Yangi yilda besh kun dam olish kuni berildi. Shu kunlar ichida oila aʼzolarim bilan koʻproq muloqot qilish, kitob oʻqish, xullas, maroqli dam olishga sharoit yaratildi. Bu ayniqsa, ishdan borishimni kutib uxlab qoladigan qizaloqlarimga ayni muddao boʻldi. Ular bilan suhbatlashish, yangi yil bayramlariga borish imkoniyati paydo boʻldi. Shunday suhbatlarning birida olti yoshli qizim hozir hamma koʻrayotgan va hamma joyda muhokama qilinayotgan “Sevgi iztirobi” seriali haqida gapirib qoldi. Sekin qiziqib surishtirsam, serialning hamma qahramonlari nomini yodlab olibdi, uning syujeti-yu, qaysi seriyasida nima boʻlishigacha tutilmay aytib berdi. Afsus, gʻaflatda qolibman. Qizimning qalbini chirmovuqlar oʻrab olishiga, uning ongiga mafkuraviy viruslar tushishiga yoʻl qoʻyib beribman.
Albatta bu oʻrinda birinchi galda oʻzimdan xafa boʻlib ketdim.
Oʻsha serialni farzandlarim bilan koʻrgan turmush oʻrtogʻim bilan mojaro-yu, ularning tarbiyasiga beparvo qolganim uchun oʻzimdan yozgʻirish bilan oʻtdi keyingi kunlar.
Shu bahona serialni obdan oʻrgandim. Achinarlisi, serialda birorta dunyoqarashi sogʻlom qahramonning oʻzi yoʻq edi. Unda koʻrsatilayotgan hayot tarzi garchi film musulmon mamlakatda yaratilganiga qaramay, uning qadriyatlariga zidligi, qahramonlar muhabbat bahona botinlaridagi barcha yovvoyi xislatlariga erk berishgani, fojia ichida yashashgani, yolgʻon, fisqu fujur, xiyonatu razillikdan hazar qilmasliklari bilan muxlislarni oʻziga jalb etardi.
Shu asnoda xayolimga baʼzi bir mulohazalar keldi. Bunday filmlarni kim va nima maqsadda bizga taqdim etyapti?! Bizni qayoqqa boshlamoqchi oʻzi? Qachondan birovlarning nogʻorasiga oʻynashni hayot tarzimizga aylantirib oldik. Buni ancha avvalroq, qoʻlimizdan Navoiy, Mashrablarning devoni tushib, Qodiriy, Oybeklarning kitoblarini chet elning turkum-turkum chuchmal seriallari, kinolari va kliplariga almashtirganimizdan soʻng boshlandimi bu jarayon? “Dallas”u, “Morena Klara”lar,”Gvadalupa”yu “Esmeralda”dan qutulganimizda, endi bunisi qayerdan keldi?
Biz oʻtirgan aksariyat kemalarni kim boshqarayotgani bilan anchadan buyon qiziqmay qoʻyganmiz. Nima uchun yashayapmiz, kimlarga xizmat qilmoqchimiz, qanday kelajakka shoshilayapmiz, degan savollarni oʻzimizga berish esimizdan chiqib ketgan.
Bugun odamlarning jahlini chiqarmoqchi boʻlsangiz, ogʻu qoʻshilgan asal – “Sevgi iztirobi” seriali boshlangan paytda televizorni oʻchirib qoʻying. Koʻrasiz, qanday mashmasha boshlanishini? Dunyodan uzilib, oynai jahonga muk tushib olgan millatdoshimiz ongini ishgʻol qilgan bu serialning mafkurasi nima oʻzi? Toʻgʻri, muhabbat – ulugʻ tuygʻu. Ammo toʻqson toʻqqiz foiz holatda har qanaqa muhabbat burchdan, milliy mentalitetdan ustun kelmagan. Yoshlarning hayotning asosiy mohiyatini ota-ona roziligida, elu yurt oldida yuzi yorugʻligida, pokizalik, halollik, oilaning muqaddasligida koʻrgan. Biz shunday tarbiya koʻrgan xalqmiz. Shunga oʻrganganmiz. Buni qonun deb bilamiz. Bu qonunni inkor etganlar, ota-ona roziligisiz muhabbat koʻyidan ketganlarning taqdiri hamisha ham yaxshi boʻlavermagan. Bunga ota-onalari qabrlarini quchoqlab yigʻlayotgan, minglab adashgan kaslarning cheksiz afsus, figʻonlari guvoh.
Singlisi bilan muhabbat qurib, opasiga uylansa, bu qanday hayot? Ukasini qamoqdan asrab qolaman, deb sevmagan insoniga turmushga chiqqan qizning jasoratini maqtash kerakmi? Bilibmi-bilmay, birov umriga zomin boʻlgan odam nima uchun bu hodisa uchun oʻzi javob bermaydi? Qoʻrqoqlikmi bu? Xoʻsh, qondoshining hayoti uchun jasorat koʻrsatgan asosiy “qirolichamiz” nima uchun irodasini oxirigacha saqlab qola olmadi? Muhabbat uchun-da. Bu ham tushunarli. Bu yogʻi nima boʻladi endi? Hech narsa. Oilaga, nikohga, diniy qadriyatlarga, oʻzlikka xiyonat boshlandi. Birgina qalbning oniy talpinishi uchun arsh larzaga kelyapti. Afsuski, biz shu xiyonat sohibasini, muhabbati uchun olam axloqiy muvozanati, insoniy qadriyatlarni toptayotgan, birov nikohida boʻla turib, sevgilisi bilan istagan maqomiga yoʻrgʻalayotgan chiroyli qizaloqni hammamiz sevib qoldik. Yoqimtoy, qatʼiyatli, muhabbatiga sadoqatli bu “sohibjamol”ni IJOBIY QAHRAMON deymiz-da, endi. Boshqa qanday ilojimiz bor? Axir biz koʻnikkan adabiy-badiiy meʼyorlarga koʻra har qanday asar ijobiy va salbiy qahramonlar ziddiyatiga quriladi-ku.
Nima ham derdik, ongimizda yuz yillar, ming yillardan buyon uxlab yotgan dajjol hislarimizni uygʻotib yubordi bu serial. Shuning uchunmi maʼnaviy hayotimizda turli fojialar gazak olib bormoqda. Televideniyega chiqib olib qaynotasining ishqiy mashmashasini koʻtarishdan tortib, birovning ayoli bilan aloqa bogʻlab, keyin oʻzi chopib tashlangan erkaklarni bu fojia tomon qanday sabablar yetaklayapti? Ongu tafakkuri chegaralangan, mustaqil hayotiy tutumlari yoʻq avomni zaharli, ayni paytda oʻta tomoshabop, qiziqarli hangomalar koʻrsatish millat axloqiy muvozanati buzilishining bosh omili emasmi?
Hech qaysi oʻzbek yigiti xotini birov bilan qochib ketsa, qidirib borganini eshitmaganman. Bunday holatda gʻururi bor erkak ayolining javobini beradi. Birorta badiiy asarda ham bunday syujet tugul, epizod ham koʻrsatilmagan. Ota-bobolarimiz bunday tubanlikdan jirkanishgan… Ammo, afsus, serialdagi “qahramonimiz”…oʻz sevgilisini qidirib topdi. Indamaygina… kechirdi. Shunaqa ham sevgi boʻladimi? Sevgilisi uchun jon berishga tayyor-u, qaynogʻasining xotini bilan ayshu ishrat qiladi? Nima uchun? Oʻchmi bu, alammi bu?! Buni ham jimgina tushunaveramizmi? Bunday tarbiyaga ham moslashamizmi? Bu pastkashlikni kuzatib turgan “sohibjamol”ning esa vijdoni qilt etmadi. Yigit esa baxtiyor. Yuragida tobora shirk xuruj qilib bormoqda. Tomirida telba ehtiroslar, fahsh va razolat qoni gupurmoqda. Dunyoning azaliy qadriyatlariga koʻnikolmagan, hayotni boricha qabul qila olmagan, oʻzini yenga olishga kuchi yetmagan BADBAXTNING qalbida butun olamning pokiza qadriyatlariga nisbatan tiyiqsiz, iblisona isyon jazava qilyapti. Bu chirkin ehtiros dengiziga bizni ham choʻktirishga, shaytoniy hirs daryosida qalblarimizni choʻmiltirishga harakat qilmoqda. Biz ham bemalol asir boʻlayapmiz, ichimiz ogʻrisa-da, aytaylik, mast boʻlayapmiz. Otamizning oldida uyalmay, qizimizning oldida bezrayib serial koʻrayapmiz. Ayolimiz ayni paytda nimalarni oʻylayapti, bolamiz kimga havas qilayapti, qizimiz mashʼum serial namoyishidan keyin maktab partasida nimalarni oʻylayotgan ekan… keyin… keyin… bu yogʻini aytolmayman.
Millionlab murgʻak qalblarning, begʻubor nigohlarini xiyonatkor Nihonchalarga, Amirchalarga tikib qoʻygan, singlisi, ota-onasi, akasining qismatini birovning xotini muhabbati yoʻlida zulmatga tikib yuborgan Kamolchalarning hayotini ibrat oʻlaroq tomoshabinlar qalbiga muhrlayotgan telekanal rahbariyatining kelajakdan, hech boʻlmasa, oʻz farzandlaridan umidlari bordir!!! Ular ertaga bizning yoki ularning, MILLATning ichidan Nihonlar chiqishini xohlashmas.
Bu yoqda muhtaram Prezidentimiz ISLOM MAʼRIFATINI targʻib qilayotgan, millatni millat qilaman, xalqni uygʻotaman, hammaga kitob oʻqitaman, maʼrifatni hayotning bosh mezoniga aylantiraman, deb kechayu kunduz zahmat chekayotgan, Islom akademiyasi, xalqaro Imom Buxoriy markazi, Islom tsivilizatsiyasi markazini ochamiz, dilimizga diyonat solaman, deb butun Hukumatni shu ishga yoʻnaltirayotgan bir paytda biz Prezidentimizni, Hukumatimizni emas, Nihonchalaru Kamolbeklarning taqdirini oʻylayapmiz. Bu bilan yana oʻzimizga, kelajagimizga, Oʻzligimizga, ota-bobolarimiz ruhiga xiyonat qilayapmiz, xolos.
Savollar ketidan savollar tinmaydi. Ammo tuzuk-quruq javob berishga hali tayyor emasmiz. Keling, yaxshisi shu savolni “ZOʻR” TV mutasaddilariga bersak. Ular nima deyishar ekan? Javoblariga qarab mulohazalarni yana davom ettiramiz.
Alimurod TOJIYEV
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/nasr/nihonni-sevib-qoldik-mi/