“Onasini ko‘rib qizini ol…!”

DO`STLARGA ULASHING:

Yoxud qiz bola tarbiyasiga doir eng kerakli tavsiyalar
Oilaning darz ketishi bilan bog‘liq holatlar tahlil qilinganida ko‘pincha erkak ham, ayol ham o‘z vazifasini to‘la-to‘kis anglamasligi, zimmalaridagi mas’uliyatni chuqur his etmasligi bunga asosiy sabab bo‘ladi. Aslida oila boshlig‘i erkak hisoblanadi, ammo uning topganini ro‘zg‘orga yetkazish ayolning zimmasidagi vazifadir.

Ayol epli va sarishtali bo‘lsa, unda bu oila turmush qiyinchiliklarini mardonavor yengib o‘ta oladi. Toza va saranjom xonadonni ko‘rib, inson ko‘ngli yayraydi. Dasturxonga tortilgan mazali taomlarni ko‘rganda esa oila bekasidan yanada xursand bo‘lasiz. Qiz farzandlarni tarbiyalash va ularda ham ushbu fazilatlarni shakllantirishda onalardan alohida e’tibor va mas’uliyat talab etiladi.

Afsuski, ba’zi xonadonlarda o‘zaro munosabatlarga putur yetib, oila parokandalik yoqasiga borib qolgandagina uni asrab qolish choralari ko‘rila boshlaydi. Aslida esa yoshlarga nikohdan o‘tmaslaridan oldin oilaning muqaddas ekanligi va u orqali inson baxtga erishish mumkinligini ular ongiga chuqur singdirish lozim. Ota-onaning vazifasi farzandni dunyoga keltirishgina emas, balki uning tarbiyasi, kasb-hunarli bo‘lishi hamda jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ham mas’uldir.
Farzand tarbiyalashda nimalarga e’tibor berish kerak?
Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlash sohasida hukumat darajasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, farzand tarbiyasida onaning o‘rni alohida ahamiyatga ega. Farzandiga mehr tuyg‘usini hech kim onachalik bera olmaydi. Shunday ekan ota-onalar farzandini oilaga tayyorlashda harakatni u turmush qurish yoshiga yetishidan ancha oldin boshlashlari lozim. Ayniqsa, qizlarga bolaligidan ozodalik, sarishtalik va pazandalikka qat’iy amal qilishni uqtirib borish kerak.
Muomala madaniyati

Onalar o‘smir yoshidagi qizlariga balog‘at davrining o‘ziga xosliklari, sir-asrorlarini tushuntirishlari lozim. Qolaversa, ularga yaqin sirdosh bo‘lishlari kerak. Farzandga chiroyli muomala va odamlar bilan o‘zaro munosabatda samimiy bo‘lishni o‘rgatish zarur. Xonadoningizga kelgan kishi ko‘rsatgan iltifotingizdan o‘zgacha taassurot olsin. Doim tilingiz shirin, o‘zingiz mehrli bo‘lishga harakat qiling. Hayotda muvaffaqiyatlarga nafaqat bilim, balki go‘zal odob va chiroyli muomala orqali erishish mumkinligini aslo unutmang.

Orastalik
Orastalik qizlar uchun juda muhim sanaladi. Kiyim va soch turmagingiz o‘zingizga yarashib tursin. Ayniqsa, moda deb ochiq-sochiq kiyimlarni kiyib yurish o‘zbek qizlariga mutlaqo yarashmaydi. Sharqona urf-odat va milliy mentalitetimizga xos kiyimlarni kiyish orqali atrofingizdagilar orasida e’tiborga sazovor bo‘ling. Unutmang, chiroyli va orasta libos kishining ziynati hisoblanadi.

Yana o‘qing:  Buyrak-tosh kasalligi bolalarda qanday kechadi?

Mehnatsevarlik
Mehnat kishini ulug‘laydi. Uning ortidan baxt topishni o‘zingizga shior qilib oling. Xalqimiz “Mehnatning tagi rohat”, deb bejizga aytmagan. Shunday ekan qizlarni bolaligidan mehnat qilishiga o‘rgating. Oilaning baxtu saodatga erishishida harakatchanlikning samarasi katta ekanligini tushuntiring. Har doim qizingizga ro‘zg‘or sir-asrorlarini o‘rgatishdan charchamang.
Pazandalik
Ayrim onalar qizlarini biror o‘quv markazida o‘qish orqali pazandalalikni puxta egallaydi, deb o‘ylashadi. Lekin bu fikr unchalik ham to‘g‘ri emas. Aslida qiz bola shirin va mazali taom tayyorlashni uyda onasidan o‘rganini lozim. Buning uchun pishiriq yoki taomni qizingiz bilan birgalikda tayyorlashga harakat qiling. So‘ng uning o‘ziga yeguliklarini mustaqil tayyorlating. Bo‘lajak bekaning taomlaridagi kamchilikni o‘zi topishiga imkon bering. Kezi kelganida uning pishirgan yeguliklariga baho berib, rag‘batlantirib turing. Bu rag‘bat ularni yana ham shirin taom tayyorlashga undaydi. Ishoning, siz bu bilan katta natijalarga erishasiz.
Chevarlik
Tikuvchilik ham bir mahorat, aslida. Shu bois, oilada ayollarning hammasi chevarlikdan biroz xabardor bo‘lishi zarur. Bu ham oilada ayolning turmush o‘rtog‘i va farzandlari mehriga sazovor bo‘lishiga yaqindan yordam beradi.
Xulosa qilib aytganda har bir qiz bolaning tarbiyasi, kamoloti va uning o‘zga oilaga sevimli kelin bo‘lib borishi, avvalo, oilada olgan tarbiyasiga bog‘liq. Uning baxtli yashashi nafaqat o‘zi uchun, balki butun jamiyat uchun ham muhimdir. Shunday ekan aziz onalar, qizlarni oilaga tayyorlashda ularga kerakli maslahatlarni berishdan charchamang. Turmush o‘rtog‘ining yaqinlarini hurmat qilish va e’zozlashni kichik yoshidan qizingizga o‘rgatib boring. “Onasini ko‘rib, qizini ol” degan maqolga ko‘pchilik amal qilishini aslo unutmang. Bu bilan siz farzandingizni oilaga tayyorlashdagi o‘z burch va mas’uliyatlaringizni to‘la-to‘kis ado etgan bo‘lasiz.
Dilfuza AZIMOVA tayyorladi.
soglom.uz/tavsiya/onasini-korib-qizini-ol/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x
()
x