Og‘riqlarsiz tug‘ish mumkinmi? (Ginekolog maslahati)

Farzandni dunyoga keltirish arafasida har bir ayol cheksiz quvonch bilan birga qo‘rquvni ham his etadi. «Tug‘ruq qanchalik og‘riqli kechadi?» «Qancha davom etadi?» «Unga bardosh berish mumkinmi?» «Og‘riqdan xalos bo‘lish uchun nima qilish darkor?» kabi savollar har bir ayolni o‘ylantiradi. Mana shu savollar bilan Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori o‘rinbosari Zulfiya NE’MATOVAga murojaat qildik.

Baxt gormoni

Tug‘ruq paytida og‘riqni tabiiy usulda yoki dori-darmon yordamida yengish mumkin. Qarangki, tabiatning o‘zi bizga eng muhim og‘riq qoldiruvchi vosita — endorfin (baxt) gormonini taqdim etgan. Endorfin og‘riq qoldiruvchi va quvvatni oshiruvchi vosita bo‘lib, ayolning ayni dardi boshlanganda ko‘p miqdorda ishlab chiqariladi. Faqat organizm yetarli miqdorda bunday tabiiy «anestetik»ka ega bo‘lishi uchun ayol tug‘ruqqa psixologik jihatdan to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rishi zarur.

To‘g‘ri holatni tanlash

Agar shifokor tomonidan hech qanday cheklovlar qo‘yilmasa, bo‘lajak ona o‘ziga qulay holatda tug‘ruqqa kirishishi mumkin. Kimdir to‘lg‘oqni yotgan holda yengil o‘tkazsa, boshqalarda turgan holida og‘riq yengilroq kechadi. Bunda har kimning o‘ziga xosligidan kelib chiqiladi.

Nafas olish

Nafas olayotganda yengil va yoqimli bosh aylanishi his etsangiz, bilingki, to‘g‘ri nafas olayapsiz va tanangiz sizga endorfinlari bilan yordamga oshiqmoqda. To‘g‘ri nafas olish og‘riq qoldirish bilan birga tug‘ruqning nisbatan yengil kechishiga yordam beradi. Axir bachadon mushak to‘qimalaridan iborat bo‘lib, jadal ishlaganda kislorod bilan to‘yinadi. Natijada bolaning ham kislorodga bo‘lgan ehtiyoji qondiriladi.

Uqalash

Uqalash xuddi to‘g‘ri nafas olish singari og‘riqni ancha yengillatish xususiyatiga ega. Uqalashni tug‘ruq jarayonida ishtirok etayotgan yaqinlaringizdan biri bajarishi maqsadga muvofiq. Bundan asosiy maqsad to‘lg‘oq paytida tana mushaklarini imkon qadar bo‘shashtirishdir.

Baqirish foyda beradimi?

Ko‘pgina bo‘lajak onalar atrofdagilardan «Baqirsang, og‘riq yengillashadi» degan maslahatlarni eshitishadi. Aslida qattiq baqirish tug‘ilgan bolaning yurak urishini tezlashishiga sabab bo‘lishi mumkin. Demak, bor ovoz bilan qichqirishga oshiqmaymiz.

Kimyoviy og‘riq qoldiruvchilar

Tug‘ruq jarayonida og‘riq qoldiruvchi vositalardan foydalanishni bo‘lajak onaning holatiga qarab shifokor hal qiladi. Akusher-ginekolog va anasteziolog ayolning holatini chuqur tahlil qilib, so‘ng quyidagi og‘riq qoldirish usullardan birini qo‘llash borasida bir qarorga keladi.

Epidural usul zamonaviy og‘riqsizlantiruvchi vositalar orasida ona va bolaning qon tarkibiga ta’sir qilmaydigan, nisbatan xavfsiz hisoblanadi. Bunda bo‘lajak onaning bel qismiga og‘riqsizlantiruvchi vosita yuboriladi va tananing beldan pastki qismi sezuvchanligini yo‘qotadi. Butun dunyoda epidrual og‘riqsizlantirish usuli tan olingan bo‘lsa-da, u bosh aylanishi, bosh og‘rishi yoki to‘satdan allergiya qo‘zg‘atib yuborishi mumkin. Tug‘ruqdan keyin ayolning beldan past qismida vaqtincha falajlik yuzaga kelishi ehtimoli mavjud. Vositaning ta’siri tarqagach (3-4 soadan so‘ng), nojo‘ya ta’sirlari ham ortda qoladi.

Qay hollarda qo‘llaniladi?

Bola chala tug‘ilganida bu usul yordamiga murojaat etilishi mumkin. Ya’ni bola kamroq qarshilikka uchrashi uchun onaning tos mushaklarini bo‘shashtirish kerak.

  • Tug‘ruqning diskoordinatsiyalanishida, ya’ni to‘lg‘oq bo‘lsa-yu, bachadon mushaklari noto‘g‘ri qisqarsa, bir vaqtda ochilmasa.
  • Onaning arteril bosimi me’yordan yuqori bo‘lganda, yurak-qon tomir xastaliklarida.
  • Jarrohlik amliyotiga murojaat qilishga ehtiyoj tug‘ilganda.

Umumiy narkozga faqat favqulodda holatlardagina murojaat qilinadi. U mushaklarni bo‘shashtirib, bo‘lajak onani uxlatib qo‘yadi. Odatda kesarcha kesish amaliyoti oldidan qo‘llaniladi.

Og‘riqni barcha birday his qiladimi?

Har bir organizm o‘ziga xos bir olam. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, kimdir tug‘ruqdagi og‘riqni nisbatan kamroq his qilsa, boshqalarda qattiqroq og‘riydi, bu individual xodisadir. Og‘riqsizlantiruvchi vositalarga ham aynan shu individuallikdan kelib chiqqan holda murojaat etiladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing: Kesarcha kesish foydalimi?

Manba: «Sug‘diyona» gazetasi.

5 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x