MIR ARAB MADRASASI

MIR ARAB MADRASASI — 1) Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik. Buxoro xoni mumtoz shoir Ubaydullaxon inʼom etgan mablagʻ hisobiga Shayx Abdulla tomonidan qurilgan (1530—36). Mir Arabning asl ismi Sayyid Abdulloh. Amir 22 yoshida Samarqandga kelib Xoja Ahrorga shogird tushgan. Turkistonning Sabron (Savron)ida 2 koriz (yer osti arigʻi) qazdirgan, suv chiqargan, qalʼa bino etib, Shofirkon, Vobkent, Gʻijduvonda koʻp joylarni obod qilgan (Shofirkonda Mir Arab qalʼasi saqlangan). U naqshbandiya tariqatining rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan. Madrasa qurilishini nihoyasiga yetkaza olmagan, 1536-y. boshida Mir Arab vafot etgan va uning vasiyatiga koʻra kuyovi Shayx Zakariyo qurilishni oxiriga yetkazgan.

Xattot Mirali Fathobodiy — Buxoriy ushbu forsiy qitʼani Madrasa darvozasiga yozgan: «Mir Arab faxri Ajam onki kard — Madrasai olii bas bul ajab. Bul ajab on ast ki tarixi u: Madrasai olii Mir Arab». Madrasa Minorai kalonning qarshisida joylashgan. Bosh tarzi ulkan peshtokli, darvozasi orqasida 5 gumbazli miyonsaroy, ikki yonida baland gumbazli keng darsxona va masjid, goʻrxona joylashgan. Koshinkori naqshlar yozuvlar bilan uygʻunlashgan (saqlanmagan). Goʻrxona ichi gumbaz osti bagʻali qalqonsimon muqarnasli, shipi va devorlari ganch oʻymakorligida bezatilgan, izorasi rangbarang koshinli. Goʻrxonada Ubaydullaxon (1537-y. v. e.) ning yogʻochdan xotamkori usulida ishlangan sagʻanasi va Mir Arab, uning qarindoshlari qabrlari bor.

Madrasaning umumiy tarhi 68,5×51,8 m, hovli 35,4×31,3 m, darsxona 8×8 m. Hovlisi toʻrtburchak shaklida boʻlib, atrofini oldi ravokli, ikki oshyonli 114 hujra oʻrab turadi. Tomonlar oʻrtasidagi 4 baland peshtokli darsxona — ayvon hovli mahobatini oshiradi. Tuzilishi jihatidan naqshinkor jan. peshtoqning dastlabki qiyofasi saqlanib qolgan, bu naqshlarning tarkibiy qismida yulduzsimon bezaklar uchraydi. Undagi bezaklarning saqlanib qolgan ayrim parchalaridan naqshlar gʻoyat nafis va nozik boʻlganligini bilish mumkin. Rivoyatlarga kura, Madrasa asosi chuqur qilinib, togʻ toshlari bilan mustahkamlangan, qor, yomgʻir suvini qochirish uchun tazarlar ishlangan, ular orqali suvlar shahar qoʻrgʻonidan tashqariga chiqarilgan. Mir Arab Madrasasida Oʻrta Osiyo diniy maktablari qurilishiga xos anʼanaviy loyiha va mujassamot oʻz ifodasini topgan. Buxoroning 2500-y. ligi munosabati bilan Madrasa peshtogʻi va gumbazlaridagi toʻkilib ketgan koshinkori naqshlar va yozuvlar qayta tiklandi;

2) diniy oʻquv yurti. Madrasada talabalar islom dinidan saboq oladilar. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida. Shoʻrolar davrida faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan, 1945-y. da yana tiklangan. Oʻquv muddati 4 y. Oʻquv yurti kunduzgi boʻlimiga 15 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan oʻrta va toʻliqsiz oʻrta maʼlumotli kishilar qabul qilinadi. Diniy fanlar hamda umumtaʼlim fanlari oʻqitiladi. Talabalarga arab, ingliz, rus va fors tillari ham oʻrgatiladi. Darslar oʻzbek va arab tillarida olib boriladi.

Poʻlat Zohidov, Abduqayum Azimov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x