OTSIZ

OTSIZ Xorazmshoh (toʻliq ismi Otsiz ibn Qutbiddin Muhammad ibn Anushtegin) (1097 —1156) — anushteginiylar sulolasidan boʻlgan Xorazm hukmdori (1128—56). Otasi vafotidan soʻng taxtga oʻtirgan, saljuqiylar sultoni Sanjarning vassali boʻlgan. Lekin u Xorazm ni mustaqil davlatga aylantirishga intilgan. O. Sanjarning ruxsatisiz avvalo Jand va Mangʻishloqni egallab va Turkistonning ichkari tumanlariga yurish qilish bilan oʻz hokimiyatini mustahkamlab olgan. Shundan soʻng u oʻzini mustaqil deb eʼlon qilgan, birok, 1138-y. Hazorasp yaqinida Sanjar qoʻshini tomonidan magʻlubiyatga uchrab, mamlakatdan quvgʻin qilingan. Sanjar oʻzining jiyani Sulaymon bin Muhammadni xorazmshoh etib tayinlagan, lekin kelasi yili Otsizni Xorazm aholisi chaqirib olgan, shahzoda esa quvib yuborilgan. 1141-y. mayda O. Sanjarga tobelik izhor etib, umrbod unga sadoqat bilan xizmat qilishga qasam ichgan, lekin bir necha oydan soʻng Sanjar qoraxitoylardan yengilgach (1141-y. 9 sent.), qasamini buzgan. Otsiz oʻsha yili kuzida kuchli qoʻshin bilan Xurosonga yurib Marvni egallab olgan; kelasi yil bahorida Nishopurni tobe etgan, biroq Sanjar tomonidan darhol quvib yuborilgan. 1143—44 y. larda Sanjar yana Xorazmga yurish qilgan, Otsiz kuchi ozligi tufayli unga tobelik izhor qilgan. Shundan soʻng bir oz vaqt oʻtgach, Otsiz 3-marta isyon koʻtargan va Sanjarning elchisini (shoir Adib Sobir) Amudaryoga tashlab yuborishni amr qilgan. 1147-y. noyab. da Sanjar 3-marta Xorazmga yurish uyushtirgan, 2 oylik qamaldan soʻng Hazorasp sh. ni olgan va Gurganjga yaqinlashgan, 1148-y. iyunda sulton bilan shaxsan uchrashuv chogʻida garchand oʻzini takabburona, gerdaygan holda tutgan boʻlsada, Otsiz sultonga tobelik bildirgach, oʻz lavozimida qoldirilgan. 1153-y. Sanjar oʻgʻuzlar qoʻliga asir tushib qolgan. Otsiz bu safar sultonning sodiq xizmatkori va himoyachisi sifatida yana Xurosonga yurish qilishga shaylangan va oʻziga Amul sh. ni berishni talab qilgan, biroq rad javobini olgan. 1156-y. u Nisoga kelib asirlikdan qochgan Sanjarga oʻz sadoqatini bildirgan, lekin shu yilning 30-iyulida Habushon (hoz. Kuchan)da 59 yoshida vafot etgan.

Ad.: Bartold V. V., Sochineniya, t. 11(2), M., 1964.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x