beknazarning shoshib kelishidan yana bilaklariga yopishishini tuyib, unga bir qadam qolganda toʻxtadi-da, “yuring” deb, ortiga burildi. Beknazar ildam bosib, unga yondashdi.

– Gapiring.

– Oʻzingiz gapiring.

– Nimaga yana yuzingizni toʻsvoldingiz?

– “Suq yomon narsa” deydi ayam.

– Oʻsha kuni chorshaf tutmagan ekansiz, a?

– Sizni oʻlja izlagan och boʻriday saharlab chiqishingiz tushimga kiribdimi?

– Hali biz sizga boʻriyam boʻldikmi, xonim afandim?

– Tulki demaganimgayam shukr qiling, – Fazilat shunday deb kulib yubordi. Beknazar ham unga beixtiyor joʻr boʻldi.

– Buni har doim tutib yurmaysiz shekilli?

– Ha, otam oʻtgandan keyin ayam endi katta qiz boʻp qolding, deb tuttirgan. Asli, bu matoni jinim suymaydi, nafasim qaytib, yuragim qisilib ketadi. Zarur mahallarda, ayam aytganday, nomahramlar orasiga kirgan paytlarda solvolaman.

– Hozir hech kim yoʻgʻu yo men ham?..

– Boʻlmasam-chi…

– Mayli, hozircha nomahram boʻp tura qolaylik.

– Keyin-chi? – Qiz chorshafini xiyol koʻtarib qiya qarab kulimsidi.

– Keyin ajabmas, allohning biz gʻariblarga rahmi kelsa…

– Ho, shunaqa deng. Allohdan faqat oʻzingizga muruvvat tilarkansiz-da.

Beknazar dovdirab qoldi. Bir nafas jimib dedi:

– Kamina zoriqib turgan narsalarga oʻzgalar hojat sezmasa kerak deb oʻylayman.

– Rahm-shafqat hammaga, hamisha kerak deyishadi.

– Unda hammaga tilaganim boʻlsin. – Beknazar orqa-oldiga qaradi, yaqin-oʻrtada birov yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, qoʻllarini duoga ochdi: – Ey parvardigori olam, hammaning diliga, shu qatorda Fazilatxonning diligayam koʻpgina rahm-shafqat solgin, toki muhtojlardan mehr-muruvvatini ayamasin, omin.

– Tilak tilashga usta ekansiz.

– Xudo bizga oʻxshagan musofir-bechoraning tilagini tezda ijobat qilarmish. Bandalar boʻlsa, oʻzlarini tushunmaganga solib, merovsirab turaverishadi, odamni qiynab…

– Jim… – dedi Fazilat. Roʻparadan chorshaf yopingan, kiyinishidan yoshi ulugʻroq bir ayol yetti-sakkiz yoshlardagi bolani yetaklab kelardi. Ular oʻtib ketishgach, qiz davom etdi. – Musofirlik riyozatlariga chidab yurgan kishiga boʻlak ancha-muncha qiyinchilik nima degan gap?

– Ancha-muncha deng. Bu qiyinchilik oldida boshqa har qanday riyozatu azoblar holva ekan.

– Koʻp kitob oʻqiysizmi deyman?

– Musofirlikda kitob oʻqish koʻngilga sigʻadimi? Ayniqsa, mushkul bir dardga mubtalo boʻlib qolsang…

– Qanaqa dard? Biron joyingiz ogʻriyaptimi?

– Yurak… juda qattiq sanchyapti.

– Ha-a, yurakning davosi chindanam mushkul deyishadi.

– Ha-da, tabib davolashni istamasa…

– Tabibning oʻziniyam gʻam-tashvishi koʻpdir-da…

Ular kattagina xiyobonga yetib borishdi. Tom mazmunda chorsi maydon oʻrtasining bu boshida va narigi chekkasida bittadan chor qirrali yoʻgʻon, balandligi taxminan yigirma besh metrli tosh ustun qoʻqqayib turar, oʻng tarafda esa mahobatli, koʻrinishidan ancha qadimiy masjid boʻlib, atrofda boshqa deyarli koʻzga alohida tashlanadigan bino, inshoot yoʻq edi. Sayrgohning har yer-har yerida kashtan, akas kabi manzarali daraxtlar andak fayz bagʻishlab turishini hisobga olmaganda, kimsasizligidanmi, oʻsimlik kamligidanmi, hudud qandaydir noobod, maroqsizday tuyulardi. Beknazar tosh ustunlarga qarab serrayib qoldi. Ularning nima maqsadda qoʻyilganini, qanday maʼno va ahamiyat kasb etishini anglamadi. Zotan, hozir u bu yodgorlik maʼnisini chaqadigan kayfiyatda emas, koʻngli, fikri butunlay oʻzga muammoda edi. Fazilat bu toshlarni koʻp koʻrgani bois, ularga eʼtibor bermasdi.

– Xoʻsh, ayangiz nima dedi? – mavzuni asosiy muddaoga burdi Beknazar betoqatlanib.

– Hozircha tayinli gap aytgani yoʻq. Qaydam, u yigitni yaxshi bilmasak deyapti. Rostiyam, oʻzingiz toʻgʻringizda tuzukroq soʻzlab bermadingiz, ayam baʼzi narsalarni soʻrovdi, nima deyishni bilmadim.

Kishiga avaylagan yarasiga xuddi bir narsa tegib ketayotganday tuyulaveradi, qancha ehtiyotlangan sari oʻzini bir nimalarga urib olaveradi. Shunga oʻxshab, muhim bir siringni boshqalardan yashirishga harakat qilganing sayin, ular xuddi ana shu nozik joyingni paypaslashib, seni hadiklantirishaveradi.

Beknazarning nazdida qiz ham, onasi ham aynan uning uylangan-uylanmaganini bilishga qiziqishayotganga oʻxshardi. Sharqona odob, oriyat nuqtai nazaridan Beknazar ham, Fazilat ham oʻz tuygʻulari va moyilliklarini mumkin qadar uzoqroq pinhon saqlashlari, shu bilan birga, bir-birlarini taftishdan, sinovdan oʻtkazmoqlari lozim edi. Biroq vaziyatning tangligi, vaqtning qistalangligi bunday murakkab jarayonni bosib, yengib oʻtishni taqozo etmas edi. Lekin baribir baʼzi gaplarni oydinlashtirib olmasa boʻlmasligini dilidan oʻtkazdi yigit. Qiz bolaning koʻngli nozik, berdisini aytib tushuntirguncha toʻnini teskari kiyib olsa, tamom. Birinchi kundanoq unga koʻngilsiz edim, hech qancha yashaganimiz ham yoʻq, javobini berib kelganman, deganiga ishonarmidi. Ishongan taqdirdayam, men xotin koʻrgan, sondan chiqqan kishiga tegamanmi, deyishi turgan gap. Yolgʻon soʻzlash ogʻir gunoh albatta, ammo nachora… Bu dunyoni yolgʻon dunyo deyishadi-ku, demak, bu naqlda bir hikmat bor…

– Mana, koʻrib turibsiz, shu – men. Musofirman, bu ham yetmaganday, mubtaloman. Kattagina hovli-joyimiz, ota-onam, akam, singlim olisda qolib ketishgan, lekin ularning hozirgi ahvolidan bexabarman, har qalay, men ularni sogʻinganday, ular ham meni eshikdan lop etib kirib kelarmikin, deb har kuni yoʻl qarashayotgani aniq. Chunki, moʻljalimiz boʻyicha men bu paytgacha uyga qaytishim kerak edi. Sababini sizga aytganman. Qisqasi, Saudiyaga borayotuvdim, boshim aylanib, Istanbulda qolib ketdim. Ammo hozircha taqdirimdan suyunib turibman, ishqilib, suyunganim qut boʻlsin. Xoʻ-oʻsh, endi yaqinlarimni qachon koʻraman – xudoning amriga, sizning xohishingizgayam bogʻliq. Agar xoʻp desangiz, ayangizni koʻndirsangiz, Qashqarga boramiz. Andijon bilan xabarlashamiz, kelaverishsin deyishsa oʻtib ketamiz, boʻlmasa, vaqtincha oʻsha yerda ijaraga uy olib yashab turamiz. Ishlab pul topaman, qoʻlimda hunarim bor – tuzukkina ustaman. Tanishlarim yordam berishadi. Vaziyat oʻzgarishi bilan yurtimizga qarab yoʻlga tushamiz. Mening ahdim, niyatim shu.

Inson aksariyat hollarda xudbinlik tuygʻusiga, manfaatni hamma narsadan ustun qoʻyish, bequsur, olijanob koʻrinish mayliga qanday yon berganini oʻzi ham sezmay qoladi. Yigit xijolat chekdi, albatta. Lekin, “Axir men uning oʻtmishini, feʼl-atvori, yurish-turishini, shu paytgacha qanday yashaganini surishtirmayapman-ku”, deya ichida oʻziga tasalli berdi. Bu sevgining seni avrab, bosh-koʻzingni aylantirib qoʻygani oqibati boʻlsa kerak. Rostiyam, bularni umringda koʻrmagan boʻlsang! Qanday odamlarikin? Kelib chiqishlari, dunyoqarashlari, eʼtiqodlari qanaqaykin? Mana, ikki yildan beri ona-bola bosh egasiz, erkaksiz hovlida kun kechirisharkan… Ammo, qayerdan, kimdan, nima deb ham surishtiradi?

Fazilat qachon, qanday ketish va boshqa masalalar haqida soʻragisi kelar, oʻz shartlarini aytmoq uchun ogʻiz juftlar, lekin izzat-nafsi, onasi eslatgan qizlik gʻururi yoʻl bermas edi. Ha, chin islomiy qiz bechoralarning yigitlardan farqi shuki, ular eshitadilar, kutadilar, ilhaq boʻladilar va… koʻnadilar. Fazilat oʻzini Beknazarning salobati bosayotganini ham sezdi. Ayni damda yigitning orzu-rejalariga, lafziga ishongisi, yurtiga yetib borsa, qarindoshlariga boshidan kechirganlarini hikoya qilib, koʻnglini bir yozgisi, xumordan chiqqisi kelardi. Hayot unga zerikarli tuyuladigan vaqtlar koʻp boʻlardi, baʼzi-baʼzida yuragi birdan siqilib, oʻzini qoʻyarga joy topolmay qolardi. Shunaqa paytlarda keng hovli-joylari torlik qilar, oʻzini tutqun toʻti oʻrnida koʻrar, qani endi, qafasdan chiqib uzoq-uzoqlarga uchib ketsam derdi. Darhaqiqat, uzzu-kun ona-bola oʻtirishadi. Toʻgʻri, mahallada tengqur qizlar yoʻq emas, lekin ular orasida Fazilat hanuz oʻzini begonaday, yangi koʻchib kelgan kimsaday tutadi, u ataylab qilmaydi, balki shunday hissiyotlar girdobidan qutulolmaydi. Yerliklar unga boshqacha nazar bilan qarashayotganday, koʻngillaridagi gaplarini unga ochiq-oydin oshkor etishmayotganday, baʼzida unga bir oz gʻashlari kelayotganday, ayrimlar u bilan shunchaki qoʻl uchida koʻrishib, til uchida salomlashib qoʻyganday, xullas, oʻrtalarida koʻrinmas qora parda borday tuyulaveradi.

Agar… agar Beknazar aka bularning yoniga kirsa, har qalay, ancha dalda boʻlarmidi. Mahallada-ku hech kim Fazilatni ham, onasini ham beting qursin degani yoʻq, qoʻni-qoʻshni bilan kirdi-chiqdilari tuzuk, biroq xonadonga bir erkak kishi juda zarur ekan. Bozor-oʻcharga… Dazmolning simi uzilsa yo boshqa biron buyum ishlamay qolsa, kimga borishingni bilmaysan, javon yo eshiging qiyshayib-netsa, nimanidir bir yerdan ikkinchi joyga jildirishga toʻgʻri kelsa, qoʻshni erkaklardan iltimos qilish kerak. Oqshomlari eshik tiq etsa, yuraklari gupillay boshlaydi. Shunaqa qilib, qisinib, omonat yashagandan koʻra, qiyinchilik, sarsongarchilik boʻlsayam, oʻz vatanlariga ketishgani yaxshimasmi?

Hammahalla Najotning odobi, xulqi Fazilatga maʼqulga oʻxshab, uni koʻrganda oʻzida gʻalati hissiyotlar uygʻonayotganini sezardi. Yigit dugonasi Turkonaning akasi edi. Ularniki besh-olti hovli narida edi. Fazilat maktabda oʻqimadi. Bir joyda muqim turishmagani, ertangi taqdirlari nomaʼlumligi uchun bunga sharoit ham, imkoniyat ham boʻlmadi. Istanbulda turkistonlik muhojirlarning farzandlari ham maktabga qabul qilinardi, lekin Fazilatning yoshi oʻtib qolgan, kollejda oʻqish uchun avval maktabni bitirish lozim edi. Qolaversa, Ismoil aka tanhogina qizlarining begona shaharlarning notanish koʻchalarida yakka-yolgʻiz yurishini xohlamas ham edi. Oʻqib-yozishni biladi, shu kifoya derdi. (Yoʻl boʻylaridagi, guzarlardagi qahvaxona, suhbatgohga oʻxshagan joylarda har xil toifadagi yosh-yalanglar karta, narda oʻynab oʻtirishardi). Najot qaysi bir kollejni bitirib, oliygohga oʻqishga kirish taraddudida edi. Ular har zamonda koʻchada uchrashib qolishardi. Fazilat oʻn sakkizda – ayni gulgun yoshda, kitoblar taʼsiriga berilgan, qiz bolaning unga yoqayotgan yigitni koʻrganda nega oʻzida gʻayricha bir tuygʻular paydo boʻla boshlashi sabablarini yaxshi tuyadigan pallada edi, faqat oʻsha kimsaga koʻngil berib, bogʻlanib qolishdan choʻchirdi. Uning farazicha, oʻzaro maʼnoli, xiyol tabassumli qarashlar, gohi oshkor, gohi pinhon kuzatishlar hali chinakam muhabbatga aylanib ulgurmagandi; sevgi domiga oʻralashib ulgurmasdan bir chorasini koʻrmoqni oʻylab-oʻylab qoʻyardi. Odatda qizlar qalblarida uygʻonayotgan ishq tuygʻulari, ehtiroslarini intiqlik bilan kutilgan gʻoyat aziz va moʻtabar mehmon istiqboliga peshvoz chiqqandek katta hayajon va iftixor bilan qarshilaydilar. Ammo Fazilat sirtdan shoʻx tabiatli, shaddod koʻrinsa-da, chuqur mulohazali, sabotli qiz edi – bularni ham unga musofirlik oʻrgatgandi – holati va shart-sharoiti oʻz hissiyotlariga ortiqcha erk berib yubormaslikni, aql bilan ish tutishni taqozo etishini teran anglardi. Balki Sharifa opa ham ochiq sezmasa-da, qizining koʻzga yaqinligidan har xil gumonlarga borar, tashvish chekardi, buni qiz onaning uni “Qayoqqa chiqding, nima qilding?”, “Nega uzoq yurding?” deya soʻrab-tergashlaridan, “Boʻy qiz boʻp qolding, iloji boricha oʻzingni sipo tut, qadamingni oʻylab bos, har kimlarga (bunda albatta yigitlar nazarda tutilayotgani tayin edi) kulib, suzilib qaramagin”, deya tayinlashlaridan payqardi. Bir kuni yana shu haqda soʻzlashib oʻtirishgandi, ona gapning poʻst kallasini aytdi.

– Mayli, yoqtirsang qarshiligim yoʻq, Najot yomon yigit emas, ota-onalari ham tuzuk odamlar. Unda… shu yurtda butunlay qolib ketishga toʻgʻri keladi-da, qizim…

– Toʻgʻrisi, uni yoqtirishimniyam, yoqtirmasligimniyam bilmayman, – dedi Fazilat dovdirab. – Keyin men otamniyam, sizniyam xohishlaringizga zid bir ish qilmayman, ayajon. Siz nima desangiz shu, mening sizdan boʻlak kimim bor…

Oʻshanda, ehtimol har ikkisining ham ongidan yurtga qaytish imkoni tugʻilguncha qari qiz boʻlib oʻtirib qolish mumkin-ku, degan oʻy kechgandir, lekin bu mulohaza ularning tiliga chiqmagandi. Beknazarga roʻpara kelgach, Fazilatga turk yigitidan uzoqlashish, undan koʻngil uzmoqqa bahona topilganday tuyuldi. Beknazar dam koʻz oldida uni hamma balodan asrab, qafasdan olib chiqib ketadigan haqiqiy najotkor sifatida gavdalanar, dam unga qiziqishi, moyilligini gʻayriixtiyoriy chora ilinji deb oʻzini ishontirishga urinardi. Ayni vaqtda, oq-sariqdan kelgan, muloyim tabiatli Najot bilan Bek akasini taqqoslab, keyingisining alp qomati, feʼlidagi dadillik va shiddatni, qora qosh-koʻzlarining yarashimligini, eng muhimi, eng asosiysi – yurtdoshligini oʻylab yuragida iliqlik tuyardi.

 

* * *

Ular maydonda bir oz aylanishdi. Ikkisining ham xayollarida qatlanib turgan gaplari, savollari bisyor edi, lekin andisha, istihola ularga xalal berardi… Fazilat sal naridagi Ilcha mavzeiga boshladi. Ayyub Ansoriy maqbarasi oʻrnashgan hovlisimon hududga kirishdi. Ziyoratchilar koʻp edi. Demak, Ansoriy hazratlari ancha mashhur, moʻtabar zotlardan ekan-da, deb oʻyladi Beknazar, marqadni hayrat bilan tomosha qilarkan. Keyin yana Fazilat yetovida daxma ortidagi qabristonga oʻtishdi. Mozorga ajratilgan joy cheklanganidanmi, qabrlar juda zich boʻlib, aksariyatining tepasiga har xil rangdagi marmardan sagʻana toshi oʻrnatilgandi. Beknazar hayron boʻldi: bunaqa odat gʻayridinlarga xos deyilardi-ku, demak musulmonlarga ham mumkin ekan-da…

– Qayta qolaylik, u yogʻi goʻriston ekan-da, – dedi u.

– Yuravering, – undadi qiz ovozini pastlatib va oldinga oʻtdi. Yigit ergashdi.

Qabrtoshlar odam boʻyi, undan pastroq edi, oraliqlarda bir kishi siqquday yoʻlak bor edi, xolos. Yer koʻp-ku, shunaqayam ziqnalik qilishadimi, derdi Beknazar ichida. Yurish noqulayligidan gʻubor bosgan marmar ustun-taxtalarga surkanmay oʻtishning iloji yoʻq edi. Fazilat kiyimlariga chang tegayotganiga ahamiyat bermay, ortiga ham qaramay ilgarilardi. Mozorotning deyarli narigi chekkasiga chiqib qolishdi. Nihoyat, qiz chogʻroqqina qabrtosh oldida toʻxtadi.

– Otam shu yerda yotibdi, – dedi va chorshafini qayirib boshiga tashladi-da, choʻnqayib oʻtirdi. Beknazar ham beixtiyor uning yoniga choʻkdi.

Boʻyi bir, eni yarim metr chamasi oqish marmar taxtaga faqat “Ismoil Fiyos oʻgʻli. Turkiston” degan yozuv bitilgan, suratsiz edi.

Sokin qabristonda kishining koʻnglini choʻktiruvchi haziniyat hukmron edi.

Fazilat past tovushda, qariyb pichirlab “Oyatal kursi” surasini oʻqimoqqa kirishdi. Beknazar qoʻliga ilashgan quruq choʻpni beixtiyor barmoqlari orasida aylantirgancha, xayolga choʻmgan qiyofada oʻtirardi. Fazilatning boya jaranglab chiqayotgan ovozi endi mungli nolaga aylangan edi. Yigit mutaassir boʻldi, yuragi toʻlqinlanib, qizga ixlosi, mehri yanada ortayotganini his etardi. Otasining qabrigacha olib kelib koʻrsatdiki, bu qizning unga ishonchidan, faqat shodligini emas, shunaqa dardli, qaygʻuli onlarini ham baham koʻrishga hozirligidan va uni hamdard, qaygʻudosh sifatida koʻra boshlaganidan nishona…

Koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan Fazilat tilovatni tugatib, qoʻl ocharkan, Beknazarga bir qarab yana yuzini qabrga burdi. Yigit xudodan oʻtganlarning, alalxusus, shu qabrda yotgan bandai moʻminning bu yorugʻ dunyoda bilib-bilmay yoʻl qoʻygan gunohlarini magʻfirat aylab, qorongʻi goʻrlarini oʻqilgan qurʼon nurlari bilan munavvar, oxiratini obod etishini, qolganlarga, xususan, ayoli Sharifa opa va yakka-yolgʻiz jigarporasiga sabr-toqat, baxtli-saodatli umr tilab, duo qildi. U qiz oldida uni xijolatdan, isnoddan asragan ozgina diniy tushunchaga egaligidan mamnun, shu tushunchani ongiga singdirgan bobosidan, padari buzrukvoridan minnatdor boʻldi, zero, oʻsha davrda Oʻzbekistonda qurʼon suralarini biladigan, tilidan shunchalik duoi fotiha keladigan yoshlar (ayniqsa, yigitlar) kam, juda kam edi.

Boyagi alpozda orqaga qaytisharkan, Fazilatning hamon unsiz yigʻlayotgani sezilib turardi. Mayli, bir oz koʻnglini boʻshatib olsin, dedi ichida Beknazar, keyin shunaqa mahalda aytiladigan odatiy gaplar bilan yupata boshladi. Tasallisi kor qilavermagach, qizni chalgʻitish niyatida dedi:

– Bemalolroq yuradigan yoʻl qoldirishmagan ekan-da.

– Boshqa yoʻl boru uzoqroq, aylanib borish kerak, – dedi Fazilat, – musofirlar shunaqa chekkaroq yerlarga qoʻyiladi shekilli.

 

XV

 

Uchrashuvlar mazmuni, muloqotlar mavzusi deyarli bir edi.

Pakka – Sulton Ahmad maydoni edi. Ularning toleiga xiyobon koʻpincha xoli, oʻrindiqlar ancha boʻsh boʻlardi.

– Otam yurtimizga tegishli joylarni, oʻzimizning qayerdanligimizni yozib qoldirganakan, – gap boshladi Fazilat keyingi gal muzqaymoq yeb oʻtirisharkan. – Hayron boʻldim: axir rahmatli u deparalarni, kimlarning avlodiligimizni qulogʻimga quyib tashlovdi-ku deyman.

Balki dardi, alami ichida ketgan padari buzrukvor xotiraga ishonib boʻlmaydi, qiz bola… mendan keyin unutib yuborishi mumkin, deb oʻylagandir. Ehtimol u bir kun vatanga qaytishlariga ishongandir, yo aksincha, bunga koʻzi yetmagani uchun ham shunday qilgandir.

Onaizor sandiqning tagida xuddi yombi singari asrab kelinayotgan oʻsha daftarni Fazilatga yaqinda, turk yigiti Najot toʻgʻrisida gap ochilgan paytda oshkor etdi. Balki u “Mana buni yaxshilab oʻqib, uqib ol, oʻzing xulosa chiqar” degan niyatda yozuvni qiziga koʻrsatgandir. Oʻshandan beri Fazilat daftarni bolishi ostiga qoʻyib yotar, kunda bir necha marta qoʻliga olib, qayta-qayta oʻqir, koʻzlariga surtar, baʼzi-baʼzida oʻsha bitiklar sabab, oʻz onasini, otasini qoʻmsab, taqdir palaxmoni onaizorini yovuz daryo komiga, buni esa shuncha uzoqqa – oʻzi qaytolmaydigan, qaytsa ham yetolmaydigan joylarga uloqtirganidan oʻkinib-oʻkinib yigʻlardi. Daftarda yurt, shahar otlaridan tashqari, bir necha ism ham boʻlib, ularning kim, qanday qarindoshligi yonlariga qayd etilgandi: “Saodat – amma, Abdurasul – pochcha, Xoʻjaoyim – xola, Maʼruf Xoʻja – pochcha, Mahmudaxon – xola, Maqsudali – pochcha, Abdulhamid, Abdulhakim, Ortiqboy, Qorasoch, Ermamat, Halima, Sharofat, Sherali – jiyanlar…” Fazilat bu nomlarning ham aksariyatini koʻp eshitgandi, lekin baʼzilarini bilmas yo qanday tutashligi xayolidan koʻtarilayozgan edi. Angladiki, ularniyam yodda saqlashi kerak. Qiz otasiga, demak, unga ham bevosita daxldor kishilar haqidagi aniq maʼlumotdan xabar topgach, dilining bir chekkasida qanoat va xotirjamlik hissi uygʻonganini sezib qoldi. “Demak, qarindoshlarimiz, yaqin kishilarimiz uzoqda boʻlsayam, anchagina bor ekan”, degan fikr uni tetiklashtirdi. Ularning ayrimlari oʻtib ketishgandir, lekin loaqal yarim-yolchisi hayotdir…

– Qisqasi, otamdan yodgorlik ana shu daftar qoʻlimga tekkandan keyin yuragimga qandaydir gʻulgʻula tushgan, – dedi Fazilat. – Xuddi sayyoh musofirlar ichidan qarindoshlarimiz chiqib qoladiganday, oyoqlarim oʻz-oʻzidan takkaga tortadi. Biron yangilik umidida Hoji ota bilan gaplashgim keladi. Ayamga oʻsha cholga non, ovqat-povqat berib turaylik deyman, bechora mayli, qizim, savob boʻladi deydi. Biram yaxshi ayol, biror marta meni qattiq urishganini yo iltimosimni qaytarganini eslolmayman. Koʻp ishlarda meni katta odamday koʻrib maslahatlashadi.

– Bittaginamisiz? – soʻradi Beknazar.

– Ha, qisqa javob aytdi Fazilat, boshqa izoh bermadi.

Aslida savol javob beruvchini xursand qiladigan savol emasligini yigit oʻylamadi chogʻi. Qiz jimib qoldi, balki yodiga yolgʻizligi va buning sabablari tushgandir. Ikki yilki farzand koʻrmayotgan Sharifa kelinoyi yurtdan chiqishganda ogʻiroyoq edi, Amudaryodagi halokatda qoʻrqib ketganidan homilasi tushib, qaytib boʻyida boʻlmagandi.

– Endi koʻpayasiz, – dedi Beknazar andak tezobligi, shoshqaloqligi oqibatidagi xatosiga tuzatish kiritmoq, gapni burib yubormoq niyatida.

Fazilat tabiatan yo balki yurtma-yurt, shaharma-shahar kezishlar, har xil voqea-hodisalarga duch kelishlar, koʻp narsalarga guvoh boʻlishlar oqibatidir – hushyor, ziyrak qiz edi, kosa tagidagi nimkosani anglagandi, qizarinqiraganini sezdirmaslikka va chehrasiga tabassum balqitishga harakat qilib, oʻz navbatida hazilni davom ettirdi.

– Siz fol ochasizmi yo bashoratchimisiz?

Beknazar sekin kuldi. Uning kulgisi samimiy edi. Fazilat savoli oʻziga ham nasha qilganday, “piq” etdi-yu (bu orada u xijolat boʻlib, atrofga birrov nazar tashlab olgan edi), iymanib, lablarini qimtidi, ammo aqiq, uyatchan dudoqlar chetidan taralgan, nazokatli jilmayish yuz-koʻzlariga yoyilib ulgurgandi. Bu tabassumni yuzaga kelgan yaqinlik alomati deb oʻylagan Beknazar qizning qimtilgan tizzalari ustiga qoʻyib oʻtirgan qoʻlidan asta ushladi. Avvaliga qiz qarshilik koʻrsatmadi, qani, nima qilarkin deganday, qaltis harakat oqibatini yengil hayajon bilan kutdi. Bir oz titrayotgan kuchli panjalar iskanjasidagi barmoqlarining xiyol engashgan yigit lablariga yaqinlashib borayotganini payqagach, shosha-pisha qoʻlini tortdi, biroq kechikkanini, kaftining orqasi choʻgʻ bosilganday qizib ketganini, haroratning yashin tezligida tirsagi va kifti orqali yuragi tomon yugurganini tuydi, “odobsizlik”ka keskin eʼtiroz bildirish lozim degan oʻy keldi, lekin bu gal tili pand berdi.

– Hay, nima qilyapsiz, afandim, odamlar koʻradi.

– Afv eting, xonim afandim, gunohkorman, – yigit ham qizdan kam hayajonlanmayotgan edi.

– Ana, koʻrdingizmi, yaxshi bilarkansizu. Siz-da, meniyam, oʻzingizniyam gunohga qoʻyib…

– Hay-hay, ja oshirvormang, yurtdoshlarning koʻrishib, uchrashib turishi gunohmasdir.

– Yurtdoshlar shunaqa koʻrisharkanmi?

– Hadislarda birovni yoqtirsangiz, unga sezdirib qoʻying deyilgan.

– Ho-o, yoqtirganini ka-atta maydonda, shunaqa qilib sezdirarkanmi?

– Boʻlmasa, qanaqa qilib?..

– Bilmadim, – Fazilat yana yuzini yonboshiga oʻgirib oldi. Uning kulgisi qistagan edi, lekin bu kulgi qimtilgan lablari orasiga qisilib qoldi. Qoʻlida tasbeh oʻgirganicha bir-bir bosib Sulton Ahmad masjidiga kirib ketayotgan uzun boʻyli bir kishining boshini burib, shu tarafga koʻz qirida qarab qoʻyganini koʻrib chalgʻidi. Kim boʻldiykin, mahallasidanmikin? Najotning otasiga oʻxshaydi. Bir marta yigit bilan birga koʻchada ketishayotganda duch kelishuvdi. Oʻshanda Najot qiz boladay qizarib, dovdirab, otasiga tuzuk-quruq bir narsa ham deyolmagandi.

– Ana, qarang, bizni kuzatishyapti, – dedi-da, Fazilat shartta oʻrnidan turdi.

 

XVI

 

Beknazarning Sharifa opa bilan keyingi suhbati ancha jiddiy kechdi. Masala har taraflama muhokama etildi, oʻrtadagi rioya, yuz-xotir pardalari vaqtincha bir chetga surib qoʻyildi. Beknazar ahdining qatʼiy, sidqidildan ekanini qayta-qayta taʼkidladi. Faqat biron joyda ishlab, ozroq pul jamgʻarishi lozimligini ham yashirib oʻtirmadi. Yoʻlni bilib olgani, har holda uncha qiynalishmasligini, iloji boricha ularni ehtiyotlab, avaylab olib ketishga harakat qilajagini gap orasida qistirib oʻtdi.

– Mumkin, ishonchli hamrohlar chiqsa, Qashqardan sizlarni Andijonga joʻnatib yuborarman, – dedi u opaning yon berganday boʻshashganidan dadillashib. – Bizda, yana aytaman, ayollarni qamab, yo boshqacha zugʻum qilishayotgani yoʻq, tayoq erkaklarning boshida sinayapti, xolos.

Yigitning ongiga “ularni bir amallab koʻndirib olsam bas” degan fikr mahkam oʻrnashib qolgan edi. Balki Qashqarga yetib borishguncha munosabatlari yaxshi boʻlib ketar. Beknazar hozir arqonni uzun tashlash aqidasiga suyanar, asosiy maqsadi Fazilatning muhabbatiga erishishgina emas, balki ularni yurtga yetkazib qoʻyishdan ham iboratligiga opani ham, qizni ham ishontirishga urinar, faqat bu borada Fazilat bilan hammaslakligini opaga sezdirmaslikka tirishardi. Nihoyat kuyib-pishib uqdirishlari nishonalari boʻy koʻrsatdi.

– Ehtimol sizni bizga xudoning oʻzi yuborgandir, – dedi Sharifa opa.

– Hamonki yoʻlimiz, dasturxonimiz bir boʻlar ekan, sarmoya toʻgʻrisida ortiqcha bosh qotirishga hojat yoʻqdir, axir, ketadigan boʻlsak, hovlini sotamiz-ku.

Albatta, Beknazarning niyati amalga oshsa, uy-joyning pullanishi aniq, lekin er kishi ayollarning hamyoniga sherik boʻlib, ikki qoʻlini burniga tiqib yurolmaydi-ku. Unda xushtorligiyu, himmati qayoqda qoladi?

– Mayli, uyniyam sotamiz, ammo menam ozroq mablagʻ jamgʻarmasam boʻlmas…

– Hovlining puli yetmaydi deb oʻylayapsizmi? Uydayam bir nimaga yaraydigan ancha-muncha narsalarimiz bor.

– Yetishgayu yetar, yana, uzoq yoʻl. Har holda aqchaning ortiqchasi zarar qilmaydi, opa.

– Gapingiz toʻgʻri, ammo, bir aravaga tushadigan boʻlsak, seniki-meniki deb yurmaylik deyman-da, unda biz xijolat boʻlib, tortinib qolamiz, ahillikkayam darz yetadi, Beknazarjon inim.

– Siz tashvish chekmang, opa. Xudo xohlasa, siz aytgancha, topganimiz, quyugʻimiz, suyugʻimiz oʻrtada boʻladi. Men faqat dard qolmaylik deyman-da. Qashqarda yurtga oʻtishga hayallasak, ijarada yashab turishga toʻgʻri kelib qolishi mumkin…

Beknazarning tili uchida: “Men erkak kishiman, yonimda oʻz sarmoyam boʻlishi kerak”, degan soʻzlar tizilib turardiyu, chiqib ketolmasdi.

– Bu, akang tushmagur xiyla oʻjarga oʻxshaydi, Fazilat, – dedi opa Beknazar chiqib ketgach, labini chimirib kulimsirarkan.

– Toʻgʻri-da, ayajon, esingizdami, “Pul topaman deb, qachongacha shaharma-shahar yurasiz”, deganingizda otam rahmatli nuqul “Puli koʻpning qoʻli uzun, puli yoʻq puli borga tobe boʻladi” derdi. Oriyatli erkak siz aytgan gapga unamaydi-da.

– Qaysarlik qilib, yoʻl-choʻlda bizni qiynamasmikin deyman-da, qizim.

– Qaysar – podsho degani. Unaqalar tutgan joyini qoʻyvormaydigan, bir soʻzli boʻladi.

Opa qiziga hayron boqdi.

– Bunaqa gaplarni qayoqdan bilasan qiz bola joning bilan?

– Bilaman-da, otam meni bekorga “dono qizim” dermidi. Kitoblardan oʻqiganman.

– Kitoblarda yozovradi-da. Toʻgʻri ish qilyapmizmikin deyman-da. Yomgʻirdan qochib doʻlga tutilganday, uy-joyni sotib, tayyor boshpanadan ayrilib, sarson boʻlmasak-da ishqilib. Kitoblarda sen oʻqiganday boʻlsa bordir, hayotda boshqalarni faqat oʻzining yoʻliga yurgizishga urinadigan odamlar qaysar deyiladi. Qaysarlik yaxshi xislat sanalmaydi, qizim. Unaqalar aytganida “gah” deb turvolishadi, boshqalar bilan muomala qilishi, ish bitkazishi qiyin, murosaga koʻnmaydi. “It qaysar” degan iborani eshitganmisan? Mana, qara, hozirdan bizning gapimizga xoʻp demayapti. Lekin, oʻziga toʻqroq xonadondan boʻlsa kerak, boʻlmasa bu yerlargacha yetib kelishi qiyin edi. Otang “Sovetlar siyosati, zugʻumidan ham puli, moli borlar qochib qutilyapti, xolos, qoʻri yoʻqlar qamoqqa yo surgunga qulogʻini ushlab ketyapti” degich edi.

– Rostiyam, erkak kishi, moli-davlati boʻlmasa, boʻynini qisib, indamay turaveradi-da, aya.

– Hozir shuni mulohaza qiladigan vaqtmi Bek akangga?

– Mayli, ayajon, ishlayman desa, ishlasin. Unga darrov qayoqdayam ish qarab turibdi, bu shaharda hech kimni tanimasa, hech qayerni bilmasa. Keyin, oʻziniyam uzoqqa sabri chidamas… – Birdan Fazilatning xayoliga biznikida yashab turaversa-chi, degan oʻy keldi. Bu harqalay, joʻyali mulohaza edi, u holda shoshilishniyam hojati boʻlmasdi. Ammo… qiz oʻz rejasidan uyalib ketdi, lab tishlab, onasiga birrov nigoh tashladi, lekin uning uncha eʼtibor qilmaganini payqab, davom etdi. – Ikki oy ishlar, uch oy ishlar. Gapimizdan oʻzicha maʼno chiqarib, zoʻrgʻa turishgan ekan degan xayolga bormasin tagʻin.

Ona bu yogʻini oʻylamapman deganday, bosh qimirlatib qoʻydi.

Aslida ayolning andishasi boshqa yoqda – Fazilatga indamasa-da, Zaynulla afandi halal berib qolmasmikin, deya xavotirlana boshlagan edi. Fazilat nima boʻlsayam yosh-da, onasi uyni tuzukroq pulga sotamizmikin desa, oʻylab-netmay, oʻsha kishi yordam bermasmikin yo oʻzi olib qoʻya qolmasmikin, deb oʻtiribdi. Unga aytib boʻlarkanmi, lekin, aytmaslikning ilojiyam yoʻq. Axir xayr-maʼzurni nasiya qilib joʻnab yuborishmaydi-ku.

Ammo savdogar ona-bola ojizalarning allaqanday bir musofir bilan til biriktirib qilayotgan saʼy-harakatlarini maʼqullamasligi tayin, zero, Sharifa opaning taxminicha, uning oʻgʻlini Fazilatga uylantirib, hovlini ham qoʻlga kiritish niyati ham yoʻq boʻlmasa kerak. Opa oʻzini uning shamalarini anglamaganday tutishi, roʻyxushlik bermayotgani ham shundan edi. Zaynulla afandi bir kuni gapni aylantirib, shunga taqadi… “Doʻstim sizlarni menga, meni allohga topshirgan. Bilasiz, biz koʻp qadrdon, hamdam edik, savdo yoʻlida birga xiyla aziyatu mashaqqatlar chekkanimizdan ham ozmi-koʻpmi xabaringiz bor, nima topgan boʻlsak, birga baham koʻrganmiz. Shuning uchun unga sizlarni oʻz hifzi-himoyamga olaman deb vaʼda berganman. Boshlaringizda erkak yoʻq, bizni yaqin, sinashta odamlar oʻrnida koʻrib, qanday yumush boʻlsa, tortinmay, bemalol aytaveringlar, men yoʻgʻimda, Ziynatbey yordam berib turadi, uyam sizlarni juda hurmat qiladi. Sizni xuddi oʻz onasiday koʻradi, Fazilatni yaxshi qiz deb koʻp maqtaydi…”

Savdogar muddaosini ochiq-oshkor qilmagani sababini opa oʻgʻlining hali bir oz yosh (Fazilat bilan deyarli tengdosh edi) ekanligida deb oʻylardi. Beknazarga shu gaplarning bir uchini chiqarsamikin, yo unda bu oʻjar yigit shoshqaloqlik qilib biron nojoʻya ish koʻrsatib qoʻyarmikin?.. Yoʻq, har qalay, unga bildirishmagani maʼquldir…

 

XVII

 

Beknazar ishning bu qadar joʻn, xamirdan qil sugʻurganday oson bitayotgani uchun mamnun, qiz ham, Sharifa opa ham oʻz taklifiga, yaʼni Qashqarga ketishga rozilik bildirish ragʻbati yoʻq emasligini koʻngil havasiga ham moyillik alomati deb bilar, asosiy muammo hal boʻldi deb hisoblar, umrida toʻrtta odamning oʻrtasiga chiqib qoʻl koʻtarmagan yigit, dam-badam devonalarday, oʻzidan-oʻzi barmoqlarini qisirlatib oʻyinga tushar edi.

U qishloq bolasi, anchayin sodda edi. Taqdir shamoli hali uni chirpirak qilib uchirib, ne manzilu makonlarga eltib tashlashini, charxi kajraftor gʻarib boshiga qanday shoʻrishu gʻavgʻolar tayyorlab turganini xayoliga ham keltirmasdi. Ayni damlarda u chindan ham baxtiyor edi. Goʻyo ayol zoti bilan bogʻliq orzu-umidlari, zavqu ehtiroslari qayta tirilib, pajmurda jismi-joniga mislsiz qudrat, favqulodda gʻayrat ato etilgandi. U mutlaqo imkonsizday tuyulgan tilagi kutilmaganda juda tez ushalayotganidan esankirab qolgandi. Bunaqa mahalda oson qoʻlga kiritilgan boylik, baxt koʻpincha barakasiz yo omonat boʻlishi haqidagi gaplar qaysi bir omadi chopib turgan oshiqning yodiga kelardi? Beknazar nazarida ham chiroyli, ham xushtabiat, xushfeʼl, bir soʻz bilan aytganda, ayni koʻnglidagiday dildorni topgan va endi u bilan bir umr saodatli, osuda hayot kechirish mumkin, oradagi ancha-muncha qiyinchiliklar chikora deb oʻylardi. Qiyinchilik ham nima boʻlardi – yoʻl yurish, issiq-sovuq havoli, togʻu toshli, sahroyu dashtli joylardan oʻtish… Tinch, salomat Qashqarga yetib olishsa, u yogʻiga ishi yurishib ketishiga ishonardi. Padari buzrukvorining qadrdonlari omon boʻlishsa, uni sargʻaytirib qoʻyishmaydi. U bobosiyu otasining qadri shunchalik balandligini oʻsha odamlarning oʻziga koʻrsatgan muruvvatu iltifotlaridan bildi. Arabistondagi amakisi ahvoli qandoq ekan? Unga yetib borolmaydigan boʻldi-da. Fazilat bilan uning onasini hozir u tomonlarda yetaklab yurolmaydi – vaqt hamda mablagʻ muammosi bunga monelik qiladi. Qolaversa, ularniyam bunga raʼylari yoʻq. Tezroq ularni yurtga yaqinroq joyga olib ketish zarur. Faqat mablagʻ kerak, mablagʻ… Fazilatlarning uylari qanchaga sotilsayam, oʻzlariga harjlashadi-da, Beknazar ayol kishilardan pul olib ishlatarmidi. Endi jadalroq ish axtarishga tushish lozim. Arra-teshasi naf bermasa, baquvvat qoʻllari bor…

 

* * *

Parvardigor bandasining ishini oʻnglayman desa, hech gapmas. Beknazar ish borasida kimdan maslahat, yordam soʻrasamikin deb, oʻzicha Javdar ogʻani moʻljallab yotgan edi, ochiq eshik taqillab qoldi. U shartta tiklanib qaradi. Ostonada oʻrta boʻydan balandroq, yalangbosh, oq oralagan sochlarining old tomoni, xususan ikki chakkasi siyraklashgan, soqoli qirtishlab olingan, ixcham moʻylovli, koʻzlari maydaroq kishi kulimsirab turardi.

– Assalomu alaykum, andijonlik yigit oʻzlarimi?

Beknazar irgʻib turib eshik tomon yurarkan, xayollandi: “Kim boʻldiykin? Fazilatning otasini ogʻaynisimikin?..”

– Va alaykum assalom, – dedi u hamon ajablanganicha mehmonga qoʻl uzatib. – Ha, men, xush kelibsiz, ichkariga marhamat.

– Yoʻq, rahmat. Hoji otani yoʻqlab kiruvdim, bir vatandosh kelgan deb qoldi, shunga koʻrishib qoʻyay dedim, aybga buyurmaysiz.

– Qadr qilganingiz uchun rahmat, aka, qani, bu yoqqa oʻtiraylik, – Beknazar oʻzi solib yotgan, ohori ketgan koʻrpachaga ishora qildi.

– Tashakkur, hamyurt, yaxshisi, Hoji akaning xonasiga yuring, birpas otamlashib, koʻnglini olamiz bechora gʻaribning. Ulugʻ shoir aytganiday, “Kimki bir koʻngli buzuqni xotirin shod aylagay, Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa obod aylagay”. Meni ismi-nasabim Sabo Rahmat.

Mehmonning ochiqligi, ilashimliligi Beknazarga yoqdi.

– Hoji aka Makkatillodan qaytishda shu yerda qolgan. Vatanga yaqinroq deb, Afgʻonistonni moʻljallaganu, ammo u yerda musofirlarga munosabat yomonligini oʻylab, shu takkani boshpana qilib olgan, yoʻl-yoʻlakay izoh berdi u.

Hoji ota Beknazar oʻtgan safar koʻrgan holatda oʻtirar, anjomlar ham joy-joyida edi. Moʻysafid oʻrnidan turmoqqa shaylangan edi, Sabo Rahmat uning yoniga ildam oʻtdi-da, yelkasiga kaftini bosdi.

– Qoʻzgʻalmasinlar, taqsir. Mana, yurtdoshni boshlab keldim.

Ular xonaning bir tomoniga – mezbonning oʻng tarafiga solingan yupqagina surrang toʻshakka choʻkkaladilar. Xona sohibi duoga qoʻl ochdi.

– Fayridinlarga insof bersin, oʻlkamizdan baloi ofatlarni xudoning oʻzi daf etsin, omin.

– Omin, omin, – joʻr boʻlishdi mehmonlar.

– Qani, taqsirim, bir tortamizmi? – dedi Sabo Rahmat jilmayib, chilimga ishora qilarkan.

– Kulasiz-da, a, qismatdosh, kulasiz.

– Xoʻrillatib tortishingizga borman-da. Oʻziyam juda-a huzur qilasiz, a?

– Endi buyam kor qilmay qoldi, mulla.

– Kuchlirogʻidan topaylikmi? – Sabo Rahmat Beknazarga qarab koʻz qisib qoʻydi.

– Allaqachon topib qoʻyganman, Sabohiddin.

– Ob-boʻ, Hoji akasi tushmagur-yey, oʻtirgan oʻrningizda ancha-muncha ishni bitirib tashlaysiz-a. Qani, koʻraylik-chi, oʻsha zoʻrini…

– Rost aytsam, yashil choyga, yaʼni oʻzimizning koʻk choyga yetadigani yoʻq ekan, – Hoji ota Beknazarga yuzlandi. – Oʻgʻlim, samovarda choy qaynayaptimikin?

– Hozir qaray-chi, – Beknazar oʻrnidan dast turib, xontaxtadagi mushtdaygina sariq sopol aralash chinni choynakni olib, tashqariga chiqib ketdi.

– Durust yigitga oʻxshaydi. U bechorayam siz bilan biz singari zugʻumdan, chaquvdan kuyib qochganlardan ekan, – dedi Hoji ota va Beknazarning baʼzi gaplarini aytib berdi.

Sabo Rahmatning kulimsirab turgan yuzi jiddiy tus oldi.

– Ha, taqdirdoshlar koʻpayyapti, Hoji aka. Oʻrtada “qochdi-keldi”lar sal bosilib qoluvdi, yana boshlanibdi-da. Bu yaxshi alomatmas. Shoʻro ustunlari chirib boryapti, deb ularning qulashini qancha intizorlik bilan orzulasak, qancha iltijo bilan tilasak, tobora mustahkamlanib, istibdodi avj olyapti-ya.

– Ammo Jaloliddin Manguberdiday qahramonlarimizgayam oʻzimiznikilar pand berishgan.

– Toʻgʻri aytasiz, Hoji aka. Bobur Mirzoday ulugʻ shoir, adolatli hukmdorniyam yurtdan mosuvoyu darbadar qilganlar ham oʻzining eng yaqinlari, ishonganlari edi.

– Lokin, shundoq deb, butun xalqni ayblab boʻlmaydi, vatandosh.

– Toʻgʻrikuya, albatta, sopining oʻzidan chiqarish Stalin davlati siyosatining oʻzagi desayam boʻladi, lekin u dayusning odam hayron qoladigan feʼllariyam bor. Aziz farzandini generalga almashtirmay, voz kechib yuborganini aytaman-da. Tarixda tantiq shahzodalar davlat, boylik ishtiyoqida yurt boshiga nima koʻrguliklar solmagan?.. – Beknazar pichirlaganday assalomu alaykum deb kirdi-da, choynakni xontaxtaga qoʻydi. Hoji ota xontaxtaning narigi chekkasidagi piyolalarni uning oldiga surdi. – Biroq, – davom etdi ancha qizishib qolgan Sabo Rahmat, – odamlarimiz shuncha tez, shuncha osonlik bilan oʻsha siyosatning yaloqbardorlariga, aygʻoqchilariga aylanib ketadimi deb xunobingiz oshadi-da.

Hoji ota shikasta tovushda “Ha-a…” deb qoʻydi.

Beknazar choyni uch marta qaytargach, piyolalarga quyib Hoji otaga, Sabohiddin akaga uzatdi.

– Sallasini olib kel desa, kallaga yugurishadi-da, – dedi Sabo Rahmat choydan hoʻplab.

– Unaqalarga ham oson tutib boʻlmaydi, mulla, jon shirin, qorongʻi xonada, qon chiqmaydigan joyiga ikki-uch tepki yegandan keyin qiyin-qistovga dosh berish qiyin. Axir zax hujrada, burga, iskaptoparlarga talanib, bir qoshiq xoʻrdaga zor boʻlib yotish yo uzoq, qora balchiqli oʻrmonlarda azob-uqubatlar bilan itday oʻlib ketish kimga yoqadi?

– Juda koʻngilchansiz-da, Hoji aka. Turkistonliklar degan soʻz menga vatangadolar deganday eshitiladigan boʻp qoldi.

– Oʻzimizning aybimiz ularnikidan yengilmi? Peshonamizga qochoq, xoin degan tamgʻalar bosib boʻlingan. Toʻgʻri, biz siyosiy muhojirmasmiz, ammo hukumat bizni allaqachon qora siyoh bilan yoziladigan roʻyxatga tirkagani aniq.

– Biz birovni sotmadik, kimgadir xoinlik qilmadik-ku.

– Vatanga xoinlik qildik, vatanga, mulla Sabohiddin. Jon qutqargan botir deb, yurtni mustamlakachilarga tashlab qochganimiz qanday xiyonatdan kam?

– Vaziyat taqozo etganda paygʻambarimiz ham hijratni maʼqul koʻrgan ekan…

– E, mulla, paygʻambarimiz bilan bizni qochishimizning farqi katta. Rasululloh qoʻl ostidagilarni, sahobayu jangchilarini ehtiyot qilgan, biz esa oʻzimizni… Aslida qamalish yo badargʻa boʻlishdanmas, mol-dunyoimizdan ajrab qolishdan qoʻrqqanmiz.

– Unaqa demang, Hoji aka, biz mutelikda, dinsizlikda, yashagandan koʻra, sarson-sargardonlikni afzal koʻrganlarmiz. Qolaversa, baribir qoʻlimizdan hech narsa kelmasdi-da… Oʻz yurting boʻla turib, Zokirjon Furqat yozganiday, oʻzga ellarda adashgan itday qayoqqa borishingni bilmay, dovdirab yurish odamga alam qiladi-da. Olamda oʻz vatanini tashlab, qorni toʻygan yerni makon tutib yashayveradiganlar ham koʻp ekan. Oʻzbekistonni bosdi oʻshanaqalar.

– Endi juda qattiq ketdingiz, – oʻtirgan oʻrnida bir toʻlgʻanib oldi Hoji ota. – Tayoqning bir uchi oʻzimizga kelib tegishiniyam hisobga olyapsizmi? Asosiysi, taqdir degan narsa bor. Kim qachon, qayerda janobi azroilga roʻpara kelishi faqat parvardigorga ayon.

– Durust, ammo bandalar ham bir-biriga sabab boʻlyapti-ku. Ularga oʻylash, mushohada qilish uchun aql-idrok ato etilgan-ku, Hoji aka. Mana, siz nima uchun vatan, yurt deb kuyunib, yigʻlaganingiz yigʻlagan?

– Ha, endi, hammaning feʼli oʻziga, hamma har xil yaratilgan… Meni qoʻyavering, kamina toʻridan goʻri yaqin bir faqir. Alamimni yigʻidan olishdan boʻlak nimagayam yarardim. Osmon – uzoq, yer – qattiq.

– Noumid shayton, Hoji aka, hali bardamsiz. Yurtda bir evrilish yuz berib, omon-omon zamonlar boshlanib qolsa, sizni oʻzim olib ketaman.

– Mabodo, aytganingizday, yurtga qaytadigan boʻlib qolsalaring, iltijo qilaman, albatta meniyam otmi, eshakmi, bironta ulovning dumiga boylab, bir amallab olib ketasizlar, jon vatandosh. Bu dunyodaku yaxshiliklaringizni qaytarolmayman, illo, u dunyoda qancha savobim boʻlsa, doʻst sifatida hammasini sizga olib berishni yaratgandan oʻtinib soʻrayman. Ungacha umrim yetmasa, aqalli qabrimdan bir hovuch tuproq olib ketib, Oʻzbekiston chegarasi boshlangan yerlarga sochib yuborsangiz ham mingdan-ming roziman.

– Xotirjam boʻling, Hoji aka, sizsiz hech qayoqqa ketmaymiz.

– Lokin endi biz yurtga qaytolmaymiz, jigar, axir qaysi yuz bilan boramiz?..

Beknazar “muzokara”ni qiziqish bilan tinglab oʻtirarkan, dilidan hamsuhbatlarnikiga yaqin hissiyotlar kechardi. Nahotki ular ham bunga oʻxshab, arzimagan sabab bilan yurtdan chiqib yo qochib yurishgan boʻlsa?..

Sabo Rahmat yonida odam borligi birdan esiga tushganday, boshini Beknazar tomon burdi.

– Siz ham gapiring, yurtdosh, yo hali bunday savdolar kallangizni garang qilib ulgurmadimi?

Beknazar mujmalgina javob berdi. Sabo Rahmat endi uning qayerdanligi, bu yoqlarga qanday kelib qolgani, niyat-rejalari bilan qiziqib, aniq savolga oʻtdi.

– Ism-shariflari qanday?

– Beknazar.

– O, juda taxallusbop ekan. Bek Nazar. Bobur Mirzo deganday. Mabodo sheʼr-per yozib turmaydilarmi?

– Yoʻq, – dedi Beknazar oʻzini bir oz oʻngʻaysiz sezib. U adabiyotdan juda uzoq boʻlmasa-da, har holda badiiy ijodga ham uncha yaqin emas edi.

– Padari buzrukvorining otlari-chi?

Beknazar aytdi.

– Demak, Beknazar Darmon… Turkiyada ism-shariflar shundoq aytiladi, bizdagiga oʻxshab, gʻayri millatchasiga “… yev,… ov” deyishmaydi. Men ham hujjatda Sabohiddin Rahmatullayev yuritilaman, lekin turk birodarlarimiz Sabo Rahmat taxallusini berishdi. – U yana kuldi. – Hoji akaniyam ismi-sharifi uzundan-uzoq – Abduzuhriddin Farohiddinov. Abdu Farah yoki Hoji Farah deb aytaqolaylik, desam, hech koʻnmaydi-da. Otasiniyam, oʻziniyam ismlarini yarimta qilishni xohlamasmishlar. Vatansiz odamga nomi butun boʻldi nimayu, yarimta boʻldi nima deyman. Xudo xohlasa, vatanimiz butun boʻladi deydi. Mayli, ishqilib, aytgani kelsin. Xoʻ-oʻsh, shunday qilib, Andijondanman deng. Yon qoʻshni ekanmiz. Bizniki Fargʻonaning Quvasidan. Hoji aka bilan qadrdonmiz, toʻgʻrirogʻi, hasratdosh, darddoshmiz. Har zamonda suhbatlashib xumor yozgani kelib turaman. Shu bahona, bu karvonsaroyga qoʻnib oʻtadigan hammillatlardan ancha-muncha axborot, maʼlumotlar olamiz. Mana, eng keyingi xabar va yangiliklarni sizdan eshitamiz. Yurtda hozir siyosiy holat qanday? Xalqning ruhi-kayfiyati nechuk?..

Beknazar bir lahza taraddudlanib qoldi. Uning oʻzi siyosat jabrini tortib yurganlardan biri esa-da, bu yoqimsiz ibora bilan bogʻliq xatarli, betayin vaziyatga qanday holat va voqealar kirishini ichida mulohaza qila boshladi. Nihoyat, xayoliga choʻllarni oʻzlashtirish shiori bilan qishloq ahlining ayrimlarini oilasi bilan tugʻilgan, unib-oʻsgan makonlaridan yulqib olinib, majburan Mirzachoʻl, Yangiyer, Boʻz kabi dasht-biyobonlarga koʻchirilayotgani keldi. Bu endi qarindosh-urugʻlar, bir-birini qoʻllashi mumkin boʻlgan oʻzaro yaqin, hamfikr odamlarni bir-biridan uzoqlashtirish, parokandalashtirishning “dohiyona” yoʻli, bolshevikcha usuli edi. Boʻshab qolgan hovli-joylarga esa Rusiyaning olis, ovloq burchaklaridan choʻchqaboqar Zoyalar kelib oʻrnashardi. Shuningdek, “xalqlar otasi”ning qahriga uchrab, issiq oʻrinlaridan yarim tunda bir zalp bilan qoʻzgʻatilgan chechenlar, qrim tatarlar, mesxeti turklarini ham “manjaniq”larga solishib, koʻzni yumib, Oʻrta Osiyo mintaqasi tarafga otishar va ular toʻzgʻoqday har tomonga yoyilib tushishardi…

Aholining ruhi-kayfiyati… Ikkinchi jahon urushidan qay bir aʼzosidan ajralib, taniyu qalb jarohatlari bitmay, umuman mehnatga yaroqsiz boʻlib qaytgan sobiq askarlarning, onalar, kelinchaklar yuragidan janggohlarda, Stalingrad “toʻgʻon”ida[28], front orqasida, mehnat frontlarida oʻqdan va ochlikdan oʻlgan ota-onasi, eri, aka-ukasiyu boshqa yaqinlaridan judolik alamining zahri hali ketmagan edi. Ular bor-budini – ogʻzidagi noniyu egnidagi kiyimigacha “vatan mudofaachilari”ga yuborib, oʻzlari hanuz oʻsha yupunlik va nochorlikdan chiqishmagandi. Qolmishiga ularga har turli oʻlponlaru toʻlovlar – goʻsht, sut, saryogʻ, jun, tuxum kabi kurakda turmaydigan, tarixning eng ayanchli davrlarida ham boʻlmagan soliqlar solinib, ularni toʻlashga qurbi yetmaganlarning goʻdaklari oziqligiga yarab turgan sogʻin qoʻy yo echkisini qaroqchilar kabi sudrab chiqib ketishar, bechoralar chirqirab qolishaverardi. Xullas, hali oʻmganini rostlab olmagan, qachon rostlashi ham dargumon odamlarning holati, kayfiyati qanday boʻlardi? Toʻgʻri, ular bir narsaga – chaqaloqdan munkillagan qariyalargacha tinkasini, million-million kishilarning yostigʻini quritgan benoʻxta, bedavo urushning tugaganiga shukrona keltirib kun kechirishardi. Lekin urush davrida qisqa muddat karaxt yotgan qatagʻon ajdahosi yana bosh koʻtargan edi, u hamishagiday och va yovuz – tinimsiz qurbonlik tilardi – hali u sabab, hali bu bahona bilan qatllar, “qama-qama”lar, surgun-itoblar davom etardi. Salgina avvalroq Said Ahmad, Shuhrat, Shukrullo, Mirzakalon Ismoiliy, Shayhzoda kabi taniqli shoir-yozuvchilar qamalgan, ulardan biriga uyida isiriq saqlagan, oilasida chaqaloqni beshikka belattirgan, degan ayb taqalgan edi.

Beknazar shular haqida bilganicha gapirib berdi. Sabohiddin akaning ham, Hoji otaning ham peshonalari tirishdi, qovoqlari uyilib, lunjlari osildi. Ulardagi boyagi tetiklikdan, ehtirosli xitoblardan asar ham qolmagan edi.

Anchagacha hech kimdan churq etgan sado chiqmadi.

Beknazar yer ostidan kattalarga razm soldi. Hoji otaning boshi egilib, yuzi umuman koʻrinmas, ushoqqina yelkalari silkinardi. Kattagina kallasini ohista, bir maromda tebratib oʻtirgan Sabohiddin akaning ham mijjalari namdan yiltirardi.

Nihoyat, Hoji ota boshini koʻtardi, uning koʻzlari qizarib ketgan edi.

– Shunaqa deng, Bek Nazar. Biz koʻrgan kunlar ham bir navi ekan-da. Yo alloh! Bu qandoq kofirlarkim, beshik tutganlarni, isiriq tutatganlarni, eskicha kitob oʻqiganlarniyam yasoqqa tortishaversa-ya!..

– Ishtonsizning hadigi choʻpdan deganlari shu-da, Hoji aka. Lekin bizdagi kommunistlarning zugʻumlari yapon kommunistlarining xitoyliklarga, xitoy kommunistlarining uygʻurlarga bergan jazolari oldida holva. Ular hukumatning biron mulozimiga nisbatan bilib-bilmay nooʻrinroq soʻz aytgan yoki yozilgan va yozilmagan qonunlarga xilofroq harakat sodir etib qoʻyganlarning oyogʻiga kishan solib sudrasharkan, mahbuslarni qoziqqa bogʻlab, itlarga talatisharkan.

– Umuman, bolshevik degani bir balo ekan-da, mulla Sabohiddin. Lokin hammasi unaqamasdir…

– Ha, albatta, bari gap buyruq beradiganlarda-da… – Sabo Rahmat Beknazarga qaradi.

– Endi, uka, bu bekorchi chollar muncha menga yopishib olishdi demasangiz, malol kelmasa, sarguzashtlarni, shunday deymizda, a, Hoji aka, aslida sarguzashtmas, jafozasht, alamzasht, muxtasar gapirib bersangiz. Qaysi tomonlar bilan keldingiz, yoʻllar, chegaralarda ahvol qanaqa?

Beknazar bir oz ijirgʻandi, “Xuddi tergovchiday soʻraydi-ya” deya oʻyladi, lekin koʻnglidagini sezdirmaslikka urindi. Oʻzining qariyb besh oylik koʻrgan-kechirganlarini Sabohiddin aka kutganidan ham qisqa – toʻrt-besh daqiqada ixcham, loʻnda aytdi-qoʻydi. U umuman koʻp gapirishni yoqtirmasdi. Ammo toʻgʻrisini soʻzladi. Oʻrni kelib qolganda, muddaosini qistirib oʻtishni ham unutmadi. Ochiq-oshkor bayon etmasa-da, shu shaharga yetganida hamyonining tagi koʻrinib qolgani, shuning uchun ishlab, sarmoya jamgʻarishni moʻljallayotganini shama qildi. Fazilat bilan bogʻliq savdosi haqida ogʻiz ochmadi, toʻgʻri-da, umrida birinchi koʻrib turgan odamlarga darrov shaydolik dostonini oʻqib oʻtiradimi?

– Siz Abdulla Qodiriy degan adibni bilasizmi? “Oʻtkan kunlar” roʻmonini oʻqiganmisiz? – Birdan butunlay boshqa mavzuda savol berib qoldi Sabohiddin aka.

Beknazar shunday bir zoʻr yozuvchi oʻtganini eshitganu, lekin bironta kitobini ham koʻrmagan edi.

– Attang… Andijonlik Choʻlpon degan shoirni-chi?

– Yoʻq, oʻqimaganman.

– Afsus. Choʻlponni Turkiyada yaxshi bilishadi, ayniqsa, yoshlar suyib oʻqishadi. Ikkala adibning ham qismati dogʻli. Choʻlponni mutolaa qilsam, uning yosh ketganiga juda achinaman. Oʻlmasa, shu paytgacha qandoq inju sheʼrlar bitardiykin… Sabo Rahmat ohista, maromida oʻqiy boshlaydi:

 

Muhabbatning saroyi keng ekan, yoʻlni yoʻqotdim-ku,

Asrlik toshi yangligʻ bu xatarli yoʻlda qotdim-ku…

 

Fazalning soʻnggi bayti Beknazarning qalbini tirnab oʻtganday boʻldi:

 

Muhabbat osmonida goʻzal Choʻlpon edim, doʻstlar,

Quyoshning nuriga toqat qilolmay, yerga botdim-ku.

 

Hoji ota xontaxta ostidan nos rangli moʻjazgina bir kitob olib, varaqlay boshladi.

“Yer yuzinda oʻzga bir olam erur bizning vatan”, – deb alqagan Oʻzbekistonimizni Sulaymon bazzoz oʻgʻli.

Beknazarning boʻylaganini koʻrib Hoji ota kitobni uzatdi. Lekin u lotin imlosida, bu harfga Beknazarning tishi oʻtmas edi, kitobni Sabohiddin aka oldi, lekin sahifasini ochmay, yod aytdi:

 

Koʻz yoshimda yuvsam

Yurtning bagʻrini,

Tilim bilan soʻrsam

Oqqan qonini.

 

Shunday isteʼdodlar yurtim, elim deb juvonmarg boʻlib ketdi-ya.

– Qarang, bir banda xudoning omonati – hayotini xalq uchun tikishga qodir, lekin xalq u mushtday jonni hifzi-himoyasiga olishdan ojiz.

– Xalqimizda hamjihatlik yoʻq, Hoji aka, hamjihatlik. Toʻp yuradigan, hashaki itday keladigan chiyaboʻrilar sherdanam tap tortishmas ekan. Chigitday-chigitday arilar oʻqlovday ilonni chaqib ishirib yuborishadi.

– E, siz ularni aytasiz, bir kitobda oʻqib qoldim: qunduz boru – suvkalamush, shular jamlikda qiy-chuv qilib, timsohday bahaybat, vahshiy narsaniyam quvib solisharkan.

– Hukumatning xalqmas, olomondan qoʻrqishining sababiyam shu-da. Xalq qancha koʻp boʻlsa, shuncha parokanda boʻladi.

– Bechora Choʻlpon “Xalq dengizdir, xalq toʻlqindir, xalq kuchdir” deb yozibdiya, kuyib-yonib.

– Ha, shunday odamlarni burgaday ezib tashlashdi-yu, siz bilan biz nima degan gap, Hoji aka.

– Zap juftakni rostlab qolgan ekanmiz demoqchisiz-da, a, mulla Sabohiddin? Lokin bu ishlarni hali soʻroq-savoliyam bor…

Beknazar “bangi chol” deb oʻylagan qariyaning va Sabohiddin akaning maʼnili sheʼr oʻqishi, faylasuf yo katta yozuvchilarday (yo chindan ham shunaqamikin?..) mulohaza yuritishlariga qoyil qolib oʻtirar ekan, oʻzining Qodiriy roʻmonlari, Choʻlpon asarlaridan bebahraligidan, yoshlari bir joyga borgan manavi hasratdoshlar kabi oʻsha hamshaharining toʻrt yoʻl baytini yod bilmasligidan xijolat chekardi. Shuning uchun u hamsuhbatlarining dam unisi, dam bunisining ogʻziga tikilganicha, gap qoʻshmay, jimgina quloq solar, misralarning magʻzini chaqmoqqa urinardi. U Vatanning shunchalar aziz va muqaddasligini, ilk subhidam havosi, atirgullar va boshqa totli boʻylar dimogʻiga, soyning shildirashi, qushlar chugʻuri qulogʻiga inib, ona siymosiyu koʻz ochib koʻrgan xona, atrofdagi dov-daraxtlarning rangin yaproqlari, moviy osmonning bir boʻlagi qorachiqlariga singib, muhrlanib qolgan tabarruk makondan olisda, begonalar orasida umrguzaronlik qilishning nechogʻlik fojiali qismat ekanligini oʻylamagan ekan.

Ayni vaqtda u mavzuning oʻzgarib, tamom boshqa yoqqa burilib ketganidan, Sabohiddin akaning ham, Hoji otaning ham uning arzi-holiga eʼtibor qilishmaganidan oʻkinib oʻtirar, uning uchun hayot-mamot masalasiday muhim boʻlgan ish topish toʻgʻrisida qayta eslatishning noqulayligini oʻylab ziqlanardi. Shaharning ancha-muncha past-balandini, darvozasiyu darchasini bilib olgan odamlardan, xususan, Sabo Rahmatdan joʻyali bir maslahat, yoʻl-yoʻriq chiqar degan ilinji dam sayin ingichkalashib borayotganga oʻxshar, shunchaki oʻksinish endi rosmana ranjuvga aylanayotgandi. Lekin uning yozgʻirishi, ranjishi oʻrinlimidi? Ha-da, sening yetti tugʻib bir qolganing yo amma-xolangning erimidi, yo oʻtkazib qoʻygan joying bormidiki, undan umidvor boʻlib, tama qilishga, oʻpkalashga haqqi-huquqim bor deb hisoblasang! Umringda birinchi marta koʻrishib, gaplashib turgan boʻlsang… Toʻgʻri, yurtdosh, ammo yurtdosh ekan debon duch kelgan kimsaning etagiga osilib olishavermaydi-ku. U kim oʻzi, kasbi-kori qanaqa, qayerda yashaydi, nima yumush bilan shugʻullanadi, qoʻlidan bir ish keladimi – bular senga hali nomaʼlum-ku. Koʻp gapirish balki odatidir. Zang bosgan yuragini kimga boʻshatishni bilmay turgan odam qaygʻudoshini uchratsa dardini toʻkadi-da. Ha, ikki oyogʻing bir etikka tiqilmay, ozgina sabr qil-chi, ja boʻlmasa, cholning oldidan chiqqach, qulogʻiga “Sizda ikki ogʻiz gapim boridi” deb, xonangga boshlab kirib, alohida gaplasharsan, har qancha darding, iltimosing boʻlsa, oʻsha yerda yolgʻiz oʻziga aytarsan. Voy shovvoz-yey, feʼlingga tortasan-da. Senga hamma ish kampir shaftolining danagini ayirguncha, shappa-shuppa bita qolsa-da, a? Umuman he yoʻq, be yoʻq, tomdan tarasha tushganday, birdan menga ish topib bering deyishing qandoq boʻlarkin?..

Lekin ish bungacha borib yetmadi.

– Ha, xayol surib qoldingiz, inim? – Beknazarning oʻylarini toʻzitdi Sabo Rahmat. – Sizniyam yarangizni yangiladikmi? Biz benavolarga eʼtibor bermang. Manavi akangiz, – iyak qoqib Hoji akaga ishora qildi, – mening yagona hamdamim. Boshqa hamyurtlar ham bor, ammo dardimni shu kishi tushunadi. Taʼbi nazmi ham xiylagina. Yozmasayam, mutolaani yaxshi koʻradilar. Oʻzlari Margʻinondan.

Bosh qimirlatib, siniq jilmayib oʻtirgan Hoji ota Beknazarga yuzlandi.

– Xafa boʻlmaysiz, oʻgʻlim, bu kishimning tillarini hakka salgina choʻqilab qochgan, Margʻilon deyishga qiynaladilar.

– Eski kitoblarda shundoq yozilgan, – kaft silkidi Sabo Rahmat xuddi rostakamiga munozara qilayotganday soxta tundlik bilan. – Hofizu Choʻlponnikidan boshqa kitob ham oʻqiydilarmi oʻzlari, taqsirim?

– Hazil, hazil, – soqolini selkillatib qiqirladi Hoji ota. Kulganda koʻzlari kattaroq ochilib, rangpar yuzlariga qon yugurganday boʻlardi. – Ana shunaqa, Bek Nazar, biz baʼzan tegishib ham turamiz, bular faqat bir-biriga hasrat qilishar ekan, deb oʻylamang. Ha, biz alamdiydalar dastlabki paytlarda juda asabiy edik. Oʻzaro suhbatdayam qizishib ketaverardik. Keyincha musofirlik dogʻi-dardlari yurakdan oʻtgach, bir-birimizni ancha avaylaydigan, qadrlaydigan boʻp qoldik. Lekin hozir ham baʼzan kuyunib, lovullab ketamiz. Aslida-ku inson bolasi hamma vaqt, hamma joyda oʻzaro ahil, intifoq yashashi kerak, hayvonlarga oʻxshab shoxlashmay.

– Hayvon shoxlashgani bilan kek, gina saqlamaydi, Hoji ota, bir pasdan keyin yana birga oʻtlab ketaverishadi, odamzod esa, birov bilib-bilmay sal jigʻiga tegsa, kuchi yetsa, darrov javobini qaytaradi, boʻlmasa mushtiga tupurib qoʻyadi. Darvoqe, Bek Nazar, endi kaminaning holi bayonidan ham bir shingil eshitsangiz. Meni gapirtirib, nomai aʼmolimni bilib olib ketaverishdi, deb yurmang tagʻin. Biz ham dunyoni aylanib-aylanib, yigirma yildan ziyod sarsonu sargardon yurib, u yurtda bir-ikki yil, bu mamlakatda uch-toʻrt yil toʻxtab, nihoyat shu shaharda joylashdik. Shu darbadarliklar orasida ota-onani, boshqa qavmu qarindoshlarni boy berdik… Bu yerda qancha turamiz – xudo biladi. Afgʻonistonda koʻproq yashadik. Keyin Turkiyaga oʻtdik. Marsin degan shaharda oʻrnashdik, lekin chekkaroq edi… Hajdan qaytayotgan istambullik bir afandi bilan tanishib qoluvdik, unga ergashib bu yoqqa qarab mangʻidik[29]. Kadikoʻy degan manzilda uzoqroq qarindoshi bor ekan, oʻshalarnikiga ijara tushdik. Kasbimiz mayda tijoratchilik. Har holda, tirikchilik oʻtib turibdi. Kadikoʻy ham chekkayu, harqalay, Istanbulning shundoqqina tumshugʻi tagida. Bevatan odam devonaday gap – qayerga, kimnikiga boʻlsa kirib ketaveradi. Hozir Turkiyada, xususan, Istanbulda ham oʻzbeklar ancha koʻpayib qoldik. “Turkistoniylar” degan jamiyat tuzish toʻgʻrisida maslahatlar boʻlyapti. Bu jamiyat bizning haq-huquqlarimizni himoya qiladigan, oʻzaro moddiy va boshqa yordam koʻrsatadigan xayru saxovatli bir uyushma boʻlishi koʻzda tutilyapti. Bu yerda hozircha birov mushugimizni pisht, tovugʻimizni kisht deyotgani yoʻq, faqat bir-birimizning holi-aʼmollarimizdan boxabar boʻlib turmoq uchun shunday vositaga ehtiyoj sezilyapti. Sizga ish topishga harakat qilamiz, yurtdosh. Tanishlar bor, maslahatlashib xabar beraman. Ha, aytganday, sizga qanday xizmat maʼqul?

– Qanday xizmat boʻlsayam… – dedi Beknazar tetiklanib. Uning yangi tanishi haqidagi qarashi dabdurustdan oʻzgardi. “Xiyla ishbilarmon, dadil odamga oʻxshaydi”.

– Masalan? – taʼkidlab soʻradi Sabo Rahmat.

– Endi, bu shaharda qanaqa ishlar boʻlishi mumkin – bilmayman. Bizda yer ochish, sholi oʻroqchilik, devor-tosh singari ishlar boridi… – Beknazarning dilidan juda past ketdimmi, degan oʻy kechib, toʻxtadi-da, suhbatdoshining yuziga ohista nazar soldi.

– Turkiyada ham mavjud unaqa yumushlar, ammo Istanbulda emas, qishloqlarda. Shaharda eng koʻp xizmat – hamm… – Sabo Rahmat “hammol” soʻzi ogʻir botmasmikin, deya ikkilanib, turkchasiga “yukchilik” dedi va u ham mehmonga yer ostidan nigoh tashladi, uning yuzida malollik yo ogʻrinish sezilmagach, davom etdi. – Istanbul dengiz oʻrtasidagi shahar, shuning uchun bu yerda bandargoh koʻp, kemalarga yuk ortib-tushirishda ishchi kuchiga hojat katta.

– Juda yaxshi, faqat… – Beknazar “koʻproq haq bersa boʻldi” demoqchi edi, andishasizlikka yoʻyishmasin deb fikridan qaytdi.

– Xoʻsh, xoʻsh, tortinmay aytavering, – qistadi Sabo Rahmat.

Beknazarning xayoliga birdan boshqa mulohaza kelib qoldi va oʻzi ham ichida suyunib ketdi.

– Faqat, yaqinroqdan boʻlsa… – dedi u endi Sabohiddin akaning yuziga oshkora iltijoli koʻz tikib. U mana shu istagiga oʻzi kutganday javob olishni juda-juda xohlardi.

– Shahar katta boʻlsayam, ulov katta muammo emas, inim. Albatta yaqinroqdan surishtiramiz, – Beknazarning koʻnglini tinchitdi Sabo Rahmat.

– Maʼzur tutasiz, Sabo Rah… Sabohiddin aka, turklarning tili oʻzimiznikiga oʻxshasayam, tushunishga qiynalyapman. Qolaversa, shaharni yaxshi bilmayman. – Beknazar oʻzining zaif tomonini tan oldi.

– Xijolat boʻlmang, ishni birga izlaymiz. Tilniyam hash-pash deguncha oʻrganvolasiz. Boshda sal mushkulroq tuyuladi, xolos. Biz ham ikki-uch oy Ali desa, Vali deb, koʻzning oʻrniga qoshni koʻrsatib yurganmiz. Kelinayangizlar haliyam bu tilni yaxshi bilishmaydi. Koʻchaga chiqishmaydi-da. Aslida uncha qiyinmas, oʻzbek tilini sal bukib gapirsangiz, turkcha boʻlaveradi. Masalan “xonim”ni “xanum”, “afandim”ni “efendim” deysiz, vassalom, – kuldi Sabo Rahmat va tezgina jiddiy tortdi. – Chunki turklar bilan bir millatmiz, azaldan tilimiz ham, yer-molimiz ham bir boʻlgan, keyinchalik shuncha keng yerlar torlik qilib, bemaʼni urushlar, xudbinlik, ittifoqsizlik tufayli bir-birimizdan yiroqlashib ketganmiz, xolos. Endi musofirlik bizni qayta yaqinlashtiradi chogʻi. Turkiyada qozoq, turkman va boshqa turkiy millatga mansub kishilar ham bor, ammo ular bizga nisbatan ancha kam.

Beknazar Hoji otaning xonasidan qalbida xiyla xotirjamlik tuygan holda chiqdi.

 

Qamchibek KENJA

 

“Sharq yulduzi”, 2011–1


 

[1]1 Sergitmoq – selgitmoq soʻzining sinonimi.

 

[2]2 Yuz soʻmga 6-10 dona non yoki 0,5 kilo goʻsht kelardi. 

 

[3]3 Ona maʼnosida

 

[4]4 Sartaroshxona nazarda tutilgan.

 

[5]5 Oʻchashtirib – oʻchakishtirib soʻzining sinonimi.

 

[6]6 Kegin – keyin.

 

[7]7 Geza – ovchilarning maxsus pistirmasi.

 

[8]8 U mahallardagi siyosatga koʻra, mansabdorlaru oddiy xizmatchilarning ham huquq, imkoniyatlari cheklangan, uy-joylar, mashinalar ham kolxozchi yo oddiy ishchi tanishlar nomiga xufyona rasmiylashtirib olinardi.

 

[9]9 Montimoq – oʻrlamoq, yurmoq.

 

[10]10 Buva – amaki maʼnosida.

 

[11]11 Kattam – bobom.

 

[12]12 Xobbonilik – maqtanmoq, katta gapirmoq.

 

[13]13 Ijikilab – ezmalanib, maydalab.

 

[14]14 Sabzish toʻn – yashil rangli, yupqa, qavima toʻn.

 

[15]15 Yuan – Xitoy pul birligi, sarrof – pul almashlovchi, rupiy – Hindiston, Pokiston va yana bir necha sharq mamlakatida pul birligi.

 

[16]16 Bexit – xarxashasi kamroq.

 

[17]17 Qoʻramas – boqibegʻam.

 

[18]1 Oʻzbeklar takyasi, manbalarda qayd qilinishicha, 1753 yili valiy Abdulloh poshsho tomonidan barpo etilgan.

 

[19]2 Ishigʻ – shish.

 

[20] Ustana – ostonaning aks tomoni, eshikning tepa qismi.

 

[21]1 Ogʻiz doʻmlamoq – gapirishga chogʻlanmoq.

 

[22]1 Qusholmasi – mayda, olmasimon mevali va manzarali buta.

 

[23]1 Gupsar – kechuv, daryolardan oʻtishga moʻljallangan, ichiga havo toʻldirilgan katta meshlar xodalarga matashtirib bogʻlangan qoʻlbola sol.

 

[24]1 Chorshaf – arab, turk, eron ayollari yopinadigan yengil, kalta yopinchiq, paranjining bir turi.

 

[25]1 Kuchala – chala yongan oʻtin.

 

[26]1 Qiyrachak – toʻnka yorilayotganda yonidan uchgan mayda oʻtinlar.

 

[27]1 Elchimoq – ergashmoq.

 

[28]1 Oʻzbekistondan urushga olingan qurolsiz kuchlarning katta bir qismini fashistlarni Stalingraddan qaytarishga, yaʼni «toʻgʻon»ga bosishgan, deyishardi sobiq frontchilar.

 

[29]1 Mangʻimoq – yoʻl olmoq, joʻnamoq.

https://saviya.uz/ijod/nasr/palaxmon-toshlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x