Moʻttivoymisan, Mittivoymisan?

Bolalar va oʻsmirlarning aksariyati tabiatan shoʻx, oʻjar, shu bilan birga, oʻta qiziquvchan, behad taʼsirchandir. Ulardagi bu xususiyatlarning yaxshi tomonga shakllanishida tarbiyadan tashqari, muhitning ahamiyati ham beqiyos. Bola el-yurtning quvonchu tashvishlari asosan nimalarda namoyon boʻlishini, oddiy kishilar turmushining lazzatli kechishida odmilik, mehnatsevarlik, oilaparvarlikdan tashqari, toʻgʻrisoʻzlik, ahillik, halollik, ayniqsa, adolatning oʻrni nechogʻlik ulkan ekanligini qanchalar erta anglab yetaversa, jamiyat uchun shunchalar qayishuvchan boʻlib ulgʻayaveradi. Bunda bolaning koʻproq kattalar orasida boʻlmogʻi, ularning tirikchilik tarzi bilan yaqinroqdan tanisha bormogʻi oʻziga xos bir maktab vazifasini oʻtashi shubhasizdir.

Quvnoqlik va jiddiylik qorishmasidan iborat boʻlgan ushbu qissada ajabtovur bir tasodif tufayli chigal ahvolga tushib qolgan va atrofidagi samimiy, insofli, pokizaqoʻl insonlar taʼsiri bois oʻsmirlikdanoq oʻzi uchun yorugʻ yoʻl topib olishga tirisha boshlagan yosh zamondoshimiz kechinmalari haqida hikoya qilinadi.

Bu asar yosh oʻquvchilarga ozmi-koʻp shavq ulashibgina qolmay, koʻngillarida elsevarlik, yurtparvarlik tuygʻularini yanada jonlantirishga qittakkina ulush qoʻsha olsa, oʻzimni juda-juda baxtiyor his etgan boʻlardim.

 Muallif


 

Yasama yoʻlbars hangomasi

 

E, oshnajonlar-a, ja gʻalati ish boʻldi-da. Ikki oyoqda unchalik lapanglamasdan yura olishimga qaralsa, harqalay, odam desa degulik boʻz bola edim, koʻzni bir ochib yumguncha toʻrt oyoqli kuchukchaga aylanib oʻtiribman-ku. Bu koʻrgilikning yuz berishi oltinchi sinfga havva-huvva koʻchvolgan paytimga, qiyqiriqlar bilan boshlangan yozgi taʼtilning qoq beshinchi kuniga toʻgʻri keldi.

Bungachayam boshimdan gʻalva arimay turuvdi, oʻzi. Uch oylik hordiq eʼlon qilingan zahoti “Kallani ishlatishdan qutuldik!” deb hayuvlaganimcha xonadan shunqorlanib chiqayotib, uzunyoʻlak shiptidagi qandilning kuyik nokchirogʻini almashtirayotgan elektrchiga urilib ketganimni; u desangiz, toʻgʻrima-toʻgʻri yiqilavermay, oyogʻi ostidagi stuldan chechan futbolchiga oʻxshab, qaychi usulida teskarisiga umbaloq oshganini; qoʻlidan uchgan nokchiroq devorga paqillab tegib, shisha siniqlaridan biri pol yuvayotgan farroshning burniga sanchilib qolganini aytmasam, taʼtilning birinchi kuni men uchun ortiqcha mashmashasiz oʻtgandek edi. Ikkinchi kungi qiligʻim andak chakkiroq boʻldi, menimcha.

Oʻshanda behining qayishqoq shoxidan kamon yasayotib, bu ishning chakki tomoni boʻlishi mumkinligi sira-sira xayolimga kelmagandi. Olti yasharligimdan beri kamon otaman. Uni qanday yasashni, bir gal opogʻotamnikiga borganimda, kichik togʻam oʻrgatgani esimda. Bu orada, tokdagi uzumlarimizni, ayniqsa, ertaki quvonchqoralarni yopirilib choʻqilovchi qancha-qancha qushning patini toʻzgʻitdim, qancha-qancha it-mushukka jarohat yetkazdim. Muzloqda sirpanib oʻynayotganimda boshimdan uchib tushgan quyonteri telpagimni chaynab qoʻygan, qishlogʻimizdagi eng sayoq, eng surbet koʻppak sanalmish Oqchoponning oʻng koʻziniyam men koʻr qilganman.

Kamon bitgach, qurigan qamishning silliq gʻarovi ichiga uchi bigizdek oʻtkirlangan choʻpni suqib, chiylangan ipda mahkamlab bogʻladim. Oʻq-yoy ham tayyor boʻldi. Bir zamonlar hatto Alpomishdek pahlavonlarimizga asqatgan qaqshatqich qurolning zabtini sinash istagida toʻrt tomonga alangladim. Kechpishar toshnokning ustida chaqchayib turgan hakka Alpomishga koʻp yomonliklar qilgan Surxayl kampirga oʻxshab koʻrindi-yu, unga tish qayraganimcha, kamondan oʻq uchirdim…

Qarabsizki, yana xarxasha chiqib turibdi-da!

Xoʻsh, jodugarni eslatuvchi loʻlikoʻz qushga oʻq otishning qanaqa xarxashasi bor ekan, dersiz. Agar, oʻq hakkaga tegmasdan oʻtib, devor ortidan: “Qaaaq! Qaqaaaq!!!” degan nola eshitilmaganida, hamma ish sippa-silliq kechgan boʻlardi, albatta. Jon holatdagi qaqagʻlashlarga qoʻshnimiz Mahay xoʻrozbozning “E, voh! “Samuray”imni oʻldirib qoʻyishdi-ku!” degan vagʻillogʻi qoʻshildi. Sal oʻtmay, hovlimizda oʻzi ham paydo boʻlib, bu yengilmas xoʻrozni qoʻtosdek keladigan qoʻchqorimga alishtirganidim, endi Xoʻppakallangni ogʻilimga bogʻlab qoʻyasan, deb soʻlak sachratgan koʻyi meni tizgʻitishga tushdi. Pirpiraklanib, koʻchaga qochdim.

Haytovur, Xoʻppakalla degan urishqoq qoʻchqorimiz oʻzimizda qoldi, “Samuray”ning qanoti bor-yoʻgʻi andakkina lat yegan ekan. Xudo bir saqladi-yov!

Uchinchi kun, aslida, xuddi soʻqmoqqa suv sepgandek boʻlib, hech bir chang-toʻzonsiz oʻtishi kerak edi. Chunki koʻchaga chiqayotib, yetar, bugun koʻngilning gapiga kirish yoʻq, buvim shoʻrlik meni tergayverib holdan toydi, davrimda bir yayrab dam olsin, deb ichimdan tuginib qoʻyuvdim. Bekor turmaslik, omadim yurishsa, birorta qariyadan duo-puo eshitib qolish niyatida “uloqchi” bolachoqlardan birining choʻbak otini tortib oldim-da, ariqdagi kattaroq toshlarga qadalib qolgan qogʻozu xashaklarni “saman tayoq”da qirgʻoqqa surib, suv yoʻlini tozalashga tutindim. Shu pallada uzoqdan mahalla sartaroshi Baraka marakaning “Eshvoynikiga maʼrakagaaa!” degan chinqirigʻi taraldi. Toʻsatdan miyam tumanlashdi.

Qishloqni aylanib, erinmay surishtirib koʻring, Baraka marakani yoqtiradigan biror-bir bolani topib boʻpsiz. Toʻyda kichkintoylarga kun bermaydi, bir dasturxondan nariga haydasa, bir shovqinimiz yuragiga sigʻmay qoladi. Ayniqsa, Toʻlan toʻlpoq qizini uzatgan toʻyda qozonga yaqinroq borganimni bilaman, yelkamdan vahshiylarcha tutamlab, ayamay siltab tashlagani poʻkanimga zildek botganidi.

Velosiped minib olgan usta, odamlarni tekin oshga chorlagan asno, tobora yaqinlashib kelaverdi. Yaqinlashayotib, menga xiralanib qarash oʻrniga, balli, Moʻttivoy, ariq tozalashning savobi katta, deb oʻtsa, burni bujmayib qolmasdi. Yoʻq, oʻsha turq, oʻsha bashara.

E, qaysarligim qursin – qoʻlimdagi tayoqni velosipedining old gʻildiragiga qanday tiqqanimni bilmay qolibman. Odam uchmaydi, degan gap yolgʻon ekan. Oldindagi gʻildirak taqqa toʻxtab, velosipedning orqa tomoni tepaga koʻtarilishi bilanoq usta Baraka maraka “Eshvoynikiga maaa…” degan asno havoda shunaqangi tekis uchishni boshladiki, buni qaysidir lochin panadan koʻrib turgan boʻlsa, hasaddan kuyib oʻlishi aniq edi. Tekis uchishdan tashqari, ancha uzoqqa uchdi. Ammo hay, darigʻ, deb qoʻyish kerak, qoʻnishi jichcha pala-partish tus oldi. Oʻzidan koʻrsin, uni binoyidek uchirdim, qoʻnishni eplolmasa, men nima qilay?

Toʻrtinchi kunga oʻtar kechasi odamning zavqini chuchvaraqaynar qilvoradigan qoyilmaqom tush koʻrdim. Shu desangiz, xachirdan sal chogʻroq bir yoʻlbarsga dangal tashlanib, tappa bosib yiqitibman. Keyin, uning boʻynidan bogʻlavolib, qishloqda koʻchama-koʻcha kezaverdim. Menga koʻzi tushgan odam borki, quloq-burunli ustunga aylanib, joyida dong qotib qolaverdi.

Uygʻonib, nonushta qilyapman-u, oʻngimdayam xaloyiqni qandaqasiga angraytirib qoʻysam ekan, deb oʻylanaman, xolos. Oxiri, kallajonimda ajoyib bir fikr charaqladi…

Buvim, tirikchilikning ketidan quvib, qoʻy boqib turadi. Ikkita sovliqdan tashqari, kinnang ichingda ketgur Mahay xoʻrozbozning aytishicha, quyrugʻidagi yukning oʻzi ikkita polvonning belini sindiradigan oʻsha Xoʻppakalla qoʻchqorimiz ham bor. Boʻrdoqiligidan besoʻnaqay koʻrinishiga qaramay, qoʻylarni yaylovchaga haydab borsam, sheriklari singari indamasdan oʻtlayvermay, uchragan hayvonga kalla solib, boʻridek tezgir quvalashga tushadi.

Oʻylab qoʻygan maqsadimni yuzaga chiqarishdan oldin qoʻylarni yaylovchada oʻtlatib, uyga peshinda qaytdim. Tushlikdan sal oʻtiboq, buvim boʻgʻchaga koʻrmana tugib, xolamning nevarasiga qilinayotgan beshik toʻyiga joʻnadi. Xoli qolgach, dimogʻimda xirgoyilanib, bemalol yumushga berildim:

 

U qizgayu bu qizga

Chalib berayin sibizgʻa.

Oʻyinchi qizlar ichida

Nima bor Suvon semizga?

Maydalab bosib oʻynasin,

Patini yozib oʻynasin…

 

Ishni yungi kechagina qirqilgan Xoʻppakallani qoziqqa kaltalatib bogʻlashdan boshladim-u, tanasiga oʻrikning yelimi aralashtirilgan tezakni surtib, qoʻngʻir rangga boʻyab chiqdim, qozonkuyada yoʻl-yoʻl chiziqlar tortdim. Keyin, boshiga kanop xalta kiydirdim, qaychida ikkita koʻz ochdim, jagʻi bilan boʻynining atrofiga uvada tiqib, yoʻlbarsning kallasidek qilib shishirdim, uniyam ola-bulaga boʻyadim. Tumshugʻiga tishlari irshayib turgan kattakon ogʻiz chizdim. Chipor arqondan dum yasab, orqasiga osiltirdim.

Vah! Yoʻlbarsmisan yoʻlbars boʻldi!

Sinfdoshim Parpivoynikiga kirib, jahonda hali hech kim koʻrmagan chingilin tomosha boshlamoqchi boʻpturganimni aytdim-da, ozgina koʻmak soʻradim. Xayriyat, boʻyin tovlamadi – “video”sidagi multfilmdan yoʻlbarsning turlicha nagʻmadagi irillashu boʻkiriqlarini qoʻl telefoniga yozib, vaqtinchalikka menga berdi.

Ishni bitirgunimcha qosh qoraydi. Yana biroz kutdim. Tuzukroq qorongʻi tushib, guzaru simyogʻochlardagi chiroqlar yoqilgan mahalda Xoʻppakallaning boshiga kiydirilgan kanop xaltaga telefonni tiqib, arqonni qoziqdan yechdim; lozimandadan endigina qaytgan buvimning koʻzini shamgʻalat qilib, koʻchaga sekingina yetaklab chiqdim.

Koʻcha boʻm-boʻsh edi. Guzardagi choyxona tomonga borayotib, Parpivoyning telefonini shovqinlatib ishga soldim. Yoʻlbarsning irillagan tovushi yangrashi bilanoq, qoʻchqor jon halpida potranishni boshlab, meni turtib yiqitganicha, koʻchada sakranib-sakranib chopa ketdi. Ariqdan suv olayotgan Jamila opaning paqiri qoʻlidan tushib, dod-voy bilan uyiga poyga qoʻydi.

Qishlogʻimiz stadioniga koʻchma ajoyibxona kelib, anchadan beri tomosha koʻrsatayotgandi. Choyxona ayvonidagi soʻrilarni toʻldirib oʻtirganlardan biri “Iye, ajoyibxonadagi yoʻlbars qafasdan qochibdi-ku!” deb baqirganini biladi, hamma toʻrt yoqqa tum taraqay boʻldi.

Shilingan tizzamni ishqalay-ishqalay, yiqilgan joyimdan asta qoʻzgʻalayotganimda, mistovoq koʻtargan choyxonachi uchqurlab kelib, tepamdan mushukdek irgʻib oʻtdi. Mistovoqdan toʻkilgan novvot boʻlagini uvol qilmay, tezda tilimning ustiga tashladim. Hali turib ulgurmasimdan, endi Mahay xoʻrozboz chap qoʻlida choynak, oʻng qoʻlida piyola bilan menga qora bulut uyuridek yaqinlasha boshladi. Oʻzi nima ahvolda-yu, ora-sira choyni hoʻplab-hoʻplab qoʻyadi deng. Bu gal ustimga qaynoq choy toʻkilishidan choʻchib, yoʻlni boʻshatish uchun chetga yumalandim.

Boshimga qop-qop kulfat orttirganimni payqab, oʻrnimdan turdim-da, qoʻchqorning iziga tushdim. Boʻynidagi telefondan tinimsiz ravishda oʻkirigʻu irillashlar taralayotgan Xoʻppakalla choyxonadagilarni toʻzgʻitib boʻlgach, oʻzini koʻchaning u yuzidagi darvozaga urib, Toshpoʻlat merganning uyiga kirib ketdi. Izma-iz darvozadan oʻtganimni bilaman, ayvonda televizor koʻrib oʻtirganlar irilloq maxluqqa tikilgancha ayyuhannos sola ketishdi, keyin biri eshikdan, biri derazadan uyning ichiga otildi.

Qoʻchqorni ana ushladim deganimda tomorqaga qarab qochdi. Gʻoʻzapoyadan qilingan chovrani buzib oʻtayotgan vaqtda, Toshpoʻlat mergan oʻzini oʻnglab ulgurgan boʻlsa kerak, miltigʻini varanglatib osmonga oʻq uzdi.

Xoʻppakalla chovradan oʻtib, endi Toʻlan toʻlpoqning hovlisida gʻirro-gʻir aylanishga tushdi. Yaqindagina toʻy qilgan Toʻlan toʻlpoq olti paqir suv sigʻadigan, keksalar “choyqozon” deydigan alyumin samovarni mahalla omboriga topshirib ulgurmagan ekan, qoʻchqor bir kalla qoʻyishda shuni paqqos qiyshaytirib tashladi.

Samovarning bejo daranglashi sergak torttirdimi, Toʻlan toʻlpoqqa qoʻshilib, xotini va bolalari ham uydan ketma-ket chiqib kelishdi. Chiqiboq, bari tengdan soʻrrayib qoldi. Toʻy kuni tashqidagi xurmo shoxiga osilgan ikki yuz shamli chiroq quyoshdek charaqlab tovlanayotgani uchun toʻnkarib qoʻyilgan doshqozon atrofida betoʻxtov chopayotgan yasama yoʻlbars kaftdagidek aniq-tiniq koʻrinib turardi.

– Bolalarni uyga hayda! – deya xotiniga qichqirdi Toʻlan toʻlpoq. – Yoʻlbarsga yem boʻlmay desang, eshikni ichkaridan tambala!

Tap tortmasdan “yirtqich”ni quvib yurganim unga dalda berdi, shekilli, Toʻlan toʻlpoq yerda yotgan ketmonni qoʻlga olib, oʻzini himoyalashga shaylanarkan, “Joningdan toʻydingmi, Moʻttivoy? Bu yoqqa yugur!” deb qichqirdi menga.

Choyxonadan qochganlarning baʼzilari koʻcha devordan hovliga moʻralab turgan ekan, ular ham birin-sirin baqira ketdi:

– Qoch, Moʻttivoy! Oʻzingni uyga ur!

– Yosh joningga jabr qilma!

– Ochga oʻxshaydi bu yoʻlbars, tilkalab qoʻyadi-ya!

Shu payt, buzilgan chovra tomondan Toshpoʻlat merganning qaldiroqli ovozi yangradi:

– Oʻzingni chetga ol, Moʻtti! Bu odamxoʻrni otib qoʻyaqolay endi!

Shunday deya, qoʻshotar miltigʻini nishonga toʻgʻrilaganida, Toʻlan toʻlpoq “Otma, xumkalla! Davlatning yoʻlbarsi qimmat turadi, mashinangni sotib ham uzolmaysan!” deb boʻkirdi. Bu ogohlantiruvdan soʻng Toshpoʻlat mergan shippa shashtidan tushgan boʻlsa-da, erkakcha gapim yelga sovrilmasin deb oʻyladimi, oyni urib tushirmaguncha koʻngli toʻlmaydigandek, osmonga qaytadan oʻq otdi.

Xoʻppakalla miltiqning gumbirlashidan choʻchib yiqilgani oʻngʻaylik tugʻdirdi-yu, turayotganida ustiga tashlanib, qoʻllarimni boʻyniga chirmadim. Qoʻchqor meni sudragan koʻyi doshqozonning tegrasida chambaragulchin aylanaverdi; telefondan chiqayotgan yoʻlbarsona naʼralar uning ora-sira xirqiroqlanib babalashini koʻmib yuborayotgandi.

Chetdan xilma-xil nidolar taraldi:

– Vahh!!!

– Hayhay-ov!!!

– Yo, qudratingdan!!!

– Bu bola odammi, shaytonmi?!

Tushim oʻngidan kelib, orzum ushaldi. Akang qaragʻayning toʻs-toʻzonli olishuvini kuzatib turgan qoʻshkoʻz banda borki, yoppasiga anqaytirib tashladim.

Terga botib ketgan Xoʻppakalladan qoʻlansa bugʻ koʻtarildi. U meni chetga itqitish umidida xoʻtikdek shataloqlashga tushdi; oxiri dorda yoyigʻliq turgan sholchaga urilib, yonboshga agʻanadi. Sholchani epchillik bilan uning ustiga yopib, tipirchilatganimcha bosib turaverdim. Toʻlan toʻlpoq ketmonini, Toshpoʻlat mergan miltigʻini tashlab, koʻmakka shoshilishdi. Devordan moʻralab turganlar ham menga tasanno yogʻdira-yogʻdira, hovliga yopirilib kira boshladilar:

– Yuragingga qoyil, Moʻttivoy!

– E, otangga balli, sherbola!

– Sen alamazondan bir ish chiqishini bilardim!

– Oʻgʻil bola degani mana shunaqa oʻtbosar boʻlishi kerak-da, ogʻaynilar!

Boshimdan jala boʻlib quyilayotgan olqishu maqtovlar menga asal choydek yoqayotgan edi. Bilaman, saldan keyin bularning bari soʻkinishu qargʻanishlarga aylanadi. Tarsakilar yogʻilishiyam hech gapmas. Ishqilib, qattiqroq tepki yemasam boʻlgani.

 

Yurakdan chiqqan qargʻish

 

Nimasini aytay, bu galgi qiligʻim hammasidan oshib tushdi. Qadimgi zamon boʻlsa, mahalladagilar meni eshakka teskari mindirib sazoyi qilishlari aniq edi; ularga ming rahmat deyish kerak, ortimdan kesak otgancha bir yarim soatgina quvib yurishdi, xolos. Qorongʻidan foydalanib, oxiri chap berib ketdim.

Tun men uchun ogʻirdan ogʻir kechdi. Tugʻilganimdan beri birinchi marta molxonamizning chordogʻida uxlab koʻrdim. Shuyam uyqumi – bir koʻzing ilinadi, bir sapchilab uygʻonasan. Sichqon nimanidir qitirlatayotgani, qoʻngʻizning gʻoʻngʻillab oʻtishi, itlarning ulishi, mushuklarning vagʻillogʻi, hatto yaproqlarning shitirlashi ham kechasi qoʻrqinchli eshitilarkan.

Tong otib-otmasidanoq junjikib uygʻondim. Uyqusirab turtingancha chordoqdan tusharkanman, taʼtilning endi-endi boshlanayotgan beshinchi kuni turmush tarzimni butkul agʻdar-toʻntar qilvorishini hali bilmasdim.

Tashqidagi koʻrada yuzimni yuvib, qoʻlimni qoʻltigʻimga, betimni etagimga artdim. Borib, uy eshigini ozgina qiyalatdim-u, xonaga boyoʻgʻlidek moʻraladim. Buvim namoz oʻqiyotgan ekan, ichkariga tashlagan qadamimning sharpasini sezgan zahoti pichirlashlari ham, bukilib-tiklanishlari ham birdaniga tezlashdi, sal oʻtmay, shosha-pisha duoga qoʻl ochdi. Odob yuzasidan toʻshakka tizzalab, men ham ikkala shapalogʻimni yoydim, buvimga qoʻshilib, suzilganimcha yuzimga fotiha tortdim.

Buvim joynamozni yigʻishtirib boʻliboq, yaxshi yotib-turdingizmi, mehribonim, degan gapimni zarracha mensimay, indamasdan borib, uy eshigini ichkaridan mahkamlab yopdi. Soʻng aniq maqsadda ilgaritdan tayyorlab qoʻyilgan xivichni sholchaning tagidan oldi-yu, kela solib, boldirimga beayov charsillatishga tushdi:

– Mana senga yoʻlbars! Mana senga odamlarni mazaxlash! Mana senga mahallani algʻov-dalgʻov qilish! Seni deb choyxonada qancha-qancha choynak-piyola sinibdi… Mana! Seni deb koʻpchilikning choyqozoni majaqlanibdi… Mana! Seni deb Toshpoʻlat merganning ikkita oʻqi isrof boʻlibdi… Mana! Eng yomoni – Jamilaxon shoʻrlik qattiq qoʻrqib ketib, oy-kuni yetmasidan tugʻib qoʻyibdi… Mana! Mana! Qachon esing kiradi, oshing sovimagur? Qachon qulogʻimni tinch qoʻyasan? Mana senga! Mana boʻlmasa!..

Boldirimga kaltak yogʻilaverdi, men “Voyey! Voyey!” deyish bilan cheklanib, ortiqcha vavagʻlamasdan irgʻishlayverdim. Oʻylashimcha, odamning tirikligi har xil qiynoqlarga yoʻliqib turishidan bilinadi. Bunaqada tishni tishga bosib chidash kerak. Uvvos solib yigʻlash oʻgʻil bolaning qimmatini bir pul qiladi-qoʻyadi.

Baxtimga, xudo buvimni vaqtida qaritib, kuchini ulgurjisiga kamaytirib tashlagan ekan, tezda sillasi qurib, tappa oʻtirib qoldi. Hansiroqlanib kaltak oʻynatganicha tagʻin nimalardir demoqchi boʻldi-yu, koʻksiga toʻsatdan qoʻl bosib, silkina-silkina yoʻtala ketdi. Xontaxtadagi termosdan quyib uzatgan choyimni ketma-ket hoʻplab, arang oʻziga keldi. Kechki ovqatdan quruq qolganim tufayli ochqagandan ochqab ketuvdim, gapni buramalab oʻtirmay, koʻzimda ilkillab turgan yoshni yengim bilan artaturib, hingilloq tovushda toʻgʻridan-toʻgʻri muddaoga koʻchdim:

– Choyni bitta oʻzi ichaverish ekan-da? Bizgayam navbat tegarmikin?

– Beting charmdan battar qatib ketibdi, – deb xirqiroqlandi buvim. – Kaltakning jizillogʻi bosilmasidan, tomoqni oʻylayotganingni qara. Ee…

– Kaltakdan oʻlmaganimga suyunib oʻtiraversam, ochdan oʻlaman-ku, buvi!

Buvim ustma-ust tomoq qirib olib, endi xirqiramasdan, hafsalasiz kayfiyatda dedi:

– Ana choy, ana non. Tosrayib jigʻildoningga tiqaver.

– Qand-chi, qand?

– Bor, qara, idishda qand tugul, qandning kukuniyam qolmabdi. Bir kilo narsani oʻn kundayoq yamlab qoʻyibsan. He, yeganing tanangga botgur-a!

Qoqmoch qatlamapatirni oʻzimizning oq kishmishdan quritilgan mayizga qoʻshib, tanamga botguncha yeyaverdim. Choyning salomatlikka qanday foydasi borligini bilmadim-u, lekin ikkala lunjingga toʻlib ketgan yemishni tomoqqa tiqiltirmay oʻtkazvorishda rosa asqatadi. Buni tetapoyalab yura boshlaganimdan beri bilaman.

Nafsimni oʻlda-joʻlda qondirib boʻlib, qittak mudrab qolibman. Tekin taom ilinjida izgʻib yurgan bir pashsha qulogʻimga “tirk” etib urildi-yu, kipriklarim “chirk” etib ochildi. Derazadan oʻt purkayotgan quyoshning yorugʻi koʻzimni qamashtirib, qovoqlarimni qoʻshqoʻllab ishqalashga tutindim. Miyam varaqa-vuruq qaynayotganga oʻxshardi.

Tashqariga chiqqach, koʻradagi suvni manglayimga bosa-bosa, esimni jippa jamlab oldim. Boshim tekis ishlashga tushib, umrimni qanday davom ettirish toʻgʻrisida yoyilibroq oʻylashga sharoit tugʻildi.

Xoʻsh, bugungi kunimga qanaqa qiliqlar yarasharkin? Jamila opanikiga kirib, tuqqan bolasi oʻgʻilmi-qizmi, bir surishtirib koʻrsammikan? Yo choyxonadagilarga yoʻliqib, uzr-maʼzur aytib qoʻyganim tuzukmi? Menimcha, sal uzoqroqda turib kechirim soʻragan yaxshi. Qayoqdan bilay, balki, kimningdir gʻazabi hali tiyilmagandir…

Qani, oldin uydan nari chiqaveray-chi. Taʼbimga shundoqqina mos tushuvchi biror-bir yumushni har safargidek koʻchaning oʻzi topib beraveradi.

Joyimdan siljiganimni bilaman, buvim oshxonaning ochiq darchasidan oʻqrayib, ha, yoʻl boʻlsin, deb soʻradi. Toʻxtab, talmovlanib turaverdim.

– Bas! Koʻchaga chiqish yoʻq endi! – deb bobillay ketdi buvim. – Ana, hayhotdek hovlimiz bor, xohlasang – u chekkasida sandiragʻla, xohlasang – bu chekkasida. Biror kun boʻlsayam, odamlar sendan qutulsin.

– Men… men… opogʻotamnikiga ketyapman, – dedim, kallamga kelgan birinchi oʻyni tilimga koʻchirib. – Bu mahallada kun koʻrishim qiyinga oʻxshaydi. Oʻsha boʻjikoʻz odamlaringiz jonimni hiqildogʻimga keltirdi. Biror hafta shulardan uzoqda yursam, etimga et qoʻshilardi.

– Menga desa, bir haftamas, bir oy gumdon boʻpket!

Sezib turibman, buvim bu gapni achchiq ustida aytvordi. Qanchalik jigʻiga tegmayin, meni ikki kun koʻrmasa, yolgʻizlikdan sabri titilib, sogʻinishga tushadi. Qishki taʼtil chogʻi opogʻotamnikiga ketganimda, uchinchi kuniyoq talpanglab borib, izimga qaytarib kelganida bilganman buni.

Xulq-atvorim sal mujmal ekanini oʻzim ham tan olaman. Ammo tuzi pastroq qiliqlar qilib qoʻyishimga koʻpincha boshqalar sababchi boʻladi-yu, doim bitta oʻzim baloga qolaman. Agar koʻchaga chiqqach, telefonini berib qoʻyishga kirib, tashqida kumushrang uchogʻini osmonga uchirib oʻynayotgan pashmaksoch Parpivoyni koʻrmasam, u irshayib boqib, qism-qismga ajratib sotiladigan bu “qiruvchi samolyot”ni dadam shahardan opkeldi, qogʻozdagi koʻrsatmaga qarab uni oʻzim tikladim, manavi tugmani bossang, ichidagi kuchalatosh parrakni varillatib aylantirishga tushadi, deb maqtanmasa, opogʻotamning uyigacha toʻxtamay ketavergan boʻlardim.

– Televizordagi bir kinoda koʻruvdim – mana shunga oʻxshagan uchoqni zenit zambaragida otishsa, orqasidan tutun chiqarib, yerga shunaqangi chiroyli qulardiki!

Bu gapimni eshitib, avvaliga Parpivoyning qiziquvdan koʻzi chaqnadi, soʻng tuyqus hushyor tortib, telefonimning oynasini yorgandek, samolyotimniyam rasvo qilmoqchimisan, deb taysallandi.

– Qoʻrqma, buningga ziyon yetmaydi, orqasiga bogʻlangan lattani tutatib uchiramiz, xolos, – deb aql oʻrgatdim.

Parpivoyning koʻngli tinchidi. Maslahatimga koʻra, omborchaga kirib, yirtiq paypogʻini kerosinga botirib chiqdi. Xayriyat, gugurt olvolishniyam unutmabdi.

Birgalashib koʻchaga yoʻnaldik; choyxonaning berirogʻidagi kengroq joyga borib, paypoqni uchoqning dumiga bogʻladik. Men gugurt chaqib yoqishim bilanoq, Parpivoy parragi varillab turgan uchoqni bir siltab, osmonga uchirdi. Dum tomoni ogʻirlashgani xalaqit berdimi, “qiruvchi” lapanglab-lapanglab uchib, birdan pastga shoʻngʻidi.

Guzardagi yalanglikning toʻri choyxona boʻlsa, koʻndalang tomonida sartaroshxona bilan qassobxona bor. Qassobxonaning biqiniga keng qizil soyabon oʻrnatilgan. Soyabon tagida oʻzi uyida pashmak, holva, novvot, xoʻrozqand, chaynamayshiming tayyorlab sotadigan, menga bagʻri ochiqdan ochiq Momogul qandolatchi oʻtiradi. Bagʻri ochiqligi shundaki, togʻdagi konda ishlab, qishloqqa uch-toʻrt haftada bir kelib-ketuvchi dadamdan biratoʻla undirib olishini aytib, menga shirinliklarni nasiyaga beraveradi.

Qandolatchining qizil soyabonidan sal berida tandir yuklangan eshakarava turuvdi, uchogʻimiz lovullaganicha tushib, eshakning belginasiga urilsa boʻladimi!

Qishloq bolalari orasida “Hangirshteyn” laqabi bilan mashhur boʻlgan qorapoʻstin eshakning tuklari jazillab lovullay boshladi-yu, bor tovushda hangraganicha, jitranglay ketdi. Qizil soyabonni yiqitib oʻtib, qassobxonaga urilgan chogʻda tandir aravadan uchib tushib, qirq boʻlak boʻldi. Qiron qassob uzun pichogʻini qilichdek viz-vizlatib, jabrdiyda Hangirshteynni nariga quvayotganida, ming shukrki, Baraka maraka sartaroshxona derazasidan bir paqir suv sepib, oʻtni oʻchirdi. Choyxonadan quyunlanib chiqqan Sangin tandirchi yerda parchalanib yotgan tandirni koʻrib, ayvon ustuniga suyangan alpozda shalviroqlanib qoldi.

Qilar ishni qilgin, qochishniyam bilgin, deganlar. Bu janjalistondan vaqtida gʻoyib boʻlish uchun oyoqlarimni varvarakka aylantirganimda ortimdan Sangin tandirchining baqirigʻi eshitildi:

– Toʻxta deyman, itvachcha! Mendan qochganing bilan, xudodan qocholmaysan! Meni xonavayron qilganakansan, seni xudoyim oʻzi jazolasin – yarim odam, yarim it boʻlib oʻtib ket!

Soʻrgʻich soʻrishdan allaqachon xalos boʻlgan, qaddini ketmon sopidek tik tuta olish yoshiga yetgan odam bolasi oʻlaroq ikki oyoqda tuppa-tuzuk yugurib ketayotganidim, yoʻlning muyulishidan oʻtganimda etim gʻalati jimirlab, negadir endi toʻrt oyoqlab chopa boshlaganimni payqadim. Sinchiklabroq qarasam, toʻsatdan qoʻngʻir tukli old oyoqchalarga aylanib qolgan qoʻllarim yerni potira-putur changitganicha harakatlanib, burnim yerga tegay-tegay deb boryapman.

Qoʻrquvdan yuragim uzilib tushgudek boʻldi. Taqqa toʻxtab, bir oʻng biqinimga, bir chap biqinimga koʻz yugurtirdim. Bu yogʻimdayam, u yogʻimdayam oʻsha qoʻngʻir yunglar paxmayib turardi. Orqa tomonimda desangiz, buvimning hivichini eslatuvchi bir dum tinmasdan likillayapti. “Dod!” deb qichqirmoqchi boʻluvdim, ogʻzimdan “vav, vav” degan ingichka sas taraldi.

Bir narsaga hayron edim – yungim nega aynan qoʻngʻir? Toʻgʻri, sochim kichkinaligimda sargʻishroq edi, ammo yetti-sakkiz yoshimdayoq oʻz-oʻzidan qorayib ketgan. Kuchuk boʻlganga yarasha yo oppoq, yo ola-bula boʻlsang-da!

Aldar Xoldorning eshigi yonidagi kajavali koʻk mototsiklga yaqin borib, bir sakrashda egariga chiqdim-da, ruldagi koʻzguga boʻylandim. Qarasam, tumshugʻi bodringsimon, quloqlari qamishdek dinkaygan qoʻngʻirbashara kuchukcha koʻzlarini qitmirona yiltiratib, meni ermaklash bilan ovora. Itchasiga “Uvvv!” deb yuborganimni bilmay qoldim.

Shunda bir gap lop etib esimga keldi. “Bu dunyoda kulfat koʻrmayin desang, qargʻishmas, duo eshitishga urinib yashagin. Avliyolarning aytishicha, Tangri har qanday odamga karam koʻrsatib, yurakdan chiqarib qilgan iltijosini, u duomi, qargʻishmi, hech boʻlmasa, hayotda bir marta yuzaga chiqararkan”, degandi buvim. Sangin tandirchi umrida, balki, milliard marta tutoqib, milliard marta soʻkingandir. Qarangki, eng yurakdan chiqarib aytgan qargʻoviga men koʻndalang kepturibman-ku. Bu tandirfurush, bolaligida qaysidir nafasi oʻtkirroq odamning gʻazabini qoʻzitib, hu, soqov boʻlgur, degan tavqi laʼnatga yoʻliqmaganidan behad afsuslanib ketdim shu topda.

Boshimda attanglar toʻzgʻilanib, ingillay-hingillay yoʻl bosyapman-u, juftakni rostlash oʻrniga Sangin tandirchidan astoydil kechirim soʻrasam, ogʻzim qiyshayib qolardimi, deb oʻylanaman nuqul. Ja nari borsa, ikki-uch shapaloq yeb qutulib ketardim. Hatto yalangʻoch yotqizib qoʻyib, hoʻllangan soʻyilda savalasayam mayli edi. Harqalay, itga aylanib, egasiz itning kuniga tushmasdim.

Koʻcha chetidagi qum gʻarami ustida qoʻrgʻoncha yasab oʻtirgan bolalarni koʻrib, badanimga bezilloq oraladi. Masalan, ularning oʻrnida boʻlsam, sangʻi itga tosh-posh otmay turaverishga chiday olardimmi? Hecham-da!

Toshboʻron qilmaslaridan burun irillagancha borib, birortasining ishtonidan xappa tishlasammikin? Bu dunyoning ishlarini yaxshi bilaman – qopogʻondan hamma oʻzini chetga oladi, qoʻrqoqni hech kim hurmat qilmaydi. Kunlarim izzatda oʻtsin deguchilar, jangarilik bilan yuvoshlikning oʻrtasini topib yashashni uddalashi kerak, shekilli.

 

Tanishing – Aldar Xoldor!

 

Boytoʻra tepakal bilan Masir yargʻoqboshning avlodlari yoppasiga ota-buvalariga tortganini hisobga olmaganda, asosan, toʻliqsoch kishilardan iborat boʻlgan, shunga qaramay, nimagadir Kaltoʻpi deb ataluvchi qishlogʻimizda bir yarim mingta xonadon bor. Biz mana shu kattakon qishloqning berigi chetida yashasak, opogʻotam narigi chekkasida turadi. U yoqqa yetib borgunimcha tomogʻim choʻllab, tilim sangillab qoldi.

Itlikni boʻynimga olib, opogʻotamning hovlisiga buvaklardek emaklab kirdim. Kirib-la, qatorlatib ekilgan sapsargullar ostidagi ariqchaga apil-tapil oyoq tiqdim-u, tilimni chilipa-chiliplatib suv icha ketdim. Chanqogʻimni bostirgach, ayvonning taxta polidagi sholchada qoʻlarrani egovlab oʻtirgan, ora-sira menga qiziqsiranib qarab qoʻyayotgan opogʻotam tomonga yurdim. Dumimni yelpugʻichlatib borib, tovoniga bosh ishqadim, mahsilarini galma-gal iskalab, ilpang-jilpang erkalanaverdim.

Opogʻotam miyigʻida kulimsirab, joning uzilgudek ochqagandirsanki, begonaligimdan hayiqmay, poychamga suykanayotgandirsan, deb oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Ayvon chetidagi pastak soʻrida oʻrogʻlik turgan dasturxondan bir toʻgʻram non olib, yalangga chiqib bordi-da, ma, jonivor, ma, deya uni avaylab yerga qoʻydi. Asta kelib, tuproqda yotgan nonni koʻnglim tortmayroq hidladim. Keyin birdaniga nafsim hakalak otib, shappa-shuppa yeyishga tushdim. Oʻl deydigan odam yoʻq.

Qornimni shildiramagudek toʻydirdim-u, hanuz arra egovlayotgan opogʻotamga boshqatdan yaqinlashib, oyogʻiga biqinimni bosdim:

– Bu – menman, opogʻotajon! Moʻttivoyingizni nimaga tanimayapsiz? Quruq nondan boshqa narsayam bordir bu uyda!

Gapim ichimda qolib, tashimda gʻingshib-gʻingshib qoʻyganim bois, opogʻotam soʻzimga tushunmadi. Faqat, qoʻlini ehtiyotlik bilan choʻzib, boshimni bir-ikki siypalagan boʻldi.

Vah-vah, qanday yoqimli!

– Boʻldi, koʻp yopishaverma, – deb, uzatigʻliq oyogʻining tizzasi yelkamga beozorgina turtkiladi opogʻotam. – Menga burgangni yuqtirib yurmagin tagʻin.

Shu chol juda qiziq odam-da. Aniqroq aytsam, haddan tashqari sodda. Oʻzingiz bir oʻylab koʻring, bundan bor-yoʻgʻi oʻn bir kun oldin hammomga tushgan bolada burga nima qiladi?

Iye, “bola” devordimmi? Tilimni ahvolimga moslashtirish ancha qiyinga oʻxshayapti-ku.

Arraning tishlarini oʻtkirlab boʻlgach, opogʻotam ariqchada qoʻlini yuvib, eshigi lang ochiq turgan oshxonaga kirdi; gazga gugurt chaqib, plitadagi qozoncha ostiga oʻt yoqdi. Bogʻchada ishlovchi kelini yo nonushtadan, yo kechagidan ortgan ovqatni qozonning tagida qoldirib ketgan boʻlsa kerak, degan taxminda toʻxtadim. Ishqilib, bizgayam ehson-pehson qilinarmikin? Uch-toʻrt yutum boʻlsayam mayli-da.

E, yashasin-e! Xuddi koʻnglimdagini sezib turgandek, opogʻotam idishjavonni timirskilab, chetlari uchgan eskiroq bir kosa topdi; isitilgan mastavaning quyuq-quyuq joyini oʻziga quyib, qolganini menga atalgan idishga agʻdardi.

Salgina oʻtib qarabsizki, opogʻotam ayvondagi soʻrida, men sapsargullar salqinida taomni yumaloq-yostiq qilyapmiz.

Opogʻotam ichidagini oʻzi biladi; mendan ahvol soʻrasangiz, quvonchim qulogʻimdan toshgudek kayfiyatdaman. Koʻzim ovqatda-yu, koʻnglim chamanda. Endi tayinli hovlim bor, bu uydagilar oʻzimga eskitdan qadrdon kishilar. Eng muhimi, mana, doimiy ityaloqqa ham ega chiqdim. Bitta itga bundan ortiq nima kerak?!

Ovqatni tinchitib boʻlib-la, kosaning chetidan tishlab, ariqchadagi suvda yaxshilab chayqadim. Ityaloqni qaytib joyiga qoʻyayotganimda, “Vohh!” degan tovush yangradi. Yarq etib oʻsha yoqqa boqsam, opogʻotam, ogʻzi karrak, koʻzi durbin boʻlganicha, menga lol tikilib turibdi.

Buning nimasi hayron qolarli, bilmadim. Men uchun kundalik odatga aylanib ketgan bu ish – maktabga borishni boshlaganimdan beri ovqatimning idishini oʻzim yuvaman. Shunday qilmasam, buvim tinch qoʻyarkanmi? Idish-ku – idish, onda-sonda tobi qochibroq tursa, kiyimimniyam oʻzimga yuvdiradi.

Tushlikdan keyin opogʻotam doʻppiyu yaktagini almashtirib, koʻcha tomonga odimladi. Darvoza oldida menga yuzlanib, boradigan boʻlsang, yur, dedi. Tarang qilmay, shippa ortidan ergashdim. Kimsasiz hovlida yolgʻiz qolish qoʻrqinchli. Birorta katta it ivirsib kirib qolsa, u yogʻi nima boʻlishini folchi ham aytolmaydi. Ayniqsa, butun boshli qishloqni kezib charchamaydigan oʻsha Oqchopon degan koʻppakning yoʻli shu tarafga tushsa bormi, ityalogʻimning boʻm-boʻshligini koʻriboq, alam ustida meni tizgʻitishga tushadi. Opogʻotam novvoyxonadan toʻrtta kulcha, doʻkondan oqqand, quruq choy olib, salafan xaltani koʻtarganicha, toʻgʻri kunchiqarga qarab yoʻl oldi. Qishlogʻimizning u yogʻi – dalalar.

Tuproq yoʻldan, birida gʻoʻza gul tashlay boshlagan, birida bugʻdoy boshoqlab qolgan paykallar, meva tugib ulgurgan bogʻlar oralab yurib, derazasining oynalari changdan xira tortgan, shiferli tomini xas-xashak qoplagan, oq devorining suvoqlari u yer-bu yeridan chizilib yorilgan, bir cheti ayvonli shiyponga yetib bordik. Shiyponning chap biqinida kattagina hovuz; hovuzning tevaragida baland-baland qoratollar; tollar ostida, oyoqlari yerga qoziqdek qoqilib, ustiga taxta qoplangan ikkita uzun-uzun stol. Stollardan beriroqdagi oq “Neksiya” mashinasining yonida kajavali koʻk mototsikl rulini oʻsma qoʻyilgan qoshdek kerib turibdi.

Bu – anavi kasofatining matasekili-ku! – deb qovogʻini uydi opogʻotam.

Shiyponning oʻng yogʻidagi xirmon chetidan boshlangan kengdan keng paykalda ekinlarni bir paytning oʻzida ham tagini yumshatib, ham oʻgʻitlab ketuvchi traktor tarillaganicha toʻxtab turar, biri novcha, biri pakana kishi traktorchi bilan nimalarnidir muhokama qilayotgandi. Novchasi – dongʻi ketgan Rahimboy fermer, pakanasi – teskari dovrugʻ qozongan Aldar Xoldor ekanini tanib olish qiyin emasdi.

Opogʻotam shiypon yaqinida toʻxtalib, tevarakka alangladi:

– Otaquuul! Shu yerdamisan?

Shiypon ichidan oldin “hov” degan tovush, soʻng polning gʻijirlashi eshitilib, Otaqul togʻam uyqusiragan kepatada chiqib keldi.

– Assalomalaykum, dada. Suvchilarimiz tun boʻyi gʻoʻza sugʻorishdi, shularga choy-poy damlab yurib, uyqum chala boʻluvdi. Sal koʻzim ilinibdi.

Ayvonga toʻshalgan eskiroq toʻshaklardan biriga opogʻotam, ikkinchisiga togʻam oʻtirdi. Oʻrtadagi dasturxonda katta choʻyan choynak, uch-toʻrtta piyola turardi. Itligim xayoldan koʻtarilib, men ham toʻshakning bir chetiga choʻnqayganimni bilaman, togʻam yuziga fotiha tortib boʻliboq, kaftini selpidi:

– Chip! Oʻzini yumshoq joyga urishini qarang! Buni qaysi goʻrdan topdingiz, dada?

– Bugun oʻzicha alanglanib kepqoldi. Itlarning peshanasiga yozilgani shu – sutdan chiqdimi, onasining quvgʻiniga uchraydi, oʻz joniga oʻzi qaygʻurishni oʻrganadi.

Togʻam menga zimdan razm solib, opogʻotamga yuzlandi:

– Shuningizni olib qolsammikin? Kechqurun biror sharpa sezsa, akillab-netib turarmidi. Pishgan-pishgan handalaklarimni qanaqadir maxluq kemirib ketyapti deng.

– Oʻzingga oʻrgatolsang, ana, olaqol, – dedi opogʻotam. – Juda esli it boʻladi, shekilli. Boya ovqat quyib bersam, yeb boʻlib, kosasini ariqchada yuvib qoʻydi.

– Yoʻgʻ-ye!!!

– Kim biladi, balki yalogʻini ariqchaga yiqitvorib, keyin sekingina tortib olgandir. Harqalay, koʻzimga ataylab yuvganga oʻxshab koʻrindi-da.

– Aytganday, bu mittivoyga ot qoʻydingizmi?

– Ana, otni oʻzing topding. Endi Mittivoy deb chaqiraver buni.

Ming tasanno! Oʻzimga jippa yopishadigan ot qoʻyishdi. Moʻttivoy nima-yu, Mittivoy nima?

Togʻam piyolaga choy quyib, sovigan boʻlsayam, chanqoqni bosishga yarar, deb opogʻotamga uzatdi. Opogʻotam piyolani oldiga qoʻyib, xaltadagi narsalarni dasturxonga toʻkdi.

Ota-bola yayrabgina gurunglashib oʻtirganida Rahimboy fermer bilan Aldar Xoldor paykaldan chiqib kelib, suhbatning beliga tepishdi. Opogʻotam oʻrnidan turib, fermer bilan quyuq koʻrishdi, baqaloq Aldar Xoldorga esa sovuqqina qoʻl choʻzib qoʻya qoldi.

– Gʻimm… Menga doim shunaqa ola qaraysiz, – deb tutollandi Aldar Xoldor. – Tushunsangiz-chi, kulfat faqat oʻgʻlingizning boshiga tushgani yoʻq. Ikkalamiz kasodga uchradik, ikkalamiz qiynogʻini tortyapmiz. Odamlar tashimga qarab baho beradi, ichimdan nima oʻtganini bilguchi zot yoʻq. Kamxarjlik qursin, payti kelsa, roʻzgʻorimdagi qozon ikki-uch kunlab jaz koʻrmaydi. Er-xotin shakarchoyga non bulab, bir-birimizga achinqirab oʻtiramiz.

Opogʻotam unga tumtayib qaradi:

– Senga biror nima dedimmi, oʻzi?

– Demaslikka demadingiz-u, baribir, koʻzingiz meni yeyman deb turibdi. Odamni bunaqa qon qilvormang-da, Yoʻldosh aka! Ilgariyam aytganman, yana aytaman – agar oʻgʻlingizni aldagan boʻlsam, onamning… gʻimm… onajonginamning arvohi ursin meni!

– Hoʻoʻ, Xoldor, onangni goʻrida tinch qoʻy! – deb jerkindi opogʻotam. – Bilaman, qasam ichish araq ichishdek bir gap senga. Fermerlar uyushmasida senday moʻltoniga kim amal berdi, bilmadim. Bu idoradayam bir ishkal chiqarasan hali.

Otaqul togʻam opogʻotamning yelkasiga qoʻlini yengilgina bosib, dada, boʻldi endi, qoʻying, deb, uni tovranishdan qaytardi.

Aldar Xoldorning paytavasiga qurt tushib, boʻpti, Rahimboy, narigi fermerdayam bir ishim boridi, deya tez-tez odimlab uzoqlasha boshladi. Borib, mototsiklni oʻt oldirgach, “pat-pat”latib oldinga haydadi.

Opogʻotam uning ortidan tikilib, xudo shu qilvirgayam, hech boʻlmasa, bittagina farzand bersaydi, boladan poklik yuqib, haromdan xafsalasi sovirmidi, deb qoʻydi.

– Bu zangʻarning nimasidan oʻpkalaysiz, Yoʻldosh aka, – deya moʻylovining bir tomonini dikkaytirib, labini burdi Rahimboy fermer. – Oʻz oti oʻzi bilan Aldar Xoldor-ku bu. Qancha-qancha odamni chuv tushirgan. Otaqulingiz nima jin urib shunga sherik boʻldi, oʻylab, hech aqlim yetmaydi.

Otaqul togʻam birdan shalvirab, nima qilay, avrashiga uchibman-da, deb past ovozda qisinqilandi.

– Ha, avrashda bunga teng keladigani yoʻq, – yuzini tepchitib jiyindi Rahimboy fermer. – Mana, hozirgina biqinimga suykanib, shiyponimning tomidagi shiferlardan yigirmatasini boʻron uchirib ketdi, deb ariza yozishga meni iylab turuvdi. Sugʻurta idorasida tanishim bor, pul undirib, arra qilamiz, deydi-ya. Bunaqa pulga olingan narsani bolamga yedirishdan qoʻrqaman, dedim.

Oh, oh, oh! – deb tebrandi opogʻotam. – Zap oʻrinlatib aytibsan! Barakalla, Rahimboy! Manavi Otaqul oshnanggayam shunaqa hikmatlardan koʻproq gapirib tur.

Buni eshitib, Otaqul togʻam duv qizarib ketdi.

Tomorqachilardan meva-sabzavotni koʻtaramasiga olib, “fura” deb ataluvchi vagonsimon mashinalarda qoʻshni yurtlarga eltib sotish orqali ancha boylik orttirgan Otaqul togʻam birdan kasodga uchrab, bor-budidan ayrilgani qishloqda rosa shov-shuv boʻlganidi. Buning ikir-chikirini, biznikiga xamirturush soʻrab kirgan qoʻshni kampir, mevafurush qondoshingiz katta zarar koʻrganmishmi, deb gap kovlagach, buvim uni soʻriga oʻtqazib, ijikilanishga tushganida bilvolgan edim.

Aldar Xoldor bir kuni Otaqul togʻamga yoʻliqib, Armiyada birga xizmat qilgan jonajon oʻrtogʻi qoʻshni yurtdagi yirikkina bozorni oʻziniki qilib olgani, yaqinda mehmonga kelib ketgani, davrimda sandigʻingni pulga toʻldirib tashlasang-chi, deya tantilanganini aytib, pishiq mevafurushligingni bilganim uchun seni tanladim, xohlasang, sherikchilikda ish qilaylik, debdi. Bir oʻris kishi chindan ham unikida uch-toʻrt kun mehmon boʻlib yurganini oʻz koʻzi bilan koʻrgani tufayli (aslida, u kishi boshqa viloyatda yashovchi tanishi ekan), togʻam tezda tuzoqqa ilina qolibdi. Togʻam bu yoqdan yuk joʻnatishni, Aldar Xoldor u yoqdagi “oʻrtogʻining bozori”da pullab yurishni boshlabdi. Aldar Xoldor avvaliga bir-ikki marta moʻmay-moʻmay pul yuborib turgach, keyin boshqacha yoʻlga oʻtib, sen yuklarni nasiyaga olib boʻlsayam joʻnataver, foydadagi mablagʻimizni ulgurji lattafurushlarning qoʻlida aylantirib koʻpaytiraman, borganimda barini butunicha boʻlishib olaqolamiz, deb telefon qilibdi. Ilgarilari togʻamdan biror marta pand yemagani uchun qishloqdagilar meva-sabzavotini nasiyaga beraveribdi, mashina bozorga yetib borganida yoʻlkirani oʻsha yoqdagi Xoldordan olish sharti bilan yuklar “fura”larga bosib joʻnatilaveribdi.

Uch oydan soʻng Aldar Xoldor kir-chir kiyimda qaytib kelib, keyingi mollarning bir qismi irib-chirib yetib bordi, baʼzan boshqa yurtlardan shunga oʻxshash mevalar vagonlab yogʻilib, bozorda narx pastlab ketdi, arzonga sotib, taniniyam chiqarolmadim, talay zarar koʻrdim, deb yigʻlamsirashga tushibdi. Togʻam, nimaga shuni oldinroq aytmadingiz, ishni vaqtida toʻxtatardik, desa, bunisidan ziyon koʻrsak, keyingisidan foyda toparmiz, degan oʻyda oʻzimni oʻtdan choʻqqa uraveribman men nodon, deb tuyqus hoʻngrab yuboribdi.

– Boʻlar ish boʻldi, Otaqul, – debdi soʻng Aldar Xoldor. – Endi, nasiyaga mol bergan odamlarning yarmini men rozi qilay, yarmini sen toʻlagin.

Togʻamning kapalagi uchib, to nasiyaga oʻtgunimcha bor pulimni ishlatib boʻlganman, qolgan qarzlarni qanday uzaman, deb soʻrasa, Aldar Xoldor boʻynini bechorahol egib, unisini bilmadim, uka, shu paytgacha yigʻib-tugib yurganim tarqat-tarqatga yetarmikin deb oʻzimniyam boshim qotib turibdi, deb munglanibdi.

Qoʻshni qishloqlik ayrim mevafurushlar ham oʻsha yurtdagi bozorda tirikchilik oʻtkazarkan, ular bu voqeani eshitib, Xoldor kasodga uchragan boʻlishi mumkinmas, yuklar doim yaxshi yetib borganini oʻzimiz koʻrganmiz, bozorda narx tushib ketganiyam yolgʻon, deyishibdi. Mahalla oqsoqollari bu gaplarni Aldar Xoldorga pesh qilishsa, duch kelgan maymunga ishonaverasizlarmi, ularning bari menga eskitdan gʻanim, ataylab nomimni bulgʻamoqchi boʻlishyapti, deb shovqin koʻtaribdi.

Otaqul togʻam, oxiri, kungurador darvozali, dangʻillama uyli, gʻishtin devorlar bilan oʻralgan hovlisini, bir gektarlik oʻrikzorini, “Kobalt” mashinasini sotib; u tomondan qaynotasining, bu tomondan opogʻotamning yigʻib-tejab yurganini ham qoʻshib, qarzlardan zoʻrgʻa uchma-uch qutulibdi. Qalloblik bilan talay boylik orttirib olgan Aldar Xoldor esa nasiyaga mol berganlarning yarmini rozi qilishga yashirin foydaning oʻndan birini sarflaganmi-yoʻqmi, u yogʻi oddiy bandalarga haliyam qorongʻiligicha turganmish.

Opogʻotam kichik mehmonxonaga koʻchib oʻtib, institutni bitirganidan keyin tumanda arxitektor boʻlib ishlayotgan kenja oʻgʻli Sanaqul togʻamni dahlizli uyga uylab qoʻygani bois, hovlisini sotgan Otaqul togʻam xotini bilan ikkita qizini ortiqcha imorati bor qaynotasinikiga joylashga majbur boʻlgandi. Bir kuni Rahimboy oshnasi kelib, yangi kelinchakning yonida devanglab yurma, otang ham sen bilan tiqilishmay bemalol yashasin, deya dalasiga yetaklab ketganini eshituvdim. Endi bildimki, togʻam shiyponga qorovullik qilayotgan ekan…

Otaqul togʻam maʼyus qiyofada chuqur tin olib qoʻygach, picha oʻtirib turinglar, bitta handalak soʻyib beray, deb zovur yoqasidagi poliz sari keta boshlaganida, ortidan yuragim ezilib-ezilib termildim. Yaqin-yaqindayam, hali tovoni yeyilib ulgurmagan xirom tuflini eskirganga chiqarib, boshqasiga almashtirib yurgan; meni koʻrib qolsa, ma, muzqaymoq olib ye, deb, beli sinmagan pulni choʻntagimga shildiratib tiqib qoʻyadigan tamtamfeʼl odam hozirgi ahvolga qanday chidayapti ekan, deb oʻylayotgandim.

 

Kalamush bilan olishuv

 

Togʻam ketgach, opogʻotam shopmoʻylov fermerning koʻziga zehn solib turib, toʻgʻrisini ayt, Rahimboy, bu dalakoʻrmagan oshnang senga ogʻirini tashlab olmayaptimi, ishqilib, deb soʻradi.

– Nimalar deyapsiz, Yoʻldosh aka! – deya eʼtirozlandi Rahimboy fermer. – Mana, shiyponning ich-tashini binoyidek toza tutib kelyapti. Dam oshpazga koʻmak bersa, dam paqirni koʻtarvolib, paykaldagi ishchilarga yaxnachoy ichdirib yuradi. Oʻgʻit omborining kalitiyam uning choʻntagida. Ekib bergan handalagingizni eplab-seplab pishirib olganini aytmaysizmi!

Avvalo, yer ajratib berganingga ming rahmat, – duo ohangida soʻz qotdi opogʻotam. – Tayyor ekib berilgan handalakni pishirvolish qiyinakanmi?

– Toʻgʻri-yu, lekin, koʻrganmiz, odam tugʻma epaqasiz boʻlsa, shuniyam uddalolmaydi. Otaqul haqiqiy ketmonchi boʻpketdi, qanday chopiq qilishni bir-ikki koʻrsatishim bilanoq, qolganini oʻzi doʻndirib tashladi. Aytdim, handalak tugasa, oʻrniga yeryongʻoq ekvoladi.

– Bilaman, oʻgʻlimning yomonini yashirib, yaxshisini oshirib gapiryapsan. Chinakam doʻst shunaqa boʻladi. Otangga balli, Rahimboy!

Rahimboy fermer bir chaqmoq oqqandni sovuq choyga botirib, shimib-shimib yumshatdi; chetidan tishlayotib, menga koʻzi tushdi-yu, opogʻotamdan otimni surishtirib olgach, tishlangan qandning yarmini tumshugʻimning tagiga itqitdi:

– Ol, Mittivoy!

Yaxshi odamdan ortgani – tabarruk, deyishadi. Sira jirkanmasdan, kappa otib qoʻyaqoldim.

Suhbat paynovlanib, gap Otaqul togʻamning bola-chaqasi sal qisindi ahvolda qolganiga borib taqaldi. Rahimboy fermer bu toʻgʻridayam oʻylab yurgan ekan.

– Qirning etakrogʻiga davlat “Namunaviy qishloq” qurishni boshlab, hashamdor uylarni oʻn besh yil muddatli qarzga sotmoqchi boʻlayotganini bilasiz, Yoʻldosh aka, – dedi u. – Shu hovlilardan bittasini Otaqulga toʻgʻrilaymiz, mablagʻi yetmasa, qoʻllavoramiz.

Opogʻotam quvonchdan terisiga sigʻmay ketdi:

– Umringdan baraka top, Rahimboy, koʻkraging bundan keyinam ordenga toʻlaversin! Ehtiyojmandlarga mana shunaqa qayishib yurishing xudoga xush kelgandirki, viloyatdagi toʻrtta eng oldi fermerning bittasi boʻpturgandirsan.

Togʻam ikkita handalak koʻtarib kelib, dasturxonga qoʻydi; yelkasini ter tuzi oqartirgan kulrang kostyumining choʻntagidan janaqush pichoqcha olib, bittasini soʻyishga tutindi. Yoqimli hid taralib, ogʻzimda soʻlak koʻlmaklana boshladi. Birovlarning chapir-chupirlatib narsa yeyishiga suqlanib oʻtirishdan ortiq azob borakanmi? Qani, oʻsha handalaklarni bir koʻrsam koʻray-chi, deb poliz tarafga yoʻl soldim.

Polizga yetgach, oʻzimni atir-upa doʻkoniga kirib qolgandek his etib, dimogʻim yashnadi. Ammo, million marta afsuski, shirin hid qorin toʻydirmaydi.

Shunda handalaklarni nimadir kemirib qoʻyayotgani haqida togʻam aytgan gap esimga tushdi-yu, oʻshandaqaning bittasini topib, chetidan zigʻirdaygina tishlab koʻrgim kepqoldi. Joʻyak ichida jovdiroqlanib borarkanman, qachondir oʻrtasidan ajrab ketgan, bir qismi yerda mogʻorlab yotgan poʻlat qaychi diqqatimni tortdi; uni oyoqda chetga surayotganimda, barglar qattiq shitirlab, kattakon bir kalamush qarshimga otilib chiqdi. Shartta yoʻlini toʻsgan edim, oʻtkir tishlarini irshaytirib, uzun tirnoqlarini doʻlaydi:

– Hey, itcha, burningni gʻarch-gʻurch tishlavolmasimdan oldin koʻchingni yigʻishtir! Menga yaqin yoʻlashga barzangi koʻppaklarniyam yuragi betlamaydi, hov!

Opogʻotam bilan bu yoqqa kelayotganimda, yoʻl boʻyidagi tutga qoʻnib turgan gʻurrak yonidagi sherigiga qarab, ehtiyot boʻl, dalada bir ovchi yuribdi, seni otib qoʻysa, bolalaring ochdan oʻladi, deb gapirgandek; uvatda oʻtlayotgan qoʻy esa tirmashqoq qoʻzichogʻini turtkilab, hoy, hadeb emavermagin, oʻzi bugun mazam yoʻqroq, deb hasratlangandek boʻlib tuyuluvdi. Yarim qadamgina naridagi kalamushning doʻqini eshitganimdan keyin, itga aylanganimdan beri parrandayu hayvonlarning tilini tushuna boshlaganimga toʻla ishonch hosil qildim.

– Sal savlatliroq hayvon qurib ketmagandir! – deb piching otdim men. – Kelib-kelib, sen soʻltamatdan qoʻrqamanmi?

Kalamushning battardan jazavasi tutdi:

– Yoʻqol deb turibman-a!

– Oʻzing kapalak boʻl!

– He, attaaang, yaxshi gapni tushunmading-ku! Endi oʻzingdan oʻpkala!

Changaktish kemiruvchi burnimga sapchishga shaylanganida, odamchasiga harakat qila olishim yana asqatib, yerda yotgan qaychi boʻlagini oldingi oyoqlarimda mahkam tutamladim-da, bor kuchim bilan selpidim. Bunaqasini kutmagan kalamush gʻaflatda qoldi-yu, qaychi boʻynini yelka aralash tilib oʻtganida, “Voy, enayuuu!” deb chiyillaganicha osmonga sakradi. To oʻziga kelib ulgurmasidan, qaychida endi qoq kallasiga urgan edim, tap etib yiqildi, shu zayl qimirlamay qoldi. Boks musobaqasidagi hakamdek sanashga tushdim:

– Biiir, ikkii, uuuch, toʻoʻrt, beesh, oltii, yettii, sakkiiz, toʻqqiiz, oʻoʻn… Nokaut!

Nariroqda boshqa kalamush ham pisib turgan ekan, sherigini qanday sulaytirib qoʻyganimni koʻrib, shunaqangi zuvillab qochdiki, akkashdan chinakamiga qoʻrqib, izzatimni joyiga qoʻygani uchun uni quvalab oʻtirmadim. Faqat, ortidan dagʻdagʻalab, hoʻ, tekintomoq, boshqa kalamushlargayam aytib qoʻy, men borakanman, bu yerga kelganlar tirik qaytmaydi, deb qichqirdim.

– Rahmat, Kuchukvoy aka!

– Qonxoʻr kalamushni boplaganingiz ajab boʻldi!

– Bu maraz kecha onamizni yeb qoʻyuvdi. Endi oʻzimiz zoʻrgʻalatdan qorin toʻydirib yuribmiz…

Pastga qarasam, bir toʻp qoʻngʻizcha menga guldiros qarsak chalib turibdi.

Yo kalamushning bor olamni titratguchi chiyilloq ovozidan, yo mening qattiq huriganimdan sergak tortganmi, Otaqul togʻam polizga halpillab yetib kelib, oldimga yaqinlashdi. Oyogʻimning tagida shalpayib yotgan zararkunandaga koʻzi tushdi-yu, yuziga quvonch yoyilib, e, qoyilman, Mittivoy, arslon boʻpket-e, deganicha ismimni olqishga koʻmizaverdi. Dumim unchalar likonlamaganidan bildimki, bu maqtovlardan ortiqcha taltayishni oʻzimga ep koʻrmadim.

Togʻam kalamushning uzun quyrugʻidan ushlab, shiypon sari chaqqon odimlay ketdi. Borayotib, ayvonda oʻtirganlarga murdani koʻz-koʻzlagan asno, manavinga qaranglar, bu handalakxoʻrni Mittivoy oʻldiribdi, boʻynini kirt chaynab qoʻyibdi, deb jar soldi.

Gapni koʻring, boʻynini chaynaganmishman! Kalamush-ku – kalamush, agar kalamushga oʻxshatib pishirilgan tortni oldimga qoʻyishsayam, boʻynidan tishlashga hazar qilgan boʻlardim. Tfu!

Polizdan chiqayotganimda, ichimda yana gʻalati jimirlash sezilib, boshim oʻz-oʻzidan tepaga koʻtarilib borayotgandek boʻldi. Toʻxtab, past-balandimga nazar solsam, oyogʻimda oʻzimning pushti krosovkam, egnimda koʻkish jinsidan tikilgan oʻsha shim, oʻsha nimcha. Mana, u qoʻlimdayam, bu qoʻlimdayam beshtadan barmoq uzun-kalta askarlardek tizilib turibdi.

Sevinchim ichimga sigʻmay, irgʻishlab yubordim:

– Ureeey, itlikdan qutuldiiim!

Ayvondagilar, kalamush qolib, endi tengdan men tomonga yuzlanishdi. Ularning yoniga yetib borishim bilanoq, birinchi boʻlib opogʻotam savolga tutdi:

– Hey, qayerdan kepqolding, oʻzi? Bu yoqdaligimni kimdan eshitding?

Nima deyishni bilmay, turganlarning goh unisiga, goh bunisiga koʻz gildiratdim. Borini boricha aytay desam, kuchuk boʻlganimga birortasi ishonib boʻpti, meni qiy-qiyovlab mazax qilishadi, xolos.

– Bu yerdaligingizni bilmovdim, opogʻota, – oʻnglanib oliboq, gap toʻqishga oʻtdim. – Otaqul togʻamni sogʻinib qolganidim, soʻrab-surishtirib, topib keldim-da… Handalak yeyishdan burun bir achomlashvolaylik…

Avval opogʻotam, keyin togʻam bilan quchoqlashdim. Rahimboy fermer bilan qoʻl berib koʻrishdim. Koʻrishib boʻldim-u, oʻtir, dasturxonga qara, deyishlarini kutishga vaqt sarflamay, atigi ikki tilikkinasi hozircha but turgan handalakka shartta chovut soldim.

Shu mahal togʻam birdan kuchukni eslab qolib, atrofga alangladi:

– Mittivoooy! Mittivoooy! Husht, husht! Iy, kuchugimiz qayoqqa yoʻqoldi?

– Tirmizak qahramoning yana kalamush ovlayotgandir-da, – deb kulimsiradi Rahimboy fermer. – Bor, qoʻlingni yuvib kel. Mehmonchaga handalakning unisiniyam soʻyib ber endi.

Togʻam yerdagi kalamushni olib zovur tarafga uloqtirdi-yu, nariroqdagi koʻmma ustunga oʻrnatilgan, baʼzilar “umivalnik” deb ataydigan osmakoʻvaning tilini tepaga koʻtarib-koʻtarib, qoʻlini yuva boshladi. Eee, kalamushni ushlagan qoʻlni sovunlab yuvmaydimi, deb xitlandim ichimda.

Xayriyat, togʻamning kelishini poylab oʻtirmay, opogʻotam dasturxondagi janaqushni olib, ikkinchi handalakni oʻzi soʻydi.

Otaqul togʻam ustundagi mixga osilgan sochiqqa qoʻlini artib, ortga qaytdi. Kelib, toʻshakka oʻtirarkan, toʻsatdan menga sinchiklanib koʻz qadadi:

– Toʻxta-toʻxta, bu yoqqa kelayotib, itdan qutuldiiim, deb baqirganday boʻldingmi? Sen bola, Mittivoyimizni kesakboʻron qilib haydagan boʻlmagin tagʻin?

Yangi soʻyilgan handalakning navbatdagi luqumini shoshib yutib, togʻamga jizgʻanoqlandim:

– Hech qanaqa Mittivoyni koʻrmadim! Qandaydir qoʻngʻir kuchukka kesak otishdan boshqa ishim yoʻqmi?!

– Hey, bola, kuchukni koʻrmagan boʻlsang, qoʻngʻirligini qayoqdan bilding? Gapir!

Tuyqus dovdirab qoldim:

– Gapiraman! Nima, gapirishdan qoʻrqadi deb oʻylayapsizmi? Anavi-i… Men sizga aytsam…

– Xoʻsh?!

– Toʻppa-toʻgʻrisini aytadigan boʻlsam… Mahallamizdagi bir oʻrtogʻimning qoʻngʻir iti yaqinda toʻqqizta bola tuqqanini eshituvdim. Bilsam-bilmasam, kuchugingiz oʻsha itning bolasi. Onasi qoʻngʻir boʻlganidan keyin, bolasiyam qoʻngʻir boʻlmay qayoqqa borardi? Endi tushundingizmi?

Rahimboy fermer, bir hiringlab qoʻyib, oʻrtaga gap suqqani jonimga ora kirdi:

– Seni sogʻinib kelgan jiyanga oqibat shumi, Otaqul? Dalada yurganim sayin, turmushning haqiqiy shirinliklarini anglab-anglab yayrayapman, deysan-u, asabing haliyam rosa joyiga tushmaganga oʻxshaydi.

– Oʻsha kuchukka namuncha kuyunmasang! – deb qoʻshimcha qildi opogʻotam. – Balki, sangʻigisi kelib, tovuqxona tomonga ketgandir.

Polizdan nariroqda pastakkina uzun bino borligini koʻruvdim, demak, tovuqxona ekan-da.

Shu mahal rangi uniqqan doʻppini peshanaga qingʻir qoʻndirgan chuvakkina yigit kirza etikda tuproqni toʻzgʻitganicha, biz tarafga bostirib kelayotgani koʻrindi. Rahimboy fermer dimogʻini doʻrillatib, ana, oʻsha tovuqxona xoʻjayinining oʻziyam kelyapti, dedi-da, uning yaqinlashishini kutmay, oʻv, Moʻsaqoʻzi, yoʻlda qoʻngʻir kuchukka koʻzing tushmadimi, deb soʻroqladi. Moʻsaqoʻzi tovuqboqar ayvondan toʻrt-besh qadam narida toʻxtab, yoʻq, koʻrmadim-a, deya boshini tebratdi.

– Ke, bolam, oʻtir, – deb, tovuqboqarni dasturxonga chorladi opogʻotam. – Handalakka rizqing qoʻshilganakan.

Oʻrgilib qoʻydim bunaqa rizqdan. Oʻzi choynakdekkina handalak boʻlsa, shungayam sherik topilmasa nimaydi!

– Bu Moʻsaqoʻzining ishlari besh, – handalakni allaqachon voshillata boshlagan ishchisini opogʻotamga maqtay ketdi Rahimboy fermer. – Tovuqxonaning yoniga uy qurib berganimizdan keyin bola-chaqasi bilan koʻchib kelgani yaxshi boʻldi. Tovuqlari shu kunlarda mingtadan oshdimi-yey…

– Yaqin-orada bir ming ikki yuztaga borib qoladi. Xotinim bir qism tovuqlarga ancha joʻja ochtirvoldi. Xudo xohlasa, yana ochtiramiz.

– Yasha, Moʻsaqoʻzi! Ishchilarimizam seni duo qilgani qilgan. Tushlikka kunda-kunora tovuq soʻyib beryapsan. Lekin… tuxumga qolganda, sal qizgʻanarmishsan?

– Bilasiz-ku, Rahimboy aka, haftasiga falon donadan tuxum yetkazib beraman deb makaronchilar bilan shartnoma tuzib qoʻyganman, uch gʻildirakli mototsiklda kelib, oʻzlari tashib ketishadi. Ishchilaringiz shundan ortsa yeydi-da.

Boshing toʻydan chiqmagur Rahimboy fermer savobga koʻmildi – tovuqboqarni qancha koʻp gapga solsa, men shuncha moʻlroq handalak yeyaverdim.

Vaqillab oʻtirishga berilib, handalakdan paqqos quruq qolganini kechroq payqagan tovuqboqar menga bir tigʻlanib olib, roʻmolchada noiloj ogʻiz artarkan, nihoyat, maqsadga oʻtdi:

– Qarang, roʻzgʻorda tuz uzilibdi. Agar ortiqchasi boʻlsa, bir siqimgina berib turing, Otaqul aka.

– Ana, ichkariga kirsang, uch quti tuz turibdi, bittasini olaver, ukam, – dedi togʻam. – Ammo xafa boʻlmagin-u, onam rahmatli bizga uqtirgan bir gapni sengayam aytib qoʻyay, qoʻshnidan uchta narsani soʻrash uyat boʻlarkan: birinchisi – tuz, ikkinchisi – gugurt, uchinchisi – igna. Shularni doim keragidan ortiq gʻamlab qoʻyishni oʻrgangin.

Quyosh yonboshlayotganida, opogʻotam uyga qaytishga chogʻlandi. Menga qarab, senam ketasanmi, deb soʻragan edi, handalakka bir yoʻliqqanimda tuzukroq toʻyib olishdan umidimni uzmay, qiziqsiz-a, opogʻota, biror kun yonida qolmasam, Otaqul togʻam qattiq xafa boʻladi-ku, dedim.

Toʻgʻrisiyam shu-da!

Chapchap luqum

 

Tongda uygʻonib qarasam, Otaqul togʻamning koʻrpasi yigʻib qoʻyilibdi. Turib, xonadan shiyponning ayvoniga chiqdim. Bir-ikki kerishib olib, erinibgina bordim-da, osmakoʻvada yuz-qoʻlimni yuvib, bujur sochiqda artindim.

Gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir tovushlarni eshitib, shiyponning orqasiga oʻtsam, togʻam bir choʻtiryuz kishi bilan uzun taxta stollardan beriroqdagi oʻchoq yonida nonushta qilib oʻtiribdi. Toʻshak oldiga yozilgan dasturxonda non, mayiz, turshak, oqqand kabilar sochilib yotardi. Togʻam meni koʻrib, ke, choy-poy ichvol, deyishi bilanoq yoniga tizza urib, ishni boʻsh piyolaga besh chaqmoq oqqand solishdan boshladim.

– Bu – jiyanim Moʻttivoy, – piyolamga choy quyayotib, meni sherigiga tanishtirdi togʻam. – Kecha mehmonga keluvdi.

Choʻtir kishi fermer xoʻjaligining oshpazi ekan, nonushta tugaganidan keyin, tushlikka taraddud koʻrishni boshlab, oʻchoq boshidagi xontaxtada turgan mis togʻorani koʻtarib keldi, ichidagi sabzavotni oʻrtaga toʻkib, dasturxondagi ikkita pichoqdan birini qoʻliga oldi. Togʻam ikkinchi pichoqni ishga solishdan ilgari choʻntagidan janaqushini chiqarib, bekor oʻtirma, jiyan, deya menga uzatdi. Piyozga azaldan tobim yoʻq, koʻzni achishtiradi; sabzining poʻstini qalinroq archib qoʻysang, kattalardan gap eshitasan; kartoshkaning buqoq-butogʻi, koʻz-kemtigi koʻp; bizga shunisi oʻngʻayroq deb, sholgʻomni tanladim.

Uchinchi sholgʻomni archib tugatayotganimda, “pat-pat”lagan tovush eshitildi. Aldar Xoldor paydo boʻlib, mototsiklini tolning tagiga toʻxtatib oʻchirdi; yerga tushib, turgan joyida kekkaygan koʻyi, hormanglar, deb doʻrilladi. Bu nusxani iqi suymaydigan togʻam oʻgirilib ham qoʻymadi, oshpaz shunchaki bosh qimirlatgan boʻldi.

– Gʻulom choʻmich! – deb oshpazga murojaat qildi Aldar Xoldor. – Rahimboy qani?

Xoʻjayin uzumzordagi xomtokchilarning yoniga ketuvdi, degan javobni eshitib, endi birdaniga menga yopishdi:

– Hey, bola! Gʻimm… Bor, Rahimboy togʻangni chaqirib kel.

Toʻnglanganidan gʻashim qoʻzib, iltimosmi bu, deb chimirilgan edim, u dovdirashdan tili gulala boʻlib, gʻimm… seni qara-yu… institutni tamomlab, tasodifan ustimga boshliq boʻlvolsang, ana oʻshanda iltimos qilib gapiraman, deb karilladi.

Togʻamdan uzumzorning qayoqdaligini surishtirdim. U boʻlsa, senga tushuntirib oʻtirguncha oʻzim borib kelaqolaman, deya joyidan turib, yoʻlga tushdi. Bildimki, Aldar Xoldorning soyasiniyam koʻrgisi yoʻq.

Otaqul togʻam ketgach, Aldar Xoldor bitta-bitta odimlab kelib, Gʻulom oshpazga qoʻrsayib qoʻl uzatdi, men bilan ham barmoq uchida koʻrishgan boʻldi; toʻshakka choʻkib, choynakdan oʻziga choy quydi; mayizga ochofatlarcha changal solib, dumidagi choʻplarni yulib oʻtirmay, birvarakayiga nos otish qildi.

Togʻamning dushmani toʻgʻrimda tarvayib oʻtirganidan tixirlanib, janaqushni dasturxonga irgʻitdim-da, turib, hovuz tomonga keta boshladim. Mototsiklning yonidan oʻtayotib, kajavaga tashlab qoʻyilgan karton qutiga koʻz qirimda qarasam, ustiga yopishtirilgan yorliqqa “Chapchap luqum” deb yozib qoʻyilibdi. Bilaman, bu Qoʻqonda chiqariladigan, doʻkonlardan topish mushkul boʻlgan eng mashhur shokoladning nomi. Dadam tugʻilgan kunimda meni xuddi shunaqa shirinlik bilan siylagan edi. Rasmdaftarni eslatuvchi guldor qutichani ochsangiz, ichidagi chuqurchalarda roppa-rosa oʻn beshta yum-yumaloq shokolad terilib turgan boʻladi. Bittasini hovrinib-hovrinib tishlab koʻrasiz. Qahvarang shokoladning qatidagi oppoq qiyom tilingizda shunaqangi vijvijlanib eriy boshlaydiki!

Ogʻzim suvlashib, hushim algʻovlandi-yu, oshpaz bilan Aldar Xoldor bu tarafga teskari oʻtirganidan foydalanib, karton qutiga bogʻlangan ipning bogʻichini qanday tortganimni bilmay qolibman. Ochib koʻrsam, guldor qogʻoz qutichalar ustma-ust taxlanib yotibdi-da.

Meni qingʻirqoʻllikda ayblashdan burun oʻrnimga oʻzingizni qoʻyib koʻring. Shunda karton qutini tag-tugi bilan koʻtargan asno zovur yoqasidagi doʻngning ortiga oʻtib borishga qay yoʻsinda botinganimdan taajjublanib oʻtirmasangiz kerak. Qolaversa, birovlarni shilib kun kechiruvchi egri kimsani qoqlash, balki, toʻgʻrilikning oʻchi hisoblanar.

Kallam tegirmondek guldirab ishladi. Shokoladli qutichalarni boʻychanlanib oʻsgan sassiqkoʻmpalar orasiga toʻkib, isi sezilmaydigan shuvoqlarni tomir-pomiri bilan yula-yula, karton qutiga zichlab bosdim. Togʻam kecha irgʻitib yuborgan kalamushning oʻligi shu yerga kelib tushgan ekan, uniyam shuvoqlarning tepasiga tashladim. Keyin, karton qutining ipini aslidagidek qilib bogʻladim-u, panalab borganimcha, mototsiklning kajavasiga qoʻyib qoʻydim.

Qayoqqa gʻoyib boʻlganimni surishtirib oʻtirishmasin deb, shiyponning biqinida taxlanib yotgan oʻtinlardan bir quchogʻini koʻtarib oldim-da, oʻchoqning yoniga eltib toʻkdim.

– E, balli! – deb alqadi Gʻulom oshpaz. – Endi chegovni olib, qozonga suv quy. Ogʻziga tomizsang, oʻlikniyam tiriltiradigan zoʻr qaynatma shoʻrva qilaylik bugun.

Qirq litrli alyumin bidonning qopqogʻini ochib, ichidagi suvni kattakon choʻmichda qozonga quyishga tutinganimda, togʻam Rahimboy fermer bilan qoʻshoqlanib kepqoldi. Aldar Xoldor pishillab oʻrnidan turib, fermerga qoʻl uzatarkan, na salom-alik, na hol-ahvol soʻrash bor, birdaniga tanbehlashga oʻtdi:

– Bee, toʻyga boradigan odam tuzukroq kiyinib olmaydimi!

Rahimboy fermer moʻylov silayotib, qanaqa toʻyni gapiryapsiz, deb soʻrasa, Aldar Xoldor koʻksini shopirintirib, iye, uyushma raisi nevarasini “kestirayotgani” esingdan chiqdimi, deb doʻngʻilladi.

– Meni toʻyga aytibdimi? – dedi fermer.

– Uyushmadagi yigʻilishda mikrofonni jaranglatib, hamma fermer yoppasiga toʻyga, dedi-ku! Gʻimm…

– Yoppasiga toʻyga deyishni mahallaning sartaroshiga chiqargan. Men bu qishloqda yashayman, raisingiz u qishloqda turadi.

– Bormayman demoqchimisan?

– Tayinlab aytilmagan joyga qanday boraman?

– Gʻimm… Juda izzattalab boʻpketibsan. Mayli, unda, ataganingni uzat, raisga oʻzim biror bahona toʻqib qoʻyarman.

Rahimboy fermer istehzoli jilmayib, raisimiz yana toʻy qilib qolar, meni alohida aytadigan boʻlsa, ataganimni oʻshanda berarman, degan edi, Aldar Xoldorning ensasi qotib, oʻzing bilasan, deb, arazlangan turxatda ortga burildi.

Ichi shuvoqqa toʻldirilib, kalamushning oʻligi ham tiqib qoʻyilgan karton quti Aldar Xoldor bilan birga mototsiklning kajavasida ketdi.

Rahimboy fermer bankda zarur ishi borligini aytib, oq “Neksiya”sida tuman markaziga yoʻl oldi. “Neksiya” u tomonda koʻzdan yoʻqoldi-yu, bu tomonda uzun tayoq ushlavolib, hu, haromzoda, mana koʻrasan, oʻzingniyam haydab solaman, bolalaringniyam, deb jizgʻinlangan koʻyi qora mushukni gʻizzo-gʻiz quvib kelayotgan Moʻsaqoʻzi tovuqboqar koʻrindi. Qoʻlimdagi choʻmichni tashlab, yoʻl tarafga yugurdim. Mushukning oldini toʻsishga ulgurolmagan boʻlsam-da, “Afrosiyob” poyezdi misol shuvillab kelib, yonimdan pupuplagandek soʻkinib oʻtib ketgan tovuqboqarning vagoniga aylanganimcha, ortidan takira-tukurlab boraverdim.

Tovuqboqar oxiri charchab toʻxtadi, tayogʻini chetga otib, hansiragan alpozda iziga qaytdi. Unga ergashmoqchi boʻlganimda, tanam bir jimirlab olib, qaddim oʻz-oʻzidan pastlayverdi. Boshim yerga tegay-tegay deganida, mundoq qarasam, yana oʻsha qoʻngʻir tukli qoʻllarga tayanib turibman-da.

Bu qanaqasi? Yomon ermak boʻldim-ku! Yo kechadan beri tush koʻryapmanmi?

Shunda Sangin tandirchining qargʻishi qaytadan yodimga tushdi: “Seni xudoyim oʻzi jazolasin – yarim odam, yarim it boʻlib oʻtib ket!”.

Bari tushunarli! Bundan bu yogʻiga bir itga, bir odamga doʻnib, arosatda yuraveraman, chamasi.

Mungli ingillab qoʻyib, Moʻsaqoʻzi tovuqboqarning ketidan emakladim.

Togʻam, dili xijillanib qaytayotgan tovuqboqarga qarab, “boyagi mushuk…” deya endigina gap boshlagan edi, menga koʻzi tushib, quvonib ketdi:

– Iye, shu yerda ekansan-ku, Mittivoy! Qorin qalay, qorin? Ma, kuchi-kuchi, hozircha shuni yeb tur-chi. Shoʻrva pishsa, tovuqlarning bor suyagi oʻzingga qoladi.

Shu topda xayolim ham, koʻnglim ham shokoladda boʻlgani uchun, oldimga tashlangan non burdasini istamaygina kavshadim.

Bu orada Gʻulom oshpaz tovuqboqarni soʻroqqa tuta boshladi:

– Tinchlikmi, Moʻsaqoʻzi? Mushuging qaltisroq ish koʻrsatdimi deyman?

– Tovuqxonaga oʻgʻrilikka tushib, bitta xoʻrozni pok-pokiza urib qoʻyibdi-ya, – deb gʻijindi tovuqboqar. – Xoʻrozning koʻztikonlar orasida toʻzgʻib yotgan patlariyu chirt uzilgan kallasini koʻrmasam, bexabar yuraverar ekanman. Soʻyilgan tovuqlarning ichak-chavogʻini doim shu laʼnatiga ilinaman, yettita bolasini atrofiga toʻplavolib, burnidan chiqquncha yeydi. Shungayam qanoat qilmaganini qarang.

– Mushuk joʻjani yeyishi mumkin, – dedi oshpaz. – Ammo-lekin xoʻroz tugul, tovuqqayam dap qilolmaydi. Xoʻrozingni nima yeb ketganini aniq bilmay turib, mushukka chakki jabr qipsan-da.

Toʻsatdan togʻamning esiga tushdim, shekilli, bitta oʻzing qaytding, nima balo, jiyanim haliyam mushukni quvib yuribdimi, deb soʻradi tovuqboqardan.

– Bilmadim, – deb yelka qisdi tovuqboqar. – Oʻzi, sizga qanaqa jiyan bu bola?

– Opam rahmatlining oʻgʻli, – tuyqus hazin tortdi togʻam. – Opam yomonroq dardga chalinib bandalik qilganida, Moʻttivoy ikki yoshgayam toʻlmaganidi. Oʻshandan beri buvisi bilan turadi. Pochcham togʻdagi konda ishlaydi, onda-sonda kelib, onasiga pul-mul tashlab ketadi. Kon tomondan birorta ayolni topib-netvolgan boʻlsa bilmadim-u, uylanibdi degan gapni eshitganimiz yoʻq.

Tovuqboqar mavzuni boshqa yoqqa burib, aytganday, oʻzingizda bolalardan nechta edi, deb soʻragandi, togʻam bir xoʻrsinvolib, ikkita qizim bor, kattasi toʻrtinchini bitirdi, dedi.

Oshpaz ham gapga aralashdi:

– Ularni koʻrib-netib turibsanmi, ishqilib?

– Bola boʻladi-yu, koʻrmasdan boʻlarkanmi? – deb koʻksini siypaladi togʻam. – Oʻtgan kuni handalakni sotib, ularga xarajat tashlab keldim. Xotinimga ancha-muncha pul ham berib qoʻydim. Qaynotam ja boshqacha odam-da, bu tomondagilardan tashvish tortmang, kuyov, oʻzingiz qiynalib qolmasangiz boʻlgani, deydi.

– Tashvish tortma deb toʻgʻri aytibdi baraka topkur, – deya togʻamning koʻnglini koʻtardi oshpaz. – Qaynotang oʻziga tinch kishi. Qaynogʻang ham toparmon-tutarmon yigitlardan. Bolalaringni hech narsaga zoriqtirib qoʻyishmaydi. Mana, qora mehnatdan qochmay, yolchitib ishlayotgan ekansan, meni aytdi dersan, hademay oʻzingniyam ishlaring yurishib ketadi, inshaollo.

Bir kuni mahmadanaligim tutib, alohida uy boʻlganidan keyin, togʻam ham bolalarining oldiga borib yashayvermaydimi, deb keksaqorilansam, erkak kishi uchun, ayniqsa, qoʻli yupqa erkak uchun qaynotaga ichkuyov boʻlib yurishdan ogʻiri yoʻq, deb javob qilganidi buvim.

Qozonga oʻt yoqilayotgan chogʻda Otaqul togʻam meni yana esga oldi, yoʻlga chiqib borib, tevarakka alangladi:

– Moʻttivoy! Hoʻ, Moʻttivoy!

Ortga qaytib kelganidan soʻng, bu bola tayyor ovqatni tashlab, uyga ketvorganga oʻxshaydi, deya afsuslanib bosh tebratdi.

Qayoqqa ketardim? Oyogʻining tagida turganimni bilmasa, nima qilay?

Togʻam “tayyor ovqat” degan soʻzni ishlatgandayoq, shokoladlar lop etib koʻz oldimga keluvdi, pismaygancha oʻrmalab borib, zovur yoqasidagi doʻngning orqasiga oʻtdim. Kerakli joyda toʻxtab, toʻrt tomonga ziyraklanib razm soldim-u, shokoladli qutichalardan birini tirnoqlab yirtdim…

Qolganini men aytmay, siz eshitib, quruq yutinishdan qiynalmang.

Chapchap luqumning uchinchisini gʻilqillatayotganimda, nimadir shitirlagandek boʻldi. Qulogʻim oʻz-oʻzidan dinkayib ketdi. Sassiqkoʻmpalardan biri xiyol tebranganidan yanayam sergaklanib, sekingina borib qarasam, haligi qora mushuk bilakchalariga iyak tirab, maʼyus choʻzilib yotibdi. Koʻzlarida jiqqa yosh.

Meni koʻrib-la, qochishga shaylanganida, qoʻrqma, mushuklarda hech qanaqa qasdim yoʻq, deb, shahdidan qaytardim.

– Shunaqa deysan-u, qaysi itga yoʻliqma, qasdi bor-yoʻqligini oʻylab oʻtirmay, akillab quvishga tushadi.

– Meni qayoqdagi shildirvoqi itlarga tenglashtirma, – deb zardalangan boʻldim. – Undan koʻra, egangga qanaqa yomonlik qilganingdan gapirsang-chi.

Mushuk yigʻlamsirab mingʻirlashni boshladi:

– Aldayotgan boʻlsam, til tortmay oʻlay. Egamga hech qanaqa yomonlik qilganim yoʻq. Meni nimaga kaltaklamoqchi boʻldi, sira tagiga yetolmayapman.

– Tovuqxonaga oʻgʻrilikka tushibsan-ku! Gʻajib tashlangan xoʻrozning patlarini egang tikonzordan topvolibdi.

– Voy! Bunaqa igʻvoni kim tarqatibdi? – angrayib soʻradi qora mushuk.

Odamlikdan itga evrilib qolganim, itligimda jonivorlarnikidan tashqari insonlarning tilini ham tushunaverishim toʻgʻrisida mushukka ezmalanib oʻtirmay, eshitganimni gapiryapman-da, deb qoʻyaverdim.

Mushuk birpas oʻylanib turib, topdim, kim oʻgʻirlaganini topdim, deya toʻlqinlanib tipirchilandi.

Uning aytishicha, Pixpix Chandr degan oʻgʻri mushuk bor ekan. U battol, egang bergan ovqatning teng yarmini menga asrab qoʻymasang, oʻzingniyam, bolalaringniyam boʻgʻib tashlayman, deb qora mushukka soliq solgan ekan; qorni ochganida kelib, tegishli ulushini yeb ketarkan.

– Bunday yirtqichlik bitta oʻshaning qoʻlidan keladi, – dedi qora mushuk. – Sen nima boʻpsan, hatto bir kasalmand tulkiniyam boʻgʻizlab tinchitganman, deb maqtanganidi.

Taskin bergim kelib, koʻp ezilaverma, egang jahlidan tushib qolar, desam, oʻzim-ku bir kunimni koʻrib ketarman, bolalarimniyam haydab yuborsa, qayoqqa bosh uradi boyoqishlar, deb titrandi qora mushuk.

– Nima, bolalaring emiziklimi?

– Sutdan chiqishgan. Lekin ularni sira koʻzim qiymaydi, endi oʻzlaringni eplayveringlar, deyishga tilim bormayapti.

Bu bechorani oʻzim qoʻllab yubormasam boʻlmaydi-yov, deb tugindim ichimda. Ammo qanday qilib?

Turmushda nechchi marta koʻrganman – miya yaxshilab ishlatilsa, oʻlimdan boʻlak hamma narsaning iloji topiladi. Miyani yaxshi ishlatish uchun nima qilish kerak – hech boʻlmasa, shokolad yeyish kerak!

Bu yoqqa yur, deb qora mushukni shokoladning oldiga boshlab bordim. Chapchap luqumdan bittasini qogʻoz qutichaning chuqurchasidan tirnoqda surib chiqarib, avval tumshuqqa ilintirdim, keyin boshimni balandga koʻtarib, ogʻzimga yumalatdim. Dunyodagi bor huzur-halovat ichimda toʻplanayotgandek boʻldi. Mushukka tantilanib qarab, ol, tortinma, Mittivoyning davrida bir chapchap luqum yesang yebsan-da, dedim.

Qora mushuk shokoladlardan birini iymanibgina oldi, sal yalab koʻrib, rohatdan koʻzlari suzildi.

– Mazzami? – deb tirjaydim. – Oʻrtogʻim kuchuk – yeganim chuchuk, deganakan… bir puchuq.

Qiziqchiligimdan qora mushukning kulgisi qistab, mayingina pixillab qoʻydi-da, yerga uzala tushib, shokoladni panjalari orasiga qisganicha, shoshmasdan yalashga kirishdi. Orada toʻxtalib, bir ustki, bir ostki labini tilida tozalab-tozalab ham qoʻyadi.

E, dogʻman! Shunaqa imilloqlik bilan tirikchilik qilib boʻlarkanmi? Topildimi, shappa-shuppa urgin-qoʻygin. Yoʻqsa, Pixpix Chandrga oʻxshagan quduqqorinlar oldingdagini ship-shipang supurib ketadi.

Odamligimda turli jonzotlarni qiyratib yayrar edim; itga aylanganimdan buyon ularning qiynalib-qiynalib turmush kechirishini koʻrib, buni qisman oʻz boshimdan ham oʻtkazib, shoʻrliklarga tobora rahmim kelishni boshladi. Rahmimni qoʻzitgani sayin, koʻnglimga qarindoshlardek yaqin boʻlib borayotgandi ular.

 

Pixpix Chandr janoblari

 

Qani, u yoqdagi ahvolniyam bilaylik-chi, deb tovuqxona tomonga yurdim. Qora mushuk tizzasini qaltiratib, ortimdan qoʻzgʻaldi.

Borsak, yettov mushukcha ochiq ayvonli uy yonidagi tandir ostida, bir-birining pinjiga kirganicha, moʻltiroqlanib yotibdi. Onalarini koʻrib, irgʻishlay-irgʻishlay, quchogʻiga otilishdi.

Moʻsaqoʻzi tovuqboqarning xotini tandirdan nariroqda kir yuvib oʻtirar, uchga toʻlib-toʻlmagan qizchasi uning yoniga choʻnqayvolib, kichkina mislaganda roʻmolcha chayish bilan band edi. Ular yumushdan toʻxtab, ona-bola mushuklarning achom-achomini zavqlanib kuzata boshlashdi.

– Qorabeka, Qorabeka! – deb iljaydi qizaloq.

Shu pallada Moʻsaqoʻzi tovuqboqar shiypondan qaytib kelib qoldi. Qorabekani koʻrib, he, oʻsha sendaqangi bolaparvardan oʻrgildim, deb yerdan kesak olayotganida, xotini tutoqib ketib, hoy, soʻloqmonday odam doʻppidek mushukka namuncha oʻchakishmasangiz, deb sannab berdi.

– Bu oʻgʻrining yonini olma!

– Qanaqasiga oʻgʻri boʻlarkan? Mundoq oʻylab gapiring-da, dadasi. Mana shu qiltiriqning xoʻrozga kuchi yetarkanmi?

Qizaloq: “Mushugim oʻgʻrimas!” deb gapga aralashgan edi, Moʻsaqoʻzi tovuqboqar unga eʼtibor bermay, xotiniga oʻshqirdi:

– Xoʻrozni shu mushuging yemagan boʻlsa, kim yedi? Senmi?

– Ha, men yedim zahrimga! Qutuldimmi? Boring, uyga kirib, choyingizni iching.

– Choyni shiyponda ichaman, – dedi tovuqboqar. – Qozonga oʻt qalandi, tuzlangan tovuqlarni vaqtida eltib beray.

Hozirga kelib, bu kichik oila har xil gʻidi-bidilarga toʻlib yotgandek koʻrinayotgan boʻlsa-da, Gʻulom oshpazning aytishicha, Moʻsaqoʻzi tovuqboqar sinfdosh xotiniga majnunlanib yurib uylangan ekan. Sevgilisiga hatto dars paytidayam tinchlik bermay, ishqiy soʻzlar bitilgan qogʻozlarni qatorlatib itqitavergach, uni oxiri “A” sinfdan “B” sinfga surgun qilishibdi. Mislsiz oʻrtanishlar yigitchani toʻsatdan shoirga aylantiribdi-yu, umrida birinchi va soʻnggi marta sheʼr toʻqib, uni maktab kutubxonasining stoliga oʻyib yozishga majbur boʻlibdi:

 

Seni ishqing meni toʻpdek uchirtirdi,

“A” sinfdan “B” sinfga koʻchirtirdi!

 

Moʻsaqoʻzi tovuqboqar uydan usti boʻz matoda yopilgan tunuka togʻorani koʻtarib chiqib, yana shiypon sari yoʻnaldi.

Qorabeka yengil tin oldi. Yuringlar, ochqab qolgandirsizlar, deya mushukchalarni oʻziga ergashtirarkan, oʻgirilib boqib, meni ham oʻsha yoqqa imladi.

Quvnoq mushukchalar onasining ortidan tizilib, askarlardek bir xil odimlagancha, joʻrlikda kuylab borardi:

 

Ovqat yeymiz,

Katta boʻlamiz.

Ovqat yemasak,

Latta boʻlamiz…

 

Uyning orqasiga oʻtib qarasam, choyxonadagi palovxoʻrlar ishlatadigan, cheti sal sinib, sirlari koʻchib ketgan katta sopol oshtovoqda tovuq qoldiqlari aynigan moshxoʻrdaga aralashib yotibdi. Koʻnglim ozayotganini bildirmaslikka tirishib, oʻzlaring yeyaveringlar, men toʻqman, deb boʻynimni qashlashga tutindim.

Ona-bola mushuklar endigina tamaddilanishga kirishganida, “Osh boʻlsin, pix!” degan tovush eshitildi; basti menga bir yarimta keladigan semiz malla baroq shoxi tarvaqaylagan bangidevonalar orasidan oliftanamo qiypanglab chiqib, ola koʻzini kosachada aylanayotgan soqqadek gʻildiratdi. Ilgari koʻrmagan boʻlsam ham, uning kimligini tezda fahmlab oldim – Pixpix Chandr! Zoti oliftalari!

Ona-bola mushuklar ovqat chaynashdan toʻxtab, toshqotma shaklida turib qolishdi.

– Xush koʻrdik, Pixpix Chandr janoblari! – deb iltifotlandi, nihoyat oʻziga kelgan Qorabeka. – Haqingizga tekkanimiz yoʻq, bir chetidan ozgina tatib turuvdik.

Oʻgʻri mushuk menga chaqchayib qarab qoʻyib, bu illati kim boʻldi, deb soʻragan edi, Qorabekaning tili tutilib, bu… bu… Mittivoy… shunchaki ta… ta… tanishim, deya duduqlanishga tushdi.

Pixpix Chandr koʻzlarini gʻazabli chaqnatdi:

– Boshqa koʻrimliroq hayvon yitib ketganmidi? Kelib-kelib, it bilan tanishasanmi, kallavaram?

– Bu – kuchuk-ku hali, Pixpix Chandr janoblari.

– Pix! Erta-indin baribir it boʻladi!

Pixpix Chandr sopol tovoqqa yaqinlashib, taomning u yer-bu yerini hidlab koʻrdi. Soʻng menga hadikli tikilib, pix, oʻzing ketaverasanmi, yo achangning uyigacha kuzatib qoʻyaymi, deb oʻqraydi.

Xiyol seskangandek boʻlsam-da, sakkizinchida oʻqiydiganlargayam gapini bermay yurgan mendek gajirni hurkitish oson boʻptimi, deb oʻyladim-u, Pixpix Chandrning koʻziga tik boqdim; tovuqxonadan xoʻroz oʻgʻirlab, Qorabekaniyam baloga qoldirganing uchun oʻzingni archib qoʻymasimdan shippagingni sudra, dedim irillab.

– Oʻzing oʻgʻrisan! – deb burun uchirdi Pixpix Chandr. – Yumdalashishga bahona axtarayotgan boʻlsang, yur, chekkaroqqa oʻtaylik.

Soʻlqillab odimlayotgan Pixpix Chandrning ortidan chimloqqa chiqib borayotganimda, jiydaga qoʻnib turgan jaqqi chumchuq “Chiq-chiq-chiq! Hoooy, bu yoqqa kelinglar, zoʻr musht-musht boshlanadi hozir!” deb chiriqlay ketdi. Yon-atrofdagi paxta paykali, bugʻdoypoya, polizzor u yoqda tursin, uzoqdagi bogʻu uzumzorlarda yurgan chumchugʻu toʻrgʻaylar, maynayu gʻurraklar, musichayu qaldirgʻochlar, qizilishtonu popishaklar ham pirro-pir yopirilib kelib, jiydaning ustini bulutdek qopladi; tevarak chigirtkayu qoʻngʻiz, qirqoyogʻu oʻrgimchak, buzoqboshiyu kaltakesakka toʻldi; ariyu kapalaklar, pashshayu chivinlar galasi boshimiz uzra tinimsiz aylanishga tushdi; hatto oʻta intizomli chumolilar ishini butkul yigʻishtirib, boʻlajak olishuvdan koʻngil uzolmay, qizilmiyalar shoxida gʻujlandi. Boʻrtiqkoʻz qurbaqa chirmovuqlanib oʻsgan oqpechakning salqinida talpaydi. Chuvalchanglar yer kavagidan bosh tikkaytirdi.

– Yanayam beriroq kel, akasi boʻyidan, – deb meni mazaxladi Pixpix Chandr. – Endi tumshugʻingni buyoqqa toʻgʻrilab tur.

Shunday dedi-yu, kutilmaganda tumshugʻimga kalla soldi. Orqaga yumalab yiqilib, birpas masovsirab qoldim. Endigina turayotganimda, havoda koʻndalang uchib kelib, ikkala oyogʻida koʻkragimga tepdi. Yana chalpayib yiqildim.

– Vah! Oʻzimizning tepishdan qildi-ku! – deb chirilladi bir chigirtka.

– Sakrashi baribir menikidan sust, – deb pisandsizlandi qurbaqa.

Uchinchi hujum och biqinimga tepki yeyishim bilan tugadi, nafasim qisilib, koʻzimning oldi qorongʻilashdi. Ingillab, yerga choʻzildim.

Atrofda turganlarning biri menga jon tortib, “ux-ux”lab qoʻysa, boshqasi tang ahvolimga boqib, kinoyali hiringladi. Yaqin orada bunaqa oʻsal boʻlmaganidim.

Pixpix Chandr ustimga kelib, gʻolibona tirjaydi:

– Pix! Shu yogʻiyam yetar deyman, qiltanoq polvon?

Qorabeka singari mushukchalar ham surobimga achinqirab termilayotganini koʻrib, ichimni bulduruq bosdi.

Shu mahal bokschiligim birdan esimga tushib qoldi. Ho ishoning, ho ishonmang, kuzning oʻrtalarida maktabdagi boks toʻgaragiga bir kunmas, ikki kunmas, roppa-rosa uch kun qatnaganman. Agar beayov doʻpposlayotgan tajribali raqibimning qulogʻidan tishlab olganim uchun murabbiy meni oldiga solib haydamaganida, erinmay oʻn-oʻn besh kun qatnashgayam toqatim yetgan boʻlardi.

Oʻshanda murabbiy meni oʻrinsiz xafa qildi. Oʻzingiz ayting-chi, raqibining qulogʻidan tishlash amerikalik Taysonga mumkin-u, oʻzbekistonlik Moʻttivoyga nega mumkin boʻlmas ekan? Amerikalikning oʻzbekdan nimasi ortiq, toʻrtta koʻzi bormi?

Boksga uch kungina borgan boʻlsam ham, eng keraklisini – murabbiyimiz maqtanib, buni oʻzim oʻylab topganman, deb aytgan “uchzarba” bilan “beshzarba”ni oʻrganib ulgurgan edim. Ikkoviyam nihoyatda olatasir usul!

Uchzarbada raqibni oldin oʻng, keyin chap qoʻlda yengil-yengil nuqilab, oxirida oʻng qoʻl bilan qattiq musht tortiladi – gup-gup, gupang! Beshzarbada chapdan, oʻngdan, tagʻin chapdan xomaki urilib, ketidan oʻng qoʻlda boshga, chap qoʻlda biqinga qaratib ayamasdan solinadi – gup-gup-gup, gupang-gupang!

Gavdam kichik boʻlsayam, umrida boks toʻgaragini koʻrmagan oʻgʻri mushukdan oʻlsam oʻligim ortiq, deb havolandim-u, baland ruhda joyimdan koʻtarilib, ikkala oyogʻimda tik turgancha, qoʻshaloq mushtumimni jagʻimning ostiga tiradim. Hayvonlar oʻrtasidagi bellashuvning bunday yangicha usulini birinchi bor koʻrayotgan tomoshabinlar davrasida gʻala-gʻovur boshlandi.

Pixpix Chandr ham avvaliga gʻayrihayvoniy turishimdan sal hayratlangandek boʻldi, soʻng vahimali pixillab olib, bor basti bilan menga tashlandi. Oldin uchzarbani qoʻllab koʻrdim – gup-gup, gupang! Gup-gup, gupang!

Pixpix Chandr bir qalqib ketdi. Koʻzlari gʻilaylanib, boshini qattiq-qattiq silkitdi.

– Biiir, ikkii, uuch, toʻoʻrt, beesh…

Raqibim hushini yigʻib, qaytadan menga yaqinlashdi. Yoʻq, bu nokaut emas, shunchaki nokdaun, deb qoʻydim ichimda.

Pixpix Chandr koʻzi qonsiragan vajohatda ustimga otildi. Bu gal qoʻrqishni xayolimgayam keltirmay, endi beshzarbani ketma-ketlatib ishga soldim – gup-gup-gup, gupang-gupang! Gup-gup-gup, gupang-gupang! Gup-gup-gup, gupang-gupang! Gupang!!!

Bir zumda masala hal boʻldi-qoldi – Pixpix Chandr gandiraklagan asno orqaga ilang-bilang tisarilib borib, shilq etib yiqildi. Bosh koʻtarishga urinishi zoye ketdi. Tevarakdan “Vahov! Bay-bay-bay!” degan tovushlar taraldi. Chirmashqoq oqpechakning ostida ogʻzi lang ochilib turgan qurbaqaga qarab: “Agʻdar, kabobing kuymasin!” deb pisandaladim.

Mahallamizda shunaqa hazil bor – kimdir angrayib turib qolsa, bunaqa uzoq anqayma, agar hozir kabob pishirayotgan boʻlsang, kuydirib yuborarding, degan maʼnoda shu qochirimni qoʻllashadi. Qiziq! Buni birinchi boʻlib kim topib aytganikin?!

Oʻzini sal oʻnglab olgan Pixpix Chandr jagʻini oʻng-chapga qimirlatib koʻrib, arang oʻrnidan turgach, menga oʻchli koʻz qadab, koʻp gerdayma, sen bilan boʻlak joyda gaplashamiz hali, deb tish gʻijirlatdi; tevarakdagilarga ham ola-kula alanglab qoʻyib, sassiqkoʻmpalar orasida gʻoyib boʻldi.

Tomoshabinlar, bunisi irgʻishlab, unisi gijinglab, qiy-chuv koʻtarishdi; biridan biri oshirib-toshirib, meni maqtay ketishdi.

Jonivorlar bozor-doʻkonda izgʻib, yemish tanlab yurmaydi, qoʻliga nima ilinsa, oʻshani kavshaydi. Shu bois ular pul degan narsaning nimaliginiyam bilmaydi. Yoʻqsa, boshimdan jaraq-jaraq pul sochishmasmidi shu topda!

 

Tovlamachining xazinasi

 

Ishchilarning tushligidan ortgan tovuq suyaklaridan bir-ikkitasini gʻajib koʻrdim, meʼdamga botmadi. Akillab Qorabekani chaqirdim, mushukchalari bilan yetib keldi, ikkita qutichadagi chapchap luqumni xash-pash deguncha xomyutdi qildik. Shundan keyin u tomondagilardan ham xabar olib qoʻyay deb kun tikkadan oʻtganida qishloqqa qarab yoʻl soldim.

Opogʻotamnikiga kirsam, choʻqqisoqol qoʻshnisi bilan u yoq-bu yoqdan gaplashib, tomorqadagi anorlarning mevasi yetilib ogʻirlashishidan oldin, nozikroq shoxlar ostiga ayri tirab yurishibdi. Opogʻotam meni koʻrib-la, uyingni topib keldingmi, Mittivoy, deya, uvatga yoyib qoʻyilgan, ustida choynak-piyola, non, shirinliklar turgan chorsidan bitta pechakqand olib, oldimga tashladi. Chapchap luqumga teng kelmasayam, buyam bir rizq-da, deb taʼmi qotgan nisholdani eslatuvchi oppoq pechakqandga tumshuq yugurtirdim.

– Xullas, xotinim borib, oʻsha tul kampir bilan gaplashib koʻribdi, – deya soʻzini boʻlingan joyidan davom ettirdi choʻqqisoqol kishi. – Yoʻldosh akani bilaman, halol-bosiq odam, lekin erga tegaman deyishga betim chidaydimi, bolalarim ermak qilishmaydimi, deb koʻnmabdi kampir.

Opogʻotam qadrdoniga royishli yuzlanib dedi:

– Mayli, yoziqda borini koʻrarmiz, oʻrtoq. Kampiring ham menga xotin axtaraverib, charchab ketdi. Aytib qoʻy, endi urinishini bas qilsin.

Anavini qarang, opogʻotam tushmagur yangitdan kuyovtoʻra boʻlib, shoyi chimildiqqa kirmoqchi, shekilli? Oltmishdan oshgan odamga nikoh oʻqib, pand-nasihat aytib qoʻyish uchun, kamida yuzga borgan mullani topish kerak boʻladi-ya.

Koʻrib turibman, kampir masalasini hisobga olmaganda, opogʻotamning ishlari joyida. Borib, buvimniyam bir yoʻqlayin endi.

Ketayotib, Aldar Xoldorning darvozasi oldida koʻk mototsikldan tashqari, moshrang “Spark” avtomobili ham turganiga koʻzim tushdi-yu, negadir ichkariga nazar tashlab qoʻygim keldi. Temir darvozaning oʻng qanotidagi qiya ochiq eshikchadan oʻtsam, atirgullar ortidagi stolda Aldar Xoldor kigizdoʻppili qovunbosh kishi bilan aymoqlashib oʻtiribdi. Dasturxonda hech vaqo yoʻq.

Sopol terilgan yoʻlakdan yurmay, toʻrtburchak maydonchadagi gullarni panalab, stolga yaqinroq bordim. Stol yonidagi kashtan daraxtiga suykanib biqin qashlayotgan jikkakkina ola mushuk, qoramni ilgʻaboq, oʻzini chetga tortdi.

Aldar Xoldor tevarakka sergak alanglab, qani, narsangizni bir koʻraylik-chi, degan edi, qovunbosh kishi, tashvishlanmang, hammasi asl mol, deb beastar choponining qoʻynidan baxmal yonchigʻini oldi, ichidagi sariq tangalarni, uzuk, baldoq, oyqoshliq, bilakuzuk singari yarqiroq bezaklarni avaylab stolga toʻkdi. Aldar Xoldor sariq tangalardan birini ogʻzining chetiga tiqib tishlab koʻrgach, qayta joyiga qoʻyib, endi yorugʻda kamalakdek tovlanayotgan shishasimon toshchani tomosha qilishga tutindi.

– Oltinlar-ku haqiqiyligi bilinib turibdi. Gʻimm… Manavi olmoslarga kafalot bormi?

– Ie, mendan biror marta pand yegandek gapirasiz-a, – deb qoshini bilanglatdi qovunbosh kishi.

– Xoʻp, bariga qancha soʻraysiz?

Tortishib-tortishib, savdoni pishirishdi. Aldar Xoldor uyga kirib ketib, picha hayallab qoldi. Qaytib chiqib, oʻzimiznikiga oʻxshamagan pullarni bitta-bitta sanay-sanay, qovunboshning qoʻliga tutqazdi.

– Tutumingizga doim besh ketaman, Xoldor ogʻa, u yoqdan pul topib-la, bu yoqdan darrov meni chaqirasiz, – pulni choʻntakka solib, ixcham soqolini barmoqda pardozlagan boʻldi qovunbosh kishi. – Sizdaqangi donolar az-azal juda tanqis.

– Bu algʻov-dalgʻov dunyoda qogʻozga ishonib boʻlarkanmi, inim?

– Lokigin, ortiqcha kamtarlik qilvorasiz-da. Hech boʻlmasa, anavi matasekilni yoʻqotib, oʻrtacharoq bir mashina olvoling.

– Gʻimm… Chekkalab top, chekkaga koʻm, degan gap bejiz toʻqilmagan. Oʻzingni koʻrsatishga berildingmi, tevaragingda zoriqqanlar koʻpayadi, qarindoshlar pat-paringni yulishga urinadi, kattalarning tamagirligi oshadi. Qolaversa, meni falon joyda chalib ketgansan deb yurgan tuhmatchilar yoʻq haqini soʻrab, tugalay yopishvoladi.

Mehmon shu joyning oʻzida xayrlashib, darvozadan chiqib ketganidan keyin Aldar Xoldor stoldagi bezaklarni dasturxon-pasturxoni bilan yigʻishtirib, uyga yoʻnaldi.

Pisib borib, oʻymachilar naqshlab yasagan baland-baland ustunli ayvonning supasiga sakrab chiqdim, sekingina derazadan moʻraladim. Aldar Xoldor poldagi tukdor gilam ustida turgan pastak temir javon qarshisida tizzalab, eshigiga oʻrnatilgan tilsimli gʻildirakchalarni aylantira boshladi. Shunga oʻxshashini dadamning diplomatida koʻruvdim – gʻildirakchalar aylantirilib, toʻrtta katakdagi raqamlardan keraklilari terib chiqilsa, qulf ochiladi.

Ana, qulf shiq etib, javonning eshigi chertildi. Aldar Xoldor beshikbolishdan sal kattaroq charm xaltani tashqariga sugʻurib, boʻgʻzini ochdi-da, dasturxondagi yaltir-yultirlarning hammasini unga toʻkdi.

Voy, aldoqchi-yey! Bu yoqda koʻkcha qovundek keladigan xazinani yigʻib qoʻyibdi-yu, u yoqda oʻzini kambagʻallikka solib, xotinim bilan quruq non kavshab oʻtiribmiz, deb yigʻlamsirashiga oʻlasanmi!

Ola mushuk men tomonga miyovlab qaray-qaray, charm xaltani temir sandiqchaga joylayotgan Aldar Xoldorning oyogʻini nuqilay boshladi. Aldar Xoldor, jim, Olamosh, deb qoʻyib, atrofga alang-jalang koʻz yugurtirayotganida, ish pachava boʻlishidan choʻchib, ayvondan tushiboq, koʻcha tarafga oʻrmaladim. Stolning tagidan oʻtayotganimda, dasturxonga oʻrogʻliq katta togʻora koʻtargan lavoqyuz xotin darvozadan kirib kelayotgani koʻrindi, oʻzimni yana gullarning panasiga olishdan boʻlak ilojim qolmadi.

Lavoqyuz xotin shundoqqina yonimga kelib toʻxtadi, qoʻlidagi togʻorani stolga qoʻydi, stullardan biriga oʻtirib, roʻmolchada yelpinishga tushdi. Uydan Olamoshni ergashtirib chiqib kelgan Aldar Xoldor, ha, toʻy tugadimi, deb soʻrab, narigi stulga yalpaydi.

– E, toʻyga bormay men oʻlay! – deb javrandi xotin. – Sharmanda boʻldim, sharmanda!

– Nima gap?

– Anavi raisingizning xotini bilan bitta dasturxonda oʻtirib qoluvdik. Bir hangomani aytib berib, hammaning ichagini uzdirdi. Men desangiz, yer yorilmadi-yu, yerga kirmadim…

Uyushma raisining toʻyida xonadon bekasi kazo-kazolarga qarashli ayollarni alohida uyda mehmon qilayotib, Aldar Xoldor boya uning qoʻliga chiroyli karton qutini tantanavor tarzda tutqazgani, bu chapchap luqumni eng aziz mehmonlarga qoʻyarsiz, deb tayinlagani yodiga tushibdi-yu, kelinini chaqirib, oʻsha tansiq narsani olib kelishni buyuribdi. Karton qutini keltirib, deraza tokchasida ocha boshlagan kelin birdaniga “Kalamuuush!” deb baqirib yuboribdi. Quti derazadan agʻnab, gilamga eng oldin kalamush shaloplab tushibdi, keyin – shuvoqlar.

Buni eshitib, Aldar Xoldor talvasalanganicha oʻrnidan sapchiladi:

– Bilamaaan, bilamaaan, bu ishni dushmanlarim uyushtirgan! Izimdan poylab, payimni qirqishga urinadiganlar koʻpayib ketyapti! Shunchalik koʻpki, gʻimm… hozir birortasi anavi gullarning orasidan moʻralab turgan boʻlsa, sira hayron boʻlmayman!

Yuragim taka-puka urib, battardan biqinib oldim.

– Ayb oʻzingizda! – deb dakki berdi xotin. – Pul topish ekan deb, qancha-qancha odamni ip boylamay oʻynatganingizdan keyin, gʻanim koʻpayadi-da. Yaxshiyamki, ukam amaldor. U qoʻllab turmasa, sizni allaqachon yeb tashlashardi. Idorada tarvayib oʻtirish tugul, odamlargayam qoʻshilolmay qolardingiz.

Aldar Xoldor ham boʻsh kelmadi:

– Ukanggayam, sengayam ja osilvolgan joyim yoʻq. Oilaning aravasini eshakdek jiiim tortib kelyapman. Oʻrnimda boʻlak odam boʻlsa, roʻzgʻor tashvishlaridan toliqqanini pesh qilib, ke, xotin, uzuging oʻzingda tursayam, tillo baldogʻingni sotib tirikchilikka ishlataylik, demasmidi?

– Yopishmaganingiz baldogʻim qoluvdi, oʻzi!

Xotinining qahri lovullab, togʻorani koʻtarganicha uy tomonga yoʻnalgach, Aldar Xoldor ham oʻzicha gʻudrangan koʻyi tomorqaga oʻtib ketdi.

Olamosh men tomonga xavotirli qiyalagan edi, unga yomonlik istamasligimni anglatish uchun samimiy qiyofada qilpillay boshladim. Mushuk nima qilishini bilmay, ikkilangan alpozda turib qoldi.

– Qoʻrqma, Olamosh, shu paytgacha birovni bekorga xafa qilmaganman, – dedim past tovushda. – Rosayam chiroyli mushuk ekansan, ke, oʻrtoq boʻlamiz.

– Oʻrtoq boʻlvolib, keyin nima qilamiz? – deb soʻradi mushuk.

– Birgalashib quvlashmachoq oʻynaymiz. Sogʻinganda bir-birimizdan xabar olib turamiz.

Olamosh anchadan beri yolgʻizlikdan zerikib yurganmi, bu uydagilar meni hech qayoqqa chiqarmaydi, deb xoʻrsingan edi, oʻsha qilpanglashda yoniga borib, unda oʻzim kepturarman, deya biqiniga biqinimni qadadim. Ishqalanishim unga yoqinqirab, unaqa boʻlsa, mayli, deb halimday yumshadi.

Mana, doʻstlarim yana bittaga oshdi. Badfeʼlligi jaddidan nuqul dushman orttirib yashashni Aldar Xoldorga oʻxshash nusxalarga qoʻyib beravering.

Darvozadan chiqib, ayrim joylari oʻydim-chuqur boʻlib ketgan, Kaltoʻpining qoq oʻrtasidan kesib oʻtuvchi koʻhna oʻqkoʻchaning chetida toʻrt oyoqlab boraverdim. Yoʻlning chapidagi ariq yoqasida qatorlashib oʻsgan tikqomat teraklar shabadada bir xil tebranib koʻrkam raqs tushayotganini oʻng yoqdagi qaragʻaytan simyogʻochlar havasi toshib-toshib kuzatayotgandek, yashnoq daraxtlik chogʻlarini ezginlanib eslayotgandek edi. Hasharot ovlashdan charchagan qaldirgʻochlar elektr simlariga tizilib, kim qayerlarga borgani, nimalarni koʻrgani toʻgʻrisida bir-biriga gap bermay, betoʻxtov gʻujirlashib turardi. Qaniydi, ariqda childirab-childirab oqayotgan suvlarning tilini ham tushuna olsam.

Ikki yoqdagi past-baland uylarning moʻrisidan koʻtarilayotgan tutunu bugʻlar dimogʻimga turli taomlar isini keltirib urar, shavlami lagʻmon, shoʻrvami qoʻgʻirmoch, chuchvarami moshkichir, atalami palov boʻlmasin, qay biri qaysi xonadonda pishirilayotganini adashmay ajratib borayotgandim. Shundan bilingki, itlikning oʻziga xos tomonlari koʻp.

Hakillab-hakillab, oxiri guzarga yetib keldim. Qarasam, Parpivoy oshnam Momogul qandolatchidan soʻrgʻildiriq olib turibdi. Xoʻrozqandning shaftoli sharbati shimitilgan yangicha bu turini Momogul qandolatchi oʻzi oʻylab topgan; uni buyurtma bilan yasalib, ustiga “Soʻrgʻildiriq” deb yozilgan guldor xaltachaga solib sotadi.

Oshnamga yaqinlashib, qalaysan, Parpivoy, degan edim, boʻgʻzimdan odatdagi vak-vaklar taraldi.

– Voy! Bu toʻlpoqqina kuchuk kimniki? – deb, menga charaqlab boqdi Momogul qandolatchi.

– Bilmadim, – dedi Parpivoy.

Soʻng moʻltillab qarayotganimdan erib ketdimi, soʻrgʻildiriqning bir chetini tishida sindirib, menga tufladi. Jonajon oʻrtogʻimning soʻlagiyam dori, deb shirinlikni oʻrnida shapillatib qoʻyaqoldim.

Kunduzi koʻpchilik u-bu yumush bilan band boʻlgani uchun choyxona ayvonidagi soʻrida uch-toʻrttagina odam piyola oʻgirib oʻtirardi. Toʻriga yonboshlab olgan Toʻlan toʻlpoq, ha, Mahay, choyxonaga burilmay, gʻirmayib oʻtib ketyapsan, yana omading chopmadimi deyman, deb mazaxomuz gap otgan edi, “Samuray”ini qoʻltiqlab olgan Mahay xoʻrozboz azadordek tundlanib, qatorasiga ikkinchi marta yutqazdi bu xumpar, uni bugunoq dimlamaga bosaman, deganicha yoʻlida davom etdi. Til tushunmas “Samuray” umri bugun poyoniga yetishini xayoligayam keltirmay, egasining qoʻltigʻida parvosiz borayotganini koʻrib, jigarim toʻkilgudek boʻldi.

Ortga qayta boshlagan Parpivoyning shimidan tortib tegishqoqlik qilishga shaylanayotganimda, yonginamga bir bujmoq mahsi kelib toʻxtadi. Tepaga qarasam, shalviroq shim, qoʻshchoʻntakli kitel kiyib, boshiga choʻchchayma doʻppi qoʻndirgan, ellik yoshlar chamasidagi yalpoqburun kimsa ustimda suyuqlanib turibdi.

– Keling, – dedi Momogul qandolatchi. – Pashmaklar bor, holvalar bor.

– Shartta-shurttasini aytsam, menga oʻzingiz kerak boʻpturibsiz, Momogul bibi, – deb chingʻilladi yalpoqburun. – Oʻn yilchadan beri soʻqqaboshman, sakkiz tanobli alohida hovlim bor, topar-tutarim yomonmas. Oldingizdan bir oʻtib qoʻyay dedim. Zora, yulduzimiz bir-biriga toʻgʻri kelib, qoʻshaloqlanib ketsak.

Choyxona soʻrisida gurunglashayotganlar tuyqus jimib qolishdi; Toʻlan toʻlpoq qoʻlidagi piyolani dasturxonga qoʻydi; Qiron qassob qayroqqa pichoq ishqaganicha doʻkonidan zogʻlanib chiqib keldi; sartarosh Baraka marakaga qoʻshilib, sochining yarmi qirilgan Toshpoʻlat mergan ham derazadan tashqariga moʻraladi. Barchaning koʻzi Momogul qandolatchining ogʻziga qadaldi.

Oʻttiz besh yoshlarga borayotgan Momogul qandolatchi – mahallamizdagi bittayu bitta qariqiz. Er tanlayverib bezor qilgani uchun ota-onasi uning ishiga aralashishni yigʻishtirib, qizimizga uylanaman deganlar oʻzi bilan gaplashaversin, deya eshikni tambalab olishganiga ancha boʻldi. Shundan beri sovchilar koʻchadan kelib, koʻchadan ketadi. Bu odam sovchilarning ming birinchisi boʻlsa, ajabmas.

Toshpoʻlat merganning derazadan chiqib turgan sovunli kallasidagi ogʻiz qittak tirjayib, yalpoqburunga soʻzlana boshladi:

– Sizni tanigandek boʻlyapman, mehmon. Yanglishmasam, shiydontepalik Gʻilmir ziqna deganlari oʻzlari boʻlsalar kerak. Topdimmi?

– Ziqna deganlari – tuhmat! – deb hurpaydi sovchi. – Xudoyorxonlaram molini sochsa, menchalik sochgandir! Rahmatli xotinim tirik boʻlganida aytardi: makaron issiqqa sakkiztagacha vermishelni sanab berib, mastovaga ellik oltita guruch soldirardim. Agar osh qilsa, guruchni ayab oʻtirmay, shartta-shurtta uch yuztasini bervorgan paytlarim boʻlgan! Ha, boʻynimga olaman, birda-bir isrofgarchilik ham qipturganmiz.

– Dunyo dunyo boʻlib, bunaqa sovurmachilikni yo koʻrgan, yo koʻrmagan! – deya qiqirladi Baraka maraka.

Gʻilmir ziqna qiqirloq sartaroshga orqa oʻgirib, Momogul qandolatchiga xushomadli qarash qildi:

– Xoʻp desangiz, shartta-shurtta toʻy qilib, may-chay yashashni boshlardik.

Qiron qassob pichoq qayrashdan toʻxtab, “may-chay” deganingizni “boʻkkuncha yeymiz” deb fahmlasak boʻlaveradimi, akaxon, deb piching tashlagan edi, Gʻilmir ziqna qoʻlidagi chit xaltaga ishoralab, xudoga ming shukrki, yeyish-ichishim joyida, mana, hozir ham bozordan ooolam-jahon xarajat koʻtarib kelyapman, deb qoʻrsaydi.

Momogul qandolatchi taʼbi suymagan sovchini kalaka qilib, holvaytar yalagandek rohatlanishini hamma yaxshi biladi. Bu gal ham shunday boʻldi:

– Ooolam-jahonmish! Xalta jonivor boʻm-boʻshga oʻxshab turibdi-ku, togʻaginam.

– Nimaga boʻm-boʻsh boʻlarkan? – deb xaltani titkilashni, ichidagi baʼzi narsalarni koʻz-koʻzlab koʻrsatishni boshladi Gʻilmir ziqna. – Mana, haftalik yegulikning hammasi dusambalanib yotibdi.

Toʻlan toʻlpoqning lunji yoyildi:

– Heh-heh-he… Qani, qani!

– Manavinisi – bitta kaaatta piyoz! – maqtanishga tushdi Gʻilmir ziqna.

– Oʻoʻoʻ!!! – deb tasannolandi Momogul qandolatchi.

– Naq toʻrt dona rediska…

Bu safar Momogul qandolatchiga qoʻshilib boshqalar ham tengdan naʼralandi:

– Oʻoʻoʻ!!!

– Uchtacha kartishka…

– Oʻoʻoʻ!!!

– Yarimta impoʻrniy karam…

– Oʻoʻoʻ!!!

– Ikkitadan ortiq sabzi…

– Oʻoʻoʻ!!!

– Salkam yuz ellik gramm goʻsht…

– Oʻoʻoʻ!!!

– Yigirma besh gramm dumba yogʻi…

– Oʻoʻoʻ!!!

– Qolaversa, uyga sarimsoq-parimsoq, koʻkat-poʻkatlar ekib qoʻyganman.

– Oʻoʻoʻ!!!

– Nima “oʻoʻoʻ”?! Bitta jonga bundan ortigʻi qorinni yorvormaydimi? Uylansam, boshqa gap, xarajatni shartta-shurtta ikki baravar oshirvorishga qodir odamman!

– Oʻoʻoʻ!!! – naʼra tortishda davom etdi atrofdagilar.

Momogul qandolatchi maynavozlikni avj pardaga koʻtardi:

– Tejamkorlikni bilmaydigan odamga oʻxshayapsiz-ku, togʻaginam. Bir kishiga yetgan narsa ikki kishigayam bemalol yetadi.

Gʻilmir ziqnaning koʻzlari hayajonli chaqnadi:

– Va-vah! Iqtisod boʻyicha prapessir boʻpketing-ye!

– Iloji boʻlsa, koʻpaytirish oʻrniga, hozirgisiniyam sal qisqartirgan yaxshi.

– Va-vah! Naq akademik ekansiz-ku! Shartta-shurtta tushundimki, sizni qoʻldan chiqarmasligim kerak, Momogul bibi!

– Oʻlding endi, Momogul! – deb qiyqiroqlandi choyxonachi.

Momogul qandolatchi esa shaddodlanishini qoʻymadi:

– Zoʻrgʻalatdan oʻzimbopini topganimda, unaqa demay turinglar…

Momogul qandolatchining bu yangligʻ sichqon-mushuk oʻyini rango-rang hangomalar bilan tugashiga oldinlari nechchi marta guvoh boʻlganman. Tomoshaning qahqahali yakunini kutib oʻtirmay, uyimizga qarab yurdim.

“Samuray”ning qutqarilishi

 

Darvozamiz yopiq ekan, kuchangancha itarib, zoʻrgʻa ochdim. Koʻzoynagini yiltiratib, ishkom ostiga yoyilgan sholchada toʻshak qavib oʻtirgan buvimga picha moʻralab turgach, uning “chip-chip”lab haydashidan choʻchidim-u, orqasidan sekingina oʻtib borib, tomorqaga kirdim. Birinchi oʻrinda ogʻilxonadan xabar oldim. Qoʻylarimiz dadam gʻamlab berib ketgan yem-xashaklarni armonsiz kavshayotganini koʻrib, koʻnglim tinchidi.

Qarasam, qoʻshni hovlidagi oʻrikning shoxida “Samuray” oʻyga choʻmib oʻtiribdi. Hey, bu yoqqa oʻt, gap bor, degan edim, men xoʻroz boʻlsam, sen it boʻlsang, oʻrtamizda qanaqa gurung boʻlishi mumkin, deb gʻoʻdangladi. Joni qil ustida turgani, shu topda gapimni eshitmasa, keyin attang qilishgayam ulgurolmay qolishini aytganimdan soʻng sal hushyor tortib, devordan uchib oʻtdi. Patlarining baʼzi joylari titilib, boʻyni qon yuqiga belanganidan payqadimki, yengilishdan oldin oʻzini ayamay jang qilgan.

– Hoziroq uydan qochishing kerak! – dedim gapni choʻzib oʻtirmay. – Egang bugun seni dimlamaga bosmoqchi.

– Nima-nima? Qanaqa dimlama? – deb xoʻshshaydi “Samuray”.

– Qozonda pishiriladigan dimlama.

– Iye! Oʻylab gapirsang-chi! Qaynoq qozonga solinsam, oʻlib qolaman-ku!

– Qanaqa qovoqbosh maxluqsan? Qozonga tushmasingdan ilgariyoq, allaqachon oʻlgan boʻlasan, tentak!

– Unchalik ilgʻolmadim. Hali qozonga tushmay turib, qanaqasiga oʻlishim mumkin? Ogʻzim borakan deb gapiraverarkansan-da.

Odamlar “tovuqbosh” degan soʻzni bekorga ishlatmas ekan, uni qanday fojia kutayotganini uqtirgunimcha, mahallani bir kezib chiqqulik vaqtim ketdi. Dimlama nima ekanligini zoʻrgʻa anglab yetgan bu pandavaqiga hademay odamga aylanib qolishim ehtimoli borligini, buning barcha sabablarini tushuntirish oson emasligini bilib, boshqacha yoʻsinda soʻz qotdim:

– Qisqasi, mundoq qilamiz, anavi molxonaning chordogʻiga chiqib, miq etmasdan yot. Ertaga yo oʻzim kelaman, yo Moʻttivoy keladi. Seni boshqa joyga olib ketmasak, boʻlmaydi.

“Samuray”ning birdan koʻzi olaydi:

– Tunov kuni meni kamalakda otgan Moʻttini aytyapsanmi? Dimlamadan ham xavfli bola u!

– Bezovtalanma, tayinlab qoʻyaman, senga boshqa teginmaydi.

– Odamchasiga gapirolmaysan-ku, qanaqasiga tayinlab qoʻyarkansan?

– U yogʻi bilan ishing boʻlmasin. Gʻoʻrga qoʻshilgan – gʻoʻr, zoʻrga qoʻshilgan – zoʻr, degan gap bor. Menga oʻxshagan esi butunlarning aytganini indamay qilaversang, kam boʻlmaysan…

Uyning tashqisidan yoʻgʻon-ingichka tovushlar eshitildi. Ishora qilishim bilan, “Samuray” yerdan parillab koʻtarilib, oʻzini molxonaning chordogʻiga urdi. Tomorqaga buvimning yonida kirgan Qiron qassobning menga koʻzi tushib, iye, boya guzarda ivirsib yurgan anavi kuchuk siznikimidi, deb soʻradi. Buvim hayron boʻlib, buni endi koʻryapman, dedi.

Qiron qassob loʻkanglab borib, molxonaning ochiq eshigidan qoʻylarga yutoqib nazar solgach, buvimning oldiga qaytayotib, tunov kuni qoʻchqoringizni besh yumaloqqa bermagan edingiz, beshu choraktaga koʻnarsiz, deb doʻrangladi.

– Bolalasa, sovliqlardan birortasini sotsam sotarman, – dedi buvim, boshidan siyliqayotgan roʻmolini toʻgʻrilayotib. – Qoʻchqorni sotmaymiz deb aytuvdim-ku, Qironboy.

– Bilib turibman, narxini oshiryapsiz, – soxta tirjaydi Qiron qassob. – Besh yarim yumaloqqa rozimisiz?

Obbo-o, tagʻin oʻsha gapmi? Qiron qassob bir oychadan beri buvimni hol-joniga qoʻymay, shu qoʻchqorning kuyitkisida yuribdi. Shunaqayam bezbet boʻladimi odam? Sotilmaydi deyilganidan keyin sotilmaydi-da! Hadeb qistayveradimi!

– Qoʻchqorni sotmayman, doning koʻpaygur.

– E, ketsa mendan ketibdi! Mayli, chorakam olti yumaloq beraqolay.

Toʻsatdan buvimning oʻjarligi tutdi:

– Oltitagayam, yettitagayam sotilmaydi! Boshqa gapim yoʻq!

Azali polvonogʻiz boʻlgan Qiron qassob dabdurustdan qoʻpollandi:

– E, qanaqa noshukur bandasiz? Kampir shoʻrlik oʻzini sal oʻnglavolsin deb, gʻamingizni yeb yuribman-a. Qoʻlingiz pul koʻrsa, manavinaqa tiviti toʻkilgan kamzir, guli oʻngib ketgan roʻmolda yurishdan qutulasiz, andak odambashara boʻlasiz. Yaxshilikni bilmaydigan gʻirt ovsar ekansiz-ku!

Iy, iy! Buvimni “ovsar” devordimi?! Hoziroq koʻrsatib qoʻymasammi unga!

Achchiq ustida itligimni unutib, yerda yotgan yongʻoqdek toshga chang soldim-u, uni tirnoqlarimda mahkam changallab, qassobga qaratib otdim. Tosh qoq kallaga borib tegdi. Qiron qassob joyida bir irgʻishlab olgach, avvaliga bosh changallagan asno gandiraklab tebrandi, keyin olayib ortga oʻgirildi. Mendan shubhalanishni xayoligayam keltirmay, u yon-bu yonga alangladi, halpillab borib, devordan qoʻshninikiga boʻylandi; qanisan oʻzing, mard boʻlsang, bekinmasdan bu yoqqa chiq, teringni shilvolaman, deb oʻshqira ketdi.

Koʻrib, tushunib turibman – nimadandir figʻoning oshganida, birovga baqirganing sayin, koʻngling yozilib boraveradi. Ayniqsa, yoʻq odamga doʻq urish yanayam oʻngʻay.

Qiron qassob orqadan chil beruvchi nomardlar koʻpayib ketayotganini jahonga ovozalay-ovozalay narilab borarkan, buvim koʻzimga diqqatini jamlab tikildi. Nahotki, toshni men otganimni payqagan boʻlsa? Yoʻgʻ-e, koʻzoynaksiz hech nimani tiniq ilgʻay olmasligini bilaman-ku.

Ahvolimning pachavaligidan xabardorsiz – qachon it, qachon odam boʻlib qolishim, afsuski, oʻzimga ham butkul qorongʻi. Xayriyat, etim buvim tomorqadan chiqib ketganidan keyin jimirlashni boshladi.

Xoʻroz bilan zap vaqtida gaplashvolgan ekanman. Agar odam qiyofasiga qaytishim uning koʻzi oʻngida sodir boʻlganida, qozonda qaynashdan asrandim deb suyunayotgan “Samuray”, baribir, yuragi yorilib oʻlgan boʻlardi.

Oyoq uchida yurib borib, tashqiga qiyalasam, buvim qavib boʻlingan toʻshakni koʻtarib, uyga qarab kiryapti. Devor boʻylab nariroqqa yugurib oʻtdim-da, xuddi koʻchadan kelayotgandek boʻlib ortimga qaytdim.

– Assalomalaykoʻoʻoʻm, buvi! – deb quyuq salom berdim derazadan.

– Keldingmi? – dedi buvim. – Opogʻotang yaxshi yuribdimi?

Uchrashuv marosimi doʻq-soʻroqlarsiz oʻtganidan biram quvondimki!

Uncha ochqaganim yoʻq, deyishimga qaramay, buvim ugra isitib kelib, qistay-qistay oxirigacha ichdirdi. Orada u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirdik. Ovqatlanib boʻlib, kosa bilan qoshiqni hovuzcha yoqasiga toʻkilgan kulda ishqalab yuvdim, soʻng koʻchaga otlandim.

– Ha, eshikdan kirib, teshikdan chiqib ketyapsan? – dedi buvim.

– Parpivoyda bir ishim boridi. Zuvillab kirib, zuvillab chiqaman.

Kirsam, Parpivoy kompyuterga qadalvolib, matematikaga oid qandaydir masalalarni yechib oʻtiribdi. Algebra, fizika, geometriyaga oʻxshagan asabtirnar narsalarning nima qizigʻi bor, bilmadim. Undan koʻra televizorning jamoliga tikilib, kino-pino koʻrgin edi. Hech boʻlmasa, kitob varaqlab, Goʻroʻgʻlinimi, Kuntugʻmishnimi, pichira-pichirlab oʻqib yotmaysanmi, nodon?!

Zuvillab kirib, zuvillab chiqishim uzoqqa choʻzildi. Parpivoyning kompyuterida “urush-urush” oʻynashga berilib ketib, uyga qosh qorayganda qaytdim.

Yana ovqatlanishimga toʻgʻri keldi. Buvimga sherik boʻlib, televizorda serial ham koʻrdim. Oʻtgan kuzda boshlangan bu kinoning bir-ikkita qismiga koʻzim tushgandek boʻluvdi, qarasam, oʻshanda bir juvonni sevdimlab qolgan suzilmaqosh kishi haliyam sevganicha shumshayib yuribdi. Yoqtirib qoldingmi, orqasidan xunoblanib yuguravermay, choyxonachimizning jiyaniga oʻxshab, bir hafta oʻtmasdanoq shartta sovchi yubor, yana ikki haftadan keyin uylangin-qoʻygin. Oʻzingniyam qiynamaysan, boshqalarniyam.

Buvim joy solib berdi. Koʻrpaga kirib-la, uxlab qolibman.

Xuftonda toʻralanib uyquga ketgan boʻlsam, bomdodning yorishib-yorishmagan tongida quymichimga tushgan tepkidan xoʻrlanib uygʻondim.

– Chip! – deb gʻadabladi buvim. – Hu, juning toʻkilmagur! Itga koʻrpada oʻranib yotishni kim qoʻyibdi? E, tur-e!!!

Uyqusirashda, hozir qay turxatdaligimniyam anglolmay, iye, e yoʻq, be yoʻq, odamni gupira-gupang tepaveradimi, deb jaybillolanishim akillashlarga aylandi-yu, buvim hayiqish bilan orqaga tisarilib, deraza tomonga ovoz qildi:

– Hoy, Moʻttivoy, soʻfi azon chaqirmasidan, qayoqqa gʻoyib boʻlding? Kecha bir kuchuk tomorqada timirskilanib yuruvdi. Endi, ana, koʻrpangda tosrayib yotibdi. Kelib haydamaysanmi buni!

Sholcha tagidagi kaltak qoʻlga olinayotganida, zippa esimni yigʻib, tashqariga qochdim. Buvim ortimdan tomorqagacha quvib kirib, tandirning oldida toʻxtadi; tevarakka alanglay-alanglay, ketma-ket Moʻttivoylashni boshladi. Javob eshitilmagach, bu daydi bola nonushtayam qilmasdan, yana opogʻotasinikiga ketvorgan boʻlsa-ya, deb gʻudrandi. Bunaqada na kulishingni bilasan, na yigʻlashingni.

Tepki yegan boʻlsam ham, uyqudan erta turganim, qaytaga, qoʻl keldi. Koʻpchilik hali uygʻonmagan. Qulay fursatdan foydalanib, xoʻrozni tezroq qutqarish kerak.

Birozdan keyin qarabsizki, “Samuray” bigiztirnoq oyoqlarini popillatib, koʻchada izimdan yugurib ketyapti-da. Machit oldida turgan kishilardan biri qoʻllarini yoyib, oldimizni toʻsmoqchi boʻlganida, men chotning orasidan shuvillab, xoʻroz boshning ustidan pirillab oʻtib, yoʻlimizda davom etdik.

Dala shiyponiga kun togʻning choʻqqisiga sakraganda yetib bordik. “Samuray”ni toʻgʻri tovuqxonaga boshladim. Uch yogʻi baland simtoʻr bilan oʻralgan, toʻrtinchi tarafi binoning ikkita darvozasimon eshigidan biriga borib taqaluvchi yoʻngʻichqazor maydonchada tovuqlarni ertalabdan tushgacha sayr qildirib boqish bu yerda azaldan kundalik odat tusiga kirgan ekan. Toza havoda yurmagan tovuq kasallikka tez chalinarkan, tuxum tugʻishiyam kamayib ketarkan.

Borib, toʻsiq atrofini koʻzdan kechirsam, simtoʻr ostidagi chimli yerlarning yarim qulochcha qismida negadir maysa oʻsmabdi. Bu joydagi tuproq qazib boʻshatilgandek tuyuldi. Tirnab koʻrsam, chindanam yumshoqqina ekan, bolalarini yetaklab koʻmakka kelgan Qorabeka bilan birgalashib, osongina tuynuk ochdik. Vaqt ziq boʻlgani uchun “Samuray”ga mushuklarni qisqacha tanishtirdim-u, tuynukdan oʻtib, darrovda tovuqlarga aralashib olishni buyurdim.

Sayrdagi xoʻrozlardan uch-toʻrttasi simtoʻrga yaqin kelib, yangi baboqqa tajovuzkor tikilgancha, qaq-qaqagʻlab yerni timtaladi:

– Qonyuqi bashara bilan qayoqdan qochib kelyapsan, chuvrindi?

– Qorangni oʻchir, hov!

– Yo biratoʻla oʻlmoqchimisan?

“Samuray” zarrachayam pinak buzmay, katta jang koʻrmagan bunaqa churvaqalar menga choʻt boʻptimi, deya tuynukdan oʻtdi-da: “Yuuu! Iyyaaa! Iyyaaa!” deb qichqirganicha, raqiblarini ikki tepib-bir choʻqib, ketma-ket agʻdarib tashladi. Kimning kimligi bir zumda oydinlashdi. Kaltak yeganlar jimgina tarqalayotganida, chandiqyuz “Samuray”dan koʻz uzolmay qolgan tovuqlar orasida visir-visirlar boshlandi.

– Ana Samuray-u, mana Samuray! – deb hayratlandi Qorabeka.

Tuproqlarni oyogʻimda sura-sura, simtoʻr tagidagi tuynukni koʻmib koʻnglim toʻqlangach, tekin nonushta ilinjida shiypon sari jadal yoʻl oldim.

Toshotarlar oʻrdasi

 

Shiyponga yetib borolmadim. Handalak polizi yoqalab ketayotganimda, yoʻl chetidagi yulgʻunlar panasidan Pixpix Chandr chiqib kelib, koʻzini koʻzimga nayzalatib toʻxtadi. Uning ketidan, gavdasini pahlavonchasiga larzanglatib, Oqchopon paydo boʻldi; goʻyo meni koʻrmayotgandek, boshqa tarafga alanglab turib, tumshugʻini osmonlatgan asno sokin tovushda hingilladi:

– Yangi polvon chiqibdi deb eshitdik. Kim boʻlsaykin oʻzi? Hayt! Kuchiga jaaa ishonvorgandirki, bizga qarashli ukaxonni tap tortmay savalagandir. Qiziq! Qilar ishni qipqoʻyib, qaysi ituzumning panasida yotibdiykin? Bu yoqqa chiqsa, turxatini bir koʻrib qoʻyarmidik…

Chaqimchi Pixpix Chandr bir menga, bir himoyachi akaxoniga qarab olib, ana, turibdi-ku oʻsha mushtumzoʻr, degan edi, Oqchopon oʻzini oʻgʻri mushukning gapini eshitmaganga, meni hanuz koʻrmaganga solib, birdan jahldor qiyofaga kirdi-yu, tutqanogʻi tutgan alpozda ovozini varanglatdi:

– Hayt! Axloq qani?! Andisha qani?! Mendek zotni yuz-xotir qilmay, yaqinlarimni paypaslashga bir jaydarivachchaning qanday beti chidadiykin, irrrr! Oqchopon hazratlari oqsuyaklar avlodidandirki, junlariyam oppoqdir deb oʻylamadimikan oʻsha shoʻrtumshuq! Bu qanday toʻporilik boʻldiki, ota tomonim Xorazm boʻribosariga, ona tomonim Andaluziya tozisiga borib taqalishini bilmasa? Hayt-hayt!

– Oʻzimni aytsangiz-chi, oʻzimni! – gapni ilib ketdi Pixpix Chandr. – Meniyam palagim Hindistondan choʻzilib kelgan, pix! Choʻng bobolarimdan biri hind-ingliz urushida qatnashib, bosqinchi generalning ovroʻpalik mushugini gʻajib qoʻyganakan!

Oqchoponning lunji asabiy titrab, yana ogʻzining choki soʻkildi:

– Hayt! Oldimda maqtanma! Katta enang Hindiston tugul, Farangistondan kelganidayam, baribir mendan ancha past turasan! Men kimman-u, sen kimsan! Irrrr!

– Kechiradilar-u, oʻzingizga ortiqcha bino qoʻyvoryapsiz! – men bu yoqda qolib, it bilan mushuk endi oʻzaro nasl-nasab talashishga oʻtdi. – Meniyam oʻzimga yarasha obroʻyim bor! Qirqta mushukka soliq solib, qirq joydan ulush olib turishimni bilasiz, bu ovqatlarga koʻpincha sherik boʻlgansiz! Kaltoʻpidagi birorta toʻy mensiz oʻtmaydi, siz tushingizdayam koʻrmagan taomlarni men oʻngimda yeganman! Mana, yaqinda boʻlgan bir toʻyni olaylik…

Pixpix Chandr shunday dedi-yu, bir dovruqli boyning toʻyida boʻlganini; qator-qator haybatli uylar qolib, u tomonidan bu tomoniga otda borib kelinadigan keng hovli ham odamga liq toʻlib ketganini; boshdan-oyoq marmar bilan qoplangan tashqidagi son-sanoqsiz stollar ustida, odatiy nonu choy, mayizu turshak, shoʻrvayu achchiq-chuchuklardan tashqari, qaziyu qarta, pishlogʻu yaxna goʻsht, shokoladu asal, ananasu banan, mandarinu kivi, pistayu bodom, baligʻu uvildiriq, shishalari xilma-xil sharbatu nosharbat ichimliklar tiqilib yotganini; mantining ketidan jigar-buyrakli qovurma, dudlangan tovuq, jiz kabob, tandir barra tortilib, oxirida osh tarqatilganini yutina-yutina taʼriflay ketdi. Oxirida bagʻbaqasini ishirib, yakuniy qismga koʻchdi:

– Rizqim qoʻshilganakan, pix, manaman degan puldorlar, katta-katta amaldorlar, taniqli-taniqli ashulachilar, ketvorgan-ketvorgan oʻyinchilar bilan toʻyni birga oʻtkazib…

– Hayt-hayt! – sherigining soʻzini boʻldi Oqchopon. – Birovlar chala tupurib tashlagan narsalarni yeb kelib, xuddi mehmonlarning ichida oʻtirgandek gupirasan-a! Yana oʻzingni aslzodaga solganingga oʻlaymi? Irrrr! Haqiqiy oqsuyak boʻlsang, bir oʻlaksaxoʻr laychadan kaltak yeb, menga arz qilarmiding?

Shaʼnimga nisbatan aytilgan shilta haqoratni eshitib, oʻzimni bosib turolmadim.

– Kim oʻlaksaxoʻr?! – deb Oqchoponning qarshisiga otildim. – Ogʻzingizga qarab gapiring!

Oqchopon boshini oʻngroqqa burib, chapdagi sogʻ koʻzi bilan menga boshdan-oyoq razm solib chiqdi:

– Senmiding oʻsha laycha? Hayt!

– Ha, menman oʻsha! Nima deysiz?!

Oqchopon bir zum jimlanib, aftimga tiyrak termilib qoldi:

– Negadir koʻzlaring taniiish… Koʻzlaring taniiish…

Ilgari aytganimdek, uning oʻng koʻzini men koʻr qilganman. Kimligimni bilib qolmasaydi, deb yuragim poʻkilladi. Qoʻqqis yuzaga kelgan bu qoʻrquvdan hovurim keskin bosildi-yu, meni birov bilan adashtirayotganga oʻxshaysiz, sizni birinchi koʻrishim, dedim quyondek qunishib.

Oldiga otilib chiqqanimdayoq, osongina yon berib qoʻyadiganlardan emasligimni payqagan, hozirgi ahvolimga qarab, yaxshilikcha kelishuvdan ham umidvorligimni anglab yetgan Oqchopon, xayriyatki, pastroq pardada suhbatlashuv yoʻlini tanladi.

– Ukaxonimga bilmasdan teginib qoʻyuvdingmi? – dedi u, kichkintoyni kichkintoylanib avrayotgan kimsaga doʻnib. – Endi kechirim soʻramoqchi boʻpturibsanmi? Dangal gapiraver, kuchukvoy, dangal gapir.

Bosiq muomalaga yarasha, men ham muloyimlandim:

– Oʻzi tovuqxonaga oʻgʻrilikka kirmasa, u bilan nima ishim boridi, Oqchopon hazratlari? Buni deb aybsiz bir mushuk tuhmatga qoldi. Balki, mendanam shubhalanishgandir.

– Oʻgʻirliqqa kirganimni oʻz koʻzing bilan koʻruvdingmi? – deb vigʻilladi Pixpix Chandr. – Aytdim-ku, qirq joyga soliq solganman, deb. Yeganim – oldimda, yemaganim – ketimda boʻlsa-yu, pix, jonimni garovga tikib tovuq oʻgʻirlaymanmi? Kallangni ichida biror nima bormi, oʻzi?

Bu gapdan keyin sergak tortdim – Pixpix Chandr chindanam aybdor boʻlmasa-chi?

Shu mahal qulogʻimga Qorabekaning tovushi chalindi:

– Uzoqdan qarasam, janjallashayotganga oʻxshab koʻrindinglar. Tinchlikmi, Mittivoy?

Pixpix Chandr battardan tumtaydi; bolalarini ergashtirganicha yaqinlashayotgan Qorabeka tomonga olayib, ana, meni oʻgʻriga chiqarganlardan yana bittasi jilpillab kelyapti, deb zaqqumlandi.

– Sizni hech kim oʻgʻriga chiqargani yoʻq, Pixpix Chandr janoblari, – dedi Qorabeka, yaqinroqda toʻxtalib. – Oʻsha xoʻrozni siz yedingizmikan deb shunchaki shubhalanuvdik, xolos.

– Shunchaki shubhalanuvdik? – deb jirilladi Pixpix Chandr. – Shunchaki shubhadagilarni paxtasavar qilish qachondan beri rusumga kirdi?

– Hayt! – oʻgʻri mushukka koʻzini oʻynatdi Oqchopon. – Nuqul gap talashasan! Undan koʻra, bu qoramagʻiz xonimga nasl-nasabimni aytib tanishtirmaysanmi, oqsuyakligimni bilganidan keyin, menga bukilib-bukilib taʼzimlanmaydimi!

Pixpix Chandr jahlini zoʻrgʻa ichiga yutib, tuzukroq tarbiya koʻrmagandirki, sizdek Oqchopon hazratlariga salom bermagandir, deb pingʻilladi. Qorabeka andak odobsizlikka yoʻl qoʻyganidan uyalgandek, sal oʻngʻaysizlanib, sipolik bilan bosh egdi:

– Assalomalaykum, Oqchopon hazratlari!

– Vaalaykum assalom! – deb suzildi Oqchopon. – Balli, boʻtam! Hayt!

Sayoqlikda kechayotgan turmush tarzining taqozosi bilan Oqchopon oʻzini hanuz botir, oʻta tishlogʻich koʻrsatishga urinib kelayotgan esa-da, qartaygani sayin har xil mojarolarga toqati kamayib, koʻngli yumshab borayotgani keyingi gap-soʻzlaridan yaqqol sezilib turardi. Shundan kelib chiqib, ishni murosa koʻchasiga burishga tirishdim:

– Biz tomonlarga bir kepqolgan ekanlar, qolganini ziyofat ustida gaplashsak qalay boʻlarkin, Oqchopon hazratlari?

Pixpix Chandr oʻjarlanib, kunimiz senga oʻxshagan goʻngyalarga qoptimi, deya oʻshqirishni boshlagan edi, Oqchopon unga “Hayt!” deb qoʻyib, menga doʻstona koʻz qadaganicha, oldingi oyogʻini qulogʻiga tutdi:

– A? Ziyofat degan soʻzni ishlatgandek boʻldingmi?

– Ha, ziyofat tap-tayyor turibdi. Qani, bu yoqqa yursinlar.

Turganlarni shokoladlar yashirib qoʻyilgan joyga yetaklab bordim. Oʻzimniyam qoʻshib sanaganda, oʻn bir jonning ogʻzi toʻxtovsiz ishlay boshlagani uchun guldor qogʻoz qutichalarni oldinma-ketin yirtaverdim, noyob shirinliklar birma-bir gʻoyib boʻlaverdi. Bundan picha oldin menga oʻxshagan “goʻngyalar”ning taomidan koʻngli aynib turgan Pixpix Chandrning ham ishtahasi tarnovlanib, shunaqangi oshalashga tushdiki!

E, suvarak-sulla boʻlmay ketgur-a!

Mushukchalardan biri guldor qutichaga yoniqib intilayotganida, Oqchopon uning tumshugʻini asta nari turtib, oxirgi chapchap luqumga bahodirlarcha panja urdi. Uni oshqozonga joʻnatib boʻlib, yashnoq kayfiyatda qorin siladi:

– Hayt! Olamda shunaqa liqila-liqil yemishlar borakan-u, bilmay yurganimizni qarang!

Mana, chapchap luqumlarniyam urvogʻini qoldirmay xapiragum qildik. Tusmollashimcha, endi hammaning kallasi tekis ishlayapti. Oʻz qorningni toʻydirish tashvishlari miyani qaytadan aynitmay turib, toʻqlikda umumiy ishlar haqidayam bir kengashvolishga ulgurgan yaxshi.

Boya simtoʻrning ostidagi bilqilloq joyni kavlayotib, bizdan ilgari bu yerni boʻlak hayvon ham qazib yumshatganga oʻxshaydi, degan oʻy kechgandi boshimdan. Hozir esa Qorabekaning tunov kungi gapi esimga tushib, Pixpix Chandrga yuzlandim:

– Bir kuni Qorabekaga kasalmand tulkini boʻgʻizlaganingni aytgan ekansan, shu gap rostmi?

Pixpix Chandr goʻyo boʻyniga jinoiy ayblov qoʻyilayotgandek seskanib ketdi.

– Toʻgʻrisi, oʻshanda kasal tulki ana oʻldim, mana oʻldimlab yotgan ekan… pix, – yuzi boʻzarganicha tushuntiruv bera boshladi u. – Boʻgʻizlasammi, boʻgʻizlamasammi, deb turganimda, anavini koʻringki, oʻz-oʻzidan tinchidi-qoldi.

Oʻgʻri mushukning soʻzini eshitib, bundan chiqdi, shu atrofda tulkining uyi bor; eri oʻlgan boʻlsa xotini, xotini oʻlgan boʻlsa eri tirik, degan toʻxtamga keldik. Boshqa yoqdan qaragandayam, oʻzi kandik qazigan joyni yana avvalgidek qilib koʻmib qoʻyishga mugʻambir tulkidan oʻzga qaysi jonzotning aqli yetardi?

– Gap shu – tulki bilan solishmasak boʻlmaydi! – dedim oʻzimdan kattaroqlardan fikr soʻrashni unutib. – Indamasak, yana oʻgʻrilik qilaveradi. Keyin Qorabeka tugul, meniyam, Pixpix Chandrdek zotniyam boshi tuhmatdan chiqmay qoladi.

Buni eshitgan Oqchopon qittak sarosimalangandek boʻlib, menga oʻxshagan oqsuyaklarning qandaydir urugʻi pachaq tulki bilan yumdalashib yurishi risolaga toʻgʻri keladimi-yoʻqmi, buni bir surishtirib koʻrgan maʼqul, deb dudmallangan edi, Pixpix Chandr zimdan qiyalab, birovdan oq fotiha olishni oʻylayotgan ekanlar, demak, oʻzlaridan oliyroq zotlar ham bor ekan-da, dedi, qitmirlanib.

– Mabodo, shunaqalar topilsa, demoqchi edim, – izzatni boy bermaslikka urindi Oqchopon. – Nima, meni soʻqishmadan hayiqyapti deb oʻylayapsanmi? Irrrr!

Oqchopon bejiz ikkilanmayotgan edi – agar, tulki bilan olishishga toʻgʻri kelsa, asosiy ogʻirlik uning yelkasiga tushishi aniq-ku.

Jangda qoʻmondon boʻlishga intiluvim Oqchoponning hamiyatiga tegishi mumkinligini bilib, unga ehtirom bilan soʻz qotdim:

– Mayli desangiz, askarlaringizni oʻzim ozgina mashq qildirsam.

Rozilikni olib-la, darhol ishga kirishdim. Eng avvalo, Qiron qassobga ishlatgan usulimni qoʻllab, katta-kichik mushukning barini tosh otishga oʻrgatishim kerak edi. Dalada tosh kam boʻlgani uchun ularni Moʻsaqoʻzi tovuqboqar uyiga poydevor yotqizganida ortib qolgan shagʻalning yoniga boshlab bordim. Toshni tirnoqlar orasida siqib ushlashni, qanday otishni uch-toʻrt marta koʻrsatib berganimdan keyin bu mashgʻulot oʻyinqaroq mushuklarga yoqib qolib, zuvira-zuvirni shunaqangi kuchaytirib yuborishdiki, vaqtinchalik nishonga aylantirilgan toʻnkaning poʻstloqlari paqqos archilib ketdi. Aslzodaligini namoyish qilayotgandek chetda gʻoʻdayib turgan Oqchoponning ham birdan havasi qoʻzib, tosh otishda qoʻmondoncha oʻrnak koʻrsatib qoʻyishga tutindi.

Toshotarlar oʻrdasining mashgʻuloti kun tikkalab qolganida toʻxtadi. Toʻrt oyoqli askarlar uy ortidagi oshtovoqni qurshab, ola mushukning hisobidan tushlik qilishga kirishayotganida, oʻzimni qorni ogʻriyotganga solib, yolgʻondan ingillay-ingillay, yerga choʻzildim. Oshtovoq ishqorlab yuvilgandek top-toza tus olganida, mashqlarni kun qiyalagunicha davom ettirishni, undan keyin yumaloq-yumaloq toshchalarni simtoʻrga yaqin joyga koʻproq gʻamlab qoʻyishni tayinlab, asta joyimdan turdim.

– Iye, ishni boshlashga boshlab, endi qayoqqa joʻnayapsan? – deb toʻrsaydi Pixpix Chandr.

– Qornimdagi ogʻriq zoʻrayib boryapti, – tagʻin yolgʻondan aftimni burishtirdim. – Shiyponga boray-chi, egam turishimni koʻrib, balki, birorta malham-palham berar. Agar kasalim kuchayib kelolmay qolsam, chetda indamay biqinib yotinglar. Hech boʻlmaganda, tulki chindan ham bormi – yoʻqmi, shuni bilvolishimiz kerak. Bor boʻlsa, keladi. Ana unda, xohlasalaring mushtlashinglar, xohlamasalaring – yoʻq.

– Bizga es oʻrgatma, hayt! – deb kekkaydi Oqchopon.

Pixpix Chandr esa oʻzicha mehribonlangan boʻldi:

– Qorning tuzalmaguncha, yaloqqa yaqinlashmay tura tur. To bizga oʻxshagan jonkuyarlaring borakan, ortgan ovqatingni achitib qoʻymaymiz.

Shu mahal kallamda yangi bir fikr aylanib, jang qiladigan boʻlsalaring, shovqin koʻtarib turinglar, tovuqboqar eshitsa, yordamga chiqadi; shiypon tarafdagilardan ham birortasi kepqolsa, ajabmas, deb uqtirdim sheriklarimga.

Jangdan qochib oʻlibmanmi? Tuyqus yana odamga oʻgirilib qolishdan choʻchiyotgandim.

 

Bir oʻlimdan qolgan oshpaz

 

Oddiy kuchuklikdan odamlik mansabiga koʻtarilishim shiyponga yetmasimdan ozgina oldinroq yuz berdi.

Qozonxona tomonga borib qarasam, Gʻulom oshpaz tushlik shoʻrvani choʻmichda shopirish, Otaqul togʻam oʻchoqqa tarasha tashlash bilan band ekan. Hol-ahvol soʻrashib ulgurmasimdan, oʻtin opkelishimni buyurishdi. Shiyponning narigi biqiniga oʻtib, taxlab qoʻyilgan oʻtinlardan bir quchogʻini koʻtarib qaytdim.

Gap daraklagan boʻlib, hoʻ koʻprik tomonda mototsikl koʻrindi, Xoldorvoylaring kelyapti, shekilli, deganimni bilaman, Gʻulom oshpaz choʻmichni qozonning qiriga qoʻyib-la, togʻamga elanishga tushdi:

– Jon ogʻayni, shoʻrvani oʻzing pishirib turasan endi. Aldar Xoldor meni surishtirib qolsa, bugun ishga kelolmadi deb, biror vaj toʻqirsan.

– Tinchlikmi, Gʻulom aka?

– Kecha kechqurun guzarda yoʻliqib, shiydontepalik bir akaxonimning yubileyi bor, daladagilarga tushlikni pishirib berganingdan keyin oʻsha yoqqa opketaman, oshpazliklikni oʻzing qoyillatib berasan, deganidi. Vaqtim yoʻq desam, mendek odamning bir ishi tushibdi-yu, tarang qilishingni qara, deb babalashni boshladi. Bu tullakning niyatini bilmasamakan, tekin oshpazni yetaklab borsa, toʻyananing oʻrniga oʻtadi. Heh, topgan malayini qara… Xullas, men yoʻqman!

Gʻulom oshpaz qozonni togʻamga topshirib, loʻkillab borganicha, hovuzdan naridagi qiytiq yerga ekilgan makkalar orasida gʻoyib boʻldi.

Aldar Xoldor kajavali mototsiklini pat-patlatib kelib, tolning ostida orqaga burib toʻxtatdi. Bizga yaqinlashayotib, horma, Otaqul, degan edi, togʻam unga yelka oʻgirgan asno shoʻrvani shopirishda davom etdi. Otaqul togʻamning u bilan gaplashishga toqati yoʻqligini sezgan Aldar Xoldor menga qosh kerib, Gʻulom choʻmich koʻrinmaydi, deb savol yumalatdi.

– Gʻulom togʻa bugun ishga kelolmadi, – deb gapni qisqalatdim men.

Aldar Xoldor bir “gʻimm” deb olib, unda uyiga boraqolay, deya ortga qayrilayotganida; oshpazning xotini eri daladaligini aytsa, ish chalkashib ketishini oʻylab, borib ovora boʻlmang, Gʻulom togʻa kasalxonaga tushibdi, dedim.

Shundan keyin Aldar Xoldorning soʻroqlari yomgʻirlanaverdi, javoblar esa ogʻzimdan qoʻziqorinlardek potira-putur unib chiqaverdi.

– Gʻulom-choʻmich kechaginayam guzarda gijinglab turuvdi, qanaqasiga kasalxonaga tusharkan?

– Palakat oyoq ostida, deyishadi-ku. Palakatga yoʻliqqan odam kasalxonada yotmay, saylda yursinmi?

– Gʻimm… Qanaqa falokat?

– Gʻulom togʻa ertalab qarasa, sandiqning tagidagi taxtamushukka sichqon ilinib turganmish. Shuni olmoqchi boʻlganida, sandiqning chirigan oyoqchasi sinib, kaptini ezib qoʻyibdi.

– Shungayam kasalxonami?

– U yogʻiniyam gapirsam, Gʻulom togʻa sichqonning oʻligini koʻmmoqchi boʻlib tomorqaga kiribdi. Kirgan zahoti toʻxlidan sal kichikroq afrikancha mushugi balo-qazoday zuvillab kelib, koʻkragiga guparang kalla solganicha sichqonni opqochibdi. Shunda qovurgʻasi lat yebdi, shekilli.

– Voy, boshi pishmagan-yey, feʼl-atvorini yaxshi bilmay turib, impoʻrtniy hayvonni boqib boʻlarkanmi? Ayniqsa, hali u chekkasida, hali bu chekkasida ur-yiqit boʻpturadigan Afrikanikini! Gʻimm… Lekin boʻlak tomondan qaralsa, qovurgʻasi qittak zaxalansayam kasalxonaga yotvolish erkakka yarashmaydi.

– Agar mushuk kalla qoʻyganidan keyin, Gʻulom togʻa nariroqdagi eshakka urilib, qattiq tepki yemaganida, balki kasalxonaga yotmasmidi…

– Bee, shunga shunchami? Oʻspirinligimizda eshakdan kunora tepki yeb yuribam, biror marta doʻxtirga arz qilmaganmiz.

– Toʻgʻri aytyapsiz, eshakning tepkisigayam chidasa boʻlardi. Buni qarangki, eshak tepib uchirganida, yem kavshab turgan buqaning togʻorasiga borib yiqilibdi. Masalan, palovni moʻndalatib oshalayotganimizda birov tovogʻimizning ustiga yotvolsa, achchigʻimiz chiqarmidi, chiqardi. Buqayam oʻzini tutolmay qolib, Gʻulom togʻani shartta shoxiga ilibdi-yu, muuu deganicha duvoldan oshirib irgʻitvoribdi.

– E, bilaman, pastakkina devori bor. Shugina joydan oshib tushib, darrov koʻrpa-toʻshakka yopishibdimi?

– Shoshmang-da endi, gapning oxiriga qarab kelyapmiz-ku.

– Xoʻsh?

– Aytishlaricha, shu mahalda koʻchadan bir traktor vozillab oʻtib borayotganakan, duvoldan chirpiraklanib tushayotgan Gʻulom togʻani “Qaars!” etkizib urib, yoʻlga hasibdek choʻziltirib qoʻyibdi! Bunisiga nima deysiz?

Aldar Xoldor bunisiga nima deyishni bilmay, bir muddat kalovlanib turgach, gʻimm… mana shunisi sal chatoq boʻpti, deb ezmalik qilishdan tiyildi.

Bu lattachaynardan qanday qutulishni bilmayotganimda, Rahimboy fermer kelib qoldi; Aldar Xoldor bilan koʻrishib boʻlib-la, joʻnatgan selitralaringiz qogʻozdagidan ancha kam-ku, deb qovoq uygan chogʻda oshpaz mavzusi butunlay chetga surilganidan quvonib, koʻnglim tinchlandi.

– Bilasan-ku, Rahimboy, – dedi Aldar Xoldor. – Bu narsa bitta menga bogʻliqmas.

– Nega bogʻliq boʻlmas ekan? – deb unga oʻtkir nigoh qadadi Rahimboy fermer. – Ijaraga yer olgan ekinchilarga oʻgʻitlarni yeng uchida sotayotganingizni hamma biladi. Oʻsha pullar qayoqqa ketyapti, oʻzi?

Aldar Xoldor biz tarafga olazarak qarab qoʻyib, Rahimboy fermerning yelkasidan tortganicha chetga yetakladi:

– Raisimizning nazaridan qolmay desang, bu gapni qaytib gapirma. Gʻimm…

– Bunisi bilan ishim yoʻq. Oʻgʻitning qolganiniyam tezda joyiga qoʻying. Ekin toʻymaguncha, dehqon toʻymaydi. Dehqonning rizqini qiygan odam oxiri bir baloga yoʻliqmay qolmasligini koʻp koʻrganmiz…

– Tilimni qichitma, Rahimboy, oʻzing ham ja oppoq emassan. Kolxozlar tugatilayotganida, bosh bugʻoltirligingdan foydalanib, boʻliq-boʻliq yerlarni egallab olgansan.

– Endi meni qoʻrqitishga oʻtdingizmi? Bu ishlar umumyigʻilishda hal qilingan, nimani berishsa, shuni olganman…

Ikkovi bizdan tobora uzoqlashayotgani bois adi-badilarning u yogʻini eshitolmadim.

Aldar Xoldor joʻnab ketgach, Gʻulom oshpaz makkalar orasidan chiqib kelib, hey, bola, meni oʻldiga chiqarib qoʻyay deding-ku, deya tizzasiga shapatilab-shapatilab, xoxolay ketdi.

– Ha, Gʻulom aka, bir oʻlimdan qoldingiz! – deb qahqah urdi togʻam ham.

Tushlik tugashi bilanoq, dasturxondagi pichoqni olib, tolning yoniga bordim-da, hovuzga osilib turgan shoxlaridan birini kesdim, unga piyozli qopning ogʻzidan yechilgan kapron ipni tortib, kamon yasashga tutindim. Dalada nima koʻp – oʻrilib, zovur yoqasiga yoyib qoʻyilgan qamish koʻp. Ulardan oʻn beshtacha oʻq tayyorladim.

Ishimni kuzatib turgan Gʻulom oshpaz karislarning qadimdagi urushlar toʻgʻrisidagi kinolarini koʻraverib, bolalar kamon otishga ishqivoz boʻpketyapti, degan edi, bu seriallarni tomosha qilgan odam dunyoda karisga teng keladigan kamonchi yoʻq deb oʻylasa kerak, deya miyigʻida jilmaydi togʻam.

– Mundoq sarasap solib qarasang, har qaysi millatning chindanam bitta zoʻr tomoni boʻlarkan-da, – oʻzicha donolandi Gʻulom oshpaz.

– Masalan? – deb uning ogʻziga tikildi togʻam.

Gʻulom oshpaz birdan qoʻbizsiz baxshiga aylandi:

– Misol uchun olsak, hindning tabibi zoʻr, nemisning muallimi zoʻr, arabning qorisi zoʻr, gollandning gulchisi zoʻr, xitoyning sopolchisi zoʻr, inglizning birjachisi zoʻr, braziliyalikning futbolchisi zoʻr, oʻrisning qurolsozi zoʻr, turkmanning gilamchisi zoʻr, yaponning ixtirochisi zoʻr, boshqirdning asalchisi zoʻr, mazangning oʻyinchisi zoʻr, ozarning mashshogʻi zoʻr, farangning bichiqchisi zoʻr, habashning ovchisi zoʻr, lazginning zangbozi zoʻr, yunonning roviysi zoʻr, forsning zardoʻzi zoʻr, amerikalikning bankiri zoʻr, uygʻurning oshpazi zoʻr, ispanning hoʻkizoʻynatari zoʻr, turkning zargari zoʻr, yahudiyning savdogari zoʻr, qozoqning chorvachisi zoʻr…

Otaqul togʻam uning soʻzini kesib, oʻzbekniki-chi, oʻzbekniki, deb soʻragan edi, Gʻulom oshpaz, buni olam biladi-ku, oʻzbekning dehqoni zoʻr-da, deya dabdabali boqish qildi. Keyin, togʻam hanuz indamay qarab turganini koʻrib, qoʻshib qoʻydi:

– Oʻzbekning eng zoʻr tomoni bitta shumi, deb hayron boʻlma, Otaqul. Toʻgʻri, oʻzbek qirq hunarning qirida yuradi. Ammo-lekin, yerchilikda biznikilarga aql oʻrgatadiganni menga koʻrsat-chi. Aytaylik, irlandgami, shvedgami, dalaga handalak ekib berib, qolganini oʻzing pishirvol, desa, u yogʻini eplay olarkanmi? Mana, yerchilik qoningda shovullab turganakan, sen buni bir urinishdayoq qiyomiga yetkazyapsan. Avvalo-ku, odamlarga shu ahvolda koʻrinishdan koʻra ochdan oʻlganim yaxshi deb satanglanmay, poson kiyimlaringni chit choponga almashtirishdan irganmaganingga balli. Xudo senday yotiqfeʼllarni mukofotlamasdan qoʻymaydi.

Bu soʻzlardan togʻamning bahri gurros ochilib ketganini koʻzlarida oʻzgacha bir porpiroqlik aks eta boshlaganidan ilgʻab olish qiyin emasdi.

Bekor oʻtirish juda zerikarli, hatto kapor zararli. Ish topilmasa, hech boʻlmaganda, arining uyasiga choʻp suqib, ularning quvgʻiniga uchragancha, hak-haklab yuguravergan yaxshi. Otaqul togʻam shiypon xonalari ichini tozalab-netishga kirishganida, men tashqarini supirishga tutindim. Keyin birgalashib, deraza oynalarini yuvdik.

Hamma yoq saranjom-sarishta boʻlgach, oʻtin tugab borayotganini koʻrgan togʻam oyboltada gʻoʻla yorishga tushdi. Bunaqa yumush hozircha menga toʻgʻri kelmasligini bilib, oʻrtacharoq bir gʻoʻlani nishonga aylantirdim-u, kamon otishga berildim. Qancha otgan boʻlsam, biror martayam moʻljaldan yanglishmadim.

Ishonmaganlar ishib oʻlishdan qoʻrqsin.

 

Tulkining asir olinishi

 

Yirtqichlar yarim kechadan oldin ovga unnamasligini eshitib yurganim uchun Otaqul togʻamning qotib uxlashini oshiqmasdan poylab yotdim. Xurraklar baland pardaga koʻtarilganida, sekin oʻrnimdan turib tashqariga chiqdim-u, oʻqlarni shimimning kamariga qistirib, yelkaga kamon osgan asno tovuqxona tomonga yoʻnaldim.

Oʻtkirquloq mushuklarga, ayniqsa, oʻqsanchar bolani koʻrgan zahoti shaytonlab qolishi mumkin boʻlgan Oqchoponga oʻzimni sezdirmaslikka tirishib, zovur doʻngi ortidan sharpasiz odimlab bordim-da, tovuqboqarning uyidan beriroqda gʻujgʻonlanib oʻsgan yulgʻinlar orasiga choʻzildim. Havo ochiq, oy toʻlin boʻlgani uchun tovuqxona oldidagi yalanglik ham, yalanglikning tevaragiga tortilgan simtoʻrlar ham kunduzdagidek yaqqol koʻrinib turardi. Oʻsha yoqdan koʻz uzmay, yonboshlab yotaverdim.

Hadeb bir joyga tikilaverishdan koʻzim toliqqanida, chalqanchasiga uzalib, qovoqlarimni yumdim. Uyqu tortishiga sal qolibdi, vovulloq tovushdan choʻchib tushib, mundoq qarasam, simtoʻrning bu yogʻida Oqchopon yer tatalab tinimsiz huriyapti, u yoqda bir tulki tovuqxona devoridagi yostiqdek keladigan darchaning yarmi siniq panjarisiga osilgan tarzda jonhalak jalanglab turibdi. Chiranchoqlik bilan joyimdan qoʻzgʻaldim.

Yetib bormasimdanoq, jang boshlanib ketdi. Nogahonda itning taʼqibiga yoʻliqqanidan vasvasaga tushgan tulki pastga sakrab, simtoʻrning hozirgina oʻzi oʻtib kelgan joyiga qarab yugurdi. Kelib, kandikka tumshuq suqqan zahoti, umrida hech uchratmagan ajabtovur qarshilikka duchor boʻldi-yu, shu asno janggohda bir xil manzara ustma-ust takrorlana boshladi – tulki simtoʻr tagidagi kandikdan tashqariga chiqib olishga ketma-ket urinaverdi, biroq toʻqqizta mushugu bitta it doʻldek yogʻdirayotgan toshlar zarbiga dosh berolmay, chiyilloqlana-chiyilloqlana, qashqalangan boshini qayta-qayta ortga olib qochaverdi.

Yuguroqlanib boriboq, kamonimni ishga soldim. Shundoq ham holi tang boʻlib turgan tulki vizillab uchayotgan oʻqlar badanining besh-olti joyini jizillatgach, uzoqroqqa chekinib, oʻzini simtoʻrning boshqa joylariga urib-urib koʻrdi. Buning foydasi yoʻqligini bilganidan keyin andakkina quvvat toʻplab olish niyatida, hansiray-hansiray bir muddat tek turib qoldi.

Shu payt sira kutilmagan hodisa yuz berdi – professional yakkakurashchi hisoblanmish yulishqoq “Samuray”, koʻzini oydinga ozmi-koʻp moslab ololgan boʻlsa kerak, panjarasi siniq darchadan burgutdek uchib chiqib, hali nafasini rostlab ulgurmagan tulkining ustiga tashlandi; uning majolsiz hamlalariga epchillik bilan chap bergan koʻyi, choʻqila-tepkilani tobora kuchaytiraverdi.

Battardan talvasaga tushgan tulki qoʻrquv qoplagan koʻzlarida oyning aksini yiltiratganicha zuvillab kelib, oʻzini yana kandikka urdi. Boshu tanasiga yangitdan yogʻila boshlagan oʻqu toshlardan ne chogʻli aziyat chekayotgan boʻlmasin, bor chidamini ishga solib, jon-jahdi bilan tashqariga otildi. Oqchopon bir sapchib, tulkining boʻynidan, tulki uning oyogʻidan tishladi-yu, ikkovi tomogʻi yirtilgudek irillay-irillay, yumalab-yumalab olisha ketdi.

Barchamiz qurolsizlangandek ahvolda dovdirab qoldik. Tulkiga otilgan tosh yoki oʻq bu umbaloq-dumbaloqda Oqchoponga borib tegishi hech gap emasdi. Tosh ushlab olgan mushuklar hayot-mamot jangiga kirishgan it bilan tulkining atrofida miyovlab-pixillab aylanar, hozir kuchuk qiyofasida boʻlmaganim sababli bu gal ularning nimalar deb juvirlashayotganini tushunolmay turgandim. Kandikdan chiqib kelgan “Samuray”gina, tulkini tepib-choʻqilab, itga ancha-muncha koʻmak berayotgandi.

Yon-verimga alanglab, tayoq qidira boshlaganimda, shovqindan uygʻonib ketgan Moʻsaqoʻzi tovuqboqar birdan qatorimizda paydo boʻldi. Vaziyatni koʻrganidayoq, kallasi tez ishlab, baliq tutishda foydalanadigan toʻrini ham olvolgan ekan; tulki Oqchoponning changalidan chiqib, endigina qochishga shaylanganida, uni havoda yoyiltirib irgʻitdi. Toʻrga oʻralib qolgan tulki bir vahimali uvlab, bir choʻziq angillab, toʻxtovsiz tipirchilashga tushdi.

Tong yorisha boshladi. Bu orada Moʻsaqoʻzi tovuqboqar Oqchoponning tulki gʻajigan oyogʻiga qozonkuya bosib, lattada avaylab bogʻladi; xotini esa kecha ortib qolgan tuppaga non toʻgʻrab, jangchi hayvonlarga ziyofat tortdi. Keyin “Samuray”ga makka sochayotib, bizda dakang xoʻroz yoʻq edi, shekilli, bu qayoqdan kepqoldi, deb eriga yuzlandi.

– Shuni oʻzimam bilolmay turibman, – dedi Moʻsaqoʻzi tovuqboqar, “Samuray”ga diqqat bilan tikilib. – Lekin rosayam urishqoq ekan.

Beka endi eriga dashnom berishga oʻtdi:

– Ishning tagiga yetmasdan burun, Qorabekaga qancha zulm qildingiz. Odam deganiyam shunchalik hovliqmachi boʻladimi?

– Vaysinavermagin! Hovliqmachiyam boʻldimmi hali?

– Hovliqmachi boʻlmasangiz, mushuklar tulkini toshboʻron qildi, deb meni ishontirishga urinarmidingiz?

– Ishonmasang, ana, borib qara, kandikning tevaragi toshga toʻlib yotibdi! Koʻrganni eshitgan yengibdi, deganlari shu-da! Senam bir nima desang-chi, Moʻttivoy!

Beka mendan gap soʻrab oʻtirmadi, kalishini shalpillatib borib, manavi yer yutgur ham oʻlmay tursin-chi, deya, oyoqlari arqonda chigib bogʻlanganicha tandirning yonida poʻkillab yotgan tulkining oldiga bir kosa suv, ikki boʻlak qotgan non qoʻyib qoʻydi.

Hayvonlar siylab boʻlingach, uyga kirib, oʻzimiz ham choy ichishga toʻgaraklandik.

– Sen lik etib qayoqdan yetib kelaqolding? – hamon pishillab uxlayotgan qizchasining ustidagi adiyolni toʻgʻrilayotib, menga savol tashladi Moʻsaqoʻzi tovuqboqar.

– Uyqum qochib, xirmonda aylanib yuruvdim, – deb darrov gap topdim. – Itning vapira-vapini eshitib, kamonni oldim-u, shu yoqqa yugurdim.

– Oʻzing ham juda uragʻon ekansan-da, vey bola! Ofarin deyish kerak!

Nonushtani tugatib, tashqariga chiqqanimizda, Oqchoponning oʻng koʻzi koʻrligi yetmaganidek, chap oyogʻi ham choʻloq boʻlib qolganidan ichim tirnaldi. Unga yaqinlashayotib, oʻzimni mehribondek tutishga nechogʻlik intilmayin, mendan nuqul jafo koʻrib kelgan jabrdiydaning badani bezilloqdan titrab, sarosimali irilladi. Qopib olishidan hadiksirayotgan boʻlsam-da, baribir yaxshi niyatdan qaytmadim – Oqchoponjon, Oqchoponjon, deya ehtiyotkorona qoʻl choʻzib, yelkasini yengil-yengil silay boshladim. It avvaliga koʻzimga sinovchan tikilib turdi, keyin xavfsirashdan tiyilib, dumini likillatdi. Ana, osongina yarashib oldik. Bundan kayfiyatim ochilib, endi mushukchalarni qitiqlab-piypalab erkalata ketdim.

Shiyponga borsam, Otaqul togʻam Gʻulom oshpaz bilan nonushta qilib oʻtirgan ekan, tovuq oʻgʻirlashga kelgan tulki qoʻlga tushganini suyunchilashim bilanoq, dasturxonning chetini non-choyning ustiga tortib, bepul tomoshaga oshiqishdi. Oq “Neksiya”ni tol ostiga toʻxtatib, selkillaganicha mashinadan tushgan Rahimboy fermer ham yangilikni eshitib-la, ularga ergashdi.

U yer-bu yeri sitila boshlagan dasturxonning chekkasini ochib, yarim hovuch mayizni ogʻzimga tiqqach, tomoshatalablarning ortidan sudralibgina yoʻlga tushdim. Borayotib, etim gʻalati jimirlayotganini sezdim.

Obbo-o, yana boshlandi-ku!

Bundan birpas oldin shiyponga odam shamoyilida ketgan boʻlsam, endi tovuqxonaga kuchuk shaklida qaytdim.

Kelganlar asir olingan tulkini gʻala-gʻovurlab tomosha qilishga tutindi.

Rahimboy fermer, bu tulkining kallasi namuncha moʻmataloq boʻpketibdi, deganini biladi, Moʻsaqul tovuqboqarning shavqi toshib, mushuklar uni qanday toshboʻron qilgani toʻgʻrisida joʻshqinlana-joʻshqinlana soʻzlashga kirishdi.

– E, odamlarga kulki boʻlmasangiz-chi! – deb erining tilini tiyishga urindi xotin.

– Nimaga kulki boʻlarkanman? – choʻchchangladi tovuqboqar. – Kim ishonmasa, ana, Moʻttivoydan soʻrab koʻrsin! Hey, qayoqda qoldi oʻzi bu bola?

Men bu paytda undan uch qadamgina naridagi hayvonlarning orasida turgan edim.

– Qorin ogʻrigʻing sal bosildimi? – deb soʻradi Qorabeka.

– Ancha tuzukman, – dedim kulgim qistab.

– Qiyyo-qiyomat jangdan quruq qolding-da, – deb havasimni qoʻzishga urindi Pixpix Chandr. – Tulkini toshlarda shunaqayam savaladikki, ogʻzi “voy buvijon”lashdan boʻshamay qoldi. Keyin haligi Moʻttivoy ham kamoni bilan kelib, yonimizda turib berdi, pix. Ayniqsa, Oqchopon hazratlarining polvonlarcha olishuvini koʻrganingdaydi!

Oqchopon oʻziga xos tarzda kamtarinlangan boʻldi:

– Ochigʻini gapirsam, oʻsha Moʻttivoylaring boya menga yetti bukilib yelkamni silaganida, tulkining jigʻini ezib qoʻyganimdanam koʻproq maza qildim. Nodonroq paytida oʻngdagi koʻzimni shu bola ishdan chiqarganidi. Esi quyulgandirki, oqsuyakligimni sezib qolib, oxiri menga murid boʻlgandir. Hayt!

Iye, “murid” degani nimasi yana? “Oʻrtoq” deganimikin? Balki, “malay” deganidir?

To anigʻini bilib olmagunimcha muridlikdan nariroqda turay deb, tulki tomonga qarab yurdim. U desangiz, tundagi kamonchini tanimay, meni avrashga tushdi:

– Kechasi anavilarga qoʻshilmaganingdan koʻrinib turibdi, oʻta oliyjanob zotsan. Jooon, ukajonim, ke, oyogʻimdagi arqonni gʻajib, meni boʻshatvorgin. Ahvolimni soʻrasang, uyini suv bosgan, xotinsizlikdan oʻksinib yashayotgan bir gʻarib tulkiman, hozir koʻmaklashmasang, keyin vijdoning qiynaladi, uyqungda dodlaydigan boʻpqolasan…

Qanchalar betaʼsir boʻlmasin, bu ahvolda azoblanib oʻlmasaydi, deb tulkiga baribir achinib turuvdim; xayriyatki, stadionimizda tomosha koʻrsatayotgan koʻchma ajoyibxonadagilarga Rahimboy fermer telefon qilib qoʻygan ekan, koʻp oʻtmay, qafasli yuk mashinasi vozillab yetib keldi.

Bu dunyoning ishlari chalkash, hozirgacha nima boʻlganini-ku bilamiz, ammo, keyin nima boʻlishini aniq aytolmaymiz. Mana, tovuqxoʻr yirtqichning endigi taqdirini har kim oʻzicha bashoratlab turganida, vaziyat qoʻqqisdan oʻzgarib, qismat oqimi koʻpchilikning xayoligayam kelmagan oʻzanga burildi-yu, ajal panjasida joni soʻlib borayotgan maxluqqa hayotgina emas, yangi boshpana ham hadya etdi.

Oʻylab qaralsa, shugina voqeaning tagidayam bir olam tasodif, bir olam sir yashirinib yotibdi – agar Kaltoʻpi qishlogʻi yaralganidan beri bu yerga birinchi marta koʻchma ajoyibxona kelmagan; kelganidayam, aynan shu kunlarda tomosha koʻrsatib turmagan; tomosha koʻrsatib turganidayam, Rahimboy fermer u yerga bolalarini yetaklab bormagan; yetaklab borganidayam, hayvonboqarlar boshligʻi bilan tanishib qolmagan; tanishib qolganidayam, ehtiyot shartdan bir-birining telefon raqamini yozib olmagan; yozib olganidayam, oʻsha odam toʻsatdan fermerning esiga tushmagan boʻlsa, tulkining boshi oxiri qayerga urilib toʻxtardiykin, buni hech kim bilmaydi.

Toʻgʻri, masalaning boshqa tomoni ham bor. Biroq bunisi siz bilan menga aslo bogʻliq emas. Tulki uchun, tirikchilik tashvishiga koʻmilib boʻlsa-da, erkinlikda yashash yaxshimi yo tutqunlikda tayyorini yeb yotishmi, buni solishtirib koʻrishni tulkining oʻziga qoʻyib beraveraylik, oshnalar.

 

Meni pullamoqchi boʻlishgani

 

Mashinada kelgan jingalasoch kishi haydovchi yigit bilan birgalikda tulkini qafasga joylab qaytgach, shiypon oldida kutib turgan Rahimboy fermer ularni dasturxonga taklif qildi:

– Endi bir piyola choy ichib ketinglar, Qulqul Davedivich. Shoʻrvayam pishib qoldi. Mehmonlar osmakoʻvada qoʻl yuvib, shiypon ayvonidagi toʻshakka borib oʻtirishdi. Dasturxon yozildi. Choy, u-bu yegulik keltirildi. Tushlikka hali picha ertaligiga qaramay, Rahimboy fermer togʻamga yuzlanib, borib qara-chi, Otaqul, shoʻrvaning yogʻi yoyilgan boʻlsa, quyib kelaver, dedi.

Togʻamga ergashib shiyponning ortiga oʻtsam, Gʻulom oshpaz ovqatning oldini allaqachon oʻzi tatimlab oʻtirgan ekan. Togʻam uch kosa shoʻrva buyurgan zahoti, chaynalganicha oʻrnidan turib, qozon tarafga yurdi.

Qornim juda och edi. Oʻchoq boshidagilar oʻz yumushi bilan ovoraligidan foydalanib, dasturxonga hujum uyushtirishdan oʻzimni tiyib turolmadim. Togʻam ikki kosa shoʻrvani, Gʻulom oshpaz bir qoʻlida ovqat, bir qoʻlida qoshiqlarni koʻtarib ayvon tomonga oʻtib ketishi bilanoq, oldiniga oshpazdan qolgan tishloq nonni ikki chaynab bir yutdim, soʻng shosha-pisha taomga yopishdim.

Shu pallada: “Hey!” degan qichqiriq yangradi. Choʻchib qarasam, Gʻulom oshpaz mumdek qotib, menga hangu mang tikilib turibdi. Uning ne boisdan haykallanib qolganini sal kechroq anglab yetdim – shoshilishda itligim esimdan chiqib, shoʻrvani qoshiqda ichmoqchi boʻlib turgan ekanman.

– Ket!!! E, chip-e!!!

Haykal harakatga kelib, yerdagi koʻsovni qoʻlga olayotganida, changalimdagi qoshiqni tashlab, ura qochdim.

Gʻulom oshpaz haddan tashqari erinmagan banda ekan, shiyponning narigi biqinidan gir aylantirib oʻtib, meni xirmongacha quvib chiqdi. Shoʻrva ichayotgan Rahimboy fermer mehmonlarga xijolatomuz qarab qoʻyib, ha, Gʻulom aka, bu kuchuk haliyam qarzini toʻlamay yuribdimi, deb askiyaga olgan edi, oshpaz yugurishdan toʻxtab, yap-yangi idishni makruh qildi bu changtumshuq, dedi, figʻoni koʻkka oʻrlab. Keyin koʻsovni tashlab, oʻtirganlarga yaqinlasharkan, hobbonilanib soʻzlana ketdi:

– Aytsam, ishonmaysizlar! Mundoq qarasam, mendan qolgan shoʻrvani qoshiqda ichib oʻtiribdi! Qoshiqda-ya!

– Mabodo tush koʻrmadingizmi? – deb kuldi Qulqul Davedivich.

– Oʻlay agar… Sizlarni aldab nima qilaman?! – qasam ichayotgan kepatada taʼkidladi Gʻulom oshpaz.

Togʻam menga zogʻlanib koʻz qadadi:

– Bu Mittivoyni dalaga boshlab kelganida, dadam ham gʻalatiroq bir gap aytganidi…

– Qanaqa gap? – deb qiziqsirandi Rahimboy fermer.

– Ovqatni yevolib, yalogʻini ariqchada oʻzi yuvib qoʻydi, deganday boʻluvdi.

– Yopiray! – deb yoqa ushladi haydovchi yigit.

Qulqul Davedivich qoʻlidagi kosani dasturxonga qoʻyib, menga astoydil razm soldi:

– Agarda gaplaring chin boʻlsa, tabiiy instinktidan tashqari, aqliyam oʻtkir rivojlangan noyob kuchuklardan bu! Xoʻp desalaring, shahar sirkida bir itoʻynatar doʻstim bor, buni oʻshanga eltib beray, sinchiklab sinab koʻrsin.

Bu soʻzni eshitib, yuragim jiqjiqlay boshlaganda, togʻamning keskin qoʻl siltab, e, bunaqa gapni qoʻysangiz-chi, Qulqul Davedivich, deganidan ichimdagi kurtaklar qiygʻos gullab ketdi.

– Qoʻysangiz-chi, demang, – deb, togʻamga qoshini kamalaklatdi Qulqul Davedivich, – Kuchugingiz imtihondan yaxshi oʻtsa, tuzukkina pul ishlab olasiz, birodar.

Otaqul togʻam qoʻlini qaytadan siltadi:

– Puliyam kerakmas! Bu kuchuk otamniki! Pul tugul, tillogayam sotilmaydi – gap tamom!

Togʻam savdoning kavagiga uzil-kesil loy chaplaganidan shashti pasaygan Qulqul Davedivich shoʻrva xoʻrillatishda davom etarkan, menga ora-sira tiyrak nazar tashlab turdi. Qiziquvini bosolmadimi, ovqatni yarim-yorti ichgach, dasturxondagi popukqandlardan birini olib qaddini tikladi.

– Ma, Mittivoy, ma! – popukqandni balandlatib shildiratganicha tepamga keldi u. – Qani, konfetga ikki oyoqlab sakra-chi! Sakrayqol!

Qulqul Davedivichga bir qarab qoʻyib, oʻzimni anqovlikka solgan turxatda goʻlayib yotaverdim. Shundan keyin uning hafsalasi tugalay sovidi, popukqandni oldimga itqitib, yana joyiga borib oʻtirdi.

Boya aytganimdek, qornim juda och edi. Bir chidadim, ikki chidadim, oxiri nafsim jikira-jikirlab, popukqandni sekingina oldimga surdim.

Shirinlikni yayrab soʻrayotib, mundoq qarasam, choy hoʻplayotgan Qulqul Davedivich menga zimdan qiyalaganicha, mugʻambirona iljayib turibdi. Shunda ketma-ket ikkinchi bor xato qilganimni fahmladim. Qarangki, bu gal ham itligimni unutibman-u, oldin popukqandning qogʻozini archib tashlab, keyin yeyishni boshlabman.

Qulqul Davedivich hammaga bir-bir qoʻl choʻzib xayrlasharkan, togʻamning kaftidan tutib turib, bu Mittivoyingizda baribir nimadir bor, boyagi taklifim toʻgʻrisida dadangiz bilan maslahatlashib koʻring, tirikchilikning uyat joyi yoʻq, Otaquljon, deb alohida tayinladi. Togʻam indamadi.

Mehmonlar ketganidan keyin Gʻulom oshpaz tumshugʻim tekkan kosani shoʻrvasi bilan koʻtarib kelib, osmakoʻva ustunining yoniga qoʻydi:

– Ol endi, oʻzing harom qilgan narsani oʻzing ye!

Otaqul togʻam mehmonlarning kosasi tagida qolgan shoʻvaniyam yalogʻimga keltirib quygach, yigʻma taomni oʻrtangan siyoqda tanovul qilishga kirishdim. Bundan pay-paylarimga quvvat yoyilayotganini his etganim sayin, hatto serbardosh ajriq ham baʼzan qovjirab quriy boshlashining asosiy sababi oziqqa tashnalik ekanligini tub-tubigacha tushunib yetaverdim.

Toʻyib olganimdan keyin qornimni chirmandalab yotarkanman, oqsoq Oqchopon bilan Pixpix Chandr yoʻldan oʻtib borayotganiga koʻzim tushib, oʻrnimdan turdim. Ularga koʻprikdan beriroqda yetvolib, qayoqqa ketishayotganini surishtirdim.

– Bunaqa gadoytopmas yerlarda ivirsib yurish haybatimga putur yetkazadi, – deb tumshugʻini balandlatdi Oqchopon. – Oʻzimga munosib joyga borganim maʼqul. Hayt!

Pixpix Chandr ham oʻzini salobatli koʻrsatishga tirishib, dimogʻida soʻzlandi:

– Pix! Bizda yana birorta ishing bormidi, akasi boʻyidan?

– Tabaqasi yuqori zotlarga ishdan gapirib oʻlibmanmi? – deb tilyogʻlamachilikka oʻtdim men. – Mabodo haddim sigʻsa, sizlarga bir iltimosim boridi.

– Bu iltimosning panasida bizgayam tegishli biror naf yotgandirki, beting chidab gapirmoqchi boʻpturgandirsan, pix?

– Agar ish bitsa, quyuq bir oʻtirishni tashkillash bemalol qoʻlimdan keladi.

– Hayt-hayt! Nasabimga haddan ziyod yarashadigan gap aytding, boʻtam. Qani-qani, soʻrovingni eshitaylik-chi.

Tasodifan Aldar Xoldorning hovlisida boʻlib, yashirin xazinasi borligidan xabar topganimdan buyon, qanchadan-qancha odamning ogʻzidagini yulvolish evaziga katta boylik orttirib kelayotgan, ayniqsa, Otaqul togʻamni juldurchoponga aylantirayozgan bu butunyutarga oʻzimcha jazo tayinlab, miyamda bir rejani pishitib yuruvdim. Hozir shuni amalga oshirishning ayni fursati kelgandek tuyuldi.

Sheriklarimni Aldar Xoldorning uyi sari yetaklab borarkanman, qilishimiz lozim boʻlgan ishni, umumiy tarzda boʻlsa ham, yoʻl-yoʻlakay bayonlab oʻtdim. Ishning asosiy tomoni Olamosh oʻz vazifasini uddalay olganmi-yoʻqmi, shunga bogʻliq boʻlib turgandi.

Gap shundaki, oʻsha kuni Olamosh bilan xushlashishdan oldin miyamda toʻsatdan bir fikr balqidi. Mushuklarning xotirasi kuchliligi barchaga ayon, uni adashtirish uchun yuz chaqirim joyga eltib tashlasangiz ham, uyini bexato topib kelaveradi. Shuni hisobga olib, hovli devorining qora boʻyoq tortilgan ostki qismiga tirnogʻimda oʻnta katakcha chizdim-u, har biriga noldan toʻqqizgacha boʻlgan raqamlarni alohida-alohida yozib chiqdim.

– Jon Olamosh, oldin devordagi manavi raqamlar… hmm… rasmlarni yaxshilab yodlab olishga urin, – deb yalindim mushukka oʻsha kuni. – Keyin, egang temir javondagi shunaqa rasmlarni terayotganda, yoniga borib, qunt bilan qarab tur, oldin qay birini terdi, keyin qaysilarini, hammasini esingda saqlab qol. Menga chin yurakdan oʻrtoq boʻlmoqchimisan yoki shunchakimi, mana shu oʻtinchimni qanday oʻrinlatishingdan bilinadi. Uqdingmi?

– Uqdim. Buning nimasi qiyinakan?

Hozir shular haqida oʻylab kelib, Aldar Xoldorning darvozasidan beriroqda toʻxtadim-da, sheriklarimga shu yerda turib turishni tayinlab, yana oldinga yurdim. Borib, temir darvozaning oʻng qanotidagi eshikchani sekingina qiyalatdim. Qarasam, hovlida hech kim yoʻq, beka tomorqadagi tandirga non yopib turibdi. Past tovushda sal angillaganim zahoti, sopol yoʻlakda oʻzini quyoshga solib yotgan Olamosh shoshib boshini koʻtardi, meni koʻrib, pizillab oldimga keldi.

– Qanaqa rasmlar borligini bilvoldingmi? – deb soʻradim, salom-alikniyam unutib.

– Bilvoldim.

– Hammasi esingdami?

– Esimda boʻlganda qandoq? Egam nechchi marta uyga kelsa, xotiniga bildirmay, javonni bir ochib koʻradi. Xaltachani olib, koʻkragiga bosadi. Rohatdan tebranib, koʻzlari yumiladi. Oʻsha rasmlaringni har safar koʻraverib, tushimdayam aytib beradigan boʻpketdim.

Pixpix Chandrni yonimga imladim, uchalamiz hovliga kirib, devorning raqamli katakchalar chizilgan joyiga bordik. Olamosh zarracha qiynalmasdan, birinchisi manavi, ikkinchisi manavi, uchinchisi manavi, toʻrtinchisi manavi, deb kerakli sonlarni oldinma-ketin koʻrsatishga tushdi. Demak, tilsimlangan raqamlar – bir, toʻqqiz, toʻrt, yetti.

Bu – ishning yarmi bitdi degani edi. Qolgan yarmining qiyin tomonlari koʻproq, chuqur oʻylab, har bir harakatning bor ikir-chikirini bittama-bitta belgilab chiqish kerak boʻladi.

Maslahatlashib-maslahatlashib, oxiri bir toʻxtamga keldik: barcha ishlar yarim kechadan keyin boshlanadi; ichkaridagi Olamosh zarur raqamlarni terib, temir javonchani ochadi; Pixpix Chandr derazaning doim qiya turadigan yeltuynugidan oʻtib, duxoba pardaga osilgan tarzda pastga tushgach, javondan olingan xaltani tishlaganicha, xuddi oʻsha yoʻl bilan ortga qaytadi. Keyin xaltani devor ostidagi suv tuynugidan koʻchagacha sudrab chiqsa boʻlgani, uni tashqarida kutib yotgan Oqchopon oʻljani yelkaga oʻngarib, kelishilgan manzilga joʻnaydi.

– Pix! Oʻsha xaltaning senga nima keragi bor, oʻzi? – deb soʻrab qoldi Pixpix Chandr. – Yo ichi toʻla chapchap luqummi?

Kallamda birdan joʻyali javob chaqnab, oʻzimga oʻzim tahsin yogʻdirgim keldi:

– Xaltada judayam noyob dori bor, palaklarning tagiga ooozgina sepilsa bas, handalakning sapchasi koʻpayadi. Bu yaramas odam egamning oʻshandaqa dorisini oʻmarib ketib, birovlarga sotish uchun javoniga yashirib yuribdi. Oʻgʻirlatgan narsasini oʻziga qaytarib, egamga yaxshilik qilmoqchiman.

– Birovga tegishli dorini eplashtirgan boʻlsa, tagi past odam ekan, – dedi Oqchopon. – Bunaqalarning adabini berish oqsuyaklar udumiga gʻoyatda mos tushadi, boʻtam. Hayt!

Xazinani qayerga berkitishniyam oldindan oʻylab turuvdim. Uni shiypon yaqinidagi polizga eltib, togʻam osongina topib olishi uchun handalak palaklari ostiga tiqib qoʻyishdan qulayrogʻi borakanmi?

– Xaltani polizga yashirib boʻlib, meni tovuqxona tomonda kutib yotinglar, – dedim sheriklarimga. – Ziyofatni oʻsha yerga olib boraman.

Vaʼda qilinayotgan ziyofatning qanday noz-neʼmatlardan iborat boʻlishini hozircha oʻzim ham bilmasdim. Buvimgami, opogʻotamgami, mungʻaygancha suykanib, sinfimizdagi bir qalin oshnam tugʻilgan kuniga aytuvdi, yaxshiroq sovgʻa olib bormasam uyatga qolaman, deb choʻntakka yuqadiganroq pul undirvolsam – marra meniki, bazmning koʻlami mablagʻning salmogʻiga qarab yo undogʻroq boʻladi, yo mundogʻroq.

Aslida-ku, yomon narsa mundogʻroq, yaxshi narsa undogʻroq boʻlganiga nima yetsin?!

Tovuq haqida qoʻshiq

 

Toʻsatdan odamga aylangunimga qadar nazardan chetroqda yurgim kelib uyimizga bordim-u, tag-zoti tayinsiz kuchukning eshikdan yana qiypanglab kirishiga ja koʻzi uchib turmagandir-ov, deb buvimga ham koʻrinish bermadim. Kecha uyqum chala boʻlgani uchun molxona burchagidagi parquvsimon xashak gʻaramiga yotiboq, mizgʻib qolibman. Goʻngning sassigʻidan dimogʻim yorilgudek alpozda uygʻonib qarasam, bosh tomonim xashakka choʻkib, pushti krosovkali oyoqlarim tepamda ayrilanib turibdi.

Qiziq! Allaqachon odamlik tusini olganimga qaramay, osmonga tikilib, choʻziq-choʻziq vovullagim kelayotgandi.

Tagʻin oʻsha koʻz ochib koʻrgan ishlarimga unnadim – ishkom ostidagi koʻrada yuz-qoʻlimni yuvdim, artindim; barmoqlarimni ogʻzimga bir tekkizib, oshxonada uymalanayotgan buvimga uchirma oʻpich yoʻlladim; uyga kirdim, islanib ketgan ichki kiyimlarimni almashtirdim; dadam bilan ayamning devordagi suratiga ichikib-ichikib tikildim; xontaxta qarshisiga choʻkkaladim, tovoqchadagi gilosni oldimga surib, bir zumda danakka aylantirdim; qaytadan tashqarida paydo boʻldim; sopi chiqib yotgan teshani tuzatib, ayvonning tokchasiga qoʻydim; tunda burun qitiqlab yurishini yashirmoqchidek, hozir tokcha chetida kiborlarcha tavozelanib turgan loʻttiboz pashshani doʻppimda bir urib yalpaytirdim; tomorqaga oʻtdim, ketmonni oldim, sarimsoqpiyozlarga suv ochdim; qiyshiq mistogʻorani topdim, ichiga somon solib, ustiga kunjara uqaladim, ularni namlab aralashtirib, qoʻylarga yem qorishni boshladim…

Quyosh botdi. Kechki ovqatni buvim bilan birga qildim. Keyin Parpivoy oshnamnikiga yugurdim.

Hatto dengizni quritvorsa boʻlarkan-u, insonni oʻzgartirib boʻlmas ekan. Kirsam, hanuz oʻsha ahvol – Parpivoy xuddi oʻn marza sabzi qazigan odamdek terlab-pishganicha, kompyuterdagi matematik jumboqlarning tugunini yechib oʻtiribdi. Shartta yelkasidan gʻijimlab, hey, pashmaksoch, boshing yorilib ketmasin tagʻin, deb koʻchaga sudradim.

Guzar tomonga borayotib, mundoq qarasam, Oqchopon bilan Pixpix Chandr ushbu tundagi qaltis yumushni bajarishga kuch toʻplab, yollamachini kutayotgan mardikorlardek ariq yoqasida yonboshlab yotishibdi.

– Uyga kirib, biror yegulik opchiqsang-chi, – dedim Parpivoyga. – Manavi bechoralar juda ochga oʻxshaydi.

Parpivoy iljayib kesatdi:

– Bu itni oʻzing koʻr qiluvding, shekilli? Endi unga ja akajonlab qolibsan?

– Yangi gunoh qilishdan oldin eskilarini yuvib turish kerak, – deb chala farishtalandim. – Bor, tuzukroq narsalardan opchiq.

Parpivoy uyga kirib, uch-toʻrt boʻlak qotgan-qutgan non, besh-oltita poʻpalanglagan vafli, namiqib sargʻishlangan oqqandlarni qogʻozga solib chiqdi. Oʻramni uning qoʻlidan olib, ichidagilarni itligimdagi qadrdonlarimning oldiga toʻkdim:

– Olinglar, azamatlarim, bu – xamir uchidan patir.

Daladagi silab-siypalashlarimdan soʻng mendan hurkimay qolgan Oqchopon yemishga birinchi boʻlib tumshuq urdi. Keyin nasabi undan pastroq boʻlgan Pixpix Chandrning gali keldi.

Hech kim yoʻqligidan foydalanib, Parpivoy ikkalamiz machitning hovuzida rosa akula-akula boʻlib suzgʻilandik. Kechqurungi choʻmilishning ikkita yaxshi tomoni bor: birinchisi – kun boʻyi yuqqan chang-chunglardan teringni tozalaysan, ikkinchisi – suv etingni shalpaytirib, qor tagidagi ayiqdek miq etmay uxlaysan.

Tunda koʻrpaga yotayotib, ertalab yana tepki yeyishim ehtimoli borligidan choʻchigan asno buvimga bezillab-bezillab qarab qoʻygandim. Xayriyat, tongda odamligimcha uygʻonib, hozirgina qozondan chiqqan koʻkatli chalpakni qaymoqqa botira-botira, odamdek nonushta qildim.

Qornim toʻygach, babalayotgan qoʻylarga xashak tashlab qoʻyib, guzarga chiqdim. Toʻrt oyoqli doʻstlarimni siylash maqsadida buvimni iydirib undirgan pulimdan ozginasini sarflab, soʻrgʻildiriq olib soʻrishga tutinarkanman, agar sheriklarim ishni uddalagan boʻlsa, yangi shov-shuv mahallamizga ham yetib kelishidan umidvorlanib, shu yerda ivirsib turaverdim.

– Koʻrinmayroq qolganingdan hayron boʻlib, kecha buvingdan soʻrasam, togʻasi bilan dalada yurishni oʻrganvoldi, dedi. Oʻzi, dalaning nimasi yoqib qoldi senga?

Momogul qandolatchi bekorchilikdan zerikib, meni gapga sola boshlagani qoʻl keldi, yoniga oʻtib, uzun taxtakursining bir chetiga oʻtirdim.

– Dalaning tekin handalagi yoqib qoldi.

– Ha-a, gap bu yoqda ekan-da? Hey bola, unda-bunda bizgayam ilinib turgin.

– Ilinardim-u, handalakni men ekmaganman-da.

– E-e, oʻzimniyam boʻynim qisiq degin?

Kutgan ishim boʻldi – Baraka-maʼraka qoʻshni mahalladan soqol oldirishga kelgan buqoq kishi bilan birga sartaroshxonadan chiqib, choyxona soʻrisida oʻtirganlarga qarata gajakdor soʻz qotdi:

– Yangilikka toblaring qalay?

– Yangi gap birinchi boʻlib yo sartaroshga, yo choyxonachiga yetib keladi-da, – deb mutoyiba qildi Toshpoʻlat mergan. – Gapiraversinlar.

– Aldar Xoldor esidan ogʻganmish!

– Yoʻgʻ-ye! – shoshganicha doʻkonidan chiqib keldi Qiron qassob. – Buni kimdan eshitding?

– Mana, oʻz koʻzi bilan koʻrgan odam yonimda turibdi, – deb buqoqni koʻrsatdi sartarosh.

Hamma tengdan buqoqqa yuzlandi.

– Bu yoqqa kelayotib qarasam, Aldar Xoldor koʻchadagi qayragʻochning ustiga chiqvolib, hammang oʻgʻrisan, hammangni yoʻqotaman, deganicha qushlarning inini buzyapti, – pingʻilloq tovushda soʻz boshladi buqoq. – Ana endi koʻrsangiz – qayragʻochning tagida qoʻni-qoʻshni toʻplangan, Aldar Xoldorning xotini oʻzini har tomonga urib, sizga nima boʻldi, dadasi, yiqilib oʻlasiz, tushing, deb uvvos solgan…

Qoʻshnilardan biri uyidan shoti olib chiqqach, uch-toʻrtta erkak bir boʻlib, Aldar Xoldorni qayragʻochdan zoʻrgʻa yulqilab tushirishibdi. U oyogʻi yerga tegishi bilanoq, bilaman, baring tugʻma tomtesharsan, shuniychun oʻgʻri qushlarning yonini olyapsan, deb, endi atrofdagilarga musht oʻynata ketibdi. Soʻng tuyqus jimlanib, tevarakka iljayib alanglabdi; yerdan choʻp olib, hih-hih-hi, bular – uyushgan talonchilar, deya chumolilarning uyini buza boshlabdi.

– Xudoyim shunaqa koʻrgiliklardan asrasin, – deb xoʻrsinib qoʻydi Momogul qandolatchi.

Toʻlan toʻlpoq gapning tag-tagigacha yetishga oshiqib, buqoqni soʻriga oʻtqazdi; qoʻliga bir piyola choy tutqazib, xoʻsh, keyin nima boʻldi, deb soʻradi.

– Keyin qandaydir tovuqqa bagʻishlab, toʻsatdan ashula aytvordi, oʻzining ashulasiga oʻzi oʻyin tushganicha uyga qarab yoʻrgʻaladi, – deb choydan hoʻpladi buqoq. – Xotinidan gap soʻrasak, oʻzimam hech nimani anglolmay turibman, dedi.

Xotini nonushta tayyorlashga urinayotganida, Aldar Xoldor oʻz xonasiga kirib ketib, ancha vaqtgacha qaytib chiqmabdi. Dasturxonni tuzab boʻlgan beka uni chaqirmoqchi boʻlib, xonaga bosh suqsa, eri gilamga choʻkkalagan tarzda bir nuqtaga tikilganicha, qoziqdek qoqilib oʻtirganmish. Yuring, nonushta qilvoling, deb dasturxonga chaqirsayam, qilt etib qoʻymabdi. Bekaning yuragi shuvillab, ichkariroqqa oʻtib boribdi-da, hoy, bu nima turish boʻldi, dadasi, deb uning yelkasiga turtibdi. Aldar Xoldor bir seskanib olib, muzga aylangan koʻzlari bilan bu safar xotiniga uzoq tikilib qolibdi; unga barmogʻini bigizlab, e, kuning qashqarbaldoqqa qolmay oʻl-a, debdi-yu, birdan qahqahlab yuboribdi.

– Menimcha, bu haromchaynar oxiri tangrining qahriga uchradi, – deb yanada balandroq pingʻilladi buqoq. – Koʻp odamni kuydirgan-da!

Muyulishdan tandir yuklangan arava chiqib keldi. Choyxonaga yaqinlashganda, eshak taqqa toʻxtab, egasining qamchilashiga zarracha parvo qilmasdan, bezlanib turaverdi.

– Iye, yana hoʻppayib oldimdan chiqdingmi? – deb men tarafga ogʻzidan dagʻdagʻa ufurtirdi Sangin tandirchi. – Mana, Hangirshteyn seni koʻriboq taxta boʻpqoldi! Yaxshilikcha tuyogʻingni shiqillat-e!

Momogul qandolatchi menga jon tortishgan boʻldi:

– Bolaga baqirmang! Eshagingiz azaldan xira, oʻzi!

– Feʼli xira boʻlsayam, esi tiniq! Dushmanini yuz yildan keyinam taniydi!

Kerakli gapni bilvolganimdan keyin oʻzim ham bu yerdan jilmoqchi boʻpturuvdim, indamay oʻrnimdan qoʻzgʻalib, dala tomonga yoʻl oldim. Kushandasini badargʻa qilishga erishgan Hangirshteyn tantanavor hangraganicha olgʻa odimlab, choyxona qarshisiga kelib toʻxtadi.

Uchkoʻchaga yetib, “Paynet” doʻkonchasi yonidan oʻngga burildim. Terakzor yoʻldan borarkanman, Aldar Xoldorning uyi oldida peshanasiga yarim oy tamgʻasi tushirilgan “Tez yordam” mashinasi turganini koʻrib, qadamimni sekinlatdim. Aldar Xoldor oq xalatli ikkita barzangi sanitarning yetagida, ashula aytganicha, koʻchaga alpang-talpanglanib chiqib keldi:

 

Salimjonning tovugʻi bor,

Olachipor qanoti.

Salimjonning shu tovuq deb,

Maqtanishi gʻalatiii.

Qaqa qaq-qaq, qaqa qaq-qaq,

Ququ quq-qu, ququ quuuuu…

Ochigʻini aytsam, Aldar Xoldorning taʼzirini berib qoʻyishga shaylanayotib, ish bu darajada fojiali tus olishini xayolimgayam keltirmagandim.

Oʻzimni gunohkordek his etganim uchun etim jimirlab ketdimikan, deb turuvdim; yoʻq, shunchaki odatiy hol yuz berib, yana kuchukka doʻngan ekanman.

– Koʻrdilaringmi, koʻrdilaringmi? – ogʻzi yirilgudek boʻlib qahqah otgancha irgʻishladi Aldar Xoldor. – Odam itga oʻgirilib qoldi! Veh-hah-ha, veh-hah-ha…

Qisiqkoʻz sanitar bu gapni telbaning galdagi aljirashiga yoʻyib, koʻrdik, bilamiz, odamlar qut-qut itga aylanib turadi, deb miyigʻini jimirdi.

Uni mashinaga chiqarishayotganda, Aldar Xoldor bir siltanib toʻxtadi-da, keskin jiddiylashib, mabodo surishtirib koʻrmadingmi, bir karat olmos jahon bozorida qanchaga chiqdiykin, deb soʻradi qisiqkoʻz sanitardan.

– Bundan bexabar ekanman, – dedi sanitar mazaxnamo ohangda.

Aldar Xoldor endi ikkinchi sanitarga qoʻrsayib yuzlandi:

– Bir unsiya oltin-chi?

– Bilmadim-a…

Aldar Xoldor iyagiga barmoq tirab, osmonga oʻychan tikildi:

– Oltin… oltinlar… Gʻimm… Qayerdadir koʻrganman-da… Ha! Rahmatli otamning qoʻlida koʻruvdim!

– Toʻppa-toʻgʻri!

Sanitarlar bir-biriga iljayib qoʻyib, Aldar Xoldorni orqa eshikdan mashinaga tiqqach, oʻzlari ham uning yoniga tiralishdi. Keyinroqda chiqqan vrach ayol kabinaga oʻtirdi.

Yoʻl-yoʻlakay opogʻotamni bir yoʻqlab qoʻyish niyatim bor edi, shu turishda kirib borishga koʻnglim chopmadi. Umuman, bu yerga kelganga yarasha anor pishigʻida kelsang-da. Oʻshandayam, itligingda emas.

Stadionni yoqalab oʻtayotganimda, ichkaridagi bolakaylarning jarangdor baqiriq-chaqiriqlarini eshitib, entikib ketdim. To odamga aylanib, doʻkondan ziyofatbop narsalar olvolgunimcha shu yoqqa kirib vaqt oʻtkazay, bahonada hibsdagi tulkimizniyam bir koʻrib qoʻyarman, deb oʻyladim-u, oyogʻim oʻz-oʻzidan ajoyibxona boʻsagʻasiga qarab oʻrmaladi. Eshik oldida chipta yirttirib turgan kishilarning poyabzali orasida oʻralashganimcha ichki yoʻlakka oʻtib oldim.

Sinfimizdagi bolalar bilan oʻqituvchimiz boshchiligida kelib, bu koʻchma ajoyibxonani ilgariyam rov koʻrib ketuvdim. Endi har qaysi qafas oldida xohlagimcha toʻxtalib, turli jonivorlarni shoshilmay koʻzdan kechirishimga imkon tugʻilgandi.

Tulkimizni topolmadim, yaralari bitgunicha chetroqda davolanib yotibdi, shekilli. Xilma-xil qushu hayvonlarni bir-bir tomosha qila borib, maymunlarning qarshisida uzoq turib qoldim: hammasidan kattasi – gorilla, shimpanze undan kichikroq, narigi qafasda jajjigina “martishka”lar onasiga bitini terdirib oʻtiribdi.

Qafaslardan beriroqdagi yogʻoch toʻsiqning tirqishidan oʻtib, bolalar irgʻitgan har xil mevayu shirinliklarni talashib-tortishib yeb turgan maymunlarga yaqinlashdim. Ulardan biri olma chaynashdan toʻxtab, koʻzimga maynavozlanib tikildi. Yanayam yaqin borganimni bilaman, ogʻzidagi olma qoldigʻini yuzimga tuflab, qiyqira-qiyqira, ustimdan kula ketdi. Qonim qaynagandan qaynab, bir sakradim-u, panjaradan osilib turgan dumini ayamasdan tishladim.

Ha chinqirmaysan-a! Tegmaganga tegishning oqibati mana shunaqa boʻladi!

Bir zumda toʻpolon koʻtarildi. Boshqa maymunlar ham qiy-chuvlashga tushib, oldidagi narsalarni odamlarga ota boshladi. Borliq hayvonboqar shu joyga toʻplandi. Ular maymunlarni tartibga solishga tirishayotganida, Qulqul Davedivich gerdaygancha boʻy koʻrsatib, gʻala-gʻovurning sababini surishtirdi.

– Manavi kuchuk anavi maymunning dumini tishlavoldi, – dedi tomoshabinlardan biri.

– Shundan keyin jamiki maymun qoʻzgʻolon koʻtardi, – deb qoʻshimcha qildi boshqasi.

Meni koʻrib-la, Qulqul Davedivichning basharasidan tajanglik alomati soʻnib, iye, Mittivoymisan, deb hiringladi. Atrofimda odamlar tirbandligi uchun qochishga urinishim habada ketdi, boshliqning “Uushlanglar uni”, degan buyrugʻini eshitiboq, hayvonboqarlardan biri menga shartta changal soldi.

Birpas oʻtib qarabsizki, Qulqul Davedivichning xonasidagi chuqur yashiqda aristonlanib oʻtiribman-da. Oldimdagi laganchada – suv, tovoqchada – guruch-qiyma aralash ovqat. Menga vaqtinchalik boshpana hozirlab bergan hayvonboqar boshliqqa qarab, endi bu kuchukni nima qilamiz, Qulqul Davedivich, yo arslonga beraylikmi, deb soʻraganida, oʻtakam yorilishiga oz qoldi.

– Shu jinqarchang arslonning chap ichagiga yuq boʻlarkanmi! – dedi Qulqul Davedivich. – Men senga aytsam, juda uquvchan kuchuk bu. Uni kecha dalada koʻruvdim, oʻzini mugʻombirlikka solib, meni laqillatmoqchi boʻldi-ya. Sirkdagi ogʻaynimga eltib bersam, rosa xursand boʻladi.

Bu gapni eshitib, xiyla oʻzimga keldim.

Qani, oʻsha sirkidayam bir yalansak yalanibmiz-da. Agar yanglish fikrlayotgan boʻlmasam, itligimda halqadan sakrab, odamligimda masxarabozlik qilib non topish arslonga yem boʻlishdan koʻra birmuncha fayzliroq.

Kamina uchun byudjetdan ajratilgan taomni tushlikda yedim. Qorin toʻyib, endi chalaroq uxlab olsammikin deb turganimda, Qulqul Davedivich meni choʻgirmadek koʻtarib chiqib, oynalari zich yopilgan “Matiz”ning orqa oʻrindigʻiga irgʻitdi. Bu – it boʻlganimdan beri ilk bora mashinaga oʻtirishim edi.

 

Hamyonni oching, Qulqul Davedivich!

 

Mashina shahar sari gʻildiroqlana boshlaganida, orqa oʻrindiqda kulchalanib yotishdan zerikib, oldindagi suyanchiqlarning ikki chetiga qoʻshoyoqlab osildim-da, tevarakka alanglab-jalanglab boraverdim.

Arosatda yashashga oʻtganimdan buyon meni eng qoʻrquvga solib yurgan narsa – itligimda hayvonlarning koʻzi oldida odamga, odamligimda kishilarning orasida itga aylanib qolish edi. Qarangki, oʻsha xodisa ayni shu pallada yuz berib turibdi-ku!

Esankirashdan qutim oʻchib, gavdamni yonroqqa yashirishga uringanimda, Qulqul Davedivich old oynak tepasiga oʻrnatilgan choʻziq koʻzguchaga qiyaladi-yu, orqada kimdir baqrayib oʻtirganini koʻrib, tomi ketishiga oz qoldi. “Va-vah!!!” deb sapchilaganida, rul qoʻlidan chiqib, mashina birdan chetga burildi; yoʻl yoqasidagi yoyilmada oʻsgan qamishlarni shatirlatib oʻtib, ariqqa sanchildi.

Qulqul Davedivich vahimadan hala-halovlanib, peshanasini rulga qadagan asno nafasini pishpishlatib turarkan, men old oʻrindiqqa urilishdan achishayotgan koʻkragimni silay-silay, sekingina mashinadan tushdim. Oʻzimni oʻnglab olgach, mashinaning narigi yogʻiga oʻtib, kuchuk oʻgʻrisiga oynakdan bezrayib moʻraladim:

– Poʻkillab oʻtiravermay, bu yoqqa chiqmaysizmi endi!

Mashinaning ort qismi yoyilmaning sayoz joyida, old tomoni ariqning chuqurida boʻlgani bois, eshik ochilishi bilanoq, ichkarini suv bosdi; Qulqul Davedivich tizzagacha shalabbo boʻlgan alpozda yoʻl chetiga chiqib keldi.

– Hey, shatmoqvachcha! Birov sen bolaga xoʻrozqand tutqazib, Qulqul Davedivichni oʻldirib berasan, demaganmidi? – deb, temirchining koʻmiridek bozilladi u. – Oʻzi, mashinada qayoqdan paydo boʻpqolding? Suyanchiqning orqasida biqinib yotuvdingmi?

Tayyor bahonani oʻzi topib berganidan suyunib, uzr endi, shaharni bir koʻrib kelay devdim-da, deya oʻzimni izza boʻlganga soldim.

– He, sendaqangi kezargondan oʻrgilib qoʻydim! – qittak tilingan burniga roʻmolcha bosayotib, koʻzini chaqchaytirdi Qulqul Davedivich. – Qaytishda yoʻlimni topamanmi-yoʻqmi, deb oʻylamadingmi, qozonkalla?!

U yana nimadir deyishga ogʻiz juftlayotganida, asosiy narsa tuyqus esiga kelib, suv kechib borganicha, mashinaning orqa eshigini ochdi; ichkariga bosh suqib, pastu balandni qitir-shitir timirskilay ketdi. Soʻng jussasini tashqariga olib, kuchuk qani, deb soʻradi mendan.

– Mashinadan tushayotib qarasam, kuchuk oʻlib yotibdi, – deb parvosizgina javob qildim. – Shartta olib, ariqqa irgʻitvordim. Oʻligi dalaga oqib borsa, balki, Otaqul togʻa uni topib, oʻzi yaxshilab koʻmib qoʻyar.

Bu soʻzimni eshitib, Qulqul Davedivichning yelkasi uchindi:

– Iye, kuchukni tanirmiding?

– Boʻlmasam-chi! Dalaga borganimda nechchi marta koʻrganman. Agar oʻgʻirlamasangiz, hoziram oʻsha yoqda tirik yurgan boʻlardi.

– Kim oʻgʻirlabdi? – deb gezardi Qulqul Davedivich. – Bunaqa gapni boshqa gapirma!

– Unda, begona kuchuk mashinangizga oʻzi oʻtirvolibdi-da, Qulqul Davedivich?

Shu payt bir traktor tar-tarlab kelib qoldi. Uni toʻxtatib, mashinani yoʻlga torttirib chiqardik. “Matiz”ning oʻng chirogʻi sinib, Oqchoponning koʻziga oʻxshab koʻrinayotganini hisobga olmaganda, boshqa joyiga ortiqcha shikast yetmagan ekan, egasi kalitni buraganida, bir-ikki bor chuchkurgan boʻldi-yu, keyin motori guvillab ishlay boshladi.

Traktor ketgach, Qulqul Davedivich menga moʻltayib, jon ukajon, oʻtgan ish oʻtdi, kuchuk toʻgʻrisida egasiga indab yurmagin, a, deb elangan edi, toʻrt oyoqli oʻrtoqlarimga katta ketvorganim yodimga tushib, moʻndaroq ziyofatga erisangiz, soqovga aylanaman-qolaman, dedim.

Otaqul togʻamning gʻazabiga uchrashdan koʻra kuchuk oʻgʻrisi degan laqab orttirib olishdan koʻproq qoʻrqayotgan Qulqul Davedivich ora-sira injiqlana-injiqlana, aytganlarimning hammasini muhayyo qildi – birkoʻz “Matiz”ni haydab borib, paxta zavodining oshxonasi yonida toʻxtatdi; ichkariga kirib ketib, oʻn bir qoʻshoq parmoʻda somsa, oʻn bitta gamburger, oʻn bitta qiymakabob, oʻn bitta sosiska, bir kosa noʻxatshoʻrakni salafan sumkaga tiqqanicha qaytib chiqdi. Ishim yurishib, ertalab buvimdan olgan pulim yonimga qolib turibdi-ku!

– Mayli, qoqlangan hamyonni boshdan oʻgirgan boʻlayin, – dedi Qulqul Davedivich, mashinaga oʻtirayotib. – Omaleykin, bir narsani oldindan aytib qoʻyay, bularning yarmini yamlab ulgurmasingdanoq, qorning vavanglab portlashi mumkin!

– Qoʻrqmang, bundan koʻpiniyam yeb yurganmiz, – deb keriklandim unga. – Endi meni dalaga tashlab qoʻying.

Dalaga yetib borgach, zovur yoqasida mashinadan tushdim.

– Oʻsha gap – gap-a? – deb koʻzimga sinchilandi Qulqul Davedivich. – Birovga indash yoʻqmi, axir?

– Nima, qiz bolaga oʻxshayapmanmi? Oʻgʻil bolaning gapi bitta boʻladi – tamom!

Qulqul Davedivich bilan hani-huni xayrlashdim. Yon-verimga qarasam, yaqin atrofda hech zogʻ yoʻq. Salafan sumkani zovur koʻprigining ostiga yashirib, shiypon sari yurdim. Ziyofatbop oʻljani osongina qoʻlga kiritganimdan koʻnglim charogʻonlashgani sayin, qadam bosishlarim ham yengillashib borayotgandek edi.

Kelib, derazadan shiyponning ichiga moʻraladim, Otaqul togʻam koʻrinmadi. Uni qidirib orqa tarafga oʻtsam, Gʻulom oshpaz tushlikda ishlatilgan idishlarni ariqchada yuvib turgan ekan. Salomlashib boʻlib, togʻamni soʻroqlagan edim, Otaqulning pati birdan yarqirab tovlandi-yu, pirillaganicha uchdi-ketdi, deb xoxoladi.

Uning aytishicha, togʻam Rahimboy fermer ikkoviga handalak soʻyib berish niyatida poliz tomonga ketib, birpasdan keyin handalak oʻrniga qandaydir charm xaltani koʻtarib kelibdi-da, buni koʻringlar, palaklarning orasidan topvoldim, deya ogʻzi ochiq topildiqni dasturxonga qoʻyibdi. Qarashsa, xaltaning ichida oltin taqinchoqlar bijib yotganmish. Oshpazning ichi dolgʻalanib, endi buni nima qilamiz, deb soʻrasa, togʻam hech ikkilanmasdan, nima qilardik, molini oʻgʻirlatgan kishini topib, oʻziga qaytaramiz-da, debdi.

– Egasi chiqmasa-chi? – deb yana tergovchilanibdi Gʻulom oshpaz.

Shunda Rahimboy fermer oʻrtaga bir maslahat tashlabdi:

– Yaxshisi, buni milisaxonaga topshiraylik. Egasini oʻzlari surishtirib topadi. Egasi topilmasa, davlatga qoladi.

Buni eshitib, oʻsha yaltir-yultir narsalarni pisinib-biqinib toʻplab kelgan kimsa uchun endi Salimjonning tovugʻidan boshqasi sariq chaqa, deb qoʻydim ichimda.

Xullas, Rahimboy fermerning taklifi maʼqul kelib, togʻam ikkovi oq “Neksiya”da tuman markaziga qarab joʻnashibdi.

Gʻulom oshpaz idish-tovoqlarni allaqachon yuvib-joylab qoʻyganiga qaramay, u yoqda nima gap boʻlganini bilishga qiziqib, uyiga ketmasdan oʻtiraverdi. Ketganlar shomga yaqin qaytishdi. Milisaxona xodimlari xaltadagi narsalarni birma-bir qogʻozga yozib chiqib, Rahimboy fermer bilan togʻamga guvoh sifatida qoʻl qoʻydirib olishibdi.

Otaqul togʻam kechki ovqat mahali bugʻdoy yormasi ustiga uch-toʻrtta tuxum chaqib, huzurijon boʻtqa pishirib berdi. Ishtaham karvonsaroyning darvozasidek ochilib turganida bu boʻtqa koʻprikning tagiga yashirilgan taomlardan ham tansiqroqdek tuyuldi. Shu orada tovuqxona tarafdan Oqchoponning qisqagina vovullab qoʻygani qulogʻimga chalinib, meni kuta-kuta, oʻlgudek ochqaganga oʻxshaydi bular, degan oʻy kechdi boshimdan.

Tun quyuqlashdi. Togʻam qattiqroq charchagan, shekilli, uxlashga odatdagidan ancha barvaqt yotgani zap koʻnglimdagidek ish boʻldi. Koʻprikning tagidagi salafan sumkani olib, zovur doʻngini panalaganimcha, tovuqxonaga qarab yurdim. Moʻsaqoʻzi tovuqboqarning uyidan oʻn-oʻn besh qadam berida toʻxtab, yulgʻunlar orasiga yastandim.

Itga aylanishni bunchalik orziqib kutganimni sira eslolmayman, tun yarimga qarab ogʻyaptiki, haliyam odamligimcha soʻljayib yotibman.

Xayriyat, baqalarning qurillashi avjga mina boshlagan chogʻda, nihoyat, etim jimirladi. Shuni intiqib kutayotganim uchunmi, har qachongidan yoqimliroq jimirlaganga oʻxshab ketdi.

Kuchukka doʻnganim zahoti tagdor ingillab, sheriklarimga chorlov ishorasini qildim. Ziyofatdan umidvor boʻlib yotganlar yoppasiga oyoqqa qalqigani potira-putur tovushlardan yaqqol sezilib turardi.

Bazmga qanchalar oshiqayotgan boʻlmasin, Pixpix Chandrdan tortib Qorabekaning bolalarigacha oʻzini bosib olishga kuch topib, oqsuyaklarga xos vazmin odimlayotgan Oqchopondan orqaroqda kelishdi; salafan sumkani tatalab yirtganimdan keyin ham, taomga undan keyin tumshuq choʻzishdi.

Qarang-a! Aftingni kibor koʻrsatib, nasabing balandligini tinmay pesh qilaversang, oxiri hamma bunga koʻnikib qolar ekan.

Yedi-ichdi qizgʻin pallaga kirayotganida, bunisi “Samuray”ga, deya yupqa plastmassa kosadagi noʻxatshoʻrakni oldingi oyogʻimda chetga surib qoʻydim.

Ha, davrada yana bitta doʻst yetishmay turgandi. Tovuqxonaga yaqin borib, jangovar xoʻrozga ovoz qildim:

– Vanguuu vang!

“Samuray” darchaning siniq panjarasidan bosh chiqarib, atrofga elovladi. Koʻpchilik parrandalar qorongʻida uzoqni yaxshi koʻra olmasligini bilganim bois, simtoʻr ostidagi tuynukdan oʻtib, unga yanada yaqinlashdim:

– Men Mittivoy oshnangman. Bu yoqqa sakra.

“Samuray” oldimga uchib tushishi bilan, yur, ziyofatga aytgani keluvdim, deb ortimdan ergashtirdim.

Qiyomat oʻtirish boʻldi. Bari oʻzimbop yemishlar edi, shu tufayli birinchi bor sheriklarimga qoʻshilib, burunma-burun ovqatlandim.

Salafan dasturxonni janubdan shimolga qarata yalanglatib kelgan Oqchopon bir toʻxtalib olib, kekirigʻini karnaylatdi. Keyin qorin silaganicha oʻz-oʻzidan kuylashga tushdi:

 

Yuvindining yogʻi qani,

Shoʻrvaning qaymogʻi qani,

Voqi bobooo,

Vovva vovooo!

Son suyagi qattiq ekan,

Sut achigan – achchiq ekan,

Voqi bobooo,

Vovva vovooo!

 

Osh pishirib, baqirib keling,

Oshga meni chaqirib keling,

Voqi bobooo,

Vovva vovooo!..

 

Ayvon tomondan Moʻsaqoʻzi tovuqboqarning bor tovushda shangʻillagani eshitilib, qoʻshiq endigina qiyomlashayotganida, toʻsatdan boʻlinib qoldi:

– Chip!!! He, tomogʻing titilgur!!!

Poʻpisa tinib-tinmasidan, yirtiq bir shippak havoda chirpiroqlanib kelib, uyga orqamacha oʻtirgan begunoh Pixpix Chandrning kuragiga tegdi.

– Haaa, did yomooon buzildi! – deya burnini salobatli tebratdi Oqchopon. – Qadimiy qoʻshiqlarimizni mensimaydigan paytavaquloqlar koʻpayib boryapti.

Oʻtirishimiz qoʻshiqsiz ham, binoyidek davom etaverdi.

Yayragandan yayrab ketib, shunchalar uzoq chaqchaqlashibmizki, tong yorishayotganini “Samuray” oʻz-oʻzidan qichqira boshlaganida payqab qoldik.

Bu – tanishganimizdan buyon oʻtgan qisqa davr ichida menga qirq yillik qarindoshlardek aziz boʻlib ulgurgan jonajon oshnalarim bilan oxirgi marta ularning tilida gurunglashib oʻtirishim ekanligini oʻshanda qayoqdan bilibman deysiz? Bilsam, har birini alohida qucha-qucha, qalbimdagi mehru muhabbatning borliq oʻt-otashini, soʻzlarimning eng joʻqin, eng totlilarini boshlaridan gulbarglardek toʻkib-sochmasmidim?!

Qayoqqa qarama – attanglar, attanglar, attanglar. Chamasi, buning oldini olish juda mushkul – odam shaklida dunyoga kelibmizki, soatning har bir chiqirlashida nimanidir boy berayotgan boʻlamiz…

 

Oddiydan oddiy jasorat

 

Gʻira-shira tongdayoq tirillab yetib kelgan uch gʻildirakli mototsiklga tuxum yuklab joʻnatgan Moʻsaqoʻzi tovuqboqar simtoʻr bilan devor orasidagi eshikchaning qulfini yechib kirib, tovuqxonaning darvozasini ochdi. Tovuqlar toʻgʻonni qoʻporgan suvdek tashqariga guvranib yopirildi. Ana endi, yoʻngʻichqa choʻqilash boʻyicha tovuqxona birinchiligini tomosha qilib yotavering!

“Samuray” simtoʻr ostidagi kandikdan pismayib oʻtib, ertalabki saylga chiqarilgan tovuqlar orasiga eson-omon qoʻshilib olgan paytda Oqchopon bilan Pixpix Chandr ham ketishga hozirlandi.

– Hayt-hayt! – deya shavqlanib silkindi Oqchopon. – Umrimda bunaqa vahvahali chaynovga duch kelmaganidim. Qornim nogʻora boʻpketdi-ya!

Maqtovni Pixpix Chandr davom ettirdi:

– Qoyilman, Mittivoy! Menga oʻxshab labzida turadiganlardan ekansan! Ochigʻi, bunchalik sershira oʻtirish qilib berishingni kutmovdim, pix!

Koʻtarinki kayfiyatda xayrlashdik. Oqchopon nariroqqa borganida oʻychan toʻxtalib, ha, aytganday, bir narsani soʻrash esimdan chiqibdi, deb yonimga qaytib keldi:

– Hayt! Haligi… boʻlichkali ovqatning oti nimaydi?

Ziyofat chogʻida bu savolga bir-ikki bor javob bergan boʻlishimga qaramay, sokin tovushda yana qaytariqladim:

– Gamburger.

– Gamburger… gamburger, – yangi soʻzni xotirasida qotirishga tirishdi Oqchopon. – Anavi… qizil ichakning oti-chi?

– Sosiska.

– Sosiska… sosiska… gamburger… sosiska, – yana oʻzicha bidirladi Oqchopon. – Menimcha, bu kamyob taomlar ataylab oqsuyaklar uchun pishirilsa kerak. Nima deding, hayt?!

– Oʻylab qaralsa, gapingizda jon bor, Oqchopon hazratlari.

Fikriga qoʻshilganim Oqchoponga yoqib tushdimi, oldingi oyoqda yelkamga qoqib qoʻyib, gʻoʻqqayganicha ortga burildi.

Qornim toʻq boʻlgani, birovning u-bu yegulik itqitishiga zor emasligim tufayli shiypon tarafga bormadim; yana odamnusxa boʻlishimni kutib, biqqi chimloqqa yastandim. Tuni bilan uxlamay chiqqanim uchun sal pinakka ketibman. Qoʻngʻiroqnamo kulgu tovushidan seskanib koʻz ochsam, Moʻsaqoʻzi tovuqboqarning jikkak qizi mushukchalarni quvalaganicha oʻynab yuribdi. Quvlashmachoqni joʻshqinlanib kuzatarkanman, mushukchalarning oʻrnida emasligimdan xitlandimmi, ularga gʻayirlanib boqdim.

Qizaloq bir u mushukchani, bir bu mushukchani tutmoqchi boʻlar, epchillikda tengi yoʻq paxmoqvoylar esa har safar chaqqonlik bilan chap berib, uni dogʻda qoldirardi. Quvlasha-quvlasha zovur yoqasiga borib qolishganda, qizaloq mushukchalardan birining ustiga tashlandi-yu, oyogʻi toyib ketib, pastlikka qarab yumalandi.

Sapchib turib, zovur tomonga uchqurladim. Borib qarasam, qizaloq chinqira-chinqira suvda oqib ketyapti. Oqini uncha tez boʻlmagan zovur yoqalab chopishga tutindim. Moʻljalga yetganimda, oʻzimni suvga otib, qizaloqning yonginasiga shaloplab tushdim; koʻylagining yoqasidan tishlab olgach, u bilan birgalikda goh tubga choʻkib, goh yuzaga qalqib oqqanimcha, jon halpida potranib, qirgʻoq sari intilaverdim. Shu topda oʻz jonim koʻzimga koʻrinmay, qizning yoqasi yirtilib tishimdan chiqib ketmasa bas, deb xavotirlanayotgan edim.

Quyonning kuni bitmasa, boʻrining yuguroqligi nima boʻpti, deganlaridek, bizning ham umrimizdan bor ekan, zovurning yarmida sayozlik hosil qilgan doʻngalak joyga uchrab, tajovuzkor suvning chovutidan yulqinib qutuldik. Choʻziq-choʻziq chinqiriqlardan vahimaga tushgan Moʻsaqoʻzi tovuqboqar sohilga halloslab yetib kelganida, men qizaloqni allaqachon suvning chetiga tortqilab chiqayotgan edim.

Pastakkina uy bir zumda quvonch qasriga aylandi. Koʻzi yoshoʻragan xotin xudoga shukrona ayta-ayta, qizining kiyimlarini almashtirarkan, Moʻsaqoʻzi tovuqboqar suvkalamushdek ivib turganimga qaramay, meni bagʻriga mahkam bosib olib, qaltiroq tovushda duo-alqovlarni shovvalatdi:

– Ha Mittivoy-a! Ha kam boʻlmagur-a! Bizga qanday katta yaxshilik qipqoʻyganingni anglolmay turishingni qara! Itligingdan afsuslanib ketyapman hozir! E, yoʻq, sendaqalarni it deyishga til bormaydi, bunaqa gap senga sirayam munosibmas, Mittivoy! Qaniydi, xudo saxovat koʻrsatib, seni umrbod odamga aylantirib qoʻysa-yu, ogʻa-ini tutinib, borimni oʻrtaga toʻkib tashlasam!..

Bu soʻzni eshitiboq, hademay chindanam odamga aylanishim mumkinligi birdan esimga kelib, koʻnglim dalgʻovlandi. Qizchaning kiyimlarini almashtirib ulgurgan xotin javon tortqisidan ikkita popukqand olib, ma, Mittivoyjonim, vuy, senginadan oʻzim aynanib ketayin-a, deb ularni palosga qoʻyganida, nihoyat, Moʻsaqoʻzi tovuqboqarning ogʻushidan xalos boʻlib, pastga qoʻndim. Popukqandlardan birini shu joyning oʻzida xapillatgach, ikkinchisini tishlarimga qistirib, tashqariga yurdim.

Tashqariga chiqdim-u, ogʻzida popukqand salanglab turgan odamga evrildim. Oʻta tatinqirab tuyulgan birinchi popukqandning taʼmi tanglayimdan ketib ulgurmagandi, ikkinchisining ham qogʻozini ochayotganimda, “Iyyeee!” degan ovozdan bir choʻchib tushib, mundoq qarasam, ostonadan hatlayotgan Moʻsaqoʻzi tovuqboqar menga davaralanib kelyapti:

– Hey, qanaqa ochofat bolasan? Qandni itning ogʻzidan yulvolishga uyalmadingmi?

Tovuqboqar tevarakka jovdirab, ardoqli kuchugini, yaʼni meni koʻzida qidira boshladi. Soʻng Moʻttivoyning qiyofasiga kirgan Mittivoyni tanimay, qaytadan zahrini sochdi:

– Mittivoy qani? Yo uni tepib haydavordingmi, oyogʻing qiyshaygur?! Oʻzi, turumimning tagida nimaga talmovsirab turibsan?

Joʻyali javob zip etib tilimga qoʻnaqoldi:

– Shu yoqda birov hadeb chinqirayotgandek boʻldi. Nima gapligini bilgani keluvdim.

– Hech gap yoʻq! Bor, kelgan joyingga joʻna!

Indamay burilib, shiypon tarafga yoʻl soldim. Moʻsaqoʻzi tovuqboqar zovur sari yurib, ma, Mittivoy, husht-husht, deya boʻychan shuvoqlarni paypaslay-paypaslay, yoʻq kuchukni axtarishga tutindi.

Shiyponga borsam, Otaqul togʻam guruch tozalab, Gʻulom oshpaz sabzi archib oʻtiribdi.

– Nonushta qilmay qayoqlarda yuribsan, Moʻttivoy? – meni koʻrib-la, yengil dashnom berdi togʻam. – Ke, chaqqon-chaqqon ovqatlanvol. Keyin handalak uzamiz. Koʻtaramachi xaridorlar qoʻlimga qoʻngʻiroq qilib, tushga yaqin boramiz, deyishdi.

Qornimning toʻqligini aytib oʻtirmay, toʻshakka chordana qurib, yengil-yelpi tamaddilanishga tushdim. Ortiqchasi teshib chiqarkanmi!

Hali qandchoyimni ichib tugatmasimdan, Moʻsaqoʻzi tovuqboqar burnini bir oʻngga, bir chapga burganicha kelib, menga ola qarab qoʻygach, togʻamni soʻroqqa tutdi:

– Kuchugingiz koʻrinmaydi, Otaqul aka?

– Yurgandir-da, – dedi togʻam hayron boʻlib. – Salomlashmasdan turib, kuchugimni surishtirib qolding, tinchlikmi, Moʻsaqoʻzi?

Moʻsaqoʻzi tovuqboqarning birdan chehrasi quyoshlandi:

– E, Otaqul aka-ya yaxshiyam oʻsha kuchukni boqvolgan ekansiz! Ming rahmat sizga! Bitta osh qarzdor boʻldim! Osh nima, oshdan keyin toʻn kiydiraman!

Shunday dedi-yu, yuz bergan falokat, telpakdekkina kuchukning qoplonlarga xos jasorati toʻgʻrisida toʻliqib-toshiqib soʻzlana ketdi. Oʻtirganlar hayratdan dong qotishdi.

Jasoratmish! Birovning choʻkayotganini koʻrsa, kim chetda tomoshabinlanib tura olarkan? Qutqarishga urinish – oddiydan oddiy bir ish-ku!

Tol ostiga oq “Neksiya” kelib toʻxadi. Rahimboy fermer mashinadan tushib, bizga yaqinlasharkan, yangi gapni eshitdilaringmi, Aldar Xoldor asab kasaliga chalinibdi, xabar olgani borsam, hozircha mumkinmas, deb ichkariga qoʻyishmadi, deya roʻmolchada peshonasini artdi.

– Buni Gʻulom akadan bilib turuvdim, – dedi togʻam. – Bunaqa vaqtda battar boʻlsin deyishgayam tiling bormay qolarkan, baribir ichim ogʻridi.

Rahimboy fermer oʻzicha mulohazalandi:

– Menimcha, buning asosiy sababi – farzandsizlik. Bolasiz uy – zindonning oʻzginasi, besh-oʻn yilda har qanday odamni jinni qipqoʻyishi hech gapmas.

– Singlisi bolalaridan bittasini bermoqchi boʻlganida koʻnmovdi, – dedi Gʻulom oshpaz, archib boʻlingan sabzi-piyozni suvli togʻorada chayqayotib. – Hech yoʻq, oʻsha bolani asrab olsa, uyiga farishta qoʻnarmidi deyman-da…

Moʻsaqoʻzi tovuqboqarning shiyponga oʻz oyogʻi bilan kelishi ayni muddao boʻldi – hasharga qoʻshilgach, handalak uzishda ham, ularni uvatga tashib chiqishda ham, xaridorlarning mashinasiga yuklab joʻnatishda ham qoʻldoshimizga aylangani, uyqusizlikdan garangsib turganimda, jonimga ora kirdi. Akaxonginam ushbu ishi bilan, oʻzi buni mutlaqo bilmagan holda, agar odamga doʻnib qolsam, menga ogʻa tutinishi haqidagi qasamnamo soʻzining ustidan chiqdi.

Payshanba kuni boʻlgani uchun, oʻzbekning hamma xonadonidagi singari, dalada ham palov damlangandi, quyuq tushlikdan keyin orzuyim ushalib, oshxamirdek koʻpchib uxladim. Jimjimali tush koʻribman – alamzada eshak bilan yarashib olib, kattakon stolning u yogʻida Hangirshteyn, bu yogʻida men, bir muzqaymoqdan yalab, bir sharbatdan hoʻplagancha, olamning goʻzalligini haybarakallalab oʻtirgan emishmiz…

Asr mahali soʻlagim tomchilab uygʻondim. Jasoratdan keyin ham baribir qoringa qaygʻurib yashash kerak boʻladi – sovuq choyga qoʻshib bir oʻram pecheniy yeb olgach, togʻam qopchiqqa solib bergan oltita handalakni yelkalagan koʻyi uyga joʻnadim. Ulardan ikkitasini yoʻl-yoʻlakay opogʻotamga, bittasini Momogul qandolatchiga, bittasini Parpivoy oshnamga tarqata borib, qolganini bus-butunicha buvimga topshirdim.

Hayotning tugalay oʻzgacha bir tarziga endigina koʻnika boshlaganingda, birdan tagʻin eskicha holatga tushib qolsang, sarosimali vaziyat yuzaga kelarkan. Bir kun oʻtdi – odamligimcha turibman, ikki kun oʻtdi – oʻzgarish yoʻq…

Uchinchi kuni ham ikki oyoqlab izgʻiyverganimdan soʻng doʻppini qoshga surib, buning sababini qidirishga tushdim. Miyamning qatigʻi qaynashiga sal qolganida, oxiri bir oʻyda toʻxtaldim – nahotki, Moʻsaqoʻzi tovuqboqarning duoli iltijolari xudoga yetib borgan boʻlsa?!

Hadiksirab yurishim oʻn kunlarga choʻzildi. Bilib-bilmay, yana chatoqroq bir betamizlik qipqoʻyib, butkul itga aylanib qolishim ham mumkinligidan bezillabmi, shu oʻn kun ichida feʼl-xoʻyim oʻz-oʻzidan oʻzgaraverdi – tevaragimdagi kishilar bilan dunyoning sirli-sirli ishlari, turmushning tushunarsiz qirralari, odamning odamligi asosan nimalarda namoyon boʻlishi kabilar toʻgʻrisida yoniqa-yoniqa suhbatlashib toʻymayotgandek edim. Buning sayin, borliqni sevib-ardoqlashga, undagi barcha mavjudotni birdek qadrlashga, qisqa umr ichida oʻzgalarga imkon qadar koʻproq yaxshilik qilib qolishga koʻnglimda ishtiyoq toʻfonlana borib, naq oʻn yoshga ulgʻaygandek boʻldim.

Yon-verimdagilardan bilib olmoqchi boʻlgan narsalarimning cheki yoʻqdek edi:

– Buvi, dunyodagi eng katta yaxshilik nima?

– Birovning koʻnglini ogʻritmaslik…

– Bir narsaga aqlim yetmay turibdi, opogʻota. Tirik jon borki, nimaychun hammasi bolasini yaxshi koʻradi?

– Zurriyotga mehr – xudoyimning ming-minglab moʻjizalari ichida noyobdan noyobi boʻlsa, ajabmas. Shu narsa boʻlmaganida, hatto oʻt-oʻlan ham koʻpaymasdi, yer yuzi yap-yaydoq dashtligicha turaverardi…

– Hey, Momogul opa, namuncha er tanlamasangiz?

– Emchilarning aytishicha, yo u, yo bu kasallikka qirq ming xil koʻkatdan bittaginasi yoqimchil boʻlarkan. Opaginang ham turmushiga yoqimchilini izlayotgandir-da, Moʻttivoy…

– Aldar Xoldor boringizni shilvolsayam, nimaga taʼzirini berib qoʻymadingiz, Otaqul togʻa?

– Tishlagan itni kaltaklashga vaqt ketkazmasdan, yaraga tezroq malham topishga uringan maʼqul, jiyan.

– Halol odam bugun yoʻqotganini ertaga ortigʻi bilan topaveradi, – deb, togʻamning soʻziga qoʻshimchalaydi Gʻulom oshpaz. – Kimki haromdan qoʻrqmabdi – oʻzini oʻzi jazoga yoʻliqtiribdi. Undaylarning kir yoqasidan olib, qoʻlni bulgʻaganing qoladi.

– Toʻgʻri! Birovning haqini biydalashga yoshlikdanoq oʻrganmagan yaxshi, – oʻnggʻovi kelganidan foydalanib, ilmoqli gap tashlaydi Moʻsaqoʻzi tovuqboqar. – Bunaqalar bora-bora itning ogʻzidagini tortvolishdanam toymaydigan boʻladi.

Gap aylanib, tuyqusdan yoʻqolib qolgan oʻsha kuchukka borib taqalayotganida, tovuqboqarning koʻngliga taskin urugʻini sepishga talpinaman:

– Bir sinfdoshimdan eshitishimcha, bashang kiyingan boyvuchcha xonim yoʻl chetida oʻynoqlab yurgan Mittivoyimizni “Jip”iga solib ketganmish. Balki, oʻziga toʻq xonadonga borvolib, boshi maishatdan chiqmay yotgandir.

– Unaqa boʻlsa-ku yaxshi-ya! – deb koʻzini charaqlatadi Moʻsaqoʻzi tovuqboqar. – He, attang! Oʻsha kuni kuchukni achomlab turganimda, xotinimga aytmabman-a, telefonida suratga opqoʻysa, esdalik boʻpqolardi.

Birdan yuragim jigʻillaganini sezaman. Bunday suratni oʻzim ham bir qulochga kattalashtirib, mehrobimizning yoniga ilib qoʻymasmidim!

Odamligimdagi qargʻish tufayli itga evrilgan boʻlsam, itligimda qilingan duo meni odamlikka qaytardi. Bolasi oʻzidan koʻra yaxshiroq yashashini orzulab, issiqni issiq, sovuqni sovuq demay, qoʻlini qirqqadoq qilib kun kechirayotgan tovuqboqarning iltijosini ham nazardan qochirmagani yuragimga bir daryo tugʻyon boʻlib quyildi-yu, buvim “Ollohjonim” deb eʼzozlovchi Yaratguchimizni nihoyatda yaxshi koʻrib qoldim. Bandalarini borliqqa, avvalo, bir-biriga mehr-oqibatli, rahm-shafqatli, izzat-eʼtiborli boʻlishga chorlash bilangina kifoyalanmay, Oʻzi bu borada kunu tun ulgu koʻrsatib turishini teran anglab yeta boshlaganingdan keyin ham ixlosing guvlanmasinmi?

Shularni oʻylaganda, birovga yaxshilik qilolmaganga yarasha, loaqal, yomonlik qilmagin, degan gapni unchalar hikmatga yoʻyging kelmay qolarkan. Menimcha, xohi odam, xohi jonivor, xohi oʻsimlik boʻlsin – ularning hech biriga zararing tegmasligining oʻzi yetarli emas. Kimki bunga qoʻshilmabdi, malol oladimi-yoʻqmi, unga oshnalarcha ochiq aytaqolay – agar, atrofingdagilarga biror yaxshilikni sogʻinish qoʻlingdan kelmasa, koʻchani nimaga band qilib yuribsan?!

 

Qisqagina qoʻshimcha

 

Bu ishlarning boʻlib oʻtganiga ikki yildan oshdi. Esim ancha quyuldi, endi tugalay boshqa odamman. Boshqachaman-u, yashirmay aytsam, birda-birda oldingi Moʻttivoyni sogʻingandan sogʻinib ketaman.

Kechgan davr ichida qancha-qancha narsa oʻzgardi. Eng quvonarlisi – dadam butunlay uyga qaytib, tumanimizdagi ichimlik suv qazuvchilar idorasiga joylashib oldi. Koʻp oʻtmay, Gʻilmir ziqnaga oʻxshaganlarni dogʻda qoldirib, Momogul qandolatchi bilan turmush qurdi. Er-xotinning puli bitta sandiqda yigʻildi-yu, guzardagi qizil soyabon oʻrnida tepasiga “Soʻrgʻildiriq” deb yozilgan oynavand doʻkoncha qad koʻtardi. Keyin qarabsizki, singillik ham boʻlvoldim. Yonidagilarga ziyrak qiyalab, miyigʻida kulib turishi bilan ochiqyuz buviginamga tortgan bu qizaloq shunaqayam chiroyliki, shunaqayam shirinki!

Otaqul togʻam xazina topib olganidan xabardorsiz. Qonunga koʻra, davlatga topshirilgan xazinaga baho qoʻyilib, uni topgan odamga shu qimmatning bir qismi toʻlanar ekan. Togʻam boyib ketib, qir etagida yangitdan yaralgan Namunaviy qishloqdagi qoʻshqavat uylardan birini sotib oldi. Xotini, bolalari yana bagʻrini toʻldirdi. Goho ularni “Lasetti” mashinasiga oʻtqazvolib, biznikiga kepturadi.

Bu orada opogʻotamniyam hujrasi yorishdi. Unga anchadan beri yostiqdosh topolmay yurishuvdi. Otaqul togʻamning oʻn bir yasharlik kenja qizi internetdagi “Bolalar sayti”ga kirib, oltmish besh yoshli buvasining feʼl-atvori, yashash sharoiti, ilgari agronom boʻlgani, hozirda tomorqasini anorzorga aylantirib olganini taʼriflab oʻtgach, unga mos ayol axtarishayotganini aytib, tengqurlari bilan muloqot qila boshlabdi.

Oxiri, beshinchida oʻqiydigan shaharlik bolaning qirq oltiga borgan boshi ochiq onasi maʼqul tushib, “kelin-kuyov”ni uchrashtirishibdi. Shu zayl, opogʻotamning xonadoniga shaharlik ona-bola kelib qoʻshildi. Ayol qoʻli gul soch turmaklovchilardan ekan, qishloqda xotin-qizlar pardozxonasini ochdi.

Uchinchi sinfdaligidayoq “Mulla Algoritm” laqabini olgan Parpivoy oshnam tuman, viloyat, respublika bosqichlarini yengil-yelpi piypalab, yosh matematiklarning chet elda tashkillangan xalqaro olimpiadasida ham gʻolib boʻldi.

Odamning achinishini qoʻzitib, koʻchada baʼzan Aldar Xoldor yoʻliqib qoladi. Repertuarida haliyam oʻsha bittayu bitta qoʻshiq:

 

Salimjonning tovugʻi bor,

Olachipor qanoti.

Salimjonning shu tovuq deb,

Maqtanishi gʻalatiii.

Qaqa qaq-qaq, qaqa qaq-qaq,

Ququ quq-qu, ququ quuuuu…

 

Yana aytsam, Rahimboy fermer qahramonlik unvonini oldi; xotini bir savat tuxum koʻtarib, qizchasi yelkaga joʻja qoʻndirib, oʻzi tovuqlarga don sepib turib tushgan surati rangli jurnalda bosilgan Moʻsaqoʻzi tovuqboqarning parrandalari uch mingtadan oshdi; Gʻulom oshpazning ayoli oltita qizdan keyin egizak oʻgʻil tugʻdi; sharttaki Mahay xoʻrozboz nevara koʻrgach, birdan sipolanib, namoz oʻqishga oʻtdi; Toʻlan toʻlpoqning oʻgʻli harbiy bilim yurtining kursantiga aylandi; sartaroshimiz Baraka maʼrakaning oʻrtanchasi Sangin tardirchining qiziga uylanganidan soʻng, egasiga oʻxshab Hangirshteyn ham mahallamizda begonasiramay yuradigan boʻldi; Toshpoʻlat mergan choʻponlarning boshiga qishin-yozin tashvish solayotgan chiyaboʻrilarni qiyratishdagi xizmatlari evaziga ovchilar jamiyati tomonidan durbinli miltiq bilan taqdirlandi; qoʻchqorimizga suqlanishdan tiyilib qolgan Qiron qassob suyakni tezu toza gʻajishda qatorasiga oʻn uchinchi bor choyxona chempionligini qoʻlga kiritdi; qattiq hayiquv bois moʻljaldagidan oldinroq tugʻib qoʻygan Jamila opaning oʻgʻilchasi javondan sekingina popukqand oʻmaradigan yoshga bordi; tovuqxoʻr tulkining xaloskoriman, deb maqtansa-da, kuchuk oʻgʻirlab uyatli ish qilganini aytishga mardligi yetmayotgan Qulqul Davedivich aybi fosh etilishidan hali-hanuz qoʻrqib yashayotgani aniq…

Jonivorlar olamidagi qadrdonlarimdan sanalmish Oqchopon hozirda xususiy ityaloqqa xoʻjayinlanib, keksaygan chogʻi, nihoyat, biznikida qoʻnim topdi; suzagʻon Xoʻppakalla boshchiligidagi qoʻylarimizni yaylovchaga oʻzi haydab chiqib, oʻzi qaytarib keladi; buvim uni alqagani alqagan. Qaroqchilikni tashlab, tandir ostidagi kulxonada Qorabeka bilan apoq-chapoqlanib yashayotgan Pixpix Chandr allaqachon nevara-chevarali boʻldi. “Samuray” tufayli tovuqxonada joʻjaxoʻrozlarning oʻta urishqoq turi urchib borayotganmish. Tannoz Olamosh bolalarsiz huvillab yotgan befayz xonadonni butunlay tark etib, mening koʻmagimda Sanaqul togʻamning uyiga oʻrnashib olganicha, uning emaklagʻich oʻgʻliga tirik oʻyinchoq boʻlib, kunlari maroqlidan maroqli kechyapti…

Oʻzimga kelsak, doimiy odamlik maqomiga erishganimdan keyinoq, viloyatdagi sport maktabi talabalarining qatoriga borib qoʻshilgan edim. Sportchi sheriklarim bilan shu yerda oʻqib, shu yerda yashab, shu yerda mashq qilib, kun sayin payimiz pishyapti. Ja qoʻmsanib ketsak, uyga borishimizga dam olish kunidagina ijozat berishadi.

Bolalarning koʻpchiligi tez ommalashayotgan futbol, boks, kurash boʻlimlariga yopishvolgan boʻlsa, men kamonchilikni tanladim. Axir, bu afsonaviy qurolni olti yoshimdan beri qoʻldan qoʻymay kelaman-a! Qani, birov menga tenglashib koʻrsin-chi!

Yana gupirishni boshladingmi, demang. Chippa-chin gapirayotganimga asoslarim yetarli – ikkita bronza, bitta kumush, toʻrtta oltin medalim bor. Toʻrtinchi oltinni oʻsmirlar oʻrtasida bundan ikki oycha ilgari xorijda oʻtkazilgan Osiyo birinchiligida oldim.

Ketma-ket yutuqlarga erishuvimda murabbiylarimga oʻjarlana-oʻjarlana, oʻzimga azaldan qulay boʻlgan oʻzbekona kamonning sal zamonaviylashgan xilini mahalliy ustalar koʻmagida yasab olganim nihoyatda qoʻl keldi; qayerga bormay, tamoman boshqacha koʻrinishdagi bu qurolni raqiblarim qiziqib-qiziqib tomosha qiladi. Shundan bilingki, tushunarsiz yangiga ergashgandan koʻra tushunarli eskini pishitgan yaxshi.

Bilaman, yotlarga qanday qavmdanligimni koʻrsatib yuraverish, birinchi oʻrinda, oʻzimning urinchoqligimga bogʻliq. Buvim manglayimga barmogʻini niqtab tayinlaganidek, bundan bu yogʻigayam asti boʻsh kelmasligim kerak. Olamda tengi yoʻq Alpomishimiz qalmiq elidan narilamagan boʻlsa, endi men yelkamga unikiga oʻxshash kamonni ilvolib, butun Yer kezgʻichini aylanib chiqaman, chamasi…

Kuchuklikdan qutulganimdan buyon ikki yil oʻtibdiki, ayrim mazaxsevarlarga kulki boʻlishdan, meni ashaddiy lofchiga, hatto ovsarga chiqarib qoʻyishlaridan choʻchib, ushbu gʻaroyib kechinmalarimni hech kimga gullamay yuruvdim. Oxiri, oʻylab-oʻylab, aytmasam boʻlmaydi, degan toʻxtamga keldim-u, mana, barini oqizmay-tomizmay soʻylab berdim. Chunki, shu bahonada, u tengdoshimmi, mendan kattaroq yoki kichikroqmi, tanishmi, notanishmi – hamma-hamma bolani qoʻrqinchli bir xatardan vaqtida ogoh qilib qoʻymasam, oʻz elatdoshlarimga yomonlik tilayotganga oʻxshab koʻrinyapman.

Qisqasi, bolalarga chikitmaguncha koʻnglim tinchimaydigan uchtagina oʻgitim bor: qargʻish eshitishdan juda ehtiyot boʻling, qargʻish eshitishdan judayam ehtiyot boʻling, qargʻish eshitishdan juuuda-juda ehtiyot boʻling…

Endi bas qilay. Oʻtgan ishlarni eslab-eslab, gapirib-gapirib, tilim tugul, boshim ham charchagandan charchab ketdi. Toʻyib-toʻyib uxlamasam boʻlmaydi, shekilli. Balki, bu gal rosa uzoq uxlarman…

 

Toshkent, 2015 yil.

 

Anvar OBIDJON

 

“Yoshlik”, 2016 yil 1-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/mottivoymisan-mittivoymisan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x