MELIORATSIYA

MELIORATSIYA (lot. melioraio — yaxshilash) , qishloq xoʻjaligi melioratsiyasi — yerlarning unumdorligini tubdan yaxshilashga qaratilgan tashkiliyxoʻjalik, muhandislik va agrotexnik tadbirlar turkumi. Melioratsiya tabiiy sharoitlar (tuproq, gidrologik, iqlimiy va b.) majmuini kerakli yoʻnalishda oʻzgartirish; tuproqda ekinlarni yetishtirish uchun qulay boʻlgan suvhavo, harorat va oziq rejimini, atmosferaning yer yuzasiga yaqin qatlamida havoning harorati va harakatini oʻzgartirish imkoniyatini beradi. Melioratsiya katta xalq xoʻjaligi ahamiyatiga ega: yangi yerlar oʻzlashtirilib, ekin maydonlari kengayadi, yerlarning unumdorligi, hosildorligi oshadi, mahsulot sifati yaxshilanib, uning tannar-xi kamayadi. Melioratsiya iqtisodiy-ijtimoiy masalalar bilan birga ekologik vazifani ham hal etadi.

Melioratsiya maqsadlariga koʻra, 3 asosiy turkumga boʻlinadi. Noqulay suv rejimiga ega boʻlgan yerlar Melioratsiyasi (qurgʻoqchil dehqonchilik r-nlarini sugʻorish, ortiqcha zax bosgan yerlarda zax qochirish, chorvachilik rivojlangan choʻl va yarim choʻl hududlardagi yaylovlarga suv chiqarish va h. k.); noqulay fizik va kimyoviy xossali yerlar Melioratsiyasi (shoʻrxok, qumli, ogʻir, berchlashgan, zichlashgan tuproqlar va b.); suv va shamol taʼsirida eroziyaga uchragan yerlar Melioratsiyasi Noqulay tabiiy sharo-itlarga taʼsir koʻrsatish vositalari va usullari boʻyicha Melioratsiya quyidagi turlarga boʻlinadi: gidrotexnik Melioratsiya (suv resurslarini sugʻorish maqsadlarida kanallar, suv omborlari va b.) gidrotexnik inshootlar tarmoqlari orqali boshqarish; drenaj va shoʻr yuvish yoʻli b-n grunt suvlari sathini tartibga solish va tuproqdan oʻsimliklar uchun zararli tuzdarni chiqarib tashlash; terassalar, sel toʻsgich inshootlar, suv tutgich tuproq koʻtarmalar, suv yigʻgich kanallar va b. yordamida yer usti oqar suvlar bilan tuproq yuvilishi va oqib ketishini bartaraf etish); agrotexnik Melioratsiya (irrigatsiya eroziyasiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida yerni haydash va sugʻorishda yoʻnalishlarni oʻzgartirib turish; shoʻrlangan yerlarni oʻzlashtirishda koʻp yillik oʻsimliklardan koʻproq foydalangan holda almashlab ekishni qoʻllash; qumli tuproklarga sideratlar ekish; qumli tuproqlarni gillash va b.); oʻrmon xoʻjaligi M. si (ihota oʻrmonzorlari tashkil qilish va eroziyaga qarshi maxsus daraxtzorlar barpo etish singari tadbirlar bilan shamol va suv taʼsirida yuz beradigan tuproq eroziyasini bartaraf etish).

Melioratsiya usullari yerni tubdan yoki kapital yaxshilash ishlaridan iborat. Sugorish tizimlari esa yerlarga zarur miqdorda va kerakli muddatlarda suv berishni taʼminlovchi, uzok, muddatga moʻljallangan inshootlardir. Kollektor-drenaj tarmogʻi ortiqcha grunt suvlarini muntazam chikarib tashlashni taʼminlaydi. Melioratsiyaning barcha turlarini birgalikda qoʻllash yaxshi samara beradi. Yer maydonlari Melioratsiyasi, ayniqsa quruq iqlimli mintaqalarda, iqlimni oʻzgartirishga ham olib keladi, sugʻorish havoning yerga yaqin qatlamida namlikni oshiradi (tuproq va oʻsimlik qoplamidan bugʻlangan namlik tufayli), natijada harorat pasayib, qurgʻoqchilik taʼsiri kamayadi.

Melioratsiya kup kapital mablagʻ talab qiladi, ammo u melioratsiyalanadigan yerlar mahsuldorligining yil sayin oshib borishi hisobiga bir necha yil ichida oʻzini qoplaydi. Mac, gʻalla ekinlari sugʻorilmaydigan maydonlardagiga nisbatan sugʻoriladigan yerlarda 4—5-marta ortiq hosil beradi, sugorma dehqonchilik hududlarida ayrim ekinlarni sugʻormasdan yetishtirish amalda mumkin emas.

Melioratsiya tarixi. Oʻrta Osiyo hududida Melioratsiya qadimiy davrlardan qoʻllanila boshlangan. Markaziy Osiyoda, xususan, Oʻzbekiston hududlarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida topilgan sugʻorish tarmoqlari qoldiklari qadimiy Sugʻdiyona, Shim. Baqtriya, Xorazm, Fargʻona, Margʻiyona kabi davlatlarda dehqonchilik madaniyati yuqori boʻlganligini koʻrsatadi. Mil. av. 6—5ming yilliklarda togʻ oldi hududlarda liman va qayir usulida dehqonchilik qilingan. Sugʻorib dehqonchilik qilish mil. av. 2-ming yillikda Surxondaryoda, Zaraf-shon, Fargʻona vodiylarida, Amudaryo deltasida yuzaga kelgan. Sirdaryo va Amudaryo etaklarida sugʻorish asosida yerlarni oʻzlashtirish ishlari mil. av. 8—7-a. larda olib borilgan.

20-a. ning 20-y. laridan Oʻrta Osiyoda Melioratsiya tadbirlari keng miqyosda amalga oshirila boshlandi, ayniqsa, eski sugʻorish tarmoqdarini tiklash va yangilarini qurishga katta eʼtibor berildi.

Grunt suvlari sathini tartibga solish, yerlarni shoʻrsizlantirish boʻyicha ham katta ishlar amalga oshirildi. Bu ishlarda drenajning eng samarali turlari — yopiq gorizontal va vertikal drenajlar qoʻllanildi.

Melioratsiya miqyosi, ayniqsa, Oʻzbekistonda katga boʻldi: Mirzachoʻlni oʻzlashtirish misolida yalpi meliorativ qurilishning prinsipial yangi texnologiyasi barpo qilindi, texnik jihatdan mukammal meliorativ tadbirlar ishlab chiqildi. Suv resurslarini sersuv manbalardan kam suv havzalarga oʻtkazish katta miqyosda amalga oshirildi, mashinalashgan sugʻorish tobora rivojlandi.

Umuman, Oʻzbekiston qudratli suv xoʻjaligi majmuiga ega: sugʻoriladigan dehqonchilik koʻlami 4,3 mln. ga; umumiy suv sarfi 2500 m3/sek boʻlgan 75 ta yirik kanal, 32,4 ming km uzunlikda xoʻjaliklararo va 176,4 ming km xoʻjalik sugʻorish tarmoqlari, 31 ming km xoʻjaliklararo va 106,3 ming km xoʻjalik kollektor-drenaj tarmoqlari mavjud. Xoʻjaliklarda 12,8 mingtaga yaqin nasos st-yalari yordamida 1050 ming ga atrofida ekinzorlar sugʻorilmoqda. 4800 dan ortiq vertikal drenajlar, 24,6 mingdan ortiq kuzatuv va 2000 ga yaqin sugʻorish quduqlaridan foydalanilmoqda (2003-y.) (yana q. Sugʻorish).

Ad.: Kostyakov A. N., Osnovы melioratsii, 6 izd., M., 1960; Irrigatsiya Uzbekistana: t. 1—4, T., 1976—81; Axmedov X. A., Sugʻorish melioratsiyasi, T., 1977; Muhammadjonov A., Quyi Zarafshon vodiysining sugʻorilish tarixi, T., 1972; Kamilov O. K., Melioratsiya zasolennыx pochv Uzbekistana, T., 1985; Reshetov G. G., Melioratsiya novoosvaivayemыx pochv Uzbekistana, T., 1986; Melioratsiya zemel v Uzbekistane, T., 1986. Sobirjon Azimboyev, Ziyomiddin Artukmetov.

0 0 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x
()
x