Oʻn besh yoshligim

Bir vaqtlar men oʻlim oldidan vidolashuv maktubini yozgan edim. Aslida, jonimga qasd qilish niyati yoʻq edi. Faqat meni oʻldirishlari mumkin, degan fikr tinchlik bermasdi.

Umuman olganda, sal-pal mubolagʻa qilyapman. Men uni oʻzim bilib-bilmay, ruhiy tushkunlik paytida hech kutilmaganda narigi dunyoga joʻnatishadi, deb qoʻrqqanimdan yozganman. Shunda oʻn besh yoshga toʻlgan edim.

Bir kuni tongga yaqin dahshatli gumbur-gumburdan uygʻonib ketdim. “Yer qimirlayapti”, deb oʻyladim men, oʻrnimdan turib derazani ochdim. Shundoq koʻz oldimda osmonda yaltiroq qora shayton quloqni bitiradigan darajada chinqirib, shiddat bilan uchib kelmoqda  edi. Koʻz ochib-yumgunimcha u yaqinimizdagi baland uy orqasida gʻoyib boʻldi, biqinidagi oppoq yulduzlarni arang payqay oldim. Tungi kimonomni mahkam ushlab derazaga  chiqdim, tunuka ustidan emaklab oʻtib, devor yoniga keldim va bogʻchaga sakrab tushib, oʻzimni bombadan panaga urdim. U yer juda qorongʻi edi, hech narsani koʻrmay, chuqurga dumalab tushdim va devorga boshim bilan urildim.

Oʻzimga kelib, darhol chuqurdan chiqib, uyimiz tomon  qarab qichqirdim: “Havo hujumi! Qochinglar!” Ovozim boricha baqirdim, deb oʻyladim oʻzimcha. Ammo tomogʻimdan hech qanday tovush chiqmadi. Bu urush tamom boʻlishidan bir oy oldin boʻlgan edi. Shu paytlar men ikkinchi qavatda chordoqda turar va dengiz aviatsiyasining kichik zobiti boʻlish uchun zoʻr berib tayyorgarlik koʻrmoqda edim.

Men kirmoqchi boʻlgan uchuvchilar maktabi Ichki Yapon dengizidagi kichik orollardan birida joylashgan edi. Men bu orolchani hech qachon koʻrgan emasman, ammo u ikki marta tushimga kirgan. Togʻda oqlangan kazarma  yaltirab turar , tomi ustida shoyi bayroq shamolda hilpirar edi. Toʻgʻrirogʻi, mening hayolimda tushimdagilar bilan oʻngimda bir martagina koʻrganim aerodromdagi manzaralar qorishib ketgandi. Men ana shu maktabda oʻqishni xohlardim. “Dengiz uchuvchisi boʻlaman – deb hayol surardim, – oʻylab oʻtirmasdan kichkina samolyotimni toʻgʻri dushman kemasining dudburoniga uraman”.

Men oʻlishga tayyorlanar edim. Dastlab hamma qatori oʻlmoqchi boʻldim, ammo yaxshilab oʻylaganimdan keyin, bizga taʼlim berishganidek, munosib oʻlish kerak, degan toʻxtamga keldim. Halokat damlari yaqinlashmoqda, yuragimda qonim joʻsh uradi. Men oʻlimdan qoʻrqmaydigan boʻldim. Kechalari toʻshakda koʻzlarimni yumib yotar ekanman, qanday oʻlishimni tasavvur qilardim. Bular yorqin manzaralar boʻlib, vujudimni hayajonga solar, ruhim tantana qilar edi.

Bulutlar ichidan chiqib, dushman kemasiga hujum qilaman. Tuman. Yorugʻlik. Moviy dengiz. Qamish yopilgan qayiq. Oʻyinchoq kema. Shiddatli shamol. Nurlar jozibasi. Oppoq gullar. Tutun ustuni. Qulogʻimda sirenaning uvillashi. U kuchayib boradi. Kema. Oq tutun. Qora tutun. Vulqonning halqumi. Olov girdobi. Yorqin alanga. Ana shu daqiqada yumilgan kipriklarim ustiga pagʻa-pagʻa oppoq qor uchqunlari qoʻngandek boʻladi. Ular olchaning gulkosachalariga oʻxshaydi. Kulga oʻxshaydi. Va albatta, vujudimdan qoʻshiq otilib chiqadi: “Dengizga qaragin, murdalar suzar”[1] bu qoʻshiqni ichimda kuylar ekanman, har safar yigʻlar edim va qushday yengil tortib, tinch uxlardim.

Urush tamon boʻlishi arafasida soʻnggi bir oy ichida dengiz aviatsiyasi shahrimizga tinimsiz hujum qilib turdi. Keyin xavf-xatar bizdan uzoqlashganini seza boshladik.

Shaharning gʻarbiy chekkasida harbiy aerodrom joylashgan edi. Qarama-qarshi tarafida laxtak-laxtak sholizorlar orqasida harbiy zavod ishlab turar edi. Chamasi, barcha hujumlar ularga qaratilgandi. Dengiz tomonidan katta tezlikda uchib kelgan dengiz bombardimonchilari zavod hududiga bomba tashlar, soʻng shahar ustidan pastlab oʻtib keskin burilar va yana sexlarga qarab uchar edi.

Ular huddi oʻpkasini toʻldirib nafas olayotganga oʻxshab, shahar ustida katta doira yasab, ikki-uch marta aylangandan keyin qaytib ketardi. Shahar osmoni ular uchun goʻyo dam olish maskani boʻlib qolgan edi. Baʼzan samolyotlar gʻoyib boʻlgandan keyin shahar ustiga avtomat toʻplarning snaryadlaridan boʻshagan yaltiroq gilzalari yogʻilardi. Hayriyatki ular hech kimga ziyon-zahmat yetkazmadi.

Oʻn kun oʻtdi, yonimizdagi baland imorat tomidan koʻrinib turadigan zavodning yarmi vayron boʻlganini hisobga olmaganda shaharda katta talafot yuz bermadi. Ayni zamonda samolyotlar turadigan bino gʻalvirdek ilma-teshik boʻlib ketgani haqida koʻp gapirishardi. Yana bir hodisa menga juda dahshatli tuyuldi, buni bir ishchi aytib bergan edi: bombardimon paytida zavoddagi katta sisterna yorilib, sulfat kislotasi bombaxona toʻsigʻidan oshib oʻtgan va bu yerga yashiringan kishilardan yigirmatasi bir zumda nom-nishonsiz yoʻq boʻlib ketgan.

Har holda atrofimda yashaydigan odamlar sogʻ-omon, lekin bu vahimali tuyulardi. Qandaydir quvnoq ruh hukm surardi. Barcha odamlar yuraklarni togʻdek bosib yotgan dardni yoʻqotishga oʻzicha harakat qilardi. Koʻpchilik esa oʻz qismatiga shukur qilib yashashga moyil. Ular tomlarning tepasiga yoki baland daraxtlar ustiga chiqib olib, qoʻni-qoʻshnilariga shaharga yomgʻirdek yogʻayotgan snaryadlar hosil qilgan manzaralarni tinmay ogʻiz koʻpirtirib soʻzlardi.

Men hujum payti xonamdan jilmaslikka ahd qildim. Agar baʼzilar oʻta qiziqqonligi yoki tomoshaga ishqibozligi tufayli ofat bilan oʻynashgan boʻlsa, kamina oʻlishga ishtiyoqim zoʻrligidan hamma narsaga tupurgan edim. Dastlab, kutilmagan holatlardan chalgʻidim, soʻngroq havo hujumiga qarshi mudofaa kuchayib, tashabbusni qoʻlga olgach, vahimali hujumlardan qoʻrqmaydigan boʻldim. Dushman samolyotlari, odatda, ertalab uchib kelar, gohida kunbotarda paydo boʻlib qolardi. Sirenalar uvillab, havo hujumidan ogohlantirardi. Biz boʻshashmasdan: “Kelib qolishdi!” – deb sakrab turardik-da, duch kelgan tomonga tarqalib ketardik. Kimdir pana joyga, kimdir baland temir-beton uyning yertoʻlasiga yugurib qolar, men gʻijirlab turadigan zinapoyalardan ikkinchi qavatdagi xonamga yugurib chiqardim. Toʻgʻrisini aytsam, xonamni bombapanaga aylantirib olgandim. Tokcha bilan devordagi shkaf orasini ikkita bordon bilan toʻsib, fusuma[2] orqasiga ikki tabaqali kitob javonini surib qoʻygandim, oʻrtada oʻzim oʻtadigan tor yoʻlak qolgan. Shunday qilib, boshim ustida tatami, yonboshimda taxta meni himoya qilar, devor shkafining osti ayvon tagidagi yertoʻlaga oʻxshab ketardi. Bu yerga kichkina stol, stol chirogʻi oʻrnatib, yana bir qancha buyumlarni taxlab, xohlaganimcha ishlashim mumkin boʻlgan uya yasab oldim. Inglizcha kitoblarni oʻqir, handasa masalalari ustida bosh qotirar, hujum mahali ovozim boricha qichqirib, harbiy qoʻshiqlarni aytar, taxtaga musht tushirardim.

Shu kuni ham odatdagidek havo hujumi boʻldi. Bogʻ burchagidagi salqin joyda qurigan isago guli urugʻlarini kaftimda oʻynatib oʻtirar edim. Nogoh havo hujumidan xabar beruvchi sirena uvillab qoldi. Odatdagi hujumlardan biri boshlandi. Havo issiq. Ikkinchi qavatga koʻtarilishdan oldin yuqoriga qaradim, baland binoga koʻzim tushdi. Uning qavatlari silliq kesilib, ustma-ust taxlangan chaqmoq qandlarga oʻxshab turar, yaltirab koʻzni qamashtirardi. “Shu tomonga borsam-chi?” – deb oʻyladim. Keyin oʻzimcha shivirladim: “Hozir boraman”. Orqa eshikdan chiqib, ana shu baland uyga qarab yugurdim. Kallamga boyagi fikr qay goʻrdan keldi oʻzi, hayronman. Oxirgi paytlarda bino yertoʻlasida bizga yaqin uylardagi aholi yigʻilmoqda, degan gap tarqaldi. Sababi, u yer boshqa pana joylarga qaraganda salqin hamda xavfsizroq edi. Uyga kirishim bilanoq buni his qildim, yertoʻladan ovozlar eshitilar – chamasi, oʻttiztacha odam kelgandi.

Ostonada qoʻshnimizning qizchasi Kaokoni uchratdim, u aftini burishtirdi:

– Nihoyat, siz ham keldingiz-a!

– Havo issiqligi uchun.

Qorongʻi yoʻlakdagi zinapoya pogʻonasiga oʻtirdim.

– Sizni javonga bekinadi deyishadi. Shu gap rostmi?

Savolning javobiga indamay, jilmayib qoʻydim, xolos. Ancha vaqt ikkovimiz ham churq etmadik.

Har safar yer silkinganda yertoʻladagi havo ham tebrangandek tuyulardi. Osmonda aylanayotgan dushman samolyotlarining motori qoʻngʻizlar gʻoʻngʻillashini eslatadi. Baʼzan it uvillashiga ham oʻxshaydi. Shiftdan usti-boshimizga qum toʻkildi. Kaoko men tomonga surilib, qoʻlimni qattiq ushlab oldi. U bombardimon tamom boʻlguncha meni quchoqlab oʻtirdi. Shovqin-suron tindi. Oʻrnimdan turdim. Kaokoning qoʻllari yelkamdan pastga sirgʻalib tushib, barmoqlarim ustida toʻxtadi.

– Urush tugasaydi… – dedi u pastdan menga tikilib.

– Oho, – qoʻlimni tortib oldim, chunki ungacha oʻlishim tayin.

Yertoʻladan chiqib, sekin quyosh nuri tushayotgan uyimizga qarab yurdim, oftobdan boshim aylanib ketdi. Quduq oldida qoʻllarimni yuvayotganimda qoʻshnimiz Gen-san paydo boʻldi.

– Baribir tushdi-ku! – dedi u menga tirgʻalib. – Pana joyda oʻtirgan edim, birdan portlab qoldi-ku! Ana, moʻljalga urdi deb oʻyladim! Yaxshiyamki, sogʻ-omonsan.

Bir stakan suv ichdim.

– Snaryadmikin… deb qoʻrqdim, – davom etdi Gen-san.

Men unga tikildim.

U bilan gaplashishni yoqtirmasdim, uyimga qarab ketdim. Gen-san esa izimdan ergashdi. “Muncha menga yopishib oldi?” – oʻylardim dilimda. U ellik yoshlarni qoralab qolgan, guruch doʻkonida ish yurituvchi boʻlib ishlardi. Kap-katta kishini qanday qilib doʻstlarim qatoriga qoʻshmaman, axir? Uyga kirishimdan oldin orqamga oʻgirildim – har ikkimiz bir-birimizga sinovchan tikildik.

– Oʻzingni ehtiyot qil, – dedi u. – Qachon va qayerda oʻlishingni Xudo biladi. Qochgin deyishdimi – tamom, qochishing kerak. Joningni saqlab qol.

Gen-san har bir soʻzni aytganda boshini qimirlatib qoʻyardi. U nasihatini tamomlab, orqa eshikdan chiqib ketdi. “Kim oʻzi bu?” – yana oʻyga choʻmdim va esankiragan holda zinadan koʻtarildim.

Toʻsiqni surib, shift oʻrnida bir boʻlak koʻm-koʻk matoni koʻrgandek boʻldim. Sinchiklab qarasam, osmon ekanligini angladim. Goʻyo chetlari yirtilgan, aylanasi bir metr keladigan moviy osmon parchasi. Ikkita toʻrtburchak taxta tuynuk yonida nochor osilib turibdi. Poldagi toʻshamaning usti mayda snaryadlar bilan toʻlib ketgandi. Nazarimda, bosiq qichqirdim, aslida, bu qichqiriq emas, ichimdan chiqqan nafasim edi, uni hayratga tushishimdan oldin chiqargandim. Tashqaridan biron kishini chaqiray deb deraza oldiga keldim va nogoh qoʻlim romga sanchib qoʻyilgan yoʻgʻon, ignasimon yaltiroq maʼdan boʻlagi – snaryad parchasiga tegdi. Koʻkragimdan gʻamgin bir nido otilib chiqqandek boʻldi. “Gen-san!” deb qichqirib yubordim men. Xonani toʻldirib turgan oʻlim havosidan boʻgʻilib, harakatsiz qotib qoldim.

Gen-san haq ekan. Shubhasiz, bu oʻzi otar zambarakning snaryadi edi. U tunukani teshib oʻtib, shift taxtalarini parchalab tashlagandi. Hamma yoq son-sanoqsiz snaryad parchalariga toʻlib ketgan. Ular ustunlar, bordonlar, devorlar, patnislarga sanchilib, tomdagi tuynukdan oʻtayotgan quyosh nurida sovuq yaltirab turardi. Derazaga orqa oʻgirganimcha, nafasimni ichimga yutib, nima hodisa roʻy berganini bilayin deb jim turib qoldim. Keyin negadir oyoq uchida ohista yurib, tokcha yoniga bordim. Tokchaga tirab qoʻyilgan jovondan oʻtkir tirnoq izlariga oʻxshagan uchta chandiq koʻrdim. Snaryad parchalaridan biri tokchadagi toʻsiqni teshib oʻtayotganda tezligini yoʻqotgan, shekilli, men boshimga qoʻyadigan yostiq ustiga tushgan edi. Boshqa ikkita snaryad parchasi javonning yon devorlariga chuqur kirib borgandi. Men sovuq bomba parchasini qoʻlimga oldim, keyin odatdagidek joyimga yonboshladim. “Har galgidek mana shu yerda qolganimda nima boʻlardi?” – deb oʻyladim butun badanimdan chumolilar oʻrmalayotganini his qilgancha. Juda gʻalati hodisa edi! Snaryad qoldiqlarining toʻsiqdagi izlariga qaraganda, bir boʻlagi koʻkragimning chap tomoniga sanchilishi, ikkinchisi oʻng tomonini majaqlashi aniq edi. Uchinchisi, chamasi, chap yuzimni sixdek teshib oʻtib, tishimga qadalib qotib qolardi. Ancha vaqtgacha tushimda dahshatli manzaralarni koʻrayotgandek oʻtirib qoldim.

Shu kuni men oʻz xonamga emas, baland binodagi yertoʻlaga shunchaki borib qolgandim. Aftidan, snaryad ham mening xonamga mutlaqo tasodifan tushib qolgan, shekilli. Uchuvchi aynan shu uyda kelajakda qobiliyatli zobit boʻladigan bola yashayotgani haqida maʼlumot olib, nishonni shunga toʻgʻirlashi mumkin emas. Uchuvchi ham yosh boʻlsa kerak. Balki, shu kuni birinchi marta uchgandir. Birinchi hujumdayoq moʻljalni aniq olganidan quvonib yuragi dukullab urib, hayajon ichida shahar ustidan xotirjam aylanib oʻtgan va hech shoshilmasdan oʻz kemasiga qoʻngandir. Uni quvonch bilan kutib olishadi, ogʻaynilari sharob tutishadi, togʻdek uyulgan pishloq orasidan bir boʻlagini olib, gazak qiladi, oʻzidan mamnun boʻlib, tugmachani shunchaki bosib yuborganini eslaydi. Haqiqatan ham xuddi shunday boʻlgan. Oʻzimiz ham yuksak kayfiyat bilan sayrga chiqqanimizda yetti qavat osmondagi muhtasham qasrlarni orzu qilib, yoʻlda oyogʻimiz ostidagi toshlarni tepib oʻtamiz-ku!

Shunda birdan Kaokoni esladim. Bugun birinchi marta gavdasining ogʻirligini va nafas olayotganda dimogʻimga urilgan ter hidini his qildim. Oʻzimni qonga belangan, poʻlat snaryad boʻlaklari majaqlab tashlagan, tili osilib qolgancha Kaoko bilan sovuq devor oʻrtasida oʻtirganimni koʻrgandek boʻldim.

Gen-san bilib gapirgan ekan – qachon va qayerda oʻlishing bir Xudoga ayon, oʻlim har doim shundoqqina yoningda ogʻzini ochib tayyor turadi. Aftidan, men hali ham tasodif yoki favqulodda holat deb ataladigan sirli hodisalar mohiyatini anglab yetmaganga oʻxshayman. Falokat bilan kulfatlar har qanday toʻsiqlarni chetlab oʻtib, hech kutilmaganda boshimizga yopirilaveradi. Bu kashfiyotimdan titrab ketdim. Koʻzimning bir chekkasida tubsiz boʻshliqni koʻrdim, chogʻi. Yoʻq, oʻlimdan qoʻrqmas edim. Meni foydasiz, samarasiz oʻlib ketish tashvishga solardi.

Kechasi vidolashuv maktubini yozdim. Uni qattiq hayajon ichida qogʻoz oʻramiga qora siyohda yozdim.

“Otam, onam hamda menga gʻamxoʻrlik qilgan barcha yaqinlarimga, – deb boshladim. – Hozir tuturiqsiz gaplarni yozmoqchiman. It yoki mushukka oʻxshab behuda oʻlib ketishni istamayman. Bunday oʻlimga toqatim yoʻq. Ammo seni qachon va qayerda oʻldirishlarini bilmaysan. Shu tufayli mazkur vidolashuv maktubini yozdim. Sizlarga shularni aytishni xohladim”.

Qaysargina bola edim. Istagimni bajarmagan yaqinlarimni koʻrishga toqatim yoʻq edi. Bolalikdan yorqin xotiralar bilan birga juda koʻp erkinliklarim, oʻziga xos qiliqlarim hayolimning bir chekkasida mustahkam oʻrnashib qolgan; yil oʻtgan sari ular ich-ichimga chuqur kirib bormoqda, yaqinda butun yuragimni egallab olsa kerak. Shuning uchun men, oʻzim orzu qilgandek, dengiz uchuvchisi boʻlsam, qandaydir jasorat koʻrsatib vatanim uchun jon fido etsam, jasadimga qoʻshilib barcha gunohlarim ham yoʻqolar, ota-onam oldida yuzim shuvut boʻlishidan qutilar edim. Tan olamanki, vatan yoʻlida oʻlish orqali bu dunyoni tark etish men uchun ezgu orzuga aylanib qolgandi; faqat oʻlim orqali ruhim poklanadi deb oʻylar edim, men.

Barcha bemaza qiliqlarimni batafsil taʼriflaganimdan keyin vidolashuv maktubini oʻlimdan koʻra ikki karra ogʻirroq boʻlgan tavba-tazarrular bilan tugatdim. Xatni naychaga oʻxshab oʻrab, xatjildga joyladim. Xat silindr shakliga kirdi. Ustini oq doka bilan oʻrab, dokani tez yordam qutisidan oldim, stol ustiga qoʻydim. Unda oʻz suyagimni koʻrayotgandekman. Oʻn besh yillik umrim mana shu oʻram ichiga joylandi. Vujudim ipak qurti teshib chiqqanidan keyin ichi boʻshab qoladigan pilla donasiga oʻxshab qoldi.

Derazalarni ochib, deraza raxiga oʻtirdim-da oyoqlarimni likillatib, hushtak chala boshladim. Sokin tun, yulduzlar hozir uchib kelib qoʻlimga qoʻnadiganday tuyulardi.

Urush kutilmaganda tugadi.

Eshittirish tamom boʻlgandan keyin kimdir qulogʻim ostida “Yutqazdik!” dedi. Men oʻgirilib qaradim. Orqamda keksa dorixonachi turardi. U qattiq yumilgan koʻzlarini sekin ochib, yuzimga tik qaradi. Men xijolat tortib jilmayishga urindim. Qariya menga eʼtibor bermay, uzoqlarga tikilib turib, juda sekin “Yaponiya yutqazdi!” deb takrorladi. U huddi sekin nafas olayotgandek gapirdi, ammo hech kim kutmagan bu soʻzlar meni karaxt qilib qoʻydi. Goʻyo katta muz boʻlagi koʻksimga kelib urilganday. Oʻzimni qoʻlga olib qariyaga bosh silkib qoʻydim-da, doʻkondan jimgina chiqib, birdaniga tinchib qolgan koʻcha boʻylab kuchim boricha uyimizga qarab chopib ketdim.

Uyga kirmasdan orqa hovlidagi zaytun daraxti tagiga bordim. Uning qalin butoqlari yerga quyuq soya solgan edi. Daraxt tanasiga suyanib, tizzamni quchoqlab oʻtirdim. Ombor ustida begʻubor osmon koʻrinib turardi. “Naqadar tiniq!” – deb oʻyladim va sekin shivirladim: “Yaponiya yutqazdi…” Chumolilar yana yelkamdan oʻrmalab oʻtdi. Bu soʻzlar meni dov­diratib qoʻydi. Shu paytgacha buni hech kim oʻylamagandi.

Yutqazdik. Demak, urush tugapti-da? Buni tan olish uchun qancha vaqt kerak? Anglab yetganimdan keyin kaltafahmligim meni hayratga soldi. Koʻzimni uzib, atrofimdagi tovushlarga eʼtibor berdim. Quloqni bitiradigan darajadagi sukunat nimani anglatadi? Kechagi kungacha hamma narsa boshqacha edi. “Kecha va bugun. Kecha bugun”, – shivirladim oʻzimcha.

“Nima boʻlganda ham men oʻlmay qoldim. Endi meni hech kim oʻldirmaydi. Sababi, urush tugadi-da. Bundan keyin nima boʻladi? – shosha-pisha xayolimdan oʻtkazib, gangib qoldim. Modomiki, oʻlmas ekanman, yashashdan boshqa iloj yoʻq. Yana qancha yillik umrim bor, kim bilsin? Faqat oʻn yil boʻlmasa kerak! Tasavvurimda yerdan osmonga koʻtarilib ketayotibman. Bunchalik uzoq yashayman deb oʻylamagandim. Hammamiz uzoq umr koʻrishni uyat hisoblaganmiz. Bolaning hayoti olcha guliga oʻxshaydi, umri qisqa, deb oʻrgatishgan edi. Shunga koʻra, biz ikki-uch yil ichida oʻlib ketishga ishonganmiz.

Hayotning oʻn yili! Jomadondan vidolashuv maktubini oldim – u bombapananing bir burchagiga yashirib qoʻyilgan edi. Uni kechki ovqat pishirilayotgan oʻchoq ichidagi olovga tashladim. Koʻtarilgan tutunga qaradim, qalbim oppoq qogʻozdek toza boʻldi. Oʻlim uzoq-uzoqlarga gʻoyib boʻldi. Endi nima uchun yashashim nomaʼlum. Kechagi kungacha oʻtagan hayotim xuddi tushdek boʻlib qoldi. Men oʻlimni ham, vidolashuv maktubini ham unutdim. Kaoko ham meni unutgan boʻlsa kerak. Hayotimning oʻn besh yili tagi tushub ketgan bochkadagi suvdek oqib ketdi. Endi uni qaytarib boʻlmaydi. Kutilmaganda oldimda ochilgan chek-chegarasi, qirgʻoq-kanorasi yoʻq kenglikda oʻylab-netib oʻtirmay suzishdan boshqa ilojim qolmadi.

Bizning shaharga ham istilochi askarlar kirib keldi, men darhol ularga qiziqib qoldim.

Bir yil oʻtgach, koʻklam oyida amakimlarnikiga koʻchib bordim. Urushdan keyingi algʻov-dalgʻovlar ichida otamning ishlari yurishmay qoldi, oilamiz maʼlum muddat ichida yaqinimizdagi bir qishloqda evakuatsiyada yashashga majbur boʻldi.

Shahar markazida amakimning doʻkoni bor edi. Unda asosan gazmollar sotilardi. Urush yillarida bu uch qavatli magazin binosi musodara qilinib, yogʻochdan yasama samolyotlar ishlab chiqariladigan korxonaga aylantirilgan edi. Urushdan keyin u istilochi askarlar ixtiyoriga oʻtdi. Amakim magazinni qayta ochishga urinib koʻrdi, ammo uddalay olmadi. Doʻkon binosi tanib boʻlmaydigan darajada oʻzgarib ketdi. Uni naridan-beri taʼmirlashib, askarlarning koʻngilochar uyiga aylantirishdi. Birinchi qavatida pivoxona, ikkinchi qavatida oʻtinxona ochildi.

Men turadigan xona doʻkon orqasidagi istiqomat uyining ikkinchi qavatida edi. Avval bu yerda amakivachcham yashagan. U urush tugashidan bir yil avval halok boʻlib, xotini Mami ikkita jajji oʻgʻilchasi bilan qolgan edi. “P” simon shaklli tor yoʻlak koʻrinib turardi. Esimda bor, bolaligimda bu yoʻlakka kattagina tosh koʻtarib kirganimda amakivachcham meni qattiq koyigan edi. Hozir bu yoʻlak oppoq chiqindi qogʻoz boʻlaklariga toʻlib ketgan, ular moxlar orasida, qurigan irmoq oʻzanida va daraxt butoqlarida ham osilib yotardi. Derazaning oʻng tomoni, ilgari oshxona boʻlgan joydan mayin musiqa sadolari eshitilib turardi. Harbiy marshlar ruhida tarbiyalanganim uchun bunday kuylar qulogʻimga yot edi. Uni eshitishim bilan koʻnglim boʻshashib ketar, qoʻlim ishga bormas, barmoqlarimni jagʻimga tiragancha jim oʻtirib qolar edim.

Amakimnikiga kelganimdan uch kun oʻtgach, koʻngilsiz bir hodisa roʻy berdi. Qandaydir amerika askari orqa eshikdan sezdirmay omborga kirgani maʼlum boʻldi. Bir kundan keyin kechqurun bu holat takrorlandi, bunisiga men ham guvoh boʻldim.

Shu kuni kechqurun stulda xayol surib oʻtirgan edim, nogoh yoʻlakda ogʻir narsa devorga urildi, keyin shunday ovoz yana ikki marta takrorlandi, maʼdan buyum gʻijirladi, ogʻir qadam tashlab, ilma-teshik polni gʻarchillatib kimdir yurdi. Sokin musiqa ovozi kuchaydi, yashaydigan uyimiz bilan doʻkon musodara qilingandan beri ochilmaydigan qilib yopib qoʻyilgan edi. Hayrat ichida oʻrnimdan turdim. Yoʻlakdagi qadam tovushlari asta-sekin yaqinlashib, eshigim tagida toʻxtadi va bir daqiqadan keyin eshik sekin ochildi.

Kutilmaganda yoʻgʻon askar bilan yuzma-yuz turib qoldim. Biz hayrat ichida bir-birimizga tikildik. Uning belida oddiy M.R. toʻpponchasi osilib turardi, boʻynida oddiy boʻyinbogʻ, toʻqqizil yuziga qaraganda, bu M.R. men bilgan amerika askarlari orasidagi uchiga chiqqan aroqxoʻrlardan boʻlsa kerak. Yuz bichimi ham esdan chiqmaydigan, aʼzoyi badani qirgʻiy burni atrofida bir toʻda boʻlib turardi.

– Sizga nima kerak? – savol berdim.

U choʻntak elektr fonarida engidagi M.R. deb yozilgan bogʻichni qoʻpollik bilan koʻrsatdi, soʻng nimalarnidir gʻoʻngʻillab, eshikni yopdi va shoshilmasdan qadam tashlagancha nari ketdi. Atrofni aroqning badboʻy hidi tutdi. “Gʻirt mast ekan!” – deb oʻyladim.

Ertasi kuni tushdan keyin beva Mami ikkimiz keksa tarjimon tanishimizni olib, uchinchi qavatga joylashgan harbiy politsiya shtabiga koʻtarildik. Biz M.R. ning bezorilarcha xatti-harakatlari haqida qism komandiriga shikoyat qilmoqchi edik. Men tungi hodisaning guvohi sifatida bordim.

Shtabga kirishimiz bilanoq kechagi bezbet amerikalikka koʻzim tushdi. U xona toʻridagi eng katta stulda oʻtirar va chamasi, qandaydir hujjatlarni oʻrganish bilan mashgʻul edi. Undagi xotirjamlik menga yoqmadi. Bizni toʻgʻri uning stoli oldiga olib borishdi.

– Kapitan! – murojaat qildi tarjimon. Soʻng bizga oʻgirilib: – Bu kishi qism komandiri boʻladi, – dedi. Mening sal boʻlmasa ichim oʻtib ketayozdi.

Kapitan boshini koʻtarib beva Mamiga koʻz qisib qoʻydi, soʻng nigohi menga qadaldi. Biz kechagidan ham koʻproq hayratlanib, bir-birimizga tikilib qoldik. U qoshlarini koʻtarib, qatʼiyat bilan oromkursi suyanchigʻiga oʻzini tashlab faqat men tushunadigan ohangda “Hello, bebi!” – dedi. Kunning yorugʻida endi yoshi ancha katta koʻrindi. U kulimsiragancha tegishli choralar koʻramiz deb vaʼda berar va menga qarab koʻzini qisib: “Okey! Okey!” deyishdan toʻxtamas edi.

Shtabdan qaytar ekanmiz, ikkinchi qavat zinasida Sigega oʻxshab ketadigan ayolni uchratdik.

Sige yetti yoshga toʻlganimdan beri bizning uyimizda xizmat qilardi. U baland boʻyli, kelishgan ayol boʻlib, men uni har doim “Novcha!” deb chaqirar, jahlim chiqqanida esa “Tulki!” deb yuborar edim, chunki yuzi choʻzinchoq boʻlib, koʻzining burchaklari yuqoriga tortilgan edi.

Ayolning bir qoʻli toʻq-qizil koʻylagi etagida, ikkinchisi zina qanotlarida yuqoriga koʻtarilib bormoqda edi. Oramiz ikki-uch metr qolganda u nigohini menga qaratdi va hayratlanib toʻxtadi. Men esa yalangʻoch yelkasi va yarqiroq koʻylagiga mahliyo boʻlib, choʻzinchoq yuziga yaxshi eʼtibor bermadim. Bir necha pogʻona pastga tushganimdan keyin bunday yuzni qayerdadir koʻrganim esimga tushdi va birdan hushyor tortdim: u Sigening yuziga oʻxshar edi! Ammo Sige bu yerda bunday vaqtda yurishi mumkin emas. Men oʻgirilib qaradim. Yaltiroq toʻq-qizil koʻylak etagi shtab eshigida bir hilpirab gʻoyib boʻldi.

Albatta, men bu ayolni juda tez unutib yuborishim mumkin edi – shu paytda u meni unchalik qiziqtirmagandi. Baʼzi vaqtlarda uning yuzidagi hayrat ifodasini eslaganimda hayron qolaman, xayolimga ming xil oʻylar keladi. Ammo uni yana bir bor koʻrish istagim yoʻq.

Havo ochiq kunlardan birida oʻz xonamda ochiq deraza oldida kitob oʻqib oʻtirgan edim. Kutilmaganda xona ichiga bir oppoq tuguncha uchib kirdi. U bordon ustiga tushib oltin va kumush rangidagi bir necha boʻlakka boʻlinib, har tomonga sochilib ketdi. Hayratim oshib derazadan qaradim va qarama-qarshi uyning derazasi oldida turgan ayolni koʻrdim, oramizdagi masofa nari borsa oʻn metr kelar, faqat oʻrtadagi kichik bogʻcha bizni ajratib turar edi. Oramiz juda yaqin boʻlgani uchun uning yuzidagi kulgichlarini ham aniq koʻrdim. “Ha, bu Sigening oʻzi!” – deb oʻyladim. Ammo bu boshqa ayol edi. Uni zinopoyada koʻrganim yodimda. Ayol menga qoʻlini koʻtarib, silkitdi. Imo-ishora bilan xonamning ichkarisi va boshimning yuqorisini koʻrsatdi, kallasini bir yonga egdi, soʻng ohista jilmayib, moviy parda orqasiga gʻoyib boʻldi.

Hayratim oshgandan-oshib, xonamga sochilib ketgan oltin va kumush parchalarini yigʻishtirib oldim. Ulardan biri uzunchoq shaklda boʻlib, nafis oq qogʻozga oʻralgan edi. Qogʻozni ochdim, unda ayollar dastxati bilan quyidagilar yozilgandi:

“Siz oʻqiyapsizmi? Kecha sizni koʻrib juda hayron qoldim. Qalbim nafis tuygʻularga toʻldi. Derazangiz aynan mening roʻparamda ekan. Endi har kuni sizni koʻra olaman. Bugungi “Bomba” siz uchun choy sovgʻasi. Nana”.

Nana, chamasi, bu uning raqs zali uchun tanlagan ismi boʻlsa kerak. Demak, bu ayol aynan Sigening oʻzi. Shularni oʻylaganimdan keyin yuragimga iliqlik kirdi. Sigeni koʻrmaganimga oʻn yil boʻlgan edi. “Odam qanday moʻjizalarga duch kelmaydi?” – deb shirin xayollarga berildim. Oʻtmish xotiralariga shoʻngʻib, oʻzim bilmagan holda zarhal qogʻolarga oʻralgan shirinliklarni bitta ham qoldirmay ogʻzimga solib, yeb bitirdim.

Qorongʻi tushganda Nana derazani ochdi va kelishib olgandek hushtak chaldi. Shunda men ham derazani ochdim. Nana boshini bir yonga engashtirib, mayin jilmaydi. Koʻzlarimiz toʻqnashdi. U yana ochiq koʻylagini kiygandi. U orqasiga oʻgirilganda taralgan sochlari yelkasidan pastga osilib tushganini koʻrdim. “Boʻynini koʻrsatmaslik uchun shunday qilgan”, sababini darhol angladim, Sigening boʻynida chipqondan qolgan qizgʻish iz bor edi. Botayotgan quyosh nurlarida Nana beqiyos goʻzal koʻrinar edi. Maftun boʻlib unga boqar va koʻzlarimni uza olmasdim, shunda qandaydir xavotir meni qamrab oldi. Butun fikru zikrimni ishga solganimga qaramay, u bir zamonlar sochlarini tangʻib, oddiy mompe kiygan, oʻchoqdagi olovni puflab yondirayotgan Sige ekaniga ishongim kelmasdi.

Ikki hafta shunday oʻtdi. Nana bilan uchrashganimda gʻalati hayajon ichida qolardim. Baʼzan men yoʻlakdagi kichkina derazani qiya ochib, Nanani yashirincha kuzatardim, u qoshlarini chimirib, katta ochilgan, ammo hayot nishonasi sezilmayotgan derazamga hayron tikilib qolardi. Baʼzi paytlarda Nananing hushtaklariga javob bermasdan oʻzimni chetga olib, u qoʻllarini koʻksiga qovushtirib, biroz egilgan koʻyi derazaga suyanib, men tomonga umidvor tikilayotganini sezib tursam-da, derazani katta ochib, unga koʻrinmaslikka harakat qilar edim.

Nihoyat, bir kuni kechqurun vaqt allamahal boʻlganda men shayton vasvasasiga uchib, qaltis ishga qoʻl urdim. Nana xonasidagi chiroqni yoqqanini koʻrib, derazani ochdim-da, sekingina xonamdan chiqdim, yoʻlakdan oʻgʻrilarga oʻxshab oʻtib, yaqinginada amerika harbiy politsiyasi kapitani sindirgan eshik tutqichini ushladim. Oʻzim kutganimdek, u ovoz chiqarmay ochildi va koʻz oʻngimda qorongʻi oshxona namoyon boʻldi. Oʻzimning surbetligimdan xavotir olib huddi birov meni shu tomonga chaqirayotgandek, oynadan tushayotgan gʻira-shiralikdan foydalanib, toʻgʻri Nananing xonasi tomon yurdim. Kafel yotqizilgan pol sovuq ekan. Yalang oyoqlarimning shipillashi oshxona ichida baralla eshitilardi.

Yorugʻlik tushib turgan eshik oldida toʻxtadim va ichkariga quloq solib, qoʻlimni koʻtargancha bir muddat turib qoldim. Keyin uch marta taqillatdim.

– Come in! – ayol ovozi eshitildi.

Eshikni ohista ochdim. Yoqimli sigaret hidi dimogʻimga urildi. Avval oshxona boʻlgan bu joy yaxshilab taʼmirlangandi. Oq xalat kiygan Nana stulda oʻtirib sochini tarardi.

– Jessimi? – soʻradi Nana orqasiga qaramasdan.

Men qoʻlimni dukillab urayotgan yuragim ustiga qoʻyib, eshikka suyanib qoldim. Koʻkragiga tushgan uzun sochlari uchini tarayotgan Nana koʻz qiri bilan menga qaradi va azbaroyi sakrab oʻrnidan turganidan qoʻlidagi taroq taraqlab polga tushdi. Men tush koʻrayotganday undan qoʻzimni uzmay qarab turardim.

– Anchadan beri koʻrishmadik, Sige. – Unga qoʻl uzatdim, ammo qizning chiroyiga mahliyo boʻlib, qoʻlimni ortiq qimirlatolmay qoldim.

Nana jilmaydi.

– Xush kelibsiz, Osamu, – degancha u qoʻlimni siqdi.

Boshqa ism bilan yuzlanyapti! Men zoʻr-bazoʻr iljaydim. Ismimni unutibdi, axir oradan oʻn yil oʻtgan-ku!

– Men Osamu emasman, adashding.

– Osama emasligingni bilaman. Ammo sen unga juda oʻxshaysan, – dedi Nana.

– Osama kim oʻzi?

– Ukam. Yagona tugʻishganim, u ham frontda halok boʻlgan. Ikki tomchi suvdek bir-biringizga oʻxshar ekansizlar.

Yuragimga oʻrnashib qolgan Sige siymosi birdaniga xiralashdi. Boʻgʻilib ketayotgandek boʻldim. Atrofimdagi hamma narsalar dabdurustdan qiyofasini oʻzgartirayotganga oʻxshardi. Mana, oldimda turgan, men Sige deb bilgan ayol koʻz oʻngimda qandaydir boshqa ayolga aylandi-qoldi.

– Demak, ukangizga oʻxshaganim uchungina xatingizda yaxshi munosabatlar haqida yozgan ekansiz-da? – soʻradim undan.

– Albatta-da.

Men divanga oʻzimni tashladim. Nana jomadondan qogʻoz xaltani olib kelgani oʻrnidan turdi.

– Mana ukamning fotosurati va oxirgi xati.

Banan daraxti ostida yigirma yoshga toʻlmagan, yozgi harbiy kiyim kiygan yigit uyalgandek kulimsirab turardi. Men oʻzimni ana shunday kiyimda necha martalab tasavvur qilgan edim! Uning katta koʻzlari va gʻalati oppoq tishlari yuziga alohida joziba bagʻishlagan, chamasi, u yaxshigina chiniqqan edi. Suratga qarar ekanman, ichimda oʻxshaydi, deb qoʻydim.

– Menga oʻxshaydi, toʻgʻrimi?

– Hecham oʻxshamaydi, – gapni chalgʻitdim. Nana yayrab kuldi.

– Yoʻq, oʻxshaydi. U bilan koʻp vaqt birga boʻlganlar buni tasdiqlaydi.

U yozgan oxirgi maktubni koʻrishga qiziqdim. Bunday xat maʼlum maʼnoda vidolashuv maktubi hisoblanadi.

U qoʻldan-qoʻlga oʻtgan ochiq xat ekan. Manziliga qarab ayolning ismi haqiqatan Nana ekanligini bildim. Unda Kyusyu orolidagi harbiy-dengiz bazalaridan birining muhri bor edi, aftidan, u janubiy frontning oldingi marrasidan joʻnatilgan boʻlsa kerak.

“Aziz opajonim Nana! Hozir Yaponiyada havo juda ajoyib boʻlsa kerak? Sogʻ-omon yuribsanmi? Uch kun avval seni tushimda koʻradim. Men somon shlyapa kiyib olganman, sen boshingga qizil roʻmol oʻragansan. Atrofimizda juda koʻp sigirlar va qoʻylar oʻtlab yurishibdi. Men erta bilan uchaman. Sogʻ-salomat boʻl. Ayni ertaga oʻn toʻqqiz yoshga toʻlaman. Osamu”.

Maktubdagi osoyishta ruh meni hayratga soldi. U goʻyo quvnoq nonushta haqida gap ketayotgandek xushchaqchaq ohangda yozilgan edi. Men urush yillaridagi hayotimni esladim, yuragimga ogʻriq kirdi. Qanchadan-qancha yosh yigitlar oʻlimga mana shunday begʻam, bogʻ sayriga ketayotgandek joʻnagan edi-ku.

– Joningizga tekkuncha sizga uka boʻlib qolaman, – dedim Nanaga tik qarab.

–Shundaymi? Juda xursandman.

Nana qoʻlini yelkamga tashlab bir necha marta silkitib qoʻydi. Uning koʻzlari yonardi. “Ketish kerak!” – oʻyladim men.

– Men sizni Sige debman, – tan oldim divandan turayotib.

– Kim u Sige?

– Xizmatchimiz. Qachonlardir uyimizda yashagan edi. Uzoqdan unga juda oʻxshaysiz, yaqindan esa undan koʻra chiroyliroqsiz.

Nana qah-qah urib – dedi:

– Gʻalati! Ikkimiz ham bir-biriga oʻxshagan odamlarni eslabmiz.

Eshik tagida orqamga oʻgirildim.

– Bilasizmi, Sigening boʻynida jarrohlik amalyotidan  qolgan chandiq bor edi.

– Shundaymi? Qoʻling bilan ushlab koʻrmaguncha u yoʻqligiga ishonmaydiganga oʻxshaysan?

Nana kulimsirab qoʻlimdan ushladi-da, uni sochlari orasiga tiqdi. Qoʻlim olmadek oppoq boʻyniga tushdi, yuzidan allaqanday hushboʻy hid kelardi. Nananing ingichka boʻyni nihoyatda silliq edi.

– Xoʻsh qanday? Chandiq bormi?

Qoʻlimni olmasdan yuziga qarab jilmaydim. Lablarini koʻrmadim, peshonamga issiq narsa kelib tegdi.

– Xayrli tun, – dedim men.

Yalang oyoqlarimni shipillatib, qorongʻi oshxonaga oʻtdim. Dahlizga olib boradigan eshik tagiga yetib keldim. Qadam tashlar ekanman: “U Sige emas! U Sige emas!” deb pichirlardim.

Nana har kecha tushimga kirar edi. Baʼzan kun boʻyi uni oʻylaydigan boʻldim. Sabrim tugab, uch marta hech kimga sezdirmay xonasiga kirib bordim. Nana menga xayolchan tikilib oʻtirdi, ukasi haqida gapirdi, xayrlashayotganimizda eshik oldida peshonamdan oʻpdi.

Xonasiga toʻrtinchi marta kirganimda nihyatda mast edi. Koʻzi toʻla yosh boʻlishiga qaramasdan ovozining boricha hoholab kuldi, qoʻlidagi boʻsh viski shishasini aylantirib har xil baland-past gaplarni aytdi.

– Shunday yashagandan koʻra oʻlganim yaxshi! – keyin qoʻshimcha qilib, – senga raqs tushishini oʻrgataman, – dedi va yuzimni koʻksiga bosib birga aylana boshladi.

Ketishga chogʻlangan paytimda eshik taqilladi. Nana toshdek qotib qoldi, soʻng xonaga tez koʻz yugurtirdi va qoʻrquv ichida koʻzini menga tikib, qaltiroq tovushda taklif qildi!

– Come in!

Eshik ochilib, xonaga besoʻnaqay M.R. kapitani kirdi.

– Jessi! – sekin hitob qildi Nana.

– O! – meni koʻrib hayratda qolgan kapitan boʻkirib yubordi, biz uchinchi marta toʻqnash keldik. – Bu yerga qanday kelib qolding? – keskin soʻradi u.

– Siz oyogʻingiz bilan tepib sindirgan eshikdan kirdim, – tez javob berdim men.

Uning qoshlari chimirildi, hayratdan koʻzlari pirpiray boshladi. Nana nimadir demoqchi edi, unga sovuq nigoh tashlab – Jim boʻl! – deb boʻkirdi. Soʻng qoʻlini orqasiga qilib keskin buyruq berdi: – Yoʻqol bu yerdan!

Men Nanaga qaradim. U derazaga yuzini oʻgirib turardi.

– Jessining aytganini qil! – dedi Nana qatʼiyat bilan.

– Xayr! – dedimu chiqib ketdim.

– Ikkinchi qorangni koʻrsatma! – orqamdan qichqirdi Jessi.

– Albatta, qaytib qadam bosmayman, – dedim men oʻgirilib va tez yurib xonadan chiqdim.

Eshikni yopib, yoʻlakda devorga suyangancha ancha vaqt turib qoldim. Keyin xonamga qaytib, derazadan qaradim. Nananing xonasi qorongʻi edi. Endi bu derazadan qaramaganim boʻlsin” – dedim ichimda. Nananing kasriga tunni beorom oʻtkazdim. Dastlab hech narsaga aqlim yetmadi. Keyin sekin-asta nima boʻlganiga aqlim yeta boshladi. Uzil-kesil gapning tagiga yetganimdan keyin yuragimda chidab boʻlmaydigan ogʻriq his qildim.

Kunni jazirama quyosh tagida terlab-pishib stadionda oʻtkazdim. Kechqurun shahar chekkasidagi doʻkondan arzon shirinliklar va chang bosgan mevalardan sotib olib, bogʻ ichiga kirdim, oʻzimga oʻxshagan bebosh ulfatlarga qoʻshilib bir finjondan sharbat ichdik, yer tepinib, ovozimiz boricha qichqirib, harbiy qoʻshiqlardan kuyladik. Ana shunday tarzda Yaponiya urushda yutqazgani uchun noroziligimizni bildirdik.

Yoz boshlandi. Bir kuni ertalab qornim qattiq ogʻrib qoldi. Ichim qon aralash surilib, koʻz oʻngim qorongʻilashib ketdi. Qora terga botdim. Kimdir qornimga kaltak tiqib burayotgandek edi. Qandaydir yomon koʻngilsizlik boʻlishini oldindan sezadigan odatim bor. Tanish shifokor huzuriga zoʻr-bazoʻr sudralib borib, qanday kasalga chalinganimni eshitganimda aslo hayron qolmadim. Qarindoshlarim, amakimning ahvolini hisobga olib, meni shahar kasalxonalaridan biriga yashirincha joylashtirishdi.

Shu yerda, iflos bir xonada yozning eng issiq oylarini oʻtkazdim. Bu men uchun oʻziga xos xaloskorlik vazifasini bajardi. Kasallikdan boshqa hech narsa xayolimga kelmadi. Boshqa hamma tashvishlarni unutdim. Hatto Nana esimga tushganida qusib yuboray dedim.

Bir kuni, endi tuzala boshlagan kezlarim edi, keksa enaga yordamida oʻrnimdan turib, xojatxonaga bordim. Shunda bosh tomonimga oʻrnatilgan oynada kimningdir aksini koʻrdim. “Yo xudo! Kim boʻldi bu? Qanday ayanchli kimsa!” – deb oʻyladim. Yuzlari ichiga botib, koʻzlari kosasidan chiqib ketguday boʻlib ketibdi. Sinchiklab qarab, bu nusxa oʻzim ekanimni angladim. Butunlay oʻzgarib ketgan yuzimga gʻamgin nazar soldim. Oyna qayergadir gʻoyib boʻldi, hushimni yoʻqotdim. Qancha vaqt behush qolganimni bilmayman, faqat oʻzimga kelganimda qoʻllarimni yozib polda yotgan ekanman, yonimda keksa enaga nima qilishini bilmay karaxt boʻlib turardi. Oʻrnimdan turgach, haroratimni oʻlchay deb darajani oldim. Uni ushlagan barmoqlarim qaltirar edi, qizil chiziqcha boʻlsa yuqoriga qarab jadal siljiyotganini koʻrdim. Uni pastga silkita boshladim. Enaga qancha koʻtarildi deb soʻradi, ammo men javob berolmadim. Miya tomirlari torayib qolgan boʻlsa kerak, dedi kampir.

Boshim temirday qizigan va parishon holatda qop-qora shiftga tikilib yotardim – shiftga kichkina xira chiroq osilgandi. Qora shift odamni vahimaga soladigan darajadagi tezlikda yuqoriga koʻtarilib kichkina chorburchak shaklga aylanar, soʻng shiddat bilan pastga tushib, butun xonani egallab olardi. U tobora kattalashib borar, pastga siljiganda naq boshimni ustida osilib qolar edi… “Oʻlayapman!” – xayoldan oʻtkazdim men. Butun kasalligim davomida faqat shu kuni oʻlimni esladim. Nahotki shunday oʻlib ketaversam? Kasal boʻlib oʻlish?! Bu mutlaqo kutilmagan yangicha holat edi. Shunday boʻlishi mumkinligini hatto tasavvur ham qilmagandim. Bundan battar oʻlimni qidirib ham topolmaysan! Tomogʻimga qattiq bir narsa kelib tiqildi.

– Xolajon! Menga qalam bilan qogʻoz bering! – iltimos qildim.

Ne mashaqqat bilan qornimga agʻdarilib yotdim, bir parcha qogʻoz orqasiga amallab: “Oʻlishni xohlamayman!” – deb yozdim.

Qalamni qattiq ushlab atrofga parishon koʻz yugurtirdim. Nazarimda, bu soʻzlar nihoyatda tahqiromuz boʻlib tuyuldi. Ammo hammasi yuragimdan quyilib chiqdi. Yana nimalarni qoʻshishim kerak? Silliq qalamni qattiqroq ushlab zoʻr-bazoʻr bir jumla qoʻshimcha qildim: “Tentak Nana”.

Hayron qolib shu ikki soʻzga tikildim. Bular nima? Hech narsa deya olmayman. Koʻz oldim qorongʻilashib, qalam qoʻlimdan tushib ketdi, ogʻirlashib ketayotgan boshimni yostiqqa qoʻydim. Oʻylab koʻrsam, urush tamom boʻlgandan beri hayot va oʻlim tuygʻusi doim almashib turgani uchun biron kun ham tinch, huzur-halovatda yashamapman. Men hayot daryosida oqib, atrofimdagilarni kuzatibman, xolos. Shunda hech kutilmaganda soʻnib borayotgan ongimda shiddatli oʻzgarish yuz berayotganini his qildim:

Men yashashni xohlayman!

Men yashayman!

Meni qutqaringlar!

Omadim kelib kasallikdan qutuldim.

Keyin oradan yetti yil oʻtdi. Bu yillar sharmandachilik bilan kechgan tavba-tazarru yillari edi. Ammo oʻshandan beri bironta ham vidolashuv xatini koʻrganim ham, yozganim ham yoʻq.

Bu nihoyatda katta baxt edi!

 

Tetsuo MIURA

 

Rus tilidan

Ortiqboy ABDULLAYEV

tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti”, 2018/1

 


[1] Yapon fidoyilari – kamikadze (shahid)lari.

[2] Fusuma – yapon uylarida surilma devor.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x