OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ILMIY-OMMABOP VA HUJJATLI FILMLAR KINOSTUDIYASI

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ILMIY-OMMABOP VA HUJJATLI FILMLAR KINOSTUDIYASI — qisqa va toʻlametrajli, hujjatli, xronikal, ilmiyommabop filmlar ishlab chiqaruvchi kinostudiya. 1934 yil respublika kinoxronika studiyasi sifatida tashkil boʻlgan. 30-y. lardan 1960-yilgacha turli kinogoʻplam, kinojurnallar, jumladan, oylik kinojurnal va maxsus tematik filmlar ishlangan. Maxsus filmlar biror muhim voqea va sanalarga bagʻishlangan. D. Yashin, V. Usova, D. Demuskiy, Sh. Zohidov, M. Qayumov, O. Tursunov, A. Saidov, O. Rahimov, M. Krasnyanskiy, A. Ibrohim, A. Umarov va boshqalar eng faol ijodkorlar boʻlgan. «Kolxoz toʻyi», «Gulsara», «Oʻzbek adabiyoti va sanʼatining Moskvada oʻtgan dekadasi» kabi filmlar respublika hujjatli kinosining dastlabki filmkonsert janri namunaparidir.

Urush yillari respublika kinoxronikasi va hujjatli kino namunalari gʻoyaviy mavzu yoʻnalishiga koʻra harbiy vatanparvarlik, safarbarlik va frontga yordam masalalari bilan bogʻliq boʻlib, davr hujjati sifatida qimmatlidir, ijtimoiy, siyosiy, madaniy hayotni, kino sanʼati tarixini oʻrganishda muhim manba hisoblanadi. 1949-yil respublika kinoxronika studiyasi tugatildi. «Oʻzbekfilm» qoshida kinoxronika sektori tuzilib, u hujjatli va xronikal filmlar ishlab chiqarish bilan shugʻullandi. 1961-yil Oʻzbekiston ilmiyommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi nomi bilan mustaqil kinostudiya sifatida ajralib chiqdi. 1996-yildan hoz. nomda. 1968-yil Qoraqalpogʻistonda Nukus filiali tashkil topdi. Kinostudiya Butunittifoq Kinematografiya instituti (VGIK) ni tugatib kelgan kadrlar bilan mustahkamlandi. T. Nodirov, N. Otaullayeva, L. Fayziyev, D. Salimov, A. Bobojonov, B. Muzaffarov va boshqalar shular jumlasidan. «Oʻzbekistonimizga keling», «Uzzu kun shamol» (Leypsig xalqaro kinofestivalining «Kumush kabutar» sovrinini olgan), «Paranji» (shu festivalning «Oltin kabutar» sovrini), «Bobo» (Krakov xalqaro kinofestivalining «Kumush ajdar» sovrini), «Oʻn uch qaddirgʻoch», «Mirzachoʻl», «Askar frontdan qaytdi», «Frontchi qiz», «Boʻri» (Portugaliyaning Santarema xalqaro kinofestivalining «Kumush barg» sovrini), «Inturist kecha, bugun, ertaga» kabi filmlari bilan jahonga yuz tutdi.

90-y. larning dastlabki yillarida film ishlab chiqarish birmuncha kamaydi. Ammo 1996-yil «Oʻzbekkino» davlat aksionerlik kompaniyasi tashkil etilgach, kinostudiya shu tashkilot tizimida yana faol ishlay boshladi. Kinostudiyada bir yilda 40 dan ortiq turli janr va mavzuda filmlar yaratiladi. Bundan tashqari, xalq taʼlimi vazirligi va turli tashkilotlarning buyurtmalariga binoan ham filmlar ishlab chiqariladi. Mustaqillik oʻzbek hujjatli kinochilari uchun avvallari norasmiy tarzda taqiqlangan bir qancha mavzularni yoritish imkonini berdi. Ayni shu yillarda «Istiqlol fidoyilari» rukni tashkil qilindi va «Behbudiy», «Fitrat», «Munavvarqori Abdurashidxonov», «Said Ahroriy», «Istiqlolning buyuk yoʻli», «Abdulla Qodiriyning yurgan yoʻllari» (hammasining rej. i Gʻ. Shodmonov), «Choʻlpon» (rej. i Sh. Mahmudov) kabi hujjatli filmlar yaratildi. Ayniqsa, kinostudiya ijodkorlari tomonidan yaratilgan «Ruh» (rej. B. Muzaffarov), «Qorakoʻl», «Qogʻoz uycha», «Ular Germaniyada oʻqigan edilar» (Sh. Mahmudov), «Tashnalik» (T. Yunus) va boshqalar filmlar turli festivallar sovriniga sazovor boʻldi. Milliy qadriyatlarimizni xalq ommasiga yanada keng tanishtirish maqsadida «Ahmad Yassaviy» (rej. J. Qosimov), Ahmad Fargʻoniyga bagʻishlangan «Ikkinchi umr» (J. Isʼhoqov), «AlBuxoriy» (F. Fayziyev), Margʻinoniyga bagʻishlangan «Fikh olamining sultoni» (X. Valiyev) kabi filmlar ishlandi.

Studiyada Gʻ. Shodmonov, X. Valiyev, U Ortiqov, J. Isʼhoqov, A. Toʻlaganov kabi tajribali kinohujjatchilar qatori A. Dadashev, M. Karimov, R. Husnutdinov, M. Abdullayev kabi yoshlar faoliyat koʻrsatmoqdalar. Shuningdek, Sh. Abbosov, R. Botirov, S. Nazarmuhamedov, A. Akbarxoʻjayevlar har yili hujjatli kinovideofilmlar yaratmoqdalar.

Toir Yunusov, Zuhra Poʻlatova.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x