Nemis va turk tilidagi tadqiqotlarda Turkiston Muxtoriyati haqidagi qarashlar


Post Views:
24

Bugungi kunda Turkiston Muxtoriyati uchun kurash tarixini o‘rganish alohida ahamiyatga ega bo‘lib, uning tarixi nafaqat ilmiy, balki amaliy va hatto siyosiy nuqtai nazardan qiziqish uyg‘otishi tabiiydir. Mazkur muammo tarixiga qisqacha to‘xtalib, shuni ta’kidlash joizki, o‘lkada zo‘rlik bilan o‘rnatilgan bol’sheviklar hukumati mahalliy aholi manfaati va siyosiy huquqlarini tan olmaganligi tufayli 1917 yil 26-28 noyabrda (yangi hisob bilan 9-11 dekabrda) Qo‘qonda Turkiston o‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi tomonidan Turkiston Muxtoriyati e’lon qilindi. Lekin sovet hokimiyati Turkiston Muxtoriyatini o‘zi uchun xavfli deb bildi va 1918 yil 30 yanvarda (12 fevralda) Turkiston Muxtoriyati hukumatini tugatish uchun harbiy harakatlarni boshladi.

O‘zbekistonda mustaqillik tufayligina oshkor bo‘lgan bu tarixiy haqiqat xorijda butun XX asr davomida ma’lum bo‘lgan, chunki bu muammo xorijiy tarixshunoslikning alohida e’tiborida bo‘lib, haqqoniy talqin etilish imkoniyati mavjud edi. Turkiston xalqlarining o‘z milliy huquqlari uchun olib borgan kurashi uzoq yillar mobaynida nafaqat chet el tadqiqotchilari, balki muhojir vatandoshlarimiz tarafidan ham keng yoritilgani bejiz emas. Bu voqealar tarixining “qizil imperiya” davrida mutlaqo noto‘g‘ri talqin etilganligi unga nisbatan qiziqishni yanada kuchaytirgan edi. Muhojirlikdagi vatandoshlar bu kurashlarning haqqoniy tarixini ko‘rsatish orqali sovet hokimiyatining mustamlakachilik mohiyatini butun dunyo xalqlariga yetkazib berishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan edilar. Chunonchi, 20-yillarda Turkiyaga, undan Germaniyaga o‘tib ketgan, Turkiston Muxtoriyati hukumatining rahbari Mustafo Cho‘qay 1937 yildayoq “Yosh Turkiston” jurnalida “1917 yil. Xotira parchalari”da mazkur tarixiy voqea haqidagi o‘z taassurotlarini bayon etgan edi. Mustafo Cho‘qay o‘z xotiralarida ko‘rsatishicha, turkistonliklar Turkistonning o‘z maxsus idora va ijroiya muassasalari, ya’ni qonun ishlab chiqaradigan parlamenti va ishni yuritadigan hukumati bo‘lishi istagida edilar. Maorif ishlari, mahalliy yo‘llar masalasi, mahalliy idoralar, adliya hamda yer masalalarining hammasi mahalliy muxtoriyat hukumati tomonidan boshqarilishi lozim, deb hisoblaganlar. Bundan tashqari, askariy xizmatlar, ya’ni harbiy masalalar ham Turkistonning o‘z ixtiyorida bo‘lishini xohlardilar.

Turkiston Muxtoriyati rahbari Mustafo Cho‘qayning esdaliklari xorijda mazkur muammo bo‘yicha chop etilgan yagona nashr emas edi. Turkiston Muxtoriyati tarixining nemis tarixshunosligidagi ilk bor maxsus va chuqur talqini yana bir turkistonlik muhojir Boymirza Hayit asarida ham o‘z aksini topgan. Unda muallif muxtoriyatchilik g‘oyasining vujudga kelishini bevosita Turkiston musulmonlarining milliy markazi faoliyati bilan bog‘laydi, “milliy markaz 2 ta tashkilotdan – “Sho‘roi Islomiya” va “Sho‘roi Ulamo”dan iborat bo‘lib, bu tashkilotlar o‘rtasida birlik bo‘lmaganligi, birinchi tashkilot 1917 yil aprelidan Turkiston uchun mustaqil qonun chiqaruvchi organ tashkil etish nuqtai–nazarini yoqlasa, ikkinchisi Umumrus parlamentining Turkistonga taalluqli qonunlarni tasdiqlovchi shariat sudi (Mahkamai shariat) tuzishni yoqlab chiqqanligi” haqida ma’lumot beradi. Uning ta’kidlashicha, Turkistonda 1917 yil noyabrida vujudga kelgan ayanchli ahvol bu ikki tashkilotni birlashishga majbur etgan.
Boymirza Hayit keltirgan bu ma’lumotlar asosan Mustafo Cho‘qayning xotiralariga, P.N.Milyukovning “Nasional’niy vopros. Proisxojdenie nasional’nostey i nasional’nie voprosi v Rossii kitoblariga asoslangan. Bu tarixiy haqiqat o‘sha davr zamondoshlarining ko‘rsatmalarida ham e’tirof etilgan. Masalan, o‘sha davr muallifining davriy matbuotda chop etilgan maqolasida ham Turkiston xalqlari o‘rtasida milliy nizo bo‘lsada, ularni muxtoriyatchilik harakati ma’lum vaqt birlashtirib turganligi alohida qayd etilgan.

Nemis va turk tarixshunosligida Turkistonda muxtoriyatchilik g‘oyasining vujudga kelishi masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xorijiy tadqiqotchilar uni 1917 yil aprelida bo‘lib o‘tgan Turkiston musulmonlarining qurultoyi bilan bog‘lab ko‘rsatadilar. Mazkur qurultoy ishi haqida uning ishtirokchisi bo‘lgan Ahmad Zakiy Validiy To‘g‘onning ko‘rsatishicha, qurultoy uning federatsiya g‘oyasini har tomonlama yoqlab chiqqan. Mahmudxo‘ja Behbudiy va qozoq muhandisi Muhammadjon Tinishboevlar ham shu g‘oyani yoqlaganlar. Qurultoyda bu g‘oyaga qarshi bo‘lganlar ham bor edi. Masalan, Sadri Maqsudiy federatsiyaga qarshi chiqqan. Biroq federatsiya g‘oyasi ko‘pchilik ovoz bilan qattiq himoya qilingan va qabul etilgan.

Boymirza Hayit ham o‘z asarlarida ta’kidlashicha, 1917 yil 16-23 aprelda bo‘lib o‘tgan Turkiston umummusulmonlar qurultoyi Rossiyaning bo‘lajak davlat tuzumi demokratik federativ asosda qurilishi kerak, degan qaror qabul qilinganini ta’kidlab o‘tgan va buni Turkiston uchun mustaqil boshqaruv huquqini berardi, deb baholagan. Muallifning fikricha, o‘z-o‘zini boshqaruv huquqining” avtonomiya yoki Rossiyadan ajralish orqali amalga oshirilishi ochiq bildirilmagan.

Ahmad Zakiy Validiyning guvohlik berishicha, iyun oyi boshidan boshlangan kurash natijasida muxtoriyat g‘oyasining ta’siri hamma yerda kuchaya borgan.

Xorijiy tadqiqotlarda turkistonliklar muxtoriyatchilik g‘oyalarini faqat Turkistondagina emas, balki Rossiya miqyosidagi yig‘ilishlarda ham yoqlab chiqqanliklari ta’kidlanadi. Ma’lumki, 1917 yil 19-27 mayda Moskvada Rossiya musulmonlari s’ezdida asosiy masala yuzasidan, ya’ni Rossiyaning chekka o‘lkalari taqdiri va davlat tuzilishi haqida kuchli munozaralar bo‘lib o‘tadi. Boymirza Hayitning yozishicha, bu s’ezdda turkistonliklar faqat federatsiya tarafdori bo‘ladilar.

Muallifning bu fikrlarini tarixiy manbalar ham tasdiqlaydi. Chunonchi, Turon gazetasi s’ezd ishi haqida bergan xabarida ta’kidlanishicha, Turkiston musulmonlari vakillarining rahbari Ubaydulla Xo‘ja Turkiston uchun milliy–hududiy muxtoriyat olishni asoslab bergan, turkistonliklar zulmdan ozod bo‘lish uchun muxtoriyat talab qilgan. Ubaydulla Xo‘ja federatsiyaga qarshi bo‘lganlarning da’volari asossiz ekanligini ko‘rsatib beradi. Federatsiyani demokratiyaga qarshi deb hisoblovchilarga Amerika davlati ham federativ davlat ekanligini unutmaslikni, bu mamlakatda hech kim demokratik huquq yo‘q yoki u poymol qilinmoqda, deya olmasligini, Amerika xalqiday demokratiyaga ega bo‘lgan xalq yo‘qligini ta’kidlab o‘tadi. Ubaydulla Xo‘ja federatsiya sharoitida musulmonlar siyosiy va iqtisodiy jihatdan mustaqillikni, diniy jihatdan birlikni saqlab qoladilar, deb hisoblaydi. U.Asadullaxo‘jaev turkistonliklar Turkistonni boshqara olmaydilar, deb hisoblovchilarni unitaristlar deb atab, ularga javoban deydi: Biz ajdodlarimiz bilan faxrlanamiz. Turkiston xalqi o‘z siyosati va boshqaruviga intilgan xalqdir! O‘z o‘zimizni boshqarish uchun bizda odamlar bor, bo‘ladi ham.

Mazkur s’ezdda ovoz berish natijasida federalistlar g‘oyasi 446 ovoz bilan o‘tdi, unitaristlar esa 271 ovozga ega bo‘ldi.

Shu tariqa muxtoriyat g‘oyasi tobora kuchayib bordi. Ammo Turkistonda 1917 yilda Oktyabr’ to‘ntarishi sodir bo‘ldi va bol’sheviklar diktaturasi o‘rnatildi. Bol’sheviklar hokimiyatga turkistonliklardan vakil kiritmadilar. Bundan norozi bo‘lgan turkistonliklar 1917 yil noyabrida Qo‘qonda Turkiston Muxtoriyatini e’lon qildilar.

Xo‘sh, bu ziddiyatli jarayonlar xorijiy tarixshunoslikda qanday yoritiladi? Boymirza Hayitning nemis tilida chop etilgan tadqiqotida qayd etilishicha, Toshkentdagi sovet komissariati faqat ruslardan iborat bo‘lgan, Turkistonda yagona va qonuniy hukumat bo‘lishiga da’vogar bo‘lgani turkistonliklar Qo‘qon va Orenburg shaharlarida 1917 yil dekabrida o‘z s’ezdlarini chaqirib, 10 dekabrda o‘z milliy muxtor respublikalarini e’lon qilganlar – bu sobiq Turkiston general-gubernatorligida joylashgan Turkiston Muxtoriyati va Dasht general-gubernatorligida joylashgan Alash O‘rda hukumatidir. Shu tariqa Turkistonda hokimiyatga turkistonliklar va bol’sheviklar da’vogar bo‘lganlar, bular bir-birlarini tan olishni istamas edilar. Sovet hokimiyati chorizm davridan qolgan hokimiyat apparatiga va aholining yevropalik qatlamiga tayangan bo‘lsa, milliy muxtoriyat hukumati tayyorgarlik ko‘rgan armiya (harbiylar)ga, qurol-aslaha, pul va chetdan yordamga ega emas edi, faqat Turkistonning tub xalqiga suyanardi. Turkistonda sovetlar armiyaga, qurolga va Rossiyaning qo‘llab-quvvatlashiga suyanardi. Bundan tashqari, 1916 yil qo‘zg‘olonida qurollanib olgan o‘lkadagi rus aholisi ham bol’sheviklar tayanchi edi. Ikki tomon ham ozodlik haqida gapirardi. Sovetlar ozodlik deganda Turkistonni qaytadan Rossiya tarkibiga kiritishni va, demakki, zulmni tushunardi, turkistonliklar esa ozodlik deganda mustaqillik va o‘z davlatchiligini tiklashni tushunardi.

Darhaqiqat, bol’sheviklar turkistonliklarning xohish-istaklari bilan hisoblashmaganlaridan so‘ng Turkiston Muxtoriyati hukumati vujudga keldi. Bu hukumat qisqa muddat ichida xalq o‘rtasida katta e’tibor qozondi. Nemis va turk tarixshunosligida ta’kidlanganidek, yangi mahalliy hukumat faqat Qo‘qonda yoxud Farg‘ona vodiysida emas, balki butun Turkiston mintaqasida yashayotgan tub yerli xalqlar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlangan.

Buni tarixiy manbalar, voqealar zamondoshlari va 20-30 yillardagi sovet nashrlari ham tasdiqlaydi. Chunonchi, 1931 yilda chop etilgan, covet tarixshunosligida Turkiston Muxtoriyati tarixiga bag‘ishlangan asarida P.Alekseenkoning ta’kidlashicha, Qo‘qon muxtoriyati mahalliy, Qo‘qon va hatto Farg‘ona harakatigina bo‘lib qolmasdan, balki butun Turkistonning umumiy harakati bo‘lgan va Turkistonning butun tumanlarini egallagan, millatidan qat’i nazar butun Turkiston burjuaziyasini jalb qilgan va turli bosqichlarda Turkiston aholisining boshqa qatlamlarini ham qamrab olgan. P.Alekseenko o‘z asarida bol’sheviklarning milliy masala sohasida yo‘l qo‘ygan xatolarini ham oshkora ko‘rsatib o‘tadi. Bol’sheviklarning bu xatolari Turkiston muxtoriyati vujudga kelishiga sabab bo‘lganini e’tirof etadi. Muallif Turkiston muxtoriyatining vujudga kelishiga sabab qilib o‘z kapitalidan ayrilgan va hukmron mavqeini yo‘qotgan milliy burjuaziya va rus burjuaziyasi proletar hokimiyati bilan kelisha olmaganligidadir, deb uqtirmoqchi bo‘ladi, sovet hokimiyatini oqlab, mulkdorlarni qoralashga urinadi. Bu fikrlar nemis va turk tarixshunosligida ilgari surilgan fikrlarga zid bo‘lib, 1930 yillardan boshlab Sovet tarixshunosligida Turkiston xalqlarining o‘z milliy huquqlari uchun kurashlari, xususan, Turkiston muxtoriyati tarixi buzib, soxtalashtirilib ko‘rsatila boshlagan va bu hol 1990 yillarning o‘rtalarigacha davom etdi. Tadqiqotlar yangi ma’lumotlar bilan boyisada, lekin aniqlangan ma’lumotlar sinfiy, partiyaviy asosda, noto‘g‘ri talqin etildi. Bu adabiyotlarda ta’kidlanishicha, muxtoriyat hukumati aksilinqilobiy kuchlardan tashkil topgan, sovetlarga ashaddiy dushman va manfaatiga zid bo‘lgan elementlarning yig‘indisi edi. Darhaqiqat, Turkiston muxtoriyati sovet hokimiyatiga qarshi bo‘lib, mahalliy aholi bu hokimiyatni qabul qilmaganligi tufayli tuzilgan va Turkiston xalqlari Turkiston muxtoriyati hukumatini o‘z milliy hukumati sifatida keng qo‘llab quvvatlaganlar, biroq sovet davrida bu haqiqat inkor etildi, aniqrog‘i xaspo‘shlandi va Qo‘qon muxtoriyati tuzilishi mexnatkashlarni qattiq g‘azablantirdi, degan mazmundagi soxta qarashlar targ‘ib etib kelindi.

Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, xalq aksincha muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlaganini tarixiy manbalar ham tasdiqlaydi. 1917 yil 10 dekabrida Turon gazetasida 1917 yilning 6 dekabrida Toshkent shahrida Turkiston Muxtoriyatini yoqlab 60 ming kishilik aholi miting o‘tkazgani haqida xabar beriladi. Bu mitingda turkistonliklar sinf va daraja ayirmalariga qaramasdan Turkiston Muxtoriyatini olqishlashlarini bildiradilar va o‘lkadagi hamma musulmonlarni Turkiston Muxtoriyati hukumati atrofida jipslashishga chaqiradilar. Toshkentdagi yahudiy sosial-demokratik partiyasi jamiyati Turkiston muxtoriyatini tabriklab, turkistonda ozchilikni tashkil etuvchi millatlarning huquqlarini ta’min etishlarini tilaydi.

Boshqa gazetalarda ham xuddi shunday mazmundagi xabarlar berilgan. Masalan, El bayrog‘i gazetasining xabar berishicha, 1917 yil 1 dekabrda Namanganda 10 mingcha kishi ishtirokida muxtoriyatni qo‘llovchi yig‘in bo‘ldi, Jalolobod volostining Xonobod qishlog‘ida 6 dekabrda, Qo‘qonda 7 dekabrda shunday namoyishlar bo‘ldi. 13 dekabrda Toshkentda Turkiston muxtoriyati uchun shiori ostida namoyish o‘tkazildi. Bu namoyishda musulmonlardan tashqari ruslar, yahudiylar, armanlar, shuningdek, bol’sheviklardan tashqari turli xil ijtimoiy-siyosiy tashkilotlardan vakillar ishtirok etganligi haqidagi xabar ayniqsa muhim bo‘lib, Turkiston Muxtoriyatini o‘lkadagi boshqa millat vakillari qo‘llab-quvvatlaganligini tasdiqlaydi.

Xorijiy tarixshunoslikda Turkiston Muxtoriyati tarixini yoritgan mualliflar 13 dekabr voqeasiga alohida to‘xtalib o‘tganlar. Mazkur voqea qanday sodir bo‘lganligiga qisqacha to‘xtalib, shuni qayd etish mumkinki, turkistonliklarning ko‘tarinki ruhda muxtoriyatni qo‘llab namoyish va s’ezdlar o‘tkazishi bol’sheviklarni tahlikaga solib qo‘ydi va ular choralar ko‘rishga kirishib ketdi. Toshkentdagi 13 dekabr namoyishi qatnashchilari o‘qqa tutildi, eski shaharlik 16 kishi ana shu to‘qnashuv qurboni bo‘ldi. Sovet hokimiyati harbiy ishlar bo‘yicha komissari Stasikov 13 dekabr kuni quyidagi qarorni imzolaydi: Toshkent shahri 13 dekabr kech soat 7 dan harbiy holatda deb e’lon qilinadi. Soldat va ishchi deputatlari Toshkent Sovetining ijroiya komiteti shuni Toshkent shahar fuqarolariga yetkazar ekan, tinchlik saqlash va xalq hukumatining (aslida bir guruh rus bol’sheviklari hukmronligini ta’minlagan hukumat – S.Sh.) hamma talablarini bajarishi lozim”ligini talab qiladi, tartibbuzarlarga va inqilob dushmanlariga eng qattiq choralar, hatto qurolli kuch ishlatilishi haqida ogohlantiradi.

Mustafo Cho‘qay xotirasida 13 dekabr voqeasi rus bol’sheviklari tomonidan bizning xalqqa ko‘rsatgan xoinlik kuni deb baholangan edi. Shu paytdan boshlab turkistonliklar va bol’sheviklar orasida ochiq kurash boshlandi.

Nemis tarixchisi Y.Benzing esa bu voqeani Sovet Rossiyasining muxtoriyatga qarshi birinchi qonli qadami sifatida baholagan, namoyishchilarning o‘qqa tutilishi bol’sheviklarning Turkiston muxtoriyatiga haqiqiy munosabatini ko‘rsatib berganini, Sovet hokimiyati Turkiston muxtoriyatini yo‘qotish uchun kuch ishlatishga kirishganligini ta’kidlaydi.

Xuddi shunday qarashlar keyinchalik Buloq Boshi va Boymirza Hayitlar tomonidan ham ilgari suriladi. Chunonchi, Boymirza Hayit bu voqeani Sovetlarning muxtoriyatga qarshi ilk yirtqichliklari sifatida baholab, bu Turkiston muxtoriyatini yo‘qotish yo‘lida ilk tajriba edi, deb hisoblaydi.

Lekin o‘lkadagi bol’shevikcha rejimning tazyiqlariga qaramay, Muxtoriyat hukumatini qo‘llab-quvvatlash davom etdi. 1917 yil 26-30 dekabrda (1918 yil 8-12 yanvarda) Qo‘qon shahrida musulmon ishchi, soldat va dehqon deputatlarining 1 favqulodda s’ezdida Turkiston Muxtoriyatiga munosabat masalasi asosiy masala bo‘ldi. Bu s’ezd 27 dekabrda Petrograddagi xalq komissarlari Sovetiga telegramma jo‘natadi va unda Toshkent Xalq Komissarlari Sovetiga hokimiyatni Turkiston Muxtoriyati hukumatiga topshirish to‘g‘risida farmoyish berishini so‘rab murojaat qiladi. Turkistonni juda katta falokatga olib keluvchi beboshchilik va qo‘sh hokimiyatchilikning oldini olishga chaqiradi.

Lekin sovet hukumatini Turkiston ishchi va dehqonlarining istaklari qiziqtirmasdi. O‘z hukumati nomidan 1918 yil 5 yanvarda I.Stalin Turkistonga yuborgan telegrammasida turkistonliklar harbiy kuchga ega bo‘lsalar, Toshkent Sovet Komissariati ularni qurol kuchi bilan tarqatib yuborishlari mumkinligi ta’kidlagan. Bol’sheviklar na Qo‘qondagi hukumat, na turkistonlik mahalliy ishchilar Toshkentdagi Sovet komissariatini tarqatib yuborish uchun bunday kuchga ega emasligini yaxshi bilardilar. Bu hol xorijiy tarixshunoslikda muxtoriyat hukumati va turkistonlik ishchi va dehqonlarga birinchi ogohlantirish», «shaytonlarcha provokasiya» deb baholandi.

Shunday qilib, Turkistonda parallel ravishda ish olib boruvchi ikki hokimiyat vujudga keldi. Bunday holga dosh berishni istamagan, yakkahokimlikni maqsad qilib qo‘ygan bol’sheviklar hokimiyati yana zo‘ravonlik siyosatini qo‘lladi. Toshkentdagi Sovet hukumati 31 yanvardagi Sovetlarning o‘lka s’ezdida Turkiston Muxtoriyati hukumatini tarqatib yuborish, uning a’zolarini qamoqqa olish va bu hukumat apparatini Sovetlar qo‘liga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Shundan keyin Sovet komissariati Qo‘qonni zabt etishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. 1918 yil 7 fevralda Qo‘qonga ruslarning M.K.Shkarupa boshchiligidagi jangovar guruhi (140 soldat, 4 ta pulemyot) jo‘natiladi va keyinroq ularga dashnoqchilar arman partiyasining 120 soldati kelib qo‘shiladi. 19 fevralda Qizil gvardiyachilar Qo‘qonni egalladi. Shahar uch kun mobaynida yondi. Turkiston Muxtoriyati hukumati ag‘darildi. Qo‘qonda 10.000 kishi o‘ldirildi, 10 ga yaqin bank, butun Turkistonning paxta birjasi bo‘lgan Qo‘qon taxminan 3 mlrd. rubl zarar ko‘rdi. Shu tariqa Turkiston Muxtoriyati fojeali tugatildi.

Xorijiy tadqiqotlarda mazkur masala qanday yoritiladi? Nemis tarixshunosligida Qo‘qondagi Turkiston milliy hukumatining ag‘darilishi bilan Sovet rahbariyati o‘zining haqiqiy basharasini ko‘rsatganligi, milliy o‘lkalardagi rus bo‘lmagan xalqlarning huquqlarini bir tiyinga olmaganligi, bu bilan ular eski milliy zulm siyosatini davom ettirilganligi ta’kidlanadi.

Xorijiy tarixshunoslikda Turkiston Muxtoriyati tugatilishi oqibatlariga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Chunonchi, Boymirza Hayitning fikricha, muxtoriyat va uning hukumati bol’shevistik qizil gvardiyachilar tomonidan qurolli kuch yo‘li bilan ag‘darilganidan so‘ng birinchi marta Turkiston mustaqilligi g‘oyasi vujudga kelgan. Mustafo Cho‘qay esa mustaqillik uchun kurash boshlanishini ta’sis majlisining tarqatib yuborilishi bilan bog‘laydi. Uning yozishicha, ta’sis majlisi mahv etilishi bilan federatsiya to‘g‘risidagi umidlar ham abadiy yo‘qolgan, ular milliy ozodlik, to‘liq milliy istiqlol kurashi yo‘liga va mustaqil Turkiston davlati uchun kurash yo‘liga tushganlar. Yana bir Turkistonlik muhojir Abdulla Boysun esa Turkiston Muxtoriyati hukumatining ag‘darilishi va Qo‘qon shahrining vayron etilishi milliy maqsadlarni amalga oshirish uchun kurashning yanada keng tus olishiga olib kelganligini ta’kidlaydi.

Xulosa qilib shuni qayd etish joizki, kommunistik mafkura tazyiqidan xoli bo‘lgan xorijiy tarixshunoslikda Turkiston xalqlarining milliy davlatchilik g‘oyalari uchun kurashi o‘zining butun murakkabliklari bilan aks etgan va bunda xorijda muhojirlikda bo‘lgan 1917 yilda Turkiston voqealari ishtirokchilarining xotiralari katta o‘rin egallagan. Xorijiy mualliflar Turkiston muxtoriyati turkistonliklarning manfaatini himoya qilishni maqsad qilib qo‘ygan edi, degan fikrni yakdillik bilan ma’qullaydilar. Turkiston muxtoriyati hukumati ag‘darilishi bilan muxtoriyatchilik g‘oyasi tugadi va to‘la milliy mustaqillik uchun kurash boshlandi, degan xulosaga keladilar. Ular o‘sha davrda turkistonliklar o‘z taqdirlarini o‘z qo‘llarida ushlab qola bilmaganlarining asosiy sabablari sifatida bir tomondan milliy tashkilotning kuchli emasligi, milliy rahbarlarning yetarli bo‘lmagani hamda siyosiy tomondan to‘la pishib yetilmaganligi, milliy ziyolilar orasida birlikning to‘la yaratilmagani, ayniqsa bu sohada o‘sha zamondagi ruhoniy kuchlar tug‘dirgan qiyinchilik va to‘sqinliklaridan iborat ekanligini, ikkinchi tomondan Sovetlarning kuchli qurolli qo‘shinga tayanganini ko‘rsatadilar.

Darhaqiqat, mustabid sovet hukumatining harbiy imkoniyatlari, kuch-quvvati endigina tuzilgan Turkiston muxtoriyati va uning tarafdorlariTurkiston xalqlaridan bir necha bor ustun va kuchli edi. Qariyb yarim asr mobaynida qurol-yarog‘ va harbiy sohadan uzoqda saqlangan xalq zamonaviy qurollarga ega shafqatsiz bosqinchilar oldida ojizlik kildi. Avvalgi mustabid tuzumning ongli ravishda olib borgan siyosati, ya’ni mahalliy aholiga qurol bermaslik o‘z mevasini berdi va Turkiston xalqlarining bo‘yniga yangi mustamlakachilik kishani osildi, ularning milliy davlatchilikni tiklash yo‘lidagi sa’y-harakatlari fojeali tugadi.

Turkiston Muxtoriyatining maqsadi, mohiyati, ahamiyatini to‘g‘ri baholay olgan xorijiy tadqiqotchilar, afsuski, mazkur voqealar bilan bog‘liq jarayonlar tafsilotlarini to‘liq yorita olmaydilar. Ayniqsa Turkiston Muxtoriyatining butun o‘lka bo‘ylab qo‘llab-quvvatlanishi, uning tugatilishi, faoliyati, dasturi bilan bog‘liq ma’lumotlar xorijiy tarixshunoslikda uchramaydi. Chunki ular mazkur masalalarni yorituvchi mahalliy matbuot materiallari, arxiv hujjatlaridan foydalanish imkoniga ega emas edilar. Bu ma’lumotlar nafaqat xorijiy tarixshunoslikda, balki sovet tarixshunosligida ham e’tibordan chetda qolgan. Turkiston Muxtoriyati hukumatining tarixi va uning fojeali qismati bilan bog‘liq voqealarni yorituvchi tarixiy faktlar mustaqillik davridagina oshkor etila boshlandi. Mazkur muammoga oid jami manbalarning ilmiy iste’molga ilk bor kiritilishi asosida dastlabki tadqiqot yaratildi. S.Agzamxodjaev qalamiga mansub bu asarda muxtoriyatchilik g‘oyasining vujudga kelishi va rivojlantirilishi, unda jadidlar, ziyolilar, ulamolarning tutgan o‘rni, milliy birlik va milliy ozodlik g‘oyalarining ahamiyati, Turkiston muxtoriyatining tarixiy ahamiyati ilk bor o‘zining xolisona talqinini topdi. Muallif aniq ma’lumotlarni atroflicha tahlil etib, «Turkiston Muxtoriyati millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi masalasini demokratik yo‘l bilan hal etishga bel bog‘lagan xalq irodasi va ilg‘or ziyolilarning ko‘tarinki xatti-harakatlari zaminida vujudga keldi. Tabiiyki, zo‘ravonlik, shovinizm bilan qurollangan yangi mustabid bol’sheviklar milliy mustaqillikka intilishning har qanday ko‘rinishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi edilar», degan xulosaga keldi.

Bu tarixiy haqiqatni tiklash yuzasidan olib borilayotgan tadqiqotlar juda ko‘p masalalarni aniqlash imkonini bergan bo‘lsa-da, hali oldinda turgan vazifalar, o‘rganilishi lozim bo‘lgan muammolar ko‘p. Ularning yechimini topish uchun esa xorijiy tarixshunoslik va vatan tarixshunosligining ilmiy hamkorligiga katta ehtiyoj seziladi, chunki xorijda (voqeaga guvoh bo‘lgan) muhojir vatandoshlarning xotira va esdaliklari, shaxsiy arxivlari saqlangan bo‘lsa, O‘zbekistonda o‘sha davr milliy matbuoti, 1920yillar adabiyoti hamda sovet davlati arxivida juda muhim ma’lumotlar mavjud bo‘lib, ular bir-birini to‘ldirish, tarixiy haqiqatni to‘la va xolisona tiklashga yordam berishi shubhasiz.

Sanobar ShODMONOVA
t.f.d., O‘zR FA tarix instituti

“O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyatining o‘rni va roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari,
2017 yil 12 oktyabr’

https://shosh.uz/uz/nemis-va-turk-tilidagi-tadqiqotlarda-turkiston-muxtoriyati-haqidagi-qarashlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x