Oliy taʼlimdagi toʻlov-kontrakt miqdori yoxud sirtqida oʻqiyotgan talabalar nimadan norozi?

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida yaqinda talabalarning toʻlov-kontrakt summalari miqdori bilan bogʻliq taklif oʻrtaga tashlandi. Jumladan, murojaatda shunday deyiladi:

“Oliy taʼlim muassasalarida sirtqi taʼlim shaklida tahsil oluvchi talabalar doimiy tarzda taʼlim muassasasida oʻqishmaydi, stipendiya olishmaydi. Ammo ularning kontrakt toʻlovlari kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiydigan talabalar bilan bir xil.

Taklifim, sirtqi taʼlim shaklida oʻquvchi talabalarning kontrakt toʻlovlari summasini kamaytirish lozim. Shunda talabalar uchun taʼlim olish yanada osonlashadi”.

Ushbu tashabbus bugungi kunda qanchalik oʻrinli va adolatli? Shu borada mulohaza yuritib, talabalar, mutaxassislar fikrini oʻrganib, tahlil qilib, eʼtiboringizga havola qilishni lozim topdik.

 

Voqealar rivoji

Yurtimizda soʻnggi ikki yilda abituriyentlar uchun taʼlimning turli xil koʻrinishlari joriy etildi, toʻgʻrirogʻi qaytadan tiklandi. Jumladan, bakalavriat bosqichida sirtqi va kechki taʼlim tizimi ochildi. Ikkinchi mutaxassislik uchun yana sirtqi taʼlim shakli tiklandi.

Toʻlov-kontrakt miqdoriga keladigan boʻlsak, bu borada jiddiy oʻzgarish – 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab respublika oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt narxlari eng kam oylik ish haqiga (EKIH) bogʻlab qoʻyildi. Yaʼni EKIH oshgan sari toʻlov-kontrakt narxi ham oshib boradi.

Toʻlov-kontrakt miqdori taʼlim yoʻnalishlariga qarab 5 toifaga ajratilgan. Xullas, bugungi kunda eng koʻp sonli bakalavriat misolida olib qarasak, kontrakt miqdorlari EKIHga nisbatan quyidagicha belgilangan:

1-toifa: 45 barobar – 9 mln. 122 ming 850 soʻm;

2-toifa: 46 barobar – 9 mln. 325 ming 580 soʻm;

3-toifa: 50 barobar – 10 mln. 136 ming 500 soʻm;

4-toifa: 55 barobar – 11 mln. 150 ming 150 soʻm;

5-toifa: 60 barobar – 12 mln. 163 ming 800 soʻm.

Toʻlov-kontrakt miqdori bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shakli uchun bir xil qilib belgilangan. Haqiqatdan ajablanarli… Tashabbuschilarning jon kuydirganicha bor ekan. Solishtirib bizda ham tabiiyki “nega…”, “nima uchun…” degan savollar paydo boʻldi.

 

Vazirlik bayonoti?

Aslida toʻlov-kontrakt miqdori yoki smetasi qanday yartiladi. Aytaylik bakalavriatda nima uchun EKIHning eng kam miqdori 45 barobar, eng yuqorisi 60 barobar qilib belgilangan? Ikki toifa ham bir xil – 4 yil oʻqiydi-ku? Yoki gumanitar/aniq fanlar uchun kam harajat, iqtisod va huquqshunoslar tayyorlash uchun koʻproq mablagʻ sarf qilinadimi? Bakalavr sirtqi EKIHning 45 barobari boʻla turib, ikkinchi mutaxassislik 25 barobar belgilanishini qanday izohlash mumkin? Ikkalasi deyarli bir xil tizim emasmi?

Yodingizda boʻlsa, 2018–2019 oʻquv yili boshlanishi oldidan kontrakt puli narxlari oshganida, Oliy taʼlim vazirligi bu holatga vazirlik veb saytida bayonot bergandi. Unda aytilishicha, hozirda (2018 yilda, tahr.) Oʻzbekistonda bir talabani oʻqitishning oʻrtacha xarajati 10,5 million soʻm, shundan 45-80 foizi (5,6–7,5 million soʻm) talabaning oʻziga stipendiya sifatida qaytarib beriladi…

Vazirlikning izohidan koʻrinib turibdiki, toʻlov pulining 20-65 foizi stipendiyadan tashqari boʻlgan xarajatlar tashkil etadi. Bularga – dars soatlari uchun oʻqituvchilarga ish haqi, moddiy-texnika bazasi, kommunal toʻlovlar, oʻquv qoʻllanmalari, soliqlar hamda boshqa xarajatlar tashkil qiladi.

Demak, bundan koʻrinib turibdiki, sirtqi va kechki taʼlim tizimi talabalarining birgina stipendiya olmasligi eʼtiborga olinsa ham ularning toʻlov-kontrakt miqdorini mos ravishda 20 dan 65 foizgacha qisqartirish mumkin ekan.

 

Deputatlar nima deydi?

Oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt narxlarini pasaytirish borasida avval ham turli takliflar boʻlgan. Shu jumladan, deputatlar tomonidan ham.

Jumladan, oʻtgan yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov va Rasul Kusherbayev oliy taʼlim muassasalarida oʻqish uchun kontrakt toʻlovi miqdorini pasaytirish boʻyicha takliflar bilan chiqish qilgani OAVda maʼlum qilingan edi. Bunda deputatlar Oʻzbekistonda tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt joriy etishni taklif qilishdi, yaʼni baland ball bilan kirganlar kamroq, past ball bilan kirganlar koʻproq kontrakt toʻlaydi. Ammo, bu takliflar hali ham kuchdami yoki rad etildimi, bunisi hozircha nomaʼlum.

 

Qizgʻin bahs

Mazkur taklif jamoatchilik eʼtiboriga havola qilingandan soʻng, “Mening fikrim” portalida, qolaversa ijtimoiy tarmoqlarda ushbu mavzu atrofida juda koʻp va xoʻb muhokamalar boʻldi, hozir ham davom etmoqda. Ularning ayrimlarini qisqartirish bilan berdik.

 

Zafarjon Ataboyev:

“Sirtqi taʼlim oʻqish muddati maxsus sirtqidan ikki yilga koʻp (mos ravishda 5 va 3 yil). Biroq toʻlov-kontraktlaridagi farq esa 3 barobarga qimmat (mos ravishda 45/15 EKIH).

Bakalavr yoʻnalishida sirtqi taʼlimda 5 yil, kunduzgi taʼlimda 4 yil tahsil olinadi, ammo toʻlov-kontrakt miqdori bir xil. Kunduzgi talabalar har oy stipendiya olib, toʻlagan pulining maʼlum qismi oʻzlariga qaytadi. Nima uchun sirtqilar yilda ikki martalik taʼlim davri uchun stipendiya olmasligi kerak?

Fikrimcha, mutasaddilar oʻqish pulini belgilashda sirtdan oʻqiydigan talabalarni ish bilan band boʻlganlar toifasiga kiritgan boʻlishi mumkin. Ammo… aytaylik pedagogika yoʻnalishi boʻyicha sirtqi taʼlimda tahsil olayotganlarga maktablarda dars berish huquqi mavjud emas, shu sababli ular ishga joylasha olmaydi. Bu cheklovni ham olib tashlash kerak…”

 

Jamshid Toʻrayev:

“2018 yil sirtqi boʻlimga oʻqishga kirdim. Kursdoshlarim aksariyati men kabi oilali va albatta maʼlumoti oʻrta maxsus boʻlgani uchun oddiy ishchi boʻlib ishlashadi. Agar taqqoslansa, oylik maoshimiz bilan oʻquv puli miqdori mutanosib emas. Qolaversa, yiliga 2 oy oʻqisak. Misol uchun, Rossiya federatsiyasida sirtqi boʻlimlar kontrakt summasi biznikidan hatto 30 foiz arzon, ish haqi esa biznikidan ancha yuqori. Shu asoslarni ham inobatga olish lozim…”

 

Alisher Mallayev:

“Koʻp yillar taʼlimning sirtqi shakli yopilgani uchun koʻpchilik yoshi kattalarda oliy taʼlim olish imkoniyati boʻlmadi. Oliy taʼlim – bu faqat bir enlik qogʻoz emas, kelajak orzular uchun eshiklar ochilishidir, oʻzini koʻrsatish, mansab, yaxshi oylik hamdir. Ular ham oʻqishga haqli. Endi bu xatoni toʻgʻrilash vaqti keldi. Yoshi kattalarga oliy taʼlim olish uchun imkoniyat yaratish uchun maʼlum bir vaqt, masalan, 10 yil toʻlovlarda imtiyozlar berish kerak…”

 

Nodir Norov:

“OTMlarda masofaviy taʼlimni yoʻlga qoʻyib, uni yana arzonroq qilinsa oʻz-oʻzidan taʼlim muassasalari moddiy bazasi yanada kuchayadi. Sirtqi va masofaviy taʼlimga ehtiyoj katta va bu dasturlar chet ellarda ham keng qoʻllaniladi…”

 

Shamsiddin Abdurahimov:

“Menga juda qiziq: nima uchun ikkinchi mutaxassislik sirtqi boʻlimga 2017 yil oʻqishga kirganlar EKIH 31 barobarida, 2018 yilda kirganlar uchun esa 61 barobar qilib belgilangan?..”

 

Bahodir Ergashev:

“Cirtqiga oʻqishga kirgan talabaning asosiy maqsadi oliy maʼlumotli diplomga ega boʻlish. Talaba oddiy ishchi, mutaxassis, boringki boʻlim boshligʻi boʻlsin, lekin oylik maoshi amaldagi kontrakt miqdorini toʻlashga, oʻz oilaviy extiyojlarini qondirishga mutanosib emas, deb oʻylayman. Har bir oilada er-xotin ishlaydi, deb ham boʻlmaydi. Talabaning oʻrtacha olganda 1 mln. 200 ming soʻmlik oyligi, yillik 14 mln. 400 ming soʻm boʻladi. Bundan 9 mln. 600 ming soʻmini kontraktga sarflasa, bir yilga 4 mln. 800 soʻm yoki oyiga 400 ming soʻm yetmaydi-ku…”

Koʻrinib turibdiki, fikrlar turli-tuman. Ular bilan tanishar ekanmiz, koʻpchilik tashabbusni qoʻllab-quvvatlayotganiga guvoh boʻldik. Zero, muammo shu kabi bahs-munozaralarda yechiladi. Shu bahona sirtqi va kunduzgi taʼlim tizimidagi qator muammolar ham tilga olingan.

 

Imkon bor, ammo…

OTMlarda toʻlov-kontrakt tizimini xalqchil qilish borasida qator tahlillar olib borgan huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev “Stipendiyani bekor qilib kontrakt narxlarini arzonlashtirish kerakmi?” maqolasida bu borada oʻzining bir necha takliflarini bergan. Jumladan, u talabalarning turli qatlamini eʼtiborga olib, kontrakt pulini boʻlib-boʻlib toʻlash tizimini taklif qilgan:

Talabaning kontrakt pulini ota-onalar oylik ish haqidan oʻtkazishini yaxshi bilamiz. Bunda soliq imtiyozi ham mavjud. Ammo bizdagi kontrakt toʻlash tartibi shundayki, semestrning boshida jami summaning kamida yarmini birdaniga toʻlashingiz shart. Bu oylik ish haqidan toʻlovchi ota-onalar uchun qiyinchilik tugʻdiradi. Sababi hamma korxona va tashkilotlar ham xodimlariga avans tariqasida oyligini oldindan berishga rozi boʻlmaydi. Oyiga oʻrtacha 1 mln. soʻm ish haqi oladigan xodim farzandining 9 mln. soʻmlik kontraktini birdaniga toʻlay olmasligi, lekin har oyda boʻlib-boʻlib ish haqidan bemalol oʻtkazishi mumkin.

Shu sababli kontraktga ish haqidan oʻtkazmoqchi boʻlganlarga boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish kerak. Bunda OTM, tashkilot va xodim oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuzish kifoya.

Qoʻshnida nima gaplar?

Xorijda oliy taʼlim uchun toʻlov-kontrakt miqdori qancha?

Yon qoʻshnimiz Qozogʻiston OTMlaridagi narxlarni oʻrgandik. Tengrinews. kz reytingiga koʻra, 2017 yilda Qozoq xalqaro aloqalar va chet tillari universitetida yillik taʼlim oʻrtacha 450 ming (1186 $) tengeni, jumladan jurnalistika mutaxassisligi 400 ming (1054$ ) tengeni tashkil etgan. Bu koʻrsatkich Qozoq xotin-qizlar pedagogika universitetida – 440 ming (1159 $), Qozoq agrar-texnika universitetida esa 370 ming (975 $) tengega teng.

Orken-media. kz nashri maʼlumotiga koʻra, 2018 yilda mamlakat OTMlarida toʻlov-kontrakt summalari pasaygan. Jumladan Koʻkshetau taʼlim muassasalarida – 200 ming (527 $), Aktobeda – 300 ming (790 $), Karagandeda – 400 ming (1054 $) tengeni tashkil etadi. Poytaxt OTMlarida esa narx 350 ming tengedan boshlanadi.

Koʻrinib turibdiki, Qozogʻistonda oliy taʼlim uchun toʻlov-kontrakt miqdori biznikidan unchalik katta farq qilmaydi. Ammo uning soyasida muhim savol turadi. Daromadimiz-chi?

Aslida yanada qimmat boʻlishi kerakmi?

Aslida sifatli oliy taʼlim uchun bugungi kontrakt narxlari arzonmi yoki qimmat?

Bu borada bahs tugamaydi. Koʻpchilik oʻrtacha toʻlov-kontrakt miqdoridan oʻrtacha stipendiya miqdorini ayirib tashlab, qolgan summani xususiy oʻquv markazlaridagi bitta fanga oʻrtacha toʻlov miqdori bilan solishtiradi.

Biz bu fikrga qoʻshilmadik. Taʼlim – bu davlatning strategik siyosati. Rivojlanayotgan davlat borki fuqarolarining oliy maʼlumotli boʻlishidan manfaatdor. Qolaversa, eng asosiy omil har bir davlatda taʼlim narxi aholisining oʻrtacha daromadidan kelib chiqib belgilanishi zarur.

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalidagi taklifga qaytsak. Bugungacha ushbu taklif 3607 ta ovoz toʻplagan. Uning amaliyotga joriy etilishi uchun esa oʻn ming ovoz yigʻilishi kerak.

 

Humoyunmirzo FAYZULLAYEV

 

od-press.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/oliy-talimdagi-tolov-kontrakt-miqdori-yoxud-sirtqida-oqiyotgan-talabalar-nimadan-norozi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x