Ortiqcha gap

Yaqinda yaxshi bir kitob oʻqidim. Avval bilmagan va eshitmagan ekanman, balki siz azizlar uchun ham foydali boʻlishini oʻylab unda bitilgan ibratli bir nuqtaga toʻxtalaman.

Maʼlumki, Zahiriddin Muhammad Bobur oʻz davri ijodkorlari bilan munosabatlarini “Boburnoma”da mufassal bayon qiladi. Ammo bu muhtasham kitobda avval uchratmaganim tarixiy bir voqeaga Hasanxoʻja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” tazkirasida duch keldim. Unda yozilishicha, oʻsha zamon shoirlaridan biri, oʻzbek adabiyoti tarixiga “Qissai Sayfulmuluk” asari muallifi sifatida kirgan Majlisiy Boburga bagʻishlab qasida yozadi.

Qasida Boburning taʼbiga xush-maʼqul keladi va shu maqtovli sheʼr evaziga shoirga yetmish ming tanga inʼom qilmoqchi boʻladi. Biroq shu orada nima uchundir Boburning esiga:

 

“Miskin chigʻatoyki kunduzi tundir anga,

Ahvoli parishon qora tundur anga.

Magʻrur boʻlib yer yuziga sigʻmas edi,

Sichqon teshugi emdi ming oltundir anga”,

 

degan ruboiy kelib qoladi. Bobur Majlisiydan: “Muhammad Solih bu ruboiyni nima sabab bilan aytgan?” deya soʻraydi. Majlisiy shu ruboiy ham Boburga juda yoqqan ekan-da, degan xayolga borib, soʻralmagan bir gapni hech zaruratsiz aytib, maqtanib qoʻyadi: “Aslida bu ruboiyni men yozganman, lekin odamlar orasida Muhammad Solih nomidan mashhur boʻlib ketdi”. Bobur undan ruboiyni kim yozgan, deb soʻramadi. Yozilish sababini bilmoqchi boʻldi, xolos. Ammo Majlisiy oʻzidan savol toʻqib, soʻralmagan gapga javob aytadi. Shunda Boburning avzoyi buzilib, qoshlari chimiriladi. Ruboiy mazmunimi yoki Majlisiyning ortiqcha gapirib qoʻygani Boburga maʼqul kelmaganmi? Bunisi bizga qorongʻu. Dalil shuki, Bobur Majlisiyni qatl etishga buyurmoqchi boʻladi, ammo muruvvatli podshoh sifatida kechirishni maʼqul koʻrib, niyatidan qaytadi va: “Sheʼr siylovi uchun tayin etilgan yetti ming tanga mullaning xunbahosi hisoblanadi, oʻzini esa bu yerdan chiqarib yuboringlar”, deb aytadi.

Majlisiy bilan Bobur oʻrtasida boʻlib oʻtgan shu suhbat va buyruqni ijikilab sharhlashga zarurat yoʻq. Gap tushunarli. Agar kimdir anglashga qiynalgan boʻlsa, unga hazrat Gʻazzoliyning “Til ofatlari” kitobini tavsiya qilamiz.

 

Bahodir KARIMOV,

filologiya fanlari doktori

 

“Ishonch” – “Doveriye” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ortiqcha-gap/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x