OʻRMON RESURSLARI — tabiat resurslarining eng muhim turlaridan biri; mamlakat hududidagi oʻrmon (yogʻoch) zaxiralari, yemxashak, ovchilik resurslari, yovvoyi oʻsimliklarning mevalari, dorivor oʻsimliklar va boshqalarni oʻz ichiga oladi. 20-asrning 80-y. laridagi maʼlumotlarga koʻra, Yer sharida quruqlikning 30% ni oʻrmonlar tashkil etadi. Jahon boʻyicha umumiy oʻrmon yerlari maydoni 4 mlrd. ga, shundan yalpi oʻrmonzorlar 3 mlrd. ga; jami yogʻoch zaxirasi 356,7 mlrd. m3, har yili tayyorlanadigan yogʻoch miqdori 3 mlrd. m3 dan koʻproq. Oʻrmonlarda yogʻochlarning yillik oʻsishi 3,2 mlrd. m3 ni tashkil etadi. Lotin Amerikasi yogʻoch zaxiralarining koʻpligi jihatidan qitʼalar ichida 1 oʻrinda turadi. Rossiya, AQSH, Kanada va Braziliya yirik Oʻrmon resurslariga ega. Oʻrmon resurslarining asosiy qimmatli mahsuloti — bu sanoat va qurilishning koʻpgina tarmoqlarida ishlatiladigan, oʻrmon daraxtlarini kesib tayyorlanadigan yogʻochdir. Oʻrmon resurslaridan sanoat usulida foydalanishda undagi daraxtlarning tur tarkibi katta ahamiyatga ega. Oʻrmon sanoatida yogʻochi yuqori sifatli boʻlgan ignabargli, yumshoq bargli va qattiq bargli daraxt turlari qoʻp ishlatiladi, yumshoq bargli turlari (qayin, togʻterak, olxa va boshqalar)dan kam foydalaniladi. Yuqori sifatli qayin daraxtlari faqat faner, mebel kabilarni tayyorlashda ishlatiladi. Oʻrmon resurslarining daraxtlardan boshqa boyliklaridan muhimlari oziq-ovqat resurslari, yemxashak resurslari (pichanzor, yaylovlar)dir. Oʻzbekiston oʻrmonlarining muhim ekologik va himoya xususiyatiga ega ekanligi va yogʻoch zaxirasining kamligi (12 mln. m3) sababli sanoat asosida yogʻoch kesish ishlari olib borilmaydi. Hoz. da farmakologiya sanoatida ishlab chiqarilayotgan tibbiyot preparatlarining 40% dan oshiqrogʻi oʻrmon daraxtlari va butalar poʻstlogʻi, bargi, mevalari, turli oʻtlarning ildizidan tayyorlanmoqda. Respublikada 22 ta oʻrmon xoʻjaligi va 8 ta dorivor oʻsimliklar yetishtirishga ixtisoslashgan xoʻjaliklarda 15 turdan ortiq shifobaxsh oʻsimliklar (polpola, anzur piyoz, moychechak, totim, arslonquyruq, boʻyimodaron va boshqalar) ekib koʻpaytiriladi. Har yili mazkur xoʻjaliklarda 450—500 t dan ziyod dorivor oʻsimliklar xom ashyosi tayyorlab, isteʼmolchilarga yetkazib beriladi. Kesilgan oʻrmonlarga daraxtlar ekish, yangi oʻrmonzorlar barpo etish Oʻrmon resurslarini qayta tiklashning samarali usuli boʻlib, oʻrmonlarda ulardan uzoq muddat samarali foydalanishni taʼminlaydi. Oʻrmonlarning oziq-ovqat resurslariga qoʻziqorin, mevalar, yongʻoqlar, isteʼmol qilinadigan oʻtlar, ildizmevalar, yovvoyi hayvonlar va ovlanadigan qushlar, shuningdek, asalari mahsulotlari, ozuqabop yemxashak resurslariga tayyorlanadigan pichan, har xil oʻtlar, hayvonlar isteʼmol qiladigan mevalar kiradi. Oʻrmon asalarichilikkl rivojlantirish, turli hayvonlar va qushlarning yashashi, oziqlanishi, koʻpayishi uchun qulay muhitdir.
Abdushukur Xonazarov.