O’zini sevish xudbinlikmi?

Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo’lish

Aminmanki, hammamiz bir bor bo`lsa-da, atrofdagilardan «Xudbin bo`lma» degan tanbehni eshitganmiz. Aslida, o`shalarning o`zi xudbin, bizni shu yo`l bilan boshqarishmoqchi: «Yo`q, xudbin emasman, siz uchun har narsaga tayyorman», deb harakat qilishimizni kutishayapti. To`xtang! Bu aldovga chuv tushmang. Xudbin bo`lmaslik bu o`zni sevmaslik degani emas.

Xudbinlik — doim o`z manfaatini o`ylash. O`zni sevish esa o`zi bilan do`stlashish, o`zni ayblamaslik, o`z shaxsini hurmat qilishdir. Quyida o`zini yaxshi ko`rmaydiganlarning asosiy «belgi»larini sanaymiz.
Demak, siz qilayotgan ishlaringizni yoqlamaysiz. Tanqid — g`urur mahsuli. Har doim o`zingizni tanqid qilaversangiz, sizda g`urur emas, manmanlik hissi oshib-toshib ketibdi. Shu darajada ko`payibdiki, o`zingizni ideal odam hisoblay boshlabsiz va o`zingizdan faqat ideal darajadagi ishlarni kutayapsiz. Oddiy odamlar singari xatolar qilishingiz mumkinligini tan olishga esa kamtarligingiz etarli emas.
Tashqi ko`rinishingizdan norozi bo`lsangiz…
«Qaniydi falonchixondek shahlo ko`zlarim bo`lsa» yoki «Nega dugonamdek oppoq emasman?» singari fikrlar tez-tez miyangizda aylanaveradimi? Demak, siz o`zingizni hadeb boshqalar bilan solishtirish dardiga mubtalo bo`libsiz. Albatta, bunday sharoitda o`zingizni sevishingiz mumkin emas. Darhol bu odatni tark eting. Siz, bu — siz, uni falonchiyu pismadonchixonlar o`lchami bilan o`lchamang. Odam o`zining nuqsonlarini bilishi kerak, ammo bu nuqsonlarga munosabati to`g`ri bo`lishi lozim. Siz Yaratgannning ijodisiz, u o`sha nuqsonlarni sizdagi o`ziga xoslikni ta`kidlash uchun bergan.
Doim o`zingizni aybdor his qilaversangiz…
Bolangiz kasal bo`lib qoldi. Siz «Bola degan xastalanadi-da, issiq jon», demaysiz. «Yaxshi qaramabman, issiq kiyintirmabman va hokazo», deya o`zingizni ayblab boshlaysiz. Bu tuyg`u ichingizda kechayotgan bo`lsa-da, atrofingizdagilar ham his qilishadi. Siz ularga tayyor xulosani berdingiz, aybdorlikni zimmangizga oldingiz, ular jon deb uni qabul qilishadi va ayblov toshlari bir-bir ota boshlashadi. Unutmang, hamma narsani oldindan ko`rib, sezib, oldini olib yuradigan odamning o`zi yo`q. Umuman, bo`lar ish bo`lgandan keyin kim aybdorligining nima ahamiyati bor? Ahamiyatlisi, kim shu muammoni echa oladi. To`g`ri fikrlasangiz, muammoni hal etguvchi o`sha inson, albatta, o`zingiz bo`lasiz.
Boshqalarning istagini o`zingiznikidan ustun qo`yaversangiz…
Ovsiningiz idishlarini yuvmay uxlab qolibdi, sizning chaqalog`ingiz injiq, biroq uni beshikda chirqiratib qo`yib, idish-tovoqlarni yuvasiz. Albatta, yomon ish qilmadingiz. Biroq o`z istaklaringiz va sharoitingizga quloq solmaganingiz bois imkoniyatlaringizni to`g`ri taqsimlamaysiz. Ertaga «Bolamni ushlab turing» degan iltimosingizga ovsiningiz rad javobini bersa (muhimroq ishlari bo`lishi mumkin-ku), uni yomon ko`rib qolasiz. Chunki siz o`zingiz qilgan qurbonlikni ovsiningiz etarli baholamadi, deb o`ylaysiz. U esa oldingizda o`zini hech qarzdor deb hisoblayotgani yo`q. Bolangizni yig`latib, uning ishini qilganingizni, hatto, sezmagan bo`lishi ham mumkin. Demak, so`ralgan, iltimos qilingan ishni imkon qadar bajaring, ammo imkoningiz yo`q bo`lsa, atrofdagilar shu holatingizni to`g`ri qabul etishlariga ishoning.
Hammaga birdek yoqishga intilsangiz…
Atrofdagilardan o`zingizga nisbatan maqtov, olqish eshitishga muhtojsiz. Sizni yoqtirmay qo`ysalar, hay-hay, bundan yomoni bormi? Bu o`zini yaxshi ko`rmaydigan odamning xulqidir. Chunki tashqaridan aytilgan maqtovlar insonning o`ziga bo`lgan ishonchini sug`orib turadi. «Men»ini sevgan va «men»iga etarlicha ishongan odam bunga muhtoj emas, unga o`zining muhabbati, maqtovlari etib-ortadi. Ya`ni atrofdagilarning muhabbati xuddi telefonga zaryadka orqali o`tayotgan tokdek gap. Tokka to`la batareykani zaryadlashga ehtiyoj yo`q. O`zingizni o`ylang, o`z tuyg`ularingiz bilan qiziqing, o`zingiz bilan ovora bo`ling. Shunda boshqalarning muhabbatiyu maqtovlariga zor bo`lib qolmaysiz. Shu maqtovlarga erishish uchun o`lib-tirilmaysiz.
Boshqalar uchun yashasangiz…
Hayotdan lazzatlanib, o`zingiz uchun yashamaysiz. O`zingizni alllaqachon unutib qo`ygansiz. Ishxonada hamma vazifani gardaningizga olasiz, bir-ikki marta rahmat eshitarsiz, ana boring, muokofot puli ham berishar. Ammo bir kun bu mas`uliyatdan charchaysiz, boshqalar soyangizda maza qilib yurishgani etmagandek, muammo chiqqanda sizga yuklab qo`ya qolishadi. Axir hech kimga muammo kerak emas, demak, fidoyilikning ham me`yorini biling, toki o`zingizga ham yaxshi bo`lsin, boshqalarga ham.
Ko`p xafa bo`lsangiz…
Xafalik kimdir umidlarimizni oqlamasa, biz istagan narsani qilmasa, aytmasa, bermasa, yuzaga keladigan holatdir. Lekin odamlardan ular berishni istamagan narsani umid qilish noto`g`ridir. O`zini yaxshi ko`rgan odam kimdandir nimadir ilinjida yashamaydi: yo so`rab oladi yoki ishlab. Shunday ekan, «qilmadi, aytmadi…» deb xafa ham bo`lmaydi. Olaylik, tug`ilgan kuningiz yoki bayram yaqinlashayapti. Siz yangi rusumdagi telefon yoki ko`ylak haqida orzu qilayapsiz. Eringizning oldida bunga sha`ma ham qildingiz va u sha`mangizni to`g`ri tushundi deb, endi «kutilmagan» sovg`ani kutayapsiz. Eringiz esa yo sha`mangizni tushunmagan, yo unutgan: yana o`sha uchta chinnigul bilan kirib keladi. Siz esa xafa bo`lasiz. Eringiz begona emas-ku, «Dadasi, imkoningiz bo`lsa, tug`ilgan kunimga manavi narsani sovg`a qilsangiz, juda baxtiyor bo`lardim» deganingizda, olam guliston edi. O`zini yaxshi ko`rgan ayol shunday qiladi.
Muhabbatda omadingiz chopmasa…
O`zini yaxshi ko`rgan ayolni eri, qizni yigiti tashlab ketmaydi. O`zini sevgan insondan faqat muhabbat ifori taraladi, yonidagi inson shu iforga mast bo`ladi, undan uzoqlashgisi kelmaydi. O`zini yaxshi ko`rgan ayol xotirjam, quvnoq, o`zini parvarishlagan bo`ladi. O`zini yaxshi ko`rgan ayol baxtli bo`ladi, baxtlilarni esa tashlab ketishmaydi, aksincha, ularga intilishadi. Chunki baxt yuqumlidir.
Hasad qilsangiz…
Menda yo`g`-u, unda bor — mana shu tuyg`u hasad bo`ladi. Xuddi shu narsaga egalik qila olmayotganingizdan siqilasiz, o`zingizni shu narsaga loyiq emas, deb hisoblaysiz. Bu esa o`zingizni yaxshi ko`rmaganingizdandir, boshqa sabab bo`lishi mumkin emas. O`zini sevgan odam birovlarga qaramaydi, ularda bor narsalarning o`zida yo`qligidan o`kinmaydi, u boshqalarda emas, o`zida bor narsalarni ko`radi, o`shalar uchun shukr qiladi va yashashda davom etadi.
Bolalaringiz gapingizga quloq solmasa…
Yo o`zingizni sevmasligingizni bilganlari uchun yoki siz ularga haddan ortiq bosim o`tkazasiz. Bosim esa o`zidan qoniqmaslikdan kelib chiqadi. O`zini hurmat qilgan ayol ham mehribon, ham hurmatli ona bo`ladi. Farzandlari ham o`zini sevadigan, o`ziga ishongan, muvaffaqiyatli insonlar bo`lib voyaga etishishadi. Demak, farzandlaringiz baxti uchun ham o`zingizni sevishga majbursiz!

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x