Oq kema

Chingiz Aytmatov

 

BIRINCHI BOB

 

Uning ikki ertagi boʻlardi. Biri oʻziniki boʻlib, uni hech kim bilmasdi. Ikkinchisini esa bobosi soʻzlab bergandi. Keyin birontasi ham qolmadi. Gap shu xususda.

Oʻsha yili u yetti yoshga toʻlib,– sakkizga qadam qoʻygandi.

Avval portfel sotib olindi. Qop-qora dermantin portfelni ochib-yopganda shiqillaydigan qulfi yaltirab turardi. Yonida mayda-chuyda soladigan kissasi ham bor. Qisqasi, gʻaroyib, ayni paytda oddiy maktab portfeli edi. Hamma narsa, ehtimol, shundan boshlandi.

Bobosi uni koʻchma doʻkondan sotib oldi. Koʻchma doʻkon togʻdagi chorvadorlarga mol sotib, aylanib yurganda, ularga ham, San-Toshdagi oʻrmonchilik qorovulxonasiga ham birrov burilgandi.

U bu yerdan, dara va nishab yoʻllar boʻylab togʻdagi qatagʻon oʻrmonga koʻtarildi, Qorovulxonada bor-yoʻgʻi uch oila yashaydi. Lekin shunday boʻlsa-da, vaqti-vaqti bilan koʻchma doʻkon oʻrmonchilarni ham yoʻqlab turardi.

Uch hovlida yolgʻiz bitta bola boʻlib, u har safar koʻchma doʻkonni birinchi boʻlib koʻrar edi.

– Kelyapti! – deb qichqirdi u eshik va derazaga qarab chopib.– Mashina-magazin kelyapti!

Issiqkoʻl boʻylaridan bu tarafga choʻzilgan aylanma yoʻl kela-kelguncha dara, daryo sohili boʻylab, toshloq va oʻnqir-choʻnqirlardan oʻtib kelardi, Bu yoʻllardan yurish hazilakam ish emas. Qorovultoqqa yetguncha yoʻl pastdan yuqoriga torayib, qiyalab borardi-da, keyin tikka taqir nishablik boʻylab oʻrmonchilar hovlisiga tushadi. Qorovultogʻ pgundoq yonginalarida – yozda bola durbindan koʻlni tomosha qilgani deyarli har kuni oʻsha yoqqa chopardi. U yerdan esa yoʻlda kelayotgan piyoda-yu, otliq, albatta, mashina ham, hamma narsa kaftdagidek koʻrinib turardi.

Oʻsha safar – issiq yoz kunlaridan birida bola oʻz koʻlobida choʻmilib turgan edi, shunda qiya yoʻlni changitib kelayotgan mashinani koʻrib qoldi. Koʻlob daryoning chetroq sayoz joyida, qumloq yerda boʻlib, bobosi tosh qalab toʻsib bergan edi. Agar shu toʻsiq boʻlmagan-da, kim biladi, balki bola ham allaqachonlar tirik qolmagan boʻlarmidi? Buvisining aytishicha, daryo allaqachon uning suyaklarigacha yuvib, toʻgʻri Issiqkoʻlga eltib tashlarmidi va u yerda baliqlar hamda suvdagi har xil baloi battarlarga yem boʻlarmidi? Hech kim uni qidirib jon koyitmas, dardida kuyib, ado boʻlmas edi, rost-da, suvda pishirib qoʻyibdimi? Sirasini aytganda, u kimga ham kerak. Hali hozircha bu falokat boʻlganicha yoʻq. Sodir boʻlsa, kim biladi, buvisi balki chindan ham uni qutqargani urinib koʻrmas, kampir tugʻishgan buvisi boʻlganda boshqa gap edi, axir, uning oʻzi, oʻgaysan, deb yuradi-ku. Oʻgay esa qancha yedirib, qancha ichirma, baribir oʻgayligiga boradi. Oʻgay… Agar u oʻgay boʻlishni istamasa-chi? Xoʻsh, nega endi u oʻgay boʻlishi kerak? Balki u emas, buvisining oʻzi oʻgaydir?

Lekin bu toʻgʻrida ham, bobosi yasagan toʻsiq haqida ham keyinroq gap boʻladi.

Shunday qilib, u oʻshanda koʻchma doʻkonni uzokdan koʻrib qoldi, mashina ketidan toʻzon koʻtarib, togʻdan tushib kelayotgan edi. Shunda u quvonib ketdi, oʻziga portfel olinishini bilgandek quvonib ketdi. Shu zahotiyoq suvdan sakrab chiqdi, chillakdek oyoqlarini ishtonining pochalariga tiqdi-yu, suvning sovuqligidan koʻkarib ketgan badanining hoʻli bilan koʻchma doʻkonning kelayotganini birinchi boʻlib yetkazish uchun soʻqmoqdan uylar tomon chopib ketdi.

Bola butalar ustidan hatlab, sakrab oʻtish qiyin boʻlgan xarsang toshlarni yonlab oʻtib, na oʻsiq oʻtlar, na xarsang toshlar oldida, bular shunchaki narsalar zmasligini bilsa-da, bir daqiqa ham toʻxtamay chopib borardi. Ular ranjib qolishi, hatto chalib yiqitishi ham mumkin edi. “Mashina-magazin keldi. Men keyin kelaman”, – yoʻl-yoʻlakay u “choʻkib yotgan tuya”ga gap qotdi. U bagʻrini yerga berib yotgan sargʻish bukri toshni shunday deb atardi. Odatda bola oʻz “tuya”sining yonidan uning oʻrkachini silamasdan oʻtmasdi. Xuddi bobosi dumi choʻltoq axta otini shapatilagani kabi, u ham ishning koʻzini biladigan kishilar singari oʻz “tuya”sining yonidan oʻtib borayotib naridan beri, sen sabr qilib turasan endi, mening ishim chiqib qoldi, deb uni shapatilab qoʻyardi. Uning xarsang toshida “egar” ham tayyor edi. Yarmi oq, yarmi qora bu chavkar toshdagi egarchada xuddi otda oʻtirgandek oʻtirgan boʻlardi. Yana “boʻri” degan tosh bor – boʻriga juda oʻxshash qoʻngʻir, oq oralagan, yoldor va choʻng peshanali. Bola uning oldiga pisib emaklab borardi-da, moʻljalga olardi. Lekin eng sevimli tosh, bu suv yuvib ketgan qirgʻoqdagi kattakon xarsang “tank” edi. Qarab tursang “tank” qirgʻoqdan otilib chiqadi-yu, daryoni shovqin-suronga solib, toʻlqinlantirib, koʻpiklantirib, yurib ketadigandek. Tanklar kinolarda axir shunday yuradi-ku, qirgʻoqdan suvga otiladi: ketdi! Bola kinolarni kam koʻrgan, shuning uchun ham koʻrganlari yodida qattiq oʻrnashib qolgan. Bobosi baʼzan uni kino koʻrsatgani togʻ ortidagi – qoʻshni daradagi sovxoz naslchilik fermasiga olib borardi. Shu sababli ham qirgʻoqda daryoni har qachon kesib oʻtishga shay turgan “tank” paydo boʻldi. Yana boshqa – “yaxshi” va “yomon” toshlar, hatto “ayyor” va “ovsar”lari ham bor.

Oʻtlar orasida ham – “sevimli”, “botir”, “hurkak” va “yovuz” hamda boshqa har xillari mavjud edi. Chaqirtikan, masalan, – eng birinchi dushman. Bola u bilan kuniga oʻn martalab jang qilgan, chopib tashlagan. Lekin bu jangning oxiri koʻrinmasdi – chaqirtikan hadeb oʻsaverar va koʻpayaverardi. Mana, daladagi pechak gullar, toʻgʻri, ular ham yovvoyi, shunga qaramay bular eng aqlli va quvnoq gullardir. Ular ertalab quyoshni hammadan ortiq yayrab qarshi oladi. Boshqa oʻtlarga – tong nima, tun nima, baribir. Pechakgullar esa kun ilishi bilanoq koʻz ochadi, kulib boqadi. Oldin bir koʻzini, keyin ikkinchisini ochadi, shundan soʻng bagʻridagi barcha gullar birin-ketin ochila boshlaydi. Oq, och koʻk, binafsha va yana har xil rangda… Agar ularning oldida sukut saqlab oʻtirsang, goʻyo bu gullar uyqudan uygʻonib, allanimalar haqida shivirlashayotgandek tuyuladi. Chumolilar ham buni sezadi. Ular ertalabdan pechakgullar huzuriga chopib, quyosh nurlaridan koʻzlarini qisib, gullarning oʻzaro nimalar haqidadir shivirlashayotganiga quloq soladi. Balki, koʻrgan tushlarini soʻylashayotgandir?

Kunduzlari, odatda tush vaqtiga borib bola serpoya shiroljinlar gʻuj boʻlib oʻsgan tomonga joʻnashni yaxshi koʻrardi. Shiroljin baland boʻyli, gulsiz, lekin xushboʻy hidli boʻladi. Ular yon-veriga boshqa oʻsimlikni yoʻlatmay toʻda-toʻda boʻlib, alohida oʻsadi. Shiroljin – sadoqatli doʻstdir. Ayniqsa, biror koʻngilsizlik yuz berib, pinhona yigʻlaging kelganda shiroljin ostidan yaxshi panoh topish mumkin. Ular oʻrmon yoqasidagi qaragʻayzorlar singari yoqimli hid taratib turadi. Shiroljinlar quchogʻi qaynoq va sokin. Eng muhimi – ular osmonni toʻsib qoʻymaydi. Chalqancha yotda, osmonni tomosha qilaver. Avval koʻz yoshlari orasidan hech nimani ajrata olmaysan. Keyinchalik esa, bulutlar suzib ketadi va sen oʻylayotgan narsalar osmonda, koʻz oldingda aniq namoyon boʻla boshlaydi. Bu-lutlar yaxshi biladi: koʻngling ancha noxush, qayoqlargadir joʻnab qolging yoki uchib ketging keladi, toki seni topolmay, oh-voh qilishsin: “Eh bolagina, bedarak ketdi-ya, endi uni qayerdan topamiz”, deb kuyib yurishsin. Bunday boʻlmasligi uchun – sen yoʻqolib qolmasliging va jimgina yotib, bulutlardan zavqlanishing uchun sen nimani istasang bulutlar oʻshanga aylanib qoladi. Oʻsha birgina bulutning oʻzidan turli-tuman shakllar yuzaga kela boshlaydi. Faqat bulutlar qanday shaklga kirayotganini koʻrib bilsang bas.

Shiroljinlar tagi jimjit, ular osmonni toʻsmaydi. Shiroljinlar mana shunaqa, iliq qaragʻayzor hidini ufuradi.

U oʻtlar toʻgʻrisida koʻp narsa bilardi. Suv bosadigan pichanzordagi kumushrang supurgi oʻtlarga rahmi kelardi, juda gʻalatida bu supurgi oʻtlar, havoyi juda. Ularning ipakdek mayin popuklari shamolsiz yasholmaydi. Shamolni kutgani-kutgan, shamol qayoqqa essa, oʻsha yoqqa egilib, xuddi buyruqqa boʻysungandek, yoppasiga salom beradi. Agar yomgʻir quyib bersa yoki momaqaldiroq boshlanib qolsa bormi, giyohlar qayerga bosh suqishini bilmay qoladi. Toʻlgʻanadi, tiz choʻkadi, yer bagʻirlab qoladi. Oyoqlari boʻlganda-yu, ehtimol, koʻz yetgan joygacha qochib qolisharmidi… Yoʻq, ular oʻzlarini mugʻambirlikka solyapti. Momaqaldiroq tinsin-a, havoyi supurgi oʻtlar yana shamolning hukmida-shamol qayoqqa essa, ular ham oʻsha yoqqa egila boshlaydi.

Bola yolgʻiz, joʻralarsiz mana shu sodda – bayov narsalar qurshovida yashardi, avtolavkagina hamma narsani unutishga, koʻringanda chopishga majbur qila olardi. Shuning uchun koʻchma doʻkonni koʻrgan zahoti hamma narsani unutib, oʻzini oʻsha tomonga otardi. Nimasini aytasan, koʻchma doʻkon – bu senga allaqanday tosh yoki oʻtlar emas. Unda kishining jonidan boʻlak hamma narsa bor!

Bola uyiga yetib kelganida koʻchma doʻkon ham orqa tomondan hovliga yaqinlashib qolgan edi. Oʻrmon xoʻjaligi qorovulxonasiga qarashli bu uylar daryoga qaratib solingan. Hovlilar qiyalab qirgʻoqqa tutashar, daryoning narigi qirgʻogʻida esa oʻrmon suv yuvgan jar chetidan boshlanib, togʻga qarab koʻtarilib ketar edi. Shuning uchun ham oʻrmon xoʻjaligiga qarashli qorovulxonaga yoʻl uylarning orqa tomonidan aylanib kelardi. Bola oʻz vaqtida yetib kelmaganida koʻchma doʻkon kelganini hech kim bilmay qolardi.

Bu payt erkaklardan hech kim yoʻq, hammalari ertalaboq tarqab ketishgan, ayollar uy ishlari bilan mashgʻul edi. Bola ochiq turgan eshiklarning oldidan quloqni qomatga keltirib qichqirib oʻtdi:

– Keldi! Mashina-magazin keldi!

Ayollar tipirchilab qolishdi. Yashirib qoʻygan pullarini topish uchun yugurib qolishdi, uylaridan otilib chiqqanlaricha bir-birlaridan oʻzib ketishdi. Mashina oldiga chopishdi, hatto buvisi uni maqtab qoʻydi:

– Koʻzi oʻtkir-da, bizning bolaning!

Bola koʻchma doʻkonni oʻzi boshlab kelganday boshi osmonga yetgan edi. Bu xushxabarni ularga u yetkazgani, birga hovlidan chopib chiqqani, eshigi ochiq turgan avtofurgon oldida ular bilan tiqilishib turganidan xursand edi. Lekin ayollar bu yerda uni tez unutib qoʻyishdi. Unga qarashga vaqt bormidi? Ming xil mol – koʻz qamashadi. Ayollar bor-yoʻgʻi uch kishi: buvisi, bu yerning eng kattakon kishisi – oʻrmon qorovuli Oʻrazqulning xotini Bekey (Bekey – onasining opasi, unga xola) va yordamchi ishchi Seydahmadning xotini yoshgina Guljamol qizchasini koʻtarib olgandi. Bor-yoʻgʻi uch ayol. Lekin ular hovliqib, mollarni shunday titib tashlashdiki, oxiri sotuvchi ularning navbat kutishini va hammalari baravariga javramasliklarini talab qilishga majbur boʻldi.

Ammo uning soʻzi ayollarga unchalik taʼsir qilmadi: avval boshida ular bor narsani bir chekkadan tortqilay boshlashdi, keyin tanlashga tushishdi, oxiri tanlaganlarini ham qaytarishdi.

Bir chetga olib qoʻyishadi, oʻlchashadi, bahslashishadi, shubhalanib, bir soʻragan narsalarini oʻn qaytalab soʻrashadi. Biri yoqmaydi, ikkinchisi qimmat, uchinchisining rangi unchamas… Bola bir chetda turardi. U zerikdi. Zero, u kutgan gʻaroyib narsa yoʻqqa chiqqan, togʻ yoʻlida koʻchma doʻkonni birinchi bor koʻrgandagi quvonchi gʻoyib boʻlgandi. Koʻchma doʻkon kutilmaganda har xil lash-lushlar tiqilgan oddiy mashinaga aylanib qoldi.

Sotuvchining qovogʻi solina boshladi: bu xotin-xalaj biron narsa sotib olish uchun toʻplanishganga oʻxshamaydi. Togʻ oshib, buncha uzoq manzilga nima uchun ham keldi-a?

Shunday boʻldi ham. Ayollar shaxtlaridan qaytib shalvirab qolishdi. Bir oz charchaganday ham boʻlishdi. Negadir bir-birlarining oldidami yoki sotuvchi oldidami, oʻzlarini oqlashga tutpishdi. Buvi birinchi boʻlib, puli yoʻqligidan shikoyat qildi. Puli yoʻqning – xaridi yoʻq, Bekey xola eri yoʻqligi sababli kattaroq xarid qilishga botina olmadi. Bekey xola olamdagi hamma ayollar ichra eng baxtsizi – sababi, farzandi yoʻq. Shuning uchun eri Oʻrazqul mast boʻlganida uni doʻpposlaydi, bundan bobo ham jabr tortadi: axir Bekey uning qizi-da, Bekey xola mayda-chuyda va ikki shisha aroq oldi, Bekorga oddi, oʻziga jabr. Buvi oʻzini tutib turolmadi. Sotuvchi eshitmasin deb pichirlab soʻradi.

– Nega oʻz boshingga oʻzing baloni sotib olyapsan?

– Oʻzim bilaman, – qisqa javob qildi Bekey xola.

– Ahmoq, – yana ham sekinroq, lekin badxoxlik bilan shivirladi buvi. Sotuvchi boʻlmaganidami, Bekey xolaning boplab adabini berardi. E-he, ularning qargʻashganini bir koʻrsangiz…

Ularning joniga yosh juvon Guljamol oro kirdi. U oʻzining Seydahmadi shaharga tushishga tayyorlanayotganini, pulsiz shaharga borib boʻlmasligini, shu sababdan pul sarf qilolmasligini sotuvchiga tushuntira ketdi.

Shu tariqa ular koʻchma doʻkon oldida ivirsib turishdi-turishdi-da, sotuvchi aytgandek, “uch pul”ga narsa xarid qilib, uylariga tarqalib ketishdi. Shu ham savdo boʻldimi axir? Sotuvchi joʻnab ketgan ayollarning orqasidan tupurib qolarkan, tezroq rulga oʻtirib joʻnab ketish uchun qoʻqitib tashlangan mollarni yigʻishtira boshladi. Shu payt bolaga koʻzi tushdi.

– Nimaga turibsan, shalpang quloq? – soʻradi u. Bolaning quloqlari osilgan, boʻyni ingichka, boshi katta va yum-yumaloq edi. – Biron nima olasanmi? Olsang, tezroq kel, boʻlmasa hozir yopaman. Puling bormi?

Sotuvchi shunchaki oʻzi, bekorchilikdan soʻradi, lekin bola uzrli javob qildi.

– Yoʻq, amaki, pulim yoʻq, – deb bosh chayqab qoʻydi.

– Men boʻlsam puling bormi deb oʻylabman, – soxta ishonchsizlik bilan gap qotdi. – Siz bu yerdagilar hammangiz boysizlar, lekin oʻzlaringni kambagʻalga solib yurasizlar… Choʻntagingdagi nima u, pul emasmi, axir?

– Yoʻq, amaki, – dedi bola oldingidek samimiy va jiddiylik bilan yirtiq choʻntagini agʻdarib koʻrsatarkan (ikkinchisi tikib tashlangandi).

– Demak, pullaring tushib qolibdi-da. Chopgan joylaringni qidir. Topasan.

Ular jim qolishdi.

– Kimning bolasisan? – yana soʻroqqa tuta boshladi sotuvchi. – Moʻmin cholnimi, a?

Bola bosh irgʻab javob qildi.

– Nabirasi boʻlasanmi?

– Ha, – bola yana bosh silkidi.

– Onang qayokda?

Bola hech nima demadi. Uning bu haqda gapirgisi kelmasdi.

– Onang oʻzi haqida hech xabar bermaydimi? Oʻzing bilmaysanmi?

– Bilmayman.

– Otangni-chi? Uni ham bilmaysanmi? Bola jim qoldi.

– E, ogʻayni, qanaqasan oʻzing, hech nimani bilmaysan, – hazilomuz oʻpka qildi sotuvchi. – Ha, mayli, agar shunday boʻlsa… Ushla. – U bir siqim konfet uzatdi. – Sogʻ boʻl.

Bola iymanib turardi.

– Ol, ol. Meni yoʻldan qoʻyma. Ketishim kerak.

Bola konfetlarni choʻntakka solib, koʻchma doʻkonni yoʻlga uzatib qoʻyish uchun mashina orqasidan chopishga shaylandi. U oʻta baroq, tanbal koʻppagi Baltekni yoniga chaqirib oldi. Oʻrazqul hamisha uni otib tashlayman, deb doʻq qilib yuradi: bunday koʻppakni boqishning nima keragi bor. Bobosi har doim avval bironta ovcharka topish kerak, Baltekni esa biror joyga eltib tashlash lozim, deb sabr qilishni soʻraydi. Baltekning qornidan boʻlak tashvishi yoʻq. Toʻysa – uxlar, och boʻlsa, oʻzinikimi, begonami, farq qilmay, duch kelgan kishiga tama bilan suykalanar edi.

Mana shunaqa koʻppak edi Baltek. Baʼzida zerikkanidan mashina orqasidan chopib qolardi. Toʻgʻri, uzoqqa bormasdi. Jinday chopgach, orqasiga qaytardi. Dardisar it. Lekin baribir, it bilan chopish yolgʻiz chopishdan yuz marta maʼqul. Har nima boʻlmasin, itda.

Bola, sotuvchi koʻrmasin deb, sekingina Baltekka bitta konfet tashladi. “Bilib qoʻy, – koʻppakni ogohlantirib qoʻydi u, – uzoq chopamiz”. Baltek unga osilib, dumini likillatardi: yana umidvor edi. Lekin bolaning boshqa konfet tashlagisi yoʻq edi: axir sotuvchini xafa qilib qoʻyishi mumkin, u bir siqim konfetni itga bergani yoʻq-ku.

Xuddi shu mahal lop etib bobo kelib qoldi. Chol asalari qutilari tomonga ketgandi. U yerdan uylar orqasida nimalar boʻlayotgani koʻrinmasdi. Ish oʻngidan keldi, bobo ayni mahalda koʻchma doʻkon ketmay turib yetib keldi. Tasodif. Aks holda nabiraga portfel nasib qilmagan boʻlardi. Shu kuni bolaga baxt kulib bokdi.

Koʻpni koʻrgan kishilar keksa Moʻminni – Moʻmin chaqqon deb atashardi. Bu atrofda uni hamma tanirdi, u ham hammani bilardi. U ochiq koʻngilligi, hatto sal-pal biladigan odamiga ham biron yaxshilik qilishga tayyorligi, har kimning xizmatiga hoziru nozirligi, hammaga sadoqati va xushmuomalaligi tufayli shunday laqab olgandi. Ammo tillani tekin tarqatishganda hech kim uchun qadri qolmaganidek, uning jonbozligining qadriga ham hech kim yetmasdi. Uning yoshidagi kishilarga qanday hurmat va izzatda boʻlishmasin, Moʻminga hech kim bunday munosabatda boʻlmasdi. U bilan betakalluf muomala qilishardi. Bugʻu avlodining mashhur oqsoqollaridan birortasining ulugʻ maʼrakalarida Moʻmin bugʻu avlodidan boʻlib, bu bilan gʻoyatda faxrlanar va oʻz qabiladoshlaridan birontasining maʼrakasidan qolmasdi, unga mol soʻydirishar, martabali mehmonlarni qarshi olib, otdan tushirish, choy uzatishu oʻtin yorib, suv keltirishgacha hamma ishni unga topshiraverishardi. Turli tarafdan son-sanoqsiz mehmonlarni kutib olish lozim boʻlgan bunday katta maʼrakalarda ozmuncha tashvish boʻladimi? Moʻminga nima xizmat buyurilmasin, u ana-mana deguncha barini saranjom-sarishta qilar, eng muhimi – boshqalardek boʻyin tovlayvermasdi. Bu tumonat mehmonlarni kutib va ovqatlantirib joʻnatishi lozim boʻlgan ovul yoshlari Moʻminning bu ishlarni qanday qilib joyiga qoʻyayotganini koʻrib qoyil qolishardi:

– Moʻmin chaqqon boʻlmasa, biz nima qilardik-a? Baʼzida esa oʻz nabirasi bilan uzokdan kelgan chol choyxonachi yigitga qarashib ketardi. Moʻminning oʻrnida boshqa odam boʻlganda bu ishni haqorat deb bilardi, lekin Moʻmin parvo ham qilmaydi.

Keksa Moʻmin chaqqonning mehmonlarga yelib-yugurib xizmat qilishi hech kimni ajablantirmas – shuning uchun ham oʻz nomi bilan Moʻmin chaqqon-da. Moʻmin chaqqon boʻlishiga oʻzi sababchi. Agar chet odamlardan birontasi ajablanib, – hey qariya, nega xotinlarga dastyorlik qilib yuribsan, bu ovulda yosh yigitlar qurib ketganmi, – deb qolguday boʻlsa, Moʻmin shunday javob qilardi:

– Marhum mening ogʻam edi (u bugʻu avlodining hammasini oʻz ogʻasi sanardi. Lekin boshqa mehmonlar uchun ham ular yot emas, “ogʻa” edi). Ularning maʼrakasida men xizmat qilmasam kim xizmat qiladi? Biz, bugʻu avlodi, bosh onamiz – Shoxdor ona bugʻudan tarqalganimizdan buyon ana shundaymiz. Karomatli Shoxdor ona bugʻu esa bizga tirikda ham, oʻlikda ham doʻstlikni vasiyat qilib qoldirgan.

Moʻmin chaqqon mana shunaqa odam edi!

Keksa ham, yosh ham uni “san”lab gapirar, qaltis hazil ham qilaverishardi – chol beozor zdi, u bilan hisoblashmasa ham boʻlaverardi – chol bezabon edi. Oʻz hurmatini talab qilishning uddasidan chiqmagan kishini odamlar oyoqosti qilaveradi, deb bekorga aytishmagan-da. U shuning uddasidan chiqmasdi.

Uning qoʻli gul edi. Duradgorlik, egarchilik qilardi, yoshligidanoq pichan gʻaramlashning ustasi edi, kolxoz uchun shunday gʻaramlar yasardiki, qishda ularni buzishga koʻz qiymasdi: yomgʻir uning ustidan xuddi gʻozning patida sirgʻangandek silliq tushar, qor esa tomning ikki nishabiga tushgandek tushib ketardi. Urushda mehnat frontida Magnitogorskdagi zavodlarning gʻishtini terdi, staxanovchi boʻlib shuhrat qozondi. Qaytib kelgach, qorovulxonada yogʻoch uy qurdi, oʻrmonchilik bilan mashgʻul boʻldi. Yordamchi ishchi boʻlib hisoblansa ham, aslida, oʻrmonga koʻz-quloq edi, uning kuyovi Oʻrazqulning esa umri koʻpincha mehmondorchilik bilan oʻtardi. Boshliqlar bostirib keldimi, bas, Oʻrazqul ularni darhol oʻrmonga boshlar, ov uyushtirar, xullas, hamma narsaga mutasaddilik qilardi… Mollarga ham Moʻmin qarar, asalarilar ham uning boʻynida edi. Moʻminning butun umri erta tongdan qora kechgacha ishda, tashvishda oʻtdi, lekin hurmat talab qilishni oʻrganolmadi.

Moʻminning tashqi koʻrinishi ham moʻysafid keksalarga oʻxshamasdi. Sipogarchiligi ham, jiddiyligi, badjahlligi ham yoʻq. Oqkoʻngil edi u. Uning qadr topmaydigan bu insoniy xususiyatini bir qarashdayoq payqab olsa boʻlardi. Bunday qismat hamisha unga: “Oqkoʻngil boʻlma, yovuz boʻl! Mana, senga oqibat! Yovuz boʻl!” deb taʼkidlab kelsa ham, u oʻz xushfeʼlligini tashlamaydi. Uning yuzlari kulimsirab turar, ajinlari qat-qat edi. Koʻzlari esa har doim: “Nima istaysan? Biror ogʻiringni yengil qilaymi? Men tayyorman, faqat aytsang bas, nimaga muhtojsan?” – degandek moʻltirab turardi.

Burni ham yumshoq, oʻrdaknikiday yalpoq, bamisoli kemirchagi yoʻqday. Boʻyi ham koʻp baland emas, oʻsmirlarday chaqqongina chol. Soqol nima degan gap – shu ham nasib qilmagandi. Qip-qizil koʻsa. Yaydoq iyagida ikki-uchtagina sariq tuk bor, xolos. Bor-yoʻq soqol shu.

Bot-bot yoʻlda basavlat cholga duch kelasan-u soqoli koʻksiga tushgan, keng-moʻl poʻstinining yoqasiga ser-bar barra qoplangan, boshida qimmatbaho telpak, ostida egarlari kumushdan argʻumoq – bir qarasang donishmand, bir qarasang paygʻambar, bunday kishiga taʼzim qilgani hech tortinmaysan, bunday kishi hamma joyda izzatda! Moʻmin esa faqat Moʻmin chaqqon boʻlib tugʻilgan. Ehtimol, uning yolgʻiz ustunligi shunda ediki, u qanday oʻtirdim, bilib gapirdimmi, qanday javob qildim, qanday kulimsiradim deb tashvishlanmas, birovlarning oldida obroʻsi toʻkilishidan choʻchimasdi. Moʻmin mana shu maʼnoda, oʻzi sezmagan holda, kamdan-kam uchraydigan baxtli odam edi. Koʻp odamlarni kasallik emas, oʻz nazdida oʻzligidan kattaroq qoʻyishdek xudbinlik, alamzadalik balosi kemirib ado qiladi. (Dono, boobroʻ, xushroʻy, buning ustiga qattiqqoʻl, adolatli va jasur degan nom chiqarishni kim istamaydi?..)

Moʻmin esa bunday emasdi. U afandifeʼl edi va unga afandiga muomala qilgandek muomala qilishardi.

Faqat bir narsa Moʻminni qattiq xafa qilishi mumkin edi: birontasining maʼrakasini oʻtkazish uchun qarindoshlar toʻplanadigan kengashga uni chaqirishni unutib qoʻyishsa… U qattiq ranjir va buni unutolmay azob chekardi, gap – uni chetlab oʻtganlarida emas, u kengashda baribir hech nimani hal qilmas, faqat qatnashardi, xolos. Buning boisi qadimiy urf-odatning poymol boʻlgani edi.

Moʻminning oʻz tashvishlari bor, u bularning azobini tortardi, oqshomlarni koʻz yoshi bilan oʻtkazardi. Begonalar bundan deyarli xabarsiz. Yaqin kishilari esa bilishardi.

Moʻmin nabirasini koʻchma doʻkon oldida koʻrgandayoq uning nimadandir xafa ekanligini darhol fahmladi.. Sotuvchi musofir boʻlgani uchun chol dastlab u bilan soʻrashdi. Egardan tezgina sakrab tushib, darhol ikki qoʻlini sotuvchiga uzatdi:

– Assalomu alaykum, katta savdogar! – dedi u yarim hazil, yarim chin. – Karvoning omon-eson yetib keldimi, savdo-sotigʻing yaxshi boʻlyaptimi? – Moʻmin ochiq koʻngillik bilan sotuvchining qoʻllarini silkitdi. – Qancha suvlar oqib oʻtdi koʻrishmaganimizdan beri. Xush koʻrdik!

Sotuvchi uning soʻzlari va koʻrimsiz kiyim-boshi ustidan takabburona kulib qoʻydi – oʻsha-oʻsha besoʻnaqay kirza etik, kampir tikkan boʻz yshton, titilib ketgan kamzul, yomgʻir va oftobda sargʻayib ketgan kigiz qalpoq. Sotuvchi Moʻminga javob qildi:

– Karvon but. Faqat shunisi chatoqki, savdogar bu yoqqa kelganda, dumingizni tutqazmaysiz, oʻrmonga, qirga qochasiz. Xotinlaringizga bir tiyinni oʻn joyidan tugib saqlab qoʻyishni tayinlaysiz. Bu yerda molni uyub tashlasang ham biron kishi bir tiyin chiqargisi kelmaydi.

– Aybga qoʻshma, qadrdon, – xijolatomuz kechirim soʻradi Moʻmin. – Sening kelishingni bilganimizda ketmasdik. Pulni aytadigan boʻlsang, yoʻqni yoʻndirib boʻlmaydi. Mana kuzda kartoshkalarni sotamiz…

– Gapir-a, – uning soʻzini boʻldi sotuvchi. – Siz qurumsoq boylarni yaxshi bilaman. Togʻda yashaysiz, yer, pichan istaganingcha. Chor atrofing oʻrmon – uch kunda aylanib chiqolmaysan. Moling bormi? Asalaring bormi? Hammasi bor. Bir tiyin ustida esa azon aytasan. Mana, xarid qil, shoyi koʻrpa, tikuv mashinasidan bitta qoldi…

– Xudo haqqi, bunaqa pul yoʻq menda, – oʻzini oqladi Moʻmin.

– Shu gaplarimga ishonadi deb oʻylaysanmi? Qurumsoq chol, pul yigʻasan. Xoʻsh, qayerga olib ketasan?

– Xudo haqqi, yoʻq. Shoxdor ona bugʻu haqqiga qasam ichaman!

– Hay, mayli, chiy baxmal ol, yangi shim tiktirib olasan.

– Olgan boʻlardim, Shoxdor ona bugʻu haqqi!

– E-e, sen bilan tortishib oʻtirishdan foyda yoʻq, – sotuvchi qoʻl siltadi. – Bekor kelibman. Oʻrazqul qayoqda?

– Ertalab barvaqt Oqsoyga ketgandi. Choʻponlarda ishi bor…

– Mehmondorchilikda yurgan, chiqar, – oʻzicha tushungan boʻldi sotuvchi.

Noqulay jimlik choʻqdi.

– Sen xafa boʻlmagin, chirogʻim, – yana gap boshladi Moʻmin. – Kuzda, xudo xohlasa, kartoshkani sotamiz…

– Kuzgacha uzoq.

– Bunday boʻlsa, kechirgin. Xudo xayringni bersin, uyga kir, choy ichib ketasan.

– Choy ichgani kelganim yoʻq, – rad etdi sotuvchi. U furgonning eshikchasini yopib turib, cholning

yonida koʻppagining qulogʻidan ushlab mashina orqasidan chopishga shay boʻlib turgan bolaga koʻzi tushdi-da, dedi:

– Hech boʻlmasa portfel olgin. Bola hademay maktabga borar, albatta? Yoshi nechada?

Moʻminga bu maslahat maʼqul tushdi: hafsalasi pir boʻlgan sotuvchidan nimadir xarid qilishi shart edi, qolaversa, nabirasiga chindan ham portfel kerak, bu yil kuzda maktabga boradi.

– Toʻgʻri aytasan, – bezovtalanib qoldi Moʻmin, – mening xayolimda ham yoʻq edi. Boʻlmasa-chi, yetti-sakkizga chikdi. Qani, bu yoqqa kel, – nabirasini chaqirdi u.

Bobo choʻntagini kovlashtirib, yashirib yurgan besh soʻmlikni chiqardi. Koʻpdan beri yonida yurgan boʻlsa kerak, gʻijimlanib ketibdi.

– Ushla, shalpang quloq, – sotuvchi bolaga ayyorona koʻz qisib portfelni uzatdi. – Endi oʻqishni qotirgin. Xat-savodingni chiqarmasang, bobong bilan mana shu togʻlarda abadiy qolib ketasan.

– Oʻqiydi! Uning zehni oʻtkir, – qaytimni sanarkan, javob qildi Moʻmin. Keyin yangi portfelni avaylab ushlab turgan nabirasiga koʻz yugurtirdi-da, uni bagʻriga bosdi. – Mana, yaxshi boʻldi. Kuzda maktabga borasan, – deb qoʻydi sekingina.

Bobosi qadoq qoʻlini bolaning boshiga mayingina qoʻydi. Shu dam bolaning tomogʻiga nimadir tiqilganday boʻldi va qotma bobosi kiyimlarining oʻziga tanish hidi dimogʻiga urildi. Undan quruq pichan va mehnatkash kishining ter hidi kelardi. Sadoqatli, ishonchli, moʻtabar kishi u. Ehtimol, yer yuzida bolani jon-dilidan yaxshi koʻradigan, aqllilik balosiga uchragan kishi – Moʻmin chaqqon deb atalgan bu chol shunday sodda, afandifeʼl edi… Xoʻp, nimasi yomon buni? Har nima boʻlmasin, oʻz bobong boʻlgani yaxshi.

Cheksiz quvonchga toʻlishini bola xayoliga ham keltirmagandi. Shu paytgacha maktab haqida oʻylab koʻrmagandi. Shu paytgacha faqat bobosi bilan bugʻu avlodidan mashhur keksalarning maʼrakasiga borgandi – togʻlar ortidagi Issiqkoʻlda qishloqlaridan maktabga qatnagan bolalarni koʻrgandi.

Bola shu ondan boshlab portfeldan ayrilmay qoldi. Shodligidan terisiga sigʻmay maqtanib qorovulxonaning butun hovlisini aylanib chiqdi. Avval buvisiga koʻrsatdi. Mana, bobom olib berdi! Keyin Bekey xolasiga koʻrsatdi. U ham portfelni koʻrib xursand boʻldi va bolani maqtab qoʻydi.

Bekey xolaning xushnud damlari kamdan-kam boʻlardi. Koʻpincha gʻamgin va tajang yurar, jiyaniga eʼtibor ham qilmasdi. Bunga vaqti ham boʻlmasdi. Uning oʻz dardi bor. Buvisi, farzandi boʻlganda butunlay oʻzgacha yurardi, derdi. Eri, Oʻrazqul ham, Moʻmin bobo ham hozirgiday emas, balki boshqacha odam qiyofasida yurgan boʻlardi. Uning ikkita qizi – Bekey xola va bolaning onasi boʻlsa-da, baribir, cholga ogʻir edi; oʻz bolang boʻlmasa – bir balo, bolangda bola boʻlmasa – ming balo. Buvisi shunday deb zorlanadi. Kim bilsin…

Bola Bekey xolasidan soʻng olgan narsasini koʻrsatish uchun yoshgina Guljamol bilan uning qizchasi oldiga yugurdi. Bu yerdan esa pichan oʻrayotgan Seydahmad oldiga tupgab ketdi. Jigarrang “tuya” oldidan chopib oʻtarkan, uning oʻrkachlariga urib qoʻyishga ham vaqti boʻlmadi, “egar” yonidan, “boʻri” va “tank” yonidan oʻtib, keyin qirgʻoq boʻylab yugurib borardi. Yopishqoq butazor orasidagi soʻqmoq yoʻldan chopib oʻtdi. Soʻngra esa oʻtloqdagi uzun yoʻlakdan Seydahmadning oddigacha chopqillab keldi.

Bugun bu yerda Seydahmadning yolgʻiz oʻzi edi. Bobo allaqachon oʻzining tegishini, bir yoʻla Oʻrazqulning ham tegishini oʻrib qoʻygandi. Pichanni ham allaqachon tashib boʻlishdi – buvisi bilan Bekey xola tashib turdi, bobosi bosaverdi, u esa bobosiga yordamlashdi. Molxonaning oldiga ikkita gʻaram uyishdi. Bobosi ularni shunday ixcham bosdiki, bir tomchi yomgʻir ham oʻtmasdi. Gʻaramlar xuddi taroq bilan tarab qoʻyilgandek silliq edi. Har yili pgu. Oʻrazqul pichanga qoʻlini urmaydi, hammasi qaynotasining boʻynida – harholda u amaldor. – Istasam, – deydi u, – senlarni bir zumda ishdan haydab yuboraman. – U bobo bilan Seydahmadga pgunday doʻq qilardi. Bu ham mastlikning kasofati. Boboni haydab boʻpti. Unda kim ishlaydi? Bobosiz ishlab koʻrsinchi! Oʻrmonda ish oshib-toshib yotibdi, ayniqsa, kuzda. Bobom aytadiki, oʻrmon qoʻy suruvi emas, tarqalib ketmaydi, lekin tashvish undan oz emas. Shunga koʻra oʻt tushsa yoki togʻdan sel quyilsa bormi – daraxt biryoqqa sakray olmaydi, joyidan qoʻzgʻalmaydi, turgan joyida nobud boʻlaveradi, Kimki daraxtlarni asrab qololsa, oʻsha haqiqiy oʻrmonchi boʻla oladi. Oʻrazqul Seydahmadni haydab boʻpti, unday yuvosh odam bormi, Hech nimaga aralashmaydi, talashib-tortishmaydi. Biroq Seydahmad har qancha yuvosh, baquvvat yigit boʻlmasin, yalqov, uyquni yaxshi koʻradi. Oʻrmonchilikka ham shu vajdan kelib qolgan. Bobo, bunday yigitlar sovxozda mashina quvib, traktorda yer agʻdarib yurishibdi, deb kuyinadi… Seydahmad esa tomorqasidagi kartoshkani shoʻraga bostirib yubordi. Guljamolning bir oʻzi qoʻlda bolasi bilan tomorqada ishlashiga toʻgʻri keldi.

Seydahmad pichan oʻrimini ham kechiktirib yubordi. Bobo hatto oʻtgan kuni uni koyib berdi. “Oʻtgan qishda, – dedi u, – senga emas, mollarga ichim achidi. Shuning uchun pichan berdim. Agar yana men keksa cholning pichaniga koʻz tikadigan boʻlsang, hoziroq ayta qol, sen uchun ham oʻrishga tayyorman”.

Gap taʼsir qildi. Seydahmad bugun zrtalabdan oʻrimga tushib ketdi.

Orqadan kelayotgan qadam tovushini eshitib, Seydahmad qayrildi, koʻylagining yengi bilan yuzini artdi.

– Nimaga kelyapsan? Meni chaqirishyaptimi?

– Yoʻq. Portfel oldim. Mana. Bobom olib berdi. Men maktabga boraman.

– Shunga shunchalik chopib keldingmi? – Seydahmad xaxolab kuldi. – Moʻmin boboning esi kirarli-chiqarli boʻlib qolgan, – u barmogʻini chakkasiga bosib aylantirdi, – sen ham shunaqa chogʻi! Qani, qanaqa portfel? – U qulfchasini shiqillatib, portfelni u qoʻlidan bu qoʻliga oldi-da, kallasini liqillatgancha kulimsirab qaytarib berdi. – Toʻxta, – xitob qildi u, – sen qaysi maktabga ham borarding? Qayerda senga maktab tayyor turibdi?

– Qayerda boʻlardi? Fermadagi-da.

– Jilisoyga qatnamoqchimisan? – hayratlandi Seydahmad. – Axir u yoqqa togʻ osha besh kilometrcha yurish kerak, bundan kam zmas.

– Bobom, otda olib borib kelaman, dedi.

– Har kuni u yoqqa borib, bu yoqqa kelarkanmi? Esini yebdi chol. Uning oʻzini ham oʻqitish kerak. Sen bilan bir partaga oʻtiradi, dars tugadimi – qaytaveradi. – Seydahmad Moʻmin boboni nabirasi bilan bir partada oʻtirishini koʻz oddiga keltirib qotib-qotib kuldi.

Bola oʻyga tolib jim qoldi.

– Ha, men buni shunchaki kulgi uchun aytyapman-da! – tushuntirdi Seydahmad.

U bolaning burniga ogʻritmaygina chertib, boshidagi bobosining furajkasini tortib, qoshi ustiga bostirib qoʻydi. Moʻmin oʻrmon mahkamasining odatdagi furajkasini kiyishga or qilardi. (“Nima, men biron-bir boshliqmanmi? Men oʻzimning qirgʻiz qalpogʻimni boshqa hech qanaqasiga almashmayman”.) Yozda ham Moʻminning boshida qora sidirgʻa satin bilan hoshiyalangan yoʻl-yoʻl oq qalpoq – almisoqdan qolgan eski kigiz qalpoq, qishda ham shunday daqqiyunusdan qolgan teri taqiya boʻlardi. Oʻrmon ishchilarining odatdagi yashil furajkasini u nabirasiga berardi.

Seydahmadning yangilikni masxaraomuz qarshi olishi bolaga yoqmadi. U xoʻmrayib furajkasining soyabonini manglayi ustiga koʻtardi va Seydahmad yana burniga chertmoqchi boʻlganda boshini burib gʻijindi:..

– Tegishma!

– Obbo sen-yey, jahling tez ekan-ku! – miyigʻida kuldi Seydahmad. – Ha, sen xafa boʻlmay qoʻya qol. Portfeling ajoyib. – Keyin uning yelkasiga qoqib qoʻydi. – Endi tuyogʻingni shiqillat. Hali men ancha-muncha oʻrishim kerak…

Seydahmad kaftiga tufladi-da, yana oʻrishga tushib ketdi.

Bola esa yana chopganicha oʻsha soʻqmoqdan, yana oʻsha toshlar yonidan uyga qaytdi. Toshlar bilan ovunishga hali-beri vaqti yoʻq edi. Portfel – jiddiy narsa.

Bola oʻz-oʻzi bilan soʻzlashishni yaxshi koʻrardi. Lekin bu safar oʻziga emas, portfeliga soʻz qotdi: “Sen uning gapita ishonma, bobom unaqa emas. Uning sira shumligi yoʻq, shuning uchun ham undan kulishtani-kulishgan. Chunki quvlik-shumlikni bilmaydi. U biz ikkalamizni maktabga olib borib yuradi. Sen hali maktab qayerdaligini bilmaysan-a? U unchalik uzoq emas. Men senga uning qayerda ekanligini koʻrsataman. Biz unga Qorovultogʻdan durbinda qaraymiz. Men yana, senga oq kemani koʻrsataman. Faqat biz avval molxonaga kirib chiqamiz. U yerda durbinimni yashirib qoʻyganman. Men unda buzoqchamni kuzatib turishim kerak, lekin men, har kuni oq kemani koʻrishga chopaman. Buzogʻimiz katta boʻlib qoldi, tortib ketsa toʻxtatolmaysan, sigirni emib qoʻyadigan odat chiqardi. Sigir uning onasi, sutini undan ayarmidi. Tushunding-mi? Onalar hech qachon, hech nimani ayashmaydi. Mana, Guljamol shunday deydi, uning qizchasi bor… Tezda sigirni sogʻib boʻlishadi, keyin biz buzoqni yaylovga haydaymiz. Oʻshanda biz Qorovultoqqa chiqamiz-da, togʻdan turib oq kemani koʻramiz. Men axir durbin bilan ham xuddi ana shunday gaplashaman. Endi biz uchtamiz – men, sen va durbin…”

U shu zaylda uyga qaytdi. Portfel bilan gaplashish unga juda yoqib qoldi. U bu suhbatni davom ettirib, hali portfeliga nomaʼlum boʻlgan oʻzi haqidagi voqealardan soʻzlab bergisi kelib turganda, unga xalaqit berishdi. Yon tomonda otning dupur-dupuri eshitilib qoldi. Qishloq tarafdan boʻz otliq kelardi. Bu – Oʻrazqul. U ham uyga qaytayotibdi. Uning oʻzidan boshqa hech kimga minishga ruxsat etmaydigan Olabosh boʻz otiga toʻy-hashamlarda uriladigan mis uzangili egar urgan, koʻkrak qayishlari tortilib, qoʻngʻiroqli popukchalar osilgandi.

Oʻrazqulning qalpogʻi ensasiga surilib tutdib, soch qoplagan bir enli qizil past manglayi ochilib qolgan. Issiq elitgan uni. Rayon rahbarlari kiyadigan nusxadagi uncha kelishtirib tikilmagan chiy baxmal kitelining tutmalari boshdan oxirigacha yechilib ketgandi. Oq koʻylagi kamari tagidan chiqib yotardi. Qorni toʻq, kayfi baland. Bundan sal oldin mehmonda oʻtirib, qimizga toʻygan, burnidan chiqquncha goʻsht yegan edi.

Yon-atrofidagi choʻponlar va yilqichilar yozda yaylovga kelishlari bilanoq Oʻrazqulni tez-tez mehmonga chaqirishardi. Uning eski oshna-ogʻaynilari bor edi. Lekin bu takliflar tama bilan qilinardi. Oʻrazqul kerakli odam. Ayniqsa, togʻda yashab uy qurmoqchi boʻlganlar uchun u judayam kerak: molni tashlab biron yerga ketolmaysan, qurilish materiallarini qayerdan qidirasan, birinchi navbatda oʻrmonga kelishga majbursan. Oʻrazqulning koʻnglini topsang, qarabsanki, daraxt kesish taqiqlangan oʻrmondan ikkita-uchta yogʻochni tanlab olib ketasan-da.

Aks holda togʻda bir umr molning orqasidan sarson-sargardon boʻlib yuraverasan, uy qurishing ham bir umr choʻziladi…

Lohas boʻlgan karaxt Oʻrazqul xrom etigining uchini uzangiga ehtiyotsiz tirab, egarda mudrab borardi.

Bola qoʻlidagi portfelini silkitib roʻparasidan chopqillab chiqib qolganda, bu tasodifdan uning otdan uchib ketishiga sal qoldi.

– Oʻrazqul amaki, portfelimni koʻring! Men maktabga boraman. Mana mening portfelim!

– Obbo palakat-ye! – Oʻrazqul seskanib jilovni tortarkan, koyiy boshladi.

U bolaga uyqu aralash qizargan, shishgan, shirakayf koʻzlarini tiqdi:

– Nima qilib yuribsan, qayoqdan kelyapsan?

– Uyga ketyapman. Portfelimga qarang, uni Seydahmadga koʻrsatib kelyapman, – dedi bola mingʻirlab.

– Mayli, oʻynayver, – toʻngʻilladi Oʻrazqul va egarda omonatgina tebranib yoʻlida davom etdi. U oʻz takdiridan ranjib yurgan, xudo uni farzand dogʻida kuydirib, boshqalarga saxiylik bilan besh-oʻntalab bola berib qoʻygan bir paytda, bu ahmoqona portfel-u, ota-onasi tashlab ketgan, xotiniga jiyan boʻlmish bu bola bilan qanchalik ishi bor…

Oʻrazqul pishillab, xoʻrsinib qoʻydi. Afsus-nadomat va qahru gʻazabdan u boʻgʻilib borardi. U ich-ichidan zzilardi, negaki umri zoye oʻtyapti, shularni oʻylaganda, befarzand xotiniga nisbatan gʻazabi qaynab-toshardi. Buning bariga oʻsha laʼnati xotini aybdor, mana bir necha yildirki tugʻmayapti…

“Shoshmay tur hali!” – Oʻrazqul goʻshtdor mushtlarini siqib, xayolan doʻq urdi va hoʻngrab yigʻlab yuborishdan oʻzini arang tutib qoddi. U uyga yetishi bilan xotinini tutib urishni bilardi. Oʻrazqul mast boʻlganda hamisha shunday qilardi; bu hoʻkiztabiat erkak gʻam va jahldan aqlini yoʻqotib qoʻyardi…

Bola soʻqmoqdan izma-iz bora turib, oldinda birdan Oʻrazqulning gʻoyib boʻlganiga hayron qoldi. Oʻrazqul esa daryo tomon burilib, otdan tushdi-da, jilovni tashlab, oʻsiq oʻtlarni bosib-yanchgancha pastga tushib ketdi. U chayqalib va bukilib, yuzlarini qoʻllari bilan siqqanicha boshini yelkalari ichiga tortib borardi. Oʻrazqul qirgʻoq boʻyida choʻnqayib oʻtirib oldi. Daryodan hovuchlab suv olib yuziga sepa boshladi.

“Balki, issikdan boshi ogʻrigandir”, – Oʻrazqulning qilayotgan harakatidan shunday xulosaga keldi bola. Oʻrazqulning yigʻlayotganini va hech oʻpkasini bosib ololmayotganini u bilmasdi. U shuning uchun yigʻladi-ki, unga peshvoz chiqqan bola uning oʻgʻli emas, shuning uchun yigʻladiki, u portfelli bu bolaga hech boʻlmaganda bir ogʻiz shirin soʻz aytish uchun oʻzida kuch topolmadi.

 

IKKINCHI BOB

 

Qorovultogʻ choʻqqisidan hammayoq yaqqol koʻrinib turardi. Bola qorni bilan yotib olib durbinni koʻziga toʻgʻriladi. Bu oʻtkir dasht durbini edi. Qachonlardir boboga qorovulxonadagi uzoq yillik xizmatlari uchun mukofotga berishgandi. Chol durbinni olib yurishni yoqtirmasdi. Oʻzimning koʻzlarim undan qolishmaydi, derdi. Biroq durbin nabirasiga yoqib qoldi.

Bu safar u togʻga durbin va portfel bilan birga keldi. Boshda hamma narsa yumaloq oynachada sakrab aralashib ketaverdi, keyin birdan tinikdik va turgʻunlik kasb etdi. Mana shunisi hammasidan zavkdi edi. Bola topilgan fokusni buzib qoʻymaslik uchun nafasini ichiga yutar, manzaralarni goʻyo oʻzi yaratayotgandek mahliyo boqardi. Keyin u nigohini boshqa nuqtaga tikdi, yana hamma narsa aralashib ketdi, tiniqlik yoʻqoldi. Bola yana okulyarni aylantirishga tushdi.

Bu yerdan atrofdagi hamma narsa, hatto osmonoʻpar yuksak qorli choʻqqilar ham koʻrinib turardi. Ular hamma togʻlarning ortida, hamma togʻlardan baland, butun yer uzra yuksaklikka boʻy choʻzgandi. Qorli choʻqqilar poyidagi oʻrmonzor togʻlar, pastroqdagi serbarg butazorlar, yuqorida qalin qaragʻayzorlar bilan burkangan togʻlar ham koʻrinib turadi. Kunga qaragan Kungay togʻi ham shunday edi; Kungayning pastki tomonlarida oʻtdan boʻlak hech nima oʻsmasdi. Togʻning koʻlga qaragan tomonidan yanada pastroq tushilganda nuqul mayda toshlar koʻchmasiga duch kelinardi. Bu koʻchmalar vodiyga quyilib tushgan, vodiy esa koʻl bilan tutashib ketgandi. Bu tarafda dalalar, bogʻlar, qishloqlar yastanib yotardi… Yam-yashil ekinzorlarning u yer-bu yeri sargʻish tus olgan, oʻrim payti yaqinlashyapti. Yoʻllarda zigʻirday koʻrinayotgan mashinalar xuddi sichqonlardek gʻizillar, ular orqasidan uzun dum – chang-toʻzon koʻtarilardi. Dalaning arang koʻz ilgʻab oladigan uzoq chekkasida, qumlokdan, tasma tortgan qirgʻoq ortida ulkan koʻl toʻq samoviy rangda tovlanardi. Bu – Issiqkoʻl. U yerda suv bilan osmon bir-biriga tutashib turardi. Undan narida hech nima yoʻq. Koʻl harakatsiz, shuʼlador, kimsasiz. Faqat qirgʻoqqa urilayotgan toʻlqinlarning oppoq koʻpigini arang ilgʻab olish mumkin.

Bola oʻsha tomonga uzoq qarab turdi. “Oq kema hali koʻrinmayapti, – dedi u portfelga. – Kel, yana bir marta maktabimizga qaraylik”.

Bu yerdan togʻning ortidagi qoʻshni pasttekislik ravshan koʻrinardi. Hatto durbinda uy oldidagi deraza ostida oʻtirib olib, qoʻlda kalava yigirayotgan kam-pirgacha kuzatsa boʻlardi.

Jilisoy bagʻri daraxtsiz, faqat onda-sonda qirqilmay qolgan, yakkam-dukkam qaragʻaylar oʻsib yotardi. Qachonlardir bu yerlar oʻrmonzor boʻlgan. Endi usti shifer bilan yopilgan qator molxonalar turar, katta qoramtir goʻng va somon uyumlari koʻzga tashlanardi. Bu yerda sut fermasining zotdor buzoqlarini saklashar va boqishardi. Molxonalardan uncha uzoq boʻlmagan joyda bir parchagina qishloq – chorvadorlar posyolkasi joylashgan. Qishloqcha tepalikdan pastga tomon choʻzilib tushgan edi. Qishloqning eng chekkasida, koʻrinishdan turar joyni eslatmaydigan kichkinagina uy turardi. Toʻrt yillik maktab mana shu edi. Yuqori sinflarning oʻquvchilari sovxozga, maktab-internatga qatnashardi. Bu yerda esa kichkintoylar oʻqishardi.

Bola tomogʻi ogʻriganda bobosi bilan shu posyolkadagi feldsher huzuriga kelgandi. Endi u kulrang cherepitsa bilan yopilgan, yolgʻiz trubasi qiyshayib turgan, qoʻlda yasalgan taxta-lavhada: “Mektep” deb yozib qoʻyilgan kichkinagina maktabga durbindan uzoq tikilib turdi. U oʻqiy olmasa-da, xuddi shu soʻz yozilganini faraz qildi. Durbindan hamma mayda-chuyda narsalar aniq-tiniq koʻrinib turardi. Devor suvogʻiga tirnab yozilgan allaqanday soʻzlar va deraza romlariga yelimlab yopishtirilgan oynalar, ayvonning gʻadir-budur taxtalari koʻzga chalinardi. U qoʻlda portfeli bilan bu yerga kelishni va hozir kattakon qulf osigʻliq turgan anovi eshik ostonasidan qanday hatlab oʻtishini tasavvur qilib koʻrdi. Oʻsha eshik orqasida nima bor, nima boʻladi?

Bola maktabni tomosha qilib boʻlgach, durbinni yana koʻlga toʻgʻriladi. Lekin u yerda hamma narsa ilgarigidek edi. Oq kema hali koʻringancha yoʻq. Bola teskari oʻgirildi-da, durbinni bir chetga qoʻyib, pastga, togʻ tubiga qaray boshladi. Pastda, shundoq togʻning tagida choʻzinchoq pastqamlik boʻylab joʻshqin serostona daryo kumushdek tovlanib oqardi. Qirgʻoqdan daryo boʻylab yoʻl ketgan va u daryo bilan birga qoya burilishida koʻzdan gʻoyib boʻladi. Roʻparadagi qirgʻoq jarlik va oʻrmonzor edi. Naq togʻlar tepasidagi qorlargacha choʻzilib ketuvchi noyob San-Tosh oʻrmonzori mana shu yerdan boshlanardi. Eng tepada qaragʻaylar oʻsardi. Ular toshlar va qorlar orasida togʻ tizmalarining qirrasidaga qoramtir taroqlardek dikkayib turardi.

Bola uylarga, bostirmalarga, qorovulxona hovlisidagi qurilishlarga masxaraomuz qarab chiqdi. Ular yuqoridan kichkina va omonat koʻrinardi, Qorovulxonadan nariroqda, qirgʻoq boʻyida u oʻzining tanish toshlarini topdi. “Tuya”, “boʻri”, egar”, “tank” – hammasi joyida, ularning hammasini birinchi marta durbinda mana shu yerdan – Qorovultogʻdan turib kuzatgan, oʻshanda ularga ot qoʻygandi-da.

Bola miyigʻida kulib oʻrnidan turdi va uylar tomonga tosh yumalatdi. Tosh shu yerning oʻzida, togʻning ustidayoq qola qoldi. Bola yana joyiga oʻtirdi-da, durbindan qorovulxonaga qaray boshladi. Avval linzalarning kattasidan kichigi tomonga tutib qaray boshladi – uylar uzoq-uzoqlarga siljib, oʻyinchoq qutichalarga aylanib qoldi. Xarsanglar kichkina toshchalar holiga keldi. Daryoning qirgʻoqqa yaqin yerdagi sayoz joyida bobosi qilgan koʻlob esa kulgili, chumchuqning inicha kelardi. Bola bosh chayqab kulimsiradi-da, durbinni tez aylantirib, okulyarni toʻgʻrilay boshladi. Uning ulkan shaklga kengaygan suyukli xarsang toshlari durbinning oynalariga manglayini tirab turganday tuyuldi. “Tuya”, “boʻri”, “egar”, “tank” kemtik-yoriklari, yon-veridagi sargʻaygan otquloqlari bilan juda haybatli va eng muhimi, ular haqiqatan ham bola atagan narsalarga juda oʻxshardi. “Eh, sen qanday zoʻr “boʻri”san! “Tank”ni qara, dahshatli!..”

Xarsang toshlar ortidagi sayozlikdan bobo koʻlob qilgandi. Durbindan qirgʻoqdagi mana shu joy yaqqol koʻrinib turardi. Shitob bilan oqqan suv bu yerdan, keng toshloq sayozlikdan qiyalab oʻtar va toshlar ustidan koʻpirib oʻtardi-da, yana shiddatli oqimga kelib qoʻshilib ketardi. Sayozlikdagi suv tizzadan kelar, lekin oqimi shunchalik kuchli ediki, bolalarni daryoga oqizib ketishi hech gap emasdi. Oqim surib ketmasligi uchun bola qirgʻoq boʻyidagi tolning shoxini ushlab olardi. Tol butalari ayni qirgʻoqning chekkasida oʻsib chiqqan boʻlib, bir shoxi yerda, bir shoxi suvda, naq suvga botib turardi. Buning nimasi choʻmilish? Bogʻlab qoʻyilgan otdan farqi yoʻq, Buning ustiga yana qancha dilsiyohlik, soʻkish eshitishlar! Buvisi bobosiga uqtirardi:

“Daryoga oqib ketsa oʻzidan koʻrsin – qoʻlimni choʻzmayman. Endi shunisi yetmay turgan edi. Oʻz ota-onasi tashlab ketdi, Menga boshqa tashvishlar ham yetib ortadi, majolim yoʻq”.

Unga nima deb boʻladi? Kampir bu hisobda toʻgʻri gapirayotir. Lekin bolaga ham rahming keladi-da: daryo yonginasida, naq zshigining ostida. Kampir qancha qoʻrqitmasin, bola baribir suvga tushaverdi. Mana shundan keyin Moʻmin chol bola bexatar choʻmilsin, deb, sayozlikda toshlardan koʻlob qilishga qaror qildi.

Moʻmin chol oqim yumalatib ketmasligi uchun qanchadan-qancha katta toshlarni tanlab koʻtarib keldi. Ularni qorniga qoʻyib tashidi, toshlar orasidan suvning bemalol oʻtib turishini hisobga olgan holda ularni suvning ichida tik turib, shunday taxlab terdiki, suv haqiqatan ham bemalol oqadigan boʻldi. Siyrak soqolli qotma chol hoʻl ishtonlari badaniga yopishgan, kulgili holda kun boʻyi shu toʻsiq bilan ovora boʻldi. Kechqurun esa zoʻriqib yoʻtaldi, belini ololmay qoldi. Shunda buvisi javrab berdi:

– Kichkina ahmoq-ku – oʻz oti bilan kichkina, katta ahmoqqa kim qoʻyibdi bu ishlarni? Namuncha jon kuydirmasang? Yedirasan, ichirasan, yana nima kerak? Buncha erkalatmasang. Eh, bu yaxshilikka olib bormaydi…

Nima boʻlmasin, sayozlikda ajoyib koʻlob paydo boʻldi. Endi bola hech qoʻrqmasdan choʻmilardi. Shoxchadan ushlaganicha qirgʻoqdan pastga tushar va oqimga oʻzini otardi, otganda ham hamisha suvga koʻzini ochgan boʻyi tushardi. Shuning uchun koʻzini ochiq tutardiki, baliqlar ochiq koʻz bilan suzib yuradi-da. Uning gʻalati orzusi bor: u baliqqa aylanib qolishni va uzoq-uzoqlarga suzib ketishni xayol qilardi.

Bola hozir durbindan koʻlobga qarab turib, koʻylak-ishtonini yechib, qip-yalangʻoch junjikib suvga tushishini tasavvur qildi. Togʻ daryolarining suvi hamisha sovuq, entiktiradi, lekin keyin koʻnikib qolasan. Tolning shoxchasini ushlab, oqimga yuzi bilan otilishini koʻz oldiga keltirdi. Boshi uzra suv shovullagancha qoʻshilib ketadi, qorni ostidan, yelkalari, oyoqlari ustidan suv qaynab oqib oʻtadi. Suv ostida tashqaridagi hamma tovushlar tinib, quloqlarda faqat suvning shildirashi qoladi. U koʻzlarini katta-katta ochib, suv ostida nimaiki koʻrinsa, bariga jon-jahdi bilan tikiladi. Koʻzlari sanchib ketadi, ogʻriydi, lekin u magʻrur jilmayadi, hatto suvda turib tilini koʻrsatadi. Buni u buvisiga koʻrsatmoqchi. Bilib qoʻysin, u hech qayerda ham choʻkmaydi va hech qayerda hech nimadan qoʻrqmaydi. Keyin u qoʻlidagi shoxchalarni qoʻyib yuboradi, toki u oyoqlari bilan toʻsiqdagi toshlarga tiralib qolmagunga qadar suv uni surib ketaveradi. Shu yerda nafasi ham qaytadi. U suvdan sapchib turadi, qirgʻoqqa chiqadi va yana tol shoxchasi tomon chopqillab ketadi. Bu takrorlanaveradi. U bobosi yasagan koʻlobda kuniga yuz marta choʻmilishga ham tayyor. Xullas, baliqqa aylanmaguncha choʻmilaveradi. Qanday boʻlmasin, uning baliqqa aylanishi shart…

Bola daryo qirgʻogʻini tomosha qila turib, durbinni oʻzlarining hovlisiga toʻgʻriladi. Tovuqlar, kurka tovuqlar joʻjalari bilan toʻnkaga suyab qoʻyilgan bolta, tutab yotgan samovar, hovlidagi turli-tuman narsalar aql bovar qilmaydigan darajada kattalashib, shunday yaqinga kelib qoldiki, bola beixtiyor ularga qoʻlini choʻzdi. Shu payt, falokat bosib arqonga yoyilgan kirni bamaylixotir yamlayotgan qoʻngʻir buzoqcha durbinda filday koʻrinib qoldi-yu, jon-poni chiqib ketdi. Buzoqcha huzur qilganidan koʻzlarini qisib olgan, lablaridan soʻlak oqib turardi – u kampirning koʻylagini ogʻiz toʻldirib chaynashda maza qilayotgandi.

– Eh, sen jinni! – Bola durbinni ushlagancha oʻrnidan turdi va qoʻlini silkiy boshladi. – Qani yoʻqol, eshityapsanmi, yoʻqol naryoqqa! Baltek, Baltek! (Kuchuk obʼyektivda uyning tagida pinagini buzmay yotardi.) Tishla, tishla uni! – jon achchigʻida itga buyruq qilardi u, Lekin Baltek parvo ham qilmay, goʻyo hech nima boʻlmagandek soyada choʻzilib yotardi.

Xuddi shu mahal uydan buvisi chiqib qoldi. Nima boʻlayotganini koʻrib qolgan kampir qars urdi. Supurgini qoʻliga oldi-da, buzoqqa tashlandi. Buzoq qochdi, kampir orqasidan quvdi. Bola durbindan ularga tikilgan boʻyicha togʻdan koʻzga tashlanib qolmaslik uchun oʻtirib oldi. Buzoqni quvgan kampir alamdan va yugurishdan boʻgʻilib javragancha uyga joʻnadi. Bola uni xuddi yonma-yon turgandek, hatto yonma-yon turganidan ham yaqinroq koʻrdi. Bola buvisini xuddi obʼyektivda biror kishini katta qilib koʻrsatgandek ravshan koʻrib turdi. Bola uning jahldan qisilgan sargʻish koʻzlarini, qat-qat burishgan ajinli yuzining qizarib ketganini koʻrdi. Xuddi birdan ovozi yoʻqolib qolgan kinodagidek, durbinda kampirning yakkam-duk-kam tishlari koʻrinib, lablari ovozsiz tez-tez qimirladi. Kampirning nima deb qichqirayotganini uzoqdan eshitib boʻlmasdi, lekin bola uning soʻzlarini xuddi qulogʻi ostida jaranglayotgandek aniq va barala eshitardi. Uh, kampir uni rosa koyirdi! Bola nima deb qargʻayotganini yoddan bilardi: “Qani, qarab tur. Qaytib kelarsan-ku. Dodingni beraman. Bobongga ham qaramayman. Necha marta aytdima, shu jinnilarning oʻyinchogʻini yoʻqotgin deb. Yana toqqa qochib ketgan. Xudo koʻtarsin oʻsha kemangni, oʻt tushsin, choʻkib ketsin”.

Bola togʻ tepasida ogʻir xoʻrsindi. Portfel olgan, maktabga qanday otlanishni orzu qilib turgan shunday bir kunda buzoqni koʻzdan qochirsaya…

Kampir javrashni qoʻymasdi. U koyib turib, chaynab tashlangan koʻylagiga tikilib qaradi. Uning oldiga Guljamol qizchasini olib chiqdi. Buvi unga shikoyat qila turib, tutoqib ketdi. Mushtini tugib togʻ tomonga doʻlaytirdi. Uning qoq suyak boʻlgan johil mushti okulyar oldida uzoqdan dagʻdagʻa solib turardi. “Ermak topding oʻzingga. Xudo koʻtarsin kemangni. Oʻt tushsin, choʻkib ketsin…”

Hovlidagi samovar qaynadi. Qopqoq ostidan burqsib koʻtarilayotgan bugʻ durbinda koʻrinib turardi.

Bekey xola samovarni olib ketgani chikdi. Buvisining yana jazavasi tutdi. Ma, jiyanchangning qilmishini koʻrib qoʻy degandek, chaynab tashlangan koʻylagini uning burniga tiqdi.

Bekey xola uni tinchitmoqchi, yupatmoqchi boʻldi. Bola uning nimalar deb taskin berayotganini bilib turardi. Har qachongidek, bu safar ham shunday deyayotgandir: “Xafa boʻlmang, znajon. Esi yoʻq, goʻdak hali – nimasidan xafa boʻlasiz. Bu yerda bironta joʻrasi yoʻq, bir oʻzi. Qichqirish, goʻdakni qoʻrqitishdan nima foyda”. Bunga buvining ham javobi shubhasiz, aniq: “Sen menga oʻrgatma. Sen oldin oʻzing tugʻib koʻr, bolalarni tergashni oʻshanda bilasan. U nima qilib togʻda sanqib yuribdi? Buzoqni arqonlab qoʻyishga vaqti yoʻq. Togʻda u nimaga buncha tikilgani-tikilgan? Sayoq ota-onasining yoʻligami? Uni tuqqanlar turli tarafga qochib ketishdi. Senga yaxshi-da, bepusht…”

Bola hatto shunday uzoq masofadan turib durbinda Bekey xolaning ich-ichiga botgan yuzlarining qanday oqarib-boʻzarib ketganini, butun vujudi bilan titrab-qaqshab oʻgay onaning yuziga – bola xolasining qanday javob qilishini aniq bilardi – toʻrsillatib gapirib tashlaganlarini bilib turdi: “Sen oʻzing jodugar kampir, qancha oʻgʻil-qiz oʻstirib qoʻyding? Oʻzing kim boʻlibsan?”

Gʻala-gʻovur boshlandi! Buvi jahldan uvvos sola boshladi. Guljamol ayollarni yarashtirishga urinib, buvini quchoqlab, yupatgani uyga olib kirmoqchi boʻlar, u esa, battar tutoqib, hovlida jinnilardek u yoqdan bu yoqqa zir yugurardi. Bekey xola qaynab yotgak samovarni koʻtargancha dogʻ suvni toʻkib-sochib, chopgak koʻyi uyga olib kirib ketdi. Buvi esa toliqib, mollarga suv quyiladigan nov tomonga tushib ketdi. U hoʻngragancha yigʻlab oʻz taqdiridan qattiq kuyinardi. Bolani unutdi, zndi yaratgan parvardigorning oʻziga, bu foniy dunyoning beparvoligiga yopishib ketdi. “Hali menga osilyapsanmi? Sen mening kimligimni soʻrayapsanmi? – buvi oʻgay qizning orqasidan gʻazablanardi.– Agar meni xudo jazolamaganda, agar u mening besh goʻdagimni bagʻrimdan yulib olmaganda, yolgʻiz oʻgʻlim oʻn sakkiz yoshida urushda oʻqqa uchmaganda, cholginam, mehribonginam Taygʻar suruv bilan boʻronda qotib qolmaganda, men siz, oʻrmon odamlarining orasida yurarmidim? Men senga oʻxshaymanmi, senga-ya, tugʻmas? Men qarigan chogʻimda sening jinnisifat otang Moʻmin bilan yashab yurarmidim? Qaysi aybim – gunohlarim uchun sen meni buncha qiynading, laʼnati xudo?

Bola koʻzdan durbinni olib, gʻamgin bosh egdi. “Biz endi uyga qanday qaytamiz? – Sekingina portfelga soʻz qotdi u. – Buning hammasiga men sababchi, jinni buzoq sababchi. Yana sen ham sababchisan, durbin. Oq kemaga qaragani har safar meni sen chaqirasan. Sen ham aybdorsan”.

Bola atrofga razm soldi. Chor atrof togʻ – qoya, oʻrmon. Tepalikdan, muzlar qoʻynidan boshlangan irmoqlar yarqirab jilvalanganicha ohista pastga oqib tushar va faqat shu yerga, pastga tushgandan keyingina daryo boʻlib tinimsiz hayqirib yotish uchun ovoz paydo qilgandek boʻlardi. Togʻlar esa ulkan va nihoyasiz, koʻkrak kerib turardi. Bola oʻzini shu daqiqalarda bagʻoyat kichik, bagʻoyat yolgʻiz, butunlay unutilgan his qilardi. Faqat togʻlar bor uning yonida, togʻlar, chor atrofda baland togʻlar.

Quyosh koʻl tomonga ogʻa boshladi. Havo unchalik issiq emasdi. Sharq tarafdagi qiyaliklarga birinchi, kalta soyalar tushdi. Quyosh endi tobora pastga yoʻnalaveradi, soyalar esa pastga, togʻlar poyiga choʻzilaveradi. Odatda, kunning ayni shu mahalida Issiqkoʻlda oq kema koʻrinardi.

Bola durbinni koʻzga tashlanib turgan oʻsha eng uzoqdagi joyga burdi va nafasini yutib kutib turdi. Ana u! Hamma narsa birdan unutildi: u yerda, oldinda. Issiqkoʻlning koʻm-koʻk sathida oppoq kema paydo boʻldi. Mana, qalqib chiqdi. Ana u! Trubalari qator tizilgan, oʻzi kuchli va chiroyli. U xuddi ip tortib qoʻygandek toʻgʻri va bir tekis suzib borardi. Bola shosha-pisha durbin oynalarini koʻylagining etaklari bilan artdi-da, yana okulyarni toʻgʻrilay boshladi. Kemaning koʻrinishi yanada tiniqroq boʻla boshladi. Endi uning toʻlqinlararo qanday chayqalib, quyrugʻi ortidan qanday oppoq koʻpikli iz qoldirib ketayotganligini ilgʻasa boʻlardi. Bola oq kemadan koʻz uzmay unga zavq bilan tikilardi. Bolaning ixtiyorida boʻlganda edi, u suzayotgan odamlarni koʻrmoq mumkin boʻlishi uchun oq kemani yaqinroq suzib kelishga yolvorib koʻndirgan boʻlardi. Lekin kema bulardan bexabar edi. U oʻz yoʻlidan, kim biladi, allaqayokdan chiqib, allaqayoqqa, ohista va ulugʻvor suzib borardi.

Kemaning suzib borishi uzoq vaqt koʻrinib turdi, bola ham uzoq vaqt baliqqa aylanib, daryo boʻylab unga, oq kemaga qarab suzib ketishi haqida xayol surib qoldi…

Bola bir kuni Qorovultogʻdan turib koʻm-koʻk Issiqkoʻlda oq kemani birinchi marta koʻrib qolganida uning goʻzalligidan yuragi gupirib, darhol otasini – issiqkoʻllik matrosni – xuddi shu oq kemada suzayotir, degan qarorga kelgandi. Bola oʻzi bunga ishonar, chunki u shunday boʻlishini juda-juda istardi.

U na otasini, na onasini eslay olardi. Bola ularni biron marta ham koʻrmagan. Ularning hech qaysi biri uni biron marta yoʻqlab kelmagan. Lekin bola bilardi: otasi Issiqkoʻlda matros, onasi esa otasidan ajrashganidan soʻng, oʻgʻlini boboda qoldirib, oʻzi shaharga ketgan. Ketganu, shu boʻyi gʻoyib boʻlgan. Togʻ ortidagi, koʻl ortidagi, yana tagʻin togʻ ortidagi uzoq shaharga ketgan.

Moʻmin bobo kunlardan birida oʻsha shaharga kartoshka sotgani borgandi. Rosa bir hafta yoʻq boʻlib ketib, qaytgach, choy ustida Bekey xola bilan buviga qizini, yaʼni bolaning onasini koʻrganini gapirib bergan. U allaqanday katta fabrikada toʻquvchi boʻlib ishlar ekan. Uning yangi oilasi – ikki qizi boʻlib, ularni bolalar bogʻchasiga topshirar va haftada bir martagina koʻrar ekan. Katta turar joyda, lekin katalakdek xonada yashashar ekan. Hovlisida esa xuddi bozordagiday birov-birovni tanimasmish. Hamma uyiga kirdi deguncha eshigini qulflab olarmish. Xuddi turmadagiday, hamisha qamalib oʻtirisharmish. Eri shofyor boʻlsa kerak, avtobusda odamlarni koʻchama-koʻcha tashib yurarkan. Ertalab soat toʻrtda ketib, kech qaytarkan. Ishi ogʻir ekan, deb hikoya qilardi chol. Zor yigʻlab, kechirim soʻradi. Ular yangi kvartira olish uchun navbatda turishibdi. Qachon olishadi – nomaʼlum. Lekin qachon olishsa, eri koʻnsa, oʻgʻlini olib ketmoqchi. Mendan picha kutib turishni iltimos qildi. Moʻmin bobo unga, gʻam yemagin, debdi. Eng muhimi – er bilan murosa qilib yashash, boshqasi bitib ketaveradi. Oʻgʻlining ham koʻp gʻamini tortmasin. “Toki men tirik ekanman, bolani hech kimga bermayman, agar oʻlsam – xudo uni oʻzi bir yoʻlga solar, tirik odam oʻz takdirini topib ketar…”

Cholning gaplarini eshitgan Bekey xola bilan buvi darhol xoʻrsinib va hatto barobariga jinday koʻz yoshi qilib olishdi.

Xuddi shu oʻtirishda gap aylanib kelib, bolaning otasi haqida ham soʻz ochib qolishdi. Boboning aytishicha, uning avvalgi kuyovi, bolaning otasi, hali ham allaqaysi kemada matros boʻlib xizmat qilarmish, uning ham yangi oilasi, ikkitami, uchtami bolasi bor emish. Pristan yaqinida yasharmish. U chamasi ichishni tashlaganmish. Yangi xotini har safar bolalari bilan uni qarshi olgani pristanga chiqarmish. “Bundan chikdi, – oʻyladi bola, – ular mana shu kemani – uning kemasini qarshi olishar ekan-da…”

Kema sekin uzoqlashib borardi. Trubasidan tutun burqsitib, koʻlning koʻm-koʻk silliq sathida suzib borayotgan bu oppoq va uzun kema, baliqqa aylangan bolaning oʻzi tomon suzib kelayotganini bilmasdi.

U shunday baliqqa aylanib qolishni orzu qilardi-ki, baliqning hamma joyi – tanasi, dumi, suzgich qanotlari, tangachalari unga oʻtsa-yu, faqat ingichka boʻyinli, shalpang quloqli, tirnalgan burunli boshi oʻzida qolsa bas. Koʻzlari ham oʻzicha qolsin. Lekin xuddi hozirgiday emas, chin baliqlarday koʻradigan boʻlishsin.

Bolaning kipriklari xuddi buzoqnikiga oʻxshash uzun-uzun boʻlib, hamisha oʻzidan-oʻzi nimagadir pirpirab turardi. Guljamol, qizimning ham kipriklari shunday boʻlgandami, qanday chiroyli boʻlardi! – deydi. Chiroyli boʻlishning nima keragi bor? Shaxsan unga chiroyli koʻzlarning keragi yoʻq, unga suv ostida koʻra oladigan koʻzlar kerak.

Bobo yasagan koʻlobga kelganda u baliqqa aylanadi. Bir qarabsizki – u baliq-da. Soʻngra koʻlobdan daryoga, naq pishqirib shiddat bilan oqayotgan daryoga sakrab oʻtardi va oqim boʻylab suv ostiga shoʻngʻib ketardi. Keyin ham shu tarzda sakrab-sakrab atrofga nazar tashlab boradi, qizigʻi yoʻq joylarda faqat suv ostida suzardi. U joʻshqin daryo oqimida qizil tuproqli katta jarlik boʻyidan, daryo ostonalari va toʻlqinlaridan, togʻlar va oʻrmonlar yonidan oqib oʻtadi. U oʻzining suyukli xarsang toshlari bilan xayrlashadi: Xayr, “choʻkib yotgan tuya”, xayr, “boʻri”, xayr, “egar”, xayr, “tank”. Qorovulxona yonidan suzib oʻtayotganda esa suvdan sakrab chiqib, suzgich qanotlarini bobosiga silkitadi: “Xayr, bobo, men tezda qaytaman”. Bobo shunda hayratdan dovdirab, nima qilishini bilmay qotib qolarmidi? Buvi, Bekey xola, Guljamol qizchasi bilan – hammasi ogʻzini ochib qolarmidi? Qayerda kim koʻribdi – kallasi odamu, tanasi baliqni?

Bola esa ularga suzgich qanotlarini silkib qoʻyardi: “Xayr, men Issiqkoʻlga, oq kemaga suzib boraman. U yerda mening matros dadam bor”. Baltek, ehtimol, qirgʻoq boʻylab chopsa kerak. It umrida bunaqa hodisani koʻrmagan-da, axir. Agar Baltek u tomonga suvga oʻzini tashlaguday boʻlsa, u qichqiradi: “Qayt, Baltek, qayt. Choʻkib ketasan!” – oʻzi esa suzib ketaveradi. Osma koʻprikning sim arqoni ostidan, keyin toʻqaylar yonidan, soʻng gumburlab turgan daradan oʻtib, toʻgʻri Issiqkoʻlga suzib boradi.

Issiqkoʻl deganlari – bu butun bir dengiz. U Issiqkoʻl toʻlqinlarida suzib yuradi, toʻlqindan toʻlqinga koʻchadi va shunda oq kemaning qarshisidan chiqib qoladi. “Salom, oq kema, bu menman!” – deydi u paroxodga. – Durbindan har doim senga qaragan menman”. Kemadagi odamlar hayratdan yoqa ushlab, moʻjizani koʻrgani yugurishadi. Shunda u oʻzining matros otasiga soʻz qotadi. “Salom, dada, men sizning oʻgʻlingizman. Men sizning oldingizga suzib keldim”. – “Sen qanaqa oʻgʻilsan? Sen yarim baliq, yarim odamsan-ku!” – “Siz meni oʻz oldingizga, kemaga chiqarib oling, men shunda sizning oʻgʻlingiz boʻlib qolaman”. “Voy, tavba. Qani, koʻraylik-chi”. Otasi toʻr tashlab uni suvdan palubaga tortib oladi. Shunda u oʻz asliga qaytadi. Keyin-chi, keyin…

Keyin oq paroxod oʻz yoʻlida suzib ketaveradi. Bola otasiga hamma narsa haqida, butun hayoti davomida nimaiki bilgan boʻlsa hikoya qilib beradi. Oʻzi yashab turgan togʻlar haqida, oʻsha xarsang toshlar haqida, daryo va noyob oʻrmon haqida, baliqlarday koʻzi ochiq suzishni oʻrgangan yeri – bobosining koʻlobi haqida soʻzlaydi.

Moʻmin bobosinikida qanday yashayotganligini ham aytib beradi, albatta. Bu odamni Moʻmin chaqqon deb atashsa ham, uning yomon odam emasligini otasi bilib qoʻysin. Bunaqa bobo hech joyda yoʻq, bobolarning eng yaxshisi. Uning hech shumligi yoʻq, shuning uchun hamma undan kulib yuradi. Birovga hech yomonlikni ravo koʻrmaydi, Oʻrazqul amaki esa cholga hadeb tirgʻilaveradi! Baʼzan odamlarning oldida ham boboga qichqiraveradi. Bobo esa gapiga boplab javob qilish oʻrniga, Oʻrazqul amakini kechirgani-kechirgan va hatto uning oʻrniga oʻrmon xoʻjaligi ishlarini ham oʻzi boshqaradi. Faqat shugina deysizmi? Oʻrazqul mast-alast boʻlib kelganda, uning hayosiz koʻzlariga tupurish oʻrniga, unga peshvoz chiqib, otdan tushirib qoʻyadi, uyga suyab kiradi, karavotga yotqizib qoʻyadi, sovuq yemasin, boshi ogʻrimasin, deb ustiga poʻstin tashlaydi, otining esa egarini oladi, yuvib taraydi, yem beradi. Hammasiga sabab – Bekey xolaning tugʻmasligi. Nega shunday, dada? Istasang tuqqin, istamasang keragi yoʻq, deb qoʻya qolsa boʻlmaydimi? Oʻrazqul amaki Bekey xolani urganda boboga rahming keladi. Boboning oʻzini ursa yengil boʻlardi. Bekey xola qichqirganda u biram qiynaladiki. Qoʻlidan nima ham kelardi? Qizining orasiga tushgisi keladi-yu, lekin buvi bunga yoʻl qoʻymaydi. “Aralashma, – deydi u, – oʻzlari murosaga keladi. Sen cholga kim qoʻyibdi. Xotin seniki emas, joyingda oʻtir”. “Axir, u mening qizim-ku!” – desa, buvi: “Xoʻsh, uying uyiga tutash boʻlmay, uzoqda yashaganingda nima qilarding? Har safar ot choptirib borib ajratib kelarmiding? Shundan keyin kim sening qizingni xotin qilardi?” – deydi.

Men aytayotgan buvi – bu ilgarigisi emas. Siz uni, dada, balki bilmassiz ham. Bu boshqa buvi. Oʻz tugʻishgan buvim yoshligimda vafot etgan. Bu buvi boʻlsa keyin kelgan. Bizning havolarga sira tushunib boʻlmaydi – bir qarasang ochiq, bir qarasang bulutli, bir qarasang yomgʻir aralash doʻl. Buvi ham xuddi shunday, tushunib boʻlmaydi. Bir qarasang mehribon, bir qarasang berahm, hech tushunolmaysan. Jahli chiqqanda – naq yeb qoʻyadi. Biz bobom bilan jim boʻlamiz. Buvi: “Begonani qancha yedirma, qancha ichirma, undan yaxshilik koʻrmaysan”, – deydi. Men, axir bu yerda oʻgay emasman-ku, dada. Men hamisha bobom bilan birga yashab keldim. Uning oʻzi oʻgay bu yerda, u bizga keyin kelib qoʻshildi. Endi esa meni oʻgay deydi.

Qishda biz tomonda qor meni koʻmay deydi. Eh, qor uyulib ketadi! Agar oʻrmonga borish kerak boʻlsa, faqat boʻz ot Olaboshdagina borib boʻladi, u koʻkragi bilan qor uyumini surib ketadi. Shamollar ham shunday zoʻrayadiki, oyogʻingda turolmaysan. Koʻlda toʻlqinlar koʻtarilib qolsa, kemani yongʻoq poʻchogʻidek oʻynatsa, bilingki, bizning San-Tosh shamoli koʻlni chayqaltiryapti. Bobom hikoya qilgandilar, juda qadim zamonda dushman lashkarlari bizning oʻsha yerlarimizni bosib olgani yurish qilibdi. Ana shunda bizning San-Toshdan shunday shamol turibdiki, dushmanlar egarda oʻtirolmay qolishibdi. Otlardan tushishibdi, lekin piyoda ham yurisholmabdi. Shamol ularning yuzini qonga belabdi. Shunda ular shamolga orqa oʻgirishibdi, shamol esa ularning yelkalariga urilib, qayrilib qarashiga imkon bermabdi, toʻxtagani qoʻymabdi va ularni bitta qoʻymay Issiqkoʻldan haydabdi. Mana qanday boʻlgan. Biz ana shu shamolda yashayapmiz! U bizdan boshlanadi. Butun qish boʻyi oʻrmon daryo ortida shamoldan gʻichirlab, ingrab chiqadi. Hatto vahimali boʻladi.

Qishda oʻrmonda ish unchalik koʻp emas. Qishda biz tomonlar odamsiz huvillab qoladi – yozda koʻchmanchilar keladigan mahallarga sira oʻxshamaydi. Yozda katta yaylovda oqshomlari suruv yoki yilqi uyurlari bilan odamlarning qoʻnishini juda yaxshi koʻraman. Toʻgʻri, ular ertalab toqqa joʻnab ketishadi, lekin baribir ularning kelishi yaxshi. Ularning bolalari va xotinlari yuk mashinkalarida kelishadi. Yuk mashinalarida oʻtovlarni va boshqa turli-tuman narsalarni olib yurishadi. Ular sal-pal joylashib olishgach, biz bobom bilan soʻrashgani boramiz. Hammalari bilan qoʻl berib koʻrishamiz. Men ham. Bobom, kichiklar oʻzlaridan kattalarga doim birinchi boʻlib qoʻl uzatishlari kerak, deydi. Kimki qoʻl uzatmasa, u odamlarni hurmat qilmagan boʻladi. Keyin, bobom yettining biri avliyo boʻlib chiqishi ham mumkin, deydi. Avliyo – bu juda xushfeʼl va aqlli odam. Kimki u bilan qoʻl berib koʻrishishga muyassar boʻlsa, bir umr baxtiyor boʻladi. Men, shunday ekan, nega u oʻzining avliyo ekanligini ayta qolmaydi, biz hammamiz u bilan qoʻl berib koʻrishgan boʻlardik, desam, bobom kuladi: hamma gap shunda-da, deydi u, avliyo oʻzining avliyoligini bilmaydi – u oddiy odam. Faqat qaroqchigina oʻzining qaroqchiligini biladi. Bular menga uncha tushunarli emas, lekin bir oz uyalinqirasam ham, men hamisha odamlar bilan qoʻl berib koʻrishaveraman.

Bobom bilan birga yaylovga kelganimda esa uyalmayman.

“Ota-bobolaringizning yozgi qoʻnogʻiga xush kelibsizlar! Molu jon sogʻ-salomatmi, bola-chaqa omon-esonmi?” – bobom ana shunday soʻrashadi. Men esa faqat qoʻl choʻzib koʻrishib qoʻya qolaman. Bobomni hamma biladi, bobom ham hammani biladi. Unga yaxshi. Uning oʻz suhbat mavzusi bor, u koʻchmanchilarning hol-ahvolini soʻraydi va oʻzi biz qanday yashayotganligimizni gapirib beradi. Men esa bolalar bilan nimani gaplashishni bilmayman. Keyinchalik biz bekinmachoq, urush-urush oʻynab ketamiz va oʻyinga shunday berilib ketamizki, ketgim kelmay qoladi. Qani endi hamisha yoz boʻlsa, hamisha bolalar bilan oʻtloqda oʻynab yursang!

Biz oʻyinga kirishib ketguncha gulxanlar boʻy choʻzadi. Gulxanlardan yaylov toza yorishib ketadi, deb oʻylaysizmi, dada? Hamma joy emas. Olovning atrofi yorugʻ, undan nari esa avvalgidek qop-qorongʻi. Biz esa urush-urush oʻynaymiz, shu qorongʻilik qoʻynida yashirinamiz va hujum qilamiz, xuddi kinodagidek. Agar sen komandir boʻlsang, hamma senga itoat qiladi. Komandirlik komandirning oʻziga ham yoqsa kerak.

Keyin togʻlar ustiga oy suzib chiqadi. Oy chiqqanda oʻyin yana gashtli boʻladi, lekin bobom meni olib qaytadi. Biz uyga yaylovdan, butazordan qaytamiz. Qoʻylar jimgina yotishadi. Yilqilar atrofda oʻtlab yuradi. Biz ketayotib kimningdir qoʻshiq aytayotganini eshitamiz. Yosh choʻpondir, balki keksadir. Bobom meni toʻxtatadi: “Quloq sol. Bunday qoʻshiqlarni hamisha eshitavermaysan”. Biz toʻxtaymiz, qoʻshiqni tinglaymiz. Bobom kuyga mahliyo boʻlgancha bosh chayqaydi.

Bobo hikoya qiladi: eski zamonda bir xon boshqa bir xonning qoʻliga asir tushibdi. Xon asir tushgan xonga debdi: “Agar istasang – mening qulim boʻlib tirik qolasan, boʻlmasa, eng soʻnggi tilagingni bajo keltiramanda, keyin oʻldiraman”. Xon oʻylab turib javob qilibdi: “Qul boʻlib yashashni istamayman. Yaxshisi, meni oʻldirgin, lekin avval mening vatanimdan birinchi duch kelgan choʻponni chaqirtirib ber”. – “Uni senga nima keragi bor?” – “Oʻlim oldidan uning qanday kuylashini tinglamoqchiman”. Bobom aytadi: ona yurt qoʻshigʻi uchun odamlar jonini beradi. Qanday odamlar ekan-a, bir koʻrsang ularni. Ehtimol, katta shaharlarda yashashar?

Eshitish yoqimli. Bobom: bular eski qoʻshiq deydi. “Qanday odamlar boʻlgan-a! – shivirlaydi u. – Qanday qoʻshiqlar kuylashgan-a, ey xudoyim-yey…” Negaligini bilmayman-u, bobomga shunday rahmim keladi va uni shunchalik yaxshy koʻrib ketamanki, oxiri yigʻlagim keladi…

Tong sahardayoq yaylovda hech kim qolmaydi. Qoʻy va yilqilarni yoz boʻyi boqqani nariga, toqqa haydab ketishgan. Ular ortidan izma-iz boshqa kolxozlardan boshqa koʻchmanchilar kelishadi. Kunduzlari toʻxtashmaydi, yonimizdan oʻtib ketishadi. Tunda esa yaylovga qoʻnishadi. Biz yana bobom ikkovimiz odamlar bilan uchrashgani boramiz. Bobom odamlar bilan koʻrishishni juda yaxshi koʻradi. Bu odatni men undan oʻrgandim. Ehtimol, vaqti kelib bir kun yaylovda haqiqiy avliyo bilan uchrashib qolarman…

Qishda Oʻrazqul amaki bilan Bekey xolam shaharga doktorga qaratgani ketishadi. Balki doktor yordam qilar, bir dori bersa-yu, bola tugʻilib qolsa, deb umid qilishadi. Lekin buvim hamisha, aziz joylarga borgan maʼqul, deydi. Bu qayerdadir, togʻning ortida, dalalarida paxta oʻsadigan joyda emish. Tep-tekis yerda, togʻ boʻlishi mumkin boʻlmagan tekislikda aziz bir togʻ – Sulaymon togʻi bor emish. Ana shu togʻ poyiga bir qora qoʻchqor soʻyib, xudoga iltijo qilsa, toqqa chiqib har qadamda xudoga sigʻinib, yolvorsa hamda chin koʻngiddan soʻrasa, xudoning rahmi kelib, farzand ato etarmish. Bekey xolam oʻsha yoqqa, Sulaymon togʻiga borishga juda intizor. Oʻrazqul amaki esa unchalik istamaydi. Uzoq. Koʻp pul kerak, deydi. U yoqqa faqat samolyot bilan togʻdan oshib borish kerak, axir. Samolyotgacha ham qancha yurish kerak, bu ham pul…

Ular shaharga ketishsa biz shumshayib qolamiz. Axir koʻpchilik emasmiz-da, bor qoʻshnilarimiz – Seydahmad, uning xotini Guljamol va ularning kichkinagina qizchasi, xolos.

Kechqurunlari, ishdan qoʻl boʻshaganda, bobom menga ertaklar aytib beradi. Bilaman, uydan tashqarida zim-ziyo, sovuq tun. Izgʻirin izillab turibdi. Eng ulkan togʻlar ham bunday tunlarda vahimaga tushib bir toʻp boʻlib toʻplanishib, uyimiz oldiga – deraza ostidagi yoruqqa yaqinroq kelib olishadi. Menga bu ham qoʻrqinchli, ham sevinchli tuyuladi. Pahlavon boʻlganimdami, katta poʻstin kiyardim-da, tashqariga chiqardim. Men u togʻlarga bor ovoz bilan derdim: “Qoʻrqmang, togʻlar! Men shu yerdaman. Mayli, izgʻirin, qorongʻu zulmat, dovul boʻlsin, men hech nimadan qoʻrqmayman, sizlar ham qoʻrqmanglar. Bir yerga gʻuj boʻlib toʻplanishmasdan joylaringda turaveringlar”.

Men keyin qor uyumlaridan yurib, daryodan hatlab oʻtib – oʻrmonda paydo boʻlardim. Tunda oʻrmon daraxtlar uchun juda vahimali, axir. Ular yolgʻiz, bir soʻz aytadigan jonzoti ham yoʻq. Sovukda yalangʻoch daraxtlar muzlaydi, ularga bosh suqadigan joy qayda. Men esa oʻrmonga borib, ularga aytarlik vahimali boʻlmaslik uchun har bir daraxtning tanasiga qoʻlim bilan urib-urib qoʻyardim, Koʻklam koʻkarmay qoladigan daraxtlar – bu oʻsha, qoʻrqinchdan qotib qolgan daraxtlar boʻlsa kerak. Keyin biz bu qurib qolgan daraxtlarni oʻtinga kesamiz.

Bobom menga ertak aytayotganda men mana shularning hammasi haqida oʻylayman. U uzoq hikoya qiladi. Ular har xil – kulgililari ham bor, ayniqsa, ochkoʻz boʻri shoʻri qurib yutib yuborgan Chipalak otli jimjiloqday bola haqidagisi kulgili. Yoʻq, avval uni tuya yutib yuboradi. Chipalak barg-xazonlarning ostida uxlab qoladi, tuya esa shu atrofda tentirab yurgan boʻladi, “hap” etkizib barg-marglarga qoʻshib yutib yuboradi. Shuning uchun ham aytishadi-da: tuya nima yutganini bilmaydi deb. Chipalak chinqirib, odamlarni yordamga chaqiradi. Keksalar oʻzlarining Chipalaklariga yordam berish uchun tuyani soʻyishga majbur boʻlishadi. Boʻri bilan ham shunga oʻxshagan voqea sodir boʻladi. U ham oʻzining ovsarligi tufayli Chipalakni yutib yuboradi. Oxirida boʻzlab yigʻlaydi. Boʻri Chipalakka duch kelib qoladi. “Oyogʻim ostida oʻralashgan qanaqa pashsha? Seni bir yamlab yutib yuboraman”. Chipalak esa deydi:

– Tega koʻrma menga, boʻri, aks holda, kuchukka aylantirib qoʻyaman.

– Ha-ha, – xaxolaydi boʻri, – boʻrining kuchuk boʻlib qolganini kim koʻribdi. Shu dagʻalliging uchun men seni yeyman. Shunday debdi-da, uni yutib yuboribdi. Yutibdi-yu, esidan ham chiqarib yuboribdi. Lekin shu kundan boshlab boʻrilik rizq-roʻzidan ayrilibdi. Boʻri pisib qoʻylarga endi yetdim deganda, Chipalak uning qornida turib qichqirarkan: “Ey, choʻponlar, uxlamanglar! Bu men, qoʻngʻir boʻriman, qoʻylaringni boʻgʻizlagani pusib kelyapman!” Boʻri nima qilarini bilmaydi. Oʻzining biqinini tishlaydi, yerga dumalaydi. Chipalak esa hech jim boʻlmabdi. “Ey, choʻponlar, chopinglar bu yoqqa, uringlar meni, doʻpposlanglar”. Choʻponlar tayoq koʻtarib boʻriga tashlanishibdi, boʻri qochibdi. Choʻponlar hayratga tushib quvisharmish. Boʻri aqldan ozibdi, oʻzi qochadi-da, tagʻin oʻzi qichqiradi, deb hayron boʻlisharmish. Boʻri esa qichqirarmish: “Meni quvib yetinglar, ogʻalar, uringlar, rahmingiz kelmasin!” Choʻponlar kulgidan yiqilib qolisharmish, boʻri esa arang qochib qutilarmish, Lekin bu bilan uning holi yengillashmabdi. Qayoqqa tumshuq suqmasin, Chipalak unga pand beraveribdi. Hamma joyda uni quvishaveribdi, hamma joyda undan kulishaveribdi. Boʻri ochlikdan ozib ketibdi, terisi bilan suyagigina qolibdi. Tishlarini shaqirlatib ulibdi: “Bu qanaqa jazo boʻldi menga? Nega men oʻz boshimga oʻzim baloni sotib oldim? Qariganda jinni boʻldim, esimni yeb qoʻydim”. Chipalak esa uning qulogʻiga shivirlabdi: “Toshmatga chop, uning qoʻylari semiz! Boymatga chop, uning itlari kar. Ermatga chop, uning choʻponlari uxlab yotibdi”. Boʻri esa oʻtirib olib hiqillarmish: “Hech qayoqqa bormayman, yaxshisi, bitta-yarimtaga kuchuk boʻlib yollanaman…”

Kulgili ertak-a, dada, toʻgʻrimi? Bobomning boshqa ertaklari ham bor – mungli, dahshatli, qaygʻuli. Lekin mening eng sevimli ertagim Shoxdor ona bugʻu haqidagi ertak. Bobom, Issiqkoʻlda yashagan har bir kishi bu ertakni bilishi kerak, deydi. Bilmaslik gunoh. Balki, siz bilarsiz buni, dada? Bobomning aytishicha, buning hammasi rost, boʻlgan ish, deydi. Qachonlardir shunday boʻlgan ekan. Biz hammamiz Shoxdor ona bugʻuning bolalari ekanmiz. Men ham, siz ham, boshqalar ham…

Qishda biz mana shunday yashaymiz. Qish uzoq choʻziladi. Bobomning ertaklari boʻlmasa, qishda men juda zerikib qolardim.

Bahorda biz tomonlar yaxshi boʻladi. Kunlar isib ketgach, yana toqqa choʻponlar kelishadi. Oʻshanda biz togʻda yana koʻpayishib qolamiz. Faqat daryoning u tomonida – bizdan narida hech kim yoʻq. U yoqda faqat oʻrmon va oʻrmondagi narsalar bor, xolos. U yoqqa hech kim oyoq bosmasin, hech kim bironta novdaga tegmasin, deb biz qorovulxonada yashaymizda. Biz tomonga hatto olimlar kelishgandi. Shim kiygan ikkita ayol, chol va bir yoshgina yigit. Bu yigit ularning shogirdi. Rosa bir oy yashashdi. Oʻt, yaproq va novda yigʻishdi. Ular aytishdiki, bizning San-Toshdagiga oʻxshagan oʻrmonlar yer yuzida juda oz qolibdi. Deyarli yoʻq emish. Shuning uchun ham oʻrmonimizdagi har bitta daraxtni asrash kerak.

Men esa bobom har bitta daraxtni shunchaki ehtiyot qiladi deb oʻylardim. Bobom, Oʻrazqul amaki qaragʻaylarni yogʻoch oʻrnida birovga bersa juda yomon koʻrardi…

 

UCHINCHI BOB

 

Oq kema uzoqlashib ketdi. Uning trubasini durbinda ham koʻrish mumkin boʻlmay qoldi. Hademay u koʻzdan yoʻqoladi. Endi bolaga otasining kemada suzishi haqidagi oʻylariga nuqta qoʻyish payti keldi. Hammasi yaxshi boshlangan edi, mana, oxiri uncha xush kelmadi. U baliqqa aylanib, daryodan koʻlga suzishni, oq kemaning unga qanday duch kelishini, otasi bilan qanday uchrashishini osongina tasavvur qilardi. Otasiga nimalar haqida soʻzlab berishni ham bilardi. Biroq ishning oxiri yurishmadi. Chunki qirgʻoq ham deyarli koʻrinib qoldi. Kema pristan tomon yoʻl oldi. Matroslar qirgʻoqqa tushishga hozirlana boshlashdi. Ular uy-uyiga ketishadi. Otasi ham uyiga joʻnashi kerak. Pristanda uni xotini va ikki bolasi kutmokda. Endi nima qilsin?– Otasi bilan boraversinmi? U oʻzi bilan birga olib ketarmikan? Mabodo olib ketadigan boʻlsa, xotini: “Kim bu, qayerdan kelgan, nima keragi bor?” deb qolsa-chi. Yoʻq, yaxshisi bormagani maʼqul…

Oq kema koʻzga elas-elas ilashuvchi bir nuqtaga aylanib, tobora uzoqlashib boradi. Quyosh suvga bosh qoʻydi. Koʻl yuzasidagi koʻzni qamashtiruvchi olovli binafsha rang yogʻdu durbindan koʻrinib turardi.

Kema koʻzdan gʻoyib boʻldi. Shunday qilib, oq kema haqidagi ertak ham tugadi. Uyga joʻnash kerak.

Bola portfelini yerdan oldi, durbinni qoʻltigʻiga qisdi. Qirdan tezgina, ilon izi soʻqmoqdan qiyalab chopib tushib ketdi. Uyga yaqinlashgan sari yuragi poʻkillay boshladi. Buzoq yamlab qoʻygan koʻylak uchun endi javob berish kerak. Jazodan boʻlak hech nima xayoliga kelmasdi. Ruhan butunlay tushib ketmaslik uchun bola portfelga murojaat qildi:

“Sen qoʻrqma. Xoʻsh, bizni koyishadi. Axir men atay qilganim yoʻq-ku. Men, toʻgʻrisi, buzoqcha boʻshalib ketganini bilmabman. Xoʻsh, meni savashar ham. Chidayman. Agar seni polga qarab uloqtirishsa, choʻchima. Axir sen portfelsan-ku, sinib qolmaysan. Agar kampirning qoʻliga durbin tushsa bormi, omon qolmaydi. Biz avval durbinni molxonaga berkitib qoʻyamiz-da, keyin uyga boramiz…”

U shunday qildi ham. Lekin ostonadan hatlab oʻtishga yuragi dov bermasdi.

Ammo uyda vahimali sukunat hukmron edi. Hovli shunday jimjit, kimsasiz ediki, egasi koʻchib ketgandek huvillab yotardi. Maʼlum boʻlishicha, Bekey xolani eri yana doʻpposlabdi. Moʻmin bobo yana qizining kaltaklanganligi, sochlari toʻzgʻib faryod chekayotganligi ustidan chiqibdi va yana bu sharmandagarchilikning oldini olish uchun jinniligi tutgan kuyovini tinchitishga, uning mushtiga yopishib, yalinib-yolvorishga kirishibdi. Buning ustiga otasi turibdi demay, uning koʻzi oldida, qizini eng tuban soʻzlar bilan haqorat qilibdi. Uni bepusht mochagʻar, yaramas qisir eshak va yana maza-bemaza soʻzlar bilan soʻkibdi. Qizining yovvoyi va telbalarga xos ovoz bilan: “Xudo meni befarzand qilib yaratgan boʻlsa, mening gunohim nima? Bu dunyoda qoʻyday tugʻib yotgan ayollar ozmi, faqat meni xudoyim farzanddan qisgan. Nega? Nima uchun meiing taqdirim shunday? Bundan koʻra oʻldir meni, yirtqich. Mana, ur, ur ..”, – degan hayqirigʻini ham eshitgan.

Moʻmin chol burchakda gʻujanak boʻlib oʻtirgancha, hamon entikib-entikib nafas olar, tizzasi ustiga tashlangan qoʻllari iztirob va alamdan titrardi. Yuzlari dokaday oqarib ketgan edi.

Moʻmin nabirasiga qaradi-yu, soʻz qotmadi, yana horgʻin koʻzlarini yumdi. Buvisi uyda yoʻq edi. U Bekey xolani eri bilan yarashtirib qoʻygani, ularnikida tinchlik oʻrnatgani, singan idish-tovoqlarni yigʻishtirgani ketgandi. Buvisining shunaqa feʼli bor: Oʻrazqul xotinini savalayotganda oraga tushmaydi, cholni ham qaytaradi. Janjaldan keyin esa yarashtirgani boradi. Shunisiga ham rahmat.

Hammadan koʻra bolaning cholga rahmi kelardi. Har safar shunday damlarda cholning joni halqumiga kelardi. Burchakka tikilgancha karaxt oʻtirar, hech kimning koʻziga koʻringisi kelmasdi. Hech kimga, hech bir zotga qalbida nimalar kechayotganini bildirmasdi. Aslida bunday paytlarda Moʻmin juda qartayib qolgani, yakka-yu yolgʻiz oʻgʻli urushda halok boʻlgani haqida xayol surardi. Oʻgʻlimni hozir hech kim bilmaydi, eslamaydi ham. Oʻgʻli yonida boʻlganida balki bunchalik xoʻrlanmasmidi. Moʻmin umr boʻyi bir yostiqqa bosh qoʻyib yashagan xotinini ham qoʻmsardi. Lekin eng katta baxtsizligi – uning qizlariga baxt kulib boqmadi. Kenjatoyi nabirasini unga qoddirib shaharga ketdi, endi u yerda katta oilasi bilan bir xonaga tiqilib oʻtiribdi. Ikkinchisi bunda Oʻrazqulning jabrini tortyapti. U keksayib qolgan boʻlsa ham, farzandi huzurida boʻlib, qizi uchun hamma xoʻrliklarga bardosh beradi, alam qiladigan joyi shundaki, qiziga ona boʻlishdek baxt nasib qilmayapti. Oʻrazqul bilan turmush qurganiga ham mana qancha yillar boʻldi. Bu turmush qizining joniga tegdi, lekin qochib qayoqqa ham borardi? Oʻzi ham qarib qoldi, kuni bitib bir kun oʻlib-netib qolsa, unda nima boʻladi, baxti qaro qizining holi nima kechadi?

Bola birpasda kosadagi qatiqni boʻshatdi-da, bir burda nonni kavshab, deraza ostiga jimgina choʻkdi. Chiroqni yoqmadi, bobosini bezovta qilgisi kelmadi. Qoʻy, oʻzicha oʻtirib xayol sursin.

Bola ham oʻz oʻylariga berildi. U hech tushunolmasdi. Bekey xola nega eriga aroq tutgani-tutgan. Eri boʻlsa uning evaziga doʻpposlagani-doʻpposlagan, xola boʻlsa yana yarimta topib kelaverardi.

Eh, Bekey xola, Bekey xola! Necha marta eri chalajon qilib ursa ham, baribir kechiraveradi. Moʻmin bobo ham uni hamisha kechiraveradi. Nega kechirishadi? Bunaqa odamlarni kechirmaslik kerak. U yaramas, sayoq odam. Bizga uning keragi yoʻq. Usiz ham kunimiz oʻtadi.

Shiddatli bolalik tasavvurlari uning xayolida adolatli jazo hukmini jonlantirardi. Bu hukmning hammasi Oʻrazqulga qaratilgan boʻlib, bular uni, yoʻgʻon, besoʻnaqay, iflos odamni daryoga sudrardi. Keyin esa havoda silkitib-silkitib daryoning naq oʻrtasiga itqitadi. U esa Bekey xola va Moʻmin bobodan kechirim soʻraydi. Axir u baliqqa aylanib qololmaydi-da…

Bola ancha yengil tortdi. U oʻz tasavvurida Oʻrazqulning daryoda qanday gʻarq boʻlib borayotganini va yonginasida kigiz qalpogʻi suzib ketayotganini koʻz oldiga keltirganda oʻzini kulgidan tiyolmadi.

Ammo kattalar, ming afsuski, bola oʻylagandek odil ish tutishmadi. Ular hammasini aksincha qilishdi. Oʻrazqul uyga yana mast boʻlib qaytdi. Uni hech nima boʻlmaganday qarshi olishdi. Bobo otini ushladi, xotini samovarga yugurdi. Hammayoq faqat uni kutayotgandek. U esa jinnilik qila boshlaydi. Oldiniga maʼyuslanib yigʻlaydi. Nega yigʻlamasin, axir bu qanaqasi, qoʻl berib soʻrashishga arzimaydigan eng joʻn odamning ham istaganicha bolasi bor. Beshta, hatto oʻnta. Oʻrazqulni-chi? Uning nimasi kam boshqalardan? Nimasi yetmaydi uning? Yoki martabasi pastmi? Xudoga ming qatla shukur, noyob oʻrmonning katta qorovuli! Yoki u qandaydir daydi zotmi? Axir loʻlining ham loʻlivachchasi bor. Yoki u betayinmi, obroʻsi yoʻqmi? Hammasi bor. Hammasiga yetishgan. Egarlangan oti bor, qoʻlidan qamchi tushmagan, har yerda uni hurmat bilan kutib olishadi. Xoʻsh, uning tengdoshlari oʻz farzandiga toʻy qilishadi, u-chi? Oʻgʻilsiz, urugʻsiz, kim u?

Bekey xola ham yigʻlaydi jonini hovuchlab, erining koʻnglini topishga tirishadi. Yashirib qoʻygan “yarimta”sini oladi. Alamidan oʻzi ham ichadi. Borgan sari ichish ortadi, keyin oxiri Oʻrazqul hayvonga aylanib, oʻzining butun alamini ana shu ayoldan, oʻzining xotinidan oladi. U esa uning hamma gunohini kechiradi. Bobo ham kechiraveradi. Hech kim Oʻrazqulga bas kelolmaydi. Hushiga kelib qarasaki, momataloq boʻlib ketgan xotini erta turib samovar qoʻygan boʻladi. Chol esa otini toʻygʻazib, egarlab qoʻyibdi. Oʻrazqul choyni ichib, otga mingach, yana boshliq, San-Toshdagi barcha oʻrmonning xoʻjayini. Lekin Oʻrazquldaka odamni allaqachon daryoga uloqtirish kerakligi hech kimning xayoliga ham kelmaydi.

Qosh qoraydi. Halizamon qorongʻi tushadi.

Bolaga birinchi portfel olib berilgan kuni ana shunday oʻtdi.

U uxlash oldidan portfelini qoʻygani joy topmasdi. Oxiri bosh tomoniga qoʻydi. Xuddi shunday portfeldan sinflarning yarmisida boʻlishini bola hali bilmasdi. Lekin bu ham baribir uning koʻnglini buzolmaydi, uning portfeli goʻyo boshqacha, alohida portfelday tuyulardi. Xuddi shunday, uning jajji hayotida katta voqealar yuz berishi, bir kun kelib, yorugʻ jahonda yolgʻiz oʻzi, faqat mana shu portfel bilan qolishini hali bilmasdi. Buning hammasiga uning oʻzi sevgan Shoxdor ona bugʻu haqidagi ertak sabab boʻlishidan bexabar edi…

Bu oqshom ham oʻsha ertakni yana bir bor eshitgisi keldi. Moʻmin cholning oʻzi bu afsonani sevar, goʻyo hammasini oʻz koʻzi bilan koʻrganday, xoʻrsinib, yigʻlamsirab, jim qolib va oʻyga tolib hikoya qilardi.

Biroq bola bobosini bezovta qilishga botinmadi. U bobosining ertak aytishga holi yoʻqligini sezardi. “Biz undan boshqa safar iltimos qilamiz, – dedi bola portfeliga. – Hozir esa senga Shoxdor ona bugʻu haqidagi ertakni xuddi bobomdan eshitganimdek soʻzma-soʻz oʻzim aytib beraman. Shunday sekin soʻzlaymanki, boshqa hech kim eshitmaydi, sen esa eshitgin. Men hamma narsani kinodagiday soʻzlashni va koʻrishni sevaman. Mana shunday. Bobom buning hammasi boʻlgan ish, deydi. Shunday boʻlgan ekan…”

 

TOʻRTINCHI BOB

 

Bu juda qadimda oʻtgan. Zamonlarning zamonida, yer yuzida maysalardan koʻra dov-daraxtlar koʻp boʻlgan, qurgʻoq yerlardan koʻra oʻlkamizda obi hayot moʻl boʻlgan davrlarda bir qirgʻiz qabilasi ulkan va muzday daryo boʻyida yashardi. Bu daryoni Enasoy deb atashardi. U bu yerlardan uzoqda, Sibirdan boshlanadi. U yerlarga ot-da uch yilu uch oyda yetib borish mumkin. Bu daryoni hozir Yenisey deyishadi, ilgarilari Enasoy deb yuritishgan. U haqda shunday qoʻshiq ham toʻqilgan:

 

Sendan ulkan daryo bormi, Enasoy,

Sendan aziz tuproq bormi, Enasoy.

Sendan chuqur dard ham bormi, Enasoy,

Sendan ozod quchoq bormi, Enasoy.

Sendan ulkan daryo yoʻqdir, Enasoy,

Sendan aziz tuproq yoʻqdir, Enasoy.

Sendan chuqur dard ham yoʻqdir, Enasoy,

Sendan ozod quchoq yoʻqdir, Enasoy.

 

Mana shunaqa edi, bu Enasoy daryosi.

Enasoy boʻyida turli xil elat yashardi. Ular gʻoyat ogʻir hayot kechirardi, chunki ular bir-birlariga doimo adovat koʻzi bilan qarar edilar. Qirgʻiz qabilasini dushmanlar turli tomondan qurshab olgandi. Goh ular, goh bular hujum qilishar, goho qirgʻizlarning oʻzi ham boshqalarga chovut solib, mollarni haydab ketishar, uylariga oʻt qoʻyishar, odamlarni oʻldirishardi. Qulay kelib qolganda bir tomon ikkinchi tomon odamlarini oʻldirib yuborar edi. Zamon shunaqa edi. Odamning odamga ichi achimasdi. Odam odamni gʻajirdi. Shu darajaga borildiki, hech kimning dehqonchilik qilgisi, mol boqqisi, ov qilgisi kelmay qoldi. Qaroqchilik bilan kun kechirish oson tuyulardi; qoʻqqisdan bosasan, oʻldirasan, olasan-ketasan. Bir qotillikka qasdma-qasd oʻn qotillik bilan javob berishga harakat qilishardi. Shu zaylda kun oʻtgan sayin koʻproq qon toʻkilardi. Odamlarda aql oʻtmaslashib borardi. Dushmanlarni yarashtiradigan, insofga keltiradigan odam yoʻq edi. Dushmanga qiron keltirib, oʻzga qabilaning soʻnggi odamigacha qonini oqizgan, molu mulkini qoʻlga kiritgan odam eng aqlli va uddaburon sanalardi.

Oʻrmonda bir gʻaroyib qush paydo boʻlib qoldi. Inson ovoziga oʻxshash ayanchli ovoz bilan tundan tonggacha sayrar va yigʻlar, shoxdan shoxga sakrab soʻylardi; “Katta baxtsizlik boʻladi! Katta baxtsizlik boʻladi”. Shunday boʻldi ham, oʻsha qora kun keldi.

Oʻsha kuni qirgʻiz qabilasi Enasoy boʻyida oʻzining buyuk oqsoqolidan judo boʻldi. Botir Qulchi koʻp yillar yoʻlboshchilik qildi, koʻpgina yurishlarda, jang-jadallarda qatnashdi. Janglarda omon qoldi, lekin ajali yetdi. Qabiladoshlar ikki kun katta gʻam-alamda oʻrtandilar, uchinchi kuni esa botirning jasadini yerga topshirgani yigʻildilar. Eski odatga koʻra, buyuk oqsoqolni Enasoyning oʻnqir-choʻnqirli qirgʻogʻi boʻylab soʻnggi yoʻlga kuzatish lozim edi, toki marhumning ruhi Enasoy daryosi bilan yuksaklikda judolashsin, axir “Ena” – bu ona demak, “soy” esa – bu daryoning oʻzaniku. Uning qalbi Enasoy haqidagi qoʻshiqni soʻnggi bor kuylasin.

 

Sendan ulkan daryo bormi, Enasoy,

Sendan aziz tuproq bormi, Enasoy,

Sendan chuqur dard ham bsrmi, Enasoy,

Sendan ozod quchoq bormi, Enasoy.

Sendan ulkan daryo yoʻqdir, Enasoy,

Sendan aziz tuproq yoʻqdir, Enasoy.

Sendan chuqur dard ham yoʻqdir, Enasoy,

Sendan ozod quchoq yoʻqdir, Enasoy.

 

Dafn etish lozim boʻlgan tepalikda yorugʻ jahonning toʻrt tomonini koʻrsatmoq uchun botirning qabri bosh uzra koʻtarildi: “Mana sening daryong. Mana sening osmoning. Mana sening yering. Sen biz bilan, hammamiz bir urugʻ odamlarimiz. Osuda uxla. Biz hammamiz seni kuzatgani keldik”. Kelajak avlod xotirasi uchun botirning qabri ustiga marmar tosh qoʻyildi.

Botirning jasadini dafn etishga olib oʻtishganda har bir oila oʻz ostonasi oldida u bilan vidolashishadi, oq motam yalovini egib, uv tortib yigʻlashadi, keyin boshqalar bilan birga qoʻshilib yana oq motam yalovlarini egiltirgan holda, aytib yigʻlashayotgan kelgusi oʻtov tomon ilgarilab borishadi va shu zaylda soʻnggi manzilga, to qabristongacha yetib borishlik uchun motam kunlarida barcha qabiladoshlar oʻtovlarini daryo yoqasiga qator tikishdi.

Oʻsha kuni hamma tayyorgarlik koʻrib boʻlinganda quyosh uyqudan bosh koʻtargandi, Uchiga otning dumi bogʻlangan tugʻ va botirning urush aslahalari – nayza va qalqoni olib chiqildi. Uning oti dafn etish yopiqlari bilan burkalgan edi. Karnaychilar jangovar kuy chalishga, barabanchilar barabanga tayoqni jon-jahddari bilan urishga shay edilarki, toki oʻrmon larzaga kelsin, qushlar bulut yangligʻ osmonga koʻtarilib, shovqin-suron va nola solsinlar. Yirtqich hayvonlar boʻkirib-hayqirib chakalakzorlarga chopib qolsin, maysalar yerga qapishib ketsin, sadolar jaranglab, togʻlarni larzaga keltirsin. Motamsaro ayollar sochlarini yoyib, botir Qulchiga aza ochishga shay turishardi. Yygitlar zabardast yelkalarida botirning katta, ogʻir jasadini bezovta qilmay koʻtarish uchun tiz choʻkkan edilar. Hamma narsa botirni oxirgi yoʻlga kuzatib qoʻyishga tayyor edi. Oʻrmon etagida esa toʻqqizta biya, toʻqqizta hoʻkiz, toʻqqizta toʻqqizlik qoʻy qurbonlik uchun hozirlab qoʻyilgandi. Shunda kutilmagan hodisa roʻy berdi. Enasoyliklar bir-biriga har qancha dushman boʻlmasin, oqsoqollarning dafn marosimi kunlarida bir-biri bilan urush qilishni rasm qilmagandi. Mana hozir esa bir toʻda dushman gʻam-anduhga botgan qirgʻoqdagilarni tong chogʻi toʻrt tomondan sezdirmay oʻrab kelib, pistirmalardan barobariga otilib chiqib, hamlaga oʻtdilarki, oqibatda hech kim otga ham minolmadi, qoʻliga qurol ham ola olmadi. Shu tariqa koʻz koʻrmagan qirgʻin urush boshlandi. Hammani bir chekkadan oʻldira boshlashdi. Yengilmas qirgʻiz qabilasini bir hamla bilan qirib tashlash – dushman rejasi ana shunday edi. Hammani bir boshdan qilich damidan oʻtkazishdi, toki bu yovuzlikni eslab hech kim yodga olmasin, qasoskor qolmasin, vaqt esa oʻtmish izlarini qumlar bilan koʻmib yuborsin. Tuya koʻrdingmi – yoʻq.

Insonni tugʻish va oʻstirish qanchalar qiyin, oʻldirish esa – hammasidan oson. Baʼzi birovlar oʻzi qoniga botib qiymalanib yotishar, birovlar esa qilich va nayzadan qutulib qolmoq uchun oʻzini daryoga otar, Enasoy toʻlqinlari orasida choʻkib ketardi. Daryo yoqalab jarliklaru tikka kesib tushgan qirgʻoqlar boʻylab butun bir chaqirim yoʻlda olovga qoplangan qirgʻiz oʻtovlari lovullab yonardi. Hech kim qochib qutula olmadi, hech kim omon qolmadi. Hammasi oʻldi-rildi va kuydirildi. Oʻlib yotganlarning jasadini qirgʻoqdan Enasoyga uloqtirdilar. Dushmanlar: “Endi bu yerlar bizniki! Endi bu oʻrmonlar bizniki! Endi bu mollar bizniki!” – deb quvonishardi,

Ular boy oʻlja bilan qaytishar ekan, oʻrmondan ikki bola – bir oʻgʻil va bir qizning qanday chiqib kelganini payqashmadi. Bu oʻzboshimcha va shoʻx bolalar ota-onalaridan yashirincha ertalaboq yaqin oʻrmonga qoʻlsavat uchun poʻstloq shilgani ketishgandi. Ular oʻynab yurishib, oʻrmonning ancha ichkarisiga kirib ketishganini sezmay qolishdi. Jang suronini eshitib orqaga otilgan goʻdaklar na otasini, na onasini, na akasini, na opasini tirik topa oldilar. Goʻdaklar ota-onasidan va elatidan judo boʻlib qoldi. Ular boʻzlab kultepadan kultepaga chopishar, lekin bironta tirik jonni topib boʻlmasdi. Bir zum ichida yetim boʻlib qolishdi. Yorugʻ jahonda yakkayu yolgʻiz qoldilar. Uzoqlarda esa jang toʻzoni koʻkka urilardi, dushmanlar qonli kurash natijasida qoʻlga kiritgan mol va qoʻylarini haydab ketishardi.

Bolalar tuyokdar ostidan koʻtarilgan changni koʻrib, oʻsha tomonga yugurishdi. Ular qonxoʻr dushman izidan yigʻlab, qichqirib chopishardi. Faqat bolaning qalbigina shunday sodda dil boʻladi. Jallodlardan yashirinish oʻrniga ularga yetib olishga shoshilishardi. Har nima boʻlsa ham yolgʻiz qolishmasa, bu vayronadan, laʼnati joydan nari ketishsa bas. Bir-birining qoʻlidan ushlab olishgan bola va qizcha ketayotganlar orqasidan quvib jindakkina kutishni, oʻzlari bilan birga olib ketishlarini yolvorib soʻrashardi. Biroq qiy-chuv va tuyoqlarning dupur-dupuri-yu, haydovchilarning hayqirigʻida bu ojiz ovozlarni kim eshitardi.

Bolalar jon-jahdi bilan uzoq chopishdi. Lekin baribir, yetib olisholmadi. Keyin esa yiqilib qolishdi. Atrofga boqishga, qimirlashga qoʻrqishardi. Hammayoq vahimali edi, Shu zaylda bir-birining pinjiga kirib koʻzlari yumilganini bilmay qolishdi.

Yetimcha yetti koʻcha, deb bekorga aytmaganlar. Tun bexatar oʻtdi. Hayvon ularga tegmadi, oʻrmon mahluklari koʻtarib ketmadi. Ular uygʻonishganda, tong otgandi. Quyosh nur sochib, qushlar sayrardi. Bolalar oʻrinlaridan turib yana mol haydovchilarning izidan yoʻlga tushishdi.

Yoʻlma-yoʻl meva va ildiz yeb jon saqlashdi. Yoʻl yura-yura uchinchi kuni bir togʻ tepasida toʻxtashdi. Pastga qarashsa – keng, yam-yashil maysazorda katta tantana boʻlayotibdi. Bu yerda tikilgan oʻtovlarning, gurillab yonayotgan gulxanlarning, gulxan atrofida oʻtirgan odamlarning son-sanogʻi yoʻq. Qizlar hayinchak uchib qoʻshiq aytishmoqda. Davra tortgan odamlar oʻrtasida polvonlar xuddi burgutday gir aylanib, bir-birini itqitib otishyapti. Dushmanlar oʻzlarining gʻalabasini nishonlashardi.

Bola bilan qiz yaqin borishni ham, bormaslikni ham bilmay togʻ tepasida turishardi. Lekin goʻsht qovurdoq, non, sarimsoqning yoqimli hidi ufurib turgan gulxan atrofida paydo boʻlib qolishni istashardi.

Bolalar chidab turisholmadi, togʻdan tusha boshlashdi. Tantana egalari hayron boʻlishdi, ularni toʻda boʻlib oʻrab olishdi.

– Kimsanlar? Qayokdan?

– Biz ochmiz, – javob berdi bola bilan qizcha, – bizga yeydigan bir nima bersangiz.

Ular bolalarning tilidan kim ekanligini darrov payqab qolishdi. Baqirib-chaqirib, shovqin solishdi. Tutatilmagan dushman oilasining omon qolgan aʼzolarini hozir oʻldirish kerakmi yoki xonning oldiga olib borish kerakmi? – deb bahsga tushib ketishdi. Ular bahslashib turganda rahmdilgina bir ayol bolalarga jindek pishgan ot goʻshti uzatdi. Bolalarni xon huzuriga sudrab borishar ekan, ular qoʻllaridagi ovqatni yutoqib yeyaverishdi. Ularni ostonada oybolta ushlab turgan yasovullar xonning baland qizil oʻtoviga olib kelishdi. Butun qarorgoh boʻylab esa allaqayoqdan paydo boʻlib qolgan qirgʻiz zotlari haqidagi tashvishli xabar tarqaldi. Bu nimadan darak berishi mumkin? Hamma oʻz oʻyini va tantanani tark etib, ur-toʻpolon bilan xonning oʻtovi tomon chopib ketdi. Bu payt xon mashhur lashkarlari bilan qorday oppoq namat toʻrida savlat toʻkib oʻtirardi. U asal qoʻshilgan qimizni simirib, maqtov qoʻshiqlarini sel boʻlib tinglab oʻtirardi. Xon odamlar nima uchun toʻplanishganini bilgach, gʻazabdan quturib ketdi: “Meni bezovta qilishga qanday jurʼat etdilaring? Biz axir qirgʻiz zotini butunlay qirib tashlamagan edikmi? Men senlarni Enasoyning abadiy hukmroni qilib qoʻymadimmi? Namuncha oʻpkalaringni qoʻltiqlab yugurib kelmasalaring, qoʻrqoqlar? Qaranglar, oldilaringda kim turibdi! Ey, choʻtir yuzli Baymoq kampir, – qichqirdi xon. U olomon orasidan ajralib chiqqanda esa unga dedi:

– Mana bularni oʻrmonga oborib shunday qilginki, shu bilan qirgʻiz zoti tugasin, xayolda ham qolmasin, nomi abadiy oʻchsin. Boshla, Choʻtir Baymoq kampir, aytganimni darhol bajo keltir…”

Choʻtir Baymoq kampir jimgina itoat qilib, bola bilan qizni qoʻlidan ushladi-da, olib ketdi. Ular oʻrmon oralab uzoq yurgach, Enasoy qirgʻogʻidagi baland jarlikka yetib kelishdi. Choʻtir Baymoq kampir bolalarni shu yerda toʻxtatib, ularni jar yoqasiga olib jeldi. Soʻng, ularni jarlikka itarib yuborish oldidan shunday dedi:

– O, muazzam Enasoy daryosi! Sening qaʼringga togʻni qulatsa, u bir xarsangday jo boʻladi. Agar yuz yillik qaragʻayni tashlasa, uni choʻpday oqizib ketasan. Kel endi, ikki qum zarrasini – ikki inson bolasini oʻz bagʻringga olgin. Ularga yer yuzida joy yoʻq. Senga men aytib oʻtirishim kerakmi, Enasoy? Agar yulduzlar odamga aylanib qolsa bormi, osmon ularga torlik qilib qoladi. Agar baliqlar odamga aylanib qolsa bormi, ularga daryo va dengizlar torlik qilib qoladi. Senga men aytib oʻtirishim kerakmi, Enasoy? Ol, bu bolalarni, uloqtirib ket. Qoʻy, ular bu manfur dunyomizni goʻdaklikda, toza qalb bilan, bolalik hayosi bilan, yovuz niyat va yovuz ishlar bilan oʻz nomiga isnod keltirishga ulgurmasdanoq tark etishsin, toki inson azob-uqubatini koʻrish va boshqalarning ham gʻam-alamiga sababchi boʻlish ularga nasib qilmasin. Ol bularni, ola qol bularni, qudratli Enasoy…

Bolalar zor qaqshab, hoʻngrab yigʻlardi. Tik qirgʻokdan pastga qarash qanchalik dahshatli ekanligini koʻrib turgan bolalarning qulogʻiga kampirning soʻzi kirmasdi. Pastda esa quturgan toʻlqinlar sapchiydi.

– Quchoqlashinglar, bolalar, oxirgi marta xayrlashib olinglar, – dedi Choʻtir Baymoq kampir. Oʻzi esa ularni jarga irgʻitish qulay boʻlsin uchun yenglarini shimardi. Keyin shunday dedi:

– Endi meni kechiringlar, bolalar. Peshanangizga yozgani shu ekan. Bu ishimni hozir oʻz ixtiyorim bilan qilmayotgan boʻlsam ham, lekin sizlarning baxtingizga…

U gapini tugatmagan ham ediki, yonginasidan bir ovoz keldi:

– Toʻxta, dono, oqila kampir, gunohsiz bolalarni juvonmarg qilma.

Choʻtir Baymoq kampir qayrilib qaradi-yu, hayratda qoldi: qarshisida gʻaroyib ona bugʻu turardi. Uning yirik-yirik koʻzlari taʼnali va gʻamgin boqardi. U sutdek oq, qorni boʻtaloqning yungidek qoʻngʻir yung bilan qoplangan. Shoxlari boʻlsa goʻzallik timsoli: serbutoq, goʻyo kuzgi daraxtning bir boʻlak shoxi. Yelini emizikli ayolning koʻkragidek top-toza va silliq.

– Kimsan? Nega odamga oʻxshab gapiryapsan? – soʻradi Choʻtir Baymoq kampir.

– Men ona bugʻuman, – javob berdi u. – Shuning uchun odamga oʻxshab gapirdimki, boʻlmasa sen tushunmaysan, quloq ham solmaysan.

– Nima istaysan, ona bugʻu!

– Qoʻyib yubor bolalarni, donolarning donosi. Sendan iltimos qilaman, ularni menga ber.

– Nima qilasan ularni?

– Odamlar mening ikki egizimni, ikki bugʻu bolasini oʻldirishdi. Men oʻzimga bola izlab yuribman.

– Sen bularni boqmoqchimisan?

– Ha, donolarning dono ayoli.

– Sen yaxshilab oʻynab koʻrdingmi, ona bugʻu? – masxaraomuz kuldi Choʻtir Baymoq kampir. – Bular axir odam bolasi-ku. Bular katta boʻlishadi, keyin sening bolalaringni oʻldirishadi.

– Ular katta boʻlishsa, mening bolalarimni oʻldirishmaydi, – javob qildi unga bugʻular onasi. – Men ularga ona boʻlaman, ular esa mening bolalarim. Axir ular oʻz aka-ukalarini oʻldirishadimi?

– Eh, nimasini aytasan, ona bugʻu, sen odamlarni bilmaysan, – bosh tebratdi Choʻtir Baymoq kampir, – ular oʻrmon hayvonlarigagina emas, hatto oʻz-oʻzlariga ham rahm-shafqat qilishmaydi. Bu yetimchalarni senga berardim, shunda mening soʻzlarim qanchalik rostligiga oʻzing guvoh boʻlarding, lekin odamlar baribir qoʻlingdan tortib olib bu bolalarni oʻldirishadi. Buncha gʻamning senga nima keragi bor?

– Men bolalarni uzoq oʻlkalarga olib ketaman, u yerdan bolalarni hech kim qidirib topolmaydi. Bolalarga rahm qil, donolarning donosi, ozod qil ularni. Men ularga sadoqatli ona boʻlayin. Yelinlarim toʻlib turibdi. Sutim bolalarni orziqib kutyapti. U bolalarga intizor.

– Ha, mayli, shunday boʻladigan boʻlsa, – dedi oxiri Choʻtir Baymoq kampir oʻylab turib, – bularni tezroq olib joʻna. Yetimlarni oʻzingning uzoq yurtingga olib ket. Agar ular uzoq yoʻl yurib toliqib halok boʻlsa yoki duch kelgan qaroqchilar oʻldirib ketsa, yoki boʻlmasa bu odam bolalari sening yaxshiligingga yomonlik bilan javob qaytarishsa – oʻzingdan koʻr.

Ona bugʻu Choʻtir Baymoq kampirga minnatdorchilik bildirdi. Bola bilan qizga esa:

– Endi, men sizlarning onalaringman, sizlar esa mening bolalarimsizlar, – dedi. – Senlarni uzoq yurtga, qorli togʻ va daraxtzorlar qoʻynida joylashgan iliq dengiz – Issiqkoʻlga olib ketaman.

Bola va qizcha shodlanib, Shoxdor ona bugʻu ortidan chopqillab ketishdi. Lekin asta-sekin charchab, holdan toyishdi, yoʻl esa olis – dunyoning bu chetidan u chetiga choʻzilgan. Ona bugʻu bolalarni oʻz suti bilan boqib, kechalari bagʻriga bosib isitmaganda ular hech qayerga ham yetisholmas edi. Ular uzoq yurishdi. Ona yurt boʻlmish Enasoy tobora ortga chekinib borar, lekin yangi vatan boʻlmish Issiqkoʻlga hali juda uzoq edi. Yoʻl yurishdi, yoʻl yurishsa ham moʻl yurishdi. Yozu qish, koʻklamu yoz va kuz, yana yozu qish, yana bahoru, yana yoz va kuz qalin oʻrmonlardan, jazirama choʻllardan, koʻchma qum sahrolardan, baland togʻlardan va hayqirib oqqan daryolardan ne mashaqqat bilan oʻtishdi. Ularning izidan boʻrilar galasi quvdi, Shoxdor ona bugʻu esa bolalarni ustiga mindirib yovuz yirtqichlardan qutqarib ketdi. Ularning izidan tushgan otliq ovchilar oʻq uzib, qichqirishardi: “Bugʻu odam bolasini oʻgʻirlab ketyapti! Ushla! Tut!” va ketma-ket oʻq uzishardi. Shoxdor ona bugʻu bolalarni opichib, gʻizillab uchayotgan oʻqlarga, chaqirilmagan qutqaruvchilarga yetkazmay borardi. U oʻqdan koʻra tezroq chopar va shivirlardi: “Mahkamroq ushlanglar, bolalarim, bosqinchilar!”

Oxiri Shoxdor ona bugʻu oʻz bolalarini Issiqkoʻlga yetkazib keldi. Ular togʻ tepasida turib, hayratlanishardi. Chor atrof qorli togʻlar bilan qoplangan, togʻlar oʻrtasida koʻm-koʻk oʻrmon, koʻz ilgʻagan hamma joyda dengiz chayqalib shovullab turardi. Koʻm-koʻk suv yuzida oppoq toʻlqinlar yugurar, shamol ularni uzoqlardan haydab kelib, yana yiroqlarga haydab ketardi. Issiqkoʻl qaydan boshlanib, qayda tugaydi – bilib boʻlmasdi. Bir chekkasida quyosh bosh koʻtarsa, ikkinchisida hali tun pardasini yigʻishtirolmasdi. Is-siqkoʻlning chor atrofini qancha togʻ qurshab olgan – sanab boʻlmasdi, u togʻlar ortida yana shunga oʻxshash qanchadan-qancha qorli togʻlar boʻy choʻzib turibdi.

– Mana shu yangi vataningiz boʻladi, – dedi Shoxdor ona bugʻu. – Mana shu yerda yashaysizlar, yer haydaysizlar, baliq tutasizlar, molu hol qilasizlar. Ming yillar tinch-totuv yashanglar. Ha, sizlarning avlodingiz yashaydi, koʻpayadi. Sizlar keltirgan tilni avlodlar unutishmaydi. Ularga oʻz ona tillarida soʻzlash va kuylash yoqimli boʻladi. Insonlarga qanday yashash lozim boʻlsa shunday yashanglar. Men esa sizlar va sizlarning bolalaringizning bolalari bilan hamisha birga boʻlay…

Mana xnunday qilib, bola va qizcha qirgʻiz avlodining ajdodlari sifatida mangu jannatmakon Issiqkoʻlda oʻzlariga yangi makon topdilar.

Vaqt tez oʻtib boraverdi. Bola baquvvat yigit boʻldi, qiz boʻyga yetdi. Shunda ular qovushib, er-xotin boʻldilar. Shoxdor ona bugʻu esa Issiqkoʻlni tark etmasdan, yaqin oʻrtadagi oʻrmonda yashay boshladi.

Bir kun tong mahali Issiqkoʻl qoʻqqisdan notinchlanib, shovullay boshladi. Qizni toʻlgʻoq tutib, azoblanmokda edi. Er esa choʻchib ketdi. Qoya ustiga chopib chiqdi-da, ovozining boricha chaqira boshladi:

– Qayerdasan, Shoxdor ona bugʻu? Issiqkoʻl qanday shovqin solyapti, eshityapsanmi? Qizing tugʻyapti. Tezroq kel, Shoxdor ona bugʻu, bizga yordam qil…

Shunda uzokdan xuddi karvonlarning qoʻngʻirogʻiday jarangdor tovush eshitildi. Bu tovush tobora yaqinlashib kelaverdi. Shoxdor ona bugʻu yetib keldi.

U shoxlarida beshik keltirdi. Beshik oppoq qayindan yasalgan boʻlib, bandida kumush qoʻngʻiroqcha jaranglab turardi. Bu qoʻngʻiroq Issiqkoʻl beshiklarida hozirgacha ham yangrab turibdi. Onalar beshiklarni tebratar, kumush qoʻngʻiroq jaranglar, goʻyo Shohdor ona bugʻu uzoklardan chopib, shoshib, shoxlarida qayin beshik koʻtarib kelayotganday tuyuladi…

Shoxdor ona bugʻu yetib keldi-yu, shu payt qizning ham koʻzi yoridi.

– Bu beshik sizlarning toʻngʻichlaringiz uchun, – dedi Shoxdor ona bugʻu. – Hali koʻp farzand koʻrasizlar. Yetti oʻgʻil, yetti qiz!

Ota-ona xursand boʻlishdi. Toʻngʻich farzandlarini Shoxdor ona bugʻu sharafiga – Bugʻuboy deb atashdi. Bugʻuboy oʻsib-ulgʻaydi, qipchoqlar avlodidan boʻlgan goʻzal qizga uylandi, shu bilan Bugʻuboy avlodi – Shoxdor ona bugʻu avlodi koʻpaya boshladi. Bugʻuboy avlodlari Issiqkoʻlda koʻp va qudratli boʻlib qoldi. Bu avlod Shoxdor ona bugʻuni muqaddas deb bilishardi. Bugʻuboy avlodlarining oʻtovida eshik tepasiga bugʻu shoxi osib qoʻyilar, bu esa uzoq-uzoqlardan ham oʻtovning Bugʻuboylar avlodiga mansub ekanligidan darak berib turardi. Bosqinchi dushmanlarni daf etganda yoki poyga musobaqalarida Bugʻuboy avlodlarini “Bugʻu”! degan bitta laqabning oʻzidanoq anglab olishar, ular esa har doim gʻolib chiqishardi. Oʻsha kezlar Issiqkoʻl oʻrmonlarida oppoq shoxdor bugʻular boʻlardi, goʻzallikda hatto koʻkdagi yulduzlar ham ularga rashk qilardi. Ular shoxdor ona bugʻuning bolalari edi. Ularga hech kim tegmasdi, hech kim hurkitmas edi. Bugʻuboy avlodlari bugʻuga duch kelgan joyda otdan tushib, unga yoʻl berardi. Oshiqlar suygan qizlarini suluvlikda goʻzal oq bugʻuga qiyos qilishardi…

Bugʻuboy avlodining oshib-toshib ketgan mashhur bir boyi to oʻlguniga qadar shu odat saqlanib qoldi. Uning ming-minglab qoʻylari, ming-minglab yilqilari boʻlib, mollariga qaraydigan qancha-qancha choʻponlar ham uning izmida edi. Oʻgʻillari unga katta maʼraka qilishdi. Ular bu maʼrakaga yer yuzining hamma maʼlum va mashhur kishilarini chaqirishdi. Mehmonlar uchun Issiqkoʻl qirgʻogʻiga bir ming bir yuzta oʻtov tikdilar. Qancha mol soʻyildi, qancha qimiz ichildi, qanchalab qashqarcha noz-neʼmatlar berildi, sanogʻiga yetib boʻlmasdi. Boyning oʻgʻillari gerdayib yurishardi: Axir otadan bitmas-tuganmas meros qolganligini, farzandlar otani hurmatlab, uning xotirasini qanday eʼzozlashlarini odamlar koʻrib qoʻysin-da… (“E boʻtam, odamlar aql oʻrniga boyligini koʻz-koʻz qilishsa, bu qanday yaramaslik”.)

Marsiya aytuvchilar esa marhumning oʻgʻillari takdim etgan argʻumoklarda yelib, sovgʻaga berilgan suvsar telpak va shoyi toʻnlarga oʻralib, marhumni va uning merosxoʻrlarini koʻklarga koʻtarib maqtashardi.

– Bu olamda bunday baxtli hayot va shukuhli maʼrakani koʻrgan bormi? – deb kuylardi biri.

– Dunyo bino boʻlgandan beri bunaqasi hali boʻlmagan! – derdi ikkinchisi.

– Hech qayerda boʻlmagan! Faqat bizdagina ota-onalarni shunday hurmatlashadi, ota-ona shon-sharafini yuksak tutishadi, ularning muqaddas nomini ulugʻlashadi, – kuylardi uchinchisi.

– Ey, qaqildoq marsiyachilar, nima deb valdirayapsiz! Olamda bu hotamtoylikning taʼrifiga loyiq soʻz, marhumning shon-shuhratiga teng keladigan shuhrat bor ekanmi? – kuylardi toʻrtinchisi…

Ular shu zaylda kecha-kunduz kim oʻzarga bahslashardi. (“E-e, boʻtam, hofizlar hamdu sano oʻqishda bahslashsa, qanday yaramaslik, ular qoʻshiqchidan qoʻshiq kushandasiga aylanishadi”.)

Dovruq solgan maʼraka koʻp kunlik bayramday oʻtdi. Boyning maqtanchoq oʻgʻillari boshqalarni lol qoldirishni, shuhratlari olamga yoyilishini orzu qilishdi. Yana buning ustiga mangu uyquga ketgan shavkatli otalari Shoxdor ona bugʻu avlodidan ekanligini hamma bilish uchun uning qabriga bugʻu shoxini oʻrnatishni oʻylab topishdi. (“E boʻtam, qadimgi odamlardan qolgan gap bor: boylik – takabburlikni, takabburlik esa – telbalikni tugʻdiradi”.)

Boyning oʻgʻillari ota xotirasiga koʻz koʻrib, quloq zshitmagan yodgorlik oʻrnatishni istashgani uchun ham hech nima ularga toʻsqinlik qila olmadi. Aytilgan soʻz – otilgan oʻq. Ovchilarni yoʻllashdi. Ovchilar bugʻu otib, shoxini tanasidan ayirishdi. Bugʻu shoxlarining tepaga taralib turishi koʻkda parvoz qilayotgan burgutiing qanotlariga oʻxshardi. Bugʻu shoxlari oʻgʻillarga yoqib tushdi: ularning har biri oʻn sakkiz butoqqa boʻlingan – demak, oʻn sakkiz yoshda ekan. Yaxshi! Ular shoxni qabr ustiga oʻrnatish uchun ustalarga farmon berishdi.

Qariyalar hayratda qolishdi:

– Bugʻuni oʻldirishga qanday haddingiz sigʻdi? Shoxdor ona bugʻu avlodiga qoʻl koʻtarishga kim jurʼat etdi?

Boyning merosxoʻrlari ularga javoban:

– Biz oʻz yerimizdagi bugʻuni oʻldirdik. Bizning saltanatimiz ostidagi yerlarda nimaiki qimirlagan, uchgan tirik jonzot boʻlsa, pashshadan tortib tuyagacha – hammasi bizniki. Oʻzimizga qarashli jamiki narsalarni nima qilish-qilmaslikni uzimiz yaxshi bilamiz. Yoʻqolinglar! – deyishdi.

Xizmatkorlar qariyalarni qamchi bilan savalab, otga teskari mindirishdi-da, sazoyi qilib haydashdi.

Hamma balo shundan boshlandi. Shoxdor ona bugʻu avlodlarining boshiga katta baxtsizlik tushdi. Deyarli har bir kishi oʻrmonlarda oq bugʻularni ovlashga tushib ketdi. Bugʻuboy avlodidan boʻlgan har bir kishi oʻz ajdodlari qabriga bugʻushox oʻrnatishni burch deb bilar edi. Bu ish endi marhumlar xotirasiga boʻlgan muqaddas vazifa, alohida hurmatga aylandi. Kimki bugʻu shoxlarini topolmas ekan, endi uni odam oʻrnida sanamay qoʻyishdi. Bugʻu shoxlari bilan savdo qilish, ularni oldindan gʻamlab qoʻyish odat tusiga kirib qoldi. Shoxdor ona bugʻu avlodlari orasida shunday kishilar paydo boʻldiki, ular bugʻu shoxlaridan oʻlja yigʻishni va pullashni hunar qilib oldilar. (“E boʻtam, pul hukmron boʻlgan joyda zzgu soʻzga oʻrin yoʻq, goʻzallikka oʻrin yoʻq”.)

Issiqkoʻl oʻrmonlarida bugʻularga qirgʻin keldi. Ularga shafqatsiz boʻlishdi. Bugʻular qadam yetmagan joylarga qochdi, lekin u yerda ham qoʻyishmadi. Ovchilar tozilarni qoʻyib pistirma tomon haydashar, oʻzlari esa pistirmalarda berkinib yotib, yaqinlashgan bugʻularni bexato otib olishardi. Bugʻularni toʻda-toʻdasi bilan qirishdi, Shox butoqlari eng koʻp boʻlgan bugʻuni kim otarga garovga bogʻlashardi.

Bugʻular gʻoyib boʻldi. Togʻlarni tark etdi. Na tunda, na tongda bugʻu ovozi eshitilardi. Na oʻrmonda, na yaylovda uning qanday irgʻishlab, qanday sapchishlarini, shoxlarini yelkasi ustiga tashlab, parvozdagi qushday jarliklardan qanday sakrab oʻtishlarini zndi hech kim koʻrmasdi. Butun umri boʻyi bugʻu nima ekanligini koʻrmagan yangi insonlar tugʻildi. Faqat u haqidagi ertaklarni eshitib, qabrlar ustidagi shoxlarni koʻrishdi, xolos.

Shoxdor ona bugʻuga nima boʻldi?

U odamlardan ranjidi, juda qattiq ranjidi. Aytishlaricha, son-sanoqsiz oʻqlar va tozilar dastidan bugʻularga kun qolmagan, ularning eng soʻnggi avlodi barmoq bilan sanarli darajada oz qolgan chogʻda Shoxdor ona bugʻu eng baland choʻqqiga koʻtarilib, Issiqkoʻl bilan vidolashibdi va soʻnggi bolalarini ulkan dovon ortiga, boshqa yurtlarga, boshqa togʻlarga boshlab ketibdi.

Mana, olamda. qanday ishlar boʻladi. Mana, ertak ham tugadi. Xoh ishon, xoh ishonma.

Shoxdor ona bugʻu esa ketishi oldidan bundan buyon bu yerlarga aslo qadam bosmayman, debdi…

 

BEShINCHI BOB

 

Yana togʻlar qoʻyniga kuz kirib keldi. Yana shovqin-suronli yozdan soʻng hamma narsa kuzgi sokinlikka moslasha boshladi. Mol qamaydigan qoʻralar atrofidagi changchar bosildi, gulxanlar oʻchdi. Mollar qish-lovga koʻchdi. Odamlar joʻnab ketishdi. Togʻlar huvillab qoldi.

Burgutlar bazoʻr qur-qurlab, yolgʻiz ucha boshladi. Yoz boʻyi oʻz oʻrnidan shovullab oqqan daryo sayozlanib, ovozi pastlashib qoldi. Oʻtlar oʻsishdan toʻxtadi, ildizlardan jon ketdi. Barglarning shoxlarda osilib turishga ortiq madori qolmay, uzilib tusha boshladi.

Eng baland choʻqqilarga esa kechalari kumush rang yupqa qor yogʻib chiqardi. Ertalab gʻira-shira togʻ tizmalari qoraburul tulkining yoliday oppoq tusga kirardi.

Sovuq tushib, daralarda izgʻirin shamol esa boshladi. Lekin hamon kunlar charogʻon va quruq edi.

Daryo ortida, qorovulxona roʻiarasidagi oʻrmon tezda kuz ogʻushiga kirdi. Daryodan to yuqoriga, Qora qaragʻayzor chegarasigacha choʻzilib ketgan chakalakzorlarni dudsiz olov yangligʻ kuzgi xazonrezgi bosgandi. Eng chidamli daraxtlar – toʻq sariq rangli togʻ teragi va qayin oʻrmonlari, ayniqsa, koʻzga yaqqol tashlanib turardi. Ular ulkan oʻrmonning qor bosgan baland choʻqqilarigacha – qayragʻoch va archalar qorayib turgan yergacha choʻzilib ketgan edi.

Qaragʻayzor qoʻyni hamma vaqt top-toza va qasrlardagidek salobatli. Qayoqqa qaramang, faqat qattiq daraxtlarnint jigarrang tanasi, smolali quruq hid, butun oʻrmon poyiga toʻkilgan qoramtir igna yaproqlar. Keksa qaragʻaylarning uchida gʻir-gʻir shamol esadi.

Lekin bugun erta tongdanoq togʻlar boshida chagʻillab, bezovtalangan zagʻchalar aylanib qoldi. Jon-jahdi bilan chagʻillagan zagʻchalarning kattakon galasi qaragʻayzor oʻrmon tepasida betinim aylanaverdi. Ular bolta ovozini eshitgan zahotiyoq bezovtalangan boʻlsa, soʻng xuddi birov ozor bergandek bir-birlariga gal bermay chagʻillab, qirqilgan qaragʻaylarni togʻdan olib tushayotgan ikki kishining izidan taʼqib etardi.

Yogʻochlarni otlarga bogʻlab sudratib kelishardi. Oʻrazqul otning jilovini tutib oldinda borardi. U turtinib, plashining bari butalarga ilinib, qoʻshga qoʻshilgan hoʻkizday hansirardi. Uning ortidan, yogʻoch orqasidan Moʻmin bobo yelib kelardi. Bunday balandlikda unga ham osonmasdi, cholning nafasi qisilib qolgandi. Uning qoʻlida qaragʻay pishang boʻlib, bu bilan u yoʻl-yoʻlakay yogʻochlarni oʻnglab borardi. Yogʻochlar goh toʻnkalarga, goh toshlarga hadeb qadalib qolaverar, qiyalikka kelganda esa nishabga koʻndalang burilar va pastga yumalab ketguday boʻlardi. Unda falokatdan qochib qutulib boʻpsan – naq majaqlab oʻldiradi.

Pishang bilan yogʻochlarni toʻgʻrilab borayotgan kishiga ayniqsa, xavfli, har balo yuz berishi mumkin. Qoʻrquvdan bir necha bor yuganni tashlab qochgan Oʻrazqul har safar chol oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyib, yogʻochni qiyalikda tutib, uning ot yoniga qaytishini va yugandan tutishini kutayotganini koʻrib uyalib ketardi. Lekin oʻz aybingni yashirmoq uchun uni birovga toʻnkamoq kerak deb bekorga aytishmagan-da.

– Sen nima, meni narigi dunyoga joʻnatmoqchimisan? – Oʻrazqul qaynotasiga qichqirdi.

Atrofda Oʻrazqulning ovozini eshitadigan va unga dakki beradigan hech kim yoʻq edi: keksalarga shunday muomala qilishni kim koʻrgan? Qaynotasi, buni men ataylab qilibmanmi, axir oʻzim ham yogʻoch tagida qolib ketishim mumkin-ku, xuddi u buni qasddan qilayotgandek, unga buncha qichqirishning nima keragi bor, deb qoʻrqa-pisa pichirladi.

Bu hol Oʻrazqulning yana battar jahlini chiqardi.

– Eh, seni qara-ya! – gʻazablandi u. – Seni bosib qolsa, axir sen yoshingni yashagansan. Senga nima? Men mayib boʻlsam, qizing kimga qoladi, uni kim oladi? Shaytonning qamchisiday bu bepusht kimga kerak…

– Tushunib boʻlmaydigan odamsan, oʻgʻlim. Senda odamlarga hurmat degan narsa yoʻq, – dedi bunga javoban Moʻmin.

Oʻrazqul hatto toʻxtab, cholga razm soldi:

– Bunday chollar allaqachon oʻchoq oldida yonboshlab, oʻzini olovga toblab yotibdi. Senga esa maosh oqib kelib turibdi. Qayoqdan kelyapti bu maosh? Mening sharofatim bilan kelyapti. Senga yana qanaqa hurmat kerak?

– Kel, qoʻy endi, aytdim-qoʻydim-da, – muloyimlashdi Moʻmin.

Shunday qilib, ular yurishda davom etdi. Yana bir dovon oshib, qiyalikda tin olgani toʻxtashdi. Ot butunlay terga tushib, koʻpikka qoplandi.

Son-sanoqsiz zagʻchalar esa hamon tinchimas, charx urib aylangani-aylangan. Goʻyo butun kun boʻyi chagʻillashga qasd qilganday zoʻr berib chagʻillardi.

– Qishning erta tushishini sezyapti, – dedi Moʻmin ohista gapni boshqa yoqqa burib va bu bilan Oʻrazqulni jahldan tushirmoqchi boʻlib. – Uchib ketishning payida boʻlyapti. Xalaqit berganni yoqtirmaydi, – deb qoʻshib qoʻydi, xuddi aqlsiz qushlar uchun uzr soʻragandek.

– Kim ularga xalaqit beryapti? – keskin burilib qaradi Oʻrazqul. Birdan qizarib ketdi. – Allanimalar deb aljiysan, chol, – dedi sekin doʻq urgan ohangda.

“Eh, – xayolga keltirdi u, – nimaga ishora qilyap-ti! Bu nimasi, uning zagʻchalari dastidan qaragʻayga tegmaslik, bir shoxini ham sindirmaslik kerak ekan-da? Yoʻq, bekor aytibsan? Hozircha bu yerga men xoʻjayinman”. U gʻazab bilan uymalashayotgan zagʻchalar galasiga qaradi:

– Eh, pulemyot boʻlgandami! – dedi va burilib uyatsiz soʻz bilan soʻkindi.

Moʻmin jim qoldi. U kuyovini soʻkishini koʻp eshitgandi.

“Yana ayniyapti, – ich-ichidan gʻam tortdi chol. – Ichdi – hayvonga aylanadi. Nahorda bosh ogʻrigʻiga tortsa ham – bir soʻz qotma. Odamlar nega bunday boʻlib qolishar ekan-a? – oʻyga toldi Moʻmin. – Sen unga yaxshilik qilasan, u senga yomonlik qaytaradi. Uyalmaydi ham, uyalishni xayoliga keltirmaydi ham. Xuddi shunday boʻlishi lozimdek. Hamisha oʻzinikini toʻgʻri deb biladi. Faqat unga yaxshi boʻlsa boʻlgani. Hamma uning atrofida girdikapalak boʻlishi kerak.

Agar istamasang majbur qiladi. Yaxshiyamki, mana bunday togʻda, oʻrmonlar orasida oʻtiradi, uning qoʻli ostida bitta, ikkita odami bor. Kattaroq amalga minsa bormi? Xudo koʻrsatmasin… Bundaylarni joyidan siljitib ham boʻlmaydi. Hamisha oʻz ulushini changallab qoladi. Sen bunaqalardan hech joyga qochib qutulolmaysan ham. Hamma joyda u seni kutib turadi, izlab topadi. Oʻzining dorilomon yashashi uchun sening joningni sugʻurib oladi. Hamisha haq boʻlib chiqadi. Ha, bundaylarni siljitib boʻpsan…”

– Xoʻsh, yetar qaqqayib turish, – Oʻrazqul cholning xayollarini tarqatib yubordi. – Ketdik! – buyruq qildi u. Ular yoʻlda davom etishdi.

Bugun ertalabdanoq Oʻrazqulning kayfiyati joyida emasdi. Ertalab, asbob-uskunalari bilan narigi qirgʻoqqa, oʻrmon tarafga oʻtish kerak boʻlgan chogʻda, Moʻmin nabirasini maktabga olib borishga shoshardi. Bugun aqlidan ozib boʻldi! Har kun ertalab otni egarlaydi, bolani maktabga eltib qoʻyadi, keyin uni yana olib kelgani boradi. Bu tashlandiq daydi bilan ovora. Qarang-a, maktabga kechikish mumkin emasmish. Bu yerdagi ish shundayki, xudo biladi oxiri nima boʻlarkin, bundan chiqdi – bu ishni keyinga qoddirib tursa boʻlarkan-da? Shunday emasmi? “Men, deydi, bir zumda qaytib kelaman, bola maktabga kechiksa muallimaning oldida uyalaman”. Uyaladigan odamingni topibsan! Ahmoqsan-da! Bu muallimang oʻzi kim boʻlibdi? Besh yildan beri ustidan bitta palto tushmaydi. Faqat daftar bilan, sumka bilan koʻrasan… Doimo yoʻlda qoʻl koʻtarib mashina kutgani-kutgan – hadeb rayonga tushadi, hamisha unga nimadir yetishmaydi, goh maktabga koʻmir deydi, goh oyna, goh boʻr, hatto lattagacha soʻraydi. He, nomusli muallima bunday maktabga kelarmidi? Qanaqa ot topishibdi-ya – “mitti maktab”. U chindan ham mitti-da. Undan nima naf kelardi. Haqiqiy oʻqituvchilar shaharda. Maktablari oynadan. Oʻqituvchilari galstuk taqib olgan. Lekin shaharda shunday-da… Boshliqlar u yerda hashamatli mashinalarda koʻchalardan qanday oʻtishadi. Mashinalarni aytmaysanmi?! Qop-qora, yaltiroq, bu mashinalarni “lip” etib oʻtib ketguncha toʻxtab tomosha qilging keladi. Shahar odamlari esa xuddi bu mashinalarni koʻrmayotgandek parvo ham qilishmaydi. Vaqtlari yoʻq – shoshilishadi, qayoqqadir chopishadi. Ana u yerda, shaharda, hayotni – hayot desa boʻladi. Qani endi oʻsha yoqqa yetishsang, biron joyga oʻrnashib olsang ekan. U yerda odamlarni amaliga qarab hurmat qilishni bilishadi. Lozimmi – demak, hurmat qilishing shart. Katta amalga – katta hurmat. Madaniyatli odamlar. Shuning uchun ham u yerda mehmonma-mehmon yurish yoki u-bu sovgʻa qilish, yogʻoch tashish yoki shunga oʻxshash allaqanday ishlarni qilishga toʻgʻri kelmaydi. Bu yerdagiga oʻxshab – ellik soʻm, koʻpi bilan yuz soʻm berib, yogʻoch olib, ustingdan shikoyat yozib yurmaydi: Oʻrazqul poraxoʻr, falon-piston… Nodonlik!

Ha, shaharda boʻlgandami… Eh, togʻiga ham, oʻrmoniga ham, mana bu dardisar yogʻochlarga ham, pushtsiz xotiniga ham, manavi valakisalang, beaql cholga ham qoʻl siltab yuborgan boʻlardim. Eh, suliga toʻygan otdek joʻsh urib ketardim-da! Oʻzimni hurmat qilishga majbur etardim. “Oʻrazqul Balajanovich, kabinetingizga kirishga ruxsat eting”. U yerda shaharlikka uylanib olardim. Nega mumkin emas ekan? Aytaylik, bironta qoʻlida mikrofoni bilan oʻynab ashula aytadigan goʻzal artistkaga: aytishadiki, ular uchun eng muhimi odamning amaldor boʻlishimish. Mana shunaqasini qoʻltigʻidan olib galstuk taqib yursang. Kinoga borsang. U boʻlsa tuflisini tiqillatib, atir taratib yursa. Oʻtgan-ketgan burnini choʻzib qolaveradi. Qarabsan-ki, bolalar tugʻiladi… Oʻgʻlimni yuristlikka oʻqitardim, qizim esa royal chalsin. Shaharlik bolalar darrov koʻzga tashlanadi – aqlli boʻlishadi. Uyda faqat ruscha gaplashishadi: ular kallalaridan eski qishloq soʻzlarini chiqarib tashlashadi. U oʻz farzandlarini shunday tarbiyalagan boʻlardi: “Papochka, mamochka, uni olib ber, buni olib ber…” oʻz jigarbandingdan biron narsani ayab oʻtirarmiding? U koʻplarni boplardi-da, kim ekanini koʻrsatib qoʻyardi. Boshqalardan nimasi kam uning? Nima, yuqoridagilarning undan biron joyi ortiqmi? Ular ham oʻziga oʻxshagan odamlar-da. Ularning omadi kelgan faqat. Uning esa omadi kelmagan. Baxt kulib boqmagan. Oʻzida ham ayb bor. Oʻrmonchilar kursini bitirgach, shaharga ketishi kerak edi, texnikumga kirishi kerak edi yoki boʻlmasa institutga. Shoshdi – amalga uchdi-da. Kichkina boʻlsa ham, harholda amal-da. Mana endi togʻma-togʻ yur, eshakka oʻxshab yogʻoch tashi… Buning ustiga mana bu qargʻalar ortiqcha, Nimaga buncha qagʻillashadi, nimaga aylanib qolishdi? Eh, pulemyot boʻlgandami…

Oʻrazqulning avzoyi buzilishiga arzigulik sabablar bor edi. Yozni yallo qilib oʻtkazdi. Kuz yetib keldi, yoz bilan birga choʻponlar va yilqiboqarlar davrasidagi mehmondorchilik davrlari ham oʻtib ketdi. Xuddi qoʻshikda aytilganday: “Yaylovdagi chechaklar ochilib boʻldi, etagingni yigʻishtirib qol…”

Kuz keldi. Oʻrazqulga koʻrsatylgan hurmatlar uchun, ziyofatlar uchun, qarzlar uchun, vaʼdalar uchun hisoblashadigan payt keldi. Buning ustiga maqtanib katta ketganlari-chi: “Senga nima kerak? Xari boʻladigan ikkita qaragʻay yogʻochmi, faqat shumi? Shuning nimasini gapirib oʻtiribsan. Mashina olib kelasan-da, olib ketaverasan”.

Ogʻzidan gullab, hadyalar olib, aroqni ichaverdi, mana endi boʻgʻilib, terga botib, yer yuzidagi hamma narsaga laʼnat oʻqib, togʻma-togʻ yogʻoch sudrab yuribdi. Bu yogʻochlarning daxmaza boʻlganini aytmaysizmi? Umuman, butun hayotida roʻshnolik koʻrmadi. Bexosdan kallasiga lop etib bir fikr keldi: “Hammasiga tupuraman-da, boshim oqqan tomonga ketaman”. Lekin u shu zahotiyoq hech qayoqqa ketolmasligini tushundi. Hech kimga hech qayerda keraklik joyi yoʻq va koʻngli tilayotgandek hayotni hech qayerdan izlab topolmaydi.

Bu yerdan ketib yoki vaʼdangdan tonib koʻr-chi! Uni oʻz oshna-ogʻaynilari tutib berishadi. Odamlar yaramas boʻlib ketgan. Oʻtgan yili oʻzining bugʻu avlodi qarindoshiga hadya qilingan qoʻzichoq uchun qaragʻay yogʻoch vaʼda qilgandi, kuzda esa qaragʻay uchun yuqoriga chiqqisi kelmadi. Bu aytmoqqa oson, qani u yoqqa bir chiqib boq, yogʻochlarni arralab, yumalatib koʻr, keyin bilasan qanaqa ekanligini. Yana buning ustiga qaragʻaylar besh yil-oʻn yillik boʻlsa qani, ularni eplab koʻr-chi! Oltin bersa ham bu ishga qoʻl urging kelmaydi! Aksincha, oʻsha kunlari Moʻmin cholning tobi qochib, koʻrpa-toʻshak qilib yotib oldi. Bir kishi uddasidan chiqolmaydi bunday ishni. Ha, biron kimsa umrida yolgʻiz oʻzi togʻdan yogʻoch olib tushishning uddasidan chiqqan emas. Yiqitishku mumkin, lekin yiqitgan bilan qaragʻayni pastga olib tushib boʻlmaydi… Nima boʻlishini oldindan bilganda, Seydahmadni yoniga olib chiqqan boʻlardi. Lekin Oʻrazqul toqqa tirmashib chiqib yurishga erindi-da, birinchi duch kelgan qaragʻay bilan qarindoshidan qutulib qoʻya qolmoqchi boʻldi. Lekin u uncha-munchasiga koʻnmadi: unga haqiqiy qaragʻay kerak emish, vassalom. “Qoʻzichoqni olishni bilasan, gapingning uddasidan chiqishni bilmaysanmi?” Oʻrazqul jahli chiqib, hovlidan uni haydab chiqardi: olmaysanmi – joʻnab qol. U yigit ham boʻsh kelmadi. San-Tosh oʻrmonchilik zapovednigining qorovuli Oʻrazqul Balajanov ustidan darhol shikoyat xati yozib, unga shunday toʻgʻri va notoʻgʻri gaplarni qoʻshdiki, oqibat-natijada Oʻrazqulni “sotsialistik oʻrmon kushandasi” sifatida otish lozim edi. Keyin rayonning va oʻrmonchilik ministrligining turli xil tekshiruv komissiyalari Oʻrazqulni uzoq vaqt sarson qilishdi. Zoʻrgʻa qutuddi. Mana senga qarindosh! Yana: “Biz hammamiz Shoxdor ona bugʻu bolalarimishmiz. Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun!” emish. Hammasi bekor gap, qachonki bir tiyin uchun bir-birimizning yoqamizdan olib, turmaga tiqishga tayyor boʻlsak. Qanaqasiga bugʻu avlodidan boʻlaylik, Bugʻu ilgari vaqtda boʻlgan, odamlar bugʻuga ishonishgan. Naqadar befahm va sodda boʻlishgan-a oʻsha zamonning odamlari, kulgili! Endi esa hamma madaniyatli, hamma savodli. Kimga keragi bor buni, bu ertakni yosh bolalarga aytsa boshqa gap.

Shu voqeadan keyin Oʻrazqul boshqa hech kimga, hech qanaqa tanishga, hech qanday qabiladoshga, hatto Shoxdor ona bugʻuning ming tuqqani boʻlsa hamki, bironta novdani, bironta choʻpni bermaslikka ont ichdi.

Yana yoz keldi. Koʻm-koʻk togʻli yaylovlarda oʻtovlar oqarib, yer-koʻkni podalarning shovqin-suroni tutib, ariqlarda va daryoda suv tortilib qoldi. Quyosh porlagan, sarxush qimiz hidi kelar, gul boʻyi ufurardi. Ochiq havoda oʻtovlarning oldida, koʻm-koʻk maysalar ustida, oshna-ogʻaynilar davrasida oʻtirib qimiz ichib, qoʻzi goʻshtiga toʻyib kayf qilishga nima yetsin. Keyin esa boshni aylantirish uchun bir stakan aroqni simirib, shunday kayfga kelasanki, oʻzingni goʻyo daraxtlarni ildizi bilan qoʻporib tashlagudek yoki boʻlmasa anovi togʻning boshini uzib olgudek his qilasan…

Bunday kunlarda Oʻrazqul ichgan ontini unutardi.

Katta oʻrmonning katta xoʻjayini deb atashlari unga naqadar xush kelardi. Yana vaʼdalar berdi, yana hadyalar qabul qildi. Yana qadimiy qaragʻaylar qaysi birlarining kuni bitib, kuz kelganda umri tugashini sezmasdi.

Kuz esa hosili oʻrib olingan dalalardan sezdirmay kelib, togʻ sari pinhona siljidi-da, butun atrofni qoplab oldi. U bosib oʻtgan yoʻlda maysalar sargʻaydi, oʻrmonni xazonrezgi bosdi.

Mevalar pishdi. Qoʻzilar toʻqli boʻldi. Ularni alohida otarlarga – toʻqlilarni alohida, qoʻylarni alohida toʻdaga ayirishdi. Ayollar yigʻilgan sarigʻ yogʻni meshga joylab olishdi. Erkaklar vodiyga kim birinchi boʻlib qaytishi haqida gurung qilishardi. Ketish oldidan esa yozda Oʻrazqul bilan gaplashganlar falon kuni, falon soatda vaʼda qilingan yogʻochga mashina olib oʻrmonga kelishlari haqida uni ogohlantirib qoʻydilar.

Mana shu bugun kechqurun ikkita qaragʻay yogʻoch olib ketgani pritsepli mashina keladi. Qaragʻayning bittasi pastda tayyor turibdi, mashina keladigan joyga daryodan oʻtkazib qoʻyilgan. Ikkinchisini mana, pastga olib tushishyapti. Agar Oʻrazqul hozir ushbu yogʻoch ustidan yeb-ichganlarini qusish imkonini topgandami, hozir chidashga majbur boʻlayotgan bu azob-uqubatlardan qutulish uchun shu zahotiyoq qusib tashlagan boʻlardi.

Afsuski, oʻzining togʻdagi laʼnati bu takdirini oʻzgartirishga qodir emas: mashina tunda yogʻoch olib ketish uchun shu bugun kechqurun pritsepi bilan keladi.

Hamma ish oʻngidan kelsa yaxshiku-ya: yoʻl sovxoz oʻrtasidan, toʻgʻri idoraning oddidan oʻtadi, boshqa yoʻl yoʻq, sovxozga esa militsiya, gosinspeksiya kelib turadi. U yerda yana rayondan kelganlar ham bordir? Ularning koʻziga yogʻoch ortgan mashina duch kelib qolsami: “Xoʻsh, yogʻochni qayokdan olib kelyapsiz va qayoqqa?” – deb surishtira boshlashadi.

Bu xayoldan Oʻrazqulni sovuq ter bosib ketdi. Hamma-hamma narsaga – boshi ustida aylanayotgan zagʻchalarga, baxtsiz Moʻmin cholga, bundan uch kun burun shaharga kartoshka sotgani ketgan dangasa Seydahmadga gʻazabi joʻsh urib ketdi. U togʻdan yogʻoch olib tushilishini bilardi-ku axir! Demak, sezdirmay joʻnab qolgan… Endi faqat bozordagi ishlarini bitirgandan keyingina qaytadi. Boʻlmasa Oʻrazqul, chol bilan ikkalasini yogʻoch sudrab kelishga joʻnatib, oʻzi bu azobdan qutulgan boʻlardi.

Lekin Seydahmad uzokda, zagʻchalarga ham qoʻl yetmaydi. Hammasining alamini xotinidan olishi mumkin – lekin uyga yetish amri mahol. Birgina Moʻmin chol bor. Togʻdan nafasi boʻgʻilib, qahr-gʻazabi ortib, har qadamda ogʻzidan oq it kirib, qora it chiqib kelayotgan Oʻrazqul otga ham, uning orqasidan kelayotgan cholga ham rahm qilmay, changallar orasidan yoʻl soldi. Bu ot harom oʻlsa mayli, bu chol oʻlsa ham mayli, yuragi yorilib oʻzi oʻlsa ham mayli. Oʻrazqulning shaʼni va amaliga yarashmagan, uning koʻnglidagidek boʻlmagan bu dunyoga oʻt tushsin.

Oʻrazqul oʻzini tutolmay, otni qiyalikdan tikka changallar orasiga haydab ketdi. Mayli, Moʻmin chaqqon yogʻochlar atrofida girdikapalak boʻlib qolsin. Qani, u yogʻochni eplamay koʻrsin-chi! “Majaklab tashlayman, ahmoq cholni, vassalom”, koʻnglidan oʻtkazdi Oʻrazqul. Boshqa vaqtda u hech qachon yogʻoch bilan bunday xavfli nishablikka oʻzini urishga yuragi betlamagan boʻlardi. Bu safar shayton yoʻldan ozdirdi. Moʻmin ham uni toʻxtatib qolishga ulgurmadi, faqat qichqirib qololdi, xolos: “Qayoqqa ketyapsan? Qayoqqa? Toʻxta!” – yogʻoch chirpirak boʻlib aylanib, butalarni yanchib pastga yumalab ketdi. Yogʻoch hoʻl va ogʻir edi. Moʻmin yogʻochni ushlab qolish uchun pishang solmoqchi boʻldi. Lekin zarb shunday kuchli ediki, pishang cholning qoʻlidan otilib chiqib ketdi.

Hamma ish koʻz ochib yumguncha boʻlib oʻtdi. Ot yiqildi va yoni bilan pastga surilib ketdi. Ot surilayotib Oʻrazqulni ham urib yiqitdi, U titrab-qaqshab butalarga tirmashib, ilinib, yumalab ketdi. Shu payt qalin xazon ustidagi allaqanday shoxli jonivorlar hurkib qochib qoldi. Ular talvasaga tushib, jon-jahdi bilan sakray-sakray qayinzorlar ichida gʻoyib boʻldi.

– Bugʻular! Bugʻular! – qoʻrquv va shodligidan oʻzida yoʻq xursand boʻlib qichqirdi Moʻmin. Keyin goʻyo oʻz koʻzlariga ishonmagandek jim boʻlib qoldi.

Nogoh togʻ qoʻyniga sukunat choʻkdi. Zagʻchalar birdan gʻoyib boʻldi. Yumalab ketayotgan yogʻoch yoshgina baquvvat qayinni bosib, ezib qiyalikda ilinib qoldi. Ot egar-abzali ogʻib, oyoqqa turdi.

Hammayogʻi yirtilib ketgan Oʻrazqul emaklab bir tomonga chiqib oldi. Moʻmin kuyoviga yordamlashgani tashlandi:

– O, muqaddas ona Shoxdor bugʻu! Bizni hozir u qutqazdi! Qoʻrding-ku. Bu Shoxdor ona bugʻuning bolalari. Bizning onamiz qaytib kelibdi! Qara-ya!

Oʻrazqul yuz bergan voqeaga hali ham ishonqiramay joyidan gʻamgin holda xijolat chekib turdi-da, qoqina boshladi:

– Koʻp vaysama, chol. Yetar endi, otning abzalini chiqar.

Moʻmin itoatkorona shoshilinch ravishda otning abzalini ola boshladi.

– O, qudratingdan oʻrgilay, Shoxdor ona bugʻu! – u xursandligidan gʻoʻldirashini qoʻymasdi. – Bugʻular bizning oʻrmonimizga qaytibdi. Shoxdor onamiz bizni unutmabdi! Bizning gunohimizdan oʻtibdi…

– Hali ham gʻoʻldirayapsanmi? – doʻq qildi Oʻrazqul. U endi qoʻrquvni unutgan va yana eski gʻazabi boʻgʻziga kelgandi. – Ertagingni aytyapsanmi? Oʻzing jinni boʻla turib, boshqalar ham ahmoqona ertagimga ishonaveradi, deb oʻylaysanmi!

– Men oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Bular bugʻular edi, – boʻsh kelmasdi Moʻmin bobo. – Nahot sen koʻrmagan boʻlsang, oʻgʻlim? Sen oʻzing koʻrding-ku.

– Xoʻsh, koʻrdim. Uchtasi chopqillab ketdi, shekilli.

– Rost, uchta. Menga ham shunday tuyuldi.

– Nima qipti shunga? Bugʻu boʻlsa bugʻu-da. Mana bu yerda odam oʻz jonidan judo boʻlishiga sal qoldi. Nimasiga quvonish kerak ekan. Bular agar bugʻular boʻlsa, demak, dovon ortidan kelgan. U yokda – Qozogʻistonda, togʻning narigi tomonida, oʻrmonlarda hali bugʻular bor, deyishadi. U yer ham zapovednik. Zapovednikning bugʻulari boʻlsa ehtimol. Kelsa kelibdi-da. Bizning nima ishimiz bor. Qozogʻistonning bizga daxli yoʻq.

– Balki, bizda yashab qolar ular? – orzu qilib gapirdi Moʻmin bobo. – Qani endi qolsa…

– Bas endi, – uning soʻzini boʻldi Oʻrazqul. – Ketdik!..

Yogʻochni hali ancha pastga sudrab tushish, keyin esa yana otda daryodan sudrab olib oʻtish kerak edi. Bu ham ogʻir ish. Agar yogʻoch daryodan omon-eson olib oʻtilsa, soʻngra yana mashinaga ortiladigan togʻ yon-bagʻrigacha yetkazish darkor.

Eh, qancha mehnat.

Oʻrazqul oʻzini butunlay baxtsiz his qildi. Butun borliq unga nohaq yaratilganday tuyuldi. Togʻlar boʻlsa, hech nima sezmaydi, hech nima istamaydi, hech nimadan zorlanmaydi, bir joyda turgani-turgan, oʻrmonlar esa avval kuzga, undan keyin qishga oʻtadi, buning hech qanday mashaqqatli joyi yoʻq. Zagʻchalar ham oʻz erkicha uchib yuradi. Istaganicha chagʻillaydi. Bugʻular, agar ular haqiqatan ham bugʻular boʻlsa, dovonning narigi yogʻidan keladi-da, oʻrmonda daydib yuraveradi, qanday yuradi, qanaqa yuradi, oʻzining ishi. Shaharda odamlar asfalt koʻchalarda beparvo qadam tashlashadi, taksilarda yurishadi, restoranlarda oʻtirishadi, vaqtichogʻlik qilishadi. Uning peshanasiga mana shu togʻlarda yurish bitilgan, u bebaxt… Hatto uning mana shu hech nimaga yaramaydigan qaynotasi Moʻmin chaqqon ham undan baxtliroq, chunki u ertakka ishonadi. Ovsar odam. Ovsarlar hamisha oʻz hayotidan mamnun.

Oʻrazqul oʻz hayotini koʻrarga koʻzi yoʻq. Hayoti oʻzi istagancha emas. Bu hayot Moʻmin chaqqonga oʻxshaganlarga xos. Unga esa nima ham kerak? Umri mehnatda oʻtyapti, bir kun dam olish yoʻq. Umrida esa biron inson unga qaram boʻlgan emas, u esa hammaga qaram boʻlib kelgan, hatto oʻzining kampiriga ham – chol hatto unga bir soʻz qaytarmaydi. Shunday shoʻrpeshana erkak bilan ham baxtiyor boʻlaveradi. Oʻrmonda bugʻularni koʻrib, xuddi yuz yil dunyoda izlagan aka-ukalarini uchratgandek, koʻz yoshi qilib yuribdi-ya.

Eh, nimasini gapirasan…

Ular axiri soʻnggi manzilga chiqishdi, u yerdan uzun tik yoʻl daryoga tushib boradi. Tin olgani toʻxtashdi.

Daryoning narigi betida, qorovulxona yonidagi Oʻrazqulning uyi oldida qandaydir bugʻ koʻtarilardi. Bugʻga qarab samovar qaynab turganini bilsa boʻlardi. Demak, uni xotini kutayotibdi. Lekin bundan Oʻrazqul yengil tortmadi. U ogʻzi bilan entikib nafas olar, havo yetishmasdi. Koʻkragi, boshi ogʻrir, yuragi gupillab urardi. Peshanasidan ter quyilardi. Oldinda esa hali uzoq va tik nishab turibdi. Uyda esa pushtsiz xotin kutib oʻtiribdi, samovar qoʻyib oʻtirganlariga kuyaymi, koʻnglimni topmoqchi… Birdan chopib borib, bu qorindor samovarni bir tepib, uchirib yuborgisi kelib ketdi. Keyin esa xotiniga tashlanib, oʻlguday ursa. U xayolan xotinining dod-faryodini eshitib, uning baxtsiz qismatini tasavvur qilib, huzur qildi.

“Yaxshi boʻpti, – oʻylardi u. – Ajab boʻpti. Men qiynalganimda nega u rohat qilib oʻtirishi kerak?”

Uning xayollarini Moʻmin boʻldi.

– Men esimdan chiqarayozibman, oʻgʻlim, – shosha-pisha xatosini tuzatmoqqa urinib Oʻrazqulning oldiga keldi, – Men bolani olgani maktabga borishim kerak axir. Darslari tutadi-ku.

– Xoʻsh, nima boʻpti? – atayin vazmin ohangda soʻz qotdi Oʻrazqul. – Nima qil deysan?

– Jahling chiqmasin, bolam. Yogʻochni shu yerda qoldiramiz. Oʻzimiz pastga tushamiz. Sen uyingga borib ovqatlanasan. Men shu paytda otda chopib maktabga borib kelaman. Bolani olib qaytaman. Keyin kelib yogʻochni olib ketamiz.

– Shuni oʻylab topguncha ancha bosh qotirdingmig chol? – zaharxandalik bilan gap qotdi Oʻrazqul.

– Bola axir yigʻlaydi-da.

– Nima boʻpti shunga? – qizishdi Oʻrazqul. Nihoyat cholni xumordan chiqquncha soʻkishga bahona topildi. Kun boʻyi Oʻrazqul janjalga bahona axtardi, mana endi Moʻminning oʻzi unga bahona topib berdi. – U yigʻlar ekan deb biz ishimizni tashlab ketaylikmi? Ertalab, maktabga olib boraman, deb boshni qotirding. Olib bording, yaxshi. Endi maktabdan olib kelaman deysan. Men nima senga? Yo biz maynabozchilik oʻynayapmizmi bu yerda?

– Keragi yoʻq, oʻgʻlim, – zorlandi Moʻmin. – Shunday kunda. Menga-ku mayliya, bola kutadi-da, shunday kunda yigʻlaydi-da…

– Nima shunday kunda? Bu qanaqa xosiyatli kun oʻzi?

– Bugʻular qaytdi. Nima keragi bor edi shunday kunda…

Oʻrazqul dovdirab, hatto hayratidan jim boʻlib qoldi. U tikanli butalar orasida yumalab, qoʻrquvdan yuragi yorilayozganda sakragan soyalari lip etib oʻtganday koʻzga tashlangan bu bugʻularni allaqachon unutgan edi. Yogʻoch bilan pastga yumalaganda birgina daqiqada takdiri hal boʻlib ketardi. Uning bugʻularga qarashga ham, cholning vaysashiga quloq solishga ham holi kelmay qolgandi.

– Sen meni nima deb oʻylayapsan? – dedi u sekin va jaxd bilan cholning yuziga pishqirib. – Afsus, soqoling yoʻq, boʻlmasa boshqalarni oʻzingdan koʻra ahmoqroq deb oʻynamasliging uchun yulib tashlardim. Sening bugʻularingni boshimga uramanmi. Nimasiga yana men ularni oʻylashim kerak ekan. Sen meni gap bilan chalgʻitma. Qani tur, yogʻochni ushla. To daryodan olib oʻtmagunimizcha, biron nima haqida gʻing dema. U yoqda kim maktabga boryapti, kim yigʻlayapti – mening ishim yoʻq. Bas, endi ketdik…

Moʻmin har safargidek boʻysundi. U toki yogʻoch joyiga bormaguncha Oʻrazqulning qoʻlidan qutulib ketolmasligini bilib, sukut saqlagancha jon-jahdi bilan ishlardi. Qalbi tugʻyon urib yotsa ham, u boshqa biron soʻz qotmadi. Nabirasi uni maktab oldida kutib turibdi; hamma bolalar uy-uyiga tarqab ketishgan, faqat yolgʻiz uning yetim nabirasigina yoʻl poylab, bobosini kutmoqda.

Chol barcha sinfning bolalari maktabdan qanday yer tepinib otilib chiqishini, qanday uy-uyiga chopqillab ketishini koʻz oldiga keltirdi. Och qolishgan. Ular yoʻldayoq oʻzlariga tayyorlangan ovqatning hidini sezishadi va quvonchga toʻlib, hayajonlanib uylarning derazasi ostidan chopib oʻtishadi, Onalari allaqachon kutib oʻtirishibdi. Har birining chehrasida odamni quvontiradigan tabassum. Ona oʻziga ogʻirmi, yengilmi, bolasi uchun tabassum qilishga har qachon oʻzida kuch topa oladi. Hatto ona: “Qoʻllaring-chi? Qoʻllaringni kim yuvadi?” – deb oʻshqirib turganda ham baribir uning koʻzlarida oʻsha tabassum yashiringan boʻladi.

Moʻminning nabirasi oʻqishga tutingan kundan beri qoʻli siyohdan arimay qoldi. Bu bobosiga hatto yoqib tushardi: demak, yigitcha ysh bilan mashgʻul. Ana, hozir uning nabirasi siyohli qoʻllarida shu yil yozda sotib olingan portfelini ushlab yoʻlda turibdi. U, ehtimol, kutaverib charchagan va endi koʻzini uzmay, otda yoʻrtib kelayotgan bobom doʻnglikda koʻrinib qolmasmikan, deb bezovtalanib turgandir. Axir u hamisha oʻz vaqtida kelardi-ku. Bola har safar maktabdan chiqqanida bobosi sal narida uni toqatsizlik bilan kutib turardi. Hamma uy-uyiga tarqab ketar, u esa bobosi tomonga chopardi. “Ana bobom turibdi, chopdik!” derdi bola portfeliga. Chopib borayotib hayajonga toʻlgancha toʻxtab qolardi. Agar yon-verida hech kim boʻlmasa, u bobosiga tashlanib, eski ust-boshlarining va yozgi quruq pichanning oʻzi koʻnikib ketgan hididan nafas olib, yuzlarini uning qorniga ishqab quchoqlab olardi. Oʻsha kunlari bobosi narigi qirgʻoqdan pichan tashirdi, qishda qalin qorda u yerga yetib boʻladimi. Yaxshisi kuzda tashib keltirgan maʼqul-da. Keyin ancha paytgacha Moʻmindan toʻzgʻigan pichanning achqimtil hidi kelib yurdi.

Bobo bolani oʻzining orqasiga, otning sagʻrisiga mingashtirib olar, shu bilan u yokdan bu yoqdan gaplashib yetib kelib qolganlarini sezishmasdi. Togʻ tepaligining ikki choʻqqisi orasidagi pastqamlikdan oshib, toʻgʻri San-Toshga kelishardi.

Bolaning maktabga qattiq berilgani buvisining achchigʻini keltirardi. Bola koʻzini ochgan zahoti, apil-tapil kiyinib, portfeliga kitob-daftarlarni solardi. Kechasi ham portfelini yoniga qoʻyib yotishidan buvisining jahli chiqardi:

– Bu yaramas portfelga buncha yopishib qolding? Shu senga xotin boʻlib qolgandami, qaliniga bizni sotib yer ekansan-da…

Buvisining gapi bolaning u qulogʻidan kirib, bu qulogʻidan chiqib ketar, qolaversa, gap nima haqda borayotganini ham uncha tushunib yetmasdi. Uning uchun eng muhimi maktabga kechikmaslik edi. U hovliga otilib chiqib bobosini shoshirardi. Faqat maktab koʻzga tashlangandagina tinchlanardi.

Bir safar ular baribir kechikib qolishdi. Oʻtgan haftada tong xiyol yorishganda Moʻmin otda narigi qirgʻoqqa yoʻl oldi. Ertalab barvaqt pichanga bir qatnov qilishga qaror qilgandi. Hammasi joyida boʻlayotgandi, lekin yoʻlda pichan sochilib ketdi. Yana hamma pichanni qayta bogʻlab, yana otga ortish kerak edi. Shoshib bogʻlangan pichan qirgʻoqning oʻzida yana sochilib ketdi.

Nabirasi esa narigi tomonda kutib turardi. U gʻadir-budur toshning ustiga chiqib, portfelini silkir va qichqirib allakimni chaqirardi. Chol shoshar – arqon chalkashib ketgan, yechib boʻlmas, koʻr tugun tushib qolgandi. Bola esa hamon qichqirardi, shunda chol uning yigʻlayotganini angladi. Pichanni ham, arqonni ham tashladi-da, tezroq nabirasining oldiga yetib borish uchun otga minib, uni kechuvdan haydab ketdi. Daryodan oʻtguncha ham ancha vaqt oʻtdi: kechuvdan oʻtish osonmas, suv koʻp, oqim tez. Kuzda hali uncha qoʻrqinchli emas, yozda otni chappa agʻdaradi. Moʻmin nihoyat daryodan oʻtib nabirasining oldiga borganida u hoʻngrab yigʻlardi. Bobosiga qaramas, faqat yigʻlar va soʻylanardi: “Kechikdim, maktabga kechikdim”. Chol otdan engashib, bolani egarga koʻtarib oldi-da, yoʻrtib ketdi. Bu maktab qurgʻur yaqin orada boʻlgandami, bolaning oʻzi gʻiz etib borib kelaverardi. Shuning uchun butun yoʻl boʻyi toʻxtamay yigʻladi, chol uni hech nima bilan ovutolmadi. Maktabga ham hoʻngrab yigʻlagan holida olib keldi. Dars boshlanib ketgan edi. Toʻgʻri sinfga olib kirdi.

Moʻmin muallima oldida qayta-qayta uzr soʻrab, buning boshqa takrorlanmasligini aytib soʻz berdi. Lekin hammasidan ham chol kechikkani uchun nabirasining kuyib-pishganini va zorlanib yigʻlaganini koʻrib iztirob chekdi. “Ilohim maktabni hamisha shunday sevsin-da”,– xayoliga keltirdi u. Harholda bolapaqir nimaga bunchalik yigʻladi. Demak, yuragida bir armon bor-da…

Hozir ham yogʻochning atrofida charx urib, goh u tomoniga, goh bu tomoniga chopib oʻtar, togʻdan tezroq pastlikka sirgʻalib tushsin, hech qayerga ilinib qolmasin deb, yogʻochning ostiga pishang solib, itarib borarkan, Moʻminning xayolidan nabirasi ketmasdi – nima boʻldi ekan-a?

Oʻrazqul esa shoshmasdi. U otni yetaklab borardi. Bu yerda koʻp shoshib boʻlmaydi – uzun, tik nishablikdan qiyalab yurishga toʻgʻri keladi. Lekin uning gapini inobatga olib, yogʻochni shu yerda qoldirib, keyin kelib olib ketish mumkin emasmi? Eh, kuch-quvvati boʻlgandami, yogʻochni shartta yelkasiga qoʻyib, daryodan oʻtgan va mashinaga ortiladigan joyga eltib tashlagan boʻlardi. Mana-e, olinglar yogʻochlaringni va yoʻqolinglar. Moʻminning oʻzi boʻlsa nabirasining oldiga otilgan boʻlardi.

Qayokda deysiz, bular xomxayol. Hali toshlar va shagʻalliklardan yurib qirgʻoqqa yetish, soʻng kechuvdan yogʻochni ot bilan sudrab narigi tomonga olib oʻtish kerak. Otning sillasi quridi – u togʻda qancha past-balandliklarga chiqib tushmadi… Ishqilib, oxiri baxayr boʻlsin, agar yogʻoch daryo oʻrtasida toshlarga ilinib, yoki ot qoqilib yiqilib tushsa ish chatoq!

Ular suvdan kechib oʻtishayotganda Moʻmin bobo duo qilib turdi: “Oʻzing qoʻlla, Shoxdor ona bugʻu, ilohim yogʻoch ilinmasin, ilohim ot yiqilmasin”. Etiklarini yelkasiga tashlab, ishtonining pochasini tizzasidan yuqori shimarib olgan yalangoyoq Moʻmin bobo qoʻlda pishang bilan suvda suzib borayotgan yogʻoch ortidan arang yetib ulgurardi. Yogʻochni oqimga qiya qilib sudrashardi. Daryo suvi qancha toza va tiniq boʻlsa, shuncha sovuq ham edi. Kuzning suvi-da.

Chol bunga bardosh berardi: Mayli, oyoq uzilib tushmaydi. Ishqilib, yogʻoch tezroq olib oʻtilsa boʻlgani. Baribir yogʻoch ilinib qoldi, aksiga olganday, sertoshli yerga kelganda taqqa toʻxtadi. Bunday hollarda otga jinday dam berib, keyin yaxshilab bir “chu!” deyilsa – kuchli siltov bilan yogʻochni toshlar panjasidan tortib olsa boʻladi. Lekin otga minib olgan Oʻrazqul toliqib kuchdan ketgan jonivorni qamchi bilan ayamay savaladi. Ot orqa oyoqlari bilan choʻqqayib, sirgʻalib, qoqinib ketar, lekin yogʻoch joyidan qoʻzgʻalmasdi. Cholning oyoqlari muzlab qoldi, koʻzi tina boshladi. Boshi aylandi. Jarlik, jarlik ustidagi oʻrmon, osmondagi bulutlar pastga tusha boshladi, daryoga shoʻngʻib, shoʻx oqimda suzib, yana joyiga qaytdi. Moʻminning mazasi qocha boshladi. Laʼnati yogʻoch! U qurib yotganda edi, boshqa gap edi, suvda oʻzi suzib ketardi. Buni esa hozirgina qirqishdi-yu, darrov daryoga sudrab tushish-di. Kim axir shunday qiladi! Oqibati shu boʻladi-da. Oʻylanmay qilingan ishning oxiri voy. Qayrogʻochni qurisin deb tashlab kelishga Oʻrazqulning raʼyi yoʻq. Inspeksiyaning koʻzi tushib qolsa, taqiqlangan oʻrmondan qimmatli daraxtlarni oʻgʻirlikcha qirqqan, deb akt tuzadi. Shuning uchun ham qirqilgan yogʻochni shu zahotiyoq gumdon qilishi kerak.

Oʻrazqul oʻkchasi bilan otni niqtar, qamchi bilan boshiga urar, soʻkinar, xuddi hammasi uchun goʻyo u, Moʻmin aybdordek, cholga baqirardi, yogʻoch esa joyidan jilmasdi, u battar toshga oʻrnashib borardi. Cholning sabr-toqati tugadi. U butun umrida birinchi marta gʻazab bilan ovozini balandlatdi.

– Tush otdan! – u Oʻrazqulning yoniga jiddiy borib, uni egardan tortdi. – Otning tortolmayotganligini koʻrmayapsanmi? Hoziroq-tush!

Hayron qolgan Oʻrazqul jimgina boʻysundi. Egardan etigi bilan toʻgʻri suvga sakradi. Xuddi shu daqiqadan boshlab, u garang va qulogʻi bitib qolganday, oʻzini yoʻqotgan edi.

– Qani kel. Koʻtardik! Qani ol! – Moʻminning komandasi bilan ular yogʻochni joyidan bir oz koʻtarib, uni toshlarning siquvidan boʻshatib, pishangning ustiga mindirdilar.

Ot naqadar aqlli jonivor! U ayni shu paytda toshlarga qoqinib, toyinib pastromkani torday tarang tortib oldinga silkindi. Lekin yogʻoch oʻrnidan bir qoʻzgʻaldi-yu, toyib yana botib qoldi. Ot yana bir silkindi va oʻzini tutib qololmay suvga yiqilib tushib, tipirchilagancha egar-jabdugʻiga oʻralashib qoldi.

– Otni! Otni koʻtar! – Moʻmin Oʻrazqulni turtdi. Ular birgalikda otni bazoʻr oyoqqa turgʻazib qoʻyishdi. Ot sovuqdan titrar, arang suvda turardi.

– Yech otni!

– Nimaga?

– Yech deyapman senga. Boshqatdan bogʻlaymiz. Past-romkani ol.

Yana Oʻrazqul jimgina boʻysuna qoldi. Otni yechib boʻlgach, Moʻmin uning yuganini qoʻlga oldi.

– Endi ketdik, – dedi u. – Keyin kelamiz. Ot damini olsin.

– Qani, toʻxta-chi! – Oʻrazqul cholning qoʻlidan yuganini tortib oddi. U xuddi uyqudan koʻz ochgandek boʻldi. Birdan yana asl holiga qaytdi.

– Sen kimning boshini qotiryapsan. Hech qayoqqa bormaysan. Yogʻochni hozir chiqaramiz. Kechqurun yogʻochga odamlar kelishadi. Gap-soʻzsiz otni egarla, eshityapsanmi?

Moʻmin jimgina burildi-da, sovuq qotgan oyogʻi bilan oqsagancha sayozdan qirgʻoq tomon yurdi.

– Qayoqqa ketyapsan, chol? Qayoqqa deyapman?

– Qayoqqa! Qayoqqa! Maktabga. Nabiram u yerda rosa tushdan beri kutyapti.

– Qani qayt-chi! Qayt!

Chol quloq solmadi. Oʻrazqul otni dalada qoldirib, salkam qirgʻoqda, toshloq ustida Moʻminga yetib oldi, yelkasidan ushlab oʻziga tortdi.

Ular yuzma-yuz turib qolishdi.

Oʻrazqul epchillik bilan cholning boʻyniga osilgan eski kirza etikni yulib oldi-da, qaynotasining boshiga, yuz-koʻziga ikki marta qulochkashlab urdi.

– Qani yur! – xirilladi Oʻrazqul etiklarni bir chekkaga uloqtirarkan.

Chol etik oldiga borib, uni hoʻl qumdan koʻtarib, qaddini rostlaganda lablaridan qon tirqirab oqar-di.

– Yaramas! – dedi Moʻmin qonni tupurarkan, etikni yana yelkasiga ilib.

Bu hech kimning soʻzini qaytarmagan Moʻmin chaqqonning soʻzi edi. Bu sovuqdan koʻkargan, eski etiklarini yelkasiga ilgan, lablari qonab ketgan bechora cholning soʻzi edi.

– Yur!

Oʻrazqul uni sudradi. Lekin Moʻmin kuch bilan uning qoʻlidan siltanib chiqdi-da, orqasiga qaramay jimgina nariga ketdi.

– Xap sanimi, qari ahmoq! Endi kuningni koʻrsataman! – Oʻrazqul uning orqasidan mushtini doʻlaytirib dagʻdagʻa qiddi.

Chol qayrilib qaramadi. U “yotoq tuya”ning oldidagi supachaga borib oʻtirdi, etigini kiydi va uyiga tez yurib ketdi. Hech yerda toʻxtamay, toʻgʻri otxonaga kirdi. U yerdan Oʻrazqulning daxlsiz, mehmonga miniladigan, poygada chopadigan, birov egarlashga botinolmaydigan boʻz oti – Olaboshni yetaklab chiqdi. Xuddi yongʻin chiqqandek Moʻmin uni hovlidan egarsiz, uzangisiz minib chiqib ketdi. U derazalar yonidan, hali ham shaqillab qaynab yotgan samovar yonidan ot choptirib oʻtganida tashqariga otilib chiqqanlar – Moʻminning xotini, qizi Bekey va yosh Guljamol cholga bir gap boʻlganini darrov fahmlashdi. U hech qachon Olaboshga minmas va hech qachon hovlidan bunchalik shoshilib chiqmagandi. Bu Moʻmin chaqqonning isyoni ekanligini ular hali bilishmasdi. Keksaygan chogʻidagi bu isyon uni nimalarga giriftor qilishini ham bilishmasdi.

Qirgʻoq tomondan esa otni yetaklab Oʻrazqul uyga qaytardi. Ot oldingi oyogʻini oqsab bosardi. Ayollar jim turib, uning hovliga yaqinlashib kelishiga koʻz tikib turishardi. Oʻrazqulning koʻnglidan nimalar kechayotganini, u oʻsha kuni ularga qanday gʻam-alamlar keltirayotganini hali ayollar xayoliga ham keltirishmasdi…

U hoʻl, shaloplagan etikda, hoʻl ishtonda vazmin va ogʻir qadamlar bilan ular oldiga yaqinlashib, ayollarga gʻamgin nazarda xoʻmrayib qaradi. Xotini Bekey bezovtalanib qoldi:

– Nima qildi, Oʻrazqul? Nima boʻldi? Hamma yogʻingiz hoʻl boʻlib ketibdi-ku. Yogʻoch oqib ketdimi?

– Yoʻq, – qoʻl siltadi Oʻrazqul. – Ma. – U yuganni Guljamolga uzatdi. – Otni otxonaga olib bor. – Shunday deb oʻzi eshik tomonga yurdi. – Yur uyga, – dedi u xotiniga. Kampir ham ular bilan birga bormoqchi edi, Oʻrazqul uni ostonaga yoʻlatmadi.

– Sen nari tur, kampir. Senga hech qanday ish yoʻq bu yerda. Uyingga bor-u, xap oʻtir.

– Nima boʻldi senga? – xafa boʻldi kampir. – Bu nimasi? Cholimga nima boʻldi? Nima gap?

– Uning oʻzidan soʻra, – javob qildi Oʻrazqul. Uyda Bekey erining hoʻl ust-boshlarini yechib, unga poʻstin berdi, samovarni olib kirib, choy qoʻyishga tutindi.

– Choyni qoʻy, – qatʼiy rad qildi Oʻrazqul. – Aroq ber.

Xotini ochilmagan yarimtalikni olib, stakanga quydi.

– Toʻldirib quy, – buyruq qildi Oʻrazqul. Bir stakan aroqni suvdek ichib yuborgach, poʻstinga oʻraldi-da, kigizga choʻzilib, xotiniga dedi:

– Qoʻydim, sen mening xotinim emassan, men sening ering emasman. Joʻna, bu uyda sening izing qolmasin. Qorangni ham koʻrsatma. Vaqt gʻanimatida joʻnab qol!

Bekey uh tortdi, karavotga oʻtirdi va har galgidek koʻz yoshlarini ichiga yutib, sekin gapirdi:

– Yanami?

– Nima, yanami? – boʻkirib yubordi Oʻrazqul. – Yoʻqol!

Bekey uydan otilib chikdi va har doimgidek qoʻllarini bukib, hovlini boshiga koʻtarib hoʻngrab yigʻlay boshladi:

– Men, baxti qaro, bu dunyoga nega kelgan ekanman-a…

Bu choq Moʻmin chol Olaboshda nabirasi oldiga yoʻrtib borardi. Olabosh – chopqir ot. Lekin baribir Moʻmin ikki soatdan ziyodroq kechikdi. U nabirasini yoʻlda uchratdi. Bolani muallimaning oʻzi uyiga olib kelayotgandi. Oʻsha muallima beshinchi yil kiyayotgan, shamol yalab ketgan, yenglari qoʻpol, hech oʻzgarmas paltosida. Horigan ayolning qovogʻi soliq koʻrinardi. Anchadan beri yigʻlayverib koʻzlari shishgan bola qoʻlida portfeli bilan bechora va xoʻrlangan qiyofada uning yonida kelardi. Muallima Moʻmin cholni qattiq soʻroqqa oldi. Chol esa ayolning oldida otdan tushib, boshini quyi solib turardi.

– Agar vaqtida kelib olib ketmaydigan boʻlsangiz,– dedi muallima, – bolangizni maktabga olib kelmang. Menga ishonmang, oʻzimda ham toʻrttasi bor.

Moʻmin yana uzr soʻradi, bunday hol boshqa takrorlanmaydi deb, yana soʻz berdi.

Muallima Jilisoyga qaytib ketdi, bobo bilan nabira esa uyga yoʻl olishdi.

Bola otda bobosining oldiga oʻtirib jimgina borardi. Chol ham unga nima deyishini bilmasdi.

– Juda och qoldingmi? – soʻradi u.

– Yoʻq, muallimamiz non berdi, – javob berdi nabira.

– Nega boʻlmasa miq etmay kelyapsan? Bola shunda ham gapirmadi.

Moʻmin gunohkorona jilmaydi:

– Oh, arazgoʻy bolaginam. – U bolaning furajkasini olib, boshidan oʻpdi va yana furajkasini boshiga kiygizib qoʻydi.

Bola qiyo ham boqmadi.

Ikkalasi ham shunday maʼyus va jim ketishdi. Moʻmin jilovni mahkam tutib, salt otda bola urinib qolmasin deb, Olaboshning boshini boʻshatmay borardi. Endi shoshishning ham keragi yoʻkday edi.

Ot tezda undan nima talab qilinayotganini payqadi-da, yarim yoʻrgʻalab yurib ketdi. U yerga nagʻalini taqillatib urib, pishqirib borardi. Shunaqa otda qani endi yolgʻiz oʻzing xirgoyi qilib ketsang. Odamning yolgʻizlikda kuylaydigan qoʻshigʻi ozmi? Roʻyobga chiqmay qolgan orzular haqida, oʻtgan umr haqida, sevgan chogʻlaring, boshdan kechirgan voqealaring haqida…

Inson koʻnglida armon boʻlib qolgan narsalarni eslashni xush koʻradi. Aslini olganda insonning oʻzi ham nimadan armon qilayotganini unchalik tushunib yetmaydi. Lekin har zamon-har zamon shu haqda oʻylab qoʻygisi, uning tagiga yetgisi keladi.

Yaxshi ot – mehribon hamroh…

Moʻmin chol nabirasining sochi taqir olingan ensasiga, ingichka boʻyni-yu, shalpang quloqlarigacha qarab oʻngmagan hayotida butkul ishi-yu, mehnatidan, chekkan barcha tashvish va gʻamlaridan endi faqatgina yolgʻiz mana shu hozircha nochor bola qolganini oʻylardi. Bobosi uni oyoqqa turgʻizishga ulgursa yaxshiku-ya. Lekin u yolgʻiz qolsami – ogʻir boʻladi. Oʻzi mushtdek-ku, ammo feʼlli-huyli. Uning oddiygina, moʻmingina boʻlgani yaxshi edi…

Axir Oʻrazqulga oʻxshaganlar uni oʻlguday yomon koʻrib, boʻrining taʼqibiga tushgan bugʻuchaday burda-burda qilib tashlaydi-ku…

Shunda Moʻmin boyagina lip etib shitobli soya solib oʻtgan va koʻksidan hayrat va shodlik xitoblari otilib chiqishiga sababchi boʻlgan oʻsha bugʻularni esladi.

– Bilasanmi, oʻgʻlim, nima? Bugʻular yurtimizga qaytib keldi, – dedi Moʻmin bobo.

Bola yelkasi ustidan yalt etib qaradi:

– Rostmi?

– Rost. Oʻzim koʻrdim. Uch bosh.

– Qayoqdan kelganikin ular?

– Menimcha, dovon orqasidan. U yerda ham oʻrmon bor. Hozirgi kuz xuddi yozdagiday-da, dovon ochiq. Shuning uchun bizga mehmon boʻlib kelgan.

– Ular biz tomonda qoladimi?

– Yoqsa qoladi. Hech kim tegmasa, yashab yuraveradi. Ozuqa serob bizda. Bu yerda xohla mingta bugʻu boq. Ilgarigi vaqtlarda, Shoxdor ona bugʻu davrida, bu yerda ularning son-sanogʻi boʻlmagan…

Bu xabarni eshitib bolaning muzlagan koʻngli erib, xafaligi tarqalganini sezgan chol yana oʻtgan zamonlar haqida, Shoxdor ona bugʻu haqida hikoya qilishga tushib ketdi. Oʻzining ertagiga oʻzi ham berilib ketib, qani endi birdan shunday baxtli boʻlib qolsang-da, boshqaga ham baxtingni ulashsang! – deb qoldi. Butun umr shunday yashasang. Mana shunday, xuddi hozirgiday, xuddi hozirgi soatdagiday. Lekin hayot bunday qurilmagan, baxt bilan yonma-yon, izingdan izma-iz yuradigan, hech mahal arimaydigan baxtsizlik qalbingga, hayotingga bemavrid daxl qilib turadi. Hatto hozirgi damda, u nabirasi bilan baxtiyor borayotgan chogʻida ham, cholning qalbida shodlik bilan tashvish yonma-yon turardi: u yoqda Oʻrazqul nima qildi ekan? U yana nima shumlikni tayyorlab turgan ekan, qanaqa zulm? Unga, itoatsizlik qilishga jurʼat etgan cholga qanaqa jazo oʻylab qoʻydi ekan? Axir Oʻrazqul buni shunday qoldirmaydi-ku. Boʻlmasa uni Oʻrazqul deyishmasdi-da.

Qizini va uning oʻzini kutayotgan baxtsizlik toʻgʻrisida oʻylamaslik uchun Moʻmin nabirasiga bugʻular, bu jonivorlarning karomati, marhamati, goʻzalligi va uchqurligi, xuddi shularning sharofati bilan har qanday baloni daf qilishlari haqida hikoya qilardi.

Bolaga yaxshi edi. U uyda nima kutayotganligini bilmasdi. Uning koʻzi va quloqlari yonardi. Nahotki bugʻular qaytib kelgan boʻlsa? Demak, hammasi toʻgʻri ekan-da! Bobosining aytishicha, Shoxdor ona bugʻu odamlarning yovuzligini kechirgan emish va oʻz bolalariga Issiqkoʻl togʻlariga qaytishga ruxsat etganmish. Bobosi aytadiki, bu yer qandayligini bilish uchun hozircha uchta bugʻu kelgan, agar ularga yoqsa, unda hamma bugʻular yana vataniga qaytadi.

– Bobo, – deb bobosining soʻzini boʻldi bola, – balki, Shoxdor ona bugʻuning oʻzi ham kelgandir? Balki, bu yer qandayligini uning oʻzi koʻrib, keyin bolalarini chaqirmoqchidir?

– Ehtimol, – dedi Moʻmin ishonchsizgina. U tutilib qoldi, oʻzini noxush seza boshladi: ortiqcha berilib ketgani yoʻqmi, bola uning soʻzlariga ortiqcha ishonib yuborgani yoʻqmi? Lekin Moʻmin chol nabirasini ishonchdan qaytarishga urinmadi. Bu endi juda kech edi. – Kim biladi, – yelkalarini qisdi Moʻmin, – Balki, balki, Shoxdor ona bugʻuning oʻzi ham kelgandir. Kim biladi…

– Hozir bilamiz-da. Yuring, buva, siz bugʻularni koʻrgan joyga boramiz, – dedi bola. – Men ham bir koʻray.

– Ular axir bir joyda turmaydi-da.

– Biz izidan boramiz. Ularning izidan uzoq-uzoqlarga izlab boraveramiz. Ularga koʻzimizning qiri tushdi deguncha, qaytamiz. Shunda ular odamlar tegmasligini bilib oladi.

– Goʻdaksan-da, – kulimsiradi bobo. – Uyga boraylik, oʻsha yerda maʼlum boʻladi.

Ular qorovulxonaga yaqinlashib, uylar ortidagi soʻqmoqdan borishardi. Uylar orqa tomondan – xuddi yelkasini oʻgirib turgan odamga oʻxshardi. Uchala uy ham ichida nima boʻlayotganidan hech bir nishon bermay turardi. Hovli ham boʻm-boʻsh va jimjit. Moʻminning yuragini noxush vahm bosdi. “Nima yuz bergan boʻlishi mumkin? Oʻrazqul uning baxtsiz qizi Bekeyni urdimikin? Yoki mast boʻlguncha ichganmikin? Yana qanday falokat yuz berishi mumkin? Nega buncha jimjitlik, nega shu mahalda hovlida hech kim yoʻq? Agar hamma narsa joyida boʻlsa, bu mashʼum yogʻochni daryodan sudrab chiqish kerak, – oʻyladi Moʻmin. – Qoʻy, shu Oʻrazqulni, yaxshisi u bilan aloqani uzish kerak. Bilganini qilib, qolgan hammasiga tupurish darkor. Eshakka uning eshak ekanligini isbotlab berolmaysan-ku”.

Moʻmin otxonaning oldiga keldi.

– Tusha qol. Mana, yetib ham keldik, – u nabirasiga hayajonlanganini bildirmaslik uchun xotirjam gapirdi. Bola qoʻlida portfeli bilan uyga chopmoqchi boʻlganida, Moʻmin bobo uni toʻxtatdi: – Toʻxta, birga boramiz.

U Olaboshni otxonaga bogʻlab chikdi-da, bolani qoʻlidan ushlab, uyga qarab yurdi.

– Menga qara, – dedi bobo nabirasiga, – agar meni soʻkishsa, sen qoʻrqmagin va u yerdagi har xil gaplarga ahamiyat qilmagin. Buning senga daxli yoʻq. Sening ishing maktabga qatnash.

Biroq aytadigan hech nima sodir boʻlmadi. Ular uyga kelishganda, faqat kampir Moʻminga xushlamaygina tikildi-da, labini tishlab, yana oʻzining tikayotgan ishiga berildi. Moʻmin chol ham unga hech nima demadi. U xona oʻrtasida qovogʻini solgan holda sergak turib, keyin qozondan katta kosadagi un oshini olib, non va qoshiq keltirdi-yu, nabirasi ikkalasi kechikkan tushlikka oʻtirishdi.

Jimgina ovqatlanishdi, buvisi esa hatto ular tomonga qayrilib ham qaramadi. Uning jigarrang soʻlgʻin yuzida gʻazab toʻngib qolgandi. Bola qandaydir mudhish hodisa sodir boʻlganini payqadi. Chol-kampir esa jim edi.

Bolaga shunday vahimali, shunday tashvishli tuyuldiki, tomogʻidan ovqat ham oʻtmay qoldi. Ovqat ustida odamlarning jim qolib, oʻzlarining allaqanday yomon va shubhali xayollariga berilishidan yomoni yoʻq. “Balki, bunga biz sababchidirmiz?” – dedi bola xayolida portfeliga. Portfel deraza tokchasida turardi. Bola xayolan portfeli bilan shivirlasha boshladi:

“Sen hech nima bilmaysanmi? Bobom nega buncha gʻamgin? Uning gunohi nima? Bugun nega u kechikdi, nega Olaboshni egarsiz minib bordi? Axir hech qachon bunday boʻlmagandi-yu. Balki u oʻrmonda bugʻularni koʻrib qolib, ushlanib qolgandir?.. Ehtimol, hech qanday bugʻu yoʻkdir. Bu yolgʻondir? Unda nima? Nega boʻlmasa gapiradi? Agar u bizni aldagan boʻlsa, Shoxdor ona bugʻu qattiq ranjiydi-ku…”

Moʻmin ovqatlanib boʻlgach, bolaga sekingina dedi:

– Sen hovliga chiqavergin, bir ish bor. Menga yordamlashasan. Men hozir chiqaman.

Bola itoatkorona chiqib ketdi. U eshikni yopgan zamon, buvisining ovozi keldi:

– Qayoqqa?   

– Yogʻochni keltirgani boraman. Boya daryoda tiqilib qolgandi, – javob qildi Moʻmin.

– Ha, payqab qoldingmi! – qichqirdi kampir. – Esingga tushdi! Sen borib qizingning holini koʻr. Uni Guljamol uyiga olib ketdi. Sening tugʻmas telba qizing kimga kerak endi. Bor, kimga oʻxshab qolganini endi oʻzi aytsin. Eri uni uyidan qutirgan itday haydadi.

– Xoʻsh, nima boʻpti, haydasa haydapti-da, – dedi qiziq ustida Moʻmin.

– Eh, seni qara! Kimsan oʻzing! Qizlaringni bari sayoq, nabirangni oʻqitib amaldor qilmoqchi boʻlasanmi? Kutaver. Oʻzingni baloga giriftor qilganingga arzisa edi. Tagʻin Olaboshni minib chopibdi. Seni qara-yu! Koʻrpangga qarab oyoq uzatganingda edi, kim bilan oʻynashayotganingni bilarding… U sening boʻyningni sapchaday uzib tashlaydi. Sen qachondan beri odamlarga gap qaytaradigan boʻb qolding? Qachondan beri botir boʻlib qolding? Qizingni biznikiga yetaklab kelishni xayolingga ham keltirma. Ostonaga yoʻlatmayman…

Bola maʼyus bosh egib hovlida sekin-sekin yurardi. Uydan kampirning qichqirigʻi kelardi, keyin eshik taraqladi va Moʻmin uydan otilib chikdi. Chol Seydahmadning uyiga yoʻl oldi, yoʻlda esa unga Guljamol duch keldi.

– Yaxshisi hozir emas, keyin, – dedi u cholga. Moʻmin boʻshashib toʻxtab qoldi. – Yigʻlayapti. Urdi uni, – pichirladi Guljamol. – Aytadiki, ular endi birga yashamasmish. U sizni qargʻayapti. Hammasiga otam aybdor, dedi.

Moʻmin churq etmadi. Nima desin? Endi uni hatto oʻz qizi ham koʻrishni istamaydi.

– Oʻrazqul oʻzinikida ichib yotibdi. Hayvon hayvonligini qiladi-da, – pichirlab gapirdi Guljamol.

Ular oʻy surib qolishdi. Guljamol achinib xoʻrsindi.

– Hech boʻlmasa, bizning Seydahmad tezroq kela qolsa edi. Butun qaytishi kerak. Birgalashib shu yogʻochni olib chiqsalaring bir balodan qutulardilaring.

– Gap yogʻochdami? – boshini chayqadi Moʻmin. U oʻylab qoldi va yoniga kelib turgan nabirasini koʻrib, unga:

– Bor, sen oʻyna, – dedi.

Bola nariga ketdi. U molxonaga kirib, yashirgan durbinini oldi. Uni artdi. “Ishlarimiz yomon, – u durbinga gʻamgin soʻzlay boshladi. – Bunga biz portfel ikkalamiz aybdorga oʻxshaymiz. Biron-bir joyda boshqa maktab boʻlganda edi. Biz portfelim bilan oʻsha yoqqa oʻqishga ketardik. Hech kimga bildirmasdik. Faqat, bobomga qiyin boʻladi, qidiradi. Sen-chi, durbin, kim bilan oq kemaga qaraysan? Oʻylaysanki, men baliq boʻlolmaymanmi? Mana koʻrasan. Oq kemaga suzib boraman…”

Bola pichan gʻaramining orqasiga berkinib, durbinda atrofga qaray boshladi. Uzoq qarash koʻngliga sigʻmadi. Boshqa vaqtda boʻlsa, qarab koʻzing toʻymaydi: kuz oʻrmonlariga qoplangan togʻlar koʻrinadi, yuqori oppoq qor, past yal-yal yonadi, qip-qizil choʻgʻ.

Bola durbinni joyiga qoʻyib, saroydan chiqarkan, bobosining egar-jabduqli otni hovlidan olib oʻtib ketayotganini koʻrib qoldi.

Bola bobosining oldiga chopaman deb turgandi, uni Oʻrazqulning qichqirigʻi toʻxtatdi. Oʻrazqul ichki koʻylakda, yelkasiga poʻstin tashlagan, basharasi sigirning shishgan yeliniday qip-qizil edi.

– Ey! – dagʻdagʻa bilan qichqirdi u Moʻminga. – Otni qayoqqa olib ketyapsan? Qani, joyiga kiritib qoʻy. Sensiz olib chiqamiz. Qoʻlingni tegiza koʻrma. Endi sen bu yerda hech kim emassan. Men seni ishdan boʻshataman. Xohlagan tomoningga joʻna.

Bobo alamli kulimsirab otni qaytarib otxonaga olib kirdi. Moʻmin qoʻqqisdan behad keksayib va choʻkib qolgandek boʻldi. U chorigʻini shapillatib, atrofga boqmay borardi.

Bola bobosi tortgan jabrdan boʻgʻilib, yigʻlaganini hech kimga koʻrsatmaslik uchun daryo qirgʻogʻi boʻylab chopib ketdi. Oddidagi soʻqmoqni tuman bosganidan goh koʻz ilgʻamas, goh yana oyogʻi ostida koʻrinib qolardi. Bola koʻz yoshlarini oqizib chopib borardi. Mana uning suyukli xarsanglari: “tank”, “boʻri”, “egar”, “yotoq tuya”. Bola ularga hech nima demadi: ular hech nima tushunmaydi, joyida qotib turgani-turgan. Bola faqat “yotoq tuya”ning oʻrkachini quchoqladi va sargʻish toshga engashib, ilojsiz dard-u hasrat oʻtida oʻrtanib hoʻngrab yigʻladi. U yigʻlay-yigʻlay yuragini boʻshatdi va tinchlandi.

Oxiri boshini koʻtarib, koʻzini artdi-da, oldinga qarab dong qotib qoddi.

Naq uning roʻparasida, narigi qirgʻoqda, suvda uchta bugʻu turardi. Haqiqiy bugʻular. Tirik. Ular suv ichgani kelgan, endi tashnalikni qondirganga oʻxshardi. Bittasi – eng katta shoxlisi yana suvga boshini egib suv simirar ekan, suvga goʻyo shoxlarini oynada koʻrmoqchi boʻlib tikilayotgandek tuyulardi. U qoʻngʻir tusli, koʻkrakdor va kuchli edi. Boshini silkitganda yungli, oqish labidan tomchilar sachrab tushdi. Erkak bugʻu quloqlarini qimirlatib bolaga diqqat bilan razm soldi.

Lekin hammasidan ham koʻra mayda shoxli, ikki biqini doʻppaygan oq bugʻu bolaga koʻproq tikildi. Uning shoxlari kaltaroq, lekin juda chiroyli, xuddi Shoxdor ona bugʻuning oʻzginasi edi. Koʻzlari shahlo, tip-tiniq. Oʻzi esa har yili bittadan qulunlaydigan qomatdor biyaga oʻxshaydi. Shoxdor ona bugʻu bu xum kalla, shalpang quloq bolani qayerda koʻrganini eslayotgan-day, unga koʻz uzmay qarab turdi. Uning koʻzlari namli yaltirab, uzoqdan yonib turardi. Burnidan yengil hovur koʻtarilardi. Uning yonginasida shoxsiz bugʻucha orqasini oʻgirib tolning novdasini kemirardi. Uning hech nima bilan ishi yoʻq. Semiz, gʻayratli, quvnoq. U birdan novda kemirishni qoʻydi-da, dikirlab yelkasi bilan ona bugʻuga turtinib ketdi va uning atrofida oʻynoqlab, erkalana boshladi. Oʻzining shoxsiz boshini Shoxdor ona bugʻuning biqiniga ishqaladi. Shoxdor ona bugʻu boʻlsa hamon bolaga tikilib turardi.

Bola nafasini ichiga yutib, toshlar panasidan chikdi va xuddi tushdagiday, qoʻllarini oldinga choʻzib qirgʻoqqa, suvning oʻziga yaqin keldi. Bugʻular hech bir hurkmadi, narigi qirgʻoqdan unga bamaylixotir qarab turaverdi.

Oʻrtada, suv ostidagi toshlar ustidan irgʻishlab, tezoqar, koʻm-koʻk tiniq daryo qaynab oqib yotardi. Agar ularni ayirib turgan shu daryo boʻlmaganda goʻyo bugʻularning oldiga borib ularga qoʻl tekkizish mumkinday edi. Bugʻular tekis, toza shagʻal ustida turishardi. Ularning orqasida, shagʻal tugagan joyda zich oʻrmonning kuzgi xazonrezgisi alvon tusda tovlanardi. Undan yuqorida – jar tepasida qaragʻay va togʻ teragi yal-yal yonadi. Undan ham yuqoriroqda cheksiz oʻrmon-u togʻ tizmasidagi oppoq qor koʻzga tashlanadi.

Bola koʻzlarini yumdi va yana ochdi. Koʻz oldida hamon oʻsha manzara, oltin yaproqli daraxtzordan sal berirokda, top-toza shagʻal ustida hamon oʻsha ertaklardagi bugʻular turardi.

Mana ular burildi-da, tizilgancha shagʻaldan oʻrmon tomonga yurib ketdi. Oldinda – katta bugʻu, oʻrtada shoxsiz bugʻucha, ular ortida Shoxdor ona bugʻu. U qayrilib, bolaga yana bir bor qarab qoʻydi. Bugʻular daraxtzorga kirib, butalar oralab ketdi. Ular tepasida qizil novdalar chayqalar va oltin yaproqlar ularning tarang va silliq yelkasiga toʻkilardi.

Keyin ular soʻqmoqdan jar tomon yuqoriga koʻtarildi va shu yerda toʻxtadi. Bolaga goʻyo bugʻular yana qarab turgandek tuyuddi. Katta bugʻu boʻynini choʻzib va shoxlarini orqasiga tashlab xuddi karnayday sado soldi: “Ba-ba!” Uning ovozi jar va daryo ustida uzoq aks sado berib taraldi: “A-a!”

Shundagina bolaning hushi joyiga keldi. U oyogʻini qoʻlga olib tanish soʻqmoqdan uyga chopib ketdi. U jonining boricha chopardi. Hovlidan gʻizillab oʻtib, eshikni lang ochib, entikkancha, ostonadan turib qichqirdi:

– Bobo! Bugʻular keldi! Bugʻular! Ular shu yerda! Bir burchakda gʻamgin va jimgina oʻtirgan Moʻmin bobo unga bir qarab qoʻydi-yu, hech nima demadi, gap nima haqda ekanligini aniq tushunmadi.

– Oʻchir, ovozingni! – doʻq qiddi kampir. – Kelsa kelibdi-da, hozir ulardan ham boshqa tashvish koʻp.

Bola jimgina chkqib ketdi. Hovli kimsasiz edi. Kuz quyoshi gʻira-shira yalangʻoch togʻ tizmalari – Qorovultogʻ ortiga botdi. Quyosh haroratsiz quyuq shafagʻi bilan togʻlarni lola rangiga burkardi. Muz qotgan shafaq bu yerdan kuzgi togʻ choʻqqilariga beqaror shuʼla sochib turardi. Oʻrmonga gʻira-shira qorongʻilik choʻkdi.

Izgʻirin turdi. Bola eti uvushib qaltiray boshla-di.

 

OLTINCHI BOB

 

Toʻshakka kirganida ham eti uvushishi qolmadi. Anchagacha uxlay olmadi. Hovliga allaqachon qorongʻilik choʻkkan. Boshi zirqirardi. Lekin u miq etmasdan yotardi. Uning ogʻrib qolganini hech kim bilmasdi. Unutgandilar.

Bu yerda uni unutmay ham nima qilishsin!

Bobo butunlay tinchini yoʻqotib qoʻydi. Oʻzini qoʻyarga joy topolmasdi. Goh tashqari chiqar, goh ichkari kirar, goho achinish bilan chuqur nafas olib oʻtirib olar, goho turardi-da, qayergadir ketardi. Kampir boʻlsa cholga dakki berar va ayni paytda u ham tinmay goh u yoqqa, goh bu yoqqa yurar, hovliga chiqar va yana zum oʻtmay qaytib kirardi. Hovlida qandaydir noaniq, uzuq-yuluq ovoz eshitildi, kimningdir shoshilinch oyoq sharpasi, kimningdir soʻkinishi quloqqa chalinardi, aftidan, Oʻrazqul yana soʻkina boshlagandi, allakim entikib-entikib yigʻlardi…

Bola oʻrinda jimgina yotar, barcha ovoz va oyoq sharpalaridan, uyda va hovlida yuz berayotgan butun voqealardan charchogʻi ortar edi.

U koʻzini yumib oldi. Oʻzining yolgʻizligini, unutilganini sezdirmay, bugun koʻpdan beri orzu qilib yurgan narsasini koʻrganini eslay boshladi. U katta daryo qirgʻogʻida turardi, Suv shunchalik tez oqardiki, unga uzoq tikilib turish mumkin emasdi, koʻz tinib, bosh aylanib ketardi. Daryoning narigi qirgʻogʻida esa unga bugʻular qarab turardi. U kechga yaqin koʻrgan oʻsha uchala bugʻu hozir ham oʻsha joyida edi. Hamma-hammasi uning koʻz oldida qayta takrorlana boshladi. Shoxlari katta erkak bugʻu boshini suvdan koʻtarganda uning namli lablaridan yana oʻsha suv tomchilari oqib tushdi. Shoxdor ona bugʻu esa xuddi avval koʻrgani singari mehribonlik bilan tikilib turardi. Uning koʻzlari katta-katta, qop-qora va namli edi. Bola hayratda qoldi, Shoxdor ona bugʻu xuddi odamlarga oʻxshab, xuddi bobosi singari gʻamgin va ayanchli xoʻrsinar edi. Keyin ular butalar orqali daraxtzorlarga kirib ketdi. Bugʻular ustida qizil novda chayqalar va oltin yaproqlar ularning tarang, silliq yelkasiga uchib tushardi. Ular jar boʻyiga koʻtarilib, shu yerda toʻxtadi. Katta bugʻu boʻynini choʻzib, shoxlarini yelkasi osha orqasiga tashlab “Ba-ba!” deya karnayday sado soldi. Bola uning ovozi daryo ustida uzoq yangrab turganini eslab, oʻzicha jilmayib qoʻydi. Shundan keyin bugʻular oʻrmonga kirib, gʻoyib boʻldi. Lekin bola ulardan ajralishni istamasdi. U oʻzi istagan narsalarni yana koʻrish uchun xayol sura boshladi.

Yana tezoqar ulkan daryo koʻzi oldidan shiddat bilan oqib oʻta boshladi. Oqim tezligidan uning boshi aylandi. U bir sakradi va daryo ustidan uchib oʻtdi. Hamon qumloqda yotgan bugʻular yaqiniga yengil va ohista qoʻndi. Shoxdor ona bugʻu uni yoniga chaqirdi:

– Sen kimning bolasisan?

Bola indamadi. U kimning bolasi ekanligini aytishga uyalardi.

– Biz bobom bilan seni juda yaxshi koʻramiz, Shoxdor ona bugʻu. Biz seni anchadan beri kutayotgan edik, – dedi.

– Men ham seni bilaman. Sening bobongni ham. U yaxshi odam, – dedi Shoxdor ona bugʻu.

Bola sevinib ketdi. Lekin oʻz minnatdorchiligini qanday bayon etishni bilmasdi.

– Istasang, baliqqa aylanaman-u, daryo boʻylab suzib Issiqkoʻlga, oq kemaga yetib boraman, – dedi bola toʻsatdan.

U buning uddasidan chiqa olardi. Biroq Shoxdor ona bugʻu unga hech nima demadi. Shunda bola yechina boshladi va xuddi yozdagidek, daryo yoqasida tolning shoxidan ushlab, suvga tushdi. Suv issiq va dimiqqan edi. U koʻzi ochiq holda suv tagidan suzib ketdi. Son-sanoqsiz oltin qum donachalari mayda suv osti oʻtlari bilan qoʻshilib girdob hosil qilardi. Uning nafasi boʻgʻila boshladi. Issiq oqim esa uni hamon olib ketardi.

– Yordam ber, Shoxdor ona bugʻu, yordam ber menga, men ham sening farzandingman, Shoxdor ona bugʻu! – deya baqirdi u.

Shoxdor ona bugʻu uning ortidan qirgʻoq boʻylab yugurdi. U shunday tez yugurdiki, havo vizillab ketdi.

Bola ustidagi koʻrpani otib tashladi va darhol yengil tortdi. U terlab-pishgan edi. Lekin bunday paytlarda bobosi uni yana yaxshiroq oʻrab qoʻyishini eslab, koʻrpaga oʻralib oldi. Uyda hech kim yoʻq edi. Chiroq piligi yonib tugagan, shuning uchun ham u xonani xiragina yoritib turardi. Bola oʻrnidan turmoqchi, suv ichmoqchi boʻldi, lekin tashqaridan qandaydir keskin ovoz zshitildi. Kimdir birovga baqirdi, allakim yigʻladi, kimdir uni yana yupantirdi. Gʻala-gʻovur, oyoq sharpasi eshitildi. Keyin naq deraza tagidan uh tortib ikki kishi oʻtdi. Ular bir-birini yetaklab borayotgandek edi. Eshik taraqlab ochildi, kampir jahl bilan harsillaganicha Moʻmin boboni uy ichiga itarib yubordi. Bola bobosining bunchalik qattiq qoʻrqqanligini hech qachon koʻrmagan edi. Aftidan, u hech narsani anglamasdi. Cholning koʻzlari besaranjom javdirardi. Kampir uni koʻkragidan itarib, oʻtirishga majbur qildi:

– Oʻtir, oʻtir, ahmoq chol, soʻramasa aralashib nima qilasan. Birinchi marta shunday boʻlyaptimi ularda. Hammasi yaxshi boʻlsin desang, tumshugʻungni suqmay tek oʻtir. Nima desam, shuni qil. Eshityapsanmi? U biz bilan doʻstlashmoqchi emas, balki dunyodan bezdirmoq-chi, tushunyapsanmi? Keksayganda qayerga ham boramiz? Qayerga? – Kampir shunday dedi-yu, zshikni taraqlatib yopib, shoshganicha chiqib ketdi.

Uy yana jimib qoldi. Faqat cholning xirillagan, uzuq-yuluq nafas olishi eshitilib turardi. U oʻchoq yonida choʻnqaygancha boshini qaltirayotgan qoʻllari orasiga olib oʻtirardi. Birdan chol tiz choʻkdi va qoʻllarini choʻzib, kimgadir zorlangancha iltijo qila boshladi:

– Ol meni, olib ket, bu tolei pastni! Unga farzand ato qil! Unga qarasam yurak-bagʻrim qon boʻladi. Hech boʻlmasa bittagina tirnoq ato et, rahming kelsin bizga…

Chol yigʻlagancha gandiraklab oʻrnidan turdi-da, devorni ushlab borib, eshikni ochdi. U tashqari chiqdi, eshikni yopdi va eshik ortida kafti bilan ogʻzini berkitib ich-ichidan oʻksinib yigladi.

Bola nochor ahvolda qoldi. U yana qaltiray boshladi. Oʻzini goh issiqqa, goh sovuqqa otardi. U turmoqchi, bobosi yoniga bormoqchi boʻldi. Lekin qoʻl-oyoqlari unga itoat qilmas, boshi zirqirab ogʻrirdi. Chol eshik orqasida yum-yum yigʻlar, hovlida esa yana badmast Oʻrazqul toʻpolon koʻtarardi, Bekey xola dod-faryod solib yigʻlardi. Ikki tomonni ham Guljamol bilan buvi yalinib-yolvorib tinchitishdi.

Bola oʻz xayol daryosiga choʻmgan edi.

U yana oʻsha tezoqar daryo yoqasida. Ikkinchi sohilda, shagʻal ustida esa xuddi oʻsha bugʻular turibdi. Shunda bola iltijo qildi: “Shoxdor ona bugʻu, Bekey xolaga shoxingda beshik olib kel. Sendan oʻtinib soʻrayman, ularga beshik olib kel. Ularda ham farzand boʻlsin”. Oʻzi boʻlsa suv yuzasidan Shoxdor ona bugʻu tomon yugurgilab ketdi. U suv yuzasidan chopib borar ekan, qulab tushmasdi, shu bilan birga, sohilga ham yaqinlasholmasdi, xuddi bir joyda depsinib turib qolgandek edi. U hamma vaqt Shoxdor ona bugʻuga yalinib-yolvorardi. “Sen shoxingda beshik olib kel. Shunday qilginki, bobomiz yigʻlamasin, shunday qilginki, Oʻrazqul amaki Bekey xolani urmasin, shunday qilginki, ularda farzand tugʻilsin. Men hammalarini sevaman, Oʻrazqul amakini ham sevaman, sen unga faqat farzand ber. Ularga shoxingda beshik olib kel…”

Bolaga uzoqdan qoʻngʻiroqcha jaranglaganday eshitildi. U tobora kuchliroq jaranglardi. Ona bugʻu togʻ boʻylab yugurardi, u beshikni – qayindan yasalgan qoʻngʻiroqchali bola beshigini bandidan shoxlarida koʻtargancha keltirayotgan edi. Beshik qoʻngʻiroqchasining jarangi hammayoqqa tarala boshladi. Shoxdor ona bugʻu juda shoshilayotgan edi. Qoʻngʻiroqcha ovozi tobora yaqinlasha boshladi.

Bu nimaning ovozi? Qoʻngʻiroqcha jarangiga motorning uzoqdan gurillagan ovozi joʻr boʻldi. Qayerdadir yuk mashinasi kelardi. Mashinaning gurillashi tobora kuchayib, aniqroq eshitilardi, qoʻngʻiroqchaning jarangi esa xuddi undan choʻchiganday uzuq-yuluq eshitila boshladi, koʻp oʻtmay esa uni motorning gurillashi butunlay bosib ketdi.

Bola temirlarni sharaqlatib, hammayoqni larzaga solib hovliga ogʻir mashina kelib toʻxtaganini eshitdi. It hurigancha tashqariga otildi. Deraza oynasiga bir zum chiroq yorugʻining aksi tushib turdi-yu, shu zahotiyoq oʻchdi. Ayni chogʻda motorning ovozi ham jimib qoldi. Kabina eshigi taraqlab yopildi. Kelgan kishilar, aftidan, uchovlon boʻlsa kerak, oʻzaro gaplashib, bola yotgan deraza yonidan oʻtib ketishdi.

– Seydahmad keldi, – birdan Guljamolning quvonchli ovozi yangradi, uning eri tomon shoshilayotgani eshitilib turardi. – Biz boʻlsak kutaverib, toqatimiz toq boʻldi!

– Assalomu alaykum, – javob qilishdi unga notanish kishilar.

– Xoʻsh, tinch oʻtiribsizlarmi? – soʻradi Seydahmad.

– Shukur. Nega muncha kech?

– Shunisiga ham shukur. Sovxozgacha yetib keldim, yoʻlovchi mashinalarni kutaman-kutaman, qani kela qolsa. Hech boʻlmasa Jilisoygacha yetib olsam deyman. Bir mahal mana bular yogʻoch olib ketgani bizning tomonimizga kelishayotibdi, – deya hikoya qilardi Sey-dahmad. – Togʻ oraligʻi qorongʻi. Yoʻlni oʻzing bilasan…

– Oʻrazqul qani? Uydami? – qiziqib soʻradi kelganlardan biri.

– Uyda, – ikkilanib dedi Guljamol. – Sal tobi qochibdi. Tashvishlanmanglar. Bizda tunab qolasiz, joy boʻlsa bor. Yuringlar.

Ular rozi boʻlishdi. Lekin bir necha qadam bosgach, toʻxtab qolishdi.

– Assalom, oqsoqol. Assalomu alaykum, boybicha. Kelganlar Moʻmin bobo va kampir bilan salomlashishdi. Chol bilan kampir ham uyatga qolmaslik uchun ularni hovlida kutib olishdi. Balki Oʻrazqul ham uyalar? Ishqilib, oʻzini va boshqalarni uyatga qoʻymasin-da.

Bola bir oz tinchlandi. Umuman, u oʻzini yengil his eta boshladi. Boshi ham unchalik ogʻrimayotgan edi. Hatto oʻrnidan turib, mashinani koʻzdan kechirmoqchi boʻldi: u qanaqa, toʻrt gʻildiraklimi yoki olti gʻildiraklimi? Yangimi, eskimi? Pritsepi qanaqa? Oʻtgan yozda ularning uyiga hatto harbiy yuk mashinasi ham kelgandi – gʻildiraklari baland, xuddi tumshugʻi kesib olingandek edi. Yosh soldat shofyor bolani kabinaga oʻtirgʻizgan edi. Qanday yaxshi! Oltin rang pogonli harbiy kishi esa Oʻrazqul bilan birga oʻrmonga tushib ketishdi. Qanaqasi bu? Hech bunaqasi boʻlmagandi-ku.

– Sizlar josusni izlayapsizmi? – soʻradi bola soldatdan. U jilmayib qoʻydi.

– Ha, josusni izlayapmiz.

– Biznikiga hali bironta ham josus kelgani yoʻq, – dedi bola gʻamgin.

Soldat kulib yubordi.

– Nimaga kerak u senga?

– Men uni izidan quvlab, tutib olardim.

– Obbo izquvar-e, hali yoshlik qilasan.

  • Oltin rangli pogonli harbiy kishi Oʻrazqul bilan oʻrmonni aylanib yurishganda, bola shofyor bilan gaplashib oldi.

– Men hamma mashinalarni, hamma shofyorlarni yaxshi koʻraman, – dedi bola.

– Nima uchun? – qiziqib soʻradi shofyor,

– Mashinalar – yaxshi, kuchli va tez yuradi. Ulardan yoqimli benzin hidi keladi. Shofyorlar boʻlsa yosh, ularning hammasi ham Shoxdor ona bugʻuning bolalari.

– Nima? Nima? – tushunmadi soldat. – Qanday Shoxdor ona?

– Sen hali bilmaysanmi?

– Yoʻq. Bunaqa gʻaroyibotni hech qachon eshitmaganman.

– Sen oʻzing kimsan?

– Men qaragʻandalik qozoqman. Shaxtyorlar maktabida oʻqiganman.

– Buni soʻrayotganim yoʻq, sen kimning farzandisan?

– Ota-onamni.

– Ular kimniki?

– Ular ham ota-onasining farzandlari.

– Ular-chi?

– Ey, ogʻayni, shu zaylda toʻxtovsiz savol berib, surishtiraverish mumkinmi, axir.

– Men boʻlsam Shoxdor ona bugʻu farzandlarining farzandiman.

– Buni kim aytdi senga?

– Bobom.

– Harqalay, toʻgʻri emas, – soldat ikkilanib, bosh chayqadi.

Bu katta boshli, shalpangquloq bolaning Shoxdor ona bugʻu avlodi ekanligi uni qiziqtirib qoʻydi. Soldat oʻz avlodi qayerdan tarqalganini bilmasligi maʼlum boʻlib qolganligidangina emas, hatto yetti pushtini bilmasligidan bir oz xijolat ham tortdi. Soldat faqat oʻz otasini, bobosini va bobokalonini bilardi, xolos. Boshqalari-chi?

– Senga yetti ota-bobolarning nomlarini esda tutishni oʻrgatishmaganmi? – deb soʻradi bola.

– Oʻrgatishmagan. Nimaga kerak bu? Men ular haqida hech nimani bilmasam ham, hamma qatori binoyidek yashayapman.

– Bobom, agar odamlar oʻz ota-bobolarini bilmasalar, ular aynib ketadi, deydi.

– Kim ayniydi? Odamlarmi?

– Ha.

– Nima uchun?

– Bobom aytadiki, unda hech kim yomon ishlardan hazar qilmaydi, chunki bolalar va bolalarning bolalari ham uni eslamaydi. Shuningdek, hech kim yaxshi ish ham qilmaydi. Chunki, baribir, bolalar uning yaxshi ishlari haqida eslamaydi-da.

– Bobong qiziq ekan-ku! – Soldat chinakam hayratda qoldi. – Gʻaroyib. Ammo u sening boshingni boʻlmagʻur narsalar bilan gangitib qoʻyayotganini bilmasa kerak. Axir, sening boshing katta-ku… Quloqlaring ham shunchalik kattaki, xuddi bizning poligonimizdagi lokatorlarga oʻxshaydi. Sen uning gaplarini tinglama. Kommunizmga boryapmiz, kosmosga uchyapmiz, u boʻlsa seni nimaga oʻrgatyapti? Uni bizga, siyosiy mashgʻulotga olib borishsa bormi, bir zumda maʼlumotli qilib qoʻyardik. Sen oʻsib, oʻqib-oʻrganib olganingdan soʻng bobongdan voz kechib qoʻya qol. U nodon, madaniyatsiz kishi.

– Yoʻq, men hech qachon bobomni tashlab ketmayman, – eʼtiroz bildirdi bola. – U yaxshi.

– Hozircha shunday. Keyinroq tushunib olasan. Hozir ovozlarga quloq solib turar ekan, bola oʻsha harbiy mashinalarni esladi. U oʻshanda soldatga nima uchun bu yerdagi shofyorlar, ayniqsa, u bilgan shofyorlar Shoxdor ona bugʻuning farzandlari ekanligini yaxshilab tushuntirib berolmagan edi.

Bola unga toʻgʻrisini aytdi. Uning soʻzlarida hech qanday uydirma yoʻq edi. Oʻtgan yili xuddi shunday kuz pallasida, ehtimol, sal kechroqmidi, pichan olib ketish uchun toqqa sovxoz mashinalari kelgan edi. Ular qorovulxonaning yonidan emas, balki unga bir oz yetmasdan Archadaraga olib boradigan yoʻlga burilishdi soʻng yuqorilab borib, yozda oʻrib qoʻyilgan pichanlar tomon ketishdi. Qorovultogʻdagi motorlarning mislsiz gurillashini eshitgan bola yoʻlning ayrilishiga qarab chopib ketdi. Birdaniga shuncha mashina! Birining ketidan biri tizilishib ketgan. Butun bir kolonna. U mashinalardan oʻn beshtachasini sanadi.

Havo aynib turibdi. Bugun-erta qor yogʻib qolish siyoqi bor. Unda “xayr, xashaklar, kelgusi yilgacha” deyaverish mumkin. Bu joylarda pichanni oʻz vaqtida tashib olmasang, keyin dogʻda qolasan. Oʻtib kelolmaysan bu yerga. Aftidan, sovxozda turli xil ishlar koʻpayib, vaqt ziq kelib qolganligi uchun oʻrib tayyorlab qoʻyilgan pichanni bir yoʻla tashib keltirishga qaror qilingan edi.

Biroq bola buni bilmasdi. Toʻgʻrisini aytganda, uning nima ishi ham bor? U hovliqib, quvonganidan har bir mashinaning qarshisiga chikdi, bir oz kim oʻzarga chopdi, soʻng boshqasini qarshi ola boshladi. Yengil yurib borayotgan yuk mashinalarining hammasi yap-yangi, kabinalari chiroyli, oynalari esa keng edi. Kabinada yosh yigitlar oʻtirishibdi. Ularning hammasi bir xilda murtsiz, ayrim kabinalarda esa ikkitadan oʻtirishibdi. Bu sherik boʻlib oʻtirganlar pichanni yigʻish va bogʻlash uchun borishayotgan edi. Ularning hammasi bolaga chiroyli, quvnoq, jasur boʻlib tuyuldi.

Umuman-ku, bola yanglishmagandi. Haqiqatda ham shunday edi. Mashinalar soz edi, ular Qorovultogʻdagi shagʻalli, zarang yoʻldan oʻtgach, yelday uchib borardi. Bolalarning vaqti chogʻ edi – havo ham yomon emasdi, bu yerda yana qayoqdandir paydo boʻlib qolgan shalpangquloq, katta boshli tirmizak bola yoshlik shoʻxliklarini ichiga sigʻdirolmay quvonganidan har bir mashina qarshisida girdikapalak boʻlardi! Bola yana koʻproq sevinsin va shoʻxlik qilsin uchun uning xatti-harakatlariga kulmasdan, hazil aralash qoʻl silkib, poʻpisa qilmasdan boʻlarmidi…

Eng oxirida kelayotgan yuk mashinasi hatto toʻxtadi ham, kabinadan pogonsiz, harbiy furajkasiz, ammo kepka kiyib olgan soldat kiyimidagi yosh shofyor yigit boshini chiqarib qaradi.

– Yaxshimisan, nima qilib yuribsan bu yerda, a? – Ochiq yuz bilan bolaga koʻz qisib qoʻydi u.

– Oʻzim, shunday, – bamaylixotir javob berdi bola.

– Sen Moʻmin boboning nabirasi emasmisan?

– Ha-

– Oʻzim ham shunday deb oʻylagan edim. Men ham Bugʻuboy avlodidanman. Bu borayotgan bolalarning hammasi Bugʻuboy avlodidan. Pichanga boryapmiz. Endigi Bugʻuboy avlodlari bir-birini bilishmaydi ham, tarqalishib ketgan… Bobongga salom ayt. Qulibekni, Choʻtboyning oʻgʻli Qulibekni koʻrdim deb aytgin. Qulibek armiyadan qaytib kelib, sovxozda shofyor boʻlib ishlayapti ekan, degin. Xayr, omon boʻl, – xayrlashish oldidan u bolaga qandaydir harbiy znachok sovgʻa qildi. Juda gʻalati. Ordenga oʻxshab ketadi.

Mashina qoplon kabi boʻkirib sheriklari ortidan shamolday uchib ketdi. Nogahon bolada Bugʻuboy avlodidan boʻlgan akasi – bu oq koʻngil, mard yigit bilan birga ketish ishtiyoqi tugʻilib qoldi. Ammo yoʻl huvillab qolgan boʻlib, u uyga qaytishga majbur boʻldi. Qaytarkan, bobosiga uchrashuv haqidagi taassurotlarini gapirib berdi. Znachokni boʻlsa koʻkragiga taqib oldi.

Oʻsha kuni kechqurun osmon gumbazi ostidagi tizma togʻlardan qattiq shamol – San-Tosh shamoli tura boshladi. U boʻronga aylandi. Oʻrmon yaproqlari quyundek osmonga uchib chiqib tobora koʻkka oʻrlar, guvillagancha togʻ choʻqqisida oʻynardi. Zum oʻtmay havo shunday buzildiki, koʻz ochib boʻlmay qoldi. Birdan qor uchqunlay boshladi. Ana-mana deguncha yer yuzi oq choyshabga burkandi, oʻrmonlar chayqaldi, daryo joʻsh urdi. Qor tushdi, u buralib-buralib yogʻardi.

Bir amallab mollarni haydashga, hovlidagi u-bu narsalarni yigʻishtirishga, iloji boricha uyga moʻl oʻtin olib kelishga zoʻrgʻa ulgurishdi. Keyin esa uydan chiqmay qamalib olishdi. Bunday erta tushgan izgʻirin sovuqda kim ham eshikka chiqadi deysiz.

– Buning kimga keragi bor? – hayratlanib tashvishlanardi Moʻmin bobo oʻchoqqa oʻtin qalarkan. U shamolning hushtak chalishiga hamon quloq tutar, deraza oldiga borib tashqarini kuzatardi. Darcha ortida gir aylanib yogʻayotgan qor hash-pash deguncha uyulib qolgan edi.

– Oʻtir oʻrningga! – mingʻilladi buvi. – Birinchi marta shunday boʻlyaptimi? “Buning kimga keragi bor?” emish, – takdid qilib masxaraladi kampir. – Qish qishligini qilishi kerak-da.

– Bir kunda-ya…

– Boʻlmasa-chi? Sendan soʻrab oʻtirarmidi? Vaqt-soati kelibdi, yogʻadida.

Oʻchoq moʻrisi uvillay boshladi. Bola oldin bobosiga xoʻjalik ishlarida yordam berib, sovuqqa qotdi, biroq oʻtin tezda qizishib yonib ketgandan soʻng uy ichi isib qoldi. Hammayoqni dud aralash qaragʻay smolasining hidi qopladi. Isinib olgach, bolaning ham koʻngli joyiga tushdi.

Keyin ovqatlanishdi. Soʻng uxlash uchun oʻringa kirishdi. Hovlida esa qor boʻralar, shamol uvillardi.

“Oʻrmonda balki juda qoʻrqinchlidir”, – oʻyladi bola oyna ortidagi guvillashga quloq solib, u banogoh qandaydir anglab olish qiyin boʻlgan ovozlarni, shovqin-suronlarni eshitib, oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi. Kimdir birovni chaqirdi, kimdir unga javob qaytardi. Dastlab bolaga shunday tuyulayotganday boʻddi. Shunday paytda qorovulxonaga kim ham kelardi? Biroq Moʻmin bobo va kampir hushyor tortishdi.

– Odamlar, – dedi kampir.

– Ha, – ishonqiramay dedi chol. Keyin bezovtalana boshladi: – Bemahalda kim boʻldi? – u tezgina kiyina boshladi.

Kampir ham shoshib qoldi. Turib, lampa chiroqni yoqdi. Bola ham nimadandir choʻchib, turib kiyindi. Bu orada odamlar uyga yaqinlashib kelishdi. Gʻovur-gʻuvur, oyoq tovushlari. Nomaʼlum odamlar qorni gʻarchillatib bosib, ayvonga kelganlarida oyoqlarini qoqib, taqillata boshladilar.

– Oqsoqol, eshikni oching! Sovqotdik!

– Kimsizlar?

– Oʻzingizniki.

Moʻmin eshikni ochdi. Qorda, izgʻirin shamodda sovqotgan kishilar uyga bostirib kirib kelishdi. Bular kunduzi Archadara tomonga pichan ortishga ketgan oʻsha yosh shofyorlar edi. Bola ularni darhol tanidi. Unga harbiy znachok taqdim qilgan Qulibek ham bor edi. Ular birovni qoʻltigʻidan ushlab olib kirishdi. U ingrardi, oyogʻini sudrab bosardi. Uyda birdan qiy-chuv koʻtarildi.

– Astagʻfirullo! Nima boʻldi sizlarga? – Moʻmin bobo bilan kampir baravar tashvishlanib soʻrashdi.

– Keyin gapirib beramiz! U yokda yana bizdan yetti kishi kelyapti. Yoʻldan adashishmasa boʻlgani. Qani, bu yerga oʻtirchi. Oyogʻi qayrilib ketdi, – oqsoq yigitni pechka yoniga oʻtqizarkan, tez gapirdi Qulibek.

– Qolgan odamlaringiz qayerda? – Shoshib qoldi Moʻmin bobo. – Men hozir borib, ularni boshlab kelaman. Sen esa yugur, – dedi u bolaga. – Seydahmadga ayt, tezlik bilan elektr fonarini olib kelsin.

Bola uydan otilib chiqdi va hovliqqanidan nafasi boʻgʻziga tiqilib qoldi. Umrining oxirigacha u bu dahshatli daqiqani esdan chiqarmadi. Qandaydir hurpaygan, basharasi sovuq, chinqirib dahshat soluvchi bahaybat maxluq uning tomogʻidan boʻgʻib olib siltay boshladi. Lekin bola oʻzini yoʻqotmadi. U dahshatli changaldan sitilib chikdi va qoʻli bilan boshini toʻsib himoya qilgancha Seydahmadning uyiga yugurdi. Hammasi boʻlib yigirma-oʻttiz qadamlik yoʻl unga xuddi uzokdek boʻlib tuyuldi. Goʻyo jangchilarga koʻmaklashmoq uchun olis yerga shamoldek yelib borayotgandek edi. Uning qalbi mardlik va jasurlik koʻrsatish ishtiyoqi bilan toʻlib-toshgan edi. U nazarida oʻzini qudratli va yengilmas kuchga ega ekandek his etdi, hatto Seydahmadning uyiga yetib borguncha ham shunday qahramonona ishlar qilishga ulgurdiki, qoyil qolmay iloj yoʻq. U tubsiz jarliklar orqali togʻdan toqqa sakrab oʻtdi, qilich bilan dushman toʻdasini yakson qildi, daryoda choʻkayotganni, oʻtda kuyayotganni xalos etdi, qizil bayrogʻi hilpirab turgan reaktiv qiruvchi samolyotda dara va qoyalar sari undan qochib borayotgan dahshatli qora maxluqni quvdi. Uning reaktiv qiruvchi samolyoti maxluq ortidan oʻqdek uchib oʻtardi. Bola ggulemyotdan oʻq uzib, “fashistlarni qir!” deb qichqirardi. Hamma joyda Shoxdor ona bugʻu uni qoʻllab-quvvatladi. Bugʻu oʻz farzandi bilan faxrlanardi. Bola Seydahmadning uy eshigiga kelib yetganda, ona bugʻu unga: “Endi mening bolalarimni, yosh shofyorlarni qutqarib qol!” – dedi. “Men ularni qutqaraman, Shoxdor ona bugʻu, azbaroyi xudo, qasam ichaman!”, – dedi bola ovoz chiqarib va eshikni qoqa boshladi.

– Tezroq, Seydahmad amaki, biznikilarni qutqarib qolaylik, yuring! – U bu soʻzlarni shunday taʼsirli qilib aytdiki, Seydahmad va Guljamol qoʻrquvdan joyida turgancha turib qolishdi.

– Kimni qutqarish kerak? Nima boʻldi?

– Bobom elektr fonari bilan tezda chopib kelsin, sovxozdan kelgan shofyorlar yoʻlda adashib qolishibdi deb aytgin, dedilar.

– Ahmoq, – soʻkib berdi uni Seydahmad. – Shunday desang boʻlmaydimi? – U otlanish uchun yugurib ketdi.

Lekin bu holat bolani hech qancha ranjitmadi. Seydahmad uning bu yerga kelguncha qanchalik jasorat koʻrsatganini, qasam ichganini qayerdan bilsin. Bola shofyorlarning yettalovi ham Moʻmin bobo bilan Seydahmad tomonidan qorovulxonaning yonidan tezda topilib uyga olib kelinganda ham unchalik ajablanmadi. Shunday uchrashuv sodir boʻlmasligi ham mumkin edi-ku! Xatarning oldi olinsa u yengil koʻchishi mumkin… Umuman olganda, bu adashgan kishilar ham topildi. Seydahmad ularni uyiga olib ketdi. Hatto Oʻrazqulnikida tunash uchun ham besh kishi yuborildi. – Uni ham uygʻotishga toʻgʻri keldi. Boshqalari esa Moʻmin boboning uyiga tiqilib qolishdi.

Qor boʻroni togʻda hali ham toʻxtamagandi. Bola ayvonga yugurib chikdi va daqiqa oʻtmay oʻng va soʻli qaysi, baland va pasti qaysi, tupguna olmay qoldi. Havoning qovogʻi soliq, goʻyo doira shaklida aylanayotgandek edi. Qor esa tizza boʻyi boʻlib qolgandi.

Moʻmin bobo sovxoz shofyorlarining hammasi topilib, isinib olgach va sovuqdan, xavf-xatardan qutulib koʻngillari tinchigach, voqea tushunarli boʻlsa ham yoʻlda, qor boʻronida qanday hodisa yuz berganini sekin-asta surishtira boshladi. Yigitlar hikoya qilib berishdi, chol-kampir esa xoʻrsinib-xoʻrsinib qoʻyishardi.

– Bay, bay-yey, – deya sodir boʻlgan hodisadan hayratda qolishar va qoʻllarini koʻksiga qoʻyib xudoga shukronalar aytishardi.

– Bunchalik yengil kiyinmasalaring-a, bolalar, – oʻpkaladi kampir issiq choydan quyarkan. – Toqqa shunday kiyim bilan kelish mumkinmi, axir. Bolasizlarda, bola. Oʻzingizga zeb berasiz, shaharliklardek boʻlay deysiz. Agar yoʻl topa olmay ertalabgacha qolib ketganlaringizda bormi, xudo koʻrsatmasin? Naq muzlab qolardilaringiz.

– Kim bilsin bunday boʻlishini, – deb javob berdi Qulibek. – Issiq kiyinish nega kerak? Biron narsa boʻlsa ichkarida mashina isitib qoʻyadi. Xuddi uyingdagidek oʻtirib, barankani aylantiraver. Samolyotdachi, mana bu togʻlar u yerdan tepachalardek koʻrinadi – bort tashqarisida qirq daraja sovuq boʻlsa, ichkarida odamlar koʻylakchan yurishaveradi.

Bola poʻstinga oʻralib shofyorlar oʻrtasida yotardi. U Qulibekning yoniga tiqilib olib kattalarning suhbatini butun vujudi bilan tinglardi. Birdan boʻron koʻtarilib, bu yigitlar ularning uyidan boshpana izlashga majbur qilganidan hatto u xursand boʻlganini hech kim xayoliga ham keltirmadi. U boʻron uzoq kunlar, hech boʻlmaganda uch kun davom etishini ich-ichidan juda istardi. Mayli, ular shu yerda yashayversinlar. Ular bilan vaqt oʻtkazish qanday yaxshi. Qiziqarli. Bobosi, aftidan, hammasini tanirkan. Oʻzlarinigina emas, otalari va onalarini ham bilarkan.

– Mana, koʻrdingmi, – bobo nabirasiga hatto bir oz gʻururlangandek dedi, – oʻz akalaringni, Bugʻuboy avlodlarini koʻrding. Ularning kimligini bilib olasan. Qara, qanday ular! Ey, hozirgi yigitlar boʻychan boʻlib oʻsishyapti-da. Xudoyim sizlarni oʻz panohida asrasin. Qirq ikkinchi yili qishda bizni Magnitogorskka qurilishga olib kelishgani esimda…

Bobo nabirasiga yaxshi tanish boʻlgan tarixni hikoya qilishga tutinib, ularni mamlakatning turli burchaklaridan chaqirilgan mehnat armiyasini boʻyga qarab uzayib ketgan safga tortishganida qirgʻizlarning deyarli hammasi past boʻyli boʻlganligi va safning oxiriga tushib qolganligi haqida soʻzlab berdi. Yoʻqlama oʻqib boʻlinganidan soʻng papiros chekishga ruxsat berildi. Sargʻishdan kelgan davangirdek bir yigit kelib, baland ovozda:

– Bular qayerdan? Manjurlarmi yo? – dedi. Ularning orasida keksa oʻqituvchi ham bor edi. U shunday javob berdi:

– Biz qirgʻizlarmiz. Biz bu yerdan uncha uzoq boʻlmagan joyda manjurlar bilan jang qilganimizda Magnitogorskdan nom-nishon ham yoʻq edi. Boʻyimiz esa xuddi senikidek edi. Urushni tamomlaganimizdan soʻng yana oʻsamiz…

Bobo oʻsha oʻtmish voqeani esga oldi. Jilmayib, qoniqish bilan yana bir bor oʻzining tungi mehmonla-riga koʻz tashladi.

– Oʻsha oʻqituvchi toʻgʻri aytgan ekan. Shaharda boʻlganimda yoki koʻchada kelayotib nazar tashlayman: hozirgi avlod ilgarigisiga oʻxshamay, boʻychan va koʻrkam boʻlib yetishmokda.

Tushungan yigitlar sekin kulib qoʻyishdi – chol chaqchaqlashishni yaxshi koʻradi.

– Ha, boʻychanmiz, boʻychan, – dedi ulardan biri. – Mashinani boʻlsa pastlikka agʻdarib yubordik. Shuncha kishi boʻla turib kuchimiz yetmadi…

– Xashak yuklangan boʻlsa, buning ustiga yana shunday qor boʻronida uddasidan chiqib boʻlarmidi, – ularni oqlay boshladi Moʻmin bobo. – Shunaqasi ham boʻladi. Xudo xohlasa, ertaga hammasi joyida boʻladi. Eng muhimi, shamol tinsin.

Yigitlar boboga yuqoridagi, Archayassi togʻidagi pichanlarga mashinada qanday yetib borganlarini gapirib berishdi. U yerda uchta katta pichan gʻarami turardi. Uchala gʻaramni ham bir yoʻla yuklashga kirishdilar. Yuklaganda ham baland qilib, hatto tomdan ham baland qilib yuklashdi. Keyin yuqoridan arqonga osilib tushishga toʻgʻri keldi. Shunday qilib, birin-ketin hamma mashinalarga pichan yuklandi. Kabina koʻrinmas, faqat old oynalar, kapot va gʻildiraklar koʻrinib turardi. Kelarga kelindimi, yana ovora boʻlib yurmasdan, hammasini biratoʻla olib ketishmoqchi boʻlishgandi. Ular hozir olib ketishmasa bu pichanlar kelgusi yilgacha qolib ketishini bilardilar. Gʻayrat bilan ishladilar. Kimning mashinasi tayyor boʻlsa, chetga chiqarib qoʻyib boshqasiga yuklashga yordamlashar edilar. Ular qariyb hamma xashakni yuklashdi, biroq ikki aravachasi qoldi, xolos. Chekib olishdi, kim kimning ortidan haydashini kelishib olishdi va hammalari tizilib yoʻlga tushishdi. Mashinani sekin-asta haydashdi. Qorongʻida togʻdan sirgʻalib ketishlariga oz qoldi. Pichan yengil yuk boʻlsa ham olib borish qiyin, ayniqsa, tor joylarda, burum yoʻllarda xavfli.

Ular borisharkan, oldinda nima kutayotganini xayollariga ham keltirishmasdi.

Ular Archa tepaligidan tushib, dara boʻylab ketishardi. Daradan chiqishda esa kechga yaqin boʻronga duch kelishdi. Qor ura boshlagan edi.

– Shundan boshlab birpasda yelkalar uvib qoldi, – deya hikoya qila boshladi Qulibek. – Birdan qorongʻilik bosib, shunaqangi shamol urib berdiki, naq boʻlmasa qoʻlingdan barankani tortib olgudek edi. Ana-mana deguncha mashinani agʻdarib yuborayotgandek odamni vahima bosadi. Yana buning ustiga yoʻl shunaqa yomon-ki, hatto kunduz kuni ham yurish xavfli.

Bola nafasini ichiga yutib, chaqnoq koʻzlarini Qulibeqdan uzmay jimgina tinglardi. Hikoya qilinayotgan oʻsha shamol, oʻsha qor oyna ortida avjiga chiqmoqda edi. Koʻpchilik shofyorlar va yuk tashuvchilar etiklarini ham yechmay polda yotib uxlashmoqda. Ular nimani boshidan kechirgan boʻlsalar, buni qiltiriq boʻyinli, katta boshli, shalpangquloq bu bola ham qayta boshidan kechirdi.

Bir necha minutdan soʻng yoʻl koʻrinmay qoldi. Mashinalar chetga chiqib ketmaslik uchun bir-birining izidan qolmay nuqul signal berardi. Mashina derazalarini va faralarini qor bosdi. “Tozalagichlar” esa oynadagi qorni tozalab ulgura olmasdi. Kabinadan bosh chiqarib haydashga toʻgʻri keldi. Biroq bu ahvolda qancha ham yoʻl bosish mumkin? Qor boʻlsa zaptiga olib yogʻardi! Gʻiddiraklar ogʻirlashib, deyarli joyidan jilmasdi. Kolonna tikka tepalikka yetganda toʻxtadi. Motorlar oʻkirardi – lekin foydasiz edi… Mashinalar toqqa chiqa olmay taqqa toʻxtab qoldi. Kabinadan sakrab tushishib, bir-birlariga ovoz qilganlaricha bir mashinadan ikkinchisiga chopib oʻtishib, kolonna boshida toʻplanishdi. Nima qilish kerak? Gulxan yoqish mumkin emas. Kabinada oʻtirilaversa, qolgan yonilgʻi ham yoqib bitiriladi. Usiz ham sovxozgacha arang yetib borish mumkin. Kabina isitilmasa muzlab qolish hech gap emas. Yigitlar nima qilishlarini bilmay dovdirab qolishdi. Hamma narsaga qodir boʻlgan texnika hozir ojiz. Nima qilish kerak? Kimdir mashinalardan birining xashagini agʻdarib, ichiga kirib yotishni taklif qildi. Biroq arqonni boʻshatish bilanoq xashakdan bir tutam ham qolmasligi aniq edi: koʻz ochib-yumguncha boʻron uchirib ketardi. Bu orada mashinalar qor uyumiga tobora chuqurroq kirib borar, gʻildiraklar ostidagi qor ancha koʻtarilib qolgan edi. Yigitlar oʻzlarini butunlay yoʻqotib qoʻyishdi, izgʻirin suyak-suyaklaridan oʻtib ketdi.

– Bir mahal esimga tushib qoldi, oqsoqol, – deb hikoya qilardi Qulibek Moʻmin boboga. – Biz yoʻlda Archadaraga ketayotib mana bu Bugʻuboy avlodidan boʻlgan ukamizni uchratdik. – U bolani koʻrsatdi va erkalab uning boshini siladi. – Yoʻlda chopib yurgan ekan. Men uni toʻxtatib salomlashdim. Gaplashdik. Toʻgʻrimi? Nima, hali uxlaganing yoʻqmi? Obbo, azamat-ye!

Bola jilmayib bosh irgʻadi. Uning qalbi quvonch va iftixordan gursillab urayotganini birov bilganda edi. Buni yigitlar ichida eng kuchlisi, eng botiri va eng chiroylisi – Qulibekning oʻzi gapirib berdi. Mana shunaqa boʻlsa kishi.

Bobo ham oʻchoqqa oʻtin tashlarkan, uni maqtab qoʻydi:

– U shunaqa. Gap tinglashni yaxshi koʻradi. Angrayib quloq solishini koʻryapsanmi?

– Oʻsha daqiqada u qanday esimga tushib qoldi, oʻzim ham bilmayman, – davom etdi Qulibek. – Bolalarga deyarli baqirib gapiraman, ovozimni boʻlsa shamol olib qochadi. Kelinglar, qorovulxonaga yetib olaylik. Boʻlmasa, nobud boʻlamiz deyman. Bolalar boʻlsa qanday yetib boramiz, deb shundoqqina yuzimga kelib qichqirishadi. Piyoda borib boʻlmaydi. Mashinani ham tashlab ketish mumkin emas. Men boʻlsam kelinglar, mashinani itarib dovondan olib oʻtamiz, u yogʻi qiyalik deyman. San-Toshgacha yetib borsak boʻlgani, u yogʻiga piyoda borish ham mumkin, oʻrmonchilarimizning uyi yaqin qoladi deyman. Bolalar buni maʼqul koʻrishdi. Qani, boshla deyishdi. Ish shunday boʻlgach… Birinchi mashinadan boshladik: “Usmonali, kabinaga chiq!” Boshqa hammamiz mashina ortidan yelka tirab itara boshladik. Dastlab ish yurishgandek boʻldi. Keyin darmonsizlanib qoldik. Orqaga chekinish ham mumkin emas. Biz mashinani emas, butun togʻni yuqoriga koʻtarayotgandek sezardik oʻzimizni. Ortilgan yuk ham qanaqa deng – pichan gʻarami! Faqat kuchimning boricha: “Qani! Qani!” deb baqirganimni bilaman, lekin ovozimni oʻzim ham eshitmayman. Shamol, qor – hech narsani koʻrib boʻlmaydi. Mashina xuddi joni bordek ingrab nola qiladi. Mashina ham, oʻzimiz ham soʻnggi kuchni sarfladik. Goʻyo yurak yorilib parcha-parcha boʻlib uchib ketadiganga oʻxshaydi. Bosh aylanadi.

– Bay, bay, bay, – achindi Moʻmin bobo. – Rosa qiynalibsiz-da. Shoxdor ona bugʻu oʻz farzandlarini panohida asrabdi. Palokatdan qutqaribdi. Boʻlmasa, kim bilsin… Eshityapsanmi? – Tashqarida hamon boʻron quturadi, boʻralab qor yogʻyapti. Bolani uyqu bosa boshladi. U uxlamaslikka harakat qilsa ham, baribir koʻzlari yumilib ketaverdi. Uyqu aralash ora-sira chol bilan Qulibekning suhbatini tinglar ekan, bola sodir boʻlgan voqea bilan tasavvuridagi manzarani aralashtirib yubordi. Goʻyo oʻzini ham togʻdagi boʻronga kelgan bu yosh yigitlarning orasida his qildi.

Uning koʻz oldida oppoq qor bilan qoplangan togʻ tomon yuqorilab ketgan yoʻl gavdalanardi. Qor boʻroni yuzni achishtiradi, koʻzga qadaladi. Ular tom boʻyi pichan ortilgan ulkan avtomashinani yuqoriga qarab itarishardi. Ular dovon tomon arang koʻtarilishadi. Mashina endi butunlay jilmay qoldi, tisarila boshla-di, shunday qoʻrqinchli, shunday qorongʻi. Shamol etni junjitadi. Bola qoʻrqqanidan gʻujanak boʻlib oldi, u mashinaning orqaga surilib, yanchib ketishidan choʻchirdi. Biroq shu payt qayoqdandir Shoxdor ona bugʻu paydo boʻldi. U shoxini mashinaga tirab, uni yuqoriga olib chiqishga yordam qildi. “Qani, qani, qani!”– deb qichqira boshladi bola. Mashina sekin-asta siljiy boshladi. Ular dovonga chiqib olishdi soʻng pastga qarab mashinaning oʻzi yurib keta boshladi. Ular shu zaylda ikkinchi mashinani, keyin uchinchisini, xullas, koʻpgina mashinalarni yuqoriga itarib chiqishdi. Har gal ham ularga Shoxdor ona bugʻu yordam qildi. Uni hech kim koʻrmasdi. Hech kim u bilan yonma-yon turganini bilmasdi. Bola esa koʻrib, bilib turardi. U har gal ilojsiz qolgan paytda, kuch yetmasdan qoʻrqinchli boʻlib qolgan chogʻda Shoxdor ona bugʻu chopib kelib shoxi bilan mashinani yuqoriga surib chiqarishga yordam berganini koʻrdi. “Qani, qani, qani!” – madad berardi bola. Har gal ham u Qulibekning yonida turdi. Keyin Qulibek unga: “Rulga oʻtir” – dedi. Bola kabinaga chiqdi. Mashina silkinib guvillardi. Rul boʻlsa uning qoʻlida yengilgina, oʻz-oʻzidan xuddi u yoshligida mashina qilib oʻynagan bochka halqachasi singari aylanardi. Bola xijolatdan aziyat chekardi, rul unga oʻyinchokdek boʻlib tuyulgandi. Bir mahal mashina yonboshga qarab ogʻa boshladi. U gumbirlab yiqildi va parchalanib ketdi. Bola qattiq yigʻlab yubordi, Juda mulzam boʻldi. Qulibekning koʻziga qarashga uyalardi.

– Nima boʻldi, a, senga nima boʻldi? – Qulibek uni uygʻotdi.

Bola koʻzini ochdi. Koʻrganlarining hammasi tushida ekanligini anglab quvonib ketdi. Qulibek boʻlsa uni qoʻlida koʻtarib, bagʻriga bosdi.

– Tush koʻrdingmi? Qoʻrkdingmi! Seni qara-yu, yana qahramon emish! – u bolaning shamolda qotib yorilib ketgan lablaridan oʻpdi. – Kel, men seni oʻrningga yotqizib qoʻyay, uxlash kerak.

U bolani kigiz solingan polga, uxlab yotishgan shofyorlar oʻrtasiga yotqizdi va oʻzi ham uning yoniga yotdi. Qulibek bolani oʻziga yaqinroq tortib, poʻstinining bari bilan oʻrab qoʻydi.

Ertalab bolani bobo uygʻotdi.

– Tura qol, – sekingina gapirdi chol. – Issiqroq kiyingin. Menga yordamlashasan. Tura qol.

Deraza ortida hali tong pardasi koʻtarilganicha yoʻq. Uydagilar hali agʻanashib, uxlab yotishardi.

– Ma, kigiz etikni kiyib ol, – dedi Moʻmin bobo. Bobodan yangi xashak hidi kelib turardi. Demak, u otlarga xashak solib kelgan. Bola kigiz etikni kiydi va ular tashqari chiqishdi. Qor binoyigina yoqqan edi. Shamol ham tinchigandi. Faqat ahyon-ahyonda achchiq yel esib turardi.

– Sovuq! – seskanib tushardi bola.

– Hechqisi yoʻq. Havo ochilayotganga oʻxshaydi, – mingʻirladi chol. – Buni qara-ya! Birinchisidayoq shunchalik qahriga olmasa. Ha, mayli, falokat yuz berma-di…

Ular qoʻyxonaga kirishdi. U yerda Moʻmin boboning beshta qoʻyi bor edi. Chol qorongʻida ustunni paypaslab topib chiroqni ildi va yoqdi. Qoʻylar burilib qaradi-da, bir burchakka borib qisildi.

– Buni ushla, meni yoritib turasan, – dedi chol bolaga chiroqni tutqazarkan. – Qora toʻqlini soʻyamiz. Uy toʻla mehmon. Ular turguncha goʻsht tayyor boʻlishi kerak.

Bola bobosiga chiroqni tutib turdi. Shamol hali ham tirqishlardan hushtak chalar, havo sovuq, tund edi. Chol avvalo eshik oldiga bir quchoq toza pichan olib kelib tashladi. Bu joyga qora toʻqlini yetaklab keldi va uni yiqitib, oyoqlarini bogʻlashdan oldin choʻqqayib oʻtirgancha xayol surib qoldi.

– Chiroqni qoʻy. Sen ham oʻtir, – dedi bolaga u. Oʻzi boʻlsa kaftlarini ochib shivirlay boshladi: – O, avlodning katta onasi, Shoxdor ona bugʻu, qora qoʻyni sen uchun qurbonlikka, senga soʻyayotirman. Xatarli damlarda bolalarimizning omon boʻlishi, avlodimizni oq sut berib boqqaning, saxiy qalbing, onalik mehring uchun bu. Bizni dovonlarda, toshqin daryolar-da, toygʻoq soʻqmoqlarda yolgʻiz qoʻyma. Bizni oʻz yerimizda hech vaqt tashlab ketma, biz sening farzandlaringmiz. Omin!

U fotiha oʻqib, qoʻlini yuziga tortdi. Bola ham xuddi shunday qildi. Soʻng bobo toʻqlini yerga agʻdarib, uning oyoqlarini bogʻladi va oʻzining qadimgi osiyocha pichogʻini qinidan chiqardi. Bola esa uni chiroq bilan yoritib turardi.

Nihoyat havo tinchidi. Quyosh chok-chokidan sitilib suzib borayotgan bulutlar orasidan bir-ikki marta choʻchigandek nigoh tashladi. Tevarak-atrofda boʻronli tundan qolgan qingʻir-qiyshiq qor uyumlari, yanchilgan butalar, qor bosib yoy shakliga kelgan yosh daraxtchalar, qulab yotgan eski daraxtlar. Daryo ortidagi oʻrmon sukut saqlab, jimgina, maʼyuslanib turardi.

Daryoning oʻzi ham pasayib ketganday sohillari qor bilan koʻpchib, unchalik shovqin solmay gʻamgin oqardi.

Quyosh ham beqaror boʻlib qolgan edi – goh koʻrinadi, goh yashirinadi. Biroq hech nima bolani qaygʻuga solib tashvishlantirmasdi. Oʻtgan tundagi tashvishlar unutilgan edi. Boʻron ham esdan chiqarilgan edi, qor boʻlsa unga xalal bermas, hatto zavqli edi. U yoqdan bu yoqqa yugurib yurdi, oyoq ostidan qor parchalari otilib chiqardi. Bola shuning uchun ham xursand ediki, uyi toʻla odam edi. Shuning uchun ham quvnoq ediki, yigitlar uyqudan turib, baland ovoz bilan gapirishar, hazillashib kulishardi. U yana shundan xursand ediki, oʻzlari uchun pishirilgan qoʻy goʻshtini ishtaha bilan yeyishardi.

Bu orada quyosh ham olislarga musaffo nur tarqata boshlagandi. Bulutlar asta-sekin tarqalib, havo ham iliy boshladi. Bemahal yoqqan qor, ayniqsa, yoʻl va soʻqmoqlardagisi tezda erib keta boshladi.

Toʻgʻri, shofyorlar va yuk tashuvchilar ketish uchun hozirlik koʻrayotganlarida bola bir oz hayajonlandi. Hammalari hovliga chiqishdi, mezbonlar bilan xayrlasharkanlar, uy-joy va non-tuz uchun minnatdorchilik bildirishdi. Ularni Moʻmin bobo bilan Seydahmad otda kuzatib qoʻyishdi. Muzlab qolgan motorlarni isitish uchun chol otga bir bogʻlam oʻtin, Seydahmad esa katta bakda suv ortib olgandi.

Hammalari hovlidan chiqa boshlashdi.

– Ota, men ham boraman, meni ham olib keting, – deya bola bobosi yoniga chopqillab bordi.

– Koʻryapsan-ku, men oʻtin ortib olganman, Seydahmad boʻlsa bak ortib olgan. Qaysi birimiz olamiz seni. Nima bor senga u yerda? Qorda yurib charchaysan.

Bola xafa boʻldi. Qovogʻi osildi. Shunda Qulibek unga:

– Yur, biz bilan, – dedi va bolani qoʻlidan ushlab, oldi, – qaytishda bobong bilan birga kelasan.

Ular Archadaradan qiyalab oʻtishadigan yoʻl tomon ketdilar. Hali xiylagina qor bor edi. Bu baquvvat yigitlar bilan birgama-birga qadam tashlab borish oson emasdi. Bola toliqa boshladi.

– Qani, yelkamga oʻtir-chi, – taklif qildi Quli-bek.

U bolani qoʻlida azot koʻtarib, epchillik bilan yelkasiga mindirib oldi va uni xuddi har kuni koʻtarib odatlangandek yurib ketdi.

– Juda evini keltiribsan-ku, Qulibek, – dedi u bilan yonma-yon borayotgan shofyor.

– Umrim uka va singillarimni koʻtarib oʻtgan, – maqtanib qoʻydi Qulibek. – Toʻngʻichi edim-da. Biz oilada olti kishi boʻlib, onam ham, otam ham dalada boʻlishardi. Endi boʻlsa singlim bolalik boʻldi. Armiyadan qaytdim, uylanmagan edim, ishga ham hali joylashganimcha yoʻq edi. Singlim biznikiga kel, sen bolaga yaxshi qaraysan, deydi. Qoʻysang-chi, deyman, boʻldi, endi oʻzimnikini koʻtarib yuraman…

Ular shu zaylda turli-tuman narsalar toʻgʻrisida gapirishib borishdi. Bola Qulibekning baquvvat yelkasida rohat qilib xotirjamgina borardi.

“Mening ham shunday akam boʻlsaydi, – orzu qilardi bola, – hech kimdan qoʻrqmasdim. Oʻrazqul Qulibekning oldida bobomga baqirib yoki qoʻl tekkizib koʻrsin-chi. U Oʻrazqulni darhol tinchitib qoʻygan boʻlardi”.

Pichan ortilgan mashinalar yoʻl ayrilishidan ikki kilometr yuqorida turardi. Qor bilan qoplangan bu mashinalar daladagi qishki gʻaramlarga oʻxshab koʻrinardi. Aftidan, ularni hech kim, hech qayerga qoʻzgʻata olmaydigandek.

Mana, gulxanni ham yoqishdi. Suvni isitishdi. Motorni oʻt oldiruvchi ruchka bilan aylantira boshladilar, motorga jon kirdi, aksirib ishlab ketdi. Shundan keyin ish tezlashib ketdi. Navbatdagi har bir mashina shatakka olib yurgʻizildi. Oʻt olib qizdirilgan mashina kolonna ortidan borib tizila boshladi.

Qamma yuk mashinalari yurgizilgach, qoʻshaloq shatakka olingancha kechasi xandaqqa tushib ketgan mashinani tortib chiqarishdi. Bor odamlarning hammasi uni yoʻlga chiqarib olish uchun koʻmaklashdi. Bola ham yordamlashdi. U kimnidir: “Sen nega oyoq ostida ivirsib yuribsan, qani qochib qolchi, bu yerdan”, deyishini kutib, xavfsirab turdi. Lekin hech kim bunday demadi, uni hech kim quvlamadi. Balki Qulibek unga yordam berishga ruxsat etgani uchun shunday boʻlgandir. U bu yerda hammadan kuchlisi, uni hamma hurmat qiladi.

Shofyorlar yana bir bor xayrlashishdi. Mashinalar qoʻzgʻaldi. Dastlab asta-sekinlik bilan, keyin tezlashib ketdi. Qorga burkangan togʻlar orasidagi yoʻldan ular karvon boʻlib, tizilishib borardi. Shoxdor ona bugʻu farzandlarining farzandlari ketishdi. Ular oldilarida, yoʻlda koʻrinmasdan Shoxdor ona bugʻu chopib borayotganini bilishmasdi. Bolaning tasavvurida xuddi shunday edi. U shiddat bilan uzun-uzun sakrab, kolonnani olgʻa boshlab borardi. Ularni ogʻir yoʻldan falokat va baxtsizliklardan qoʻriqlardi. X,ar qanday qulashlardan, har qanday koʻchmalardan, boʻron-u tumanlardan va qirgʻiz xalqi oʻzining koʻchmanchilik hayotida uzoq asrlar mobaynida boshidan kechirib kelgan har qanday boshqa falokatlardan qoʻriqlardi. Moʻmin bobo erta tongda qora toʻqlini olib kelib unga qurbon qilganida Shoxdor ona bugʻudan shularni soʻramaganmidi, axir?

Ketishdi. Bola ham xayolan ular bilan birga ketdi. U kabinada Qulibek bilan yonma-yon oʻtirib borardi. “Qulibek aka, – dedi bola, – oldinda Shoxdor ona bugʻu yugurib boryapti”. – “Yoʻgʻ-ye?” “Rostim. Ana u!”

– Nimani oʻylab qodding, nega serrayib turibsan? – Moʻmin bobo uni oʻziga kelishga majbur et-di. – Mingash, uyga ketish kerak. – U otdan engashib, bolaga choʻzildi va uni egarga koʻtarib oldi. – Sovqotdingmi? – dedi chol va poʻstini bilan nabirasini yaxshiroq oʻrab qoʻydi.

Bola oʻsha kezlarda maktabga qatnamasdi.

Endi esa ogʻir uyqudan asta-sekin uygʻonib, tashvish tortib oʻylardi: “Ertaga maktabga qanday boraman? Axir mening tobim qochdi-ku, mazam yoʻq…” Keyin u unutdi. Goʻyo unga muallima doskaga yozgan: “Ot. Ota. Taqa” soʻzlarini oʻz daftariga koʻchirib yozganday tuyuldi. “Ot. Ota. Taqa. Ot. Ota. Taqa”. Birinchi sinf oʻquvchisi shu soʻzlarni yozib butun bir daftarni toʻldirdi. U nihoyat charchadi, koʻzlari jimirlashib, juda ham isib ketdi. Ustini ochib tashladi va usti ochiq hodda yotib sovqotdi, yana koʻz oʻngida turli narsalar namoyon boʻldi. Goh u baliq boʻlib muzdek suvda suzardi. Oq kema sari borardi. Lekin unga hech yetolmasdi. Goho qor boʻroniga duch kelardi. Togʻ yoʻlining tikka tepaligiga kelib pichan ortgan avtomashinalar izgʻirinli qor quyunida taqqa toʻxtab qolardi. Mashinalar xuddi odam ingragani singari ingrashardi. Lekin ular joyidan qoʻzgʻalishmasdi. Parraklar haddan tashqari tezlik bilan aylanaverganidan laxcha choʻgʻdek boʻlib ketgan edi. Shoxdor ona bugʻu shoxlarini kuzovga tirab, pichan ortilgan mashinalarni yuqoriga gʻildiratib chiqarardi. Bola butun kuch-quvvati bilan unga yordamlashardi. Issiq terga botib ketdi. Bir payt beda gʻarami bolalar beshigiga aylanib qoldi. Shoxdor ona bugʻu bolaga: “Tezroq yuguraylik, beshikni Bekey xola bilan Oʻrazqul amakiga eltib beraylik”, – derdi. Ular yugura boshladilar. Bola orqada qolib ketdi. Biroq oldinda – qorongʻilikda beshik qoʻngʻiroqchasi tinimsiz jaranglardi. Bola uning ohanrabo jarangi sari chopib borardi.

U ayvonda oyoq sharpasi eshitilib, eshik ochilganda uygʻondi. Moʻmin bobo va kampir bir oz tinchlangandek boʻlib qaytib kirishdi. Chet kishilarning qorovulxonaga kelishi, aftidan, Oʻrazqul bilan Bekey xolaning tinchlanishiga majbur etdi. Balki Oʻrazqul mast-alastlikdan charchab oxiri uxlab qolgandir. Hovlida shovqin-suron, soʻkish ovozlari eshitilmasdi.

Yarim tunga borib togʻ tepasida oy koʻrindi. U eng baland muzli choʻqqilar tepasida xiragina gardish yasab muallaq turardi. Abadiy muzliklar bilan qoplangan togʻ tun qorongʻisida notekis qirralari bilan gʻamgin yuksalib turardi. Atrofida esa pastki togʻ tizmalari, qoyalar, qop-qora va jimjit oʻrmonzor osoyishtalik saqlab turardi. Eng quyida esa toshdan-toshga urilib, shovullagancha daryo oqardi.

Derazadan oyning nursiz shuʼlasi qiya tushib turardi. U bolaga xalal berayotgandi. Bola agʻdarilib, koʻzini qisib oddi. Buvisidan pardani tushirib qoʻyishni soʻramoqchi boʻddi. Lekin aytgisi kelmadi: buvisining bobosidan jahli chiqib turgan edi.

– Ahmoq, – pichirladi u toʻshakka kirarkan. – Odamlar bilan yashashni bilmaganingdan soʻng jim tursang boʻlmaydimi. Boshqalarni tinglasang boʻlardi. Sen uning qoʻlidasan-ku. Mayda pul boʻlsa hamki, maosh oʻshandan oqib kelib turibdi-ku! Yana har bir oy-da. Moyanasiz – sen kimsan? Qarib quyilmagan chol…

Chol javob bermadi. Buvi jim boʻlib qoldi. Keyin kutilmaganda baland ovozda dedi:

– Agar kishini oylikdan mahrum qilishsa, u odam emas, hech kim emas.

Chol yana hech nima demadi.

Bola esa uxlay olmasdi. Boshi ogʻrir, oʻylari chalkashib ketgandi. Maktab haqida oʻylab tashvishlanardi. U hali biron kun ham oʻqishni qoldirmagan edi, endi ertaga maktabiga – Jilisoyga borolmasa qanday boʻlishini tasavvur qila olmasdi. Bola, bordi-yu, Oʻrazqul ishdan bobosini haydab yuborsa, u holda buvisi tinchlik bermasligi haqida oʻylardi. Unda ularning ahvoli nima kechadi?

Odamlar nega shunday yashashadi? Nega birovlar qahr-gʻazabli, birovlar moʻmin-muloyim! Nega baxtli va baxtsizlar bor? Nega shundaylar borki, ulardan hamma choʻchiydi, yana shundaylar borki, ulardan hech kim hayiqmaydi. Nega birovlarning bola-chaqasi bor, birovlarda yoʻq? Nega ayrim kishilar boshqalarga maosh bermaslikka haddi sigʻadi? Ehtimol, eng katta moyana oluvchilar eng yaxshi kishilardir. Mana, bobosi oz oladi, shuning uchun uni hamma ranjitadi. E, boboga ham koʻproq moyana berishlari uchun nima qilish kerak ekan-a? Balki oʻshanda Oʻrazqul cholni hurmat qila boshlarmidi.

Bu oʻy-xayollardan bolaning boshi battar sirqirab ogʻridi. U yana kechga yaqin daryo sohilida koʻrgan bugʻularni esladi. Tunda ularning holi ne kechdiykin? Ular nuqul sovuqda, togʻ-toshlarda, qop-qorongʻi oʻrmonlarda yashaydi. Bu nihoyatda qoʻrqinchli-ku. Boʻrilar hujum qilib qolsa nima boʻladi? Bekey xolaga sehrli beshikni shoxida kim olib keladi keyin?

U tashvish aralash uyquga ketdi va uxlayotib Shoxdor ona bugʻudan Oʻrazqul va Bekey xolaga qayindan yasalgan beshik olib kelishni yolvorib soʻradi: “Ular ham farzand koʻrishsin, ular ham farzand koʻrishsin”, deb iltijo qildi. U uzokdan beshik qoʻngʻiroqchasining ovozini eshitdi. Shoxdor ona bugʻu shoxida sehrli beshikni koʻtarib olgancha shoshib kelardi…

 

YeTTINCHI BOB

 

Saharda bola qoʻl sharpasidan uygʻondi. Bobosining qoʻllari sovuq, daladan kelgandi. Bola beixtiyor junjikdi.

– Yot, yotaver. – Bobo kuflab qoʻllarini isitdi, uning peshanasini siladi, keyin kaftini uning koʻkragiga, qorniga qoʻydi. – Tobing qochgan shekilli, – achindi bobo. – Issigʻing bor. Men shunchaki yotibsan deb oʻylabman. Maktab vaqti ham boʻldi.

– Men hozir, hozir turaman, – bola boshini koʻtardi, shu payt hamma narsa koʻz oʻngida gir aylanib ketdi va quloqlari gʻuvulladi.

– Turishni xayolingga ham keltirma. – Bobo bolani yotqizdi. – Sen kasalni maktabga kim olib boradi? Qani, tilingni koʻrsat-chi.

Bola oʻzinikini maʼqullashga urinib koʻrdi:

– Muallima urishadi. Darsni qoldirganni juda yomon koʻradi u…

– Urishmaydi. Men oʻzim aytaman. Qani boʻl, tilingni koʻrsat.

Bobo diqqat bilan bolaning tili va tomogʻini koʻrdi. Tomir urishini uzoq kuzatdi: bobosining qora mehnatda qotib ketgan qattiq qoʻllari bolaning issiq, terga botgan qoʻllaridan tomir urishini arang tutib oldi. Chol nimagadir ishonch hosil qildi-da, tinchlantirgan ohangda dedi:

– Xudo mehribon. Ozgina shamollabsan, xolos. Sovuq oʻtgan. Bugun toʻshakda yotib tur, uyqungdan oldin men sening tovoning bilan koʻkragingga issiq dumba yogʻi surtib qoʻyaman. Terlaysan, xudo xohlasa ertalabgacha otdek boʻlib ketasan.

Kechagi voqealarni va yana oʻzini nimalar kutayotganini eslab, cholni gʻam bosdi, nabirasining toʻshagida oʻtirib xoʻrsindi va oʻylab qoldi.

– Xudo podsho, – shivirladi xoʻrsinib turib. – Qachon tegdi senga bu kasal? Nega aytmay yurding? Kechqurun chogʻi?

– Kechga yaqin. Daryoning sohilida bugʻu koʻrganim-da. Men siz tomonga chopdim. Shundan keyin sovqotib ketdim.

Chol nima uchundir aybdor ohangda dedi;

– Ha, mayli… Sen yot, men esa boray. U oʻrnidan turdi, lekin bola uni toʻxtatib:

– Bobo, oʻsha Shoxdor ona bugʻuning oʻzi-a? Xuddi sutday oppoq, koʻzlari mana bunday, xuddi odamga oʻxshab qaraydi…

– Tentakkina, – jilmaydi Moʻmin chol. – Ha, sen aytgandek boʻla qolsin. Balki u oʻsha karomatli ona bugʻudir, – dedi u past ovoz bilan, – kim bilsin? Men oʻylaymanki…

Chol gapini tugata olmadi. Eshik oldida kampir paydo boʻldi. U hovlidan shoshilib kirdi, nimanidir payqagan edi.

– Huv anuv yoqqa bor, chol, – ostonadan turib ga-pirdi kampir. Moʻmin bobo shu zahoti birdan qalbi choʻkib, biron yeri lat yegandek, achinarli bir holga tushib qoldi.

– U yoqda odamlar yogʻochni daryodan mashina bilan chiqarmoqchi boʻlishyapti, – dedi kampir. – Sen albatta bor, nima buyurishsa qil… Voh, esim qursin, sut hali pishirilgani yoʻq-ku, – kampir xatosini payqadi-da, plitaga oʻt yoqib, idish-tovoqni taraqlatishga tutindi.

Cholning qovogʻi osildi. Unga qandaydir eʼtiroz bildirgisi, nimanidir aytgisi kelardi. Lekin kampir ogʻiz ochirgani qoʻymadi.

– Nimaga endi turib qolding? – gʻazabga mindi kampir. – Nimaga oʻjarlik qilyapsan? Sen bilan menga kim qoʻyibdi oʻjarlikni, boshimga bitgan balo boʻlding-ku. Ularga qarshi turishga qanday holing bor? Ana Oʻrazqulning oldiga qanaqa odamlar kelishdi. Mashinalariyam antiqa. Ortsanglar boʻldi, oʻnta yogʻochni togʻma-togʻ olib keta oladi. Oʻrazqul esa bizga qiyo boqmay qoʻydi. Men uni koʻndirish uchun qanchalik harakat qilmadim, qanchalik oʻzimni yerga urmadim. Qizingni ostonaga yoʻlatmadi. Pushtsiz qizing Seydahmadnikida oʻtiribdi. Koʻzlari shishib ketgan. U ham seni miyasi achigan chol deb qargʻayapti…

– Yetar endi, – chol chiday olmadi va eshikka yoʻl olarkan, dedi: – qaynoq sut ber, bolagina kasal boʻlib qolibdi.

– Beraman, qaynoq sut beraman, bor, bora qol, xudo xayringni bersin. – U cholni kuzatgandan keyin ham hamon javrardi: – Nimaga bunday qiliq chiqarib qoldi? Hech qachon, hech kimga gap qaytarmas-di, moʻmin-qobil, xokisor edi, mana endi boʻlsa… Tagʻin Oʻrazqulning otiga minibdi-ya, yana chopganiga kuyaymi. Buning hammasi sening kasringga, – u bola tomonga oʻqrayib qaradi. – Kim uchun baloga giriftor boʻlyapti oʻzi…

Keyin bolaga u jizgʻirilgan yogʻ bilan qaynoq sut olib keldi. Sut bolaning labini kuydirdi. Kampir esa uni zoʻrlar, majbur qilardi:

– Ich, issiqroq ich, qoʻrqma. Shamollashni faqat issiq bilan haydaysan.

Bola kuyib borar, koʻzlariga yosh qalqib chiqqandi. Kampir ham birdan shafqatliroq boʻlib qoldi:

– Xoʻp, sovut, ozroq sovutgin… Menga endi shu yetmay turgan edi, kasalingni shunday paytga toʻgʻri kelganini qara! – xoʻrsindi u.

Bolaning qachondan beri siygisi qistardi. U oʻrnidan turib butun badanida allaqanday gʻayritabiiy, shirin horgʻinlik sezdi. Biroq kampir buni payqagan edi:

– Nima, yozilmoqchimisan?

– Ha, – tan oldi bola.

– Toʻxtab tur, hozir. Kampir uyga togʻora olib keldi.

Bola oʻngʻaysizlanib teskari oʻgirilib jomga choptir-di, siydigining bunday sariq va qaynoqligiga ajablanardi.

Endi u oʻzini ancha yaxshi his qildi. Boshining ogʻrigʻi ham kamaydi. Bola toʻshakda tinchgina yotar, buvisining xizmatidan minnatdor boʻlib turib, xayoldan oʻtkazdi: ertaga ertalab sogʻayib, albatta maktabga borishi kerak. U yana maktabida yaqinda oʻzlarining oʻrmonida paydo boʻlgan uch bugʻu haqida qanday qilib hikoya qilib berishigacha oʻylab qoʻydi, yaʼni bugʻularning oq urgʻochisi – bu oʻsha Shoxdor ona bugʻu, uning kattagina va baquvvat bolasi ham bor, ular bilan ulkan shoxli bahaybat qoʻngʻir bugʻu ham birga, u juda kuchli boʻlib, Shoxdor ona bugʻu va uning bolalarini boʻrilardan qoʻriqlaydi. U yana shular bilan birga, agar bugʻular shu yerda qolib, hech qayoqqa ketib qolmasa, unda Shoxdor ona bugʻu tezda Oʻrazqul amaki bilan Bekey xolaga sehrli beshik keltirib berishini ham hikoya qilishni koʻngliga tugib qoʻygan edi.

 

* * *

 

Bugʻular esa ertalab suv ichgani tushdi. Qisqa kuz quyoshi togʻ tizmalarining yarmiga koʻtarilganda ular yuqoridagi oʻrmondan chiqib keldi. Quyosh koʻtarilgan sari, pastda togʻlar orasi shuncha yorugʻ va iliq boʻlib borardi. Tungi gʻavgʻodan soʻng oʻrmon jonlangan, nur va boʻyoqlar jilva qilar edi.

Bugʻular daraxtlar orasidan oʻtib, oftobroʻy yalangliklarda isinib, shabnamli barglarni butogʻi bilan chimdib shoshmay kelardi. Ular oʻsha tartibda: – oldinda erkak bugʻu, oʻrtada bugʻucha va oxirida – ikki biqini doʻppaygan Shoxdor ona bugʻu. Bugʻular kecha Oʻrazqul Moʻmin bobo bilan laʼnati qaragʻay yogʻochni daryoga olib tushgan oʻsha soʻqmoqdan kelishardi. Sudrash natijasida chimzor yuzasida qoldirgan bir tekisdagi taram-taram izlar togʻli qora tuprokda hali ham boyagi-boyagidek turardi. Bu soʻqmoq kechuvga, yogʻoch tashlab ketilgan joyga olib borardi.

Bugʻular bu yer suv ichishga oʻngʻay boʻlgani uchun shu joyga yoʻl soldi. Oʻrazqul, Seydahmad va yogʻochga kelgan ikki kishi tros bilan daryodan yogʻochni sudrab chiqish uchun mashinani qulayroq joyga haydab kelishni koʻzdan kechirish uchun shu tomonga kelishardi. Moʻmin bobo boshini quyi solib, imirsilab orqaroqda kelardi. U kechagi janjaldan soʻng nima boʻlishini, oʻzini qanday tutishini, nima qilishini bilmasdi. Oʻrazqul uni ishga qoʻyadimi? Kechagidek haydab solmasmikin? Agar: “Senga nima bor bu yerda? Aytdim-ku, sen ishdan boʻshatilgansan!” desa-chi. Odamlar oldida soʻkib, uyga joʻnatib yuborsa-chi? Shubhalar cholni iztirobga solar, u azobda, arang jon hovuchlab borardi. Orqadan kampir kuzatib kelardi. U goʻyo shunchaki qiziqsinayotgandek edi. Biroq aslida u cholga soqchilik qilib borardi. Moʻmin chaqqonni Oʻrazqul bilan yarashtirishga, Oʻrazqulning kechirishiga muyassar boʻlishi kerak edi.

Oʻrazqul xoʻjayinchasiga gerdayib odimlardi. Hansirab, pishillab atrofga oʻqrayib nazar tashlardi. Koʻp ichganidan boshi zirqirab ogʻrib tursa ham, u oʻzi-da qasoskorona qoniqish sezardi. U qayrilib qaraganida Moʻmin boboning gʻizillab kelayotganini koʻrdi, xuddi egasidan kaltak yegan sadoqatli itning oʻzgina-si. “Hechqisi yoʻq, hali mening sovunimga kir yuvmabsan. Endi senga qiyo ham boqmayman. Sen men uchun yoʻqsan. Sen hali oʻzing oyogʻimga bosh urib kelasan, – ichi qoralik bilan quvondi Oʻrazqul oʻtgan kecha xotinini tepib ostonadan haydab chiqarganida xotini oyogʻi ostida qanday dahshatli ovoz bilan chinqirganini eslarkan. – Mayli. Mana bularni yogʻoch bilan joʻnatay, men hali ularning kunini koʻrsataman, mayli, menga desa bir-biri bilan gʻajishib oʻlishsin. Endi qizi otasining koʻzini oʻyadi. Vahshiylashib ketgan naq boʻri-ya”, – Oʻrazqul kelgan kishi bilan oraliq masofada gaplasha bora turib, yoʻl-yoʻlakay shularni xayoldan oʻtkazdi.

Bu odamni Koʻkatoy deb atashardi. U qop-qora, baquvvat kishi boʻlib, koʻl boʻyidan edi, kolxozda hisobchilik qilardi. Oʻrazqulning eski qadrdoni edi. Bundan oʻn ikki yil avval Koʻkatoy oʻziga uy qurgandi. Oʻrazqul yogʻochdan yordam qildi. Taxta tildirishi uchun yoʻgʻon yogʻochlarni arzonga sotdi. Keyin bu odam katta oʻgʻlini uylantirdi, yoshlarga ham uy qurdi. Yana Oʻrazqul uni yogʻoch bilan taʼminladi. Endi Koʻkatoy kichik oʻgʻlini ayirgandi va yana qurilish uchun yogʻochga muhtoj boʻlib qoldi. Yana eski oshna – Oʻrazqul kuniga yaradi. Hayot qanchalik ogʻir-a. Birini qilasan – shu bilan, ha, endi tinch yashayman deb oʻylaysan. Hayot esa yana nimanidir oʻylab chiqaradi. Shuning uchun ham Oʻrazqulga oʻxshagan odamlarsiz qoʻling hech qayoqqa yetmaydi.

– Xudo xohlasa, tezda uy toʻyiga taklif qilamiz. Boring, xursandchilik qilamiz, – dedi Koʻkatoy Oʻrazqulga.

U oʻz-oʻzidan magʻrurlanib, pishillagancha, papirosni burqsitardi.

– Rahmat. Aytilgan joydan qolmaymiz, aytmagan joyga bormaymiz. Chaqirsang, boraman-da. Senikida birinchi mehmon boʻlishim emas. Men hozir sen kech boʻlishini kutsang qalay boʻlarkin, deb oʻylayapman, qorongʻida joʻnasang deyman-da! Eng muhimi, sovxoz ichidan bilintirmay oʻtib ketish. Agar sezib qolishsa, ish chatoq…

– Bu-ku toʻgʻri-ya, – ikkilandi Koʻkatoy. – Biroq kechgacha ancha kutish kerak-da. Sekin ketaveramiz. Yoʻl yoqasida postlar yoʻq-ku, bizni tekshirib koʻrsa?..

Favqulodda, militsiyaga duch kelib qolinsa yoki yana boshqa birortasiga…

– Ha-ha, bunisi ham bor, – toʻngʻilladi Oʻrazqul, jigʻildon qaynashidan va bosh ogʻrigʻidan aftini bujmaytirib. – Yuz yil ish bilan qatnaysan, yoʻlda bitta ham itga duch kelmaysan, agar yuz yilda bir marta yogʻoch ortib oʻtsang bas, qoʻlga tushasan. Hamisha shunday boʻladi…

Har kim oʻzicha oʻylab, jim qoldi. Kecha yogʻochni daryoga tashlab ketishga toʻgʻri kelgani Oʻrazqulga qattiq alam qildi. Agar yogʻoch tayyor boʻlganidami, tundayoq ortib boʻlishardi-da, tong saharda mashinani joʻnatib yuborardi… Eh, kecha falokatni sotib oldi-ya. Buning hammasi qari jinni Moʻminning kasriga boʻldi, gʻalayon koʻtarmoqqa qaror qildi. Qaramlikdan, boʻysunishdan qutulmoqchi boʻldi. Xoʻp, koʻramiz! Hammasi ham mayli-ya, ammo bu niyatingga osonlikcha erisha olmaysan…

Odamlar daryoning qarama-qarshi qirgʻogʻiga kelishganda bugʻular suv ichardi. Gʻalati zot bu odamlar – hovliqma, gʻala-gʻovurli. Oʻz ishlari va suhbatlari bilan band boʻlib, qarshilarida – daryoning narigi yogʻida turgan jonivorlarni sezishmadi.

Bugʻular daryo boʻyidagi ertalabki shafaq rangli butalar orasida, top-toza mayda shagʻalli qirgʻoqda toʻpiqqacha suvga botib turardi. Ular shoshmasdan, toʻxtab-toʻxtab qultum-qultum suv ichardi. Suv muzdek edi. Quyosh esa tepadan tobora yoqimli qizitardi. Tash-nalikni qondirib, bugʻular oftobdan huzur qilardi. Yoʻlda shox-butoqlardan toʻkilgan quyuq shabnam yelkalarida qurirdi. Bugʻular yelkasida yengil hovur koʻtariladi. Osoyishta va saxiy edi shu kun ertasi.

Odamlar esa shunda ham bugʻularni sezishmadi. Ulardan biri mashinaga qaytdi, boshqalari esa qirgʻoqda qolishdi. Bugʻular quloqlarini qimirlatib, ahyon-ahyon ulargacha yetib kelgan ovozlarni hushyor tinglab turdi va qirgʻoqning u yuzida pritsepli avtomashina paydo boʻlganida etlari junjikib, qotib qolishdi. Mashina guvillab hayqirardi. Bugʻular bezovtalanib ketishga chogʻlandi. Lekin mashina birdan toʻxtab qoldi, guvullash ham bosildi. Jonivorlar sekinladi. Harholda ular sekin-sekin joylaridan qoʻzgʻalaverdi – odamlar narigi qirgʻoqda baqirishib gaplashishar va shoshilinch ravishda harakat qilishardi.

Bugʻular mayda toshloqdagi soʻqmoqchadan sekingina joʻnashdi, ularning yelkalari, shoxlari va harakatlari ham butalar orasidan koʻrinib turardi. Odamlar shunda ham ularni payqashmadi. Faqatgina bugʻular ochiq yalanglikdagi sel yuvib ketgan quruq qumni kesib oʻtayotganida, binafsha rang qum ustida, oftobning ravshan nurida, odamlar ularni koʻrib turli holatda ogʻiz ochgancha angrayib qolishdi.

– Qara, qara, nima u! – birinchi boʻlib qichqirdi Seydahmad. – Bugʻular! Qayoqdan kelib qoldi bu yerga?

– Nega qichqirasan, nega toʻpolon koʻtarasan? Qanaqasiga senga bugʻu boʻladi, kiyikku ular. Biz ularni kecha ham koʻrgan edik, – beparvo gapirdi Oʻrazqul. – Qayoqdan keldi emish. Keldida, keladigan boʻlib qoldi.

– Bay, bay, bay! – zavqlanib ketdi Koʻkatoy va zavqidan tomogʻini boʻgʻib turgan koʻylak yoqasining tugmalariny boʻshatdi. – Silliqligini qarang-a, – dedi u maftun boʻlib, – semiribdi…

– Urgʻochisini qarang, qanaqa! Qadam tashlashini koʻring, – dedi shofyor koʻzlarini chaqchaytirib. – Voh xudo, ikki yoshli urgʻochi bolasi. Birinchi marta koʻrishim.

– Erkagi-chi! Shoxlarini koʻr! Qanday koʻtarib yurganikin? Ular hech nimadan qoʻrqishmaydi. Qayokdan kelib qoldi bular, Oʻrazqul? – Toʻngʻiz koʻzlarini chaqnatib, nafs balosida surishtirishga tushdi Koʻka-toy.

– Oʻrmondan chogʻi, – javob qildi Oʻrazqul viqor bilan, egalik obroʻsini his qilgan holda. – Dovonning orqasidan kelgan, narigi tomondan. Choʻchimaydi. Chunki hurkitilmagan.

– Eh, miltiq boʻlgandami hozir! – ogʻziga kelganini gapirdi Seydahmad. – Oʻn pud goʻsht qilarmi-di, a?

Shu damgacha qoʻrqib-pisib bir chekkada turgan Moʻminning sabri chidamadi:

– Nima deyapsan, Seydahmad. Ularni ovlash taqiqlangan, – dedi sekingina.

Oʻrazqul qosh-qovogʻini uyib, cholga koʻz qirini tashlab qoʻydi. “Mening oldimda ovozingni chiqaryapsan-mi!” – nafrat bilan xayoldan oʻtkazdi u. Uni soʻkkisi va bir urib oʻldirib qoʻya qolgisi keldi, lekin oʻzini tiydi. Harholda begona odamlar bor.

– Befoyda oʻrgatishning keragy yoʻq, – jaxd bilan soʻz qotdi u Moʻminga qaramay. – Ular yashaydigan joyda ovlash taqiqlangan. Bizda esa ular yashamaydi. Biz boʻlsak ular uchun javob bermaymiz. Tushunarli-mi? – U oʻzini yoʻqotib qoʻygan cholga vajohat bilan qaradi.

– Tushunarli, – itoatkorona javob qildi Moʻmin va bosh eggancha chetga chikdi. Kampir yana yashirincha uning qoʻliga turtdi.

– Jim boʻlsang-chi, – taʼna bilan shivirladi u. Hamma qandaydir xijolatda qolganday yerga qarab turardi.

Yana soʻqmoq orqali joʻnab ketayotgan jonivorlar orqasidan kuzatishga tushishdi. Bugʻular qoyaga ketma-ket koʻtarilib borardi. Oldinda qoʻngʻir erkak bugʻu oʻzining qudratli shoxlarini magʻrur tutib borar, uning orqasidan shoxsiz bugʻucha va bu namoyishga ergashib Shoxdor ona bugʻu borardi. Qirdan siljib tutpgan tuproqning tiniq qoʻynida bugʻular ravshan va latif koʻzga tashlanardi. Ularning har bir harakati, har bir qadami yaqqol koʻrinib turardi.

– Eh, qanday goʻzallik! – shodligini ichiga sigʻdira olmadi shofyor. Bu soqqakoʻz yosh yigit koʻrinishdan juda yosh edi. – Afsus, fotoapparatni olvolganimda zoʻr ish boʻlardi-ya.

– Xoʻp, mayli, goʻzalligini qoʻya tur, – uning soʻzini boʻldi norozilik bilan Oʻrazqul. – Hech narsaga arzimaydi. Goʻzallikka qorning toʻyarmidi. Qani, boʻl, mashinani orqasi bilan qirgʻoqqa hayda, toʻgʻri suvga, yoni bilan albatta. Sen esa Seydahmad, oyogʻingni yech, – oʻz hukmidan ichida lazzatlanardi u. – Sen ham, – shofyorga buyruq qildi u. – Boʻlinglar, yogʻochni trosga bogʻlanglar. Qani ildamroq. Hali ish koʻp.

Seydahmad etikni yechishga tutindi. Etigi unga kichikroq edi.

– Nimaga qarab turibsan, yordamlash unga, – cholni sekingina turtib qoʻydi kampir. – oʻzing ham yech etigingni, suvga tush, – gʻazabli pichirladi u.

Moʻmin bobo Seydahmadning etigini tortdi, oʻzinikini ham bir zumda yechib boʻldi. Shu paytda Urazqul bilan Koʻkatoy mashinaga komanda berishardi:

– Bu yoqqa hayda, u yoqqa hayda.

– Chapga, ozroq chapga. Mana shunday.

– Yana ozgina.                                         

Mashinaning koʻnikilmagan hayqirigʻini eshitib, bugʻular soʻqmoqda qadamini tezlatdi. Olazarak nazar tashlab, jarlikdan sakrab oʻtdi va qaragʻaylar orasiga yashirindi.

– O, gʻoyib boʻldi! – xatosini birdan anglab qoldi Koʻkatoy. U shunday afsus bilan entikardiki, xuddi qoʻlidagi oʻljasidan ayrilganday edi.

– Hechqisi yoʻq, hech qayoqqa ketmaydi ular! – uning xayolidagini topib va bundan xursand boʻlib Oʻrazqul kerilib qoʻydi. – Bugun kechgacha joʻnamaysan, mening mehmonim boʻlasan. Xudoning oʻzi kam qilmasin. Izzat-hurmat bilan men seni mehmon qilaman. – U xaxolab turib oshnasining yelkasiga urib qoʻydi. Oʻrazqul xushchaqchaq ham boʻla olardi.

– Xoʻp, sen aytgancha boʻla qolsin, sen mezbon, men mehmon, – koʻna qoldi azamat Koʻkatoy, iljayarkan yoʻgʻon sariq tishlarini koʻrsatib.

Mashina allaqachon orqa gʻildiraklarining yarmigacha suvga botib qirgʻoqda turardi. Chuqurroq kirib borishga shofyorning yuragi dov bermadi. Endi trosni yogʻochga olib borish qolgan edi. Agar tros kaltalik qilmasa, yogʻochni suv ostidagi toshlarning asirligidan tortib olish unchalik qiyinchilik tugʻdirmasdi.

Tros poʻlatdan – uzun va ogʻir. Uni suv ichidan yogʻochga tortib borish kerak. Shofyor istamaygina etigini yecha boshladi, choʻchinqirab suvga qarab qoʻydi. U hali qatʼiy qarorga kelolganicha yoʻq: suvga etik bilan tushishga arzirmikin yoki yaxshisi yechsamikin. “Yalangoyoq boʻlganim maʼqul shekilli, – oʻyladi u. – Baribir suv qoʻnjimdan oshib ketadi. Chuqurligi sal kam songa keladi. Keyin kun boʻyi hoʻl etikda yurish osonmi”. Lekin u shu bilan birga hozir daryoda suv qanchalik sovuq boʻlishini ham oʻzicha tasavvur qildi. Bu holdan Moʻmin bobo foydalanib qoldi.

– Sen yechinma, oʻgʻlim, – otilib keldi uning oldiga. – Biz Seydahmad bilan oʻzimiz tushamiz.

– E, qoʻyavering, arzimaydi, oqsoqol, – qarshilik qildi uyalib ketgan shofgr.

– Sen mehmonsan, biz shu yerning odamimiz, sen rulga oʻtir, – koʻndirdi Moʻmin bobo uni.

Seydahmad bilan ikki kishi poʻlat trosni oʻramdan boʻshatib suvning ichiga koʻtarib kirishganda Seydahmad dodlab, boloxonali qilib soʻkindi:

– Uh, uh, suv emas, muz!

Oʻrazqul bilan Koʻkatoy muruvvatli kulishib, uni gʻayratlantirishdi:

– Chida, chida! Seni isitadigan narsa topamiz! Moʻmin bobo esa churq etmasdi. U hatto muzday sovuqni sezmadi. Koʻzga koʻp tashlanmaslik uchun boshini yelkalari ichiga tortib, sirgʻanchiq suv osti toshlari ustidan yalangoyoq borarkan, xudodan yolgʻiz bir nimani soʻrardi – ishqilib, Oʻrazqul uni qaytarmasin, ishqilib, quvib yubormasin, ishqilib, odamlar oldi-da haqorat qilmasin, bu ahmoq baxti qaro cholni kechirsin.

Oʻrazqul hech nima demadi. U Moʻminni odam oʻrnida koʻrmaganidan goʻyo uning gʻayratiga ham eʼtibor qilmaganday edi. Qalbida esa tantanavor his sezar, axir har qanday boʻlmasin isyonkor cholni boʻysundirdi-ku. Qandaydir ichi qoralik bilan kuldi Oʻrazqul oʻzicha, – emaklab, oyogʻimga yiqilding-ku. Eh, kattaroq amaldor boʻlganimdami, bundan ham kattaroqlarning shoxini qayirib qoʻyardim. Shunaqalarni tiz choʻktirib, tuproqda emaklattirib qoʻymasmidim. Menga hech boʻlmasa kolxoznimi yoki sovxoznimi berishsa ekan. Tartibga solib qoʻygan boʻlardim. Odamlarni izdan chiqarib yuborishdi. Endi esa oʻzlari voh, raisni hurmat qilishmayotir, direktorni hurmat qilishmayotir deb shikoyat qilishadi. Qandaydir choʻpon ham boshliq bilan xuddi tengdek gaplashadi. Satqai amal ket, ahmoqlar! Ular bilan shunaqa muomala qilib oʻtirish kerakmi? Zamonlar boʻlgan-ku, axir, boshlar uchib ketgan, hech kim churq etmagan. Aksincha, koʻproq yaxshi koʻrishgan, koʻproq kuylashgan. Mana bu xoʻp zamon boʻlgan-da! Endi-chi? Yaramaslarning eng yaramasi hisoblangan mana shu chol ham dabdurustdan gap qaytarishni oʻylab topdi. “Xoʻsh, xoʻsh, emakla oyogʻim ostida, emakla”,– badxohlik bilan kuldi Oʻrazqul, har zamon-har zamonda Moʻmin chol tomonga qarab qoʻyarkan.

U esa muzday suvda xayolga choʻmib, tomirlari tortishib, Seydahmad bilan birga trosni koʻtarib borarkan, Oʻrazqul meni kechirgan koʻrinadi, deb mamnun boʻlardi. “Sen endi men qari cholni kechir, shunday boʻlib chiqqani uchun, – xayolan Oʻrazqulga murojaat qilardi u. – Kecha chiday olmadim. Maktabga nabiram oldiga ot choptirib ketdim. Axir u yolgʻiz, mana shuning uchun ham iching achiydi-da. Mana bugun esa u maktabga ham bormadi. Tobi qochibdi nimagadir. Esingdan chiqar, kechirgin. Axir sen ham menga begona emassan-ku. Oʻylaysanki, men senga va qizimga baxtni ravo koʻrmaymanmi? Xudo bersa qani, nabiramning ingalaganini eshitsam – xudo ursin, baxtimdan koʻzimga yosh kelardi. Faqat sen xafa qilma qizimni, kechir meni. Agar ishlash boʻlsa, toki tanimda jonim bor ekan, ishlaganim boʻlsin. Hamma ishni qilaman. Sen faqat buyursang, bas…”

Kampir qirgʻoqning bir burchida tikka turib, oʻzining imo-ishoralari va butun harakatlari bilan cholga: “Harakat qilgin, chol! Koʻrdingmi, u seni kechirdi. Mening aytganimni qilaver, hammasi joyiga tushadi”,– derdi.

 

* * *

 

Bola uxlardi. U bir martagina allaqayerdandir otilgan miltiq ovozidan uygʻonib ketdi va yana uyquga choʻmdi. Kechagi mashaqqatli uyqusizlik va bemorlikdan soʻng bugun u birmuncha tinch va miriqib uxladi. U uyquda ekan, isitma aralash badan qaqshogʻi azobini tortmay, oyoqlarini erkin uzatib toʻshakda yotib dam olishning naqadar rohat ekanligini his etdi. Agar buvisi bilan Bekey xola boʻlmaganda u shu uxlagancha uxlab yotaverardi. Ular ovoz chiqarmay gaplashishga harakat qilishsa-da, idish-tovoqlarning shaqir-shuquridan bola uygʻonib ketdi.

– Mana bu katta kosani ushlagin-da, ovqat olgin, – deb jonlanib gapirdi kampir narigi xonada. – Men esa chelak bilan elakni olib kelay. Voy belim, madorim qurib ketyapti. Ozmuncha ish qildikmi? Xudoga shukur, juda xursandman.

– Eh, buvijon, nimasini aytasiz, men ham shunchalik xursandmanki, kecha shundayam jonimdan toʻyib ketgandim. Agar Guljamol boʻlmaganda oʻzimni oʻzim oʻldirardim, – dedi Bekey.

– U hakda uni-buni deb yurasan yana, – tinchitib qoʻydi kampir. – Qalampirni oldingmi? Ketdik. Sening tinchishing uchun xudoning oʻzi yordam qoʻlini choʻzdi. Ketdik, ketdik.

Uydan chiqayotib boʻsagʻada Bekey xola kampirdan bola toʻgʻrisida soʻradi:

– U hamon uxlayaptimi?

– Mayli, uxlab tura qolsin, – javob berdi kam-pir.

– Shoʻrva tayyor boʻlganda issiqqina keltirib beramiz.

Bola ortiq uxlay olmadi. Hovlidan oyoq tovushlari va odamlarning gaplashgani eshitilib turardi. Bekey xola kulib yubordi, Guljamol va kampir ham unga qoʻshilib kuldi. Qandaydir notanish ovozlar quloqqa chalindi. “Ha, bular, hoynahoy kecha oqshom kelgan odamlar, – deb oʻyladi bola. – Demak, ular hali ketishmabdi-da”. Faqat bobosi Moʻmingina koʻrinmasdi, ovozi ham eshitilmasdi. U qayokda ekan? Nima qilyapti ekan?

Bola tashqaridagi ovozlarga quloq solib, bobosini kutib yotdi. U bobosi bilan kechagi koʻrgan bugʻu haqida juda gaplashgisi kelardi. Hademay qish kiradi. Ular uchun ham oʻrmonda koʻproq yem-xashak hozirlash kerak. Yeb yayrasin. Ularni shunday oʻrgatish kerakki, odamlardan hech qoʻrqmaydigan, toʻppa-toʻgʻri daryodan oʻtib hovliga kelaveradigan boʻlsin. Bu yerda ham ularga shunday xoʻrak berish kerakki, ular uchun bu juda tansiq boʻlsin. Qiziq, ular hammadan koʻra nimani yaxshi koʻrishar ekan-a? Urgʻochi bugʻu bolasini oʻrgatib olsang-da, u doim orqangdan qolmay ergashib yursa. Qanday ajoyib boʻlardi. Sen bilan maktabga ham birga borib kelgan boʻlarmidi?..

Bola bobosini kutardi, lekin undan darak yoʻq. Bir vaqt Seydahmad kelib qoldi. U nimadandir juda mamnun. Ogʻzi qulogʻida edi. Seydahmad kallasini chayqab oʻz-oʻzicha iljayardi. U yaqinroq kelganda di-mogʻidan spirt hidi anqib ketdi. Bola Oʻrazqulning oʻzboshimchaliklarini, bobosi va Bekey xolaning azob chekishlarini eslatuvchi bu badboʻy hidni juda yomon koʻrardi. Lekin Seydahmad ichganda aqliy jihatdan uncha hushyor boʻlmasa ham, juda saxiy, muloyim va kishi qalbiga ozor bermaydigan hazil-mutoyibalari bilan Oʻrazquldan farq qilardi. Bunday vaqtlarda u bilan bobosi Moʻmin oʻrtasida taxminan shunday suhbat ketardi.

– Nega buncha tentaklarga oʻxshab kulasan, Seydahmad? Kayfing taraqmi deyman?

– Oqsoqol, men sizni shunday sevamanki. Rostini aytsam, xuddi oʻz otamdek.

– E-e, seni qara-yu, sening yoshingda… Boshqalar mashina haydab yuribdi. Sen boʻlsang gapingni uddalab gapira olmaysan. Agar men sening yoshingda boʻlganimdami hech boʻlmaganda traktor haydagan boʻlardim.

– Oqsoqol, menga armiyada komandirimiz bu ishga layoqatsizligimni aytgan edi. Biroq piyodalar safida xizmat qildim. Piyoda askarsiz ish bitmaydi-ku axir…

– Piyoda askar emish! Piyoda askar emas, ishyoqmassan. Xotining boʻlsa… Xudo ham tengiga qoʻshmas ekan. Senga oʻxshaganning yuztasi bitta Guljamolga arzimaydi.

– Shuning uchun ham biz er va xotin bu yerda yuribmiz-da, oqsoqol.

– Ha, seni gapga qoʻysa… Hoʻkizday kuching bor, aql esa… – Umidsiz qoʻl siltab qoʻydi Moʻmin bobo.

– Mu-u-u, – deb maʼraganday kulib qoʻydi Seydahmad.

Shundan keyin u hovlining oʻrtasida turib olib oʻzining allaqanday eshitib olgan gʻalati ashulasini kuylay boshladi:

 

Sariq-sariq togʻlardan,

Sariq otda men keldim.

Och eshiging, ey, sariq savdogar,

Biz ichamiz sariq vinodan.

Koʻngʻir-qoʻngʻir togʻlardan,

Qoʻngʻir otda men keldim.

Och eshiging, ey, qoʻngʻir savdogar,

Biz ichamiz qoʻngʻir vinodan…

 

Shu tarzda davom etib ketaverardi, chunki u baʼzan togʻdan tuyada kelgan boʻlsa, baʼzan xoʻrozda, sichqonda, toshbaqada, xullas, nimaiki jonivor boʻlsa, oʻshalarda kelaverardi. Mast Seydahmad bolaga hushyorligiga qaraganda yoqimliroq koʻrinayotgandek edi. Shuning uchun ham Seydahmad shirakayf boʻlib kelganda bola ochiq koʻngillik bilan iljayib qoʻyardi. – E-ha! – xitob qildi Seydahmad ajablanib. – Seni kasal deyishgan edi-ku. Ha, sen umuman kasal boʻlmaysan. Sen hovlida nega oʻynamay qolding? Bunaqasi ketmaydi. – Seydahmad bolaning toʻshagiga agʻanab yotdi. Uning qoʻllaridan va ust-boshidan spirt va yangi soʻyilgan xom goʻshtning hidi anqib turardi. U bolani quchoqlab oʻpa boshladi. Uning oʻsib ketgan dagʻal soqoli bolaning yuzlarini timdalab achitardi.

– Boʻldi endi, Seydahmad amaki. – Iltimos qildi bola. – Bobom qani, koʻrmadingizmi?

– Bobong anavi yokda, – Seydahmad qoʻlini havoda noaniq aylantirdi. – Biz mana shu… Yogʻochni suvdan olib chiqdik. Va bir oz isib olish uchun ichdik. Hozir esa u goʻsht pishirayotir. Tur oʻrningdan. Kiyimlaringni kiy, birga ketamiz. Bu nimasi! Yaxshi emas. Biz hammamiz u yerda boʻlsagu, sen bu yerda yolgʻiz yotsang.

– Bobom turmagin degan, – dedi bola.

– Qoʻysangchi boʻlmagan gapni. Yur, tomosha qilamiz. Bu har doim boʻlavermaydi-ku. Butun katta ziyofat. Qozon ham moy, choʻmich ham moy! Tura qol, – Seydahmad mastlarga xos qoʻpollik bilan bolani kiyinishga majbur etdi.

– Men oʻzim, – deb eʼtiroz bildirdi boshi aylanayotganini his etayotgan bola. Biroq shirakayf Seydahmad uning soʻziga quloq solmadi. Modomiki, bola yolgʻiz uyga tashlab qoʻyilgan ekan. Seydahmad oʻzining unga qilayotgan yaxshiligidan juda mamnun edi, ayniqsa, butun shunday kunki, tovoq ham moy, qoshiq ham…

Gandiraklab bola ham Seydahmad bilan birga uydan chiqdi. Tashqari shamol, havo bulut. Bulutlar osmonda tez-tez bir-biriga qoʻshilishib ketdi. Bola ayvondan chiqquncha havo ikki bor keskin oʻzgardi. Charaqlab turgan quyoshli havoni koʻngilni gʻash qiluvchi qorongʻilik bosdi. Bola bundan boshi ogʻriyotganini sezdi. Shamol yuziga gulxanning tutunini olib kelib urardi. Koʻzlari achishdi. “Bugun kir yuvishayotgan boʻlsa kerak”, – oʻyladi bola, chunki kir yuvish kunlarida odatda shunday gulxan yoqilib, uchala uydagi katta qora qozonlarda suv isitilardi. Bunday qozonlarni bir kishi koʻtara olmaydi. Bekey xola bilan Guljamol ikkovlashib koʻtarishardi bu qozonlarni.

Bola bunday kir yuviladigan kunni yaxshi koʻrardi. Birinchidan, bunday kunlarda gulxan uydagi singari oʻchoqlarda emas, balki ochiq oʻchoqlarda yoqilib, uning atrofida oʻynash mumkin edi. Ikkinchidan, yuvilgan kiyimlarni ilish juda gashtli boʻlardi. Oq, koʻk, qizil matolarning arqonda osilib turishi hovliga zeb berib turardi. Bola arqonda osilib yotgan kiyimlarga bildirmasdan sekingina kelib yuzlarini tekkizib oʻtishni yaxshi koʻrardi.

Bu gal hovlida hech qanday yuvilgan buyumlar koʻrinmadi. Ammo katta goʻsht boʻlaklari bilan liq toʻldirilgan qozon ostiga kuchli oʻt yoqilgan boʻlib, qaynayotgan qozondan quyuq bugʻ koʻtarilardi. Goʻsht pishib qolgan edi: goʻshtning dami va gulxanning isi birga qoʻshilishib, ishtahani qitiqlardi. Bekey xola boʻlsa, yangi qizil koʻylak, yangi xrom etikda gulli shol roʻmolni yelkasiga tashlab olgancha qozonga engashib, choʻmich bilan koʻpiklarni olib tashlayotgan edi, Moʻmin bobo esa uning yonida choʻkka tushgan holda oʻchokdagi yonayotgan tarashalarni agʻdarib qoʻyardi.

– Ana, bobong, – dedi Seydahmad bolaga. – Ketdik.

Oʻzi boʻlsa:

Sariq-sariq togʻlardan,

– Sariq otda men keldim, –

deb endigina xirgoyi qila boshlagan edi, sochi ustarada taqir olingan, yenglari shimarilgan va qoʻlida bolta ushlagancha saroydan chiqib ketayotgan Oʻrazqulga koʻzi tushdi.

– Sen qayoqda tentirab yuribsan? – dahshatli qichqirdi u Seydahmadga qarab. – Mehmon bu yerda oʻtin yorsin, – u bosh irgʻab oʻtin yorayotgan shofyorni koʻrsatdi, – sen boʻlsang qoʻshiq aytib yur.

– E, hozir ana-mana deguncha, boplaymiz, – tinchlantirdi uni Seydahmad, shofyorga qarab yoʻnalar ekan. – Qani, uka, men oʻzim.

Bola esa oʻchoq boshida choʻkka tushib oʻtirgan bobosi tomon yaqinlashdi. U orqa tomondan kelgan edi. .

– Bobo, – dedi u. Bobosi uni eshitmadi.

– Bobo, – deb takrorladi bola va bobosining yelkasiga qoʻlini tegizdi. Chol oʻgirilib qaradi, bola bobosi mast ekanliginy sezmadi. U bobosining loaqal biron marta shirakayf boʻlganini koʻrmagan edi. Toʻgʻri, issiqkoʻllik biror cholning maʼrakasida hammasi – hatto ayollarga ham ichirishardi. Biroq bobosida bunday odat hali sodir boʻlmagan edi.

Chol bolaga qandaydir begonaday, gʻayritabiiy va yovvoyi qarash qildi. Uning yuzlari qizarib ketgandi, u nabirasini koʻrib yana ham qizarib ketdi. Qizillik nim pushti rangta kirdi va shu zahotiyoq boboning yuzlari oqara boshladi. Chol shoshilib oʻrnidan turdi.

– Ie, senmi? – dedi u boʻgʻiq ovoz bilan nabirasini bagʻriga bosib. – Ie, senmi, – bundan boshqa biron soʻz ayta olmadi. Undagi toʻlqinlanish bolaga oʻtgan edi.

– Tobingiz qochdimi, bobo? – tashvishlanib soʻra-di bola.

– Yoʻq-yoʻq. Oʻzim shunday, – mingʻilladi Moʻmin. – Sen bor, oʻynab kel. Men bu yerda oʻt yoqayapman, bu hammadan…

U nabirasini deyarli itarib yuborib, goʻyo butun olamdan yuz oʻgirganday, yana oʻchoqqa qarab oʻgirilib oldi. U tiz choʻkkancha, goʻyo faqat oʻt bilan bandday biron yoqqa burilib qaramasdi. Chol nabirasining tarvuzi qoʻltigʻidan tushgancha, hovlida oʻtin yorayotgan Seydahmad tomon yoʻl olganini ham koʻrmadi.

Bola bobosiga nima boʻlganini, umuman, hovlida nima boʻlayotganini tushunmasdi. U saroyga yaqinlashgandagina yungi yerga qaratib yoyilgan teri ustida yangi soʻyilgan molning uyib qoʻyilgan goʻshtiga koʻzi tushdi. Terining chekkalaridan hamon xira qon tomchilari sizib tushayotgan edi. Sal nariroqda it ichakchavoqlarni irillagancha silkilab tortardi. Uyulgan goʻsht yonida allaqanday qoradan kelgan, barvasta notanish kishi toʻnkaga oʻxshab doʻppayib oʻtirardi. U Koʻkatoy edi. U bilan Oʻrazqul ikkalasi pichoqni olvolib, goʻsht maydalashardi. Ular qismlarga ajratilgan yogʻ va goʻshtlarni yozib qoʻyilgan terining turli joylariga xotirjamlik bilan, shoshmasdan irgʻitib tashlamokda edilar.

– Maza! Hidini aytmaysanmi! – dedi yoʻgʻon ovoz bilan haligi barvasta kishi, goʻsht hidlab koʻrarkan.

– Ol, ol, oʻz ulushingga tashla, – saxiylarcha taklif etdi Oʻrazqul. – Buni sening kelishing sharafiga xudo yetkazdi. Bu har doim boʻlavermaydi. – Oʻrazqul bu orada pishillab, ishdan boshini koʻtarib, taranglashgan qornini silab qoʻydi, uning koʻp yeb, koʻp ichganligi bilinib turardi. Uning nafasi qisilib xirillab qoldi, erkin nafas olish uchun boshini birdan yuqori koʻtardi. Uning sergoʻsht, sigirning yelinidek yaltiroq yuzidan oʻziga bino qoʻyganligi va toʻqlik alomati sezilib turardi.

Bola devor tagidagi shoxli bugʻu kallasini koʻrib esankirab qoldi, badani muzlab ketdi. Kesilgan kalla qop-qora qon tomchilarini oqizib, changda yumalab yotardi. Bu – yoʻlda yotgan egri-bugri daraxtni eslatardi. Kalla yonida tizzadan qirqilgan toʻrtta tuyoq yotardi. Bola bu dahshatli manzarani koʻrib choʻchib ketdi. U oʻz koʻzlariga ishonmasdi. Uning oldida Shoxdor ona bugʻuning kallasi yotardi. U bu yerdan qochib ketishni istardi, lekin oyoqlari unga itoat etmasdi. U kalla-pocha qilingan oq bugʻuning qarshisida turardi. Kechagina Shoxdor ona bugʻu boʻlib yurgan, unga oqkoʻngillik bilan suqlanib qaragan, xayolan gapirishgan va shoxida qoʻngʻiroqcha taqilgan sehrli beshik keltirishni iltijo qilib soʻragani oʻsha bugʻu edi. Nahotki bularning hammasi nogoh shaklsiz bir uyum goʻshtga, shilingan teriga, kesilgan oyoqqa va uloqtirib tashlangan kallaga aylanib qolsa. Bolaning ketishi kerak edi, lekin u toshdek qotib, bu voqeaning qanday va nega sodir boʻlganini tushuna olmay turardi. Haligi goʻsht boʻlayotgan qora barvasta kishi uyulib turgan goʻshtning ichidan buyrak oldi-da, uni pichoqning uchiga sanchib bolaga uzatdi.

– Ma, bola, kabob qil, lazzatli boʻladi, – dedi u. Bola qimirlamay turardi.

– Ol! – buyruq qildi Oʻrazqul.

Bola beixtiyor qoʻlini choʻzdi, soʻng muzdek qoʻlida Shoxdor ona bugʻuning hali ham issigʻi ketmagan yumshoq buyragini gʻijimlagancha ushlab turdi. Shu payt Oʻrazqul oq bugʻuning kallasini shoxidan ushlab koʻtarib koʻrdi.

– Eh, ogʻirligini qarang-a, – u kallani tebratib, ogʻirligini salmoqlab koʻrdi, – bitta shoxining oʻzi qancha keladi-ya. – U kallani gʻoʻlaga koʻndalang qilib qoʻydi va boltani olib shoxini ajratishga kirishdi.

– Mana, shox! – ishlab turib gapirardi u oʻtkir boltani shoxlarining tubiga qadab. – Bu sening bobongga, – u bolaga qarab koʻz qisib qoʻydi. – Oʻlishi bilan bu shoxni uning qabriga qoʻyamiz. Qani endi kim bizga u kishini hurmat qilmaysizlar, deb ayta olar ekan. Yana nima kerak! Bunday shox uchun hatto bugunoq oʻlsang arziydi! – deya boltani moʻljalga olarkan, Oʻrazqul xaxolab kulardi.

Shoxni osonlikcha olib boʻlmaydi. Uni olish juda qiyin edi. Mast Oʻrazqulning boltasi nishonga borib tegmasdi, bu esa battar jahlini chiqarardi. Kalla gʻoʻla ustidan dumalab tushdi. Shunda Oʻrazqul uni yerdayoq chopa boshladi. Kalla sirgʻalib chiqib ketaverdi. Oʻrazqul bolta koʻtargancha uning orqasidan chopib yurdi.

Bola seskanib ketdi, har gal ketmoqchi boʻlib beixtiyor tisarilsa-da, bu yerdan ketishga oʻzini majbur etolmasdi. Juda yomon tush koʻrib, uni allaqanday dahshatli bir kuch tutib turganday edi, u oʻz joyida turganicha shu narsaga ajablanar ediki, kiprik qoqmay baqrayib turgan Shoxdor ona bugʻuning koʻzlari boltadan oʻzini olib qochmasdi. Qoʻrquvdan qisilib yumilmasdi. Kalla allaqachon loy va tuproqqa belangan boʻlsa ham, koʻz qorachigʻi musaffoligicha boqib turar-di, aftidan, u oʻzini oʻlimga mahkum etgan shu yorugʻ jahonga tilsiz, unsiz hayratda qolib, hamon boqib turgandek edi. Bola mast-alast Oʻrazqul bilan koʻzi-koʻziga tushib qolishdan choʻchirdi.

Shox hamon boʻsh kelmasdi. Oʻrazqul esa borgan sari tutaqib, boltaning goh tigʻi bilan, goh orqasi bilan kallaning duch kelgan joyiga urardi.

– Bunaqada shoxni sindirib qoʻyasan. Bu yoqqa ber, – yaqinlashdi Seydahmad.

– Nari tur! Oʻzim! Qoʻlingdan kelmaydi, sindirib qoʻyasan! – xirillab nafas olardi Oʻrazqul boltani qulochkashlab urarkan.

– Xoʻp, xoʻp, oʻzing bilasan, – Seydahmad tupurgancha uyi tomon odimlab ketdi. Uning orqasidan haligi qoradan kelgan barvasta kishi borardi. U qopda oʻz ulushini olib ketayotgan edi.

Oʻrazqul molxona orqasida mast-alast holda, qaysarlik bilan Shoxdor ona bugʻuning kallasini tilkalashda davom etardi. Uning bu holati uzoq kutilgan qasosini endi bajo keltirgandek tuyulardi.

– Eh, yaramas! Laʼnati!.. – deb xuddi jonsiz kalla eshitayotganday etigining tovoni bilan uni tepib jahl ustida ogʻiz koʻpirtirgancha soʻkinardi. – Kimni ahmoq qilmoqchisan! – U boltani ushlagancha kallaning tepasiga qayta-qayta xezlanib kelardi. – Dabdala qilmasam otimni boshqa qoʻyaman. Mana senga! Mana senga! – Shunday deb bolta bilan kallani urdi. Kalla chirsillab yorilib, mayda suyaklar har tomonga uchib ketardi.

Boltaning tigʻi koʻzga koʻndalang kelib tekkanda bola qichqirib yubordi. Ochilib qolgan koʻz chanogʻidan qop-qora quyuq suyuqlik oqib tushdi. Koʻz soʻndi, barbod etildi…

– Men bundan zoʻrroq kallalarni ham maydalay olaman! Bundan boshqa shoxlarni ham sugʻurib ola bilaman! – deb jazavasi tutib boʻkirardi Oʻrazqul gunohsiz kalladan nafratlangancha.

Nihoyat bu kallaning peshona suyaklarini ham maydalashga muvaffaq boʻldi. U endi boltani tashlab kallani oyogʻi ostiga olib, shoxdan ikki qoʻllab ushlagan-cha vahshiyona kuch bilan buray boshladi va shoxlarni yulib oldi. Ular sugʻurib olingan ildiz singari qarsillardi. Bu shoxlar – bolaning iltimosiga koʻra, Oʻrazqul bilan Bekey xolaga sehrli beshik keltirishi lozim boʻlgan oʻsha Shoxdor ona bugʻuning shoxlari edi…

Bolaning koʻngli behuzur boʻldi. U burildi va qoʻlidagi buyrakni tushirib yuborib, sekingina nari ketdi. U qulab tushayotgandek yoki boʻlmasa odamlar koʻzi oldida qayt qilib yuborayotgandek juda qoʻrqdi. U oqarib-gezarib manglaylari yopishqoq terga botgancha oʻchoq yonidan oʻtib borardi. Oʻchoqda lovullab oʻt yonib, qozondan burqirab qaynoq bugʻ koʻtarilardi. Baxtsiz Moʻmin bobo boʻlsa hamon avvalgidek yuzini oʻtga tutib, hammasiga chap berib oʻtirardi. Bola bobosini bezovta qilgisi kelmadi. Oʻ tezroq oʻringa yetib borishni va toʻshakka boshi bilan burkanib yotishni istardi. Qani endi hech narsani koʻrmasa, eshitmasa, unutsa.

Qarshisidan Bekey xola chiqib qoldi. U oʻziga oro berib yasangan, biroq yuzida Oʻrazqulning kaltaklashi natijasida hosil boʻlgan koʻm-koʻk qontalash izlar koʻzga tashlanib turardi. Bemavrid quvonib, jonsaraklik bilan “katta goʻshtga” yugurib kelayotgan edi.

– Senga nima boʻldi? – U bolani toʻxtatdi.

– Boshim ogʻriyapti.

– Boshginangdan aylanay, – dedi mehri toshib va ustma-ust oʻpa boshladi.

U ham mast edi. Undan ham laʼnati aroq hidi anqib kelardi.

– Boshginasi ogʻribdi-da, – . mingʻirladi u rahmdillik qilib. – Jigargoʻsham mening. Balki ovqatlanging kelayotgandir.

– Yoʻq, hech narsa yemayman. Yotgim kelyapti.

– Ketdik boʻlmasa, oʻzim yotqizib qoʻyaman. Nima, sen yakka-yu yolgʻiz yotaverar ekansanmi. Axir hamma odam biznikida. Mehmonlar ham. Goʻsht ham tayyor boʻlay deb qoldi, – dedi u va bolani oʻzi bilan birga olib ketdi. Bular yana oʻchoq boshidan oʻtib ketayottanlarida yelin singari qizarib toʻlishib ketgan holda molxonadan chiqib kelayotgan Oʻrazqulga koʻzlari tushdi. U Moʻmin bobo yoniga oʻzi kesgan bugʻu shoxlarini kekkaygancha uyib qoʻydi. Chol sapchib tushdi.

Oʻrazqul unga qaramasdan suv toʻla paqirni boshi uzra koʻtardi va orqaga egilgancha egniga toʻkib-sochib icha boshladi.

– Endi oʻlsang ham boʻlaveradi, – dedi u boshini paqirdan koʻtarib, yana paqirga tiqarkan. Bola cholning gʻoʻldirab gapirayotganini eshitdi:

– Rahmat, oʻgʻlim, rahmat. Endi oʻlsam ham armonim yoʻq. Men uchun shunchalik izzat-hurmat…

– Men uyga ketaman, – dedi oʻzini uncha yaxshi sezmayotgan bola.

Bekey xola koʻnmadi.

– Bir oʻzing nima qilasan u yerda. – Bolani holi-joniga qoʻymasdan uyiga olib ketdi va burchakdagi karavotga yotqizdi.

Oʻrazqulning uyida dasturxon muntazir edi. Har xil taomlar muhayyo edi. Bularning hammasi bilan kampir va Guljamol band edi. Uy bilan hovlidagi oʻchoq orasida Bekey xola qatnagani-qatnagan. Oʻrazqul bilan barzangi Koʻkatoy goʻshtni kutib, gulli koʻrpachada yostiqqa yonboshlagancha choydan mayda-mayda ichishib oʻtirishardi. Ular toʻsatdan oʻzlariga bino qoʻyib, oʻzlarini toʻra his etishardi. Seydahmad ularga piyolaning tagida choy quyib oʻtirardi.

Bola boʻlsa bir burchakda ipsiz bogʻlanganday, betoblik zarbiga bardosh berib jimgina yotardi. Uni yana qaltiroq bosdi. U turib ketishni istardi. Biroq karavotdan tushishi bilanoq qayt qilib yuborishdan qoʻrqardi, shuning uchun ham u titrab-qaqshagancha tishini-tishiga qoʻyib, qimir etmay yotardi. Ortiqcha qimirlashdan qoʻrqardi.

Shu orada xotinlar Seydahmadni hovlidan chaqirishdi. Katta sirlangan tovoqda togʻ singari uyulib, bugʻlanib turgan goʻshtni koʻtargancha Seydahmad paydo boʻldi. U uzoq kutilgan bu taomni zoʻrgʻa koʻtarib kelib, Oʻrazqul bilan Koʻkatoyning oldiga qoʻydi. Xo-tinlar uning orqasidan yana turli xil ovqatlarni keltirishdi.

Hamma joy-joyiga oʻtirdi, pichoq va tarelkalar tayyorlandi. Shu orada Seydahmad stakanlarga aroq quydi.

– Aroqning raisi men boʻlaman, – deya shaqillay boshladi u burchakdagi shishalarga ishora qilib.

Hammadan keyin Moʻmin bobo keldi. Chol bugun har qachongidan koʻra gʻalati va ayanchli qiyofada koʻrinardi. U biror chetroq joyga borib omonatgina oʻtirmoqchi edi, lekin qora, barvasta Koʻkatoy himmat qilib uni oʻz yoniga taklif qildi.

– Bu yoqqa keling, oqsoqol.

– Rahmat. Biz mana bu yerga, oʻzimizniki-ku axir, – eʼtiroz bildirmoqchi boʻldi Moʻmin bobo.

– Harqalay siz oqsoqolimizsiz, – qattiq turib oldi Koʻkatoy va oʻzi bilan Seydahmadning oʻrtasiga oʻtqazdi. – Qani, ichamiz, oqsoqol, sizning shunday muvaffaqiyatlaringiz uchun. Birinchi soʻz sizga.

Moʻmin bobo yoʻtalib qoʻydi.

– Mana shu uylarda tinchlik boʻlsin, – dedi u qiynalib. – Qayerda tinchlik boʻlsa, baxt ham oʻsha yer-da, bolalarim.

– Toʻgʻri, toʻgʻri! – deb hamma oʻz qadahini koʻtardi.

– A, siz-chi! Yoʻq, bunaqasi ketmaydi! Kuyovingiz va qizingizga baxt tilasangizu, yana oʻzingiz ichmasangiz, – deb Koʻkatoy xijolat tortib oʻtirgan Moʻmin bobodan oʻpkaladi.

– Shularning baxti uchun boʻladigan boʻlsa, – chol shoshib qoldi va hammani hayratda qoldirgancha salkam toʻla stakanni oxirigacha koʻtarib yubordi va garang boʻlib qolganday boshini chayqay boshladi.

– Obbo, shovvoz-yey!

– Bizning bobo unaqalardan emas.

– Qoyil, qoyilmiz cholingizga!

Hamma shodlanib kulardi, cholni maqtardi.

Uy isib dimiqib ketgan edi. Bola iztirob chekib yotardi, boshi aylanardi. U koʻzini yumib yotgancha mast-alast kishilarning Shoxdor ona bugʻuning goʻshtini chapillab, pishillashib ovoz chiqarib yeyayotganliklarini, bir-birovlariga mazali goʻsht qismlarini uzatishib siylashayotganlarini, kir stakanlarning urishtirilayotganini, kemirib tozalangan suyaklarning tovoqqa qanday terib qoʻyilayotganini eshitib turardi.

– Bay-bay-bay, munchayam mazaliya! – maqtardi Koʻkatoy labini chapillatib.

– Nima, biz ahmoqmizmi togʻda yashab shunday goʻsht yeya olmasak, – dedi Oʻrazqul.

– Toʻgʻri-da, nega boʻlmasa bu yerda yashayapmiz, – maʼqulladi Seydahmad.

Hamma Shoxdor ona bugʻuning goʻshtini maqtay ketdi. Kampir-u Bekey xoladan tortib, Guljamol-u Moʻmin bobogacha – hamma-hammasi maqtashardi. Bolaga ham tarelkada goʻsht va boshqa taomlardan kiritib berishdi. Lekin u rad etdi. Mast odamlar uning tobi qochganligini hisobga olib bezovta qilmadilar.

Bola tishini-tishiga qoʻyib yotardi. U shunday yotganda koʻngil behudligidan bir oz qutulganday boʻladi. Biroq Shoxdor ona bugʻuni oʻldirgan bu odamlar bilan biron ish qilishga qodir emasligi uni hammadan koʻra qiynayotgan edi. U bolalarga xos haqgoʻylik gʻazabi va dilxastaligi bilan ulardan oʻch olishning turli yoʻllarini – qanday boʻlmasin ularni jazolash, gunohini tushunishga majbur etish, qanday yovuz ishga qoʻl urganliklarini koʻrsatib qoʻyish yoʻllarini oʻylardi. Biroq xayolan Qulibekni yordamga chaqirishdan boʻlak biror durustroq yoʻl topolmadi. Ha, oʻsha boʻronli tunda soldatcha kamzul kiyib, yosh shofyorlar bilan birga pichan ortishga kelgan oʻsha yigitni chaqirmoq kerak. U bolaning koʻrib yurgan odamlari ichida Oʻrazqulga bas kela olishi va butun haqiqatni aytib solishi mumkin boʻlgan birdan bir kishi edi.

Bolaning chorlashi boʻyicha Qulibek mashinada gʻizillab yetib keldi va avtomatni oldinga qarata qiya ushlagancha kabinadan sakrab tushdi: “Qani ular?” – Ular mana bu yokda! Ular ikkalasi Oʻrazqullarning uyi tomon yugurib ketishdi. Eshikni zarb bilan ochishdi. “Qoʻzgʻala koʻrma! Qoʻlingni koʻtar!” – boʻsagʻadan turib dahshat bilan buyruq berdi Qulibek, avtomatni toʻgʻrilagancha. Hammaning kapalagi uchib ketdi. Hamma oʻtirgan joyida dong qotib, ogʻizdagi goʻshtlar boʻgʻizlarida qoldi. Koʻp yeb qoʻllari, yuzlari, ogʻizlari moyga botib, boʻkib qolgan mast-alast kishilarning esa umuman qimir etishga majollari qolmagan edi.

“Qani, oʻrningdan turchi, murdor!” – Qulibek avtomatini Oʻrazqulning chakkasiga tiradi. Qaltiroq bosgan Oʻrazqul duduqlanganicha Qulibekning oyogʻiga yiqildi. “Rahm qil, oʻldirmagin”. Lekin Qulibek rahm qilmadi. “Chiq bu yoqqa, murdor! Endi tamom boʻlding!”– U Oʻrazqulning chotiga zarb bilan tepib yubordi va oʻrnidan turgʻizib uydan chiqishga majbur etdi. Kayfi uchib sarosimaga tushib qolgan jamiki kishilar jimgina hovliga chiqishdi…

“Devorga borib tur! – buyruq berdi Qulibek Oʻrazqulga. – Shoxdor ona bugʻuni oʻldirganing uchun va uning beshik koʻtarib kelgan shoxlarini kesib olganing uchun senga oʻlim!” Oʻrazqul tuproqqa yiqilib tushdi. Emaklab ingragancha zorlana boshladi: “Oʻldirma meni, mening hech kimim yoʻq-ku axir. Olamda tanhoman. Na oʻgʻlim bor, na qizim…”

Undagi manmanlik, kibr-havo qayoqqa ketdi.

Ojiz, yaramas qoʻrqoq. Bundaylarni oʻldirging ham kelmaydi.

“Mayli, oʻldirmaylik, – dedi bola Qulibekka. – Lekin bu yerdan abadiy ketsin, qorasi oʻchsin. Bu yerda uning keragi yoʻq. Yoʻqolsin”.

Urazqul oʻrnidan turib shimini koʻtarib oldi va oʻgirilib qarashga yuragi dov bermay loʻkillagancha qochib qoldi. Uning xomsemiz yuzlari lorsillab, etigidan galife shimi osilib qolgan edi. Biroq Qulibek uni toʻxtatdi: “Toʻxta! Senga aytadigan oxirgi soʻzimiz bor. Senda hech qachon bola boʻlmaydi. Sen yovuz va yaramas odamsan. Seni bu yerda hech kim yoqtirmaydi. Oʻrmon ham, birorta daraxt ham, hatto bir dona giyoh ham seni sevmaydi. Sen fashistsan. Sen bu yerdan umrbod ket. Qani, tezroq boʻl!” Oʻrazqul oldi-ketiga qaramay yugurardi. Qulibek uning orqasidan: “Shnel! Shnel”, – deya xaxolab kular va yana vahima solish uchun avtomatidan havoga qarab oʻq uzardi.

Bola oʻzida yoʻq shod edi. Oʻrazqul koʻzdan gʻoyib boʻlgach, Qulibek eshik oldida gunohkorlarcha turgan boshqa kishilarga qarab: “Shunday odam bilan qanday yashab keldilaring? Uyat emasmi sizlarga!” – dedi.

Bola oʻzini yengil his qildi. Adolatli sud bajo keltirildi. U oʻz xayollariga shunchalik berilib ketgan ediki, hatto qayerda yotganini ham, Oʻrazqulning uyida nima munosabat bilan ichkilikbozlik qilayotganliklarini ham unutgan edi. Qahqahlab kulishlar uni bu orombaxsh holatdan yana oʻziga keltirdi. Bola koʻzini ochib yana quloq sola boshladi. Xonada Moʻmin bobosi yoʻq edi.

Qayoqqadir chiqib ketgan boʻlsa kerak. Xotinlar idish-tovoqlarni yigʻishtirishib, choy keltirishga hozirlik koʻrayotgan edilar. Seydahmad nimanidir baland ovoz bilan hikoya qilib berardi, oʻtirganlar uning soʻzlarini eshitib kulishardi.

– U yogʻi nima boʻldi?

– Davom et!

– Sen shoshilma, bu yoqqa qara, qani yana bir qaytarib ayt, – kulgidan ichagi uzilgan Oʻrazqul yana soʻray boshladi, – sen unga javoban nima deding? Uni qanday qoʻrqitding. Voy ichagim! Xa-xa-xa! – U hamon qornini ushlagancha qotib-qotib kulardi.

– Shunday qilib, – deya Seydahmad hikoyasini yana boshidan boshlashga jon deb rozi boʻldi, – biz bugʻularga yaqinlashib borsak, oʻrmon yoqasida uchtasi turgan ekan. Otlarni endigina daraxtga bogʻlagan ham edik, chol hamrohim qoʻlimdan ushlab: “Biz bugʻularni otishimiz mumkin emas. Biz Bugʻuboy avlodidanmiz. Shoxdor ona bugʻuning farzandlarimiz!” dedi. Oʻzi boʻlsa bolalardek termilib turardi menga. Koʻzlari yalinib-yolvorib iltijo qilayotgandek boqardi. Mening esa oʻlgiday kulgim qistardi. Lekin kulib yubormadim. Ha, kulmadim. Aksincha, bu haqiqatan ham shunday-ku: “Sen nima, turmaga tushging kelyapti-mi?” – deyman. “Yoʻq”, – deydi u. “Bilasanmi, boylar zamonidagi hikoyalar kambagʻal xalqni qoʻrqitish uchun toʻqilgan”, – dedim. Shunda u tilga kirib: “Sen nima deyapsan oʻzi”, – dedi. Men boʻlsam: “Shuni aytyapmanki, sen bunaqa gaplaringni qoʻy, aks holda qariligingga ham qaramay, tegishli joyga yozib yuboraman”, – dedim.

– Xa-xa-xa, – deb oʻtirganlarning hammasi kulib yuborishdi. Ayniqsa, Oʻrazqul ularning ichida rohatlanib kulardi.

– Keyin biz sezdirmasdan ularga yaqin bordik. Agar ularning oʻrnida boshqa hayvonlar boʻlgandami, allaqachon xabar topib koʻzdan gʻoyib boʻlgan boʻlardi. Bu anqov bugʻular esa bizdan choʻchimayotganday qochmasdi. Choʻchimagani yana ham yaxshi deb oʻylayman, – hikoya qilardi Seydahmad. – Men miltiq bilan oldinda, chol keyinda boryapmiz. Shu ondayoq, menda shubha tugʻildi. Umrimda chumchuq ham otgan emasdim. Hozir shunday bir holat yuzaga keldiki, agar tekkiza olmasam, oʻrmonga qochadi-ketadi, keyin uning orqasidan yetib boʻpsan, dovonning narigi yogʻiga oʻtib ketadi. Bunday tayyor oʻljani kim qoʻldan boy berishni istardi?

Bizning chol ovchi boʻlgan, vaqtida ayiqni ham qulatgan. Men unga miltiqni berib, mana chol, oting, dedim. U boʻlsa yoʻq, otmayman, oʻzing ot, deydi. Men boʻlsam unga: Men axir mastman-ku, dedim. Oʻzim esa oyokda turolmayotgandek tebranardim. U oʻrmondan yogʻoch olib chiqqanimizda siz bilan ichganimizni koʻrgan edi. Shuning uchun ham men oʻzimni ayyorlikka soldim.

– Xa-xa-xa.

– Men tekkizolmayman dedim, bugʻular ketib qoladi, keyin qaytib kelmaydi. Bizning esa quruq qaytib borishimiz yaxshi emas. Oʻzing bilasan. Oʻylab koʻrgin. Nega bizni bu yoqqa yuborishdi? Indamaydi. Miltiqni ham olmaydi. Mayli, oʻzingiz bilasiz, dedim-da, miltiqni tashlab ketmoqchi boʻldim. U orqamdan ergashdi. Baribir, Oʻrazqul meni haydaydi – sovxozga borib ishlayveraman, deydi. Qariganda qayoqqa borasan, dedim? Yana lom-lim demadi. Men sekin xirgoyi qildim:

 

Sariq-sariq togʻlardan,

Sariq otda men keldim.

Och eshiging, ey, sariq savdogar…

 

– Xa-xa-xa…

– Meni haqiqatan ham mast deb oʻyladi. Miltiqni qoʻlga olib joʻnab qoldi. Men qaytdim. Biz bir-birimiz bilan tortishib yotar ekanmiz, bugʻular bu orada bir oz nariroqqa yurdi. Koʻryapsanmi, deyman unga, ketib qoldi, keyin ularga yetib boʻlmaydi. Ular hali hurkib qochmaguncha otib olish kerak. Chol qoʻliga miltiqni oldi va ularning orqasidan pusib bora boshladi. U hamon: “Kechir meni, Shoxdor ona bugʻu, kechir…”, – deb oʻz-oʻzicha shivirlardi. Men esa oʻz-oʻzimcha: “Ehtiyot boʻl, tekkiza olmasang, sen ham oʻsha bugʻular bilan birga boshing oqqan yoqqa qarab ket, boshqa qorangni koʻrsatma”, – dedim.

– Xa-xa-xa…

Ichimlik hidi bilan dud hidining birga qoʻshilib anqishi, uning ustiga qahqaha urib kulishlar bolaning isitmasini oshirib, yanada dimiqtirib yubordi. Ogʻriqning zoʻridan uning boshi tars yorilib ketayozdi. Nazarida kimdir uni tepayotganga, kimdir bolta bilan miyasini yorayotganga oʻxshardi. Goʻyo birov uning koʻzini moʻljalga olayotganday chap berib boshini olib qochishga intilardi. Isitma natijasida holdan ketgan bola muzdek daryoda paydo boʻlib, baliqqa aylanib qoldi. Quyrugʻu, tanasi, suzgich qanotlari – hamma-hammasi baliqniki-yu, faqat ogʻriyotgan boshigina oʻzicha qolgan edi. U qop-qorongʻi muzdek suv ostida suzib borardi. Xayolida umrbod shunday baliq boʻlib qolishni va toqqa hech qachon qaytmaslikni oʻylardi. “Qaytmayman endi, – deyardi u oʻzicha. – Yaxshisi, baliq boʻlaman, baliq boʻlib yashayman…”

Bola karavotdan tushib, sekin uydan chiqib ketganini hech kim payqamay qoldi. U zoʻrgʻa burchakka yetib borgan ham edi, birdan qayt qilib yubordi. U devorga suyangancha ingrab yiglardi. Oʻpkasi toʻlib yigʻlaganidan nafasi qisilib gʻoʻldirardi:

– Yoʻq, men, yaxshisi, baliq boʻlaman. Bu yerdan suzib ketaman. Yaxshisi, baliq boʻlaman.

Oʻrazqulning uyi derazasidan esa mast kishilarning qahqahlab kulishlari-yu, qiyqiriq ovozlari eshitilardi. Bu yovvoyi qahqaha bolani garang qildi, uning qalbida chidab boʻlmas dard-alamlarni qoʻzgʻadi. Bu dahshatli qahqahani eshitish koʻnglini behuzur qilayotgandek tuyuldi. U biroz oʻziga kelish uchun hovliga chikdi. Hovlida hech kim yoʻq, huvullab yotardi… Oʻti oʻchib qolgan oʻchoq yonida ichkilikning zoʻridan oʻlar holatda yotgan Moʻmin boboga koʻzi tushdi. Chol tuproqda, oʻsha Shoxdor ona bugʻuning kesib tashlangan shoxlari yonida hushsiz yotardi. Bugʻuning maydalangan kallasini it gʻajib yotgan edi. Bulardan boshqa biron kimsa yoʻq.

Bola bobosining ustiga engashgancha uning yelkasidan tortqiladi.

– Bobo, yuring, uyga ketamiz, uyga, – dedi u. Chol javob bermadi, u hech nimani eshitmadi, boshini ham koʻtara olmadi. Ha, u nima ham deya olardi?

– Qani, turing, bobo, uyga ketamiz, – dedi bola. Kim bilsin, u oʻzining bolalik aqli bilan bobosining Shoxdor ona butu haqidagi ertagi uchun bu yerda taʼzirini yeb yotganini, oʻz erki bilan unga qasd qilmaganligini, uning oʻzi bu haqda bolaga hamma vaqt nasihat qilib kelganligini, – ota-bobolar udumiga, oʻz vijdoni va vasiyatlariga zid borganligini, baxti qaro qizini deb, nabirasini deb shu ishga qoʻl urganligini fahmlay oldimikin yoki anglab yetmadimikin?..

Chol ogʻir ahvolga tushib, gʻam-alam oʻtida yonib, bolaning ovoziga javob qilmasdan, goʻyo oʻlik singari yuzini yerga qilib yotardi.

Bola bobosining yoniga choʻqqayib oʻtirgancha uni qoʻzgʻatishga harakat qildi.

– Bobo, boshingizni koʻtarsangiz-chi, – dedi u. Bolaning yuzlari oqarib, boʻshashib ketgan edi, qoʻllari, lablari qaltirardi. – Bobo, bu menman. Eshityapsizmi?– deyardi u. Oʻzimni juda yomon sezyapman, – deya yigʻlardi u. – Boshim ogʻriyapti, juda qattiq ogʻriyapti.

Chol ingrab, qimirlay boshladi, biroq hamon oʻziga kelolmagan edi.

– Bobo, Qulibek keladimi? – soʻradi bola birdan koʻzyoshi aralash. – Ayting, mashinasida Qulibek keladimi? – gap bilan alahsitmoqchi boʻldi u cholni.

Bola bobosini yonbosh bilan agʻdarilib yotishga majbur etdi va nogahon mast holda soqollarigacha loy va tuproqqa belanib, ayanchli holda yotgan cholning yuziga koʻzi tushib, seskanib ketdi. Bola shu daqiqada haligina Oʻrazqul bolta bilan maydalab tashlagan oq bugʻuning kallasini xayolidan oʻtkazdi va qoʻrquvdan oʻzini chetga tortdi. Bobosidan nari ketar ekan, dedi:

– Men baliqqa aylanaman, eshityapsizmi, bobo, suzib ketyapman. Qulibek kelganda baliqqa aylanib qolganimni ayting.

Chol hech qanday javob qaytarmadi.

Bola yurishda davom etdi. Daryoga tushib, suv kecha boshladi.

Bolaning suvda baliq boʻlib suzib yurganidan hali hech kimning xabari yoʻq edi. Hovlida mast kishilarning kuylagan qoʻshiqlari eshitilardi:

 

Oʻrkach-oʻrkach totardan,

Oʻrkach tuyada men keldim.

Och eshiging, bukri savdogar,

Biz ichamiz, oʻtkir vinodan…

 

Sen suzib ketding. Qulibekning kelishini kutib turmading. Afsus, ming afsuski, Qulibekning kelishini kutib turmading. Nega sen yoʻldan chopib bora qolmading. Agar yoʻldan uzoq muddat chopib borganingdami, albatta uni uchratarding. Qulibekning mashina-sini uzokdan tanigan boʻlarding. Qoʻlingni koʻtarganingda u shu zahotiyoq mashinasini toʻxtatgan boʻlardi.

– Sen qayoqqa ketyapsan? – deb soʻrardi.

– Men sizni izlab ketayotgan edim! – deb javob bergan boʻlarding.

U shunda seni mashinasi kabinasiga olgan boʻlardi. Ikkaloving birga ketgan boʻlardilaring. Oldinda, yoʻlda esa hech kimga koʻrinmasdan Shoxdor ona bugʻu yelday uchib borardi. Biroq sen uni koʻra olgan boʻlarding.

Ammo sen suvda suzib ketding.

 

* * *

 

Sen bu qoʻshiqni eshitmading. Sen oʻz ertagingdagi baliq kabi suzarding, boʻtalogʻim. Bilasanmi, sen hech qachon baliqqa aylanib qololmaysan va Issiqkoʻlgacha suzib borolmaysan, oq kemani ham koʻrolmaysan va unga: “Salom, oq kema, bu men!” – deb aytolmaysan.

Sen oqib ketding.

Endi shuni aytishim kerakki, sening goʻdak qalbing nimani noxush koʻrgan boʻlsa, hammasini rad etding. Mening ovunchim ham, quvonchim ham shunda-da. Sen bir chaqnab soʻngan yashin kabi hayot kechirding. Chaqmoqlarni samo chaqadi. Samo esa abadiydir. Mening ovunchim ham, quvonchim ham shunda-da. Insondagi goʻdaklik vijdoni xuddi urugʻdagi ilk kurtakning oʻzginasi, kurtaksiz urugʻ unib chiqmaydi. Biz olamga kelmasdan ilgariyoq, toki tugʻilish va oʻlish bor ekan, haqiqat tantana qilib kelmoqda.

Boʻtalogʻim, sen bilan vidolashar ekanman, sening soʻzingni yana bir bor takrorlayman: “Salom, oq kema, bu men!”

 

Asil RASHIDOV

tarjimasi

https://saviya.uz/ijod/nasr/oq-kema/

5 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x