Otamzamon hangomalari

Oʻtirikni eplay bilmadi

 

Otamga oʻzini yaqin olganlardan biri, garchi yoshi kattaroq boʻlsa ham, Faqir bobo degan choʻrtkesar, ayni vaqtda, yolgʻon-chin gapini ajratib boʻlmaydigan sariq, yalpoqyuz, bitkoʻz bir odam edi. Oddiy hangoma yoʻlida ham zarur boʻlsa-boʻlmasa oʻtirik qoʻshaverganidan boʻlsa kerak, odamlar birovning gapiga ishonqiramay qolsalar, “Bu yogʻi Faqir bobosi boʻlmasin yana”, deydigan boʻlishgan.

Bir vaqt bobo kech kuzda togʻdagi chaylatomidan xabar olishga borib yoʻlda uchinganmi, koʻziga bir balo koʻringanmi, birinchi duch kelgan Fayzi boboga xabar beribdi:

– Payzi aka, togʻdan yaxshiyam ertaroq koʻchib tushganimiz. Mana hozir chayladan chiqib qarasam, yoʻlimdan bir toʻda uligan qashqir oʻtdi. Orqadan, panadan turib sanadim: bir yuz yigirma bitta ekan. Koʻchmay turganimizda har birimizning molimizga qiron keltirar ekan, pak Xudo saqlabdi.

– E, qoʻy-e, – debdi Fayzi bobo, – eshitgan quloqqayam uyat-ye. Togʻni qidirib chiqsang, yigirmata qashqir chiqadimi-yoʻqmi. Nimalar deyapsan?

– Payzi aka, mana shu koʻzlarimminan koʻrdim, oʻlay agar.

– Faqirqul, qasam ichma. Boʻladigan gapdan ayt. Bir-ikkita kuchukdir, tulki yo pishakdir. Koʻzingga koʻringandir. Ulay-bulay uchingan boʻlsang, Toʻxsuluv baxshiga bor, quloq-boshingni tortib qoʻysin.

Faqir bobo mollariga xazonbarg yigʻib yurgan Irisboy muallimni toʻxtatibdi.

– Irisboy, mana shu kunbetkaydan hozir oʻn besh chogʻli boʻri oshib ketdi, koʻrdingmi? Men ularni chaylani oldidan quvib, soydan oʻtkazib qoʻydim.

– Es bormi senda, Faqir. Xoʻp echki haydab yuribsan-a. Boʻri emish! Tulki koʻrsang, tumataqingni tashlab qocharsan. Bor-e, bu oʻtirikni kampiringga ayt.

U Boliqul boboga uchrab, bu yil tiramoh togʻda tulki koʻpligi, bolalari undan ham koʻpligini aytib boshlagan ekan, bobo raʼyini qaytaribdi.

– Podamidiki, tulki toʻdalashib yursa. Odam isidan choʻchiydigan bir jonivor boʻlsa. Tovuq izlab birorta kelsa, kelgandir. Indamaganga hadeb koʻpiraverasanmi?

Boliqul bobonikidan hafsalasi pir boʻlib chiqib ketayotsa, Muhammad oqsoqol koʻrinib qolibdi.

– Shu chaylatomga oʻtsam, hammayoqni yovvoyi pishak bosib ketibdi…

– Qani-qani, Faqirboy, nechta edi?

– Ancha boridi-yov, qiztaloq.

– Oʻzingniki qolgan boʻlsa yovvoyilashgandir-da.

– Yoʻq, men qishloqqa pishakni opkelganman, Muhammad, boʻlmasa jiydaning orasida “shitirr” etgan narsa nimaydi?..

 

 

Oʻzingniki – oʻzingnikiga

 

Burungining odamlari ham qoʻliga gazeta tushsa, bekorchilikdan koʻz yugurtirib yotar edilar. Ismat chavandoz Faqir boboning jiyani, mening amakim. Chamasi, amakim oʻsha vaqtdagi yoshlar gazetasining toʻrtinchi beti, oxirgi ustunidagi “Turfa olam” degan joyini oʻqib bergan. Emishki, Qozogʻiston choʻlida ilonlar uygʻonib, birvarakayiga qoʻzgʻalib, avtomobil yoʻlidan oʻta boshlagan. Ular shu darajada koʻp va gʻuj boʻlib harakatlanganki, natijada bir necha soat avtomobil qatnovi toʻxtab qolgan.

Faqir bobo bu gapni ilib olgan. Koʻplarga aytib chiqqan. Albatta, koʻpirtirgan.

Biror oylardan keyin Ismat chavandozning oʻziga aytib yotgan emish:

– Jiyan, endi buyam bir koʻrgilik-da. Qara, Qozogʻiston choʻlida oʻn milliyondan ziyod ilon oʻn kilometr boʻlib poyezd yoʻl, moshin yoʻl, hammasini bir oy toʻsib qoʻygan, hammasi zaharli koʻlvor ilon desang, ularning orqasidan oʻn kilometrlik toshbaqa, oʻn kilometrlik yumronqoziq karvoni qoʻzgʻolibdi desang. Qozoq endi qayga boradi, a, qayga boradi? Biz chigirtka balosini koʻrib och qolganmiz. Ey, Ismat, bu koʻlvor ilon-ku. Toshbaqa, yumronqoziq, qurbaqalar ham ergashganiga qara, erta-indin shu Qoʻrgʻontepadan oshib, bizning qishloqqayam oʻrlaydi-yov…

 

 

Rashid joʻra

 

U yoshimiz teng boʻlgani bilan bizdan ikki yosh kichiklar bilan oʻqib maktabni tugatgan. Boʻladi-ku shunaqasa ham. Sinfdan bir emas, ikki marta qolsa shunday boʻladi. Lekin Rashidning kuyadigani bu emas. Keyin hatto oʻsha vaqtning men degan oliy oʻquv yurti – xalq xoʻjaligi institutiga kirishga ham kuch topdi. Bilim topmasayam, kuch… yaʼni pul topdi-da. Bitirmadi, shekilli. Koʻknori biznesiga aralashib, hayoti algʻov-dalgʻov boʻlib ketdi. Qamalib chiqdi. Qutulganida ota-onasi, jigarlari – jami olti yaqinidan ajragan edi. Odam bunday judolikka dosh berolmay tentak boʻlib qolishi hech gap emas. Boshda borini koʻz koʻraverar ekan. Xudoyim bandasini saqlayman desa, qirq yillik qirgʻinda ham asrar emish. Toʻgʻri, Rashid joʻra afgʻon urushida ham uch yil yurgan. Qulogʻining orqasidan oskolka ham yegan. Na boʻlgʻay, ota-onasi umidini uzib oʻtirganda gʻoz yurib, tik oyoqda uyiga kirib kelgan.

– Pokistonning chegarasi, Qandahorda xizmat qildim, – deydi. – U yer endi bir ajalxona edi. Qoʻqqisdan minaga, daydi oʻqqa uchib qolaverasan. Qargʻaning sharpasini sezasan, lekin afgʻon “bosmachi”ning qorasini koʻrolmaysan. Oyogʻing ostidan yo osmondan tarillatib oʻqqa tutib qoladi. Oʻzingni oʻnglaguningcha safdoshlaringni titib tashlagan, qarasang – izi ham, soyasi ham topilmaydi. Shuytib, biz ulardan, ular bizdan alamzada, koʻrinsa ayamas edik. Ayol, bola, qari deb oʻtirmay otib tashlasang ham, birov bir narsa demaydi.

Bir kuni shtabdan qora chodra yopingan ayolni opchiqishdi. Qirgʻiz askari va menga buyruq boʻldiki, togʻning narigi kamariga oborib otib tashlanglar. Ayolning tiliga tushunmaymiz, biroq imo-ishoralaridan oltita bolasi borligi, biri koʻkrak emadigan chaqaloq ekanini anglaymiz. Bunaqa holat koʻp boʻladi: ering qayda, bosmachilar qayerdaligini ayt – javob boʻlmasa, oʻlimga mahkum. Bu bechoraning boshida ham shu kun ekani maʼlum. Kim ham behuda juvonmarg boʻlib ketishni xohlaydi? Koʻhlikkina ayol. Bolajon, musulmon, yigʻlab javrab boryapti, sen ham musulmon bolasidirsan, deydi. Negadir juda rahmim keldi, onam, opalarim koʻz oldimga keldi. Samatga nima qilamiz, dedim. Bilmasam, deb yelka qisdi. Kel, dedim, shuni oʻldirmaylik. Lekin bizni qorovulminor tepasidagi navbatchilar durbinda kuzatib turishadi. Hiyla qilganimizni payqab qolishsa, oʻzimizni otib tashlashadi.

Ayolga oʻzimizcha tushuntirdik: yetib toʻxtaganda biz ustingdan oshirib oʻq otamiz, sen guppa tashlab “oʻlib” qolasan.

Adirda jasadlar jayrab yotibdi. Dunyoda odamning murdasiday sassiq, badboʻy narsa boʻlmaydi. Eskilari etsiz suyak, skeletlarga aylangan, parranda-darranda yegan chiqar. Koʻpchiligi… ayol. Bor-yoʻgʻi bir daqiqadan soʻng bu kelinchak ham shular safiga qoʻshilishi kerak. Toʻxtadi. Otdik. Yiqildi. Yiqilgach, yana otdik. Tipirchilab qoʻydi – rolni yaxshi bajardi.

Qilarini qildig-u, vahimadamiz: bilib qolishsa – tamom. Axir, u yurib shu yerlardanmi, qayerlardandir oʻtadi-ku. Bir-ikki kun oʻtdi oradan. Hartugul, gap chiqmadi.

Ittiqofo, bir kuni kechki smendamiz. Sheriklarim oʻris askarlar. Rosa chekkilari kelib qoldi. Kechasi biror sharpa sezdirishing juda xavfli, payqagan zahoti otadilar. Chekmanglar, deb tixirlik qilsam ham, unashmadi, oʻzlaricha shinelga bekitib cheka boshlashdi. Zahar tang qilib, boʻshanish uchun sal nariga yurishimni bilaman, boshimning ustida bir nima momaqaldiroqday gumburlab ketdi-ku. Hushimga kelganimda qulogʻimning orqasidan sharillab qon oqar, askarlar, sanchastdagilar atrofda timirskilanib yurar edilar.

Tong otgach, oʻris sheriklarimning parcha-parcha goʻshtlarini yigʻib olishdi…

Qishloq oralab “tozalash” oʻtkazib turamiz. Biz izlagan “bosmachi”lar odatda uyga kirib qamalib oʻtirishmaydi-yu, baribir qiladigan ishimiz nima – eshiklarni tepib, buzib ochib kiraveramiz. Navbatdagi eshik ham ochilmadi. Turumini buzib, qulatib ichkariga kirsak, olti afgʻon bola nafas yutib qaltirab oʻtiribdi, onasi oʻrtada gʻoz turibdi. Shunaqa, biz ularni oʻlimga tik qarashga oʻrgatib qoʻyganmiz. Boshqa xonalarni titkilashga oʻtdik. Bir mahal haligi xotin mening yengimdan tortadi, desang. Qarab tanib qoldim: oʻsha yolgʻondakam otganimiz – kelinchak. “Tek, damingni chiqarma!” deb doʻq qilgan boʻldim. Tintuv tugagach, bir togʻora olma opchiqyapti haligi. Nima boʻlsa boʻldi deb choʻntaklarimni toʻldirib oldim. Ne boʻlsa boʻlar deb komandirgayam ulashdim. “Qayoqdan olding?” deydi. “Oʻzim, bogʻdan terdim”, deyman. “Avval oʻzing ye”, deydi. Qarsillatib tishlayberaman, keyin u ham qoʻl choʻzadi…

“Bosh qattiqmi, tosh qattiqmi”, deb tirashib yashab kelaman, joʻra, deb osmonga qaraydi Rashid. Hoynahoy, tepadan ne savdolar tushadi deb oʻylar. Oʻlmagan qul yashaydi, yashay beradi. Judoliklar uni egsa eggandir, lekin sindirmadi, yanchib tashlamadi. Togʻdan iskana qildi. Bunga ham yigirma yillar boʻldi. Otasi Xoldor aka qishloqning molini boqib yurib, Oqzovdan oʻtib, Qiyomatning ogʻzidagi bir parcha yerning toshini tozalab, oʻn besh tup yongʻoq ekib edi. Mol-holdan asrab daraxt qildi. Boshqa mayda-chuyda ham ekdi. Ota-ona, jigarlar ketgach, shu yer Rashidga qoldi. Xotini Ozoda bilan kelib, otasining chaylasiga yonbosh ikki xona qoʻshdi, ustiga shifer bosdi, eshik-deraza qoʻydi. Qishloqdan yigirma chaqirim naridagi togʻ ichida hovli paydo qildi. Daraxtdan tashqari sabzavot ekdi. Tosh aralash qora tuproqda qovun-tarvuz ham ekib koʻrdi. Boʻlar ekan. Agʻdarilib qoldi. Palak mezon shamolini yesa, pishmagan sapcha qovun ham bolday boʻlib ketadi. Gap mezonga yetishda. Togʻda tez salqin tushadi. Yozda ham koʻz yoshiday mildirab yomgʻir toʻkilib qoladi. Haytovur, bilsak, bu yerlarni sel yuvmas ekan. Nima boʻlsa pastda – soylar qoʻshilgan joyda boʻlar ekan. Keyingi kezlarda ayni yoz chillasida ham sel ayqirib kelib, hammayoqni balchiqqa, toshga toʻldirib, koʻpriklarning eng zoʻrini ham sanab-sanab, birma-bir oldiga solib “haydab” ketadigan boʻldi. Sangloqda koʻprik qurishga ham odamlar choʻchib qoldi. Lekin kerak. Ikki yil burungi eruvda ham koʻprik qolmagan edi. Har yili hasharga aytib, toʻrt-besh soʻm pul yigʻadigan oqsoqollar ham bir nima deya olmay qoldilar. Mana, bu yil baribir qurishga toʻgʻri keladi.

Oyday enam – onamning onasi aytar edi: Abdullasoy, Solisoy, Burgutlining tepasiga yozda chayla qurib chiqar edik. Bugʻdoyliq moʻl edi. Oralasa qoʻy-echki koʻrinmay ketar edi. Oʻttiz-qirq qoʻy-echkini, mollarni sogʻib, kunboʻyi kuvi pishib charchar edik. Oʻntalab qorin moyi toʻlatardik. Davlatning chigit moyini kecha eshitdik. Bugʻdoyliq yeb semirib, dumi tars yorilib ketgan qoʻchqorlarni oʻshanda koʻrganman. Lalmi qovun ham naqd toʻnkarilib qolardi. Handalak, boʻrikalla, kampirchopon, boʻriboy, olatarvuzning tuynagi tubiga tosh tirab chiqmasang, bandidan uzilib soyga dumalab sochilib ketar edi.

Haliyam oʻsha-oʻsha yerlar. Faqat nafs, ochkoʻzlik balosimi, daraxtlar – soy boʻyi keta-ketguncha sariq tol, yaʼni majnuntollar bilan qoplangan, orasidan zoʻrgʻa oʻtib borarding, qoʻling uzilgurlar, na imoratga yogʻoch boʻladi, na devorbop, na oʻtinlikni obod qiladi – shularniyam bitta qoʻymay qirqib olishgan-a. Solisoyning ogʻzida bir tupgina yovvoyi qizil olma boʻlib, oʻshaning sharafiga bir parchagina yer Qizilolma atalar va hamma uchun tushunarli manzil hisoblanardi. Olmani to pishmaguncha ogʻizga olib boʻlmas, taxir bir balo, ammo pishgach, juda mazali, suvli, yeganda jon baxsh qiluvchi mevaga aylanardi. Soy chetida qayragʻochday sersoya boʻlib turuvchi shu olmaniyam kesibdilar – boʻyningga ot tepgurlar. Bir soyda ikki-uch tup yovvoyi oʻrik, yana birida yovvoyi olmurut – nok, Tokli degan joyda yovvoyi uzum oʻsadi. Uch tupgina uzum. Uniyam faqat pishganda tatish mumkin, xolos. Boʻlmasa, ogʻzingni shunaqa taxir qilib tashlaydiki, uch kungacha yegan-ichganingning taʼmini sezmay yurasan.

Xayriyatki, togʻ yonbagʻrida, Qorazovning pastida tik qirda oʻsgani boismi, odamlar unga tegmabdi, Oybek domla aytgani yangligʻ, “oʻshshaygan qoya labi”da ochofat mollarning hamlasidan ham xoli, bir xil koʻkarib, koʻzni yashnatib turibdi. Och bachchagʻardan qoch bachchagʻar – tik qirda oʻsgani oʻzining jonini saqlashga bois boʻlgan, chamasi. Qishloq toʻqsabosi – yuz yil avval, toʻqsaboning otasi mening bosh bobom ham undan totingan. Bilarsiz-bilmassiz, tok qarimaydi, chinorga oʻxshab ming yil yashaydi.

Yana bir holat: togʻda tez ochqaysan. Non ham gohida bir yoqimli ovqatday ketadi. Sariyogʻ surib ursang, goʻyo oshga toʻyganday maza qilasan. Unda-bunda uchrab qolgan mevalardan yesang ham toʻymaysan. Bu dunyoda tamom begunoh yashab oʻtgan otajonim bir safar xurjunini toʻldirib oʻsha qizil olmadan opkegan. Bir-ikki kunda uni tinchitib, mazaxoʻrak boʻlib, soʻng oʻzimiz tagʻin eshakka xurjunni bosib, qizil olmaga borganmiz. Oʻziyam, avval salkam bir xurjun olmani ukam ikkimiz paqqos tushirib tashlaganmiz. Qorinlar doʻmbira boʻlgan, yoʻl-yoʻlakay daraxt panalab, toʻxtab-toʻxtab kelganmiz…

Gapning kaltasi, shu yil may oyining toʻqqizida joʻra, amakivachcha, bola-baqra Rashid joʻraning chaylatomiga borib, sayil qiladigan boʻldik. Fotihali joylarga kirdik, qarindoshlarni koʻrdik, Boytemir, Abdushukur, Abduvali, Gʻaybulla sinfdoshlarimizni ham koʻrdik. Soʻng uzun-qisqa boʻlib, bir ot, uch eshakka oʻtirib toqqa oʻrladik. Yaqin doʻstim, begʻubor inson Abduolim men bilan birga borgan. Fozil amakim bir serka soʻygan, goʻshtini nimtalab shashlikbop qilib xurjunga joylagan. Soliqchi doʻstim Abduolim toza “oʻris bolasi”dan ham olgan ekan, charchoqbosdi ham gapni qovushtiradi deb. Xolmurod, Jozil, kamina, Abduolim koʻlik – eshak, otda, qolganlar poyu piyoda soy kesib, qaydasan Qiyomat deb urib turibmiz. Darhol salqin boshlandi. Togʻlik gʻamini yeydi-da: Fozil har birimizga bittadan chopon olibdi. Borsak, Rashid yoʻq, mollarni tugal qilgani toqqa ketibdi. Xotini Ozoda poy-patak boʻlib qoldi. Sariyogʻ, chakkilarni uyib tashladi. Qumgʻonda choy qaynatdi. Shom boʻlay deganda Rashid ikki targʻil sigirini oldiga solib qiyshanglab kelib qoldi. Abduolim “Toshkentniki tabarruk”, deb ikki piyola bostirib uzatgan edi, jigit chechilib joʻnadi-ku. Boyagi afgʻon voqealarini aytdi. Xotinining bir yomon dardga yoʻliqib, doʻxtirlar odam boʻlmaydi degach, shu toqqa opkelib sogʻaytirganini soʻzladi.

– Sobir joʻra, olti oy qiynalib yotdi, doʻxtir nima kasal ekanini aytolmaydi, oxiri bechora behush boʻlib komaga tushdi. Qaramay ham qoʻyishdi. Uch kun koridorda yotdi. Majoli yoʻq, tinkasi quriydi. Amallab shu chaylagacha opkeldim. Nima boʻlsa boʻlar deb har xil togʻ oʻtini damlab ichiraverdim. Yoʻq, Xudo boqdi: asta-sekin jon kirganday oʻzgaraberdi. Haytovur, bir kunlari oyoqqa ham turdi. Hay, yoz oʻtib tiramoga kelganda odam boʻldi-da. Mana, yuribdi, joni tosh ekan, oʻlmadi.

Rashid picha kulimsirab, Yaratganning marhamatidan toʻliqibmi, ortiga, xotini tomonga burilib qoʻyadi. Ozoda boʻlsa iyagiga roʻmol tangʻib, ketmon koʻtarib, kunchuvoqdagi yangi ekilgan pomidorga suv tarayapti. Urchuqday xizmat qilib yuribdi. Bir mahal u bir dasta koʻk piyoz tashlab ketdi.

– Manov kattalarni taniysanmi, ey? – deydi Rashid mazaxlanganday.

– Ha, – deydi u.

– Goʻringni taniysan, – deydi Rashid. – Bular katta, koʻrmagansan, Toshkentda turadi.

– Rashid joʻra, kelinni olib oʻting poytaxtga, – deydi Abduolim, atay kelinga eshittirib.

– Koʻramiz, – deydi Rashid yuz grammning taʼsiridanmi, tagʻin xotiniga oʻgirilib: – Ay, men seni katta kuchuk qilib bularga maqtab yotippan, – deydi-da, oʻzining gapi oʻziga nashʼa qilib enkayib-enkayib kuladi.

– Chuchchisiz-da, tuzingiz yoʻq, – deydi xotini va Fozilning ikkita pishgan shashlikni opketing deb hay-haylashiga ham qaramay, juftakni rostlaydi.

– Fozil, bor, oborib ber, uyaldi, – deyman men.

Fozil rezinka shippakni oyogʻiga ilgancha yangasining ortidan yoʻrtadi.

– Endi oʻlmaydi, – deydi Rashid sekingina.

Tagʻin bir yutumdan keyin avjlanib hangomaga shaylanadi.

– Sobir oshna, shu chaylada olti qishladik keliningiz bilan. Bozor-oʻcharniyam bollar eplab turishadi, yemish, oʻtinniyam gʻamlab olganmiz, sabil qolsin, jondor koʻp kelar ekan. Bir kuni mollardan xabar olay deb oʻtayotsam, simdarvozaning oldida bir qora turibdi. Odam deb oʻylab, “Keling, mehmon”, debman. “Tak-tak” qiladi. It ham emas, anglab qoldim, mol haybatli bir qop-qora boʻri. Uzluksiz tishini takillatadi.

Bosar-tusarimni bilmay yugurgilab, uyning tashqariga ochiladigan eshigini ichkariga qarab itaraveribman. Keliningiz hadaha eshikni ochib, suv sepib hushimga keltirdi. Yomon qoʻrqdim. Eshikni har balolar bilan tambalab, uxlamay tong ottirdim.

Tong otib bilsam, har qalay tinch ketibdi.

Bir qulayi keldi, sirtlon urchitdim. Bilsangiz, boʻri bilan itning chatishuvidan kuchukbachchalar beshta, olti, yettitadir, tugʻilib, shularning biri sirtlon boʻladi, oyogʻida qoʻshimcha bir belgi – ortiqcha panja boʻladi. Boʻri buni biladi, bachchaligidayoq yo opketadi, yo eplayolmasa boʻgʻizlab ketadi. Chunki ulgʻaysa oʻziga kun bermaydi-da.

Qishloqda amallab ikki yashar qilib oldim. Uchinchi yili chaylaga opchiqdim. Gavdasi qozoqning olaboyidan katta edi. Undan boshqayam bir qozoqi kuchugim bor edi, qish kuni shu gʻingshiyverdi, keyin vovullashga oʻtdi. Oʻzi, asli bu meni uygʻotishga kelgan ekan. Ortidan ergashib borsam, bir narsa sulayib yotibdi. Boshini koʻtarolmay harsillaydi, fonusni tutsam, boshi qonab yotibdi. Sirtlon ham charchab qolgan, tilini chiqarib indamay turibdi. Ogʻildan ketmonni opchiqdim-da boʻrining boshiga ikki marta soldim. Qolgan joni ham chiqib ketdi. Sirtlon boʻriga bas kelishini shunda oʻz koʻzim bilan koʻrganman.

Rashid keyin sirtlonni asray bilmagan. Oʻgʻirlatgan. Togʻ ortidan kelgan xeshlarning ishi deb oʻylaydi. Pastki qishloqlarda boʻlsa, topilardi. Koʻp soʻradim, ularga kerak emas, axir bu it bilan tulki ovlamaydi-ku, deb qoʻyadi.

Sirtlonning yoʻqolishidan soʻng jondorga ishonch yoʻq, tagʻin qishlovga qishloqqa koʻchib tushadigan boʻlibdi. Oʻt-xashak, oʻtinni toʻplaydi, salqin tushishi bilan epini qilib tashiydi. Mol-holni oldiga solib, oʻzlari ham tushib kelishadi.

Biz boʻlsak – dam olish, mayovkaning uyini kuydirgan zotlar, quyosh chiqib ketgan, soyga, buloqlarga yuzimizni chayib, toqqa bir oʻrlab kelamiz. Qayda, baland qirning ortida undan ham balandi bor. Oʻrkach-oʻrkach togʻlarning ortida, tizmaning adogʻida Bel bor. Togʻning beli. Undan oshsang, tojik xeshlarning qishlogʻi – Mojrimga tushasan. Forishga qaraydi.

Qirdan togʻrayhon, kiyikoʻt, telpakgul, shirachnikiga oʻxshagan uzun boʻyli gul terdim. Miltillabgina suvi qoʻzgʻalib, lekin oqmay turgan buloqlarga koʻzim tushdi. Rashid joʻra u yerlarga ham yongʻoq, olma, oʻrik ekibdi. Shaharda bozorga pishgan oʻriklar chiqdi. Bu oʻriklarning esa hali danagi qotmagan, barra dovuchcha.

Choy ichib boʻlgach, zilol buloq suvlaridan qoʻshilib, sharqirab oqib yotgan soydagi qoʻlbola hovuzda choʻmilamiz. Oʻzimizcha uni kengaytirib, ichidan toshlarni olib chuqurlatamiz. Boya etga pichoqday sanchilayotgan soy suvi endi muloyimlashganday, qandaydir tanaga xush yoqayotgan edi.

Rashid joʻra togʻning bir kamarlaridan mollarni topib, boshini toʻplab qaytib keldi. Tush payti borib sugʻorib, yotqizib, undan keyin yana oʻtga haydar emish. Mollar halitdan tirsillab, yaltirab semirgan, sogʻsa chelak-chelak sut beradi. Buyam bir baraka, salomatlik, rohat-farogʻotlik. Bir hisobda Rashidga havas qilasan. Kvartira, kommunal toʻlov, gaz puli, issiq-sovuq suvlar toʻlovi yoʻq, birov pishagini “pisht” demaydi. Togʻ havosi, suvi toza. Harakating ham, yemaging ham foyda.

Yasha, yashab qol, ogʻayni.

Safar qarib ulovlarga minamiz. Eshaklarga xalachoʻp uriladi.

Rashidning xotini yana sigir sogʻyapti. Yelinlari toʻlgandir-da. Sut va oʻtga toʻyingan, xuddi onalari singari ikki qoʻngʻir buzoqcha shataloq otib oʻynoqlaydi.

Rashid ogʻilxona yonida. Sogʻilayotgan sigirga, sogʻayotgan kelinga bir-bir qarab qoʻyadi.

– Abduolim oshna, – deb uni toʻxtatadi. – Haligi koʻk boʻrini shu yerda, manovi yogʻoch qoziqning oldida tinchitganmiz-da. Esizgina sirtlonim, qayerlarda ekan.

Keyin bemalol:

– Sabilning terisini shilib, ketgan bahosiga sotibjardim. Tirnoq-tishiniyam soʻraganlarga tarqatdim. Birovlar uni pulga sotaymish, – deb yirik tishlarini koʻrsatib kuldi. – Yana kelasilar bir.

– Toshkentga oʻting, Toshkentga.

– Hay endi, Toshkent… Yoʻl tushsa, koʻrarmiz.

Bu Toshkentni qoʻyaver, biz shu yerga bogʻlanib qolganmiz yoki bu jannat turganda shaharingni boshga uramanmi deya yotgan, dunyoga, biz ortidan yugurayotgan – shuhrat, obroʻ-izzat, mol-pulga mutlaqo befarq oddiylarning oddiyi, bir joʻmardning shunchaki qoʻl siltashi edi.

Shaharga yaqinlashganing sari nafs otligʻ bir jodugarning tobora komiga kirib borayotganday sezasan oʻzingni.

Gʻaroyib togʻ ortda qoladi. Ortda qolgan sari ulkanlashayotganga oʻxshaydi…

 

Toʻngʻiz bolasi

 

Ovloqul otam – Oʻnar bobomning kichik ukasi urush koʻrgan, chap yelkasidan yaralanib, oʻmrov suyagidan ayrilgan, ammo pay-etlari joyida boʻlganidan mehnat qobiliyatini yoʻqotmagan, qaytanga, shu holida yer chopib, koʻp ter toʻkadigan, hammadan oshib tushgan zoʻr bogʻbon edi. Boz ustiga, biz kabi bolapaqir nevaralarni koʻp sevguvchi, iskayman deb nos hidi anqib turgan soqolini tomogʻimizga piypab obdon bezor qilguvchi, bolajonligidan boʻlsa kerak, yaktagi yengini sirib qoʻyib, etidan boʻrtib chiqib turgan chala suyaklarini xunuk koʻrsatib bizni qoʻrqitguvchi, soʻng oʻtirib olib urush taassurotlarini tamom yolgʻon-yashiq aralashtirib oʻrtoqlashguvchi, teshik quloqqa tayyor hangoma berguvchi qiziq bir chol edi. Soʻzlaganda oʻzi ham rolga kirishib ketardi. Aytaylik, mening esimda qolgani – u kishi Kalashnikov avtomatini ushlab olib, nemisni qiyratgani qiyratgan, koʻringanini sogʻ qoʻymagan, urushga birga borgan Narziqul togʻa yoki Mansur togʻa oʻlgan dushmanlarni sanayverib eslari ketgan… Ukkagʻar nemislar judayam avom xalq ekan-da, deb bizlar achinib qoʻyar edik. Buning ustiga, urushda magʻlubiyatga uchragan boʻlsa bechoralar.

Oʻmir amakim boʻlsa bu hangomani oʻzicha talqin qilar edi: “Bular – bir toʻda qishloqilar urush koʻrmay qaytib kelgan: til bilmasa, miltiq ushlashni eplayolmasa…

Ovloqul otam qaysarfeʼl edi. Uch marta uylangan boʻlsa, uchinchi kampiri, katta qushnoch Musal enamni xalachoʻp bilan dodlatib urganlarini koʻp koʻrganmiz. Shu holiga yarasha uyida baraka bor edi. Bogʻiga gilos, sarxil olma, antiqa oʻrik, behi, anor, turli gullardan tortib biz “chaqaloq panja” deydirgan patison ham ekar edi. Jitirmasida, yaʼni qorongʻi gʻallaxonasida qishda ham karsillagan toyfi uzumlar shoxda ilingan turardi. Biz nevaralariga mehri iysa, bir bosh berib yeyishimizni tomosha qilib oʻtirar, oxiri yeyilgan uzum yo behiga gʻaroyib narx-navo belgilab odamni xunob qilishni xush koʻrardi: “Uzum bir bosh, ikki behi, parvarda, choy – hammasi boʻlib besh soʻmu qirq olti tiyin boʻldi. Otangda bormi shuncha pul, boʻlmasa topganida olib ketadi seni, ungacha qamab olib oʻtiraman!”. Yigʻlagandirmiz, yolborgandirmiz, qutulgandirmiz, lekin ikkinchi yo uchinchi kuni shu hol baribir takrorlanar edi…

Otamning aytishicha, shu mehnatkash, qadoqqoʻl, oʻrfeʼl chol juda qoʻrqoq boʻlgan. Bir gal toqqa haydagan mollarini tugal qilib qaytay deb Gumsoyga borib, otam bilan hangomalashib qolib ketibdi. Bilasiz, togʻda jimjit hayot. Kechasi yana zimiston. Burganing uchishiniyam eshitsa boʻladi. Jonivorlarning tovushi-ku juda vahima. Shu atrofda “pirq-pirq” etib bir narsa sharpa berib qolarmish.

– Hamza, hoy, Hamza. Uxlamayapsanmi?

– Hoy aka, nima gap?

– Anov pirqillayotgan nima, eshitdingmi?

– Choʻchqalar-da, oqshom suvga kelgan chiqar.

– Ie, choʻchqa bormi bu yerda? Yorib tashlaydi-ku!

– Odam bilan ishi yoʻq, uxlasangiz-chi.

– Tentakmisan, ishi boʻlmasa odamning oldida nima qiladi?

– Pastda koʻlmak bor, balchiq oralaydi-ku bu.

– Ey, sen mening qabatimga kelib yot! Bir tosh joyga oʻrin solibsan, munday hangoma qilib yotaylik.

– Aka, uyqu bermayapsiz. Uxlaylik, odam charchagan.

– Boʻlmasa choʻchqalaringni yoʻqot, yomon pirqillayapti, mening isim yoqmayapti, chogʻi, toʻngʻiz odamxoʻr deb eshitganman…

– Toza jonga tegdingiz-da…

Shunday deb otam uzalib yonida yotgan kalladay toshni olib soyga otibdi. “Pirq-pirq” toʻxtabdi. Lekin Ovloqul otam uxlamabdi. Tong otgach, sekin soyga moʻralasa, endigina muguzi boʻrtgan bir qop-qora toʻngʻiz bolasi boshi qonga boʻyalib koʻlmakda yotganmish.

– Hamza, hey Hamza, – deb uygʻotibdi otamni. – Anov bir qora narsa yoʻlimda yotibdi, olib tashla, men qishloqqa qaytaman…

 

Buzoqboshdan qoʻrqqan chol

 

Men Hamzaning oʻgʻli, Hamza Oʻnarning oʻgʻli, Oʻnar Sulaymonning oʻgʻli, Sulaymon Xidirning oʻgʻli, Xidir Gʻoyibnazarning oʻgʻli, Gʻoyibnazar Xolboyning oʻgʻli, Xolboy Qobilning oʻgʻli, u yogʻi katta urugʻ – Shoʻrliq, Shoʻrliq esa Boʻgajili, Boʻgajili boʻlsa Turkman yo Qoʻngʻirotga borib ulanib ketadi. Men oʻqigan bir necha tarixiy kitoblarda Boʻgajili(Boʻxchali) Qoʻngʻirot deyiladi, ammo nechukdir Ergash Jumanbulbul va boshqa ijodkorlarimiz turkmanga taalluqli ekanimizni uqtirishgan. Hayron boʻlaman: turkmanga yovuq til yo odatimiz boʻlmasa…

Mayli, bu tarixning ishi. Men bilganlarimni soʻzlayman. Sulaymon bobomni otam va onam yaxshi eslashardi. Temirchi usta boʻlgan ekan. Jini kuchli boʻlgan chogʻi, yasagan ketmoni obdon qizargach, yalang oyogʻining kaftini ketmonga bosib turarkan, oyoq tutab, hammayoqni hid bosib ketarkan. Ajabki, asli oyogʻining oyasiga hech narsa qilmas, boboy hech narsa koʻrmaganday moʻkkisini kiyib ketaverar ekan. Odam terisi olti qavat boʻladi deydi, siz bilan biz bu ishni qilolmaymiz, qilsak, olti qavat terimiz ham goʻshtigacha kuyib ketadi.

Qora uyni bilasizmi? Oʻtovni eslang. Bobom pirlarimi, jinlarimi qoʻzgʻayversa, oʻtovning devorlaridan yonlamasiga tik oyoqda yurib aylanaverar ekan. Qora uy oʻzi bir omonat narsa, oyogʻingni qoʻysang, albatta, yogʻochlar odam vazniga dosh berolmay, tob tashlab yuboradi yo qoruvli erkak yukiga chidamay, chongʻorogʻi – tepa tuynugi bilan qoʻshilib yerga qapishib qoladi. Shuning oʻzidan bilib olaverasiz bobomizning sir-sinoatli harakatlarini.

Sulaymonning otasi Xidir bobom chavandoz oʻtgan, oʻzi maydaroq, lekin chorpaxildan kelgan oʻta polvon odam boʻlgan ekan. Negadir koʻpkariga baytal chopgan, baytalining fazilati koʻp boʻlgan, chamasi, ehtimol, kuchli va oʻzgʻirligi, aygʻirlardan oʻzarmonligi sabab toʻqsaboning nazariga tushadi va… oqibat bobomiz ulovsiz qoladi. Oʻn puddan ziyod yuk bosuvchi zoʻr toʻqsaboning tagiga boshqa otlar chidash berolmas ekan. Bular butkul boshqa hangomalar. Mavridi bilan boshqa safar gurung qilarmiz.

Sulaymonda ikki kampir boʻlgan. Biridan Oʻnar otam, ikkinchisidan Egamqul, Ovloqul otamlar oʻrgigan. Toʻqsuluv, Nozanin, Nozik ammalarim ham yashab oʻtishdi. Ulardan bir dunyo oʻgʻil-qiz, ana ulardan esa bir qishloqqa sigʻmas nevara, chevara, evaralar yuribdi. Barchasi bizni togʻa deydi, ochiq tan olay: taniganimizdan tanimaganimiz koʻp. Odamzotniki shu ekan-da: bora-bora bir-biringdan uzoqlashaverasan. Kuning yetsa ajalga tob yoʻq, buniyam boʻyningga olasan… Hay-hay, hay-hay!.. Bizdan nari, sizdan nari!..

Oʻnar otam barvasta boʻy, polvon chol edi. Umrining soʻnggida oʻz chorbogʻini oʻgʻillari Hamro, Hamza, Hazan, Omonga boʻlib bergan edi. Chorbogʻdan oʻrib olingan 300-400 bovliq yemishni eshakka ortishga erinib oʻzi yelkasiga dast koʻtargancha orqalab tashib tashlar edi.

Ovqatni ham polvonlarga xos yerdi. Danakli mevalarning danagini chiqitga chiqarib oʻtirmas ekan. Sin solganlar yuz-ikki yuz dona, yarim chelakning ziyodrogʻini chamalasharkan. Saroyning Qurisoyidan Davir bobo bir mahal suv yoqalab kelib, chorbogʻda soyalab oʻtirib, bir uyum danakni tosh bilan chaqib yeyayotgan emish. Soydan eshagiga somon ortib oʻtayotgan Safar bobo joʻrasidan hol soʻrabdi.

– Danak shirin ekanmi?

– E, shirin boʻlganda qanday!

– Hafta burun shu yerda Oʻnarboy zardoli yeb ketgan ekan… Toʻgʻri aytasan, shirin boʻlishi kerak…

– Oʻ, oting oʻchsin, Oʻnaringningam oti oʻchsin! Oʻl, oʻl!

Shunday deya Davir bobo ogʻzidagi danak magʻizlarini jirkanib tupurib tashlayotganmish…

 

* * *

Bobom buzoqboshdan qoʻrqishini odamlar afsona qilib aytishadi. Oʻroq vaqti Oʻrtachoʻl dashtida bobom ishdan charchab pichanga bosh qoʻyib uxlab yotsa, shoʻtanoq joʻralaridan biri oʻlik buzoqboshni ipga boylab, boʻyniga osib qoʻyibdi. Bobom uyqudan uygʻonsa… koʻkragida jondor yotibdi. Silkinsa ham, ursa ham, tushmas emish. Turasolib uyiga qarab yuguribdi. Boʻyniga tumorday osilganidan bexabar, oʻngdan ursa, chap tomondan, chapdan ursa, oʻng tomondan kelib, koʻkragida turib qolar emish. Katta gavda bilan kalishni ham qoldirib, yalangoyoq naq oʻn besh chaqirim masofaga oʻzicha buzoqboshdan qochib uyiga kelib qoʻygan. Uyda esa kampiri Mayram enam masxaralay-masxaralay boʻynidagi ipni kesib olgan, shundayam buzoqboshning oʻligidan choʻchib tashqariga qochishga shaylanib turganmish.

 

* * *

Bobom bir vaqtlar tojik joʻralaridan koʻchat olib, chorbogʻiga ariq boʻylab koʻp olma ekib tashlagan ekan. Chuchuk qizil, sariq, katta-katta olmalar edi. Karsillagan, shunaqa mazali ediki, yeb toʻymas eding. Yozda birvarakayiga pishib, toʻpillab tagiga tushib yaltirab yotar, ariqqa oqib ketganlaridan pastki ovuldagilar ham bahramand boʻlisharkan. Bir gʻaroyib olmalar edi. Daraxtlari ham xuddi yongʻoq daraxtidek tarvaqaylab osmonga boʻy choʻzib ketgan, to kuzgacha shoxlarida ilinib qolgan olmalarni bitta-bitta uzib yeb mazza qilar edik.

Taqdirni qarangki, Oʻnar bobom yetmishdan oshib chol boʻlib qolganida hoʻkiz sudrab, mana shu oʻzi ekkan olma tanasiga gavdasi urilib, shol boʻlib qoldi. Eh, mening oqkoʻngil, mehribon bobom necha yillar mahtal boʻlib yotdi-ya. Koʻrpada yotib yelkalari achishib ketaverardi, chogʻi, “Agʻdar!” deb baqirar edi. Biz bola edik, amakilarim, kelinlari, goho boʻyi oʻsib qolgan Ismat, Damin, Sayimboy akalarim bobomni u yondan bu yonga yonboshlatib qoʻyishar, shu koʻyi bir necha soatgina tek yotar, tagʻin boyagi ahvol takrorlanar edi. Kunlarning birida kichik amakim qishloq shifoxonasidan oyoqsiz sim karovot topib kelgan, oyoqlari oʻrniga tosh qoʻyib, bobomni unga yotqizishgan edi. Bobom shoʻrlik qorongʻi uychada bir oʻzi yotar, hoʻl-qurugʻi bir joyda boʻlganidan zax xona hidlanib ham ketgan edi.

Onam yoki kelinlaridan boshqa birovi non pishirsa, birinchi kulchalarini olib, bobomning yoniga chopar edik. Yarim non kattaligidagi kulchani bobomning ogʻziga tutsak, boyoqish ochiqib ketarmidi yo oshqozoni ham oʻta baquvvatmidi, katta kulchani bor-yoʻgʻi ikki tishlab ado qilar edi…

Tengqur-boʻyinsalari shu yotganida ham yo tegishibmi, yo yaxshi maqsaddami, bobomning koʻkragiga boyagiday oʻlgan buzoqboshni tashlab qoʻyishgan. Shoyad, qoʻrqqanidan, ha, albatta, qoʻrquvga dosh berolmay oʻrnidan dast turib ketishini istashgan. Lekin… bobom qoʻrqsa qoʻrqqandir, baqirib bergandir. Biroq shunday polvon odam… qimir etmay yotavergan! Shu dard bobomga soʻnggi nafasigacha doʻst boʻlib qoldi…

 

* * *

U vaqtlar, qiziq, dunyoda shovqin kam edimi, odam oz edimi, olis-olis masofadan kishilar bir-birini chaqirib olardi. Otam rahmatli yaqin yillar ichida ham uch-toʻrt chaqirim masofadan mollarini qaytarib olganini oʻz koʻzim bilan koʻrganman.

Ajab!

Katta qishloq nomi Quvkalla boʻlgani bilan u tarmoqlanib kichik qishloqlarga boʻlinib ketadi: Allaberdi, Burgali, Oʻrtaqishloq, Zulmonota, Berdibuloq, Qirgi Shoʻrliq, Toʻdaqishloq. Allaberdida Qambar togʻa yashar edi. Novcha boʻyli, polvon, bir avomroq kishi edi. Bobomga oʻxshagan xoʻran, bir oʻtirishda qishloqning katta tandir nonidan uch-toʻrtini saryogʻ surkab urib tashlar edi, deyishadi. Eshak minsa negadir uzangi bogʻlamas, uzun oyoqlari yerga tegib, buta, xashaklarni supurib yurar edi. Shu odam kun botish shappatdagi qishloqda yashovchi joʻrasi Oʻnar bobom bilan goh Qoʻrgʻontepa ustiga chiqqanida, goh Koʻkqum degan joyga, Oʻrtaqirga mol yoygani chiqqanda ikkovi ikki qishloqda turib gaplashib, hangomalashib yotar ekan.

Koʻkqum – Allaberdi. Orasi uch-toʻrt, balki besh chaqirim, yaʼni chaqirim deganni kilometrga mengzab aytayotirmiz… Shuncha masofa uzoqlikda ikki chol gurungini tasavvur qiling! Qanday tovush kerak bunga!

Hozirgi “sotka”larimizning ham chidash bermay joni chiqib ketar-ov!

 

Malla bobo sarguzashtlari

 

Egamqul otam Sulaymon cholning Oʻnardan keyingi oʻgʻli. Oʻziga yetarli jindor boboy edi. Xotinboz edi, deb aytmayman, biroq taqdir taqozosi bilan besh marta uylangan. Ne tongki, uch oʻgʻil, bir qizi faqat bir kampiridan tugʻilib edi. Qolganlariga tulligicha javob bergan edi.

Biz bolaroq edik, ikki kampirini yaxshi eslayman: biri qop-qora, semizroq, unisi uzun boʻyli, sariq kampir edi.

Egamqul otam attorlik qilar, Kattaqoʻrgʻondan ul-bul opkelib xotin-xalajga sotar edi. Misol, hayitda bir xurjun holva, boshqa vaqtlari arzon mato, saqich, hushtak, matoboʻyoq, achchiqtosh, yogʻoch qoshiq, iroqi doʻppi, qovun qirgʻich, shunga oʻxshash eng kerakli narsalar olib kelardi. Boshqa attorlarga oʻxshab qishloqma-qishloq, uyma-uy kirib yurmas, shundoq uyida pullab qoʻyaqolardi. Insofli boʻlganini haligacha aytib, qiliqlarini eslab yurishadi. Kelinlarining har biriga oʻzi ot qoʻyib, faqat shu laqab bilan atar, atay oʻzining ismini bilmaganga olib ketaverardi. Masalan, bir necha kelinlarini “yovgʻon” deganini koʻrganman, faqat tanimoli boʻlish uchun boʻlsa kerak, “katta yovgʻon”, “kichik yovgʻon” deya aniqlik kiritib qoʻyardi oʻzi. Opkelgan molini boshqa narsaga, misol, tuxum, echkining juni yoxud baʼzan oʻziga kerakli biror buyumga ham almashtirib ketaverardi. Nazarimda, eng “uchib ketadigan” moli boʻyoq edi, qizigʻi, Egamqul otam mana shu boʻyoqlarining ishlatilishida ham ustida turardi. Oq junga buni ishlat, qorasiga uni, muncha miqdorda qoʻsh, achchiq toshdan buncha qoʻsh, koʻp qoʻshsang ipni qotiradi, oz qoʻshsang boʻyoq tez ketib qoladi, deya kechgacha katta qozonda suv isitib, quchoq-quchoq yigirilgan iplarni boʻyayotgan xotinlar bilan aralashib yuraverar edi. U odam bilan yaqinlashish ham, arazlashish ham oson edi. Birdaniga “Otangning qoq lahatiga!..” deb soʻkib qoldimi, tamom edi, shu kuni demak, kim bilandir qirpichoq boʻldi deyavering.

Qoramagʻizdan kelgan kelinlar, hatto nevaralari ham “moʻltoni”atalardi. “Toshbaqa”, “soyaki” kimligini ham bilamiz.

Oʻzi sariq odam boʻlgani uchun yangalari “malla” deyar ekan. Bu yangalarning, qayn ismini tutmaslik irimidan kelib chiqqan, biroq u ogʻizdan ogʻizga oʻtib to nevaralarigacha yetib kelgan, ne murodkim, bizlar-da “Malla ota” deb yuraverib, to esimiz kirib, xat-savod oʻrgangunimizga qadar “Malla ota”ning asli Egamqul chol ekanini anglamaganmiz.

Hayit saylida “ushbullak”, yaʼni hushtakning turli rangdagisi, bir-biriga tamom yopishib yotgan, rang-barang, choʻpi bilan ogʻizga tiqqaningda birpasda erib tamom boʻluvchi xoʻrozqandlarning ham asl muallifi Malla otam edi. Kattaqoʻrgʻon saqichi, baraka topgur kim ishlab chiqarar ekan-a, kunjut holvaday kulcha shaklida boʻlar, otamiz xohlagan yeridan besh, oʻn, yigirma tiyinlik qilib sindirib uzatib yotar edi. Sabil shunisi bilan qiziq edi. Hozirgiday turli-tuman oʻyinchoqlar yoʻq, oʻnlab bolalarning ogʻzida birdaniga churillay boshlagan yigirma tiyinlik “ushbullak” eng qimmatbaho matoh edi. Sayil erta tongda, tong qorongʻisida machit yonida boshlanar, ur-toʻpolon bilan bir soat ichida tamom boʻlar edi. Buncha shoshilinch, nega tong qorongʻisida – hech aqlim yetmaydi. Hozir ham xuddi shu “Nonber ota” machiti yonida hayit sayli boʻladi, hozir ham holva sotiladi, lekin “ushbullak” yoʻq, jiyan, nevaralarga sovgʻa ulashish yoʻq, chunki hayitsiz ham oʻyinchoq bor, hayit kunisiz ham holva, hatto xurmo tiqilib yotibdi. Endi odamlar oʻzgacha hashamat bilan qurilgan yangi machitga hayit namozini oʻqish uchun keladilar. Avval uch-toʻrt mulla chol tor, zax bir xonaga kirib namoz oʻqigan boʻlsa, ehtimol, buni ham bilmaymiz. Biz machitning yaqiniga ham yoʻlamas, yo qoʻrqar, yo haddan ziyod muqaddas deb oʻylar edik. Hatto machit hovlisidagi daraxtning shoxini sindirib qoʻysak, ogʻzimiz qiyshayib qoladi yoxud qoʻlimiz shol boʻladi, arvoh uradi, deb qoʻrqar edik. Bizning tasavvurimizda bu yerda arvohlar yashaydi, yaqinlashgan kimsaga ziyoni tegaverar edi…

Ota-onalarimiz ham bu irimga ishonganlari uchun shunday boʻlgan, ehtimol.

Malla otamning biz bilgan qora kampiri ancha saxovatpesha edi. Kaminani ayricha yaxshi koʻrib erkalardi. Bitta tuxum keltirib, shu moyakday saqich bering, desam, moyakday saqich berar, soʻng “qora-qura qaqajonlar” uni bir chaynamdan tishlab boʻlib, achqimtil-taxir boʻlishiga qaramay, to uxlaguncha zoʻr berib chaynar va uxlaganda soʻlak bilan qoʻshilib erib yostiqqa, undan sochimizga yopishib qolib, abgorimiz chiqib yurar edik. Abgorimiz chiqqani shundaki, ertalab onamizga shikoyat qilsak, darhol qaychini olib, saqich yopishgan besh tiyinlik tangaday joyni oʻyib qirqib tashlar va biz boshiga temiratki chiqqan boladek koʻchada iymanib yurar edik.

Malla otam oʻjarligi uchun boʻlsa kerak, qishloqqa boshqa attor oralatmas edi, hayqirib, baqirib soʻkib oʻrtaqirdan oshirib qoʻyar edi. Buloqdan Rahmon baqiroq, Berdibuloqdan Berdi toʻmor bu qishloqqa faqat Malla otam yoʻqligida birrov oralab, darhol koʻch-koʻronini yigʻishtirib joʻnab qolar edi. Shunda ham Malla otam daragini bilib qolsa, tek oʻtirmay choʻbiriga minib boyoqishlarning dodini berib qaytardi. Alhol, kelinlarining: “Aka, nega buytasiz, sizda yoʻq narsalar u attorda bor ekan, nima qipti, haydamang!” deb zorlanishlariga quloq ham solmay, jerkib tashlar edi:

– Ota-bobongning qoq lahatiga… hammangning!

Shu xitobdan soʻng jami qishloq xotin-xalaji uy-uyiga pusib dami chiqmay qolardi.

 

* * *

Egamqul otam dutor chertib qoʻshiq xirgoyi qilardi. Uyida ikkita dutor osigʻliq turardi. Uyining ortida “jitirma”, yaʼni yertoʻlaga oʻxshash qorongʻi, past tomi boʻlib, ichida har balo, egar yasaydigan uskuna, mollarning quritilgan paylaridan tortib har xil temir-tersaklar uyilib yotar, mezon shamoli yegan, qishga saqlangan qovun-tarvuzlar ham shu yerda qalashib yotar, shiftidagi qaragʻay xodalariga esa kampiri qishqi behilarni qator qilib ilib chiqar, kirganingda dimogʻingga gup etib behi va qovun hidi urilib, boshing aylanib ketardi. Ammo boshqa tuynuk yoʻqligidan ichi mudom qop-qorongʻi boʻlar, kunduz kuni ham sham yoki fonus koʻtarib kirmasang, ichkaridan biror vaqo topolmasding. Jitirma – yitirmaning maʼnosi shu boʻlsa kerak.

Sulaymon bobomning usta qoʻli shu oʻgʻilga, undan oʻz oʻgʻli Oʻmirqulga oʻtgan boʻlsa kerak. Oʻmir akam ham, Xudo rahmat qilsin, oz umr koʻrgan boʻlsa-da, juda pishiq egar yasar, odamlarning uylariga yasagan eshik, romlarni haligacha maqtab gapirib yurishadi.
Soʻnggi kampiri Xonbegi enamiz suluv ayol edi. Malla otamning kichik oʻgʻli Xalil akamni juda qattiq suyar, xuddi oʻzi tugʻib katta qilgandek yeru koʻkka ishonmasdi. Egamqul otam kampirini urib-soʻkib qoʻyib yuborgach ham, onamiz toʻy-maʼrakalarda ayollardan Xalil akamni soʻrab-surishtirar, ham gapirib, ham sogʻinib yum-yum yigʻlayverar ekan.

Bu kampiri pastki Kamarovul qishlogʻidan edi.

Men bolaligimda bu qishloqqa talay marta borib, ikki-uch kunlab yurganman. Sababi, shu qishloqda otamning singlisi Qandolat ammam turardi. Toʻrt oʻgʻli, toʻrt qizi bor, serfarzand, qizi Maktab men tengi, Abduhamid mendan ikki yosh katta edi. Yozgi taʼtilda Abduhamid togʻasi Omon akamning uyida u-bu ishlariga qarashib yurar, koʻpincha jiqillashib urishib ham qolardik. Maktab ham Omon akamnikiga kelib, ikki oylab yurib, biz bilan bir sinfda oʻqib, soʻng shu haqda maʼlumotnoma olib, oʻzining maktabiga ketar edi.

Ammam oʻpka kasalidan koʻp qiynalar, tinimsiz poʻkillab yoʻtalar, oqshomlarni ham uyqusiz oʻtirib oʻtkazar, har toʻlib yoʻtalganda “Ha, sagʻana qolgur!” deb yoʻtalini qargʻab norozi boʻlib qoʻyardi.

Ammamning uyining orqa tarafida, toshloq soy boʻyida Usmon degan gung chol yashardi. Biz ermaktalab bolalar kunchuvoqda erinib oʻtirgan cholni oʻzimizcha gapga tutar, u boʻlsa ishoralar bilan nimalardir der, qoʻqqisdan xunuk tovush chiqarar, shunda qoʻrqib ketib urra qochar edik. Shumligimiz tutib yana yigʻilishib kelsak, bu safar chol yaqiniga yoʻlatmay, tosh otib quvib solardi. Biz boʻlsak uni masxaralab qochardik. Holbuki, u tentak emas, miyasi butun odam, aybi – gungligi edi.

Mening Xonbegi enam shu cholning singlisi ekan. U boshqa joyga turmushga chiqibdi. Yana tugʻmabdi. Lekin har kelganida Xalil akamni eslab, sogʻinib ammamga yigʻlab ketar ekan…

 

* * *

Egamqul otam dastavval xuddi ertakdagidek soydagi buloq boʻyida bir qiz bilan tanishadi. Bu qiz qishloqning tengsiz suluvi edi. Ana-mana toʻy qilamiz deb yer tepishib turganida otamizni urushga chaqirib qolishadi. Qaragʻandada poyezddan oʻzini tashlab, oyogʻi lat yeb, undan Semipalatinskda davolanib, keyin shtrafbatalonda xizmat qilib, kimlarningdir koʻnglini olgan chiqar, urushga bormaslikning ilojini qiladi. Urush tugaganda qaytsa, oʻsha kuni suyuklisining toʻyi boʻlayotgan emish. Qarang, xuddi kitobdagidek. Yangalaridan bu gapni eshitgach, ot qoʻyib qizning uyiga boradi-da – norgʻul, baquvvat soldat emasmi – qizni otga oʻngarib opqochib keladi. Soldat toʻyi bilan kelin toʻyini qoʻshib yuboradi. Bu – boʻlgan voqea. Momomiz hozir ushbuni oʻqib turgan baʼzi boshqa odamlarning momosi boʻlishi mumkin edi. Ayb etmasinlar bizni, bu boʻlib oʻtgan rost gaplar, nachora, boshqa momodan oʻragan nevara boʻlding nima-yu, shu suluv kampirdan tarqading nima – taqdir shuni yozgan ekan-da. Tarixdan oʻpkalashga na hojat. Malla otamdan oʻpkalashga ham na hojat. Dunyo ayvonida endi ular yoʻq. Pishqirib, yovqurlashib yashab oʻtib ketishdi.

Egamqul otamning xuddi oʻsha ayolidan Salomat ammam, Oʻmir akam, Suyun akam, Xalil akam tugʻilgan. Kattalar oʻtishdi. Farzandu nevaralari bir olam.

Xalil akam – kenjasi barvasta boʻlmasa-da, juda kelishgan, yumshoqtabiat, aqlli odam. Ota qoʻli, rubob olib qoʻshiq aytib turadi. Uyatchang. Odam toʻplansa, aytmay qoʻyadi.

Xonbegi onamizning suyub-erkalashi, sogʻinib koʻzyoshi toʻkkanlaricha bor…

Egamqul otamning qarib, betoblanib toʻshakka mixlanib qolgan kunlarini yaxshi eslayman. Shu yotishida ham kelinu nevaralarini laqab bilan chaqirar edi. “Yovgʻon”, “Toshbaqa”, “Palakat”, “Serri”.

Ammo oʻgʻillariga boshqacha baqirar edi:

– Oʻmir, Suyun! Menga bir kampir obberinglar! Shuytib yotmas edim, uyalganimdan turib ketar edim. Meni uylantiringlar axir, ey serri, hoʻkiz, goʻrsoʻxtalar!

Uylantirishmadi.

Bobom ham kutib oʻtirmay, bu dunyoga taloq qoʻyib yubordi…

 

Oʻzi qora, koʻngli oq

 

Qora otam, yaʼni Ovloqul otam Egamqul otamdan ham oʻtib tushgan qaysar edi. Negadir bir onadan boʻlsa ham, biri sariq, biri qora edi. Qora otamga ham nomni yangalari qoʻyishgan. “Qora bola” deyishgan chiqar. Picha vaqt eski maktab koʻrgan, uncha-muncha suralarni oyogʻini osmondan qilib oʻqib tashlar edi. Shu bois baʼzilar mulla Ovlo deyishardi. Birinchi xotinidan Sanobar ammam va Ismoil akam tugʻilgan, kampir qaytish boʻlgach, ikkinchisiga uylangan, bunisi bilan turmush yaxshi boʻlmagan, bir tuqqan, bola turmagan, keyin qoʻygan. Ichi qoraroq ayol ekanini yaqinlarda Ismoil akam aytib bergan.

Qora otam urush koʻrgan. Oʻzining aytishicha, to Berlingacha nemisni quvib tashlab qaytgan. Lofi koʻp edi. Yoniga oʻtqizib olib, biz kabi teshikquloq bola-baqrani obdan ishontirishga urinar, har zamon bu gaplar bekor ekanini kimdir aytib qoʻyardi-da, hafsalasini yomon pir qilardi. Ammo keyingi safargi suhbatda yana yangi maqomda, qoʻshib-chatib hikoya boshlardi, deganlariga oʻzi ham ishonib ketardi, chamasi. Qizigʻi, qishloqdan birga ketgan bir guruh quroldoshlari – Narziqul togʻa, Hamro boʻla, Juma togʻa, Hamid bobo, Ikrom togʻa, Oʻrol togʻa, Mansur togʻa bir joyda xizmat qilgan. Mansur togʻa ogʻzidan, Ikrom togʻa oyogʻidan, Qora otam chap qoʻlidan oʻq yegan.

Ana shu choʻloq qoʻli bilan ketmonni sogʻ odamdan zoʻr chopardi. Oʻt oʻrar, oʻtin qilar, togʻdan bodomcha, shuvoq chopib eshakka ortib kelardi. Shiddatli, chars, shunga yarasha juda mehnatkash, eng muhimi, mehribon, bagʻri issiq odam edi. Men chaqaloqligimda avlodimizda tengqur bolalar boʻlmagan ekan, shu boismi, yangalar, bobolar, momolar oʻrtasida doim talash boʻlgan ekanman. Onam xamir qoradigan togʻoraga oʻtqazib qoʻyarkan, yuvosh ekanman, shu joyda kechgacha miq etmay oʻtiraverarkanman. Qora otam pastki ovuldan bu yoqqa yoʻli tushsa, meni togʻora-pogʻora bilan qoʻshib uyiga koʻtarib joʻnarkan, shunday qilmasa birov javobgar qilarmidi?

Qora otam ham akasi Malla otam kabi birovga ot qoʻyishga usta, biroq biz kabi nevaralarini oʻzgacha mehr bilan yaxshi koʻrar, piypalab iskar, soqolining tikanaklari bilan atay yuzing, boʻyningni tirnar, qitiqlar, oxirida tom shiftiga osilgan qushxaltadan yegulik mevalar olib uzatar, soʻng uning narxini falon soʻm deb aytib, otang shuni toʻlab, keyin seni opketadi, deya oʻzicha jiddiy qoʻrquv solib, uyiga erinmay qamab ham oʻtiraverardi.

Nega axir, bu odamlarning shuncha vaqti koʻp edimi, mehri oʻz farzandlaridan ortib yotarmidi, eʼtiborsiz boʻlsa ham bir joyi kamayib qolarmidi?

Bir qadar esimizni taniganimizda ham, Qora otam bizni quvlab yurar, qochsak chopib izimizdan kelardi, ushlamay qoʻymasdi. Yetsa piypalagani-piypalagan edi. Lekin biz xuddi gʻanim quvlagandek jon-jahdimiz bilan qochardik.

Qishda hammayoq qorga toʻlib ketardi. Ertalab mol-holga, soʻng esa pastki ovulga bir kurak siqquday yoʻl ochilardi. Boʻlmasa u yoqdan baland tovushda “Padaringga qusur”, “Ot tepkurlar”, “Yovgʻonlar”, “Otangning qoq lahatiga!” deya yo Malla otam, yo Qora otam yoʻl ochib kelaverardi. Bu odamlar bir-biriga qattiq gapirar, ayblashar, mundoq qarasang oʻshqirayotgan boʻlardilar, endi-endi oʻylasam, bir-birlarini ayagan ekan, boshqacha qoʻpol soʻzlar bilan aslida mehr bildirgan ekanlar. Bu mehrdan esa biz bolalar tamom bezor edik.

…Qarasam, roʻparadan Qora otam choponining oʻngiri burgutning qanotiday hilpirab chopib kelayotir, ura ortga qochdim. Etigim toygʻinchoq edi, bir-ikki munkib ham ketdim. Yoʻlakdan chiqay desam iloj yoʻq, gurtuk qorga botib qolaman. Qora otam oʻljani qoʻldan chiqargisi yoʻq, shasht bilan yugurib kelayotirki, bir poy kalishi gurtukka uchib ketdi ham, mahsichan ilgarilayotir. Shu vaqt roʻparamda suzongʻich qoraola sigirimiz paydo boʻldi. Sigir maʼqulmi, Qora otammi – birpas ikkilanib turdim-da, sigirning yonidan aldab oʻtib ketmoqchi boʻldim. Baxtga qarshi yana etigim sirpanib ketib naq umbaloq oshib tushdim. Ne koʻz bilan koʻrayki, shu holimda sigir ustimga bostirib kelyapti. Har qalay, shoxi badanimga tegmadi-yu, lekin qattiq, doʻng peshonasi bilan meni qalin qorga botirib kirgizib yubordi. Buning endi vahimasini koʻrsangiz, sigir xuddi jonimni chiqarib olayotganday baqirib dodlayman. Qora otam qandaydir mol tagini tozalaydigan belkurakni topib olibdi-da, sigirning quymichiga qarsillatib urib quvib yuribdi. Bu urishda jonivorni belangi qilib qoʻyishi ham hech gap emas. Ayollar duvillab chiqib cholni toʻxtatishdi.

Qora otam qorga soʻlagini choʻzib nos tupurdi-da:

– Bermon kel, dabba. Hech nima qilmadimi? – dedi.

Qora sigirdan qutulib, Qora otamga tutildim.

Qasoskorning qoʻliga tushganim uchunmi, har qalay, oʻzim bilib-bilmay yuvoshlanib qolgan edim…

 

* * *

Hayit kuni edi. Sayildan qaytyapmiz. Endi maktabga boradigan kattagina bolaman. Yonimda sinfdoshlarim. Qora otam sayildan eshakda qaytayotgan ekan, bizga yetib olib, qoʻqqisdan eshakdan tusha solib, akang qaragʻayni quvib joʻnadi-ku, toygʻoq yoʻlda darrov yetib oldi. Qorga burkab rosa piypaladi. Nima deb jerkinganim esimda yoʻq, ammo shu safar juda xafa boʻlib yigʻlaganman. Sinfdoshlarning oldida izza boʻlganman-da. Sakson sakkizinchi yil bir jurnalda Qora otam haqida “Qora chol” degan hikoyam bosildi. Boboy nevaralaridan biriga uni oʻqitib eshitibdi. Mana shu gaplar, kampirini urishi, urush hangomalarini lof-qof qilishlarini kula-kula yozganman. “Hay, bachchagʻar, otasini oʻshak qipti-da”, debdi. Mening oʻzimga hech narsa demadi, biroq xafa boʻlgani shu gapdan maʼlum.

Kampiri Musal enamni yaxshigina doʻpposlar edi. Nozikjussa enamiz necha bor xalachoʻpda tayoq yeganlarini ham eshitardik. Balki bu gaplar haqiqatan oʻshak, yaʼni gʻiybatdir. Ular har ikkovi chin dunyoga ketdi. Musal enam ham farishtali kampir edi. Qushnoch, odamlarni davolar edi. Vosvosga uchragan odamning davosini oʻsha zahoti aytar, koʻplarning palakatdan qutulib qolishiga sababchi boʻlgan edi. Buni hamma gapiradi. Tirnoqqa zor kelin-kuyovlarga ham toʻgʻri maslahatini berar, bir necha oʻgʻilga muhtoj odamlarning oʻgʻilli boʻlishiga yordam berganiga guvohman. Bu endi tugʻmasakni tugʻdirardi degani emas, baʼzi birovlarga senda urugʻ koʻrinmayotir deb ham ochiq aytaverardi. Bir kishi haqida uning belida bola yoʻq, kichkinaligida oʻynab yurib quduqqa tushib ketgan, vahimaga tushib qoʻrqib urugʻi qurib ketgan, degan edi. Nega, bolasi bor-ku, deganman. Oʻziniki emas, dedi, taajjublandim: qanaqasiga? Doʻxtirlarning ustakorligi-da. Yana taajjublanaman.

– Gapirtirasan-da, bolam.

Bez boʻlib turganimni koʻrib:

– Kelinchakning tuxumdoniga begona erkakning urugʻini solib tuvdirib ogʻon, tushundingmi? – deb baqirib yuborgan.

Bu sirni menga aytganiga pushaymon yedi, shekilli, darrov teskari oʻgirilib gapirmay qoʻygan. Menga esa xafa boʻlish kayfiyatidan koʻra boyagi yangilik oʻta muhim tuyulganmi, agʻrayib qotib qolganman.

– Bor, ket endi! – deb jerkigan qushnoch enam teskari qaragan koʻyi.

Turib chiqib ketdim. Xafa ham boʻlmadim. Oʻzi enam rahmatli jini tutsa, birdan tusi oʻzgarib, boshqa odamga aylanib qolardi.

Bemor kelib dardini ayta boshlasa, tinglab oʻtirmasdi. Titroq tutib “hayy!” deya uzun esnab olardi-da, shartta agʻanab besh yo oʻn daqiqa uxlab olardi. Soʻng turib u yoq-bu yogʻini tuzatib olardi-da, turgan uyining qanday joyda oʻrnashgani, agar ahamiyatli boʻlsa, falon joydagi kultepada ziyon ilashgani, qorachadan kelgan, koʻzlari chaqchaygan bir juvon irim qilib uyiga, yostigʻiga, koʻrpasiga yoki biror joyga duo bekitganini koʻrib turgandek gapiraverardi, loʻliga oʻxshab oʻzi borib topib, qizil qoʻy soʻydirib, falon soʻm ata, deb yotmas, nari borsa, bir qora xoʻroz buyurib hojatini ravo qilib yuboraverardi.

Enamiz oʻzi yetimlikda katta boʻlgan, oʻgay onasi koʻp azob bergan ekan. Bir mahal ena kech tushganda suv olib kel, deb yosh qizni buloqqa joʻnatadi. Borsa, buloq boʻyida bir suqsurday kelishgan qiz soch tarab oʻtiribdi. Oldida bir butun non.

– Mana bu nonni olaket, ochqagandirsan, – debdi haligi nozanin. Enamiz unamagan. Shunda haligi zoʻrlab nonni qoʻltigʻiga tutqazibdi.

– Dugona, oʻzing ham ochqab-netib yurma-da, – deb ming istihola bilan nonning yarmini ushatib olibdi. Uyga kirgan zahoti oʻgay ona boshlaydi-ku toʻpolonni. “Nega hayallab ketding? Oʻynash orttirgansan, shu nonni oʻynashing bergan, uyni haromga toʻldirding, ket, yoʻqol, oʻl!..” Enamiz haligi qiz non berganini isbotlayman deb borib qarashsa, hech zot yoʻq, soch tarab turgan suluv uchdi-kuydi joyida yoʻq. Qiz bechora kaltakning tagida qoladi. Odamning zolimi yomon boʻlar ekan, tayoq bilan uraverib, qizning bir koʻzini koʻr qilib qoʻyadi. Enam saksonga kirganida ham oʻsha hikoyasini eslab achinar edim, oq chandiq qoplagan koʻziga qarab ezilardim. Enam boʻlsa “E, attang, oʻshanda mortuvning nonini butun olishim kerak ekan, hozirgidan yuz barobar bilgir boʻlar edim”, deb afsuslanardi. Qiziq.

Yana ham qizigʻi, Xudo bergan taqdirni har qancha bilgich boʻlsa ham anglayolmay qolarkan-da kishi. Hali tetik edi, toʻqsondan oshar derdim, nevarasining mashinasida choʻlga ketayotib halokatga uchragan. Mashinada birgina enamning oʻsha zahoti joni chiqib ketibdi. Boshqalar omon qolgan.

Hoy bolam, oyogʻim tortmayapti, bir palakatni sezyapman demagan. Tush-push koʻrganiniyam aytmagan.

Mening pokizagina enam…

 

“Kelin-kuyov” kurashi

 

Ismoil akam Ovloqul otamning Xudodan tilab olgan yolgʻizgina oʻgʻil tirnogʻi edi. Shunga yarasha qoruvligina boʻlsa ekan, ellik-oltmish kilodan koʻp vazn bosmas edi. Xudo bergan oqkoʻngil, hay-hay, ogʻzini ochsa yuragi koʻrinadiganlardan edi. “Edi” deyotganimning boisi, akani ham shu yilning erta bahorida oltmish olti yoshida boy berganmiz.

Aka Ovloqul otamning birinchi kampiridan. U enamizni biz bilmaymiz – erta qazo qilib ketgan. Ismoil akam, garchi kambagʻal, bolajon odam boʻlsa-da, yozgʻirmaydigan odam edi. Faqat bir kun menga yorilgisi keldimi, bolaligini eslab yigʻladi. Oʻgay enasi koʻp azob-uqubatlar bergan ekan. Buloq qishlogʻidan opkegan ekan uni Qora otam. “Eriga bildirmay oʻgay bolani oʻz-oʻzidan uraverar ekan, men-ku mayli, oʻgayman, oʻzi tuqqan chaqaloq ukamni ham bosib oʻldirib qoʻygan. Bir vaqt urib hammayogʻimni shilib, koʻkartirib tashlaganida otam nima boʻlganini soʻragan, jim oʻtiraverdim, soʻrayverdi, yigʻlab yubordim. Otam gap nimada ekanini tushunib, oʻgay onamni shu qadar qattiq ura boshladiki, oxiri choʻzib sulaytirib tashladi. Alamiga chidayolmagan ena chaqaloqni bosib nobud qildi. Otam uni hayvonday urib… haydab qirdan oshirib yubordi. Qaytib koʻrmadim”.

Musal enam “Ismoiljon, jon bolam” deb gapirardi. Bosh farzand Sanobar ammamni ham “Sanavarjon” deb erkalardi. Oʻzi Safiya opamni tugʻdi. Ismoil akam Oysara chechamga uylanib, qatorlashtirib farzandlar tugʻdirdi. Xudoyim bir joydan bermasa, boshqa tirqishdan ol qulim deb yuborar ekan-da. Hovlisi bolaga toʻldi. Bir yilda ikki martalab toʻy qildi. Birini uylasa, ikkinchisini turmushga berdi. Bola parvarishiga koʻmilib qoldi. Ismoil akam avval Pangat sovxozi va biopunkt direktori Husan Hakimov qoʻlida ishlagan. Yap-yangi “Belorus” traktorni mast boʻlib qirdan yumalatib yuborgan, oʻzi bir yashik pivo bilan qirda omon qolgan. Shundan soʻng Hakimovning koʻziga qarashga uyalib ishga chiqmay qoʻygan. Kechirimli oqsoqol ekan yoxud bu oqkoʻngil insonni yaxshi koʻrganidan boʻlsa kerak, ish ustida, qoʻraga yemish tashiyotgan vaqti falokat sodir boʻldi, deb dalolatnoma qilib, boshqa traktor ham vaʼda qilgan, maoshini ham toʻxtatmagan. Biroq akam shu oriyat yuzasidan qaytib oqsoqolga yoʻliqmadi, bir umr koʻziga koʻrinmay qochib yurdi.

Traktor degani ham u mahal toza isqot qolgan ekanmi, akam choʻlda, Zafarobod tumanida ham bir muddat traktorchilik qilib yurib avariya qilgan, yiqilib jagʻi, tishlari singan. Ogʻzidagi toʻrtta tishi bilan umrining oxirigacha yurdi. Hoynahoy, chol otasining tishidan kamroq edi desam ishonavering-da qoʻying. Oʻsha halokatdan keyin munkislanib, biroz soqovlanib qolgan. Yaqin-yaqinlarda ham oʻgʻillari or qilib tish qoʻydiraylik deb qoʻydirolmadilar. Sababi, akam tish taqsa battar soqovlanib gapirolmay qolar ekan. Jahldor Ovloqul otam baqirib-soʻkib urishsa ham, baribir oʻgʻlini ayar edi, traktorni dumalatganda bir-ikki xalachoʻp yeganini inobatga olmasa, deyarli kaltaklanmagan.

Akam armiya xizmatidan qaytgan yili uylangan. Boʻyi oʻzidan biror qarich baland Oysara chechamni qizil saman otga mingashtirib tepa ovuldan pastki ovulga – oʻzining uyiga optushgan. Orasi juda yaqin edi. Kuyov yigit kelinni otdan koʻtarib tushirib qoʻyganini koʻrib xotinlar “Voy, beti qora, nima qilgani bu, sharmanda-a!” deyishgan. Rusiya oʻrmonlarida daraxt kesib kelgan sogʻlom yigit parvo ham qilmagan. Yoqilgan gulxan atrofida kelinni uch bora aylantirib, soʻng shinelining yoqasini tik qilgancha oʻzi ham gʻoz turavergan. Shinel… oʻsha kunlarning yarashiqli kiyimi oʻzi shu edi-yov. Uyam kimda bor, deysiz. Hamma kuyov ham xohlagan vaqti mana shu shinelni topolsa, doʻppisini osmonga otsa boʻlardi.

Kelin salomni doim hayotdan mamnun shaddod Mastura xola aytar, childirmani bir xil tarzda urib-urib, bir maromda qoʻshiq qilar, har zamon ikki qoshi oʻrtasiga juvoldiz bilan urib qoʻyilgan koʻkimtir mayda xolini koʻz-koʻzlayotganday qosh uchirib, oʻzicha “Hayt jonidan!” deb qiyqirib qoʻyar, tomoshatalab erkak, ayol, bola-baqra uchun bu qiziq edi. Zamon hayotida oʻzi qiziqlik shu – toʻy edi. Ichganing bir kosa shoʻrva, lekin kechgacha toʻyda toʻydim deb shataloq otganing otgan edi. Davra soʻnmasligi uchun gulxanni soʻndirmaslik lozim, shu bois cholma, tappidan tortib Ovloqul otam togʻdan eshakda tashigan shuvoqlarni ham olovga dastalab uloqtirar edik. Bundan burunroq Mastura xolaning oʻgʻli Joʻraboy togʻaning sunnat toʻyida bir yigit rubob chalib Ortiq Otajonov va Olmaxon Hayitovaning qoʻshiqlarini zoʻr berib kuylab yotganida oʻrtogʻim bu yoqqa qara, dedi. U bizdan toʻrt yosh katta Tenglash akaning fufaykasi orqasiga ingichka chumakli choynakda bildirmay suv quyib shakl yasardi. Avvaliga bu hol beadablik, Tenglash aka bilib-netib qolsa oʻrtogʻimni naqd boʻgʻib oʻldirib qoʻyishini oʻylasam-da, uning sezmayotganidanmi yo bu surbetlik obdan kulgili ekanidanmi, qotib-qotib ichaklarim yulinib ketguday kuldim, qizigʻi, bu holni keyin uning ukasi, bizga sinfdosh boʻlib birga oʻqigan Abduvali joʻramiz ham koʻrgan, uyam negadir birgalashib kulgan edi.

Oʻrtada bir yigit goh Olmaxon, goh Ortiq boʻlib ohang tortadi, rubobni oʻynatadi, birpas mediatrni tishlab torlarni tuzatib tingʻir-tingʻir qilib qolsa, oʻrtadan taklif tushadi:

“Juda zoʻr aytding, uka, shoʻxroqlaridan ham boʻlsin, yoshlar oʻyinga tushsin.

Hofiz xuddi Ortiq Otajonovday odob bilan:

– Xoʻp boʻladi, talablarga binoan, – deydi-da, rubob dastasini pastga, balandga koʻtarib-tushirib, tiringlatib shoʻx chala ketadi. Gulxan yorugʻida sabza moʻylovini yana bir silab, suvsar telpagini biroz koʻtaradi-da, – deydi.

– Qani, jonon qizlar, oʻyinga marhamat!

Shoʻx-shoʻx oʻynar edim,

Sen bilan qirgʻoqda men…

Hech kim oʻrtaga chiqmaydi. Bir payt Gulsum opa degan sakkizinchi sinf oʻquvchisi, sochi tovoniga dovur bir oʻrim tushgan, kelishgan, suluv qiz davradan bir oʻzi ajralib chiqib, gulxan tevaragida oʻz-oʻzidan muqom qilib oʻynay ketdi. Nazarimda, Toshkentdagi eng yaxshi raqqosalar ham oʻynasa, shundan oshirmaydi. Faqat shohi atlas, bejirim nimcha, oq yaltiroq tufli, toshlari elektr chirogʻi shuʼlasida yalt-yalt etguvchi manglayqosh boʻlsa bas edi. Goh tez-tez yurib, goh toʻxtab-toʻxtab, engagi ostida qoʻllarini qiya qayiqcha qilib bosh tebratib qoʻyar, bunga sari qoʻshiqchi ham avjga minib “hayt!” deb qoʻyar, qoʻshiqdan chiqib: “Quling oʻrgilsin saning!” derdi ilhomlanib. Hamma, tavba, bizdan ham oʻyinchi artist chiqar ekan-ku, degan taajjubda. Chunki bir-ikki Mastura xolaga oʻxshagan yoshi oʻtgan kampirlardan boshqa biror qiz-juvon qoʻlini koʻtarib davraga chiqib oʻynamas, uyalar edi. Gulsum opaning poyabzali, yaʼni kalishi ham yangi, yangi boʻlmasa ham yogʻlanganday top-toza koʻrinar edi. Gulxan boʻyiga boshqa hech kim chiqmadi, Gulsumning bir oʻzi oʻynayverdi, hofiz qizdan koʻz uzmagan koʻyi “Zebolanib kelibsiz”, deya ikkinchi ashulani ulab ketdi, har zamon qiz yoniga oʻynab kelganida boyagiday odatdan tashqari “Oʻrgilsin quling!” deb hayqirar, yarim egilib ham qoʻyar, bu hayqiriq olomonga ham, qizga ham maʼqul kelayotgandi, lekin shu paytda orqa tarafdan bir yigit yulqinib chiqib qizning qoʻlidan ushlab qoldi.

– Boʻldi! – dedi u.

Qiz xijolat boʻldimi, birpas toʻxtadi-da:

– Nari tur, qoʻshiq tugasin, – dedi.

– Boʻldi deyapman! – deb baqirib yubordi yigit. Qiz uning koʻkragidan itarib yubordi-da, raqs tushishda davom etdi. Uning xiromoni hammaga yoqayotgan, ich-ichidan tasannolar aytar, “Qoʻy, oʻynasin” degan xitoblar ham eshitildi.

Yigit tek turmay tagʻin gulxan yoniga chiqdi. Qiz muqom qilib roʻparasiga kelishini kutib turdi va kelgach bor kuchi bilan yuziga shapaloq tortib yubordi. Qiz lovillab yonayotgan yuzini changallagancha davradan chiqdi. Hoʻng-hoʻng yigʻlab yigitni qargʻadi. Shu koʻyi uyiga qarab ketdi. Yigit ham sekin uning ortidan yurdi.

Bu Gulsum opaning ukasi Toʻlqin edi…

Hozif qoʻshiqchi oxirigacha aytdi. Tugatib:

– Afsus, odamlar orasida sanʼatni tushunmaydiganlari ham bor. Shuning uchun zoʻr talantlar qishloqlarda qolib ketayotibdi. Sanʼatni xor qiladi bundaylar, – dedi.

Shu bilan davra sovidi. Qoʻshiq boʻlsa ham oʻyin boʻlmadi. Mastura xola:

– Bolamning toʻyida oʻyna hammang, manov artist Ishtixonday joydan kelib oʻtiribdi, – deya biroz silkinib oʻynadi.

Gulsum opa shundan keyin birorta toʻyda oʻynamadi. Sakkizinchi sinfni bitirgach, erga tegib ketdi. Olis qishloqda bola koʻpaytirib yurganini eshitamiz.

Oysara chechamning ham etagi toʻla farzand ekan, Ismoil akam joʻrttaga bir iskab qoʻysayam, yukli boʻlib qolaveradi, keyingi faslda ingalatib bir chaqaloq armugʻon qiladi.

Ismoil akam otasiga oʻxshab bola-baqrani bosib-piypalab “mazlum” qilmagan boʻlsa-da, baribir bolajon edi. Birovning koʻnglini qoldirish qoʻlidan kelmas edi. Kimdan koʻp, kimdan oz umr koʻrdi. Endi-endi bilayapmizki, er-xotin tamoman bir-biriga bagʻir bosib qolgan ekan. Gap shundaki, toʻrt yil boʻldi, urchuqday aylanib, kelinlarga ham ish qildirmay, roʻzgʻorning xizmatini qilib yurgan Oysara checham hadaha biqinim-biqinim deb yurib ozgina vaqt yotdi-yu, dunyosiga qoʻl siltab joʻnab yubordi. Ismoil akamning garangi chiqdi. Dardu dunyosi qorongʻilashib ketganini birov bilmagan ham. Oʻgʻillari boshqa uylantirishga urinib koʻrishdi. Jiyanlaridan biri Ingichka tomondan oʻrislashganroq birini topibdi. Akam borib koʻribdi ham, maʼqul kelib oʻsha kuniyoq taksiga bosib opkelibdi. U yoqda tanishganimda yoshini ancha kamaytirib aytgan ekan, kelib yoruqqa tutib qarasam, yoshi menga yovuqligi bilindi, deb kuladi akam. Oʻsha kuni aptekadan buncha, doʻkondan buncha qarzim bor dedi, e, ulay-bulay bilan bir milliyonni boʻyinga olib keldim.

Hammasiyam mayli, har kech kirganda yanga yevropaliklarga oʻxshab ovqat oldidan ikki yuz gramm uradigan odati bor ekan. Avvaliga, xoʻjayin, bayram qilmaymizmi, deb oʻzi taklif kiritadi. Akam bolalari va kelinlaridan uyalishini aytib, bu odatni tashla, joʻra, deb iltimos qiladi. Lekin har kech aroq sasib turadi, deydi. Taqiqlash qoʻlidan kelmagani akaga alam qiladi.

– Endi joʻra, siying bitdi, – debdi oxiri akam, – kavushing uyingga qarab toʻgʻri turibdi, kiy-da, joʻna, oramiz ochiq sen bilan.

Xuddi shuni kutib turganday, yoʻl puli soʻrabdi.

Pulni berib, uyida xayrlashib, haydaganday qilib chiqaradi aka.

Undan oldin ham, keyin ham baʼzilarini eshitdim. Aka uch marotaba muvaffaqiyatsiz nikohni boshidan oʻtkazdi. Zerikib, Oysara chechamni qoʻmsab yurgan kezlari shoʻtanoq ukalaridan biri:

– Ismoil aka, siz shoshmay turing, bugun-erta sizni bir baquvvatiga uylantiramiz, xotin koʻrganday boʻlasiz, yopishib shu bilan yashab ketasiz. Muhimi – u xotin rozi, – deydi.

– Kim ekan, bilsak boʻladimi?

– Taniysiz, eshitsangiz xursand boʻlasiz. Hozircha sir. Ertaga Koʻmak akanikiga oʻtirishga borasiz, oʻsha yerda ogʻa-inilar bilan bamaslahat hal qilamiz bu ishni.

Shu kuni shoʻtanoq uka Koʻmak akanikiga boribdi.

– Endi aka, bilasiz, Ismoil akam yolgʻizlikdan qiynalib yuribdi, bir yordam qilmasangiz boʻlmaydi, – debdi.

– Xoʻsh, men nima qilib yordam beray, xotin top, sovchi boʻlib boray.

– Yoʻq, sovchilik kerak emas, rozi boʻlsangiz boʻldi.

– Nimaga rozi boʻlay?

– Adash chechamni akaga bermasangiz boʻlmaydi. Koʻkragidan urib qolgan.

– Ie, hali men oʻlganim yoʻq-ku, oʻlmay turib xotinimni tortib olasanmi? Kalla-pallang ishlaydimi, oʻzi?

– Gap shundaki, – debdi shoʻtanoq, – Adash polvonning oʻzi ham rozi, bir kelib kuyov yigit qoʻlimni soʻrasa mayli, ergashib ketaveraman deyapti. Siz qarshilik qilmang, xoʻpmi?

Shoʻtanoqning avzoyiga qarab gap nimadaligini tushungan Koʻmak aka kutilganday shartini aytibdi.

– Gap bunday, Ismoilday ukamizga bir xotin sadagʻalar boʻlsin. Shart shuki, ertaga kelganda ikkovi kurashsin, Ismoil yiqitsin, ol halol – opketaversin. Biz rozi.

Shanba kuni Koʻmak akanikida yeyishma-ichishmadan keyin kelishuvga muvofiq boshqa uyda Koʻmak akaning xotini va Ismoil akam oʻrtasida kurash marosimi uyushtirilgan.

– Bir, ikki, uch – boshlandi! – shunday deya shoʻtanoq shartta chiroqni oʻchiradi.

– Boʻldi! – deya qichqiradi Adash checha. Chiroq yoqilsa, yigit yotibdi – chalqancha, abgor, hansiraydi. Ustida goʻmasdan boʻlib Adash checha oʻtiribdi.

– Oyogʻimdan birov tortganday boʻldi, – deydi Ismoil akam inqillab.

– Turing, checha, sizniki halol. Lekin, qarang, kuyov bola norozi boʻlyapti, yana bir olishing.

Boyagiday yana chiroq oʻchiriladi. Ismoil akam gup etib “kelin”ning ostiga tushadi.

– Endi-chi? – deydi shoʻtanoq. – Yana oyogʻingizdan ushladimi birov?

– Yoʻq, lekin endi chalaman deganimda oʻzim chalinib ketdim. Xuddi birov ataylab…

– Boʻldi, aka, oʻziyam checham gupchak qilib urdi, bahona qilavermang, chalqancha tushganingizda bir narsa “pirt!” etdi. Shimingizning u yoq-bu yogʻiga qarang. Checha siz ogʻir gavda bilan bosavermang-da, yana bir joyi pirtillaydi hozir…

– Ha… – deya qolganini ichida soʻkinib, telpagini topib kiyib, joʻnashga shaylanadi aka.

– Bir qulayi kelgan edi, Ismoil aka, qoʻldan boy berdingiz-da. Hay, attang.

Shoʻtanoqlardan biri shunday deya bosh chayqab kuladi. Ismoil akam oyogʻimni tortgan shu deb oʻylab challipatrang qilib soʻkadi.

Koʻmak akaning katta oʻgʻli boʻlsa:

– Mol sinalgan mol edi, quruq qoldingiz-da. Otam ikkimiz hasratlashib, jalov Ismoil akamda ketdi, ana endi siz xotinsiz, biz onasiz qoladigan boʻldik, koʻp kuyinmang, Ismoil akam qoʻyganlarning polvonrogʻini sizga qaytarib opkelamiz, deb turib edim, – deya “hamdardlik” izhor qiladi.

Ismoil akam bunga sari uni ham boʻralatib soʻkadi. Anvar esa iloji boricha akaning soʻkishini eshitmaslik chorasi bilan uning ogʻziga aroq toʻla piyolani tutib:

– Oling-oling, shuning uchun oling, rahmat, juft boʻlsin, ha, akang qaragʻay, tagida qolmasin, – deya qistayveradi.

Aka noiloj uni sipqoradi. Yana soʻkishga ogʻiz juftlaganida Anvar gazak deb ogʻziga ilik tutadi. Aka soʻkishga qoʻymayotgani uchun zavqi kelib, oʻzi ham agʻanab-agʻanab kuladi.

Koʻmak aka oʻgʻli Anvarga qarab deydi:

– Hay, bunga nega aroq berasan, enangga quy. Yiqitgan bumi, umi?

Bizning ogʻa-inilar shunaqa, gap, hazil bilan bir-birini oborib-opkeladi. Bir narsani gap qilib hammaga shov-shuv qiladi, kimdir oʻsal boʻladi. Biroq oxir-oqibat buning tagida oddiy hazil, bir odamnigina mot qilishga qaratilgan qitmirlik yotgan boʻladi.

Oʻshanda Ismoil akam amakisining xotiniga uylanishni xohlagan deysizmi? Shoʻtanoq aytgan zahotiyoq bu yerda bir gap borligini sezgan, lekin Koʻmak akani mot qilsam kerak, oʻlibmanmi, erkakman-ku, Adash chechani yiqitarman, deb oʻylagan.

Koʻmak aka puxtaroq chiqqan.

Qay bir qoʻl chetdan kelib, Ismoil akamning oyogʻiga yopishishi, chiroq oʻchirilishi ham uyushtirilgan.

Ismoil akam buni, hatto oʻsha qoʻl kimniki ekanini ham yaxshi biladi. Bilib turib qoʻl egasini soʻkadi. Qoʻl egasi ham akaning shubhalanayotganini biladi, shu va ayni onasi akaga yanga boʻlishini yaxshi bilgani uchun Anvar ham qozoqcha soʻkishlarga chidab, aybi ichida, tumshayib turaveradi. Qaytanga, kulib yengadi.

Bu gaplar el aro yoyilib, kulgi boʻlib, tildan tilga oʻtib eskirgach, Ismoil akamga tagʻin xotin izlashga tushishdi. Xolmurod bir kunda Jizzaxning Paxtakoridan boladan tingan, otasining uyida ikki sigirga chorvador boʻlib mixlanib qolgan ayolni topdi-yu, oʻylab-netib, soʻrab oʻtirmay uylantirdi-qoʻydi.

Hozir nima koʻp – qishloqni ham, shaharni ham bosib ketdi – taksi koʻp. Bittasiga oʻtirib, bozordan bir kilo oq, bir kilo sariq qand olib, toʻgʻri bostirib borishgan. Taksi koʻchada kutib turadi.

Otasi – bir chol odam ekan, qoʻlini bigiz qilib Ismoil akamni koʻrsatib:

– Hay, bola, men senga ishonyotippan, lekin mana buning gʻirt jinoyatchi, koʻzi aytib turibdi, hoynahoy, oʻgʻirlik ham qilsa kerak, qizimni baxtsiz qiladi bu! – deydi.

– E, bobo, bu odam pishakni “pisht” deyishdan oldin ham bir oʻylab oladi, qiziq ekansiz, nimalar deyapsiz? – deydi Xolmurod.

– Men senga ishondim. Yosh boʻlsang ham, kayvonichilik qoʻlingdan kelar ekan, agar qizimning koʻzidan yosh shoʻrgʻalasa, sening yoqangdan olaman.

Ismoil akamning oʻzi boʻlsa, gʻirt jinoyatchiga chiqqanidan bukilib-bukilib, qotib-qotib kularmish.

Shuytib, bir kunda savdo pishib, Ismoil akam xotinli boʻldi-qoldi. Ikki yilgacha gap-soʻzsiz yashab yurishdi. Yanga poshsho ham bolalarga, kelinlarga singishdi. Nevaralarni oʻzinikiday bagʻriga bosdi, koʻtardi, yupatdi. Xolmurod ham akamni bir kunda baxtli qilib qoʻyganman, he, yuribsan-da baring, deb katta gapirib yurdi.

Lekin Ismoil akamning oʻzi…

Atigi toʻrt kun avval oʻgʻli Isroilnikida oʻtirib menga telefon qildi. Dimogʻi chogʻ edi. Kelinning tugʻilgan kuni ekan. Amakivachchalar Jozil, Xolmurod ham shu yerda, ular akaga ketma-ket qadaq uzatib, evaziga soʻkish eshitayotganlarini ham bildim. Telefonda kayfiyatidan maʼlum edi.

Ismoil akam kelinga bir pachka pul tutqazgan.

“Keyingi tugʻilgan kuningda beramanmi-yoʻq. Borida olib qoʻyaver, pensiya olganman”, deb mardlik qilibdi. Oʻsha kunlari “Oysarani sogʻinyapman-da, chaqirib qoʻymayapti”, deb yurgan.

Odam soppa-sogʻ boʻlsa, bu gaplarga hech kim eʼtibor qilmaydi. Koʻz ochib koʻrgani, bolalarining jonday onasi edi, qoʻmsayotgandir, deb oʻylashgan. Keyingi ikki kunda yangi yangamiz bilan ham koʻrpa-oʻrinni boshqa qilgan. Yanga bundan xavotirga tushgan. Qabatidan ketmaslikka tirishgan. Jerkiyvergach, majbur, boshqa uyga oʻtib yotgan.

Keyingi kun tong saharda… ogʻilxonaga kirib…

Yangamiz chala uyquda orqasidan borsa, tanasi sovib boʻlgan ekan. U oʻzini yulib, oʻzini qargʻab yigʻlaydi. Endi nima foydasi bor?

Onasi Musal enam tirik boʻlganida bu ishlar boʻlmas edi. Shundayku-ya, lekin enamning oʻzi ham… axir kim yashashni xohlamaydi – ajalni sezmay qoldi-ku.

Ismoil akam Oysara yangamni oʻrtanib sogʻingani rost. Ha, rost, ogʻaynilar, Ismoil akam Oysara yangamning diydorini sogʻinib yurgan, imlayvergach, bu hayot bilan xoʻshlashib qoʻyaqolgan. Hayotdagi barcha lazzat, zavq yangamning visolichalik shirin tuyulmagan.

Men buni toʻgʻri deb hisoblamasam ham, yaxshi his qilaman…

Hech kimning xotini bemahal, bir-biriga suyanib turgan mahal ketmasin. Juda ogʻir…

 

Sobir OʻNAR

 

“Yoshlik”, 2015 yil 11-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/otamzamon-hangomalari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x