MIKELANJELO

MIKELANJELO Buonarroti (Michelangelo Buonarroti) (toʻliq nomi Mikelanyolo di Lodoviko Lionardo di Buonarroto Simoni; 1475.6.3, hoz. Kapreze—Mikelanjelo, Toskana — 1564. 18.2, Rim) — italyan haykaltaroshi, rassomi, meʼmori va shoir; Uygʻonish davrining buyuk arboblaridan. Rassom M. Girlandayo (1488—96) va haykaltarosh Bertoldo di Jovanni (1489 — 90)dan taʼlim olgan. Jotto, Donatello, Mazachcho kabilarning asarlari va qad. haykaltaroshlikni oʻrganishi Mikelanjeloning ijodiy kamolotiga muhim taʼsir koʻrsatgan. Mikelanjeloning dastlabki asarlaridayoq uning ijodiga xos asosiy xususiyatlar — mahobatlilik, obrazlar shaklining qudrati va dramatizmi, inson goʻzalligiga ehtirom koʻzga tashlanadi: «Zinapoya oldida turgan Madonna» va «Kentavrlar» relyeflari (ikkalasi ham marmar, taxm. 1490—92). «Vakx» haykali (1496—97, Rim), «Isoga motam» haykallar guruhi (1498 — 1501, Rimdagi Avliyo Pyotr ibodatxonasi)da anʼanaviy gotika tasviriga yangi insonparvarlik mazmunini sin-gdirgan. 1501-y. da Florensiyaga qaytgan Mikelanjelo respublika fuqarolarining jasoratini ifodalovchi «David» haykali (1501—04), «Madonna» (1503), «Muqaddas oila» («Madonna Doni», 1503—05) kartinalarini yaratdi. Mikelanjelo 1505-y. dan Rim Papasining iltimosiga koʻra, qabr yodgorligi yaratish ustida ishladi, shular jumlasidan: buyuk joʻshqinlik va irodaga ega boʻlgan titan «Moisey» (1515—16, Rimdagi cherkovda) yodgorlikning markaziy boʻlagiga aylangan; «Isyonkor qul» va «Oʻlayotgan qul» (1513—16, Luvr) asarlarida kuchqudratga toʻliq kishanlarni uzayotgan va zanjirdagi oʻlimiga rozi boʻlgan ikki navqiron qarama-qarshi qoʻyiladi. Mikelanjelo yaratgan asarlaridagi obrazlar yorqinligi bilan qimmatlidir.

1520-y. dan Mikelanjeloning qarashlari fojiali tus ola boshladi. 1534-y. da Rimga butunlay koʻchib oʻtadi. Ijodidagi bu ohanglar Florensiyadagi San-Lorense cherkovida Lorenso va Juliano Medichi qabrlariga ishlagan yodgorliklarida oʻz ifodasini topdi (1520—34). Vafot etgan gersoglar qiyofasida portret xususiyatlari yoʻq, ular faol va samarali hayotni tarannum etuvchi obrazlardir, ularning oyoq tomonlarida tez oqib oʻtayotgan vaqt (kun)ni ifodalovchi 4 ta haykal 2 juft holatida oʻrnatilgan.

Rimdagi Sikst kapellasida «Dahshatli sud» freskasini yaratdi. Umrining oxirigacha oʻzining qabriga oʻrnatiladigan yodgorlik — «Isoga motam» haykallar guruhi ustida ishladi (1555—64), uning loyihasini shogirdlari nihoyasiga yetkazgan.

Mikelanjelo umri ning oxirgi yillarida sheʼriyat va meʼmorlik bilan shugʻullandi. 1546-y. dan Rimdagi Avliyo Pyotr So-bori, Kapitoliy maydoni ansambli meʼmorligi ustida ishladi, oʻlimidan soʻng uning loyihasi asosida qurib bitkazilgan. «Sheʼrlar» kitobi vafotidan soʻng dastlab 1623-y. da nashr qilingan. Mikelanjelo gʻoyalari insonparvarlik, xalqchillik, realizmning keyingi rivojiga xizmat qildi. Mikelanjelo ijodi manyerizm taraqqiyotini taʼminlovchi omil boʻldi, ulardan farqli oʻlaroq, Mikelanjelo asarlarida insonga muhabbat va uning ulugʻvorligi hamda goʻzalligiga ishonchni saqlab qola oldi va ifoda eta oldi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x