Olis yulduzlar tovushi

Suhbat

 

Oqarsuv boʻyida, oqshom chogʻida,

Qari tol boshida oy porlagan payt.

Ozurda tuygʻular qoʻnalgohida

Menga suv tilida sirlaringni ayt.

 

Ilkis tun sayriga shamol chaqirsa,

Shovqinli shaharni aylansang sekin.

Chor tarafda tinmay sevinch baqirsa,

Sen sogʻinch tilida bir narsa degin.

 

Ne kechar dunyoning oʻngu soʻlida

Tuygʻular koʻzyoshday qalqib turgan payt.

Hamma laqillasa bozor tilida

Sen koʻngil tilida biror jumla ayt.

 

Qanday tushuntiray holimni senga

Egik boshim uzra oyday yogʻdu soch…

Barini bir chetga qoʻygin-da, menga

Sukunat tilida yuragingni och.

 

 

Buyuk chilla

 

Qirq kecha-kunduzda biyday sahroni

Yalangoyoq yurib oʻtdi bu darvesh.

 

Qirq ming tomiridan qirqta daryoni

Qumlar uzra bunyod etdi bu darvesh.

 

Qirq tomchi teridan qirqta shaharni

Xarobalar uzra qurdi bu darvesh.

 

Qirq kun sahro boʻylab qirqta bahorni

Shamolday yetaklab yurdi bu darvesh.

 

Tuproqday xokisor xoki tanidan

Bir tunda qirq buloq ochdi bu darvesh.

 

Hazrat Sulaymonning oʻtib yonidan

Bir kunda qirq yilni oshdi bu darvesh.

 

Oʻtdan yalangoyoq, yalangbosh oʻtgan,

Qirq kunga qirq hikmat bitdi bu darvesh.

 

Qirq ming yildan beri uyquda yotgan

Sahroni uygʻotib ketdi bu darvesh.

 

 

Kechki sayrdagi kuzatishlar

 

Eski bir doʻkonda bir janda odam

Shayton bilan “gah”lashib oʻtirardi.

 

Tashlandiq bir bogʻda maʼyus bir kishi

Vijdon bilan gaplashib oʻtirardi.

 

Bir xotin burqsigan qahvaxonada

Hayvon bilan nahslashib oʻtirardi.

 

Bir kas tanglayida qurbaqa sayrab,

“Qurʼon” bilan bahslashib oʻtirardi.

 

Kimdir zamoniga zambarak otib,

Makon bilan chaplashib oʻtirardi.

 

Sargʻaygan bir kitob ichra bir Odam

Imon bilan gaplashib oʻtirardi.

 

 

Tungi dalada yolgʻiz

 

…Tungi dala…

 

Oyning yorugʻida oqarib turar

Yolgʻizoyoq soʻqmoq.

Soyamga ergashib bormoqdaman jim,

Manzilim yiroq.

 

…Tungi dala…

Ovozi tinmaydi chirildoqlarning –

Musiqa tinmas.

Olisdan yulduzlar tovushi kelar,

Koʻnglim ham jimmas.

 

…Tungi dala…

Pishgan giyohlarning isi anqiydi

Tun salqinida.

Mangulik kitobin oʻqiy boshlayman

Oy talqinida.

 

Ey tun, menga hikmatingni och,

Ey tun, menga hikmatingni och!

 

 

Xuan Ramon Ximenes kitobiga yozuv

 

Yonimdan shoshilib oʻtadi shamol,

Sharqirab qayoqqa chopadi suvlar?

 

Shoshilib qay sori uchib borar Yer?

Shoshilib tark etar meni tuygʻular.

 

Tunu kun qaygadir shoshadi hayot,

Xayr ham demasdan mangu ketding sen.

 

Buyuk zalvor bilan shoshar koinot,

Qaygadir shoshilib borayapman men.

 

Qayoqqa, bilmayman, evoh, qayoqqa?..

Bobur aytganiday, yuz oh, qayoqqa?

 

 

* * *

Kimsasiz adirda… Yoz kechasida…

Qorayib hurpayar yolgʻiz bir oʻtov.

Yerga tushib qolgan kun parchasiday

Oʻchoqda toʻlgʻonar bir tutam olov.

 

Choʻpon, bu tuningga meni qoʻnoq et,

Adirlar seniki, seniki osmon.

Bir kecha koʻnglingga meni hamroh et,

Baxshi shamollardan tinglayin doston.

 

Kimsasiz adirda… Yoz kechasida…

Hurpaygan oʻtovga tushganda yoʻlim,

Oʻchoqning bir tutam alangasida

Yoʻqotgan doʻstini topgandi koʻnglim.

 

 

Kibru havo

 

Qoʻlingni uzatsang yulduzga yetar,

Poyingda necha mulk, qancha sallamno.

Qovogʻing ostida qirq bir qish yotar,

Besh kunlik davron deb muncha tamanno.

 

Axir bir kallaga ming salla nechun,

Qoʻldan shamol ketar, tildan bol ketar.

Zarur boʻlganida yashamoq uchun

Odamga qultum suv, parcha non yetar.

 

Bir beshikka siqqan dunyoga sigʻmas,

Bir yoʻrgakdan chiqqan sigʻmas osmonga.

Bir kafan, bir qabr soʻng ulushi bas,

Shunda ham osmon tor, yer tor insonga.

 

Kaftingni ochsang bas, siymu zar qoʻnar,

Poyingni bezaydi kibru tasanno.

Qovogʻing ostida qirq qilich oʻynar,

Besh kunlik davron deb shuncha tamanno.

 

 

Qari qargʻa

 

U yoshin pesh-peshlab vaysar doimo,

Qari qargʻa kabi nazari koʻp och.

Oq sochlarin sotib yasharu, ammo

Bir kun tentakda ham oqaradi soch.

 

Koʻrib-kechirmagan sira el boʻlmas,

Hamon yurt oralab yurar bir maqol:

Har moʻyi oqargan oqsoqol boʻlmas,

Axir echkida ham oqarar soqol.

 

 

Javzo

 

Shamolda chayqalgan terak boshida

Porlab koʻrinadi oʻn toʻrt kunlik oy.

Fusunkor Javzo balogʻat yoshida

Sening yoshligingday ochadi chiroy.

 

Koʻkda oy, pastda men birga borardik,

Mayin yogʻdularga koʻmilgan borliq.

Sening yoshligingga tumor soʻrardik,

Kibor chogʻlaringga tilardik sogʻliq.

 

Afsuski, bu tun ham oʻtaru ketar,

Oy ham qolib ketmas terak boshida.

Shabbodalar har kun menga eslatar

Seni oʻn toʻrt kunlik Javzo yoshida.

 

 

1943 yil. Urushdan xat keldi

 

Harf tanimas edi bu ayol…

Savod chiqarmagan, maktab koʻrmagan.

 

Xatni shomda oʻgʻli unga tutqazdi.

Pochtachi kelganda uyda boʻlmagan…

 

Titroq qoʻllarida bir enlik qogʻoz

Oq qaldirgʻoch kabi potirlar edi.

 

Ayolning labida duoi salom

Jon shamoli kabi shitirlar edi.

 

Xatmi bu, xatmmi, yo xatmi Hayot,

Qogʻozga aylanib borardi Ayol.

 

Jonajon harflarni oʻqishni istab

Bir parcha xat uzra qaddi, ruhi dol.

 

Harf tanimas edi bu Ayol…

Lekin sirlar bordir muhabbatga xos.

 

Oʻsha kun eridan kelgan xatni u

Harfma-harf, soʻzma-soʻz oʻqigani rost.

 

 

* * *

Azal daftarida ne gʻam, ne tarab,

Qanday ajr bordir yo qanday jazo?

Muncha bezovtasan, ey bulbuli taʼb,

Qara, poyingga gul toʻshamish javzo.

 

Garchi bir bosh uzra ming bitta savol,

Hukmlar zabtida jonlaru shonlar.

Lekin sen titrama, ey qizgʻaldoqhol,

Senga deb shudringlar yigʻmoqda tonglar.

 

Shafaqlarga boqib chekmagil anduh,

Umrim besh kunlik deb koʻtarma faryod.

Shu besh kun haqqiga, ey kapalakruh,

Senga deb bir bogʻni tiklabdi hayot.

 

 

Eshqobil ShUKUR

 

uzas.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x